OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXurshid Doʻstmuhammad
Asar nomiKuza... (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Xurshid Doʻstmuhammad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm124KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/12/7
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
«Шарқ юлдузи» журнали, 2010 йил, 1-сон


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kuza... (qissa)
Xurshid Doʻstmuhammad

«
...zamonaviy inson kuzatiluvchi insondir...
F. Dyurrenmatt
»

Umidning qoʻl telefoni shivirlab gapirgan odamning ovozidek eshitilar-eshitilmas «tring»ladi.

– Qayerdasan? – deya soʻroqqa tuta ketdi Farhod.

– Ustozdan xabar olmoqchiman...

– Aziz bugun tunda yurtiga joʻnaydi-ya, esingdami?

– Esimda.

– Kechqurunga va’dalashganmiz-a?

– Oʻzi bilan gaplashdingmi?

– Kecha gaplashdim. Kechikmay kelinglar dedi. Ertaroq borsak, ketar jafosida bi-ir yonboshlab otamlashar...

Umid doʻstining gapini boʻldi:

– Nima qilamiz ertaroq borib, Farhod? Oʻziniyam ishi boshidan oshib yotgandir! Va’dalashgan vaqtida borsak ham boʻlar.

Xash-pash deguncha bir oy ham oʻtib ketdi! Uch ogʻayni harchand urinmasin, Farhodning uyidagi tongotar hangamadan soʻng bir-ikki daf’a birrov-birrov diydorlashuvni hisobga olmaganda, Farhod aytmoqchi, yonboshlab otamlashishning iloji topilmadi. Azizning gap-soʻziga qarasang ancha vazminlashgan, sermulohaza yoshi ulugʻ kishilar nuqsi urib qolibdi, lekin razm solib qaragan odam undagi ichki behalovatlikni, qandaydir oʻzi ham anglab yetmagan allaqanday maqsadga intilayotganini, koʻzlayotgan muddaosining qanchalik aniq-ravshanligini esa oʻzi ham durustroq anglamasligini yaqqol sezardi. Uni unday desa, Umid bilan Farhodning ham bemalol qolgan kunlari boʻlmadi hisob. Bir oylik gʻanimat kunlarni shu taxlit oʻtkazgan qiyomatli uch ogʻayni bugun joʻnab ketar jafosida otamlashib oʻtira olishiga Umidning koʻzi yetmadi. Bunisi ozdek, oʻzi ignaning ustida oʻtirgandek bezovta, hardamxayol... kun peshindan ogʻdi, Ustozdan birrov xabar olsa-yu, gʻizillab uyiga qaytsa, uyida xotirjamlik boʻlsa, soʻng Aziznikiga borish chorasini koʻrsa...

Ustozning xoʻp alomat fe’li bor. Oʻzi kimsan falonchi falonchiyevich, nomdor, qattiqqoʻl, talabchan rahbaru, unda-bunda oʻylab topadigan xurmacha qiliqlari, insof bilan aytganda, quyushqonni oshirib-toshirib yuboradi. Alomatligi shundaki, beoʻxshovdan-beoʻxshov qiliqlaridan xijolat chekmaydi ham, ustiga-ustak, «Hazilimni «zil»ini top, aqling kiradi» deb odamni holi-joniga qoʻymasligi oshib tushadi.

Umidning nazarida Ustozning shu alfoz yotishi ham goho hazilga oʻxshab ketar, halizamon u kishi irgʻib oʻrnidan turib chopqillab qoladigandek, ustoz – shogirdlik rishtalari nish bera boshlagan joyidan gurkirab davom etadigandek tuyuladi. Faqat keyingi ikki kungi ahvolni hazilga yoxud yaxshilikka yoʻyish...

Umid kecha ertalab uygʻongach, bet-qoʻlini yuvdi, artinayotib bir muddat hovlida turib qoldi. Ahvol-ruhiyasi dam yengil tortayotgan, dam xavotirli tus olayotgan Ustoziga gʻoyibona shifo tiladi, shogirdlik va insoniylik burchini ado etganidan koʻngli taskin topgan zahoti xayoli Kotibaga qochdi. Qizning oppoq yuzi, oʻziga yarashgan koʻzoynagi ostidagi tim qora qosh-koʻzlari koʻz oʻngida gavdalandi. Mayin yoqimli shabada uning dimogʻini siypalab oʻtdi. Nazarida dam hovlining bir chekkasidan, dam uyga kiraverishdagi zina tepasidan, dam oshxona ichkarisidan Kotiba qiz Umiddan koʻz uzmay kuzatayotgandek boʻldi. Umid maykachan turganidan xijolat chekib, beixtiyor qoʻlidagi sochiqni yoyib kiftiga yopdi. Kotiba qiz yoʻlak oʻrtasida iymanibgina turar, Umidga tik qaray olmas, Umid esa uni ichkariga – hovliga, hovlidan uyga chorlaydigan biror soʻz topolmay oʻngʻaysizlanar edi. Shu payt Opasi oʻzi yashaydigan xonasidan chiqib, indamaygina ayvondan tushib keldi. Umid zumda xayollarini yigʻishtirib olib salom berdi, Opasi alik olmadi. Churq etmay sharpadek suzib oshxona tomonga oʻtib ketdi. Umid bir qarashning oʻzida Opasining avzoi ayniganligini, uning koʻzlaridan ma’no qochganini payqadi. Sergak tortdi.

Umid harchand urinmasin xavotirli oʻylar uning xayollarini oʻz holiga qoʻymayotgan, xayollari qolib, uning jismi jonini ta’qib etayotgan edi. Uydami-koʻchadami, vaqt-bevaqt Ustozning oqish gulli choyshab ostida behol-bemajol yotishi moyboʻyoqda matoga chizilgan suratdek Umidning tasavvuriga muhrlanib qolgan, bu suratdagi soʻniq va mazmunsiz boqishlar Umidni qadam-baqadam ta’qib etar, Umid bu moʻ’tabar nigohdan oʻzini chalgʻitishga uringani sayin Ustozga xiyonat qilayotgandek xijolat tortib ketayotgandi.

Mana, oqish gulli choyshab ostida tirik jon yotganga oʻxshamas, bamisoli soʻnggi kunlarda Umidning shuurini tark etmayotgan iztirobli manzara endi uning koʻz oʻngida namoyon boʻlayotgan edi.

Umid koʻz oʻngida kun va soat sayin paymonasi toʻlib borayotgan qadrdon insonning joniga oro kirishdan ojizligini oʻylab, alamdan ichi oʻrtanib ketdi. «Kechagina dunyoni boshida koʻtarib yurgan odam... insonning holi shu ekan-da...»

Umid dilidagi shu ojizona istiholani oʻzicha aytib ulgurmagan ham ediki, Ustozning nursiz koʻzlari katta-katta ochilib, unga qadalganicha toshdek qotdi. Shu holida u sadoqatli shogirdini hozir nima deding, deya soʻroqqa tutayotgandek edi. Umid noma’qul qilmish ustida qoʻlga tushgan odamdek oʻzini yoʻqotib qoʻydi. Koʻzini olib qochdi, yon-veriga alangladi. Azbaroyi Ustozga boʻlgan hurmati bois u kishining hatto nur soʻnib borayotgan nigohlariga ham bemalol qarashga botinolmadi. Hozirgina koʻnglidan kechgan oʻy uchun dilini tirnagan xijolatpazlikdan oʻzini chalgʻitish niyatida biron narsa kerakmi, degan ma’noda bemorga qaradi. Biroq toʻshakda yotgan bemorning zaif nigohida tayinli ma’noni uqib boʻlmadi. Umid buni payqab ulgurmay Ustozning sadoqatli va arzanda shogirdini tanimas darajaga yetgan nigohlari ohista yumildi.

Umidning yuragi battar uvishdi, jimgina turib ravonni, ravondan chiqib hovlini tark etishga chogʻlandi, biroq boyaginda u kirib kelgach, necha hafta-necha oylardan buyon kasal boqib tinka-madori qurigan opoqi bilan Ustozning kampirgina opasi tashqariga chiqib ketishgan, shundan Umid kenggina ravonning bir chekkasidagi yagʻrindor karavotda toʻshak bilan bitta boʻlib yotgan bemorni yolgʻiz qoldirishga botinolmadi.

Umid qiya ochiq deraza yoniga bordi, hovli tomondan opoqi roʻparasiga kelib, unga savol nazari bilan qaradi.

– Maqsud yoʻqmi? – pichirlab soʻradi Umid boshqa joʻyali gap topolmay.

– Hozir kep qoladi... – javob qildi opoqi undan battar shivirlab, koʻcha tomonga imo qilarkan. – Togʻasi bilan bir joyga yuborgandik...

Umid Ustoz bilan yangi tanishgan, nari borsa ikki-uch daf’a suhbatlashgan kezlari edi, ittifoqo u kishi falon kuni, falon paytda xonamga kiring, deb qoldi. Hatto, toʻgʻridan-toʻgʻri kirib boravering, deb tayinladi ham.

Umid aytilgan ishni qildi – aytilgan kunning aytilgan soatida toʻppa-toʻgʻri qabulxona boʻsagʻasiga yetib keldi. Uning shu topdagi tashrifidan Kotiba ogohlantirilgan shekilli, u oʻtirgan joyida kiravering, degan ma’noda bosh irgʻab qoʻydi-yu, yozayotgan qogʻozidan bosh koʻtarmadi. Umid ham qizga e’tibor bermadi, ohista eshikni ochib ichkariga qadam qoʻyganini biladi, azbaroyi shamolday yugurib kelib peshonasi bilan devorga urilgan odamdek taqqa toʻxtadi-qoldi.

Telefon mingʻirladi. Umid uni qulogʻiga tutdi.

– Qayerdasan? – darhol zugʻumga oʻtdi Farhod.

– Ustozning uyidaman dedim-ku, – dedi Umid bemordan nari borib.

– Sen Aziz bilan gaplashgan edingmi?

– Oʻsha, oʻzing bilan birga oʻtirishganimiz. Keyin bir marta... birrov... durustroq gaplashmadik ham.

– Koʻrishmading ham, gaplashmading ham. Shundaymi?

Umid doʻstining fe’lini yaxshi bilsa-da, uning ayni damdagi gapirish ohangi diliga picha ogʻir botdi.

– Farhod, tushunmadim, soʻrab-surishtirishmi bu yoki soʻroqqa tutishmi?

Farhod hiringlab kuldi, soʻng jiddiylashdi.

– Ogʻaynigarchilikda ikkoviyam boʻlaveradi. Chidaysan. Istasam – soʻrab-surishtiraman, istasam – tergovchidan battar soʻroqqa tutaman, uqdingmi endi?

Umid unga munosib javob oʻylab ulgurmay Farhod muomala ohangini oʻzgartirdi.

– Bir oy oʻtib ketdi-ya, doʻstim! Oqibatti uyiga oʻt tushsin, bundan koʻra!.. Oʻzimizdan oʻtdi, musofirchilikdan kelgan doʻstimizzi yolchitib yoʻqlashgayam yaramadik!..

– Yoʻqlanmagan odam yoʻqoladi-da...

– Yashshavor, uka, tochkasiga urding! Shu gapingga Aziztoyni yerni ostidan boʻlsayam topaman! Yoʻqlayman, yoʻqolishiga yoʻl qoʻymayman!..

Umid Ustozning qabuliga kirganida yetti-sakkiz chogʻli erkak-ayol qoʻr toʻkib oʻtirishar, ularning ahvol-ruhiyasidan mashvarat ayni avjiga chiqqani koʻrinib turardi. Tuyqus bir-biridan basavlat yoshulli yalpisiga «yalt-yult» etib Umidga oʻgirilib qarasa boʻladimi! Ehtimol, shuncha odam bir yoʻla miltiqdan oʻq uzgan taqdirda ham u bunchalik kalovlanib qolmas edi. Gʻalati-gʻalati ma’nolarga toʻla nazar-nigohlar esa miltiqning oʻqidan-da ogʻirroq zarb-zalvor bilan uning koʻziga, koʻzi orqali vujud-vujudiga urildi – shoʻrlik Umid yomon dovdiradi, nogahon boshiga oʻn botmonlik gurzi tushgan odamdek gangib, turgan joyida choʻkkalab qolayozdi, shu payt oʻzini tugul, koʻzini qayoqqa olib qocharini bilmay turgani ustiga qulogʻining ostida kimningdir shipshiganini elas-elas eshitdi:

– Ust-boshingizga qarab qoʻying, yigit...

Qulogʻiga shipship aytilgan oʻsha bir chimdimgina jumla Umidning tiliga yelimdek yopishdi-qoldi: qayerda, qay holatda boʻlmasin, hatto tanish-notanishlar orasida, hatto mavridi kelsa-kelmasa ushbu luqmani sopqondan otgandek qilib aytishga odatlandi: «Ust-boshingizga qarab qoʻying, yigit!..»

Yoʻq, Umid bu gapni kinoya, piching yo kesatiq ohangida aytmaydi, keyin oʻylab koʻrdi, domlasining mana shu aytishga, yodda saqlab qolishga arzimasdek koʻringan hazili ham aslida hazil emas, balki uning zamirida obdon oʻylab pishitilgan «zil» bor edi.

Umid beixtiyor Opasining izidan termilib qoldi, iltijolarga toʻlib-toshgan shu qarashlari bilan Opasini toʻxtatib qolmoqchidek, uning koʻzlariga yoʻqolgan ma’noni qaytarmoqchidek edi, afsuski, dilining tubidagi niyatlarini tiliga koʻchira olmas, negaki bunday damlarda Opasiga ta’sir koʻrsatishi mumkin boʻlgan bisotidagi jamiki gap-soʻzlarni aytib ado qilgan, oʻylay-oʻylay, qolaversa, Ustozning kishibilmas aytgan yoʻl-yoʻrigʻidan kelib chiqib keyingi paytlarda Opasining kasali tutgan paytlarda sas-sado chiqarmay uni izma-iz poyloqchilik qilib emas, balki naridan turib kuzatishni tajriba qila boshlagan edi.

«Boshlanyapti...» dedi u Opasining ortidan zimdan kuzatib. Bir yoʻla oshiqib yoʻlakka nazar tashladi – hozirgina iymanibgina boshini xam qilib turgan Kotiba qiz yoʻq edi. Umidning nigohi oshxonaga, oshxonadan ayvonga koʻchdi – Kotiba qiz hamma joydan birvarakayiga roʻyodek gʻoyib boʻlgandi. Umid beixtiyor uf tortdi. Bu Opasining dardiga davo topilmasligidan tugʻilgan iztirob ifodasi edimi yoxud uning xayollarini, xayollarigina emas, kundalik, har lahzalik hayotini ishgʻol etib ulgurgan Kotiba qizning endigina xonadonga qadam «ranjida» qilgan joyida koʻzdan gʻoyib boʻlishidan tugʻilgan afsus-armonli xoʻrsinish edimi – buni Umidning oʻzi ham farqiga yetmadi.

Bir talay ahli yigʻinning birvarakayiga nazar-nigoh tashlashi, unga «ilova» sifatida quloqqa tuyqus shivirlab aytilgan beozordan-beozor lutfi-karam odamni zambarakning oʻqidan battarroq yer bilan yakson qilishga qodirligini Umid oʻshanda oʻz tanasida boshidan oʻtkazdi. Vaholanki, u Ustozning xos xonasiga oʻzicha bostirib kirib bormadi, Ustoz yoʻrigʻidan chiqmay aytilgan kuni, aytilgan damda, aytilganidek tarzda toʻgʻridan-toʻgʻri kirib bordi, nufuzli ahli mashvarat uchun bu beiltifot tashrif favqulodda beadablik boʻlib koʻringan boʻlsa – buning gunohi Ustozning sha’niga havola, illo-billo, kimsan – yosh va norgʻul olim yigitsan, Ustoz aytmoqchi, iqtidorli va umidli tadqiqotchisan, shunday ekan, Ustozing qulogʻingga shipshigan boʻlsa, yaxshi, osmon boshingga oʻpirilib tushgani yoʻq, engil-boshingga rov koʻz yugurtir – yoqasi, tugmasi, burmasi, kissa-pissasi joyidami-yoʻqmi – qara, olam guliston, gangitib-esankiratib qoʻygan ofatdan betalofot qutilasan-qoʻyasan! Yoʻq, buning epini qilolmagan Umidboy dam koʻylagi tugmalarini, dam boʻyinbogʻini paydar-pay paypaslashga tushdi, nima qilayotganining farqiga bormadi ham, gardanidan potirlab chiqqan muzday ter tomchilari ikki kuragining oʻrtasidan joʻyak ochib quymichi tomon chopqillab tushayotganini sezdi, buning ta’sirida qahratonda qolgan odamdek eti junjikib qunishdi.

– Ertaga biznikida mehmon boʻlasan, – dedi Farhod Azizni quchoqlaganicha bagʻridan qoʻyib yubormay. – Sen, Umid – uchovimiz boʻlamiz, xolos.

– Hay-hay, hovliqma, – dedi Umid Farhodni shashtidan qaytarmoqchi boʻlib. – Namuncha joniqmasang? Axir hali osmondan tushib oyogʻi yerga tegib ulgurmadi-ku! Uyiga borsin, ota-onasi, qarindosh-urugʻ, qoʻni-qoʻshni deganday, keldi-ketdi sal pasaysin, borarmiz.

– Toʻgʻri, ertadan keyinroq...

– Yoʻq, – dedi Azizning gapini choʻrt kesib Farhod, – keyinroq vaqt yoʻq, chorshanba kuni delovoy ishlarim bor. Gap bitta – ertaga issigʻida biznikiga!..

– Payshanba-chi? – soʻradi Umid.

– Mehmondorchilik bor.

– Juma, shanba?..

– Juma, shanba, yakshanba – qatorasiga ulfatchilik! – tantanavor ohangda e’lon qildi Farhod.

– Yashash qiyinlashib ketdi deganlaring qatta-yu, kuniga ziyofatxoʻrlik qatta?! Tushunolmay qoldim!.. – yelka qisdi Aziz kulimsirab.

– Qanaqa ulfatlar, ular? – chinakamiga hayron boʻlib soʻradi Umid. –Duch kelgan davraga qoʻshilib ketaverasanmi? Kim, qanday odamlar, surishtirmay-netmay...

Farhod istehzoli kuldi.

– San zamonni tushunmaysan, uka, – dedi u Umidning yelkasiga qoqib. – Gap tamom-vassalom, dedim, choʻzma lagʻmon qilmalaring-da, ertaga kechqurun uyda kutaman. Aytib qoʻyay: oʻzimiz – troyka, boshqa hech kimni qoʻshmaymiz!

U odatdagidek Opasining izidan tushmadi, nima qilsam ekan degan sarosimada yugurib-netmadi. Vaholanki, har safar ahvol birdek: tuppa-tuzuk yurgan Opasi toʻsatdan savdoyisifat boʻlib qolar, bunday paytlarda unga hech bir gap-soʻz kor qilmas, hushiga kelgan ishga unnab ketar, ukasi uning atrofida giryon urib ne koʻylarga tushsa-tushardiki, qanday boʻlmasin, Opasini hushiga qaytarish choralarini izlardi.

Shu umidda unga nimalar deb koʻrmadi! Yaxshi gapirdi-yolbordi, aldadi-suldadi, chalgʻitdi, yupatdi, kezi kelganda poʻpisa qilishdan ham toymadi. Bir safar Opasining qoʻl-oyoqlariga arqon solib chandib tashlashga chogʻlandi. Biroq na doʻqlari, na oʻqrayish-oʻshqirishlari, na qoʻlidagi arqon-chilvir Opasiga kor qildi...

Opasi oshxona ostonasiga ikki qadam qolganida kutilmagan holat yuz berdi! Opasi birdan toʻxtadi, Umid koʻnglidan kechirgan iltijolari kor qildimikan degan oʻyda joni hapriqib ketdi, Opasi astagina ortiga oʻgirildi, ohista va bir-bir qadam tashlab ukasining yoniga qaytib keldi, goʻyo soʻramoqchi boʻlgan narsani unutib qoʻygandek gʻalati angrayib unga bosh-oyoq razm solib turdi, tusi oʻzgardi hatto nimadir demoqchi boʻlib ogʻiz juftladi ham, Umid opasiga birrov nazar tashladi-yu, darhol koʻzini olib qochdi, u Opasidagi favqulodda bu oʻzgarish boisini anglab yetolmadi.

