OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Yuriy Kazakov. Teddi (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifYuriy Kazakov
Asar nomiTeddi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Bolalar va oʻsmirlar adabiyoti
Mualliflar
   - Yuriy Kazakov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonO. Otaxon
Hajm53KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Teddi (hikoya)
Yuriy Kazakov

I

Bahaybat, qoʻngʻir ayiqni Teddi deb atashardi. Boshqa hayvonlarning ham nomi bor edi-yu, lekin Teddi ularni sirayam eslayolmas, doim adashtirib yurardi. Faqat oʻz laqabini yaxshi bilar, qachon chaqirsalar quloq solar va aytganlarini bajarardi.

Uning hayoti juda zerikarli edi. U allazamonlarda beri tsirkda ishlardi. U itoatgoʻy, yuvosh boʻlib qolgan va endi unga qafasning hojati yoʻq edi, ammo shunga qaramay odatlari boʻyicha qafasda saqlashardi. Teddiga hech narsaning qizigʻi qolmagan, hammasi joniga tekkan, faqat tinch qoʻyishlarini istardi. Biroq u keksa tajribali artist boʻlganidan sira hol-joniga qoʻyishmas edi.

Kechqurun uni oʻrtasida yuz-koʻziga upa-elik surtilgan novcha odam uyoqdan-buyoqqa yurgan charogʻon sahnaga olib chiqishar edi. Bu odam oppoq koʻylak-ishton, charm qora etik va oldiga zar uqa tutilgan lolarang kamzul kiyib olardi Uning koʻylak-ishtoni ham, kamzuli ham, rangpar, hissiy yuzi ham Teddiga yomon ta’sir qilardi. Lekin ayiq, ayniqsa uning koʻzlaridan qoʻrqardi.

Bir zamonlar Teddi bir necha bor yirtqichligiga borib isyon koʻtargandi. U alamidan boʻkirar, qafas simlarish sugʻurib tashlardi, oʻshanda uni tinchitishning sira ilojish qilisholmagan edi. Ammo qafas yoniga rangpar odam kelib Teddiga tikilganida, ayiqning uni oʻchib, oradan bir soat oʻtar-oʻtmas repetitsiyaga chiqqan edi.

Endi Teddi xarxasha qilmas va turli-tuman qoʻpol va bekorchi, hatto koʻpincha bema’ni narsalarni ham jimgina bajaraverar edi. Oq koʻylak-ishtonli odam ham endi unga oʻqrayib qaramasdi, ayiq haqida gap ketsa uni erkalab «Yuvvoshgina qariya» deb atardi.

Teddi sahnaga charm burundiqda chiqar va oʻzini olqishlab kutib olgan tomoshabinlarga ta’zim qilardi. Unga velosiped keltirib berishar, u egar osha oyoqlarini oʻtkazib rulni mahkam tutgancha pedalni bor kuchi bilan bosardi-da muzika sadolari ostida sahna boʻylab aylanardi. Tomoshabinlar esa tinmay qiyqirar va qarsak chalardilar.

Teddi yana bir necha antiqa narsalarni bajara olardi: Panjalari bilan tez-tez aylantirib gʻoʻlalarda uchar, uzun, ingichka temir tayoq tepasiga chiqib muvozanat saqlab turar, qoʻllariga qoʻlqop kiyib boshqa bir ayiq bilan boks tushardi. Teddi hazilni tushunmasdi, toʻgʻrirogʻi hayvonlarga xos hazilnigina tushuna olishi mumkin edi, shuning uchun bunday koʻpol va bema’ni harakatlarni bajarayotganda odamlar nima sababdan shodlanardi, sira tushunolmasdi.

Kechalari ayiq koʻpincha uxlamas, yoʻlakda mittigina chiroq xira nur sochar, kiyimidan doim yoqimli hid anqib turadigan qorovul chol rosa xurrak otardi. Hayvonlar uyqusida irillar va gʻingshir edi, qafaslardan qoʻlansa hid anqirdi. Yoʻlakning qop-qorongʻu burchaklarida yirik-yirik suqatoy kalamushlar yugurib yurar, orqa oyoqlarida tik turib birdan qotib qolar, shunday paytda ularning soyalari uzun boʻlib polga tushardi.

Birmuncha vaqt gʻingshib yotgach, Teddi oʻzini yalab-yulqashga tushardi. U jiqqa hoʻl boʻlib ketguncha erinmay panjalari bilan qornini yalar, soʻngra biqini bilan orqasiga oʻtardi. Biroq orqasini yalash juda noqulay edi, natijada u tez charchar, keyin noxush xayollarga berilardi.

U bolaligini va onasini — panjalari yumshoq, uzun tili haroratli, kelishgan ayiqni eslashga urinardi. Biroq bolaligini deyarli eslolmasdi. Faqatgina anhor, sargʻish qum toʻshalgan sohil yodiga tushardi xolos; qum mayin va qaynoq boʻlardi. U yana chumolilarning oʻtkir hidini eslardi, afsuski oʻshandan buyon bunday hidga roʻpara kelmadi.

U yana oʻziga tsirkda bir paytlar berishgan totli yemishlar haqida ham oʻylardi. Yana juda koʻp narsalar uning esiga tushardi: qandaydir shakl-shamoyillar koʻz oldiga kelar, yuragini gʻazab va hasrat toʻldirar, uning oʻkirgisi, allaqayoqlarga bosh olib ketgisi, oʻziga munosib yirtqichona ishlarni bajargisi kelar va kechasi bilan oʻkirib chiqar, ertasiga esa oʻzini behad lanj va tund sezar, repetitsiyaga ham istar-istamas chiqardi.

II

Kunlardan bir kun tsirk safarga otlandi. Teddini ham ola ketishdi.

Shu choqqacha u juda koʻp safarga chiqqan, shu bois uni hech narsa hayratga sololmasdi; u avtomashinalardan anqib turuvchi benzin hidini yomon koʻrardi, xolos.

Hammasi odatdagidek yuz berdi: stantsiyada hayvonlar solingan qafaslarni vagonga joyladilar, allanimalar deb qichqirdilar, soʻkindilar, bir nimalarni mixladilar, oxiri eshiklar gumburlab yopildi-da, yoʻlga tushishdi. Koʻp oʻtmay hamma narsa bir maromda chayqala boshladi. Teddining nihoyatda uyqusi keldi. Shu alfozda ikki kechayu ikki kunduz yurishdi, keyin poezd toʻxtadi. Eshiklarni ochib vagonlardagi qafaslarni yuk mashinalariga orta boshlaganlarida Teddi notanish yerga kelib qolganlarini va allaqanday begona hidlar kelayotganini payqadi, lekin bunga ajablanmadi.

Yana yoʻlga tushishdan avval hayvonlarni ovqatlantirishga qaror qilishdi. Xizmatchi kelib qafaslarni tozalab, yemish keltirdi. Teddining qafasiga suvda qaynatilgan kartoshka, non hamda bir togʻora suli quyib, xizmatchi bir nimaga chalgʻidimi, eshigini yopmay chiqib ketdi.

Ayiq eshikning ochiq qolganiga parvo qilmadi, rosa ochiqqan edi shekilli, kartoshka bilan sulini pok-pokiza tushirdi. Keyin odati boʻyicha tovoqni eshik yoniga surib qoʻydi, xuddi shunda qafasning ochiq qolganini sezdi. Teddi juda hayron boʻldi, boshini chiqarib uyoq-buyoqqa alangladi, esnadi, ichkariga qaytib kirdi-da, koʻzlarini yumib yotdi. Ammo oradan bir daqiqa oʻtar-oʻtmas oʻrnidan turib yana boshini chiqarib qaradi. Havoni iskadi, atrofni koʻzdan kechirdi, xuddi bir nima esiga tushgandek taraddudlandi, soʻng qafasdan chiqib mashinadan yerga sakradi.

Shu choq shofyor koʻrindi. U kepkasini qoʻltigʻiga qistirib olgancha kavshanib mashinaga yaqinlashardi. Shamol shofyor tarafdan esardi. Teddi kolbasa xidini tuyib unga peshvoz yurdi. Ayiqqa koʻzi tushgan shofyor kavshashdan toʻxtab taxtadek qotib qoldi. Teddi orqa oyoqlarida gʻoz turib erkalangancha gʻingshidi. Shofyorning qoʻltigʻidan kepkasi tushib ketdi, oʻzi esa orqa-oʻngiga qaramay eshigi tepasiga allaqanday shior osilgan pastakkina uy tomonga qochdi.
— Yordam beringlar,— deb qichqirdi u oʻtakasi yorilib.

Teddi oldingi oyoqlarini yerga qoʻydi va har ehtimolga qarshi nari ketdi. U hatto avvaliga qafasga qaytib kirmoqchi boʻlib ortiga oʻgirildi, biroq xuddi shu payt ayyuhannos solib uydan odamlar yugurib chiqdi. Teddi odamlariing orasidan tanish qiyofani izlab qoʻrqa-pisa oʻgirildi, lekin tanishlarini topolmadi. Uning yuragini birdan vahm bosdi va urra qochdi. U tushovlab qoʻyilgan otlar yonidan oʻtdi: uni koʻrib otlar oʻzlarini orqaga tashlab kishnadilar. Bunga javoban Teddi ham oʻkirib, yugurishda davom etdi.

