OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXurshid Doʻstmuhammad
Asar nomiToʻxtaboyning boyliklari (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Xurshid Doʻstmuhammad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm52KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Toʻxtaboyning boyliklari (hikoya)
Xurshid Doʻstmuhammad

— Zulfi-i! Ho, Zulfiyaxon! Chiqaqoling, sevinchli xabar kep qoldi!
— Hozir, ona, hozir chiqaman.

Zulfiyaning tovushi qoʻngʻiroqdek jaranglab chiqqan boʻlsada, uning oʻzi hiyla parishonxayol edi. Kundoshlarining yonida sir boy bermaydi, shu bois qanday boʻlmasin chehrasidan tabassum arimaydi. Ularning ra’yiga qaramogʻi lozim, ulardan hushyor yurmogʻi lozim, ular bilan orani buzmasligi shart... ammo-lekin har nima qilganda ham ayol ayolda: Zulfiya ikkala kundoshidan oʻzining yoshligi, qolaversa... sambit novdaday raso boʻy-basti, suqsurday chiroyi bilan boyga suyukliroq ekanligini ham yaxshi his qiladi, vaqti-bevaqt shu borada tili uzunligini koʻz-koʻz qilish ilinjida kiborli yurishlaru, bepisand boqishlar qilib qoʻyar, uning bunday qiligʻidan Adolatning ich-eti qirilib tushayotganini sezib, quvonchidan qarsak chalib yuborishdan bazoʻr oʻzini tiyar edi. Oʻrni kelganda Adolat ham yaxshillatib ignasini sanchib olar, Zulfiyaning tugʻmasligini kishi bilmas pichinglar bilan betiga solar edi.

Tavba... Zulfiya qizlik chogʻi oʻzidan ikki yosh katta Adolat bilan Oliya otinda tahsil olgan, negadir u bilan janjallashgani-janjallashgan, otin oyi, «Ho-oy, Zulfi, ho-oy Adol, nima balo, kundoshmisanlar, yumdalashganing yumdalashgan!» deya chakak qokqani qoqqan edi. Farishtalar «omin» degan ekan, taqdir ularni bir erga xotin qildi...

Ular orasidagi pinhona «jang»lar bir safar oshkor toʻqnashuvga aylandi. Nima boʻldiyu, uyda oʻzlaridan boshqa hech zot yoʻqligidan foydalanishdimi, ikki kundoshning dilidagi tiliga koʻchdi: Zulfiya boyning suyukli kenja xotini ekanini pesh qildi, Adolat uning tirnoqqa zorligini «fosh» qildi. Shunda Zulfiya kundoshining bu boradagi sevinchini ham chippakka chiqardi:
— Kuz kelsin, qoʻchqorday oʻgʻil tugʻib bermasam, otimmi boshqa qoʻyaman! Ha-a, alamingdan yorilib oʻlarsan, oʻshanda!..

Adolat hang-mang boʻlib qoldi, ishonib-ishonmay kundoshining qorniga angraydi, soʻng oʻzining gʻaflatda qolganini sezdi shekilli, bir narsani shoshilinch olib chiqqani zipillab yurib uyiga kirdi. Allanimalar deya vaysadi-vaysadi-da, oxiri yiggʻamsirab qargʻadi:
— Yoʻqol, mahallangga yoʻqol!

Zulfiya dabdurustdan qargʻinishning ma’nosiga tushunmagan boʻlsa-da, boʻsh kelmadi. Deraza yoniga yaqinlashdi-da, ovozini baralla qoʻyib alamini oldi:
— Ja, bilging kelayotgan boʻlsa, tarozini obke, toj-taxtimizzi bir tortib koʻramiz! Yoʻqol kimligini oʻshanda bilasan! Hu-u, zoti past!..

Bu janjal Maktabxon onaning qulogʻiga qaydan yetdi — Zulfiya oʻylab-oʻylab topolmadi. Ona Adolatga nelar deb tanbeh bergan-bermagani unga qorongʻi, lekin bir oqshom suhbat orasida Zulfiyaga yotigʻi bilan nasihat qildi:
— Zulfiyaxon, bolam, kibor — kibrdandir, kibr — haromdir... Ilohim, Boy ogʻamizniig davlati ziyoda boʻlsin, manashi «Nasyonal» mehmonxonasining barcha jihozini Polshadan keltirdilar... Hammamizga yetib ortadi... Xonadonimizga harom oralasa barchamiz koʻr boʻlamiz.

Zulfiya odam boʻyiga ikki baravar keladigan toshoynadan oʻziga qarab turgan oppoq, yuzi xiyol choʻziq, rangi tiniq, qorni doʻppaygan qoʻhlik juvonni bosh-oyoq kuzatib turib, oʻsha-oʻsha, Adolat bilan qaytib qirpichoq boʻlmaganiga ichdan sevindi. Moviy koʻzlarida yiltillay boshlagan yoshni shoshilib artdi.
— Kichik oyi-i!
— Chiqvomman, Salomatxon, — dedi Zulfiya Adolatning ikkinchi qizini ovozidan tanib.

Zulfiya ogʻir-vazmin qadam bosib ayvonga chiqqan edi, Salomat yugurib kelib uning qoʻlidan tutdi.
— Otamchi, hayitga yangn koʻylak tiktiringlar deb gazlama daftarini kiritibdilar. Voy, shunaqayam koʻpki-i!..

U xabar berdi-yu, sabri yetmay yana yugurib, bosh koʻtarmay daftar varaqlab oʻtirgan Muborak opasining tepasiga bordi.

Zulfiya Maktabxon onaning chap tomoniga borib ohista choʻqdi.
— Muborakxon, qizim, daftarni berchi, avval biz koʻrayli, keyin san singling bilan tanliysan.

Muborak daftarni Maktabxon opaga uzatdi. Ona daftgarni bir boshdan varaqlay turib, «Mana, mana-a» deb qoʻyar, uch-toʻrt varaq oʻtgach, «Yoqadimi, taalanglar» deb ikki biqiniga sukilib oʻtirgan kundoshlariga qarab qoʻyardi.
— Ovvoloom sizga tanliymiz, opa, — dedi Adolat toʻngʻich kundoshning hurmatini saqlab. — Ke, Mubor, silar ham tanlashasilar.
— Oʻng qoʻl vazirlarga xon atlas yarashadi-da! — dedi kulgisini yashirib Muborak.

Toʻxtaboy, «Maktabdosh — oʻng qoʻl vazirim»degashni xonadon azolarining kattayu kichigi eshitgan, shu bois Muborak shunga shama qilayotganini sezgan kundoshlar orasida yengil kulgi koʻtarildi.
— Oʻrischa tahsilga qatnab tiling chiqib qoldi-ya, sen qiznng! — Dedi Maktabxon ona koʻzoynagi ostidan kiziga hayrondaka oʻqrayib.

Muborak katta onasining jigʻiga tegishni davom ettirdi:
— Xon atlas boʻlganda ham koʻsh etakli boʻlsa, xoʻp, yarashadi-da!
— Ke-ke, oldin senga tanlaymiz, — dedi Maktabxon ona yon berib. — Anuv, doʻpir-doʻngʻiringni chalish uchun ham alohida koʻylak soʻrarsan?
— Boʻlmasa-chi! — Muborak shunday deb yugurib keldi-da, katta onasi bilan kichik onasi orasiga suqulib daftarga engashdi. — Zulfi onam menga mosini tanlab beradilar!

Zulfiya gapga chechan, endi-endi oʻris tilini oʻrganayotgan, hatto Varshavadan maxsus keltirilgan pianinoda koʻy chalishni mashq qila boshlagan bu quvnoq qizni astoydil yaxshi koʻrar, u ham boshqalarga aytilmaydigan sirlarini kichik onasi — Zulfiya bilan baham koʻrar edi. Shunaday boʻlsada, hozir Maktabxon onaning hurmatini saqlash lozimligini unutmadi.
— Opa, oʻtgan hayitda xonatlas tanlagan ediz, bu safar oʻqlogʻi shoyidan tiktiring. Sizga chunonam yarashadiki!.. Nihol-niholligidan boʻlsa yana yaxshi!.. Adolatxon opam xonatlas kiysinlar.
— Be-e, menga kim qoʻyibdi xonatlasni, — e’tiroz bildirdi Adolat, — odmiroq boʻlsa ham mayli.
— Kamsuqumliging qolmadi-qolmadi-da, Adol, kimsan Toʻxtaboyvachchaga qator-qator oʻgʻil-qizzi tugʻib bergan xotin boʻlsang, boy ota hayit bahona daftarni kiritibdilar, chertib-chertib tanlab-tanlab kiyamiz-da! Uchovimiz bir sidra xonatlas, bir sidra och pushti shoyi bor-ku, mana, rangini qaranglar, choʻgʻday yal-yal yonib yurasizlar!..
— Men hozir koʻylak tiktirmay turaqolay...
— Voy, nega tiktirmas ekansiz?! — suhbatga aralashdi Salomat.

