OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifYasunari Kavabata
Asar nomiXol haqida qoʻshiq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Yapon adabiyoti
Boʻlimlar
   - Realizm
Mualliflar
   - Yasunari Kavabata
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonOlim Otaxonov
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnali, 1999 yil, 1-son


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xol haqida qoʻshiq (hikoya)
Yasunari Kavabata

Oʻtgan kuni kechasi xol haqida gʻalati tush koʻribman. Siz qaysi xolni nazarda tutayotganimni sezgan boʻlsangiz kerak. Ha, xuddi oʻsha, sizdan doimo ta’na-yu dashnomlar eshitadigan xolim boru, oʻshani aytayapman. U mening oʻng yelkamda, aniqrogʻi, gardanimda edi.
- Kattaligini qara, mayizdak keladi-ya! Hadeb oʻynayversang, bolalab ketadi, - deya jigʻimga tegardingiz. Haqiqatdan, u kattaligidan tashqari beoʻxshovroq va qandaydir shishinqiraganmidi-ey! Oʻrnimga yotdim deguncha xolimni yulqilab oʻynashga bolaligimdan oʻrganib qolgandim. Birinchi marta bu odatimni payqab qolganingizda shunday uyalib ketgandimki, asti qoʻyavering. Hatto hoʻng-hoʻng yigʻlab sizning oʻtakangizni yorgandim!
- Sayoko, yana oʻz bilganingdan qolmayapsanmi? Menga qara, qizim, oʻynagan sari kattalashadi, tegaverma hadeb, deb koyirdilar onam. Lekin bu oʻn toʻrt, oʻn besh yil ilgari — qizligimdagi gaplar. Bora-bora men xolimni faqat yolgʻiz qolganda, oʻshanda ham, beixtiyor eski odatim boʻyicha oʻynaydigan boʻldim. Holbuki, odatim boʻyicha deb ham boʻlmasdi, chunki butunlay unutib yuborgandim uni.

Siz payqab qolib, menga tanbeh berganingizda hali ham bolaligim qolmagan ekanmi - uyatdan yer yorilib, yerga kirib ketgandim... Erkaklar buni tushunishmaydi, men shunchaki uyatdan emas, balki gunoh qilib qoʻydim, degan xayolda hatto erga tegmay men oʻlay deb pushaymon ham boʻlgandim.

Goʻyo sizning oldingizda sharmandayu sharmisor boʻlgandim. Oʻshanda endi bir umr yuzimga solasiz, deya qoʻrqqanimdan oʻzimni qoʻyarga joy topolmay qolgandim.

Kechalari, Siz uyquga ketgach, boshingiz yostiqqa tegdi deguncha uxlab qolardingiz - men oʻzimni juda-juda gʻamgin va yolgʻiz sezar, shu bilan birga bir oz boʻlsa ham, yengil tertardim. Shunda qoʻlim oʻzimga itoat etmay xolimga qarab ketaverardi.

Bir koʻnglim onamga: «Xotirjam boʻling, xolimni oʻynamayapman» - deb yozib yubormoqchi boʻlardimu, lekin ochigʻi, nomus qilardim. Ittifoqo bir kuni:
- Bu xolni boshinga urasanmi? - dedingiz ochiqdan-ochiq qoʻrslik bilan. Oʻshanda men bu fikringizga qoʻshilgan va hatto quvonch bilan ma’qullagan edim. Hozir qaniydi, shu dardisar odatim sizga jindakkina yoqa qolganda, olam guliston edi deb oʻylab qolaman. Chunki xolning ortiqcha ogʻir- yengilligi yoʻq edi - koʻylagim yoqasi osha kim ham qarardi. Toʻgʻri, yashiriqcha aybi bor qiz - qulflogʻlik xona - hammaning bilgisi keladi, degan maqolam bor - ammo nahotki xolim ayb sanalgudek edi?!

Har holda qachondan boshlab oʻynaydigan odat chiqardim.