U pushtalarda qoqilib-suqulib polizdan yugurdi, chetandan oshib oʻtdi-da, dala bilan oʻrmon tomonga yoʻl soldi. U pishqirib, quloqlarini chimirib yelib borar ekan, vujudida noma’lum halovat tuyardi, lekin butazorga yetib borib toʻxtadi va xavotirlanib ortiga oʻgirildi: na stantsiya, na odamlar, na mashinalar koʻzga chalinar, faqat jimjit dala va yiroqlarda qorayib turgan uylardan boshqasi koʻrinmasdi.

Ayiq oʻkindi, daf’atan uning tsirkka qaytib borgisi va yana gʻira-shira yoʻlakda yotgisi keldi, yoqimli hidlar anquvdi qorovulning xurraklarini sogʻindi. Ortiga qaytishdan u qoʻrqdi va orqa oyoqlarida gʻoz turib chayqalgan koʻyi gʻamgin gʻingshib qoʻydi. Soʻngra oʻrmon tomonga qaradi, tumshugʻini tozalash uchun bir necha bor pishqirib havoni iskadi. Mum bilan qoʻziqorin va yana allaqanday xushboʻy hidlar anqirdi. Teddi oʻrmonga qarab yurdi. U butalar oralab ohista borar va har safar yalanglikka chiqqach, biror xizmatchi yoki oq koʻylak-ishtonli kishini koʻrib qolamanmi, degan umidda ortiga oʻgirilib qarardi. U hozir oʻzini erkalab «Teddi!» deb chaqirishlarini istardi. Lekin hech kim koʻrinmadi, uni chaqirish tugul tiq etgan tovush eshitilmas, oʻrmondan esa tobora qudratli bir da’vat baralla eshitilayotgandek boʻlardi. Teddi hadiksirab oʻrmon ichiga kirdi.

III

Teddining omadi yurishmadi. U oʻrmonning odamlar istiqomat qilayotgan qismiga kelib qolgan edi. Bu yerda oʻrmon sanoati xoʻjaligi joylashgan boʻlib, katta maydondagi daraxtlar kesilgan, har yerda oʻrmonga aloqasiz buyumlar: tor izli temir yoʻl, uzuq-yuluq poʻlat simlar, yogʻ lattalar, payhon qilingan soʻqmoqlar, xoda yotqizib ochilgan yoʻllar koʻzga tashlanardi. Bu yerda qushlar bilan hayvonlardan asar ham yoʻq edi, kechalari esa temir-tersaklarning sadosi, motor shovqini, parovozlarning chinqirigʻi tinmasdi.

Teddiga oʻrmon gʻayritabiiy va koʻngilsiz bir joy boʻlib koʻrindi. Shuning uchun dastlab qanday boʻlmasin odamlarni uchratish haqida oʻyladi. Ammo ayni choqda allanima uning mashinalar tarafga yurishiga monelik qilardi. Hamma narsa uning gʻashiga tegardi; u ochiqqan, uyqusi kelar va darmonsiz edi. U birontasi chiqib, yegulik biron narsa berar degan umidda oʻrganib qolgan fokuslarini bajarishga chogʻlandi. Oldingi oyoqlarida turib, orqa oyoqlarini xuddi koptokni otib oʻynayotgandek oʻynatdi, shu alfozda yalanglikni aylanib chiqdi, keyin umbaloq oshdi, raqsga tushdi, xuddi tsirkdagidek oʻzini oʻlganga solib yotdi, keyin oʻzidan mamnun bir qiyofada oʻrnidan turib yonveriga alangladi. Agar tsirkda shunday qilsa unga biron nima bergan boʻlishardi. Ammo bu yerda uni hech kim olqishlamadi, suli yormasi ham osmondan tushmadi. Shunda ayiqning mitti koʻzlarida gʻamgin hayrat alomati aks etdi.

Ayiqning umidi puchga chiqdi, u odamlar yoniga qaytib ketgan boʻlardi-yu, ammo sodir boʻlgan bir voqea odamdan qanchalar qoʻrqish kerakligi haqidagi tasavvurini tasdiqladi.

Kunlardan bir kun ertalab Teddi jarlikda allaqanday giyohlarni yeb yurardi.

Boshini koʻtarganda, birdan yuqorida turgan odamga koʻzi tushdi. Teddi hayron boʻldi va orqa panjalarida gʻoz turib, hatto quvonganidan xoʻrillab qoʻydi. Biroq odam unga oʻxshab quvonib ketmadi, ayiq kutganidek «Teddi» deb erkalab chaqirmadi — u rangi oqarib, miltigʻini ola ayiqqa toʻgʻriladi, oʻq ovozi yangradi, nimadir Teddining qulogʻini kuydirib oʻtdi. U oʻkirib yubordi-da, chalqancha yiqildi: Teddi ogʻriqdan emas, alam va talvasaga tushganidan boʻkirardi. Odam esa orqa-oldiga qaramay qochdi.

Oradan bir daqiqa oʻtgach, Teddi quturib odamning ortidan quvib ketdi. Biroq odam qochishga ulgurdimi, biron yerga yashirindimi Teddi uni topolmadi. Shu paytdan boshlab odamlardan qoʻrqadigan boʻldi va iloji boricha kimsasiz, ovloq yerlarni izlashga tushdi.

Ammo haqiqiy oʻrmon, ovloq yerlarga ketish uchun daryodan suzib oʻtish lozim edi, Teddi esa suzishni bilmas, shuning uchun ahvoli ogʻirlashardi. Bir necha bor daryo boʻyiga kelib suvda oqib ketayotgan xodalarga qarab turdi, oʻkindi va yana oʻrmon ichiga kirib ketdi.

IV

Oradan ikki kecha, ikki kunduz oʻtdi. Uchinchi kuni kechasi Teddi daryo boʻyiga bordi-yu, hayratdan qotib qoldi: sohilga tutash yerda oʻrtasiga kulbacha qurilgan hayhotdek sol turardi. Toʻlin oy nur sochar, sohilda derazalari qop-qora oqish uylar saf tortgan, tevarak-atrofda bironta tirik jon koʻrinmas, tiq etgan tovush yoʻq, faqatgina sol xodalari orasida suv sokin chayqalardi. Teddi orqa oyoqlarida turib havoni iskadi. Soldagi uyachadan chidab boʻlmaydigan darajada javdar undan qilingan non bilan kartoshka hidi kelardi. Teddi lablarini yaladi va turgan yerida chayqaldi. Chayqala turib u nima qilish kerakligi haqida oʻylardi.

Hid kelayotgan yoqqa borishga qoʻrqdi, chunki u yerda odamlar borligini bilardi, biroq koʻngli shunchalar sust ketgan ediki, ayiq sohil boʻylab uyoqdan-buyoqqa yura boshladi, ikki-uch bor suvga panjasini solib koʻrdi va oxiri kulbaning roʻparasida toʻxtadi. Voy-boʻ, shunday ham ajoyib hid boʻladimi?!

Sol qirgʻoqdan xiyol narida turardi, bir yeridan koʻprik oʻrnida qirgʻoqqa taxta tashlab qoʻyilgan edi. Ammo shoshib qolgan Teddi buni payqamadi, suvga tushib bir zumda solga chiqib oldi. Xodalardan sekin-asta odimlagancha kulbaga yaqin bordi-da, atrofini aylanib chiqdi. Ichkaridan xurrak ovozi eshitildi. Teddi tsirk qorovulini eslab dadillandi. U derazadan ichkariga qaradi-yu, hech nimani koʻrmadi. Shundan soʻng eshikni ochib uygacha kirdi. Kirgan zahoti ogʻzidan soʻlagi oqdi — uyda paytava, non va kartoshka hidi gurkirardi. Non bilan kartoshka stolda edi. Teddi stol yoniga kelib, avval dekcha yopilgan iliqqina laganni tushirib yubordi, keyin qozonni agʻdarib oʻkirdi-da, apil-tapil yeya boshladi.
— Hoy, kim bor?— dedi daf’atan xurrak otayotgan odam.— Fedya! Senmisan?

Ayiq qoʻrqib ketganidan oʻtirib qoldi, soʻngra gʻazabdan oʻkirib, panjasi bilan stolga urdi. Dekcha bilan lagan polga tushdi. Oʻsha zahoti bir nima nardan sakrab tushdi, zipillagancha eshikka oshiqdi va sol boʻylab sohilga yugurdi. Teddi ahvol chatoq ekanligini tushundi, lekin shunda ham shosha-pisha yutoqqancha chapillatib, ovqatni tushiraverdi. U odamga qarshi ish qilayotganini bilardi.

