OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifYoqutxon Akram
Asar nomiRuhim yaproqlari (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Yoqutxon Akram
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ruhim yaproqlari (hikoya)
Yoqutxon Akram

Begonalar qaynagan zamin

Tashqarida hamma notanish. Quyosh, yechinishga yechinib qoʻyib, endi uyatidan dong qotgan yalangʻoch daraxtlar, ogʻir asfaltdan bichilgan kafani ichida zil ketayotgan yoʻl, toʻqqiz qavatli binoning har bir katagida urchiyotgan suvaraklaru yertoʻlani suv bosganiga qaramay, yana yangi jihozni uylariga tashmalayotgan ochkoʻz odamlar... Bari notanish.

Yomgʻirga aralashab pilchillayotgan qor, shafaqni unutgan kulrang samo, koʻp narsalarni va’da qilayotgan muzday shamol — hammasi begona...

Men kimman?

Qudratli ilohiy kuch ta’sirida yuragim bir maromda tepayotir. Bordiyu uning harakati toʻxtasa... kurrai zaminning son-sanoqsiz doʻngliklari soni yana bittaginaga koʻpayadi.

Yettinchi qavatning ayvonidan pastga, sertashvish koʻchaga, nuqul qayoqqadir shoshadigan yoʻlovchilarga boqib, birdan qoʻrquvga tushaman. Har birimizdan bir qabariq. Har begonadan bir doʻnglik. Goʻyo zamin bilinar-bilinmas qaynayotgandek. Silkinishdan toʻxtagan yurak zaminning qabarishiga sababchi. Hozirgina ungan qaynoq qabr...

Zamin qaynab borgani sari ruhim chanqayveradi. Bilmoq istayman. Bilolmayman. Men kimman?..

Yalangʻoch umr

Quz... Sening daraxt yaprogʻiga oʻch, sap-sariq, siniq ranging — borliqning ramzi bugun.

Tafting deganlarim siqiq, sovuq va hazin ekan. Bejavob mehrim muhri — sening quvonching, mening dardim. Olgʻir nigohing izi — yuzimdagi ajin endi. Ajin — ildizimga eltuvchi yoʻlning boshi. Taassufki, mukammallikka intiluvchi cheksizlik shundan boshlanibdi...

Kuz, sen keldingu tabiat orzusiz qoldi. Daraxtlar bor umidlarini toʻkib, yalangʻoch yashashga mahkum boʻldilar endi.

Yalangʻochlikka esa, chidolmayapman...

Ruhim sayohati

Men qaysi paytlarda tirik hisoblanaman? Tanamni tark etgan ruhim sayohati — tushimdami? )

Sayriruh mobaynida «imkon» yo «gunoh» degan tushunchalarning oʻzi yoʻq. Poyonsiz ehtiroslar, jilovsiz xatti-harakatlar uzilgan tongda siqiq oshyonimning biror jihoziga ilingan nigohim qoqiladi... bu ajab sayohat barham topadi.

Tantiq ruhim sovuq aqlimga urush ochganda, iztiroblarim rangi siniq. Siniq rang siqiq umr ramzimi? Umr atalmish mezon nahot shunchalar qisqa? Umr qisqa, ammo sayriruh...

Ulkan, cheksiz koʻm-koʻk maydon. Yerda chechaklar. Osmonda sanoqsiz yulduzlar. Oy ham, porlayotgan quyosh ham bir osmonda. Maydonning qoq oʻrtasida uch kursi. Unda Bolaligim, Qizligim, Ayolligim oʻrtiribmiz. Quyosh nuri bir za’faron, bir ol, bir sap-sariq... Zamon uzra balqqan moychechaklar yengil shabboda xoʻrsinigʻida qoʻrqib titrashadi. Ham kutishadi, ham qoʻrqishadi. «Bolaligim» beshik-kursidan turib quyoshga boqqanida, borliq pushtilikka aylandi. Ayajonim «gul ichidan hidlab olgan guli-gavharim»ni aytayaptilar. Gul ichidan hidlab olganlari —«Bolaligim». Adam: yuzlarida qat’iylik, koʻzlarida ranj, qoʻllarida nihol — koʻchat ekmoqdalar. Atrof niholga toʻldi. Aslzoda ajdodlarim tomiridan ungan ular. Buni ancha keyin bilaman. Hozir esa, yerda dumalab qiyqiraman. Quvonchimdan entikib, dumalab-dumalab yumaloq kurrai zaminning kaftdek maydonidan «yiqilib» ketaman.

«Qizligim»ga evrilganimda esa yuragim shigʻillab, koʻzgu yonidagi kursidan sakrab turaman. Atrofimda baqaloq xotinlarning turmushdan toʻygan shaddod ovozlari. «Yigʻlama qiz, yigʻlama-yo, toʻy saniki, yor-yor...»