Va nima uchun odatim gʻashingizga tegardi?
- Ana xolos, ana xolos! - deb qachon qarasa achchigʻingiz chiqqani yetmay yana: - Darvoqe, uni nega doim chap qoʻling bilan oʻynaysan? - deb soʻraganingizga oʻlaymi?
- Chap qoʻlim bilan?.. Men bu haqda ilgari hech oʻylab koʻrmaganim uchun dovdirab qoldim va:
- Shuni ayting-a! - deb beixtiyor chap qoʻlimga qaradim.
- Xoling oʻng yelkangda boʻlsa, uni oʻng qoʻling bilan qashigan osonroq-ku?!
- Chindan ham, - deb yubordim men va oʻng qoʻlimni uzatib koʻrdim. - Yoʻq, qandaydir noqulay...
- Nimasi noqulay?
- Chap qoʻl bilan tabiiyroq.
- Axir oʻng qoʻling yaqinroq emasmi?'
- Yaqinlikka yaqin, ammo… bu qoʻlim boshqacharoq-da!
- Boshqacharoq deganing nimasi?
- Boshqacharoq deganim... Qoʻlni oldindan uzatish boshqa, orqadan uzatgan boshqa.

Oʻsha paytlarda men endi-endi sizga gap qaytaradigan boʻlib qolgandim. Biroq sizga tushuntira turib chap qoʻlimni oʻng qoʻlimga uzatayotganimda, men oʻz-oʻzini quchoqlayotganday va shu bilan birga sizdan nariroq turmoqchi ekanimni sezib qoldim. Yaxshi emas, deya oʻyladim va xijolat cheqdim:
- Lekin nega chap qoʻl bilan tegish mumkin emas? - deb soʻradim iloji boricha muloyimlik bilan.
- Oʻng qoʻl bilanmi, chap qoʻl bilanmi, baribir, bu juda bema’ni odat.
- Axir...
- Axir-paxiri yoʻq, doʻxtirga borsang kuydirib tashlaydi, deb senga necha marta aytdim.
- Yoʻgʻ-ey, uyat boʻlar.
- Aytishlaricha, shu uchun atay doʻxtirga boradigan odamlar ham bormi?
- Toʻlib yotibdi!

Balki ularning xoli yuzlaridadir. Menikiga oʻxshab yelkasida boʻlmasa kerak.
- Oʻzingiz oʻylang, doʻxtirga borib nima deyman? Borsam, u gap nimadaligini fahmlab, eringiz majbur qilyaptimi demaydimi?
- Desa deyaversin! Xol oʻynash odatidan qutulolmayapman deysan, qoʻyasan.
- Sal koʻnglingizni kengroq qiling, - dedim alamimga chiday olmay, - arzimagan xolni deb urishaverasizmi ? Sizga ogʻirligi tushayaptimi?
- Menga ogʻirligi tushayotgani yoʻq. Faqat hadeb oʻynayverma.
- Men joʻrttaga oʻynayotganim yoʻq!
- Oʻlguday oʻjarsan-da! Xoʻp deb shu yaramas odatingni tashlasang nima boʻladi?!
- Harakat qilyapman. Hatto tor yoqali koʻylak kiyayapman.
- Kiyib yurganding, lekin hozir kiymay qoʻyding, toʻgʻrimi?
- Mayli, sizningcha oʻynayapman deylik ham, shunga nima boʻpti? Buning nimasi yomon?
- Nima qipti emish, oʻynayotganingni koʻrsam, ta’bim tirriq boʻlib ketadi. Shuning uchun iltimos qilaman, oʻynamay qoʻya qolsangchi?
- Nega ta’bingiz tirriq boʻladi?
- Negaligini tushuntirib berishim kerakmi? Uni oʻynama, boʻldimi? Bu yomon odat, yaxshisi, undan shartta qutulish kerak - vassalom!
- Men e’tiroz bildirayotganim yoʻq.
- Xolingni oʻynayotganda oʻzing sezmaysan, hamma narsani unutib qoʻyasan. Ahvolingni koʻrib, odamning rahmi keladi. Bir shoʻrpeshona merovga oʻxshab qolasan!
- Merov?.. - Koʻnglimda balki shundaydir degan fikr kechdi-yu, ma’qul deganday bosh irgʻadim. - Bordi-yu bundan buyon xolimni oʻynay boshlasam, ayamay qoʻlimga uring, xoʻpmi?
- Boʻpti. Lekin ikki-uch yildan beri arzimagan odatning bahridan oʻtolmayotganingdan oʻzing ham uyalishing kerak.