U fikrini jamlab ulgurganida Opasi oshxonaga kirib ketib, u yerdan qaytib chiqqan, bir qoʻlida qozon, kapgir, ikkinchisida kosa, toʻrt-beshta taqsimcha koʻtarib olgan edi.

Umid oʻzini chetga olib, yoʻlni boʻshatdi.

Umid gʻoʻrgina emas, hali ancha-muncha xom ekan, boʻlmasa Ustozning beoʻxshov qiligʻidan arzirli bir hikmat topmay necha kungacha oʻzidan-oʻzi tumshuq qilib, xunobi toshib, boshi qotib yurarmidi!

– Tashqariga chiqib, eshikni betiga yopgan zahoti oʻzingizni qushday yengil his qildingizmi? – deb soʻradi oradan besh-olti kun oʻtkazib Ustoz Umiddan.

– Hm... – deya oldi Umid xuddi ichidan oʻtganini toʻkib solsa, oʻsha oʻsal holatga qayta tushadigandek xavotirda. Soʻng ilova qildi: – Yelkamdan togʻ qulagandek boʻldi.

– Yasha-ang! – deya ma’nodor savol nazari bilan boqdi Ustoz shogirdiga. Uning nigohida tayinli moʻljal bilan boshlagan ishi kutilgan natija berganligidan mamnunlik alomati bor edi. – Xoʻsh, keyin-chi?

– Nima, keyin? – deb yubordi qoʻqqisidan Umid. U shunday deb Ustozdek boobroʻ va e’tiborli rahbarning oʻziga yarashmagan sovuqdan-sovuq qiligʻiga oʻpka-ginasi va arazi borligini bildirib qoʻymoqchidek edi. Ustozdek qattiqqoʻl inson yosh va gʻoʻr shogirdining bu taxlit goʻdaklarcha «isyoncha»siga e’tibor ham qilmadi.

– Togʻ qulagandek boʻldi deng? – Shunday degancha oʻychan bir tarzda nigohini olib qochdi u. Bir muddat oʻtkazib nimadir demoqchi boʻlib ogʻiz juftladi-yu, damini ichiga yutdi. Umid buni sezib Ustozning ogʻzini poyladi. Ustoz esa aksincha, yoʻq, zinhor sirni ochmayman, qabilida labini battar qimtib, sukutini buzmadi.

Aziz olis xorijdan qaytgan kunning ertasi namozgarda Farhodnikiga yigʻilishgan uch qiyomatli ogʻayni mijja qoqmay tong ottirishdi. Goʻyo hali-zamon dunyoning uch tomoniga tariqdek sochilib ketadigandek, qaytib yaqin-orada diydorlashish nasib etmaydigandek talashib-tortishib, ba’zan hatto dahanaki jangu jadalga aylanib ketayozgan gurungda Farhod aytmoqchi, ancha-muncha soʻzlardan ancha-muncha koʻzlar ochildi. Hali dilimda tugun boʻlib yotgan, aytmasam xumordan chiqmaydigan gaplarim uyulib yotibdi, dedi Aziz. Umidning nazarida esa... Aziz xorijdan topib kelgan, aytgan va aytib ulgurmagan gaplariga tayinli javoblar topilmaganiga ortiqcha hayron boʻlmadi, balki uni paydar-pay tugʻilgan javobsiz savollar koʻproq qiziqtirgan edi...

Ustozning bu safargi sukuti soat sayin xavotirli tus olmoqda. U kishining koʻnglidan nimalar kechayotgan ekan shu topda?.. Bu ahvolda yotgan bemorning tepasida turish, uning injiqliklarini koʻtarish, uni oq yuvib-oq tarashga uncha-muncha sabrli bandaning yuragi dosh bermaydi. Opoqi ham, kampirgina opa ham tamom holdan toyib, ana, tashqarida oʻtirishibdi. Umid esa... U oʻzini qayoqqa qoʻyishini bilmas, dam-badam Ustozning yumuq koʻzlariga umidvor termilar, goʻyo shunday qilsa – u ich-ichida Ustozga sogʻlik va umr tilayotganini oʻzi ham sezmayotgan edi – Ustoz koʻzini ochsa, Umid u koʻzlarda umidlar tugʻdiruvchi shu’lani koʻrsa, Ustoz bilan loaqal bitta-yarimta muloqotga kirisha olsa hovlining tepasidan bosib tushayotgan temirdek sovuq va zil-zambil zimiston hademay ravonni ham komiga tortadigandek tuyulmas edimi?!

Opasi oshxonadan qoʻliga ilingan taqir-tuqurni oʻzi yashaydigan xonaga tashmalashda davom etdi. Umidning onasi ayvon zinasining yoniga kelib kutib turdi, Opasi navbatdagi safar oshxona tomon yoʻl olganida unga ham zarda, ham yalinchoq aralash iltijo qildi.

–Jon qizim, shu qiligʻingni bas qilaqol, bolam...

Opasi miq etmadi, qayrilib onasiga qaramadi ham – indamaygina oshxona tomon borayotib yana kutilmaganda zum toʻxtab ukasiga razm soldi. U ukasining qandaydir siridan voqif boʻlgan-u, shuni soʻramoqqa chogʻlangandek soʻlgʻin nigohida «yilt» etgan shu’la koʻrindi, vaholanki, zinhor Opasi dardi tutgan choqlarda bosh koʻtarib kimsaga nazar tashlamas, boshqalar tugul oʻzini tuqqan onasini ham tanimas, odam zotini koʻrarga koʻzi boʻlmasdi.

Umid Ustozning kumush tolalaridek oppoq sochini barmogʻining uchlari bilan ohista taradi. Ustoz oʻziga yetguncha oʻjar, qaysar odam edi, bunday fe’lli odamlarning sochi taroqqa boʻysunmaydi deyishadi. Lekin shu topda Ustozning sochi u kishining qaysarligidan emas, balki majolsizligidan Umidning barmoqlariga boʻysunmayotgan, toʻgʻrirogʻi, hatto boʻysunishga ham holi qolmay, bemorning chap qulogʻi-chap qanshari aralash yoyilib tushgan edi. Umid oʻzi ham eshitmaydigan qilib, miyigʻida kulimsirab ayni Ustoz aytgan ohangda shivirladi:

– Ust-boshingizga qarab qoʻying, yigit...

– Topish-tutishdan gapir, uka-a, – dedi sipolikni yigʻishtirib qoʻyib Farhod «uka-a» soʻzini atayin kinoya ohangida choʻzib, – sal kam uch yilda «koʻk»inimi, boshqasinimi supirib-sidirib... rosa topgandirsan axir?!

– Supurish-sidirishni eplolmadim, doʻstim, lekin topishga topdim, – dedi Aziz jiddiy qiyofada. – Topganim... chiqargan xulosam shu boʻldiki, inson bolasi borki, kuchi-qurbi yetgan ishga qoʻl ursin va...

– Ya’ni?

– Ya’ni... har kim iqtidoriga yarasha, ya’ni qoʻlidan kelgan kasbning boshini tutsin va boshlagan ishiga astoydil kirishsin ekan! Demoqchimanki, hamon bir ishni boshladingmi, oʻsha ish-yumush hayot-mamotingga aylansin! Qancha aql-idroking, qancha umring va qancha kuch-qudrating boʻlsa, boricha shu ishni qoyillatib bitirishga sarfla!

– Keyin-chi? – savol qotdi Umid.

– Keyinmi? – deb fikrini davom ettirdi Aziz. – Hamma balo – keyin nima boʻlarkin deb mijgʻovlanib oʻtirishda! Ikkilanib, qoʻrqa-pusa yoki lanjlik bilan boshlangan ish hech qachon bitmaydi. Bitsa – chala bitadi. Bir ishga kirishdingmi, oʻsha ish, oʻsha maqsad – senga poshsho, vassalom, boshqasini, barini yigʻishtir, unut! Ikkinchi, uchinchi... yuzinchi ishni betiga tupur. Keyin-peyinda xudo poshsho!..

– Masalan, men savdogarman...

– Sen tadbirkorsan, Umid – olim, toʻgʻrimi? – Aziz shunday deb Farhodni gap boshlashiga qoʻymadi va bergan savolini doʻstlari tomonidan tasdiqlanishini kutmay soʻzida davom etdi: – Shunday ekan, boshqa har qanday bordi-keldi, mayda-chuyda yumush senlar uchun begona, bekor!

Umid tagdor qilib kulimsiradi, uning tabassumi zamiridagi istehzoni payqagan Aziz doʻstiga savol nazari bilan qaradi.

– Ha, – dedi u fikridan qaytmasligini ta’kidlamoqchi boʻlgandek hamon sovuqqonlik bilan, – oʻyingga kelganini qaytarma, indallosini sovutmay ayt, aytaver. Oramizda begona yoʻq-ku!

Umid aytdi:

– Oila, qarindosh-urugʻ, yaqin-yiroq... umuman odamgarchilik degan gaplar, tushunchalar nima boʻladi?

Farhod savolni ma’qullagan ma’noda bosh irgʻab, Azizga doʻlayib qaradi.

Azizning esa pinagini buzish u yoqda tursin, koʻzi chaqnab ketdi.

– Men topolmayotgan gapni, ya’ni indallosini sen aytding! – dedi u Umidga boshini ustma-ust silkitib. – Sen... senlar aytayotgan, nazarda tutayotgan hamma odamgarchiliklar ahamiyatini yoʻqotadi!

Farhod joni halqumiga yetgan odamdek sapchib oʻrnidan turib ketdi. Qoʻlini paxsa qilib Azizning tepasiga bostirib bordi.

– Oʻsha yoqlarda uch yil sangʻib, orttirgan aqling shumi? – ensasi qotib va dagʻdagʻa aralash soʻradi u.

Aziz shashtidan tushmadi, qizishmadi ham.

– Shuni bilib qoʻy, Farhod, oʻsha yoqmi-bu yoqmi – hozirgi zamonda buning ahamiyati, farqi qolmadi, ogʻayni. Tushunyapsanmi, ahamiyati qolmadi. Ikkinchidan, yanayam indallosini aytaymi?

– Ayt, – dedi Farhod Azizning koʻziga tik qadalib. – Qoʻrqma, aytaver!..

– Shunday qilib, eshikni betiga yopgan zahoti oʻzingizni qushday yengil his qildingiz, keyin-chi? – deya dabdurustdan savol qotdi Ustoz yana uch-toʻrt kun oʻtkazib. Savolning aynan takrorlanishidan Umidning nazarida uning izzat-nafsiga igna suqishdan oʻzga muddao yoʻqdek edi. Uning ensasi qotdi-yu, damini ichiga yutdi.

– Hm... – deya avvalgi javobini takrorladi u teskari oʻgirilib. – Keyin...

Umid shunday dedi-yu, yuragi orqasiga tortib ketdi. Nahotki, Ustoz xabar topgan boʻlsa?! Axir Kotiba qiz bilan oralarida hech qanday tayinli gap-soʻz oʻtmadi! Na u churq etdi, na qiz! Ustozning yer ostida gʻimirlagan ilonni payqashi shudir-da?!

Xayriyat, Ustozning keyingi gapi Umidning koʻngliga gʻulgʻula solgan xavotir bulutini oʻsha zohoti tarqatib yubordi.

– Oʻsha holatni, ya’nikim xonaga – bizning huzurimizga kirgan paytdagi holatingiz bilan qabulxonaga qochib chiqqan holatingizni chogʻishtirib koʻrdingizmi? Yosh va izlanuvchan tadqiqotchi sifatida tahlil qildingizmi?

Ustozning ogʻzidan aytilgan bu ta’rif-tavsifdan hayajonlangan Umid shoshib qoldi. Axir u bu ilm dargohiga kelganiga koʻp boʻlgani yoʻq, Ustozning ishonchi va e’tiborini qozonishga loyiq shogirdlikni yolchitib qoʻygani ham yoʻq. Qachon «izlanuvchan tadqiqotchi»ga aylanadi-yu, qachon arzigulik karomat koʻrsatishi oʻziga ham noayon.

– Domlang uchchiga chiqqan quv odam ekan, – dedi Farhod Umidning «sarguzasht»larini tinglab.

– Tanimagan-netmagan odamingni yomonotliq qilishga oshiqma, – norozilanib dedi Umid.

Farhod kuldi.

– «Quv odam» deyish yomonotliqqa chiqarish degani emas, olim uka, – dedi u, – odam yaxshilik yoʻlida ham quvlik ishlatishi mumkin. Aytmoqchimanki, ustozing senga ishqi tushib qolgan, sendan olim chiqarmoqchi. Meni aytdi dersan, oʻzingga sezdirmaygina allaqanday ilm yoʻliga boshlayapti seni, uka!

Umid ishga joylashayotganida Larisa Latipovna ismli xushroʻygina xotin uning hujjatlarini erinmay sinchiklab koʻzdan kechirdi.

– A chto takoye va-sii? – peshonasi tirishib soʻroqqa tutdi u Umidni.

Larisa Latipovna koʻz oʻngida shumshuk yalmogʻizga aylanib qolgandek tuyuldi.

– Kak perevoditsya slovo «va-sii»? – dedi u ijikilab, battar ijirgʻanib. Umidning nazarida shunday lavozimda ishlaydigan xotin bu soʻzning ma’nosini tushunishi shart edi. Nachora, u majburan javob qaytardi:

– Opekun, – shipshidi Umid aybiga iqror boʻlgan mahkumdek boʻynini qisib. – Ne vasii, a, va-siy-y.

– O-o! – deb na’ra tortib yubordi moshak xotin va talvasaga tushguday hovliqib oʻtirgan joyida chayqalib. U shunday deb Umidni sarosar koʻzdan kechirdi, uning ust-boshi, qoʻl-oyoqlariga koʻz yugurtirib hech bir shubhali illat topmay picha vazmin tortdi. Qattiq ketganini sezdi shekilli xuddi roʻparasida oʻtirgan yigitchaga hamdardlik izhor etayotgan odamdek muloyimlashib soʻradi: – Yesli tiʻ sam opekun, kak budeshь u nas rabotatь? Ya obyazana tebya predupreditь. Tiʻ xoroshenьko podumal ob etom?

Yalmogʻiz Larisa boshini yelkasiga qiyshaytirib, koʻzoynagining biqinidan ukkiqarash qilgancha tek turib, savoliga javob kutdi. Umid gʻazabdan gezarib ketdi-yu, oʻzini bosdi.

– Ne ya bolьnoy, – dedi u bosiqlik bilan har bir soʻzni alohida ta’kidlab. – Ya opekayu bolьnogo. Yey nelьzya rabotatь, a mne mojno i nujno.

Larisa Latipovnaning aftida hamdardlik alomatlari koʻpaydi. U endi yana butkul xushroʻy ayol qiyofasiga kirdi.

– Direktor znayet ob etom? – deb mingʻirladi u allanimalarga imzo cheka turib.

Umid yelka qisdi. Larisa Latipovna soʻzsiz javobga e’tibor ham qilmay, hujjatlarni taxlashga kirishdi va ahamiyatsiz narsani soʻrayotganday yana savol qotdi:

– A kto ona bolьnaya? I chto s ney?

– Sestra, – dedi Umid ovozini pastlatib. – Starshaya sestra...

U ikkinchi savolni javobsiz qoldirdi.

Ishga zoʻr-bazoʻr joylashgan Umid koʻp oʻtmay Ustozdek nomdor olimga shogird tushganiga boshqalar emas, hatto oʻzi ham ishonolmay yurdi. Hatto Ustoz, «Maqsud qatori oʻgʻlimsiz» deganida Umidning koʻzidan tirqirab yosh chiqib ketdi, kamtarin bisotidan bunday mehribonchilikka loyiq minnatdorchilik soʻzini topolmadi.

– Ha-a, otangiz... – dedi Ustoz Umidning hujjatlariga koʻz yugurtirib oʻtirib oʻychan bir alfozda. – Onangiz... Hm-m... Opangiz bor ekanlar...

Umidning boyadan beri koʻnglining bir chekkasida pusib yotgan xavotir butun vujudiga tarqadi. «Oʻsha yalmogʻiz yetkazgan!» dedi ichida hujjatxona rahbarini yanib. Umidning nazarida Ustoz «Opangiz...» degan joyida ovozi balandlashib chiqdi. Demak, hozir u Umidning Opasini soʻrab-surishtiradi, keyin bir narsa deydi.

Umidning taqdirini Ustozning ana shu keyingi gapi hal qilishi muqarrar edi!..

Bemor nimadir soʻz aytmoqchidek ogʻiz juftladi-yu, lekin tili kalimaga kelmadi, tamshandi, afti bujmayib ogʻir uf tortdi. Chamasi surunkali azobli ogʻriq uni tamom holdan toydirgan edi. Umid yigʻilib-gʻijimlanib qolgan oq gulli choyshabni tortib, Ustozning qoq suyak tizzasini berkitdi. Toʻsatdan «yilt» etib Ustozning koʻzi ochildi. Umid buni kutmagan edi, shoshib qoldi, oʻziga qarab yotgan Ustozga nimadir gapirishi zarurligini oʻylab taraddudlanib ulgurmay «yilt» etib ochilgan koʻz qaytib yumildi.

Umid oʻziga bildirilgan katta ishonchni oqlash uchun Ustozning aytganlarini oʻylayverib boshiga ogʻriq turib ketdi, biroq u Ustozning beoʻxshov hazili tagidagi «zil»ni ilgʻay boshlagani sari sevinchi ichiga sigʻmay borayotgan edi. «Dabdurustdan bir gala odamning nazar-e’tiboriga tushish joʻn hodisa emas. Uncha-muncha odam gangib qoladi, xursandligidan oʻzini yoʻqotib qoʻyadi, dovdiraydi. Umuman, nazar-e’tibor... yaxshilab oʻylab koʻrasiz, izlanasiz, Umidjon, nazar-e’tibor odamni ming bir koʻyga soladigan ajabtovur bir holat, hodisa. Tushuntira oldimmi?..»

Nazar-e’tibor... Odamni ming bir koʻyga soladi... Toʻgʻri, buning bir qarashda hech bir ajablanarli joyi yoʻq, lekin... ming bir koʻyga soladigan holat, hodisani oʻylash, oʻrganish... u haqda bosh qotirish?..

Umidni taajjubga solayotgan joyi... nima sababdan Ustoz aynan shu mavzuni Umidga ravo koʻrmoqda? Nima sababdan Ustoz Umidni «Maqsud qatori oʻgʻlimsiz» dedi?

Ustozning e’tiboriga tushish Umidni keyingi kunlarda boshqacha odamga aylantirib qoʻyayotgan edi.

– Tushunyapman... – Umid shunday deb gap boshladi-yu, bir zum taysalladi. Soʻng xayoliga kelganini aytishga jazm qildi: – Oʻzim sizning e’tiboringizga tushganimdan bosar-tusarimni bilmay qolyapman-u, bu ham ming bir koʻyning bittasidir-da?

Ustoz shu qadar qah-qah otib kulib yubordiki, Umid gapi shunchalar ta’sirli chiqishini oʻzi ham kutmagan edi. Umid Ustozdek jiddiy rahbar odamlar ham hamma qatori baralla, yayrab-yashnab kulishi mumkinligini oʻshanda koʻrdi, bildi.

– Qoyil! – deb Umidning yelkasidan quchib bagʻriga tortdi Ustoz, – sinchkov va hushyor odamdan izlanuvchan va topqir olim chiqadi. Hozirning oʻzida ming bir koʻyning bittasini kashf etib qoʻydingiz, oʻgʻlim!

Umid boshqa gap qoʻshmadi. Ustoz esa jiddiylashdi.

– Aytdim, nazar-e’tiborning ming bitta moʻ’jizasi bor. Odamni izzat-obroʻsini oshiradi, shon-shuhratini toshiradi... Martabasini, unga qoʻshib davlatini ziyoda qiladi... Tarbiyalaydi, yoʻlga soladi... Esdan ogʻdiradi... Yurak oʻynogʻi qiladi... Maxluqqa aylantiradi, qora yerga tiqadi...

– Qiziq, sanogʻiga yetish ham qiyin...

Ustoz toʻgʻri degan ma’noda bosh irgʻadi.

– Shunday, buning boshlanishi ham, adogʻi ham yoʻq. Inson hayotining boshidan oxiri nazar-e’tibordan iborat. Hamma hammaning nazarida, kuzatuvida...

Ustoz jim boʻldi, lekin uning fikri tugamaganligi chehrasidan sezilib turardi. Bir necha soniya oʻtib-oʻtmay Umidning taxmini tasdiqlandi.

