OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Yuriy Kazakov. Xunuk (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifYuriy Kazakov
Asar nomiXunuk (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Yuriy Kazakov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonOrif Tolib
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xunuk (hikoya)
Yuriy Kazakov

Toʻy qizigandan qizidi. Kelin-kuyovni allaqachon chimildiqqa kuzatib qoʻyishgan. Qishloq boʻylab xoʻrozlarning dastlabki qichqirigʻi eshitildi, garmonchi bisotidagi bor kuyni chalib tugatdi, uylar oyoqlarning zarbidan zir-zir titradi. Chiroqlar hanuz tevarak-atrofni yoritib turibdi, uylarning derazasidan haliyam uxlamagan oʻyinqaroq bolalar koʻrinib qoladi.

Juda koʻp yeyildi, ichildi, koʻz yoshi toʻkildi, miriqib oʻyin-kulgi qilindi. Stoldagi noz-ne’matlar peshma-pesh yangilab turildi. Holdan toygan garmonchini oʻyinbop musiqalar yozilgan patefonga almashtirishdi. Koʻchada, yon-atrofda oyoqlarning dupur-dupuri, shoʻx-shodon qiyqiriqlar tinmadi, dalada ham, daryo boʻyida ham eshitilib turdi. Tevarakdagi qishloq ahli bugun Podvoreda toʻy-tomosha ekanidan xabardor.

Hammaning ogʻzi qulogʻida, birgina Sonyaning qalbi alam-iztirobda. Qizning qirrador burni aroq ta’sirida qizarib ketgan, boshi shangʻillar, yuragi alamli oʻylar girdobida ogʻir-ogʻir urardi. Uning bor-yoʻqligini birov xayoliga keltirmas, hamma oʻzi bilan oʻzi ovora. Kechadagilarning deyarli barchasi oʻz juftini topib olgan, bir-biriga mehr-iltifot koʻrsatar, birgina Sonyaga hech kim e’tibor bermas, raqsga ham taklif qilmas edi.

Qiz chiroyli emasligini bilar, ozgʻinligidan uyalardi. Oʻyin-kulgi boʻladigan davralarga bormaslikka takror-takror qasam ichar, lekin har safar oʻzini tutib turolmas, qandaydir baxtning mavhum sharpasi uni yetaklab kelaverardi.

Hatto ancha yillar oldin, yoshlik paytida – institutda oʻqib yurgan kezlarida ham uni hech kim sevmadi. Hech kim uni biror marta uyiga kuzatib qoʻymadi, biror marta oʻpmadi. Qiz institutni bitirib, qishloqqa ishga keldi. Unga maktabdan xona ajratib berishdi. Qiz kechalari daftar tekshirar, oʻqir, sevgi haqidagi she’rlarni yodlar, kinoga borar, dugonalariga uzundan-uzoq maktublar yozar, sogʻinchli xayollarga choʻmardi. Ikki yil ichida deyarli hamma dugonalari turmushga chiqdi. Bu vaqt davomida esa uning yuzi yanayam xiralashdi, battar ozib yelkalari turtib chiqdi, xolos.

Mana, bugun uni yana mazax qilmoqchi boʻlgandek toʻyga taklif qilishdi va u yana keldi. Qiz baxt-shodlikka koʻmilgan kelinchakka entikib tikilar, odamlar bilan birga zaif ovozda «Achchiq!», «Achchiq» deb baqirar, kelin-kuyovni oʻpishishga undar edi. Hech qachon bunday toʻy koʻrolmasligini, baxtiyor kelinchakka aylanolmasligini oʻylar, oʻylagani sari koʻksida achchiq-achchiq ogʻriq turardi.

Uni tekis yuzli, koʻzlari qop-qora gʻamgin bir yigit bilan – veterinar-feldsher Nikolay bilan tanishtirishdi. Ular yonma-yon oʻtirdilar, yigit dastlab qizni tashlab ketmoqchi boʻldi. Sonya yigit taklif qilgan hamma narsani yeb-ichar, koʻzlarida chuqur mehr, minnatdorchilik zohir edi.