Zulfiyaning muddaosini tushungan Adolat qizini beozor, yengilgina jerkidi:
— Sen aralashmay oʻtir. — Shunday deb qalin daftarning har varagʻita yopishtirilgan biri biridan rangdor va chiroyli gazmol namunalarini yonidagilarga koʻz-koʻz qila boshladi: — Avval hammasini bir boshdan koʻrib chiqaylik, yagqinda xorijdan yangilarini olib kelishdi deb eshituvdim...
— Olmon shoyisi degan edilar — uning gapini toʻldirdi Zulfiya.
— Mana, manavi emasmi? — koʻylaklik tanlashda uloqni oʻz ixtiyori bilan yoshlarga topshirgan Maktabxon ona, och havorang gazmol parchada yopishtirilgan varaqni koʻziga yaqinlashtirib qaradi. — Qurmagurlar-ey, buncha nozik ishlashmasa! Shishaga oʻxshaydi-ya!..
— Shunisi sizga yarashadi, Zulfiyaxon, — dedi Adolat.
— Moviy koʻzlar, moviy libosla-ar!.. Kundoshlar, ularga qoʻshilib qizlar Muborakning xirgoyisini eshitib kulib yuborishdi. Zulfiya oʻzining koʻm-koʻk havo rang koʻzi begʻaraz kulgiga sabab boʻlganidan erkalanib asta jilmaydi.

Xuddi shu qah-qah kulgi ustiga eshik ochilib ichkarida Toʻxtaboy paydo boʻldi. Birinchi boʻlib Muborak ona bilan Salomatxon dik etib oʻrnidan turdi, Adolat boy tomon bir qadam peshvoz yurib toʻxtadi, Zulfiya oʻrnidan ogʻir qoʻzgalib qad rostlagan Maktabxon onaning panasiga oʻtib yer chizgancha turaverdi. Boyning doimo vazmin, bosiq, ayni choqda jiddiy qiyofasidan uning azvoyini birdan anglab boʻlmas, ba’zan fe’li aynibroq turibdimi yohud xushnudmi — shularnida farqlash qiyin kechar, odatda birinchi gapini eshitib u kishining kayfiyati aniqlab olinmaguncha kattayu-kichik churq etib tovush chiqarmas edi. Bu safar ham shunday boʻldi. Boy xontaxta ustida ochiq qolgan daftarga koʻz qirini tashab qoʻydi-da, labining bir chekkasida kulimsirab, dedi:
— Silar koʻylaklik tanlaguncha hayit oʻtib ketar hali...

Toʻxtaboy toʻsattan boshlab kelgan izvoshga chiqib joylashib oʻtirib olganicha xayolga toldi. Xayol olib qochib hatto qoʻsh otning tuyoqlariga taraqlab urilishini ham, jonivorlarning suvliqni chaynab asabiy kishnashini ham eshitmadi. Izvosh Maskovdan tashqariga chiqayotgandagina tek qotib oʻtirgan koʻyi soʻz qotdi:
— Boradigan joyimizni tushuntirdingmi? Gumashta yigit xoʻjayinning avzoyiga qarab damini ichiga yutib oʻtirgan jammi, boydan sado chiqqan zahoti jonlanib tilga kirdi:
— «Novo Varvarevsk» desam oʻnta izvoshchi «K dachu Mirkamilya? Ya, ya otvezu!» deb hoziru nozir boʻlib turibdi, boy ota!

Uncha-bunchaga quvonchini ham, ranjiganini ham namoyon qilavermaydigan Toʻxtaboy hayajondan qalqib tushdi. «Dacha» emish, hukumati surgunga joʻnatib qoʻyibdiyu, bular «dacha» deydi. Mirkomilboy Maskovga kelganiga ikki oy boʻldimi-yoʻqmi, izboshchilar ismi-sharifigacha xabar topibdi»...

Toʻxtaboy Mirkomilboyning «dacha»sida uch kun qanday oʻtib ketganini ham payqamadi. Nazarida, Mirkomilboy uni sovuq qarshilaganday tuyuldi. Andijonlik boyning dimogʻdorligi avvaliga uning hamiyatiga tegdi, biroq keyin Toʻxtaboy shaytonga hay berdi: «Yurtidan badargʻa qilinib surgun muddatini shu zax va mogʻor hidi anqib turgan oʻrmonda oʻtkazayotgan odamdangina qilamanmi!.. »

Mirkomilboy ham Toʻxtaboyni birrov kelib iziga qaytadi deb oʻylagan ekanmi, ikkinchi kunga qolganini koʻrib uning yelkasiga qoqib, bagʻriga bosib minnatdorchiligini yashirmadi:
— Rahmat, Toʻxtajon, uka! Musofirchilikda yoningda dushmaning boʻlsayam hamyurting boʻlsin ekan. Siz esa oʻzimizdan... Shundan picha qiynalish bor, xolos...
— Xudo xohlasa bundan qiynalmaysiz, taqsir, — dedi Toʻxtaboy ham Mirkomilning bilagidan tutib.
— Joy... mana, bemalol, — dedi Mirkomil qator ketgan ikki qavatli taxta uylarga ishora qilib. Toʻxtaboy hazilga yoʻydi:
— Nima, «Surgun qilinganlar kelaversin» demoqchimisiz, taqsir?

Mirkomil shundagina gapining teskari ma’nosiga e’tibor qildi va odaticha xas qoshini chimirib, lablarini qimtib kuldi.

Toʻxtaboy Mirkomilning nihoyatda ziyrak va hushyor odamligini yaxshi bilsada, Novo Varvarevskka kelishining uchinchi kunidagi suhbat asnosida hayratidan yoqa ushlab qoldi. Mirkomilboy bilan necha martalab quyuq mehmondorchilikda bir dasturxondan ovqat yegan, necha martda u bilan ikki-uch kunlab bir poezdda hamroh boʻlgan, Mirkomilning bosiq va tagdor gap-soʻzi, qochiriqlari, tanbehu nasihatlari ikki-uch ogʻizdan oshmas edi. Mana endi, musofirchilik boismi yoki boʻlak sabablari bormi — boy picha soʻzamollashibdi...
— Bizning Turkiston boylarimiz uzoqni koʻra bilishmaydi. Qaysi savdogar, qaysi toparmon-tutarmonga qaramang, bizdan paxta, pilla joʻnatadi, Rossiyadan va hokazo oʻzga yurtlardan esa gazmol, ustbosh olib boradi. Kamina ham kimsan Mirkomilboy boʻlgunicha Anjanu Fargʻonaning paxtasini sotmagan sortimiz qolmadi. Oʻzlarini ham bilamiz, Rossiyadan gazmol, telpak, moʻyna obborib sotadilar.

Mirkomil shunday deb taqqa toʻxtadi-da, Toʻxtaboy tomon oʻgʻirildi. Soʻzida davom etdi:
— E’tibor bersinlar-a!.. Biz xom ashyoni ikki qoʻllab kepak narxiga sotamizu, bular oʻla qolsa ham xomashyo sotmaydi — tayyor buyum sotadi, buyum! Deylik, moʻynaning xomini soʻrangchi, oʻsha shoyi gazlamalarning shoyi ipagini soʻrab koʻringchi, ikki dunyoda ham bermaydi! Chunki, bularning kallasi siz bilan menikidan durustroq ishlaydi!..

Bu gaplar Toʻxtaboy uchun favqulodda yangilik boʻlmasa-da, negadir eti jimirlashib ketdi, boshini koʻtarib qaraganda ham uchlari koʻrinmaydigan tik daraxtning motor bosgan tanasidan sovuq ufurdi — ham alam, ham gʻazabdan labi gezardi.
— Men London, soʻng Porijga oʻynagani borganim yoʻq, — soʻzlarini yanayam chertib-chertib gapida davom etdi Mirkomil. — Oʻsha yurtlardan yigiruvchilik, toʻqimachilik uskunalarini undirgani bordim. Gaplashdim. Kelishdim ham.
— Naqadar ulugʻ ishlar boshlabsiz, taqsir! — Hayratini yashirmay dedi Toʻxtaboy va bir zum sukut saqlab birdan shashtidan tushdi: — Biroq, siz bilan biz ulugʻ muddaolarni koʻzlasan-u, oʻris hukumati oʻz holimizga qoʻymayotgani chatoq-da...

Mirkomil javob qilmadi. U xiyol burilib roʻparasidagi daraxtning quchoq yetmas tanasiga qaradi, koʻkimtir poʻpanak bosgan, tik, nihoyatda baland... yiqitay desa, naqadar baquvvat, shox-butoqlarni sindiray desa naqadar qoʻl yetmas...