Men nima sababdan «merovga oʻxshab qolishim» haqida oʻyga choʻmib indamadim. Toʻgʻri, qoʻlini noqulay tarzda koʻtarib xolini qashiyotgan ayolni koʻrgan odamning gʻashi keladi. Uni gʻarib deyish yaramaydi, u ehtimol chindan ham, merov va ayni chogʻda dunyoda oʻzidan boshqa hammani unutgandek taassurot qoldirar? Men oʻsha lahzalarda koʻzingizga oʻzini jon-jaxdi bilan oqlashga urinayotgan rasvo xotinday koʻringan boʻlsam ajab emas. Toʻgʻri, aytdingiz, balki yuzimda chindan ham, allaqanday merovsiraganga oʻxshash ifoda aks etar. Oʻshanda oʻrtamizda bamisli tubsiz choh paydo boʻldi-yu sizga koʻnglimdagini toʻkib sololmadim.

Bu odat bolaligimdan qolgan edi. Shuning uchunmikin, beixtiyor xolimni ushladim, deguncha bamisli oʻzimni idora qilolmaydigan kuyga tushardim. Holbuki, oʻsha paytda meni koʻrgan borki, dilimdagini darhol fahmlay olardi.

Siz ochigʻi, meni yoqtirmasdingiz, aks holda bunday beozor odatim uchun hadeb kamsitavermagan boʻlardingiz. Meni yaxshi koʻrganingizda edi unga ortiqcha ahamiyat berib oʻtirmay, shunchaki koʻngil uchun hazillashib qoʻyaqolardingiz.

Ba’zan yuragim siqilib, dunyo koʻzimgʻa qorongʻu koʻrinib ketganda, mening odatimni yoqtiradigan erkak zoti bordir, degan gap koʻnglimga kelar va bunday nojoʻya xayoldan oʻsha zahoti dahshatga tushardim.

Oʻsha odatimni birinchi marta sezib qolganda, Siz, chamasi, meni ayaganingiz tufayligina bu hakda gapirgan edingiz. Men hozir ham bunga shubha qilmayman. Biroq, er-xotin san-manga borib qolsa, hatto shunaqangi arzimas ikir-chikirdar ham ularning turmushini zaharlab, oraga sovuqchilik solarkan. Chunki, bir-biriga koʻngil qoʻygan er-xotinlar bir-birining odatiga koʻnikadi. Toʻgʻri, ba’zan ular ham boshida anchagacha chiqisholmay yuradi. Lekin, toʻgʻri tushuning, men zinhor-bazinhor bir-birining odatlariga gʻashi kelmagan eru xotinlar ahil yashaydi, aksincha, ertayu kech it-mushuk boʻlganlar bir-birini yomon koʻradi, demoqchi emasman, aslo, biroq endi boʻlsa, har holda xotiningizning koʻngli uchungina yaxshi gap bilan tasalli bersangiz ajoyib ish boʻlardi-da, deya armon qilaman.

Oqibat Siz meni hech ayamay toʻgʻridan-toʻgʻri doʻpposlaydigan boʻldingiz. Siz bunchalikka bormasligingiz kerak edi, chunki mening aybim bor-yoʻgʻi xolimni oʻynashim edi, xolos, shunga odamni qiynash yaxshimi? Men koʻpincha bekordan-bekorga kaltaklanganimga chidayolmay yigʻlardim, biroq Sizdan astoydil ranjimasdim va «hech boʻlmasa oʻzing ayt, seni bu odatdan xalos etish uchun nima qilay?» deb kuyib-pishgan paytingiz bekorga xunob boʻlmayotganingizni tushunardim.