Nimagadir Nikolayning qovogʻi baribir ochilmadi, koʻp oʻtmay qizni e’tiborsiz qoldirib boshqa stoldagi kim bilandir gaplashishga tushdi. Keyin uni butunlay tashlab ketdi. Uzun qoʻllarini lapanglatib, baqirib-chaqirib rosa raqsga tushdi, holdan toygach atrofga alanglab qaradi-da, stolga qaytib kelib aroq ichdi. Keyin dahlizga chiqib ketgancha qaytib kelmadi.

Sonya bir burchakda yolgʻiz oʻtirarkan, oʻz hayotini oʻylar, mana bu kayfi chogʻ, baxtiyor, mast, terga botgan odamlarni koʻrib gʻashligi kelar va oʻz holiga achinardi.

Yaqinda u oʻziga toʻq zangor rangli koʻylak tikib olgandi. Koʻrganlar rosa maqtagan, kiyim yarashganini aytgandi. Mana, hatto koʻylagi ham yordam bermadi, hammasi avvalgiday qoldi: eski hammom, eski tos.

Soat tungi uchga yetganda, yuzlariga dogʻ tushgan, unutilgan, baxtiqaro qiz – Sonya tashqariga chiqdi, undan zinaga oʻtdi.

Uylar zulmatga choʻmgandi. Butun qishloq shirin uyquda, ichkarida osoyishtalik, faqat ochiq derazalardan sayr qilib yurgan kishilarning qiyqiriqlari, dupur-dupurlari, garmonning quloq yirtar tovushi ichkariga oqib kirardi. Xira nur tushgan maysalar yiltillab koʻrinardi.

Sonyaning iyaklari titrab ketdi. Lablarini tishladi, lekin buyam yordam bermadi. Zinadan tushgach qorongʻulik qa’rida oqarib-ajralib turgan qayinning oldiga arang yetib oldi. Yelkasi bilan suyanib turdi-da, hoʻngrab yigʻlab yubordi. Birov eshitib qolishidan uyalib roʻmolchasini tishlab oldi. Lekin uni eshitadigan odamning oʻzi yoʻq edi. «Bas, yetar! – dedi oʻziga oʻzi koʻzlarini qattiq yumib. – Yetar! Mana bu yerimga keldi. Ketish kerak! Hoziroq!» Sonya qayinni qoʻyib yuborib nari ketmoqchi boʻldi. Lekin oyoqlari oʻziga boʻysunmas, qadam tashlashga qoʻymasdi.
– Kim u? – degan ovoz eshitildi orqadan.

Sonya yigʻisini yashirishga urindi, tezda roʻmolchasi bilan yuz-koʻzini artdi, qayinga suyangan holda ortga qayrildi. Bu Nikolay edi. U qoqilib ketdi, yiqilib tushmaslik uchun qizning yelkasidan ushlab oldi. Qoʻli loy-tuproqqa belangandi.
– A! – dedi u mast ovozda. – Sizmidingiz? Men... chorvoqqa oʻtgandim. – U yana chayqalib ketib qizga yopishib qoldi. – Toʻyiga taklif qildi-ya, beyuz! – baqirib gapirdi u. – Oʻldiraman hammasini! Qonini ichaman! Meni pulga sotib olmoqchimiding! Esi past!

Nikolay tishlarini gʻijirlatdi, keyin onadan soʻkindi.
– Biror yeringiz ogʻriyaptimi? – qoʻrqa-pisa soʻradi Sonya. – Suv opkelaymi?
– Hech balo kerakmas...

Yigit burchak tomonga qarab ketdi. Sonyaning unga ichi achidi. Dahlizdan bir paqir suv olib keldi-da, Nikolayning boshidan quya boshladi. U itoatkorona egilib turar, ogʻiz-burniga kirgan suvlarni puvlab pishqirar, nimalardir deb toʻngʻillab qoʻyardi.