Oradan bir daqiqa oʻtar-oʻtmas sohilda shovqin koʻtarildi. Qochish kerak, ammo hali ayiq toʻymagan edi, Teddi polda yotgan kartoshkalardan bir nechasini changallab eshikka yugurdi. Ammo eshikning qaerdaligini birdaniga topolmadi. Uychadan chiqqanida esa tumonat odam yigʻilganini koʻrdi. Ayiqni koʻrgan odamlar baravariga, xuddi stantsiyadagiga oʻxshab qiyqirib yuborishdi. Teddi nima qilarini bilmay toʻxtadi. Sohilga olib boruvchi yoʻl berk edi.

U solning narigi tarafiga oʻtib qochmoqchi boʻlgan edi, toʻsatdan roʻparasida bir yolqin chaqnab, oʻq ovozi yangradi. Ayiqning oʻtakasi yorilib ortiga qaytdi-da, oʻgirilib kulbaning orqasiga qarab qochdi. Odamlar yoy shaklida solning burchagiga siqib kela boshladilar. Orqa tarafidan yana oʻq ovozi yangradi, oʻq uchirib yuborgan poʻstloq ayiqning qorniga tegdi. U boʻkirgancha oldinga sakradi va suvga oʻzini tashladi. Oy nurida kumush tomchilar sachradi. Teddi umrida suzib koʻrmagan edi, shuning uchun suv ostidan qalqib chiqqanda dastlab nima qilishini bilmadi. Lekin qoʻl-oyoqlari beixtiyor harakatga keldi va u tumshugʻini koʻtargancha jon-jahdi bilan shaloplatib suzib ketdi. Suv uni sekin-asta quyiga oqizib keta boshladi, solda qolgan odamlarning qichqirigʻi anchagacha eshitilib turdi, ayiq esa tobora panjalariii kuch bilan silkitib, aksirib-pishqirib tumshugʻini koʻtarib suzib borardi. Yarim soatcha suvda oqib borgach, qorayib turgan oʻrmonga koʻzi tushdi. Bu yaqinginada ayiq chiqqan boyagi oʻrmon emas, boshqasi edi. Bu yerda daraxtlar kesilmagan, soʻqmoqlar bilan odamlarning boshpanalari koʻzga chalinmasdi.

Teddi oyoqlari yerga tekkanida eran-qaran yurib sohilga chiqdi. Uning poʻstinidan tinmay suv oqardi. Ortiga oʻgirilib yiroqlarda, chiroqlarning zaifgina nuri qoʻynida elas-elas jimirlab koʻrinayotgan allanimalarni payqadi-da, odamlar bilan baraklar va boyagi sol ham oʻsha yoqda qolib ketganini angladi, shovqin bilan xatar arigani, bu yer endi sokin, yoqimli ekanini his qildi. U kulbada qolgan kartoshkalarni eslab, norozi ohangda gʻingshidi, keyin bir necha bor silkindi-da, tikka jarlikdan koʻtarilib, ulkan qaragʻaylar va archalar sari koʻtarila boshladi.<

V

Bu daryoning u boshidan bu boshiga qadar choʻzilib ketgan haybatli oʻrmon edi. Bundan tashqari oʻrmon Ural togʻ tizmalari va oʻshanaqasi shimolga — tundragacha qoʻshilib ketardi.

Bu yerda boʻrilaru tulkilar, olmaxonlaru quyonlar bisyor edi. Bugʻular bilan chagʻir koʻzli qoplonlar ham uchrardi. Odam oyogʻi yetmagan bu yerlarda bir zamonlar qulagan daraxtlar tufayli oʻtib boʻlmas changalzorga aylangan xilvat goʻshalar ham uchrardi.

Bu oʻrmonda ba’zan besababdan-besabab yongʻin chiqardi. Oʻt ketgan paytlarda poyonsiz kengliklardagi daraxtlar bilan oʻt-oʻlanlar yonib kulga aylanar, son-sanoqsiz hayvonlar nobud boʻlardi. Yoʻlida uchragan narsani kulga aylantirgan olov qanday boshlangan boʻlsa shunday, toʻsatdan, oʻz-oʻzidan oʻchib qolar, undan esdalik sifatida kultepalar va yonib bitgan daraxtlarning yakkam-dukkam tanalari qolardi. Koʻp oʻtmay mana shu oʻt ketgan oʻrmon qoldiqlarini dagʻal qizgʻish oʻt-oʻlanlar qoplardi, soʻngra oʻnqir-choʻnqir yerlarda chernika bilan brusnika, qayin bilan qaragʻay novdalari quloq chiqarardi; oʻrmonning betkay yerlarida na’matak bilan xoʻjagʻat butalari koʻzga chalinib qolar va sekin-asta bu oʻrmon hayvonlar uchun mash’um biyobon emas, rizq-roʻz sochilib yotgan oshiyonga — hurpaygan qarqurlar, serhadik bulduruqlar, oʻrmon qarchigʻaylari va quyonlar tanda qoʻygan rizq-roʻz makoniga aylanardi. Bugʻular ham shu yerga kelib, oqish kulrang yoʻsinda chuqur izlar qoldirib yurishardi.

Odam oyogʻi yetmagan oʻrmonda hayot qaynardi. Toʻgʻri, bu yerda ham doimiy kurash toʻxtamasdi, bu yerda ham zoʻrlik bilan vahshiylik qonunlari hukm surardi. Eh-he, mana shu maftunkor makonda har kuni qanchadan-qancha patlar va suyaklar chirib ketmadi, deysiz! Biroq bu yerda xatarli kurashlar odamzod bilan toʻqnashuvchalik omonsiz boʻlmasdi.

Mana shu oʻrmonlarda kamdan-kam oʻq ovozi yangrardi, basharti shunday boʻlib qolsa, tepaliklar, jimjit qaragʻayzorlar ustidan keskin va shiddatli oʻq tovushi momaqaldiroqdek gumburlab oʻtar va daryoning narigi sohilida aks-sado berardi. Shunda olmaxonlar hovuchlaridagi bujurlarini tashlab, qiziqib qarash uchun daraxtning qir uchiga chiqib olishardi; oʻtakasi yorilgan quyonlar sakrab oʻrnidan turishardi; bu qudratli tovushni bir daqiqa tinglagan bugʻular ham boshqa yerga koʻchishardi: changalzor qoʻynida mudrayotgan qoplonlar bir lahzagina uyqu bosgan sariq koʻzlarini ochib, quloqlarini asabiy ravishda chimirib qoʻyishardi: faqat odamzodni yaqindan bilgan boʻrilargina hamma narsani tashlab, tepalikka qochib chiqishar va anchagacha la’nati odamning isini olish uchun jonholatda havoni iskashardi.

Bu yerda yana mayingina shaldirayotgan chashmalar ham koʻp edi: jazirama issiq paytlarda ham bu chashmalarning tegrasi salqin boʻlardi. U yer-bu yerdauchrab qoladigan jarliklar, bir-biriga ilang-bilang ulanib, daryo tomonga choʻzilib ketardi. Mana shu jarliklarda boʻrsiqlar bilan tulkilar uya qurishni yaxshi koʻradi, shu yerda — daryo yaqinida boʻrilar yashardi.

VI

Teddi qirgʻoq yoqalab kun boʻyi shimolga qarab yurdi. Oʻrmon ichiga kirishga botinolmay, bir necha marta hayotini saqlab qolgan daryoni kimsasiz va noma’lum oʻrmondan afzal bilardi u. Har tarafdan turli tovushlar bilan hidlar uni ta’qib qilardi. Teddi esa bularni ajratolmay qiynalardi. Ayrim hidlar unga yaxshi tanish edi. Yoʻlda ikki marotaba qoplonning izlariga duch keldi-yu, oʻsha zahoti tsirkdagi qoplon esiga tushdi. Toʻgʻri, tsirkdagi qoplonning hidi yomon edi: tutqunlikdagi hayvonlar qoʻlansaroq boʻladi. Soʻngra Teddi bahaybat archaning ostki shoxida oʻtirgan bulduruqlarni hurkitib yubordi-da, dastlab oʻzi ham choʻchib tushdi. Bularning shunchaki oddiy parrandalar ekanini bilgach, yengil tortdi. Tulkining izlarini ham darhol ajratib oldi. Biroq ha desa bezovta qilayotgan bir-biridan yangi, notanish taassurotlar oxiri uni shunchalik holdan toydirdiki, Teddi noiloj bahaybat archaning tagidagi qulayroq joyga yotdi-da, dong qotib uxlab qoldi.