Meni qon qaqshatganingizni bitta-yarimtaga aytsam bormi, aminmanki, «eringiz buncha zolim!» deb qahri kelardi. Lekin, baribir bahonalar qancha arzimas boʻlgani bilan toki oʻzga iloj yoʻq ekan, xoʻrlikdan koʻra kaltakka chidash osonroq edi. Bir kuni: «Men bu odatimni tashlolmayman, shekilli, yaxshisi qoʻlimni bogʻlab qoʻying», - dedim-da xuddi ibodat qilayotgandek qaftlarimni qovushtirib, qoʻllarimni uzatdim. Shu bilan butun inon-ixtiyorimni Sizga topshirgan edim.

Siz mulzam boʻldingiz, boʻzarib-gezarib barmogʻimni yechdingizda, qoʻlimni bogʻlab qoʻydingiz.

Hoʻrpaygan sochlarimni bogʻlangan qoʻllarim bilan tuzatishga urinayotganimni quzatib turganingizda, koʻzlaringizga qanchalar ilinj bilan termulganimni tasavvur ham qila olmaysiz. Oʻshanda nahot endi odatimdan qutulsam deya oʻylagan va shu zahoti oh, qaniydi, bitta-yarimta xolimni silab qoʻysa, degan istakdan kapalagim uchgandi.

Odam qilolmasligingizga koʻzingiz yetdi shekilli, mendan koʻnglingiz sovub ketdi. Siz bilganini qilaversin, degandek, oʻz holimga tashlab, boshqa koyimay qoʻydingiz. Xolimni oʻynayotganimda esa koʻrib-koʻrmaslikka oldingiz.

Ajabo, shuncha koyishlar-u, kaltaklashlar ta’sir-foyda bermagan odat birdan qolib ketsa! Majbur qilishgani uchun emas, balki qandaydir osongina, oʻz-oʻzidan...

Kunlardan bir kun, goʻyo birdan eslab qolgandek, sizga:
- Keyingi paytlarda xolimga teginmay qoʻydim, - dedim.
- Ha-ya, - dedingiz beparvogina.

Men oʻshanda hamonki bu narsa Sizga shunchalik ahamiyatsiz boʻlgan ekan, nega ilgari bunchalar koyir edingiz deb ta’na qilmoqchi boʻlgandim. Va agar shunday deganimda, aminmanki, Siz, bu odatdan qutulish shunchalar oson ekan, nega ilgariroq tashlamading, deb javob qaytarar edingiz. Ming afsus, bu gaplar aytilmay ichimizda qolib ketdi.

Sizning yuzingizda xolingni ertayu-kech oʻynamaysanmi, menga nima, degan ifoda aniq-oshkor aks etadigan boʻlib qolgach, u toʻsatdan meni qiziqtirmay qoʻydi. Rost, shundan soʻng sizning oldingizda joʻrtaga oʻynashga urinib koʻrgandim, biroq ajabo hech ham qoʻlim bormagan edi:

Koʻnglim biram gʻash boʻldi, biram alam qildi...

Shunda xolimni sizga bildirmasdan oʻynamoqchi boʻldim, ajabo: qoʻlim hamon oʻzimga boʻysunmasdi.

Men boshimni quyi solib, alamimdan lablarimni tishladim. «Xoʻsh, qani, ayt-chi, xolingni nima qilmoqchi boʻlyapsan?» deyishingizga shunchalar ilhaq edimki, oʻshanda asti qoʻyavering. Biroq, oʻsha-oʻsha ikkovimiz biron marta ham uni eslab, tilga olmadik.

Shunga qoʻshilib koʻpdan-koʻp xotiralarimiz unutilib ketgan boʻlsa kerak.

Essizgina, shu odatimni Siz dashnom bergan paytlarimda tashlab yuboraqolsam boʻlmasmidi. Men chindan ham, rasvo xotin ekanman.

Endi ota-onamning uyida oʻtiribman. Ittifoqo, birga choʻmilayotgan paytimizda onam toʻsatdan:
-Oʻzingga qaramay qoʻyibsan, Sayoko! - deb qoldilar. - Yosh oʻtgan sari shu ekanda!

Men ajablanib onamga qaradim. Onam avvalgidek durkun va badani oppoq edi.
- Xolingdan sovub ketgan boʻlsang kerak?

