OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXurshid Doʻstmuhammad
Asar nomiVasiy (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Xurshid Doʻstmuhammad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/01/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Vasiy (hikoya)
Xurshid Doʻstmuhammad

Oppoq, toza dasturxonga yoʻrgaklangan chaqaloqni tizzalari orasiga yotqizib-tebratib oʻtirgan juvon ayvonning lang ochiq derazasidan boʻynini choʻzib hovliga qaradi. Quvalashayotgan bir juft musichani koʻrdiyu yoʻrgakni avaylab koʻrpachaga yotqizdi, oʻrnidan ildam turib kalishini oyogʻiga ilganicha hovliga tushdi. Musichalar qanotini parillatib oldinma-keyin tomga koʻtarildi.

Juvon ayvon qatoriga solingan oshxonadan oʻtdi, devor poyiga suyab qoʻyilgan xokandozni koʻtarib, uning ostidagi supurgini oldi, xokandozni qayta joyiga qoʻydi. U musicha qoʻngan joyga keldi-da, oyoqlarini keng yoyib ikki bukilganicha goʻyo yoʻqolgan ignani qidirayotganday yerga tikildi, shu alfozda bir nafas turgach, tuproqdagi musicha izini topdi. Koʻylagining etagani orqaga sirmab, oʻsha yerni supurdi.

Hovli top-toza edi, supurgi kesak uvogʻini tirnab chiqardi. Juvon kesakni barmoqlari uchida avaylab ushlab koʻchib chiqqan joyini izladi. Topdi shekilli, uvogʻni joyiga qoʻydi, avval barmogʻining uchi, ketidan kalishining tumshugʻi bilan tekisladi, supurgini yana bir sirmadi-da, oshxona tomon yurdi, borib xokandozni koʻtardi, supurgini joyiga qoʻyib, ustidan xokandozni devorga suyadi.

Juvon ayvonga qaytayotib vodoprovod yoniga bordi, bosh va koʻrsatkich barmogʻi bilan joʻmrakni burab suvni jildiratdi, qoʻlini sovunladi, yuvdi-sovunladi, sovunladi-yuvdi, soʻng tirsagini joʻmrak chambaragiga botirib uni burashga unnadi. Suv kamaysa-da, toʻxtamadi, koʻngli joyiga tushmagan juvon tirsagi bilan joʻmrakka tayangan koʻyi vodoprovod tevaragida gir-gir aylana boshladi: bir, ikki, uch... nihoyat, joʻmrak qotdi — suv toʻxtadi. Juvon suv yuqi selgishini kutib qoʻllarini yoniga osiltirdi, keyin boshi barobar koʻtarib quyoshga tutdi.

Botib borayotgan quyoshning laqqa choʻgʻdek tilimi yashirinib ulgurmagan, uning haroratsiz, qizgʻish nuri atrofni yoritib turardi. Juvon shafaq yorugʻida yanayam oqarib koʻrinayotgan, tob tashlagandek qiyshiq va oriq barmoqlariga tikildi, qon talashganday qizarib koʻrinayotgan zich panjalari orasidan koʻz uzmay, panjalarini yeydi, soʻng kaft va barmoqlaridan suv selgib boʻlganiga ishonch hosil qilgach, shipillaganicha ayvon tomonga yurdi, kalishini yechib kavshandozning bir burchagiga tekisladi-da, ayvonga oʻtdi, hovli sahniga koʻz yugurtirdi, xotirjam tortib, boya turib ketgan joyiga qaytib oʻtirdi. U yoʻrgakni tizzasiga yotqizib dasturxonning qayrilgan uchlarini tekisladi, qayta-qayta siypalashiga qaramay, bir chekkasi qayrilaverdi. Juvon koʻrpacha ostidan qaychi olib dasturxonning yigʻilib-qayrilib qolayotgan parchasini qirqtsi, osilgan iplarni ham qaychiladi. Shundan soʻng koʻngli taskin topib, yana yoʻrgakni avaylab tebratishga kirishdi. U nimalardir deb pichirlar, dam-badam boʻynini choʻzib hovliga razm solar, dasturxon chetlarini tortib-tortib chaqaloqning yuzini yashirishga tirishar, hovli jimjit, ayvon jimjit, ba’zan juvonning shiviri quloqqa chalinmasa, hovli ham jimjit edi.