Bolaligimda adashib qolishni xohlaganimdanmi, yo «toychoq yot boʻlgisi» kelmaganidanmi; baribir, kimgadir tegamanu, keyin maydondan ketaman, deyman. Adajonim ekkan nihollarni «jadid» deya, «bosmachi» deya qars-qars yiqitayotganlar endi mening tomirlarimga zirqiratib bolta uradilar. Shijoatimga tekkan zarb dastidan bor ovozda dod solgim keladi. Ammo... Noshukurlik yomon. Umrim bolalarimga baxshida endi.

Maydondan xoʻngrab ketgan ishonchim oʻrnini jajjilarimga mehr egalladi. Menligimning bir juft parchasiga ayamning soʻzlarini: «Tol ichidan tanlab olgan tole navkarim, Gul ichidan hidlab olgan guli gavharim»ni aytamanu, koʻzimdan yulduz tomadi. Bepoyon samovotga mehr tomchilaridek ilingan son-sanoqsiz avlodlarim ruhi — osmondagi yulduzlar. Jismimni sel qilayotgan dardli qoʻshiq — ularni isyoni. Kech... Juda kech tashrif buyurgan, ehtiros ummonini junbushga keltirgan muhabbat maydon sohilini nurafshon etadi. Shundagina koʻraman... «Goʻyo koʻzim endi ochilgandek. Sohil sap-sariq, armon rangida. Sunbula...

«Mani koʻnglim siz bilan...» ,

Gunoh atalmish sohil sarhadlari abadiy sukutda jon saqlagan oyning yuziga chirmashib, dogʻga aylanadi.

Ruhim sayohatdan toladi. Foniy dunyoga qaytaman. Endi Sizga yetolmaganim, sizni-da oʻzimdan ayurganim, shajaramga tekkan zarb ta’sirida oʻzligimni anglamayotganim azobidan dogʻda oʻtaman. Dogʻda yashayman! Nahot shu mavjudlikning nomi «yashash» boʻlsa...

Zanjir halqalari

Xotiralar iskanjasida lom-mim demay, xotirjamlik kuyini ijro etmoqdaman. Soat millari ham menga oʻxshash — ijrochi. Ular qoʻshigʻingizni aytishayapti. Yuragimni oʻrtayotgan his armonmi, xayolmi? Ajrata olmayapman.

Xotiralar zanjirining har bir halqasi — yangi tugun. Asir boʻla turib, «xotirjam»lik oʻynash... Nahotki, bir umrga shunday «baxtli» ayolman endi?.. Yoʻq, men bunday boʻlishini istamayman.

Yetim bahor

Bahorim ilk bora qaldirgʻochsiz keldi. Mungli va bir juft qora munchoqlar menga uzoq tikilganlari xotiramda muhrlangan. Oʻshanda menga nimalarni aytging kelgandi-ya, qaldirgʻoch?

Balki bu foniy dunyoning oʻtkinchiliginidir?..

Ayrildim, oʻzimni-da ayurdim hissiyot iskanjasidan.

Balki «mehr atalmish ulkan his behudud bahrul ummon emas, tomchidir? Qaqragan taqirlikka zarracha kor qilmay singib ketganidan soʻng, bu tomchining bor yo yoʻqligini isbotlash amrimahol», demoqchimiding? Undan hech boʻlmasa birgina giyoh unishidan umidvor qalbim — niyatlar mozori endi. Barini koʻmdim.

Balki «kelajak aslida bugungidir», deb aytmoqchimiding? Kechagi kunda ertamni nobud qilganimni fahmab, oʻtgan kun armonida kelajakni kutmay qoʻydim.

Balki... Yoʻq. Unday demagandirsan. Zotan, meni bilasan. Ojizman. Seniyu meni birday ojiz yaratganning oʻzi bas kelsin, qaldirgʻoch. Qaldirgʻoch, qaldirgʻoch...

Telbalik baxti

Qandaymanmi? Men bilan yashash... Meni bilaman deganlardan soʻramang, baribir aldashadi. Sizni ham, oʻzlarni ham aldab yashashadi...

Qandayligimni uzim aytaman, eshiting.

Telba kim? Telba — kataklarga sigʻmagan odam.

Katak — qizil chiziqlar majmuasi.

Qizil chiziq —«mumkinmas»ning tasviri.

Shu siqiq tasvirning millionlab katagiga sanoqsiz odamlarning tanasi sigʻadi. Aridekmi, asalaridekmi, pashsha yo kapalakdekmi, chumoli yo suvarakdekmi, kuni oʻtib yashar odam tanasi. Ammo, ruh!.. Uni katakka tiqishtirish azob.

Oʻshanaqa ruhimga — hech bir oshyonga qoʻnmagan, sigʻmagan ruhimga madad izlamay qoʻydim. Oʻttiz besh pogʻonaning har birida avval «shoʻx» deb, keyin «laqma» deb, keyin «betgachopar» deb turtindim.

Boʻgʻzimga tiqilgan tosh... Faqat shungagina boshim urilmadi. Endi bildim. U tosh emas. U — isyon:

Ruhim junbushda... «Hujayra» atalmish tanachalarimga harakat baxshida etayotgan asov gʻalayon tomirimga sigʻmay ketmoqda.

