OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifYashar Kamol
Asar nomiIlonni oʻldirsalar (roman)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Yashar Kamol
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Yangi asr avlodi» nashriyoti, 2001
TarjimonLola Aminova (Turk tilidan)
Hajm160KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/25
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Annotatsiya
«Ilonni oʻldirsalar» romani, avval oilasining, soʻng oʻzi yashovchi qishloqning bosimi natijasida onasini oʻldirgan bola haqidadir. Hasan yetti yoshligida otasi onasining eski oshigʻi tomonidan oʻldiriladi. Buvisi, soʻng qishloq aholisi ikki yil davomida bolaning yuziga surtilgan «dogʻ»ni tozalashga bel bogʻlaydilar. Borgan sari rivojlangan ijtimoiy asabiylik muhiti, qanchalik qarshilik koʻrsatmasin, Hasanni jinnoyatga undayveradi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Ilonni oʻldirsalar (roman)
Yashar Kamol

Tarjimondan

Mazkur asar turk adabiyotining mashhur vakillaridan boʻlmish Yashar Kamolning qalamiga mansub.

Yashar Kamol — Kamol Sodiq Goʻkchsli 1922 yilda Adana shaxri yaqinidagi Xemits (Goʻkcheli) qishlogʻida tavallud topdi. Uning bolalik va oʻsmirlik chogʻlari keyinchalik oʻz asarlarida tasvirlagan taqir qoyali togʻlar orasida oʻtdi. Uch tomondan zalvorli togʻlar bilan oʻralgan, bir tomonini esa Oʻrta sr dengizining moviy toʻlqinlari yuvib turgan, oʻz koʻksiga koʻpdan-koʻp afsona-yu rivoyatlarni yashirgan mana shu sirli zamin unga zehn va ilhom taqdim etdi. Uning bolaligi oson kechmadi, xatto oʻrta maktabni ham tugata olmadi. Uzoq izlanishlar, uslubiy urinishlar oqibati oʻlaroq, u oʻz ovoziga— faqat Yashar Kamolga xos uslubga ega boʻldi. Yozuvchi oʻz ijodini xalq ogʻzaki ijodi – fol'klor namunalarini toʻplash va nashr qilish, she’rlar yozish bilan boshladi. Uning asarlarida hamisha ham yaxshilik yomonlik ustidan gʻalaba qilavermaydi, adolat razolatni yengib, qahramonlar xuddi ertaklardagidek gʻalabalarini tantana qilavermaydilar. Biroq yozuvchi qalamiga mansub boʻlgan har bir asar – bu oʻquvchi qalbiga xitob, insonda insoniylikni uygʻotishga da’vat, mehr-oqibatga chorlov ekanligi aniq.

Uning 1952 Yilda Nashr Etilgan Birinchi Hikoyalar Toʻplami — «Jazira» Tez Orada Oʻz Oʻquvchilarini Topdi. Oradan Koʻp Oʻtmay 1955 Yilda Yashar Kamolning Birinchi Yirik Asari — «Inja Mamad» Romaning Birinchi Bobi E’lon Qilindi. Yozuvchiga Katta Shuhrat Keltirgan Bu Roman Boshqa Oʻnlab Tillarga Tarjima Qilindi. Soʻngra 1955 Yilda «Tunuka» Romani, 1960 Yilda «Tayanch Ustuni» Trilogiyasining 1-Jildi, 1963 Yilda «Yer Qattiq, Osmon Uzoq» Trilogiyasining 2-Jildi, 1969 Yilda «Umrboqiy» Trilogiyasining 3-Jildi, 1969 Yilda «Inja Mamad» Romanining Ikkinchi Bobi, 1970 Yilda «Agʻri Togʻi Afsonasi» Qissasi, 1971 Yilda «Bepoyon Vatan Boʻylab» Reportajlar Toʻplami, 1972 Yilda «Chaqirjali Efe», 1972 Yilda «Temirchi Guzaridagi Jinoyat», 1975 Yilda «Yusufjon-Yusuf», 1976 Yilda «Ilonni Oʻldirsalar» Qissasi Nashr Qilindi.

«Ilonni oʻldirsalar» qissasida murgʻak bolaning boshidan oʻtgan kechinmalari hikoya kilinadi. Muallif va asar qahramoni boʻlmish Hasan hamoqxonada tanishadilar. Butun qissa yozuvchi va Hasanning hikoyasi asosiga qurilgan. Jamiyatdagi mudhish, razil, johil muhit asar qahramonini jinoyat sodir etishga majburlaydi. Shu muhit mehru muhabbatga toʻla murgʻak qalbni sekin-asta hissiz, qabih bir jismga aylantirib qoʻyadi.

Qahramonning kechinmalarini muallif juda katta mahorat bilan yoritgan. Asar soʻngida oʻquvchi, garchi oʻz onasini vahshiylarcha oʻldirsa-da, Hasandan nafratlanmasligi, uni ayblamasligi ham mumkin. Chunki haqiqiy qotil aslida Chuqurova qishlogʻining johil odamlaridir. Murgʻak, begʻubor bolakay esa ularning bu maqsadlariga yetishlari uchun vosita, xolos. Qissada mazkur ziddiyatli haqiqat aks etganining oʻziyoq Yashar Kamol mahorati va oʻziga xos uslubidan darak berib turibdi.

Otasi oʻldirilganda Hasan yo olti, yo yetti yoshda edi.

Anavarza qoyalari uzra burgutlar qanot kergancha aylanib-aylanib uchishardi. Quyoshga yuz tutgan chirishsiklari deb ataluvchi togʻ gullari oppoq boʻlib ochilgan.

Olisda suzib kelayotgan bulutning soyasi botqoqlikni butunlay qoplab, Dumluga kelganda koʻzdan gʻoyib boʻlardi. Chirishsik gullari atrofida turli xil arilar—asal ari, qovoq ari, sariq arilar gʻujgʻon oʻynashardi. Qoyaliklar orasidan keng yer gullarining toʻq zangori tikanlari boʻy choʻzib turibdi. Hasan qoyaliklarda kaklikday sakrab yurardi. Kun chiqish tarafida jarlik bor edi. Hasanning boshi aylanardi. Jarlikdagi burgut uyalariga tushib, na bir tuxum, na bir burgut bolasini topa oldi. Uni koʻrgan burgutlar devordek tekis qoyalik boʻylab, katta qanotlarini havoda siltab-siltab uchib ketishdi. Bahor quyoshi qoyalarni qizdirib turardi. Qoyaliklar orasidan zangori ixrojlar , sariq za’faronlar, bedaning binafsharang gullari koʻrinib turardi. Kekiklar ochilay-ochilay deb turibdi. Ularning vazmin ifori atrofni tutib ketgan.

Hasanning soʻnggi umidi devor ostidagi uyadan edi. Ammo bu uyaga tushish hamisha qiyinchilik bilan kechadi. Bir safar qoyaga osilib qolib, juda qiyinchilik bilan, zoʻrgʻa chiqib olgandi. Qaytib bu uyaga tushmagan edi. Agar oʻshanda yovvoyi anjirning ildizi qoʻllariga ilashib qolmaganda yoki ildiz yulinib ketganda, u tamom boʻlardi. Pastlik esa oʻn minora boʻyichalik keladi. Pastlikka yetib bormasdanoq parcha-parcha boʻlib ketish mumkin. Atrofdan aralash-quralash hidlar anqiydi. Hasan tevarakning bahor quyoshi ostidagi bunday aralash boʻyini hech bir hidga oʻhshatolmay, bu hidni — qoyalar hidi deb hisoblardi. Bu Anavarza qoyaligining hidi edi. Arilar, kaltakesaklar, kaklik bolalari, uyalar, burgut bolalari, zaharli chinqiroq ilonlar, oʻq ilonlar ham oʻzlaridan bunday hid taratardilar. Anavarza qoyaligining insonlaridan ham qoyalar hidi anqir edi. Bu hid bahor quyoshi taftida insonga juda yoqimli, shiryn, mast qiluvchi boʻlib tuyuladi.

Anavarza qoyaligining yomgʻiridan ham boshqacha hid anqiydi. Undan ham qoyalikning hidi keladi. Bulut ham ifor taratadi. Bulutning hidi ham umuman boshqacha tuyuladi.

Qoyaliklarning hidi Hasanning dimogʻidan aslo ketmaydi. Ayniqsa, bir kecha, qorongʻulik, qorongʻulikdagi miltiq oʻqining hidi... Porox hidi tekislikda, tuproqda oʻzgacha. Tunda, qoyaliklarda esa umuman boshqachadir.

Tunda miltiq oʻqining hidi anqiydi. Tunda, juda uzoqlarda, uzun aks-sado beruvchi oʻq ovozlari, paq-puq... Paq-puq deya tunda aks-sado berardi. Shu sababli Anavarza qoyaligi oʻsha aks-sadolar, oʻq ovozlari va bu hidlar demakdir. Anavarza osmonida qonli burgutlar aylanishardi. Yaxshi eslaydi. Oʻsha otishma yuz bergan tun, oʻsha aks-sado va oʻsha burgutlarning ertalabgacha suzilib uchishlari uning uchun manguga eng qoʻrqinchli xotira boʻlib qoladi.

Kun juda issiq edi. Qishloqdagilarning hammasi ishlash uchun dalaga chiqib ketgandi, faqat Hasan chiqmadi. Yuragi siqilar, nima qilarini bilmas, onasining yuziga hech qarolmasdi.Vaqt toʻqqizda edi. Harqalay unga shunday deyishgandi. Har safar onasining koʻzlariga koʻzi tushishi bilan ertalabdanoq aqli boshidan ketib, telbanamo boʻlib yurardi.

Shunday tonglarda hali kun chiqmasdanoq onasi moyjuvozning sariyogʻidan bir boʻlagini unga berar, Hasan esa usti ayronli sariyogʻni olib, issiq tandir noniga surtar va uzoq-uzoqlardagi daraxt tagiga borib oʻtirib yerdi. Ortiq onasiga qarolmas edi. Na yuziga, na-da uning yurishiga... Qani edi onasini koʻrmasa.

Shunday tonglarda har doim shunday qilar edi. Oʻziga oʻzi sigʻmas, nima qilishini bilmasdi. Telbalarcha qishloq ichida izgʻir, soʻng esa nima ishlar qilganini anglayolmasdi. Qoʻndogʻi sadafli, bu qimmatli miltiqni unga avvalroq—etti yoshligida berishgan edi. Bu miltiq bilan otmagan jonzoti qolmagandi. Yoʻlida uchragan har bir narsaga oʻq uzardi. Qushlarga, echkilarga, burgutlarga, kakliklarga, shoqollarga, chumchuqlarga, insonlarga... Hatto insonlarni ham ota boshlagandi, Hasan...

Uning uch amakisi bor edi. Uchchalovi ham unga churq etmasdilar. Butun qishloq aholisi uning qarindoshi edi. Qishloqlarining oʻzi ham juda kichkinagina edi. Goʻchebelik rayonidan endigina ajralib chiqqandi. Bu yerga joylashganlariga hali koʻp ham boʻlmagan. Amakilari, otasi Hasanday mahalida Binboʻgʻalarda suruv-suruv qoʻylar boqishardi. Ular choʻpon edilar. Yetti «tirgakli chodirlari ham bor edi. Nima boʻlganda ham, har doim shu yetgi tirgakli chodirlari bilan gʻururlanishardi.

Sariyogʻ surtilgan nonini anor bogʻining ichida yeb tugatdi. Qorni yaxshigina toʻydi. Miltigʻini qoʻliga olib, yana qaytarib joyiga qoʻydi. Miltiqning qoʻndogʻidagi sadaf yangi chiqqan quyoshning nurlarida moviy tus olib tovlanar va yana soʻnardi. Ancha vaqtgacha qimirlamay, qoʻllarini osiltirib, boʻynini oʻng tarafga eggancha miltigʻiga qarab oʻtirdi.

Miltiq tovlanib soʻnar, qaytadan jilolanib yana soʻnardi. Onasi hovlida u yoq-bu yoqqa oʻtib yurardi. Dunyo goʻzali edi onasi. Husnda tengi yoʻq edi onasining. Yoshgina, kichkina bir qizchaga oʻhshardi. Otasi esa qarib qolgan, soch-soqoli oqargandi. Qanday boʻlgan boʻlsa, shundayligicha eslab qolgandi, otasini... Onasining beligacha tushib turuvchi uzun sochlari boʻlardi. Chuqurova qishlogʻining hammasi shunday gapirib yurishardi. Balki onasi dunyoning eng goʻzal ayoli boʻlgandir? Shu kattagina Chuqurovada onasini yoqtirmagan yigit topilmasdi. Onasi barcha oshiqlariga rad javobini berar, Hasandan—yolgʻiz oʻgʻlidan ayrilishni xohlamasdi.

Agar onasi ketsa, Hasanning bu yerda qolishi muqarrar edi. Amakilari Hasanni onasiga berib yubormas edilar. Onasi ham farzandini tashlab, turmushga chiqib ketolmas, agar turmushga chiqib, boshqa qishloqqa ketsa, Hasanni umrbod koʻrolmasdi.

Jayhon daryosining suvi kamayib, kumushday tovlanib oqardi. Hasan ertalabdan kechgacha jarlarda yurib, qumri qushlarini poylardi. Qush uyalarining teshikchalari ogʻzida ularning chiqishini kutib oʻtirardi. Mayda teshikli toʻr topib, ilonning iniday kichkina oʻyilgan inchaga toʻrvaday osib qoʻygandi. Inchadan chiqqan qushlar ham shu toʻrga tushishardi. Hasan bu moviy, toʻq zangori rangli qushlarni qovoqdan yasagan qafasiga solib qoʻyardi. Qafasni qarshisiga qoʻyib, toʻhtamasdan bu moviy qushlarni tomosha qilardi. Bu misli koʻrilmagan moviylik edi. Hasan yomgʻirqushi deb ataluvchi qumrilarni tomosha qilar ekan, goʻyoki bir moviy tush ichiga tushib qolar, atrof ham, butun a’zoyi badani ham moviylashib ketganday boʻlib, mast kishiday gangib qolardi.

Qaldirgʻochni odatda hech kim tuta olmaydi, lekin Hasan qishloq tarixida birinchi marta qaldirgʻochni tutgan odam edi.

Hasan qanday yoʻl bilan boʻlsa ham, bir kunda besh-oʻnta kaldirgʻoch tutib, bir arqonga tizib bogʻlab chiqar va shundayligicha uchirardi. Kech tushishi bilan qaldirgʻochlarni shunday bogʻloqlik holatida osmonga uchirib yuborardi.

Hasan Anavarza gʻorlarining birida burgut bolalarini ham boqardi. U ertalab uydan chiqib ketib, faqatgina kun botgandan soʻng, koʻz-koʻzga tushmaydigan, koʻchalarda odam qolmaydigan mahalda qishloqqa qaytardi. Har doimgidek sadafli miltigʻi qoʻlida. Qoʻlidan qoʻymasdi bu sadafli miltiqni.

Arilar, ilonlar, Anavarza yonbagʻirlaridagi tamomila qushlaru xas-hasharotlarning ham boshiga bitgan balo edi bu Hasan.

Qishlogʻidan ham qochib ketgisi kelardi. Bir haftaga yoki bir-ikki kunga qishlogʻidan chiqib, narigi tomondagi qishloqgacha yurib borar, keyin esa qoʻrqqanidanmi, yoki boshqa sababdanmi orqasiga qaytib kelardi. Bir marta choʻpon bola bilan oʻrtoq boʻlib olib Qozondan to Forsogʻgacha ketib qolgan. Keyin esa hartugur yana orqasiga qaytib kelgandi.

Nima ish qilishini bilolmay yurardi. Lekin shu narsani aniq bilardiki, bu qishloqda qolmasligi kerak. Yoki onasi ketishi kerak edi boshqa yerlarga.

Ha, onasi! Onasi ketishi lozim edi. Bu yerdagi hamma onasining dushmani. Inson esa dushmanlar orasida boʻgʻilib yashaydi. Onasiga nisbatan qilinayotgan dushmanlik bevosita Hasanga ham ta’sir koʻrsatar va qishloqda yasharkan boʻgʻilib ketayotganday tuyulardi. Ha, haqiqatan boʻgʻilib ketardi, hech narsadan toymaydigan dushmanlik orasida...

Buvisi, ammalari, amakilari, amakilarining xotinlari, jiyanlari — hech kim onasi bilan gaplashmas edi. Shunday ekan, onasi nega bu qishloqda yashab yuribdi. Shu qadar sohibjamol, shu qadar tengsiz goʻzal boʻla turib... Onasining faqatgina uni tashlab ketolmasligi Hasanga gʻurur baxsh etardi.

Onasiga nisbatan oʻzida turli-tuman tuygʻular his qilardi. Aytishlaricha, eng kichik amakisi onasini yoqtirarmish, lekin onasi uni xohlamay, rad javobini bergan ekan.

Hasan ishonilmas darajada bezovta edi. Shu sababdan ham qushlarga, hasharotlarga oʻzini urardi. Bu dunyoda unga quchoq ochguvchi bir jonzot, shox-shabba qidirardi. Hasan koʻrgan-bilganlarini hech kimga aytib oʻtirmasdi. Oʻldirsalar ham aytmasdi.

Hasan bamisli bir qurshov ichida, toʻrt tomonlama oʻrab olingandi. Nima qilsa ham bu qurshovdan chiqib ketolmas edi.

Boshini toshlarga ursa ham oʻzini oʻrab olgan temir zanjirlar ichidan qutilolmasdi.

Har kuni qochish, har kuni gʻorlar, burgutlar, hasharotlar, ilonlar... Har kuni-oʻsha yerlarga qochib yashash... Hech qanday oʻrtogʻi ham yoʻq. Yo oʻzi bolalardan qochadi, yo bolalar undan qochishadi. Bittagina Solih bor edi, bor boʻlsa ham hech gapirmas edi. Qaytanga yaxshi, gapirmasa, gapirmasin. Hasan esa unga gapiraverib, gapiraverib boshini shishirib yuborar edi. Qanday yaxshi, odamning hech gapirmaydigan oʻrtogʻi boʻlsa-da, zerikmasdan, siqilmasdan uni tinglab oʻtirsa.

Hasan shu tarzda moviy yomgʻir qushlari, havoda aylanib uchayotgan burgutlar, chinqiroq ilonlar, ayniqsa, Solih bilan sarmast boʻlib, oʻzini unutib yashamasa, balki oʻlib ketardi.

* * *

Avval tashqaridan shitir-shitir etgan tovush eshitildi. Otasi eshikka quloq tutdi, qoʻlidagi qoshiq esa bir on havoda muallaq turib qoldi. Onasiga qaradi, onasi boshini dasturxonga egganicha oʻtirardi. Hasan otasini ham, onasini ham kuzatib oʻtirdi. Soʻngra otasining toʻhtab qolgan qoʻli ham, chakagi ham qaytadan harakatga tushib ketdi. Shitirlagan tovush tobora yaqinlashib kelardi. Keyin birdan toʻhtadi. Kechkurun edi. Yer dasturxonida ota, ona, oʻgʻil ovqatlanishardi. Dasturxonda xamirli noʻxot shoʻrva, qovurilgan tovuq, bulgʻor palovi turar, ovqatlar ustidagi yogʻ yaltirab koʻrinardi. Hasan oʻsha kungi bulgʻor palovining hidini hech unutolmaydi.

Derazadan ketma-ketiga ikki oʻq uzildi va tindi. Hasan oʻqning ovozini keyingina eshitdi yoki unga shunday tuyuldi. Oʻqning ovozi butun atrofni ostin-ustun qilgandi. Onasi, otasi, butun dasturxon tuman ichida qoldi. Otasining baqirib yuborganini eshitdi. Onasi ham bir marotaba qichqirib yubordi, keyin esa hamma jim boʻlib qoldi. Tuman ham tarqadi. Hasan oʻziga kelganida oʻq ovozi uzoq-uzoqlarda, Anavarza qoyaliklarida uzun aks-sado berar, qishloqning ichidan esa boʻgʻiq qichqiruvga oʻhshash shovqin eshitilardi. Birdan qonni koʻrdi. Otasi dasturxonga yuztuban yiqilgan, sochlari palov tovogʻiga tushgandi. Otasidan otilib-otilib koʻp qon oqardi.

Hasan, ichkariga kirgan odamning faqat ola-kula koʻzlarinigina eslaydi. U onasining qoʻllaridan ushlab, tuman ichidan tortib olib ketgandi. Hasan joyidan hech qimirlay olmas, koʻzlarini otasiga tikkanicha, toʻhtamay oqayotgan qonga qarab turardi. Oʻq ovozlari, jaranglovchi shovqin-suronlar Anavarza qoyaliklaridan bu yerlargacha eshitilardi. Soʻngra birdaniga uyning ichi qichqirib-baqirayotgan erkak va ayollarga toʻlib ketdi. Otasining oʻlganini buvisining yigʻlashidan keyingina tushunib yetdi. Yana nimalarnidir tushunishga harakat qilardi. Bu ishlarning hammasiga onasi sababchi edi. Ertalabgacha bir burchakka suyanganicha boʻshashib oʻtirib qoldi.

Hech uxlolmadi. Hayotida birinchi marta uxlayolmas edi. Uyqusizlikni, uxlolmaslikning nima ekanligini ilk marotaba his qildi. Insonlar kelib-ketishar, yigʻlashar, baqirishar, qayerlardadir oʻq ovozlari, shovqin-suronlar, bir oʻt parchasi choʻgʻ boʻlib olovlanar, oʻchar, yana olovlanardi...

Hali tong, kun endigina iliy boshlagandi. Qishloqning katta maydoniga bir oʻlikni keltirib tashladilar. Oʻlikning jonsiz koʻzlari kecha kechqurungi kabi ola-kula boʻlib ochilib, oʻlganicha qarab yotardi. Hasan bu oʻlikni tanidi. Bu odamning ismi — Abbos edi. Onasining hamqishlogʻi. Qishloqning ochiq yerida qonga belanib yotardi. Hasan ilk marta yashil pashshalarni koʻrdi. Negadir shu paytgacha hech yashil pashshani koʻrmagan ekan. Ular yam-yashil boʻlib vizillamasdan, uchmasdan, oʻtkir pichoqning tigʻiday yaltirab, bemalol oʻlikning qonlari ustida aylanishardi. Hasan oʻtkir pichoqdan juda qoʻrqardi. Ustarani koʻrsa, qarolmay koʻngli aynirdi. Oʻtkir pichoqlar-a, vuyyy... Onasini ham shu keng maydonga olib kelishdi. Amakilari uni tinimsiz urardilar. Yuz-koʻzi yorilgan, oq roʻmoli, sochlari, yuzi qonga belangandi. Pistonli koʻylagi qonga belangan, parcha-parcha boʻlib yotardi. Xotinlar, erkaklar, bolalar—hamma qishloqdoshlar onasini urib, tupurib ketishardi. Hasan bir muddat hissiz qarab turdi, keyin nima boʻddi-yu, oʻzini onasini urayotganlar ustiga otdi.

Amakisining qoʻlini suyagigacha tishlab, uzib olay deganini, unga keyinchalik gapirib berishdi. Aytishlaricha, telbalarga oʻhshab, toʻhtamay onasini urganlarni urar, tupurganlarga tupurar emish. Katta amakisi uni bir tepki bilan yerga choʻziltirib qoʻyibdi. Onasi esa yotgan joyidan oʻgʻlining ustiga oʻqday otilib kelibdi, kecha kechqurundan beri ochilmagan ogʻzidan: «oʻgʻlimga rahmingiz kelsin», — degan gap chiqibdi, xolos. Soʻngra chidolmay xaloyiqqa qarab: «Men oʻldirmadim Halilni, men oʻldirmadim akangizni. Mana bu oʻldirdi uni, oʻzi ham oʻldi»,—debdi yerda yotgan Abbosni koʻrsatib. Keyin Abbosning tepasiga borib, ochiq qolgan qora koʻzlariga qarab: «Eh Abbos! Ey, voh qadriga yetmaganim», — debdi... Soʻngra hech qayerga qaramay, toʻgʻri uyiga ketibdi.

Qishloqdagi bir qancha uy yonib, kulga aylandi. Atrof ertalabgacha yop-yorugʻ boʻlib turdi. Olovning yorugʻidan Anavarza qal’asigacha koʻrinib turardi.

Soʻngra jandarma keldi. Bir ofitser etiklarini bir-biriga urib-urib buyruq berardi. Yana doktor ham kelib, tut daraxtining tagida oq xalatini kiyib oldi. Doktorning koʻzlari qattiq, nigohlari sovuq edi. Oʻsha tut daraxtining tagida Abbosning oʻligini yorishdi. Doktor bir katta toshning ustida Abbosning oʻligini qoʻyning parchalari kabi kesib, soʻng yana shu holicha qop tikadigan ip bilan tikib qoʻydi. Hasanning koʻngli aynib ketdi. Amakisi onasini parchalangan oʻlikning yoniga olib kelishga harakat qilib tinmay sudrar, onasi esa kelmasdi. «Kel, koʻr, fohisha, kel koʻr, akamni oʻldirtirgan odamingning oʻligini... Kel, fohisha, kel koʻr... Mana oʻynashing qanday holdaligini koʻrib qoʻy». Onasini yerda qumlarga bulgʻalab sudrardi.

Jandarmalar, jandarma yuzboshi ularni tomosha qilib turishardi... Onasi churq etmas, faqat bormaslik uchun chiranardi, xolos.

Qoʻshiqlar, marsiyalar aytib dadasini koʻmdilar. Buvisi toʻshakka mixlanib qoldi. Yotib qolmasdan oldin uch oʻgʻlini yoniga chaqirib:

«Oʻgʻlimning qotili kofir Abbos emas, oʻgʻlimning qotili Esmadir», dedi «Borib qoningiz uchun qasos olingda, qoningizni tozalang. Balki endi men bir umr oʻrnimdan turolmasman, lekin, agar oʻgʻlim Halilning qasosini olmay, qonini yerda qoldirsangiz, bu dunyoda ham, narigi dunyoda ham oq sutim sizlarga harom boʻlsin. Oʻgʻlimning qotili Esmadir!!!»

* * *

Hasan bilan turmada tanishib qoldim. Tunda olib kelishdi. Butun mahbuslar uning yoniga toʻplanishib: «Hafa boʻlma, kuyunma, oʻtib ketar», deb yupatib koʻyishdi. Hasan esa ogʻzini ocholmas edi. Ogʻziga qulf solinganday edi. Mahbuslar unga suv, shoʻrva yana allanimalar bermoqchi boʻldilar, lekin u na gapirdi, na ogʻzini ochib bir narsalar yeya oldi. Oʻtirgan joyida, olomonning oʻrtasida birdan boshi egilib uxlab qoldi.

