OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Yashpal. Yoʻldagi ayol (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifYashpal
Asar nomiYoʻldagi ayol (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Hind adabiyoti
Boʻlimlar
   - Romantizm
Mualliflar
   - Yashpal
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonRustam Jabborov
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yoʻldagi ayol (hikoya)
Yashpal

Bir paytlar Kulluga ketayotib, olis togʻlar bagʻridan panoh topgan Mandi qishlogʻiga yoʻl-yoʻlakay qoʻnib oʻtgandim. Qishloq tomon ketayotib yoʻl chetida xayolchan oʻtirgan togʻlik ayolga koʻzim tushdi. Uning oldida, yerda oʻrik toʻla simtoʻr savat turardi. Togʻliqlar odatiga koʻra, bu ayol ham oʻz hovlisi yo tomorqasida pishgan mevalarni terib, yoʻlovchilarga pullash maqsadida oʻtirgan boʻlishi kerak.Savatdagi oʻriklar sarxil va chiroyli edi.

Uning yonidan oʻtib ketarkanman, ayol mendan koʻz uzmasdan buzilgan panjobiy lahjada soʻradi:
— Janob, siz Lahordanmisiz?

Chamasi, u mening kostyumimdan shunaqa xulosa chiqargan boʻlsa kerak. Boʻlmasa u meni qaerdan taniydi. Biroz taajjub bilan bosh irgʻadim.
— Unda siz Paras Ramni tanisangiz kerak? — ayolning koʻzlarida umid va quvonch uchqunlari porladi.
— Paras Ram? Kim u Paras Ram? — soʻradim savolni unchalik tushunmay.
— Paras Ram-chi? Haligi pudratchi Paras Ram! — shosha pisha ilova qildi ayol.

Hamon hech narsani tushunolmay turardim.
— Pudratchi Paras Ram deganingiz kim boʻldi ekan?

Ayol men kelgan tarafga barmogʻini niqtab, tushuntirgan boʻldi:
— Anavi ikkita koʻprikni koʻryapsizmi? Oʻshani qurgan-da!
— Yoʻq, men siz aytgan Paras Ramni tanimayman, — javob qaytardim va daf'atan qoʻshib qoʻydim. — Tinchlikmi, nima gap oʻzi?
— Eh. Lahorda yashab turib, Paras Ramni tanimasangiz, — hafsalasi pir boʻldi ayolning. — Axir uyam sizga oʻxshagan lahorlik-ku! Paras Ram-chi?

Uning nochor qiyofasidan ichim achishdi:
— Lahorning qaysi tumani, qaysi koʻchasida turadi.

U ogʻir xoʻrsinib, biroz jim qoldi, keyin yonoqlarini kafti bilan siypalab, yerga tikildi:
— U hech qanaqa tumanda yoki koʻchada emas, Lahor shahrida turadi. Siz esa, lahorlik boʻla turib, uni tanimasangiz...

Nima ham derdim. Har qalay bu sodda, bechorahol ayolning bunchalik goʻlligidan kulishga qobil emasdim. Men unga Lahor juda katta shahar ekanligini, u yerda kamida ikki yuz ming kishi yashashini tushuntirishga harakat qildim. U yerda hatto bir dahada yashovchilar ham bir-birini tuzukroq tanimaydi. Masalan, men Xira Mandi tumanida turaman. Bordiyu, oʻsha Paras Ram degani Majangda yashasa, oramizda uch mildan koʻproq masofa boʻladi. Qisqasi, ikkovimiz ham lahorlik boʻlsak-da, bir-birimizni yaxshi tanimasligimiz mumkin.

Biroq unga baribir hech narsani uqtirolmadim. Uning koʻzlari ma’yuslandi, ulardagi quvonch uchqunlari soʻndilar. U yana qoʻllari bilan yonoqlarini artib, arang eshitiladigan ovozda dedi:
— U Lahorda yashaydi, baland boʻyli. Kelishgan... Qarashlari muloyim, sizdan koʻra yoshroq, jigarrang pidjak va ipak turban kiyib yuradi. Aytdim-ku, sizga u Lahorda turadi, deb.
— Yoʻq, tanimas ekanman, — faqat shu gapni ayta olardim, xolos. Keyin uning yonida choʻkkancha savatdan roʻmolchamga eng sara oʻriklarni tera boshladim. Jim qoldik. Keyin ehtiyotkorlik bilan undan soʻradim:
— Unda... nima ishingiz bor edi?

U yana bir karra xoʻrsinib javob qaytardi:
— U bu yerda ishlab, koʻprik qurib ketganidan beri oradan besh yil oʻtdi. U ketadigan vaqt boʻlgandi. Men undan qolishni oʻtinib soʻradim. Shunda u menga aytdiki, sen xavotirlanma, men tezda, tezda qaytib kelaman... Ammo, qaytmadi. Ayting-chi, bu yerdan Lahorgacha uzoqmi?
— Juda uzoq.

