OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifYoqub Umar oʻgʻli
Asar nomiOʻn dollar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Yoqub Umar oʻgʻli
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonBoboxon Muhammad Sharif (turk tilidan)
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻn dollar (hikoya)
Yoqub Umar oʻgʻli

Tez-tez xorijga chiqib, yurt koʻrgan har qanday kishi kabi, Qodir ham bojxonada ishlagan odamlarning fe’li-xoʻyi va xatti-harakatlaridan oʻsha mamlakat haqida haqiqatga yaqin xulosa chiqara olardi. Bojxona xizmatchisining qovogʻi soliq, nazari muzday sovuq, bezovta boʻlsa, bu: “Oyogʻingni oʻylab bos va hushyor boʻl! Bu mamlakatda shoshirtirib qoʻyadigan turli-tuman qiyinchiliklarga duch kelishing mumkin”, – degani edi. Xodimlar ochiq yuzli, xushfe’l va xotirjam boʻlsa, bu: qonun-qoidalarga amal qilsang, hech muammoga duch kelmaysan, degan ma’noni bildirardi. Shunday ekan, Qodir ham boshqa tajribali kishilar singari, kelgan yurtidagi vaziyatga, yanada toʻgʻrirogʻi, bu yerdagi bojxona xizmatchilari muomalasiga koʻra, ish koʻrishga harakat qilardi. Bir mamlakatga kirishda qoidalarga muvofiq hurmat koʻrsatgan holda, kiborlarcha xushmuomala boʻlar, boshqasida esa ishini tezroq bitirish payida shoshayotgan, qoʻpol, baqiroq kishilarga oʻxshab ketardi. Maqsad – hujjatlarni tezroq rasmiylashtirib, bojxona eshigining u tomoniga oʻtib olish.

Tong pallasi.

Quyoshning koʻz qamashtiradigan porloq nurlari samolyot derazalaridan kirib, ichkarini toʻldirdi. Samolyot qoʻnish uchun pastlay boshlarkan, quyosh togʻlar ortida qoldi. Samolyot qoʻngach, koʻp oʻtmay togʻlar ortidan quyosh yana jamolini koʻrsatdi.

Qodir xorijga, bu mamlakatga birinchi bor kelishi emasdi. Bojxona qaerda ekanini, bu yerda ishlaydiganlar, mamlakatni yaxshi bilardi. Nima qilish, oʻzini qanday tutish kerakligidan xabardor edi. Dastavval, aeroport bojxonasidan oʻtishi, soʻng tranzit viza bilan boshqa-boshqa ikkita taksiga chiqib, qoʻshni mamlakatga oʻtishi kerak edi. Shu xolos. Juda oddiy. Ammo shunday boʻlsa-da, “Koʻraylik-chi, bu gal nelarga duch kelar ekanman?”– deb oʻylardi.

Aeroport kirishida viza ishlarini rasmiylashtirish tez bitdi. Qoʻshni mamlakat vizasi va u yerda ishlash ruxsatnomasini koʻrgan mazkur mavqeini pisanda qilmoqchidek, pasport varagʻiga muhrni qarsillatib urdi va qoʻpol bir yoʻsinda uzatdi.

Qodir ma’murga bildirmay bir uh tortib qoʻydi. “Shu bojxona deganlari yonib ketmasmikan!” – dedi ichida. Endi bir taksi yollab, ikkinchi bojxonaga borishi kerak.

Qodir avval aeroportdan qoʻshni mamlakat bojxonasiga yaqin bekatga borishi, u yerdan boshqa taksiga oʻtirib, yoʻlida davom etishi kerak edi. Ikkinchi taksida qoʻshni oʻlkaning davlat raqami boʻlishi lozim. Asfalt yoʻl orqali oʻtiladigan barcha bojxonalar yonida har ikki mamlakatga oid avtoulovlar davomi boʻladi. Mabodo, taksining raqami borayotgan mamlakatniki boʻlmasa, yoʻlda duch kelgan yoʻl politsiyachisi toʻxtatib, nazorat bahonasida pora soʻrashi mumkin edi. Qodir uchun gʻoyat mushkul ish edi. Buni u ham oʻzi, ham roʻparasidagi kishiga nisbatan haqorat deb bilar, qiynalar va xijolat boʻlar edi.

