OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifYoqut Rahimova
Asar nomiBoychechak (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Yoqut Rahimova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Boychechak (hikoya)
Yoqut Rahimova

Lutfulla eshikdan shoshib kirdi-yu, u xonadan bu xonaga yugurib, xotinini izladi. Gulbahor oshxonadagi stolda xamir qorayotgan ekan.
— Guli, boʻl, — dedi shoshilib uning yoniga kirarkan. — Yigʻishtir bu narsalaringni.
— Ha, tinchlikmi? — deb soʻradi Gulbahor uning hovliqishidan arazlaganini ham unutib.
— Tinchlik. Boʻl, otlan! Bolalarni ham otlantir! Kishloqqa boramiz! Boychechak ochilibdi!

Guli erining jiddiy gapirayotganidan kulib yubordi.
— Qiziq odatlaringiz bor-da, — dedi qoʻlini yuvayotib. — Ketdim deysiz-u, ketaverasiz...
— Ha, shunaqa... men nima istasam shu boʻladi, — dedi Lutfulla mamnun kulimsirab.

Gulbahor erining bunday odatlariga koʻnikib qolgandi. Eri istagan paytda hohlagan tomonga ketar, hech nimani oʻylab oʻtirmasdi. Koʻngli tusagan ishni qilardi.
— O’zingiz ketavermaysizmi, bizlarni sudrab nima qilasiz? — dedi Gulbahor istamaygina.
— Ey... sen uni qadriga yetmaysan-da, — dedi Lutfulla oʻz xonasidan uning ol-diga chiqib. — Boychechak besh gradus sovuqda ham, besh gradus issiqda ham oʻladi... U qor ketishi bilan chiqadi. Bir haftadan keyin qarasang, yoʻq... oʻladi. Uni faqat hozir koʻrish kerak... Bolalarga ham koʻrsatamiz. Shu esida qoladi...

Gulbahor qoʻlini artib, shosha-pisha bolalarini kiyintirar ekan, Lutfulla boychechakni maqtashini qoʻymasdi:
— Sen hali uni bilmaysan-da... Koʻrmagansan ham... Shoirlar she’r yozadi, artislar qoʻshiq aytadi, boychechak deb. Lekin oʻshalarnnng oʻzi hali boychechakning ochilganini koʻrgan emas. Mana, men sizlarga koʻrsataman...
— Kimdan eshita qoldingiz, boychechak ochilganini, — soʻradi xotini uyga kirib keta turib.
— Bolalardan, Turgunlar kelishibdi, — javob berdi Lutfulla.

Shunday dedi-yu, ertalab xotini bilan oralarida boʻlib oʻtgan koʻngilsiz voqeani esladi. Kecha Xorazmdan teatr institutida birga oʻqishgan, hozir viloyat teatrida ishlayotgan oʻrtoqlari kelishgandi. Lutfulla ularni institutni bitirganlaridan beri koʻrmagan, benihoya sogʻingandi. Ularning kelganidan quvonib ketdi. Repetitsiyadan chiqqach, shular bilan chaqchaqlashib restoranda oʻtirdi. Restoranning yopiladigan payti yaqiplashgach, ofitsnantkaga ikkita butun tovuq buyurib, mehmonxonaga chiqishdi. Mehmonlarning xonasida hangomani yarim kechagacha davom etdirishdi.

Lutfulla uyiga qaytganda tong yorishay deb qolgandi, bir-birlaripi toza sogʻinishgan ekan. Tuni bilan gaplashishsa ham gaplari sira ado boʻlmasdi.

U oyoqda zoʻrgʻa turgani uchun tuflisini ham yechmay, toʻgʻri oʻz xonasiga oʻtib ketdi. Xonaga kiraverishda ikki-uchta koʻk xoshiyali qiyiqqa bogʻlangan tugunlar turardi. Lutfulla uni yoʻqlab, qishloqdan kelishganini payqadi. U xotinining odatini bilardi. Gulbahor qishloqdan keluvchilarni koʻpda yoqtirmas, Uni koʻrgani kelganlardan hech birini nomini atamasdi. Ensasi qotib, «qishloqdan-kelishdi», deb qoʻya qolardi. Shu sababdanmi, ular olib kelgan narsalarga ham qoʻl urmasdi. Bu odat undan bolalariga ham oʻtgandi. Uyidan telefon kilib qolishsa, uch yashar oʻgʻli Toʻrabek ham trubkani olib, «qishloqdan kelishyapti», derdi.

Lutfulla har kimdan har narsaga rashk qilaveradigan xotini bilan achchiq-tizziq boʻlaverishni oʻziga ep koʻrmas, koʻp masalalarda koʻnglini keng qoʻyib, muomala qilardi.