Keyin shalobbo ahvolda, koʻylakchan oʻtirib zinada sigaret chekdi, Sonya esa chakmonini yuvib tozaladi.
– Ancha yengil tortingizmi? – goʻyo kimdir chiqib koʻrib qoladiganday qoʻrqib past tovushda soʻradi qiz.
– Sal-pal... Nimaga sizni oldin hech koʻrmaganman? Toʻydagilarning hammasini yaxshi taniyman.
– Bazmlarga kam boraman.
– A! Siz maktabda yashaysiz-a?
– Ha, maktabda.
– Kuzatib qoʻyaman, qarshimasmisiz?

Nikolay turib chakmonini kiydi, keyin dahlizga suv ichgani ketdi.
– Yigʻlabsiz, shekilli, – soʻradi u. – Kim xafa qildi?

Qizning qalbi minnatdorchilik hislariga toʻldi. Soʻng boshini egib javob berdi:
– Yoʻq, hech kim xafa qilgani yoʻq...
– Toʻgʻrisini aytoʻvring! Agar birortasi chertsa bormi, qovurgʻasini sindiraman! – Nikolay Sonyani yelkasidan quchib oldi. Tuproq yoʻldan yurib ketishdi, soʻng chapga burilib soʻqmoq yoʻlga chiqishdi. Tomorqalar, qoʻralarning yonidan oʻtishdi. Allaqachon shudring tushgan, maysalar jiqqa hoʻl edi.

Sonya nimagadir kulishni xohlardi. U hozir oʻziga begona edi. U boshini Nikolayning yelkasiga qoʻyib ketishni istar, ammo uyalardi. Bir marta Nikolay qoqilib, qizga qapishib qoldi. Shunda ham qiz shosha-pisha oʻzini orqaga tashladi.
– Siz oʻlguday mastsiz! – xuddi eski qadrdoniga gapirayotganday yengil ta’na bilan dedi qiz.
– Toʻgʻri! – Nikolay qoʻllari bilan yuzini ishqaladi. – Toʻyda hamma boʻkib ichdi.

Ular maktabga yetib kelib, zinaga koʻtarildi. Sonya sarosimaga tushib qolgan, nima qilishini bilmasdi: darrov kirib ketsinmi yo tursinmi? Dastlab ketmoqchi boʻldi, lekin keyin Nikolayning ranjishidan qoʻrqib, qoldi.

Nikolay negadir yana mastona tebranar, nafasi xirillar, Sonyaning qoʻlidan ushlab olgan edi.
– Nimadir desangiz-chi, – dedi qiz horgʻin koʻzlarini zim-ziyo osmonga qadab.
– Yana nima deyishim kerak? – xirilladi u, keyin qizni oʻziga tortdi-da qattiq quchoqladi, bechoraning suyaklari qisirlab ketdi. Yigit hoʻl lablari bilan uni oʻpa boshladi.
– Qoʻyvoring! – deb shivirladi qiz yigitning quchogʻidan chiqib ketishga urinarkan.
– Jim! – dedi yigit ovozini yanayam pasaytirib, qizni dahlizning qorongʻuroq joyiga olib bordi. – Jim deyman! Nima, esingni yeganmisan!
– Kolya... Oʻzingni bos, azizim. Nima qilganing bu, a?
– Sevasanmi meni? – toʻngʻilladi Nikolay. – Jinnilik qilma!
– Keragi yoʻq, Kolya, keragi yoʻq, – qizning soʻzlaridagi yolvoruvchi ohang yigitni hovuridan tushirdi.
– Boʻpti... – dedi u. – Asabimga tegma! Sen... sen ertaga daladagi bostirmaga borgin. Borasanmi?
– Qachon? – deb shivirladi Sonya titrab-qaltirab.
– Soat yettida. Boʻptimi?
– Boraman.
– Aha... – Nikolay sigaretni bir necha bor tortib-tortib simirdi, qoldigʻini esa poshnasi bilan ancha vaqt ezib turdi. – Mayli, koʻrishguncha!

