OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXurshid Doʻstmuhammad
Asar nomiYoqub izquvarning hiylasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Xurshid Doʻstmuhammad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yoqub izquvarning hiylasi (hikoya)
Xurshid Doʻstmuhammad

Yoqub toʻram kallasini salgina boshqacha ishlatgan edi, hayotida tubdan burilish yuz berdi: kissasi pul koʻrdi, roʻzgʻoriga baraka kirdi, nomi mahalla-koʻyning ogʻziga tushdi, hammasidan ham, begonalar tugul, uyidagi bola-chaqalarigacha uning izzat-hurmatini joyiga qoʻyadigan boʻlishdi! Tilidan ham, dilidan ham «Yetkazganiga shukr» tushmaydi-yu, ba’zi-ba’zida oʻzi kashf etgan yangi kasb-kori oʻziga malol kep qolyapti. Saraton issigʻida allakimlarning ketida poyloqchilik qilib yurishning oʻzi boʻladimi?!

Toʻrt kun burun bordi, naq peshingacha uyiga kirolmay qolgan laychadek koʻchada sangʻidi. Qorinning poʻstagi chiqqaniyam mayli, yaqin-atrofda chanqovbosdi qultum suvning anqoligi yomon alam qildi Yoqub toʻramga!.. Bir ishni eplolmay qanday borgan boʻlsa, shunday iziga qaytdi. Ertasiga yana oʻsha koʻchada kunni yarim qildi. Ivirsinib yurdi, soyasi quyuqroq oʻrikning panohida choʻnqayib oʻtirdi, shu alfozda chimdim-chimdim mizgʻib oldi ham. Illo ellik-oltmish qadam naridagi qoʻsh qavatli, qizgʻish tomli hashamdor uyning bahaybat temir darvozasida inson qorasi koʻrinmadi. Hali koʻchib kelishmaganmi, nima balo, deb norozilanib gʻudrandi Yoqub toʻram.

Ilgarigi zamonlarda uy-joyiga qarab xonadon sohibining kasb-koriyu topish-tutishini adashmay chamalash mumkin edi, endi esa kasbdan koʻpi yoʻq. Kimga qarasang, paytavasiga qurt tushgandek yelib-yugurib yurganini koʻrasan, razm sole-eb koʻrsang, eplab qoʻygan ishining tayini yoʻq, asasayu dabdabasi esa olamni buzadi!

Yoqub toʻram ham oʻzi istar-istamas oʻshalarning biriga aylandi-qoʻydi. Hammasi hech bir aqli raso bandaning yetti uxlab tushiga kirmagan yangicha kasb-korni kashf etishidan boshlandi. Bunday qaraganda, kasb-kor deyishgayam til bormaydi, ishlaydigan idorasiyam, ishxonasiyam, yangicha aytganda, ofis-mofisiyam yoʻq. Jamoa... jamoani boshiga uradimi! Bir oʻzi! Oʻzi topdimi — huzurini ham oʻzi koʻradi! Sirini doston qiladigan, ogʻzidagi nasibasini ulashadigan anoyilardan emas u. Allazamonlar oʻtib ketgan togʻasining nevarasi kepti, «besh oʻgʻlim, bari bekor, birortasini yoningizga olsangiz»... Qarindosh-urugʻ orasida Yoqub pismiqning ishi yurishib ketdi, degan gap bolalaganki, kelgan. Yoshi oltmishdan oshib birov undan yordam soʻrash tugul, uning holidan xabar olmagan. Endi-endi salgina kallasi boʻlakcharoq ishlashi tufayli qadamini yerga dadilroq qoʻyadigan boʻlganida... «Jiyanchalarni yonimga oladigan hunarim yoʻq, opoqi. Oʻzim pensadagi odam boʻlsam...» Opoqi uning aytganiga ishonmadi, shalvirab xayrlashdi. Ichida qargʻangan boʻlsa ham ehtimol. Yoqub toʻram uzoq qarindoshiga achindi, lekin chorasi qancha?! Falon-falondaqa yumush topganman, oʻgʻlingiz shu hunarning boshini tutsin, desinmi?!

Bir narsaning tagiga yetmagunicha uyqusi kelmaydigan iprisqilar bor. Qoʻshnisi Lutfiddin naxalga oʻxshash. «Oʻ, pismiq, qattan oshib-toshib ketyapsan?» deb soʻrab qolsa boʻladimi, koʻpchilikning orasida! Yoqub toʻram bunaqangi bema’ni luqmaga bama’ni javob qaytarishni oʻziga ep bilmadi.
— Har qalay, oʻgʻri-kazzoblik qilayotganim yoʻq, — dedi-qoʻydi.