Ikkovi institutni tugatishib, boshqa-boshqa joyda — oʻzi telestudiyada, Lutfulla esa teatrda ishlay boshlaganidan beri yana bir odat chiqargandi. Endi u Lutfullani ilgarigidek, institutda birga oʻqib yurgan paytlaridek chiroyli, bejirim kiyinib yurishlarini yoqtirmas, aksincha, erining koʻrimsiz, bir xil kiyimda yurishini istar, soqolini kunda olgani uchun ham janjal koʻtarardi. Agar Lutfulla biror kuni boshqacharoq kiyinib, tuzukroq galstugini bogʻlasa bormi, Gulining qovoq-tumshugʻi osilib ketar, butun xatti-harakatidan rashk oʻtida yonayottanligi sezilib turardi.

Yotoqxonada, karavotlarining yonidagi tumbochkaning ustida hamisha teatrning repertuar plani turardi. Lutfulla usti atir-upa bilan toʻla tryumo oynasi oldida kiyinib, ust-boshini tuzatar ekan, Gulbahor unga pisanda qilgandek, repertuar planni qoʻliga olib, bugun erining spektakli bormi-yoʻqligini tekshirardi.

Lutfulla umrida birovga hisob berib oʻrganmagan. Xotiniga ham hamma narsani aytavermasdi. Ba’zan uning repetitsiya payti u ishtirok etmaydigan boʻsh spektakl bilan toʻgʻri kelib qolar, shunda Gulbahor «Iya, bugun «Pari qiz» ekan-ku! Siz bunda oʻynamaysiz-ku, qayoqqa ketyapsiz? deb ergashib, naq liftning oldigacha chiqardi.

Lutfulla xotinining bunday qiliqlaridan jahli chiqsa ham indamas, koʻnika boshlagani uchunmi, e’tibor qilmasdi. Ba’zan-ba’zan juda joniga tegsa, repetitsiyasi borligini ham aytmay ketib qolardi. Goho teatrda plandan tashqari ham spektakl tayyorlashar, shunday paytlarda ularga ishdan keyin qolib, repetitsiya oʻtkazishga toʻgʻri kelardi. Xuddi hisob berishdek tuyulgani uchun u bularni ham xotiniga aytib oʻtirmasdi.

Xotinining nega bunday rashkchi boʻlib kolganini Lutfulla hali-hamon tushunmaydi. Ilgari Gulbahor bunaqa emasdi. Eriga nihoyatda mehribon edi. U yangi rolni yod olayotgan paytlarda boshida parvona boʻlar, dam oʻtmay choynakda issiq choy damlab, xonasiga ohista kirib kelar, u yod olishdan toʻxtashini kutib, jimgina tikilib oʻtirardi. Soʻng yoniga oʻtirib, choy quyib berar, ba’zan tuxum ilitib kelardi. Kechalari esa uyqudan qolib, partnerini soʻzlarini aytib turardi.

«Shu bolasini tugʻib uyda qoldi-yu, rashk qiladigan odat chiqardi»», — deb oʻylardi Lutfulla ichida. Ilgari, birga oʻqib yurgan paytlarida Gulbahor rashk nimaligini tushunib yetmasdi. Erining kelgan-ketgani bilan ham ishi yoʻq edi. Endi-chi... Endi biron kun Lutfulla spektakldan keyinmi, yo bosh rolda oʻynagan paytlari premeradan keyinmi, oʻrtoqlari bilan qolib, uyga kechroq qaytsa, xotini qovoq-tumshugʻini uyub kutib olardi. U Lutfullaga shunday jazo berishni bilardiki, Lutfulla bundan hech qayoqqa qochib qutulolmas edi. Gulbahor qasd qilgandek sira chehrasini ochmas, qovogʻini yusiltirgancha, oylab eri bilan gaplashmasdi. Bu soʻzsiz ta’na, tilsiz jazo butuya xonadonni zahar-zaqqumga toʻldirar, Lutfulla bir oygacha oʻrnini ham oʻzi tuzatib, ertalab ishga choyini ham oʻzi damlab, ichib ketardi...

Bugun ham shunday boʻldi. U ishga keta turib, xotinidan qishloqdan kim kelganligini soʻramoqchi boʻldi-yu, uning qovogʻini uyub olganligini koʻrib, indamadi.

Teatrga endi kelib turgandi, uni yoʻqlab qishloqdagi yaqin doʻstlari — sovxoz partkomi Zikir Azizov bilan oʻrmon xoʻjaligining direktori Omonilla Umarovlar kirib qolishdi. U ishdan keyin doʻstlari bilan yana restoranda uchrashdi.