Onamga shu dardisar xol tufayli boshimga ne kunlar tushmadi, deb hasrat qilgim keldi-yu, biroq uning oʻrniga:
- Vrach ogʻritmasdan xolni kesib tashlarmikin-a? - dedim.
- Nahotki, demak, vrachning qoʻlidan kelarkan-da... Lekin chandiq qolmas ekanmi?, - deya koʻngil uchun azmoyish qildi onam. - Biz esa, esimda, koʻpincha Sayoko erga tegishga tegdiyu, lekin haliyam xolini oʻynayotgan boʻlsa kerak, deb oʻtirardik.
- Oʻynardim.
- Biz ham shunday deb oʻylardik!
- Bu yaramas odat edi. Aytingchi, odamga qachon xol chiqadi?
- Darvoqe, qachondan boshlab chiqadi? Chaqaloqlarning xoliga koʻzim tushmagan.
- Ana xolos. Lekin nima boʻlganda ham yil sayin koʻpayib boradi. Sening xoling esa juda antiqa xol. Kattaligini qoʻyaver, u jimittak bolaligingdan chiqqan edi. - Onam mening boʻynimga qarab turib kulib yubordi.

Men esa, oʻsha daqiqalarda oʻzimcha: Bolaligimda xolim nuqtadek, onam-opam, ukalarim vaqtlarini chogʻ qilish uchun uni doim oʻynashgan boʻlsalar kerak, deya oʻylagan edim. Shundan boshlab xol oʻynashga oʻrganib qolganmikinman?..

Ota-onamning uyida yashayotganimda har kuni oʻringa yotishim bilanoq yana xolimni oʻynay boshladim. Kim biladi bolaligim, qizlik davrimni qoʻmsaganimdandir, bu.

Unga necha yil qoʻl tekkizmadim-a!

Yonimda Siz yoʻqsiz. Men tortinmasdan uni chimchilab, oʻynashim mumkin. Ammo, sira koʻnglimga sigʻmayapti. Xolimga tegishim bilan durday koʻzlarimga muzdek yosh qoʻyiladi.

Qizlik xotiralarim haqida xayol surarman, degandim. Yodimga Siz tushdingiz.

Vaqti kelib Siz baribir talogʻini beradigan noshud xotin, badfe’l ayol koʻrpaga burkanib, xolini oʻynagancha yolgʻiz Siz haqingizda xayol sursa, juda gʻalati tuyilarkan, shunday emasmi? Bunday boʻladi deb oʻzim ham oʻylamagandim.

Koʻ zyoshlaridan hoʻl boʻlgan yostiqni oʻgirib uxlab qolar va hatto xol haqida tush koʻrardim. Goʻyo Siz, men va yana bir notanish ayol allaqanday - xonada uygʻongach qaerda ekanini eslolmadim - oʻtirgan emishmiz! Men sake ichib, sarxush boʻlib qolibman, shekilli, Sizdan bir nima haqida yolvorib soʻrarmishman.

Daf’atan, dardisar odatim xuruj qilib, tirsagim bilan yuz-koʻzim aralash koʻkragimni toʻsgancha chap qoʻlimni oʻng yelkam sari uzatibman. Xolimni ushlaganimni bilaman, kutilmaganda u ogʻriqsiz, boshqasiz uzilib chiqibdi. Barmoqlarim bilan ezgʻilayturib, xolni sinchiklab koʻzdan kechirdim. U qaynatilgan qora loviyaning poʻstlogʻiga oʻxshardi. Men hol-joningizga qoʻymay uni burningiz yonidagi hol ustiga yopishtirishingizni talab qilarmishman.

Keyin oʻzim yopishtiraman deb, Sizning yengingizdan ushlab tortibman va qon-qon yigʻlab koʻksingizga bosh qoʻyibman...

Koʻzimni ochganimda yostiq oʻngimda ham duv-duv oqayotgan koʻz yoshlarimdan jiqqa xoʻl boʻlgan edi.

Mening butun vujudim qaqshardi, biroq yelkamdan togʻ qulagan kabi oʻzimni xotirjam sezardim.

Balki, chindan ham endi xoldan qutilgandirman, deb oʻyladim ogʻzim-qulogʻimga yetib. Shunga qaramasdan yurak yutib, ushlab koʻrishga botinolmadim.