Ha-da, u hech kimsani urayotgani, soʻkayotgani yoʻq, muttahamlik qilib oʻzganing choʻntagiga qoʻl suqayotgani yoʻq. Ta’maning koʻchasiga yoʻlamayapti. Odamlarning oʻzlari kelishadi, chaqirishadi, dard-hasratlarini toʻkib solishadi. Iltimos, iltijo, oʻtinch va oʻzlari qoʻyarda-qoʻymay qoʻliga ul-bul tutqazib ketishadi. Ishi bitmay turib tashlab ketadiganlar bor, hojati chiqqach, Yoqub toʻramni chorlab chaqirganlar qancha!

Yoqub toʻram oʻylab koʻrsa, endigi zamonda falon kasbning pattasi choʻntagimda deganing bilan noning butun boʻlmas ekan, endi davru davron ishning oʻzini emas, koʻzini bilganniki!..

Shokarim baraka topgur hunarning koʻzidagi naq gavharini moʻljalga olganlardan chogʻi, ana, uy-joyini koʻrga hassadek qilib, qoyillatib qurib qoʻyibdi, imorati olmonlarning oʻyinchoq fabrikasidan yangigina charaqlab chiqqan qoʻgʻirchoqqa oʻxshaydi — uzoqdan qaragan odamga kulayotgan, jilmayayotganday. «Menga oʻxshash, loaqal mengayam oʻxshay olmayotgan noshud-notavonlar ustidan qah-qah otayotganday!» deb mingʻirladi Yoqub toʻram.

U Shokarimning xonadoni yonida atayin qadamini sekinlatib oʻtayotib imoratga saro-sar razm soldi. «Marmar qoplangan poydevori mandan ikki qarich baland... Suvogʻiyam allambalo... Deraza oynasi koʻzni olyapti, uyning ichiga moʻralashning iloji topilmadi-da...»
— Topgan hunaringdan oʻrgildim! — deb yubordi Yoqub toʻram oʻzidan astoydil achchiqlanib. Achchiqlandiyu, shu zahoti shaytonga hay berdi. Axir umri mehnatdan bosh koʻtarmay oʻtdi-ya, he, essiz! Koʻksiga shamol tegmadi, erkak boshiga doʻppini yarimta qilib koʻchaga chiqolmadi. Qarindosh-urugʻ, oshna-ogʻayni tugul, bola-chaqasining oldida ham boʻynini, unga qoʻshib tiliniyam qisib yurdi. Aslida salgina tiliga erk bersa shunday gaplarni bilardi-ya!.. Qanchadan-qancha tesha tegmagan gaplari, qochiriqlari taxi buzilmaygina yorugʻ olamni koʻrmay ichida jon berdi, uvol!.. Ahyon-ahyonda tiliga kuchi yetmay qolgan paytlari aytganini eshitganlar esa uni ichidan pishgan pismiqqa chiqarishdi. Mabodo kallasi boshqacharoq ishlab qolmaganida, koʻz koʻrib quloq eshitmagan yumushni topmaganida dunyodan «Oʻqub pismiq»ligicha oʻtib ketardi. Qarigan chogʻimda uyda oʻtirib qolsam holimga maymun yigʻlaydi, deb yurak hovuchlab yurgandi, aksincha Xudo qoʻsh qoʻlladi! Faqat ming bitta hunar boʻlsa hammasidayam sabr-toqat qilgan odamgina baraka topar ekan.

Yoqub toʻramning ichi esa sabr-toqatning koni! Oʻzi musichadek yuvvosh, beozor, kamsuqumdan-kamsuqum edi, koʻpchilik uni nazariga ilmasdi, ochiq-oshkor kamsitishdan ham toyishmasdi. Yoqub toʻram bundan ozorlanmasdi. Nima boʻldiyu... yoʻq, u kishim favqulodda qahramonlik koʻrsatmadi, yulduzni benarvon urmadi, beliga belbogʻ bogʻlab ajnabiy polvonning yelkasini yerga tekkizgani ham yoʻq — oltmish yildan buyon amal-taqal asrab, koʻtarib yurgan kallasining ichidagi aql tugmalarini zigʻircha boshqacha ishlatdi. Shu, xolos!

Avvaliga u haqda hazil-huzul aralash uzun-quloq gap oraladi. Mish-mishga birov ishondi, birov — yoʻq. Buyogʻini soʻrasangiz, Yoqub toʻramning oʻzi ham harchand bosh qotirmasin, falon kundan yoki pismadon hodisadan soʻng oʻzimda shunday noyob qobiliyat alomatini payqadim, degan taxminni aytolmadi. Oʻz ismiga qachondan buyon ulugʻlovchi «toʻram» qoʻshilib qolganiga ham e’tibor bermadi. Odamning otasi qoʻygan ismi oʻzgarsa oʻzgaradiki, koʻchada orttirgan laqabi umrbod qoladi deb yurardi. Yoqub toʻram shu borada adashdi, ya’ni zamon oʻzgarishlariga yarasha miyasi salgina oʻzgacha ishlagandi, yashash tarziga qoʻshilib, laqabi ham yangilanib ketdi...

