OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifYosiko Sibaki
Asar nomiVan Gogning qabri (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Yapon adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Yosiko Sibaki
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDildora Aliyeva (Ruschadan)
Hajm48KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Van Gogning qabri (hikoya)
Yosiko Sibaki

Masako hayotida ilk bor samolyotdan chet el aerodromiga kelib tushishi edi. U oʻzining yoshgina hamrohi bilan bojxonadan bir amallab qutuldi-da, avtobusga yetib oldi. Hamrohining yoshi yigirma sakkizda, oʻgʻli Nabuodan sal kattaroq boʻlib, allaqanday savdo uyining xodimi edi. Avtobus shiddat bilan shaharga tezroq yetib olish uchun eski koʻchalar oralab, aylanib uchib borardi. Nihoyat uzoqdan Eyfel minorasi, Sena ham koʻzga tashlandi. Masako tinchib qolgan shaharga, uning koʻcha va xiyobonlariga koʻz yugurtirdi. Manzilga yetib ham keldim, deya xayolidan oʻtkazdi u. Nimalardir koʻziga issiq koʻrinardi. Qiziq, oʻzining toʻzib ketgan binolariga olib chiquvchi oʻsha torgina Boju maydoni qayerda qoldiykin? Qachonlardir Masakoning eri Yabuki xuddi shu manzarani oʻz rasmlarida aks ettirgandi. Erining yiroqlashib ketgan ruhi ayolni musofir yurtlariga yetaklab kelgandi. Masako bu yerlarga oyoq bosishni yetti uxlab tushida ham koʻrmagandi.

Sayyohlik agentligi tomonidan ajratilgan mehmonxona ixcham va shinamgina boʻlib, Monso xiyoboni yonidagi Zafar arkidan uncha uzoq boʻlmagan yerda joylashgandi. Safar ishtirokchilaridan yigirma kishi shu mehmonxonaga joylashtirildi. Sayyohatchilarga shaharni oʻzlari mustaqil aylanishlari uchun ruxsat berildi.
– Vaqtni koʻngilxushlik bilan oʻtkazishingizni istayman.
– Tashakkur. Hali yana shaharda koʻrishib qolarmiz.

Masako shunday deya hamrohi bilan xayrlashdi. Uning xonasi uyning toʻrtinchi qavatida boʻlib, quyosh nuridan bahramand gullab-yashnab yotgan xiyobondagi daraxtlar u yerdan kaftdagiday koʻrinib turardi.. Metr[1] Kureda bilan qoʻngʻiroqlashishni keyinroqqa qoldirgan Masako bu darajada tinka-madori qurishini xayoliga ham keltirmaygina, karavotga choʻkdi. Yigirma soatlik parvoz hazilmi sizga. Metr Kuredani yoʻqlashni ertaga qoldirib, oʻgʻli Nabuoning maslahatiga koʻra shaharni yayov aylanib chiqqisi keldi. Yetti yillik umrini oilasidan uzoqda, musofir yurtlarida oʻtkazgan, hayotni besh yil avval tark etib ketgan eri Yabukining ruhi balki Parij koʻchalarida u bilan birga sayr qilar.

Masako eri Yabuki Dzyokitining kasali haqida oʻtgan yilning qishida xabar topgandi. Metr Kureda unga uzundan-uzun maktub yoʻllab, Yabukining betobligi, ayni paytda kasalxonada yotgani, yaqinda operatsiya boʻlishi va yana yuzaga kelishi mumkin boʻlgan allaqancha muammolar toʻgʻrisida kuyib-pishib yozgandi.

«Ishonasizmi-yoʻqmi, bilmadim, lekin Sizga bu haqda xabar berish qay darajada oʻrinsiz ekaninini yaxshi tushunaman. Janob Yabuki: «Men xotinimni, farzandimni – oilamni tashlab, bu yerlarga keldim. Endi peshonamga qanday koʻrguliklar yozilgan boʻlsa, bariga balogardon oʻzimman», deya bir necha bor takrorlagandi. Yabuki gʻaribligini bilardi. Gap shundaki, uning moddiy ahvoli yaxshi emasdi, birin-sirin chiqib kelayotgan keti koʻrinmas muammolar, kasalxona va jarrohlik xarajatlari doʻstlari zimmasida edi. Agar jarrohlikdan soʻng uning sogʻayib ketishiga koʻzim yetganida, sizni bezovta qilib oʻtirmasdim. Afsuski, unga oʻpka saratoni tashxisi berilgandi. U kasalxonadan chiqqanidan keyin yotib davolanishi, zarur tibbiy yordamni olishi uchun uni joy bilan ta’minlashga qurbimiz yetmaydi... Albatta, biz unga bor gapni aytolmadik, u hozir tezroq kasalxonadan chiqib, ijodini davom ettirishni sabrsizlik bilan kutib yashayapti. Hozir Yevropaga qishning qattiq yopirilib kelishi kutilmoqda. Biz, uning doʻstlari, ahvolni oʻrganib chiqib, balki u davolanishni Yaponiyada davom ettirgani durust boʻlarmidi degan xulosaga keldik. Bu haqda hozircha unga aytmadik. Meni toʻgʻri tushunasiz deya umid qilaman va Sizning, hurmatli oilangizning bu toʻgʻridagi fikrini bilmoqchi edim...»

Masako xatni oʻqib chiqqach, bunga Nabuo nima derkin, deya oʻylanib qoldi. Bundan yetti yil burun Yabuki toʻsatdan San’at Universitetidagi ishini tashlab, zudlik bilan Fransiyaga joʻnab ketishini ma’lum qilganida, oʻn besh yoshli Nabuo endigina oʻrta maktabning ikkinchi bosqichiga imtihonlarni topshirish arafasida edi. Yabukining oʻzi yoshlik paytlarida ikki yil Parijdagi rangtasvir maktabida tahsil olgandi. Oʻshandan beri martaba borasida ham, taqdir borasida ham hech bir muammoga duch kelmagandi: universitet aspiranti ana-mana professor unvonini olaman deb turgandi. Endi esa xuddi savdoyi odamdek oqibatini oʻylab-netib oʻtirmay, ishni tashlab, boshi oqqan tomonga ketmoqchi boʻlib turibdi. Masako bu telbalikning sababini tushunolmay garang edi, bu orada Nabuoning ham imtihonlari boshlanay deb qolgandi. Masako eridan ikki yilgina, hech boʻlmaganda yana bir yilgina sabr qilishni soʻraganida, Yabuki uni eshitish u yoqda tursin, allaqachonoq oilani tashlab ketish taraddudini boshlab yuborgandi.
– Mening kim ekanim oʻzimga ayon. Endi rassomlikka yaramayman. Agar shu zaylda ketaversa, tamom, qoʻlim butunlay chiqib qoladi. Men, ish boshlaganim avvalgi yerimga qaytib borsamgina, bir amallab ishlab ketishim mumkin. Menga erkinlik kerak. Sen ham mendan xoli, oʻzingni ozod his etib yashashingni istayman. Umid qilamanki, oʻgʻlimiz qachonlardir buni tushunib yetadi. – Yabuki shu gapni takrorlagani-takrorlagan edi.

U ishxonasi bilan hisob-kitob qilib boʻlgach, pulini oldi-da, Parijga joʻnab ketdi. Masako oʻziga kelganida, butun algʻov-dal-gʻovlar tugab, oʻgʻli bilan yolgʻiz qolganini bildi. Nabuoning esa otasini koʻrgani koʻzi yoʻq edi. Birovlarni ta’na-dashnomlarga koʻmib tashlash, oʻz yaqinlari oldidagi burchni pisand qilmaslik, hattoki rassomlarga xos boʻlgan xudbinlikdan ham Yabuki benasib emasdi. «San’at» degan soʻzning oʻzi ham unda nafrat uygʻotardi. Bu san’at degani har safar boshidan boshlanaversa, uning qadr-qimmati qayerda qoladi?