Boy labini tishladi, nafratda aftini bujmaytirdi, uzoqdan koʻrgan odam uni kulyapti deb oʻylashi mumkin edi.
— A, biz siyosatchi boʻlmasak!.. Tujjor odamni oʻz holiga qoʻy, qiztaloq!
— Tujjorlik ham siyosat ekan-da, aslida taqsir. Savdogarchilik qilavuribmizu, zamonning toshu tarozisini hisobga olmabmiz, aka, aslida...

Mirkomil hang-mang boʻlib qoldi. Uning hayrati Toʻxtaboyning hozirgina hayratlanishidan oʻn hissa oshib tushdi. Bir necha soniyada juda-juda koʻp voqealar xamr ichidan chakmoq yashinga uchib oʻtdi. U butun umr oʻzini yirik bir savdogargina hisoblab kelar, kezi kelganda «mening siyosat bilan ishim yoʻq» degan joylari boʻlgan, endi... necha bor taftishu tergovga chaqirilishi, qiyin-qistovga olinishi, surgunga joʻnatilishi, izidan soyadek aygʻoqchilar ergashib yurshni... bular siyosat boʻlmay, nima?!. Nega shu choqqa dovur kimsan Mirkomil shularni oʻylamadi, nega...
— Toʻxtaboy!..

Boyning bu taxlit murojaatini kutmagan Toʻxtaboy «yalt» etib suhbatdoshiga qaradi. U xudo yarlaqab savdogarchilik yoʻlida izzat-obroʻ topgan va shuning barobarida... aziyatlar chekkan Mirkomilga ich-ichidan achindi. Toʻxtaboy xayolga tolganidan Mirkomilboy qanday qilib mavzuni oʻzgartirib yuborganini sezmay qoldi.
— Shunday ishlar boshlash harakatida yuribmizu siz qayoqdagi Zaxaruv, Kitoplarga kuningiz qolib siqilib oʻtiribsiz.

Basharti shu topda, «Iya, boy aka, shulardan ham xabaringiz bormi?» desa Toʻxtaboy juda past ketgan boʻlar edi, shu bois «bilsang-bilibsan-da»degan mazmunda atay churq etmadi. Uniyag ustomonligini payqagan Mirkomilboy ham «indamansan-a-indamaysan» degan ma’noda pchingini atay qariyb takrorladi:
— Nima qilib, oʻsha oʻris bilan nemis juhudining qarmogʻiga otilib oʻtiribdilar, Toʻxtajon?

Toʻxtaboyning nazarida Mirkomil «Toʻxtajon» deganda hozirgina «Toʻxtaboy» deb yuborgannning alamiga «jon»ga qattiqroq urgʻu berdi. Endi eslasa, boy unga sira «Toʻxtaboy»» deb murojaat qilmagan ekan. Vaholanki, Toʻxtaboy qaerda boʻlmasin Mirkomilning yoshiga, davlatiga, oʻziga nisbatan eniga ham, boʻyiga ham yirikligini tan oladi, hurmatini joyiga qoʻyadi. Biroq, Mirkomilning, «Toʻxtaboy» deyishga tili bormaydi.

Bundan gina-qudratning oʻrni emas edi.
— Vekseldan kuydim...
— «Nasyonal»ni topshirdilar?..
— «Nasyonal» ketdi...
— Ayting... Yana?..
— «Nasyonal»ga qoʻshni koʻchadagi ikki qavatli doʻkon... .
— Yana?..
— Yana...
— Toshkanni ham tashlab chiqibdilaru!..

Toʻxtaboy yer tepinib yubordi. Azbaroyi manglayidan ter chiqib ketdi. Haqiqatan ham Mirkomilboyning tili achchiq edi. Oʻylab koʻrsa, shunday — kimsan Toʻxtaboydek dasti daroz boy mehmonxonasiz, ulkan doʻkoni, rastalari ketgani yetmaganday bola-chaqasiyu, uch xotinini qoʻkon aravaga yuklab yetti pushti yashab oʻtgan ona shahrini tashlab joʻnab yuboribdi.

Shu tobda Toʻxtaboy, «Ajab, taqsir, bu haqda qaydan xabar topdingiz?» deb savol qotganida ancha soddalikka yoʻl qoʻygan, qrning ostida chuvalchang gʻimirlasa sezadigan Mirkomildek boy oldida juda-juda qadri tushib ketgan boʻlur edi. Yaxshiki, Toʻxtaboy ham anoyi emas, «bozor koʻrgan» boylardan... — U ajablanganini sezdirmadi, Sezdirmadiyu... toʻngʻich xotini Maktabxonning tosh yutib sabr qilganlarini esladi.

Adolat, «Shoʻtta qop ketamizmi, endi!» deb ochiq bosh koʻtardi, Zulfiya noroziligini, «Toshkentdagi uyimiz yaxshi edi-da...» deya izhor qildi, xolos. «Sabr qilinglar, Xudo xohlasa qaytamiz» deb tasalli berishga berardiyu, Xudo qachon xohlashini taxminan boʻlsada, bilmas edi, Toʻxtaboyning jim qolishi hiyla choʻzilganini Mirkomilboy uniig izza boʻlishlikka yoʻydimi, uning koʻnglini koʻtarishga urindi:
— Sabrlisiz, Toʻxtajon, uka... Oʻzbek sabrga tugʻilgan... Sabr, sabrning tagi oltin... Sabrning... sa... Aytmoqchi, «Nasyonal»da tugʻilgan oʻgʻilchaning otini Sobirjon qoʻygan edingiz, kattakon yigit boʻb qolgandir?

Endi Toʻxtaboy chinakamiga hang-mang boʻlib qoldi. Endi u hayratlanganini yashirmadi. Dunyoning tashvishini boshida koʻtarib yurgan, Andijon yigitlarini mardikorlikdan olib qolish ilinjidagi sa’y-harakatlari va boshqa tuhmatlar evaziga mana shu qora oʻrmonga surgun qilingan Mirkomilboydek odamning Toʻxtaboyni, uychang singaniyu, oila a’zolari bilan Toʻqmoqqa koʻchganigacha, «Nasyonal» mehmonxonasidagi uyingda uch yil muqaddam tugʻilgan oʻgʻliga Sobirjon deya ism qoʻyganinn esda saqlab yurishdan boʻlak tashvishi yoʻqmi?!. «Kelin onamiz farzandli boʻlishni besh yil kutibdilar, mehmonning otini Sobirjon qoʻyaqolaylik», — degan edi goʻdakning qulogʻiga azon aytgan qori domla. Toʻxtaboy rozi boʻldi, aytgan edi Zulfiya ham e’tiroz bildirmadi oʻshanda...

Mirkomil Toʻxtaboyni yana oʻyga toldirib qoʻyganidan ichida sevindimi yoki unga achindimi, yupatishga oʻtdi:
— Savdo-sotiq ishi shu, taqsir. Bugun chikka, ertaga pukka. Bu yogʻi yolgʻiz yaratgan egamizga ayon, uka... Oʻzbekning Toʻxtaboyini veksel minan sindirgan juhudlarniig belini biz pul bilan, tadbir bilan bukamiz. Inshoalloh, Sobirjonning sunnat toʻyini oʻzingiz qurgan «Nasyonal» da oʻtkazamiz... Toʻybolaga atab «Nasyonal»li hovlisiga oʻz qoʻlim bilai toʻriq yetaklab kiraman, inshoalloh!..

Bu mehribonlik qiyofasidan badjahl va qattiqqoʻl koʻrinadigan, aslida diydasi boʻsh Toʻxtaboyning koʻnglini toʻldirib yubordi— u soʻzsiz va nesiz Mirkomilga termildi. Mirkomil mazmundor va salobatli bosh irgʻab koʻzlarini yumib qoʻydi va quyuq oʻrmon qoʻynidagi kimsasiz yolgʻizoyoq yoʻl ustida turgan koʻyi baralla gapirdi:
— Tadbirli odamlar qarab turmaydilar, Toʻxtaboy, uka. Biz ham anoyi emasmiz!..

Koʻqon aravada ketayotgan Maktabxon ona yoʻlovchilarning gʻoʻngir-gʻoʻngʻirini eshitadi-yu soyabon ichidan tashqariga moʻraladi-da, «Mirobodning guzari» dedi. Aravaning silkinishi maqomiga garq boʻlib xomush xayol surib ketayotgan Zulfiya boshini koʻtarmadi.

Koʻchada it huridi. Maktabxon opaning tizzasiga boshini qoʻyib yotgan toʻrt yoshli Solihjon «Kuchu, kuchu!» degancha «dik» etib sakrab turdi, Maktabxon ona hech bir soʻz aytishga majoli qolmaganday Solihjonning qoʻlidan tutdi. Zulfiya boyagi-boyagi— bir nuqtaga tikilgancha koʻzini uzmadi. «Yigʻlayapti» deb oʻyladi Maktabxon ona. Boyagi itning hurishiga daydi itlarning vovullashi qoʻshildi. Solihjon yana soyabon ichidan tagi-qariga chiqishga intildi. Onasining, katta onasaning avzoydan ogʻir koʻngilsizlik yuz berganini oʻzicha taxmin qilib turli xayolga borayotgan Sobirjon «Oʻtir!.. » dedi tovushini balandlatmay, ukasining qoʻlidan tortib.

