OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXurshid Doʻstmuhammad
Asar nomiJajman (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Xurshid Doʻstmuhammad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm34KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Jajman (hikoya)
Xurshid Doʻstmuhammad

— Yomonning kuchi men yapaloqqa yetibdi-da!.. H-ah, sagʻirri haqqi ursin-a!

Tong sahargi bu alamli qargʻishdan tim ichi oyoqqa qalkdi. Rasta ustida, ostida, qop-qanorga yonboshlab omonat uxlab yotgan keksayu yosh turshakfurush, yongʻoq-furush, mayizfurush, iistafurush va hokazo furushlar uyquli koʻzi bilan apil-tapil yon-verini paypaslay ketdi, koʻngli joyiga tushganlar birin-sirin oh chekayotgan juvon tevaragiga toʻplana boshladi. Ham-dardlar ham topildi:
— Koʻp obdeme? — soʻradi ulardan biri shangʻillab.
— Qopni yarimlatib ketibdi, — deb piqilladi juvon,
— Oʻ, xotintaloq!..
— Shu ayoldi mayizini yeguncha tili oʻyilib tushsin-a.
— Nechchi qopidi, opoy? — chiyillab soʻradi yana birovi.
— Bir qop... idi... yetimchalar nasibasidan qayirib opkelgandim.
— Qoʻlga tushirib, manashi tim shiftiga osish ke-rak! — dedi boshqasi dagʻdagʻa qilib.

Toʻdadan chekkaroqda boshini solintirib turgan Zardusht bobo, biron yerda pusib yotgan oʻgʻri-kazzobning giribonidan olishiga imoni komildek, vazmin odimlab timning etagi tomon yurdi, ikki yoni keta-ketguncha choʻzilgan rasta oralab borayotib, kunda-shunda bozorchilarning mudrab-kerishib zoʻr-bazoʻr uygʻonayotganini kuzatganicha oʻyladi: «Hamma oʻzi bilan ovora... tiriklik tashvishi... sotish, sotish, sotish... uyum-uyum pista, bodom, turshagu mayizni sotish, pulga chaqish rdida bari...» Bobo beixtiyor ustma-ust taxlangan qop-qanor choʻgʻini chamaladi, yana picha yurdi, soʻng sotuvchi ahli siyraklashgani bois tim odogʻiga — devorga yetmay iziga qaytdi. Qaytayotib... orqa tomondan kimdir devorni mushtlayotgandek zaif gursillagan tovushni eshitdi. Bobo qordek oppoq soqolini tutamlab quloq osdi, hiyla shu koʻyi tek turgach, ortiq e’tiborini boʻlmay jabrdiyda juvon tashvishida kelgan yoʻliga qaytdi.

Boboning rastasi timning boshlanishida — darvoza biqinida edi — u notayin xayollarga chalgʻib joyiga keldi-da, qoplaridan birining ogʻzini ochib, sara mayizdan qiyiqchasiga uch-toʻrt kaft soldi, olib borib juvonning yarimlagan qopi ustiga qoʻydi. Boboning izidan mayiz keltirib toʻkuvchilar qatorlashdi. Ular oʻlimdek bedavo kuch oldida oʻz ojizliklarinn tan olgandek, juvonga soʻzsiz hamdardlik izhor qilishar va boshlarini quyi solintirgancha izlariga qaytishardi.

Zardusht bobo rastasi yoniga toʻshalgan koʻrpachaga oʻbdon joylashib choʻk tushayotib, bir narsadan xavotirlangandek: «Oʻzing madadkorsan, Axuramazda...» dedi shivirlab. Shivirlagani zamon soch-soqolidai, quyuq qoshlaridan nur taraldi — yon-atrofida bir zum fonus yonib oʻchgandek boʻldi... Toʻsatdan uch-toʻrt ustun narida kap-katta erkak kishi beoʻxshov doʻrillab faryod koʻtardi:
— Uyim kuyde!.. Xudo urde!..

Boyagi bezovtalikdan soʻng hiyla tinchib qolgan timda yana gʻala-gʻovur koʻtarildi. Yaqin-atrofdagilar, jabrdiyda juvonga yordam berib qaytayotganlar gurillab dod solayotgan kishi tepasiga bordi. Ellikni urib qoʻygan, boʻrdoqiga boqilgan qoʻydek biqqi semiz turshakfurush alpang-jalpanglab emaklaganicha qavat-qavat toʻshalgan koʻrpachalarni itqitar, nuqul, «Yoʻq!.. Yoʻq!.. Shilib ketibdi!», der, lekin yoʻqotganini topishdan umidvor shekilli, qalt-qalt titrayotgan qoʻllari bilan koʻrpachalarni qayta-qayta agʻdar-toʻntar qilishdan tinmas edi.
— Qanchaydi, Qamchevoy? — soʻradi shinavanda bozorchilardan biri.
— Yestuk ostuga... yostugʻdi ostuga qoʻygandim... — deb gʻoʻldiradi turshakfurush boshini koʻtarmay.
— Qanchaydi, deyopman? — chiyilladi boyagi kishi.
— Anchayde... man sanamagan... bir dasta edi!..
— Ol-a!
— Barakalla-e, Qamchi-e, yostikdi ostiga ham pul qoʻyadime, inson! A, bu...
— Yostiqning ostiga qoʻyadimi, ustigami, bu — har kimning xohishi. Ammo-lekin pulni oldirganimiz emas, allaqanday zigʻirchaning ta’zirini berib qoʻyayolmayotganimiz alam qiladi odamga!

