OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Yasunari Kavabata. Anor (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifYasunari Kavabata
Asar nomiAnor (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Yapon adabiyoti
Boʻlimlar
   - Romantizm
Mualliflar
   - Yasunari Kavabata
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAbduvohid Umirov
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Anor (hikoya)
Yasunari Kavabata

Kuzning shamolli tunida anor daraxti barglari toʻkilib chiqdi. Barglar daraxt tanasi atrofida toza yer qoldirib doira yasagan edi.

Deraza tavaqalarini ochgan Kimiko anorning yalangʻoch shoxlariga ajablanib boqdi. Barglar aylana boʻlib toʻkilgani, shamol ularni har tarafga sochib yubormagani ham unga gʻalati tuyuldi.

Daraxt tepasidagi birgina anorga koʻzi tushdi.
— Oyijon, qara, qanday ajoyib anor! — hayajonini yashira olmay dedi Kimiko.
— Chindan ham... Men boʻlsam uni unutgan ekanman. Oyisi daraxtga qaradi-yu, darhol oshxonaga qarab ketdi.

«Men boʻlsam uni unutgan ekanman». Oyisining bu soʻzlari Kimikoga ularning naqadar yolgʻiz ekanligini eslatdi. Ochiq ayvon roʻparasidagi daraxtda anor pishib yetilsa-yu, hatto shu ham yodlaridan koʻtarilgan boʻlsa, ularning turmushi qay ahvolda boʻlishi mumkin, axir.

Yarim oycha boʻldi, jiyani mehmonga kelgan edi. U anorga koʻzi tushgan zahotiyoq daraxtga osildi. Tap tortmay daraxt tanasiga tirmashib chiqayotgan yetti yashar bolakayga Kimiko sarxush boqdi.
— Eng tepasida yana bitta kattasi bor! — shodon qichqirdi u.
— Koʻryapman, — dedi bola, — uni uzsam tusholmay qolaman-da.

«Chindan ham, ikki qoʻlida anor boʻlsa, qanday tushadi», oʻyladi Kimiko va kulib qoʻydi. Ajoyib bola-da!

Bu bolakay kelmaganida ular anorni butunlay unutishar ekan. Shundan keyin oyisi va Kimiko bugun ertalabgacha anor haqida umuman eslashmagandi.

Jiyani kelganida eng tepadagi anor barglar orasida koʻzga tashlanmas edi, bugun esa moviy osmon tegrasida qip-qizil boʻlib yonib turibdi.

Kimiko boqqa kirdi va uzun bambuk yogʻoch bilan anorni uzib oldi. Meva pishib ketgan va hatto yorilgan ekan: aftidan, undagi kuch-quvvat ichiga sigʻmay tashqariga intilardi. Kimiko anorni ayvon poliga qoʻydi. Yorilgan joyidagi anor donalari quyosh nurida yaltirardi.

Kimiko yorilmagunga qadar uzib olmagani uchun oʻzini anor oldida gunohkor sezdi.

U ikkinchi qavatga koʻtarildi-da, shosha-pisha tikishga tutindi. Soat oʻnlar chamasi pastdan Kenkichining ovozi eshitildi. Eshik tambalanmagan boʻlsa kerak, toʻgʻri boqqa oʻtdi va u yerdan uning tez-tez gapirayotgani eshitila boshladi.
— Kimiko, Kimiko, pastga tush! Kenkichi keldi, — baland ovozda chaqirdi oyisi.

Qiz shoshganicha ignani ipdan oldi-da, yostiqchaga sanchdi.
— Kenkichi, frontga joʻnaguningizga qadar siz bilan uchrashuvga rozilik berishimni soʻrayverib Kimiko hol-jonimga qoʻymadi, yoningizga borishi noqulay boʻldi, oʻzingiz esa bir kelib ketishga vaqt topmadingiz. Qani, kiring, kira qoling, — yalinardi oyisi.

U Kenkichining uzoqroq qolishini xohlardi, birga tushlik qilishni taklif etdi, lekin Kenkichi, aftidan, juda shoshilardi.
— Afsus... — dedi boʻshashib oyisi. — Unda, hech qursa, mana bu anordan yeb koʻring. Oʻz bogʻimizdan.

Oyisi Kimikoni yana chorladi.

Qiz zinapoyalardan tushib kelgunga qadar Kenkichi undan koʻz uzmadi. Nigohida shunchalar besabrlik bor ediki, Kimiko chalishib ketishiga oz qoldi, soʻnggi zinalarni zoʻrgʻa bosib tushdi.