Boʻlib oʻtgan voqeadan soʻng Hasan qochgan va Anavarza qoyaliklariga berkinib olgan. Butun qishloq aholisi uni uch kecha-yu uch kunduz qidirib topa olmaganlar. Soʻng Hasanni oʻzining kuchugi topib bergan. Itni Anavarza qoyaliklari tomon qoʻyib yuborishgan va it uni bir eski Rum qabrtoshining ichidan topgan. Hasan qochganda qabrtoshining ichiga tushib olgan, qabrtoshining qopqogʻini esa kuchi yetganicha berkitishga harakat qilib, uch kecha-yu, uch kunduz qimirlamay oʻsha yerda qolgan va shu yerdan uni kuchugi topib olgan. Agar iti topmasa qachongacha u yerda qolishi mumkinligini kim bilardi deysiz?!

Jandarmalarning biri unga bir shapapoq tushirdi. Hamqishloqlari unga qoʻrqib qarab turishardi. Qishloq oralab ketishar ekan, erkaklar, xotinlar, bolalar, qishloqning hammasi koʻchaga chiqib olib, yovuz mahluqqa qaraganday qarab qoldilar. Oʻsha kuni hamma unga la’natlab, odamni hurkitadigan nigoh bilan tikilib turishdi.

Turmada ham unga shunday koʻz bilan qarashdi. Hasan kelgan kunidan boshlab shu choqqacha hech kim bilan ogʻiz ochib gaplashmadi. U bilan gaplashishni xohlagan, unga maslahat bermoqchi boʻlganlar koʻp edi, lekin Hasan buni ham istamadi. Guyo turmada emasday. Oʻzi bu yerda, qalbi, hayollari esa umuman boshqa yerlarda kezib yurardi. Endi-endi ovqat yeya boshlagan, yuzlari ozib, koʻzlari kattalashib ketganday. Borgan sari ozgʻinlashib borardi. Boʻyni uzun, quloqlari katta edi. Badanidagi terisi koʻchib, shilinib ketgandi. Hech kimdan bir narsa soʻramas, hech narsa xohlamas edi. Ertalablari va kechqurunlari kichkina bir idishda shoʻrva qaynatar va bitta oʻzi yuzini devorga oʻgirganicha katta non boʻlagi bilan shoʻrvani qoshiqlab ichib tugatardi. Deyarli har kuni amakilari, qarindosh-urugʻi, hamqishloqlari uni koʻrgani kelishardi. Hech birisi bilan bir ogʻiz ham gaplashmas, faqatgina boʻynini bukkanicha, yurak-yuragidan ularni eshitib oʻtirardi. Bir-ikki safar men ham u bilan gaplashmoqchi boʻldim, lekin u menga tikilib qarab turib, keyin esa yana koʻzlarini olib qochdida, oʻtib ketdi.

Turmada har kuni u haqida yangi bir hikoya toʻqishardi. Mahbuslar voqealarni hikoya qilar ekanlar, albatta, unga eshittirib aytishni oʻzlarining vazifalari deb hisoblashardi.

Hasan bu hikoyalarni eshitib oʻtirar, jon-jonidan oʻtib ketganda, faqat kipriklarini ketma-ket yumib-ochib qoʻyardi, xolos. Qotib qolgan yuzi hech qanday ma’no anglatmasdi. Koʻzlari doim yerga qadalgan, lablari shoʻralab ketgan edi. Quloqlari kattagina, xuddi yelkan kabi boshining ikki chetida turar, yuqori qismidagi uchlari pasgga qayrilib turardi. Yuzi yo qorayib, sargʻayib ketgandi. U mahbuslar bilan gaplashmagandan keyin, mahbuslar oʻzlari uning yoniga borishardi, lekin juda yaqin bora olmasdilar. Bolaning boshidan oʻtkazgan mojarolari, turishi, nigohi, ogʻir-vazminligi ularga biroz vahima solib turardi. Turmaning eng ashaddiy mahbusi ham unga biroz hayiqish, biroz hurmat bilan yaqinlashardi. Ba’zi-ba’zida esa Lutfi ismli eng jirkanch, eng ahloqsiz mahbus uning qarshisiga turib olib, ogʻziga kelganini gapirib tashlardi. Bunday holatlarda Hasan oʻzini hech urintirmay, ogʻir gaplar aytayotgan odamning koʻzlariga koʻzini tik qadar, gapirib boʻlgunigacha nigohlarini undan uzmasdi. U esa aloq-saloq gaplarini gapirayotib, bu oʻtkir nigohdan oʻzini bezovta his qilib, biroz pushaymonlik bilan Hasanning yonidan uzoqlashardi.

Koʻpincha shu Lutfi uning asabiga tegar edi. Lutfi deganlari insoniyatning tuygʻulari, butun yaxshi xislatlaridan mahrum boʻlgan, odobsizlikda, hayosizlikda tengi yoʻq odam edi. Unda faqat izzat-nafsga tegish, ishonchsizlik, yirtqichlik mavjud boʻlib, muqaddas tushunchalardan asar ham yoʻq edi. Oʻtgan-ketganga «suykalar», suykalgan odami ham oʻzini bosa olmasa, ana keyin boshlardi toʻpolonni...

Lutfi bilan boʻladigan muloqotlarda Hasanni kuzatib turardim. Nima qilar ekan, deb qiziqardim. Bir safar oʻzini bosdi, ikkinchi safar ham jim boʻla qoldi. Uchinchisida... Lutfi haqorat qilar ekan, koʻzlarini unga tikmadi, yerga qaragancha, nimalarnidir oʻylab turdi.

«Ha, chuvalchang, qotil... Qonxoʻr, it oʻgʻli haromi. Sen bir haromisan turmada sening haromi ekanligining bilmagan odam bormi? Bir odam haromzoda boʻlsa, uning nokasligini hamma biladi. Bir haromzoda bu dunyoda yashasa-ya... Eh, bir haromi-ya... Seni bir kunmas bir kun oʻldiradilar. Sen kabi bilagigacha qonga botgan odamni bu dunyoda yashab yurishi insoniyat uchun uyat, ordir. Sen iflossan, iflos oʻgʻli, iflos! Toʻngʻiz qoʻpgan bola. Qani edi hukumat seni odam katoriga qoʻshmaganda, oʻzim hoziroq jigʻildoningdan olib boʻgʻib oʻldirardim. Koʻzlaringni oʻyib, oʻligingni shu yerga toʻshab qoʻyardim, keyin esa devorning ustidan itlarga qarab otardim. Itlar seni mazza qilib yeyishardi. Yeyishardida, burchakka borib axlat kilib tashlashardi... Ha, itning tezagi, it tezagi. Oʻzi qonga botgan-ku, yana oliftalanib yurishiga oʻlaymi, tuf-e, boʻyning uzilsin, qoʻtir oʻgʻli, qoʻtir!»

Lutfining ogʻzi koʻpirib, atrofga sachrar, butun gʻazabini Hasanga toʻkib-sochardi. Barcha mahbuslar uning oldiga toʻplanib, ogʻizga olib boʻlmaydigan soʻkinishlarini tinglab turishardi. Hasan oxiri yer tepinib, oʻz oʻrniga qaytdi, kaytayotganda Lutfi qarshisiga turib olib, bolaning ustidan haqoratlarni yomgʻirday yogʻdirib tashladi. Hasan tinmay terladi. Terladi, yana terlayverdi. Sekingina boshini koʻtarib Lutfiga qaradi. Ayni vaqtda qoʻli shalvari choʻntagiga kira boshladi. Choʻntagidan yigʻma pichoq chiqib, chirt etib ochilganini va Hasanning Lutfi ustiga otilganini koʻra oldik, xolos. Lutfi qandaydir, ishonilmas epchillik bilan Hasanning qoʻlidan qutulib, qocha boshladi. Hasan esa qoʻlida pichoq bilan uning orqasidan chopdi. Turmaning hovlisida Lutfi qochar, Hasan quvardi. Bu quvlashmachoq qachongacha davom etganini aniq bilolmayman. Hasan toʻhtamay quvar, Lutfi esa bu orada orqasiga oʻgirilib Hasanga yolvorardi. Bir-ikki marta yetay-etay dediyu, qoʻlidagi pichogʻi bilan uning orqasiga ikki marta urdi ham, ammo pichoq uning qirqta yamoqli kastyumini kesib ketdi, xolos. Lutfi charchagandan «yordam beringlar» deb baqirar, ogʻizga olinmaydigan iltijolar bilan Hasanga yolvorardi. Oxirida Lutfi bir xonaga qochib kirib, eshikni ichkaridan qulflab oldi.

Hozirgina yolvorib turgan odamiga, yana boshqattan soʻkinishlar, haqoratlar yogʻdira boshladi. Hasan eshikni orqasida ancha vaqtgacha kutib turdi, keyin u yerdan ketib, hovlining eng uzoq burchagiga bordi-da, devorga suyanib oʻtirdi. Yigʻma pichogʻini hali ham berkitmagan edi. Gʻazab bilan qoʻlidagi pichoqqa qarab turardi.

Bu voqeadan soʻng Lutfi bir marta ham Hasanning yoniga yaqinlashmadi.

Keyingi safar esa ichkaridagi «ogʻalar» Lutfini menga nisbatan gij-gijlattilar. Avvallari menga chidab boʻlmas razilliklar qilgan Lutfi, bu safar sekingina kelib yonimga oʻtirdi.

Mendan bir narsa soʻramoqchi shekilli, deb oʻyladim. «Ma, ol Lutfi», — deb sigareta uzatdim.

«Sen kabi itning sigaretini faqat oʻzingga oʻhshagan haromzodalar cheksin», — dedi.

Bunday gapni hech kutmagandim, hayronlikdan qotib qoldim. Oʻzimga kelganimdan soʻng, uni doʻpposlab ketishimni kutib turishardi. Shu bahona janjal chiqarishardi. Birdan Hasanning oldimga otilib kelganini koʻrdim. «Toʻxta, ogʻa! Men bu it bilan olishganimga hali ham pushaymonman. Bu itdan ham xarob mahluqqa tekkizib qoʻlingni harom qilma», — dedi.

Hasan birinchi bor gapirardi. Shundan soʻng Hasan bilan doʻst boʻlib qoldik. Turmada necha oy oʻtirganimiz aniq esimda yoʻq-ku, lekin bu yerda oʻtirganimizda Hasan mendan boshqa hech kim bilan gaplashmadi. Yana bir Jamusji ismli eski turma xodimi ham Hasanni yaxshi koʻrardi. .

Uzoqdan turib Hasanga fol ochar va men orqali unga yetkazardi. Hasan bu follardan hursand boʻladimi yoki yoʻqmi, hech bildirmas edi. Turma xodimini har bir soʻzidan, har bir gapidan Hasanni yaxshi koʻrishini bilib turardim. Jamusji Hasan haqida yurak-yuragidan gapirardi.

Hasan men bilan bir burchakka oʻtirib olib tinmay gapirar, men eshitardim. U doim sergak turar, meni kalaka qilarmikan, mensimasmikan, degan fikr bilan har bir xatti-harakatimga shubhalanib qarab qoʻyardi. Men esa uning bu nigohlarini payhamaganday, sir boy bermasdim. Uni butun qalbim bilan eshitar, dardlarini tushunar edim. Aslida Hasan sergap bola ekan-u, lekin yillar davomida gapirmaslikni oʻrgangan va oʻzini qayta tarbiyalagan ekan. Natijada kamgaplikning ustasi boʻlib ketgan edi. Gapirishni boshlashi, didiga tushgan odamini topishi bilan, toʻlib-toshib butun vujudi bilan gapirardi.

Hasan hech narsadan qoʻrqmasdi. Oʻlish uning uchun jannat bogʻiga tushish edi. Yigʻma pichogʻini qoʻlidan olib qoʻyishmagandi.

Hasan kabi har narsaga tayyor, oʻlimdan qoʻrqmaydigan, oʻlimning keng maydonida, uning ogʻushida yashaydigan insonlarga yaqinlashish, xoh u jandarma boʻlsin, xoh qaroqchi yoki qotil — kim boʻlsa boʻlsin, oson emas. Hasanga faqat, oʻzi kabi gʻalati muhitda yashagan, oʻlimning asiriga aylangan, u bilan bitta dorda oʻynaydiganlar yaqinlasha olishlari mumkin edi.

Hasan tufayli, uning doʻsti boʻlganim uchun menga ham hech kim tegmas, gap ham otmas edi. Agarda birontasi menga har xil gap tashlaydigan boʻlsa, Hasanning jon oluvchi boqishlariga duchor boʻlar va rangi dokaday okarib darrov yonimizdan ketib qolardi.

Agar Hasanning oʻzi istasa, shu qonxoʻr qotillar ichida kichkina jussasi, suzib tashlagudek koʻrinuvchi boʻyni bilan ham bemamol turmaning hokimi boʻlishi mumkin edi.

Turmadan chiqqandan keyin ham Hasan bilan ayrilmadik. Ikkalamiz bir kunda chiqdik u yerdan. Bir oydan soʻng uning qishlogʻiga borib, unikida oʻn besh kun mehmon boʻldim. Hasan qishloqda ham hech kim bilan gaplashmas edi. Na buvisi, na amakilari, na amakilarining bolalari bilan, na-da qarindosh-urugʻlari bilan. Hech kim bilan gaplashmaslikka qasam ichganday edi.

Har gapining birida: «Agar sen uchramaganingda, men insonligimni ham unutgan boʻlardim»,— derdi.

Doʻstligimiz anchagacha davom etdi, keyinchalik esa bir-birimizdan uzoqlashib ketdik.

* * *

Otasining motami uzoq davom etmadi. Onasi ham hech narsa boʻlmaganday oʻzining ishi bilan mashgʻul edi. Otasining dalalari koʻp edi. Ikki traktori, bir yuk mashinasi, bir qancha yengil mashinalari, otlari, chigit ekadigan mashinalari ham bor edi. Paxta, kunjut, bugʻdoy, sholi dalalari Chuqurovada yillar davomida ekilib kelardi.

Esma eri oʻldirilgandan soʻng darrov oʻz ishi bilan mashgʻul boʻlib ketdi. Ishini juda yaxshi bajarar edi. U oʻz qishlogʻidagi oʻrta maktabni bitirgan, savodli edi. Esma uddaburonligi bilan oʻzini koʻrsatdi. Hech kimga, amakilari, qarindosh-urugʻlariga tobe’, muhtoj boʻlmasligini ham namoyon eta oldi.

Halil oʻldirilgandan soʻng bir oymi, ikki oymi oʻtib, Hasanni buvisi chaqirdi: «Kel», dedi, «Kel, tole’sizim, kimsasizim, baxtsiz oʻgʻlimning murodsiz oʻgʻli, kel!»

Yoshga toʻlgan koʻzlari bilan uni quchoqladi. Ham yigʻlar, ham ta'sirchan ovozi bilan marsiyalar aytardi. Unga bir juft yangi poyabzal uzatdi, bugun ertalab amakisi Qozondan olib kelgandi. Oʻrtancha amakisi Mustafo otasini juda yaxshi koʻrardi, Hasanni ham. Soʻngra naqshli bir boʻxchadan koʻm-koʻk rangli kiyimlar chiqardi. Bularni esa katta amakisi Ibrohim olib kelgandi. Ibrohim amakisi ham uni jonidan ortiq yaxshi koʻrardi. Qani Hasan bu kiyimlarni, poyabzalni bir kiysa edi, buvisi koʻrsa edi... Hasan darrov yechinib, yangi kiyimlarni, poyabzalni kiydi.

Buvisi qarib qolgan boʻlsa ham chiroyli edi. Baland boʻyli, nozikkina yuzlari ozgʻin, katta-katta qora koʻzlari kirtaygan edi. Oʻgʻli, Hasanning otasi oʻldirilgandan soʻng yuzi hech kulmagandi. Kecha-kunduz qishloq ichida motamsaro kezib, marsiya aytardi. Avvallari buvisining yuzlari qanday kulib turardi.

Hasan uning doim kulib turganini koʻrardi. Togʻdek oʻgʻli oʻldirilgandan soʻng hamma narsalardan yotsirar edi.

Hasan kiyinib yasandi. Buvisi uni tomosha qilar ekan, ilk marotaba kuldi, yuzi porlab ketdi. Dardli, yigʻloqi yuz unga hech yarashmas edi.

Hasan shu gapni unga aytdi.

Buvisi xoʻrsinib: «Eh bolam, Halilning yolgʻiz yodgori, onalik qursin»,—dedi. «Yuragim yonayapti. Onalik qursin, onani yaratmasin ekan. Oʻgʻlimning oʻchi olinmaguncha men oyoq-qoʻlimni uzatib ketolmayman. Oʻlsam ham mozorimda tikka turaman. Tursam ham suyaklarim chasir-chusir qiladi, chirsillasa ham koʻzlarim ochiq ketadi. Oʻgʻlimni oʻldirtirgan koʻzimning oldida bemalol yuribdi. Bemalol, bagʻrimni ezib yuribdi. Uning ustiga gulday bolasini tashlab erga tegarmish. Qiyshangʻlab-qiyshangʻlab oʻgʻlimni oʻldirtirib yubordi. Endi esa baquvvat gulday nabiramni oʻldirtiradi. Hali oʻgʻlimning mozori sovimasdan turib erga tegarmish. Men amakilaring Ibrohim va Mustafoga aytdimki, u erga tegsa tegaqolsin, lekin nabiram—Halilimning oʻgʻli otasiga tortadi, buning ustiga otasiga juda ham oʻhshaydi. Otasi kabi baquvvat, ota oʻgʻil boʻladi. Onasi erga tegsa, mening nabiram qora koʻzim ham ketib oʻsha otalik qiluvchi bilan birga yashaydimi? Mening oʻgʻlim, Hasanim, oʻgay ota zulmi ostida yashaydimi? Hech! Mening oʻgʻlima? Hech, hech! Mening oʻgʻlim borib, otasining qotili, toʻshagiga begona erkakni yotqizadigan xotinning yonida boʻyni bukuk, boshi egik boʻlib yashaydimi? Mening nabiram...

Yigʻlab, marsiyalar aytib Hasanning boʻynidan quchoqladi va uning ketishiga ruhsat berdi. Hasan u yerdan chiqqanida oʻzini juda yoʻqotib qoʻygan edi. Buvisining dilida qandaydir gaplar bor edi, ammo oʻsha qanday gap edi. U toʻgʻridan-toʻgʻri onasiga qasd qilardi. Otasining qotili onasi ekanligini toʻgʻridan-toʻgʻri aytardi.

Uyga keldi, onasini avvalgidan ham hursand holda koʻrdi. Kular, ishchilarga ish buyurar, traktorchiga nimalarnidir gapirardi. Tamomila boshqacha edi. Ammo Hasan bugun onasining yuziga qarolmadi. Onasi uni quchoqlab, endi oʻpmoqchi boʻlgandi, Hasan uni oʻzidan nariga itardi. Onasi kiyimlar unga yoqqanini, oʻziga juda yarashganini aytdi. Payabzali ham yoqqan edi. Tuygʻulari joʻshib ketib, Hasanni yana bir quchoqladi. Hasan esa muzday qotib qolgandi. Esma yana bir quchoqladi oʻgʻlini. Hasanning tuklari tikka boʻlib ketdi. Esma oʻgʻlining ahvolini tushunishda kechikmadi. Toʻhtab, Hasanga uzoq tikiddi va hafsalasi pir boʻlganday chuqur nafas olib:

«Ey, voh», dedi. «Ey, voh, Hasan... Ey, voh!» Yuzi oʻliklarnikiday oqarib ketdi.

Peshindan keyin Mustafo amakisi uylariga kelib, unga qoʻndogʻi sadafli miltiq hadya qildi. Juda chiroyli, qadimdan qolgan miltiq edi.

«Bu miltiqni senga olib keldim, Hasan. Bu buvangning miltigʻi. Buvang, bu miltiqni oilamizning oʻchini oladigan, oilamizning ilk yigitiga beringlar, deb vasiyat qilgan. Bu miltiq bilan ham ov qilasan, ham istasang oilamiz dushmanlaridan oʻchingni olasan. Qani yur men bilan. Birinchi boʻlib mening oldimda miltiqdan otishni oʻrgangin».

Pastga tushishdi. Anavarzaning uchiga, Jayhon irmogʻining chetiga borishdi.

Mustafo miltiqni oʻqladi: «Ol», dedi. «Ol Hasan! ol-da huv anavi oq toshni nishonga ol, koʻramiz poylay olasanmi?»

Chiroyli kiyimlari, poyabzali, ayniqsa, sopi sadafli miltigʻi, sopi emas, toʻgʻrirogʻi qoʻndogʻi sadafli miltigʻi uni juda sevintirgandi. Amakilaridan bunday narsalarni hech kutmagandi. Ular onasiga dushmanga qaraganday qarashardi. Qoʻllaridan kelganda, uning yuziga ham qarashmas edi, ammo...

Buvisi esa nomini ham tilga olmasdi.

Hasan miltiqni oldi, toʻgʻriladi, oq toshning yonidan bir tutun chiqib ketdi. Amakisi unga oʻq uzatib turar, u otar edi. Eng oxirida Hasan toshning uchini poylab otdi. Amakisi esa belidagi oʻqdonni olib unga uzatdi:

«Ol, bundan soʻng sen istagan narsangni oʻz vaqtida ota olasan. Otishni koʻp mashq qilishing kerak... Koʻp otsang qoʻling oʻrganadi oʻq uzishni. Nishonga urish, koʻp mashq qilish, koʻp oʻq ketkazish bilan qoʻlga kiritiladi».

Hasanning sevinchi ichiga sigʻmas, miltigʻi ham naqadar chiroyli. Toʻhtamay oʻq uzardi. Toshlardan tinmay tutun chiqarardi.

Oʻq ovozlari ayniqsa, Anavarza qoyaliklarida aks-sado berib jaranglardi.

«Oʻqni xohlaganingcha sarflayver, men Qozondagi doʻkonchiga tayinlab keldim, sen qachon borib soʻrasang, albatta patron beradi. Undan keyin ham qolmasa, menga kelib ayt, xohlaganingcha olib kelaman. Yaxshi bir ovchi boʻlib, turach urib tushirsang, menga ham olib kelarsan. Yaxshi bir ovchi boʻlib, kiyik, yomgʻir qushi va quyon otib oʻldirsang amakingni ham unutmassan...

Hasan miltiqni ham, naqshindor oʻqdonni ham juda yoqtirib qoldi. Oʻqdonning ustiga oltin ipak bilan bir qancha naqsh ishlangandi. Boʻri, shoqol, oʻrdak, turach, kichik otlar, shoxdor kiyiklar, uchayotganday sakrab chopuvchi jayronlar... Boshqa tomonida esa kulib turuvchi bir bola... Xuddi Hasanga oʻhshash.

Kech tushganda uyga qaytishdi, Hasan sevinchidan toʻlib-toshardi. Onasining boʻyniga osilib, uni quchoqladi. Buvisinikidan qaytgandagi ahvoli yoʻq edi uning. Hamma narsani unutgan edi. Uning sevinchiga onasi ham sherik boʻldi. Qanday yaxshi, qanday soz, amakilari Hasan haqida qaygʻurishni boshlagan edilar. Birdaniga oraga sovuq qorongʻulik choʻkdi. Qorongʻulik tobora ichini achitar edi. Onasining dardini shundoqqina yuzidan oʻqib, unga rahmi keldi. Bordi-da uni yana bir quchoqlab oʻpdi.

Onasi: «Mustafo», dedi, amakisiga «marhamat qilib jiyaningiz bilan ovqatlaning». Mustafo hech narsa demay, boqish bilan «yoʻq» ishoratini qilib, u yerdan chiqib ketdi. «Nimalar dedi senga amaking»,—deb soʻradi Esma Hasandan. «Hech narsa demadi», — deb javob berdi Hasan. «Buving-chi, buving senga nimalar dedi?» «Hech narsa demadi», — dedi Hasan koʻzlarini uning koʻzlaridan olib qochib.

Oʻsha kecha Hasan miltigʻi, oʻqdonlari bilan birga uxladi. Tong otar-otmas Hasan oʻzini Anavarza qoyaliklari tomonga urdi. Ertalabdan kechgacha Anavarza qoyaliklaridan pat-put degan oʻq ovozlari eshitila boshladi. Ozgina vaqt oʻtib, oʻq uzayotgan Hasan ekanligini butun qishloq bildi.

Oʻn besh kundan soʻng Hasan qoʻlida katta bir quyon bilan kirib keldi. Onasi quyonni yaxshilab pishirib, Hasanning birinchi ovi deya hamma amakilarini chaqirdi. Amakilari xotinlari, bolalari bilan quyon goʻshti yeyishga keldilar. Faqat buvisi kelmadi.

Bir qancha kundan soʻng Ibrohim amakisi unga uch yoshli arab toyini sovgʻa qildi. Hasan arab toyiga ham miltiqqa sevinganday, juda hursand boʻldi. Toy sababli sevinchidan bir necha kun koʻzlariga uyqu kelmadi.

Uzoqdan hamma yoqni toʻzitib yuk mashinalari oʻtar, changlar bulutday toʻgshanib, choʻl uzra osilib qolardi. Dalalarda traktorlar tarillardi. Paxta ishchilari ochilgan paxtalarning oldida oʻtirib, paxtani chanogʻidan ajratardilar. Chigitli oppoq paxtalar dala boʻylab uyum-uyum yoyilib ketgandi.

Laylaklar uzun boʻyinlari, qirmizi tumshuqlari bilan hosili oʻrib olingan dalada sollona-sollona aylanib yurishardi. Hasan soy yoqalab yurar, aralash-quralash oʻylar surardi, balki oʻy surmas, tush koʻrardi. Bulut soyalari koʻzlari oʻngidan tez-tez oʻtib, uzoq-uzoqlarga, binafsharang Toros togʻlari tomonga oqayotganday oʻtib ketardi. U yoqalab ketayotgan soy turgʻun, ustini changlar, somonlar koʻmib tashlagandi.

Hasanning boʻyni choʻzilgan, qorayib, qariyalarnikiday burushib ketgan edi. Oʻzi-oʻzi bilan gaplashadigan odati bor edi. Balki tush koʻrardi. Koʻpirib ketgan bir narsalar haqida... Kimlardir gapirardi. Balki u bir hamqishlogʻidir, balki buvisi, balki Zola ismli qori, balki amakilari, balki esa Alif ismli qiz, balki... Odamlar gapirardilar, u olar, bu tashlar, yana olar, narigisi tashlardi. Boshni aylantirib yuboradigan tezlikda hammasi oʻsib, rivojlanib borardi. Yulduzlargacha tingladi, yana tingladi. Doim tinglayverardi.

