OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifYasusi Inoue
Asar nomiJilvagar toʻticha (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Yapon adabiyoti
Boʻlimlar
   - Realizm
Mualliflar
   - Yasusi Inoue
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDildora Alieva (Rus tilidan)
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2012, 7-son


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Jilvagar toʻticha (hikoya)
Yasusi Inoue

Bogʻim choqqina boʻlsa-da, kuz kelishi bilan bu yerga har xil qushlar uchib kelishadi. Shu yaqin atrofda otchoparga tutash bogʻ ham bor, qushlar ana oʻsha yerda toʻplanishadi va goh u ranglisi boʻladimi, goh bu ranglisimi, yoʻl- yoʻlakay mening bogʻimga uchib kelaverishadi. Ba’zi qushlar ehtimol oʻsha bogʻning oʻzida yashashar va koʻngillarini xushlash uchun mening bogʻimga tash- rif buyurishardi. Ular nafaqat mening bogʻimda boʻlishardi, balki qoʻshni hovlilarga ham kelib turishardi. Qaerda loaqal bir tutam yashil maysami, bir-ikkita daraxtmi boʻlsa boʻlgani, oʻsha yerda qushlar hoziru nozir edi. Biz istiqomat qilayotgan dahaning ajoyibligi ham shunda — Setaga tumaniga qarashli boʻlgan bu oʻrtacha daromadga ega dahaning boshqa hech bir e’tiborga arzirli joyi yoʻq, desam yolgʻon boʻlmas.

Shu yil bahorda bogʻimdagi chugʻurchuq uyalaridan birini chittak egallab oldi va bu yerda oʻz palaponlari bilan naq kuzgacha yashadi. Uch juft musi- cha-kidzibato tevarak-atrofda tinmay aylanib uchib yurardi — ehtimol, ular mening yo boʻlmasa hamsoyamning daraxtiga in qoʻyishgandir. Ba’zan yigirmata-oʻttizta ulkan chugʻurchiqlar toʻdasi uchib kelardi: ular maysalar ustiga bemalol joylashib olardi-da, oz-moz choʻqigandek boʻlardi va yana shu zahoti qiy-chuv koʻtargancha koʻzdan gʻoyib boʻlardi. Bu yerga hatto kaptarlar ham uchib kelardi, mana bu ikkita juftga bir qarang, ular goʻyo oʻtloqni so- tib olgandek hech nimaga parvo qilmay, joylaridan jilmay oʻtiraverardi. Ularni kuzatib yurgan katta oʻgʻlim, bunday holatda qushlar mudrayotgan boʻladi, deb qoldi.

Chumchuqlar, hakkalar va chugʻurchiqlar gala-gala boʻlib uchib kelardi- da, butun yaylovga yoyilib tarqalib, birgalikda chuvalchanglarga hujum boshlardilar. Qizining aytishicha hakkalar serjahl va yovuz boʻlarmish, ular ba’zan chumchuq va chugʻurchiqlar oldiga pusib kelib, ularga tashlanib qolarmish. Ehtimol, hakkalarning koʻzlari oʻtkirdir, boshqa qushlar qaerda qorin toʻygʻizishlarini ular aniq-tiniq koʻrib turarlar.

Shu yilning kuzi — oktyabr oyining boshlarida ayvondagi oʻz xizmat xonamda choy ichib oʻtirardim. Birdan bogʻimda nimadir roʻy berdi…

Buni qarang! Yigirmatacha chumchuq orasida mutlaqo ularga oʻxshamaydigan qandaydir yashil qushchaga koʻzim tushib qolsa boʻladimi. Bu jilvagar toʻtichaning xuddi oʻzginasi edi. Bilishimcha, bunday toʻtichaning yovvoyisi boʻlmasdi, demak, qushcha kimningdir uyida yashagan va u yerdan uchib ketgan.

Men boqqa tushdim. Chumchuqlar galasi birdan pir etib uchib ketdi. Toʻticha bir oz ulgurmay qoldi, lekin xiyla besoʻnaqaylik bilan boʻlsa-da, baribir parvoz qildi va hamma qushlar koʻchaning narigi yuzidagi serdaraxt boshqa boqqa berkinishdi.

