OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifYoqubjon Xoʻjamberdiyev
Asar nomiSuzoqdan Parijga... ot-aravada!
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Yoqubjon Xoʻjamberdiyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
"Hurriyat" gazetasidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Suzoqdan Parijga... ot-aravada!
Yoqubjon Xoʻjamberdiyev

Jalolobodga,tugʻilib-oʻsgan qishlogʻim Suzoqqa borgan paytimda shunday «mish-mish»ni, ya’ni nimaykan, oʻzimizning Ziyovuddin ot-aravada Parijga borarmish, degan gaplarni eshitganim bor edi.

Koʻp oʻtmay Ziyovuddinning oʻzi savlat toʻkib Toshkentga kirib keldi. Bir guruh oʻrtoqlarimiz uni Rohat koʻli boʻyida kutib olib, ot-aravasiyu oʻzini joylashtirish tadorigini koʻrishdi. Hol-ahvol soʻrashgach, Ziyovuddin aytdi: Safarni Samarqanddan — Goʻri Amirdan boshlamoqchiman. Safar hujjatlarini rasmiylashtirish uchun anchadan buyon sarsonman. Bu orada safarga tayyorlagan 3-4 otni hujjatlar boʻlavermagach, uloqqa qoʻyib yubordim. Hujjatlar tayyor boʻlsa, Xudo xohlasa, yana bir-ikki kundan soʻng safarga chiqamiz...

* * *

Sohibqiron Amir Temurning 660 yilligi butun Turkiston oʻlkasida boʻlganidek, Jalolobod hududida ham keng nishonlandi. Jumladan, bir guruh toshkentlik yozuvchi va shoir, jurnalistlar ham taklif etilgan boʻlib, kamina ham ular orasida edim. Jalolobod viloyat oʻzbek milliy madaniy markazining qaroriga koʻra, asosiy tadbirlar Jalolobod shahrining Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida oʻtkaziladigan boʻldi. Ertalabdanoq shaharning turli taraflaridan, yaqin-atrof qishloqlardan bogʻ tomon gurra-gurra odamlar oqib kela boshladi. Sirasini aytganda, mazkur bogʻda bunday marosimlar koʻplab oʻtkazilgan. Ammo bogʻ bogʻ boʻlib bu darajada koʻp odamni koʻrmagan edi. Bir payt bogʻning qibla tarafidagi darvozasi tomonda karnay-surnay sadolari yangradi. Biroz vaqtdan keyin esa qorabayir ot ustida savlat toʻkib hazrati Amir Temur qiyofasidagi shaxs tantana bilan boqqa kirib keldi. Bu manzarani koʻrib xaloyiq bir qalqib tushdi. Har tomondan olqishlar yangradi. Oʻsha kungi tantanada Amir Temur haqida, uning qilgan ishlari, turkiy xalqlarni birlashtirishda, Turkiston davlatchiligining asoschisi sifatida xizmatlari, u olib borgan qurilishlar, Sohibqironning din rivojiga qoʻshgan hissasi kabi masalalarda koʻp va xoʻp gapirildi. Shoirlar she’rlar oʻqishdi, san’atkorlar kuy, qoʻshiqlar aytishdi. Eng qizigʻi keyin boʻldi. Stsenariydagi kichik bir detal hayotda shunday oʻz aksini topdi-qoʻydi. Yubiley tantanalaridan Suzoq qishlogʻiga kela-kelguncha odamlar «Amir Temur»ni toʻxtatib oʻzlarini qiynayotgan yumushlar xususida arz qilishar, birov oʻqituvchilar bolalarga yaxshi bilim bermayotgani haqida gapirsa, boshqasi oʻzining yer ulushini mahalliy kengash tortib olganidan nolir edi. Shunday qilib, oʻsha kungi tantana Amir Temurning libosi, mingan oti, salaflari, hatto chiroyli kuzalgan soqol-moʻylabi, qaddi-qomati turtki boʻldi-yu, suzoqlik adabiyotchi, juda koʻp oʻzbekistonlik ijodkorlarning doʻsti Ziyovuddin Mamajonov bir kunda nazarga tushdi-qoldi. Aslida Ziyovuddin Mamajonov avval ham qishloqda, viloyatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy voqealarning faol ishtirokchisi edi. Jumladan, viloyatda oʻzbek milliy-madaniy markaz tashkilotchilaridan biri boʻlgan. Odamlarni qiynayotgan xoh ijtimoiy boʻlsin, xoh siyosiy muammolarga aralashar, hokimiyat eshiklarini dadil qoqa boshlardi. Ayniqsa, soʻnggi yillarda oʻtkazilgan turli darajadagi saylovlarda xalqning oʻzi istagan nomzodlar tarafida turib faol ishtirok etdi.
— Qaysidir gazetada Frantsiyadagi muzeylardan birida Amir Temurga bagʻishlab eksponatlar qoʻyilgani, ular orasida Sohibqironning byusti ham borligi haqida oʻqib qoldim, — degan edi suhbatlarimizdan birida Ziyovuddin. — Yana bir manbalarda esa Frantsiyada Oʻsh nomli shahar ham mavjudligini oʻqidim. Ana shu ikki xabar menga tinchlik bermay qoʻydi...