* * *

Esmaning orqasidan Abbos keldi. Yana bir marta keldi. Turmadan qochgandi. Esma unga, ket Abbos, deya yolvordi. Turmaga tushib qolding, hamma narsa tugadi. Abbos esa ketmadi. Bir-birlariga termulishib qoldilar. Birontasi koʻrib qoladi bizni, ertaga kelarsan Abbos, dedi Esma, Abbos orqaga chekinib ketdi. Qoʻlida yap-yangi bir toʻpponcha bor edi.

Sochidan tirnogʻigacha oʻqdonlar bilan oʻralgandi. Abbos, sen togʻga berkin, dedi Esma. Abbos togʻ tarafga chekindi. Abbos Esmani telbalarcha sevardi. Esma ham unga boʻlgan muhabbatidan telba boʻlayozgandi. Abbos togʻ tarafga chekinib ketdi. Esma esa uning orqasidan ketmadi. Ertasiga Abbos yana keldi. Tut daraxtining soyasida, serrayib turardi. Oyning quyuq nurlari sochilib turardi. Esma uyidan chiqdi. Eri Halil uhlayotgan edi. Esma Abbosning yoniga bordi. Ket Abbos, dedi, yetti yoshli bolam bor. Menga rahming kelsin. Seni ham meni ham oʻldiradi bular, dedi. Abbos ketmadi. Oʻsha tun daraxtining tagida, soyada, oyning quyuq nuri ostida tikilib qoldi. Hech gapirmasdi. Miltigʻi yelkasiga osilgan edi. Oʻldirishadi, ket bu yerdan, dedi Esma. Abbos esa jim turardi.

Uning turmadan qochganini Esma eshittan edi. Esmani Abbosga bermagan edilar. Esma tufayli uch kishini yarador qilgandi. Ikkitasi falaj, bittasi choʻloq boʻlib qolgandi. Abbosga koʻp muddat berildi. Uni Diyorbakirdagi turmaga hamashdi. Halil ham Esmaga oshiq boʻlgan, lekin Esma uni yoqtirmaganidan soʻng, bir kecha uni otasining uyidan, olti kishi bilan birga kuch bilan olib qochishdi. Qoʻl-oyogʻini bogʻlab nomusiga tegmoqchi boʻldi. Esma chiranib qarshilik koʻrsatdi. Bir haftadan soʻng, unga afyunli sharbat ichirib, oʻz niyatiga erishdi.

Esma oʻziga kelganidan soʻng, boʻlib oʻtgan voqeani tushundi. Boshi aylanib, tinmay qusardi. Oʻz-oʻzidan uyalardi. Undan tinmay qon ketardi. Halil uni uyiga olib keldi va darrov imomni chaqirtirib, oʻsha yerda nikohlatib oldi. Oʻsha kuni bir ozdan soʻng hukumat nikohidan ham oʻtishdi. Halil doktor olib keldi. Doktor qon ketishini toʻhtatdi. Esma bir yil davomida na eri bilan, na qishloq aholisi bilan gaplashdi. Uch marotaba tunda uydan qochdi, uch safarida ham Halil uni yoʻlda tutib olib, qaytarib keldi. Onasi esa, bu fohisha senga yaxshilik keltirmaydi, qoʻyib yubor uni, ketsin, shu tufayli bir balo orttirmagin boshingga, derdi. Halil onasiga kulib oʻtib ketdi. Zoʻrlab xotin qilib boʻlmaydi, Halil, quloq tut onangning gaplariga, bolam, dedi. Bittasi shu tufayli oʻtiribdi, axir.

Keyinchalik Esma gapira boshladi. Hamma narsani unutganday koʻrinardi. Xuddi bir yil hech kim bilan gaplashmagan, toʻshakka kirganda telbalarcha parishon boʻlib qolgan u emasdi, goʻyo. Bolasining tugʻilishi uni shunday oʻzgartirib yuborgandi. Bolasidan boshqa hech narsani oʻylamas, bolasidan boshqa hech narsani koʻrmas edi. Kular, zavqlanar, mehnat qilardi. Qishloqdagi hamma uni yaxshi koʻra boshladi. Hammaga, yoniga kelgan har bir kishiga yordam qilardi. Xastaning, dardmandning boshidan ketmas, qishloqda birontasining kichik bir ishi boʻlsa ham, Esma oʻsha yerda boʻlardi. Bolasi oʻsib-ulgʻaydi.

Endi esa Abbos keldi. Turmadan qochgandi. Abbos Esma tufayli, unga boʻlgan muhabbati tufayli bu taraflargacha dongʻi ketgan edi. Hamma bu ishq savdosining eng nozik yerlarigacha bilar edi. Anavarza vodiysida bu savdo tillarda doston boʻlgan edi. Abbosning muhabbati haqidagi qoʻshiqlar haligacha aytilar, bu qishloqda ham kuylanar edi. Esma, ket Abbos, meni. yaxshi koʻrsang, muhabbating chin boʻlsa, ket, boshqa qaytib kelma, dedi. Abbos oʻsha tut daraxtining tagida ertalabgacha tikilib turdi. Esma ham qarshisida shunday tikilib qolgandi. Kun chiqar ekan, Abbos yura boshladi, Anavarza qoyalari tomonga chekinib ketdi. U koʻzdan gʻoyib boʻlguncha Esma oyoqlarining uchida turib, uni kuzatib qoldi.

Abbos bir oy davomida bu atrofda koʻrinmadi. Esma har tuni tonggacha kutar, Abbosni koʻrgisi kelardi. Abbos koʻrinmas edi. Bir kuni ertalab, Esmaning yuragi hapqirib ketdi. Kun chiqay-chiqay deb turgandi. Xavotirlanib zinadan tushdi. Abbos, sen Anavarza qoyaligi tomonga ket, meni oʻsha yerda kutib tur, oʻzim topaman seni dedi. Abbos hech ovoz chiqarmay yurib ketdi. Esma kun isigunga qadar oziq-ovqat tugilgan tugunini beliga bogʻlab qoyalar tomonga otlandi. Qishloqdan chiqayotganini hech kim koʻrmagan edi.

Shu tariqa bir-ikki oy davomida Esma Anavarza qoyaligidagi gʻorlarning biriga yashiringan Abbosning oldaga kelib-ketib turdi.

Bir safarida Halil uning ketiga tushdi. Negadir ularni gʻordan topa olmadi. Abbos uni koʻrgan edi. Otmoqchi boʻldi, lekin Esma yoʻlini toʻsdi. Bir necha kunlardan soʻng Anavarza qoyaligini jandarmalar oʻrab oldilar. Abbos jandarmalar bilan bir kechayu, bir kunduz otishdi. Oxirida jandarmalar uni qoʻlga oldilar va kishanlab Qora koʻlga olib ketdilar. Yoʻlda esa Abbos ularni chalgʻitib qochib ketdi. Qochar-qochmas yana orqaga, Anavarza qoyaliklariga qaytdi. Esma uni qaytib kelishini bilib, kutib turgandi. Abbos tut daraxtining tagiga keldi. Tut daraxtining tagida soyasi tikka boʻlib koʻrinib turardi. Bir necha bor Hasan ham uni koʻrdi. Esma uning yoniga bordi va ular quchoqlashdilar.

Anavarza qoyaliklarida yana otishmalar boʻlib oʻtdi, ikki jandarma yaralandi. Halil ham yaralangandi. Kurt jarroh uning yarasini bogʻlab qoʻydi.

Uning yuzlari uzun, koʻzlari qop-qora, doim kulib turardi. Boʻlib turadi, bunday ishlar, boʻlib turadi, derdi.

Soʻngra bir kecha, hali oqshom azoni ham oʻqilmagan vaqtda, birdan oʻq otildi. Halil, Esma va Hasan yer dasturxonida oʻtirib, ovqatlanishardi. Bir oʻq derazadan uchib kirdi , oʻq ovozi atrofni ostin-ustin qildi. Bir qichqiriq eshitildi, hamma yoqni tutun qopladi, Halil dasturxonga yuz tuban yiqildi. Toʻhtamay qon oqardi. Uyni miltiq dorisining hidi tutib ketdi.

Soʻngra Anavarza qoyaligidan Abbosning murdasini olib keldilar. «Soʻngra... soʻngra... Abbosning murdasini qishloqdan tashqariga otib yubordilar. Oʻlikni itlar parcha-parcha qilib tashlagandi. Esma Abbosning oʻligini itlardan xalos qilish uchun tunda bitta xizmatkor bilan yoʻlga tushdi. Oʻlikni itlarning changalidan zoʻrgʻa qutqarib, qopga joyladilar. Xizmatkor bilan birga Abbosning murdasini Anavarza tepaligiga olib chiqib, ertalabgacha chuqur bir goʻr qazidilar va oʻsha yerga Abbosni koʻmdilar. Bu voqeani hamma eshitdi.

Qishloqda qiyomat boshlangandi. Mustafo amakisi Esmani tinmay tepkilardi. Fohisha, fohisha, akamning qotili, fohisha, deya tinmay baqirardi. Seni yashatmayman, tinch qoʻymayman seni. Oʻlikni, u itning oʻligini qayerga olib ketding. Yo oʻlikni, yo joningni berasan, derdi. Esma ogʻzini ham ochmasdi. Butun qishloq bir boʻlib baqirar edi. Xotinlar, erkaklar, qariyalar, bolalar Esmaga ogʻziga kelganini aytishardi.

Barcha qishloq aholisi, oldinda amakilari, eng boshda buvisi turib, Abbosning mozorini topish uchun necha kunlab Anavarza qoyaligini qidirdilar. Na mozorni topdilar, na Abbosning kichik bir parchasini. Esma esa ogʻzini ham ochmasdi.

Bir it qip-qizil tilini osiltirib, yoniga kelib turdi. Suv bamisli oʻlikday toʻhtab qolgan edi. Ustini chang, somon choʻplari, yanroqlar qoplab yotar, xuddi oqmayotganday edi. Yuzi burushiq-burushiq. Yoniga uzala tushdi. Uzun, nozik lablari burushgan edi. Baquvvat chakagi oʻjarday koʻrinardi. Oʻgʻli oʻldirilgandan beri qora roʻmol oʻrab yurardi. Xinaga boʻyalgan sochlari qora roʻmolining tagidan qizarib koʻrinib turardi. Qoʻlida qalin hamishdan yasalgan tayogʻi ham bor edi. Kelib yoniga choʻkkaladi. Uzoqda Duldul togʻi mis rang boʻlib koʻrinib turardi. Atrofni pitiroq deb ataluvchi tikanli oʻsimlikning boʻyi tutib ketgandi. Issiq ham Anavarza qoyaliklaridan oqqan suvga oʻhshab biqillardi. Suv kumush bugʻdeq sallonib, qavoga osilib, toʻlqinlanardi. Hasan unga qech qaramasdi. U gapirayotganda, qaramasdanoq uning bittagina, uchli, qorayib-chargʻayib ketgan old tishini koʻrardi. Ingichkaligidan sinay deb turgan beliga ipakdan belbogʻ bogʻlagandi. Yuzi qop-qorayib ketgan. Ipakli belbogʻining sariq, qizil, zangori rangli shokildalari tizzasigacha tushib turardi. Qizligidan beri shunday belbogʻlar bogʻlab yurardi buvisi. Oʻgʻli oʻldirilgandan beri sochidan tirnogʻigacha qora kiyimlarga oʻrangan, yolgʻiz shu belbogʻini yechmagandi. Oʻlganda ham shu belbogʻ bilan birga oʻladi. Balki shunday deb vasiyat qilgandir.

Oradan ancha vaqt oʻtgan boʻlsa ham, u hanuzgacha Abbosning fohisha kelini Anavarza qoyaliklariga berkitgan murdasini qidirardi. Topib, u itning murdasini, itlarga tashlab, burgutlarga yem qilmoqchi edi. Shu maqsadda hammaga pul toʻlab oʻlikni qidirtirardi. Ana topamiz, mana topamiz, deya kunlarini oʻtkazardi buvisi. Kelini boʻlmish Esmaniku, aytmasa ham boʻlardi, lekin oʻgʻillari ham odamgarchiliqdan chiqkan edilar...

«Ey arslonim, eh pahlavonim Hasan, otangday baquvaat, qoʻrqmasi yoʻq edi bu butun boshli Chuqurovada. Otang tirik qolib, uning oʻrniga Mustafo oʻgʻlim oʻldirilganda yoki Ibrohim oʻgʻlim oʻldirilganda edi, koʻrarding Hasan, Halilim, arslonim, er yigitim, oʻsha vaqtning oʻzidayoq bir xotinni emas, balki oʻsha xotinning oʻtovi, urugʻ-aymogʻi, butun armiyasi bilan kulini koʻkka sovurardi. Sening amakilaring ham odammi, odam boʻlsalar edi, otang oʻldirilgan kuni, oʻsha kelinni tutib kelib, sochlaridan sudrab, otangning qabri ustiga olib kelardilar va oʻtkir ustara pichogʻi bilan boʻgʻizlab tashlardilar. Kallasini bir tarafga, tanasnni boshqa tarafga otib yuborardilar. Hozir esa oʻsha kelin, nabiramning onasi, sening onang boʻlib koʻz oʻngimda likillab yurmasdi. Otang tirikligida onang shunday fohishalik qilsaydi... Onangning oʻligini itlarga, burgutlarga tashlardi...

Sening otang kabisi bormi edi. U Anavarzaning burgutlariga oʻhshardi. Amakilaring qurib ketsin, ular ham odammi endi? Eh, sen katta boʻlganingda edi, balogʻatga yetib, qoʻlingda bir miltiq ushlay olganingda edi, u onang boʻlmish fohishani, uni...

Sen... sen, sen Halilimning oʻgʻlisan axir. Halilim Binboʻgʻa burgutiga oʻhshardi. Xalilim Duldul lochini, Ali togʻ shunqori kabi edi. Eh, Halilim...»

Hasan eshitib oʻtirar, hech bir yerga qaramay, yuzida hech qanday oʻzgarishsiz, qimirlamasdan, koʻzlarini chang-toʻzon qoplagan suvga qadagancha eshitib oʻtirardi.

Kattagina, qora-moviy qushdek kattalikdagi kapalak uchar, suvga tushib, tezlik bilan yana havoga koʻtarilardi. Hasanning koʻzlari kapalakda; bir pastga tushadi, bir tepaga chiqadi. Kapalaklar koʻpayib, ustidagi moviy gul ochgan buta tarafga uchib ketishdi. Buta borgan sari moviylashardi. Katga-katta moviy rangli kapalaklar ham toʻp-toʻp boʻlib shu butaga qoʻnishardi: Soʻngra buta koʻm-koʻk tusga kirardi, har xil naqshli, qora, toʻq zangori tuslarga.

Buvisi yigʻlardi. Bir marsiya aytib, oʻrnidan turdi: Xalilim, Xalilbeyim, derdi. Lekin bolang er-yigit. Shunday oʻgʻling bor, lekin hali bir qarich-da. Seni oʻldirganlar sening uyingda, bolang yonida, peshona tering bilan topgan molu davlatingni sovurib, mozoringni oyoq-osti qilib yashab yuribdilar.

Men onaman, uning onasiman, bu ishlarga qanday chidab turaman axir, men uning onasiman-ku... Anavarza qoyaliklari tomonga qarab yurdi. Ovozi Anavarza qoyaliklariga urilib jarangladi.

Anavarza qoyaligiga borib, bir toshning ustiga oʻtirdi. Kun botayotgan edi. Yana marsiyasini yurak-yurakdan ayta boshladi. Hasanning boʻgʻziga bir narsa kelib tiqildi.

Seni oʻldirgan, dedi buvisi, seni oʻldirgan yaqinda erga tegadi. Seni oʻldirgan oʻz yotogʻiga begona bir erkakni yotqizadi, pahlavonim. Sening oʻchingni oladigan hech kimim yoʻq, bolam. Faqatgina nabiram, sening oʻgʻling bor, lekin u hali juda kichkina. Murgʻak boʻlmaganida edi, sening qoningni yerga tashlab qoʻymas, onasi boʻlsa ham ayamas, toʻshagingga hech kimni kiritmasdi. Endi esa sening pokiza toʻshaginga, sevgilingning — seni oʻldirganning qoʻyniga boshqasi kiradi. Sen qabringda chiriyotgan bir vaqtda u qoningni bulgʻalab kayfini suradi. Ukalaring iymonsiz chiqdilar, aqalli bir xotinni oʻldirolmadilar-a, Xalilim, Halilim, pahlavon Halilim....

Oʻgʻlingning qoʻlida sadafli miltiq, tagida arab toyi, belida esa kumush xanjar... Afsuslar boʻlsinkim, oʻgʻling juda kichik. Miltiqni aqalli toʻgʻripab ushlolmaydi, bechora, kap-katta xotin tugul kichik bir chumolini ham oʻldirolmaydi, bechora...

Qichqiruvlari aks-sado berar, faryodi to pastlargacha eshitilib, yaylovlarda, qoyaliklarda jaranglardi.

Kech tushgandan soʻng uyga qaytdi. Onasi oldiga ovqatini qoʻydi, u esa yeyolmadi. Esma oʻgʻliga gapirsa ham oʻgʻli unga gapirolmadi, xuddi ogʻziga qulf solinganu, u ocholmayotganday edi. Oʻsha kecha ertalabgacha uxlolmadi, onasining yuziga ham qarolmadi. Onasi xavotirlana boshlagandi undan. Tinmay gapirar, oʻgʻlini quchoqlab oʻpardi. Bir kuni Mustafo amakisi bilan onasining suhbatini eshitib qoldi. Uning eshitib turganini na amakisi, na onasi bilardi.

«Sening hech qanday gunohing yoʻq singlim», derdi Mustafo. «Bari bir bu yerlarda qolmasliging kerak, ketgin. Seni oʻldiradilar, singlim. Seni oʻldirmaganim uchun onam men bilan gaplashmayaptilar. Ibrohim esa seni oʻldirmoqchi, faqat mendan hayiqib turibdi. Sen sogʻ-omon yurarkansan hamda shu uyda yasharkansan, onam bari bir tinch qoʻymaydi seni. Ket singlim, bu yerdan. Mol-mulki ham qursin, bola-chaqasi ham... Ogohlantirib qoʻyayapman, qon toʻkilishi, muqarrar... Mening qoʻlimdan hech narsa kelmaydi. Butun qishloq, butun Anavarza aholisi seni Halilning qotili deb biladi. Bu yerda qolsang... Men ham oʻldirishim mumkin,singlim. Boshingni olib ket-da,oʻz joningni qutqar. Bu uyda ortiq qon toʻkilmasin. Hech kim bu ishni shundayligicha qoldirib qoʻymaydi. Agar men oʻldirmasam, mening oʻgʻillarim seni oʻldiradi, ular boʻlmasa, Ibrohim oʻldiradi, Ibrohim ham oʻldirmasa, onamning urugʻ-aymoqlari, togʻalarim, togʻalarimning oʻgʻillari oʻldiradilar. Sening oʻlim varaqang boʻyningda osigʻliq turibdi. Agar hech kim oʻldirmasa, onam seni oʻz oʻgʻling — Hasanga oʻldirtiradi...»

Esma qimirlamay, gʻalati bir ovoz bilan: «Unday boʻlsa, men keta qolay», — dedi. «Mol-mulki ham, davlati ham kerak emas, barchasi oʻzingizga buyursin, faqat oʻgʻlimni menga bering, hech narsangizni olishni xohlamayman, yolgʻiz oʻgʻlimni qoldiringlar menda».

«Buning iloji yoʻq»,—dedi Mustafo. «Boʻlmaydi, Hasanni olib ketolmaysan».

«Unday boʻlsa men ham ketmayman», — dedi Esma. «Oʻgʻlimsiz hech qayerga ketmayman. Undan ayrilolmayman».

«Hasanni olib ketolmaysan, ketsang, faqat yolgʻiz ketishing mumkin. Hasanni senga bermaydilar. Senga yuragim achiganidan gapiryapman bu gaplarni... Sening hech qanday aybing yoʻq boʻlsada, baribir oʻldiradilar. Sening umring tugadi».

«Hasansiz ketmayman», — deya takrorladi Esma.

«Oʻzing bilasan, aks holda oʻlasan», — dedi Mustafo. «Oʻzingga rahming kelmaydimi, hali juda yoshsan...»

«Ketolmayman», — dedi Esma. «Oʻgʻlimni yonimga olmay, hech qayerga ketmayman, ketolmayman. Qanday ketay axir, undan boshqa hech kimim yoʻq mening...»

«Yana aytaman senga, qayta-qayta aytyapman. Bu yerdagi umring juda oz qoldi. Sen tufayli odamlar orasida yurolmay qoldik. Seni oʻldirishdan ham oson ish bor ekanmi?! Halilni sen oʻldirtirding, sen. Sen oʻlmaguningcha itlar ham boqmaydi yuzimizga», — dedi Mustafo.

«Oyoqlaringizni oʻpay, ogʻajon, men Hasansiz hech qayerga ketolmayman. Oʻlsam xam oʻgʻlimning yonida oʻlay. Oʻgʻlim yonimda ekan, armonsiz oʻlaman. Oʻgʻlimsiz yashashdan koʻra uning yonida oʻlganim afzal...»

Mustafo oʻrnidan turdi. Boʻylari uzun, yelkalari keng, yuzi katta, koʻzlari qonga toʻlgandi uning. Hasan undan qoʻrqib ketdi. Oʻzining ustiga yurib kelayottanday edi. Qorongʻuda undan ham kattalashib koʻrindi. Onasini oʻldirishlarini bilardi. Oʻsha kuni Mustafo amakisini juda yaxshi koʻrib ketdi. U onasini qutqarishni xohlardi.

Shundan soʻng qishloqda ham, uyda ham jimlik boshlandi. Buvisi ham, qishloqliklar ham, hech kim onasidan soʻz ochmadi. Otasi oʻlganidan buyon bunday sukunatni koʻrmagan edi.

Sukunat balki oʻn kun davom etgandir. Onasi ertalab sochlarini tararkan, hurkib, hadiksirab oʻy surardi. Qoʻrqqanidan tili kalimaga kelmas, uyning u burchagidan bu burchagiga borib kelardi.

Tun edi, eshiklar zarb tepilib ochildi. Uch kishi uch tarafdan xonani oʻqqa tutishdi. Onasi uyda yoʻq edi. Xonani fonarlar bilan tekshirib chiqib, toʻshakka qarata ota boshladilar. Hasan uyning burchagiga tiqilgancha qotib qolgandi. Qimir etmasdi.

Ularning biri Hasanni koʻrdi va bor kuchi bilan biqiniga tepdi.

«Fohishaning kindigida paydo boʻlgan, fohishaning. Otasining qotili qornida yotgan nokas oʻgʻil...»

Yana bir-ikki marotaba beli aralash biqiniga tepdi.

«Qayerga qochdi fohisha onang?» deb soʻradi. Hasan javob bermadi.

«Qushning qanotiga, ilonning iniga kirib yashirinsa ham, u fohisha onang oʻldirilajakdir. Bugun topa olmasam, ertaga topaman, ertaga boʻlmasa, bir kun albatta topamanda, burda-burda qilib tashlayman. Jiyanim Halilning qonini bir fohishaga bulgʻatib qoʻymayman. U yashab yurarkan, pahlavon Halilimning suyaklari goʻrida chirsillab sinib yotadi...»

Hasan churq etmadi, ularning kim ekanliklarini bildi. Qayerdan kelganliklarini ham bilardi. Ular buvisining togʻlik qarindoshlari, ukalari, jiyanlari... Ularning barisi qonxoʻr edilar.

Uyning hamma yerini qidirib, Esmani topa olmadilar. Har biri Hasanni jon oluvchi tepkipari bilan tepib:

«Bu ham odammi?» dedilar. «Otasini oʻldirgan xotin bilan yuzma-yuz, yonma-yon yashab yuribdi. Bu odam emas, toʻngʻiz qavmi, choʻchqa qavmidandir», — deb chiqib ketdilar.

Esma hovlidayoq ularning oyoq tovushlarini eshitib, uydan sekingina chiqib ketgan, toʻgʻri qishloq tashqarisidagi politsiya mahkamasi tomonga chopa boshlagan va politsiya xodimlariga voqeani toʻlaligicha aytib bergan ekan.

Ertalabga yaqin Esma oʻn beshta jandarma bilan qishloqqa kirib keldi. Lekin hech kimni topa olmadilar. Ish prokuraturagacha koʻtarildi. Esma bu ishni shundayligicha tashlab qoʻymadi. Prokuraturaga ariza yozib: «Meni qayni ukalarim oʻldirmoqchilar. Agar meni oʻldirsalar, qotilni qayinlarim deb bilgaysizlar», —dedi. Bu arizaning shov-shuvi butun qishloqqa, Anavarza qoyaliklarigacha tarqaldi.

Buvisi: «U oʻladi», — dedi. «Temir sandiqqa kirib yashirinsa ham, to men tirik ekanman, u albatta oʻladi».

Ertami-kechmi, bari bir oʻldirilishini Esmaning oʻzi ham bilardi. Qoʻrquv ichida ertalabgacha uxlashmasdi. Hattoki sochlarini ham koʻrpasining tagiga yashirib tarardi.

Bu orada Mustafo Esmalarning uyiga bir necha bor yarim kechalari, hech kimga koʻrinmay kelib ketdi. U Esmaga tinmay yolvorardi. Qoʻlimizni qonga bulgʻama, derdi. Bu qishloqda shu qadar koʻp qon toʻkildiki, ortiq koʻmib yuboradigan darajaga yetdi. Ket singlim, ket, yana bir karra qoʻlimizni qonga bulgʻama, derdi. Sen yashab yurarkansan, biz tirik murdaga aylanamiz. Koʻz oʻngimizda akamizni oʻynashingga oʻldirtirding. Endi ket, ket, nima qiladi-a, keta qolsang?

Oʻldiring, oʻldiringlar, men bari bir oʻgʻlimsiz hech qayerga ketmayman, deb qichqira boshladi Esma.

Senga hech kim oʻgʻlingni bermaydi. Oʻgʻlingsiz ketasan, Esma.

Ketmayman, ketolmayman, deb takrorlardi Esma qaysarlik bilan.