– Hamon hamma hammaning kuzatuvida ekan, odamni odam qiladigan ham, qora yer qiladigan ham – ana shu kuzatuv, ana shu nazar-e’tibor! Yaxshilab oʻylab qaralsa, butun insoniyatning yashash tarzi yaxlit olganda kuzatish va kuzatilishdan iboratga oʻxshaydi. Odam – kuzatuvchi va kuzatiluvchi maxluq...

Umid butun diqqat-e’tibori bilan Opasini zimdan kuzatayotganini sezdirmadi, Opasidagi oʻzgarishni payqamagan odamdek oʻzini beparvo tutib turaverdi, hatto Opasi tomon oʻgirilib qaramadi ham. Aksincha oshxonadan yana allanima idish-tovoqlarni koʻtarib chiqib kelgan Opasiga yoʻlni boʻshatish uchun nari ketdi. Opasi oshiqmay zinadan ayvonga chiqdi, toʻxtadi, orqasiga oʻgirildi.

– Oʻz holimga qoʻyasanmi-yoʻqmi, it?! – oʻshqirdi u toʻsatdan. Opasi hatto savdoyiligi qattiq huruj qilgan paytlarda ham kamdan-kam ovozini bu qadar koʻtarardi. Shunda ham Umid oʻzini bosdi. Shaftoli daraxtining qiygʻos gullagan novdasini avaylabgina egib, unga razm solib, oʻzini eshitmaganlikka olib jim turaverdi. Axir shu safar u Opasini oʻz holiga qoʻya boshladi. Mumkin qadar undan oʻzini olib qochyapti, uning koʻziga kamroq koʻrinishga harakat qilyapti. Biroq Opasining gapi hali tugamagan ekan. U ayvonga qoʻshib hovlini boshiga koʻtarguday oʻshqirdi: – Izimdan yurib ado qilding mani! Hu, beting qursin sani!

Umid shoshib qoldi. Mayli, Opasi uni nima deb haqoratlasa-haqoratlasin, itdan olib bitga solsin, lekin qoʻni-qoʻshni nima deydi?! Nima qilishi kerak? Opasiga bir ogʻiz soʻz aytib obroʻ topishi dargumon. Onasi choʻk tushib zinaga suyanganicha koʻzlaridan yosh oqizmay yum-yum yigʻlagani-yigʻlagan.

Nihoyat, Umid Opasini yupantirishga qaror qildi.

– Xoʻp, mayli, – dedi u mumkin qadar ovozini muloyimlashtirib ayvon tomon yaqinlashar ekan, – xoʻp, opajon.

Uning tovushidagi iltijo Opasiga kor qildi chogʻi, u indamay xonasiga kirib ketdi, Umid yengil tortib ulgurmagan ham ediki, ichkaridan Opasining boʻgʻilib qargʻangani eshitildi:

– «Opa» degan tilingga kuydirgi chiqsin!

Umid Ustozning ich-ichiga tortib ketgan chakaklariga, gezargan va qimtilgan labiga nochor va ojizona bir iztirobda termilib oʻtirib beixtiyor barmogʻining uchi bilan bemorning kumushdek va xiyla siyrak tortgan sochini silar ekan, Ustozning yod boʻlib ketgan gaplarini oʻzicha takrorladi: «Odamni odam qiladigan ham, qora yer qiladigan ham – nazar-e’tibor... insonlarning yashash tarzi kuzatish va kuzatilish... Odam – kuzatuvchi va kuzatiluvchi maxluq»...

Navbatdagi safar uchrashuv chogʻida Ustoz avvalgi suhbatni chala qolgan joyidan davom ettirayotgan ohangda gapiraturib yozib oling degan ma’noda iyagini choʻzib shogirdini qalam-daftar olishga undadi. Umid daftarni ochdi. Ustoz tik turgan holicha oyogʻining ostidagi bir nuqtadan koʻz uzmay va oshiqmay, dona-dona qilib gapirdi:

– Kuzatuvchining kuzatishlari dastavval kuzatiluvchiga ijobiy ta’sir koʻrsatishi mumkin, chunki koʻpchilikning nazariga tushish istagi aslida juda tabiiy holat, qolaversa, obroʻ-e’tibor, shon-shuhrat ham nazarga tushishdan boshlanadi! – shu bois har qanday odam nazar-e’tiborga tushishdan mast boʻladi, rohatlanadi, oʻzini qoʻyarga joy topolmaydi, buning jozibasi oldida hech bir banda oʻz ojizligini yashirolmaydi, yashiradimi-yoʻqmi, bunisi alohida muammo, illo uni yengolmasligi tayin. Oqibatda, kuzatuv, ya’ni nazar-e’tibor, demak, shon-shuhrat uzluksiz zoʻraya borgani taqdirda boyagi joziba kuzatiluvchini mahv etuvchi joduga aylana boradi. Bu – bir!..

– Hech bir nazarga tushmay, shon-shuhratdan xoli yashab oʻtishi ham mumkin-ku, odam?

– Aytishga oso-on, – dedi bosh chayqab Ustoz, – izzat-obroʻ, shon-shuhrat makriga ilinmagan tirik jon yoʻq dunyoda. Chunki...

– Chunki nazar – insonning qoniga, vujudiga singdirilgan tuzoqqa oʻxshaydi!..

Ustoz iyagini qattiq chimdiganicha jim boʻlib qoldi, u Umidning ogʻzidan bunday favqulodda xulosani eshitishni kutmaga edi. Shunga qaramay, unga munosabat bildirmadi. Yana picha oʻyga choʻmib turgach, «chunki...» deb gapi uzilgan joyidan mulohazasini bogʻlab yubordi:

– Masalaning boshqa tomoni ham bor. Bu – kuzatiluvchi kuzatuvchining nazar-e’tiborini koʻtara olish-olmasligi, ya’ni, kuzatiluvchilik missiyasini uddalashi... eshityapsizmi, missiyasini!.. – Birdan Ustozning ovozi titrab chiqdi va tengqur joʻrasi bilan gurunglashayotgan ohangda davom etdi: – Qarang, Umidjon, insonning zimmasida kuzatiluvchilik vazifasini eplash missiyasi, ya’ni burchi ham boʻlar ekan, buni alohida oʻylab koʻrishga toʻgʻri keladi... Bunda gap koʻp!..

Ustoz shunday dedi-yu, asosiy fikrini nihoyaladimi yoxud undan chalgʻib ketdimi, yanayam boʻlakcha ohangda, hatto kulimsirab soʻzlashga oʻtdi:

– Yelkamdan togʻ qulagandek boʻldi, deganingiz ichkarida siz roʻpara kelgan nazar-e’tibor bosimidan xalos boʻlib yengil tortganingiz degani. Misol keltiradigan boʻlsak... – Ustoz shunday deb pastak kursida turgan shisha idishdan piyolaga picha suv quydi-da, turing, dedi Umidga. Umid oʻrnidan turdi, Ustoz uni devor tomon borishga undadi, Umid roʻparadagi devor yoniga bordi. Endi menga qarab kelavering, deb amr qildi. Ustoz shu topda yana bir xurmacha qiliq oʻylab topganini Umidning koʻngli sezdi, faqat u mavhum taxminlar bilan Ustoz tomon yaqinlashib kelishidan oʻzga iloji yoʻq edi. U bir-bir bosib kela boshladi. Shu payt Ustoz tuyqus piyoladagi suvni Umidning aftiga sepdi. Azbaroyi choʻchiganidan Umid beixtiyor boshini burib chap bermoqchi boʻldi-yu, shu zahoti hushyor tortdi – qimir etmay, boshini olib qochish uyoqda tursin, hatto kiprik qoqmay Ustozga baqrayib qarab turaverdi. Nazarida hozir sepilgan suv yuz-koʻzi, yelkasi, koʻylagini jiqqa hoʻl qilib, ust-boshiga oqib tushadigandek edi, biroq... Ustoz sepgan suv qulogʻining yonidan oʻtib devor tomon sochilgan, Umidga tomchisi ham tegmagan edi.

Ustoz oʻtkazgan bu «nodir» tajribasi koʻngildagidek chiqqanidan mamnun boʻlib amaliyotning ilmini izohlashga koʻchdi.

– Mana, suvni piyolada sepganim uchun koʻpda seskanmadingiz, parvo ham qilmadingiz, demoqchimanki, bitta-yarimta, yakkam-dukkam nazar-e’tibor men sepgan yarim piyola suvchalik beta’sir va yuqmas boʻlishi mumkin. Lekin shuni unutmangki, yuqmasa-da, urgandan turtgan yomon deyishadi-yu, oʻshanga oʻxshab, bitta qattiqroq qarash, shundoqqina koʻz tashlash odamni tuyqus turtgandek qalqitib yuborishi ham hech gapmas...

Ustoz oʻylanib qoldi.

– Mahmud degan shoir yigit ikki misra she’rida «Tikilgan koʻzlarning tikoni bordir», deb yozgandi.

Ustoz yalt etib shogirdiga qaradi.

– Boplabdi! Topib yozibdi! – dedi u hamon oʻylanib. – Oʻsha yigitning kitobini toping, oʻqib chiqaman... Soʻng, ha, aytmoqchi, birinchi safar nazar-e’tiborga tushish odamga moyday yoqadi, chunki uning zarar-ziyoni, oʻsha shoir aytganidek, boshlanishida tikilgan koʻzning tikoni sezilmaydi. Lekin...

Umid bosh irgʻab eshitib turaverdi. Ustoz davom etdi:

– Lekin, deylik, toʻsatdan betingizga bir chelak suv sepib yuborilsa, yoki boʻlmasa, mana shu eshikning har ikkala tavaqasi taraqa-turuqlab ochilsa-da, zumda shu xonani toʻldiradigan oqim yopirilib kirsa – unda qay ahvolga tushasiz?.. Tek tura olasizmi?... Agʻdarilib-netmaysizmi?! Toʻlqin sizni jonsiz bir gʻoʻladek oqizib, devorga olib borib ursa-chi? Koʻmib, gʻarq qilib yuborsa-chi?.. Unda ahvol nima kechadi?..

Ustoz xiyla fursat jim boʻldi, aftidan u Umidga fikrini jamlab olishi uchun imkon berayotgan edi. Nihoyat, u mulohazasini yakunladi:

– Mana shu xonada yigʻilib oʻtirgan kishilarning, aytmoqchimanki, koʻpchilikning, ya’ni, tumonatning nazar-e’tibori, aytdim-ku, eshikni toʻldirib yopirilib kirgan suvning bosimidan qudratliroq! Bu nazar-e’tibor, oʻzingiz aytmoqchi – togʻ! Lahzada yelkangizga minib olgan togʻ!.. Xonadan qochib chiqqan zamoni oʻzingizni qushday yengil his etganingiz boisi shu! Ya’ni, yelkangizdan bosib turgan togʻdan qutilgansiz!

Oʻsha kuni Ustoz yayrab-yashnab gapirdi. Umid eshitganlarining barini daftariga qayd etib borishga harchand urinmasin nimalardir qolib ketyotganidan xavotirda yozib ulgurmayotganlarini yodida saqlab qolishga harakat qildi.

Umidning biqinidagi telefon «tring»ladi. U telefonni ortiq «javrat¬maslik» uchun darhol uni ogʻziga tiqqudek javob qildi:

– Juda xit qip yubording, Farhod! Sabr qip turgin, oʻzim qoʻngʻiroq qilaman.

– Sabr qilmay-man-n! Qoʻngʻiroq qilaveraman-n! – Farhod shunday deb, oʻz bilgisidan qolmadi.

– Azizni topolmayotganim yetmaydimi?! – davom etdi u astoydil xunobi oshib. – Ketar arafasida hangamalashaylik deb holi-jonimizga qoʻymadi. Yana oʻsha yoqda orttirib kelgan aqllaridan bordir? Aytar oʻshalarni!.. Shunga sen ham yoʻqolib qolma, tagʻin!..

– Har qalay musofirchilikka joʻnab ketayotgan ogʻaynimiz, tagʻin dilini ogʻritib qoʻyma, Farhod.

Umid doʻstini hovurdan tushirish uchun aytgan gapi unga unchalik kor qilmagan koʻrindi.

– Ajnabiylashgan dilidan oʻrgildim! Aqli baloga yetadi deymiz-u, koʻrdingmi, har kimga yashagan joyining siyoqi urmay qolmaydi, – deya toʻngʻilladi Farhod. – Musofir odamning qadam olishiyu qarichi... koʻngligacha musofirlashib ketadi.

– Yana bir tomoni bor, shuni yodingda saqla, bolam, – dedi toʻsatdan sensirashga oʻtib Ustoz, – yarim piyola suv sepdim-a?.. Yarim piyola suv aftingga, engil-boshingga yuqmasligi ham mumkin. Bitta-yarimta odamning nazar-e’tiboriga tushish ham shunday – yuqmaydi, unutilib ketadi. Lekin yarim piyola–yarim piyola qilib suvni sepaversa-sepaversa, ya’ni, koʻproq-koʻproq odamlarning nazariga tushib, olqish ola boshlasang, u olqishlardan oʻzingni yoʻqotar darajada taltaysang... suv yorugʻlik, yuvinyapman, choʻmilyapman degan xayolda yo toqat qilib, yo aldanib yuraversang, aslida esa shiltai shalabbo boʻlayotganingni sezmasang. Sezganingda esa ancha kechikkan, koʻp-koʻp narsalarga qoʻshib izzatingni boy berib ulgurgan boʻlsang... Bunisi bir balo... Ikkinchi balo, muttasil kuzatuv ostida yashash odamni abgor qiladi1.. Birortasini ertayu kech izidan qolmay poylab yuravergin, asti oʻz holiga qoʻymagin, churq etib ogʻiz ochmasang ham, tanbeh bermasang ham, ketidan yurishingni oʻziga adoi tamom boʻladi. Es-hushini yoʻqotadi, es-hushini yoʻqotmagan taqdirda sil boʻladi, sil!..

Umid shu gapni onasiga ayta olmadi, ayta olmagan esa-da, oʻzi Opasiga boʻlgan munosabatini oʻzgartirish yoʻllarini izlay boshladi. Endi oʻylasa... nima uchun u ilgariroq Opasini oʻz holiga qoʻyishni oʻylab koʻrmadi, haqiqatda Opasining dardi oʻziga yetmasmidi?! Unga koʻz-quloq boʻlish, ehtiyotlash oʻz yoʻliga, lekin... ehtimol u oʻz holiga qolgisi, tizginsiz xayollari girdobida kezgisi kelgandir? Bundan chiqdi...

Umid Ustozning huzurida qay ahvolga tushganini Ustozning oʻziga ikki-uch qayta aytdi, shunchaki aytib qutilmadi, balki yotigʻi bilan batafsil soʻzlab hikoya qilib berdi. Koʻpchilikning dabdurustdan nazar-nigoh tashlashi odamga miltiqning oʻqidan ogʻirroq tegishini tasvirlab berdi-yu, kezi kelganda, bir kishining nazar-nigohi ham odamning jonini olmasa-da, oyogʻidan yiqmasa-da, har qalay es-hushidan ayirishi mumkinligini, xuddi shunday holatga Ustozning qabulxonasida duchor boʻlgani haqida lom-mim demadi. Toʻgʻrirogʻi, uni misol tariqasida aytib berishga istihola qildi.

– Aytaveraman, ogʻir olmasalaring bas, – dedi Aziz har ikkala doʻstiga birma-bir qarab olib.

Farhod bilan Umid churq etmay aytadiganingni aytaver, qoʻrqadigan joyimiz yoʻq qabilida kechagina olis xorij safaridan qaytgan Azizning ogʻziga tikilib oʻtiraverishdi. Nihoyat, Aziz chertib-chertib muddaoga koʻchdi:

– Yashashdan maqsad odamgarchilikmi, ayt – Farhod, ayt – Umid! – Aziz shunday deb ikki yonidan oʻziga tikilib oʻtirgan ikkala doʻstiga bir-bir razm solib oldi-da, davom etdi: – Shunday ekan, marhamat, faqat odamgarchilik bilan shugʻullan. Odamgarchilikni osmonga koʻtar, sen bozorni yigʻishtir, sen esa olimlikni unut. Unut-da, oʻzlaring tish-tirnogʻing bilan qapishib olgan odamgarchilik sohasining piriga aylan! Odamgarchilik orqasidan dunyoga tanil! Marhamat!

Oraga tushgan jindek jimlikni Farhodning tagdor piching aralash kulgisi buzdi.

– Quruq odamgarchilik bilan qozon qaynamaydi-da, uka, – dedi u yasama salmoqlanib.

Umid dilidagini tiliga koʻchiradigan mavridi kelmadi degan oʻyda sukut saqladi. Aziz battar jiddiylashdi. U xorijda orttirgan «aqli»ning barini toʻkib solmaganini sezdirmoqchi boʻlgandek har ikkala joʻrasiga boyagidan-da sinchkovlik bilan koʻz yugurtirib oldi.

– Ha, yash-sha-a! – dedi u Farhodning tirsagidan tutib, – shuni unutmalaring: qora qozon qaynab turganiga shukr deydigan zamonlar oʻtib ketdi, endi qozon mazali qaynasin, jonon masalliqlarga toʻlib qaynasin deb yashaydigan payti keldi. Buning uchun...

– Buning uchun hamma oʻzini bozorga urishi...

Aziz qoʻlini pesh qilib, Farhodning ogʻziga urdi, oʻzi boshlagan gapini davom ettirdi:

– Buning uchun nafaqat bozorda, balki boshlagan har qanday ishingga butun va yaxlit odam boʻlib kirishmogʻing kerak!.. Aytmoqchimanki, bir ishga bosh suqdingmi, koʻzingga boshqa narsa koʻrinmasin, seni tilka-pora qilib, maydalab-burdalab tashlaydigan narsalardan qoch! Andisha, istihola, kamtarlik, kamsuqumlik, oriyat-moriyat... xullas, bizlarning... odamlarimizning nazaridagi odamgarchilik bor-ku, shularning bari har bir odamni oʻzi tanlagan maqsaddan chalgʻitadi, boshini qotiradi, butun boʻlishiga yoʻl qoʻymay parchalab tashlaydi!

Suhbat shu yerga yetganda uch ogʻayni oʻrtasiga ochiqchasiga sovuqchilik tushdi. Qariyb uch yildan buyon oʻzini sogʻintirgan Aziz Farhodning nazarida yetti yot begonaga aylangandek edi, Umid qat’iy qaror chiqarmagan boʻlsa-da, doʻstining nordon mulohazalarini hazm qilish chorasini izlayotgan, Azizning boʻgʻilib uqdirmoqchi boʻlayotgan falsafasini tushunishga urinayotgan edi.

– Gapir, uka, – dedi Farhod Umidni Azizga gij-gijlab. – Man bir bozorchi savdogar boʻlsam, san olim odamsan-ku, istihola, oriyat-poriyatni yigʻishtirib qoʻyib javobini ber.

– Piching qilmay gapiraver, – dedi Aziz zoʻraki jilmayib.

Fahod oʻzini bazoʻr bosdi.

– Uyimda mehmonimsan, ogʻirroq gapirib yubormaslik uchun ham piching qilyapman...

Ustoz mashvarat oʻtkazayotgan xonadagi moʻ’tabar nazar-nigohlar bir mushtga aylanib oʻzining peshonasiga gurzidek urilganini Umid bot-bot eslashga odatlandi. Axir u yoʻq yerdan boʻy-basti bilan oyoq ostiga qulashiga oz qoldi, muvozanatini saqlashga saqladi-yu, yomon dovdiradi, nimadir dedi, ha-ya, gap aytish qayoq-da! – nimadir deb gʻoʻldiradi, qoʻr toʻkib oʻtirganlar orasidan bitta-yarimta hingir-hingirga, piqir-piqirga oʻxshash uzuq-yuluq tovushlar chiqdi, xullas, Umid nima qilayotganini oʻzi ham anglab-anglamay xonadan shisha ogʻziga tiqilgan poʻkakdek otilib chiqdi, zalvorli eshik ortidan «qars» etib yopilgandagina Umid uni tutib qolishga behuda qoʻl choʻzdi, oʻn chaqirim masofani betoʻxtov yugurib oʻtgan chopardek «hars-hars» nafas olganicha orqasi bilan devorga suyanib, tek turib qoldi.