Endi uning butun oʻy-fikri Frantsiyaga safar qilish bilan band boʻlib qoldi. Lekin qanday, nima bilan: uchoqdami, avtomobildami, piyodami? Uchoqda borish uchun katta pul kerak. Bundan tashqari bunday sayohatga har kuni millionlab odamlar borib kelmayaptimi?! Avtomobilda esa davlatlar chegaralaridan oʻtish qiyin kechadi. Buning ustiga tagidagi almisoqdan qolgan «Jiguli» mashinasining uzoqqa borishiga koʻzi yetmaydi. Piyoda safarga chiqish esa... Yoshi ellikka yaqinlashib qolgan odamning shuncha yoʻlni bosib oʻtishi oson emasligini u yaxshi bilardi. Uyqusiz tunlarning birida u «topdim» deb yuborganini oʻzi ham bilmay qoldi. Topdi: Frantsiyaga ot-aravada boradi. Yana bir oʻzi emas, otboqar, oʻgʻli va oʻzi. Shu kundan boshlab maqsadini amalga oshirishga kirishdi. Dastlab, niyatini Jalolobod viloyat oʻzbek milliy-madaniy markaz rahbari, taniqli tadbirkor Qodirjon Botirovga aytdi. Markaz rahbari garchi dastlab ichida bu safarning amalga oshishiga biroz shubhalangan boʻlsa-da, qarshisidagi odamning qat’iyatini koʻrib uning fikrini ma’qulladi. Safar tadorigini koʻrishga rozilik berib, xarajatlarni Qirgʻiziston-Rossiya qoʻshma korxonasi oʻz zimmasiga olishini aytdi.

* * *

Yaqinda Rossiyada chop etiladigan «Mir novostey» gazetasda shunday bir xabarga koʻzim tushdi. Taniqli frantsuz tadqiqotchisi va sayyohi Nikolya Vane oʻzining juda koʻplab ekspeditsiyalarini dunyoning shimol mamlakatlarida oʻtkazgan ekan. Oʻtgan yili u itlar qoʻshilgan chanada Sibirni zabt etibdi. «Sibir Odisseyi» deb nom olgan ushbu safarga shaxsan Frantsiya prezidenti Jak Shirakning oʻzi homiylik qildi, deb yozadi gazeta...

... Suzoqlik sayyoh Ziyovuddin Mamajonovning safariga esa Jalolobod viloyat oʻzbek milliy madaniy markazidan boshqa homiylik qilgan biror tashkilotni bilmaymiz. Hatto Ziyovuddin Mamajonov rahbarligidagi ekspeditsiya yoʻlga chiqqan paytida qancha mablagʻi boʻlgani ham bizga qorongʻu. Ziyovuddin va uning sheriklari Toshkentda katta bir ishlab chiqarish korxonasi hovlisida yashagan edilar. Biz bir guruh hamyurtlar uning oldiga borgan paytimizda Ziyovuddin «aqchasi» tugab qolganini, otga yem olish uchun ham qiynalayotganini aytgan ekan... Boʻlsa bordir. Chunki oʻsha kunlari Ziyovuddin ekspeditsiyasini mablagʻ bilan ta’minlashga vakil boʻlgan Abduvahob Abdullaev Olmaotaga ketgan boʻlib, ekspeditsiyaning Parijga chiqishi uchun hujjatlar toʻgʻrilayotgan edi. Xullas, Parijga joʻnash uchun viza olingunga qadar Ziyovuddin rahbarligidagi ekspeditsiya Toshkentda 20 kunga yaqin turib qoldi. Bu vaqtdan Ziyovuddin unumli foydalanishga harakat qildi. Toshkent atrofida Amir Temur qadami yetgan ziyoratgohlarni tavof etdi. Jumladan, Yangiyoʻldagi Zangi buva mozorini ziyorat qildi. Keyin esa Turkistonga, hazrati Sultonim (Hoja Ahmad Yassaviy) maqbarasini ziyorat qilgani bordi.