Nogahon yoʻlak tomonda nimadir «shapp!» etdi. Juvonning yoʻrgakni siypalayotgan qoʻllari asabiy qaltiradi. Toʻsatdan hushini yoʻqotgan odamday rangi quv oʻchdi, lablarini kimtib birpas tin oldi. Soʻng qaychini koʻrpacha ostiga yashirdi, yoʻrgakni tizzasidan tushirib ohista koʻrpachaga yetqizdi, qaddini rostladi. Kalishini oyogʻiga ildi-da, zinadan chaqqon tushib oshxona tomonga yurdi. Oshxonani yonlab borib supurgi bilan xokandozni ikkala qoʻliga oldi, zipillaganicha qaytib, yoʻlakka oʻtdi. Yoʻlakda nimadir «sharpp! shirpp!» etdiyu juvon u yoqdan chiqdi — xokandozni tutgan qoʻlini oldinga choʻzgancha burnini jiyirdi, xokandozda esa yangi kelgan gazetalar bor edi.

Shu alfozda juvon hovli etagiga bordi. Oshxonaning orqa tomoniga burilib koʻzdan yoʻqoldi. U talay fursat kaytib koʻrinmadi, sharpasi ham sezilmadi. Hovliga xavotirli sukunat choʻkdi.

... Uyning yopiq derazasi goʻyo shu sukunatga xalal bermoqchi emasdek «qirs... s...» etib jur’atsizgina ochildi. Tavaqalar yarim-yorti ochilib ulgurmay...

Oshxona muyulishida juvonning qorasi koʻrindi. U supurgi bilan xokandozni avvalgi oʻrniga qoʻydi, keyin... vodoprovod yoniga keldi. Bosh va koʻrsatkich barmoqlarining uchida joʻmrakni burab suvni ochdi, qoʻlini ikki-uch qayta sovunlab, erinmay yuvdi, joʻmrakni tirsagi bilan qotirdi, soʻng kaftlarini boshi barobar koʻtarib botib borayotgan quyosh nuriga tutdi. Yoyib turgan panjalariga uzoq tikildi. Kaftlarini yuz-koʻziga yaqinlashtirdi-uzoqlashtirdi, yaqinlashtirdi, yana uzoqlashtirdi. Ufqqa bosh qoʻyayotgan quyosh nuri kaftlarining sirtidan singib ich tomonga sitilib oʻtaetganday, kaftlaridan oʻtib koʻzlarini battar qamashtirayotganday boʻlaverdi.

Shu payt uning nigohi roʻparasiga qadaldi. Ravish-holatini buzmay uzoq, sinchkov tikildi, soʻng birdan qoʻlini quritayotganini unutib ayvonga yugurdi. Sarosimadan koʻzlari olayib, yoʻrgak tepasiga keldi, qontalash shafaqning qirmizi nuri ravon romining yuqori koʻziga tushib turar, oynadan sinib oʻtgan bir tutam nur chaqaloqning ustini yoritgan edi. Juvon yoʻrgakni dast koʻtarib uni narigi koʻrpachaga yotqizdi, soʻng oʻsha tezliqtsa ayvondan tushib hovli etagiga yugurdi, u yerda omborxona tomiga suyab qoʻyilgan uzun narvonni yelkasiga qoʻyib, iziga qaytdi. Chayqala-chayqala ayollarga xos boʻlmagan gʻayritabiiy kuch bilan ogʻir narvonni lapanglatib koʻtarib keldi. Narvon uchini ravonning yuqorisiga qadar koʻtarib qoʻyganida deraza koʻzi qarsillab ketdi. Juvon bunga parvo qilmadi, indamay-netmay zipillab narvondan ikki-uch pogʻona koʻtarildi. Narvonning uchi gʻiyqillab bir yonga qiyshaydi.