Ona-bolaning shu taxlit sarson-sargardonlikdagi kunlari boshlandi. Masako uyida yevropacha usulda kiyim bichish bilan shugʻullanib, roʻzgʻorini arang tebratardi; oradan uch yil oʻtdi, endi u koʻylaklarga oʻziga xos bezaklar oʻylab topa boshladi. Keyinchalik ayollar korsajining koʻkrak qismiga yasama gul, kelinlar uchun guldastalar tayyorlash bilan shugʻullandi. Mana, endi oʻsha mash’um yetti yilni ortda qoldirib, gullar san’ati maktabida oʻqituvchilik qila boshladi.

Agar Yabukining kasali toʻgʻrisidagi xabar bir yil avval kelganida bormi, Nabuo hech ikkilanmay xatni yirtib tashlagan boʻlardi. Nabuo kishiga ruhan azob beruvchi hissiyotlarni jilovlashga qodir, jasur inson boʻlib voyaga yetgandi. Masako oʻgʻlining xizmatga kirishida muammo tugʻilmasin deya har ehtimolga qarshi Yabukini oilaviy roʻyxatdan oʻchirmay turgandi, oʻzi ham erining oilaga qaytishidan umidvor edi. Nabuo universitetni tugatiboq xizmatni boshlab yubordi. Masako oʻgʻlining talabalik paytlaridayoq qizlar bilan inoq ekanini bilardi. Ayni paytda Nabuo universitet kutubxonasida ishlaydigan oʻsha qizlardan biri bilan har haftada uchrashib turardi. U hafta oxirini intiqib kutar, bir qarasang oʻzini erkaklarga xos bosiq tutar, bir qarasang muloyim boʻlib qolardi. Bular barini koʻzdan qochirmay kuzatib turgan Masako oʻgʻlining endi koʻp narsalarga aqli yetadigan boʻlib qolganini bildi. Vaqt-soati kelib, hatto oʻgʻil ham oʻz onasidan uzoqlashishiga toʻgʻri kelarkan, oʻz oilasini tashlab ketgan otasidan begona boʻlish toʻgʻrisida gapirmasa ham boʻladi. Xatni oʻqib chiqqach, Nabuoning boshi gangib qoldi.
– Xoʻsh, onajonim nima qilmoqchilar ekan?
– Bilasanmi, oʻgʻlim, otang atrofidagi doʻstu yorlarini oʻz tashvishlari bilan bezorijon qila-qila, oxiri itdek oʻlib ketmasaydi deyman. Bundan keyin otangning doʻstlariga ogʻirligi tushmasligi uchun nimadir qilishimiz kerak.
– Men otamning gʻamini yeyayotganim yoʻq. U bilan hatto oldi-berdi qilgim ham yoʻq, lekin u, baribir oilamiz a’zosi, otam hozir shunday ahvolga tushib qolganki... Uni bu ahvolda e’tiborsiz tashlab qoʻyolmaymiz.

Masako oʻgʻlining bunday joʻyali fikr yuritishidan xursand boʻldi.

Ona-bola Yabuki bilan bogʻliq ishlarning bariga qoʻl siltab ketishlari mumkin edi, lekin qondoshlik rishtalari bunday bepisandlikka izn bermaydi, ular Yabukini Yaponiyaga olib kelib davolatishga qaror qilishdi. Yabuki Dzyokiti oilasidan, erishganlarining baridan voz kechib, chet elga joʻnavorgandi; mana, hash-pash deguncha yetti yil ham oʻtib ketibdi, xoʻsh, u shu paytgacha nimaga erishdi? Nabuo metr Kureda bilan xat yozishib turardi, u navbatdagi mehnat ta’tilini oldi-yu, Parijga joʻnab ketdi.

Bir kuni Masako oʻgʻli yoʻqligidan foydalanib, suratlar saroyining xoʻjayini Kosega qoʻngʻiroq qildi. Kose ushbu oilaning koʻp yillik qadrdoni boʻlib, u ham Yabukining betobligi haqida oilasiga xabar bergandi. Masako hech ikkilanmay:
– Yabukidan hech darak bormi, u sizlarni ortiqcha tashvishga qoʻymayaptimi? – deb soʻradi.
– Yoʻgʻ-ey, aksincha, Yabuki-san bir yil deganda bitta yo ikkita surat joʻnatdi, xolos. Ba’zan musofir yurtlarida tirikchiligi qanday oʻtayotgan ekan deya tashvishlanib qolaman. Men uni bir-ikki yil ichida oʻz shaxsiy koʻrgazmasi bilan namoyishda qatnashar deb umid qilgandim...

Masako xayr-ma’zur qilib, goʻshakni ildi. U bu yaqin orada erining biron-bir ishga qoʻl urganini eslolmasdi, endi boʻlsa koʻrgazma emish – bari bekorchi gap. U, arzimas, befoyda ishlar uchun oʻz oilasidan kechib ketgan Yabukini oʻylab, ich-ichidan ezilardi. Masako eri joʻnab ketgandan soʻng qanchadan-qancha tunlarni bedor, gʻam-hasratda, uni qoʻmsab oʻtkazdi, endi esa xuddi oralarida hech nima boʻlmagandek, uning hali erishishi dargumon yutuqlariga ilhaq, oilaga qaytishini kutib, undan umid uzmay yashashi kerak ekan... Yabukisiz oʻtgan yetti yillik umri uning inja orzusini chilparchin qilganda ham umid uzmay, oʻsha orzuni yangitdan tiklamoqchi boʻlib turganida, qarabsizki, oʻsha omadsiz rassomning kuni bitib turibdi, axir, bunga qanday qilib koʻz yosh toʻkmay boʻladi? Bularning bari nima bilan tugashidan qat’i nazar, Yabuki Nabuoning otasi boʻlib qolaveradi.

Nabuo bu paytda muzlab yotgan qishki Parijning yangi yil bayrami shovqin-suronlari endigina bosilgan dahasida sayr qilib yurardi. Masako Parijga qisqa kuz faslida kelgandi, u Monso xiyobonining barglari sargʻayib ketgan daraxtlariga tikilarkan, oʻzini allaqanday noma’lum qirgʻoq tomon suzib ketayotgandek his etardi. Mehmonxona oldidagi katta koʻcha yoʻlovchilardan deyarli xoli boʻlib, hammayoq suv quygandek jim-jit, xuddi xizmatini oʻtagan daha shu bugun dam olishga chiqqandek edi. Asta, shoshmay oʻtib borsang, Zafar arkining xuddi oʻzidan chiqasan-qolasan. Daha muyulishidan burilsang – qarshingda gavjum Yelisey maydoni. Masako betartib olomonga qoʻshilib ketarkan, Zafar arkining koʻrkam old tomonini koʻrishga shoshilib, bir necha bor oʻgirilib qaradi. Bunday serhasham Parij ramzi yana qayerda bor? Qiziq, bu goʻzal manzaraga Yabukining koʻzi tushganida nima derdi?.. Balki u, siyqasi chiqqan fikr deya ustimdan kulgan boʻlarmidi... Zafar arkiga Nabuoning koʻzi tushmagan ham boʻlsa kerak.