«Nuringni darigʻ tutma!...!» deb yubordi Zardusht bobo oʻziga-oʻzi gapirayotgandek va aft-angorini koʻrmasa-da, gap boshlagan Soʻzamol yongʻoqfurush yigitni ovozidan tanib. «Ota yongʻoqfurushning oʻgʻli...» degan oʻy kechdi xayolidan. Yigit astoydil yonib-kuyib gapirayotganidan xaloyiq sukut saqlab uning ogʻziga angraygan edi.
— Kecha ikki shoʻring qurgʻur pulini oʻgʻirlatdi, — dedi Soʻzamol yigit, — ilgarigi kuni kuppa-kunduzi bir xalta xandon pistani oldirdik, kecha — pul, mana, bugun yana... iya, muttahamlik ham eviminan-da! «Vey, yaxshilar, koʻzni ochaylik!» deydigan biron zabonlik mard yoʻgʻ-a!..

Xayolga choʻmgan Zardusht boboning koʻksiga tushgan soqoli sezilar-sezilmas titradi...

...Sahar edi, gʻira-shirada tahoratlanib olgach, timirskilanib-paypaslanib rastalar orasidagi yoʻlakchadan oʻtayotganida ikki gaz narida allaqanday sharpa gʻimirlaganini payqadi. Tikildi, koʻzi ilgʻamadi. Joyiga qaytib choʻk tushdi — boshini tizzasiga solintirib koʻzini yumganicha sukutga ketdi. Har kungi odatiga binoan, moʻysafid xayollarining jilovini boʻshatdi... «Hademay, tong otadi, olam nurga toʻladi... Odamlar uygʻonadi, bozor uygʻonadi... tim darvozasi lang ochiladi, gʻala-gʻovur boshlanadi... tumonat toshib-shoshib oqib kiradi, oqib chiqadi... sotuvchi keladi, xaridor keladi, bekorchi keladi... chumoli boʻlib keladi... chumoli boʻlib chiqadi... oyoqlar tinmaydi, qoʻllar tinmaydi, ogʻizlar tinmaydi... kiraveradi-chiqaveradi, kiraveradi-chiqaveradi... olayotgan pulim deydi, sotayotgan molim deydi... tirikchilik bani basharning tumshugʻidan jilov oʻtkazib yetovga soladi... «bozor» deya atalmish tovaga solib aylantiradi, aylantiraveradi... qumursqa tutganini changallaydi, tutganini iniga ta-shiydi, tashiyveradi... olish-sotish, olish-sotish, olish-sotish... qoʻlga, tilga ilnngan nima narsa borki, sotiladi... yo, alhazar, Axuramazda!.. Ojizlar olovga muhtoj, Axuramazda!..

Zardusht bobo choʻyandek ogʻirlashgan qovoqlarini arang koʻtardi, yonboshida turgan qopga qoʻl suqib bir kaft mayiz oldi, uni hovuchidan hovuchiga shopirib oʻtirdi-oʻtirdi-da, yuz bir uqubatda qoʻzgʻaldi. U yer-bu yerda gʻimirlay boshlaganlar sharpasini ilgʻab, «Yaxshilar toblansinlar... Yaxshilar poklansinlar», deb iltijo qildi va rasta oldiga aylanib oʻtayotib ikki ustun narida...
— Yopiray! — deb yubordi shoshganidan. U turgan joyida qotib qoldi, irodasini jamlashga urinib koʻzini pirpiratdi — boʻlmadi. — Oʻzing madad ber, Axuramazda!.. — dedi pichirlab. — Ne jondorga roʻpara qilyapsan, Axuramazda?!

Bobo boʻy-basti bir qarich chiqmaydigan ajabtovur bir maxluqni koʻrib xuddi irkit narsaga koʻzi tushib, nigohi bulgʻanganday birdan seskangan va koʻngliga xatarli bir koʻlaga soya solgan edi, nafasi boʻgʻziga tiqilib ovozi chiqmay qoldi.
— Jajman!.. Timga Jajman oraladi, yaxshilar! – deya oldi bazoʻr.

Zardusht boboning nazarida otimdoshlari hoziroq oyoqqa turadiyu anov maxluqni tutib tilka-pora qiladigandek, supurib-supirib timdan chiqarib tashlaydigandek edi, lekin timning burchak-burchaklariga urilib-qaldirab qaytgan boboning ovozi hech kimning qulogʻiga kirmadi. Bobo hushini yigʻib ovozining boricha hayqirmoqchi — odamlarni halokatdan boxabar qilmoqchi edi — shu choq maxluqning qiligʻiga koʻzi tushdi-yu, ang-tang boʻlib qoldi — bobo inson zotining koʻzi koʻrib, qulogʻi eshitmagan hodisaning shohidi boʻlayotgan edi.

Maxluq rasta ustidagi mayiz yoniga obdan noʻk tushib olgancha lagandagi oshga qoʻl choʻzayotgandek bemalol mayizdan tushirar, damodam qornidagi qopchigʻiga bir kaft-ikki kaft tashlab ham qoʻyardi.

Bobo hiyla mahal maxluqni kuzatdi, uning qoʻli-ogʻzi tinmas, lekin hali-veri toʻyadiganga ham oʻxshamas edi. Uning qandoq qilib birovning mayizini tortinmay-netmay paqqos tushirayotganidan bobo hayronu lol boʻlganicha, koʻzlariga ishonmas, xayolida esa: «Bu qanday maxluq oʻzi? Bu qanday maxluq?», degan savol charx urardi.

Bobo xayolga chalgʻib, maxluq qachon va qanday qilib yerga tushganini payqamay qoldi, faqat uning sakrab-irgʻishlab darvoza tomon borayotganini koʻrgachgina, hushini yigʻdi. Bobo shundagina bu gʻaroyib jondorning basharasini aniq-tiniq koʻrdi — maxluqning koʻzi, qulogʻi, tumshugʻi dam sichqonnikiga, dam tulkinikiga oʻxshab, tinimsiz tovlanar edi... «Olmaxon-ku!», deb yubordi ichida bobo va shu zahoti boshini chayqab «Tulkiminan sichqondan tarqagan koʻrinadi», degan xayolga bordi, birpas jim qolgach esa, «Qorni kenguruniki...», dedi pichirlab, lekin maxluq qaddini rostlab ikki oyoqlab borayotganini koʻrib, «Yo odamdan tarqaganmikan?!», deb oʻyladi va beixtiyor shak keltirib qoʻygandek shoshib yoqasiga tupladi...