... boya yarim-yorti ochilgan uy derazasi shiddat bilan, lekin shovqinsiz lang ochildi.

Juvon pogʻonada turgan joyida bir siltanish bilan narvonni joyiga qaytardi. Shoshib-pishib yuqoriladi-da, ravon romining eng tepasidagi - shafaq nuri tushayotgan koʻzini kattiq-qattiq arta boshladi. Biroq oynaga hamon nur tushaverdi, juvon harchand artmasin, uni ketkazolmadi, toʻxtab bir muddat tikildi — oynada xuddi suv yuzasida yeyilganday moy dogʻlari koʻrinib turar — unda quyosh nuri jilvalanayotgan edi.

Juvon nurga shu qadar jon-jahdi bilan tikildiki, oynadan qaytgan shu’la uning koʻzlariga ignadek qadaldi, ogʻriqqa dosh berolmaganidan boshini siltab orqaga tortdi. Nogoh siltanishdan muvozanatni yoʻqotgan juvonning gavdasi orqaga ogʻdi — uch-toʻrt quloch tepalikdan boshi bilan tikkasiga agʻdarilib tushayotgan asnoda ham u ola-kula koʻzlarini oynadagi dogʻdan - shu’la aksidan uzmadi. U yiqilishidan emas, balki oʻsha qizgʻish-qirmizi nurdan sarosimaga tushgan, vahimadan oʻzini oʻnglolmay qolgan edi.

... lang ochilgan derazadan xovliga bir yigit irgʻib tushdi. Tushdiyu oyogʻi yerga tegayozganida munkib ketdi, oʻzini bazoʻr oʻnglab yugurgilaganicha narvonga yetib keldi va jon holatda unga yopishdi. Yigit dagʻ-dagʻ qaltiragan qoʻllari bilan narvonni tutgan chogʻida juvon muvozanatini tikladi, hech narsa yuz bermagandek tik turganicha boyagi-boyagi — oynani artaverdi, oyna esa top-toza, gard-gʻuborsiz, hatto quyosh yanayam ufq ortiga choʻkkanidan kirmizi shu’la ancha yuqoriga siljigan, deraza koʻziga tushmayotgan edi.

Juvon oynani hali uzoq tozalaydigandek bir maromda harakat qilayotganida yigitni koʻrdi. Rangi quv oʻchdi, oyoq-qoʻli boʻshashib, narvonga holsiz suyandi, oyna artayotgan lattasi choʻzilib osilib qoldi. Keyin oʻzi imillab tusha boshladi.

Yana vodoprovod joʻmragi buraldi, qoʻllar yuvildi, tirsak bilan joʻmrak qotirildi-da, juvon kaftlarini quyosh botib ketgan tomonga tutdi. Uning uzun-uzun, qoq suyak barmoqlari ola-chalpoq yorugʻda jonsizdek koʻrinar, oʻzi kaft va barmoqlaridagi naqshin chiziqlardan asabiylashar, oʻjar nigohi bilan ularni silliqlagisi kelar, ayni chogʻda narvon yonidagi yigitga gʻijinib koʻz qirini tashlab qoʻyardi.

...nimjon, maykachan, sochlari toʻzigan rangpar yigit miq etmay unga moʻltayib turaverdi.

Tahlika va xavotirdan gezarib ketgan juvon qoʻlini orqasiga yashirdi, yugurib ayvonga chiqdi, yoʻrgakdagi chaqaloqni dast koʻtarib bagʻriga bosganicha oʻzini ichkari uyga urdi.