Nabuo otasini koʻrgani kelganida oʻzini shunday tutdiki, uning kasalidan xuddi Parijga kelib xabar topgandek. Metr Kureda bemordan oʻz mehribonchiligini ayamadi. Oʻgʻli kelganini koʻrgan Yabuki oʻziga kelolmay, unga tikilgancha qotib qolgandi. Nabuo otasidan yotsirardi, Yabuki esa vaqtning shiddatidan lolu hayron, oʻgʻlining aslzoda boʻlib voyaga yetganini koʻrib, unga qarab toʻymasdi. Ota-bola uzoq oʻtirib dardlashishdi. Yabuki jarrohlikdan yaxshi chiqqanini, hozir ahvoli durustligini va xavotirga oʻrin yoʻqligini aytib, uni xotirjam qildi. Yabukiga tinchlik bermay, uni birin-ketin tugʻilayotgan gʻoyalar kelgusidagi ishlarni davom ettirishga undardi. U tezroq tuzalib, kasalxonadan chiqish payiga tushib qolgandi. Yana u, jarrohlikdan soʻng xotirjam tortganini, oyoqqa turishi bilanoq Nabuoga oʻsha Parij atrofidagi oʻzi bir vaqtlar asliyatga qarab rasm ishlagan yerlarini unga jon-jon deb koʻrsatishini aytdi. U joylarga ketaverishda, yoʻlda ajoyib oʻrmon, hozirda sotishga moʻljallab qoʻyilgan qadimgi qasr bor. Rosa arzon, bordi-yu, yashash niyating boʻlsa, ta’mirtalab, agar barcha qulayliklarni koʻngling tusasa, unda chuv tushishing aniq, shu boisdan ham yurak yutib, u yerlarga hech kim borishga botinolmaydi. Ba’zan shunday oyogʻingiz tagidan bugʻu chiqib qolishi ham mumkin, lekin u sizga ziyon yetkazmaydi. Oʻrmon qalin, agar quyosh botishiga toʻgʻri kelib qolsangiz bormi, u yerdan chiqib boʻpsiz, xullas, ijod uchun rosa bop joy-da. U kulib qoʻydi. Nabuo gapirmay, otasini eshitdi. Uazi vodiysini aytmaysanmi, xuddi jannatning oʻzi. Toʻgʻri, bunday yerlarda ijodkor yuzakilikka berilib ketishi hech gap emas. Sisley manzarasi esingdadir. Uazidan uncha uzoq boʻlmagan yerda Dyupr yodgorligi, qishloqdan sal narida esa bir uycha bor, — uni senga albatta koʻrsataman, — unda Dome yashagan. Bu uyni unga Koro topib bergan va shu yerda vaqtincha yashashni taklif etganida, u uzoq oʻylab oʻtirmay koʻchib oʻtgandan soʻng shu yerlarda yashab, yana shu yerlarda vafot etgandi. Bir kuni seni u yerga ham olib boraman. Yana har yili oʻzim bilan molbertni olvolib, tabiat qoʻyniga chiqqanimda, qoʻshni qishloqqa ham oʻtaman, keyin oʻz peyzajlarimni oʻsha joyda yarataman. Bu Van Gogning qabridan uncha uzoq boʻlmagan yer. U yerlarning manzarasi juda goʻzal. Qani endi, oʻlganimda meni ham oʻsha yerlarga dafn etishsa. U yerda mozor bor. Aytgancha, Nabuo bu yerlarda yana qancha qolmoqchi?

Otasi bilan boʻlgan bu suhbat Nabuoni hang-mang qilib qoʻygandi. Uning bu holati, xuddi ota-bola oʻrtasida hech bir gap oʻtmagandek, otasining unga boʻlgan samimiy munosabatidan hayratlanishmi yoki Yabukining oʻz ijodiga boʻlgan ehtiromi hali soʻnmaganini koʻrib lolu hayron qolganidanmikan? Balki bu uning soʻnggi urinishidir? Unga odamning rahmi keladi – bechora, sogʻayishini qanchalik sabrsizlik bilan kutib yashayapti. Bularning barini oʻz koʻzi bilan koʻrgan Nabuo butunlay oʻzini yoʻqotib qoʻygandi.

Nabuo Parijda juda oz fursat boʻlgan boʻlsa-da, deyarli butun vaqtini otasi bilan kasalxonada oʻtkazdi. Yabuki oʻgʻli bilan koʻrishganidan soʻng oʻzini ancha yengil his eta boshladi. «Ota, balki Yaponiyaga qaytarsiz?»— deb soʻramoqchi boʻldi-yu, lekin Nabuo tilini tishlab qoldi. Qanday yoʻl tutishni uning oʻzi ham bilmasdi, otasini oʻzi bilan olib ketsamikan? Otasi Fransiya tabiatiga shunchalik shaydo ekan, balki, umrbod shu yerlarda qolgani ma’quldir. Biroq, uning bu qaroridan yana atrofidagi doʻstlari aziyat chekishi mumkin. Nabuo oʻz burchini bajarib boʻlgandi. Otasi bilan xayr-xoʻsh qildi-da, Yaponiyaga joʻnab ketdi. Nima boʻlganda ham ona yurti Yaponiyaning shabadasi Yabuki qalbini bir siypalab oʻtgan, oʻgʻli Nabuoning tashrifi esa unga oʻz ta’sirini oʻtkazgan boʻlsa, ne ajab. Nabuo kelib-ketganidan soʻng Yabuki doʻstlarining Yaponiyaga joʻnab ketish haqida qilgan taklifga indamay rozi boʻldi. Yaponiyada sogʻayib, oʻziga kelganidan soʻng yana qaytib kelishi mumkinligini aytib, doʻstlari uni ishontirishgandi. Yabukining oʻzi ham kasalni yolgʻizlikda yengib oʻtish mushkulligini boshidan oʻtkazgani uchun ham buni yaxshi tushunardi.

Yabukini kasalxonadan samolyotgacha «tez yordam» mashinasida olib borishdi va yuqorigi oʻrindiqqa olib chiqib qoʻyishdi. Narsalari ham unchalik koʻp emasdi. Oʻzi bilan olib kelgani bir dona surat va palatasida osigʻliq turgan boʻzga chizilgan manzara bor edi, xolos. Yana qolgan mayda-chuydalarni alohida joʻnatishlarini soʻragandi.

Parijga yetib kelgan Masako eriga qaytib kelish nasib etmagan shahar koʻchalarida bemaqsad, shunchaki sayr qilib yurardi. Yelisey maydonidagi yoʻlkalar, ayvon va qahvaxonalar kayfi chogʻ olomon bilan gavjum edi. Masako Parij koʻchalarida adashib qolmaslik uchun oʻgʻli Nabuo chizib bergan xaritaga qarab aylanardi, lekin yuragida oddiy qiziqishdan boʻlak hech vaqo yoʻq edi. Yelisey maydoni taxminan Gindzaga oʻxshab, 9-dahagacha choʻzilgan boʻlib, bu yoʻlni Masako koʻz ochib-yumguncha bosib oʻtdi. Favvoralar bilan bezatilgan Ron-Puen maydonidan u yogʻiga chinorli xiyobon davom etardi. Masako oʻtkinchilar onda-sonda sayr qiladigan bu xiyobonni chizgan yapon rassomini esladi. U «Totuvlik» maydoniga yaqinlashganda, holdan toyib, yuqoriroqdagi tosh zinalardan biriga oʻtirib dam olishga qaror qildi. Manzara, hoynahoy, bu yerdan ham goʻzal koʻrinsa kerak. Zinadan unga peshvoz chiqqan yosh yapon qiz va yigitlar tushib kelishardi.
– Bu yerda nima bor?
– Bu yer impressionistlar[2] muzeyi.

Ular tezda koʻzdan gʻoyib boʻlishdi. Masako nafasini rostlash uchun yuqoriroqdagi zina maydonchasiga koʻtarildi-da, oʻsib ketgan maysalar yonida toʻxtab, yoshligini, eri unga koʻrsatgan rasmlarni esga oldi. Bu qanday bedodlikki, qayoqqa qarama – rasm. U yana qayerga ham borsin. Zina tepasida turib endi yotoqqa qanday qaytishni oʻyladi. Zafar arki koʻchaning oxiridan qoʻqqayib koʻrinib turardi. Mehmonxona unga olisdek tuyuldi. Bir oʻzi taksiga oʻtirgisi kelmadi. Musofir yurtining hatto koʻchalari ham senga begona, u birdan bemaqsad, shunchaki sayr qilib yurganini anglab qoldi.

Metr Kuredaning ustaxonasi Parijning 14-dahasida joylashgandi.

Masako mehmonxona darbonidan taksi topib berishini soʻradi, haydovchiga manzilni aytgandi, u ham paysalga solmay, toʻppa-toʻgʻri Kuredaning uyiga eltib qoʻya qoldi. Temir eshik, uning ortidagi hovlida esa ikki qavatli uy qad koʻtargandi, uyning old tomoni oʻyilib, ichkariga rasmxona qurilgandi. Metrning xotini unga peshvoz chiqib kutib oldi, soʻng xonadan Kuredaning oʻzi boshini chiqarib qaradi. Masako Yabukidan besh-olti yosh katta boʻlgan Kuredani koʻrib, vaqt oqar suvdek qanchalar tez oʻtib ketganini xayolidan oʻtkazdi. Kuredaning sochlariga oq oralagan, lekin yuzi, boʻy-basti oʻsha-oʻsha edi.
– Ustoz, siz oʻzgarmabsiz.
– Ha, endi yosh emasmiz-u, lekin hali kuchdan qolganimizcha ham yoʻq. Qisqasi, moʻysafid boʻlib qoldik. Endi qadam qoʻyadigan oʻn yilligimdan xavotirdaman...