Yoʻlovchilar qoʻngʻir-qoʻngʻiri ortda koldi. Aravaning tunuka qoplangan yogʻoch gʻildiragi yoʻlning oʻnqir-choʻnqiridan taraqlab-gichirlab, turtilib-urilib, karvonning, «Ha, chuvv-e!» degan asabiy hayqirishi tez-tez eshitila boshlandi.
— Qayoqqa kelyapmiz, kotta oyi?..

Maktabxon ona tashqariga yagga bir koʻz tashladi-da, yelka qisdi:
— Tanimadim. Bu koʻchadarni koʻrmaganman...

Arava siltandi, gupchagi qattiq gachirladi, bir oyogʻi zum koʻtarilib qaytib taraqlab tushdi. Soyabonning gardishi singuday qisirladi. Zulfiya yigʻlab yubordi. Sobirjon onasini ovitmoqchi boʻlgandek uinig yelkasini siladi. Solihjon onasi ne sababdan yigʻlab yuborganiga aqli yetmasdan jim boʻlib qoldi.
— Solihjon, ukangni mahkam ushla, bolam. Yoʻl chatoqqa oʻxshaydi, agʻanab tushmasin tagʻin!

Toʻrt yoshli Solihjon yoʻlning notekisligidan emas, balki undan dahshatliroq bir xavf-xatarni koʻrgandek oʻzini onasining pinjiga tashladi. Nihoyat, Zulfiya tilga kirdi. U boshini koʻtarmay, soʻradi:
— Qayoqka borishimizni aytdilarmi?..
— Qayoqka borayotganimiz yolgʻiz Yaratganga ayon... Shom namoziga azon yeshitilib oqshom pardasi yaqinlashayotganidanmi yoxud Maktabxon opaning oʻychan bir kayfiyatda bergan javobining mavhum ligidanmi — kichkina soyabon ichi tuyqus qorongʻilagadi.

Zulfiya aravadan tushganda ham atrof nim korongʻiligidan hayron boʻldi. Koʻcha tor, ikala tomondagi guvalak devar qoʻqon aravasiga gʻildiraklaridan pastroq edi. Ularga hech kim peshvoz chiqmagan edi. Faqat kimningdir «Buyoqqa» degan qariyb shipshigani tovushi eshitildi-da aravadan boʻgchasini koʻltiqlab birnnchi tushgan Maktabxon opa ortiq iltifot kutmay tor va ichakday uzun yoʻlka boʻylab yurdi. Zulfiya aravadan turganda kamdir Solihjonni koʻtarib oldi — tor yoʻlakning korongʻiligidan tashqari uning yurakni siqib yuboradigan biqiqligidan Zulfiya nafasi qaytib, chachvonning bir chekkasinn koʻtardi. Adogʻida qoʻsh qavatli, pastak eshik koʻrib turgan yoʻlak nazarida juda uzunday tuyuldi, Zulfiya boshini koʻtarib tepaga qaradi — koʻk daraxt shoxlari orasidan qoramtir osmon parchasi qoʻrindi. «Hartugul, osmon koʻrinar ekan», dedi Zulfiya yengil nafas olib. Biroq bu yengil tortishi uzoqqa choʻzilmadi — u eshik ostonasidan ichkariga bir qadam qoʻydiyu, betiga urilgan zimistonning quyuqligidan hushini yoʻqotayozdi. Koʻz oldi qoroyugʻilashdi. Toʻxtadi. Temirday qattiq qoʻl koʻksidan itarganday boʻldi, u ortik oyogʻini siljitolmay qoldi.
— Buyoqqa, Zulfioy, buyoqqa!..

Zulfiya Nasvali buvinng ovoziii tanidi eshitdi, lekin buvining oʻzi koʻzga koʻrinmadi. «Yuldosh-ku!» deb yubordi Zulfiya ichida.
— Yuring, opa, — degan ovaozi keldi Sobirjonning. Zulfiya shundagina tor, shifti past, zim-ziyo yoʻlakda milt-milt qilib jon saqlayotgan shu’lani koʻrdi-da, oyogʻini birdan yerdan uzdi. Shu’la koʻringan tomonga ikki qadam qoʻyganda Nasvali buvi:
— I-i, Zulfioy, uyoqqa emas, buyoqqa, buyoqka, — dedi shoshib uning bilagidan tutib.

Inson zoti abadul-abad yilt etgan boʻlsa-da yorugʻlik sari intilishshi bu choq Zulfiya xayoliga keltirtmadi albatta, biroq u odamlar odamlarni faqat yorugʻlik tomon da’vat qiladilar, boshlaydilar deb ishonar, shunday oʻylar edi. Ammo-lekin Toʻqmoqdan ne shodiyonayu, ne yorugʻ niyatlar bilan yoʻlga chiqgan boʻlsa ne shodu hurramliklar bilan Toshkentga yetib kelganlari va u lahza sayin oʻzlarini qarshi olayotgan yovuz va dahshatli qorongʻilik ichiga kirib ketishayotganini ich-ichidan tuyib yuragini birovga solayotgan ogʻriqdan oʻzini qoʻyarga joy topolmayotgan edi.

U shu xayollarda Nasvali buvining yetovida paypaslanib-amallab narvonga oyoq qoʻydi. Bir pogʻona koʻtarildi. Yana narvon qattiq gʻichirladp. Zulfiyaning yuragi orqaga tortib ketdi — narvonga chiqishdan oldin koʻziga koʻringan shu’lani izladi. Tpnolmadi. Paranjisining etagini yigʻib oyogʻining ostiga qaramoqchi boʻldi.
— Onangni qoʻlidan tort, — dedi tepada Maktabxon ona.
— Ona, qoʻlizzi bering, — dedi Sobirjon.

Zulfiya «hozir» dedi-da, narvoidan yana ikki-uch pogʻona koʻtarildi. U onda-sonda tushida shunday ahvolga tushar — nihoyatda tor va qorongʻi oraliqdan qisilib oʻrilib-sirgʻalib nafasi qaytib oʻtib olgunicha joni halqumiga kelar — tushidagi azobdan kun boʻyi oʻziga kelolmay yurardi.

Hozir oʻngida xuddi oʻshanday ahvolda qoldi. U oʻgʻlining madadida narvonning yuqori pogʻonasidan ikki-uch boʻyra kattaligidagi tor sahnga oyoq qoʻydi. Ketidan izma-iz chiqqan Nasvali buviga ham, Maktabxon onaning, yana bir notanish ayolning qimtinib ichkariga taklif qilayotganiga ham e’tibor qilmay chachvon va paranjini qoʻliga olganicha osmonga qaradi. Turgan joyida oʻgirilib alangladi. Yulduz koʻrinmaydi.
— Namuncha yulduz qidirib qoldiyz, Zulfixon? Zulfiya Maktabxon onaning irodasiga, har qanday vaziyatda erkakshodalik bilan oʻzini yoʻqotmay, hatto hazil-mutoyibaga oʻrin topiishga hayron qolar, uning bu fazilatidan oʻrnak olishaga nntilar edi. Binobarin, shu topda oʻziga yoqmasa-da, loaqal onasidek maslahatgoʻyi boʻlib qolgan toʻngʻich kundoshniig hurmati uchun mutoyibaga yarasha javob berigaga urindi:
— Yulduz koʻrib qolaylik, deyapman, opa. Topsam sizga ham koʻrsatmoqchi edim...

Shunday dediyu, hazili hazildan koʻra koʻnglidagi qoʻrquv-xatarning darakchisi boʻlib qolganini keyin sezdi.
— Umidsizlanmang, Zulfiyaxon, umidsizlanmang. Boy otangiz omon boʻlsalar koʻchimiz koʻchada qolmaydi, inshoalloh.
— Xudo xohlasa shunday boʻladi, — unga ilova qildi Nasvali buvi.

Ikki kundosh, ikki oʻgʻill, Nasvali buvi, mezbon ayol ichkariga kirib fayzsiz xonada kigiz ustiga toʻshalgan quruq dasturxon tegragiga omonatgina oʻtirib yuzga fotiha tortishdiyu, mezbon ayol oyoq uchida yurib tashqariga chiqdi. Nasvali buvi gapga tushdi:
— Boya meni shetga tashlab ketishdi. Supurdim. Hammayoq ozoda. Hay, Sobirjon bolam, ukangga ehtiyot boʻl, hovlichaning chekkasiga bormasii, xoʻpmi?.. Yeri oʻpirilgan ekan...