Umid biror kasb-kor boshini tutsa, onasining mahallama-mahalla izgʻib kelinlikka loyiq qiz izlashini bas qilishi uchunoq tezroq uylana qolsa, bu yoqda Opasiga koʻz-quloqlik burchini ado etib yursa peshonasiga bitilgan taqdiri azal yozuviga zarracha gina-kudurati yoʻq edi. Orzu-havaslari mustajob boʻla qolmayotganidan ezilib uvoqqina boʻlib qolgan onasini zimdan kuzatib ichi achishib ketar, kelin topilmayotganining asl boisi onasini qanchalik iztirobga solsa, buni Umid ham ich-ichidan shunchalik chuqur his qilar, lekin his qilayotganini na onasi, na-da u ogʻiz ochib gapirmas, ayni shunday koʻngil xufton damlarida onasini chalgʻitish va ovutish uchun ataydan hazil-huzullar oʻylab topar, topardi-yu, oʻzi ichidan zil ketib yurardi.

Umid, oʻzi aytmoqchi, orqasi bilan devorga behol suyanganicha turganida yelkasidan togʻ qulaganini yaqqol his qildi, azbaroyi vaznsizligidan qush misol qanot qoqib uchib ketishga ham shay edi. Nafasi ravonlasha boshladi, koʻz oldi tiniqlashdi-yu, oʻzi tomon yalt etib qaragancha turib qolgan Kotiba qizni koʻrdi.

Bu yoqda devordan oʻsib chiqqan tosh haykaldek Umid qimir etmadi, undan sado chiqmadi. U yoqda qiz ham jim edi, u ham yigitdan, yigitning qoʻrquv, xavotir va hayajon toʻla nigohidan nigohini uzolmadi. Ikki oʻrtada sukutdan boʻlak... hech zogʻ, hech vaqo yoʻq edi...

– Sukutdan sukutning farqi yer bilan osmoncha, – degan edi Ustoz. – Shunday sukutlar boʻladiki, oʻsha lahzalarda koʻngildan kechgan kechinmalarni keyin soatlab soʻzlab ham ado qilolmaydi odam.

Bemor yana tamshandi, labining bir chekkasi arang qimirlab ulgurmay butun vujudiga ogʻriq turdi chogʻi, ogʻir uh tortib yubordi. Umid Ustozning muddaosini tushunolmay xavotirda hovli tomonga oʻgirildi, opoqi bilan kampir boyagi-boyagi soʻri qirgʻogʻida soʻzsiz-nesiz boshlarini xam qilib oʻtirishardi. Umid oʻz taxminicha kursicha ustida turgan piyoladan yarim qoshiq sovuq choy olib Ustozning ogʻziga tutdi. Bemorning lablari orasida paydo boʻlgan ikki tomchi sovuq choy qay tomon yoʻnalishini bilmay turdi-turdi-da, yarim-yortisi amal-taqal qilib bemorning lablari orasiga sizib oʻtdi, yarmi uning yaqin uch-toʻrt kun mobaynida qirtishlanmagan iyagi, undan boʻyni tomon oʻrmalab tushib koʻzdan yoʻqoldi.

Telefon sado berdi. Umid telefonni ogʻziga keltirib shivirladi:

– Sabr qilib oʻtirgin, bu yerdan chiqqan zahotim oʻzim sim qoqaman... – Topdingmi?

– Topmay qoʻymayman! Sotkasi bor-ku, axir. Yerga kirsa – qulogʻidan, osmonga qochsa – oyogʻidan ilintirib topib kelaman, betayinni. Faqat sen ham yoʻqolib qolma, tagʻin!..

Yoʻqolganda Umid yomon yoʻqoldi. Boshqalar tugul, uning oʻzi oʻzini topolmaydigan boʻlib yoʻqoldi. Yotsa ham, tursa ham, hushidayu tushida Kotiba qiz bilan suhbat quradigan, uning qadamini poylaydigan, bunisi kamlik qilib, oʻtirgan, ovqatlanayotgan, yurib borayotgan joyida birdan vujudidan harorat koʻtarilar, azbaroyi issiqxonadan chiqqan odamdek qizarib ketar, neki yumushga qoʻl ursa, kiyim kiysa, soch tarasa nazarida Kotiba qiz bir chekkada turib uni kuzatib qarab turgandek boʻlaverar, bunga sayin Umid oʻziga Kotiba qizning nazari bilan qaraydigan, oʻzini Kotiba qiz boʻlib kuzatadigan, ta’qib ostiga oladigan odat chiqarayotgan edi. Shu asnoda u onam topgan birortasiga uylanaveraman-da, degan fikridan qaytdi. Onasining kelin izlab eshikma-eshik yurishlari unga oʻta mazmunsiz va ahamiyatsiz narsaga aylandi.

– Qoʻying, oyi, – dedi u asl niyatini oshkor etmay, – ovora boʻlib, kelin izlab yurmang.

Onaning koʻngli oʻgʻli pinhon tutgan muddaoni fahmlab ulgurdi, kampirning koʻzlari namlandi.

– Koshkiydi! – dedi yengining uchiga koʻz yoshini artib. – Xudoning oʻzi yomon koʻzdan asrasin, bolam!..

Umid tashqariga qaradi. Quyosh botgan, supada hanuz qimir etmay oʻtirgan opoqi bilan kampirning ustiga qorongʻi tushayotgan, ularning yuz-koʻzini ajratib boʻlmas, koʻlagaga aylanib ulgurishgan edi.

Mezbon ekanligiga qaramay achchiqlanayotganini yashirolmagan Farhod qizishgani sayin aksincha Aziz vazminlashdi.

– Sen haqsan, ogʻayni, – dedi u Farhodni yupatishga harakat qilib, – meni yeb qoʻyadigan vajohatda oʻtiribsan, hoynahoy toʻpponchang boʻlsa otib tashlashdan ham toymasding, shundaymi?

Farhodga gap topildi.

– Hayriyat, bizda bunaqa yovuzliklar rasm boʻlib ulgurganicha yoʻq. Oʻsha sen aql oʻrganib kelgan tomonlarda jini suymagan odamini otib tashlash ayb sanalmaydi, toʻgʻrimi? – dedi u istehzoli iljayib.

– Namuncha boʻgʻilmasang, Farhod, – oraga tushdi Umid. – Aziz Amerika ochgani bilan bu yerdagi odamlar yoppasiga oʻshanaqa boʻlib qolarmidi?!

– Boʻp ketadiyam, bola! Mana mashinga oʻxshash gʻurbatlardan bittasi kelib aytadi, ikkitasi aytadi-da, eshitgan sari qulogʻing oʻrganadi, koʻrgan sari – koʻz koʻnikadi. Asta-sekin bu koʻnikishlar fe’l-atvorga koʻchadi, qarabsanki!..

– E-e, Farhod doʻstim... – Aziz boʻshashib, norozilanib bosh tebratdi.

Umid beixtiyor zimdan ikki doʻstini qiyoslayotgan edi. Ilgari bunaqangi paytlarda kim boʻlmasin yumdalashib ketguday talashib-tortishadigan, aytganidan, bilganidan qaytmaydigan Aziz xiyla vazmin tortgani, ayni tutaqib ketadigan holatlarda aksincha bosiq boʻlishga odatlangani, Farhodning esa fe’lida aytarli oʻzgarish yoʻqligi kundek ravshan koʻrinib turardi. Faqat Aziz «koʻtarib» kelgan yangilikni aslida Umidning oʻzi ham koʻnglining bir chekkasida oʻylab yurar, lekin uni hech kim bilan hech yerda oshkor muhokama qilishga jazm etmagan, endi esa uni «hazm» qilish nechogʻli oson koʻchmasligini yanada chuqurroq tushu¬nayotgan, shu bois u haqda bafurja mulohaza qilib koʻrishni moʻljallab qoʻygandi.

– Oyday kelin boʻgandi, kunday kelin boʻgandi! Eriyu qaynona-qaynotasi yeru koʻkka ishonmasdi! Keng uyning erkatoyi edi! Shunday bolamga qattan yopisha qoldi, bu tuzalmas balo, xudoyim-a?!

Onasi kuyunganidan aytib-aytib zorlanishicha bor, haqiqatda Opasi xushroʻygina edi, fayzli xonadonga arzanda kelin boʻlib tushdi-yu, chiroyiga chiroy, husniga husn qoʻshildi. «Asal kelin»ning baxti qisqa ekan, kim bilsin, onasi aytib-aytib yigʻlaganidek...

– Qaysi koʻzi teshilgurri koʻzi, qaysi sullohning toʻymagan suqi kirgan boʻlsa, oʻzginasiga qaytsin!..

Umid onasining alam ustida aytadigan bunday qargʻishlariga ortiq e’tibor bermas edi, keyingi paytlarda oʻylab qoldi. Koʻz tegishi ham, suq kirishi ham nazar-e’tibor-da!.. Birovlarning qarashini koʻtarolmaslik-da!.. Toʻgʻri, yaxshi niyatda, havas bilan qaraydiganlar bor, hasad oʻtida yonib-kuyib nazar soladiganlar bor. Ham havas, ham hasad bilan qaraydiganlar qancha?! Hasad ham, havas ham kuzatuvning bir xili, kuzatiluvchi ularga dosh bersa xoʻp-xoʻp, aks holda...

Umid onasidan yashirganini doʻstiga toʻkib soldi.

– Bir qiz bor, koʻrmasam oʻlib qolay deyapman!..

– Ha, pismiq! – dedi Farhod kulib. – Indamay yurgan odamdan qoʻrq, deganlari shu-da! Kim oʻzi? Koʻrsak boʻladimi? Ja-a, tilingdan bol tomayapti?

– Koʻrsatishga koʻrsataman-u, koʻz tegishidan qoʻrqaman. – Hayajonini bosolmadi Umid. – Oppoq, paxtaday! Oʻziyam allaqaysi zamon aslzoda saroy malikalariga oʻxshaydi!

– Yoʻgʻ-e! Aslzodaligini qayerdan bila qolding? – oʻsmoqchiladi Farhod.

– Yuz-koʻzi, gap-soʻzi, yurish-turishi shundoqqina aytib turibdi. Ustozga qarindoshligi bor deyishdi.

– Oʻ-oʻ, – deya turib nafasi ichiga tushib ketdi Farhodning. – Buyogʻi chatoq, chato-oq.

Umid choʻchib tushdi.

– Nimasi chatoq? – soʻradi sipo tortib, jiddiy.

– Baland dorga osilma, bola! – dedi Farhod ortiqcha gapga oʻrin yoʻq degan mazmunda kattazanglik bilan. – Baland dorni nagʻmasi baland boʻladi. San bilan biz jaydari odamlarmiz, uka...

Telefon sado berdi. Umid uni qulogʻiga tutdi.

–Labbay, oyi! – deb ovoz berdi u darhol. – Tinchlikmi?

–Tez qaytaman, deganding, oʻgʻlim...

–Toʻpolon qilmayaptimi? – soʻradi Umid xavotirlanayotganini sezdirmaslikka urinib.

–Ikki marta hovliga chiqdi, alanglay-alanglay... nazarimda seni izladi, Umid.

Umid uchun bu yana bir yangilik edi. Axir Opasi dardi tutgan paytda hech kim bilan gaplashmas, gaplashish u yoqda tursin, inson zotini koʻrarga koʻzi boʻlmas, ba’zan xonasiga qamalib olib, kun yo tun boʻyi qorasini koʻrsatmas edi. Bu safar...

– Oyi, – dedi Umid bu haqda bafurja oʻylab olishni diliga tugib, – yaxshisi, uning koʻziga koʻrinmang, oʻz holiga qoʻying, men borib, tezda qaytib kelishga harakat qilaman.

Umidning ishga joylashishi oson koʻchmadi. Larisa Latipovnaning tegirmonidan beshikast chiqqach picha xotirjam tortdi-yu, uning natijasi bir necha kungacha mavhumligicha qolaverdi. Shunday kunlarning birida ittifoqo Ustoz huzuriga taklif qilib qoldi. Umid ichkarida qanday savollarga javob berishi ehtimoli borligini oʻylab, hayajondan xayolan necha ter bosib, necha koʻchaga kirib chiqdi. Lekin Ustozdek nomdor rahbarning oʻzaro muloqot asnosida mutlaqo oddiy odamlardan farq qilmasligini koʻrib, birdan xotirjam tortdi, dadillashdi.

– Qizigʻi shundaki, – Ustoz kutilmaganda muddaoga koʻchdi. Aftidan u na oʻzi, na Umidga daxli boʻlgan mavzudan gap ochgandek koʻrindi. – Dunyoda odam deb atalgan gʻaroyib jondor bor, uka. Yetti qavat osmonni, yetti qavat yer-suv ostini oʻrganaman deb necha-necha umrlarni zoye ketkazadi-yu, yonidagini bilmaydi, tushunmaydi.

Umid nima deb gap qoʻshishini bilmay Ustozdan koʻz uzmay, uning ogʻziga moʻltirab oʻtiraverdi. Ustoz hazillashyaptimi-jiddiy aytyaptimi – buning ham farqiga yetmadi. Ustoz davom etdi:

–Yonidagini debman, oʻzini bilmaydi!.. – Ustozning tovushiga mutoyiba aralash zarda ohangi qoʻshilgandek tuyuldi. Soʻng u oʻyga tolgan koʻyi, shunchaki ahamiyatsiz joʻn gapni aytayotgandek boʻshashib ilova qildi: – Vaholanki, hamma kuzatuvchi... hamma kuzatiluvchi...

Umid yumushi boʻlsa-boʻlmasa oyogʻi qabulxona tomon tortadigan, Kotiba qizni birrov koʻrmasa koʻngli joyiga tushmaydigan, yoʻq yerdagi vajlar bilan uni gapga soladigan odat chiqardi. Oʻzini shunday desa, qiz ham unga roʻpara keldi deguncha duv qizaradigan, uning hurmati uchun oʻrnidan turadigan, koʻzini olib qochadigan, sutga chayilgandek suluv chehrasini yashirmoqchidek xijolatlanib boshini egib oladigan boʻlib qoldi.

Bir safar Umid yomon izza boʻldi.

Tushlik payti edi, Umid qabulxona boʻsagʻasiga yetgan joyida ichkaridan Kotiba qiz chiqib qoldi.

– Tushlik boʻldimi? – tuyqus ogʻziga kelgan savolni berdi Umid.

– Hamma tushlikdayu, – dedi Kotiba qiz oʻzini qoʻlga olib.

– Men ham...

Umid nega bunday dedi, nima demoqchi edi – yodida yoʻq, aslida nima toʻgʻrisida, qanday mavzuda boʻlmasin Kotiba qiz bilan gaplashsa bas, shuning oʻzidan mast edi u!

– Ishingiz boʻlsa... aytavering, – dedi Kotiba qiz, Umidning koʻziga yer ostidan nigoh tashlab.

Umid shu gapni kutayotgan edi, iltijosi xudoga yetdi, mana, qizning oʻzi soʻrab, ayt-aytaver deb turibdi! Umid hoziroq, hech kim yoʻgʻida dilidagini shartta tiliga koʻchirsa olam guliston!.. Faqat, faqat... Umidning tili tanglayiga yopishib qolgan, gapiray desa gʻoʻldirab, battar sharmandasi chiqishi muqarrar edi!..

Umidning oyogʻi yerga tegmayotgandek edi, u qanotga aylangan qoʻllarini sal silkitsa uchib ketadigandek edi. Shunday bir holatda Kotiba qizning navbatdagi soʻzi Umidni tamom es-hushidan ayirdi:

– Oʻzingiz ovqatlanib oling...

Toʻsatdan Ustozga jon kirdi. U uzoq tin olib uxlagan odamdek qoʻl-oyoqlarini baralla choʻzib kerishmoqchi edi, yayrab harakatlana olmadi, a’zoi badani qaqshadi, afti bujmaydi, achchiq va alam aralash ogʻir va choʻziq «Uh-h!» tortdi. Umid bemorning tuyqus qimirlashidan koʻnglining bir chekkasini umid uchqunlari charaqlab yoritgan esa-da, choʻchib, xavotirga ham tushdi. Uning vujudi koʻzga aylanib Ustozning har bir harakati, yuz-koʻz ifodasini nazardan qochirmay kuzatishga tutindi.

Umid opoqiga, boramanu birrov xabar olib izimga qaytaman deb koʻchaga chiqdi-yu, uyi tomon jadal ravona boʻlar ekan, koʻnglidagi gʻashlik battar zoʻraydi. U bemor yotgan ravonni tark etganida oʻzini yengil his qilgandek edi, biroq bu yengillik uzoq choʻzilmadi, nazarida Ustoz, yoʻq, Ustozning nazar-nigohi uning izidan ergashib chiqqan, biron lahza-biron qadam undan ortda qolmayotgan edi. Qisqa fursatda menga qattiq bogʻlanib qolding, dedi Ustoz Umidga mahzun tikilib, oʻzimning ham senga ixlosim baland... Maqsud qatori oʻgʻlimsan, dedim... Umid quvonchdan oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi... Endi Ustozning uni oʻz holiga qoʻymayotgan nigohlari unga malollik tugʻdirmoqda... Ustozga boʻlgan hurmati zarracha soʻngani yoʻq... Necha daf’a u qabulxona ostonasidan qaytdi, dam xizmat safarida deyishdi, dam zarur topshiriq bilan bandlar degan javobni aytishdi. Umid yetovsiz qolgan boʻtadek gangib yurgandi, ittifoqo Kotiba oqibat koʻrsatdi!

– Domla mazalari yoʻqroq... – Faqat Umid eshitadigan tovushda shivirlab dedi u.

Umid bu sovuq xabardan ang-tang boʻlib qolgan boʻlsa, uning aytilish tarzi, ya’ni Kotibaning oʻziga sirdosh tutgan odamdek shivirlagani Umidning qalbidagi choʻgʻni alangalatib yubordi. Demak, qizning koʻngli!.. Afsuski, quvonchdan doʻppini osmonga otish yoki ipi uzilgan uloqdek irgʻishlash mavridi emas, buning ustiga Umidning koʻngli allaqanday mavhum bir xatarni tuygandek badaniga muz yugurdi. Qizga ortiq savol berolmay serrayganicha turib qoldi.

– Ikki marta xorijga borib, katta mutaxassislarga koʻrsatib keldilar...

«Tushunarli... « degan soʻz Umidning koʻksiga jazillatib chiziq tortdi.

– Keladilarmi?...

Umid shu savolni ovoz chiqarib aytdimi yoxud dilidan tiliga koʻchirmadimi – yodida yoʻq, faqat, oʻsha kunning ertasiga Kotiba qiz shitob bilan yurib uning xonasiga kirib kelganida ming bir xayolda oʻtirgan Umid qotib qoldi, zumda shuurini qamrab olgan qop-qora gumon ta’sirida yuragi orqasiga tortib, hatto joyidan jilolmadi ham.

– Sizni domla soʻrayaptilar, kirar ekansiz, – dedi Kotiba oʻktam bir tovushda.

Shu topda Umid uchun bundan quvonchliroq xushxabar yoʻq edi. Hozirgina oʻtakasini yorayozgan xavotirli oʻy u yoqda tursin, aksincha Kotibaning ovozidagi kechagi mahzunlik, tushkunlikdan asar qolma¬ganini sezib, quvonganidan hatto qizni quchoqlab olay dedi.

Haqiqatda Aziz ich-ichidan tutaqib tursa-da, oʻzini jilovlay olishga odatlanibdi. Umid doʻstini kuzatib oʻtirib bunga yana bir karra iqror boʻldi.

– Dunyoda eng qadrdon, jonajon doʻstlarim deb senlarga koʻnglimni yorgandim, – dedi Aziz ma’yus tortgandek boʻshashib. – Dunyo keng, aqlli odamlar koʻp, oʻshalarni bilib qoʻysalaring, har qalay...

– Bilib qoʻyishimiz uchun boʻlsa, aytsang aytaver, – deb unga shafqat qilgandek mingʻirladi Farhod.

Aziz Farhodning daldasi zamiridagi quvlikni ilgʻamadi, shu xayolda u boya uzilib-netib qolgan mulohazalarini kelgan joyidan davom ettirishga kirishdi:

– Oʻsha men borgan tomonlarda odamlar hayotda biror maqsadni koʻzladimi, tamom, dunyodagi hamma narsani unutadi-ey! Nafaqat oshna-ogʻayni, qarindosh-urugʻ, ota-ona, hatto farzandlaridan ham kechvoradi. Kerak boʻlsa, xudoni unutadi!.. Eng muhimi, hech kim buni ayb sanamaydi. Hech kimning hech kim bilan ishi yoʻq, sen nimaga bundaq-anavundaq qilyapsan, deb birov birovga qayrilib qaramaydi. Aql bovar qilmaydigan kashfiyotlar, aql bovar qilmaydigan ixtirolar, aql bovar qilmaydigan... ishqilib, osmondagi yulduzni urib tushiradigan rekordlar shuning natijasi, mevasi! Inson zotining esini teskari qilib yuborayotgan taraqqiyotning siri ham shunda!..