Oradan allaqancha kun oʻtdi, qoq peshin chogʻi turshakfurushlar qatorida qiy-chuv koʻtarildi. Olomon guvillab oʻsha yoqqa yopirildi. Yopirilgani sayin bitta-yarimta «Nima?», «Nima oʻzi?», «Tavba-a!», degan uzuq-yuluq tovushlar eshitilib turdi-da, birdan gʻala-gʻovur tindi.
— Tutamiz, tutamiz! — deb baqirdi pistafurushlardan biri hovliqib.
— Tegma, tegmay tur! Koʻraylik-chi! — deb uni shashtidan qaytardi turshakfurush chol.
— Hay, nima oʻzi bu? — deb chiyilladi qora choponli moʻysafid. — Sichqonmi?
— Odam-ku?

Hangomatalab olomon vah-xaholab timni boshiga koʻtardi.
— Jim! Choʻchitib yuborasizlar!

Shu payt maxluq hurkib, qochish payiga tushdimi, qora choponli moʻysafid «Qochmoqchi!.. Qochmoqchi!», dedi battar chiyillab.

Olomon orasida gʻovur koʻtarildi, toʻrt-besh kishi yoqalashib gurPaylashayotgandek emaklay, yumalay ketdi — toʻs-toʻpolon qoʻpdi, qoʻpdiyu zumda hamma hovuridan tushdi.
— Qochdi! Qochdi! — degan nidolar koʻpaydi.
— Qoʻling tegdi-ku! Shuni tutolmading-a! — dedi birovi oʻdagʻaylab.
— Qayoqqa gʻoyib boʻldi? Qayoqqa? — dedi yanayam hovliqib yongʻoqfurushlardan biri.

Toʻdadagilar alang-jalanglab maxluq qochgan tomonni bilolmay garangsib qoldi. Ola-gʻovur pasayib, har kim joy-joyiga qaytayotganda «Tutamiz, tutamiz!», deb baqirgan pistasrurush qoʻli maxluqqa tekkan kishiga yonbosh kelib, shipshidi:
— Shu qoʻl bilan odamlarga bodom sotasanmi endi? Qoʻling harom boʻldi-ku!..

Bodomfurush bu gapga ishonishini ham, ishonmasligini ham bilmay pistafurushga angraydi-yu, qoʻrqqanidan afti qiyshayib ketdi. Uning ahvolini kuzatib turgan Zardusht bobo yuragi uvishib boshini tebratganicha lab juftladi, lekin hech narsa demadi...

Timdagilarga gap topildi. Yotgan ham, turgan ham oʻsha maxluqdan hangoma qiladigan boʻldi.
— Xoʻ-oʻp gʻalati narsa ekan-a? — deydi birovi.
— Biron yomonlikning alomati boʻlmasin-da, ishqilib, — deydi boshqasi yurak yutib.
— Yomonlik ham gapmi, biron balo-qazoning urugʻi boʻlmasin tagʻin! — deydi vahimachisi.
— Ol-a! Shu zigʻircha narsa boshlab kegan balo-qazo nima boʻlardi!.. Bu — bizga bir ermak-ku, ha-ha-ha! — deb hammaning koʻnglidagi shubha-gumonni haydab chiqardi dali-gʻulisi.

Hangomaga xaridorlar ham aralasha boshladi.
— Nonvoyxonada ham gʻalati maxluq paydo boʻlganmish! — deb gap topib keldi ulardan biri.
— Qandolatchilar rastasiga burnogʻi yil oralagan, nimaykanini hech zogʻ bilmaydi!
— Erta-indin butun bozorga tarqalarmish!..

Bunday uzuq-yuluq xabarlarni eshitgan Zardusht bobo ma’yus tortdi. Axurazmadaga imon keltirdi. «Nahotki butun bozorga tarqasa...» deb xavotirda oʻtirganida tim ichida Ota yongʻoqfurushning ovozi jarangladi:
— Eshitmadim demanglar! Maxluqning nomi — Jajman! Jajman!.. Eshitmadim demanglar!..

Zardusht bobo badani uvishib turgan ekanmi, seskandi. Ota yongʻoqfurush jar solayotgan nomni qadimda allaqayda eshitganini, eshitgan emas, noma’lum jondorii ho-ov birinchi bor koʻrganida oʻzi beixtiyor, «Jajman!.. Timga Jajman oraladi, yaxshilar!», deb yuborganini esladi... Bobo ogʻir sukutga choʻmdi... «Axuramazda ayon qilibdi... Yaxshilar voqif boʻlibdi», dedi u tin olib... Yaxshilik ilohining haqqiga shukronalar bagʻishladi...

Bu yoqda turshakfurush tepasidagi mojaro davom etardi.
— Manashi sichqonbashara bilan kelishaylik. Yeganicha yesin, angishvonaday qorniga dunyoni yutvormas!.. Toʻgʻri, kissaga tushgani yaxshimas.

Koʻsa mayizfurushning ezmalanishidan Soʻzamol yongʻoqfurush tutaqdi:
— Sizminan biz «yaxshi-yaxshimas» deb oʻyimizga yetguncha Jajman timni emas, bozorni yeb bitiradi! — dedi u jerkib. Soʻng sal hovuridan tushib, ovozini pasaytirdi: — Toʻgʻri, ilgari koʻzimizga koʻrinmagan, u bir siqim-ikki siqim mayiz-turshak yegani bilan kamayib qolmasdik, «esa yebdi-da», dedik. Indamadik. Keyin sezib-sezmay erkatoyimizga aylantirdik...