Yoqub toʻram shu singari xayollar ogʻushida «ob’ekt»dan uzoqlashmay toqati toq boʻlayozganida umidini bogʻlab turgan hodisa yuz berdi — koʻcha boshidagi muyulishdan chiqindi tashuvchi moshinning «di-dit»i eshitildi. «Doʻmboqvoy xudo degan yigit ekan!» deb yubordi Yoqub toʻram shaylanishga tushib. Chiqindi yigʻadigan moshin qaerga kelib toʻxtashini chamaladi.

Besh-olti kun burun qoq peshinda bir choynak choyni miriqib ichib, sel boʻlib oʻtirgan joyida yonboshlab, pinakka ketgan ekan, qoʻngʻiroq ustma-ust jaranglasa-da, arang oʻrnidan qoʻzgʻaldi. «Yana bittasi keldi!» — ensasi qotdi Yoqub toʻramning, hozir chiqib darvozani ochadi, yaqin-atrof koʻchalik birortasi qoʻl qovushtirib iljayib turgan boʻladi, mezbon, qani, ichkariga kirsinlar, deydi, mehmon boʻlmish goʻyo olamshumul hufiya sirni oshkor etayotganday past tovushda shivirlaydi:
— Qizimizga sovchi kelib qoʻymayapti...
— E, xayrli boʻlsin, birodar, — deya Yoqub toʻram lutf qiladi. Mehmon tagdor jilmayadi. Mezbon shuning oʻzida muddaoni faxmlaydi, lekin mehmon oʻz ogʻzi bilan muddaoga koʻchmagunicha u zinhor sir boy bermaydi.
— Yoqubjon amaki, sizdan fatvo olmay turib toʻy boshlaydigan anoyi yoʻq, — deb maqsadga koʻcha boshlaydi mehmon boʻlmish. Yoqub toʻram oʻzini goʻllikka soladi.
— Men-a? Men qanaqasiga fatvo beraman?.. — U shunday deb hayratini oxirigacha ifoda qilib ulgurmay mehmon dangaliga koʻchadi:
— Hammasidan xabarimiz bor, otaxon. Siz bir ogʻiz «ha» yoki «yoʻq» desangiz bas, koʻngil xotirjam tortadi. Oʻzimiz ham ul-bulni surishtirdik, lekin sizning yoʻrigʻingiz boshqa deyishdi. Jon aka, yoʻq demang, oramizda qoladi...

Iltimos qilib keluvchilar ham, oʻrtaga tushadigan vositachilar ham boshida, «oramizda qoladi» deb va’dani katta berishadi, ammo-lekin, mana, Yoqub toʻramning karomatlari orada qolmayotgandirki, toʻy mavsumida ostonaga iltimos qilib keluvchilarning keti uzilmayapti.

Xullasi kalom, Yoqub toʻram darvozani ochdiyu, ixcham qaychilangan moʻylabchasi oʻziga xoʻp yarashgan oʻrta yoshlardagi doʻmboqqina yigit koʻziga olovdek koʻrinib ketdi. Yigit mezbon bilan quyuq koʻrishgach, tavoze bilan qoʻllarini qovushtirdi, uch xonadon narida turgan «ajnabiy» oq ulovi tomon birrov nazarini tashlab qoʻyib, gapni boshlashga qiynalib, gʻudrandi:
— Adashib, narigi qoʻshnining eshigini chaqiribman...
— Hovli qaerda, uka? — dedi Yoqub toʻram muddaoga koʻchaqol degan ohangda.
— Qaynamada, — javob qaytardi doʻmboq yigit.
— E, ha-a!..

Mezbon amaki ne boisdan na’ra tortib yuborganini mehmon yigit tushunmadi, albatta, zero, Yoqub toʻram oʻz dovrugʻi besh-olti mahalla naridagi Qaynamaga yetib borganidan taajjubini yashirolmagan edi. Bu ketishda ahvol nima kechadi? Hozirning oʻzida tinimi yoʻq, mahallama-mahalla, koʻchama-koʻcha, undan soʻng bozorma-bozor izgʻigani-izgʻigan. Naq izquvarning oʻzginasi!.. Shaharda bozor bolalaganini aytmaysizmi! Odamlar bozor qolib, dangʻillama, qimmatsotar doʻkonlarga qatnashga odatlanayotganiga kuyasanmi?! Shu ketishda Yoqub toʻram uch-toʻrt ishonchli shovvozni yoniga olmasa boʻlmaydigan! U holda... noni yarimta boʻlishiyam mayli-ya, Yoqub toʻramning aqli salgina yangicha ishlab, kashf etgan hunari fosh boʻlishining oqibati nima kechadi?! Buyogʻi, qoʻlidan bir yumush kelgan odamning dovrugʻi oʻrmalab-chopqillab yoyilaverar ekan, Qaynamaga yetgan dovrugʻ erta butun shaharga tarqamaydi, degan kafolat yoʻq!