Kenkichining koʻzlari yashnab ketdi. Qoʻllari titradi va anorni tushirib yubordi.

Nigohlari bir lahza toʻqnashdi, ikkalasining ham lablariga tabassum indi. Kimikoning yanoqlari qizardi. Kenkichi shoshilinch oʻrnidan qoʻzgʻaldi.
— Oʻzingni ehtiyot qil, Kimiko! — dedi u.
— Siz ham, Kenkichi, — shivirladi Kimiko, lekin bu payt yigit oyisi tomon oʻgirilgan va xayr-xoʻshlashayotgan edi.

Kenkichi ketdi, Kimiko boʻlsa yana ancha vaqt eshik tomon qarab turdi.
— Nega buncha shoshilmasa bu Kenkichi? Hatto shunday ajoyib anorni ham tatib koʻrmadi-ya. Bu qanaqasi boʻldi?! — dedi oyisi. U ayvon qirrasiga egildi-da, qoʻlini uzatib, yerda yotgan anorni oldi.

Kenkichining koʻzlarida yosh miltillaganini Kimiko sezgan vaqtda u anorni ikkiga boʻlmoqchi boʻlib noqulay harakat qilgan va uni yerga tushirib yuborgan edi. Anor yerga tushdi, lekin yorilmadi.

Oyisi anorni yuvib, ayvonga olib keldi.
— Ol, Kimiko, — mevani qiziga uzatdi u.
— U iflos-ku, axir, — ortga tislanib norozilik bildirdi qiz. Soʻng birdan qip-qizarib ketdi-da, shosha-pisha qoʻlini choʻzdi.

Anorning yorilgan joyini, chamasi, Kenkichi tishlab ulgurgan edi.

Oyisi yonida turarkan, anordan voz kechishni beadablik deb bildi. Oʻzini loqayd koʻrsatgan boʻlib mevani labiga tekkizdi. Ogʻzi nordon ta’mni tuydi. Shira ich-ichiga kirib borganday va uning quvonchli tuygʻulariga armon koʻlkasi soya tashlaganday boʻldi.

Oyisi Kimikoning holatini sezmadi va ayvonni xotirjam tark etdi.

Koʻzgu yonidan oʻtayotib, oʻziga qarab qoʻrqib ketdi.
— Voy, rang-roʻyim qursin! — xitob qildi u. — Sochimni taramay shu holda Kenkichini kuzatibman. Yaxshi boʻlmadi!

Koʻzgu oldida oʻtirib sochiga taroq soldi.
— Otang olamdan oʻtganda, — ohista soʻzladi oyisi, — men uzoq vaqt sochimni tarashga qoʻrqib yurdim... Taroq sochimga tegdi, deguncha beixtiyor oʻyga choʻmar, oʻtmishni eslab ketardim. Xuddi dadang yonimda-yu, soch tarashdan toʻxtashimni kutib turganday tuyulardi. Qoʻrqqanimdan qaltirab ketardim.

Oyisida otasidan qolgan ovqatni yeb qoʻyish odati boʻlgani Kimikoning esiga tushdi.

Uni birdan oʻtmishni qaytarib boʻlmaydi, degan tuygʻu chulgʻab oldi, ayni chogʻda shunday baxt-saodatni his etdiki, koʻzlaridan yosh qalqdi.

Biror narsa isrof boʻlishiga oyisi toqat qilolmas edi. Otasidan qolgan taomni yeb, tozalab qoʻyish odati ham shundan. Kenkichi yeyishni ep koʻrmagan anorni yeb qoʻyishini Kimikodan soʻragani boisi ham shu boʻlsa kerak.

Kutilmaganda tuygan pinhona shodmonligi uchun Kimiko oyisi oldida oʻzini noqulay his etdi.

Lekin xayolidan hech narsani kechirmagan Kenkichi bilan xayrlashayotib qalbini toʻldirgan his-hayajondan behad baxtiyor edi va xayolan oʻyladi: uning qaytishini bir umr kutishga qodirman.

Kimiko zimdan oyisi tomonga koʻz tashladi va oyna ortidagi toʻsiqqa quyosh nurlari tushib, yoritib turganini koʻrdi. Keyin tizzasidagi anorga nigoh tashladi va uni tishlashga endi botinolmasligi haqida oʻyladi.