* * *

Xalqimizda ibora bor: oldingdan oqqan suvning qadri yoʻq. Ziyovuddinning hayoti, uning gap-soʻzlari, qilgan amaliy ishlari, faoliyati, she’rlari haqida oʻylarkanman, ba’zan xayolimdan yuqoridagi matal oʻtaveradi. Ha, u, Ziyoviddin nainki Jalolobod viloyati, Suzoq ahlining, balki, barcha oʻzimizning oʻzbeklarning, qirgʻizistonlik oʻzbeklarning oldilaridan oqqan ariq edi. Uning biror ishga kirishsa, qat’iyat bilan kirishishi, oxirigacha yetmaguncha tinib-tinchimasligini koʻpchilik yaxshi biladi. Suzoqdan Parijgacha boʻlgan 8 ming kilometrlik masofani ot-aravada bosib oʻtish uchun ham metin iroda, soʻnmas qat’iyat kerak edi.

Ziyovuddin Mamajonov oʻzining Suzoqdan Parijgacha qilgan sayohati davomida kundalik tutmagan yoki tutgan boʻlsa ham bizga noma’lum. Ammo u shoir edi. Bizning qoʻlimizda sayyoh-shoirning safar davomida yozilgan bir turkum she’rlari borki, garchi yuksak badiiy saviyada boʻlmasa-da, ular sayyohning koʻrgan-kechirganlari, taassurotlari, hissiyotlarini har qanday kundalikdan ham yorqinroq ifodalaydi.

Ma’lumki, sayyoh Jaloloboddan Andijonga kelganda, u boshliq ekspeditsiyani andijonliklar katta xursandchilik bilan kutib olishadi. Shaharning «Bogʻi shamol» mavzesida koʻk rangdagi ot-aravani koʻriboq bir zumda odamlar toʻplanadi. Ziyovuddinning maqsadini eshitgach esa aholi — ular orasida shoirlar, olimlar, ziyolilar ham bor edi — sayyohni yaxshilab mehmon qilishga jazm etishadi. Oʻsha kuni ekspeditsiya «Bogʻi shamol»da tunaydi. Ziyovuddin buni shunday tasvirlaydi.

Men oʻtgan oʻshal kun Anjon bogʻida,
Boburni xotirlab hofizlar yondi.
Ming bitta ruh kelib sahar chogʻida
«Temuriysan», — dedi, qalbim uygʻondi.
Sahar kez Andijon tuprogʻin oʻpdim,
Ot soldim, bobomning bosgan izidan.
Bobojon, siz oʻtgan joylardan oʻtdim,
Charchasam, tiladim madad oʻzidan.
* * *

Shu tariqa Jalolobod viloyatining Suzoq qishlogʻidan yoʻlga chiqqan ekspeditsiya Andijon-Namangan-Qamchiq dovoni orqali Toshkent-Samarqand-Buxoro-Xorazm-Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Rossiyaning Astraxan-Voronej shaharlari, Ukraina orqali Belorusga kirib boradi. Brest qal’asida boʻlib oʻtgan mojaro haqida sayyoh she’riy satrlarida shularni yozadi:

Xayr mening qoʻsh qanotim —
samanim ham jayronim,
Bugun seni qoldiryapman
Brestning qal’asida.
Chegarada polyak janob
tushunmadi armonim,
Oʻtkazmadi, qolayapsan
yomon kun pallasida.
Koʻplab yaxshi-yomon kunni
sen bilan oʻtkazgandik,
Goh oʻynashib, goh yigʻlashib
ne kunlarni koʻrmadik.
Yaxshilarga yomon boʻlib,
koʻp ishlarni bitkazgandik,
Maqsadimiz olgʻa yurish, ortga
yoʻlni burmadik.
Yetti mingli chaqirimga
qadamlaring yetgandi,
Qarshimizda koʻringandi
Parijning minorasi.
Bari ishni qilgan edik,
bari ishlar bitgandi,
Nima qilay, yoʻq ekan-da,
polyakning ham chorasi...