Oʻsha kuni xuddi shu chumchuqlar galasi yana uchib keldi. Bu aynan oʻsha toʻdaning oʻzi — chunki anavi sabzarang qushcha ham ular orasida edi. Biroq bu safar men boqqa tushib oʻtirmadim. Ha, chindan ham, bu qushcha chumchuqlarga oʻxshamasdi. Uning rangi ham, koʻrinishi ham butunlay boʻlakcha edi. Shunda chumchuqlar nimadandir choʻchidi va gur etib uchib ketdi. Ketidan toʻticha ham parvoz qildi. Faqat qushcha chumchuqlar kabi mohir parvozchi emasdi. Chunki u boʻshangqirab va besoʻnaqay harakat qilardi. Shunday boʻlsa-da, baribir u gala izidan qolmay, qoʻshni uyning tomida ularga yetib olardi va hammalari birgalikda kunbotar tomonga yoʻl olishardi. Oʻshanda xotinimga:
— Chumchuqlar anavi tomning tepasida toʻticha kelguncha kutib turishdi. Sabzarang qushcha ularga yetib olgandan keyin hammalari birgalikda parvoz qilishdi, — dedim men.
— Siz shunday deb oʻylaysizmi? — dedi xotinim.
— Boʻlmasam-chi. Ular, garchi chumchuq boʻlsa-da, qismatini qushlar galasi bilan bogʻlaganni hech qachon tashlab ketmaydilar. Ana shu sadoqat ularni odamlardan ajratib turadi. Chumchuqlar — beozor jonivor, jilvagar toʻticha ham ulardan qolishmaydi. Toʻgʻri, uning patlari sal boshqacharoq, xoʻsh, boshqacha boʻlsa nima boʻpti? Bu pat deganlari faqat mana shu oʻtkinchi hayotdagina asqotadi, xolos, hayot esa juda qisqa. Mayli, endi u qolgan umrini biz chumchuqlar bilan baham koʻraversin desalar kerak-da, — dedim men.

Oʻsha kuni oqshom uyda uchta mehmonimiz bor edi. Kechki ovqat payti men oʻsha jilvagar toʻticha haqida ularga soʻzlab berdim. Soʻnggi paytlar odamlar orasida qabihliklar avj olib boryapti, bironta yoqimli gap quloqqa chalinmay qoldi, lekin qushlar dunyosida ahvol boshqacha, u yerda koʻnglingga taskin beradigan voqealar sodir boʻlyapti: toʻticha chumchuqlar galasiga koʻnikib ketdi,endi u oʻsha olam qonunlari bilan yashaydi. Toʻtichamiz — ajoyib, uni jon-jon deb oʻz bagʻriga olgan chumchuqlar undan ham ajoyib.

Mehmonlarimiz ortiqcha ehtirosga berilmay: «Yoʻgʻ-e! Nahotki! Boʻlishi mumkin emas! Bu axir juda qiziq-ku!» — deya sal ajabsindilar. Hikoyam mehmonlarni unchalik qoyil qoldirmaganiga amin boʻldim, toʻgʻrisi bunday boʻladi deb sira kutmovdim.
— Koʻrganlaringiz balki siz oʻylagandan sal boshqacharoqdir. Nima boʻlganda ham toʻti toʻti-da, u aslo chumchuq boʻlolmaydi, chumchuq oʻz oti bilan chumchuq, ular hech qachon birga yashamaydi. Ehtimol, allaqachon bir-birini unutib ham yuborgandir va hozir boshqa-boshqa joylarda istiqomat qilishar, — dedi mehmonlardan biri. Ulardan rosa xafa boʻldim. Sadqayi odam ketinglar-e! — demoqchi boʻldim-u, tilimni zoʻrgʻa tiydim.

* * *

Oradan taxminan yarim oycha vaqt oʻtdi, men sayr qilgani boqqa kirdim va chumchuqlar galasi ichida yurgan yana oʻsha jilvagar toʻtichaga koʻzim tushdi. Men otchopardagi oʻrindiqlardan birida oʻtirardim. Lekin u yerga poyga uchun bormagandim. Poyga vaqtida iloji boricha bu yerlardan oʻzimni uzoqroqda tutishga harakat qilardim, biroq oʻsha kuni bironta ot poygaga chiqmagandi,