Har qancha gʻalati tuyulmasin, bu bahaybat yirtqich oʻrmonda butunlay ojiz va nochor edi. Uzoq yillar davomida u oʻrmondan, bir zamonlar koʻrishga ulgurgan narsalardan behad uzoqlashib ketgan, deyarli unutib yuborgan edi. Tabiat unga ato etgan barcha sezgilari oʻtmaslashib qolgan, shu bois arzimagan narsalar oldida oʻzini yoʻqotib qoʻyardi. Uning dam-badam qorni ochardi, ilgari toʻyib ovqatlanishga oʻrganganidan hozir ochlikdan qiynalmoqda edi. Sirkda uning holidan har kuni xabar olib turuvchi xodim bu yerda yoʻq edi, u oʻz gʻamini oʻzi yeb, ovqat izlashga majbur boʻlardi. U ovqat izlab topish uyoqda tursin, nima yeyishni ham bilmasdi. Ehtimol, hech kim ona nima ekanini yovvoyi yirtqichchalik his qilmasa kerak. Ona oʻz bolasiga yashirinishni, urishishni, qochishni oʻrgatadi, kim doʻstu kim dushman ekanini tushuntiradi. U chumolining uyasi qaerda boʻlishini, chernika, qulupnay, xushxoʻr ildizlar, baliqlar bilan baqalar borligini biladi; u qaerda zilol suvlar, tinch, osoyishta joylar, oftobroʻya maysazorlar qaerdaligini yaxshi biladi; unga hidlar siri va yashash joyini oʻzgartirish sabablari juda yaxshi ayon. U yana oʻrmonda bironta yirtqich uzoq yashamasligi, albatta biror kulfatga giriftor boʻlib nobud boʻlishini, bundan saqlanib uzoqroq yashash va nasl qoldirish uchun epchil, dovyurak hamda doim hushyor yurish lozimligini ham biladi.

Mabodo Teddi dastlab hayvonot bogʻida, soʻng tsirkda ulgʻaymay, ona ayiq bagʻrida hayot kechirganda, hozir qudratli yirtqich boʻlib nima qilish lozimligini bilol-may qiynalmasdi. Afsuski, Teddi oq koʻylak, ishton kiygan odam qoʻlida hayot saboqlarini oldi va uning oʻjar ruhi bolaligidayoq ezilgan edi. U oʻrmonda yashov-chi ayiqlar uchun misli koʻrilmagan dahshatli narsalarni bilishga ulgurgan edi. Shaharda u shak-shubhasiz boshqa ayiqlardan koʻra behad tajribaliroq, aqlliroq boʻlishi mumkin edi, ammo uning bilgan-koʻrganlari oʻrmonda nimaga ham yarardi! Oʻrmonda u bir dumalab goʻyo qaytadan zaif va nochor ayiq bolaga aylanib qolgan edi.

Bor-yoʻq farqi shunda ediki, u endi jajji ayiqcha emas, balki qafasga ishqalanaverib junlari toʻkilib ketgan bahaybat ulkan ayiq edi, buning ustiga tadbirkor onasi ham yonida yoʻq edi.

VII

Teddi qushlar ovozidan uygʻonib ketdi. Bu qushchalar shudringdan nam tortgan novdalarda sakrab-sakrab chirqillashardi. Tepalik ortidan kuyosh koʻtarildi. Qaragʻayzorni harir tuman qoplagan, shudring jilva qilar, havo begʻubor edi. Teddi tungi oshiyonidan chiqib shimolga qarab yoʻlga tushdi. Oʻrmonda sandiroqlab yurishga odatlanmaganidan ikki kundirki, uning panjalari ogʻrib-ogʻrib qoʻyardi, shunga qaramay u qaysarlik bilan yoʻlda davom etardi. U shimol sari ketib borarkan, uchib ketishga chogʻlangan qushlardek hech narsa haqida qaygʻurmasdi. U ichki bir tuygʻuga qayishib serquyosh, yemish moʻl, osoyishta va zilol suvlar oqib yotgan bemisl oʻlka sari borardi.

Peshin payti yalanglikdan oʻtayotganda ayiqning dimogʻiga ajabtovur bir hid urildi-yu, allanarsalar esiga tushdi. Biroq bu yoqimli hid qaerdan kelyapti? Teddi kun chiqar tarafga oʻgirilib ozgina yurgandi, hid yoʻqoldi. U bezovtalanib iziga qaytdi — hid yana dimogʻiga urildi. Shunda Teddi chumoli uyasining qaysi tomonda joylashganini aniqlaguncha turgan yerida aylanaverdi, yillar oʻtib chumolilarni unutib yuborgan boʻlsa ham bu hidni darhol sezgandi.

Chumolidan ajoyib narsa bormi dunyoda! Ulardan shirin narsa bormi. Yogʻli, nordongina, ishtahani qitiqlaydigan, buning ustiga toʻyimli — istagancha yeyish mumkin!

Teddb tumshugʻini chumolining uyasiga suqdi va huzurlanib pishqirib yubordi — bu hid shunchalar oʻtkir edi. U tumshugʻini yanayam chuqurroq suqdi-da, koʻzlarini yumib, tilini chapillata boshladi. Bir zumda uning tumshugʻini yirik-yirik sariq chumolilar qopladi, quloqlariga oʻrmalab kirdi, biroq Teddi boshini silkitib yana ham ishtaha bilan tamshana boshladi. Nihoyat u nafasi qaytib, orqa oyogʻiga oʻtirdi-da, tin oldi. Daf’atan allaqachon unutib yuborgan bir nima esiga tushdi-da, u chumoli uyasini buza boshladi. Chumolilar endi uning panjasiga yopishdi-yu Teddining bamaylixotir oʻtirib, panjasini yalashdan boshqa ishi qolmadi. Bu juda qulay edi — endi chumolilar uning tumshugʻiga, quloqlariga kirib gʻashiga tegmas, ogʻziga tuproq bilan oʻt-oʻlan ham kirmasdi. Teddi oxiri chumoli uyasida hech vaqo qolmagach, nari ketdi.

Chumoli uyasini buzib tashlagach, Teddi yoʻlida davom etdi, yonbagʻirlarini archalar qoplagan bir tepalikdan oshdi, jarlikdan oʻtdi. Xoʻjagʻatzorga duch kelib kechgacha oʻsha yerdan chiqmadi.

Oldiniga bulduruq va qarqurlarning parr etib koʻtarilishi, hovuzlardagi baliqlarning bexos sakrashlari, oʻrmon shovqini, yaqin atrofda ketayotgan bugʻularning qasira-qusuridan Teddi choʻchirdi. Gʻalati, noma’lum, oʻtkir hidlar ham xavotirga solardi. Biroq u qoʻrquvni yengib, bu noma’lum hiddar va tovushlarga koʻnikish, keyinroq yana duch kelganda ulardan nariroq boʻlish yoki peshvoz chiqish uchun koʻnikib borardi.

Hozirgi hayotining dastlab oʻzi ham payqamagan yaxshi tomoni bor edi: odamdan boshqa hech narsadan qoʻrqmasa ham boʻlardi. U na boʻrilar, na qoplonlar, na suvsarlardan hayiqardi. Uni hech nima bezovta qilmas, u hech narsadan tap tortmas va hech nima uni ta’qib etmasdi. Aksincha, undan hamma hayvonlar qoʻrqardi, holbuki, oʻrmonda eng bahaybat va xavfli yirtqich oʻzi ekanini Teddi bilmasdi. Buni anchadan keyin, kunlarning birida ikkita katta-katta boʻri bugʻu jasadini xomtalash qilayotganini koʻrib qolgan paytda angladi. Boʻrilarga koʻzi tushgan ayiq nima qilarini bilmay toʻxtab qoldi. Boʻrilar esa tahdidona irillab, oʻsha zahoti nari ketishdi va Teddi bugʻu goʻshtini pok-pokiza tushirayotganida yaqin kelishga botinolmay ancha narida aylanib yurishdi. Oʻshanda Teddi oʻzining qudratli ekanini sezgan va bundan faxrlangan edi. Shundan keyin ham bir necha bor bu yerga qaytib keldi. Har safar uni koʻrdi deguncha och boʻrilar oʻljani tashlab nari qochayotganidan quvonardi.

VIII

Bir manzilda bir kun, boshqasida ikki kun tunab, Teddi tobora shimolga yaqinlashib borardi. Kun sayin qaragʻaylar yiriklashardi: xoʻjagʻatlar, qulupnay va brusnikalar koʻpayib, qishloqlar kamayib borardi. Behad goʻzal, odam oyogʻi yetmagan xilvat goʻshalar va sukunat hukmron. Yana nima kerak?! Biroq Teddi xotirasida shunchalar goʻzal manzaralar oʻrnashib qolgan ediki, koʻz oʻngidagi voqelik uii qanoatlantirmas va u hamon allaqanday qadrdon yurti, allaqanday jannatmakon ayiqlar oshiyoniga oshiqardi.

Oʻzi qulay deb hisoblagan joyni topib, Teddi atrofni koʻzdan kechirib chiqardi. U chirigan toʻnkalarni kavlar, kalamush va kuyonlar, olmaxonlarning uyasini buzar, oqish yoʻsin qoplagʻan toshlarni agʻdarib, shilliqqurtlar va chuvalchanglar izlardi.

Bir safar kambargina koʻl boʻyida, suvning tuyqus shaloplashidan oʻtakasi yorilib toʻxtab qoldi. Qirgʻoqdagi qiyoqzorda isinayotgan choʻrtan baliqlar ayiqdan qoʻrqib, oʻt-oʻlanlar orasidan chiqa solib suvga shoʻngʻir edi. Teddi suvdan va qiyoqlar orasidan koʻz uzmay qirgʻoq yoqalab yoʻlga tushdi.