Bir kecha yana Esma oʻz toʻshagida sochlarini tarayotganida, birdan qoʻllari toʻhtab, taroq esa sochida osilib qoldi. Hasanga oʻgirilib, unga ma’noli qaradi. Hasan ham unga qarab turardi. Koʻzlari toʻqnashib, bir-birlarini tushunganday boʻldilar. Esma yotogʻidan oʻqday otilib, toʻgʻri sandigʻi yoniga keldida, uni ochdi. Zotan u kiyimlarini yechmasdanoq toʻshakka yotgan edi. Hasan ham onasi bilan birga oʻrnidan turdi, kiyindi, miltigʻini qoʻliga oldi. Sandiq ochilishi bilan xonani yovvoyi olmaning hidi tutib ketdi. Onasi kerakli narsalarni tez-tez boʻxchaga tugdi. Darhol yoʻlga tushdilar.

Ertalabgacha yurdilar. Boʻzquyi tekisligidan ham oʻtdilar. Tikanzorgacha yetib olishganda edi, hammasi tugardi, oʻrmonda berkinib olishlari mumkin edi. Oʻrmonda esa ularni hech kim topa olmasdi. Boʻzquyi yaylovi — tep-tekis, yalangʻoch. Kaftday ochiq yerda ketardilar.

Orqada chang-toʻzon koʻtargan otliqlar koʻrindi. Bir vodiyga oʻtib, butazorning ichiga yashirindilar. Otliqlar butazorga kelib, berkingan joylaridan, xuddi oʻzlari berkitganday, topib chiqardilar. Otliqlar orasida Mustafo ham bor edi. Hasanni tutib Mustafoning egariga oʻtqazdilar. Hasan indamay turardi. Mustafo:

«Endi sen ketaver, xayr, xohlagan yeringga ket, Esma».

Otlarni tinmay qamchiladilar. Hasan juda charchagan, uyga kelar-kelmas uxlab qolgandi. Toʻgʻrirogʻi, otning ustidayoq uxlab boʻlgandi. Uyga kelganlaridan soʻng bir oz uygʻonib, oyoqlari chalishib, zina yonidagi ustun tagiga yiqilgancha uxlab qoldi.

Hasan uygʻonganda, buvisi yana dardli ovozi bilan faryod urar, oʻgʻlining qotili Esmani qargʻardi.

Birdan Hasanning qulogʻiga: «U oʻgʻlini oldirib qoʻygandan soʻng, bizning ketimizdan izma-iz qaytib keldi», — degan gap chalindi. Oʻz-oʻziga sigʻmay, darrov uylari tomonga chopdi. Zotan uylari buvisining uyi bilan qarama-qarshi, hovlining narigi burchagida edi.

Esma uni koʻrishi bilan sevinib, quchoqlab oldi. Hasan esa yana uning yuziga qaray olmadi. Qarshidagi uydan buvisining uvillashga oʻhshash faryodi, qargʻishlari hanuzgacha eshitilib turardi.

Bu voqeadan soʻng yana anchagacha qishloqda sukunat hukm surdi. Deyarli hech kim Esma bilan gaplashmas, yuziga ham qaramasdi. Xuddi bu qishloqda Esma yashamayotganday, bunday inson boʻlmaganday, bu qishloqqa bunday inson kelmaganday edi.

Faqat Hasanning boshi baloga qoldi. Qayerga bormasin, qayerga qaramasin, nima ish qilmasin, doim buvisi qarshisida turardi. Doim faryod urayotganini, badduolar aytayotganini koʻrardi. Soʻngra butun qishloq aholisi — bolalar, qariyalar, yoshlar har yerda, xar qanday holatda ham unga eshittirib, otasi, otasining qotili onasi, yonib kul boʻlgan buvisi haqida gapirardilar.

Qishloq uyquda edi. Bir xoʻroz uch marta qichqirdi-da, jim boʻldi. Bir it tinmay hurardi. Esma it hurishidan juda qoʻrqardi. Itning hurishini eshitishi bilan tuklari tikka boʻlib, duolar oʻqishni boshlardi. Xonaga qorongʻi choʻmgandi. Hasan gapira boshladi. Onasining qorasini ham koʻrmasdi. Uning kichik bir harakatini koʻrsa ham gapirolmasdi. Buni Hasan juda yaxshi bilardi.

«Bu kecha yoʻlga tushamiz. Qayerga ketsak ham boshqa yoʻldan ketamiz.

Ular bizni qidirib topsalar, sizni tashlab ketgunlarigacha, men butalar orasida yashirinib turaman. Keyin sizga yetib olaman. Soʻngra ketadigan yerimizga ketaveramiz. Xoʻpmi?»

«Xoʻp»,—dedi onasi.

Hamma narsalari, boʻxchalari tayyor edi. Narsalarini qoʻllariga olib yoʻlga tushdilar. Kun chiqar-chiqmas otning tapir-tupur tovushlarini eshitib, orqalariga oʻgirilib qaradilar. Izlaridan beshta otliq katta tezliqda kelardi. Hasan darrov qora butaning atrofidagi maymunjonlar orasiga kirib, koʻzdan gʻoyib boʻldi.

«Siz ketavering», — dedi onasiga, «ular sizni tashlab ketishgandan soʻng, mnn chopib orqangizdan yetib olaman».

Onasi yura boshladi.

Bir ozdan soʻng otliqlar unga yetib oldilar. Mustafo, «Hasan qayerda?» — deya gʻazab bilan soʻradi. «Qoʻlimni qonga bulgʻama», — dedi.

«Hasan uyda qoldi, men uydan chiqayotganimda, u uxlab yotgan edi. Uygʻotmadim bechorani. Uxlab qoldi».

«Yoʻq», — deya baqirdi Mustafo «yolgʻon, yopgʻon... Qoʻshnilar ikkalovingizni birga chiqib, qochayotganingizni koʻrishgan».

«Uyda uxlab yotibdi», — dedi Esma.

«Oʻldiraman seni»,— dedi Mustafo.

«Oʻldir, oʻldir. Zotan oʻldirmasdan nima qilyapsizlar. Meni har kuni, har kuni oʻldirmoqchi boʻlasizlar», — dedi baqirib Esma. «Akangizni men oʻldirmadim, Abbos oʻldirdi. Oʻchni esa borib Abbosning aka-ukalaridan, qarindosh-urugʻidan olinglar. Faqatgina meni topib olib, mendan olasiz akangizning oʻchini, shundaymi? Leklardan qoʻrqasizlar, shundaymi? Leklarga yaqinlashishga yuragingiz dov bermaydi, toʻgʻrimi. Akangizni men oʻldirmadim. Abbos oʻldirdi akangizni, buning ustiga xotinini ham olib qochdi. Boringlar, oʻchingizni oʻshalardan — uning qarindoshlaridan oling. Oling-da, nomusingizni tozalang».

Bir qamchi Esmaning yuziga chiyillab kelib tushdi. Soʻngra ketma-ket tusha boshladi. Otliqlar uni oʻrtaga olib qamchilardilar. Esma oʻzini tutolmay qichqirib yubordi-yu, qilgan ishidan pushaymon boʻldi. Buni bolasi eshitgan boʻlsa-chi?

Hasan butazordan chiqib, boʻlayotgan voqsani kuzatib turardi. Onasining qichqirigʻini eshitishi bilanoq bor kuchi bilan ular tomonga chopa boshladi. Keldi-da, yerdan toshlar yigʻib, otliqlarga ota ketdi. Ham baqirar, ham otliqlarni toshboʻron qilardi. Tosh otaverib otlarni ham hurkitib yubordi. Hasan aqldan ozganday edi. Toʻrt tarafga yugurib, tosh yigʻib, tinmay otardi.

«Eh», — derdi oʻziga-oʻzi. «Eh, eshak miya, nega miltigʻimni olmadim-a?! Olganimda edi, bularning hammasini jonsiz yerga qulatardim».

* * *

«Miltiqni nega olmadingiz, Hasan?»

«Miltiqni ular berishgandi. Hadyalari boshlarida qolsin. Ularning hech narsasini olib ketgim kelmadi. Katta boʻlganimda esa oʻzimga tegishli molu davlatni zoʻrlik bilan qoʻlga kiritar edim. Katta boʻlishimga ham aytarlik koʻp vaqt qolmagandi».

«Otni nega olmadingiz Hasan, otga minib qochganingizda tezroq qochmasmidingiz?»

«Ot ham ularniki edi. Men olmoqchi edim, lekin onam xohlamadilar».

Mollari, otlari boshlarida qolsin ularning, dedilar. Istamadilar. Meni tinch qoʻyib, oʻgʻlimni menga bersalar bas, boshqa ninadek narsalarini olishni xohlamayman. Qolgan hamma narsalar, onalarining sutiday halol boʻlsin ularga, dedilar.

Hasan otlarni hurkitib-hurkitib, amakisiga qarata bir tosh otdi. Mustafoning yonogʻi qonadi.

Esma yerda yotar, ust-boshi, sochlari, qoʻllari, qoshu kiprigi oppoq changta belangandi. Hasan borib onasini quchoqladida, oʻrnidan turgʻazdi. Onasi toʻhtamay yigʻlardi.

Otliqlardan biri kelib, «Fohisha onadan mana shunday nokas bola tugʻiladi-da» dedi. «Onasi kimu bolasi kim boʻlardi. Fohishaning ketidan tushgan bola, fohisha boʻladida. Mustafo, ey Mustafo, otasining qotili bilan bunday apoq-chapoq boʻlgan boladan nima yaxshilik chiqadiki, biz tinmay bu itning ketiga tushamiz?»

Otini hamchilab, ularning ustidan oʻtib ketdi. Hasan bilan onasi otning tuyoqlari ostida qoldilar. Hasan oʻqday oʻrnidan turib, haligi odamning ketidan ayamay soʻkindi. Otliq otini hamchilab, uzoqlashib ketdi.

Amakisi Hasanning yoniga kelib, uni koʻtardi-da, otiga mingashtirdi.

«Qani sen jahannamga boʻlsa ham ket, fohisha», — dedi. «Agar qaytib borsang, qoʻlimni qonga bulgʻalashga majbur qilgan boʻlasan».

Otini qamchiladi. Boshqa otliqlar ham uning ketidan ketishdi. Otlar qishloq tomon uchib borardi, goʻyo. Hasan hovlida egardan sakrarkan, gʻazabidan quturib ketgandi. Egardan tushar-tushmas, yoʻlga — onasi tomonga otildi. Darrov orqasidan quvib, tutib keldilar.

Hasan ularning qoʻllaridan chiqib qochar, yoʻlga tushar, ular yana tutib kelardilar. Hasanning yuz-qoʻllari qonab ketgan, yangi kiyimlari parcha-parcha boʻlgandi. Uni kap-katta odamlar tutib tursalarda, u tinmay tipirchilardi.

Buvisi buyruq berdi.

«Qoʻl-oyogʻini bogʻlanglar, bu itning». Soʻngra darrov soʻzidan qaytib: «Yoʻq yoʻq, bunday qilmanglar, ozor bermanglar nabiramga», — deya uning yoniga keldi. «Tur bolam, tur qora koʻzim, arslonim, juda charchading, turaqol. Eh bolam, eh mening pahlavonim, onalik qursin. Onani yaratmasin ekan. Sening onang mening oʻgʻlimni oʻldirdi. Oʻzing oʻylab koʻr, sen bir onadan, ustiga-ustak otangning qotili boʻlmish onangdan voz kecholmayapsan, axir men qanday qilib togʻdek baquvvat oʻgʻlimning qonidan voz kechayin, aytgin menga Hasanim. Oʻgʻlimning oʻchini olmasdan bu dunyodan koʻz yumsam, shu qora tuproqqa kirar boʻlsam, meni yer qabul qilarmidi?! Men nima qilayin, bolam, pahlavonimning oʻgʻli, onalik qursin, onalik... Mening togʻdek pahlavonim qora yerda chiriyotgan bir vaqtda, dushmanim koʻz oʻngimda sollanib, turlanib, tuslanib yuribdi. Hasanim, arslonim, bolam. Endi esa dushmanim ketayotganda, yuragimning bir parchasi, oʻgʻlimning dunyodagi yolgʻiz yodgori ham u bilan, oʻgʻlimning qotili bilan birga ketsa, men oʻlmayin kimlar oʻlsin, Hasanim. Mayli, qoʻyib yuboring, qoʻyib yuboringlar Hasanni, qayerga xohlasa oʻsha yerga ketsin».

Hasan hanuzgacha odamlar qoʻlida tipirchilar, ushlab turgan qoʻllarini, qayerlari duch kelsa oʻsha yerlarini tishlar edi. Odamlarning qoʻllarini qonatib yuborgandi.

Mustafo sekingina yonlariga bordi: «Qoʻyib yuboring, Hasanimni. Qoʻyib yuboringlar pahlavon oʻgʻlimni. Onasini tashlab ketgisi yoʻq, mayli onasidan voz kechmasin. Uning xotiri men uchun otasining xotiridir. Bundan soʻngra onasining oʻrni ham koʻnglimizning, uyimizning toʻridadir. Qani ogʻaynilar, Hasanni yoningizga olingda — garchi u shuni istar ekan—Esmani topib, uyga olib kelinglar. Bundan soʻngra unga hech qanday gap gapirilmaydi, bundan soʻngra uning joyi boshimiz ustida boʻladi. Qanday qilaylikki, onasi bizning akamizni oʻldirtirgan boʻlsa, aslida uning otasini oʻldirtirgan-ku. Jiyanimiz otasining maqsadini koʻzlamagan, uning qonini yerda qoldirgan oʻgʻil boʻlsa, biz nima qilaylik. Koʻramiz, otasining qoni yerda qolib, qanday goʻrida tinch yotar ekan. Bizga nima, qora yerda suyaklari chirsillab chiriyotgan, goʻrida ham halovat topmagan, qiyomatgacha yigʻlab, mozori qurimaydigan, Ollohning, Paygʻambarning huzuriga borganda ularning yuzlariga qarolmaydigan bizning akamiz boʻlsa, uning otasi-ku, axir. Qoni yerda bulgʻalanganligini u bilmaydi deysizmi?»

Hasanni qoʻyib yuborishdi. Ulardan ozod boʻlishi bilanoq biroz tinchlandi va hech narsa boʻlmaganday ma’yus tortib, charchaganicha dahlizning oʻrtasida turib qoldi. Odamlar kir dastroʻmollari bilan qonlarini artishardi. Hasanning yuzi qonardi. U parishonxotir edi. Xuddi amakisining gaplarini butun vujudi bilan tinglayotganday unga qotib qarab turar, lekin hayoli boshqa yerda edi. Onasini chopib orqaga qaytib kelayotgani, yoʻlda yiqila-yiqila yurayotgani, tush kabi koʻz oʻngidan oʻtardi.

«Qoni yerda qolgan otaning qiyomatgacha goʻrida yigʻlab yotishini, qiyomatgacha qonini yerda qoldirganga badduolar boʻlishini bilmaydimi u?! Qoni yerda qolgan ota qabrida tinch yotolmasligini, qiyomatgacha tinch uxlolmasligini u bilmaydi deysizmi?!».

Jim boʻldi. Yuzini chidab boʻlmas bir gʻam-gʻussa qoplab olganday edi. Ajinlari chuqurlashib, koʻpayib koʻrindi. Tinmay qoʻllarini bir-biriga urib, oʻz joyida aylana boshladi. Koʻzlari ham kattalashib ketdi.

Yana nimalarnidir gapirmoqchi boʻlar, toʻhtar, Hasanga qarar, soʻng boʻynini egganicha gapirishdan voz kechib, yoʻlida davom etardi.

«U bilmaydimi?», — deb baqirdi. «Bilmasmi u, bilmaydimi u?»

Yana jim boʻlib qoldi. Tez-tez yurar, qoʻllarini musht qilib, telbalarcha aylanar, tinchlanar, soʻng Hasanga qarardi. Bir bukchayar, bir tik turar—misoli ochilib-yopilayotganday. Katta-katta qadam tashlab onasining yoniga keldi, yuziga qarab, basharasi achinishdan yanada battarroq bujmayib ketdi.

«Bu, bu onadir. Oʻlikning suyaklari goʻrida qalt-qalt titrasa, halovati boʻlmasa, bu ona oʻlmasdan kimlar oʻlsin».

Onadir, deyishi bilan ovozi titrab, boʻgʻilib chiqar va yigʻlamsirab, qichqirayotganday gapirar edi.

Ovozi yoʻgʻon, qat’iyatli boʻlishi bilan bir qatorda, darddan ezilgan, charchagan, chorasiz boʻlib eshitilardi.

«U qoni yerda qolgan inson goʻrida tinch yotmasligini, balki ruhi qabrdan chiqib sarson-sargardon kezib yurishini bilmaydimi? Oʻchi olinmaganidan beri har tuni, har kechasi akamni oq kafanga oʻralib, hovli kezib yurganini koʻraman. Koʻrgandimu, hech kimga aytmagandim. Bir kuni kechasi oʻrnimdan tursam, togʻu toshlar ingrayapti, tashqariga chiqib qarasam, ularning eshiklari oldida bir oq kafan turibdi. Ingroq ovoz shu kafandan kelayotgan ekan. Sekingina yoniga bordim, yaqinlashib qarasam, u mening yuzlari soʻligan, oqarib ketgan akam ekan. Aka, akajonim, dedim. Halil akam hech narsa demasdan, suzilib mozor tarafga ketdi. Aks-sado orasidan: «Oʻgʻlim Hasanga ayt, mening qonimni yerda qoldirmasin, qonimni, onasi boʻlsa ham u xotinning boʻynida qodirmasin», — degan gaplarini eshitdim. Yerning ochilib, Xalilning mozorga kirganini va mozor yopilishi bilan aks-sadoning ham toʻhtaganini eshitdim».

U Hasanning yoniga keldi. Hasan uning nafas olishini ham eshitib turardi.

«Nega aytdim-a bu gaplarni bolaga, tuf-e. Endi nima degan odam boʻldim? Oʻzimni tutolmay, otasining ruhi sarson-sargardon boʻlib yurganiga, xuni olinmaguncha shunday boʻlishini kelib-kelib bolaga aytamanmi-a, tuf-e! Boʻladigan ishmi bu. Mushtumday bola otasining xunini ola bilarmidi? Zotan, otasining qotili onasi boʻlsa, qoʻlidan nima ish kelardi bu bola bechoraning tuf, tuf-e menga...»

Ostona tomonga yurdi. Ostonaga yetib kelgach, yana orqasiga qaytdi.

Siz Hasan bilan birga boring-da, uni otta mindiring va birgaliqda onasini olib kelinglar. Modomiki, u jiyanimizning onasi ekan, yayov yurmasin, bechora. Ukamizning qotili boʻlsa ham, jiyanimizning, jasur Hasanimizning...»

Gapini tugatar-tugatmas, chiqib ketdi. Eri chiqishi bilan, Mustafoning xotini Dona kelib, Hasanni yoniga oldi:

«Voy bolam, voy»,—dedi. «Voy Hasanim, yetimchaginam, nima boʻldi senga, qon ichida qolibsan-ku. Toʻhta, avval yuzingni yuvayin, soʻng onangning oldiga borasan...»

Tashqariga olib chiqib, yuzini yaxshilab yuvib qoʻydi va qon toʻhtatish uchun dori surtdi.

Odamlar otlanib eshiqda kutib turishardi. Ulardan biri Hasanni uzun qoʻllari bilan koʻtarib, egarning orqa qismiga oʻtqazdi va birgalikda yoʻlga tushdilar.

Esmani kun botayotganda topdilar. U boʻz tuproqli bir yerga oʻtirganicha, mukka tushib qolgandi. Koʻrishlari bilan yoniga bordilar. Esma shunday holatda ediki, hatto ularning kelganini ham sezmadi. Hasan darrov otdan sakrab tushib, uning yoniga keldi.

«Men keldim, ona, yuring ketamiz», — dedi. Soʻngra sekingina egilib, qulogʻiga: «Otamning ruhi kezib yurganmish. Amakim koʻribdi, butun qishloq koʻribdi. Koʻrmagan odam qolmabdi. Oq kafanga oʻranib, mozoridan chiqib, har yerda ingrab yurganmish», — dedi.

Esma uning eshitilar-eshitilmas, pashshaning vizillashga oʻhshash ovozidan hech narsa tushunmagan, balki ovozini ham eshitmagandir. Yoki Hasanga shunday tuyulgandir.

Hasanning yuragiga vahima tushdi. Bu ruh onasini oʻldirish uchun yurganmikan? U battarroq qoʻrqib, onasiga yopishdi:

«Qani turing, uyimizga ketamiz. Nima qilamiz endi, har tun uyimizga kelayotganmish. Kelgani rost. Bir kuni kechasi men ham uning ingraganini eshitdim. Dadam anchagacha ingrab turdi, turing ketamiz».

Onasini qoʻlidan ushlab turgʻazdi. Otliqlar esa nariroqda bu ona-bolaga qarab turishardi.

Esma boshi egilganicha otliqlar tomonga zoʻrgʻa bir-ikki odim tashladi. Otliqlarning biri otdan tushib, Esmani otiga mindirdi. Hasanni ham egarning orqa qismiga oʻtqazdi. Ular yoʻlga tushdilar.

Uyga kelganlarida butun qishloq uylarining oldida toʻplanib turardi. Hech kim churq etmas edi. Esmani koʻrishlari bilan hammalari uvillab yuborishdi.

Olomondan bir qariya chiqib:

«Esma, Esma», — deya baqirdi. «Uying kuygur Esma. Halil ruxga aylanib kezib yuribdi. Qishloqda uni koʻrmagan odam qolmadi. U qoni uchun qon talab qilyapti. Beringlar Halilning qonini. Beringlar qonini, Halilning qoni uchun qon taslim qilmas ekansan, ruhi kelib, oʻgʻlingni olib ketadi. Xa, ha olib ketadi».

Esma olomonni yorib, qech qayoqqa qaramay ichkariga kirdi.

Qishloq yana bir qancha vaqt jimib qoldi. Qishloq Hasanni ham, Esma va ruxni ham unutib yuborgandi. Bu tinch, turgʻun, hamma oʻz ishiga mashgʻul boʻlgan vaqt qanchagacha davom etdi, hech kim bilmaydi. Bu tinchlikning, xatti-harakatlarning, gap-soʻzlarning birdaniga toʻhtab qolishi va bu qadar uzoq davom etishi Esmani qoʻrqitar va u bu qoʻrquvini oʻgʻliga ham aytardi.

Hamma narsaning birdaniga toʻhtab qolishi xayrli ishning alomati emas edi. Esma sergak turardi. Oʻgʻlidan xavotirda edi. Bu jimjitlik oʻgʻliga bir narsa qilib qoʻyishi mumkin edi. Yuragi bezovta edi.

Bir kuni ertalab Esmaning qoʻrqqanicha boʻldi.

Karim oʻrtaga tushib gapirardi:

«Koʻrdim», - derdi u uzun boʻynini choʻzib. «Kecha kechqurun qoyaliklardan tushayotganimda Halilni koʻrdim. Alikesikning boshida boshimni bir koʻtarsam, ne koʻrayki, oq kafanli, ozib-toʻzib ketgan, qorongʻuda koʻzlari yonib turgan bir kishi yoʻlimni toʻsdi. Ustimga egilib, uzoqdan menga qarab turardi. Boʻyi naq terakday choʻzilib ketgan. Toʻhta, ey Karim, dedi menga. Meni tanidingmi, Karim? Ovozini tanib, tanidim, dedim, sen Choʻlak oʻgʻli Xalilsan, shunday emasmi? Ha menman, dedi. Menman, men, arvohga aylanib kezib yuribman. Oʻsha iymonsiz, Ollohsiz onam, betarbiya, ahloqsiz ukalarim, ustiga-ustak boʻyi yetgan oʻgʻlim va qotilim boʻlmish xotinim tufayli arvohga aylanib yuribman. Onam yoʻq mening Karim, borib ayt unga. Ukalarim ham yoʻq, ularga ham borib aytgin. Oʻgʻlim Hasan ulgʻayib qolibdi, koshki katta boʻlmasaydi, men u tufayli mozorimda tinch yotolmay arvohga aylanib yurganimdan, doʻzax molikparining qoʻlida dogʻlanayotganimdan koʻra, u ulgʻaymasa ham mayli edi. Soʻngra Xalil yigʻlay boshladi. Holimni soʻrama, Karim hozir sen meni minoradek uzun, oq kafanga burkangan holatda koʻrayapsan. Doʻzax moliklari meni har kuni har xil qiyofaga, har xil shaklga solib qoʻyishyapti. Bir qarasang itga aylanib, shu togʻlarda ertalabgacha hurib chiqaman, oʻlaksalarning goʻshtini yeyman. Bir qarasam meni burgutga aylantirib qoʻyadilar, borib uyimning eshigiga qoʻnaman-da, badbaxt oʻgʻlimni koʻraman. Ustiga-ustak u miltiqdan otishni oʻrganib olibdi. Qushlarni, burgutlarni, quyonlar va tulkilarni otayapti. U ogʻzi boʻlsa xam tili yoʻq hayvonlarni oʻldirgandan koʻra anavini otsin, otsin-da, otasini arvohlikdan— ilonlikdan, chayonlikdan, mushuk boʻlishdan qutqarsin. Mushuk boʻlsam-ku yaxshi-ya... Bir martasida meni mushukka aylantirib qoʻyishdi. Mushuk nima ish qilsa men ham shuni qilib, toʻgʻri uyimga ketdim... Xotinim bor-ku, oʻsha mening koʻzlarimga tikilib-tikilib turdida, bu mushuk Xalilga oʻhshar ekan, deb bir tepdi. Yana boshimga kaltak bilan urdi. Haligacha boshimni koʻtarolmay yuribman. Agar qochib ketmasam meni oʻldirib qoʻyardi. U qotilimning qoʻlidan qochib qutildim. Onam, ukalarim, oʻgʻlim ham odam emas ekanlar. Karim senga aytaman, xotinimga borib ayt, meni qutqarsin, hech kim uni oʻldirolmaydi. Na onam, na ukalarim, na qarindosh-urugʻim, na doʻstlarim, hech kim uni oʻldirolmaydi. Garchi shunday ekan, u oʻzini oʻzi oʻldirsin. Oʻzini oʻldirsin-da, meni arvohlikdan qutqarsin. Qoʻrqoq, bir pulga qimmat oʻgʻilni oʻsha tugʻib bergan. Oʻgʻlim odam boʻlmaydi, bir pulga arzimaydi. Shuning uchun hamma ayb xotinimda, endi esa oʻgʻlini ham, meni ham bu obroʻsizlikdan qutqarsin. U oʻzini oʻzi oʻldirmas ekan, men qiyomatgacha arvoh boʻlib kezib yuraman. Mening xunimny olmay, arvoh qilib qoʻygan oʻgʻlim esa, yuzi shuvut boʻlib, odamlar orasiga kirolmaydi. Oʻzig ni oʻldirib, oʻgʻlini obroʻsizliqdan qutqarsin. Esmaga aytgin, mening ahvolim yomon... Onamga, oʻgʻlimga, qishlogʻimga aytgin-ki, doʻzax moliklarining dastidan dod deyapman, ular meni bir kuni chuvalchang, bir kuni ilon, yana boshqa bir kuni qurbaqa, shilliqqurt tusiga kirgizib qoʻyishyapti. Bu doʻzax moliklariga yolvorib, meni qoʻyib yuboringlar, desam ustimdan kulib, yana ham biz senga rahm qilyapmiz, ogʻa. Biz seni yuz mingta kichik-kichik shiliqqurtchalarga aylantirib, butun dunyoga tarqatib yuboramiz. Qiyomat kuni boshqa doʻzax moliklari ham seni inson holiga qaytarolmaydilar. Ollohning huzuriga yuz mingtaga boʻlingan shilliq qoʻrt koʻrinishida borasan, narigi dunyoda ham arvoh boʻlib umr kechirasan. Insonning xuni olinmasa, juda qiyin ekan. Eh Karim, Olloh bu narsani hech kimning boshiga solmasin ekan. Mening qoʻl-oyogʻim behollashib, qoʻrquvdan titrab turganimda Halilning arvohi koʻzdan gʻoyib boʻlibdi. Yana bir qarasam, Halil mushukka aylanib, oyogʻimga surkalyapti, soʻngra mushuk boyqushga aylanib, bir qoyaga qoʻndi-da, sayray boshladi. Soʻngra boyqush chinqiroq ilonga aylanib, qarshimda turib oldi. Roʻparamda turgan ilonni koʻrishim bilan oʻzimni Alikesik tepaligidan yoʻlga otdim. Mana oyoqlarim shilinib, qonab yotibdi. Uyga kelib, tabibning oldiga bordim. U yaralarimni bogʻlab shunday dedi: «Karim, ukam, Halil senga ishonib, sening yoʻlingda uchrabdi. Oʻzini senga omonat qilib toshpiribdi: Bu narsa boʻyningda qarz boʻlib qolmasin. Borib onasini, xotinini, oʻgʻlini, ukalarini, hamqishloqlarini topib, Halilning ayanchli ahvolini gapirib ber. Bechora Halil, qiyomatgacha bu dunyoda shilliqqurt boʻlib yurmasin. Agar bu mas’uliyatli gapni aytmasang, boʻyningda qolib ketsa, sen ham baraka topmaysan...»