Uning koʻzlari yoshlandi. Boshini siynalari ustiga egib, pichirladi:
— U nima uchun qaytmadiykin? Qachondir qaytarmikin oʻzi? Men oʻshandan beri... mana... mana shu yerda oʻtirib, uning yoʻliga koʻz tutaman. Butun ish-kuchim shundan iborat. Shu paytgacha ikkita lahorlik kelib ketdi. Ammo, u kelmadi. Mana, besh yildirki...

Shu payt yonimizga toʻrt-besh yoshlardagi kichkina qizcha yugurib keldi. Onasining yonidagi begona erkakdan biroz xavfsiradimi, yuzini onasining yelkasiga bosdi.
— Qizingizmi? — soʻradim.

U bosh irgʻadi. Keyin qizchaning boshini silab, aytdi:
— Uyam menga oʻxshab, besh yildirki, otasini kutadi. Koʻrsa tanimasa ham kerak. Qaerdan ham tanisin?
— Ona-bolaga tikilgancha oʻyga toldim. «Shoirlar ayriliq muhabbatga quvvat beradi, muntazam uchrashuvlar esa uni oʻldiradi, deyishadi. Nahotki, bu ayol muhabbatini tamomila yoʻqotishni istasa?... Darvoqe, sevgi hech qanday sarhadni tan olmaydi. Ammo bu qadar soddadillik! Axir bu oʻz-oʻzini qurbon qilishning bir koʻrinishi emasmikin?»
— Bularingiz qanchadan? — savatdagi oʻrikka imo qildim.
— Olavering, sizdan pul olmayman. Axir siz Lahorliksiz-ku!

U oʻzi savatidan eng sarxil mevalardan terib, roʻmolchamni toʻlgʻazdi. Mendan pul olmasligini tushundim... Uning gʻamgin chehrasi xotiramda shu qadar mustahkam muhrlanib qolganki, mana, hozir uni yaqqol koʻrib oʻtiribman. Ogʻir hislar qurshovida oʻrnimdan turdim. Yoʻlimda davom etishim kerak edi. Mening hamma yuklarim ortilgan xachir ancha ilgarilab ketgandi. Xayrlashayotib, qizaloqning qoʻlchasiga yarim rupiyalik tanga tutqazdim. Ayol avvaliga bosh chayqadi, keyin mening hislarimni tushundimi, indamay qolaverdi.

Ular bilan xayrlashib, men borishim kerak boʻlgan qishloqqa yetib keldim. Shu yerda, chogʻroqqina bir hovlida tunab qoldim. Tuni bilan koʻzlar yoʻlga termilib oʻtirgan ojizaning qiyofasi koʻz oldimdan ketmadi. Nazarimda uning butun hayoti ana shu kutish bilan kechadigandek edi.

Ertalab tong otishi bilan men sayrga otlandim. Oyoqlarim meni oʻsha tomonga, kecha ayolni uchratib qolgan joyga sudradi. Katta yoʻlga burilishim bilan kechagi joydan sal narida, dalada haligi ayol ekinlarni oʻtab yurardi. Qadam tovushlaridan sergaklanib, qaddini rostladi, kaftini peshonasiga tirab, men tomonga tikildi. Sezdimki, ayolning qalbidagi sevimli kishisining qaytishiga boʻlgan zaifgina umid shu'lasi yana yolqinlana boshlagandi.

Meni tanidimi, yuzlariga siniq tabassum yoyildi. Belkurakni bir chetga itqitib, menga qarab xitob etdi:
— Nima, siz Lahorga joʻnab ketyapsizmi?
— Yoʻq, shunchaki sayrga chiquvdim, — dedim uning tomorqasi tomon burilarkan, unga yaqinlashib. — Bu yerda Paras Ram qancha payt turgandi?
— Sakkiz oy... Ketayotib, menga albatta qaytib kelishini aytuvdi. Lekin daragi boʻlmadi. Qachon kelishini faqat Xudo biladi. Qizchasi ham katta boʻlib qoldi...
— Nega siz u bilan Lahorga ketmadingiz? — soʻradim men.