Ma’lum boʻlishicha, sayyoh Polsha chegarasiga yetib kelganda chegarachilar «Aravani oʻtkazish mumkin, ammo otlarni mamlakat ichkarisiga oʻtkazmaymiz», deb turib olishadi. Ziyovuddinning qoʻlidagi otlarga berilgan sertifikat yaroqsiz ekan. Chegarachilarning aytishicha, Sobiq Ittifoq hududida faqat Issiqkoʻlda va Armanistonning qaysi bir shahrida berilgan sertifikatlargina xalqaro mezonlarga toʻgʻri kelar emish. Noiloj qolgan Ziyovuddin Mamajonov otlari bilan xayrlashadi. Arava va hamrohlarini chegarada qoldirib, Varshava shahriga boradi va bu yerda bir qator xalqaro tashkilotlarga vaziyatni tushuntirib, maqsadini aytadi. Bu orada Polshada chiqadigan ommaviy axborot vositalari ekspeditsiya va uning vaziyatidan xabar topib, bu haqda gazeta, televidenie orqali chiqish qilishadi. Bir-ikki kunda oʻnlab odamlar, tashkilotlar oʻzlarining beminnat xizmatlarini taklif qilib, redaktsiyalarga murojaat qilishadi. Shu tariqa Belorussiya chegarasidan to Germaniya chegarasigacha oʻnlab odamlar oʻz ot-ulovlari bilan kuzatib qoʻyishadi. Bularni koʻrib shoir-sayyoh shunday yozadi:

Shohona yurishlar, shohona soʻzlar
Ruhimni mujassam ayladi Alloh.
Mardona boqishlar, mardona koʻzlar
Temur bobom ruhi boʻlmoqda panoh.
Men qaydan topardim buncha xizmatkor,
Bir kunlik bahosi ming dollar boʻlsa.
Tilini bilmasam ham dilin bilaman,
Ortimda doʻst boʻlib ergashib yursa.

Xullas, 2000 yil 1 mayida ot-aravada Parij sari yoʻlga chiqqan Z. Mamajon rahbarligidagi ekspeditsiya oktyabr oyining oʻrtalarida Frantsiyaning Kabruz deb atalgan kichik bir shaharchasiga kirib boradi. Albatta, oʻquvchida nima sababdan Parijga emas, degan savol tugʻilishi mumkin. Bu haqda Frantsiyaning Temuriylar san’ati va tarixi, frantsuz-oʻzbek madaniy aloqalari jamiyatining «Temurid» oynomasida chop etilgan «Samarqanddan Parijga ot-aravada» maqolasida shunday deyiladi: «... Oʻzbek, rus, qirgʻiz tillaridan boshqa biror tilni bilmaydigan bu uch sayyoh (Z. Mamajonov, otboqar Asqar va Ziyovuddinning oʻgʻli Ziloliddin — Yo. X.) 8 ming kilometrlik yoʻlni ming mashaqqat bilan bosib oʻtib, Parijga yetib keladilar. Biroq Parijga kirishda katta muammo paydo boʻldi: qonunga koʻra shahar koʻchalarida ot-aravada yurish taqiqlangan va politsiyachilar bu qonunga rioya qilganlari holda ularning shaharga kirishlarini taqiqlab qoʻydilar. Hafsalalari pir boʻlgan uch sayyoh Durdan yaqinidagi Kabruz qishlogʻida janob Kuvrur va Nikola xonim xonadonlariga majburiy mehmon boʻlib tushdi...»

Gazetada keltirilgan boshqa tafsilotlar Ziyovuddin Mamajonov bizga hikoya qilib bergan voqealarga yaqin. Jumladan, sayyoh Frantsiyadagi Temuriylar jamiyati prezidenti, taniqli temurshunos va yozuvchi Lyusen Keren bilan uchrashadi. Unga Amir Temurning gazmolga tikib ishlangan suratini taqdim etadi. Ular Parij chekkasidagi Kabruz degan joyda uchrashadilar. Kabruz meri uch sayyoh sharafiga qabul marosimi uyushtiradi. Ziyovuddin kabruzliklarga Samarqand qaerda joylashgani, Jalolobod, oʻzi tugʻilib oʻsgan Suzoq qishlogʻi haqida, Amir Temur tarixi, uning tuzuklari xususida soʻzlab beradi. Ziyovuddin Mamajonov boshliq ekspeditsiya Frantsiyada boʻlgan kezlari mahalliy gazetalar, radio bu voqea haqida koʻp yozishadi, eshittirishlar tashkil etishadi. Hatto, markaziy «Respublikan» gazetasi oʻzining birinchi sahifasida katta maqola e’lon qiladi.