U hali baliq goʻshtining ta’mini bilmasdi. Biroq nimadir mana shu jonivorlardan birini tutib yeyishga undardi. Nihoyat u qilt etmay turgan choʻrtan baliqning qoramtir sharpasini sezib, tovush chiqarmay, yerga qapishib yaqinlasha boshladi. Chetdan qaraganda u juda gʻalati alfozda edi. Oldingi panjalari bilan tumshugi yerga qapishgudek, gumbazdek keti esa kulguli tarzda selkillardi. Biroq ayiq pusib kelar, mitti koʻzlari esa mudhish yiltillardi. Choʻrtan baliq yotgan yerni poylab turib panjasi bilan keskin urdi va boʻkirib oldingi panjalari bilan suvga tushdi. Dastlab zarbi nishonga tegdimi, yoʻqmi oʻzi ham bilolmadi. Biroq zum oʻtmay loyqa suv sathida choʻrtan baliqning oqish choʻtir qorni qalqib chiqdi. Teddi uni qirgʻoqqa uloqtirdi. Pok-pokiza tushirgach, baliq goʻshtining ta’mi ogʻzida qoldi. Ikki hafta davomida Teddi koʻp narsa oʻrgandi. Hidlar qaysi tarafidan kelayotgan boʻlsa oʻsha tomonga boshini qoʻyib yotadigan boʻldi. Mevalar bilan ildizlardan tashqari qoʻziqorinlar ham xushhoʻr ekanini anglab yetdi. Endi Teddi dastlabki kunlardagidek duch kelgan narsani ogʻziga tiqib kavshayvermasdi; u shirali ildizlar zax yerda boʻlajagini bilib oldi: muzdek buloq suvlaridan ichishga va shamol yoʻnalishidan foydalanishga oʻrganib oldi, uning ziyrakligi oshdi va endi eng nozik hidlarning ham eski yoki yangi ekanini ajratadigan boʻldi: u yana oʻrmondagi hamma narsani ogʻziga olavermaslikdan tashqari ba’zi mevalar va qoʻziqorinlarni yaxshisi yemaslik kerakligini tushundi.

U chiniqdi, huda-behudaga toliqmaydigan boʻldi va birinchi kunlari ogʻrib bezovta qilayotgan tovonlari choʻp-tikanlar, toshlar botaverib dagʻallashdi, tsirkda yurganida qirqib tashlashgan tirnoqlari yana oʻsib chikdi. U sekin, deyarli ovoz chiqarmay yuradigan boʻldi.

Boshida Teddi odatdagidek koʻpincha kechasi uxlardi. Biroq keyinchalik oʻrmon kechasi juda maroqli boʻlishini sezdi. Tunda daydib yurgan quyonlar bilan tulkilarning izi ularning yaqinginada shu yerdan oʻtganidan darak berardi, oʻt-oʻlanlar orasida bir nimalar gʻimirlar, butazorda allaqanday hayvonlar kezar, jarlikda va yalanglikda qandaydir maxluqlar uyoqdan-buyoqqa oʻtar, tun sukunati qoʻynida xoʻp alomat tovushlar eshitilardi. Qolaversa, Teddini kuni bilan bezor qilib yuboruvchi chivinlar bilan iskabtoparlar ham kechasi gʻoyib boʻlardi. Oqibat, kunduzi u xilvat oshiyonlarda yotib uxlaydigʻan, kechasi esa tez-tez daydib yuradigan boʻldi.

IX

Kunlardan bir kun Teddi qishloqqa yaqin yerdagi oʻrmonda chogʻroqqina suli ekilgan maydonga duch keldi. Bu tashlandiq maydon boʻlmay odamzodga tegishli yer edi.

Teddi ekinzor yoqalab yurdi. Suli boshoqlari mayingina qitiqlar, uning bahri dilini ochardi. Ekinzorni aylanib chiqib ham biron narsa topolmagach, Teddi nari ketdi, biroq anchadan keyin qaytib keldi-da, ekinzorga shoʻngʻidi va oy nuriga gʻarq boʻlgan bexavotir yerda yotib, boshoqlarini kappalay boshladi. Shu tariqa u suli mazasini bilib oldi, bu boshoqlar nimasi bilandir deyarli unutib yuborayozgan suli yormasini unga eslatdi. Dastlab Teddi ochkoʻzlarcha, donini ajratib oʻtirmay bandini qoʻshib yeyaverdi, soʻngra faqat boshoqlarini shimib chaynashga oʻtdi, tongga yaqin ekinzorning bir qismini payhon qilib joʻnab qoldi. Suli juda yoqib qolgan ayiq ertasiga yana keldi va kechasi bilan maza qildi. U indiniga ham kelardi-yu, lekin yoʻlda botqoqlikka tushib chalgʻidi: oʻsha yerda oʻttizga yaqin qurbaqalarni hurkitib yubordi-da, tutib yeyman, deb toza balchiqqa agʻanadi va aichagacha shaltogʻini tozalashdan ortmadi.

Teddi shu kuni ertalab ekinzor yoqasidagi yoʻlda aravada odamlar oʻtganini, ular ekinni uzoq koʻzdan kechirgach, figʻonlari falakka chiqib qaytib ketganlari va kechqurin bolta-yu, taxta koʻtarib kelishganlarini hamda oʻzlari uchun qulay deb bilgan bahaybat qaragʻayga bir nimalarni qoqqanlarini bilmasdi.
— Juda soz!— dedi ulardan biri kaftlarini bir-biriga ishqab, boshqalari sovuqqina kulib qoʻyishdi.

Soʻngra odamlar chetroqqa chiqib, chekishdi, aravadan miltiqlarini olgach, ikkitasi tirmashib qaragʻay tepasiga chiqdi, uchinchi sheriklari esa qaytib ketdi.

Teddi uygʻonganda oy oʻrmon uzra havolanib ulgurgan edi. U sassiz, uyoq-buyoqqa alanglab va havoni iskab, sukunat bagʻrida ancha yotdi. Soʻngra oʻrnidan turib esnadi, kerishdi, suli esiga tushib ekinzorga joʻnadi. Yoʻlda biror is olib toʻxtar, tumshugʻini oʻt-oʻlanlar orasiga suqib iskay-iskay shirali ildizni sugʻurib shapillatib yerdi.

Teddi ekinzorga yetib keldi-da, oʻzi ikki kecha maza qilgan joyni koʻzdan kechirib borayotganda oʻsha yerga oʻn besh qadam qolganda birdan taqqa toʻxtadi.

Yoʻq, u tiq etgan tovush eshitmadi va biron nima sezmadi. Ichki bir sezgi uni ogohlantirdi: bu yerda nimadir oʻtirganga oʻxshardi.

Teddi ekinzorni oʻrmon ichi bilan aylanib oʻtish uchun oʻngga burildi, uning junlari hurpaydi, biroq odatdagadek boʻkirmadi: tovush chiqarmaslik zarurligini u his qilardi.

Hech zog koʻrinmas, qilt etgan sharpa yoʻq edi. Kuchsizgina shabada esib, Teddining dimogʻiga yana sulining hidi urildi. Biroq Teddi har safargidek tamshanmadi, soʻlagini yutib oy nurida oqarib koʻrinayotgan yoʻlga chiqdi. Dimogʻiga kuyindi, goʻng, tamaki va odam isi keldi. U toʻxtab havoni iskadi. Ot mingan odamlar kelgani, shu yerda toʻxtab chekishgani, soʻng joʻnab ketishganini angladi. U yana ham dadillanib yoʻl yoqasidan yurdi, yana uni kesib oʻtib, endi ekinzorning boshqa tarafida paydo boʻldi.

U kunduzi shu yerga kelgan odamlarning joʻnab ketganiga qat’iy ishonardi-yu, biroq,— ajabo! — baribir xavotiri arimas, junlari hamon tikrayib turardi. Ayiqning bu xavotirli yerdan butunlay ketgisi keldi — chunki hamma noma’lum narsalar qoʻrqinchli edi — va oʻrmon tarafga burildi-yu, lekin sal naridan yana qaytib keldi.

Teddi onasiz oʻsgan va hech kim oyogʻi tortmagan yerga bormaslik lozimligini unga oʻrgatmagan edi. Shuning uchun, u archalar ortida yashirinib turganida sulining totli, oʻtkir hidi qoʻrquv hissidan ustun kelib uni chorlardi.