Lutfulla koʻpdan beri oʻz qishlogʻida boʻlmagan, uni nihoyatda sogʻingandi. Shuning uchun doʻstlari unga qadrdon qishlogʻining havosini olib kelgandek boʻlishdi. U gap mavzusini hadeb qishloqqa, u yerdagi yangiliklarga burib turardi.
— Ha, darvoqe, Zikrilla, boychechak ochildimi? — deb soʻrab qoldi Lutfulla.

U Zikir bilan bolalikdan birga boychechak terib katta boʻlgan, maktabni ham bir sinfda, bir partada oʻtirib bitirishgan edi.
— Ey... sen soʻrama... — dedi Zikir boshini orqaga tashlab, qoʻlini siltarkan. — Shunaqayam ochilganki... Uyoqqa qarasang ham boychechak, buyoqqa qarasant ham boychechak... Hammayoq boychechak...

Lutfullaning birdan yuragi yonib ketdi. «Uyoqqa qarasang ham boychechak, buyoqqa qarasang ham boychechak... » Uning koʻz oldida yana ona qishlogi jonlandi. Baland tepa... Yoʻl boshida kallaklangan bir juft qoʻshtut... Yoʻlning ikki tarafida esa bodrab-bodrab ochilgan oq-sariq boychechaklar...

Endi oshnalarining gapi Lutfullaning qulogʻiga kirmas, uning fikri yodi boychechakda yedi. U restorandan chiqdi-yu, xotinining arazlaganini ham unutib, toʻgʻri uyga shoshildi.

«O’zi hamma ayollar arazchan boʻlishadi, — dedi yoʻlda oʻziga-oʻzi Lutfulla. — Bu ham shularning biri-da!» U xotinining arazlaganini endi koʻriptimi?! Urganib qolgan. Gulbahor bilan yangi tanishgan, studentlik paytlarida ham tez-tez arazlab turardi. Shulardan ikkitasi Lutfullani xayolidan ketmaydi.

O’shanda toʻrtinchi kursda oʻqishardi. Diplom spektakliga «Gamlet»ni qoʻyadigan boʻlishdi. Kurs rahbarlari Lutfullada «Gamlet»ni oʻynagan aktyorga oʻxshash tomonlar borligi uchun unga bosh rolni topshirishdi. Lutfullaning quyuq qora qoshlari, jiddiy koʻz qarashlari, ayniqsa, kishining diqqatini oʻziga tortadigan salobatli ovozi Gamletni oʻynaydigan aktyorga juda-juda oʻxshab ketardi. Shuning uchun ham «Gamlet» rolini Lutfulla oʻynaydigap boʻldi: Ofeliya rolini esa uning kursdoshi Gulbahor ijro etardi.

Gulbahor yoshligida nozikdan kelgan, oppoq, sochlari jingalak, oʻzi ham koʻrinishi kabi noziktabiat qiz edi. U hamisha chit koʻylak kiyib yurardi. Lutfulla qishloqda oʻsgan emasmi, unga shu chit koʻylagi juda yoqardi.

Gulbahor ayniqsa, rolga kirganida yana ham ochilib, chiroyli boʻlib ketardi.

Lutfulla ham kelishgan, barvasta qomatli yigit boʻlib, oʻzining jiddiy tabiati, savlat toʻkib yurishi bilan barcha qizlarni oʻziga mahliyo etardi. Ikkovlari ham spektakllarda oʻz rollarini mahorat bilan, berilib ijro etishardi.

Bir kuni institutda chet eldan kelgan mehmonlarga «Gamlet»dan bir sahna koʻrsatishlari kerak edi. Shundan sal oldin Gulbahor Lutfulla bilan arazlashib qolgandi. Shuning uchun u spektaklda oʻynashdan bosh tortdi. Lekin institutda hech kim Ofeliya rolini Gulbahorchalik ijro etolmasdi. Kurs rahbarlari bir amallab, uni ijro etishga koʻndirishdi.

Shu kuni Lutfulla Gulbahorga tikilib, hayron boʻlib qoldi. Gulbahor rolni shunday bir kayfiyatda, joziba bilan ijro etardiki, uni koʻrib Lutfulla butun xafaligini unutdi. Koʻzlariga Gulbahor tengsiz bir malikadek, avvalgidan ham soʻlim, avvalgidan ham goʻzal koʻrinib ketdi.

Spektakl tugagach, pardoz xonasiga oʻtib ketayotgan Gulbahorni qoʻlidan ushlab toʻxtatdi.
— Bugun ketib qolmagin, xoʻpmi? — dedi koʻzlariga sirli tikilib.

Aftidan Gulbahor ham uni kechirgandi.
— Xoʻp, — dedi jilmayib va yugurganicha xonasiga kirib ketdi.

Ular kechqurun restoranda uzoq oʻtirishdi. Ushanda Lutfulla yolgiz oʻzi ijarada turardi. Restorandan chiqishgach, Gulbahorni oʻz kvartirasiga olib ketdi. Keyin kichkinagina toʻy qilishdi. Oradan bir yil oʻtgach, qizlari Gulnoza tugʻildi. Bir kuni yana arazlashib qolishdi. Bu safar arazlashlari uzoqqa choʻzildi. Ular yana bir yilga yaqin gaplashmay yurishdi. Lutfulla boshqa joydan kvartira olib, chiqib qetdi.

O’shanda teatrda yangi spektakl tayyorlashayotgan edi. Bu spektaklda Lutfulla birinchi marta bosh rolni ijro etardi. U premeraga yaqin hamqishloq doʻstlari — Azimjon, Nazrulla va Sattorlarni taklif qildi.

Spektakl boshlanishidan oldin Lutfulla benihoya hayajonlanib, oʻrtoqlarini kutardi. U sahna orqasidan pardani xiyol ochib, zalni kuzatdi. Zalga endigina kirib kela boshlagan tomoshabinlar orasidan oʻrtoqlarini axtardi. Bir payt ularga koʻzi tushdi. Ana, ular birinchi qatorda tizilishib oʻtirishibdi. Azimjon, Nazrulla, oʻrtada... oʻrtada esa... Lutfullaning birdan yuragi oʻynab ketdi. O’rtada... ochilib-sochilib Gulbahor oʻtirardi.

Ularning yonida esa Sattor qizi Gulnozani koʻtarib, oʻynatardi.

«Bu oʻrtoqlarimning ishi», deb kuldi ichida Lutfulla. Ayni paytda oʻrtoqlarining bu ishidan xursand ham boʻldi. Gulbahor quvonib, yigitlar bilap gaplashib oʻtirar, Gulnoza boʻlsa Sattorning tizzasida sakrab, shoʻxlik qilardi. Lutfullaning koʻzlari yonib ketdi. Shundagina u qizini nihoyatda sogʻinganligini his etdi.

Shu kuni Lutfulla rolni shu qadar mahorat bilan, berilib ijro etdiki, tomoshabinlar, hatto Gulbahorning oʻzi ham ichidan erining talantiga qoyil qoldi. Benihoya mehri tovlanib, shu yigit, butun zal gulduros qarsaklar bilan olqishlayotgan, tomoshabinlar quchoq-quchoq gul tutib qarshilayotgan salobatli shu aktyor oʻzining eri ekanligidan faxrlanib ketdi. Qizining qoʻliga gul tutqazib, sahna chetiga qoʻyib yubordi.

Lutfulla tomoshabinlar tutqizayotgan gullar orasidan «Dada!» deb chinqirib kelayotgan qizini koʻrib, hayajonlanib ketdi. Uni dast koʻtarib, bagʻriga bosdi. Quvonganidan koʻzlaridan yosh chiqib ketdi.

Teatrdan chiqishgach, Gulbahor oralarada hech gap oʻtmagandek erini qoʻltiqlab oldi. Hammalari birgalashib, Lutfullaning yangi rolini «yuvishdi».

Shundan beri ham kechagidek ora-chora arazlashib turishadi. Lekin, endi bu uzoqqa choʻzilmaydi.

... Lutfulla shu kuni bolalariii olib, tungi poezd bilan Uchkoʻprikka joʻnadi. U qishlogʻiga Uchqoʻprik orqali oʻtmoqchi edi. Gulbahor erining qishlogiga koʻp borgandi. Lekin bunaqa paytda, ilk bahor kunlari sira bormagandi.

Ular Uchkoʻprikda Lutfullaning birga oʻqigan, asli bir qishloqlik Sharif ismli ogʻaynisinikiga tushishdi. Uni maktabda paxta xashariga chaqirishganida ularning yirtilgan kiyim-kechaklarini tikib berib yurgani uchun hazillashib, «Sharif beva» deyishardi.

Lutfulla yoʻl-yoʻlakay «Sharif beva»ning qiliqlarini eslab, gapirib ketdi. U hozir Uchkoʻprikda katta vazifada ishlar ekan.

Kechqurun ushoqqina, ammo xushchaqchaq «Sharif beva»ning «Gazigi» ularni Gulobodgacha eltib qoʻyadigan boʻldi. Gulobondan qishloqlarigacha yana mashinada besh-olti soat yoʻl bosishlari kerak edi. Lutfulla qishloqqa telefon qilib, borayotganini doʻstlariga aytdi. Uni Gulobodda doʻstlari — Azimjon va Nazrulla kutib oladigan boʻlishdi.

Ular kechqurun roppa-rosa soat sakkizda Gulobodda boʻlishlari kerak edi. Yoʻlga birov kechikib chiqishdi. Gulbahor bora-borguncha «miq» etmadi. Soat sakkiz boʻlishiga oz vaqt qolgan, yoʻl esa hali ancha olis edi.

«Hechqisi yoʻq, ular bizni soat toʻqqizgacha kutishadi», deb dalda berardi Lutfulla xotiniga. Ammo oʻzi ham ichida: «Rostdan ham kechiksak, ular izlariga qaytib ketishsa, bolalar bilan tunda qaerda qolamiz», deb qoʻrqar, ammo xotiniga sezdirmasdi. Shofyor ularning shoshilayotganlarini bilib, mashinasini qanchalik shitob bilan haydamasin, baribir bir soatcha kechikishayotgan edi. Lutfulla doʻstlarining bir soatdai ortiq kutolmasliklarini bilardi. Chunki, ular yana qishloqqa qaytishlari kerak, yoʻl esa uzoq edi.

Nihoyat, ular Gulobodga kiraverishdagi GAIga yaqinlashishdi. Uzoqda, yoʻl chetida qoramtir «Jiguli» mashinasi koʻrindi. Lutfulla shofyorga mashinasini xuddi oʻsha «Jiguli»ga taqab toʻxtatishni buyurdi. «Gazik» toʻxtashi bilan «Jiguli» ichidan ikkita yigit sakrab tushishdi.

Qorongʻuda Gulbahor ularni tanimidi. Ammo, Lutfulla ham mashinadan sakrab tushib, ular bilai quchoqlasha ketdi. Keyin Gulbahorni bolalari bilan mashinadan tushirishdi.

«Hayriyat, — dedi Gulbahor xotirjam boʻlib «Jiguli»ning oqrqa oʻrindigʻiga joylasharkan. — Yetib keldik-a!»

Hammalari mashinaga oʻtirishdi.
— Juda vaqtida keldinglar-da, oʻziyam. Soat toʻqqizdan ham oshdi. Yana bitta mashina oʻtishini kutib turgandik. Shunda kelmasanglar, qaytib ketmoqchiydik, — dedi Azimjon.
— Ha, yanga, qiynalmay keldinglarmi, ishqilib?— soʻradi Nazrulla orqa oʻrindiqqa qoʻlini tashlab. — Jiyanchalar sovqotib qolishmadimi? Qorinlari ham toza ochgandir? — U shunday deb oldinga engashdi. Gazetaga oʻrogʻliq bir narsani olib, oʻrtaga qoʻydi. Dimogʻlariga yoqimli kabob hidi urildi.
— Nima qilsak, sizlar kelguncha sovib qolmas ekan, deb rosa bosh qotirdik. Keyin nonning ichiga bosa qoldik. Qani olinglar-chi, sovib qolmadimikin? — U bir tishlam goʻshtni ogʻziga soldi. — Yaxshi, iliqqina turibdi. Qani, Toʻrabek, mana buni yeb koʻrginchi! — U bir burda nonni ustiga goʻsht qoʻyib, charchaganidanmi, oyisining tizzasida indamay kelayotgan Toʻrabekka uzatdi. Keyin, yana pastga engashib, qoʻliga bir shisha oldi.

Piyolaga ichimlik quyib, Lutfullaga tutdi.
— Endi boychechakka boramizmi, dadajon?— dedi boyadan beri jimgina oʻtirgan Gulnoza dadasiga qarab.
— Ha, qizim, mana endi shu amakilaring bizni toʻgʻri boychechakka olib borishadi.
— Men sizlarga ajoyib bir narsa olib kelganman, mana hozir... — Nazrulla shunday deb qoʻynidan bir bogʻlam boychechak chiqardi.
— O’h-hoʻ... — Lutfullaning koʻzlari yonib ketdi. — Menga ber! Qayoqdan olding? — U boychechakni doʻstining qoʻlidan shoshib olib, dimogʻiga tutdi.
— Dada, bitta koʻray, menga bering...
— Dada mengayam bering...

Bolalari talashib, qoʻl uzatishdi. Lutfulla boychechaklarni ikki qismga boʻlib, bolalariga berdi.
— Rostdan ham shunaqa koʻp ochilganmi? — deb soʻradi Lutfulla ishonqiramay. U doʻstlariga boychechakka kelayotganini aytmasa ham uni topib kelishganidan xursand edi.
— Hu, yoʻldan terib oldik, sizlarni bir sevintiraylik deb, — dedi Azimjon. — Lutfulla, oʻzing ham sogʻinib qolgandirsan...
— Ey... soʻrama, — dedi Lutfulla uning yelkasiga qoʻlini qoʻyib. — Soginish ham gapmi... Zikir uyoqqa qarasang ham boychechak, buyoqqa qarasang ham boychechak degandi, naq jinni boʻldim qoldim-da. Bir koʻrgim keladi, degin. Hech narsa koʻzimga koʻrinmay qoldi.
— Ha, aytmoqchi, ifor ham ochilganmi? — dedi birdan esiga tushib Lutfulla. Keyin xotiniga yuzlandi. — Bizda uni «Jipor» deyishadi. Bilasan-a? Koʻrganmisan uni?
— Ha, — dedi Gulbahor kulimsirab. — Bir koʻrgandim, kitobingizni orasida quriganini.
— Ha, barakalla... Ana oʻsha «Jipor» boʻladi. Mana, endi oʻsha «Jipor»ning aslini koʻrasan...
— Voy, Lutfulla, «Jipor» shunday ochilgan degin... Maza qilib yeysan...
— Ey... Ismaloqni aytmaysanmi... Shunday tepalikka chiqsang... isi hammayoqni tutib ketadi...

Gulbahyur kap-katta odamlarniig qandaydir oʻtlar haqida bir-birlariga navbat bermay zavq bilan gapirishlaridan, undan qandaydir huzur olishayotganidan hayratlanib oʻtirardi. U umrida bu oʻtlarni birontasini koʻrmagan. Faqat eridan ularning nomlarinigina eshitib turardi. Eri bilan qishloqqa borsa, yo uyiga erinpng oshnalari kelishsa, faqat shular haqida gaplashishardi. Ular har safar ham uchrashishganda oʻz qishloqlari, u yerdagi oʻrmonlar, archalar, u nomini ham eshitmagan qandaydir hayvonlar, antiqa gullar, xilma-xil oʻtlar haqida sira zerikmay, tong otguncha gaplashishardi. Gulbahor bularni yosh bolalarning gapi deb kular, lekin buni bolalar emas, kap-katta odamlarning gapirishayotganidan hayron qolardi.

Uzi shaharda oʻsgani, na ota-onasiyu, na aka-ukalaridan biron marta na tabiat haqida, na oʻtu, na gullar haqida gaplashganlarini eshitmagani uchunmi, ularning bu tarzdagi suhbatlariga ajablanib quloq solardi.

Gulbahor Lutfulla bilan yangi tanishgan kezlari uning ov, oʻrmon, miltiq haqidagi gaplarini eshitib, bir narsaga tushunmasdi:

«Nega u faqat shular haqida gaiiradi», deb hayron boʻlardi. Keyin bilsa, Lutfulla togʻda tugʻilib oʻsgan ekan...

Ular qishloqqa yarim tunda kirib kelishdi. Lutfulla uyidagilarni bezovta qilmaslik, ham ertalab barvaqtroq boychechak terishga borish uchun bolalari bilan mehmonxonaga joylashdi.

Ertalab nari-beri nonushtga qilib olishgach, yana Azimjonning mashinasiga oʻtirib, yoʻlga tushishdi. Qishloqqa chiqishgach, «O’rga qarab oʻrlayapmiz», dedi Lutfulla xotiniga. Gulbahor bu soʻzni ham birinchi eshitishi edi. Keyin tosh yoʻl ularni Oqdovonga olib chiqdi. Gulbahor bu yerning nima uchun Oqdovon ekanligini soʻramoqchi boʻldi-yu, tortindi. Azimjon mashinani sekinlatib, ularga atrofdagi manzaralarni koʻrsatib borardi.

Tepalikdapg Qoʻshtutdan oʻtishgach, Lutfulla tezroq «Jipor» tepa tomon haydashni buyurdi. U boychechak terishga oshiqayotgandi.

Kiziq, qanchadan-qancha yoʻl bosishdi. Lekin, boychechak koʻrinmasdi. «U faqat ma’lum joylarda ochiladi», dedi eri. Nihoyat, Sakratma deb atalgan dovondan oʻtishgach Jipor tepaga koʻtarilib, mashinadan tushishdi.

Togʻning kungay betida ingichka tolali oppoq boychechaklar ochilib yotardi.

Lutfulla yosh boladek yugurib, yerdagi boychechaklarni uzmoqchi boʻldi. Ammo, boychechajning ipdek tomiri ancha chuqur edi.

U qoʻynidan kiyik shakli ishlangan kichkina pakkichani chiqardi. Yerni kavlab-kavlab, boychechakni qoʻlga oldi. Uni dimogʻiga keltirishi bilan oʻzi unutayozgan noaniq bir hidni tuydi.
— Dadajon! Mana buyoqda sarigʻi ham bor ekan! — orqadan oʻgʻlining shodon ovozi eshitildi. — Menga sarigʻidan olib bering!

Lutfulla yoʻlning u betiga oʻtdi. Pakki bilan yer kavlab bolalariga boychechak tera boshladi. Bolalari yoʻlning u betidan bu betiga yugurishar, qiyqshrishib, otasi kavlayotgan boychechaklarni talashishardi.
— Bosmanglar, faqat bosmanglar! — deb tayinlardi Lutfulla bolalariga.

O’zi boʻlsa tepalikning oʻrtasida turib, hordiq chiqarardi. Atrofidagi sokin togʻlarga, koʻm-koʻk oʻrmonlarga, huv qirda yugurishib, boychechak terayotgan bolalariga, ulardan sal naridagi xarsangtosh ustida oʻtirib atrofga toʻymay boqayotgan xotiniga tikilib, qalbi gʻalati, ta’rifga sigʻmas, shirin hissiyotlarga toʻlardi.

Gulbahorning ham shodligi olamga sigʻmasdi. U yuragidagi barcha gina-qudratlarni, kechagina erini ranjitganlarini tamomila unutgan, yuragining tub-tubidan oqib chiqayotgan shodlik-baxtiyorlik hissi butun vujudiga taralib qanot bagʻishlamoqda edi. U atrofdagi manzaralarga suqlanib tikilarkan, eridan minnatdor boʻlib ketdi. Kani enda hozir anavi yigitlar boʻlmasayu, u erining quchogʻiga otilsa... Avvalgidek, ha bir paytlaridagidek suyib-suyib erkalasa...

«O’zim ham keyingi paytlarda juda injiq boʻlib ketibman, — deb oʻylay boshladi Gulbahor ichida. — Boʻlar-boʻlmasga xarxasha qilaveraman. Sal narsaga rashk qilaverib uning ham joniga tegib ketdim. Nega unga ishonmay qoldim oʻzi?! Axir, meni yaxshi qoʻrishini har kun, har daqiqada sezib turibman-ku! Yaxshi koʻrmaganda meni har yoqlarga olib yurmasdi-ku! Mana shu yoqlarga ham olib kelarmidi?! Agar oʻsha... oʻsha... Gulbahorning yuragi orqasiga tortib ketdi. Xayoliga kelgan fikrdan oʻzi ham choʻchib ketdi. Xudo koʻrsatmasin, rostdan ham bitta yarimta yuradigani boʻlsa, oʻshani olib kelmasmidi?! O’ynab ketgan boʻlardi. Bolalari bilan qiynalib, bizni sudrab yurarmidi?!»

O’zi har safar ham shunaqa boʻladi. Gulbahor qachon zri biror ish bilan kech qolib, uyga barvaqt qaytmasa, yuz xil xayollarga borib, ich-etini yeb oʻtirardi. U kelgandan keyin esa, oʻzidan, yo birga kelgan oshna-ogʻaynilaridan nega kech qolishganining sababini bilib, nooʻrin rashk qilganidan, bekorga oʻzini qiynaganligidan afsuslanardi. Shunda har safar «ikkinchi marta rashk qilmayman», deb qasam ichar, ammo, kech kirib, eri keladigan vaqtdan sal oshgach, yana toqatsizlana boshlardi.

«Menga oʻzi bir balo boʻlibdi, — dedi kulib oʻziga-oʻzi Gulbahor. — Nega endi bekordan-bekorga rashk qilaveraman. Kimdan yuqdi menga bu kasallik? Axir erimni birortasi bilan koʻrmagan, ushlamagan boʻlsam? Yo biron kishi aytmagan boʻlsa. Nega bunaqa boʻlib qoldim oʻzi?! Teatrda chiroyli qizlar koʻp boʻlsa nima boʻpti?! Nima, oʻshalarni oʻz eri, yo yaxshi koʻrgan yigiti yoʻqmikin? Hammasi sochini tarab, uning eriga koʻz tikib oʻtirganmikin!... Tagin ham uning eri yaxshi. Indamaydi. Agar uning oʻrpida Lolaning eriga oʻxshagan erkak boʻlsa bormi?! Umri kaltakning ostida oʻtardi!

«Eyadi hech qachon rashk qilmayman!— deb oʻziga-oʻzi ahd qildi Gulbahor. — Hech qachon!!!»

Ular Jipor tepada dasta-dasta boychechak terib qaytishdi. Lutfulla qishlogʻida uzoq qolishni istamadi. U boychechakni koʻrgan, unga shuning oʻzi yetardi.

Ularni Azimjon bilan Nazrulla Koʻktoshgacha kuzatib qoʻyishdi. Lutfulla bolalarini olib, toʻgʻri Koʻktoshdagi doʻsti Turdialinikiga tushdi. Kechqurungi reys bilan Toshkentga uchishmoqchi edi. Bilet olisholmagach, ertalab uchadigan boʻlishdi. Turdiali koʻngli ochiq, soddadil yigit ekan. Rafiqasi Saburaning kamgap, kamsuqum va muloyimligi Gulbahorga yoqib qoldi. Gulbahor Sabura bilan bir zumda koʻp yillik qadrdonlarga aylanishdi.

Ertalab joʻnaydigan boʻlishgach, Gulbahor yuklarini koridorning burchagiga joylab, ustiga oʻzlari tergan boychechaklarni qoʻydi.

Kechqurun Lutfulla, Gulbahor uy egalari bilan ichkaridagi uyda choy ichib, gaplashib oʻtirishardi. Bolalari esa ularning bolalari bilan narigi uyda topolon qilib oʻynashar, dambadam Gulnozaning «mana, biz tergan boychechaklar, mana bunisini oʻzim terganman», deb maqtanayotgani eshitilib turardi.

Turdiali asli adabiyotshunos olim edi. Koʻp yillardai beri u oʻz vohasidan chiqqan mashhur shoiraning hayoti va ijodi bilan shugʻullanar, shu haqida ilmiy ish ham yozayotgandi. Yarim kechagacha ular Turdalining shu ishlari bilan tanishib, uning ajoyib shoira haqidagi suhbatlarini berilib tinglashdi.

Keyin Sabura ularga shu xonaga joy solib berdi. Gulbahor narigi uyning har qaerida uxlab qolgan bolalarini birin-ketin olib kirib, oʻrniga yotqizdi. Chiroqni oʻchirgach, divanga kelib, erining yoniga oʻtirdi. Uning bu safardan ruhi koʻtarilgan, xursand edi. U hozir erining qop-qora sochlarini, charchagan, soʻlgʻin yuzlarini juda-juda silagisi kelardi. Shu payt eri qulogʻiga xafaxon shivirladi:
— Guli... boychechaklar yoʻlakda sochilib yotgan ekan...

Gulbahor uning ovozidap qattiq ranjiganiii payqab asta oʻrnidan turdi. Sekin eshikni ochdi. Haqiqatan ham boychechaklar yoʻlak bilan bitta boʻlib sochilib yotardi. Bolalari uni uy egalariga koʻrsataman deb, sochib yuborishgan edi. Gulbahor poldan tomirlari ezilgan, uzilgan boychechaklarni bitta qoʻymay terib oldi-da, xonaga qaytib kirdi. Yoʻlakdan tushib turgan ingichka nur yorugida yurib borib, toʻrdagi servant ustida turgan guldonpi qoʻliga oldi. Oshxonadan suv olib kelib, boychechaklarni unga soldi-da, erining roʻparasidagi servant ustiga qoʻydi. Yana ohista yurib kelib, Lutfullaning yonida choʻzildi. . Endi u xayolga botib, shuncha qiynalib yetishgan narsalarini avaylamagani uchun qalbdan ezilayotgan edi.

Ular erta tongda uygʻonishdi. Turdiali ularni aeroportgacha kuzatib qoʻydi. Samolyot bir necha daqiqa parraklarini aylantirib, dirillab turgach, asfalt yoʻlka boʻylab yugurgilab, shiddat bilan osmonga koʻtarildi.
— Axir ham boychechaklarni tashlab keldinglar-a... — dedi Lutfulla xotiniga oʻkinch bilan tikilib.
— Voyy... — deb yubordi birdan Gulbahor achinib. — Servantning ustida qolib ketibdi.
— Siz shunaqasiz-da, oʻzi, — dedi Lutfulla jilmayib. — Ataylab tashlab kelgansiz...

Erining gapi Gulbahorga tarsaki urgandek ta’sir qildi. Uning koʻz oldidan servant ustidagi guldonda turgan oq-sariq boychechaklar oʻtar, ularning qolib ketganidan yuragi jizillab achishardi...