Aeroport eshigidan chiqmasidanoq ikki kishi: “Taksi kerakmi?” – deb ergashdi. Qodir ularga hech narsa demay tikildi, erta tongdanoq mashinasiga chiqadigan kishining yuz-koʻzi, qiyofasidan qaysi biriga ishonish mumkinligini bilib olishga urindi. Ikkoviga ham koʻngli chopmadi, olgʻa qadam bosdi. Talabgorlar birdan koʻpaydi. Oralaridan xotirjam, oʻrta yoshdan sal oʻtgan, toʻladan kelgan biriga boshi bilan rozilik ma’nosida ishora qildi.

Taksichi oʻziga ishongan bir tarzda oldidagi ikkita yigitni qoʻllari bilan chetlatib, Qodirning yuklarini oldi.

– Mashina anavi yerda, qani marhamat, – dedi.

– Boshqalar yoʻlovchilar atrofida oʻralashar ekan, ayni chogʻda koʻz qiri bilan Qodirning taksichi bilan savdolashishini kuzatib turishardi. Agar ularning savdosi pishmasa, darhol orqaga qaytib, yoʻlovchini ilib ketishni koʻzlashardi.

– Qayoqqa borasiz, aka?

Bu savdoni oʻz foydasiga hal qilish uchun ishlatiladigan usul edi.

– Xonchayirga, – dedi Qodir.

– Yuzga ketamiz.

– Qirq boʻlar.

– Ammo, aka, hali kecha-ku, kechki narx shuncha boʻladi.

Qodir bir qulochcha koʻtarilgan oftobga qaradi.

– Mabodo, sen uchun yana bir quyosh chiqmasa, allaqachon kunduz boʻldi. Qirq yetadi.

– Boʻpti, aka, ellik, – dedi taksichi.

Qodir mayli degan ma’noda bosh irgʻadi. Mashina Yevropadan xorijga qanday chiqarishgani noma’lum eski “Mersedes” edi.

Horgʻin motor zoʻrgʻa guldiradi.

– Qoʻshni tomongami, aka? – dedi taksichi.

Xonchayir ikki mamlakat orasida yoʻlovchi tashiydigan taksichilar toʻxtaydigan bekat edi. Tajribali taksichi yoʻlning davomini qiynalmay topgan edi.

– Ha, – dedi Qodir.

– Ishonchli ogʻaynilarim bor, aka, ularning mashinasiga oʻtqazib yuboraman.

– Boʻladi, lekin mashinaning raqami ularniki boʻlsin.

Non pulini boshqalardan ilib ketishga muvaffaq boʻlgan bu odam Qodirga yaxshilik qilmoqchimi yoki qoʻshni taksichidan dallollik puli olmoqchimi? Qodir xayoliga kelgan bu savolga javob axtarib ham oʻtirmay, quyosh nuriga choʻmgan qirlarni tomosha qila boshladi.

Ikkita yoʻl nazorati postidan oʻtdilar. Har gal politsiya mashinasini koʻrganida bezovta boʻlgan taksichi oʻz tilida “poraxoʻrlar” deya soʻkinib qoʻyardi.

– Faqat ular poraxoʻrmi? – dedi Qodir kulimsirab.

– Qaydan bilay, aka, bizni oʻrtaganlari uchun shularni bilamiz.

Keyin taksichi bolalari haqida soʻzlay boshladi.

Xonchayirda boshqa taksiga oʻtish tez hal boʻldi. Aeroportda topilgan mashina yangiroq, haydovchisi ham ishonchli odamga oʻxshardi. Qisqagina savdolashuvdan soʻng yuklar bu mashinaga joylashtirildi. Qodir haqini toʻlab, oʻrta yashar shofyor bilan xayrlashdi.

Qoʻshni bojxonaga tez yetib borishdi. Bojxona tinch edi. Shofyor:

– Men mashinaning oʻtish hujjatlarini rasmiylashtiraman, ungacha sen ham ishingni bitir. U tomonda koʻrishamiz, – deb Qodirni tushirdi.

Qodir yangi qurilgan bojxona binosiga kirdi. Pasport nazorati darchasini izladi. Xona boʻm-boʻsh. Ertalab endi ish boshlagan ma’murlar atrofga tetik boqishardi. Qodirning koʻzlari darcha orqasida oʻtirgan yosh ma’murning koʻzlari bilan toʻqnashdi. Qodir pasportini uzatdi.