Ayiq daraxtlar orqasida tura-tura oxiri chiqdi. U endi boshoqlarga choʻzilgan edi, tuyqus, shu atrofda, yuqorida nimadir sharaqladi va qimirladi. Teddi oʻzini chetga olishga va boshini koʻtarib qarashga ham ulgurmay bir shu’la yalt etdi va tun sukunatida dahshatli oʻq ovozi yangradi, choʻgʻdek bir nima ayiqning oldingi, chap panjasiga tegib, u yiqildi. Teddi oʻzining eng xavfli dushmani — odamning tuzogʻiga tushganini, zudlik bilan oʻrmon sari qochish kerakligini, oʻsha bir nima sharaqlagandayoq bilgan, sezgan edi; ammo afsus, ulgurolmadi. Shuning uchun hozir har qancha quturgan boʻlmasin, sapchib turib oʻrmonga yugurdi. U iloji boricha tezroq yugurish lozimligini bilardi, biroq baxtga qarshi u birdan mukkasidan ketib yiqildi, xuddi shu payt orqa tarafdagi beoʻxshov qaragʻay tepasidan yana ikki oʻq yangradi, oʻqlar uning shundoqqina yoniga chiyillab urildi va chatnab ketdi. U qoʻrqdi, yoʻq, oʻqlar ovozi bilan chatnagan tovushdan emas, balki qocha olmay yiqilgani uchun dahshatga tushdi. U yana sapchib turdi-da, oʻrmon sari otildi, yana boyagi hol takrorlandi; unga bir balo boʻlgandek tumshugʻi bilan yiqildi. Shundagina Teddi oldingi panjasi ishlamayotgani, jonsiz boʻlib—qolganini angladi. U endi ogʻirligini sogʻ panjasiga solib yugurdi: u orqa-oldiga qaramay sarosima ichida pishqirgancha, shox-shabbalarga urilib, chayqalib, qoqilib-suqilib qocha boshladi.

U uzoq yugurdi, har lahza ortidan quvib kelishayotgandek, ana-mana yetib olishadigandek tuyulib, hamon ildamroq chopishga urinardi. Oxiri u holdan toydi va qochib qutulishga koʻzi yetmay toʻxtadi-da, oʻkirgancha dushmanini qarshi olishga oʻgirildi. U dahshat bilan oʻkirib ogʻriq behad zoʻrayayotgan panjasini yigʻishtirib choʻkkaladi. Uiing koʻzlari yonar, biqinlari koʻtarilib tushar, yagʻrinidagi va biqinlaridagi junlari gʻazab va qoʻrquvdan tikka boʻlgan edi. U oʻzining xirillab nafas olishidan boʻlak tovushni eshitmadi, atrofga quloq solish uchun nafasini ichiga yutdi: jimjit. Bu jimlikka ishonmay, gʻanimini yashirinib olgan deb hisoblayotgan ayiq yana boʻkirdi, soʻng orqasiga qaray-qaray keta boshladi.

Lekin uni hech kim quvmadi, uning oʻkirigidan oʻtakasi yorilgan oʻrmon qaytanga jim boʻlib qolgan edi. Teddi panjasini yalay boshladi. Issiq qon uning ishtahasini qoʻzgʻab yubordi va bu mashgʻulotdan huzurlanayotgandek tobora gʻayrat bilan yalashga tushdi. Shu narsa uning joniga ora kirdi. Toig otgach, ovchilar miltiqlarini oʻqlab ayiqning qonli izidan yoʻl olishdi. Ular ayiqning shox-shabbalarni sindirib yerni tirnoqlari bilan oʻyib, oʻtlarga qon sachratib rosa yugurganini qonli izlar orqali fahmlashdi. Ular yana uning bir yerda oʻtirib kutganini payqashdi: shu yerda qon koʻp oqqan, maysalar koʻproq ezilgan edi. Biroq nariroq borgach, izni sezish qiyinlashdi, qon kamroq koʻrinardi, oxiri ular izni butunlay yoʻqotib qoʻyishdi. Ovchilar ayiq izini yoʻqotgach, yaqin oradagi jarliklarni koʻzdan kechirib, qishloqqa qaytib ketdilar.

X

Teddi esa bu paytda uzoqda, qalin oʻrmon ichidagi yalanglikda azob chekib yotardi. Uning panjasi shishib ketib, kun boʻyi qimirlayolmay qoldi. Tun kirdi, biroq ayiq ogʻriqdan koʻz yumolmadi. Undan tashqari, yana allaqanday bezovtalik uning tinchini buzdi, har qancha qilmasin buning sababini bilolmadi. Oʻrmon jimjit. Tiq etgan tovush yoʻq edi. Mana shu oʻlik sukunat borgan sari ayiqni bezovta qilar va qiynar edi.

Kechga yaqin olisda ketma-ket chaqmoq chaqdi. Keyin oʻsha yoqdan momaqaldiroqning guldiragani eshitildi. Teddi bunga javoban oʻkirdi va archa ostidagi oshiyonidan bezovtalanib toʻlgʻana boshladi. Tevaragida hukm surgan mash’um sukunat, goh-goh olislardan kelayotgan gulduros ayiqni sarosimaga solib qoʻyganidan, u biror yerga yashirinib olishni istardi. Biroq buning sira iloji yoʻq edi.

Koʻp oʻtmay boʻron boshlandi, daraxt shoxlari orasidan koʻzga chalinayotgan yulduzlar yuzini qop-qora bulut toʻsib qoʻydi va zulmat bagʻrini tilka-pora qilib chaqmoq chaqildi, ketidan oʻrmonni larzaga solgudek dahshatli momaqaldiroq guldiradi.

Kuchli shamolda qaragʻaylar bilan archalarning uchi shovullar, pastda esa jimjit, qimir etgan harakat sezilmasdi. Toʻsatdan sharros jala kuyib yubordi. Bu daraxt yaproqlariga chirsillab uriladigan odatdagi yomgʻir emasdi, unaqasi Teddiga tanish edi, lekin bunisi birdaniga chelaklab, guvillab quyib berdi, bu guvillash — faqat ahyon-ahyon momaqaldiroq guldiraganini aytmasa, hamma tovushlarni bosib ketdi.

Jala ertalabga yaqin tindi, quyosh nurlaridan oʻrmon yashnab. ketdi. Zumrad tomchilar shoxlaridan quyidagi shoxlarga tomar, undan maysalar uzra toʻkilardi. Tonggi oʻrmon joʻshqin shovullardi.

Boyoqish Teddi! Ogʻriq azobidan tinkasi qurigan, boʻron va odamlardan loragini oldirib qoʻygan, bir necha kundan beri uyqu nimaligini bilmagan, jalada boʻkkan bechora ayiq archa ostida oʻtirar va ogʻriqdan kuyosh nurlari yuragiga sigʻmas, qaerga borib yemish izlash haqida oʻylayolmas edi. U yarasi bitib, ochlikdan oʻlar holatga yetguncha soʻppayib bir necha kun yotdi.

Soʻng bir amallab yoʻlga tushdi, u tepaliklar yonbagʻrida panjasini arang bosib tentirarkan, shox-shabbalar, ildizlar yoki choʻp-tikanlar yarasiga botib uning jonini sugʻurib olgandek boʻlardi. Ammo oradan bir necha kun oʻtgach, ayiq oyogʻini ohista bosadigan boʻldi va shu tariqa asta-sekin dardi arib, yana gʻayrati joʻsh urib tetiklandi.

U juda uzoq safarga otlangandek hamon yoʻlda davom etardi. Hech yerda toʻxtamay shamol sari ming chaqirimdan ziyod yurib qoʻydi. Endi u dastlabki paytlardagidek notavon emasdi. U hidlarning sirli jihatlarini kashf etdi va endi uncha-munchaning farqiga boradigan boʻldi. U oʻzini qurshab turgan buyumlar va hodisalarni borgan sari yaxshiroq oʻzlashtirardi. Shu tariqa u xoʻjasavdogarlar bilan hakkalar betamiz kush deb hisoblansa ham ularga ishonish lozimligini bilib oldi. U jelning nima uchun qichqirganini bilishga oʻrgandi, basharti uzoqdan daraxt tepasida tumshugʻini tozalayotgan qargʻaga hamda uning ostidagi shoxlarda tizilib oʻtirgan zagizgʻonlarga koʻzi tushsa, hech ikkilanmasdan oʻsha tomonga yoʻl solardi, chunki qorni toʻq qargʻalar oʻtirgan yerda albatta yemish boʻlajagi endi unga ayon edi. Teddi daraxtga tarmasha olmasdi, lekin serbutoq qaragʻayni uchratib qolsa albatta tepasiga chiqib, tevarak-atrofni bir qur koʻzdan kechirardi. U xoʻjasavdogarlar bilan hakkalar xira pashshadek oʻziga yopishib qolishini yoqtirmasdi. Shunday kezlarda ulardan qutulish uchun tumshugʻini koʻtarib boʻkirar, agar qushlar shunda ham daraxtdan daraxtga oʻtib, chirqillashib, ergashaversalar yashirinib olish payiga tushardi. Soʻng yaqin atrofdagi daraxtlarga nazar solar, bu shilqim qushlarni koʻrmasa mamnunona xoʻrillab, yoʻlda davom etardi. Shaharda yashasa umr boʻyi oʻrganish nasib etmaydigan narsalarni qisqa vaqt ichida oʻrgangan Teddi bir qaraganda chinakam yirtqichga aylangan edi. Biroq aslo bunday emasdi.

Bir safar erta bilan suv ichgani anhor boʻyiga borgan Teddi qoʻqqisdan toʻxtadi-yu, qotib qoldi: anhor boʻyidan ayiq hidi kelardi. Bu hid eski edi, taxminan ikki kun burun shu yerdan oʻtgan boʻlsa kerak. Lekin bu arang sezilayotgan hid shunchalar tahdidli ediki, Teddi tashnaligini ham unutib atrofni uzoq koʻzdan kechirdi: u sira oʻzini bosolmasdi. Demak, bu oʻrmonlarda undan boshqa yana bir hukmdor bor ekan-da! Bundan buyon shundan ehtiyot boʻlib yurish lozim. Oʻsha kundan boshlab Teddining tinchi buzildi.