oʻrindiqlar boʻshab yotar, men kuz oftobiga oʻzimni solib, ermakka gazeta mutolaa qilgani u yerga borgandim. Birdan:
— Voy, anavi jilvagar toʻtichani qarang! — degan soʻzlar qulogʻimga chalin- di. Bu mendan oʻn besh qadamcha narida ish toʻqib oʻtirgan oʻttiz yoshlardagi ayolning hayajonli ovozi edi. Chindan ham oʻrindiq zinapoyasini chumchuqlar galasi egallab olgan, anavi sabzarang yolgʻiz toʻticha ham ularning orasida uymalashib yurardi.
— Bu rostdan ham toʻticha-ku, — shunga oʻxshash yana bir tovush qulogʻimga chalindi. Ovoz egasi yuqori qatordan tushib keldi. Bu egniga shim va sviter kiyib olgan elliklar atrofidagi erkak boʻlib, negadir u koʻzimga issiq koʻrindi. Aftidan, bogʻda sayr qilishga ishqivozlardan boʻlsa kerak. Doim oʻzi bilan moʻ‘jazgina radiopriyomnik olib yurardi. Ayol, erkak va men — hammamiz bir-birimizga yaqin keldik va chumchuqlarni birgalikda kuzata boshladik.
— Bir oy avval bu toʻtichani oʻzimizning bogʻda koʻrgandim, — dedim men.
— Oʻshanda ham toʻticha chumchuqlar orasida edi.
— Yoʻgʻ-e! Nahotki? — Erkak qiziqib qoldi-da, galaga yana ham diqqat bilan razm sola boshladi. Ayol esa:
— Qani endi uni ushlashning iloji boʻlsa. Zap noyob qush ekanmi? — dedi suq bilan.

Shunda chumchuqlar birdan pir etib uchib ketishdi, toʻticha boyoqish esa har doimgidek havoga arang koʻtarildi va gala izidan qanot qoqib ketdi.
— Bu qushlar judayam ziyrak jonivor-da, — dedim men ayoldan jahlim chiqib.

* * *

Oʻshandan buyon sayrga chiqqanimdagina emas, boshqa paytda ham chumchuqlar galasiga koʻzim tushsa boʻlgani, har safar toʻtichani koʻrib qolish ilinjida toʻxtardim. Biroq jilvagar toʻtichani koʻrish menga boshqa nasib etmadi.

Uydaligimda ham boqqa chumchuqlar uchib kelishsa, oʻtirgan joyimdan sakrab turardim-da, uni izlay boshlardim, lekin afsus…

Qish ham eshik qoqmoqda, toʻticha ham asta-sekin esimdan chiqa boshladi. Faqat ahyon-ahyondagina bir esimga tushib qolganida, chumchuqlar orasida uning ahvoli ne kechdi ekan, deb koʻnglimdan oʻtkazib qoʻyardim, xolos. Bu menga nimasi bilandir axloqsiz qizi uydan qochib ketgan shoʻrlik otani eslatib yuborardi.

Noyabr oyining quyoshli kunlaridan birida, men bogʻ yopilishidan sal oldin, aniqrogʻi, soat toʻrt boʻlmasdan u yerga yetib bordim. Modomiki, sayr qilishdan mosuvo ekanman, jilla qursa odatga aylanib ulgurgan kundalik vazifamni bajarishga kirishib, bogʻdan shosha-pisha ketib borardim. Oʻrmondagi yalangʻoch qolgan poyalar orasidan botayotgan qizgʻish quyosh yalt etib koʻzga tashlanardi.

Daraxtzordan chiqayotib, moʻ‘jazgina radiopriyomnik koʻtarib olgan erkakka urilib ketdim. Bu oʻsha, otchopardagi oʻrindiqda bir-ikki ogʻiz suhbatlashishga toʻgʻri kelgan haligi erkak edi.
— Anavi jilvagar toʻtichani yana koʻrib qoldim, — dedi u. Yanglishmasam, unga mana shu yoʻlakda koʻzim tushdi. Chumchuqlar bu safar avvalgidan ham koʻproq edi. Sanasangiz, bemalol oʻttiztacha chiqardi. Ular orasidagi anavi sabzarang qush, toʻdadagilar qanday boʻlsa, oʻshalarga tortib ketgandi. Koʻrib koʻzlarimga ishonmadim. Bilasizmi, menimcha, u oʻzining toʻti ekanini ham unutib qoʻygan. Chamamda, u oʻzini chumchuq deb oʻylaydi. — Nahotki? — Men nima deyishni ham bilmay qoldim. Biz yonma-yon borardik. Bogʻ yopilay deb qolgandi.
— Har holda, oʻzining chumchuqlardan farq qilishini bilsa kerak?
— Yoʻgʻ-e, menimcha, u buni bilmaydi. Lekin chumchuqlar orasida qandaydir bitta rang-barang boshqacharogʻi yurganini, uning ham oʻzlari kabi qush to- ifasidan ekanini koʻrayotgan boʻlishsa, ehtimol, keyin…
— Chumchuqlar-ku bilishar, biroq toʻticha…
— Menimcha, bu sabzarang qushcha oʻzining boshqalarga oʻxshamasligini fahmlaganida edi, chumchuqlar bilan qolib ketmagan boʻlardi. Buni anglashga toʻti ojizlik qilyapti. Hamma balo mana shunda.