Zardusht boboning yuziga mayin tabassum yugurdi. Jajman sekin-asta timdagilar bilan apoq-chapoq boʻlib ketgan davrlarni esladi.

...Maxluq koʻrindi deguncha «Ma, Jajman, ma!», deb unga mayiz, pista, yongʻoq tashlaydiganlar chiqdi. Jajman hech kimdan tap tortmas, xash-pash deguncha «xayr-sadaqa»ni yeb xaltasiga solib bitirar, turshakni goh danagi bilan yutib yuborar, goh qarsillatib chaqib, magʻizini chapillatib chaynar edi. Uning zigʻirdek qoʻli, barmoqlari, zigʻirdek tumshugʻiyu sichqonnikidek ogʻziga, mogʻor tusidagi mitti koʻzlariga qarab... bozorchilar kulgani kulgan edi, bora-bora uning yeb-toʻymasligidan, ochofatligidan yumalab-yumalab kulib, vaqtichogʻlik qiladigan boʻldilar. «Uni men toʻydiraman! Yoʻq, qorni yorilib ketguncha men boqaman uni!», deb bahs boylaydiganlar chiqdi, lekin har safar «Toʻydiraman!», deb katta ketganlar chuv tushaverdi, Jajmaning yeb-toʻymasligi sirligicha qolaverdi...

Keyinroq Jajman birov chaqirmasa ham yerdan yorib chiqqandek paydo boʻlishni, rastaga uyulgan meva qoqisidan bemalol paqqos tushirishni odat qildi. Timdagilar bunga ham koʻnikdi, soʻng... oʻsha kezlar, kim edi-ya, ha-ya, anavi Soʻzamol yongʻoqfurushning bobosi Bobo yongʻoqfurush Jajmanni «Yoʻqol-e!», deb quvib soldi. Qopdagi yongʻoqni qarsillatib chaqayotgan deb pichirladi, yana, yana... va toʻsatdan tim ichini: «Oʻldiramiz!» degan xitobu da’vat tutdi.

Bunday jazoni kutmagan bitta-yarimta ...furushlar demasa, timdagilarning bari oyoqqa qalqdi. Gʻovur-gʻuvur zoʻraydi. Kutilmaganda izdihomdan chekkada – rasta ustida xoli oʻtirgan choponli jiydafurushning zalvorli, doʻrildoq ovozi qoʻzgʻolganlarni joyida toʻxtatdi.
— Hoy, yaxshilar, loaqal bobomizdan oq fotiha olishni unutmanglar...

Shovqin oʻsha zahoti tindi, oyoqqa qalqqan izdihom Zardusht bobo tomon oʻgirildi. Soʻzamol yongʻoqfurush toʻda oldiga oʻtib, bobodan ijozat soʻrab, savolomuz termildi. Bobo koʻzlarini qisib unga tikildi, soʻng hududsiz osmonga koʻz yugurtirmoqchidek boshini vazmin koʻtarib, odamlarning boshi uzra toʻgʻriga — tim odogʻi tomon nigoh soldi. Churq etgan sas eshitilmas, jamoat nafas olmay, boboning ogʻzini poylayotgan edi. Bobo roʻparasida ilhaq turgan fuqaro dardida Axuramazdaning oʻzidan madad soʻramoqqa lab juftladi, lafz aytishga ulgurmay, tim odogʻidagi devor ortidan... zorlangannamo gursillagan shovqin chalindi qulogʻiga. Olomon uning fatvosiga ilhaq, bobo esa biron kimsa payqamayotgan bir sirli-sinoatli nola qaydan kelayotganini bilolmay garangsib sukutga choʻmgan edi... Shu choq Zardusht boboning oʻsiq qoshlari panohidagi nursiz koʻzlari ilkis charaqlab ketdi, bobo boshini yonboshga enkaytirib, ustun ortiga moʻraladi. Oʻsha tomondan «Mana! Mana!», degan shovqin koʻtarildi. Tim ichi algʻov-dalgʻov boʻlib ketdi. Toʻs-toʻpolon qoʻpdi. Zardusht bobo roʻparasida hech zogʻ qolmadi. «Mana! Mana!», deb hayqirgan kishi shekilli, ikki qator rasta oʻrtasidagi yalanglikka yugurib chiqdi-da, «Ana! Anavi qopdan oldi! Oldi!», deya qoʻlini bigiz qilib koʻrsatgancha tisarilaverdi. Yordamga oshiqqanlar u kishi koʻrsatgan qop tepasiga yetib bordilar — qop ogʻzi ochiq edi. Qop-qanorning yon-veriga tumshuq suqayotgan uch-toʻrt choqli kishining birovi, «Ana, ur!», degancha oʻzini rasta ustiga tashladi. Zardusht bobo shundagina Jajmanni koʻrdi, maxluq rastaga toʻshalgan oʻrin ustida kavagidan bosh chiqarib atrofga quloq solayotgan koʻrsichqondek alangladi-da, lip etib yana gʻoyib boʻldi.

Quv-quvchilar koʻpaydi: kimdir emaklab rasta ostiga oʻrmalab kirib ketdi, kimdir qop-qanorni surib-yiqitishga tushdi, uch-toʻrttasi qoʻliga yarimta-yurimta gʻisht parchasini tutgancha alang-jalang xezlandi.

«Jajman qoʻlga tushsa kerak», deb oʻyladi Zardusht bobo, oʻyladiyu shu zahoti fikridan qaytdi: «Bir hamlada qoʻlga tushadigan boʻlsa, shu choqqacha jon saqlab yurolmasdi. Boboning keyingi farazi toʻgʻri keldi: harchand quv-quvga qaramay, Jajman qoʻlga tushmadi. U son-sanoqsiz olomon tajovuziga parvo qilmay, goh u, goh bu rasta ustida paydo boʻlar, mayizmi, bodommi, yongʻoq yo turshaknimi — birdek ishtaha bilan mitti yuxodek yeb, qopchigʻiga tiqishtirardi. Pista uyumini sovurayotganida mushtdek gʻisht parchasi uchib kelib pistani tuproqdek toʻzitib yubordi. Jajman shunda ham talvasaga tushmay, gʻoyib boʻldi.