U xushmuomala, toʻgʻri soʻz, irodali, ayni zamonda olijanob inson ham edi. Bundaylar yolgʻon gapirishni bilmaydi. Uning ijodi iqtidor mahsuli deya tan olingandi. Bunday odamning oldida Yabuki oʻzini bexavotir sezgani aniq, deya xayolidan oʻtkazdi Masako. Kuredaning xotini yaponcha choy damladi. Er-xotin Kuredalar shuncha uzoq yoʻl bosib kelgan Masakodan minnatdor boʻlishdi va Yabukining vafoti munosabati bilan unga bildirishgan ta’ziyalari boshqalarnikidan koʻra qattiqroq botdi.
– Uni De Goll aeroportidan samolyotga oʻtqazib kuzatayotganimda, rostini aytsam, mening bunga hech yuragim chopmadi. Sal avvalroq buning aksi boʻlgandi, ya’ni uni tezroq joʻnatib yuborishga oshiqib, eson-omon samolyotga yetkazib borishni oʻylab, rosa tashvishlangandim, odamning fe’l-atvoriga ham ishonib boʻlmas ekan. Bedavo dardga chalingan odam koʻzlaringga moʻltillab sendan najot kutib tursa, bunga qanday chiday olasan. Shularning barini bafurja oʻylab koʻrdik-da, uni uyiga, oʻz yaqinlari yoniga joʻnatib yuborishga qaror qildik. Jarrohlik amaliyotidan soʻng u asta-sekin tuzala boshladi, oʻz-oʻzidan umid ham uygʻondi, bunday paytlarda qanday qilib joʻnash haqida ogʻiz ochish mumkin? Xullas, bir amallab uni joʻnab ketishga koʻndirdik. Ketish oldidan esa xuddi burchimizni qoyilmaqom qilib bajargandek oʻzimizni yengil his etdik, lekin yurakdagi xijillik bizga tinchlik bermasdi. Ba’zan, Yabukini Parijda olib qololmay, uning soʻnggi tilagini ado etolmaganimiz biz uchun bir umrlik armonga aylanib qolmasaydi, deb oʻylayman, — dedi samimiy ohangda Kureda.
– Nahotki Yabuki Yaponiyaga qaytishni sira istamagan boʻlsa?
– Yoʻq, unday emas, menimcha, u oʻgʻlini koʻrganidan keyin oʻzini qoʻyarga joy topolmay qolgandi, tagʻin oʻzi biladi.
– U Yaponiyada davolanib, oyoqqa turganidan soʻng Parijga qaytmoqchi edi. Yonimda oʻzini yaxshi his etayotgandek tuyulardi. Nima qilsam churq etmasdi, menga oʻzining navbatdagi hamshirasidek qarardi. Ba’zan menga oʻz ishi. Parijdagi tavakkalchilikda oʻtgan hayoti haqida gapirib berardi, vaqt oʻtishi bilan hatto oʻsha koʻngilga urgan xotiralar unga ardoqli boʻlib qolgandi. Vaqt oʻtgan sayin ahvoli ogʻirlashdi, xayoli parishon boʻla boshladi, Yaponiyani Parijdan ajratolmay, oʻzicha fransuzchalab nimalarnidir gʻoʻldirab qoʻyardi. Gohida oʻzini palata devoriga osigʻliq manzara-rasm ichiga kirib ketgudek boʻlib tikilardi. Umrining soʻnggi damigacha uning yonida boʻlganimiz yaxshi boʻldi deb oʻylayman. Agar gʻarib va musofirlikda oʻlib ketganida, unda oʻzini butunlay bizdan ajralib qolgandek his etgan boʻlardi.

Metr Kuredaning hayajoni yuzidan bilinib turardi. Bir kuni Yabukining koʻngli yapon milliy taomlaridan suyuqqina guruch boʻtqasini tusab qolganida, Kuredaning xotini unga oʻsha boʻtqani tayyorlab berganini miriqib soʻzlab berdi. Yetti yil Fransiyada yashab qoʻygan boʻlsa ham baribir koʻngli oʻz yurtining taomlarini qoʻmsab qolardi. Tobim qochsa men ham, shoʻrva emas, aynan oʻzimizning yapon boʻtqasini xohlab qolaman..

Janob Yabukining oʻshanda mendan birinchi marotaba nimanidir iltimos qilishi edi. Menimcha, u peshonasiga bitilgan qismatni oʻz xohishi bilan oʻzgartirganidan pushaymonligi haqida oʻylagan.

Kuredaning xotini Masakoning koʻnglidagini gapirgandi. Bir kuni kechki payt Yabukining birdan nafasi boʻgʻilib, bir ozdan soʻng yana oʻziga keldi, lekin bu voqeadan ikki-uch kun avval u Nabuoni zoriqib kutgandi va sabri chidamay Masakodan oʻgʻliga telefon qilishni soʻragandi. Nabuo kelganida oʻz rasmlari haqida toʻlib-toshib gapirib bergandi.
– Qay tomondan qaramang, oʻz umrini yashab boʻlgan, odob-axloq doirasidan chiqmay ishlangan rasmlardan men voz kechdim. Endi erkin ijod qilmoqchiman. Qanday istasam, shunday ishlayman. Qurbim yetgancha xoʻb ishladim. Endi oʻz uslubimni topgandekman. Nima boʻlganda ham men tezda joʻnab ketishim zarur. Boʻlmasa, rasmlarim meni unutib yuborishi mumkin. Tezroq joʻnasak boʻlmaydimi? Men qachon uchib keta olaman?
– Shu yerda ham ishlasa boʻladi-ku. Balki oʻsha rasmlarni shu yerga olib kelarmiz?
– Unda asliyatni nima qilamiz? Uazini bu yerga olib kelib boʻlmaydi-ku... U oʻzini oʻldirmoqchi boʻlgan oʻsha dalani koʻrolmaymiz. – Otash boʻlib yonayotgan Yabuki koʻzlarini zoʻrgʻa ochdi. Nabuo undan:
– U deganingiz kim? – deb soʻradi.
– Kelasi safar seni u yerga olib boraman.—Yoshligimda Vlaminkdan[3] tahsil olgan Noai menga rasmdan ustozlik qilgan. Noai Van Gogga topinardi, uni oʻz otasidan ham koʻproq yaxshi koʻrishini aytardi. Bu soʻzlar keyinchalik tarix zarvaraqlariga muhrlanib qoldi. Xullas, u Fransiyada oʻz otasidan koʻra koʻproq yaxshi koʻradigan rassom vafot etgan qishloq bor. U yerlarning tabiati oddiy, dabdabasiz, tinch va osoyishta. Oʻsha yerlarga sen bilan birga boraylik-a, oʻgʻlim. Qani endi hokimlik tomonidan oʻsha tomonlarda bironta tadbir uyushtirilsa, unda borishimiz osonroq boʻlardi. U yerda oʻrta asr oxirlariga oid ajoyib cherkov bor. Bu cherkov ne-ne talotoʻplarga guvoh boʻlmadi, deysan. Ustoz dafn marosimini oʻtkazib, cherkov eshigidan chiqib kelayotgan odamlarga duch kelib qolgan va mening ham kun-soatim bitibdi, deb xayolidan oʻtkazgan-da, cherkov tashqarisidagi dalaga chiqib oʻzini otib qoʻygan.