Butun qishloqning ogʻzida shu gap. Bu gapga ishonmaganlar ham bor edi. Halilning shilliqqurtligiga, boyqush yoki qumri qushligiga, oq kafanga burkanib qishloq tepasidan uchishiga ishonmay, masxara qiluvchilar ham topilardi. Lekin, aksincha, chin yuragidan ishonib, Halilni qutqarish uchun boʻlmagʻur ishlarga qoʻl urganlar ham yoʻq emasdi.

Oxirida hamma narsa Hasanga kelib taqalardi. Halilning shilliqqurtligi, chuvalchang va boyqushligi, goʻrida qizigan temirlar bilan dogʻlanayotgani, hamma-hammasi Hasanga kelib tegardi. Yoniga kelgan har bir odam otasining bu ahvolini unga aytishni oʻzining vazifasi deb bilardi. Emishki, Hasan juda yomon ish qilgan, onasi tufayli otasini gazandalar qiyofasiga tushirib qoʻygan, qonidan paydo boʻlgan otasini qiyomatgacha shiliqqurt tusida yurishiga oʻz qoʻli bilan mahkum qilgan edi.

Karimga kelsak, u Esmaning yoniga kelib-ketib turdi. Toʻhtamay, balki ming karra, Halilning holatini gapirib berdi. Halilning Esmadan xohlayotgan, kutayotgan ishini har safar achinib, yigʻlamsirab gapirardi. Esma jim turar, javob bermas edi.

Eng soʻnggida Karim gʻazab bilan gapira ketdi: «Oʻzing bilasan, Esma. Shu vaqtgacha seni koʻzim qiymay, aytmasdan keldim».

Arvoh menga yo qonim, yo oʻgʻlim, yo xunimni olsinlar, yoki men Esmaning oʻgʻlini olishga majburman, dedi. Bundan soʻngra ham xohla oʻzingni oʻldir, xohla oʻldirma...»

Esma toshdek qotib qoldi. Bu gapga ham javob qaytarmadi.

Bundan soʻngra Karim butun kuchini Hasanga tashlab, uning ketiga tushdi. Hasanni tutib, bafurja gapirolmas, arvohning omonatini unga yetkazolmayotgandi. Goh Anavarza qoyaliklarida, goh Jayhon irmogʻining boʻylarida, dalada, yoʻlda, choʻlda boʻlsa ham Karim doim uning ketida edi. Hasan ham uni koʻrishi bilan yerning tagiga kirib ketganday koʻzdan gʻoyib boʻlardi. Karim esa: «Bu bolani jin chalgan. Bir gap bor bu bolada, oylar davomida uni hech qoʻlga tushirolmayapman», — derdi. Kechalari, ertalablari uyda, yotoqda boʻlsa ham uni ta’qib etar, Hasan ham yoʻlini topib Karimning qoʻlidan qochib qutilardi. Tutib olsa, nimalar gapirishini soʻzma-soʻz bilardi.

Axiyri Karim Hasanni Anavarzaning kun botar tarafidagi Savrun suvida choʻmilayotganida, yalangʻoch holatda tutib oldi. Hasan bu safar qocha olmadi. Yonma-yon oʻtirdilar. Karim yana Alikesik tepaligida koʻrganlarini, otasi nimalar deganini birma-bir gapira ketdi. «Men arvohning oldidagi burchimni bajardim», — dedi soʻngida. «Mana sen, mana arvoh, mana onang. Endi xohlaganingni qilaver», — dedi.

Soʻzini tugatishi bilan roʻparadagi chaqirtoshlar ustida bir kaltakesakni koʻrdi. Hayajonlanib: «Qara, qara, mana, qara, shu kaltakesak tusiga kirib olgan sening otang boʻladi. Qara, koʻzlariga qaragin, Halilning qora koʻzlariga qanchalik oʻhshaydi, shu kaltakesakning koʻzlari qop-qora, boshini duo qilayotganday koʻtarib tushiryapti. Men senga nimalarni gapirayotganimni eshitish uchun kelgan. Qara, qaragin...»

Hasan kulib yuboray dedi. Karim buni koʻrib gʻazabdan tutoqib ketdi. Oʻrnidan turib, arvohlarni, yoshu qarini, hamma-hammani soʻka ketdi.

Hasanning ustidan gaplar yomgʻirday yogʻa boshladi. Qishloqdagi hamma — yoshu qari, katta-kichik, barchasi Hasanni koʻrib qolsa, “ulugʻ” burchini bajarardi. Hasanga otasidan, onasidan, arvohlardan albatta gapirardi...

Hasan ortiq uyquda yurganday his qilardi oʻzini. Hech kimdan qocha olmas, oʻzini yoʻqotib qoʻygan edi. Aralash-quralash gaplar ichida oʻzini bilmay sandiroqlab yurardi.

* * *

Dursun bobo yuz yoshlarda edi. U yurolmasdi ham. Qoshlari koʻzlarini ustiga tushgan, boʻyni burushib ketgandi. Burushiq boʻynida doim bugʻdoy donalari, somonning parchalari boʻlardi. Qoshlarini ikki qoʻli bilan koʻtarib ochar va koʻk koʻzlari bilan uzoq-uzoqlarga termulardi. Hasanni balki tanimasdi ham. Hech gaplashmagan edilar. Hasan uning yonidan hayol surib oʻtayotganda: «Toʻhta Hasan, toʻhta», — dedi nozik, ingroq ovoz bilan. «Toʻhta Hasan, biroz toʻhtagin. Dursun bobong senga bir-ikki kalima soʻz aytmoqchi...»

Tayogʻini oyogʻi bilan qisib, Hasanni oʻz yoniga tortib oʻtqazdi. Yuziga egilib qaradi. Termulib turib, hayronlik, boladay soddalik bilan: «Sen ulgʻayib, kap-katga yigit boʻlibsan Hasan! Eh, bu qishloqdagilar seni aldashyapti. Sening onang juda goʻzal ayol, bolam. Men shu yoshga kirib inson zotida bunday goʻzallikni koʻrmaganman. Agar inson bu qadar goʻzal, malak yuzli, malak fe’lli boʻlsa, odamlar unga baxillik qiladilar. Afsuski, onangni oʻldiradilar, Hasan. Qaniydi yosh boʻlsam, qaniydi, qoʻlim-oyogʻim yarasa, nima ish qilardim, bilasanmi Hasan?»

Qoshlarini koʻtardi, kuchi yetmay, qoʻllari bilan koʻtardi bu safar. Koʻm-koʻk, begʻubor, tiniq, koʻzlari bilan uzoq termuldi Hasanga. Soʻngra qoshlarini tushirib, boshini egganicha oʻy surdi. Yana qoshlarini ushlab koʻtardi-da, koʻzlarini Hasanga qadadi, keyin qoshlarini qoʻyib yubordi va boshini egib oldi. Soʻngra birdan boshini koʻtarib, qoʻlini choʻzib, yelkasidan tutdi: «Onangni oʻldirma», — dedi. «Mening gapimga kirgin, hoʻpmi? Onangni oʻldirma, Hasan. Onang kabi dunyo goʻzali oʻldirilmasligi kerak. Onang emas, yetti yot begona boʻlsa ham, bunday goʻzalni oʻldirishga odamning koʻzi qiymaydi. Onang kabilarni Olloh ming yilda bir yaratadi. Ular Ollohning yer yuzidagi seviklilaridir, arvoh yurgan otangga, kal Karimning gaplariga quloq tutma, oʻldirma onangni. Onangga ham ayt, bu telba qishloq gapiga kirib oʻzini-oʻzi oʻldirmasin, Hasanim. Onang Ollohning sevgan bandasidir. Ollohning sevgan bandasini oʻldirsangiz, Olloh boshingizdan tosh yogʻdirib, shunday xastaliklarga duchor qiladiki, hammangiz kirilib ketasiz!»

U kulimsirab, qoʻllari bilan qoshlarini koʻtarib, Hasanga karadi. Tishsiz ogʻzi, boladay soddaligi, yumshoqligi bilan tinmay kulimsirar edi.

«Hozir yosh boʻlib qolsam, nima qilardim, bilasanmi Hasan?»

Hasan javob bermadi.

Hasan javob bermaguncha u qayta-qayta soʻrayverdi. Oxiri, Hasan ham kulimsirab: «Ha, nima qilardingiz, Dursun amaki?» «Sen ham gapirar ekansan-a, Hasan», — deb hayronlik bilan sevindi, chaqaloqnikidek tishsiz ogʻzini ochib kuldi. «Ha gapiraman, odamini topsam», — dedi Hasan. «Nima qilardim bilasanmi? Uyingizga borib, toʻshamchi toʻshardimda, yerga oʻtirib olardim. Agar quvib yuborishsa, hizmatkor boʻlib qolardim uyingizda. Yana haydamoqchi boʻlishsa, kasal boʻlib yotib olardim. Nima qilsam ham uyingizda qolishning bir yoʻlini qilardim. Va ertalabdan kechgacha onangni tamosha kilib oʻtirardim. Esmani tamosha qilib toʻgʻri jannatga ketardim Hasan. Onangni chin yurakdan, goʻzalligini toʻyib-toʻyib tamosha kilgan odam jahannamga tushmaydi. Sidqidildan onangga qaragan odam bu dunyoda ham, u dunyoda ham jannatda boʻladi. Olloh ham onangga toʻyib-toʻyib qarayotgandir balki. Shuning uchun onangni oʻldirgan odamning kosasi oqarmaydi. Endi esa Hasanim, meni koʻtar-da, uyingga olib bor. Mana shunday yarim koʻz bilan, yarimta jon bilan boʻlsa ham, butun kuchimni koʻzimga toʻplab unga bir qarayin, chin koʻngildan qaragan odam toʻgʻri jannatga kiradi, qani endi uyingta olib bor meni».

Soʻngra jim boʻlib qoldi. Hasanning koʻzlariga qadab turgan koʻzlarini asta tushirdi. Hasan hursand boʻlib:

«Qani ketdik bizning uyga Dursun amaki. Onam sizga yaxshi bir kahva tayyorlab beradilar, agar xohlasangiz ovqat ham pishirib beradilar».

«Qani ketdik», — deya oyoqlarini yerga bosib oʻrnidan turmoqchi boʻldi, yana bir kuchandi-da, turolmadi. Soʻngra Hasan borib uning qoʻllaridan ushlab turgʻazdi.

Yoʻlga tushib, uyga yetib keldilar. Hasan bilan Dursun amakini birga koʻrgan odamlar tushunmay qoldilar. Ichlariga qurt kirgan odamday chidolmasdan ularga eshittirib badduolar ayta boshladilar.

Esma Dursun amakini quvonib kutib oldi. Peshin mahali edi. Esma uning ovqat yegan-emaganini soʻradi va «emadim» degan javobni olgach, darrov dasturxon tuzab yubordi. Oʻtirgan yerlariga soya tushganidan havo salqin edi.

Dursun amaki qoʻli bilan qoshlarini koʻtarib, Esmaga qarardi: «Ollohga shukr, beadad shukr, shu kunimga, shu holimga shukr», deya duolar oʻqir, «subhanalloh, subhanalloh», deya maftun boʻlib qolgannni yashirolmasdi.

Ular uzoq ovqatlanib oʻtirdilar. Chunki Dursun amaki ham tishsiz ogʻzi bilan chaynashga qiynalardi, ham Esmaga qarayverib ogʻziga ovqat solishga ulgurolmasdi.

Oʻsha kun Dursun amaki kun botgunigacha Esmalarning uyida oʻtirdi. Kun botgandan soʻng «Hasan, endi meni uyimga olib bor»,—dedi.

Hasan uning qoʻltigʻiga kirdi va ular yoʻlga tushdilar. Yoʻlda hech gaplashmadilar.

Kechqurun Hasan aloq-jaloq tushlar koʻrdi. Tushiga otasi kiribdi. Qamishzordan botqoqlikka tushib choʻkib borayotganmish, oʻzini hech koʻtarolmayotganmish. Birdan otasi koʻz oʻngida ilonga aylanibdi, ilon ham botqoqlikka botib ketayotganmish. Botqoqlikning balchigʻida tipirchilarmish-u loyga battarroq botib, boʻynigacha kirib ketayotganmish. Bir kaltakesak, qurbaqa, bir katta koʻzli boyqushga aylanarmish. Kaltakesak, qurbaqa botqoqlikda boyqushga aylanib, maymunjon daraxtining ichidan chiqib kelarmish. Qanotlari loyga belangan, yulingan, ivib ketgan edi. Soʻngra oq kafanli, kafani loyga bulgʻalangan, koʻzlari kattalashib, irgʻib chiqqan otasiga aylanardi. Hamma yeri hoʻl, shalabbo edi. Soʻngra hamma narsa boyqushning katta-katta koʻzlariga aylandi. Boyqush ham shalabbo boʻlib ivigan, patlari yulinib ketgan, koʻzlari portlagudek boʻlib borgan sari kattalashib borardi...

* * *

Hasan kun chiqmasdanoq uygʻondi. Qoʻliga miltigʻini oldi. Onasi esa yostigʻining ustiga sochlarini yoygancha uxlar edi. Sochlari uzun, qirq kokil edi. Oʻralgan sochlariga kumushdan, oltindan ishlangan marjonlar taqilgan edi. Onasi Dursun amakining aytganidan ham goʻzalroq edi. Bir oz vaqt onasining chiroyiga toʻymay qarab turdi.

Oqshomdan buyon, balki bir necha kundan buyon onasiga bildirmasdan bir hurjun tayyorladi. Ichini oziq-ovqat bilan toʻldirdi. Pul xam topgan edi. Toʻgʻrirogʻi, oʻzining bir hovuch puli bor edi. Pullarini qoʻyniga, qoʻltigʻining tagiga solib qoʻydi. Chiroyli kiyimlarini kiyib, qoʻliga miltigʻini olganicha pastga tushdi.

Ogʻilxona xali xam qorongʻu edi. Qoʻli bilan paypaslab, toyini topdi. Toyiga minib hovliga chiqdi. Onasi uhlayotgan xonaning derazasiga termulganicha eshik oldida biroz turib qoldi, soʻngra sekingina ot surib, yoʻlga tushdi. Sharq tomonga— Qozonga qarab asta-sekin ot surib ketdi-da, birdaniga tezlikni oshirdi. Qozongacha otini toʻhtatmay choptirdi. Peshin mahali boʻldi. Otini bir daraxtga bogʻlab, oshxonaga kirdi. Ichi non va oziq-ovqatga toʻlgan gilamdan toʻqilgan xurjunini yelkasiga osib olgandi. Stolga oʻtirib, xurjunidan bir yupqa chiqardi. Bu orada oshxona xizmatchisi kelib:

«Xush kelibsiz, ogʻa, nima buyurasiz?» — dedi. Hasan avvallari ham oshxonalarga kelib turardi. «Bir tovoq keltiring», —deya buyurdi. Oshxona xizmatchisi: «Bosh ustiga ogʻa».Oshxona xizmatchisi uzun, qirra soqolli Kurt edi. Hasan uni tanidi. Kurt: «Ogʻa, juda yaxshi shirinligimiz bor... Xohlasangiz olib kelaman», — dedi.Hasan kulib:«Olib keling, dedi. Men sizni taniyman, ogʻa» deb qoʻshib ham qoʻydi. Kurt shirinlikni olib kelib: «Siz meni qayerdan taniysiz?» — deb soʻradi. Hasan: «Siz oshxona xizmatchisi Kurt Sulosiz, shunday emasmi?», —dedi. «Shunday deylik, oʻzing kimsan», — deb soʻradi Sulo. Hasan: «Men Halilning oʻgʻliman, haligi Abbos bor-ku, oʻsha oʻldirgan...» Sulo: «Tanidim», dedi. «Tanidim seni. Sen Hasansan, toʻgʻrimi? Onang qanday, yaxshimi? Eshitishimcha, onangni amakilaring oʻldirmoqchi boʻlishibdi, lekin sen yoʻl qoʻymabsan. Otang xaqiqiy erkak edi. Men seni kap-katta yigit boʻlib qolganingni bilmagandim. Otangni onang oʻldirgan deyishadi, ammo sen ishonma, chiroyli ayollarning orqasidan har xil gap-soʻzlar yuradi. Onang aslzodalardan. Onang kabi aslzoda xonimlar erlarini Abbosday bir odamga oʻldirtirmaydi. Onangni oʻldirmagin, xoʻpmi? Onasini oʻldirganlar bu dunyoda hech roʻshnolik koʻrmaydilar, narigi dunyoda xam doʻzax moliklari xoli joniga qoʻymaydi. Menga quloq sol, men otangni jonimdan ortiq koʻrardim. Otang mening yaqin doʻstim, qimor oʻynaydigan oʻrtogʻim edi. Otang bilan ikkalamiz yolgʻiz boshimizga qaramay, Adanaga borib, necha bor bar ochganmiz. Otang misoli bir burgut edi. Abbosday koʻzi qonga toʻlgan odam boʻlmaydi. Bu Chukurova oʻlkasida otangga bas keladigan, uni oʻldiradigan odam topilmas edi. Mening gaplarimni yaxshilab eshit, doʻstimning oʻgʻli, onangni oʻldirma. Men bilaman, amakilaring onangni senga oʻldirtiradilar. Chunki oʻzlari togʻalaringdan qoʻrqishadi. Togʻalaringdan qoʻrqmasaydi, allaqachon onangni oʻldirgan boʻlardilar. Ular uchun bir odamni, uning ustiga bir xotinni oʻldirish ish emas, faqat togʻalaringdan qoʻrqadilar. Togʻalaring juda boy, haqiqiy erkak hamda qonxoʻr odamlar. Siznikilar shuning uchun ulardan qoʻrqadilar. Biladilarki, agar ularning singillarini oʻldirsalar, togʻalaring kelib bularning butun urugʻ-aymogʻini qirib tashlaydilar. Holbuki onangni sen oʻldirsang, togʻalaring seni oʻldirmaydilar-da...»

Kurt gapirgungacha, Hasan ovqatini tez-tez yeb tugatdi. Birinchi marotaba hayronlik bilan soʻradi: «Togʻalarim meni oʻldirmaydilarmi?»

«Oʻldirishmaydi » — dedi Supo. «Lekin sen baribir onangni oʻldirma. Onasining qotili boʻlmoq — oʻlguncha olovli koʻylak kiyib yurmoqdir. Temir tikanli koʻylak... Oʻlguningcha har kuni badaningga qizigan temir bosib, dogʻlab turadilar. Sen oʻzingligingcha qol, nima qilsalar qilsinlar, nima desalar desinlar, onangni oʻldirma, xoʻpmi?» Hasanga jon kirib:

«Togʻalarim qayerda yashaydilar, uylari qayerda, ularni qidirib borsam topa olamanmi?», — dedi. «Bilmayman», — dedi Kurt. «Bilmayman. Otang aytgan edi, lekin hozir esimda yoʻq. Otang onangga oshiq boʻlib, uni olib qochgandan soʻng, togʻalaring uning ketiga tushgan edilar. Lekin Chukurovaning katta beklari oʻrtaga tushganlaridan soʻng ular dadangni oʻldirishmadi. Yoʻqsa... Nima boʻlganda ham onangni oʻldirma, xoʻpmi... Aniq bilib boʻlmaydi, togʻalaring balki seni ham oʻldirishlari mumkin. Hasan naqshli, markalar yopishtirilgan ipak karmonidan bitta elliktalik chiqarib, Kurtning yoniga qoʻydi. Kurt pulni olib chopib borib kassada maydalab keldi. Hasan qaytimini karmoniga soldi-da, oʻrnidan turdi.

«Xayr, yaxshi qoling, Kurt Sulo, men ketay endi», — dedi. Kurt uni eshikkacha kuzatib, eshitilar-eshitilmas bir ovozda ;

«Oʻz bilganingdan qolma. Sen oʻzing boʻlib qol. Onangni oʻldirmagin», — dedi «Bunday dunyo goʻzalini kim oʻldirsa ham baraka topmaydi», — deya qoʻshib ham qoʻydi.

Hasan otiga mindi-da, bir oz vaqt qayerga borishini bilmay turib qoldi.

Kurt uni kuzatib turardi. Hasanning yuragi siqilib otning biqiniga bir urdi, toy uchguday boʻlib, shaharchadan chiqib ketdi. Endi esa u shaharning chekkasida, nima qilishini bilmay yuribdi. Daryo boʻyida otini toʻhtatdi. Nima qilish kerak, qayerga borish kerak? Togʻalarining qishlogʻini, shaharchasini, xattoki ismlarini ham bilmaydi-ku... Balki togʻalari yoʻqdir, Kurt uni qoʻrqitish uchun shunday degandir. Agar togʻalari yoʻq boʻlsa, onasi har doim qayerga qochmoqchi boʻladi. Yoʻq, ular bor edi, onasining aka-ukalari, otasi, onalari, urugʻ-aymogʻi bor edi. Borku, lekin qayerda? Shu togʻlarning orqasidami?

Boshi aylanayotganday tuyulardi. Otini toqqa olib boradigan yoʻlga burdi. Uzangini bosib, toyni tinmay qamchiladi.

Oʻrmonning ichidagi soylikni koʻrib, oʻsha yerga burildi. Yam-yashil archa daraxtlari koʻkka qarab boʻy choʻzgandi. Oʻrmon ham yam-yashil edi. Roʻparadagi yonbagʻirdan buruqsib chiqayotgan tutun koʻkka intilganicha havoda muallaq turib, yumshoq harakatlar bilan qimirlab turardi.

Ot qiyalikdan chiqayotganida anchagina qiynaldi. Oldidagi tepalikni oshib oʻtgach, daraxtlar orasidan, pastdagi vodiy minoralarining uchlarini koʻrdi. Qalin bir tutun vodiydagi uylarning ustini pardaday yopib turardi. Bir hoʻrozning qichqirigʻi, kuchuklarning hurishi eshitildi. Soʻngra qoʻylarning, echkilarning, sigirlarning ketma-ket ma’ragan tovushlari keldi. Oqshomlari qoʻngʻiroqlar ham ogʻir-ogʻir chalinardi. Hasan qishloqdagi uylarni koʻrishi bilan otini toʻhtatdi, ichiga bir qoʻrquv tushdi. Turgan joyida qotib qoddi. Otning ustida oyogʻiga tiranib turdi-da, qishloqni tomosha qildi. Bir-ikki bola yigʻlar, bir qariya tepalikda turib, sherigiga baqirardi.

Hasan otining ulovini tutganicha shunday turardi. Koʻz oʻngiga buvisi keldi. Uning siymosi koʻz oldidan ketmay turdi.

Ichini bir sevgi, ishonch va quvonch tuygʻulari chulgʻab oldi. Qalbidagi bunday sevinchning sababini oʻzi ham tushunmadi. Holbuki pastdagi bu qishloqdan bir kishini ham tanimas edi. Qishloqning nomini ham bilmasdi. Uni bu yerlarga oti boshlab keldi. Vodiyning ustidagi qoʻngʻir qoyaliklar bulutlargacha yuksalgan, bu qoyaliklardagi tovushlar aks-sado berardi.

Otining boshini qoʻyib, sekingina uzangini bosdi. Qalbidagi sevinchini anglay boshlagandi. Mayli, ot uni xohlagan eshigiga olib borsin. Oti toʻhtagan eshikda mehmon boʻlmoqchi edi. Men Tangrining bir musofiriman, desa nima ham deyishardi. Tangrining mehmoniga kim ham quvonmaydi, deysiz. Balki bu qishloq xalqi kurtdir. Balki Alevi kurtlaridandir. Alevi kurtlari mard, haqiqiy erkak boʻlishadi. Balki bechora Farsak, yoki boʻlmasa, qadimgi qozonlidirlar. Kim boʻlsalar ham, bu togʻliklar mehmonsevar boʻlishadi.

Oti uni tuproq tomli, naqshindor, katga bir uyning ikki ta-baqali keng eshigi oldiga olib bordi. Eshik yonida katta bir chinor daraxti shoxlarini butun hovliga yoyganicha, shamolda ogʻir-ogʻir tebranib turardi.

Oʻzi otning ustida, egar ustidagi qoʻllari tizginni tutganicha hovlida turib qoldi. Ot pashsha qoʻngan dumini tez-tez silkitib qoʻyardi.