... narvonga suyangan koʻyi juvonni kuzatayotgan yigit yurishga chogʻlandiyu, oʻrnidan jilmadi. U, juvon eshik tirqishidan oʻzini kuzatayotganini sezmaganday koʻrsatib boshini ham qildi. Xiyol fursat oʻtkazib, ehtiyotkorlik bilan eshik tomonga koʻz qirini tashladi. Juvon koʻrinmadi. Yigit yalang oyoqlarining uchida bir-bir qadam bosib ayvonga chiqdi. Boʻsagʻaga yetgan joyida nimaningdir «gʻirch, gʻirch»lashini eshitib, taqqa toʻxtadi...
— Seni mendan olib qoʻyishmoqchi!
— Men sening bolangman-ku.
— Ne-echta tugʻdim-a!.. Tugʻaman — ular olib qoʻyadi, tugʻaman — olib qoʻyaverishadi. Ozmunchasini yoʻqotdimmi?! Seni bermayman!..
— Meniyam tortib olishsa-chi?
— Unda yana tugʻaman. Agar endiyam erga berishmasa-chi, oʻzimmi mana bunaqa qilib qiyib tashlayman! Koʻryapsanmi?..

...yigit jon xalpisida eshikka yaqinlashib koʻzini tirqishga bosdi...

Xona toʻridagi taxmonga oʻgirilib oʻtirgan juvon tizzasidagi chaqaloq oʻralgan dasturxon — yoʻrgakni buydaladi, silab-siypaladi, bir yoʻla yuzi yopiq chaqaloq bilan gaplashaverdi:
— Oʻzingni qiysang meni kim boqadi?
— Voy, tilingdan aylanay, ularga qolsang yonboshiga bosi-ib oʻldirib qoʻyadi. Berib boʻlibman!
— Boʻlmasa, ularning oʻzini qiyib tashlay qol!
— Damingni chiqarma, yashshamagur! Qiyaman! Hammasini qiyaman. Hovlida yolgʻiz qolsam-chi, darvozani tambalab koʻyib tugʻaveraman, tugʻaveraman. Hammalaringni qator-qato-or yetqizib jonimni boʻli-ib-boʻli-ib beraman, qoqindiq!.. Hu-uvv!.. Hu-uvvv!.. Ulardan — zolimlardan qachon qutilaman? Qutilamanmi?!.. Hu-uvv!.. Hu-uvvv!..

Yoʻrgak ustiga duv-duv koʻz yosh toʻkila boshladi. Lekin juvon yigʻidan tez toʻxtadi. Ulgʻayib qolgan farzandini roʻparasiga oʻtkazib olib unga xotirjam nasihat qilayotgan onadek vazmin gapirdi:
— Sen koʻp vaysama. Yuzingni ochma. Xoʻpmi?.. Ular ovozingni eshitsa, seni olib qoʻyishadi. Sensiz holim nima kechadi? Seni qaerdan topaman yana?
— Boʻlmasa, yashirib qoʻy.
— Tovushingni chiqarma deyapman! Izimdan yuradi ular, meni oʻz holimga qoʻyishmaydi... Eshitib qolsa uyim kuyadi, vayron boʻlaman!
— Yashir, tezroq! Shoshilsang-chi!
— Menga oʻrgatma, deyapman! Nima, yashirishga aqlim yetmaydimi? Yetmaydimi!.. Mana!.. Mana!..

Juvon oʻrnidan dik etib turdi-da, uy ichida charx urib, gir-gir aylanishga tushdi. Birdan toʻxtadi, izlaganini topdi shekilli, tokchaga toʻshalgan oq qogʻozning chekkasidan ushlab qattiq tortdi. Ustma-ust terilgan piyola, choynak va likobchalar oyoq ostiga sharaqlab tushdi.

...poygakda turgan yigit uy ichiga otilib kirishdan oʻzini bazoʻr tiydi. Holsizlanib, eshik kesakisiga suyandi. Uning oyoq-qoʻlidan majol ketgan, asabiy qaltirar, lekin koʻzlari hamon sergak, hushyor ham mehrli boqar edi...