Yigit qizni yana bir marta oʻpdi. Lekin bu safar oʻpkasini bosib olgandi, ortiqcha hayajonlanmadi. Qizning yuzlarini kaftlari orasiga olib birpas turdi. Soʻng zinadan tushib qorongʻulik bagʻriga singib ketdi. Bir minutdan keyin uning hirgoyisi eshitila boshladi. Qoʻshiq tuturuqsiz va yasama edi.

Uyda Sonya xona boʻylab ohista yurdi, ustki kiyimlarini yechdi, yaxna choydan ichdi. Koʻylakchan holda koʻzgu yoniga kelib yuziga, turtib chiqqan yelkalari, suyaklariga uzoq va gʻamgin tikilib qoldi. «Ey xudoyim, qanaqa koʻrimsizman-a, – degan fikr xayolidan oʻtdi va qoʻrqib ketdi. – Baliq yogʻi ichish kerak! Albatta ichish kerak!»

Stolga oʻtirdi-da sariyogʻ yeyishga kirishdi. U, aslida, yogʻni yomon koʻrardi. Lekin hozir sariyogʻni birinchi marta koʻrayotganday apil-tapil chaynalar va Nikolay haqida oʻylardi. Keyin chiroqni oʻchirib yotdi, biroq uhlay olmadi. Moskvada, uning uyiga qarama qarshi tomonda fonar yonar, baland oʻsgan joʻka daraxtlarining soyasi oynada titrab gʻalati raqsga tushardi. Borliqni quyuq zulmat qoplagandi.
– Bu sevgimi? – dedi ovoz chiqarib Sonya va devorga oʻgirilib oldi.

Butun kun davomida Sonyaning xayoli allaqayoqlarda yurdi.

Ertalabdan yomgʻir yogʻa boshladi. Bolalarga qandaydir parchani oʻqib berarkan, Sonya oynadan koʻchadagi koʻlmaklarga xavotir bilan qarab qoʻydi. Lekin yomgʻir tinib havo ochilib ketdi. Kechga yaqin maktab yonidagi yoʻldan olov dumli mashinalar oʻta boshladi.

Ishdan soʻng Sonya dugonasiga xat yozishga kirishdi. Xatda kecha bir yigit uni kuzatib qoʻygani va uchrashuvga taklif qilgani haqida yozdi. Maktub kattagina, quvonchga toʻla chiqdi. Ishni tugatgach Sonya nimagadir Nikolayni sevgani toʻgʻrisida toʻxtamga keldi. U xatni pochtaga tashlab qaytgach, devorga oʻgirilib yotdi.

Qiz Nikolay keladimi-yoʻqmi deb oʻyladi, kelsa oʻzini qanday tutishi va nimalarni gapirishini moʻljallab oldi. Agar u yana oʻpadigan boʻlsa nima qilaman deb qoʻrquvga tushdi. Bu fikrlar qizni shunchalik hayajonga soldiki, kiyinayotganida ham qoʻli titrashdan toʻxtamadi.

Sonya kechagi toʻq zangor koʻylagini kiydi, sochini bir oz jingalakladi, atir sepdi. Hayajondan kaftlari terladi. Qishloq koʻchasidan oʻtarkan, goʻyo derazadan hamma uni kuzatayotganday, qaerga, nima uchun ketayotganini biladiganday tuyuldi. Uyalib ketdi, qadamini tezlatmoqchi boʻldi, lekin uddasidan chiqolmadi. Dalaga yetib borgachgina yengil tin oldi. Havo issiq edi. Yoʻlga yengil chang ingan, quyosh yuzini alvon parda qoplagan edi. Yoʻlga yaqin joyda, marzada traktor turardi. Qoramoyga belangan traktorchi matorni chuqulab oʻtirardi. U Sonyani koʻrib qaddini rostladi, qoʻlini shalvariga artdi, keyin chekdi va qizning ortidan oʻychan tikilib qoldi.