Mendan qoʻrqmang... Keyin, iltimos, tush koʻrmang men bilan xayrlashayotganingizda. Orzu qilmang meni bir umr.

Borliq vujudini, qon tomirlariniyu yurak urishini, hujayralar harakatiniyu tiriklik tanachalarining shiddatini tuygan, «koʻplar»ning kuchli oqimiga qarshi chiqish mumkin deya oʻylagan kimsaga ishonib boʻlarmidi? Aslida «ayol ekan» deb tamshanib qoʻyganingizda, oʻzingizga hukm oʻqiysiz. Yaxshisi, «jinni ekan» deb ayting. Bu tashbeh menga tegishli.

Zotan, telba — «koʻpchilik»dan forigʻ degani. «Yolgʻiz» degani. Telba — sizdan, undan, ulardan xoli degani.

Telbalarning baxti shundaki, ular bir-birlariga oʻxshamaydilar. Shunday baxtga erishgan ruhning oʻttiz besh zinaga qisqargani (yoinki uzaygani, baribir) xususida va’z aytay, eshiting:

«Hamonki, ruhim madadi isyonim ekan, hamonki, telbalik baxtning aks-sadosi ekan, kimgadir intilishni, suyib-surkanishni bas qilsak, tamom! Oʻsha «koʻl»larga oʻxshab, meni «jinni» deya olganingizda, oʻzingizning sogʻ ekanligingizdan xotirjam boʻling...»

Ozodlik

«
Tushda qor eriydi,
Sokin, lek yoniq ovoza bilan

M. Chaklays
»

Ruhim sayohatda. Tanam karavotda. Tilim aylanibdi. Nimalar debman? Oʻzimga aytishmadi. Mayli, aytmang. Devor quloqlari, eshik koʻzlari, sokinlikning oʻz soʻzlari bor. Nimalar deganimni bilmayman, ammo oʻsha soniyalarda ozod boʻlganim aniq. Tushlari uchun ham gunohkor sanalganlar bor-a, bizda? Bor...

Gunohning oʻzi nima? Barcha «mumkinilarning aksimi? Unda osoyishtaligimiz yoʻlida yana «bir ovozdan» qaror chiqarib qoʻyaqolaylik: «Tush koʻrish man etiladi» deb. «Moddiy vujudni tark etgan har qanday ruh — xalq dushmani» deb.

Barcha tantiq ruhlarga bezak taqaylik — yaltiragan, shaldiragan zanjir halqalaridan. Ruhlar ham bilishsin-da yetim tana azobini...

Aytmang, sohibim, mayli. Faqat kechiring. Nima deganimni bilmaymanu, lekin oʻshandagi ovozim... Ozod ruhning ovozi sokin, lek yoniq boʻlgʻay. Unda ham mung, ham hasrat, ham ehtiros, ham umid boʻlgani aniq. O, nahot bu ohangni oʻzim hech qachon eshita olmasam...

Nimalarni aytvordim-a?..

Umidim sarhadi

Bir umr sizni izladim. Atrofimdagilarga xislatlaringizni mengzadim. Kimki yuragimga yaqin kelsa, undan oʻzimni olib qochdim. Aslida-ku, ularni menga yaqin qilgan narsa sizga oʻxshashliklari. Shu bilan birga, ularni yiroqlashtirgan ham aynan shu mushtaraklik.

Hayotim — halqalarning uzviyligi. Qishi bilan qovjiraganiga qaramay, oʻz daraxtidan ayrilmagan yaproq uchun bahor kim? Oʻtgan bahordan xotiradek qovjiragan bargning bazoʻr ilingan joyidan boʻrtayotgan kurtak sadoqatli yaproq umidin armonga qoradi. Bugunmas, ertaga albat yiqilalajagimni tuyib, ilinib yashamoqdaman.

Sevgili kunlarimning sarhadi — men sizdan uzilgan kun...

Bugun bahoriy yomgʻir oʻlimni yaqinlashtirmoqda. Yaqindagina emasmidi, oʻz bahorimda u jonim ozugʻi edi. Endi qovjiragan tanamga urilgan shaffof tomchilar — zarba. Chidash kerak. Ertami, indinmi, yer bilan bitta boʻlganimda, sizni sezmay qola-man. Yer bagʻirlab yotgan yaproq chirkinlikka aylanadi. Men esa, chiriy boshlayman. Balki oʻshanda ham, meni mazax qilishdan toʻxtamagan shamol kuchidan foydalanib, bir uchib koʻrarman... Siz hamon...

Ammo sizga yetolmasligimni, sizni topolmasligimni, sizga oʻxsholmasligimni va sizga hech nimani qiyoslayolmasligimni bilib turaman oʻshanda ham.

Hozir esa tabiatning fe’liga qasdma-qasd, oʻz daraxtimga ilinib turibman.

Shunday ekan, meni olib qolgan kuchga ming bor shukr!

«Sharq yulduzi»; jurnali, 1991 yil, 3-son