Oraga zildek jimlik choʻkdi.

Umid Opasining dardiga davo istab doʻxtirma-doʻxtir yurdi – biror tayinli naf topmadi, onasi shoʻrlik ne-ne ilinjlarda qatnamagan duogoʻy-yu, qilmagan ilmi-amali qolmadi, afsus, ularning hech biri qizini bebaxt qilgan na koʻzning, na suqning kuchini qirqa oldi. Ikki-uch hafta, nari borsa, toʻrtinchi hafta oʻtarida Opasining dardi gʻalayon koʻtarib qolar, devona oʻyda nima qiladi-nima qoʻyadi – oldindan bilib boʻlmas, kunduz boʻlsa-kunduzi, tunda boʻlsa-tun boʻyi ona va oʻgʻil halovatdan voz kechishar, bemor loaqal oʻziga shikast yetkazib qoʻymasin, koʻcha-koʻyga chiqib ketib, yoʻqolib-netmasin, uy-puyga oʻt qoʻyib yubor¬masin degan xavotirda uni biron daqiqa ham nazardan qochirishmas, Umidning qoʻlidagi vasiylik, ya’ni poyloqchilik vasiqasi shuning uchun berilgan edi.

Orada koʻz ilgʻamas nimadir yuz berdi, oʻsha nimadir Umidning qoʻl-oyogʻini, inon-ixtiyorini, xohish-istaklarini, hatto oʻy-xayollarini chandib-chirmab tashladi. Kotiba qiz aftidan Umidning ichida yuz berayotgan ana shu nimadir voqealardan voqifdek tuyular, lekin u oʻzini oʻta beparvo tutar, bu beparvolik Umidning koʻnglida bosh-keti koʻrinmas gʻulgʻulalarni gʻujgʻon oʻynatar, buni u goh qizning aslzodalar toifasidan ekanligiga, goh behad suluvligiga yoʻyar, ba’zan esa... oʻzining oilasidagi shart-sharoitni oʻylab ich-etini kemirar, bordi-yu, tavakkaliga Umid yuragini yorguday boʻlsa, Kotiba qiz, «Sezib yuribman Umid aka...» deb tabassum hadya qilsa xoʻp-xoʻp, yoki boʻlmasa falokat bosib, butun jamoa oʻrtasida sharmandasini chiqarsa, uyida savdoyi Opasi borligini betiga solib (ha, Larisa yalmogʻiz buni qizga yetkazganiga Umidning imoni komil!), podumayeshь, men unday xonadonga kelin boʻlib tushmayman desa kim degan odam boʻladi?! Shartta ichkariga kirib, hammasini oqizmay-tomizmay Ustozga yetkazsa-chi?! U holda Umid qayoqqa bosh olib qochadi? Qaysi bet bilan Ustozning huzuriga kiradi?..

Har safar shularni oʻylaganida Umid xiyla hushyor tortib qolar, ezgin oʻylarga choʻmar, lekin qizning sadafdek oppoq manglayi, yanoq¬lari, boʻyni... nozik barmoqlariga koʻzi tushganida tamom dunyoni unutar, bu barmoqlar, bu yanoqlar, bu koʻzlar menga, faqat mengagina atalgan deb joni jahoni oʻrtanib ketar, ayniqsa qadrdon sirdoshdek oʻziga yaqin olib gapirishlari allaqachon yigitning hushini oʻgʻirlagan, hushiga qoʻshib koʻnglidagi almoyi-aljoyi gʻulgʻulalarni toʻzondek toʻzitib yuborgan, shu bois barcha-barcha shubha-gumonlardan qalbini zabt etgan muhabbat alangasi ustun chiqar va osilsam, baland dorga osilaman, deya bilganidan qolmas edi...

Umid suhbat keskin tus olib ketishiga yoʻl qoʻymaslik dardida doʻst¬larini chalgʻitish uchun Ustoz haqida soʻz ochdi. Ustozining gʻalati-gʻaroyib munosabatlarini, u kishining yetovida yetakchiligida boshlayotgan ishini atayin ezmalanib gapirib berdi.

Bu gaplarning Farhod uchun yangiligi yoʻq edi, shu bois u Umidning jigarini xun qilib hikoya qilishiga ortiqcha e’tibor bermadi, Aziz esa Umidning gaplarini jon qulogʻi bilan tingladi.

– Juda qiziq, – dedi u boshini tebratib. – Umid, men senlarga uqdirmoqchi boʻlayotgan gap ham asli shunga yaqin, ildizi bir!

– Yoʻgʻ-e! – dedi Umid tushunmayroq va favqulodda qiziqishi ortib. – Qanaqasiga yaqin boʻladi? Ustozning fikricha, hamma hammani kuzatuv ostida tutishi bir hisobda yaxshi va tabiiy boʻlsa, ikkinchi hisobda... hali masalaning bu tomonini chuqurlashtirib ulgurganimizcha yoʻq, lekin gap shundaki, oʻzini muttasil oʻzgalarning nazari ostida his qilish odamning erkini, ixtiyorini boʻgʻadi...

– Ustozing «odamni erkini, ixtiyorini boʻgʻadi» debdi, men insonning butunligini parchalaydi deyapman. Oʻsha amma-togʻachiliklar, amaki-xolachiliklar insonni asosiy ishidan, yumushidan chalgʻitadi, maydalashtirib yuboradi, biz esa bularning bariga odamgarchilik, qarindosh-urugʻchilik deb chiroyli nom qoʻyib olganmiz! Toʻgʻrimi, ogʻayni?! Bu odatlarimizga yuz yil muqaddam Qodiriy «oshnalikka qurbon boʻlgan xalq» deb qalampir bogʻlab ketgan!..

Oʻzi alohida yashaydigan xonaga oshxona jihozlarini tashmalab kiritgan Opasi picha muddat allanimalarga unadimi, ovozi chiqmadi. Lekin bu jimlik uzoqqa choʻzilmadi. Kapgirning daranglab qozonga uri¬lishi eshitildi. Nimadir taraqladi. Opasi dam mingʻirlab, dam shovqin koʻtarib javrashga tushdi.

– San itga qarab qogan joyim yoʻq! Oʻzim boʻlak roʻzgʻor qilaman, tugʻaman. Bolamga ovqatlar pishirib beraman. Hu-u, yer yutsin, senlarni!

Umid onasining imlashini kutmay ayvonga chiqdi. Oyogʻining uchida yurib Opasi kirib ketgan xona eshigiga yaqinlashdi. Ichkariga moʻraladi. Opasi oshxonada ishlatiladigan kalta etakchani beliga bogʻlab olgan, yenglarini shimarib pichoq bilan sabzi taxtani boshi uzra koʻtarib turardi.

Umid darhol oʻzini chetga oldi. Biroq Opasi uning sharpasini sezib ulgurgandi.

– Keldingmi? Ichkariga kir, soʻtak! Pishirib qoʻyipman, chapillatib ye, it!

Umid zina yonida goʻdak bolalarcha jonini hovuchlab oʻziga savol nazari bilan moʻltirab turgan onasini tinchlantirdi:

– Oʻt yoqmayapti, aqli joyida.

– Joyida boʻmay qolsin-a! Gugurti yoʻqmi?

– Koʻrinmadi... Uzoqqa choʻzilmaydi, oyi, hademay qaytadi, – dedi Umid onasini yupantirib. – Siz bu yerda poylab turmang, boring, ishingizni qilavering, men birrov Ustozdan xabar olib kelaman.

– Picha ketmay tur, bolam, bir baloni boshlab qolsa mani kuchim yetmaydi.

Umid mayli degan ma’noda bosh irgʻadi.

Umid Ustozining tepasida termilib oʻtirib, u kishi aytgan gaplari, maslahatlari, yoʻl-yoʻriqlarini birma-bir oʻyladi, oʻsha gaplar, maslahatlar, yoʻl-yoʻriqlar oʻzi uchun doimo asqotishini, ularning birortasini unutishga haqqi yoʻqligini astoydil anglab yetgan edi. Bordiyu Ustozning ahvoli oʻnglanmasa, shu yotish u kishining vido onlariga aylansa... Umid huvillagan dunyoda bir oʻzi qolayotgandek, endigina ma’no-mazmun kirib borayotgan hayoti battar izdan chiqadigandek, xuddi shuning uchun ham, qolaversa, Ustozga boʻlgan hurmati, sadoqati haqqi u kishining ruhini shod qilish yoʻli Ustoz oʻgitlarini yodda saqlash, ularga rioya qilish deb bilayotgandi.

Onasi-chi? Shoʻrlik, mushtipar onasining birdan-bir suyanchigʻi – Umid. Undan oʻzga umidi yoʻq kampirning. Hatto Opasi soppa-sogʻ yurgan bexavotir kunlarda ham onasining dilidan xavotir arimaydi. Qizining dardi bedavoligidan xudoga zorini aytib ado qilolmas, dardi qoʻzigan kunlarda esa uning yonida boʻlish, uni qaltis xatti-harakatlardan asrashga holi-majoli yetmas... Onasining shunday damlardagi iltijolarga toʻla qarashlari, nazar-nigohlari Umidni uzoq ketishga yoʻl qoʻymas, Umid onasi haqida ham, Opasi haqida ham birdek qaygʻurish majbu¬riyatini zimmasidan soqit qilolmas edi.

Mana shunday xayollar Umidning yashash tarzini, hayotiy maqsad-maslaklarini belgilab bergan, hatto uylanish zaruriyati ham uning uchun shodumon yangilikdan koʻra oddiy majburiyatdek tuyular edi.

Hammasi Kotiba qiz tufayli buzildi, parokanda boʻldi. Kotiba qizning nazar-e’tibori boshqa barcha nazar-e’tiborlardan, majburiyatu zaruriyatlardan oshib tushdi.

Umid qoʻl-oyogʻi bilan Kotiba qizning sirtmogʻiga – insoniyat azal-azal¬dan oddiygina qilib atab kelayotgan – muhabbat sirtmogʻiga bogʻlandi-qoʻydi.

Tong otib qolayozganiga qaramay Farhodnikida qizigandan-qizigan suhbat koʻchada Umid bilan Aziz oʻrtasida davom etdi. Umid qilayotgan ishlari, Ustozi haqida hayajonlanib gapirdi.

– Ustozing keksami? – soʻradi Aziz toʻsatdan.

– Unchalik emas... yosh ham emas...

– Yoshidan qat’iy nazar hayotiy tajribasi katta, kuzatuvchan va donishmand odam ekan!

– Nega bunday xulosaga kelyapsan? – qiziqib soʻradi Umid.

– Senga tushuntirishga urinayotgan mavzuni har kim ham fahmlab yetavermaydi, doʻstim. Fahmlagan taqdirida ham unga ilmiy muammo tusini kiygizish joʻn ish emas...

– Aziz shunday deb turib birdan jim boʻlib qoldi. Qorongʻuda koʻzi charaqlab nimadandir mamnun boʻlgani koʻrindi. U ehtirosini jilovlashga urinmay bir narsa topib olgan odamday hayajonlanib soʻradi: – Domlang bilan tanishsak, bir suhbatlashsak qanday boʻlarkan?!

Umid afsuslanib bosh chayqadi.

– Nega? Shunchalik katta rahbarmi?! Vaqt ajratolmaydimi?

– Bir oz mazasi yoʻq... Sogʻayib ketsa, keyin oʻylashib koʻramiz...

Aziz «Eh, attang!» degandek bosh qashib qoldi.

– Men boʻgʻilib sen bilan Farhodga uqdirmoqchi boʻlgan masala bilan Ustoz senga tushuntirayotgan muammo bir-biridan uzoq emas! Juda yaqin! Qariyb bitta narsa! Tushunyapsanmi, Umid? Gap nima haqda borayot¬ganini yaxshilab oʻylashib olishimiz kerak... Iloji boʻlsa, koʻnglingga olmagin-u, Farhodsiz, ikkovimiz ochiq-oydin suhbatlashaylik. Xoʻpmi, Umid? Bu yerda xalqimizning umuman yashash, fikrlash tarzini oʻzgartirishga doir muammo bor! Bilib qoʻy, Ustozing joʻn odam emas, avliyo ekan!..

Umid oriqqina, boʻydor shifokor yigitni dastlab yana uch nafar ustoz shifokorlar bilan yigʻilishib kelishganida koʻrgan edi. Ustozlar bemorni, uning xastaligiga taalluqli yozuv-chizuvlarni, dori qogʻoz¬larini sinchiklab koʻzdan kechirishdi, oʻzlari tushunadigan tilda ixchamgina mashvarat oʻtkazishdi. Beozor hazil-huzullar bilan Ustozning koʻnglini koʻtarishdi. Ustoz ham bu qadar nufuzli e’tibordan minnat¬dorligini aytdi. Piravordida sochi kumushday oq, keksa shifokor boʻydor yigitni Ustozga, opoqiga tanishtirdi.

– Bu ukamiz oramizda nafaqat boʻydorligi bilan, balki yosh va bilimli mutaxassisligi bilan hammamizdan baland. Koʻryapsiz-a?

Ustoz miyigʻida kulimsiradi. Keksa shifokor davom etdi:

– Shu yigit bizdan, Markaziy shifoxonadan ishonchli vakil. Siz shu yigitning nazoratida boʻlasiz. Bu yigit esa bizning nazoratimizda. Kelishdikmi?

Ustoz ovoz chiqarmay minnatdor bosh irgʻadi. Masala hal boʻldi. Boʻydor yigit oʻz uyiga kirib chiqqandek kunda-kunora Ustozdan xabar olib turishni kanda qilmadi.

Oʻsha – oʻrtada sukutdan boʻlak hech zogʻ, hech vaqo yoʻq soniyalarda koʻzlarini katta-katta ochib oʻziga tikkasiga qarab turgan Kotiba qizning nigohi Umidning koʻngliga shu qadar farogʻat bagʻishladiki, Umid ruhi yengil tortganini, sehrli mehr-shafqat ogʻushiga choʻmgan goʻdakdek erkalanib ketganini his qildi.

Hozirgina yelkasidan bosib qolgan koʻzga koʻrinmas zalvorli yuk asta-sekin sirgʻalib tusha boshladi, koʻz oʻngi tiniqlashdi, nazarida xona charo¬gʻonlashib ketdi, u qizning koʻzida, qarashlarida xaloskor mehrni tuydi.

Bu holat, bu manzara Umidning xotirasiga oʻchmas boʻlib muhrlandi-qoldi. Eng mushkul vaziyatlarda ham ana shu mehrli boqishdan najot topdi. Sutdek oppoq chehra, mehr-shafqatga limmo-lim tim qora koʻzlar, keyin har safar oʻylaganida Umid bu goʻzal nigohlar tubida qandaydir munislik, ma’yuslik pinhon ekanligini sezdi, shu bilan birga, qiz vujud-vujudidan favqulodda bir mehribonlik bilan yigitning ahvolini his qilgani, uning joniga oro kirgani, yana unga najot, koʻmak va madad berish, suyanchiq boʻlishga moyillik koʻrsatayotgani sezilib turardi.

Telefon bezovta sado berdi. Umid unga koʻz tashladi-yu, qulogʻiga tutdi.

– Labbay, oyi? – dedi u onasining gapini kutmay.

– Bir kelib ketgin, oʻgʻlim. Uyini bir balo qilib tashlayapti, zoʻrayib ketsa, men eplolmayman, bolam...

– Xavotir olmang, koʻziga koʻrinmang. Bir safar uni oʻz holiga qoʻyaylik, oyi. Qaytaga yaxshi boʻladi, xoʻp deng. Saldan keyin boraman.

Umid shunday deb telefonni oʻchirganida onasi gapini tugat¬magan edi.

Ikki kun burun shekilli kechki ovqatdan soʻng Opasi dasturxonni yigʻishtirib, idish-tovoqlarni dastalaganicha oshxonaga kirib, ularni yuvishga tutindi. Umid gʻira-shira qorongʻilik choʻkayotgan hovlida xayolga tolgan, dam yakkam-dukkam miltirab koʻzga tashlana boshlagan yulduzlarga, dam koʻz oʻngida betartib oʻsgan daraxt shoxlariga razm solar, bir zamonlar rahmatli otasi davrida amal-taqal qurilib qolgan uy-joyning «munkillagan» qomatiga qarab ularni qaytadan bunyod etishni diliga tugar... darhaqiqat, agar toʻy boshlanib qolsa, yoʻq, dastlab agar Kotiba qiz rozilik bersa... Umidning nazarida Kotibaning mayli yoʻq emas, u qanchalik sezdirmaslikka urinmasin buni Umid payqab turibdi, faqat qiz xohishini, yigit esa payqab turganini dangaliga tiliga koʻchirol¬mayapti, xolos. Shunday ekan, hammadan burun Kotiba Umidning xonado¬nidagi ahvoldan xabar topsa, undan soʻng roziligini bildirsa, shundan soʻng sovchilar, toʻyoldi bordi-keldilar joy-joyiga qoʻyilsa, ana oʻshandan keyin, oʻsha kezlarda shu uy-joyni bir koʻtarib tashlab, qayta qursa, kelin tushadigan uyning qaddi tikroq qurilsa, axir yashaydigan, keldi-ketdilar boʻladigan turarjoy kimsan Kotiba qizning husni-tarovati, aslzodaligi... qaddi-qomatiga munosib boʻlmogʻi kerak!.. Kotiba qiz kelin boʻlib shu hovlida yelib-yugurib yursa, dam sayin Umid aka deya tilidan bol tomsa, oqshom chogʻlari oshxonadagi yumushlarni oʻzidan orttirmay, Opasi bunday yumushlarga qoʻl urmasa!..

– Ha, Umi-id...

Umid choʻchib tushdi. U oshxona tomondan idishlarning bir-biriga urilganidan chiqayotgan shaqir-shuqurlari tinib-tinchib qolganiga ham, oshxona eshigi gʻichirlab ochilganiga ham e’tibor bermagan, eshitmagan ham, hatto oshxonadan chiqib yonginasiga kelib qolgan Opasining sharpasini sezmagan ham edi.

Opasi unga nihoyatda mehribon, e’tiborli edi.

– Nimalarni oʻylaydigan boʻlib qolding, Umid? – ohista soʻradi Opasi.

Umid kuldi, lekin kulgisi zoʻrma-zoʻraki chiqqanini yashirolmadi. U Opasiga hech qanday ustamonlik yoqmasligini yaxshi bilardi. Afsuski, bu safar u sir boy bermaslik epini qilolmadi.

– Biror oʻyda yurgan boʻlsang, ayt, – dedi Opasi. Shunday dedi-yu, qizarib-boʻzarib oʻzi ham ukasining betiga qarolmay maslahat bergan boʻldi: – Menga aytmasang, oyimga ayt. Chorasi topiladi...

– Nega sizga aytmas ekanman, opa? – shoshib dedi Umid. – Oyimga ham, sizga ham aytaveraman... Hozir, nimani ham aytardim?.. Zarurat tu¬gʻilsa, aytmay nima qilaman?..

– Mayli, oʻzing bilasan... Opasi ukasining koʻziga qaramaslikka urinib, gunohkorona ohangda shunday dedi.

Umid boʻydor shifokor yigit bilan koʻztanish boʻlib qoldi. Bir safar kelganida doʻxtir yigit ayollarnikidek uzun-uzun va nozik barmoqlarini Ustozning bilak tomiriga ohista bosa turib, soatiga termilganicha oʻy surib qoldi, soʻng asbob-anjomlari yordamida bemorning koʻkrak qafasiga quloq tutdi, soʻng allanimalarni chamaladi shekilli, joma¬donchasidan uzun qoramtir yelim ichak chiqardi. Uning qanday muolaja vositasi ekaniga aqli yetmay turgan Umid savol nazari bilan dam shifokor yigitga, dam Ustozga angraydi. Ustoz miyigʻida kulimsirab, boshini xam qildi.