Ichkaridan qari bir odam chiqib, kunchiqar tarafda turgan otliqqa qarab yurdi. Koʻzini qoʻli bilan toʻsganicha, yoqimli tabassum bilan yaqinlashar edi. Otning yonboshiga kela turib:

«Xush kelibsan, yoʻlovchi, boshimiz koʻkka yetdi, Qani pastga tush», —dedi.

Ogning tizginini qoʻliga olib, ichkariga qarab gapirdi:

«Hey bolalar, qarang, uyga mehmon keldi».

Ichkaridan birdaniga uch-toʻrtta kishi otilib chiqdi. Kelib otning boshini, otliqning uzangisini ushlab turdilar. Hasan otdan tushdi.

Qariya uni oldiga solib, uy tomonga boshladi. Belidan chiqargan kaliti bilan taxtali, naqshdor bir eshikni ochdi. Uyning boshdan-oyogʻi yumshoq oʻrindiqlar bilan oʻralgan edi. Yerga ham qadimgi gilamlar toʻshalgan, ranglari koʻzni qamashtirardi. Devori tepadan pastgacha naqshlar bilan oʻyib ishlangan yongʻoq daraxtidan yasalgan edi. Ochiq bir joyga esa Otaturkning rangli rasmi osilgan edi. Rasmda Otaturk oʻng oyogʻini oldinga chiqarib, qoʻlida qamchi ushlab turardi. Orqasida esa toʻriq otining boshi koʻrinib turardi. Bu rasmda Otaturkning koʻzlari koʻm-koʻk edi. Birozdan soʻng xonaga sarja matodan shalvar kiygan odamlar bilan toʻlib ketdi. Kelganlarning har biri «Salom, xush kelibsan», — deb hurmat bildirgancha oʻtirardi.

Qahvalar tortildi. Ilk qahvani unga berdilar. Hamma tizilib, odob saqlab oʻtirardi. Hasan ham oʻzini shunday tutib oʻtirdi. Yonidagi odamlarga oʻhshab finjonning orastalik bilan ushlab qahvasini hoʻplab-hoʻplab ichardi.

Uy sohibi Hasanga qarab oʻzini tanishtirdi: «Ismim Murtazo. Murtazo Demirdeli. Seniki-chi?»—dedi.

Hasan biroz qimtinib:

«Mening ismim Hasan, pastlikdagi Anavarza Choʻlaklaridanman».

«U yerlarni bilaman»,—dedi Murtazo ogʻa «Halilning oʻgʻliman», — dedi Hasan.

«Tanirdim Xalilni, haqiqiy erkak edi sening otang. Uningday pahlavon yigit Chukurova tuprogʻiga boshqa kelmaydi», — dedi Murtazo. «Toʻgʻri, boshqa kelmaydi», — dedilar atrofdagi hamqishoqlar ham. «Hammamiz tanirdik Xalil ogʻani. Chukurovada hammamizga yordami tegardi. Mehmon suymas Chukurovada, yagona mehmonsevar odam edi Xalil».

Hasan yaxshi eslaydi. Oʻsha kuni shu qadar charchagan ediki, oʻtirgan joyida mudrab oʻtirardi. Bu yerda unga ilk marotaba bola deb emas, katta insondek munosabatda boʻlishdi. Shu munosabat tufayli, Hasan bir onda oʻzgarib qoldi. Uyqusini qochirish uchun gapira boshladi. Nimalar haqida gapirdi, nimalarni tushuntirdi, hecham eslolmaydi. Otasi haqida gapirgan boʻlishi kerak. Otasining bir ilon, katta, chinqiroq ilon tusiga kirib yurganini gapirgan boʻlsa kerakki, atrofidagi odamlarning koʻzlarini katta-katta boʻlib ochilib ketganini eslaydi.

Kun botayotganda ovqat tortildi. Butun uyni qizdirilgan sariyogʻ hidi tutib ketdi. Ovqatlarning hammasidan — kartoshkali ovqatdan, bulgʻor palovidan ham sariyogʻning mazasi kelar, non, qatiq, asaldan ham sariyogʻning hidi anqib turardi.

Ovqat hali tugamasdanoq Hasan dasturxoning boshida mung tushib qoldi. Oʻlikdek qimirlamay uxlar edi.

Ertalab uygʻonganida kun hali chiqmagandi. Oppoq choyshablardan sovun va yovvoyi olmaning hidi kelardi. Derazadan esa yovvoyi gulning nordon hidi anqib turardi. Darrov oʻrnidan turib, tashqaridagi chinor tomonga chopdi. Chinor tagidagi qaynab, koʻpirib turgan buloqda yuzini yuvdi.

Qoyalikning tagiga borib, yozilib oldi. Itlardan qoʻrqmasaydi, archalarning ichida, mazza qilib boʻshanib olardi.

Ertalab unga hamma gʻalati koʻz bilan qarayotganday tuyuldi. Qaytib kelganida oʻrni yigʻilgan edi. Oʻrtada katta bir patnis, patnis ustida mistovoqda xamirli noʻhat shoʻrva bugʻlanib turardi. Shoʻrvadan yalpiz hidi kelardi. Yana pishloq, sariyogʻ, asal ham bor edi. Hasanni dasturxonga taklif qildilar. U uyalganidan hech kimga qarolmay oʻtirardi. Oldidagi mis tovoqni Murtazo ogʻa shoʻrva bilan toʻldirdi.

«Bu kecha rohatlanib, yaxshi uhladingmi, mehmonim?»—dedi. Yuzi qip-qizarib ketgan Hasan duduqlanib: «Ha, juda yaxshi uhladim», — dedi. «Hursandman, oʻzingni uyingdagidek bemalol oʻtir, Hasan ukam», — dedi Murtazo ogʻa.

Hasan mehr toʻla koʻzlari bilan unga qaradi.

U qishloqda necha kun qoldi, Hasanning aniq esida yoʻq.

Doim bir ilon quvlardi uni. Uhlayotganida ham, uygʻoq holida ham katta chinqiroq ilon uni ta’qib qilardi. Qoyaliklarga, archa daraxtlarining tepasiga, yotgan xonasiga ham yoʻl topib kirar edi. Hasan kechalari baqirib chiqardi.

Togʻalarining yoniga bormoqchi edi. Ularni qayerda, qaysi qishloqda yashashlarini bilmasdi... Faqatgina bir togʻasining ismini bilardi. Balki bu yerlarda uni tanishar. Lekin hech kimdan soʻrab surishtirmasdi.

Birdan yuragi siqilib ketdi. Ichiga bir qorongʻulik, dard choʻkib qoldi. Onasiga bir gap boʻlgan boʻlsa-chi, oʻldirishgan yoki olib qochishgan boʻlsa-chi uni. Bir yerda turolmay qoldi. Qoyalikka karab ketdi. Uzoqdagi bir buloqni koʻrib qoldi.

Buloqning chetida binafsharang yalpizlar ochilib yotardi. Atrofni archa, yalpiz hidlari tutib ketgandi. Oʻsha yerga qarab chopdi. Bir qoyadan pastga dumalab ketdi. Qanday qilib u maxluqlarning orasida onasini yolgʻiz qoldirib ketdi. Qanday qilib-a? Oʻzi bu yerda yeb-ichib, aylanib-kezib yuribdi-da, onasini esa jahannam oʻchogʻiga tashlab kelibdi. Endi nima qilsa ekan? Oʻldirishgan onasini, aniq oʻldirishgan. Birdan chinor tagida toʻhtab qoldi. U yerda buloq qaynab chiqardi. Uzoqdagi qoyalarga burgutlar qoʻnib, yana uchib ketishardi. Birdaniga kichrayib hovuchday boʻlib qoldi. Inson bunday kichiklashib, hashoratday boʻlib qolishi mumkinmi? Hasan shunday boʻlib qoldi. Kichik barmoqdek holga tushgandi. U nima ish qilib qoʻyganini juda yaxshi bilardi. Ha, amakilari onasini oʻldirishlari uchun uni tashlab qochgan edi.

«Koʻrmayin, koʻzim koʻrmasin... Onam oʻlishi, oʻldirilishi kerak. Oʻldirilishi lozim. U oʻlmasa boʻlmaydi. Chukurovadagi hech kim bizning yuzimizga ham qaramaydi. Otam ham chinqiroq ilon boʻlib, Chukurovada kezib, jahannamda yonib kul boʻladi. U oʻlishi kerak. Onam oʻlmogʻi lozim. Esma oʻlishi kerak. Esma oʻladi...»

Ochiq-oydin shunday oʻylardi. Qanday qabixlik. Inson ham oʻz onasining oʻlimini xohlaydimi? Onasi otasini oʻldirgan boʻlsa-chi... Oʻldirib otasining qonini yerda qoldirgan, shu tufayli otasi arvohga aylanib, qiyomatgacha har xil tusga kirib, doʻzah azobini tortayottan boʻlsa-chi... Shuning uchun u oʻlishi kerak. Ha, ha, oʻlishi kerak. Boʻlmasa buvisining Esmaga qanday dushmanligi borki... U oʻgʻlini qutqarishga qarakat qilyapti. Oʻgʻlini arvohlikdan qutqarmoqchi. Esma ham oʻzi uchun shunday qilmas edimi? Men otamni qutqarmaymanmi?

Buloq boshiga oʻtirib, yigʻlay boshladi. Yigʻlashdan ham dahshatliroq gʻam chekar edi. Ichi algʻov-dalgʻov boʻlib ketdi. Onasini oʻldirgan boʻlishsa-chi... Qalbida bir sevinch... Soʻngra sevinch oʻrnini gʻam-gʻussa egallab, yuragiga dahshatli ogʻriq tushdi. Bir dard, bir quvonch toʻlqinlanib turardi qalbida. Birortasining arvohi, buvisi, bir onasi, amakilari... Yana bir Ali ismli amakisi bor edi. Hozir qayerda ekan, ajabo? U telba, insonlikdan chiqib ketgan odam edi. Balki onasini oʻsha oʻldirgandir. Koʻz oʻngiga onasining jasadi kelardi. Vizillamay yurgan pashshalar... Qoni oqib yerda qotib qolgan... Qoʻli bir tarafda, oyogʻi bir tarafda. Yuzi barabanday shishib, koʻzlaridan sariq suv oqardi. Koʻzlarining ichida qora pashshalar toʻplanib yotardi.

Hech kimga xayr ham demasdan, otiga minib Chukurova yoʻliga tushdi-da, uyiga uchguday tezlikda yetib keldi.

Nima boʻldi, qachon keldi, qishloqqa qachon kirib keldt, qachon Ali amakisi yoʻlini toʻsib chiqdi, hech narsani eslolmaydi. Onasini koʻrdi, onasini. Loyga botgan edi. Onasi uni koʻrishi bilan baqirib quchoqlab oldi. Shuni eslaydi, xolos. Butun kiyimlari qonga bulgʻangan. Yarasi ogʻir emasdi. Ikki kundan keyin onasi gapirib berdi. Otining oyogʻi singan ekan, onasi shunday dedi. Oyogʻi singan boʻlsa, unga bundan ham yaxshiroq, kuchliroq ot olib berishini aytdi. Otasining puli koʻp edi. Onasini oʻzining ham puli koʻp edi.

Hasan isitmadan yonib yotardi. Birozdan keyin tuzalib qoldi. Qishloqqa chiqishga qoʻrqar, ertalabdan kechgacha uyda oʻtirardi. Hasan qishloqqa chiqish u yoqda tursin, eshikdan boshini chiqarishga ham qoʻrqardi.

U kasal boʻlib yotar ekan, bu orada uni koʻrgani na buvisi, na amakilari keldi, qishloqdan ham uni yoʻqlab hech kim kelmadi.

Qishloqqa har xil gap-soʻzlar tarqaldi, lekin onasi bu gaplarni Hasanga aytmadi. Onasi aytmadiyu, ammo bu gʻiybatlar qandaydir yoʻl bilan uning qulogʻiga yetib keldi. Qanday qilib, axir?

Bir kecha Hasanni otasi otiga mindirib togʻlarga olib qochganmish. Uni boʻgʻizlab, koʻzlarini oʻyib olibdi.

Otasi uni boʻgʻizlay turib, shunday gaplarni gapiribdi: «Hasan, baxti qaro Hasan kim otasining xunini olmay arvohga aylantirib, doʻzah azobida yondirib qoʻyibdi? Sen ham odammisan. Sen oʻlishing kerak. Xor boʻlib, hayvondek yashayotganing, otang qotili qoʻlidan non yeb kun kechirayotganing uchun oʻlishing lozim, Hasan.

Oradan bir qancha oylar oʻtsa hamki, qishloq hanuz shu haqda gapirardi. Bir kuni Hasan tashqariga otilib chiqib, buvisining, amakilarining uyiga ketdi.

Telbalarday oʻzini yoʻqotib, tinmay baqirardi. «Men ketgandim, men qochgandim, qochgan edim bu la’nati joydan. Siz tufayli ketgandim. Na otamni koʻrdim, na boshqa narsani... yolgʻon, yolgʻon, hammangiz yolgʻon gapiryapsizlar, yolgʻon». Kechgacha kimni koʻrsa yoʻlini toʻsib, yolgʻon gapirayotganliklarini aytib baqirardi. Hamqishloqlari unga telbaga qaraganday befarq qarab oʻtishardi.

Safar ismli qariyaning yoʻlini toʻsib, yuziga baqirib tashlaganida, qariya tinmay duolar oʻqib unga puf-pufladi: «Voy bechora, otasining arvohi buni chalib ketibdi». Hasan bu gaplarni eshitib, yuzini qoʻllari bilan berkitganicha uyiga chopdi va oʻzini divanga otib, oʻlikday qimirlamay yotib qoldi.

Onasi unga yaqinlasha olmas, nima boʻlganini ham soʻrolmas edi.

Bu voqeadan soʻng Hasan uyida oʻtirolmadi. Ichidagi qandaydir bir tuygʻu uni doim qishloq ichiga boshlayverardi. Hamqishloqlari xoh yolgʻiz, xoh koʻpchilik boʻlib unga duch kelsalar, qayerda boʻlishidan qat'iy nazar, unga gapirmay oʻtmas edilar. Yo orqasidan yoki tap tortmay yuziga...

«Xuni olinmagan arvohlar, oʻgʻillari bittagina boʻlsa ham chalib ketadilar...»

«Arvohlar, arvohlikdan qutilish uchun har narsaga tayyor».

«Olloh hech kimni arvohday sarson qilmasin, hech kimning boshiga solmasin bunday kunni».

«Arvohlik azobdir».

«Qoni yerda qolgan arvoh — haqiqiy arvoh».

«Agar endi Esma oʻz ajali bilan oʻlsa, Halil qiyomatgacha arvoh boʻlib sudralib, ham bu dunyoning, ham Ollohning jahannamida azob tortadi».

«Inshooloh, oʻz ajali bilan oʻlmaydi, essiz Halil»...

«Olloh bunday oʻgʻilning oʻrniga qora tosh bersa boʻlmasmidi».

«Onasini oʻldirish oson ishmi? Inson onasini koʻzi qiymaydi, onaning hidiga toʻyib boʻlmaydi». «Hasan hali ham yosh bola, katta boʻlsaydi, voyaga yetsaydi, onasi boʻlsa ham Esmani bir kun ham yashatmasmidi?»

«Onani oʻldirish qiyin».

«Pahlavon yigit ham onasini oʻldirolmaydi».

«Onasini oʻldirish uchun insonning qahri qattiq boʻlishi kerak».

«Zaloʻgʻli Rustam kabi boʻlishi kerak».

«Goʻroʻgʻliday boʻlishi kerak».

«Mustafo Kamolday, Gizik Duranday boʻlishi kerak».

«Faqatgina qora ilon kabilar onalarini oʻldirishlari mumkin. Qora ilon kabilar».

«Bechora; kichkina bir bola boʻlsa, qanday, qanday qilib oʻldirsin onasini».

«Har qanday erkak ham onasiga qoʻl koʻtara olmaydi». «Koʻta-raolarmi?»

«Onani ham oʻldirib boʻlarkanmi?»

«Yoʻgʻe, sen ham... Bu bir eskilik sarqiti. Bolani aldab, onasini oʻldirtirmoqchilar, bechora oʻgʻlonga».

«U aqlli ekan, onasini oʻldirmayapti».

«Holi-joniga qoʻyishmayapti-da».

«Yashasin, Hasan, onasini oʻldirmayapti».

«Oʻgʻlonga qara, oʻgʻlonga. Onasini himoya qilyapti. Temirday baquvvat chiqdi, oʻgʻlon».

«Yoʻq otasi... yoʻq, Halil arvoh boʻlib...»

«Borsin ana, arvoh boʻlib yuraversin».

«Bularning hammasi arvohga aylanadi. Shu qadar koʻp odam oʻldirganlarki. Hech biri mozorida tinch yotolmaydi».

«Yoʻq, qoni yerda qoldi-da... Yoʻq...»

«Hech ham qoni yerda qolmadi-da, Abbosni oʻldirdilar-ku...»

«Esmani ham oʻldiradilar».

«Buni ustiga oʻz oʻgʻli—Hasanga».

Birchidaida,iyusichidaydi..!»

«Yosh bola-ku!».

«Ogʻzidan kirib, burnidan chiqarlar».

«Esmani oʻldiradilar».

«Xotinlarni bolalarga oʻldirtiradilar».

«Onasini Hasan oʻldiradi».

Hasan tush uchida yashayotganday edi. Oʻzini jinnilikka solib yurardi. Har kuni, har kuni shunday gaplarni eshitish uchun koʻchaga chiqardi. Agar bir kun yo otasidan yo onasidan soʻz ochilmasa, qalbidagi boʻshliq uni aqldan ozdiray derdi. Koʻnikib qolgandi. Bu gaplar uning yashash tarziga aylangandi. Bularsiz oʻzini tasavvur qilolmasdi. Onasidan, otasi haqida kim toʻhtamay gapirishini ham bilib olgan va doim oʻshalarning yoniga borib olardi. Otasining arvohligini, onasining fohishaligini, telbaligini, otasining xuni olinmaganini va u haqidagi ming bir ertakni jimgina turib eshitardi. Halil haqidagi hikoyalarning yangisi tamom boʻlsa, bu safar oʻzi uydirib, toʻqirdi. Oʻz gapiga oʻzi ham ishonardi. Tushmi, haqiqatmi? Tush bilan hayotni bir-biridan ajratolmay qolgandi. Arvoh — otasini, dunyo goʻzali — onasini ham tush dunyosiga olib kirgandi. Qishloqliklar ham Hasanning holatiga tushishgan, ular ham toʻhtamay xar xil gaplarni toʻqishardi. Yolgʻon toʻqishar va birozdan soʻng oʻz yolgʻonlariga oʻzlari ham haqiqat deb ishonishardi. Bu uydirmalarga Esma ham ishona boshladi. Endi oʻgʻlini bersalar ham, oʻgʻlini berib, ket desalar ham ketolmas edi. Voy, Esma. Boʻlganicha boʻlgandi Esmaning. Hasan, qishloq, buvisi, Esma— hammalari sehrlanganday edilar, goʻyo.

Eshiklarning tepasida toʻda-toʻda qaldirgʻochlar toʻplanib turardi. Chukurovadagi qaldirgʻoch inlarini uylarning ichiga qurardilar. Har bir uyda, ogʻilxonalarda, somonxonalarda bir emas, bir qancha qaldirgʻoch uyalari boʻlardi. Qaldirgʻochlar har yili qaytib kelganlarida oʻz uyalarini ta’mirlardilar yoki loydan yangi uyalar qurardilar. Inlarida tuxum bosib, joʻjalar ochirib chiqarardilar. Qaldirgʻoch uyalarini buzib, qoʻllari singan odamlar qishloqda anchagina edi. Shu tufayli qaltiroq kasaliga duchor boʻlgandilar. Koʻchaga chiqqanlarida ham qoʻl-oyoqlari, butun a’zoyi badanlari qaltirab turardi.

Yerlarda qaldirgʻoch uyalari ezilib, polaponlari bejon boʻlib yotardi. Nozik patlari yulinib, ezilganidan yerga yopishib qolgan, katta sariq ogʻizlari qiyomat qoʻpganday qoʻrquvdan ochilib yotardi. Gʻazablangan, aqldan ozgan qandaydir bir qoʻl tepalardagi, ustunlardagi uyalarni har tomonga uloqtirar, inlardagi polaponlarni ham bir bu tarafga, bir u tarafga irgʻitardi.

Soʻngra boshqa uyalar ilinjida uylar, ogʻilxona va somonxonalar tomonga chopa boshlardi...

Tongda, kun chiqishi bilan butun qishloq qoʻrquvdan zir titrardi. Kim bu uyalarni yer bilan yakson qilganini hamma yaxshi bilardi. Qaldirgʻochlar qishloq koʻchalarini toʻldirib, eshiklarning tepasida vijirlashib, xavotirlanib, dardli-dardli chiyillab uchmoqda edilar. Yerda tipirchilab, tuproqqa belanib yotgan bolalarining ustigacha pastlanib, qoʻllaridan hech narsa kelmagandan soʻng yana havoga koʻtarilishar va yerdagi poloponlarining ustida halqalar yasab toʻhtamay uchishardi...

Odamlar qarab turmay darrov inlarni oʻz joyiga oʻrnashtira boshladilar, lekin afsuski, qaldirgʻoch bolalarining yarmidan koʻpi oʻlib boʻlgandi.

Bir haftami, oʻn kundan soʻng, ertalab uyqudan uygʻongan odamlar ta’mirlanib, oʻz joyiga oʻrnashtirilgan uyalarni yana yer bilan yakson boʻlganining guvohi boʻldilar. Yana qaldirgʻochlar toʻda-toʻda boʻlib uylarning eshiklari tepasida ucha boshladilar. Yana yerda tuproqqa belanib, tipirchilayotgan polaponlar katta sariq ogʻizlarini ochganicha jon berardi. Yana odamlar ertalabdan kechgacha jon kuydirib, yarmi oʻlgan, yarmi esa tirik polaponlarni oʻz inlariga joylashtirdilar. Qaldirgʻochlar esa yana katta kuch bilan uyalarini ta’mirlar, ba’zilari yangidan qurardi. Hali senmisan uyalarni ta’mirlab tuzatayotgan, degan ovoz yana bir kecha... Natijada, hamma qaldirgʻoch bolalari oʻlgan edi. Hamqishloqlar ortiq uyalarni oʻz joyiga oʻrnatish befoyda ekanini tushunib yetdilar. Qaldirgʻochlar esa bir necha kun uylarning tepasida toʻdalashib uchdilar. Umidlari butunlay uzilgan boʻlsa kerak-ki, bundan soʻng qishloqda bir dona ham qaldirgʻoch koʻrinmadi. Qaldirgʻochlarni kim bu koʻyga tushirganini hamma yaxshi bilardi-yu, lekin hech kim bir-biriga churq etmasdi.

Qishloqqa motamsarolik, xosiyatsizlik choʻkib qolgandi. Qaldirgʻochlar shu Anavarza xarobalarining burchaklariga, yopiq joylarga, kamarlarning tagiga yuz yillardan beri oʻz uyalarini qurib kelardilar. Tongda bir choʻpon rangi bir holatda boʻlib qishloqqa nohush xabar olib keldi. Anavarza xarobalarida qancha qush boʻlsa, hammasi yer bilan bitta boʻlib yotar, yerdagi qushlarni ilonlar yeyayotgandi. Qoyaliklarda qancha ilon boʻlsa, har biri ogʻziga bittadan qaldirgʻoch bolasini solib olgan, ularni tinmay yutayotgandi.

«Koʻrdim», derdi choʻpon bola. «Ikki koʻzim oqib tushsin, agar yolgʻon gapirayotgan boʻlsam»... Soʻngra burgutlarni qira boshladi, u vahshiy. Qoya burgut bolalarining oʻliklari, buzilgan uyalariga toʻlib ketgandi. Qoyalikning omon qolgan burgutlari osmonga koʻtarilib, xarobalarning ustida gʻazab bilan aylanardilar. Qoyalikda toʻhtamay oʻq otilardi.

Oʻn xirmon qadar kattalikda bir olov halqasi... Butun atrof yonardi. Olov halqasining oʻrtasiga burgut oʻliklari tushardi... yana qaldirgʻoch oʻliklari ham. Qoyalar yonmoqda edi... Qiy-chuv... Butun hayvonlar, qushlar, ilonlar, tulkilar qiychuv qilib yongʻindan qochardilar. Oʻtlar, daraxtlar, uylar yonardi.

Hammayoq yonib kul boʻldi. Miltiqlarni oʻqlaydigan pij gaz bilan hoʻllanib, buvisining uyiga otildi. Yana bittasini derazadan ichkariga otdilar. Avvaliga dasturxon, soʻngra eshik yona boshladi. Yongʻin darrov ustunlarga ham oʻtib ketdi. Kuchli shamol esardi. Bir onda butun uyni olov qurshab oldi. Uydan ogʻilxonaga, somonxona va omborga, soʻngra Hasanlarning uyigacha yona boshladi. Esma oʻrnidan turib, tezda kiyindi. Hasan hech uygʻonmas edi. Onasi uni toʻshagi bilan birga koʻtarib, hovli oʻrtasidagi daraxtning tagiga yotqizdi. Hasan qisiq koʻzlari orasidan yonayotgan ustunga qarab turardi. Onasining yolgʻiz oʻzi uylaridan kattakon sandiqni sudrab, tapirlatib zinadan pastga olib tushardi. Sandiqni sudray-sudray olib keldi-da, Hasanning yoniga qoʻydi. Baqirib: «Hasan koʻzingni och, uygʻon»,.— dedi. «Koʻzingni och, Hasan, bor-yoʻgʻimiz shu sandiqning ichida. Koʻz-quloq boʻl unga...»

Atrof xuddi kunduziday yorishib ketgandi, hovli kalta ishton, oq koʻylak kiygan yarim yalangʻoch qishloqliklar bidan toʻlib ketgan.

Qoʻshnilarning biri kelib, biri ketardi. Butun uy yonar, ba’zi joylari gumburlab bosib qolardi. Yonayotgan somonxonadan otning kishnashlari, sigirning ma’rashlari eshitilardi. Telbalarday esayotgan shamol, parcha-parcha choʻgʻlarni qishloq tomonga uchirib ketardi. Yongʻin pastdagi uylarning bir-ikkitasiga ham oʻtib, bir zumda yonib kul boʻldi. Katta uy haligacha yonardi. Bir qancha kishilar yonayotgan uyga chelaklab suv separdilar. Uyning suv sepilgan yerlari undan battarroq olovlanib ketardi.