Zulfiya choʻchib yonida jimgina oʻtirgan Solihjonni bagʻriga bosdi. Oilaning haqiqiy a’zosi boʻlib ketgan, yoshu keksa birdan hurmat qiladigan Nasivali buvining soʻzini boʻlmay, oʻzini, Maktabxon onani tashvishlantira yotgan habar haqida biron yangi gap eshitish umidida kampirning ogʻzini poyladi. Nasvali buvi davom etdi:
— Oʻzlari joy topishga ketdi. Soʻng, otasharavada kelayotgan yuklarni kutib olishga borar ekan.
— «Nasyonal»ni, uyimizni nega olibdilar?! — sabri chidamay soʻradi Zulfiya.
— Zaxarup ogan, maskovlik boy... Maktabxon ona uniig gapini boʻldi:
— Zaxarup emas, hukumat ogan.
— Hukumat?!. Hukumat qanday oladi?— tushunmay soʻradi Zulfiya.
— Shoʻro degan hukumat kepti. Hamma katta imoratlar, hamma katta uy-joylar endi oʻsha shoʻroning qoʻliga oʻtarmish.
— Voy, shoʻrimm!.. Bizchi?!.

Zulfiyaning ayanchli tovushiga zid oʻlaroq Maktabxon onaning dadil, bosiq tovushi eshitildi:
— Bir kecha ming kecha emas, kimsan Toʻxtaboyning bolalarimiz — xudo xohlasa koʻchada qolmaymiz...

... «Koʻchimiz koʻchada qolmaydi», «xudo xohlasa koʻchada qolmaymiz»... Zulfiya yoʻlda obdon toliqqan ekaniga qaramay allamahalgacha mijja qoqmadi. Toʻqmoqda ikki yoz yashab, nihoyat, Toshkentga qaytish daragini eshitgandagina sevinishlari, koʻch-koʻronni ortishayotganda, avval aravalarga, Toʻqmoqdan Pishpekka yetgach, aravalardan vagonga ortishganini— oʻshandagi entikishlari bu qadar chippakka chiqadi deb oʻylamagan edi. Kishining xayoliga kebdi deysiz! Orada Toʻxtaboy necha yil Toshkentga qaytmadi, Maskovga bordi, «Nasyonal»ni, uy-joy, doʻkonlariing barini qaytib qoʻlga olgashini aytib dasta-dasta suyuichilar ulashdi. Mana endi, shoʻro... Zulfiyaning oʻylovi «qoqildi». U eslashga urindi: «Shoʻro»midi?.. Shoʻra»mi?

Shoʻ-ra... Yoʻq, Yoʻ-gʻa, yoʻgʻ-a, Shoʻ-ra... Shoʻ-ro... Ha-ha, shoʻro-shoʻro! Oting kursin-a!.. Hoʻra boʻlsayam, shoʻra boʻlsayam biroviing joyiga koʻz olaytirdimi, bas, bir goʻrda!.. »

Zulfiya u yon boshidan bu yon boshiga koʻp agʻdarildi , alhol, koʻzi ilinay deganda, kornidagi gumonasi qimirlab yana uyqusi qochdi. Gʻimirlash alomati sezilgan ung biqinini avaylab siladi. Toʻqmokda, zoriqqan chogʻlari yaxshi niyatlar bilan koʻylakchalar, qalpoqchalar tikkanini esladi. «Bunisi qiz boʻladi, Zulfiya» dedi Maktabxon ona. Nasvali buvi ham shu gapni tasdiqladi. Dunyodan farzand koʻrmay oʻtayotgan Maktabxon onaning, hatto oila qurmagan Nasvali buvinnng bu qadar samimiy iiyatlarini eshitib, Zulfiya gʻalati boʻlib ketdi. «Mayli, qiz boʻlsa, yana yaxshi», dedi. Shu «taxmin-yangilik»ni Toʻxtaboyning qulogʻiga shipshiganida, boy, «Oʻgʻilmi-qizmi — xayrli boʻlsin», dedi-qoʻydi. Nahotki, boy oʻshanda manavi ahvolni sezgan boʻlsa!? Xotin, bola-chaqasi shunday kunlarga qolishini — ona shahriga kelib kimsasiz, ovloq koʻchadagi pastqam va fayzsiz bolxonada tunash mumkinligini sezsa boy Toʻqmoqdan koʻch-koʻronini ortib yoʻlga chiqarmidi!..

Zulfriya shundagina Toʻqmoqda vaqtincha qolgan Adolatni esladi. «Yaxshiyamki, u kelmagan ekan. Bir etak bola bilan qaerga sigʻardi?» Faqat...

Koʻch-koʻronni saramjoylayotib Adolat tushmagur qizil kigizga oʻralayotgan tugunlar orasiga Zulfiyaga qarashli boʻhchani ham irgʻitib yubordi. Yomon niyatda qilgani yoʻq. Birok, Adolat boʻhchani nrgʻitib yuborganiga koʻzi tushdiyu, Zulfiyamnng yuragi juvillab, achishdi. Oʻzi bilai aravada olib ketish iiyatida boʻhchani qaytib olishga jazm qildiyu negadir qaytdi. Kundoshi yomon xayolga bormasin degan oʻyda, qaytdi. Aslida olsa boʻlarkan... unda qornidagi, mana, hozir ketma-ket «toʻpolon» qilib oromini buzayotgan, tugʻilajak qizalogʻiga atalgan shirin-shirin koʻylakchalar, qalpoqchalar bor edi...

Zulfiya xayolini olib qochayotgan shaytonga hay berdi. Oʻzini chalgʻitdi. Homilasini tinchlantirish niyatida qornini siladi-siypadi, siladi-siypadi... Bir tekisda nafas olib shirin uxlayotgan Maktabxon onasiga, yonma-yon yotgan oʻgʻillariga havasi kelib, Xudodan xayrli tonglarda xayrli yangiliklar bilai uygʻotishini soʻrab-yolvorib ogʻir uyquga ketdi.

Zulfiyaning duolarini Xudo inobatga oldi — u tiniqib uxladi, bir payt uygʻondiyu, qaerda yotganini dabdurustdan eslay olmadi, koʻzini pirillatdi, soʻng derazadan koʻrinayotgan qoʻshni tomni qoplagan oppoq qorni koʻrdiyu, tongdan oqlikni koʻrganidan sevinib ketdi. Ruhini qamragan bir shodlik qanotida parvoz qilguday qanotlarini yozib oʻrnidan turmoqchi edi, tashqaridan gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir ovoz keldi. U oʻrnidan irgʻib turib deraza yoniga bordi. Maktabxon ona zinada, Nasvali buvi qalin yoqqan qorga tizzasiga qadar botib hovlichada qaqqaygan koʻyi zina tepasida sovuqdan diydirab gapirayotgan honadon sohibasining ogʻziga baqrayib qolishgan edi. Uy bekasi xuddi ogʻir ayb qilgan odamday gunohkorona bir mung bilan boshini ham qilgancha gapirdi:
— Sahar kelib aytishdi. . Pishpekdan kevotgan qizil vagondagi koʻchni hukumat kimoshdiga sotib yuboribdi. Boy ota oʻshani surishtirgani ketibdilar...

…Eski paranji yopingan kimsa muyulishdan oʻtib kunbotardagi Allon masjidi tomon boraturib yoʻlning loyligidan qadamini sekinlatdi, bunday paytda odatda odam yoʻlovchilar bosib iz qoldirgan quruqroq joylarnn moʻljalga olib qadam tashlaydi, biroq kimsa odimnni sekinlashtirganiga qaramay aksincha na loy-nakoʻlmak demay kechib ketaverdi. Tashqaridan kuzatgan kishi paranjili kimsani koʻzi ojiz deb oʻylab uni yetaklash uchun koʻmakka oshiqishi tayin edi. Koʻcha kimsasiz, hademay masjiddan qaytadigan namozxonlar uy-uyiga kirib ketsa bu pilch-pilch loygarchilikda to bamdodga qadar loy-suv kechib koʻchada yurish hech kimga zaril kelgani yoʻq!

Paranjili kimsa oʻng yoqdagi ikki tavaqali, keng darvoza roʻparasiga kelganda qariyb toʻxtadi, yaqinlashmay turib darvozaga razm soldi — orqasiga birrov oʻgirilib koʻz yugurtirdi-da, oʻzini qiya ochiq eshikka urdi.

Yoʻlak keng, oyoq ostiga musulmon gʻishti yotqizilgan— ozoda edi. Koʻlaga tezgina hovliga oʻtib, chapga — derazasidan gʻira-shira shu’la koʻrinayotgan ravon tomonga yurdi, yaqin qolganda atay tomoq qirib yasama yoʻtaldi.