Yabuki xuddi oʻtgan hayotidan bir parchani hikoya qilib berayotgandek toʻxtovsiz gapirardi. Uning eti suyagiga yopishgan yuzi bujmayib, qip-qizil boʻlib ketsa ham gapdan oʻzini hech toʻxtatolmayotgandi.
– Otam uchun shunchalik qadrli boʻlgan oʻsha joylarni biz ham koʻrsak boʻlarmidi...– dedi Nabuo.

Nabuo otasiga ancha oʻrganib qolgandi. Ota-bola boshqa-boshqa dunyoda yashasalar-da, Nabuo uning ahmoqona ishlariga bosh qoʻshishni istamasdi, lekin borgan sari yaqinlashib kelayotgan ajal soyasi bunday loqayd qarab turishga izn bermasdi. Nabuo onasi bilan yolgʻiz qolgan kezlarida:
– Qani endi, yana biror oʻn kun yashasa...– derdi.

Masako titrab ketdi. Bemor oʻn kunga ham yetib bormadi, uning ruhi allaqachonoq u tirikligida qoʻmsagan yerlarda kezib yurardi, koʻp oʻtmay uning koʻzlari abadiy yumildi. Kasalxona bogʻchasidagi olcha kurtaklari nish urib qolgandi.
– Vafotidan soʻng oʻtkaziladigan koʻrgazma nima boʻlyapti? – soʻradi metr Kureda.

Er-xotin Kuredalarning jonbozliklari bilan Parijdan yigʻib olib, joʻnatilgan Yabukining barcha ishlari Yaponiyaga kelib tushgandan soʻng toʻgʻri Masakoning torgina uyini butunlay egalladi-qoʻydi. Uning oʻzi bu rasmlarga hali tuzukroq nazar solgani ham yoʻq. Masako rasmni ochdi-da, uni koʻrish uchun bir oz orqaga tisarilgan edi, javonga borib urildi.. Yabukidan oʻnlab ishlari meros qoldi, lekin uning oʻzi bu merosni kimga ishongan boʻlardi? Koʻrgazma toʻgʻrisida Kose rasmlar saroyi bilan kelishib, koʻrgazmani shu yilning kuzida oʻtkazadigan boʻldi. Yabukining e’zozli ustozi boʻlgan metr Odzakini koʻrgazmaga taklif etib, oʻz fikr-mulohazalarini yozib berishini iltimos qilishmoqchi. Yabukining ishlariga Masakoning aqli yetmasdi. U avval-boshda ustozlariga havas qilib ularga ergashdi va oʻz yoʻlini topolmay, qotib qolgan uslubda, ishladi, oxirgi manzaralarida mayinlik, nafislik, tavakkalchilik, oʻziga xos oʻjarlik bilan qorishib, uygʻunlashib ketgandi; umumiy jilvadorlikning koʻpi toʻq rangda edi. Masako nazariy qarashlari tarafdorlaridan boʻlgan metr Odzakining bunga qanday munosabat bildirishidan xavotirlanardi. Har holda Odzaki Yabukining rasmlarini koʻrib, oʻzini tushunganday qilib koʻrsatganida edi, uning ijodiga birmuncha qiziqish uygʻotish mumkin boʻlardi. Balki boʻlib oʻtayotgan bu voqealar marhumning istak-xohishiga ziddir.

Metr Kureda:
– Shaxsiy koʻrgazma, albatta, oʻziga xos uslubni talab qiladi...– dedi xayolga choʻmib.

Masako metr Kuredani koʻrgazma manfaati uchun soʻzga chiqishini xohlardi. Qani endi metr Kureda oʻz rolini qoyilmaqom qilib bajarganda edi, unda Masako jon-jon deb ishga kirishgan boʻlarmidi.

Hovlida archa guliga oʻxshash binafsharang gullar ochilib yotardi. Kuredaning xotini birpasga chiqib ketganidan foydalangan Masako gullarga suqlanib tikildi.
– Ustoz, iltimos, ayting-chi... Yabukining rasmlariga nima deysiz? Hali rasmlarni ochib, uni bafurja koʻrishga ulgurolganim yoʻq... Agar koʻrgazmada uning ishlarini tan olishmasa, unda nima boʻladi? Rassomning bu taxlit yashab, ijodi ayni qizigan pallada dunyoni tark etishiga achinmay boʻladimi? Men uni hatto oʻz kasbidan qizgʻandim, bularning bari unga nisbatan adolatsizlik emasmi. Yabuki sevgan ishini deb oilasidan voz kechdi. Shu qurbonliklar evaziga uning ijodida bironta ilohiy uchqun koʻrinadimi?

Masako metr Kuredaning til uchida qilgan tasallisiga zor emasdi. Kureda esa buni sezgandi.
– U faqat birgina ishida gullarni, ya’ni oq gladioluslarni tasvirlagandi. Men, ba’zan mana shu rasmdan olgan ilk taassurotimni eslayman. Ixchamgina guldonga bir talay gullar pala-partish solib tashlangan, gullar esa idishga sigʻmay, biri egilgan, biri singan, ba’zilari yer bilan bitta boʻlib yotardi, bu rasmga oʻxshamasdi, unda jonli nimadir bordek, manzaradan koʻz uzolmasdingiz. Orqadagi qora rang och havo rang bilan qorishib ketgandi. Sap-sariq guldondan nur taralib turibdi. «Van Gogda ham xuddi shunday «Gullar» degan surat bor», — dedim unga bir kuni.

– Buni qarang-a, demak, Van Gogdek rassom ham menga taqlid qilgan ekan-da,—deya Yabuki begʻamgina javob qaytargandi.— Yana bitta manzara bor. Unda daryo va koʻprik tasvirlangandi. Rassom koʻprikka chiqiladigan tomondan qarab turardi, unga ulkan va besoʻnaqay toʻsinlar qalab tashlangan, kishida xuddi bu yerni quturgan buqa ostin-ustin qilib tashlagandek taassurot uygʻotardi. Chapda va oʻngda esa sokingina oqib turgan soy tasvirlangandi. Xuddi mutanosiblikdan bexabar bolalar rasmidek. Buni koʻrdim-u, nafasim boʻgʻzimga tiqilayozdi. Menga, bu ishni u qoʻli bilan emas, yuragi bilan bunyod etgandek tuyuldi. Daryoni tinch va sokin koʻrish mumkin boʻlganda, nega endi koʻprik ustabuzarmonlik mahsuli boʻlishi kerak ekan. Basharti men undan bu haqda soʻraganimda edi, bilaman, u hech ikkilanmay: «Koʻprik – bu men», deb javob bergan boʻlardi. Daryo oʻz izni bilan yashagandek, koʻprik ham xuddi shunday, daryo osha oʻz hayotini yashayveradi. Hech razm solganmisiz? – uning ishlarida oʻziga xos joziba bor edi. Masalan, keng koʻprikka ingichka, deyarli koʻzga chalinmas qizil chiziq tortilgan. Bu yorugʻ olamni rassom Yabuki shunday tasavvur etardi. Menimcha, u shunday yashaganki, tabiatni oʻzi istagancha chizib, yana uni asl qiyofasini buzmagan holda koʻra olgan va shu orqali tabiatga mos manzara yarata olgan.

Metr Kureda bu gaplarni chin yurakdan gapirgani shundoq bilinib turardi, shu bois shubhalardan xoli bu samimiy suhbat oxirigacha shunday davom etdi.