U yuzini yelkasiga ishqab, qashigan boʻldi:
— Men oʻzim bormadim. U meni birga olib ketmoqchi edi. Lekin qarang oʻzingiz koʻrib turibsiz, bu yerda shuncha yer, oʻrikzor, anavi yerda qancha olma, nashvati, yongʻoqlar oʻsib yotibdi. Ularni tashlab ketib boʻlmasa! Ancha ilgari kichkinaligimda xolam meni huv anavi, pastdagi qishlogʻiga opketgandi. Bu yerda judayam olisda, oʻziyam qirq chaqirim chiqar. U yerda hech narsa, baland togʻlar, zilol buloqlar ham, daryo ham, daraxtlar ham yoʻq, tap-taqir sahroning oʻzi. Men u yerda bezgakka chalindim. Keyin amakim borib, olib keldi. Ishonasizmi uyga qaytayotib, tuzalayotginimni sezdim. Uyga kirib kelgan paytimda esa, soppa-sogʻ edim. Oʻshandan keyin hech qayoqqa chiqqanim yoʻq. Lahor esa, birinchidan juda uzoqda. Ikkinchidan eshitishimcha, u yerda odamlar tez-tez ogʻrib turisharkan. Men Paras Ramdan xavotirdaman. U yoqlarda qanday yashayaptiykin? Toʻgʻri bizda ham issiq jon, kasal boʻp turishadi. Lekin tez tuzalishadi. — Biroz jim qolib, soʻradi. — Lahorda ham yaxshi tabib bormi?
— Nega boʻlmas ekan, bor!
— Yaxshi, — ayol horgʻin tin oldi.
— Qiziq, — tilim uchida turgan savolni berishga jur'at topdim. — Paras Ram kelmasidan avval turmushga chiqmaganmisiz?
— Chiqqanman, — deya javob qaytarishga tushdi. — Ancha yil ilgari. Erim oʻzi bilan Taxu qishlogʻiga olib ketgandi. U yer menga yoqmadi. Keyin erimning ikkinchi xotini kun bermasdi. Axiyri bu xoʻrliklarga chidolmay yana uyimga qaytdim. Erim avvaliga mendan xabar olib turdi. Uch yil oʻtib, qazo qildi. Keyin onam bilan shu yerda yashab qoldim.... Men Paras Ramga hamisha aytardim: «Ketmang, sizga nima kerak boʻlsa, bu yerda hammasi bor, yer-suv, hovli-joy, oila..» U esa «men albatta kelaman» degancha qaytmadi. Besh yil oʻtdi, besh yil-a? Kutaverib, koʻzlarim teshilayozdi. Ikki yil ilgari onam dunyodan oʻtdi.

Oradan yana ikki kun oʻtib, yana ayolning yoniga bordim. U hamon dalasini oʻtoq qilishdan boʻshamasdi. Qanaqadir qoʻshiqni xirgoyi qilayotganini eshitib qoldim. Men ancha payt uzoqdan uni kuzatib turdim. Ehtimol, u oʻzining baxtli damlarini xotirlab, ayriliq haqida kuylayotgandir? Nima boʻlsa ham, men unga xalal berishni istamay ortimga qaytdim.

Men bir hafta Mandida qolib ketdim. Kulluga joʻnab ketishdan avval oxirgi marta tanishimni borib koʻrgim keldi. U hamon oʻsha gʻamgin qiyofada dalasida mehnat qilardi. Qizcha esa, onasi yulgan oʻtlarni oftobda yoyib quritish uchun uvat boshiga opchiqib tashlardi.

Unga yaqin borib, aytdim:
— Bugun joʻnab ketyapman.
— Lahorgami? — ayol tuyqusdan jonlandi, tim-qora koʻzlari umid bilan chaqnadi.
— Ha, dedim men. — Avval Kuluga boraman, u yerdan Lahorga joʻnayman.

Uning boshi egildi, ovozi xiyol uyatchanlik tusini oldi.
— Mendan Paras Ramga salom yetkazib qoʻying, ertayu kech yoʻldan kuz uzmasligimni, to tirik ekanman, uni kutib yashashimni ayting. Besh yildan beri umid uzmaganimni va uzmasligimni ayting. Aytingki, qizchasi ham uning yoʻliga intizor. Iltimos, shu gaplarimni borib yetkazishga va’da bering.
— Albatta yetkazaman, — dedim men.

U qizchasini erkalab, meni koʻrsatdi:
— Qara, mana bu amaking dadangni oldiga ketyapti. Qani bir ta’zim qil-chi, u albatta salomimizni dadangga yetkazadi.
— Boʻpti, boʻpti, — deya ulardan tezroq uzoqlashishga urindim.

Ketib borarkanman, ortimga oʻgirilishga kuch topolmasdim. Nazarimda ayol to meni koʻzdan yoʻqotguncha soʻnggi umidlari bilan izimdan termilib qoladigandek edi. Negadir yuragimda bir ogʻriq uygʻondi. Oʻsha paytda nima haqda oʻylaganimni bilmayman. Ichimda Paras Ramni soʻkdimmi, shoʻrlik ayolga achindimmi, yo uni sevgilisidan qizgʻandimmi... bilolmadim.