— Koʻpni koʻrgan moʻysafidlar maslahat berishdi, — muloyimlik bilan qistovga olishda davom etdi doʻmboq yigit. — Anigʻini hech kim sizchalik aytolmas emish...

Yoqub toʻram mamnuniyat bilan tabassum qildi, jilmaydi. Uning eti «oʻlgani»ni sezgan doʻmboq yigitning tili ravonlashdi. U Yoqub toʻram hozirgina uydan chiqayotib koʻnglidan kechirgan barcha gap-soʻzlarni qariyb aynan takrorladi. Faqat yigit tushmagur iltimosni quyuq qila turib barmoqlari bukilgan qoʻlini chapdastlik bilan sermadiyu, Yoqub toʻramning egnidagi oq yaktakning yon choʻntagiga oʻrtasidan buklangan... qogʻozchani solib ulgurdi.
— Yoʻgʻ-e, nima qilyaptilar?! — dedi yasama hovliqib Yoqub toʻram. Hovliqish, oʻngʻaysizlanish, xijolat chekishni oʻrniga qoʻydiyu, choʻntagidagini olmadi, uni mehmon yigitga qaytarib berish epini topolmadi.

Muomala «uskunasi»ni moylab olgan doʻmboq yigit buyogʻiga oʻzini anchagina emin-erkin tutdi.
— Aka, oiladagi gap-soʻzni har kimga doston qilish odatim yoʻq, lekin sizdan sir saqlamayman...

Yoqub toʻram «mayli» degan ma’noda bosh irgʻadi, shu topda, «uzatganini olgan zahoting yetti yot begona ham sirdoshingga aylanadi», degan gap kechdi koʻnglidan.
— Katta qizimizdan yomon adashdik, ota, — dedi mehmon yigit dam «aka», dam «ota», dam «amaki»lab murojaat qilayotganining farqiga bormay. — Oʻrtaga boobroʻ kazo-kazolar tushgandi. Oʻziyam el-yurt taniydigan odam...

Yigit xomushlanib, boshini sarak-sarak tebratdi.
— Savlatidan it xurkadiyu, roʻzgʻorda... voy-voy, tiyinni ustida azon aytarkan!.. Birovning roʻzgʻordagi ahvolini bilib boʻlmas ekan, ota!.. Xullasi, qizim bolasi bilan uyimda...
— E, attang!

Yoqub toʻram astoydil achindi. Mehmon yigit soʻzi yerda qolmaganini sezdi.
— Shunday, ogʻzi kuyganlardanmiz, — dedi u ochiqdan-ochiq yolvorib. — Tezlatib berasiz-da, jon amaki, har qanday odamning asl turqi-tarovatiyu sir-asrorini ikki kunda bilib beradi deyishdi, sizzi!..

Yoqub toʻram chiqindi yigʻadigan moshinning yaqinlashib kelishiga qarab turib doʻmboq yigitning iltijosini esladi. Kimning qanday odamligini bilish oson boʻlganida, dunyo hozirgidan butkul boshqacharoq boʻlmasmidi? Nizolar, toʻqnashuvlar, urushlar... Guldek oilalarning toʻzib ketayotgani-chi? Odamzod boshidagi eng mushkul savdolardan biri ham shu, uka — odamni bilish!.. «Ikki kunda bilib berasiz», deydi-ya! Oʻzi esa bir boobroʻ kimsaning roʻzgʻordagi a’molini bilgunicha qizining baxtini kemtik qilib ulguribdi!.. Koʻcha-koʻydagi qiyofa aslida chalgʻituvchi niqobligini har kim ham tushunavermaydi. Niqobga aldanib, qizini beradi, qizini oladi, yor-birodarlashadi. Roʻzgʻordagi, yotish-turishdagi ahvolni koʻrgach esa, qarabsizki, uzoqqa bormay hamma ixlosu sadoqatning uyi kuyadi!..