– Bilimdon kishilar ancha ta’sirchan boʻlishadi, – dedi shifokor yigit qoramtir rezina ichakni hozirlayotib, bemorga dalda berar ekan. – Birinchi, ikkinchi safar salgina qiynaldingiz, xolos. Endi ancha koʻnikib qoldiyz, toʻgʻrimi?

Ustoz oriqlab ketgan qoqsuyak oyoqlarini karavotdan osiltirib oʻtirgan koʻyi taqdirga tan bergandek boshini some’larcha silkidi.

– Bu matohni ikki qayta yutdim, – dedi soʻngra siniq jilmayib, – oshqozon-ichakni yoritsa yoritgandiru illo, ichim yorishganini sezmadim...

Kotiba qiz bilan yuzma-yuz kelish, u bilan bir dam suhbat qurish Umid uchun shodiyonaga aylandi. U qabulxona tomon qanday borib qolganini, qizni koʻrgan zahoti ogʻziga kelgan gapni qay tarzda aytib yuborganini oʻzi ham bilmay qolar, nazarida yigitning bu taxlit sarosimaga tushishi Kotibaga ham yoqayotgandek, qizning oʻzi ham Umid¬ning kirib kelishiga ilhaqdek tuyulayotgan edi.

Aksiga olib kechaginda Umid ne umid va jur’atlar bilan qabulxonaga yetib bordi-yu, bekorchilikdan ichkarida gap sotib oʻtirgan Larisa Latipovnaga koʻzi tushib, kapalagi uchib ketdi. Yoʻq, Umid hujjatxona bekasining oʻzidan emas, u Umidning Opasi va u bilan bogʻliq vasiqa haqida Kotiba qizga gullab ulgurgan degan oʻyda ta’bi aynidi. «Nahotki, yetkazgan boʻlsa?!» Umidning qoʻl-oyogʻi boʻshashdi. Manglayida zera-zera sovuq ter tomchilari paydo boʻlganini sezdi. Vujudi qaqshadi. Biroq sir boy bermaslikdan boshqa iloji yoʻqligini ham zudlik bilan tushunib yetdi.

– Keling, – dedi ohista Kotiba qiz. U shunday deb birrov koʻz qirini tashlab, yigitdagi gʻalati oʻzgarishni sezdi. Ovozini yanada muloyim¬lashtirdi:

– Keling, kiravering...

Umid salom berdimi-yoʻqmi, eslay olmadi, lekin Larisa Latipovna bosh irgʻab qoʻydi. Qaytib Umidning tili aylanmadi. Rangi qum oʻchdi. Birinchi boʻlib Kotiba qiz oʻzini qoʻlga oldi.

– Domla hali kelmagandilar, – dedi u sovuqqonlik bilan. – Kechroq kelmoqchi edilar...

Shu bir ogʻiz lutf Umid uchun haloskorlik vazifasini oʻtadi. Uning nigohida Kotiba qizga minnatdorlik izhori limmo-lim edi. U oʻzini allanima oʻqib oʻtirgandek koʻrsatayotgan Larisa Latipovnaga zimdan nazar tashladi, Ustozning gapini esladi-da, «shu yerda ham xizmatini oʻtayapti» deb ichida xotin shoʻrlikning sha’nini boʻralatib «bejadi»...

Umid eshikka yetay degan joyida Ustoz toʻsatdan yodiga tushib qolgan gapni aytayotgandek uni toʻxtatdi.

– Darvoqe, – dedi u yarim jiddiy-yarim istehzoli tabassum bilan, – Latipovnaning muomalasidan ranjimang. Uning vazifasi shunday, ya’ni hujjatxona rahbari sifatida har bir xodimning hayotiga doir ma’lumotlarni alohida daftarga tirkab qoʻyadi. Bilmagan narsasi yoʻq.

«Opamning kasalligini, manga vasiylik vasiqasi rasman beril¬ganini shu yalmogʻiz yetkazgan» degan xayol kechdi Umidning koʻnglidan.

– U kishidan rahbarlar talab qilishar ekan-da, – dedi u oʻylamay-netmay va bu soʻzi Ustozga iddao boʻlib botishini kechikib payqadi.

Ustoz miyigʻida kuldi. Nimadir demoqchi, yosh va umidli shogirdiga nimalarnidir ochilib-sochilib tushuntirmoq uchun ogʻiz juftladi-yu, oʻzining rahbarligini eslab qoldimi yoxud boshqa istiholaga bordimi, gapni qisqa qildi:

– Latipovna tushmagur alomat ayol... Qoʻl ostimda ishlaydi-yu, ba’zan menga ham boʻysunmaydi bachchagʻar!.. Ogʻzimdan chiqqan har bir gapni... necha marta yoʻtalishimgacha yozib yuradi. Vazifasi shunday dedim-ku...

Umid uyi tomon jadal borar ekan, yoʻl-yoʻlakay Onasini ham, Opasini ham, Ustozu Farhod bilan Aziz doʻstini ham emas, Kotiba qizni oʻylab ketdi. Shu kunlarda u hech kim va hech narsa haqida emas, faqat Kotiba haqida oʻy surishdan koʻngli ta’riflab boʻlmas orom olar, Kotiba haqida xayol surish, u bilan xayolan suhbatlar qurish uning uchun jon saqlaydigan ruhiy boshpanaga aylangan edi.

Aksiga olib har qanday odam bilan (hatto Ustoz bilan ham!) darhol til topishib ketadigan Umid Kotibaga kelganda gung-soqovga aylanar, unga roʻpara keldi deguncha oʻylab kelayotganlarini unutar, baxtiga Kotiba qiz tortinchoqlik qilsa-da, uning biyron javobidan koʻngli ravshan tortar, qaysi mavzuda suhbatlashmasin Umidning nazarida sevgi-muhabbat haqida sirlashayotgandek, bu tariqa savol-javoblar muqarrar ikki dil roziligining ifodasiga aylanayotgandek tuyular edi. Hatto Kotiba qizning boshqalar bilan muloyim gaplashishlari ham Umidga atalgandek tuyulardi.

Ikki hafta burun toʻsatdan Aziz qoʻngʻiroq qilib qoldi.

– Umid, yarim soat vaqtim bor, – dedi dabdurustdan.

– Nima, kelmoqchimisan? – soʻradi Umid.

– Boraman, koʻrishaylik...

Umid koʻchaga chiqar-chiqmas Aziz yetib keldi. Choqqina xiyobon kimsasiz, bu ikki sirdosh suhbatdosh uchun ayni muddao edi.

– Umid, doʻstim, gaplarimga diqqat bilan quloq sol. Men bu narsani oʻsha yoqlarda yurib-koʻrib, rosa oʻyladim. Kimga, nima deb aytishni moʻljallay-moʻljallay, nihoyat, sen bilan Farhoddan ishonchliroq odam topmadim. Afsuski, Farhod tushungisi ham kelmayapti.

– Faqat Farhod emas, har qanday odam ham dabdurustdan tushun¬maydi, tushunsa-da, hazm qilolmaydi bunday fikrlarni, Aziz, – dedi Umid doʻstining koʻnglini koʻtarib. – Bunday gaplar yotigʻi bilan, arqonni uzun tashlab, bir chimdim-ikki chimdim tushuntirilmasa, Farhodning jigʻibiyron boʻlgani holva, seni dushmanga, miyasi aynib qolgan devonaga chiqarishlari ham hech gapmas!

– Tushuntirmoqchi boʻlganlarim shunchalik xom, gʻoʻr, axmoqonami, Umid?! Shunday degin, qaytib ogʻzimni ochmay!.. Sen ham, odamlarimiz ham eski hammom-eski tos yashayversin. Lekin shuni bilib qoʻy, ogʻayni, dunyo endilikda sermulohazakorlikdan, yotigʻi bilan, arqonni uzun tashlab qoʻyib kun koʻrishdan voz kechgan, yuz oʻgirgan! Tezlik, shiddat dunyoni yutib yuboray deyapti!.. Nahotki, jonim achishganidan shu gaplarni koʻtarib kelganim – niyatim yaxshiligi sezilmayotgan boʻlsa, ogʻayni?! Arqonni uzun tashlab oʻychi oʻyiga yetgunicha anavilar arqoningni ming joyidan qirqib, ishini bitirib ketyapti. Shuning uchun ham dunyo oʻshalarning qoʻlida, tushunyapsanmi?!

Ustoz endigina koʻchaga chiqolmay yotib qolgan kezlar edi. Umid necha safar kelib, Ustozning ogʻzini poyladi, lekin Ustoz u kutgan mavzudan soʻz ochmadi. Umid atayin soʻrashga botinmagan kunlarning birida nihoyat Ustoz gapni uzoqdan boshlab muddaoga koʻchdi.

– Umidjon, – dedi u karavot qirgʻogʻida oyogʻini osiltirib oʻtirgan koʻyi tizzalari uzra bosh egib. – Niyatlar katta edi...

Negadir Ustoz Umiddan uzr soʻrayotgan ohangda gap boshladi, biroq u darhol jim boʻldi. Chamasi u ikkilanayotgandek, fikrining davomini oxirigacha aytmaslikka qaror qilgandek edi.Umid ichida «gapirsin-da, ishqilib» degan iltijoda vujudi quloqqa aylandi. Xayriyat, iltijosini xudo Ustozning koʻngliga soldi, uni gapirishga undadi. Undabgina qolmay, endi u picha taysallangani demasa, soʻng xastaligini ham unutib, kutilmagan shiddat bilan soʻzlay ketdi:

– Koʻp oʻyladim... Siz bilan tanishganimda shu ishga munosib, ya’ni mavzubop odam topilganidan sevinib ketdim. Afsuslandim ham... Faqat, bilasanmi, bu muammo odamzodni boshini shunaqayam qotiradiki hali!.. Insoniyat oʻzini oʻzi boshi berk koʻchaga tiqadi.

Ustoz picha nafas rostlab olgach, ovozi bardamlashib soʻzida davom etdi:

– Qiziq-da, hamma hammani kuzatadi, demak, hamma tomonidan kuza¬tiladi! Shu toʻgʻrimi? Mutloq toʻgʻrimi, Umid?.. Hozir odamzod shu taomil izmida yashayveradi, shu maqsadda, ya’ni birovlarni kuzatishga qara¬tilgan ming bir xil xiyla-nayranglarni oʻylab topadi, aql bovar qilmas asbob-uskunalarni ixtiro qilaveradi, biroq, shuni unutma, oʻgʻlim, bu taomildan voz kechgan qavm ham koʻpaygandan-koʻpayib bormoqda yer yuzida. Birovlarni kuzatuvchi, qay goʻrdagi kimsalar tomonidan kuzatiluvchi boʻlib yurishdan qutilishning yagona chorasi bor. Bu – oʻzini oʻzi kuzatish!.. Iymon bilan, diyonat bilan kuzatish!.. Inson aqlining kemtikligi shundaki, harchand kuzatma, milliard kuzatuvchini jam qilma, bir odam¬ni toʻkis tushunolmay ovora boʻlasan!..

Umid Ustozning soʻzini boʻlmadi, uning joʻshib, hayajonlanib gapira¬yotganidan zavqlanib, Ustozdan koʻz uzmadi.

– Ehtimol, – dedi Ustoz bir oz shashtidan tushib, – kuzatishni bas qilish kerakdir? Shu borada odilona, oqilona yashash tarzini joriy etayotganlar yoʻq emas... Odamlari kuzatuv ostiga olinmaydigan, odamlari eng insoniy fazilatlari izmida yashaydigan jamiyat qurishning iloji topiladi...

Ustoz oʻrnidan azot turib olganini, holsizlikdan chayqalib ketmaslik uchun tizzalari bilan karavotning chekkasiga suyanib turganini Umid keyin payqadi, u ham oʻrnidan turdi, Ustozning bilagidan tutdi.

– Bosh qotib qoldi... Balki... bu muammoni qoʻzgʻab odamzotni boshini qotirmaslik kerakdir?.. Mavridi bilan boʻlar, yoki...

Umid xayolan boshi berk koʻchaga kirib qoldi. Nima bu? Ustozning navbatdagi tagi zil hazilimi? Yoxud, nahotki u jiddiy gapirayotgan boʻlsa?! Yoki shogirdini sinamoqchimi?..

– Toʻgʻri, masalaning bosh-adogʻi yoʻq, – dedi Umid, – uni tugal qamrab olish ham mushkul, ehtimol, imkon qadar shugʻullanib yurilsa, vaqt-soati yetib...

Arang qad rostlab turgan Ustozning qoʻl-oyogʻi qaltiradi, u jon holatda Umidning bilagini changalladi. Umid avaylab bemor oʻrniga yotib olishiga koʻmaklashdi. Ogʻir-ogʻir nafas rostlayotgan Ustoz koʻzlarini yumib olgan, rangi qum oʻchgan, peshonasida sovuq ter tomchilari paydo boʻlgan edi. Umid bemorni bezovta qilib qoʻyganidan xijolat tortib, uni oʻz holiga qoldirish niyatida ohista yurib ravondan chiqayotganida kutilmaganda uzoqdan Ustozning xasta tovushi bazoʻr eshitildi:

– Vaqt-soati yetganga oʻxshayapti, uf-f...

Oʻgʻliga munosib qayliq izlash tashvishidan qutilib, anchagina yengil tortgan Umidning onasi endi oʻgʻlining ogʻzini poylab toqati toq boʻla boshladi. Umiddan esa sado chiqmas, aksincha har qachongidan kam gapira¬digan, nuqul oʻy-xayolga gʻarq boʻlib yuradigan qiliq chiqardi. Uning hardamxayolligini onasi oʻzicha tushundi.

– Opangni Chuqursoydagi bannisaga yotqizsakmikan, nima deysan?

– Nega endi yotqizishimiz kerak? Tagʻin Chuqursoyga deysiz. Bilasiz-ku, u yerda sogʻ odammi jinni qilishadi!..

– Aytaman-da... – dedi onasi yengining uchi bilan hali yoshlanib ulgurmagan koʻzlarini artib. – Odamlar gap qiladi-da, anuvnaqa Opasi bor desa, qizini beraman deganlar ham oʻylashib qoladi.

Umid onasini yupatdi.

– Oʻylashib qolmaydigani topiladi, oyi, – dedi u onasini bagʻriga tortib yelkasidan quchar ekan. – Opam tuzaladi, men ishonaman, oyi, qarab turing, tuzalib ketadi. Opam, bilasiz-ku, juda koʻngilchan odam, faqat unda-munda asabiylashib, oʻzini boshqarolmay qolyapti, xolos. Shunga qaramay, koʻnglim sezyapti – Opam sogʻayib ketadi, oyi.

Umidi uzilmagan odamning joni ham uzilmaydi, degan edi Ustoz. Bu gap Umidning sira xotirasidan oʻchmas, ayniqsa qiyin damlarda shu gap unga dalda berar, uni eslagani, ichida takrorlagani sari vujudiga kuch-quvvat oqib kirayotgandek his qilardi oʻzini.

Shu topda u oʻzidagi ana shu ishonch va umidvorlik tuygʻusi qanday boʻlmasin Ustozga koʻchib oʻtishini juda-juda istar, shuning ilojini topsa shifokor yigitning ashqol-dashqollariga ham hojat qolmas edi. «Umidi uzilmagan odamning... Umidi uzilmagan odamning... Umidi uzilmagan odamning...» Umid shu gapni bir necha bor Ustozning qulogʻiga engashib takrorladi, hademay, mana, hozir u kishi koʻzini ochadi, baralla ochib unga qaraydi, «Ha, oʻgʻlim, oʻtiribsizmi?» deb soʻraydi. Umid shunga ishonadi, Ustoz koʻzini ochgan zahoti unga tanbeh beradi – «Ust-boshingizga qarab qoʻying, yigit» deydi. Avvaliga Ustozi tushunmaydi, hayron boʻladi, shunda birdan fikri tiniqlashadi, xotirasi jonlanadi, qah-qah otib kulib yuboradi. «Obbo, Umidvoy-ey, meni bopladingiz-ku!» deb yelkalarini silkita-silkita kuladi, kulgani sayin vujudini ishgʻol qilgan dard toʻkilib-toʻkilib ketadi!.. Umid bunga ishonadi!..

Telefon nagʻma qildi. Umid uni qoʻlga oldi.

– Topdingmi? – shivirlab soʻradi Umid doʻsti gap boshlashini kutmay.

– Topilmaganiga qoʻymadim, topdim! – Farhodning ovozida gʻolibona koʻtarinkilik sezilib turardi. – Astoydil kirishdim-da oʻziyam! Qalovini topsang – ilonni inidan sugʻurib chiqarasan, uka!

– Uyingda oʻtirgan joyingda izquvarlik qilibsan-da? Qoyil!

– Xullas, allaqanday hujjati tayyor boʻlmagan ekan, allaqaysi idora rahbarining qabulxonasida qon boʻlib kutib oʻtirganakan. Oʻsha hujjati but boʻlmasa, samolyotga chiqarmas ekan.

– Samolyotga chiqadigan hujjati shu kungacha bitmabdimi? Ol-a!..

– Uyida qarindosh-urugʻi toʻplanib oʻtirishibdi. Hammalari xayrlashish uchun kelishgan akam bilan.

Umid Farhodning kesatishga oʻtganini sezib, jiddiylashdi.

– Farhod, men bu yerdan chiqqach, birrov uyga kirib oʻtaman, oʻzing tushunasan-ku...

Farhod tushundi.

– Mayli, bemalol kirib chiqaver, xotirjam boʻlib, keyin borarsan. Ungacha, men ham ulfatlardan biriga uchrashib kelaman.

– Bugun ulfatchilik yoʻq edi, shekil?

– Zarur ish chiqib qoldi, Aziz bilan bogʻliq!..

Azizning jonini jabborga berib boʻgʻilishlarimi yoki yuz yil muqaddam aytilgan «qalampir» gapmi – Farhodga boshqacha ta’sir qildi. Toʻsatdan u Azizning ogʻzidan chiqqanini ma’qullashga tushib ketdi.

– Aziztoy, qadrdonim, – dedi u dona-dona gapirib, – hamma hammaga xoʻjayinmi, xoʻjayin emasmi yoki boshi ogʻrimagan Umid aytmoqchi, hamma kuzatuvchimi-kuzatiluvchimi – oʻzbekcha qilib aytganda, bular qarindosh-urugʻchilik, mahalla-koʻychilik, oshna-ogʻaynigarchilik, amma-xolachilik deb ataladi. Bu odat oiladan, goʻdaklikdan boshlanadi. Bola tugʻilganidan ota-onasi uchun – bola, goʻdak! Ellikni, boringki, yuzni urib qoʻysayam, ota-onaning izmida.

– Ota-ona – kuzatuvchi, oʻgʻil-qiz – kuzatiluvchi, – ilova qildi Umid.

– Koʻchaga chiqdi deguncha qoʻni-qoʻshni, mahalla-koʻy – kuzatuvchi, odamlar – kuzatiluvchi!

– Qarindosh-urugʻ, yoru birodar – kuzatuvchi!

– Bozorda pattachi, nalogchi – nazoratchi, bizga oʻxshash bozorchilar – kuzatiluvchi!

– Ishxonada rahbar – kuzatuvchi, xodimlar – kuzatiluvchi!

– Larisa Latipovnalar – kuzatuvchi, boshqa hamma – kuzatiluvchi!..

– Haddilaringdan oshmalaring, sanayversalaring, barakasi uchadi, – dedi Farhod soʻz oʻyiniga kirishib ketgan doʻstlarini tartibga chaqirib. – Kuzatuvchining dodalari bozorda! Illo, bozordan gap ocha koʻrma! Bozor hangamalaridan boshlasam bugun tong otmaydi, ogʻayni! Tak chto, bozorda non topib yurganlarga oson tutmalaring!..

– Eng osoni va ma’quli– qonunga binoan ishlash, hech kimdan, hech qanday tekshir-tekshiru kuzatuv-muzatuvdan choʻchimay ishlayverasan.

Farhodning ochiqchasiga ensasi qotdi, u Azizning bu gapini eshit¬maganday baqrayib oʻtiraverdi. Umid Farhodning ta’bi tirriq¬lashayotganini payqadi, Aziz ogʻiz juftlaganini koʻrib turib, qoʻl koʻtarib uni gapirtirmadi. Oʻzi gapirdi:

– Qonun – kuzatuvchi, odamlar – kuzatiluvchi!