Shunda erkak birdan kulib yubordi, yuzidagi ajinlar ikki baravar koʻpaydi.
— Hasrat daftarimni ochganim uchun meni ma’zur tuting, biroq gap shundaki, mening ham qismatim toʻtinikidan qolishmaydi. Men ham boshqalarga oʻxshamasligimni fahmlashga ojizlik qilib, bir umr chumchuqlar orasida yashab keldim. Bu yil yoshim bir joyga borganda ishdan ketdim. Nasib etsa, kelasi bahor yangi ishga joylashmoqchiman, avvalgi ishimda toʻtidan farqim qolmagandi.
— …
— Men savdo-sotiq ishini eplolmayman, bunga uquvim yoʻq, lekin ahmoqligimga borib, savdo ishlari bilan shugʻullanuvchi bir shirkatga ishga joylashib qoʻydim-da, sinov muddatini oʻtagunimcha tishimni tishimga qoʻyib ishladim. Mana buni, men sizga aytsam, haqiqiy fojia desa boʻladi. Toʻgʻri, men halol ter toʻkib ishladim, shirkat ham mendan domangir boʻlmadi va sinov muddati tugaguncha meni ushlab turdi. Xuddi chumchuqlar galasiga oʻxshab.

Bogʻdan chiqishimiz bilan ketimizdan darvozaning panjarasimon temir tavaqasiga qulf urildi. Biz yana besh daqiqacha suhbatlashib, soʻng xayrlashdik.

* * *

Otchopardagi oʻrindiqda oʻtirib olib, ish toʻqish bilan mashgʻul boʻlgan ayolni oʻshandan keyin dekabr oyidagina uchratib qoldim. Bogʻdan chiqayotib, darvoza oldida unga urilib ketishimga sal qoldi.
— O… — Biz bir-birimiz bilan bosh egib salomlashdik, u meni darrov tanimadi, lekin bir oz oʻtgach:
— Voy, siz bilan, aftidan…

Oʻshanda menga injiq bola boʻlib tuyulgan ayol bu gal koʻzimga biram mu- loyim va suluv koʻrinib ketdi.
— Nima, siz shu yaqin-atrofda yashaysizmi?
— Bu yerdan oʻn daqiqalik yoʻl, xolos. Hozir erim yugurish bilan shugʻullanyapti, men uni olib ketgani keldim. — Darhaqiqat, koʻchaning narigi betida yengil mashina turardi.
— Oʻshandan keyin jilvagar toʻtichaga boshqa koʻzingiz tushmadimi? — soʻradim undan. Bunga astoydil qiziqayotgan edim.
— Yoʻq, boshqa koʻrmadim.
— Esingizda boʻlsa, tribunada yana bir odam bor edi. Oʻsha kishini yaqinda uchratib qolgandim, u oʻsha toʻtichani bogʻda yana koʻrganini aytdi.
— Yoʻgʻ-ey? Unda toʻtichaning ahvoli qanday ekan? Oʻziyam biram yoqimtoy, biram farosatli qush ediki. Chumchuqlar orasida qiynalib qolgan boʻlsa kerak, boyoqish. Qanday chidab yashayotgan ekan?
— Bechora oʻzining jilvagar toʻticha ekanidan ham bexabar. Oʻzini chumchuq deb oʻylasa kerak. Toʻgʻrisi, bu mendan chiqqan fikr emas… — dedim men.
—Ha. Bu kimning xayoliga kelibdi deysiz, — ajablanib javob berdi ayol. — Bilasizmi, oʻsha toʻticha haqida erimga gapirib bergandim, u: «Oʻsha toʻticha deganing men boʻlaman» ,— desa boʻladimi. — Ayol asta yelka uchirib qoʻydi-da, kulib yubordi. — U: «Oʻzim jilvagar toʻti boʻlsam-da, chumchuqlar orasida yashayman, nima qilay, chidayman, iloj qancha», — dedi.
— …
— Erim rassom.
— …
— Erim hamkasaba-rassomlarni chumchuqlar galasiga oʻxshatadi va ularning orasida toʻtichaning kosasi hech qachon oqarmaydi, deb hisoblaydi.
— …
— Aytganday, kelgusi bahor Gindzdagi K. galereyasida uning shaxsiy koʻrgazmasi boʻladi.
— Endi bunisiga nima deysiz? Shundan keyin ham uni toʻti deyishda davom etaverasizmi?