Yoqub toʻram oʻzi kashf etgan «hunar»ni eslab, shumlik bilan qiqirladi. Birovning roʻzgʻordagi, kundalik turmushdagi ahvolini biladigan bitta joy bor — bozor! Oldi-sotdining ustida niqoblar yirtiladi, yoʻqoladi, yoʻqolmasa-da, odamning roʻzgʻordagi, oiladagi ichki qiyofasi yaqqolroq koʻzga tashlanadi. Nima xarid qilyapti, necha pulligini tanlayapti, qay tarzda savdolashayapti, bozordagi qadam olishlar qanday — ha, uka, odamning roʻzgʻordagi qiyofasini bilay desang uni, bozorda kuzat! Bozorda tomosha qil! Oʻnta yaqin-yiroqdan surishtirib bilolmaganlaringni oʻz koʻzing bilan koʻrasan, oʻz qulogʻing bilan eshitasan!

Tinimsiz «di-dit»layotgan bahaybat koʻkish moshin ohista yurib kelib, Shokarimning uyidan oʻttiz-qirq odimlar narida «langar» tashladi. Ertalabdan buyon suv quygandek tinch-osuda, kimsasiz koʻcha gʻala-gʻovurga toʻlib ketdi. Aksari xonadonlardan ayollar, bolalar qoʻlida bittadan, ikkitadan chelak koʻtarib chiqishdi.

Yoqub toʻram temirni qizigʻida bosadigan payti keldi. Fursat gʻanimat! U xuddi yoʻlovchidek oʻtib boraturib Shokarimning darvozasi ochilishini poylab, yetib bordi. Ichkaridan qogʻoz qutini ikki qoʻllab inqillab koʻtargan oʻn yoshlar chamasidagi bolakay chiqdi. «Nevarasi, yuki ogʻirgina ekan», deb taxmin qildi oʻzicha Yoqub toʻram. Zum oʻtmay taxmini isbot topdi — bolakay oʻn-oʻn besh qadam yurmay qoʻli toldi, qutini oyogʻi ostiga qoʻyib, nafas rostladi. Chelagini boʻshatib qaytayotgan qoʻshni bola uning yoniga yugurib keldi.
— Koʻtarishib yubor, — dedi Shokarimning uyidan chiqqan bola tengqur qoʻshnisiga. Qoʻshni bola qutini koʻtarish oʻrniga uning chala yopilgan qopqogʻi orasidan tumshugʻi chiqib turgan tunukasimon idishchani sugʻurib oldi.
— Voy-vu-u, chiroyliligini! Tashlama, buni man olaman! Ana, boshqasiyam borakan!..

Ikki qoʻshni bolakaydan ikki qadam narida oʻtib borayotgan Yoqub toʻram uchun shuning oʻzi kifoya edi. Qoʻshni bola oʻzining koʻzini oʻynatgan-oʻynatmagan chiqindi idish va yaltir-yultir xaltachalarni titib, ochib tashlaganining oʻzida u kishim zarur xulosalarni chiqarib ulgurdi. Oʻzicha, «Unur» doʻkoni, «Oloy» bozori» deya ikki manzilni koʻngliga tugdi. Yoqub toʻramning hisob-kitoblaridan birida odamlar shaharning qaysi bozoridan roʻzgʻorlik qilishlariga qarab tabaqalashtirilgan. Oilalar bozor-oʻcharni erlar, ayollar, oʻgʻil-qizlar qilishiga qarab guruhlashtirilgan. Oila a’zolari umuman bozorga qadam bosmaydiganlar roʻyxati alohida. Bulardan tashqari, Yoqub toʻram bozorlik olib ketiladigan idishlargacha, kim qaysi mahsulotdan qanchadan xarid qilishlarida ham hikmat koʻp deb hisoblaydi. Hammasidan muhimi, Yoqub toʻram mumkin qadar savdoning ustida boʻlishga, javob-muomalani oʻz qulogʻi bilan eshitishga harakat qiladi. Kimdir oʻynab-kulib, hazil-mutoyiba bilan bozor-oʻchar qiladi, kimdir qovogʻini uyib oladi, sotuvchi bilan xuddi nari-beri boʻlib qolgan qudasi bilan gaplashayotgandek soʻzlashadi. Titrab-qaqshab, aldanib qolishdan qoʻrqa-pisa muomala qiladigani bor. Oladigani besh kilo sabzi-yu, bozorni uch karra aylanib, narx-navoni tit-piti qilib surishtiradi. Bularning bari kissadan chiqayotgan — sarflanayotgan aqchaning alami ustida boʻlayotgan ishlar.

Davomi beshinchi betda.

Boshi uchinchi betda.

Tejamli-saramjon boʻlish ayb emas, lekin toʻrt qadoq goʻshtning narxini kelishgunicha qassob bilan qariyb yoqa boʻgʻishishdan toymaydigan qaynona yoki qaynota hademay oshxonasiga, roʻzgʻoriga bekalik qiladigan kelinchakni ne koʻylarga solarkin?.. Kelin shoʻrlik tejamning koʻchasidan oʻtmagan, oʻz uyida misqollab emas, botmonlab sarflashga odatlangan boʻlsa-chi?