Hasan uygʻonolmay, shu holatda ertalabgacha uhladi.

Onasi yoniga kelib-ketar va «uhla Hasanim, uhlayver» derdi. «Hech kim hech narsani sezgani ham yoʻq. Juda boplading bu kofirlarni. Baraka topgin. Sen uhla, uhlayver...»

Oxiri Hasan chidolmay oʻrnidan otilib turib, onasining ogʻzini berkitdi.

«Jiming, jim boʻling», — dedi. «Hozir bildirib qoʻyasiz. Meni oʻldiradilar. Jim boʻling!»

Yana darrov oʻrniga yotib, uyquga ketdi.

Ertalab hech narsa boʻlmaganday uygʻondi. Yuz-qoʻlini yuvdi. Charchab-horigan odamlar u yer-bu yerga oʻtib turishardi. Buvisi qarshidagi hovli devorining tagida mum tushganicha oʻtirardi. Onasi haligacha yongan uyidan chala kuygan narsalarni tortqilab chiqayotgandi. Boshini tepaga koʻtarganida qoʻndogʻi sadafli miltigʻining novdada osilib turganini koʻrdi. Yongʻin chiqqanida miltigʻini uyning ichida unutib qoldirgandi.

Tongda yongan uylarning oʻrnidan tutun buruqsib turar, atrofni kuygan jun, yogʻ, kuygan goʻsht hidi tutib ketgandi. Kuygan yogʻ hidi kishining dimogʻigacha kirib, koʻngilni behuzur qilardi.

Hasan bu tong, boshqa tonglarga karaganda, juda hursand edi.

Bir nechta kishilar kelib, onasiniyeg yongʻindan asrab qolgan narsalarini, hovli devorining orqasidagi katta majnuntol tagidagi uyga tashiy boshladilar. Bu uyning yonidagi ikki qavatli guvalak devorli uyga buvisi koʻchib oʻtdi. Yana uylari yonma-yon, qoʻshni boʻlib qoldilar.

Qishloqda ancha vaqt yongʻinni kim sodir kilgani haqida tortishdilar. Hamma bir-birini ayblar edi. Hamma bir ovozdan Kizirning uch oʻgʻlini yongʻinning sababchilari deya jandarmaga topshirib, qamatib yubordilar. Onalari, xotinlari ularni erta-kech yigʻlab qargʻay boshladilar.

Uylarni yoqishda shubha qilingan Qora Usmon toʻrt joyidan pichoqlangan holatda pastdagi tuya oʻrasidan topildi.

Butun qishloq bir yoqadan bosh chiqarib, bir necha kunda uylarni maydalangan gʻishtlardan tozaladilar va togʻlik ustalarni olib kelib, yangi uy qurilishini boshlab yubordilar.

Hasan ertadan kechgacha qamishzorda ov ovlar, Anavarza xarobalarida, bir qoyaning ustiga oʻtirib oʻy surardi. Togʻu-toshdan esa kiyik oʻtining hidi anqib turardi.

* * *

«Otangni koʻrdim... Hasanim... otangni koʻrdim. Oy nurlarini sochar, xuddi kun chiqqanday edi. Sariq bir it tilini bir qarich chiqarganicha orqamdan kelardi. Ora-sirada it ketiga oʻtirib boshini tepaga koʻtarganicha oyga karab uvillardi. Alikesik tepaligiga kelishim bilan yuragimga qoʻrquv tushdi. Qarab tursam sariq it bir odam, bir it qiyofasiga kirib-chiqib turardi. Bir qarasam, qarshimda oq kafanga oʻrangan odam turar bir ozdan soʻng yana itga aylanib oyga qarab uvillayapti. Yana bir qarasam odam ham it ham yoʻq boʻlib, qarshimda oʻzidan qizil nur chiqarayotgan qirmizi ilon paydo boʻldi. Qoyalar, yoʻllar, ekinlar, dalalar, qamishzorlar, tunning oʻrtasida qip-qizil rangga kirdilar. Anavarza qoyaligidan, hamma yerni bosib ketguday boʻlib, shaldir-shuldirlab qon seli oqardi. Birdan yer silkindi. Qarasam oq kafanga oʻrangan, yuzi sargʻayib ketgan Halil qarshimda turibdi. Qoʻllarimga osilib, menga quloq sol, Mulla Husayn, dedi. Meni tingla qardoshim. Birodarim, gaplarimni yaxshilab eshit, ahvolim juda yomon. Jahannamda qurbon boʻlsam ham mayli edi... Uch kun avval bir odamning eshagi edim. Oʻtgan kuni choʻchqa boʻlib, shu togʻlarda yurdim. Bir oy oldin dushmanim boʻlmish Abbosning onasiga it boʻldim. Soʻng chigirtkaga aylandim. Men chigirtkani yoqib yubordilar. Chigirtka boʻlganim uchun sakrab-sakrab qutulib qoldim...»

Hasan yuzini qoʻllari bilan yopib oldi.

* * *

Ali keddi. Majnuntol daraxtishshg tagiga borib: «Kel, Hasan»,— dedi.

Hasan chopib uning yoniga bordi.

«Xush kelibsiz, Ali amaki. Qayerga qochib ketgandingiz, sizni rosa qidirdim», — dedi.

«Ha qochgandim», — dedi Ali. «Yana qochib ketaman, jiyan, men qochmayin, kimlar qochsin. Balki qiyomatgacha qochib yurarman».

«Kimdan?»—deb soʻradi Hasan. «Siz kimdan qochib yuribsiz?»

«Men qochishim kerak. Doim qochib yuraman. Sen ham qochib ketasan. Qanday qilamiz, peshonamizga bitilgani shu ekan», — dedi Ali.

«Ha, peshonamizga yozilgani shunday ekan»,—dedi Hasan boshini egib.

«Qani ketdik, shu tepalikka», — dedi Ali.

«Hozir, miltigʻimni olvolay», — dedi Hasan.

Anavarza qoyaliklari tomon yoʻl oldilar. Zinalardan chiqib, qal’a devorining tagiga bordilar. Roʻparadagi yoʻldan yuk mashinalari, avtomobillar, avtobuslar, kombayn mashinalari, ot-aravalar oʻtib turardi. Yaylov boʻylab chang-toʻzon koʻtarildi-da, tezlik bilan sharqqa qarab uchib ketdi. Bir qoyaning ustiga choʻkka tushdilar.

Ali uzun boʻyli, yoshgina edi. Ammo boʻynilari burishib ketgan. Burni uzun, yuzi jiddiy va serjahl koʻrinardi. Ora-sira yuzidan jahldorlik oʻrnini yigʻlamsirashga oʻhshash bir holat bosardi. «Charchadim», — dedi Ali. «Menga maslahat ber, bu darddan meni qutqargin, Hasan. Dardimning darmoni, yaramning malhami oʻzingsan, pahlavonim. Mana ol, bu toʻpponchani senga olib keldim. Bu Bulgʻor beklarining filning suyagidan yasalgan, sadaf toshli toʻpponchasi. Bu otangning toʻpponchasi. Oʻlganidan beri meni orqamdan quvlaydi otang. U oʻldirilgan kecha oʻgirilib orqamga qarasam, Halil uzun bir soya boʻlib turibdi. Terakdek uzun boʻyli oppoq soyaga aylanib turibdi. Ogʻzi, burni, quloqlari, hamma yeri Halilning oʻzginasi... Ammo soyaga aylanib qolibdi. Gapir Halil, dedim. Ustimga egilib, Ali, ukam Ali, dedi. Gaplarimga quloq sol, qonimni yerda qoldirma. Eng mard ukam sensan, oʻgʻlim hali kichkina. Meni oʻldirganni, oʻldirtirganni ham oʻldir, sen oʻldir. Bu dunyoda arvoh qilib qoʻyma meni, dedi. Onang esa juda sohibjamol edi. Buyuk Ollohimiz tirishib harakat qilib onangni yaratgan. Men uni oʻldirolmadim. Qoʻlim bormadi. Otang yerga kirgan kuni, uning toʻpponchasini qoʻlimga olib, onang yoniga bordim. U menga qarab turdi-da, «oʻldir meni», dedi. «Oʻldir, lekin oʻgʻlim meni amakisi oʻldirganini bilmasin. Chunki sizning zotingizga dushman boʻlib qoladi. Bilaman, meni yashatmaysizlar, tezroq oʻldiring, men ham qutulay». Boshini yerga egib, qani ot, dedi. Qoʻlim titradi. Ota olmasdim. Onang Ollohning yuz yilda, ming yilda bir yaratadigan goʻzali, uni oʻldirolmasdim. Men seni oʻldirolmayman, singlim, dedim. Bu yerlardan boshimni olib ketaman, seni kim oʻldirsa oʻldirsin, lekin men oʻldirolmayman, sen kabi Olloh goʻzaliga qoʻl koʻtarolmayman. Yoʻlga tushdim. Orqamga qarasam, boʻyi choʻzilib ketgan Halil oq kafani bilan boladay yigʻlab turibdi. Qoʻlimdan kelmaydi Halil, qilolmayman, dedim. Boshqasi, boshqa birov boʻlganida edi. Seni arvohlikdan qutqarish uchun hatto onamni ham oʻldirardim, ammo Esmani oʻldirolmayman. Oʻldirolmayman, Halil. Oʻrnimda oʻzing boʻlsang ham oʻldirolmasding. Inson zoti oʻldirolmaydi, Esmani. Oʻldirolmaydi. Halil yerga choʻzilib, ingray boshladi. Shu qadar ingrardiki, uning titrashi va nolasidan yer ham zir-zir titrardi... Oʻldir, oʻldir-da meni qutqar, deya yolvorardi. Hech kim oʻldirolmasa ham sen oʻldir uni. Uni koʻrgan odam oshiq boʻlib qoladi, men kabi savdoyi boʻlib qoladi va hech kim oʻldirolmaydi. Sen sevib qolsang ham oʻldir uni. Bu dunyoda holim yomon, juda yomon, deb zorlandi Halil...» Halil kecha-kunduz demay, doim Alining ketidan qolmasdi. Ali Mersinga qochib ketdi. U yerda ham ne koʻrsinki, boʻyni bukik Halil uning qarshisida, koʻzlarining ichiga termulib turibdi. Oʻldir uni, oʻldir Ali, derdi. Mozorimning ichi ilon, chayon, qurt-qumursqa, chuvalchanglar bilan toʻldi, meni yeb yotibdilar. Qutqar meni Ali. Xunim olinmaguncha qiyomatga qadar ilon, chayonlarga yem boʻlaman. Qiyomat kunigacha meni yeb tugatadilar, tushunyapsanmi? Oʻldir uni, oʻldir Ali, ortiq chidolmayman. Kemiryaptilar meni. Oʻgʻlim hali yosh bola, hali kichkinagina. Buning ustiga onasi dunyo goʻzali boʻlsa... Ali men hali ham unga oshiqman, u meni oʻldirtirgan boʻlsa ham, Ali...

Istambulga qochadi. Istambulda ham Halil uning ketida. Toʻhtash nimaligini bilmaydi. Qayerga bormasin Halil uning ortida, yolvorib turadi...

«Uch marta keldim, qasam ichib, ont ichib, Esmani oʻldirmoqchi boʻldim. Uch safarida ham oʻldir meni, oʻldir-da qutulayin, Ali, dedi. Uch martasida ham qoʻlim bormadi. Qilolmadim bu ishni. Endi sen ol bu toʻpponchani. Endi sen ham oʻlgʻayib, erkak boʻlding. Otangning xunini olish, bundan buyon sening boʻyningda...»

Shundan soʻng toʻhtamay Esmaning goʻzalligini maqtay ketdi. Oxiri yana bir marotaba, inson zotining Esmani oʻldirishga koʻzi qiymasligini aytdi va qoyaliklardan pastga qarab yurib ketdi. Hasanga xayr ham demadi.

* * *

Dursun: «Onang dunyoda tengi yoʻq soxibjamol, u dunyo goʻzalidir, shaytonning gapiga kirma, xoʻpmi?»—dedi.

Bir dengizga aylangandi tekislik. Pastlikda— qal’aning tagida bir dengiz koʻrinar edi. Katta, pishqirayotgan dengiz. Yonida onasi ham bor edi. Yana bir qancha qayiqlar ham bor edi. Onasi bilan birga qayiqda ketayotgandilar. Qayiq toʻgʻri oʻrmon tomonga ketardi. Keyin qayiq oldidan Xamita qoyaliklari chiqardi. Qayiq keskin tumshugʻi bilan qoyaliklarni yorib kirar, qoʻngʻir qoyaliklardan koʻpiklar vishillab chiqardi.

«Toʻhtang», deya baqirdi Ali. «Ikkalovingizni bir joyda oʻldirmoqchi edim. Yaxshiki, ikkingiz ham bir yerdasiz.»

Qayiq keskin tumshugʻi bilan qoyalarni yorib kirar, qoyaliklar koʻpirib, toshlar osmondan ustlariga yomgʻirday toʻkilardi. Ali otasining toʻpponchasini olib, ularni nishonga olar, Hasanga qarata oʻqtalardi. Hasan qoʻrqqanidan dumalab qolardi...

«Hali tosh yogʻadi bu Chukurovaning ustiga... Bir bechora Halilning, pahlavonning, ham oʻgʻli, ham onasi, ukalari bor boʻla turib, xuni olinmaydimi?»

Halil yarasini ikki qoʻli bilan ushlaganicha qamishliklar orasiga kirib ketardi. Uchli, qirrali qamishzor, qamishlar Halilning qoʻllariga, oyoqlari va koʻksiga sanchilardi. Halil baqirib chopib ketardi. Koʻzlari chiqib ketguday boʻlib, meni qutqaring, qutqaring meni... Yura-yura botqoqlikka tushib ketardi. Botqoq qonga toʻladi. Botqoqlik biqirlar, har yeridan qon pishqirib chiqardi. Halilning boshi botqoqqa kirib chiqayotgandi. «Chukurovaning ustidan ilonlar yogʻiladi. Olovlar yogʻiladi. Chigirtkalar, chuvalchanglar, qurbaqalar, qurt-qumursqalar yogʻilajak. Adanaga sel, Jayxonga uyat yogʻilajak.

Missis ilon, Tarsus botqoq boʻlib ketadi... Anavarza yonib xarob boʻladi. Anavarzada kim qolsa ham, nima qolsa ham pashsha, chumoli boʻlib ketadi...»

Hasan ham Halilni ochiq-oydin koʻrdi. Otasi turgan joyda qornini ushlab-ushlab kulardi. Unga tepadan gʻalati qilib qarardi.

«Shu ham insonmi, insonmi?»—degan gaplar qulogʻiga chalinardi.

Buvisi toʻshakda yotardi. Yuzlari soʻlib, koʻzlarining osti koʻm-koʻk boʻlib qolgan, qoʻllari ham koʻkarib ketgandi.

«Oʻlyapman-ku Hasan, oʻlmasligim kerak. Agar men oʻlib ketsam, kim oʻgʻlimning xunini oladi. Hech biringiz odam boʻlib chiqmadingiz. Anovi Ali borku — Ali amaking, oʻsha onangga — akasining qotiliga uylanmoqchi ekan. Uning ishqidan telba boʻlib, togʻu toshlarga ketgan. Oʻzing ayt, men qanday qilib oʻlib ketaman, Hasanim. Inson oʻz akasining qotiliga ham oshiq boʻlib qoladimi? Bilaman, u juda goʻzal. Inson zoti unga yomonlik qilishga botinolmaydi. Uni koʻrganning qoʻllari qurolga bormaydi. Uni oʻldirish uchun butun boyligimni berdim, lekin hech kim oʻldirolmayapti. Onangni koʻrishlari bilan sehrlanib qoladilar, Hasanim...»

Hattoki bolalar ham oʻldirolmadilar Esmani. Togʻlarda Hoji ismli bir qaroqchi bor. Oʻzi Jankizan qishlogʻidan boʻladi. Hoji qaroqchining yetti oʻgʻli bor. Yettovi ham yosh bola. Sakkiz, toʻqiz, oʻn, oʻn besh yoshlarda. Oʻn sakkiz yoshgacha... Hech birisi jazoga tortilmaydi. Hoji qaroqchi bolalari hali aqlini tanir-tanimas qoʻllariga toʻpponcha beradi. Uzun soqolli eski qaroqchilar ichida katta boʻlganlar. Bolalar bir necha yildan soʻng turnaning koʻzini, qochayottan quyonning orqa oyogʻini poylab nishonga oladigan boʻladilar. Bolalar nishonga aniq uradigan boʻlganlaridan keyin, boshqasini gapirmasa ham boʻladi.

Hoji qaroqchi juda boy... Bolalari odam oʻldirish bilan shugʻullanadilar. Dushmani bor odam, Hoji qaroqchining oldiga kelib, hey Hoji qaroqchi, shunday bir dushmanim bor. Bir oʻgʻlingni bersang, dushmanimni oʻldirsa. Xohishingni ayt, deydi. Yuz ming, deydi Hoji qaroqchi. Bir qurush ham pastga tushmayman. Bu hayot-mamot masalasidir. Buning ustiga hozir bolalarni ham qamab yuborishyapti. Bir odamning hayoti pul bilan oʻlchanadimi. Bir odamning qadr-qimmati dunyoning moli bilan oʻlchanmaydi axir, oʻlchanmaydi. Lekin biz kabilarning koʻzi koʻr boʻlsinki, ishimiz faqat odam oʻldirishdir. Afsuski shunday. Shuning uchun yuz ming berasan. Buvisi ham Hoji qaroqchining oʻgʻliga yuz ming berishga rozi boʻlibdi. Hoji qaroqchining oʻgʻli mushtdekkina bir bola boʻlsa ham, toʻpponchani buvisiga qaytarib, Esmani koʻrishim bilan oyoq-qoʻlim qotib qoldi, chiroyi koʻzimni qamashtirdi. Men uni oʻldirolmayman. Xohlasangiz Esmaning oʻgʻli — Hasanni oʻldirib berishim mumkin, ammo Esmaning oʻzini oʻldirolmayman, debdi.

Odam oʻldirish bilan shugʻullanadigan, pul uchun odam oʻldaradigan qancha odam bor bu togʻlarda. Ataylab shunday bolalarni tarbiyalab, yetishtirib chiqaradilar. Pul uchun xohlagan kishingni oʻldirib beradilar, lekin Esmani oʻldiradigan odam yoʻq.

«Sen ham oʻldirolmaysan Hasanim. Goʻzal onangni sening koʻzing qiymaydi. Borib bir ablahning qoʻyniga kiradi u, Hasan. Mening oʻgʻlim ham tengi yoʻq, kelishgan yigit edi. Oʻgʻlimning toʻshagiga bir yomonni yotqizadi. Shundan keyin men oʻlmay, kimlar oʻlsin. Oʻldirma uni, onangni oʻldirma, Hasan. Uni hech kim oʻldirolmayapti. Uni koʻrgan odam oshiq boʻlyapti. Sen ham oʻldirolmaysan, oʻldirmagin Hasanim. Ana borsin, chayonlar kirsin, oʻgʻlimning gul yotogʻiga. Men oʻgʻlimni oʻpishga ham qizgʻanardim, ana qizil qonga beladilar. Men nima qilay, arslonim? Oʻgʻlimning qotili koʻz oʻngimda sollanib yuribdi. Kiyinib, yasanib-tusanib yuribdi».

* * *

Dahshatli bir shamol esardi. Daraxtlarni ildizi bilan qoʻporadigan, xirmonlar, oʻtlarni uchirib, yoʻllarni changitadigan, qoyalarni tebratadigan shamol... Koʻksilarini quturgan shamolga berib, osmonda burgutlar uchishardi...

Bir xirmon boʻlib gulxan yonardi. Avvaliga olov xalqasi kattalashdi. Soʻngra oʻnta odam boʻyi barobar olov Hasanni oʻrab oldi. Olov borgan sari kichiklashardi. Hasan hech bir yerga ketolmas, hech bir yerga qarolmasdi. Olov halqasi kichiklashgani sari, Hasan boʻgʻilib borardi.

«Uch kundan beri tuz totmading, bolam. «Oʻgʻlim, ovqat yemasang...»

Hasanning peshonasini noʻhotday-noʻhotday ter bosardi. U narigi tomonga oʻgirilib olgan, Esmaga hech qaray olmasdi. «Hasan, agar odam uch kun ovqat yemasa...»

Hasanning yuzi qizarib ketdi.

«Oʻlmoqchimisan?»

Ha, Hasan oʻlishni xohlardi. Qani endi oʻla olsa. Hasan hech kimning yuziga qarolmasdi. Qishloqda Hasanni kim koʻrsa, yuzini teskari oʻgirib ketardi. Amakilari, hattoki, qishloqning itlari ham u bilan gaplashmas edi.

Uylarni yoqqan kim? Hasan! Butun qishloq bir ovozdan shunday gapirardi.

Otasining qonini yerda qoldirib, arvohga aylantirib qoʻygan insondan xayrli ish kelarmidi. Uylarni ham yoqadi, insonlarni ham, oʻzini ham.

Qaldirgʻoch uyalarini buzib, ularni oʻldirgan kim? Hasan!

Otasining qonini yerda qoldirgan insondan yaxshilik chiqadimi, qaldirgʻochlarni ham oʻldiradi, begunoh bolalarni, laylaklarni, insonlarni ham...

«Boʻyi chirigurga qarang, boʻyi chirigurga. Oʻzini odam deb hisoblab, qishloq ichida odamlarday gerdayib yurishini qarang!»

«Ilonga oʻhshaydi, ilonga!»

«Ahmoqning oʻzginasi, ahmoqning».

«Oʻzini birovga kerakday hisoblab...»

«Qochadi-da albatta, qochadi».

«Burnini osmondaligani-chi, juvonmargning».

«Xuddi otasining qotilini oʻldirgandek».

Qishloqqa chiqib aylanib yurar, yoʻl-yoʻlakay anjirlarni uzib ketardi. Paluch deb ataluvchi anjirlarning nozik tikanlari qoʻllarida. Qishloq ichidan chiqib ketolmasdi. Necha yil, necha oy, necha kunlardan beri otasi haqida gapirib yuruvchilar endi bu haqda ogʻiz ham ochishmasdi.

Uning arvohligi va doim qishloq ichida kezib yurishi... unutilgandek edi... Gapirishga galirilardi-ku, lekin Hasanning yonida churq etishmasdi. Hasan bu holning tagiga yetolmay garang edi. Ajabo, shu kunlarda nima haqida gapirishayotgan ekan-a? Hasanni koʻrishlari bilan hamma joy-joyida jim boʻlib qolar edi.

Nima boʻldi-yu, bir kun bir bola ogʻzidan ilinib qoldi. Hasan sevinchidan telba boʻlayozdi.

Otasi hali ham onasiga oshiq emish. Shuniig uchun qabrida tinch yotolmay, Esmani koʻrish uchun yer yuzini kezib yurganmish. Esma bilan bir kun birga boʻlish uchun jon bermoqdamish. Balki bir kun kelib Esmani boʻgʻib oʻldirarmish. Balki bir kun qishloq aholisi Esmaning oʻligini yo Anavarza qoyaliklariga otilgan yoki irmoqda choʻkib, koʻkarib yotgan holatda toparmishlar.

* * *

Qaldirgʻochlar, yongʻinlar, oʻlgan laylaklar, ilonlar quvlamoqda edi Hasanni. U ortiq uhlolmaydigan boʻlib qolgandi, kechalari oʻrnidan turib, xoʻroz ilk qichqiradigan maxalda Anavarza qoyaliklariga chiqib ketardi. Qoyalikning pasti oʻn terak boʻyicha keladigan jarlik edi. Qoyalar tekislikdan, pastdan turib yuqoriga tikka yuksalib ketgandi. Anavarza qal’asining qoyalari keskin edi.

Qorongʻu. Hasan pichoqning tigʻida yurayotganday, qirra qoyalar ustidan ketardi. Qadam bosayotgan yeridan ikki barmoq nariyogʻi jarlik edi. Jarlikning tagi marmar yotqizilgan tekislik edi. Bu yerdan to marmarning ustiga tushguncha, eng kichik parchasi ham qolmay zarraga, unga aylanadi. Buni Hasan yaxshi biladi. Juda yaxshi biladi... Bilgani uchun dahshatli bir qoʻrquvda, tik qoya ustidan yurib oʻtardi. U yerdan oʻtib olishi ancha vaqtga choʻziladi. Pichoq ogʻzidek qoyalikdan oʻtgunicha, qora terga tushadi. Koʻzini katta ochib pastga, qorayib turgan jarlikka qaraydi. Hartigul, yiqilmadi. Chuqur nafas olib, xoʻrsinib qoʻyadi-da, qishloqqa qaytadi. Bu har kuni takrorlanadi. «Qishloqda hech kim u bilan gaplashmasin, u la’natlangan»,—dedi Deli Haydar. Ogʻzida bir dona ham tishi yoʻq, jagʻlari ichiga kirib ketgandi. «Aqldan ozgan u. Har kecha, har tuni... Men uni oʻz koʻzim bilan koʻrdim».

«Hech kim yuziga ham qaramasin», — dedi Ramzi Topsharan. Oʻzi, singlisini oʻldirib, burdalab tashlagan bir qaroqchi edi. «Yo jinni boʻladi yoki...», — derdi u.

Qarib qolgan Maryam ismli xotin, boʻri tishlarini chiqarib, chivinning uchishiga oʻhshash chiyildoq ovozi bilan: «Men gaplashaman, u bilan. Koʻyinglar, yashayversin bechora. Otasi ham arvoh boʻlib yurgan boʻlsa bechoraning», — dedi.

«Qanday yaxshi bola», — dedi Fingirdek. «Ozgina kattaroq boʻlganida edi, oʻzim uni bu qishloqdan olib qochardim».

«Koʻrdim», dedi Mustan. «Otasi uni har kuni qoʻlidan ushlab Anavarza qoyaligiga olib chiqadi. Qorongʻuda qoʻlidan tutganicha jarlikning ogʻzida aylantirib yuradi. Bir kun kelib, otasi Hasanni shu qoyaliqdan pastga qarab itarib yuboradi», — dedi siyrak, tola-tola, uzun soqolini toʻhtamay qashib.

* * *

Hasan ertalab juda vaqtli uygʻondi. Yuzini koʻp suv bilan ura-ura yuvib, kiyindi va qornini yaxshilab toʻygʻazdi. Buvisining yoniga ketdi. Buvisi ancha vaqtdan beri u bilan gaplashmas, uni koʻrishi bilan narigi tarafga boshini oʻgirib u ketguncha shunday yotardi. U ketganidan soʻng, ingranganicha bu tarafga oʻgirilardi. Hasan koʻp marotaba buvisini oʻzining orqasidan qargʻaganlarini eshitgan. «Bir nima deng, buvi. Gaplashing men bilan. Tushuntiring, otam qanday qilib arvoh boʻlib qoldi. Tushuntirib bering. Otamni boʻrilar, kushlar yeyaptimi, ayting menga...»