Masako oʻzini yengil his etdi.
– Meni ham bitta rasm qiziqtirib qolgan. Eng dagʻal boʻzga ishlangan bu rasmda cherkov tasvirlangandi; diqqat bilan razm solinsa, cherkov ajal minorasidek viqor bilan qad koʻtarib turibdi goʻyo. Rassomning oʻzi esa xuddi marhumlar yoki avliyolar bilan suhbat qurayotgandek. Men oʻzimni san’at borasida hech vaqoga aqlim yetmasa kerak deb oʻylagandim, lekin endi tushunishimcha, rasm seni oʻz goʻzalligi bilan sehrlay olmas ekan, unda uni rasm demasa ham boʻlarkan. Odam koʻrganida hayratdan yoqa ushlaydigan yoki boʻlmasa koʻnglingni choʻktirib yuboradigan asarlarni men tushunmayman. Nabuo menga oʻgirildi-da: «Buncha qaygʻuli rasm boʻlmasa,» dedi. Bu soʻzlarni eshitdim-u, ichimda gʻalayon koʻtarilgandek boʻldi. Nima boʻlganda ham jigarimdan bunday gapni kutmagandim. «Koʻzingni kattaroq och-da, diqqat bilan yaxshilab qara, ana oʻshanda, undagi goʻzallik seni maftun etganiga oʻzing ham amin boʻlasan!» – dedim men va xuddi kutganimday boʻlib chiqdi. Unga ertasi kuni quyosh yorugʻida qaragandim, qora va kulrang tuslar jilva qilmoqda edi. Oʻshandan beri har kuni qaraganim sari u menga yaqinroq boʻlib boraverdi, goʻyoki men bilan gaplashish uchun tilga kirgandek. Rasm bilan boʻlgan bu suhbat menga Xudoning inoyati edi. Yabuki bunchalik ibratomuz darajada oʻzgarar deb hech oʻylamovdim.
– Agar Yabuki-kunning[4] xotini uni tushunolgan boʻlsa, bu nur ustiga a’lo nur. Uni tomoshabin qabul qiladimi, yoʻqmi, bu endi boshqa masala.
– Suratda yovuzlik yoki biron-bir aql bovar qilmaydigan nimadir boʻlsa, unda tushunmasliklari turgan gap. Balki bu nodir asarmasdir, lekin shunday boʻlgan taqdirda ham baribir, men uni tushunolaman. Oʻgʻlim menga: «Sen uchun aziz boʻlgan kishi qayerlarni qoʻmsaganini, qayerlarga borib ijod gashtini surishni xohlaganini bilmoqchi boʻlsang, yaxshisi, bor-da, u yerlarni oʻz koʻzing bilan koʻrib kel,» dedi va kelish-ketish muammolarini oʻz zimmasiga oldi.
– Ertaga men Yabuki uchun qadrli boʻlgan Uazining tevarak-atrofini sizga koʻrsataman. Rafiqam ikkimiz u yerlarga qadam ranjida qilmaganimizga ham ancha boʻlgan. Sizga jon-jon deb hamrohlik qilamiz. Sayyohatchilarning koʻpchiligi Parij deganda Yelisey maydoniniyu, Sent-Onoreni tushunishadi, yoʻq, aslida unday emas, shahar tashqarisiga bir qadam bosib boʻlsa ham chiqib koʻring-a, oʻzingizni xuddi moʻ‘jizalar ichiga tushib qolgandek his etasiz.

Mehmon sharafiga dasturxon yozildi, uchalovlari yerga solingan dasturxon atrofida tushlik qilishdi, bu yerdan ichkari hovli kaftdagiday koʻrinib turardi. Masako qoʻliga bir burda nonni ushlagancha, Fransiyada yashashga shunchalik koʻnikib ketgan er-xotin Kuredalarning ustritsani qiynalmay, bemalol yeyayotganlarini kuzatarkan, bu mehmondoʻst oilada Yabuki oʻzini qanday his etgani haqida oʻylay ketdi. Agar oʻgʻli ham oila qurib, alohida yashasa, uyidan fayz ketadi.
– Parijga birinchi kelishingizmi deyman? Unda, albatta, sizga hamrohlik qilaman.
– Ha, albatta, hamrohlik qilamiz, – deya bosh silkidi metr Kureda. – Yabuki shahar atrofini xush koʻrardi. Men ishlagan anhorni koʻrganida: «Otni mendan oldin qamchilab qolibsan-da,» deb oʻpkalagandi. U daryoni juda sevardi.
– Uning azbaroyi suvga mehri tushganidan yozning issiq kunlari anhor yoqalab qanday sayr qilganini, suvga yaqinlashib borgani sa-yin sabri chidamay, paypoqni uloqtirib, yalangoyoq suvni shaloplatib kechganini gapirib bergandi.
– Bu voqea oʻn toʻrtinchi iyul bayram tantanasi kuni sodir boʻlgandi. Kun issiq, bu yoz avvalgilaridan boshqacha kelgandi.

Bir kuni Yabuki-san dabdurustdan uyimga kirib keldi-da: «Bekajon, jele[5] tayyorlashni bilasizmi?» – deb soʻrab qoldi. Soʻngra jeleni qanday tayyorlashni menga oʻrgatdi. Men u istaganday chiqara olmay, oxiri oʻrniga sirkalangan loʻviya ugra pishirib berdim. U halimdek yumshoq odam boʻlib, chivinga ham ozor bermasdi.

U yodiga tushib qolgan voqealarni sizga jon-jon deb gapirib berardi. Masako beixtiyor Yabukining bu xonadonda oʻtgan hayoti, ya’ni ahyon-ahyonda boʻlsa-da, unga yapon milliy taomlaridan tatib koʻrish nasib etgani haqida oʻyladi.

Ertasi kuni Masako er-xotin Kuredalarning taklifiga koʻra, tushdan keyin ularga qoʻ?ilib bilan avtomobil sayohatiga joʻnadi. Havo ochiq, erta boshlangan kuzning yoqimli shabadasi esib turardi. Rulda metr Kuredaning oʻzi oʻtirardi. Mashina shahardan Parij tashqarisiga yoʻl oldi. Yoʻl boʻyidagi eski koʻchalar muyulishida kichik-kichik qahvaxonalar koʻzga tashlanardi. Masako kecha unga koʻrsatishgan qator uylarni esladi. Monmartrning shu qismidagi mavzening muyulishida ham qahvaxona boʻlib, yoʻlkaning qoq oʻrtasiga stol qoʻyib oʻtirib olib, oʻtgan-ketganni beparvolik bilan kuzatayotgan cholni xayolidan oʻtkazdi.

Ularning mashinasi dala boʻylab uchib borardi. Atrofda koʻzni toliqtiradigan na bir fabrika, na bir korxona koʻrinadi: shahar tashqarisida birdan dala va bogʻlar koʻzga tashlandi. Masako oʻtgan kunlari mobaynida unga tinchlik bermay kelayotgan oʻziga noma’lum bir tuygʻu bilan hozirgi sayohatini orziqib kutgandi. Yolgʻizlikda yashab, koʻngli yarimta boʻlib qolgan va ayollik qismatiga bitilgan kunlarini oʻtkazayotgan Masako yetti yillik oʻtgan umri mobaynida erining gunohlaridan oʻtishga bir necha bor rozi boʻlgandi. Ba’zan ohista, ich-ichida uni chaqirar, endi esa Yabuki yashagan hayotning bir boʻlagini boʻlsa-da, koʻrish unga ham qarz, ham farz edi. Balki Masako oʻz iqtidori mezonini bilish koʻyida musofirchilik alamini totgan rassom izidan borsagina uni tushunolgan boʻlarmidi?

Shimolgacha choʻzilgan haqiqiy oʻrmon Parijdan boshlanib, qirq-ellik daqiqalik yoʻl edi. Oʻrmon ichiga kirib borganlarida, uni oʻrab turgan gʻuj-gʻuj daraxtlarni koʻrib, Masako dovdirab qoldi. Atrofda zogʻ ham koʻrinmasdi.
– Xuddi oyogʻing ostidan tulkimi, bugʻumi chiqib kelayotgandek tuyulaverardi...
– Bugʻularga koʻzim tushmadi, lekin, quyonlar, sonyalar[6] u tomonda yashashadi, — deb qoʻli bilan ishora qildi metr Kureda.
– Yabuki yana bir ishida qor bosgan daraxtzorni tasvirlagandi.
– Menimcha, bu xuddi oʻsha. U yerning qishida qor yogʻishi bilan sovuqdan shamdek qotib qolish hech gap emas, Yabuki bu asar ustida chamasi besh soatlar ishlagandir-ov. Menga hammadan ham qorga taslim boʻlmay turgan jur’atli daraxtlar qiyofasi yoqadi.