Shu yerda ayol birdan shoshib qoldi-da:
— Voy, ana mening toʻticham ham kelib qoldi. Uzr, endi men boray, koʻrishguncha. — Ayol xayrlashdi-da, koʻchaning narigi betiga, mashina turgan tomonga qarab yurib ketdi. Uzoqdan sport maykasidagi boʻydor sportchi yigit koʻrindi. U xazonlar yer bilan bitta boʻlib toʻkilib yotgan xiyobon boʻylab chopib kelardi. Olisdan kelayotgan odamning asli-nasli qanaqaligini bilmadim-u, lekin u yosh va tetik koʻrinardi.

* * *

Yaqinda yonimga oʻrta yoshlardagi koʻrinishi tajang bir ayol keldi.
— Men rezavorfurushning doʻkonida eshitib qoldim, — dedi ayol, — odamlar bogʻingizda chumchuqlar orasida yurgan jilvagar toʻtichani koʻrishgan ekan, balki oʻsha mening toʻtichamdir? Chunki meniki ham xuddi shunaqa rang-barang edi.

Ayol, toʻtichani yana koʻrib qolsak, unga qoʻngʻiroq qilishimizni oʻtindi.Toʻtiqush oddiy toʻtiqushlardan emasligini, u chet eldan keltirilganini va juda qimmatbaho turishini zoʻr berib tushuntirdi.
— Uni, albatta, tutish kerak. Bilasizmi-yoʻqmi, Yaponiyada bunday qushlar juda kamyob…
— Toʻgʻri, bir paytlar bogʻimga sabzarang toʻticha uchib kelgandi, lekin bunga juda koʻp boʻldi. Oʻshandan beri u boshqa koʻrinmadi, balki bundan keyin ham koʻrinmas, — dedim men.
— Har holda yana bilib boʻladimi, mabodo koʻrinib qolsa, iltimos, menga sim qoqib yuborsangiz. U boyoqishni axir chumchuqlar oʻgʻirlab ketishgan, endi qoʻyib yuborishmayapti!
— …
— Uni tutmasa boʻlmaydi, — dedi takrorlab ayol.

Unchalik ham koʻngilga oʻtirishmaydigan bu mehmon ketgandan soʻng oʻzimning ish xonamga qaytdim-da, cheka boshladim va boqqa chiqdim.

Kuzning soʻnggi yaproqlari sochilib yotgan maysalarni bosib odimlab yurarkanman, toʻtichaning behudaga kuyib-pishayotgan sobiq egasi toʻgʻrisida oʻyladim. Yoʻq, toʻticha endi chumchuqlar bilan parvoz qilaversin. Uni tutishning hojati yoʻq.

Bu qanaqa qush oʻzi, anavi keksa erkakning gapiga ishonaymi, yo rassom aytganigami, toʻgʻrisi, hech aqlim yetmay qoldi, lekin shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, qafasdagi hayotidan koʻra qushcha hozir chumchuqlar bilan ozod va baxtiyor. «Chumchuqlar uni qoʻyib yuborishmayotganmish — gapning tuturuqsizligini qarang!» — dedim ovoz chiqarib. Uni mehribonlik bilan bagʻriga olgan qushlarni nahotki oʻgʻri deb boʻlsa, aksincha, ular toʻtichaning gʻamxoʻr-himoyachilari. Rostdan ham toʻticha balki chet eldan olib kelingandir, biroq endi u allaqachon yapon qushchasiga aylanib boʻlgan va bir oz yovvoyilashgan ham, hozir toʻticha ularning eng e’zozli mehmoni boʻlib chumchuqlar bilan ahil-inoq yashayapti.