Yoʻrgak ustiga sochilgan chinni parchalarini kafti bilan surib tashlayotgan juvon birdan choʻgʻga botirib olganday qoʻlini siltab tortdi va koʻziga yaqinlashtirdi. Kaftining qirrasida qon koʻrindi. Juvon dam kaftiga, dam qon tomchilariga mengraydi, shunda ... eshik «tiqq» etdi...

Juvon bukchayib oʻrnidan turdi, asta eshik tomonga oʻgirildi

... eshik ortidagi odam sharpasini... sezdi. U apil-tapil yoʻrgakni qogʻozga oʻray boshladi. Shu asnoda eshik va deraza tomonga qarab xuddi badboʻy isdan nafasi qaytganday «Huvv!..» deb labini choʻchchaytirar, qoʻllari shiddatli harakatlanib chaqaloqni oʻrab-chirmar edi. U yoʻrgakni bagʻriga bosganicha yugurgilab eshikdan chiqar-chiqmas taqqa toʻxtadi.

... yigit ayvondan tushib ulgurmagandi... Juvon oʻsha zahoti orqasiga qaytdi. Eshikni taraqlatib yopdi. Yoʻrgakni yashirish maqsadida uning ustiga koʻrpacha tortdi. Keyin derazadan tashqariga qaradi, boshini chiqarib engashdi. Aftidan deraza oshib hovliga tushishga chogʻlandi. Jur’at etolmadi chogʻi, chiroqni yoqib koʻrpacha ostidan yoʻrgakni oldi, shokila-shokila boʻlib ketgan dasturxonga qoʻlidagi qon yuqlarini artdi. Arta turib zich yopilgan eshikka qarab ogʻir tin oddi. Soʻng hamon xavotirli nigohini eshikdan uzmay unga yaqinlashdi. U bolani bagʻriga bosganicha eshikka peshonasi tekkudek oraliqda toʻxtadi...

...narigi tomondan esa yigit ichkariga moʻralab turardi...

Juvon allakimlar eshikni buzib uyga bostirib kirishga hozirlanayotganini payqab qolganday dahshatga tushgan, a’zoyi-badaniga yugurgan qaltiroqni bosolmayotgan edi. U ancha vaqtgacha shu ahvolda turdi. Titroqni bosishga chiranganidan peshonasi va yuzlarida sovuq ter tomchilari paydo boʻldi.

Birozdan soʻng u ancha xotirjam tortdi. Endi uning harakatlaridan hadik, pala-partishlik aridi, aksincha, favqulodda bamaylixotirlik bilan taxmondagi koʻrpalarning yarmini zumda agʻdardi. Soʻng qogozga oʻralgan yoʻrgakni taxmonda qolgan koʻrpaning ustiga qoʻydi-da, uning ustidan yiqitgan koʻrpalarni qayta yigʻishga tushdi. Shunda u oyogʻining ostidagi koʻrpani olayotib etagini qoʻshib koʻtarganidan uning zangori ich koʻylagi koʻrinib ketdi

...eshik ortidagi yigit koʻzini olib qochdi...

Ichkaridan juvonning boʻgʻiq va zardali ovozi keldi:
— Endi topib boʻlishibdi! Topadi-ya, topadi! Taxmonga yaqinlashsin-chi! Bittalab qiyaman... Qoʻlimga tushganini qiymalayman!
— Meni qiyma!
— Seni qiymayman, qoqindigʻim! Tagʻin oʻlib-netib qolmagin, xoʻpmi?.. Yoʻqolmagin... Tugʻishda qiynaldim-ey!.. Yana qachon bola koʻraman. Yana qachon erga berishadi meni... Sen oʻlmagin, seni yashiraman!.. Oʻlib qolmagin!.. Uvv!.. Xih, uvvv!! Huvv, ket! Huvv, ket! U-uvvv!..