– Haddingdan oshma, qonunga til tekkizma dedim, – Farhod jiddiy¬lashib, hazil-mutoyibaga chek qoʻydi. – Aslida qonun odamlarni tekshi¬rish uchun oʻylab topilgan narsa!.. Biz bozorchilar qonundan emas, qonunni roʻkach qilib keruvchidan hayiqamiz. Ishqilib, nimani vosita qilmasin kuzatuvchi oʻzini kuzatiluvchidan zoʻr deb biladi. Bu yerda men hukmron, degan, oʻyda yuradi u.

– Hozir uchovimiz sanab oʻtgan kuzatiluvchilar bor-ku, – deya gap boshladi Umid, hazilni bas qilib. – Oʻshalarning zimmasida ayni vaqtda kuzatuvchilik vazifasi, burchi, missiyasi ham boʻladi. Faqat doim kuzatuv ostida yashaydigan odam palagʻda odamga aylanadi, undaylar oʻzgalarni kuzatuv ostiga olishga yaramaydi. Qarabsanki, oʻzi qisinib yurgan odam birovni nazorat ostiga olish u yoqda tursin, oʻzi qisinib nafas oladi, qisinib gapiradi. Oʻylovi qisingan odamning oʻzi erkin boʻlolmaydi, qisingan boʻladi unaqa odam.

Ustoz holdan toyib oʻtirgan holida ham oʻziga xos tagdor mutoyiba topishga harakat qildi.

– Taraqqiyotning sharofati, – dedi u behol va siniq jilmayib, – sochingdan oyogʻingacha kuzatuvda... Ichingga chiroq yoqib kuzatadigan asbob topishganidan keyin uyogʻini asti qoʻyaver!..

Ustozning hazili tagidagi «zil»ga shifokor yigitning fahmi yetmadi.

– Uchiga chiroq oʻrnatilgan ichakni yutganingizda ichingiz yorishgan-u, oʻzingiz sezmagansiz. – Shunday deb shifokor yigit muolajani sama¬rali yoʻlga qoʻyishda kasallikni aniqlashtirib olishning ahamiyati haqida gapga tushib ketdi. Chamasi shu bilan u tibbiyotning taraqqiy topganligidan, shifokorlarning ilmi amali oshganligidan nax urib bemorning ruhini koʻtarishga urinayotgandi. – Bu hali holva. Hozir klinikamizga yanayam zamonaviy uskunalar keltirilgan, domla rozilik bersalar, rahbarlarga aytib, ularni ham opkeltiramiz. Insonning badanida qancha a’zo boʻlsa, ularning har biri qanday ishlayapti, oʻz vazifasini qanchalik toʻgʻri va toʻla-toʻkis bajaryapti – hammasini ekran¬da koʻrsatadi. Tak chto...

Ustozning behol-bemajol gavdasi uzoq va unsiz silkinib turdi, u kishi ich-ichidan quyilib chiqayotgan kulgini bosolmayotgan, bu hol lahza sayin uni battar holdan toydirayotgani koʻrinib turardi. Nihoyat, bemorning madori qolmadi va u ohista yonboshlab yotib oldi. Umid choʻk tushgancha bemorning yelkalaridan avaylabgina tutib, uning oʻrnashib yotib olishiga koʻmaklashdi. Ustoz jiddiy tortdi. Koʻzini gʻira-shira ochib, Umidni imladi. Umid qulogʻini Ustozga yaqinlashtirdi.

– Ust-boshingga ham... ichingga ham oʻzing koʻz-quloq boʻlib yur, bolam...

Umid bir narsa esiga tushdi chogʻi, oʻrnidan turib borib deraza tokchasidagi gazeta toʻplamidan bittasini olib, varaqlashga tushdi.

– Bugun oʻqidim, – dedi u ham Ustozga, ham shifokor yigitga bir yoʻla murojaat qilib. Soʻng gazetaning kerakli sahifasini ochdi-da, oʻqishga tutindi: «Kishilarning salomatligini saqlash, xavfsizligini hamda jamoat halovatini ta’minlash maqsadlarida yaratilgan turli xil kuzatuv asboblaridan keng foydalaniladi, biroq Gʻarbda bu kabi uskunalardan aygʻoqchilik va boshqa maqsadlarda ham unumli foydalanish koʻpchilikka ma’lum haqiqatdir».

Ustoz shogirdiga yalt etib qaradi.

– Siz odamlarning odamlar tomonidan kuzatilishini, umuman inson kuzatuvchi va kuzatiluvchi mavjudot–maxluq ekanligini oʻrganmoqchisiz, kuzatishda foydalaniladigan zamonaviy uskunalarning rivojlanib ketgani esa, eh-he-e, alohida mavzu.

– Toʻgʻri, – dedi Umid bosh irgʻab. – Bularning Gʻarbda yangiligi qolmagan, bizdagi gazetalar esa hammadan keyin xuddi yangilik topgandek koʻchirib bosishadi.

Umid Ustozdan eshitganlarini oʻzinikiga qoʻshib-chatib gapirishga odatlangan edi. Oʻylay-oʻylay Ustoz uni shogirdlikka tanlab, oʻgʻlidek koʻrgani sababini ham oʻzicha talqin qildi. Axir Ustoz unga taqdim etayotgan mavzu, muammo Umidning boshidan oʻtyapti-ku?! Bundan chiqdi, Ustoz Umidning turmush sharoitini ham, uyidagi ahvoldan tortib uning fe’l-atvorigacha obdon oʻrgangan, shundan soʻnggina unga shu mavzuni ravo koʻrgan. Umid ichida yana bir bor Ustozga tan berib, bosh chayqadi... Ustozning nazari koʻz oʻngidan ketmaydigan boʻlib qoldi... Qachon, qayerda va qay alfozda boʻlmasin onasining ma’yus va dardchil nazaridan holi qololmaydi. U qoʻliga tutqazib qoʻyilgan vasiylik pattasida belgilangan shartlarga soʻzsiz rioya qiladi, mushtipar onaizorining «Opangga koʻz-quloq boʻl, bolam» degan iltijolari qulogʻining ostidan ketmaydi, oʻzi garchi Opasiga izma-iz, qadam-baqadam poyloqchilik qilsa-da, xayolining bir chekkasida Opasi uni nazardan qochirmayotgandek tuyuladi. Boshqalar bilan ishim yoʻq deb oʻylar edi Umid, shu aqidada u hech kim bilan apoq-chapoqlashmas, oshna-ogʻaynilarini koʻpaytirmas, borlarini ham uyiga boshlab kelmas, uni soʻrab eshik qoqib keladiganlar ham deyarli yoʻq edi. Faqat keyingi paytda Ustozga qattiq bogʻlangani demasa!..

Avvaliga Ustozning «ta’qib» etishi Umidga malol keldi, malol ham emas, uni oʻylagani sayin Umid oʻzini qoʻyarga joy topolmay qolar, oʻngʻaysizlanar, lekin Ustozning unga koʻrsatgan mehribonchiligi bois shekilli koʻp oʻtmay Ustozni oʻylamay yurish gʻalati tuyuladigan boʻlib qoldi. Lekin orada Kotiba qizning paydo boʻlishi hamma narsani, Umidning xayol dunyosini ostin-ustun qilib yubordi.

– Bizda hamma hammaning nazarida... – dedi oʻychan bir alfozda Umid.

Aziz ham oʻz xayollariga andarmon edi.

– Aslida bu yomon narsa emas, – dedi u, – hamma hammaning nazarida yashash bir tomondan yaxshi va toʻgʻri ham, faqat...

– Nima, faqat? – koʻzini loʻq qilib savol tashladi Farhod.

Aziz Farhodning iddaosiga e’tibor qilmay soʻzida davom etdi:

– Faqat odamlar nima derkin, meni tanigan-netganlar qilayotgan ishimga, yurish-turishimga qanday baho berarkin degan oʻy, xavotir, hadik odamni oʻz holiga qoʻymaydi, emin-erkin yurishiga, oʻziga oʻzi xoʻjayin boʻlishiga toʻsqinlik qiladi, oxir-oqibat bunday hayot tarzi odamning fikriga, oʻylariga kishan soladi. Dunyo miqyosida olsak... u tomonlarda who is who... kimning kim ekanligi bilan hech kimning ishi yoʻq... sen yolgʻizsan, odamlar ummoni ichida eson-omon qolishning birdan-bir chorasi – kuchli va mustaqil inson boʻlib yetishish!.. Nimaga qodir boʻlsang, marhamat, oʻshanga erishgin-da, mashhurlik gashtini ham suraver, aqchangni ham qurutdek sanab ol-da, qandingni ur!.. Bizdagi odatlar esa taraqqiyot yoʻlida yugurib borayotgan odamning oyogʻiga sirtmoq ildirishdek gap! Falonchi menga e’tibor qilyaptimi? Pistonchi nima deydi? deb ming yoqqa alang-jalang qilguncha boshqalar ishini bitirib, dunyoni jigʻildonidan oʻtkazib yuboryapti!

– Nazar-e’tibordan holi qolish kerak demoqchisan-da, shundaymi?

– Nazar-e’tiborga uchmaslik, unga aldanmaslik, undan hayiq¬mas¬likka odatlantirishimiz kerak, odamlarimizni!

– Buni nimadan boshlash kerak, Aziz? – savol qotdi Umid. – Boshqalarni qoʻya turaylik, oʻzing shunday yashay olasanmi?

– Yashay olaman! Yashayapman ham! Shunday yashasam va oʻzim dilimga tugib qoʻygan, koʻzlagan eng katta natijalarga erishsam odamlarga, sizlar qaygʻusini chekayotgan odamlarimizga sen bilan Farhod yopishib olgan, hayotlaringni bagʻishlagan odamgarchiliklardan koʻra koʻproq nafim, foydam tegishiga ishonaman. Nimadan boshlashga kelsak, bugun men aytsam va sen tushunsang, ertaga Farhod anglab yetsa... shu tariqa tarqaydi! Mana shunday yashash afzalroq ekanligini odamlar oʻz hayotlarida koʻradilar, iqror boʻladilar! U yoqda...

Onasi darvozadan kirib kelgan oʻgʻlini koʻrdi-yu, xoʻrligi kelib yigʻlab yubordi.

– Qayoqda qolib ketding, bolam? Qara, bor. Meni yaqin yoʻlatmayapti.

– Yaqin bormang, e’tibor beravermang dedim-ku.

– Bor, ayvonga chiq, tirqishdan qara-chi, – dedi onasi unga shipshib.

– Sekin, oyi! – qariyb jerkib yubordi Umid. – Oh-vohingizni eshitib qolsa, battar qiladi.

– Men ov-voh qilmasam, san koʻchadan beri kelmasang... Beparvo boʻlib qolyapsan, oʻgʻlim, sezib turibman. Man bir yoqli boʻlib ketsam!..

Umid bunday paytlardagi onasining diydiyolariga eti qotib ketgandi. Shu safar u kasali tutgan Opasiga atayin odatdagidek e’tibor qilmaslikni, ya’ni uni izidan qolmay, poyloqchilik qilmasligini, shu bilan uni oʻz holiga qoʻyishni sinovdan oʻtkazayotganini onasiga tushuntirgisi kelmayotgan edi, U ayvonga chiqib borsa qaytanga ishning pachavasi chiqishi muqarrarligini bilardi, faqat buyoqda onasining koʻnglini oʻksitmaslik uchun ham... Shu payt Opasining xonasida nimadir gursilladi, ketidan chinni idishning sharaqlab tushib, chil-chil singani eshitildi.

Opasi qozonni boshi uzra koʻtarib tokchaga otgan shekilli, Umid ayvonga irgʻib chiqib borib, sezdirmaygina eshik tirqishidan moʻralaganida Opasi hamon ikki qoʻlini boshi tepasida koʻtarganicha devor tomonga xezlanib, oyogʻi ostiga chil-chil boʻlib tushgan chinni parchalariga gʻolibona angrayib turardi.

Opasi kapgir qirrasi bilan tokcha devorini urishga tushdi. Umid moʻralab turgan eshik tirqishidan oppoq gʻubor pagʻa-pagʻa boʻlib, sizib- sirgʻalib chiqa boshladi. Opasi oʻqchib yoʻtaldi.

– Roʻzgʻorimmi boʻlak qilaman! Koʻrsatib qoʻyaman, senlarga!..

Opasi shunday deb javraganicha qozonni tokchaga qoʻydi, uning tegrasiga kosalarni qatorlashtirib terdi.

– Oʻchoqni shetga quraman!.. Qozonni toʻldirib-toʻldirib ovqatlar pishiraman! Koʻrasanlar hali!..

U shunday deb ulgurmay, qoʻlida gugurt paydo boʻldi. Umid choʻchib tushdi. Nima qilishini bilmay, orqaga alangladi. Onasi ayvonga chiqqan, oʻgʻlining orqasidan kelib ming xavotirda vujudi quloqqa aylanib turardi. Ichkarida gugurt chaqildi.

– Gugurtni berkitib yuring degandim-ku, oyi!..

– Voy, shoʻrim qursin!.. Qattan oganini bilmasam!..

Umid zudlik bilan bir qarorga kelishi, qanday boʻlmasin, ichkariga kirib Opasining qoʻlidan gugurtni tortib olishi yoxud aldab-suldab boʻlsa-da, uning gugurt chertishiga yoʻl qoʻymasligi kerak edi. Shu payt mutlaqo kutilmagan favqulodda voqea yuz berdi!

Aziz xorijda orttirib kelgan qarashlaridan qaytadiganga oʻxsha¬madi-yu, vaziyatni keskinlashtirmay Farhodning tutunini pasaytirish epini ham topdi.

– Men ham oʻzbekman, oʻzbekchilikdan kechish niyatim yoʻq, – dedi u koʻksiga mushtlab. – Bunday kazzoblik mening qoʻlimdan kelmaydi.

– Otib tashlashimdan qoʻrqding-a? – boyagindan ancha yumshab tir¬jaydi Farhod.

– Sendek qiyomatli doʻstimning koʻngli otishni tusagan boʻlsa, men tayyor! – deb yubordi Aziz tantanavor ohangda. – Shartta otib tashla, gʻring degan nomard!

– Ana – oʻzbek, mana – oʻzbek! – Ha-xolab Azizni quchoqlab oldi Farhod.

– Mard yigitning odamgarchiligi mana shunaqa boʻladi. Toʻgʻrimi, uka?!

U shunday deb Umidning yelkasiga kafti bilan urdi. Umid kulim¬siradi.

– Tirjayib qutilasan-a, ayyor! Biror narsa de, gapir!

Umid Farhodning talabini yerda qoldirmadi.

– Oʻzbek odamgarchilik yoʻlida ham oʻlib ketaveradi...

Umid bir oʻq bilan ikki quyonni moʻljalga olgan, zero u oʻzicha Azizning gʻoyalariga ham, Farhodning norozilanishlariga ham toʻla qoʻshilmagan, har qanday ikki xil toʻgʻri qarashdan uchinchi bir yanada tesha tegmagan oqilona yoʻlni topish mumkin degan aqidasidan kecholmayotgan edi...

Azizga qolsa, Umid... onasining koʻzyoshlarini, ojizona iltijo¬larini e’tiborsiz qoldirishi, Opasining jununi tutgan paytlar... u sogʻligida ukasidan mehrini ayamaydi... Otalik qilayotgan Ustozdan voz kechishi, uning tepasida yuragini zardobga toʻldirib oʻtirishdan koʻra, ilmini puxtalashtirish yoʻlini oʻylashi... hatto Kotibaning bahridan... «Musofirchilikda yurib, uylanishni unutib yuborma, tagʻin» dedi Umid doʻstiga samimiy tanbeh berib. Azizning javobidan hayratga tushdi. «Toʻgʻrisini aytsam, oila qurishni xayolimga ham keltirmadim.

Oʻylasam, yuragim uvishadi, chunki, uylansang, tamom, xotin, bola-chaqaning kamiga ilinasan!» Umid Kotibaga oshiqu beqaror boʻlib qolganini yashirmadi, Aziz juda sovuqqonlik bilan yaxshi, degan ma’noda bosh irgʻadi. «Sevish-sevilishga nima yetsin, bu har kimga ham nasib etavermaydigan moʻ’jiza, lekin uning iskanjasiga bir ilindingmi, umring boʻyi undan qutilolmay xasratda oʻtasan. Buyogʻini ham unutma, ogʻayni!» Demak, Umid Kotibaning bahridan... qabulxonada oʻrnidan qad rostlab, oʻziga iltijo, mehr-shafqat bilan tikilib-termilgan nigohlari bilan uning ustidan bosib tushayotgan togʻdek yukdan xalos qilgan Kotibaning... Ustozning xastaligidan oʻziga sirdosh tutib boxabar qilgan, hushi qolib, tushlariga kirib chiqayotgan Kotibaning... Onasidek mehribonlik bilan «ovqatlanib oling» degan, uni koʻrganda oʻzini yoʻqotib qoʻyayotgan, xayolini bir zum boʻlsa-da, tark etmayotgan, tasavvurida hatto hovlisiga, uyiga borib, u bilan yonma-yon yurgan, turgan hushi qolib, tushlariga kirib chiqayotgan Kotibaning bahridan oʻtishi!.. Olim boʻlish yoʻlida barchasidan voz kechishi!.. Aziz! Aziz doʻstim, qayoqdagi gʻalvalarni matoh deya koʻtarib kelding, bizga, ogʻayni?!

Oraga tushgan jimlik toʻfon boʻsagʻasidagi qaltis va omonat sukunat ekanini Umid sezib turgandi. Aziz nima desa barini ma’qullashga oʻtgan Farhodning kutilmaganda muloyimlashib, ichida yigʻib turgan zahrini purkash mavridini oʻgʻri mushukday pusib poylayotganini ham taxmin qilib turgandi. Oʻylagandek ham boʻldi.

– Azizboy, ogʻayni, – dedi Farhod tamoman aqldan ozgan odamni insofga chorlayotgan ohangda yasama bosiqlik bilan, – inson inson boʻlibdiki, bir biridan andoza olib yashaydi,bir biriga oʻrgatadi, bir birini tarbiyalaydi. Nazorat deysanmi buni, oyogʻiga urilgan kishan deysanmi – ixtiyoring, lekin oʻzbek shunday ya-shay-dd-i! Oʻzbekchilikni, oʻzbekona odamgarchilikni chidaganga chiqargan!.. Hech kim hech kim bilan ishi boʻlmaslik, har kim hushiga kelgan noma’qul buzoqning tezagini titib yuraverishi... gapning oʻgʻil bolasini aytsam, bola-chaqadan, ota-onadan voz kechish evaziga erishiladigan va sen maqtayotgan oʻsha tezlikning ham, shiddatning ham taraqqiyotiga qoʻshib aftiga tupurdim! Erishgan taraqqiyotiga qoʻshmozor qiladi, oʻshalaringni, xudo, tushundingmi?! Oʻzbek ikki dunyodayam sen osmonga koʻtarayotgan, aql-hushingni oʻgʻirlagan yoʻlga yurmaydi. Qayerda yashash ixtiyoring, illo-billo bu gaplarimni qulogʻingga quyib ol, bola!..

– Ogʻir bemorlar yotadigan palatalar bor-ku, – dedi Ustoz roʻparasida yoki yonginasida oʻtirgan kishilarga ortiqcha e’tibor ham qilmay qoʻygan kunlarning birida, – reanimatsiya deyisharmidi?.. Menga qolsa, oʻshanday palatalar shiftini gumbazli osmon qilib ishlashsa...

Umid jimgina Ustozdan koʻz uzmay oʻtiraverdi. Ustoz birmuncha fursat jim boʻlib qoldi. Chamasi u boshlagan gapining mazmunini unutib qoʻy¬gandek edi. Umid avvaliga savolnazari bilan qaradi-yu, bemorni ortiq urintirmaslik niyatida indamay qoʻya qoldi. Shunda Ustoz gapining davomini topdi:

– Aytmoqchimanki, oʻsha gumbazga yulduzlar surati tushirilsa, ogʻir yotgan odamning xayoli osmonga, yulduzlarga ketadi... Har kimni koʻkda oʻz yulduzi kuzatib turgan boʻladi. Odamlarga aytolmay, oshkor etolmay ichingda qolgan gap-soʻzlaringni, orzu-niyatlaringni bor-boricha oʻsha yulduzlarga toʻkib solasan, ular jimgina tinglaydi, ra’yingni qaytar¬maydi, sazangni oʻldirmaydi, termile-eb seni kuzatib miltirab tura¬veradi... mayli-da, ancha yengil tortasan...