U borgan sari buzilgan chumoli uyalariga, payhon qilingan malinazorga, toptab tashlangan brusnikalarga tez-tez duch kelaboshladi. Ba’zan Teddi olisdan oʻlaksa hidini ilgʻab yetib kelsa, anovi ayiq allaqachon bu yerdan oʻtgan va oʻlaksadan nomu nishon qolmagan boʻlardi. Endi oʻrmonning hamma yerida begona ayiqning hidi anqirdi. Teddi esa bunga toqat qilolmadi. Uning gʻazabi shunchalar kuchaydiki, oqibat u bir narsani — ikkovlaridan biri bu oʻrmondan ketishi kerakligini angladi. Agar yomon boʻlsa Teddi hech ikkilanmasdan bu yerni tark etardi. Biroq bu yerlar shunday ajoyib, xoʻrak shunchalar moʻl ediki, natijada Teddi ganimini haydab yuborishga qasd qildi va u bilan uchrashish payiga tushdi. U goh yanga, goho eski izlarga duch keldi, ammo ayiqning oʻzini sira uchratolmadi.

Ular hech kutilmaganda toʻqnash keldilar. Teddi ertalab kun boʻyi yotish uchun bir joyni tanladi-da, qaragʻaylar orasidagi kaftdekkina yalanglikdan oʻtib borayotganda birdan dimogʻiga oʻsha ayiqning jirkanch hidi urildi. Hid shu atrofdan ufurardi. Teddi boshini koʻtarib, hid kelayotgan yoqqa qaradi-yu, raqibini koʻrdi. Bu bezbetning hozir adabini beradi! Teddining koʻzlarida mudhish alanga yondi. Raqibi bir lahza qaragʻaylar ortiga yashiringan boʻldi-da, soʻng yalanglikka chiqdi...

Bu bahaybat yirtqichni koʻrgan Teddi quyondek qotib qoldi. U atigi bir soniya burun bagʻoyat dargʻazab, jangga tashna vahshiy yirtqich edi. Uning vahshiyligi raqibining vahshiyligi oldida hech narsa boʻlmay qoldi. Ana uni yirtqich desa boʻladi — junlari osilib tushgan, soqolli, tirnoqlari poʻlatdek, oʻzi ham poʻlatdan quyilgandek baquvvat, koʻzlari mudhishona chaqchaygan. Uning qarshisida Teddidek ulkan yirtqich ham qoʻrquvdan dong qotib qoldi.

Ayiq kallasini osiltirib turganidan bukurga oʻxshardi. U churq etmay Teddiga tikildi. Hali oralarida hech narsa sodir boʻlmay — na unisi, na bunisi tovush chiqarmay, biron harakatga chogʻlanmay, Teddi bu ajoyib oʻlkani aynan oʻzi tark etishi lozimligini tushundi. Bu mudhish bahaybat yirtqich bilan u tenglasha olarmidi!

Teddi bilgan narsani oʻsha zahoti raqibi ham his etdi. Bu ham yetmagandek, u Teddining ham shuni anglaganini tushundi. Yoʻq, u Teddini gʻajib tashlagani hamla qilmadi, balki past ovozda oʻkirib qoʻydi. Uning oʻkirigi Teddinikidan kam deganda besh parda baland edi. Yirtqichlarning oʻkirishi odamlarga bir xilda eshitiladi, ular yirtqichlar ovozidagi nozik ishoralarni ajratib olishga qodir emas. Teddi esa raqibi nimani istayotganini darhol sezdi. Uning past oʻkirishi «yoʻqol bu yerdan!» deganini anglatardi. Bu amr-farmonga quloq solmaslik Teddi uchun oʻlim bilan tugashi aniq edi. Teddi loaqal gʻing demadi, ortiga oʻgirilib, oʻsha zahoti joʻnab ketdi. Oʻrmonga kirganda u soʻnggi bor oʻgirilib qaradi: ayiq hamon yakkam-dukkam qaragʻaylar fonida ulkan gʻaramdek qimir etmay turardi. Teddi bu liq-liq sariq chumolilar va qizil brusnikalar oʻlkasini butunlay tark etdi. U hayot uchun kurashda zaif ekan, yengildi, darvoqe, vaqtida qutuldim deb hisoblashga uning toʻla asosi bor edi.

XI

Qayin bilan terak yaproqlari deyarli toʻkilib bitdi, zah yerni hazon qopladi, qushlar toʻda-toʻda boʻlib issiq oʻlkalarga uchib ketishga chogʻlanishdi, malina pishdi, qoʻziqorinlar koʻpaydi va Teddi koʻpdan-koʻp tepaliklarni oshib oʻtdi, daryoning irmogʻi boʻylab yura-yura bir kun ertalab xiyla keng yalanglikka chiqqanda sovuq tushdi.

U yalanglikda toʻxtab, havoni iskadi, atrofni kuzatdi-da, nihoyat oʻzi orzu qilgan, bir vaqtlar, bolaligida yashagan oʻlkaga yetib kelganini birdan angladi. U endi boshqa yerga bormaydi, xullasi kalom uning safari tugagan edi.

Bu yerdagi hamma narsa oʻsha paytdagidek — Teddi hali hech narsani farqiga bormaydigan, chumolilar va qulupnaylar yeb yurgan va onasi uni anhor suviga pishib oladigan zamonlarda qanday boʻlsa shunday — oʻzgarmagandek edi. U paytlarda hayot behad goʻzal, baxtiyor damlardan iborat edi, mana hozir Teddi yana oʻsha yerga qaytib keldi. Ammo ming qilganda ham bu boshqacha edi. Yoʻq, u davrlar — bolaligi oʻtmishda qolib ketdi, endi qaytmaydi, qaytib kelmaydi. Quyosh nurlari va yam-yashil maysalar singari jilvalanmaydi.. Oh, qaniydi, yana bir dumalab jajji ayiqchaga aylanib qolsa, onasini izlab topsa, uning mayingina, issiq ogʻushida tin olsa! Ming afsus, buning iloji yoʻq...

Teddi kechayu kunduz tinmay bu oʻlkani sekin-asta aylanib chiqdi, aylanib yurganida oʻz mulkining chegaralarini belgilab oldi. U anhorlarni, botqoqlar, jarlar, shudring bosgan oʻtloqlarni, oʻrmon yoqalari va xilvat goʻshalarni koʻzdan kechirdi. Son-sanoqsiz boʻrilar, bugʻular, olmaxonlar, kunduzlar, quyonlarning izlarini uchratdi. Ularning ayrimlariga parvo qilmadi, ayrimlari gʻashiga tegdi va u oʻrmon tugul havo ham oʻziga tegishli ekanidan ogoh qilish uchun yerni kavlab, tuprogʻini har tomonga sochdi, daraxt poʻstloqlarini shildi.

Bulduruqlar bilan qarqurlar kovjiragan yaproqlarni toʻzgʻitib, uning tumshugʻi tagidan parillab koʻtarilar, biroq endi u hech narsaga hayratlanmas, barchasini tabiiydek qabul qilardi. Endi u turli hayvonlarning iziga duch kelgan paytda xavotirga tushmas yoki qiziqib iskamas, balki bir qarashda nimaning izi ekanini ilgʻar va ortiqcha ahamiyat bermasdi.

Uning juni oʻsib mayinlashdi va tovlanadigan boʻldi. Panjasining ogʻrigʻi qolib ketdi va u toʻnkani kavlab olish yoki qulagan zalvarli daraxt tanasini agʻdarish chogʻida bemalol oʻsha panjasini ishga solardi. Teddi ishtahasi karnay boʻlib ketganidan tinch oʻtirolmay daydigani daydigan edi. Bu yerda hamma narsa yetarli edi, u koʻpincha oʻzini har doimgidan koʻra ozod va kuchli sezib behad huzurlanardi.

Erkinlikka nima yetsin! U quyoshga, yulduzlar charaqlagan poyonsiz samoga oʻxshaydi; u huzurbaxsh shamolga yoki sharqirab oqayotgan suvga oʻxshaydi.

Hech kimdan qoʻrqmaslik kerak, oʻzingga yoqmagan ishni qilmasa ham boʻlaveradi!

XII

Noyabr — qora sovuq boshlanadigan oy kirdi, bugʻularning kuzgi kuyikish davri boshlandi. Tepaliklarda yurganida Teddi ularning boʻkirishlariga achchigʻlanib quloq solardi. Bahaybat shoxli, ulkan bugʻuni u bir necha bor uzoqdan koʻrdi. Bugʻu ehtiyotkorlikni unutib, bemalol yurardi. U tinimsiz pishqirar va boʻkirardi. Ayiqqa bunday qoʻshnichilik yoqmadi. Teddi ba’zan oʻzini bosolmay shovqin koʻtaradigan yirtqich boʻlgani bilan boshqalarning shovqin-suroniga chidayolmasdi, koʻp oʻtmay bir paytlar ayiqdan qanchalik jirkansa bugʻudan shunchalik hazar qiladigan boʻldi.