Sandal chekkasida allaqachon uyquga ketgan oʻgʻilchasini yonboshlaganicha hamon allalab xayolga tolgan Zulfiya yoʻtalni eshitib sergak tortdi.
— Adam! — dedi sandalning boshqa tomonida koʻrgani beliga dovur tortib yotgan Solihjon yoshiga xos boʻlmagan ehtiyotkorlik bilan shipshb.
— Ovozingni chpqarma!— Zulfiya shoshilib sandal ustidagi pilikni puflab oʻchirdi-da, oʻgʻlining ehtiyotkorligi maqomida shivirladi. Va qad rostlab kavshandozga chiqdi. Solihjon otasini paranjini boshidan olib tashlashini kutmay quchoqlab oldi. Ota-bola sogʻinchlariga zid oʻlaroq sas-sado chiqarmay quchaqlashib oʻpishar, Zulfiya esa dam sayin xavotiri ortib koʻzlari devor osha koʻchani kuzatar edi.
— Tinchmisilar?.. Sobirjon qani?.. Osimxon uxlayaptimi?..

Zulfiya erining savoliga javob qaytarib ulgurmadi.
— Sobirjonni Xayrinisa bilan Maktabxon onadan xabar ogani ketuvdi... Qora qozonni qaynatib oʻtiribmiz... Oʻzingiz tuzukmnsiz?.. Opam, bolalar yaxshimi?.. Xoʻrda boridi...
— Qornim toʻq, — dedi Toʻxtaboy xotinining taklifiga ortiqcha iltifot qilmay. — Solihjon! Bozorga opchiqadigan ul-bullaring qoldimi?

Zulfiya qorongʻida erining koʻz yoshlarini kuzatdi, Toʻxtaboy oʻgʻliga qarata soʻz boshlagan boʻlsada, oʻzi jonsarak, dumaloq doʻng peshonasidan, picha bukri va uchli burnidan hovur koʻtarilayotgandek tuyuldi nazarida.
— Olma sotvommiz... Bargakdan oz qoldi.
— Durust. Onang bilan sanga ishondim, oʻgʻlim. Onangni, singillaringni ehtiyot qilinglar. Tuzikmi?.. Man... ma, Zulfi, rasamadi minan sarflab turarsan, tuzikmi?.. Man...
— Qachon keldiyz? Toshkenda besh-olti kun boʻlarsiz? — Senlardan xabar olishim xavfli boʻlib qoldi.

Uzoq kemay qolsam Sobirjon yo sen — Solihjon, Abdulhay amakinga yo boʻlmasa Sagʻbondagi Doʻst togʻa borku, maxsidoʻz, oʻshangga uchrang. Durustmi!.. Orttirganimmi oʻshalarga qoldirib ketaman.
— Oʻzingizga qarang. Uyoqda... koʻpchiliksizla... Toʻxtaboy kenja ayolining tantiligidan, tanti boʻlmasa-da, bu qadar zushdaligidan koʻngli koʻtarildi.
— Bezovta qilishmayaptimi?— soʻradi u.

Zulfiya eriiing tovushida zardayu alam aralash adolatsizlikka nisbatan nafrat ohangini sezdi.
— Boy nalogchilarning nafsi toʻgaydiganga oʻxshamayotti-da. Hay, sabr qip turaylik, ularga boqqan baloyam bordir...

Toʻxtaboy ehtiyotkarlikni unutib baralla tomoq qirdi — odatda u negadir jahlini ichiga yutgan kezlar shunday qilar edi.

Boy ortiq gapirmadi. U hamon bilagida ushlab turgan paranjini oʻng-tersini paypaslab qarana boshladi, Kavshandozdan oʻtdi-da, emaklab choʻzilganicha borib, uxlab yotgan Osimjonning peshonasidan oʻpdi. Qansharidagi xolini siladi. Soʻng qiblaga yuzlangan koʻyi choʻk tushib duoga qoʻl ochdi. «Oʻzingga topshirdim»» degani eshitildi, xolos. Soʻng, tezda turdi-da, «Bor, koʻchaga qarachi, hech kim yoʻqmi?» dedi oʻgʻliga. Oʻzi Solihjonning izidan kela turib paranji yopindi.

... Taqdir ne kunlarni ravo koʻrmadi unga! Esini tanibdiki, oʻzini tijoratga urdi, shu yoʻlda mashaqqqat chekdi, yutdi-yutqazdi, yutdi-yutqazdi — kimsan Toʻxtaboy degan nom orttirdi. Biri biridan goʻzal otlarini minib gijinglatib oʻtganida yoshu qari hurmatini bajo keltirishar edi. Sagʻbondan Piyozbozorga qadar, Beshyogʻochdan Kalasga qadar — uni tanimaydigan odam yoʻq. Eski shahar bozorida qator-qator rastalarda, Yangi shaxarda ikki qavatli doʻkonlarda Toʻxtaboyga qarashli mol-hollar sotilar, Yangi shaharning koʻrkiga koʻrk qoʻshgan «Nasyonal» uning faxri, izzat-obroʻsi edi — bari-baridan ayrildi. Uch xotin, oʻn bir oʻgʻil-qiz uning ship-shiydon etilgan qoʻliga qaradi-qoldi...

Xudo shohid, Toʻxtaboy qoʻldan ketgan hech bir narsaga yurak-bagʻri oʻrtanib achinmadi. «Oʻzi bergandi — oʻzi oldi» degan gapni bot-bot takrorlar, uning bu gapini eshitgan sayin Zulfiya tugul, hatto ogʻir-vazmin Maktabxon ona ham ba’zan tutaqib ketar, «oʻzi oldimi, Shoʻro oldimi!» deb alamidan dardini toʻkib solardi.
— Yo, boqiy!..

Bu xonadonda Toʻxtaboyga tik qarash uyoqda tursin, uning soʻzini ikki qiladigan odam boʻlmagan, xususan, boy shu jarangdor kalomni tilga koʻchirgach kattayu kichikning uni oʻchdi.
— Sen ham, — dedi Toʻxtaboy Maktabxon onaga, soʻng Zulfiyaga gapirdi: — Sen ham, anavi, manavi — hamma-hammasi foniy — omonat. Yolgʻiz Boqiyning oʻzi boqiy! Tuzukmi?. Moldavlatimning bari yoʻqdan bor boʻldi — mana endi, barcha-barchasi bordan yoʻq boʻldi — fiysabililloh, rizoman, tuzukmi?! Shoʻroga shu kerak ekan — ikki qoʻllab topshirganim boʻlsin!
— Shoʻro uzoqqa bormaydi, deyishvotti, baraka topgur...

Hamma qolib Nasvali buvi oraga suqilganidan Toʻxtaboying oʻzi ham hayron boʻldi — buviga, xotinlariga — Sobirjon bilan qizi Hayrinisa ham bor edi shekilli — bolalariga birma-bir qarab chiqdi-da, ham jahl, ham bosiqlik bilan dedi:
— Shoʻro ham boqiy emas, illo shuni unutmalaring, u — yuz qovun pishigʻidan soʻng yoʻqoladi. Tuzukmi?!.

Boyning bu iqrori xonadon a’zolarining boshiga bir necha yillardan buyon ustma-ust tushayotgan dardu sitamlaru, ayriliqlar, toʻzonday sochilib ketishlardan magʻlublikni tan olguvchi fatvoday gumburladi.

«Yo, boqiy, antal boqiy!.. Yo, boqiy, antal boqiy!.. Yo, boqiy!.. »

Tilidan shu muborak kalima tushmay qolgan Toʻxtaboy taqdir zarbalarining bittasigagina chidolmas — oʻz mahrami — sha’riy xotinidan xoʻjakoʻrsinga ajrashib, oʻz pushti-kamaridan boʻlgan bolalarini oʻgʻrincha, bu yetmaganday— paranji oʻranib kirib koʻrsa, birrov kirib chiqishini birov payqasa, Zulfiyaga, bolalariga zugʻum battar zoʻrayishini oʻylab allanecha kungacha xavotirda yursa...

U Kaykovus anhori ustidan oʻtgach koʻprikdan pastlikka enib tolzorga yetganda roʻparasidan yugurgilab kelayotgan oʻn-oʻn bir yoshlar chamasidagi qizaloqni koʻrdi. Qizaloq roʻmoli bilan bosh-koʻzini toʻsib, tugunchani qoʻltigʻiga mahkam qisganicha toʻxtab qoldi. Uzun-uzun kipriklari ostidagi, biri-biridan chiroyli koʻzlari jovdirab qizaloq nima qilarini bilmay taraddudlanib qoldi.

Boshqa payt Toʻxtaboy gap soʻzsiz oʻgib ketaverar, tolzor tevaragida doimo gavjum boʻladigan supada oʻtirganlar orasidagi «xolis»larga gap topilishini istamas edi.

Bu safar u odatini kanda qildi.
— Mohich, ke, qizim.

Mohinisa koʻcha-koʻyda otasi duch kelib qolsa u kishini tanimaganday oʻtib ketish shartiga qattiq rioya qilishi zarurligini unutmagan, shu bois, otasining bu qabil qarshi olishiga tushunmayroq turgan edi.
— Yo, boqiy!.. — Toʻxtaboyning lablari asabiy pichirladi. Uchdi. — Ke, qizim. Ertalabdan qattan kevosoan? Onang durustmi? Okalaringchi?.. .
— Hm... dedi Mohinisa hamma savolga javoban.
— Buncha yupun kiyinmasang, Mohich?..