Bir zamon («teng-tengi bilan, tezak qopi bilan» degan maqolnamo gap) yurardi, hozir unutilib ketdi. Zargarning qizini zargarga, qassobning qizini qassobga ber, deydi xalq. Odamlarning ogʻzidan chiqqan gapga qarasangiz — biri-biridan dono, oʻzi quda-andachilik qiladigan payt kelganda esa odamni odamdan farqiga bormay dovdiraydi.

Yoqub toʻram qaynamalik doʻmboq yigitdan manzilini, kasb-korini aniqlashtirib oldi.
— Hovlimiz baland koʻprikning yonginasida, Dolim doʻxtir desangiz hamma taniydi, — dedi doʻmboq yigit.
— Kasblari doʻxtirlikmi? — deb surishtirdi Yoqub toʻram.

Dolim doʻxtir kulimsiradi.
— Asli shifokor edik, yaqin sakkiz-toʻqqiz yildan buyogʻiga... zamonaviy hunarlardan nasibamizni terib yuribmiz, otaxon, — dedi.

Oradan uch-toʻrt kun oʻtkazib, Dolim doʻxtir yana keldi. Yoqub toʻram juda band odam qiyofasida salom-alikni muxtasar qila turib, «Doʻxtirlikdan non topolmagan-da, oʻzini zamonaviy hunarga urgan», dedi xayolan.
— U tomon shoshirib qoʻymayapti, amaki, — dedi Dolim doʻxtir.
— Qizi borning — nozi bor, galga soling, — nasihat qildi Yoqub toʻram.

Yana uch kun oʻtdi, shom qorongʻisida Dolim doʻxtir yana eshik qoqib keldi. Yoqub toʻramning ayoli chiqib, u kishi yoʻgʻidilar, uch-toʻrt kunda kelib qoladilar, deb javob qildi. Dolim doʻxtirning nazarida Yoqub otaning ayoli sovuqroq muomala qilganga oʻxshadi. Yoqub toʻramning choʻntagiga solib qoʻygan elliktalikni eslab, «Kamlik qilmadimikan?» deb xavotirlandi.

Yoqub toʻram birortasiga shuncha berasan demadi, demaydi ham. Ishlab yurgan kezlari ikki oyda, besh oyda... bir yilda olgan maoshidan oshirib berganlar boʻldi, lekin u pulning betiga, qaysi davlatning puli ekaniga qaramadi, iltimosni ado etish uchun astoydil yelib-yugurdi. Bir safar qotmadan kelgan, sochlari kumushday oq kampir kelib, falon-falonchidan qiz olmoqchi edik, oʻshalarning uy ichini bilib bering, uka, deb qistovga oldi. Yoqub toʻram xarchand tushuntirmasin, kampir qoʻymadi. Toʻsatdan, «Yoʻl koʻrasizmi?» deb qoldi-yu!
— Qanaqa yoʻl? — ajablandi Yoqub toʻram.

Kampir dangalchi ekan.
— Eshitdim, opovsi, bir gʻaltak oq, bir gʻaltak qora ipni chuvalatib tashlab, yoʻl koʻrasiz ekan. Shunga oʻn kun, oʻn besh kun ketadimi, aylanay? Mana, oʻzim ola keldim, xoʻp deng, jon uka.

Kampir shunday deb Yoqub toʻramning qoʻliga ikki gʻaltak ip tutqazdi, Yoqub toʻram miriqib kuldi.

Kulishga kuladiku-ya, lekin... Yoqub toʻram Shokarimning izini olgunicha hafta ichi qancha yoʻl poyladi, qancha xunobi oshdi — oʻziga ayon. Odamlar odatda yashash joyiga yaqin bozor-guzardan roʻzgʻorlik qilguvchi edi, hozir unday emas, uncha-muncha bozorga qadam bosishni oʻziga ep koʻrmaydiganlar paydo boʻldi — «Olay»ga boradi, «Olay»ni-da nazari ilmay, ajnabiylar rasmga aylantirayotgan ming turli noz-ne’mat toʻla doʻkonga tanda qoʻyadiganlar koʻpaydi.

