OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Xusrav Dehlaviy. Ruboiyot
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXusrav Dehlaviy
Asar nomiRuboiyot
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Hind adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Xusrav Dehlaviy
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Ruboiylar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonЖамол Камол
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/17
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ruboiyot
Xusrav Dehlaviy

1

Ey sarvi chaman, jilvagari boʻston boʻl,
Ey bodi sabo, chamanda kez, sayron boʻl.
Ey gul, sabr aylaki, nargis mastdir,
Gul pardasi ichra bir nafas pinhon boʻl.

2

Jonona, shu lablaring menga taskindir,
Bir boʻsa tilarmen, oshigʻing — miskindir.
Dedingki, bu gapni qoʻy, labimda tuz koʻp,
Hay, shoʻr demagil, shoʻr deganing - shirindir...

3

Ey ta’mayu hirs agarchi doxil senga,
Tuproq emish oxiri manzil senga...
Tuproqni na’munchalar bezaysen, ey doʻst?
Tuproq boʻladir bir kuni hosil senga...

4

Sendin nechakim jabru jafo koʻrgaymen,
Men barchasiga oʻzni rizo koʻrgaymen.
Koʻngil boricha men seni koʻrsam deyman,
Nur yetganicha koʻzimda to, koʻrgaymen....

5

Kulsang, sanamo, nozli koʻzing noz etgay,
Gul ikki yuzingda oʻzni ogʻoz etgay
Gar gʻuncha labingdin soʻz tilar ersa, sanam,
Gul-gul ochilib, oʻzini pardoz etgay...

6

Dedimki, labingda koʻp shakarlar bordir.
Dedingki, koʻzingda koʻp guharlar bordir.
Dedimki, faqirmen, dedingki, bas qil,
Yuzingdin ayon boʻldiki, zarlar bordir...

7

Ishqing meni oshuftai hayron qildi,
Aqlimni olib, besaru somon qildi.
Har nechaki soʻylasam, gʻamim kam boʻlmas,
Yuvgan bilan ketmadi bu dogʻ, qon qildi...

8

Jonon, ichaver, ayshi mudoming boʻlsin,
Qonim toʻkaver, bodai joming boʻlsin.
May senga halol zmish, nigoro, lekin
Mensiz uni hoʻplasang, haroming boʻlsin.

9

Ey yor, asiru mubtalomen sensiz,
Shu bori jahondin ham judomen sensiz.
Mensiz ne etarsan? — deya bir soʻramassen,
Qilmasman oʻzimki, voy, netomen sensiz.

10

Jonon, ki jafoying bila gar oʻlgaymen,
Amring va rizoying bila gar oʻlgaymen.
Mehring bila boz oʻzimga jon topgaymen,
Jonim toʻla mehring bila boz boʻlgaymen.

11

Chun shomi namoz boʻldiyu yorim ketdi,
Hijronzada qushmanu bahorim ketdi.
Gʻam ichra netayki, dili zorim ketdi,
Tun ichra qolib, sabru qarorim ketdi...

12

Xoʻblar sari boshlagunchi yoʻl — rohimdir,
Jonu dilu koʻz hamisha badxohimdir.
Yoʻq kimsaki, holimni koʻrib, oʻrtangay,
Oʻrtanguchi boʻlsa, shu faqat ohimdir...

13

Jonim, sanamo, sidqu vafoyingga fido,
Boshim havasi sajdai poyingga fido.
Oʻz hoyu havosi bila yurgay har gul,
Illoki, dilim hoyu havoyingga fido...

14

Yoʻq, koʻz demang, ul fitnai olamni koʻring,
Yoʻq, soch demang, har yonga sochilganni koʻring.
Ul damki itob etib, niqobin ochsa,
Voy, qosh demang, ul kamoni Rustamni koʻring...

15

La’ling kabi, yor, gʻunchai xandon yoʻq,
Yuzing kabi gul? Chamanda ul chandon yoʻq.
Lab tishlar emish labingni koʻrgan pista,
Ammo na ilojki, ogʻzida dandon yoʻq...