Toʻxtaboy ortiq javob kutmadi, uzun chakmonining ichki choʻntagidan bir «aft parvarda oldi-da, qizining jajji hovuchiga soldi.
— Ujang yigʻlamayaptimi?
— Yoʻ-oʻ. .
— Bir, boraqol. Ehtiyot boʻl, ona qizim... Toʻxtaboyning tomogʻiga allanarsa qadaldi. Qayrilib qiziga qaramaslikka urinib yoʻlida davom etdi. U Toshkentga bu safar kelganidan buyon kunlari nihoyatda bebaraka oʻtdi. Uylagan hech bir rejasi unmadi. Eski doʻkondor tanishi ikki toʻp shoyini boshqaga pullab yuboribdi — savdo ahli orasida bunaqangi labsizlikni Toʻxtaboy koʻrmagandi — oʻshani amallab Toʻqmoqqa yetkazib olsa u yerdagi bolalariga choychaqa chiqardi. Yana uch-toʻrt kun kutay desa Adolat tez-tez koʻrpa-toʻshak qilib yotib oladigan boʻlib qoldi— koʻngli shundan alagʻda. Shuncha kun Toshkentda yurib Maktabxondan xabar olmadi. Toʻgʻri, Maktabxon — ukasi Asqarxonnikida, uning issiq-sovugʻidan xavotir olmasa ham boʻladi, shunday boʻlsada, yoʻl usti kirib chiqish ilinjida ikki qayta Beshyogʻochga oʻtdi, chalgʻib, qaysinisikiga kirish fursatini topmadi.

«Yanagi kelishimda koʻrib chiqaman», deb diliga tugdi Toʻxtaboy. Ogʻzi qurishdi. Zoʻr berib yutundi — lablarini bazoʻr namladi. Zargarlikka olib boradigan koʻcha yonida oʻtayotganida, «Togʻa, hoʻ, togʻa!»» degan chaqiriqni eshitib toʻxtadi.
— Buncha tez yurmasangiz, togʻa, izingizdan yetolmayapman-a.

Toʻxtaboy kulimsirab kelib koʻrishgan Abdumalik jiyanining qoʻngʻiz moʻylabiga, ityoqa, oq koʻylagiga razm solib xayolini jamladi.
— E, jiyan, Obida opam tuzukmilar? Bolachaqalar omonmi?
— Durust, durust. Kepsiz, deb eshitdim. Qayoqlarda yuriysiz, oʻzi?!. Toʻqmoqday joydan kelib biznikiga kirmasangiz?..

Toʻxtaboy siniq jilmaydi. Jiyani ahvolni bilib turib gina qilayotgan edi.
— Bir birovimiznikiga yashirinmay-netmay, bexavotir kirib... — Toʻxtaboyning lablari bir-biriga chippa yondashdi, gapini davom ettirish uchun chiranib ogʻiz ochdi: — Kirib chiqadigan paytlar ham kelar, jiyan...
— Inshoalloh, etganingiz kelsin. Man...

Toʻhtaboy gapini aytib olishga oshiqayotgan odamday jiyanining soʻzini boʻldi:
— Tinch boʻlsanglar, bas. Gina-kuduratlar ham oʻshanda yarashadi...
— San buyoqqa ketvossan shekili? — Toʻxtaboy shunday deb oʻng tomonda yuqorilashib ketgan tor tuproq koʻchani koʻrsatdi. Bexosdan qalqib ketgan odamday tomogʻini kirib yoʻtaldi. — Yoʻlingdan qolma, jiyan.
— Man... — Abdumalik togʻasining oʻychan, hatto ma’yus koʻrinayotganini sezdi, toʻxtab-toʻxtab gapirayotganiga e’tibor qildi, shundan u kishini yolgʻiz qoldarib ketgisi kelmay gʻudrandi.
— Tushunaman, jiyan, tushunaman. Xijolatvozlikni xayolingga keltirma, akosi.

B. . b. . boraver...

Abdumalik togʻasining xuddi tomogʻi ogʻriyotgan odamday qiynalib yutunayotganini, qayta-qayta tamshansa-da, ovozi quruq chiqayotganini, shu bois gapirishga qiynalayotganini endi payqadi. «Mazangiz yoʻqmi?» deb soʻramoqchi edi, Toʻxtaboyning qat’iyat bilan «Boraver» degan amrini inkor qilolmadi. Noiloj, togʻasining betiga qaramay xayrlashdi va tor koʻcha tomon qadamini jadallatdi. Toʻxtaboy ham oʻz yoʻlidan qolmadi. U bu yoʻllarda yolgʻiz yurgan odam emas, albatta yonveridan hamrohlar arimas edi. Endi... u picha yurgach, negadir orqaga oʻgirildi, chamasi Abdumalikdan bir nimani surishtirgisi keldi, hatto tovush berib chaqirmay niyatida lab juftladiyu, ovozi chiqmadi. Abdumalikni toʻxtatsa, Chigʻatoydaga tushaverishdagi Somon bozor choyxonasida bir nafas gurunglashsa... Abdulhayni soʻrasa... Aytmoqchi, Abduvalining taqdiri nima kechdi?.. Olmoniyaga ikki-uch yillik oʻqishga joʻnayapman deb ketganicha, mana, oʻn yildan oshdi-yov!..

Qiziq, Qayumxon pochcha badjahl, serzarda, fikri-xayoli savdogarchilikdagi odam. Lekin oʻgʻillariga ilmga tashnalikni qaerdan yuqtirgan?.. Kenjasi Abduvali oʻqishdan boshqa narsani bilmaydi. U-oʻ, oʻqiganga nima yetsin! Dunyo — oʻqiganniki!.. Utlibil ilma minal mahdi, alal lahdi. Darvoqe, oʻsha — xufton uyiga oxirgi yashirincha kirib chiqayotib oʻgʻli Solihjon shoshilinchda maslahat soʻradi:
— Ada, oʻqisam degandim...

Uyogʻini aytolmadi. Uyogʻini Toʻxtaboy ham aytolmadi. Nima desin?.. Kimsan Toʻxtaboyvachchaning oʻgʻlini shoʻro oʻqitarmidi!. Boyning farzandlariga shoʻro ilmni ravo koʻrmaydi. Uz kuchiga ishonmagan hukumat fuqarosi ilmli boʻlishidan choʻchiydi. Toʻxtaboyni juda yaxshi biladi. Shunday boʻlsada, koʻcha eshik tagida Zulfiyani chaqirdi.
— Onasi — dedi burungi qat’iyatli ovozda tayinlab. — Bolalarni oʻqitish payida boʻlinglar. Sobirjon oʻqisa ukalarini ham izidan yetaklaydi. Qayum pochchaga olib bor. Abdulhayga, Abdumalikka maslahat sol — yordamini ayamaydi ular. Tuzukmi?..

Ammo-lekin... shoʻroga ilmli odam kerak emas. Abduvali musofir yurtlarda kimsan Vali Qayumxon boʻlib yuribdi, erta birisi kun Toʻxtaboyning oʻgʻillari oʻz yurtida musofir — begona boʻlib qolmasmikan? Yo, boqiy, antal boqiy!.. Yo, boqiy!..

Toʻxtaboy Qayumni bozori muyulishidagi choyxona yonidan oʻtayotganda soʻrida oʻtirgan besh-olti choyxoʻrga qaramadi, koʻz qirini tashlaganida Sahiy tayibning yonida Abdumalik orqasini oʻgirib turganday tuyuldi — Toʻxtaboy parishonxayolligidan unga e’tibor qilmadi.

Har safar Pichaqchilik muyulishidan oʻtgach Toʻxtaboy yoʻlni oʻngdan solar, shu koʻchada yashovchi, yaratganning oʻzidan bashqa hech bir jonzotu jondordan hayiqmaydigan Tuobil hojini oʻchratsa picha gurunglashar, Alisher Mahsumning hasratlariga quloq tutar edi, bu safar ham shunday qildi - bir oz yursa izvoshlar bekatiga yetar, u yerdan Piyonbozyurga borar, va’dalashgan tanishlarini koʻrgach, u yerdan Toʻqmoq qaytadi deya yoʻlga ravona boʻlardi. Faqat u bir qancha odimni ogʻir oʻy ostida oʻtdi va... iziga qaytdi. Iziga qaytib, oʻng yoqqa burilganda, hozir oʻzi kelgan soʻl tomonda koʻringan uch yoʻlovchidan biri oʻzini duch kelgan eshikka urdi. Toʻxtaboy unday sharpaga e’tibor qiladigan ahvolda emas edi.