Darvoza turumi sharaqlab xaridorlar kira boshladi hamki, quv-quv toʻxtamadi: semizu oriq, yoshu keksa holdan toydi. Juvon mayizini, turshakfurush pu-lini oʻgʻirlatganini unutdi.
— Gʻishtni kim otgandi? — soʻradi hars-hars nafas olayotgan shop moʻylovli kishi.
— Men! — dedi puchuq magʻizfurush gerdayib, soʻng afsuslanib qoʻshib qoʻydi: — Moʻljaldan sal xato ketdi-da!..

Zardusht bobo timdoshlarining bolakaylardek suxanbozligidan kulgisi qistab, qoʻllarini orqasiga qilganicha joyiga qaytdi, qaytayotib tim odogʻiga orqa oʻgirib turgan boʻlsa-da, yana gursillagan shovqinni eshitdi. Yerga qoqilgandek tek turib butun vujudi quloq boʻlib tingladi: gurs... gurs... gurs... Boboga yer osti gursillayotgandek tuyuldi, beixtiyor oyoq ostiga razm soldi, quloq osdi... yoʻq, gursillayotgan — odoqdagi tim devori ekanligi aniq edi...

Bobo joyiga oʻtib oʻtirayotib, «Darvozani ocha qolinglar» degan ma’noda qoʻshni mayizfurushga qaradi. Darvoza ochildiyu tim ichi xaridorga toʻldi: gʻala-gʻovur, savdolashishlar, talashib-tortishishlar boshlandi... Zardusht bobo timdoshlariga koʻz yugurtirdi, ular goʻyo hayotlarida unutilmas quvonchli voqea yuz bergandek dimoqlari chogʻ, ruhlari tetik edi...

Ertalabki hodisa bir qancha kungacha ogʻizdan tushmadi:
— Jajman qaytib qorasini koʻrsatmaydi! — dedi pistafurushlar.
— Oʻtakasi yorilib oʻldi, qanor-panorning ostidan oʻligi chiqadi endi! — dedi yonogʻoqfurushlar xaholab.
— Zora qutilgan boʻlsak... — dedi jiydafurushlar umid bogʻlab.

Zardusht bobo esa miyigʻida kuldi, uning nazarida Jajmanning mavjudligi kunu tunning almashinishidek muqarrar edi. U faqat bir narsadan tashvishda, «Jajman yolgʻizmi, yo uning urugʻi koʻpmikan?.. Yoxud, hammayoqni Jajman bosib ketsa qandoq qiladi odamlar?», degan oʻyning oxiriga yetolmasdi.

Bunga ham boboning oʻzi javob topdi...

Saharda odatdagidan picha erta uygʻondi, uygʻondiyu keyingi kunlarda kamuyqu boʻlib borayotgani, uxlash orom emas — azobga aylanayotgani mulohazasini qildi... Odamzod muzlik saltanatiga bandi boʻlmas ekan, u — hayot... «Axuramazda, oʻzing madadkorsan!.. — deb shivirladi bobo astoydil. — Ixtiyor oʻzingda, Axuramazda!..»

Bobo oʻi ogʻushida oʻrnidan turdi, tashqariga yoʻnalgan joyida Jajmanga koʻzi tushdi. U paxtali kamzulini yelkasiga omonat tashlab yotgan mayizfurushning roʻparasida chordona qurib oʻtirib olgan, lagandagi oshga qoʻl choʻzgandek bemalol uning qoʻynini kavlashtirayotgan edi. Mast uyquda yotgan mayizfurush, qitigʻi keldimi, gʻimirladi, koʻzini qattiqroq yumdi, maxluq esa zigʻirdekkina changalida paydo boʻlgan pulni boshi uzra koʻtarib, bobosidan obakidandon undirgan bolakaydek sakrab-irgʻishlab, lekin suvarakdek sassiz-shovqinsiz yugurib darvoza yoniga keldi. Bobo hushini yigʻib ulgurmay Jajman devorga suyab taxlangan qoplarga tarmashib yuqoriga zipillab chiqib ketdi. Darvoza tepasiga yetganida oʻsha yerdagi devor tuynugidan har biri sandaldek-sandaldek qoʻshaloq hovuch paydo boʻldi. Jajman qopchigʻini koʻtarib hovuchga agʻdardi, ustidan changalidagi pulni tashladi, hovuchlar shu zahoti koʻzdan yoʻqoldi. Jajman gʻizillab pastga tushdi...

Bobo koʻz oʻngida sodir boʻlgan voqeani xiyla fursatgacha idrok etolmadi — manglayida oʻlim sharpasi yelib oʻtganday yuragi orqaga tortdi... bahaybat hovuchlar, he-e, allazamonlarda — bolalik koʻzlari tushida koʻrgan, Otash momosini olib qochgan hovuchlarning oʻzginasi edi...

«Odamlar, voqif boʻlingiz... poyloqchilik qilingiz. Jajmanni qoʻlga tushiringiz», degisi keldi. Zardusht bobo baralla, «Jajman!.. Jajmanni tutingiz, yaxshilar!», deb hayqirganini, ammo hayqirigʻini timdoshlaridan hech kimsa eshitmaganini esladi — «ularning dilini oʻzing nurafshon etgaysan, Axuramazda!», dedi...