Ma’mur pasportni tez-tez varaqlab, avvalo, suratli varaqni topdi. Bir suratga, bir Qodir yuziga tikildi. Pasport nazoratidan oʻtishning eng bezdiradigan oni edi bu. Ma’mur shubhali bir tarzda yana suratga va keyin Qodirning yuziga diqqat bilan tikildi. U bu lahzani ataylab uzaytirayotgandek tuyuldi. Surat egasiniki ekaniga ishonch hosil qilgach, mamlakat vizasini topish uchun yana sahifalarni varaqlay boshladi.

Qodir indamay kuzatib turardi.

Ma’mur viza sahifasini topdi. Shoshmay vizani tekshirdi. Oldidagi kompyuter tugmalariga qoʻl uzatarkan:

– Ishlagani kelyapsanmi? – deb soʻradi.

– Ha, – dedi Qodir. – Qurilish shirkatining boshligʻiman.

Qaysi sohada va qanday vazifada ishlashini soʻramasidanoq aytgan edi. Baribir soʻragan boʻlardi.

– Mudirmisan?

– Yoʻq, mudir oʻrinbosariman.

Bu orada u Qodirning ismi sharifini yozayotgan edi.

– Unday boʻlsa yuz dollar ber.

– Yaxshi, lekin barcha hujjatim toʻgʻri-ku, nega yuz dollar berishim kerak?

Qodirning gaplarini eshitmaganday tugmalarni bosib, pasport nomerini yozishda davom etdi.

– Mamlakatimizda necha yildan beri ishlayapsan?

– Toʻrt, – dedi Qodir.

– Tilimizni yaxshi oʻrganib olibsan.

Qodirning ajnabiy ekanligini bilmaganlar toza soʻzlagani uchun uni shu yerlik deb oʻylardilar.

– Til kursida oʻqidingmi?

– Ha, kelgan yilim olti oy til darsi oʻqidim.

Ma’mur bosh koʻtarmasdan:

– Unday boʻlsa, ellik dollar ber, – dedi.

Xuddi, Qodir oʻz tilini yaxshi gapirishidan mamnun boʻlib, narxni arzonlashtirayotgandek edi.

– Yaxshi, lekin, nima uchun berishim kerak, menga yordam qiladigan biron ish yoʻq-ku. Mening barcha hujjatim toʻgʻri boʻlsa.

Yana u beparvolarcha kompyuter tugmalarini bosishda davom etdi.

– Ishlash uchun ruxsatnomang bormi?

– Bor.

– Yoningdami?

– Ha.

Ruxsatnomani koʻzdan kechirgach, uni pasportning yoniga qoʻyib, tortmadan muhrni qidira boshladi. Yana boshini koʻtarmay:

– Mayli, boʻlmasa yigirma besh dollar ber, – dedi.

Qodir kulishini ham, achchiqlanishini ham bilolmadi.

– Nega berishim kerak, ayt shuni.

Ma’mur muhrni topib, oldin boʻyoqqa surkadi, soʻng shiddat bilan pasportga urdi.

Ish ruxsatnomasini pasport orasiga joylashtirarkan:

– Kel, bir choy ichaylik, – dedi.

Taklifni rad etishga vaqt ham qoldirmay, oʻrnidan turgan ma’mur pasport ushlagan qoʻli bilan orqasidan ergashishini ishora qildi.

Dahliz orqasidagi xonada pasportni qaytardi. Suhbatni Qodir oʻz tilini qanchalik yaxshi bilishidan boshladi, soʻng qurilish sohasidagi ishlarga oʻtdi. Choy keldi. Ma’mur choyidan bir xoʻplam yutgach:

– Boʻpti, oʻn dollar ber, – dedi.

Qodir esa hayron boʻldi. Tashvishi bitgan, pasporti choʻntagida. Endi bu oʻn dollar degani nimasi?

– Boʻpti, beraman, lekin nima uchun berishim kerakligini ayt.

Ma’mur Qodirning yuziga tikilib:

– Ey, Qodirbey, sen bermasang, boshqasi bermasa, unda men ishga joylashish uchun bergan pulni kimdan olishim kerak?

Qodir taxtaday qotib qoldi. Eshik tomonga tikilgan koʻyi, hamyonini chiqardi va oʻn dollar uzatdi. Choyini oxirigacha ichmayoq, oyoqqa qalqdi.

Ma’mur eshikka qadar uzatdi. Eski tanishlarday xayrlashdilar.

Oʻzini kutayotgan taksini topdi, yoʻlga tushdilar.

Qodir nazorat postlarida toʻxtatsalar, oʻn dollarni taksichiga toʻlattirish yoʻlini oʻylay boshladi.

«Sharq yulduzi» jurnalining 2010-yil, 5-sonidan olindi.