Halilni har kuni boʻrilar yer edi. Boʻrilar uni yeb tugatar, lekin Halil yana boshqatdan arvoh holiga kelar edi. Har kecha xuddi shu holat takrorlanar edi.

«Otamni ular qanday yeyishyapti, buvi?» Bari bir buvisi u bipan gaplashmasdi.

Amakilari, ularning bolalari, qishloqdagi bolalar—hech kim u bilan gaplashmasdi. Onasi, onasi boʻlaturib ham Hasanga gapirmas edi.

Quyosh qizdirib turardi. Irmoq eritilgan kumushday tovlanib oqardi. Hasan qishloqdan qochar, quyosh uni tobora qizdirayotgan edi. Irmoq boʻylab, pastga Dumlu tomonga qarab chopdi. Dumlu qizil tuman ichida tebranib turardi. Yalang oyoq Hasan yerni, qumlarni bosarkan oyoqlari kuyardi. Hasan chanqab suvsizlikdan oʻlayozdi. Oqshom tushganidan soʻnggina gʻarbdan shamol esa boshladi.

Hasan yonidagi oqayoggan suvga egilib, bir qultum suv ichishni yoki yuzini yuvib olishni aqliga keltirmasdi.

U toʻhtamay yurar, terga botgan, changga belangandi. Oyoqlari yurishni xohlamay, uni orqaga tislantirardi. Oldinga yurishga ham, orqaga qaytishga ham juda qoʻrqardi. Ikkala tomon ham Hasanga vahima solardi. Birdan orqasiga qaytdi. Orqaga qayttganini oʻzi anglamadi. Qachon, nima uchun orqaga qaytganini ham bilmadi. Tunning qoq yarmida Anavarza qoyasining qoshida edi. Qorongʻuda qoyalar tobora kattalashib ketayotgandi. Qoyaning tepa tarafidan shovqin-suronlar, yaralangan katta bir hayvonning ingraganlari eshitilardi. Shamol oʻtlarni, daraxtlarni, hatto qoyalarni ham sovurayotgandi. Butun kuchi bilan yugurib, nafasi tiqilgancha tepaga chiqdi. Tizzasi, qoʻllari qonadi. Yuqoriga chiqqanida atrofdan kekik deb ataluvchi oʻtning achchiq hidi va kuyindi hidi keldi. Oʻzini jarlik tomonga urdi. Xuddi soch tolasining ustida yurayotganday yurar, quloqlari ostida garang qiluvchi shovqin shangʻillardi. Ustaraning tigʻidek oʻtkir qoyada yurgani sari qoʻrqar, qoʻrqqanidan mastlarday tebranardi. Jarlik haqida oʻylardi. Butun badani qorongʻulik bilan qorishib ketgan, titrab turardi. Birdan qarshisida uni koʻrdi. Oʻzini chap tarafga otdi. U ustiga bostirib keldi. Baqirolmadi. Toʻgʻrirogʻi baqirsa ham ovozi chiqmadi. Boʻgʻilib ketayotgandi, birdan boʻgʻzinnng boʻshashib qolganini his qildi va asta-sekin nafas ola boshladi. Yana oʻrnidan turib, tizzalari titraganicha jarlikning ustaraday ogʻziga oʻzini urdi. Hozir oʻzini xuddi bir oʻyinda ishtirok etayotganday his qilib milliy raqsga tushayotganday yurardi. Ichidagi qoʻrquv ham sekin-sekin ortayotgandi.

Shu tariqa Hasan bu kecha ustaraning tigʻidek qoyada qora terga botgunicha yuraverdi. Shimolga qarab yurar, soʻng yana orqaga qaytardi. Kun chiqqungacha, oyoqlari chalishib ketgunga qadar borib kelaverdi.

Kun yorishib, jarlikni yaxshiroq koʻrishi bilan boshi aylana boshladi. Tevarakdagi dunyo, qoyalar, oʻtlar, arilar, kapalaklar, qurigan gullar—hammasi bir-biriga qorishib gir-gir aylanardi. Pastdagi katta daryo bir soydek boʻlib qolgan, tekislikdagi yoʻllar ipday inginchkalashgan, odamlar qurt-qumursqalar misoli betartib aylanardi. Kichik bir qizil yuk mashinasi ham changga botganicha aylanardi. Atrofidagi hamma narsa gir-gir aylandi-da, Hasan ikki qoyaning orasiga yiqilib tushdi, nafasi tiqilgancha bir oz oʻsha yerda shunday yotib qoldi.

Kun qizdirar, Hasan terlardi, qoyaliklar yonib turardi. Hasanning quloqlari shangʻillab, koʻz oldi qorongʻulashib, kechami, kunduzmi farqiga bormasdi. Anglolmasdi ham. Qoyalikning ustidan shaffof, nurli, olamni yoritganicha qizil ilonlar oʻtib ketayotgandi. Otasi Halil uzun oq kafanga oʻranib, qizil, shaffof ilonlarni oʻldirar, har ilonni urganida, ilondan nurlar otilib chiqar va osmonga sapchib, u yerdan yulduz boʻlib yerga toʻkilardi. Oʻldirilgan ilonlar yerga tushishi bilan yana qaytadan tirilar edi. Terisi qalin qurtlar, quyosh nurida aylanib-aylanib, qoyaliklarga urilib aks-sado berar va yerga tushib yoʻllarga, yaylovlarga yopishib ketardi. Million-million shilliqqurtlar oq tugmachalarday har bir oʻtga, gulga, archaga, daraxtga, yaproqqa yopishib olgandi.

Hasan oʻrnidan turmoqchi boʻldi, lekin turolmadi. A’zoyi badani qaqshab, chidab boʻlmas bir ogʻriqqa kirgandi. Oʻrnidan turib, jarlikning ustara tigʻi kabi qirrasida yurishni xohlardi. Turib yurmasa, yorilib oʻladiganday edi.

Pastdagi oʻsha qizil yuk mashinasi jimjiloqday kichrayib ketgandi. Oʻsha yerdan bir yiqilsa, ming burda boʻlib... Qoʻrquvdan dagʻ-dagʻ tirardi. Sudralib-sudralib jarlikning ogʻziga keldi va oʻrnidan turdi, pastlik esa chuqur, uzoq edi...

Yaylov to Gavurtogʻinnng tagiga qadar tep-tekis edi. Xamita qal’asi, Ilonqal’a va Toprak qal’a tuman ichida qolgandi. Yaylov tovlanib turardi. Tekislikning har yoni nurga toʻlgandi. Faqat jarlikning tubi qorayib turar, Hasan esa u yerga qarolmasdi ham, Qorongʻulik. Hasan birdan jonlanib, sapchidi-da, oyogʻining yarmicha keladigan jarlikning uchida yura boshladi. Yurgani sari qoʻrqar, qoʻrquvdan aqldan ozar, yana oʻziga kelardi. Boshi, ayniqsa, kunduzlari koʻp aylanardi. Yurgan yoʻli cheksizday tuyuldi, balki bir kunlik yoʻl yurgandir?! Shunday tuyulardi unga... Bir boʻshashsa, yurolmay qolar, jarlikning boshida, pastlikka qarab bir oldingga, bir orqaga tebranardi. Ichidan ana yiqildim, mana yiqildim, degan tovushlar kelar va tebranardi. Bir oldinga, bir orqaga tebranardi. Atrof qorayib ketar, soʻng quyuq, koʻzni oluvchi bir yorugʻlik bilan ochilardi. Hasan bir oldinga, bir orqaga borib, kelardi. Quloqlarni kar qilgulik shovqin borgan sari ortib, u tebrangan sari shovqin ham kuchayib borardi.

Oxiri Hasan oʻzidan ketdi. Orqaga, tuproqning ustiga yiqildi, qoyalarning orasiga chalqanchasiga choʻzilib qoldi. Oldinga tebranganida, oʻzidan ketganida edi, hozir pastda burda-burda boʻlib yotgan boʻlardi. Butun badani sochilib yotgan, jarlikka tushmasdanoq burgutlar uning parchalarini ming boʻlakka boʻlib, yeb tugatgan boʻlardilar...

Oq kafanli keldi. Oldida bir suruv qirmizi ilonlar... «Hasan», — derdi, — «Hasan sen oʻgʻlim emasmisan? Mening pushti kamarimdan boʻlmaganmisan, Hasan? Otangni qutqarmaysanmi? Mana oldimda yuzlarcha qirmizi ilon, bular ilon emas, qoni yerda qolgan, xuni olinmagan odamlar. Oʻldirilganlar, biroq oʻchlari olinmagan. Arvohga aylanib, qirmizi ilon tusiga kirib yuribdilar. Doʻzax moliklari meni bularga choʻpon qilib qoʻydi. Mening ham qonim yerda qolsa, shu ilonlar holiga tushaman. Otangning bu ahvoliga qanday chidaysan, Hasan? Oʻgʻlim emasmisan, rahming kelmaydimi menga? Men qirmizi ilon boʻlib, qiyomatta qadar shunday sudralib yurishga loyiqmanmi Hasanim, bolam. Oh ilonni oʻldirsalar, oʻldirsalar edi ilonni... Oh, Hasan...»

Bir qarasa ayiq edi, devorlar, qoyalar, qaldirgʻochlar choʻgʻlar ustiga toʻkilardi. Hasan qochar, ilon, qaldirgʻochlar, burgutlar, qirmizilar uni quvardilar.

Qishloq yana gapira boshladi. Yetti yoshdan, yetmish yoshgacha hamma-hamma, gapirardi. Tillarida Esma edi. Halil kelganmish. Butun qishloq tamom boʻlgan Halil bilan gaplashganmish. Avval onasining yoniga kelganmish. Onasi bilan juda koʻp gaplashganmish. Soʻng chidolmay, qishloqqa kelib, daraxtning tagida oʻtirganmish. Atrofdan apel'sin hidi kelarmish. Qishloq oʻrtasida baqirganmish: «Qirmizi ilonlarga choʻpon boʻldim, choʻpon...»

Keyinroq, shaffof qirmizi ilon boʻlaman. Meni ilon qilib qoʻymanglar, ilonni oʻldiringlar, oʻldiringlar ilonni...»

Soʻngra pat etib, oʻrtasidan yorilib, qishloq ustiga qirmizi ilonlar yogʻila boshlaganmish.

Buvisi biroz yumshab qolgan, yuzi sevinchli koʻrinardi. Anchagacha Hasanning sochlarini silab oʻtirdi. Hasan bundan juda ham hursand edi. Buvisi u bilan gaplashdi ham. Demak, endi xamqishoqlari ham gaplashishadi. Yaxshi, Hasan bu safar ham qutilib qoldi. Buvisining ogʻziga kirguday boʻlib gaplarini eshitardi. Eshitganda ham, butun yuragi bilan mazza qilib tinglardi... «Halil muhabbati tufayli ham arvoh boʻlib yurganmish, eshitdingmi, Hasan? Onangga savdoyilanib, oshiq boʻlgan. Rashk qilayotganmish onangni. Tengi yoʻq goʻzalimning qoʻyniga boshqa bir erkak kiradigan boʻlsa, men oʻlaman, deyotganmish. Tushundingmi Hasan, tushundingmi bolam, sening otangning, shunday pahlavon bir yigitning toʻshagiga boshqa bir erkak kiradimi, boʻladigan ishmi bu? Kel, kel, kel Hasan. Kel bolam, kel».

Hasanning boshini quchogʻiga olib, mingʻir-mingʻir gapira boshladi:

«Sen bilmaysan bolam, hali yosh bolasan. Menga quloq sol bolam. Ulgʻayding, pahlavon yigit boʻlding, sen kabi bir yigitning onasi boshqa erkaklarni oʻz yotogʻiga olishi mumkinmi? Kel, kel, yakinroq kel, hech kim eshitmasin. Onang har kecha bir erkakni yotogʻiga olayotganmish. Buni butun qishloq koʻribdi. Koʻrmagan, eshitmagan, bilmagan qolmabdi. Bu gapga nima deysan, Hasan... Otangning qoni yerda qoldi, onang esa dunyo goʻzali, uni oʻldirishga hech kimning koʻzi qiymaydi, mayli oʻldirmasinlar. Lekin sen, sen nima degan odam boʻlding, bu dunyoda qanday bosh koʻtarib yurasan. Hamma sening onangni... Oʻlguninggacha seni fohishaning oʻgʻli demaydilarmi?! Nima deysan Hasan? Peshonangdagi bu qora dogʻni qiyomatgacha qanday ketkazasan? Men yaqinda oʻlib ketaman. Oʻgʻlim oʻlib, qoni yerda qoldi, endi esa nabiramning ham yuzi qora boʻldi».

Hasanning boshini oʻzidan uzoqlashtirib, unga koʻz qirini tashladi. Hasannnng yuzi oʻliklarnikiday boʻlib qolgandi. Buvisi nishonga aniq tushganini sezib, sevinib ketdi. Odatda bolalar onalarini oʻz otalaridan ham qizgʻonadilar.

«Kechalari uhlamay uni poylab ovora boʻlma, onang juda ayyor. Agar bir xotin boshqa bir erkak bilan don olishishni xohlasa, etagining uchini oʻz eriga tutqazib qoʻyib ham maqsadiga yetisha oladi. Eri buni sezmaydi ham. Shuning uchun onangni poylama. Ana, koʻchaga chiq. Onangni boshqa erkak bilan yotganini koʻrmagan bormikan...»

Gapirdi, gapiraverdi. Onasining goʻzalligini ming marotaba, qayta-qayta gapiraverdi.

Hasan buvisining yonidan chiqqanida tinmay gandiraklardi. Qalbini chidab boʻlmas bir qaygʻu chulgʻab olgandi. Qishloq maydoniga bordi. Yonidan oʻtgan-ketgan uni tutib olib gapirardi. Qishloq onasining fohishaligini bir, ikki oy toʻhtamay gapirdi. Miyasida har xil gaplar aylanardi, goʻzal xotinning oyoqlari, yuzi-qoshlari, koʻzlari. Va yalangʻoch holatda quchoqlashishlari... Aqldan ozay desa ham, yana hamqishloqlarining onasi toʻgʻrisida hech zerikmay, charchamay gapirgan gaplarini tinglardi. Tinglamasa, oʻlardi. Qishloqliklar qandaydir sehr bilan buvisiga bogʻlangan, u nima deb gapirsa, ular ham birga ming qoʻshib soʻzlashardi. Qishloq ham, Hasan ham buvisining qoʻrqinchli bosimi ostida edilar. Onasi oʻlishi kerak. Onasi...

«Bu qiyin, bu juda qiyin, uka».

«Shu ham— onasining fohishaligi ham ta’sir qilmasa Hasanga, unda qon yoʻq demak».

«Tomirida qoni bor odam, otasining qotili onasi boʻlsa ham, yashatarmidi uni?»

«Qoni qurigan, qurib qolgan qoni».

«Erkaklar uylariga kelib, onasini boshdan-oyoq yechintirib, ishga kirisharmishlarda, Hasan uni tomosha qilib, kayflanarmish».

«Hasan koʻzlarini ochib, qarab turarmish».

«Bir safarida onasi uyalib, ket bu yerdan, odam ham onasini shu holatda tomosha qiladimi, deganmish. Hasan yigʻlab, men tomosha qilaman, deganmish».

«Hasan onasiga toʻhtamay, koʻzlarini yummasdan ham qarab turarmish».

«Erkaklarning u bilan oʻynashishlaridan zavq olarmish».

«Onasiga, men seni oʻldiraman, deganmish».

«Nega endi?»

«Agar bir erkakni toʻshaginga olganingda, men boʻlmasam, seni koʻrmasam, mendan yashirincha bu ishni qilsang...»

«Onasi nima debdi, onasi?»

«Nima derdi, bechora. Men bir tul xotinman, erkaklarga muhtojligim bor, debdi. Oʻgʻilning, onasini tomosha qilishi uyatdir. Nima qilayki, erkaklarga muhtojman, erimni boʻlsa, oʻldirganlar».

«Erkaksiz yasholmayman, deganmish»

«Yasholmaydi, u».

«U misoli Dalap Arab biyasi kabi...» ;

«Bir kechada butun qishloqning erkagini qoʻldan oʻtkazadi».

«Boshqa erkak yoʻqmi? Ey, Muhammad ummati, menga yana erkak kerak, deydi».

«Hasan nima qilsin, hali mushtday bir bola boʻlsa...»

«Boʻyni uzilsin Hasanning, boʻyni».

«Odam ham onasini boshqa erkaklarning qoʻyniga solib, onasining ishlarini, u yer-bu yerini tomosha qiladimi?»

«Jinni bu sulola. Bularning boshdan-oyogʻi jinni».

«Bechora Hasan».

«Qayerdan bilsin, bola bechora, onasi erkaklarni toʻshagiga olishini, qayerdan bilsin»

«Poylab yotibdi, bechora».

«Bir kun poylabdi, ikki kun poylabdi».

«Poylaydi-da, poylamasinmi? Hasanday bola, onasining fohishgaligiga chidaydi, deb oʻylaysanmi?»

«Odam har narsaga chidaydi-ku, lekin, onasining fohishaligiga chidolmaydi, oʻladi».

«Hasan erkak emasmi, bir koʻrsin onasi bilan boshka birisini».

«Onasining qoʻynida».

«Moʻljalga aniq oladi Hasan... Onasini ham, uning ustidagi odamni ham oʻldiradi».

«Oʻh, oʻh, oʻh! Onasi buni bilmaydimi? Bilib turib, ishini Hasanning koʻz oʻngida qiladimi?»

«Hasan onasiga bir narsa qiladimi... Axir u Hasanning onasi... Ana qilaversin... Onasi dunyo goʻzali. Bunday goʻzal xotin oʻzini koʻz-koʻz qilmay nima qilsin?»

«Uch kun poylabdi, bola».

«Uning uhlamayotganini onasi bilmaydimi?»

«Uch kundan soʻng, Hasan uhlashi bilan, bir erkakni qoʻyniga olibdi, ertalabgacha».

«Uch kun uhlamabdida Hasan... Bechora...»

«Halil ham ilon tusiga kiribdi, qirmizi ilonga aylanibdi. Shishadek ichi koʻrinadigan, bir uchi bu yerda, narigi uchi u yerda boʻlgan ilon».

«Bechora kelib, ularning roʻparasida oʻralib, Esmani tomosha qilib turarmish. Esma boʻlsa haligiday odamlar bilan... Arvoq, arvohning qoʻlidan nima ham kelardi? Ilonmish, ammo ichi havodek koʻrinib turuvchi, qirmizi bir ilonmish. Havodan yasalgan ilon oʻch ololmaydi».

«Hasan, ajoyib bola. Siz Hasanning miyasini bunday zaharlamang».

«Hasan onasining bunday ishlariga chidolmaydi».

«Hali yosh bola».

«Qanaqasiga bu yosh bola, eshak-ku bu...»

«Esmani koʻz qiyadimi?»

«Olloh bunday goʻzal bir Esmani boshqa yaratmaydi...»

«Bu qishloq, bu ming yoshdagi kattakon jodugar oʻldiradi bechorani».

«Goʻzalga dushman — Ollohga dushman».

«Qaniydi Olloh uni yaratmasa. Uni yaratib insonlarning boshiga balo qilgan».

«Nega, nega balo qilarkan. Bechoraning ogʻzi boʻlsa ham tili yoʻq».

«Ogʻzi boru tili yoʻq boʻlsa, qishloqning oʻrtasida likillab kezib yurgan kimdir?»

«Har kuni, qar kuni...»

«Koʻrgan erkakni, es-hushidan ayirgan...»

«Essiz, Esma!»

«Oʻz qishlogʻiga ketsa edi».

«Ketmaydi».

«Ketolmaydi».

«Nega ketsin, nega ketsinki, u kabi goʻzallar yuzlab bor ekan, qishlogʻida».

«Bu yerda esa bir dona».

«Ey, Ollohning boshqa ishi yoʻqmi, yuzta Esma yaratadimi ne hasratda. Esma goʻzallikda, bu dunyoda yagonadir».

«Bir dona, bittagina, yagona».

«Essiz!»

«Bir dona boʻlsa ham, Hasan uni yashatmaydi, oʻldiradi».

«Essiz!»

«Oʻldiradi».

«Hasan, kofir, inson ham onasini, oʻz onasini oʻldiradimi?»

«Oʻldiradi, bu sulola».

«Bu qonxoʻr sulolaga odam oʻldir, desang boʻldi. Nafaqat onasini, balki yetti sulolasini ham soʻyib tashlaydi».

«Essiz!»

«Bechora Esma».

«Oʻldiradilar bular».

«Oʻldiradi, Hasan».

«Hali yosh bola, qamashmaydi ham».

«Uni qamasharmikan?»

* * *

Birdan bu gaplar toʻhtadi. Qishloqqa shunday bir sukunat choʻmdiki, churq etgan tovush yoʻq. Qishloqliklar hech gapirmasdilarmi yoki Hasanga shunday tuyulyaptimi. Har kuni buvisinikiga borar, buvisi ham ogʻiz ochib bir narsa demasdi. Oʻlikda tovush boʻlishi mumkin, lekin qishloqda, buvisida hech qanday tovush yoʻq edi. Yoki otasini, onasini gapirmaganlari uchun Hasanga shunday tuyulayotgandir. Hech kim, hech bir zogʻ ogʻiz ochmasdi.

Hasan ertalabdan kechgacha qishloq ichida u yerdan bu yerga borib kelar, uchragan odamga umid bilan, yolvorgandek qarardi. Hech kim churq etmasdi. Otasini, onasini ham unutib yuborganday edilar. Daraxtlarga, suvlarga, til-zabonli ne boʻlsa, barisidan omonlik tilardi.

Qaldirgʻochlar ham yoʻq edi endi, uyalari boʻm-boʻsh, vijir-vijir kilishmaydi. Burgutlar esa yuksaklarda uchadilar, tovushlari ham yoʻq, pirillamaydilar ham.

Qirmizi ilonlar, qumursqalar, uzun kafanli odamlar, sariq itlar, har kecha kabristonda huradigan kuchuklar... Hamma, hamma narsa yoʻq boʻlib ketgan. Hech narsa yoʻq...

Hasan bu boʻshlikni toʻldirishga umid bilan harakat qilardi. Qishloqdagi eng kichik novdani ham quchoqlardi. Hamma narsa, hamma oʻlgan, jimjitlikda edi.

Hasan soʻnggi bir umid bilan quyoshning qizgʻin nuri ostida jarlikka qarab ketdi. Ustara kabi oʻtkir qoyada, jarlikning yonginasida, oyogʻi bir toyib ketsa, pastda, burda-burda...

Parcha-parcha, deya oʻylardi Hasan, lekin men parchalanib ketsamchi, degan fikr hech xayoliga kelmasdi. Qoʻrqmas, yuragida ozgina hayiqish ham yoʻq edi. Pastlik yastanib turar, yuk mashinalari oʻyinchoqday, insonlar chumoliday, irmoqlar ipday koʻrinardi. Na boshi aylanar, na yiqilishdan qoʻrqardi. Oʻzini shu yerdan pastga qarab otishdan ham qoʻrqmaydi hatto.

Qoʻrqishga harakat qilib, pastlikka tikilganicha chuqur jarlikdan koʻzini olmasdi. Qancha tikilmasin, hech bir foyda yoʻq. Jarlikning ustaradek oʻtkir choʻqqisida yurib, chopib, aylanib kelsa hamki, baribir yoʻq, yoʻq, yoʻq...

Qishloqqa qarab ketdi. Uyiga bordi, onasi uni kutib oldi. Endi sochidan tirnogʻigacha yengil titrab, tuklari tikka boʻldi.

Qoʻl-oyogʻi qaltiray boshladi. Uyda oʻtirolmay koʻchaga chiqib ketdi. Qishloq maydoniga borgunicha boʻm-boʻsh boʻlib qoldi.

Onasini koʻrishi bilan telbalarday qaltirar, oʻzini bilmay, titrab-qoʻrqar, u yerdan ketishi bilan boʻm-boʻsh boʻlib qolardi...

* * *

Onasi hovlidagi tandirga oʻt qalardi. Tandirdan bir quchoq olov yuqoriga oʻrlardi. Hasan titroq ichida qoʻlidagi toʻpponchani oʻynardi. Qoʻlidagi toʻpponcha otasiniki edi. Olov lovillab-lovillab, soʻng birdan pasaydi. Onasi tandirga egilib-egilib turardi. Hasan qaltirar, titrardi. Eti junjukardi. Boshi aylanardi. Onasi koʻzining oldidagi olov ichida edi. Birdan qoʻlidagi toʻpponcha otildi. Bir qichqiriq eshitildi.

Yana, yana oʻq uzildi. Atrofni kuygan goʻsht, kuygan soch hidi tutib ketdi. Hasan birdan boʻshashdi. U qoʻlida toʻpponchasi bilan tandir boshida biroz aylanib turdi. Onasining boshi tandirga kirib qolgan, sochlari yonardi. Anavarza tomon yoʻl oldi.

Uch kundan soʻng uni oʻsha qoya sandigʻining ichidan kuchugi topdi. Tosh qopqoqni ustiga yaxshilab yopgan edi. It oʻz sohibini qanday qilib boʻlsa ham topadi, hididan topadi, hididan.

Bir necha oy avval Hasan meni qidirib topdi. Turish-turmushi joyida ekan. Uchta kombayni, beshta traktori, yana bilmadim, qanchadir qarich dalasi bor ekan. Kattakon bir uy qurdiribdiki, uymisan-uy. Oʻttiz qarichlik apel'sin bogʻining ichida ekan. Uylangan, juda goʻzal xotini bor ekan. Bolalari esa oltita boʻlibdi: uchi oʻgʻil, uchi qiz.

Toʻrtga odam oʻldirib, kecha-kunduz namoz oʻqiydigan turmadagi ogʻani esladik. Insonlikdan chiqkan Lutfini esladik... Chukurova insonlari borgan sari zolim, yomon, mehr-muhabbatsiz boʻlib ketishganmish. Doʻst deb atash mumkin boʻlgan, doʻst qolmabdi. Hammasi bir-birining koʻzini oʻyar, sariq chaqa uchun otasini oʻldirishdan ham toymasmish. Oʻzi elu xalqqa unchaligam qoʻshilavermasmish. Bahorda apel'sin gullari shunday boʻy taratarkanki, ifori kishini mast qilar emish..