Yana, menga qara, – dedi qariyb dagʻdagʻa bilan Farhod zabtiga olib, – «bu yoqda», «u yoqda» deb ja katta ketaverma! Aslini aytadigan boʻlsak, har bir odammi izidan tushib, poylash oʻsha sening yurtingdan chiqqan! Odamlarni poylash, bosgan qadamini kuzatish, ogʻzidan chiqqanini xufyona yozib olish – ta’qib etish uskunalarining eng dodalarini ham oʻsha tomonlarda oʻylab topishgan. Toʻgʻrimi?!

Umid munozara dahanaki jangga aylanib ketishidan xavotirda gapni hazilga burdi:

– Farhod ham uncha-muncha xalqaro sharhlovchidan kam emas, – dedi kulib. – Uyida televizorga yopishib olib, hamma narsani bilib yotadi. Haqiqatni aytganda, har bir odamni ta’qib etish, kuzatishni qoʻya turaylik, ogʻayni, oʻsha sen maqtayotgan davlating yer yuzidagi hamma davlatlarni tepasida turgan kuzatuvchiga aylanib olmoqchi-yu! Burnini suqmagan joy qolmadi yer yuzida!

Aziz qah-qah otib kulib yubordi.

– Nega mening davlatim boʻladi, Farhod?! Nega mening yurtim boʻladi u tomon, Umid?! Sal oʻylab gapirsalaring-chi!

– Oʻzing...

– Aziz Farhodni gapirgani qoʻymadi.

– Gunohim uch yilga oʻsha yoqlarga borib kelganimmi?! Koʻrgan-netganimmi senlarga gapirib berganimmi?! Shuning uchun meni ona yurtimdan badargʻa qilmoqchimisanlar?! Mendan yuz oʻgirmoqchimisanlar?!

– Baribir ovqat pishiraman!.. Qozonni toʻldirib pishiraman!..

Opasi shunday deya qozonni tokchadan olib, uni devor poyiga taqab oʻrnatdi, choʻk tushdi-da, bir parcha qogʻozni gʻijimlab uni yoqishga tutindi. Umidning qoʻli beixtiyor eshikka tegib ketdi.

– Izimdan poylab oʻl-a! Hu, turqing qursin, iskovuch!..

Opasi shunday deb keskin qad rostlamoqchi boʻldi-yu, qalqib ketib, joyiga oʻtirib qoldi. Kapgirni olib, oʻtirgan joyidan quruq qozonni daranglatib kavlashga tushdi. Bu orada Umid ichkariga moʻralab ulgurgan, lekin u yoqqa qadam bosishga jazm qilmagan edi. Kutilmaganda... Opasi oʻtirgan joyida bir nuqtaga tikilganicha xiyla fursat jim qoldi, shu holida u qotirib qoʻyilgan jonsiz tanaga oʻxshar edi. Umid Opasi yana qancha vaqtgacha qimir etmasligini oʻzicha taxmin qilib chamalayotganida Opasi goʻyo boshi qattiq ogʻrigan odamdek ikki kaftini ikki chakkasiga bosganicha koʻzlarini chirt yumdi, boshini orqaga tashladi, koʻzini ochdi-yu, bu safar kaftlarini koʻzlariga bosdi. Umid Opasining bunday xatti-harakatini birinchi bor koʻrishi edi, eshik tirqishidan ichkariga kirib ketgudek alfozda tumshugʻi, basharasi bilan eshikka tirgʻaldi.

– Keldingmi, Umid, ke...

Opasining tovushi shu qadar muloyim eshitildiki, azabroyi Umidning yuragi ezilib ketdi. Opasining shu ikki ogʻiz soʻzida ham iltijo, ham boyagina aytgan haqoratlari uchun xijolatvozlik, ham... havas ohangi bor edi. – Kiraver, ukam, yeb qoʻymayman. Yoningdan ketmay qoldi-ku, yaxshi qiz ekan, qoʻrqmay kelaversin...

Umid lom-mim deyolmadi, hali hech kimga oshkor qilmagan, hatto onasi ham ravshanroq sezmagan «yonidagi»ni, mana, Opasi xuddi koʻrgan, bilgan, tanigandek aytib turibdi! Umid Opasiga ma’qul keladigan soʻz topishni oʻylayotib, oyogʻining yonginasida yotgan gugurtni sezdirmay olishni moʻljalladi. Biroq u bunga jazm etib ulgurmay Opasi boyagi-boyagi alfozda oʻtirgan joyidan gugurtni olib, ukasining qoʻliga tutqazdi. Uning xayoli hamon tiniqlashmagan edi, parishonligi koʻzidan sezilib turgandi. Umid gugurtni kaftida tutganicha, uni yashirishga shoshilmadi. Chunki uning har bir xatti-harakati, koʻz qarashi, hatto xayolidan kechayotganlari Opasiga qattiq ta’sir qilishini yaxshi bilardi.

– Men tuzalib qoldim, Umid, – dedi Opasi boshini quyi egib mahzun tovushda, – hammalaring kiraveringlar, ovqat suzib beraman...

Vaqt allamahal boʻlib qolganiga qaramay Umid Aziznikiga yetib borganida hovli charogʻon va gavjum edi. Chamasi Aziz ham ancha hayallab endigina kirib kelgan chogʻi, uni kutaverib toqati toq boʻlgan qarindosh-urugʻ, yor-birodarlar uni oʻrtaga olishgan, biri olib-biri qoʻyib chekka-chekkadan savol yogʻdirishar, Aziz shunchalik toliqqan ediki, ularning hech biriga yolchitib javob berolmayotgandi.

Umid esa... Opasidagi oʻzgarishni koʻrgan koʻzlariga, gapini eshitgan quloqlariga ishonolmayotgandi. Nahotki, Kotibadan xabar topgan, nahotki, Umidning hardamxayol boʻlib yurishlaridan koʻngli sezgan boʻlsa?! Kelinning poyqadami yoqib, Opasi tuzalib ketsa-chi!.. Qoʻrqmay kelaversin, dedi, demak, Opasi Umidning uylanishiga qarshi emas, unga toʻsqinlik qilmaydi, balki kelin tushishini orzu qilayotgandek!..

Aziz qolib, hammani oʻziga qaratib oʻtirgan Farhodning ogʻzi qulogʻida ekani darhol sezildi. Umid soʻramasa-da, Farhod buning boisini tushuntira ketdi:

– Yoru doʻstlarning koʻpligi shunday paytlarda ish beradi, uka, – dedi u Umidga. – Akam hujjatlarni topshirib qoʻyibdilar-da, buyogʻi qonuniy bitaveradi de-eb yuraveribdilar! Bir oyda ham navbat kelmagan! Man aytib qoʻya qolay, umringni oxirigacha kut, navbat kemaydi ham!.. Voh-ho, hey-y!.. Bitta pechat deb, akam yoʻldan qolib ketardi, oʻziyam!..

– Pechatni sen qoʻyib berdingmi? – istehzo aralash soʻradi Umid.

– Toʻgʻirladim-da, ishqilib. Yangi ulfatlardan birining amakisi oʻsha idora kattasi bilan oshna deb eshitgandim. Dangaliga bordim. Ish xalta dedim. Gap yoʻq dedi. Samolyot uchishiga toʻrt soat qolganda Aziztoyning hujjatiga pechat yumshoqqina qilib bosildi.

Bir favqulodda holat boshqasini yetaklab keladi degan gapning qanchalar toʻgʻri ekanini Umid oʻz tajribasida boshidan oʻtkazdi. U Opasidagi oʻzgarishdan hamon oʻzini qoʻyarga joy topolmas, uni birovga aytishga ham shoshilmayotgan edi, bir koʻngli Ustozdan xavotiri arimagan boʻlsa-da, qiyomatli doʻsti bilan olis safar oldidan xayrlashib qoʻyish niyatida nihoyat Azizlarnikiga yetib kelganiga xursand, shu kayfiyatda xayollarini yigʻolmay Farhodning hangomalarini e’tiborsiz tinglab oʻtirganida telefon ovoz berdi. Kim qilyapti? Onasi emasdir? Farhod shu yerda, boshqa... tinchlik boʻlsin-da, ishqilib!.. Ustozning uyidan boʻlsa-chi?.. Xudo saqlasin!.. Xayoliga kelgan oʻydan Umidning yuragi qinidan chiqib ketayozdi. Shoshilib, hatto telefon oynasiga koʻz yugurtirmay, uning qulogʻini ochdi.

– Labbay!

– Umid aka!..

Umid turgan joyida qotib qoldi. Asta-asta yurib, oʻzini odamlardan chetga oldi.

– S... siz... Sizmi? Men oʻzimman. Gapiravering, eshityapman, gapiravering!..

– Umid aka, – Kotiba qiz, u ham hayajonlandimi yoxud yigʻlamsi¬ra¬dimi, Umid shoshganidan tushunolmadi, diqqatini jamlashga harakat qilib, quloq soldi. Qiz zumda oʻzini qoʻlga olib, aytdi: – Opoqi qoʻngʻi¬roq qildilar, tezda uylariga yetib borar ekansiz!..

Umidning koʻz oldida novcha doʻxtir yigitning boʻy-basti paydo boʻldi. Opoqi uni birinchi safar, «Markazning bannisasidan, domlaga biriktirilgan doʻxtir» deb tanishtirganidan buyon yaxshi biladi, oʻsha-oʻsha doʻxtir yigit bilan koʻp-koʻp muloqotda boʻldi, uning oʻz kasbini pux¬ta egallagani, bosiq va sinchkovligiga Umid koʻp guvoh boʻldi. Nega u kecha yo bugun Ustozdan xabar olmadi? Bemorning ahvoli oldinga qaray¬diganga oʻxshamayapti.

Umid Farhod va Aziz bilan yonboshla-ab otamlashish uyoqda tursin, ular bilan bemalolroq gaplasha olmadi. Ayniqsa Kotibaning qoʻngʻi¬rogʻidan keyin u tamom oʻzini yoʻqotib qoʻydi. Azizning oʻzi ham gurung¬lashadigan ahvolda emasdi, buning ustiga, hademay yoʻlga otlanishi, unga qadar yuklarini tartibga keltirishi kerak, buyoqda onasi shoʻrlik kelganingdan beri toʻyib gaplasha olmadim-a, oʻgʻlim, deb koʻz yoshi qilib oldi.

Aziz Umidni koʻchaga kuzatib chiqdi. Quchoqlashib, xayrlashishdi.

– Yur, olib ketaman, – dedi Aziz hazillashib. – Dunyo juda keng, ogʻayni...

Umid Ustozning uyiga yeta-etgunicha shuni oʻylab bordi. Darhaqiqat, nega biron marta chet yurtlarga borishni koʻngli tusamadi? Oʻylab koʻrmadi, havas ham qilmadi? Aziz tengquri, oʻzi bilan birga ulgʻaydi, hayotda yoʻlini topib oldi. Yoʻlini topganmikan? U asli shunday: doim hech kimning xayoliga kelmagan bir gʻalvani boshlab yuradi. Xorijda, musofirchilikda nimalar qilib tentirab yuribdi? Boya kimdir soʻradi-ya: topish-tutishingni tayini boʻlmasa uyoqlarda nimalar qilib yuribsan oʻzi, Aziz deb. Darvoqe, Umid ham, Farhod ham shuni soʻrab-netishmadi. Nima qilib yuribdi, Aziz musofirchilikda?.. Ikki hafta burun uchrashishganda Umid shunga yaqin savol qotdi. Oʻzim ham bilmayman, dedi Aziz. Bir oz oʻtib, toʻsatdan oʻzi xuddi endi anglab yetgan yangilikni aytayotgandek chiroyi ochilib dedi: u yerda meni kuzatuvchilar yoʻq. Hech kimning men bilan ishi yoʻq. Men oʻzimga oʻzim xoʻjayinman. Falonchi nima derkin, falonchiga yoqarmikan-yoqmasmikan, degan tushunchalarni unutib ham yuborasan, buning zavqini tushuntirib berolmayman, Umid...

Talabalik yillari Katta choʻlga paxta terimiga borishgan. Kunda-kunora barakda Azizni izlab qolishar, saboqdoshlar orasida oʻrnatilgan qattiq tartib-intizomga, ustma-ust berilayotgan tanbehu ogohlantirishlarga qaramay, Aziz yana tuman yo viloyat markaziga ketib qolaverar edi. Uyoqlarda nima qilasan, sandiroqlab Aziz, deb soʻradi, bir kuni Umid. Aziz aytdi – rayon markazimi, oblast markazimi ahamiyati yoʻq, muhimi seni hech kim tanimaydigan, birortayam tanish-bilish boʻlmagan joylarda yursang oʻzingni mutlaqo boshqacha his qilasan, odam!.. Demak, bundan chiqdi, Aziz oʻzi bilmagan, anglab yetmagan holda, mana endi Ustozni oʻylantirayotgan Umid oʻrganishga chogʻlanayotgan bir holatni oʻzida sinab koʻrgan, hamon sinashda davom etmoqda.

– Ustozingni Kotibasiga shunchalik ishqing tushibdi, qandingni ur, sevgi-muhabbat odamni boshqa barcha mashmashalardan xalos etadi, – dedi Aziz. Bu gapni u Umidga havasi kelib aytgandek tuyuldi.

– Rahmat, – deb ogʻzining tanobi qochdi Umidning. Biroq Azizning gapi tugamagan ekan.

– Dunyoning tashvishlaridan qutqarishga qutqaradi-yu, uning oʻzi dunyoga sigʻmaydigan gʻalva, iztiroblarga duchor qiladi odamni...

– Doʻstining gapi qanchalik ogʻir botmasin, haqqi rost, Umid buni koʻrib-bilib yuribdi: hamma oʻy-tashvishlari ham bir, Kotiba qiz oʻgʻirlagan xayollari ham bir!.. Uning diydoriga yetishish uchun Umid boshqa har qanday aziz narsasini boy berishga tayyor!..

U butun diqqat-e’tiboriyu sa’y-harakatini bir narsaga bagʻishla¬moqchi, shu yoʻlda, Aziz doʻsti uqdirmoqchi boʻlayotganidek, hech narsaga chalgʻimaslikka, oʻzini shu maqsadga bagʻishlamoqchi va odamlardan kuzatuvchimisiz yo kuzatiluvchimisiz deya soʻramoqchi, shu birgina savolni «Ust-boshingizga qarab qoʻying degandek juda oddiy, joʻn va kundalik savolga aylantirmoqchi, nasib etsa odamlarni hamisha ushbu savolga javobi tayyor boʻlmoqlikka undamoqchi, odatlantirmoqchi edi... Opasiga vasiylik, ya’ni poyloqchilik, ya’ni kuzatuvchilik burchi haqida... unday desa, chuqurroq oʻylab koʻrsa, u Opasini emas, Opasi uni koʻproq, sinchkovroq kuzatishini sezib qoldi, buyoqda onasi, Ustozi, qolaversa, jonajon doʻsti Farhod ham uni holi-joniga qoʻymay kuzatishi, Umid ular uchun kuzatiluvchi ekanligi – Umid bularning hech biridan xalos boʻlib, oʻzini ulardan daxlsiz his eta olmasligini oʻylab, axir onasining iltijolari qulogʻida, fikr-xayoli Opasida, Ustozning tepasidan jilayotgani yoʻq, qiyomatli doʻstlari bilan odatdagidek hamnafas, faqat shunday bir paytda favqulodda moʻ’jiza yuz berdi!.. Bu moʻ’jiza Umidning tamomila oʻziga bandi qildi-qoʻydi!.. Buni birinchi boʻlib Opasi sezdi, topib aytdi u – faqat Kotiba qiz uning yonida emas, ichiga – vujud-vujudiga singib ketdi, fikri xayoliga, nafasiga aylandi!..

– Siz, – dedi Umid qizga yasama oʻqrayib.

– Siz oʻzingiz, – dedi Kotiba qiz oʻpkalanib.

– Siz!! – deb yuborishdi ular bir-birlariga va baravariga qah-qah otib kulib yuborishdi...

Umid shoshganicha Ustozning hovlisiga kirib keldi, toʻxtamay yurib borarkan, opoqi bilan kampirning ravonda – bemor yotgan karavot tepasida kuymalanishib turishganini koʻrdi. Opoqi Umidning sharpasini sezdi-yu, piqillab yigʻlab yubordi. Umid Ustozning katta-katta ochilgan va lekin hech bir ma’noni uqish qiyin boʻlgan koʻzlariga qarab qoʻrqib ketdi. Gapiray degandi, tili kalimaga kelmadi.

– Kelaqolinglar! – dedi opoqi hovli tomonga qarab.

Ravonga avval keksa yoshdagi oq sochli kishi, izidan novcha doʻxtir yigit kirishdi. Keksa kishi vazmin qadamlar bilan bemorning tepasiga bordi, doʻxtir yigit koʻzini bemordan uzmay bosh egib karavot yonida ukasining yelkasiga kaftini bosib turgan kampirga salom berdi. Kampir betini ters burdi, uning umid iplari uzilgan qarashlarida «Senlar uddasidan chiqadigan yumush qolmadi» degan achchiq iddaoni uqish mumkin edi.

Novcha doʻxtir yigit shoshilinch jomadonchasini ochib, undan allaqan¬day asbob-anjomlarini chiqarib, oq sochli kishiga uzatdi. U kishi kerak emas degan ma’noda bosh chayqadi. Shifokor yigitning shundayiga ham oftob koʻrmagan betidan battar qon qochdi.

Umidning vujudini qoʻrquv qamrab oldi. U oʻziga oʻzi judayam ojiz, bechora tuyilib ketdi. Nima qilish kerak?! Qanday voqea yuz beryapti? Nima boʻladi endi?! Shartta ravondan, soʻng hovlidan chiqib duch kelgan tomonga qochib ketsa-chi? Ustozning shu ahvolini koʻrmasa, hech narsani eshitmasa?! Qochib chiqsa-yu, hamma-hammasini unutsa?.. Koʻziga hech narsa koʻrinmasa... Koʻrinmasa... Koʻzlariga...

– Juda gʻalati boʻlgan-a, Umid aka! Tavba, ichkaridan shunday bir ahvolda chiqib keldingiz-u, sizga qaraganimcha oʻzim ham koʻz uzolmay qolibman! Siz oʻzingiz ham churq etmay qarab turavergansiz-a?

– Xalal bermay deganman...

– Nimaga xalal bermay degansiz?

– Farishtalarga... Oʻsha jim boʻlib bir-birimizga tikilib, termilib qolganimizda farishtalar ikkovimizning qalblarimizni qovushtirib qoʻyishayotganini sezgandayman. Oʻshalarga xalal bermay deganman!..

Hovlidagi soʻri yonida paydo boʻlgan koʻlaganing Maqsud ekanligini Umid bir qarashda tanidi. Maqsud shoshilib, lekin shovqinsiz yurib kelib, oʻzini ravonga urdi. Hech kimga qaramay, toʻgʻri otasining yoniga kelib choʻk tushdi.

– Dada!..

Maqsudning tovushi boʻgʻildi. U dik etib turib eshik tomon yugurdi. Ostonada paydo boʻlgan qora soqolli, basavlat, uzun chakmon kiygan, koʻk doʻppili moʻysafid domlani ichkariga shoshirdi. Uni koʻrgan ayollar izma-iz ravonni tark etishdi. Moʻysafid vazmin yurib, bemorning tepasiga bordi. Ikki barmogʻining sirtini Ustozning manglayiga tekki¬zib, issigʻini bilmoqchidek bir zum jim qoldi. Bemorning ogʻir-ogʻir, uzuq-yuluq nafas olishiga razm soldi. Yer ostidan shifokor yigitga nazar tashladi. Shifokor yigit qoʻlini qovushtirganicha oʻzini chetga olgan, boyagindan koʻra xiyla xomush tortgan, bu orada oq sochli keksa kishi tash¬qa¬riga chiqdimi, ravonda koʻrinmay qolgan edi.

Moʻysafid domla xontaxta yonidagi koʻrpachaga choʻk tushganicha ovozini pastlatib, oʻziga oʻzi gapirayotgandek pichirladi:

– Har jonning izni oʻzingda, parvardigor... Bor qilguvchi ham, yoʻq qilguvchi ham oʻzing...

Umid yalt etib domlaga qaradi. Moʻysafid unga e’tibor qilmadi. Yarim tun sukunatiga ozor yetkazmaygina jaranglay boshlagan sadoni eshitgan Umidning a’zoi badani jimirlab ketdi:

Ya-si-in-n. Val qur’anil haki-i-m-m...