Sizga aytib bermoqchi boʻlganlarim mana shular. Hozir ham oʻsha qora loviyaning poʻstlogʻiga oʻxshash xolga sira gʻashim kelmasdi. Doimo koʻrib turgan boʻlsam ham, biror marta u haqda ogʻiz ochmagan edi.

Agar mayizdek xolimni moshdek xolingiz ustiga qoʻysangiz va u oʻsa boshlasa, xoʻp ajoyib boʻlarmidi.

Agar men koʻrgan tushni koʻrish Sizga ham nasib etganda bormi, boshim koʻkka yetardi.

Tushim haqida hikoya qilaman, deb ba’zi narsalarni unutibman.

Oʻrnimga yotgach, xolimni oʻynay boshlasam Siz:
- Sen shunchalik merov, shoʻrpeshonaga oʻxshaysanki... - deb gap boshlardingiz.

Azbaroyi meni yaxshi qoʻrganidan shunday deyapti, deb oʻylaganimdan ich-etimga sigʻmasdim. Chin soʻzim, shunday deb oʻylardim. Uyat boʻlsa ham ochigʻini aytishim shart, halovatimni yoʻqotganim, xuddi aynan xolni oʻynash odatida namoyon boʻlardi, shekilli. Oʻzimni oqlash uchun bolaligimda ovutaman deb onam va opalarimning bunga oʻrgatib qoʻyishgani bahona boʻla oladi, xolos.
- Ilgari xolimni oʻynasam, toza urishardingiz, - deya gina qildim bir kuni onamga.
- Shunaqaydi... yaqinginada edi.
- Meni nega urishardingiz?
- Nega deysanmi? Chunki u yaramas odat edi.
- Nimasi yoqmasdi Sizga?
- Kim biladi... - onam xayolsurgancha boshini quyi soldi. - Balki, odobsizlik boʻlib tuyilgandir.
- Balki shunday hamdir... Ammo nimasi uyat, men merovga oʻxshab koʻrinarmidim, yoki... oʻjar, oʻziga bino qoʻygan ayolgami?
- Men bunday deb oʻylamasdim. Uni bunchalik berilib oʻynamasang yaxshiroq boʻlardi, xolos.
- Shu yomon taassurot qoldirarmidi?
- Ha, sen xuddi kattalardek astoydil oʻynayotganga oʻxsharding.
- Oyi, siz bolaligimda opalarim bilan meni ovutish uchun xolimga tegmasmidingiz?
- Tegardik, shekilli. Men xolimni xomushgina oʻynagan ekanman, onam bilan opalarim balki bolaligimda suyub erkalaganliklarini eslashga uringanimdandir?! Qadrdonlarimni oʻylayotganimni xolimga teginganday faraz qilish mumkin emas.

Sizga yana mana shularni aytmoqchi edim. Eh, mening odatimni bunchalar yoqtirmas edingiz-a?

Siz bilan yonma-yon turib, xolimni oʻynayotgan chokda kim haqida oʻylagan boʻlishim mumkin. Siz nima deysiz?

Mening gʻalati xulq-atvorim, u shunday jahlingizni chiqarardiki! - Sizga aytishga botinolmagan sevgim ifodasidir balki, - deya oʻylaganim oʻylagan.

Xolni oʻynash odati arzimagan narsa. Uning uchun odam oʻzini oʻlib-qutilib oqlashi shart emas. Ammo, «yaramas xotiningiz»ning boshqa koʻpgina qilmishlari ham Sizni yaxshi koʻrishidan kelib chiqqan edi. Shunga qaramay Siz har gal menga oʻrinsiz ta’na qilardingiz. Oxir-oqibat mana shular uchun oʻzimni joʻrttaga yaramas xotinlardek tuta boshlagan boʻlsam kerak.

Oʻlgudek qaysar, tutgan yeridan kesadigan xotin ekanimni oʻzim ham bilaman. Nima qilay, nohaq tortgan alamlarni oʻylasam, oʻzimni tutolmay qolaman. Ammo, shunga qaramasdan Siz meni tushunishingizni juda-juda xohlardim.