16

Ul sarvki, sayr etarda shod oʻlmishdir,
Dil ergashib unga, nomurod oʻlmishdir.
Koʻynigda gʻubor boʻlib taralgan jonim
Oxirda shamolu girdibod oʻlmishdir...

17

Bir kecha visoling, sanamim, yor boʻlgay,
La’ling dagʻi bir mahrami asror oʻlgay.
Koʻzimni suray deyman oyogʻingga, vale,
Koʻzim yoshi birla poying afgor oʻlgay...

18

Hajr ichra mudom munisi yorsen, ey gʻam,
Bas, menga ne gʻamki, gʻamguzorsen, ey gʻam.
Koʻnglimda makon tutibsen, ey, insof qil,
Har nechaki bor eding va borsen, ey gʻam...

19

Hasratga koʻmilganim muborak boʻlsin,
Zahmatzada boʻlganim muborak boʻlsin.
Bir bora koʻrolmadim yuzingni, ey yor,
Koʻyingda shu oʻlganim muborak boʻlsin...

20

Ayyomu visolu mavsumi dildorlik —
Kechdi bari, qoldi menga shu gʻamxorlik.
Tunlarki sanam vasli-la uygʻoq erdim,
Tush erdi magar, aslidachi — bedorlik...

21

Dedim, kechasi qoshima kel, kenglik qil,
Dediki, figʻonu nolani enlik qil.
Dedimki, jafoying bila bir oh urgum.
Dedi: bir emas, menga desa, ellik qil...

22

Ne zar tilanib, siynasi otashdirmiz.
Ne ta’na bila koʻngli mushavvashdirmiz.
Bir burda quruq non bila suv, tinch goʻsha.
Yo Rab, bu tiriklik bila biz xushdirmiz...

23

Ey tan, qaro yer maskaning boʻlgusidir,
Ul chogʻda kafan pirohaning boʻlgusidir.
Dedingki, keyin uyim qorongʻu goʻrmi?
Shoshilmaki, unda ravshaning boʻlgusidir.

24

Ayyomi baqoga boq, chunon oʻtgusidir,
Soʻngsiz gʻamu ranj ila ravon oʻtgusidir.
Oʻtguvchi biror damga najot yoʻq, umr —
Afsuski, oʻtarda roygon oʻtgusidir.

25

Navruz kechibon, gʻunchaga yuz noz kelgay,
Gul chehrasiga ishvayu pardoz kelgay.
Navroʻz ketarkan - oʻzidin ketgay gul,
Navroʻz kelarkan — oʻziga boz kelgay...

26

Koʻying sari har safar kelarmen, roh yoʻq,
Kuysam dagʻi oʻrtanib, menga ogoh yoʻq.
Vaslingni tilab yiroqda yuz yil yursam,
Soʻng bori unutsam seni? Yoʻq, valloh, yoʻq...

27

Har neki buyursa yor, qilib, ketgaymiz,
Yuz nolai zor qilib, keyin ketgaymiz.
Xush kelmagay hech oʻzgacha xizmat bizga,
Shu jonni nisor qilib, keyin ketgaymiz...

28

Jono, gahi bogʻu boʻstondir, koʻrgil.
Vaqti gulu vaqti argʻuvondir, koʻrgil.
Gul deb nega sen qoʻling ocharsan, ey jon,
Qoʻl ochki, qoʻlingda gul hamondir, koʻrgil.

29

Ma’shuqki labin tilab bu jon ovora,
Vasliga yetolmayin koʻngil bechora.
Koʻrdimki, labi yorilmish erkan, soʻrdim,
Kuldiyu javob ayladi: shakkarxora...

30

Yoʻq yoʻq, nainki din uchun oʻlgaymen,
Oʻlsam, oʻsha nozanin uchun oʻlgaymen.
Dedingki, faqirlik bila umring oʻtdi,
Ayb aylama, yor, men chunin oʻlgaymen...