Hozir oʻrmon tinch, lekin bir oz vahimali, xolos, bu yerda tabiatga urush ochgan inson zotining arvohini ham koʻrmaysiz. Ularning koʻz oʻngida oʻrmon yoʻlidagi daraxtlar orasidan tushgan yorugʻlikda qasrga oʻxshash imorat paydo boʻldi; xuddi yapon qasri devorlaridek yassi tepaliklar choʻzilib ketgan – turgan-bitgani tarix deyavering. Shahar va qishloqlarni bosib oʻtgan mashina nihoyat orziqib kutilgan Uazi vohasiga yetib keldi. Uzoqdan Masakoga tanish soy, oʻsha anhor, oʻsha koʻprik koʻzga tashlandi. Koʻprik quturgan buqadek be-soʻnaqay boʻlsa ham vohaning manzarasini odatdagidek toʻldirib turardi. Soy tip-tiniq, suvida oʻrdaklar suzib yurardi. Yaqin atrofda restoran boʻlib, er-xotin Kuredalar uyga biron nima olib ketish maqsadida taomnoma koʻrgani ketishdi.

Koʻprikdan oʻtishgach, Yabuki sevgan va har yili chamasi uch oy vaqtini oʻtkazadigan Ovyor qishlogʻiga kirib kelishdi.
– Keyin Yabuki kelib tushgan mehmonxonaga ham kirib oʻtamizmi?
– Bu yerda hali mehmonxona ham bormi?
– Boʻlmasam-chi! Toʻgʻrirogʻi, mehmonxona emas, pansion. U yerda Van Gog yashagan xona ham saqlanib qolgan.

Koʻzlangan manzilga yetib kelishgach, Masako bezovtalana boshladi. Mashina qator uylar tushgan koʻchadan oʻtib bordi-da, qishloq idorasi joylashgan ixchamgina maydondan chiqdi. Masako mayxona oldida mashinadan tushdi. Mayxona tepasidagi «Van Gog» restorani degan yozuv yarq etib koʻzga tashlanib turardi. Bu ikki qavatli eski bino boʻlib, xira yoritilgan zal boʻm-boʻsh edi.

Metr Kureda Masakoning koʻzlaridagi savolni darrov uqib oldi.
– Aytishlaricha, burun bu yerlarda tomiga tuynuk oʻrnatilgan arzon qahvaxona boʻlganmish. Van Gog shu yerda, orqadagi xonaning chordogʻida oʻlgan.

Masako hayot quyoshi botay-botay deb turgan bir pallada rassomning yuqoridagi kichkinagina tuynukdan tushib turgan xira nurga ma’yus tikilib turganini koʻz oldiga keltirib, yuragi orziqib ketdi. Rassomga nisbatan bunday qoʻpollik – restoranning Van Gogning nomiga qoʻyilgani nafsoniyatiga tegdi. Idora yonidan turib qarasangiz, choʻqqisiga oʻtkir nayza qadalgan eski cherkov shundoq koʻrinib turardi, agar nishablikdan tepalikka koʻtarilsangiz, u yana ham yaqqolroq koʻrinardi.. Ana shu Yabuki chizgan cherkov edi. Bir necha asr avval chekkaroqda bunyod etilgan bu cherkov qandaydir bir xislati bilan odamlar tomonidan asrab-avaylab kelinayotir. Oʻzi ham yoʻllar ayrilgan yerda joylashgandi. Cherkovdan ibodat marosimi ovozi eshitilib turardi.
– Menimcha, Van Gog aynan mana shu cherkovni chizgan boʻlsa kerak. Men uni Parijdagi impressionistlar muzeyida koʻrgandim.
– Ha, u shu yaqin-atrofga qoʻyib chizgan. U buni oʻzi vafot etgan 1890 yili ishlagandi. Manzara – balki haliyam oʻsha-oʻsha. Yabuki esa aynan shu cherkovni yon tomonidan tasvirlagandi.
– Van Gogning cherkovi haqiqatan butunlay boshqacha edi. Koʻkka parvoz qilsin deya ataylab moviy rangda chizilgandi. Yabukiniki – muloyim-ma’yus, Van Gognikidan butunlay farq qilardi.

Masako cherkovning tosh devoridan yuqoriga boqdi, balki qachonlardir rassom ham xuddi shu yerda turgan boʻlsa, ajabmas. Yabuki bunga boshqa tomondan qaragandir, ranglar ham unga boshqacha tovlanib koʻringandir.

Cherkov atrofini aylana turib, yonginasida Yabukining ogʻir xoʻrsinishini sezgandek boʻldi va birdan bugʻdoyzorga koʻz yugurtirdi. Pishib yetilgan tillarang boshoqlar vazmin chayqalardi.
– Bu haligi gala-gala qargʻalari bor Van Gogning dalasimi?
– Ha, xuddi oʻzi. Yigirma yettinchi iyul kuni shu yerda u oʻzini otib qoʻygan. Lekin tirik qolgan. Uyiga qaytib kelib, uch kundan keyin vafot etgan.
– Yolgʻizlikda oʻlganmi?
– Menimcha, Teo degan ukasi yonida boʻlgan.

Masako tillarang bugʻdoyzorga tikilib qararkan, endi bu yogʻiga bardoshi yetmasligini tushundi. U yana Yabukining ogʻir xoʻrsinishini his etdi.
– Ustoz, ayting-chi, Yabuki ham oʻz joniga qasd qilgani rostmi?

Metr Kureda hayratdan koʻzlarini chaqchaytirdi, sarosimadan tipirchilab qoldi. Sal narida dala xrizantemalarini uzayotgan xotini qaddini rostladi.
– Oʻtakamni yoray dedingiz-ku! Butun hayoti afsonalar qurshovida qolgan rassomning oʻtmishini Yabuki-kunning hayoti bilan taqqoslab boʻlarkanmi? Bu gapni qayerdan oldingiz? – dedi Kuredaning xotini va boshdan-oyoq unga razm solib chiqdi.

Yabuki ham oʻsha oʻzini oʻldirmoqchi boʻlgan rassomning izidan qolmay, uch oylab shu yerlarda yashab yurgan-ku, axir. Kim biladi, balki oʻlimida ham unga oʻxshagisi kelgandir. Shunaqasi ham boʻladi-ku. Balki, oʻsha tubsizlik uni ohanrabodek oʻziga tortgandir.

Er-xotin Kuredalar bir-birlariga zimdan qarab qoʻydilar-da, soʻng nigohlarini oltin boshoqlarga qaratdilar.
– Yabuki-kun shu yerda betob boʻlib qolib, bizga telegramma yuborgandi. Biz ogʻaynim ikkimiz yetib kelganimizda, bizga peshvoz chiqib kutib oldi va uchalamiz yoʻl boʻyidagi restoranlardan birida tamaddi qildik. U silla qurish kasaliga mubtalo boʻlgandi. Qorin toʻq boʻlsa, kalla ham yaxshi ishlamaydi derdi-da, hech nima yemasdi va bu ahvolida duch kelgan yerda hushidan ketib yiqilib qolishi hech gap emasdi. Qulogʻimizga, harholda, mana shunday gaplar ham chalingandi. Eshitganimiz shu, balki chini bilan ham shunday boʻlgandir.

Masako hatto ajal ham undan yuz oʻgirib ketgan Yabukini oʻylaganida, ich-ichiga sigʻmay ketayotgan kinoya, jirkanish uni adoyi tamom qilib borardi. Ehtimol, bu cherkov ana oʻsha paytlarda ishlangandir. Rasmda ham cherkov oʻz tanholigini koʻz-koʻz qilib, koʻkka boʻy choʻzgancha, hayot oqimini kuzatib turardi.

Oʻsha vaqtdagi haqiqiy cherkovdan esa xoral[7] ovozlarigina arang eshitilib turardi.
– Dafn marosimi boʻlsa kerak. Bu yerning kunlari uzun...

Qosh qorayib, oqshom tushgani bilinib tursa-da, bugʻdoyzorlar kunduzgidek yop-yorugʻ, mavj urib turgan boshoqlar toʻlqini ular uzra toʻshalgan ulkan gilamga oʻxshab koʻrinardi. Dalaning shunday yonginasida tosh devor bilan oʻralgan katta yer maydoni bor edi. Boshida u bu joyning nimaligiga aqli yetmadi, lekin darvozadan gul ushlab biri kirib, biri chiqib turgan bir toʻp qariyalaru bolalarni koʻrib, gap nimadaligini angladi.