Zardusht boboning nolalari besamar ketmadi — quv-quv avjga mingani sayin Jajman holdan toya boshladi, endi u bemaloldan-bemalol nishxoʻrlik qilmas, bir choʻqib, oʻn alanglar, sichqondek quv, olmaxondek epchil boʻlib qolgan, nafsi hakkalak otganidan kun-tunning farqiga bormay qoʻygandi. U toʻppa-toʻsatdan biror rasta ustida paydo boʻlar, sotuvchi yo xaridorlarning hay-haylab ayuhannos solishiga qaramay, yer kavlayotgan yumronqoziqdek ikki qoʻllab qopchigʻini toʻldirar va odamlar es-hushini oʻnglagunicha qochib ulgurardi.

«Hovuchlarni toʻldirolmay joni halak!», degan oʻy kechdi Zardusht boboning koʻnglidan...

Soʻl qator rastadagilar har yerga kalamush qopqon qoʻydilar, uni koʻrgan oʻng qator rastadagilar, «Jajman qopqonga tushmaydi», degan xayolda teshik-tuynuk borki, sim toʻr qoqib tashladilar. Bozor egalari yuborgan oq xalatli xaloskorlar kuni boʻyi savdoni toʻxtatib qoʻydi, sotuvchiyu xaridorlarni tashqariga haydab, tim ichini qoʻlansa isga toʻldirdi. «Oʻn yilgacha Jajmanning qadami uziladi endi!», degan ovozalar tarqaldi, uch-toʻrt kungacha odamlar ogʻiz-burnini yopib jon saqladi. Jajman esa... timdagi bexalovatliklarning oʻziga daxli yoʻqdek oʻsha-oʻsha — kechani kecha, kunduzni kunduz demay oʻmarishdan toliqmasdi, yeldek paydo boʻlib, birovlar qoʻlidagi pulni yulqib qochar, uning izidan ushla-ushla, ur-sur boshlanar, natija esa hamishadagidek: Jajman osongina qutulib ketardi...
— Sim toʻrning katagidan sirgʻalib oʻtdi-ya! — deydi birovi.
— Oʻz koʻzimminan koʻrdim! — deydi uning gapini tasdiqlab boshqasi, — xamirday choʻzildiyu zulukday sirgʻalib oʻtdi-ketdi!..
— Qoʻlim qopchigʻiga tushib yirtvoray dedi-ya, attang! — deydi yana birovi hovliqib.
— Kimda-kim qoʻlga tushirsa, beminnat hadya bor! – deb qoldi Soʻzamol-yongʻoqfurush.
— Beminnat hadya!..
— Mukofot!.. Mukofot!..

Ogʻizdan ogʻizga koʻchayotgan bu xitobu hayqiriqlar orasidan Zardusht bobo qulogʻiga gursillagan tovush hiyla balandroq, aniqroq eshitila boshladi. «Vaqti-soati yaqin...», dedi pichirlab bobo. Va rastasi ustida Jajmanni koʻrib, soqoli asabiy titradi... Jajman sara soyaki mayizdan bir kaft olib ogʻziga tashladi, shimdi... Bobo uning guruchdek mayda, sadafdek tekis tishlarini aniq-tiniq koʻrayotganidan koʻziga ishonmasa-da, jondorni qiziqib bosh-oyoq kuzatdi. — Jajman oʻlar holatda oriq, qoʻl-oyogʻi gugurt choʻpidek qiltiriq, faqat u chunonam shiddat bilan harakat qilar, hash-pash deguncha mayiz uyumining biqinini oʻpirib tashlagan edi.

«Yeganingcha yeyaver-chi...» dedi bobo shivirlab. Jajmanni choʻchitib yubormaslik uchun, soʻng maxluq jon holatda qopchigʻini toʻldirishga tushganini koʻrib beixtiyor kulimsiradi, «Nafsing buzilgani, kuning bitganidanmikan?..», deb soʻradi. Jajman boboni mazax qilgandek tirjaydi, aslida u talvasaga tushgan — behad oshiqayotgan edi...

Bobo kuni boʻyi saralagan mayiziga achinmay qoʻygandek edi hamki, rastaning old tomonidan pusib kelgan yon qoʻshnisi sapchib qad rostladi-yu, «Hoʻ, otangni!..», deganicha oʻzini mayiz aralash Jajmanning ustiga tashladi, yana ikki davangirdek mayizfurush uning ustidan yopirildi. « Jajmanning abjagʻi chiqdi!», oʻyladi bobo.
— Qochdi! — dedi boʻshashib qoʻshnisi.
— Qandoq qochdi?..
— Qayoqqa qochdi?!

Jajmanning ustiga tashlangan mayizfurushlar shunday deb yon-veriga alanglay ketdi. Qoʻshni mayizfurush koʻzlarini olaytirib boboga yuzlandi:
— Koʻrdizmi? Ayting, qayoqqa yoʻqoldi?! — deb soʻradi u boʻgʻilib.

Zardusht bobo miyigʻida kulimsirab turaverdi.
— Gapirsangiz-chi, qayoqqa yoʻqoldi?! — dedi azbaroyi jon-figʻoni chiqqanidan oʻshqirib qoʻshnisi.

Bobo avzoini buzmadi, qomatini adl tutib, roʻparasida toʻdalanganlarga soʻzsiz qarab turaverdi. Toʻda kattalashdi. Qoʻshni mayizfurush boboning betiga ortiq tik qarolmay, koʻzini olib qochganda, uning yonida paydo boʻlgan pistafurush gʻazabini yashirolmay oʻdagʻayladi:
— Baribir tutamiz!.. Siz koʻmaklashmasangiz ham bu ablahning urugʻini qurutamiz!..

«Haroratingni darigʻ tutma, Axuramazda!.. Koʻngillarni oʻzing munavvar qilgaysan...», dedi Zardusht bobo ichida iltijo qilib. Uning koʻksidagi tavalloni tim odogʻidagi devorning gursillashi bosib tushdi. Mana, mana, hozir jamiki odamzod qulogʻini ding qiladi, oldi-sotdi, ivir-shivirni bas qiladi, yoshu keksa tim odogʻi tomon yuz oʻgirdi....