Darhaqiqat, Ziyovuddin prezident Jak Shirak bilan uchrashish niyatida boʻlgan. Unga atab bir shamshir ham olib borgandi. Ammo oʻsha kunlari prezident Xitoy safarida boʻlgani tufayli sayyohning niyati ushalmagan. Prezidentning qaytishini kutishga esa sayyohlarning sabri chidamagan. Oʻz uyini, Vatanini sogʻingan ekspeditsiya a’zolari, jumladan, otboqar Asqar va oʻgʻli Ziloliddin tez kunda yurtlariga qaytishgan. «Temurid» oynomasining yozishicha, prezident sayyohlar haqida xabar topib, Ziyovuddin Mamajonov nomiga iliq soʻzlar bilan xat yozib, u koʻrsatgan jasorati uchun minnatdorchilik bildiradi. Arava esa bu sayohatdan yorqin esdalik sifatida 2000 yil 3 dekabrda Parijga keltiriladi.

Biroq Ziyovuddin Mamajonov Frantsiya perzidenti Jak Shirakning oʻziga yozgan maktubini ham, aravasining esdalik uchun Parijga keltirilgani haqida ham gazetadan oʻqib bildi.

Ziyovuddinning oʻgʻli Ziloliddinning soʻziga koʻra, uning otasi Parijdagi Temuriylar san’ati va tarixi, frantsuz-oʻzbek madaniy aloqalari jamiyatida boʻlib, Amir Temur xotirasiga qoʻyilgan Sohibqironning byustini koʻrgan. Uning oldida hatto suratga ham tushgan. Ziyovuddin Mamajonovning yaqin doʻsti, Toshkent avtomobil yoʻllari institutining dotsenti Abultolib Sobirjonovning gapiga qaraganda, sayyohning Amir Temur byusti oldida tushgan surati unda boʻlib, qaysidir gazetaga bergan kuyi yoʻqolgan. U oʻzining «Avto+» gazetasida chop ettirgan «Parijga aravada borgan oʻzbek» maqolasida bir ma’qul taklifni oʻrtaga tashlaydi. Xususan, maqola muallifi Ziyovuddin Mamajonov xotirasi uning Parij sayohatidan esdalik sifatida kichik bir fotostend tayyorlab, uni Toshkentdagi Amir Temur muzeyiga eksponat sifatida qoʻyilsa, yoshlarga oʻrnak boʻlardi, degan gapni yozadi. Bu yaxshi taklifga biz ham qoʻshilamiz. Ziyovuddin Mamajonov 2000 yilning oktyabr oyi oxirlarida Parij safaridan samolyotda Toshkentga kelib, bu yerdan Jalolobodga joʻnaydi. Yurtiga borgach ham tinib-tinchimaydi. Jalolobod viloyat oʻzbek milliy-madaniy markazining a’zosi, ayil kengashining deputati sifatida faoliyat koʻrgazadi. Maktablarda, mahallalarda boʻlib Amir Temur haqida hikoyalar qiladi. Parij safari taassurotlarini soʻzlab beradi. Amir Temur jamgʻarmasini tuzadi. 2004 yil yozining oxirlarida Oʻzbekistondagi Xalqaro Amir Temur jamgʻarmasi xodimlari bilan koʻrishish, ulardan maslahat olish uchun Toshkentga keladi. Va...

* * *
Uning koʻzlari yumuq. Chap beti uchib-uchib qoʻyardi. Goʻyo joni mana shu uchib turgan yuzidagina qolgandek. Xirillab nafas olar, ogʻzi ochiq edi. U behush yotardi... Parijga ot-aravada borgan suzoqlik sayyoh... U endi hech kimning arzini tinglamagani kabi, uning ham arzini hech kim tinglamadi. Sayyoh, shoir Ziyovuddin Mamajonov 2004 yil Toshkent shahrida shu taxlit falaj kasalligidan vafot etdi.