Yoqub toʻram ikki tengqur bolakay «in’om» etgan ma’lumotdan xulosa chiqarishda yanglishmadi — Shokarimning uyidagilar roʻzgʻorni «Oloy» bozoridan, kamiga «Unur» doʻkonidan qiladi. Taxmini amalga oshib, izquvarlik amalining bir haftalik besamar izgʻishlaridan obdon tinkasi qurigan kunlarning birida u «Oloy» bozorining darvozalaridan biriga kiraverishdagi somsaxona yonida ayoli va nevarasini ergashtirib borayotgan Shokarimga ilashdi. Er-xotin va nevaraning rasta oralab qadam olishining oʻzida dimogʻ-firogʻ, kibr va dasti darozlik siyoqi sezilib turardi. Yoqub toʻram ulardan dam atayin ortda qolar, dam juda yaqin kelib qolar, biron narsa xarid qilish yuzasidan savdo qizigan paytda esa Shokarimning muomalasi qanday, boʻlgʻusi qaynonaning tili-jagʻi qanaqa — birontasini eshitmay qoʻymadi. Er-xotin avval kartoshka, sabzi, piyoz xarid qilishdi, soʻng xarajat xoʻl meva rasta qatorida davom etdi. Shokarim narx-navo yuzasidan tortishmay, koʻziga koʻringan olmafurush moʻysafidga, uch kilo torting, deb yubordi. Xotini, shoshmang, adasi, narigisiniyam koʻraylik, deb pishay degan savdoni toʻxtatdi. Shokarim «tortavering» degan ma’noda olmafurush moʻysafidga imo qilgandi, xotini, «men bunday olma yemayman» deb oyogʻini tirab turib oldi. Shokarim ayolining serpardoz yuzidagi tamanno alomatini koʻrgan zahoti olma xarid qilish shashtidan tushdi.
— Ja, boyvachchalik qilmay, sal savdolashsangiz boʻlmaydimi?!

Shokarimning xotini zahrini sochib eriga vishilladi, bu gapni, gapning ohangini Yoqub toʻram aniq eshitdi. Shokarim shu savlatiga xotinidan past kelganini ham sezdi. Boya piyoz xarid qilish chogʻida ham er xotinning izmida ekanini tasdiqlovchi alomat sezildi. Shokarimning imosi bilan tarozi pallasidagi togʻora toʻldirilgan piyoz qayta joyiga toʻkildi.
— Archishgayam, toʻgʻrashgayam qulay-da, — dedi Shokarim sotuvchining oldida izza boʻlishdan iymanmay-netmay.
— Atayin archishgayam, toʻgʻrashgayam qulay boʻlmaganidan oling! Ja, taltaytirib yubordiz, oʻsha suyukli kelinizzi! Uyiga kirib ketganicha kun boʻyi qorasini koʻrsatmaydi. Bir mahal ovqat qilganda archsa archibdi-da! Maydarogʻidan oling, gap tamom!

Xotinining dagʻdagʻasidan oʻngʻaysizlangan Shokarim picha narida beparvo turgan nevarasiga ishora qildi. Lekin xotinining soʻzini ikki qilmadi.

Ana shu yoʻl-yoʻlakay «gurung»ning oʻziyoq Yoqub toʻram bir dunyo xulosa chiqarishi uchun kifoya edi. U kun boʻyi qorasini koʻrsatmay uyida oʻtiradigan kelinning ahvolini, uning bu qaynona bilan muomalasini tasavvur qilishga urindi. Doʻmboqboyning loʻppigina yuzli, xushbichim moʻylabli chehrasi koʻz oldiga keldi.

Shokarim xarid qilingan narsalarni temir aravachaga orttirib, uni tortib borayotgan oʻspiringa yoʻl boshlab koʻchaga yurdi. Yuklarni yapon avtouloviga ortaturib xotiniga, «Unur»gayam kirib oʻtamiz» dedi. Yoqub toʻram Shokarimning nevarasi koʻtarib chiqqan qogʻoz quti ichida «Unur»dan boshqa joyda topilmaydigan, sotilmaydigan qimmatbaho yaxna sharbatlardan, noyob shirinliklardan boʻshagan yaltiroq idishchalarni koʻz oldiga keltirdi.

Nimaiki koʻrgan, kuzatgan boʻlsa, ularning baridan chiqadigan xulosaning loʻndasini, yana qoʻshimcha mulohazalarini Dolim doʻxtirga aytdi:
— Shokarim oʻziga toʻq, bagʻri keng yigit koʻrinadi. Kundalik roʻzgʻorini tanlab-tanlab, chertib-chertib oʻtkazadigan odamlar kelinni ham ming chigʻiriqdan oʻtkazib, asilini tanlagan-da!

Dolim doʻxtir ogʻzining tanobi qochib mamnun jilmaydi. Yoqub toʻram davom etdi:
— Kelin boʻlmish qizimiz qaynona bilan til topisha olsa olam guliston... Qolgan jihatlarida... tenglik, uka.

Dolim doʻxtir hayajonda Yoqub toʻramning soʻnggi soʻzlariga e’tibor qilmadi. Musht qilgan qoʻlini Yoqub toʻramning kissasi tomon choʻzdi. Yoqub toʻram astoydil oʻzini olib qochdi.
— Toʻy boʻlsin, — deya yaxshi niyat qildi u. Xayrlashishdi. Xotirjam tortgan Dolim doʻxtir zipillab borib moshinasiga mindi. Bosh irgʻab, joʻnadi-ketdi.