Gʻazabga mingan pistafurushning toʻsatdan yaltoqlanishi uning xayolini chalgʻitdi:
— Hammasini koʻrib turibsiz, aytsangiz boʻlmaydimi, bobo?! Qandoq qilsak tutamiz u bachchagʻarni!.. Yoʻqotaylik, qutulaylik, xotirjam yashaylik axir!..

U hali-zamon gapdan toʻxtaydiganga oʻxshamas edi, shu choq qarama-qarshi tomonda chelakning qattiq sharaqlagani eshitildi, kimdir: «Ushladim!», deb qichqirdi — olomon guvillab oʻsha yoqqa koʻchdi.

Koʻngli bir gʻashlikni tuygan bobo joyidan qoʻzgʻalmadi. Olomon yopirilgan tomonda gʻala-gʻovur avjiga mindi. Hamma yoqni: «Kim?.. Kim ushladi?», degan ovozlar tutdi.
— Men!.. Men tutdim!.. Bopladim!.. — dedi kimdir mamnun va quvonchdan oʻtakasi yorilguday boʻlib.

Olomon Jajmanni qoʻlga tushirish baxti nasib etgan kimsani koʻrish umidida oldinga surildi. «Oʻldiramiz!..», «Men ham urib qolay!» degan xitoblar, baqiriq-chaqiriqlar quloqni qomatga keltirdi. Va tuyqus sukunat choʻkib, Soʻzamol yongʻoqfurushning hayajonlangan, gʻolibona ovozi eshitildi. U rastaning ustiga chiqib olgan, xuddi bayramona nutq irod qiladigandek, qaychilangan xushbichim moʻylabini silab-silab qoʻyib soʻylar edi:
— Gap bitta — Jajman oʻlimga mahkum! Vassalom!

Olomon guvillab uning hukmini ma’qulladi. Yongʻoqfurush yigit xuddi tuya soʻymoqchidek hafsala bilan yenglarini shimardi, chelak ustiga engashdi, toʻdalashganlar davra yasab, uni oʻrtaga oldilar. Kim qadoq tosh, kim gʻisht parchasi, kim soʻyil tutgan — hamma shay edi.

Soʻzamol yongʻoqfurush chelak ostiga qoʻl suqdi — yigʻilganlarning koʻzi olma-kesak terar, qasos chogʻi yetganidan nafrat hammaning koʻziga, qoʻliga koʻchgan edi — chelak sharaqlab agʻdarildi-yu, yongʻoqfurush yigit choʻgʻ ushlab olgandek qoʻlini siltab tortdi.
— Tishladi! — dedi u jon holatda baqirib.

Chelak ostidan chiqib olgan Jajman qochishga chogʻlanib ulgurmay, uchi ayri soʻyil uni yerga qapishtirib qoʻydi. Buni koʻrganlar «Oʻldi-i!», deb ulgurmay, Jajman ayri ostidan sirgʻalib chikdi, bir silkindiyu oʻzini oyoqlar orasiga urdi — oʻtolmay orqasiga qaytdi, qaytgan joyida boshiga mushtdek qadoq tosh tushdi — Jajman yiqilib, yerga choʻzildi, «Oʻldi!.. Oʻldi!..» deb yubordi olomon. Lekin Jajmanga jin ham urmagandi, u yana oyoqqa turdi, qoʻlchalari bilan qopchigʻining ogʻzini tutganicha dikirlab oldingi qatorda turganlardan birining yelkasiga sakrab chiqdi — qiy-chuv koʻtarildi. Jajman lip etib, dikirlab boshdan boshga, yelkadan yelkaga oʻta-oʻta borib nima boʻldiyu yana oyoqlar ostiga — toʻda orasiga tushib qoldi. Kimdir uni qattiq tepdi. Jajman yerdan ikki quloch koʻtarilib, yerga chalpakdek boʻlib tushdi, tushdiyu boyagi uchi ayri soʻyil uni yana yerga qapishtirdi... «Bos! Bos!», deb hayqirdi olomon gurillab, biroq soʻyilning uchi xuddi muz ustida toyib ketgandek surildi. Jajman ayri ostidan sirgʻalib chikdi, chiqdiyu qaddini rostlay olmadi — chamasi ayrining zarbidan uning beli mayishib ketgan edi.
— Oʻzing ogoh boʻl, Axuramazda! — deb koʻzlarini yumdi Zardusht bobo. — Oʻzing ogoh boʻl!..

Tim odogʻi tomonidan eshitilayotgan zorlanuvchi, yolboruvchan gursillash doʻq-iddaoga aylanib, boboning shivirini, unga qoʻshib olomonning shovqinini bosib tushdi. Zardusht boboning koʻngli ogʻir noxushlikni sezib, koʻz oldi qorongʻulashdi, miyasi gʻuvilladi... tim shiftiga qapishgan uchboshli Axriman koʻzlaridan sovuq bulut purkab Axuramazda ustiga tashlandi. Axuramazda oyoqda turolmay, yonboshiga agʻdarildi, agʻdarilayotgan joyida ogʻzini oʻradek ochgan Axrimanning basharasiga oʻt purkadi, Axriman sapchib shiftga koʻtarildi. Axuramazda qaddini rostlay deganda Axrimanning ogʻzidan purkalgan bulutlar orasidan bir, ikki, yana, yana Jajmanlar dikirlab chiqib kela boshladi. Axuramazda ularga ham olov purkadi. Jajmanlar kuymadi, Axuramazda oʻt-otashga dosh beradigan jondorni koʻrmagan edi — bosib-bosib olov purkadi — Jajmanlar alangai otashda yayrab-yayrab huzur kilayotgandek irgʻishlar, bu yetmaganday, Axuramazdaning yelkasiga, boshiga chiqib tushar, tinimsiz qandaydir tovush chiqarar edi. Shiftga qapishgan uch boshli Axriman olamni boshiga koʻtarib xaholadi...
— Ogoh boʻl, ogoh, Axuramazda! — deb koʻzlarini battar yumdi Zardusht bobo turgan joyidan qimirlamay. — Axriman oʻlmagan, Axuramazda!.. Ogoh boʻlgaysizlar, yaxshilar, ogoh!.. Axura...