Keng jarlikka tushib, sigir podalari ifloslantirib yuborgan botqoqlikdan oʻtar ekan, Sonyaning xayoliga toʻsatdan: «Nikolay vaqtliroq kelib meni kutmay ketvorgan boʻlsa-chi», degan fikr keldi. Qoʻrqib ketdi.

Qiz bostirma koʻzga tashlangach yurishdan toʻxtadi. Bostirma atrofida hech kim yoʻqligidan sevinib ketdi. Bir oz nafasini rostlab olgach chang bosgan tuflisini oʻt-oʻlanlar bilan tozaladi. Yalanglikda turish qizga noqulay tuyuldi, panaroqqa oʻtib oldi. Kun boʻyi quyoshda qizigan devorning hovuri badanga urardi.

Qarmoq koʻtargan bolakay kelib, chuvalchang qidira boshladi. Sonya uyalganidan qizarib ketdi, yana yoʻlga chiqdi. Shahardan kelayotgan aravalardagi odamlar unga tikilib oʻtar, bolakay ham ataylab qilganday ketmasdi. Sonya behalovat boʻla boshladi. Baxtiga, bolakay chuvalchang yigʻib boʻldi, shekilli, ketdi. U bir necha marta kinoyali qaraganday tuyuldi. «Sezib qoldi! – uyalib oʻyladi Sonya. – Yaxshiyam bizning maktabdan emas ekan!»

U yana bostirma ortiga oʻtib panaladi, moychechak terdi. Moychechakning gulbarglari siyraklashib qolgan, u shu turishda raketaga oʻxshardi. Qiz gulbarglarni uza boshladi: «Keladi, kelmaydi...» Kelmaydigan boʻlib chiqdi. Bundanam yomoni, Sonya Nikolay qaysi tomondan kelishini bilmasdi. Bostirma ortidan chiqib yoʻlga qaradi. Soʻng yana bekindi. Nikolay koʻringan payt qiz tamom holdan toygandi. U pastki yoʻldan kelar, qoʻllarini choʻntagiga tiqib, chakmonini yelkasiga tashlab olgandi. Yaqinlashgach biror narsani unutgan va uni eslashga urinayotgan kishidan peshanasini tirishtirib Sonyaga qaradi. Yuz-koʻzidan zerikish alomatlarini uqish mumkin edi. Qizning yoniga kelib istamaygina qoʻl uzatdi:
– Yaxshimisiz...
– Yaxshi, rahmat, – koʻzlarini yerga qadab javob berdi Sonya.
– Koʻp kutdingizmi?
– Yoʻq...
– Him... Salqinroqqa boraylik.

Ular yoʻl boʻyidagi poxol uyumiga oʻtirdi. Quyosh ufqqa yaqinlashib, nursizlanib qolgan, bostirmaning soyasi dalaning etagigacha choʻzilgan edi.
– Kecha yaxshi dam oldingizmi? – soʻradi Sonya. Nikolayga birrov qarab oldi, negadir jilmayishga urindi.
– Tuzuk... – Nikolay esnadi, chakmonini tushirdi. – Faqat uxlab boʻlmadi.
– Kecha yaxshi emasdingiz, – ohistagina dedi Sonya.
– Yana boshladingmi! – Nikolay Sonyani loqayd quchoqladi, oʻpmoqchi boʻldi, lekin fikridan qaytdi. Qizning boʻyniga yigitning nafasi urildi.
– Hozir qorongʻu tushadi, – dedi Sonya. Nikolayning koʻksiga asta bosh qoʻydi va zarb bilan urayotgan yurak tovushlarini eshitdi.
– Kech tushsa yaxshi, noʻxot paykaliga boramiz, – