OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifYoqutxon
Asar nomiOq bulutga oʻralgan gunoh (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Yoqutxon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oq bulutga oʻralgan gunoh (hikoya)
Yoqutxon

Yana boshlandi... A’zoyi badanida titroq uyg‘onib, toʻlqindek tarqalib borar, yuragi gursillab urardi.
— Bolam, bolajonim! — Sochlari yoyiq, rangpar ayol oʻz hayqirig‘idan oʻzi choʻchib burchakka sakrab tushdi. Shu zahoti jim qoldi. Tizzalarini mahkam quchoqlagancha jimib qoldi. Koʻzi esa olazarak, besaranjom. Nigohi dam eshikda, dam... Yoʻq, u yoqqa qaramaslik kerak, nigohi deraza romidan, keyin oynadan qoqila-sirg‘alib tashqariga intildi. Uzoqda, juda uzoqda koʻk gumbazning sochlariga oq oralabdi.
— Voy, bolam! — Eshikning g‘iyqillab ochilishi ham chaqaloq yig‘isiga oʻxshardi. — Bolam... Qani bolam?
— Hozir...

Kim bu? Bu ham anavindan chiqib keldimi? Nega unda eshik rafiga suyanib, yelkalarini selkillatadi? Koʻzlari boʻg‘chada, olib qoʻysa-ya?
— Onangman, bolam. Meni tanimay qoldingmi? Tinchlan, bolam!
— Ayam? Ayajon!..— Bejo koʻzlaridan yosh sizdi endi.— Ayajon, bolamni hech olib kelishmayapti.

Ayasining sochlari uzun edi. Qop-qora edi, endi unga ham anavi bulutlar qoʻnibdi.
— O’tiring, ayajon,— dedi u en-di oʻz burchagidan joy ajratarkan.
— Yonimda oʻtiring.
— Xoʻp, bolam.— Kampir besoʻnaqay harakatlanib yerga choʻkkaladi. Itoatkorligi ham ayasiga oʻxsharkan. Balki chindan ayasidir.
— Siz mendan qoʻrqmang, xoʻp! Shunaqa deydi-yu, koʻzlari hamon boʻg‘chada.
— O’lar, oʻz bolamdan ham qoʻrqsam...— Ona nuqul oyoqlarini koʻylagi ichiga yashirmoqchi boʻlardi. — Tiss! — Qizi koʻrsatkich barmog‘ini qonsiz labiga bosgancha behalovat nigohini unga qadadi.— Ayajon, sekin gaplashib oʻtiramiz, xoʻp! Faqat sekin gaplashamiz. Bolamni uyg‘otvormang tag‘in.
— Xoʻp, bolam.
— Ayajon, menga sovchilar kelganda qaerga bekinganimni aytaymi?
— Ayta qol.— Onasining tovushida iztirob.
— Tahmonga berkinib olgandim,
— Qizi yelkasini qisib, hiringladi. Keyin yengiga yuz-koʻzi, burnini qoʻshib artib, yana kuldi:
— Sizlar boʻlsangiz izlab topolmagansiz...
— Opang topuvdi, shekilli? — deb oʻsmoqchiladi ona.
— Ho-o, sovchilar ketgandagisi hisobmas...— deya qiyqirdi qizi.

Endi onasi ham «kuldi». Koʻzida esa dard.
— Baribir tegdim-a, ayajon?
— Yaxshi-da... Hi-hi...
— Nega kulasiz, nimasi yaxshi? Qizi oʻrnidan sapchib turib ketdi. Xonaning narigi burchagidagi boʻm-boʻsh kitob javoni ustidan boʻg‘chasini oldi. Soʻng bag‘riga bosib, koʻzlarini yumdi. Ana rohat!..

Ona ortiq chidayolmadi. Lapanglab oʻrnidan turib chiqib ketayotgandi, qizi qoʻlidan tutdi.
— Jim, ayajon. Jim turing. Hozir sizga kattakon sirni ochaman, — deya qizi boʻg‘chani avaylab kitob javoni ustiga qoʻydi. Keyin borib, yana oʻsha burchakka choʻkkaladi.
— Ayajon, anavini olib chiqib tashlash kerak.
— Qaysini yana?

Qizi koʻzguga ishora qildi.
— Qoʻysang-chi, bolam. Kitoblarni-ku yoʻqot deding...
— Toʻg‘ri-da. Kitobga ishonmagandan keyin saqlashdan nima hojat? Yo siz oʻsha kitoblardagi muhabbat hayotda ham borligiga ishonasizmi?
— Bilmasam...— Onaizor oʻzini qanday tutishni bilmasdi.— Lekin kitoblarda nima ayb?
— Yoʻq narsani bor deganlari-da! Men-chi, men kitob emasman. Toʻg‘risini aytaman, muhabbat yoʻq! Tamom-vassalom! — Qizi qoʻllarini yozgancha ancha turib qoldi. Shu deganiga eshik ochilib, kutgani kirib kelarmidi bir.

Onasi tusmollab soʻradi:
— Nima, koʻzgu ham: «Muhabbat bor», deyaptimi?
— E, qoʻysangiz-chi,— deya kuldi qizi. Keyin birdan vahimaga tushib, dedi: — Unda-chi, bitta opala yashaydi. Usha bolamni men bilan talashmoqchi.

Onaning umidlari yana soʻna boshladi:
— Xoʻp, bolam. Bugunoq oʻsha opalani haydayman...— Voy, bu qiziga mehri qandoq edi-ya... Chindan ham koʻz yomon ekan. Dono qizi shunaqa boʻlib oʻtirsa-ya...
— Endi sen birpasgina uxlagin. Men ishimni qilay.
— Sekin gapiring, aya. Sirimni-chi, eshitmaysizmi?
— Eshitarman, sen dam olgin, keyin...

Yana eshik ingrab ochildi. Boyagi titroq ancha yengillashgandi. Ayol sal narida yotgan bolishni sudrab, oʻz burchagiga qoʻydi. Asta yonboshladi. Faqat yomg‘ir yog‘masin-da. U yomg‘irdan qoʻrqadi. Toʻylari kuni ham yomg‘ir xoʻp yoqqan-ey... Keyin... gunohi kuni ham...

Bolish oʻlgur qattiq ekan, bir itqitgan edi, eshikka tegdi. Eshik yana g‘irchillab ochilib, xonaga eri kirdi. Kirdi-yu, eshik oldida soʻroq belgisi boʻlib turaverdi.
— Ha, kiring! — Zardasidan eri choʻchib tushdi.
— Tuzukmisan? — deya oldi bazoʻr. Keyin burchakka hadik-la yaqinlashar ekan, qoʻshib qoʻydi:— O’zingni tut! O’tib ketadi!

«O’tib ketadi?.. Albatta oʻtib ke-tadi. Sizning er, mening xotin boʻlganimga oʻn bir yil toʻlibdi-yu, oʻtmaydimi? Hammasi oʻtadi. Biz ham oʻtdik», degisi keldi-yu, demadi. Eriga achindi. Ichkilikka berilmasidan avval qandoq edi-ya. «Yaxshi yashaymiz. Boyiymiz, bolalarimiz koʻp boʻladi», deb ishxona oʻlgurda jonini fido qilganda, hech kim aytmabdiki: «Hoy, inson, bu «yopiq» zavodda ishlasang bitta tirnoqli ham boʻlolmaysan», deb.

Eri yelkasini qisib, burchakka kelib oʻtirdi. Keyin ikkilana-ikkilana xotinining bemador qoʻllarini siladi.
— Juda qoʻrqitvording. Agar bylsang... — «Eri hoʻngrayaptimi?» — Agar bilsang, jonimdan ortiq koʻrarkanman seni.
— Kel, qiynamaylik oʻzimizni, hammasi yaxshi boʻp ketadi. Belim toʻla bola hali... — U yog‘iga erining madori yetmadi. Tamom! U yog‘ini hech kim aytolmaydi...

Yana boshlandimi? Butun a’zoyi badanida titroq uyg‘onib...
— Chiqing! Chiqing, deyapman! — O’zini ushlayolmay, baqirdi ayol. Eri rangi qochgancha oʻrnidan turar ekan, eshikka shoshildi: «He, onasini bu hayotning».
— Joʻnang! Arog‘ingizni ichavering, kelib qolishar belingizdagi bolalar shu siz soʻkayotgan dunyoga...

Eshikni onasi ochdi. Yugurib kelib zorlandi:
— Qoʻy, bolam. Tinchlan, bolam. Qandoq qilamiz, ering shoʻrlik ham ichkiliksiz yasholmaydigan boʻlib qoldi, shoʻr peshonaginam.
— Bolasiz-chi, yashayapti-ku?
— Qoʻy, bolam...
— Xoʻp! Lekin nega unga chiqqan hukm menga joriy, aya?
— Nima deganing bu? — Onasi uning toʻzg‘igan sochlarini yig‘ib, zorlandi.
— O’n yildan beri har oy takrorlanadi. Taqdirimga hukm oʻqiladi. Mening taqdirimga, aya!
— Voy, uyat-e, onang oʻlsin, bo-lam. Eshitganlar nima deydi, — Yuzini asabiy timtalayotgan onasining ahvoliga achinibmi, ayol jahldan tushdi. Yana burchakka borib, tizzalarini quchoqlagancha xayolga toldi. Hatto bu gal eshik emas, onasi ingraganini ham payqamadi. Tog‘larni eslagisi keldi. Ularning salobati yaxshi kunlarga qoʻriqchi. Yaxshi kunlar?.. Boʻlgan, albatta. Erining ishdan qaytishini kutib, koʻzlari kirtayganda ham, nigohi armonga aylangan eri tongda horg‘in umidsiz kirib kelganda ham ne sababdir ishonardi yaxshi kunlarga.
— Dod! — Xonaning shiftigacha lorsillab ketdi. O’z baqirig‘idan bag‘ri chok-chokidan soʻkildi.— Dod! Bolamni beringlar! — Qarshisida qoʻqqayib turgan kitob javoni boʻm-boʻsh. Yig‘layverib yoshi qolmagan baqaloqdek baqraygan. Ustida esa... Bolajonisi?

Homiladorni urib boʻlmasmidi?

Nega ekan? Uni-chi, urishdi-ku... Juda katta gunoh evaziga juda katta savobga noyil boʻlayotgan kunlari edi. U odam uchun birovni farzandli qilish — savob. Ayol uchun birovdan farzand koʻrish...
— Prosto.— Doʻxtirning bamaylixotir nasihatini esladi.— Naydi sevgi! Sdelay bola!

Aytishga oson. Yer uni qanday koʻtaradi, keyin... Yana bir tomoni: yer uni koʻtarmasa ham, balki u tuqqanini koʻtarar...

Ana oʻshanda... Ishxonasida yangi usta paydo boʻldi. Yigitni zimdan kuzatgan koʻzlari ayol izmiga kirmadi. Daf’atan paydo boʻlmas ekan, keyin hech qachon uyg‘onmaydigan bu hisni u oʻshanda tuydi.

Kunlar oʻtdi. Bu vaqtincha dunyo yildirimsifatligini fosh etib, tusini oʻzgartiraverdi. Hali oppoq mulla qish boʻlib, hali koʻm-koʻk g‘oʻr bahor boʻlib, hali qip-qizil yozdek betsiz boʻlib, hali sariq kuzdek armon boʻlib oʻtaverdi. Endi u nuqul oʻsha baxtli odamni oʻylaydigan boʻlib qoldi. Yomg‘ir yog‘sa bas, hoʻng-hoʻng yig‘laydi.

Tavba, yangi ustaga oʻzicha «baxtli odam» deb nom qoʻyganini-chi? Qoʻsh oʻg‘illi odam baxtli boʻlmasa, kim unda? Xuddi ana shu «baxt» ularning halovatini buzdi.