Juvon achchiq-achchiq hoʻngrab yubordi.

...eshik ortidagi yigit ikki bukilib kalit uyasidan moʻralab qarar, bir lahza boʻlsin juvondan koʻz uzmas edi...

Uydan alla tovushi eshitildi. Juvon alla aytayotib gapdan toʻxtamas, dam oʻzi, dam chaqaloq boʻlib savol-javob qilar, «bolasi» yoqimli gap aytguday boʻlsa, «Voy, aylanay-ey!» deb taxmonga talpinar, lekin qoʻlini choʻzar-choʻzmas yigʻlab yuborar, yana allalashda davom etardi.

U shu alfozda uzoq yurdi. Keyin toʻxtab, uyning oʻrtasida bir nuqtaga qadalgancha qaqqayib qoldi, uzoqdan elas-elas quloqqa chalinayotgan shovqinni eshitmoqchidek sergaqlandi. Uning shu turishida yana ne balolarni boshlashini bilib boʻlmasdi...

Allaqancha vaqt oʻtdi. Juvon oʻy surib oʻyiga yetgan odamday shoshilmay taxmondagi koʻrpaning ikki-uchtasini tushirdi. Soʻngra yoʻrgakdagi chaqaloqni devorga taqab uning ustidan koʻrpalarni qaytadan yigʻdi. Yiqilgan koʻrpalarni kafti bilan itarib-surib tekisladi, tekislanmagan joylarini qiydi. Shundan soʻnggina koʻngli tasalli topdi chogʻi, qoʻllarini ikki yonga osiltirganicha yelkasi bilan koʻrpaga horgʻin suyandi...

...yigit kalit uyasidan tikilib turaverdi...

Nihoyat juvonning koʻzlari yumildi, sirgʻachib tushib gilamga oʻtirib qoldi.

...yigit eshikdan chekinayotib sezilar-sezilmas entiqdi, yengil nafas olib yonginasidagi stulga ohista choʻkdi...

Tun yarmidan ogʻib, tong otishiga picha qolgan, uyning chirogʻida hovli sahni, qorayib koʻrinayotgan narvon, ayvon yuzasida sochilib yotgan dasturxon qiyqimlari qandaydir sirli-bezovta manzara hosil qilgan

...maykachan, yelka suyaklari turtib chiqqan uvoqqina yigit stulda suyanganicha tizzalarini quchib qunishib mudrar edi...

Juvon gʻira-shira tong ota boshlaganida uygʻondi, oʻtirgan koʻyi ostin-ustin boʻlib ketgan uyning ahvoliga razm soldi, oʻrnidan shoshilmay turib sochini, koʻylak yoqalarini tuzatdi, soʻng taxmondagi koʻrpalarni tushirdi, boya oʻzi qoʻygan yoʻrgakni olib qon dogʻlari qotib qolgan qogʻozga, qaychilab tashlangan dasturxonga angraydi, chuqur, soʻlgʻin uf tortdi. Qogʻozni, dasturxonni ochdi-da, unga oʻralgan chaqaloq-yostiqni olib taxmonga qoʻydi, oyoq uchida yurib kelib eshik tirqishidan ayvonga moʻraladi.

...yigit stulda gʻujanak boʻlib oʻtirgancha uxlayotgan edi...

Juvon taxmondan tushirgan koʻrpalardan birini keltirib eshikni ohista ochdi, yigitning tepasiga yaqinlashib koʻrpani ikki qoʻllab yoyib baland koʻtardi. Eshik shovqinsiz ochilgandayoq kush uyqusida yotgan yigit choʻchib uygʻongan edi. Juvon uning koʻziga qaramay, yuzini koʻrpa bilan panalab turib gunohkorona va chorasiz bir iztirobda gapirdi:

— Joyingga kirib uxla, ukam. Men tuzukman... Men yaxshi boʻlib qoldim...