Kunlardan bir kun u bugʻularning iziga duch keldi va bu yerdan hozirgina anovi ulkan bugʻu urgʻochi bugʻular bilan oʻtganini angladi. Shu kuni Teddi dargʻazab edi, bu surbet bugʻuni haydab yuborish istagi butun vujudini qamrab oldi-yu, ularning izidan yoʻlga tushdi. Yuqoriga koʻtarilgach, izni yoʻqotib qoʻydi, bir aylanib yana bugʻularning hidini ilgʻadi. Koʻp oʻtmay ularning qorasi koʻrindi. Bugʻular terakzorda novdalarni chimdib-chimdib yeyishardi.

Teddi oʻkirgancha ularning yoniga, yuqoriga chiqa boshladi. Ayiqni koʻrib hurkib ketgan urgʻochi bugʻular pastga qochdilar. Erkagi esa kutilmaganda pishqirib ayiqning yoʻlini toʻsib chiqdi. Albatta, boshqa payt u hech ikkilanmasdan urgʻochi bugʻularga ergashgan boʻlardi. Hozir esa :kuyikish oqibatida qoʻrqmasdan raqibining ustiga bostirib bordi: ular yalanglikka tushdilar. Teddi jahl bilan oʻkirdi. Bunga javoban bugʻu pishqirdi. Uning vujudi jang qilish ishtiyoqidan titrar, koʻzlariga qon quyilgan edi. Bugʻuning avji kuchga toʻlgan payti edi, serbutoq bahaybat shoxlari, baquvvat boʻyni shundan dalolat berardi.

Bunday toʻqnashuvni mutlaqo kutmagan Teddi shoshib qoldi, u qoʻrqmadi, faqat toʻxtab qanday hamla qilishni moʻljallab taraddudlandi. Lekin uning taraddudini oʻzicha tushungan bugʻu, birdan boshini quyi solib, pishqirdi-da, ayiqqa tashlandi. Teddi qochishga ulgurolmay bugʻuning zarbidan yiqildi. Qoni joʻshib ketgan bugʻu yiqilgan raqibining tepasida hamlaga hozirlandi, kim bilsin, bugʻu ayiqning boshiga suzganda bormi, uning kuni bitardi. Ammo bugʻu moʻljallaganidek, Teddining boshiga emas, yelkasiga suzdi. Ayiq suyagi toshdan qattiq edi — sinmadi, ammo endi olishish qayda, deysiz, sogʻ qolganiga shukr!

Zarbi xato ketganini koʻrgan bugʻu yana tashlandi, ammo Teddi chap berib qoldi-yu, bu gal bugʻu nishonga urolmadi. Shunda u yana birinchi safargidek boshini quyi solib hamla qildi. Teddi yana chap berib buta ortiga sakradi, bugʻu esa dabdurustdan oʻzini toʻxtatolmay, ayiqning ortidan burilgan edi, ayiq oqsoqlangancha jonholatda pastga qarab qochdi. Bugʻu misli koʻrilmagan gʻalabaga erishgan edi. Biroq hozir bu unga kamlik qildi. U raqibini yanchib tashlash yoki bu yerdan butunlay haydab yuborishni istardi. Aloha u ayiqni quvib osongina yetib oldi va bir-ikki marta suzishga ulgurdi. Keyin bir nima esiga tushgandek toʻxtadi-da, urgʻochi bugʻular yoniga qaytdi. Abjagʻi chiqqan, boyoqish Teddi esa boʻronda sinib tushgan shox-shabbalar orasiga kirib olib, uzoq ingrab, magʻlubiyat alamini chekib yotdi. Yaqinda uni soqolli ayiq haydadi, endi bugʻu... Hammasidan yomoni u endi barcha bugʻulardan qochib yurishi kerak: modomiki bittasi adabini berdimi, demak boshqalari ham shunday qilishi mumkin. Shu kundan e’tiboran hayoti azobga aylandi-qoldi. Joʻrttaga qilgandek, u tez-tez bugʻu izlariga duch keladi. Brusnikami, chumoli uyasini izlab izgʻiydimi yoki anhorga suv ichgani boradimi — farqi yoʻq, bugʻu iziga duch kelsa oʻsha zahoti ortiga qaytib ketardi.

Ammo bu uzoq davom etmadi. Uning tomirlarida ajdodlarining qoni joʻshdi va raqibini topib oʻldirish istagi xuruj qilib uning halovatini oʻgʻirladi. Teddi bugʻuni uchratish ilinjida oʻrmonda aylanib yuradigan boʻldi. Ba’zan pistirmada soatlab kutardi. Bir kuni anhor boʻyida bugu izlarini uchratib, butalar orasiga kirib yashirindi-da, kuta boshladi. U yerga tumshugʻini qoʻyib, shoxlar oralab soʻqmoqdan koʻz uzmay yotdi. Hammayoqni sap-sariq yaproqlar gilamdek qoplagan edi. Daraxtlar yap-yalangʻoch, qoramtir archalar bu ayanchli daraxtlar orasidan koʻzga yaqqol tashlanardi. Kun sovuq, havoning avzoyi buzuq edi.

Kunning ikkinchi yarmida yuqorida shoxlarning qirsillagani va pishqirish eshitildi. Teddi boshini koʻtarib, havoni iskadi: bugʻu isi keldi. Uning butun vujudi sezgiga aylandi. Ayiq yerga qapishib, orqa panjalarini ostiga yigʻishtirib oldi. Bugʻular bir-ikki toʻxtashdi. Ular atrofga quloq solishdimi, biron-bir novdalarni chimdib uzishdimi, Teddi bilolmadi, jimgina yotaverdi. Nihoyat butalar ortidan bugʻu shoxlari, keyin uning oʻzi koʻrindi. Erkak bugʻuning ortidan uch chogʻli urgʻochisi kelardi. Ular toʻxtab, diqqat bilan pastga qarashdi, soʻngra suv boʻyiga tusha boshladilar: oldinda — erkagi, orqada — urgʻochilari.

Lekin baribir bugʻu ayiqni sezdi va oʻsha zahoti qoqqan qoziqdek turib qoldi. Teddi na’ra tortganicha yashiringan yeridan otilib chiqdi, bugʻu pishqirib ayiqqa tashlandi. Ayiq chap berib bugʻuning biqiniga panjasi bilan urishga ulgurdi. Changalning zarbi unchalik qattiq emasdi, biroq bugʻuning biqinidagi terisi shilinib qonadi. Qon hidini ilgʻagan Teddi vahshiylanib ketdi. Umrida birinchi bor tirik jonning goʻshtini burdalagisi, gʻajigisi, qurbonining jon talvasasida xirillashlarini tinglagisi keldi. Shu asno bugʻu yana unga tashlandi. Ayiq nigʻoyatda ogʻir edi, lekin bugʻu qudratli shoxlari bilan uni mushuk bolasidek uloqtirib yubordi. Teddi xuddi oʻtgan safargidek umbaloq oshib yiqildi. Biroq bu gal bugʻuning boʻynida yangi jarohat paydo boʻldi. Teddi sapchib oʻrnidan turdi-da, butun vujudini larzaga solgulik dahshat bilan boʻkirgancha bugʻuga tashlandi.

Ular qovjiragan maysalarni toptab, atrofdagi shox-shabbalar, butalarni sindirib uzoq olishdilar. Bugʻuning sillasi qurib borardi. Uning jarohatlaridan qon otilar, ayozli kunda uning butun tanasidan bugʻ koʻtarilayotganga oʻxshardi. Nihoyat ayiq bugʻuning yonboshidan hamla qilib, baquvvat boʻyniga osilib oldi va ayni choqda orqa panjalari bilan biqinini tilka-pora qilib yubordi. Soʻng boʻynidan chap panjasi bilan changallab, tishlagan koʻyi bor kuchi bilan boʻyniga urdi-da, pastga tortdi. Umurtqa pogʻonasi boʻgʻinlaridan ajralib ketgan bugʻu yiqildi. Ayiq uning koʻksini yorib tashladi, ammo shunda ham bugʻu oʻrnidan turib ayiqni uloqtirib yuborishga kuchanardi — u shunchalar kuchli edi! Teddi oʻkirib, yutoqqancha jon taslim qilgan raqibining qonini ichardi.

* * *

…Kun sayin butalar momiqlashib, soʻqmoqlar koʻmilib, qaragʻaylar bilan archalar dilbarlashib borar, yolgʻiz qayinlargina yalangʻoch turar va kechqurunlari ularning shoxlarida qarqurlar oʻtirishardi. Sovuq kuchaydi, oʻrmon boʻylab chinakam rus qishi qanot qoqdi.

Qattiq uyquga ketgan Teddi esa bir tekis nafas ola boshladi, uning oshiyoni uzra bugʻ koʻtarilmay qoldi va kun oʻtmay qor bosgan ayiq uyasini, tasodifan tuynuk ogʻzida osilgan sargʻish sumalaklardangina bilish mumkin boʻlib qoldi.