Bu yerda mozor bor edi. Kuredaning rafiqasi qishloq yoʻlidan xrizantemalarni nima sababdan uzgani endi ma’lum boʻlgandi. Bironta daraxt koʻrinmasdi, faqat qabr toshlari qator tizilib ketgandi, xolos. U yer-bu yerda odamlar koʻrinardi. Masakoga bejirim tosh devor tagidagi oddiygina qabrni koʻrsatishdi. Unga qabr toshi oʻrnatilgan boʻlib, atrofiga gullar ekilgandi. Toshlardan biriga: Vinsent Van Gog, boshqasiga – Teodor Van Gog deb yozib qoʻyilgandi. Ikki aka-uka qabrini koʻrgan Masakoni titroq bosdi, oxiratning qanchalik ma’nosiz va sukunatga choʻmganini u ilk bor his etishi edi. Bu yerga ularning xokigina dafn etilgandi. Oʻzi chizgan avtoportretdagiday ozgʻin yuzli, suyaklari chiqib yotgan Van Gog shu qabrga qoʻyilgandi. Dunyoga kelib oʻz qadrini topolmagan rassomning hayoti shu qabr toshining tagida bosilib yotardi. Kuredaning rafiqasi ehtirom bilan unga xrizantema guldastasini qoʻydi. Masako qabr yonida turgan yogʻoch paqirni olib, gullarga suv quygisi keldi. Qabrda yotgan odam Masakoning yaqin kishisi boʻlmasa-da, baribir, uni begona deb boʻlmasdi. Vafotiga 80 yildan koʻp boʻlgan rassom yotgan yerga oʻzingni tashlasang, bu yil dunyodan oʻtgan yapon rassomi ham uning yonida yotibdi-ku, deya koʻngling taskin topadi. Oddiygina bu qishloqda oʻz rasmlari bilan dong taratgan mashhur musavvir dafn etilgan. Hayotda qaysi yoʻldan borishni bilmay, uzlatda yashagan bu odam oʻz rasmlarida bizlarga nimalarni soʻzlab bermoqchi boʻlganiykin? Yabuki ham oʻzidan keyin tushunib boʻlmaydigan, hali oʻz bahosini topmagan noma’lum cherkov tasvirlangan rasmni qoldirgandi.

Osmonda qargʻalar galasi bir koʻrindi-da, yana koʻzdan gʻoyib boʻldi. Masakoni bu yerlarga er-xotin Kuredalarning oqkoʻngilliklari va Yabukining ruhi yetaklab kelgandi. Masako orqa tomonida qabr boʻlgan tosh devor yoniga keldi-da, uni asta siladi va u yerda oʻsgan giyohdan bir tutam yulib oldi. Soʻng asta yurib, qolgan qabrlarni ziyorat qildi.

Endigi keladiganlarga bu yerlardan joy topilmasligi aniq. Yer tagida yonma-yon turgan tobutlar ham siqilib qolgandir.

Masakodan sal narida er-xotin Kuredalar turishardi.
– Koʻryapsanmi, sen ham rassomsan, lekin cherkovni, dalani chizganlar Over-Uazidagi mozorda ular bilan birga yotishibdi... – pichirlab dedi metr Kuredaning xotini.
– Ha, toʻgʻri. Ular doktor Gashening qoʻlida tarbiya topishgan-da.
– Siz rasmini chizgan oʻsha Gashe deganlari ajoyib odam boʻlgan ekan-da. U bir vaqtning oʻzida ham tirsagiga, ham yelkasiga suyangan holda oʻtiribdi...
– U senga yoqarmidi? Portretiga boqsang, tashla barini, bu yerdan boshni olib ketaylik, deyayotgandek.

Metrning tovushi Masakogo erining ovozini eslatib yubordi. Hushyor tortgan Masako bildiki, er-xotin Kuredalar uni yolgʻiz mozor aylanib yurganini kuzatib turgandilar. Ular darvozadan chiqiboq tepalikdan qiyalab, yurib ketdilar va ikki yuz-uch yuz yil burungi rangini yoʻqotmagan qator uylar yonidan chiqishdi. Masako oʻz xayollariga band ketayotgandi, birdan metr Kuredaning ovozi uning diqqatini boʻldi.
– Mana oʻsha joy. Yabuki Overga kelganida, albatta, shu yerda toʻxtardi.

Mehmonxona Xongoning boshlanish joyida, qizil darvoza yonidagi Tokio talabalar pansionini eslatuvchi «Van Gog» restoranining xuddi oʻzi edi. Masako nima qilishini bilmay ikkilanib qoldi, lekin ancha ichkariga kirib borishgani bois orqaga qaytish imkoni qolmagandi. Metr eshikni bir itargandi, ixchamgina mehmonxonaning ikkinchi qavatga olib chiquvchi zinasi koʻrindi. Zina yonida baland yozuv stoli turardi, ularning chaqiriqlariga hech kim javob bermagach, metr stoldagi qoʻngʻiroqchani olib jiringlatdi. Bir ozdan soʻng ichkaridan uy bekasi chiqib keldi. Qaddi-qomati kelishgan baland boʻyli bu ayol avvaldan tanish er-xotin Kuredalar bilan salomlashdi va Kureda bekaga Masakoni tanishtirgan edi, uning yuzida hamdardlik ifodasi zohir boʻldi.
– Demak, mse Yabukini xudo dargohiga olgan ekan-da...Uning oilasi borligini bilmabman. Yabuki hamisha yolgʻiz edi, avval ham shunday boʻlganiga amin boʻldim, endi esa – abadga tanho...
– Bu yer unga yoqardi...
– U rasm chizishdangina zavq olardi, xolos.
– U yashagan xonani koʻrsak boʻladimi?
– Yoʻq, hozir u yerda bir hindistonlik talaba yashayapti, noqulay.

Qanchalik gʻalati boʻlmasin, bu soʻzlar Masakoga taskin berdi. Kichkinagina tuynukdan yorugʻ tushib turadigan chordoqning toʻridagi mansardani[8] koʻz oldiga keltirgani zamon, uni qoʻrquv hissi qamrab olardi. Kureda majburlamadi. Bekaga minnatdorchilik bildirib, choychaqa berishdi-da, chiqib ketishdi.
— Yabuki yashagan xonani koʻrish sizlarga nasib etmaganidan juda afsusdaman. U doim oʻsha yerda ishlardi. Muhimi – chizish, derdi u. Haqiqiysidan farqli oʻlaroq, gʻamgin ranglar, mana, yanayam ogʻirlashdi, chunki u ranglarni shunday qabul qilardi.

Masako haqiqatan ham oʻsha faqirona xonani koʻrgandek ruhi tushib ketdi. U Yabukining qadami yetgan yerlarning hammasida boʻlganini koʻz oldiga keltirdi. Bu sayohat eri bilan yetti yil ayriliqda yashagan Masakoning Yabukini yaxshiroq bilib olishiga yordam bergandi. Masako mehmonxona bekasining soʻzlarini esladi: «U doim yolgʻiz edi, shuning uchun men uni hech kimi boʻlmasa kerak deb oʻylagandim, endi boʻlsa, to abad shundayligicha qoladi...» Balki Yabuki uni umrining soʻnggi kunlarigacha yolgʻiz qoldirishlarini istagandir...


  1. Metr – mehmonxona sohibi.
  2. Impressionist – tasviriy san’atda oʻziga xos bir oqim tarafdori.
  3. Moris de Vlamink (1876-1958) – fransuz manzarachi rassomi.
  4. Kun – ustoz.
  5. Jele – yelimshak (meva sharbatiga jelatin va shiravor qoʻshib, quyultirib tayyorlangan shirin yegulik, dirildoq).
  6. Sonya – olmaxonga oʻxshash kemiruvchi hayvon.
  7. Xoral – xoral (katolik, protestant dinidagilarning diniy ashulalari va shu shakldagi musiqali pesa).
  8. Mansarda – shipi qiya boloxona.