Bobo ezgulik tangrisining nomini aytib ulgurmay, osmonoʻpar qoyatosh agʻdarilgandek nimadir beoʻxshov gumbirladi, shuning barobarida olomon orasidan otilib chiqqan ayanchli chinqiriq quloqqa nayzadek qadaldi, keyinidan, «Qochdi!.. Qochdi!..», degan shovqin koʻtarildiyu talotoʻp qoʻpdi — oʻn chogʻli kishi ustma-ust yerga tashlandi. Chalajon Jajman shunda ham taslim boʻlmasdi: devdek-devdek besoʻnaqay odamlar ostida yerga chaplashgudek choʻzilar, odamlar yengil nafas olgan zahoti dik etib qaddini rostlar — qochishga chogʻlanar — yana izdihom poyi ostida qolardi...

Nafasi boʻgʻziga tiqilib, toliqqanlar talotoʻpdan uzilib, orqada sudralar, ular oʻrnini boshqalar egallar — Jajmanga tinimsiz, beayov kaltak-musht yogʻdirar — Jajman har safar oʻzini oʻnglab olar, xuddi kaltak ostida qolganini sezmagandek, hamon koʻzlari olma-kesak terar — aftidan qoʻliga ilinadigan narsa qidirar — shunday boʻlsa-da, uning holdan toyayotgani, yurishlari tobora sustlashayotgani, qaddini tutolmayotgani sezilayotgan — olomon zoʻr kelayotgan edi... Va nihoyat!.. Nihoyat... birdan ur-sur toʻxtadi, «hoyu-hay-hay»lar tinchdi, tim ichiga suv quygandek jimlik choʻkdi... U yer-bu yerda yumalab, emaklab Jajmanni doʻpposlaganlar birin-sirin oyoqqa turdi va... Soʻzamol yongʻoqfurush Jajmanning kalta dumidan tutib chalajon tanani boshi uzra koʻtardi.
— Hu-u, toʻngʻiz qoʻpgur! — deb yubordi kimdir.
— Oʻlgani rost boʻlsin-a!— dedi yana birov sevinib.
— Bir tomchi qoni chiqmadi-ya, tavba-a!..
— Xudo adashib yaratib qoʻygan bu bachchagʻardi, qon hayf unga!..

Olomon orasida kulgi koʻtarildi. Tekinxoʻr balosidan qutilgan alamzadalar quchoqlashgan, oʻpishgan, yigʻlagan... quyosh bu kun timning ichidan koʻkka koʻtarilayotgan edi...

Yongʻoqfurush yigit maxluqning jasadini koʻtarib turganicha timdoshlariga qarata yana soʻz aytdi:
— Yomonning kuni bitdi, birodarlar!..

Jajmanning qopchigʻidan qolgan-qutgan mayiz, pista qoldiqlari toʻkildi. Olomon uni koʻrib kulib yubordi, biroq shu payt... Jajman tilga kirdi:
— Lo... kila!.. Lokil...la!..

Soʻzamol yongʻoqfurush choʻchib Jajmanning jonsiz tanasini irgʻitib yubordi, sakrab oʻzini orqaga tashladi, hangu mang boʻlgan olomon shamdek qotdi. Tim ichi shunchalik jimjit boʻlib qoldiki, azboroyi, Jajman jon berayotib bazoʻr takrorlagan bir ogʻiz soʻz hamon havoda taralib eshitilib turardi. Olomon xuddi osmondan odamlarning esini ogʻdirib qoʻyadigan sas yopirilib kelayotgandek, talvasaga tushdi.
— Zardusht bobo...
— Zardusht...
— Bobo...

— Zardusht bobo!!!— deb yubordi olomon bir ovozdan iltijo qilib — izdihom koʻchkidek surilib, bobo tomon siljidi. Zardusht boboning esa qulogʻi tom bitgan — eshitmas, roʻparasida umidvor tikilib turgan izdihomni koʻzlari koʻrmas — boshini gʻoz tutganicha toʻgʻriga — tim odogʻi tomon yuz tutib turardi. Shu payt...shu payt...tim odogʻidagi devor tepasidan katta-kichik kesak-guvalalar koʻchib, doʻpirlab yerga tusha boshladi — tim ichi chang-toʻzonga toʻldi... Devorga yaqin turganlar arang oʻzini chetga olishga ulgurdi, tumonat boʻridan hurkkan suruvdek bir burchakka gʻuj boʻlib qisildi, olomon koʻzlari ola-kulalashib, tim odogʻiga angraydi... Shu koʻzlar, shu nigohlar oʻngida toʻzon bosildi, bosildi va devorning tepasida oʻraning ogʻzidek qora tuynuk koʻrindi... qanday hodisa yuz berayotganiga fahmi yetmagan olomon hang-mang boʻlganicha qotib turar, biror zot qilt etishga jur'at topolmasdi oʻzida... Ana shunda qora tuynukdan bir juft bahaybat hovuch koʻrindi... hovuchlar ichkariga suqilib kirdiyu ulardan hozirgina bazoʻr, ming bir azobda oʻldirilgan Jajmanga ikki tomchi suvdek oʻxshash boshqa bir Jajman sakrab yerga tushdi, faqat u oldingisidan hiyla durkunroq — boʻyi ikki qarich edi…