Shu topdagi vaziyatdan kelib chiqsa, u oʻzi qurdirgan jome’ masjidiga qadam bosmasligi kerak — qanday boʻlmasin Toʻxtaboy boyligini unutgan faqir va bechora odam qyyofasida yurmogʻi lozim, u boy emas, masjid qurdirmagan, mehmonxana bunyod etgan emas, har hayit arafasida Piyonbozorda yetim-esirga beminnat osh-non ulashgan emas, qatar-qator doʻkonlari ham yoʻq... bular mayli-ya, bari-baridan qoʻlning kiri yanglig voz kechdi, mol-mulkning bahridan oʻtish-mumkin, lekin uning boyligi... bitmas-tuganmas orzuniyatlari, biri birndan arzanda uch ayoli, biri biridan shakar oʻn bir oʻgʻil-qizi qayda qoldi?.. Maktabxon ukasinikida, Adolat Toʻqmoqda, Zulfiya Gulbogʻ oʻrnidagi hovlida-joʻjabirday jon... «Xudo sizzi yetkazdi, Toʻxtajon, — degan edi oʻlim toʻshagida yotgan Zulfiyaning otasi — Islom sarroj koʻzlaridan yosh duvillab — Qizim halolingiz. Oilamga bosh boʻling — koʻchada qolishmasin... »

Toʻxtaboy istamagan edi ularning koʻchada qolishini... «Yo, boqiy! Oʻzint boqiy!.. Yo, boqiy!.. »

Toʻxtaboy namoz payti emasada masjid darvozasidan kirib bordi. Soʻl tomondagi pastak uy tevaragini supurayotgan daroz, hirsday baquvvat, echki soqol qorovul chol uni koʻrib hang-mang boʻlib qoldi. Mum tishladi.
— Assalomu alaykum rahmatu va barokatuh!.. Toʻxtaboy qorovul cholga emas, masjidga, bu muborak maskanning zaminu-eru qaddi-bastiga salom bergan edi. U toʻgʻri xonaqohga yoʻl oldi, mehrobga ikki-uch odim qolguncha bir maromda vazmin yurib bordi — tashqaridan uni kuzatib turgan qorovul chol goʻyo Toʻxtaboy hozir masjidni orqalab ketadigandek talvasaga tushdi, dod-voy solib boshiga haloyiqni yigʻmoqchidek lapanglab koʻchaga yugurdi — Toʻxtaboy esa mehrab poyida peshonasini sajdaga qoʻydi...
— Yolgʻiz oʻzing boqiysan, Egam!.. Foniylar uzra boqiylik yolgʻiz senga yarashadi!.. Qodirsan!.. Zakiysan!.. Odilsan, odil!.. Odillikda bokiysan!.. boqiy!.. Antal boqiy — oʻzing boqiy!.. Yo, boqiy!..

... Qorovul chol hovliqib chorigʻini surgab toʻrt-besh bekorchini boshlab kelganda Toʻxtaboy Kallaxonadan oʻtib Mahsidoʻzlikka, undan osha Xadraga yetayozgan — yoʻl-yoʻlakay nimaiki koʻrgan boʻlsa, kim bilan uchrashib, kim bilan gaplashgan boʻlsa — bari-barini unutgan, qay oʻy-qay xayolda ketib borayotganini sezmas, mehrobga yuzma-yuz choʻk tushib iltijo qilayotganda ovozi ravonlashganini, sira qiynalmay tupuk yutganini, mana endi, bahorning namochil kunida ogʻzi yanayam qurishib borayotganini oʻylamas, fikri-oʻyida yursa-yuraversa, yoʻli adogʻ boʻlmasa, jon-joniga tutash boʻlib ketgan Toshkent koʻchalaridan aylanib-oʻrgilsa... shu ketgancha Toʻqmoqning biqinidagi sermavj Chu daryosiga shoʻngʻisada, hovurdan chiqsa, haroratlari bosilsa, muzday va tezoqar suvni sipqorsa, tashnaligi qonib hushi joyiga kelsa va hamma-hammasi qayta boshdan boshlansa... bolaligi, oʻsmirligi, tijorat yoʻliga kirishi, uylanish, bola-chaqa orttirish, dovrugʻ taratish manchman degan oʻris, nemis, juhud boylariga izzat-ikrom koʻrsatish... bor-budidan ayrilish, asl boyliklari boʻlmish ayollariyu farzandlaridan mosuvo boʻlish... Chuning suvi tezoqar-da!.. Muzdakligi yaxshi, o-oh!.. Tez oqishi undan yaxshi. Shiddat bilan oqadi. Odamning umriga oʻxshaydi — toʻxtash neligini bilmaydi, oldinga, oldinga, oldinga...
— Hoy, amaki!..
— Qoching-g!..
— Togʻa-a-a!!!

Toʻxtaboy ustiga bostirib kelayotgan tramvayni koʻrdiyu, uning vahimasini fahmlab ulgurmadi — beixtiyor boshini siltab tortadi, vagonning tumshugʻi chirillab betini yalab oʻtdi. Toʻxtaboy toʻxtamadi — yana bir qadam oldinga tashladi, tashladiyu, tramvay vagonining «dumi» zarb bilan urib uni shu yoʻlga agʻdardi.

Toʻxtaboy shahar oʻrtasida yerga uzala tushib yotadigan inson emas edi, zero, u lahzalar ichida hushini yigʻdiyu, irgʻib turmoqchi boʻldi, oyogʻi oʻziga boʻysunmadi, qoʻli bilan tiralib qaddini rostlamoqchi edi — kafti arang koʻtarilib koʻksiga yetdi , xolos. Yoʻlovchilar yugurib kelib uni oʻrab olishdi. Qiy-chuv qoʻpdi. Ayollardan biri hoʻngrab yubordi. Odamlar orasidan yorib oʻtgan ityoqali oq koʻylak kiygan, qoʻngʻiz moʻylabli yigit engashib, entikib Toʻxtaboyning boshini bilagiga oldi. Qaltiroq qoʻllari bilan yoqa tugmalarini yechishga tutindi.
— Yo, boqiy...

Rangi dokaday oqarib ketgan Toʻxtaboy goʻyo foniylar orasidan boqiylik istaganday soʻnib borayotgan koʻzlarini arang ochib tepasida gavjumlashayotgan basharalarga alangladi, qiynalib tamshandi, notanish chehralar orasidan ityoqa koʻylak kiygan qoʻngʻiz moʻylabli yigitni topdi, bor quvvatini koʻzlariga jamlab unga tikildi, lekin u yigit mubham bir xavotirda oʻzini izma-iz kuzatib kelayotgan jiyani — Abdumalik ekanini tanimadi...

* * *

Oʻrta yoshlardagi daroz boʻyli goʻrkov uzun qoʻllarini lahaddan choʻzib oppoq kafanga oʻralgan mayitning oyoq tomonidan oddi, soʻng belbogʻichini kafti aralash oʻradi, avaylab pastga tushirdi.

... U kecha shom chogʻi, «Toʻxtaboy bandalikni bajo keltiribdi!» degan xabarni eshitganda ajablanib yoqa tutdi. «Essiz, shunday odam ha ham oʻtibdi-da!» dedi bosh chayqab. Bosh chayqay-chayqay, marhumning haqqiga duolar oʻqiy-oʻqiy qabrni hozirladi, lahad tuprogʻini ixlos bilan chuqurroq, kengroq oldi. Tuproq tortayotib manglayiga nimadir ilashdi — lahad shiftida bir qarich chiqmaydigan qilday ingichka ildiz osilib turgan ekan. Uni yulib tashlash niyatida tortdi — ildiz uzilmadi, «zarari yoʻq» degan oʻyda ishini bitirdi, tashqariga chiqayotib ildizning muzdek uchi yana peshonasiga tegdi, bu safar u ketmonni ishga soldi — kalta sonli ketmonni ikki daf’a sirmadi hamki, ildiz uzilmay tebranib turaverdi. Shunda... tebranishdan toʻxtamagan ildizning u uchida bir tomchi suv simobday yiltirab koʻrindi. «Ajabo!» Goʻrkov tushunolmay bir zum hayalladi. Chinchilogʻining uchida tomchini «ilib»» oldi-da, labining chekkasiga tekkizdi, tekkizdiyu, hayrati chandon ortdi: «Tovba! Bu qadar suyuq, bu qadar tiniq, bu qadar totli!.. »

... «O-omin! Savol-javobingizni Allohning oʻzi oson qilsin!». Goʻrkov shivirlab yuziga fotiha tortgach, lahaddan sirgʻalib chiqdi, yuqoridan qoʻlma-qoʻl uzatishayotgan guvalani lahad ogʻziga tera boshladi. Soʻnggi ikki-uch guvalani qoʻyishga ulgurmay qorongʻilashib borayotgan lahadga beixtiyor qaradi. Qaradiyu... mayitning qoq labi ustiga tomgan ildiz shirasi paxtaday oq kafanlikdan shimilib oʻtayotganini koʻrdi...