Yoqub toʻramning yuragi uvishdi. Bir kishining emas, butun bir oila a’zolarining roʻzgʻordagi fe’l-atvorini bilish osonmi? Kimning yotish-turishi qanday? Roʻzgʻor tutishlar, sarf-xarajatga munosabatlar? Ozodaligi, kir-chiri, ovqatlanishi... hazil-mutoyibasi, gʻazabiyu mehr-shafqati, injiqligi... shularning barini bir-ikki daf’a bozordagi oldi-sotdi ustida kuzatish bilan aniqlash kifoyamikan? Shu yoʻl bilan chiqargan taxminlari bilan u hozircha nimalardir qilib yuribdi, mabodo bu ham ish bermay, aksincha pand berib qolsa-chi?.. Odamlarning turish-turmushdagi asl aft-basharasini hufyona yoʻllar bilan, ya’ni hech kimga sezdirmay, dilini ogʻritmay bilish: aniqlash choralari bordir? Yoqub toʻramning yangicharoq ishlagan kallasiga kelmagan yana, kim bilsin, qancha hadislari bor, buning?! Har qalay, odam miyani boshqacharoq ishlatsa yoʻli topilmaydigan jumboq yoʻq deyishadi.

Yoqub toʻram zimmasiga olib qoʻygan yana ikki iltimosni ado etishni xayolan rejalashtirganicha bir-bir yurib, uyi tomon yoʻnaldi...

R.S. Shom qorongʻisi tushdi. Yoqub toʻram Qaynamadan ham olisroqdagi mahalladan surishtirib kelgan moʻysafidning oʻtinchini ado etishni chamalab oʻtirgan edi, eshik qoʻngʻirogʻi jiringladi. Yoqub toʻram odatdagidan-da ogʻrinib, istar-istamas koʻchaga chiqdi. Gʻira-shirada darvoza boʻsagʻasida qoʻl qovushtirib turgan basavlatgina notanish kishining soxt-sumbatiga, soʻng betiga qaradi-yu, tuyqus toʻxtab qoldi. Koʻnglining bir chekkasidan koʻlaga solib oʻtgan xavotirdan tizzasiga qaltiroq yugurdi.

Uning roʻparasida turgan kishi — Shokarim edi!

«Aytmadimmi?! Nahotki, qovun tushirgan boʻlsam?! Qattan uyimni topib keldi bu? Nima niyatda keldi?.. Nima qilib, izimni poylab yuribsan, iskovich, desa nima deyman?! Shu paytgacha biror joʻyali vaj topib qoʻymaganimni! He, xomkalla!»
— K-kesinlar, i-ichkariga kirsinlar, — deya oldi Yoqub toʻram qaltirab.

Qaltirab shunday dediyu, oʻsha zahoti xavotiri aridi. Chunki Shokarim odatdagi iltimos bilan keluvchilar ohangida muddaoga koʻchdi:
— Oʻzlaridan qolar gap yoʻq, oqsoqol, — dedi u iltimosim yerda qolmas, degan ta’kid ohangida qat’iyat bilan. — Kenjamizni uylantiradiganmiz. Ayollarimiz qaynamalik Dolim doʻxtir deganning qizini koʻrib kelishibdi. Oʻsha oilani...

Yoqub toʻram gapning davomiga quloq solmadi. Shokarim yana nimalardir dedi-da, gap orasida Yoqub toʻramning kaftiga ikki buklangan qogʻozni qistirdi. Yoqub toʻram shoshib qoldimi yoxud boyagi xavotiri arib ulgurmaganmidi «churq» etmadi. Shirinkomani qaytarishga botinmadi.
— Uch-toʻrt kunda xabar olsam boʻlar-a, oka? Surishtirib qoʻyasiz-da.

Yoqub toʻram Shokarimning moshinasi uzoqlashayotgandagina hushini yigʻdi. Bunaqasi boʻlmagan edi!.. Qaynamalik Dolim doʻxtirning qizi... Oilasi... Kaftini ochdi. Dolim doʻxtir choʻntagiga solib ketgan xilidan, faqat undan ikki hissa koʻp. Yaxlit yuztalik.

Yoqub toʻram tirjaydi, qiqirladi, kuldi, xo-xolab yubormaslik uchun labini tishladi. Dolim doʻxtir dastlab kelib ketganidan buyon orada oʻtgan kunlar asnosida u avval Shokarimni, soʻng... Dolim doʻxtirning oʻzini, oila a’zolarining bozor-oʻchar qilish chogʻida izidan tushgan, shu taxlit ularni ham zimdan oʻrganib ulgurgan edi...