Yomg‘ir shiviri bois uyg‘onib qolgan yaproqlar uzilgan sarhush tushlarini eslab, ezmalanganda shunaqa boʻladi. O’zini tanimadi qoldi-ya. Gapirsa kuladigan, kulsa ezmalanadigan boʻlib qoldi. Tutqun, ammo ozod edi oʻshanda. Xayollari oʻzgalar aytadigan qoʻshiqdek edi oʻshanda.

Erini, maza-bemaza g‘iybat-dashnomlarni unutdi.

Keyin ishxonadan toqqa chiqishdi. Qiy-chuv. Olov koʻylaklari hilpiragan bir gala ayollar. Baxtli odam bir childirma chalarkan-ey. Tog‘lar tomoshabin, teraklar gulduros qarsakchilar, pag‘a-pag‘a oq bulut — raqqosa... Oq bulutga sherik boʻlgandi oʻzi. Bir oʻynagan-ey oʻshanda...

Eshik g‘irchillab, xayoli uzildi.

Xonaga boshdan oyoq oq kiyimli kishilar kirishdi.

Onasi kirdi. Qoʻlida choyshab. Koʻzlari qizargan. Choyshabni shifokorlarga uzatdi. Ular ikkalasi unga tomon yaqinlashishdi!
— Aya, jon aya! Bolamni shular oʻldirishdi. Voy, dod!—ustiga choyshab tushdi. U jiqqa hoʻl ekan. Eti seskandi-yu, bir zum jim qoldi. Choyshab ustidan allaqanday bog‘ich bilan bog‘lab olgunlaricha angrayib qarab qoldi. Obbo...

U bog‘langancha turaverdi. Barzangilar onasidan shajarasini surishtirishdi. Lekin oʻz shajarasini bilmaslik ayb boʻlmay qolganini aytmasa, yuragi shumlikni seza-verdi. «Endi jinnixonaga olib ketishadi. U yer tug‘ruqxonadan ham battar...»

Tug‘ruqxonani esladi. Achchiq dori isi. Qovug‘idagi alamli dard. Beli zirqiraydi. Havo yoʻq.

O’shanda hayotdan hayot ajrayotgandi.
— Keserevo sechenie! — Bu degani nima edi? Qornimni yoradilarmi? Nega ekan? U «yoʻq» deya qichqirgandi, oq liboslilar bab-baravariga shang‘illay ketishdi:
— Yiliga tug‘avermay, eslab yurasan shu og‘riqni...
— O’zini ayashini-chi!

Oppoq bulut qani? Baxtli odam qani! Hammadan aziz — bolajoni qani?

Bolasiga atalgan kiyimlarni boʻg‘chaga oʻrab, qoʻliga tutishdi...

Voy-dod! Yiliga tug‘a olsa edi, dod... Doyalar qaydan bilishsinki, bu bolaga yetishish uchun nima ishlar qilib qoʻyganini... Umrida bola emizmay, dod...
— Ayajon, jon aya. Keserevo qilishsa, mukofot puli olisharmish. Shunga hammani tilimlashyapti, ayajon!

Onasi uning boshini bag‘riga olmoqchi boʻldi, bosh boʻysunmadi.

Yana boshlandimi? Butun a’zoyi badanidan...

Eshik? Nahotki keldi... Baxtli odammi? Yoʻq, hiqichoqdan boʻg‘ilgancha g‘irt mast baxtsiz eri kirdi. Kirdiyu:
— Ie? Hiq! Sarpolar muborak? — dedi.

Voy, bu qanday koʻrgulik? Gunohi qolib, bolajoni ketsa-ya...

Oyoqlarida majol qolmadi. Barzangilar koʻmagini kutmayoq yerga gursillab tushdi.

O’lib qoʻya qolsa goʻrga edi-ya. Bolajoni oldiga ketib qoʻya qolsa edi-ya.

Hech narsa koʻrinmasdi. Faqat bulut. Oppoq bulut...

«Yoshlik»; jurnalining 1990-yil, 6-sonidan olindi.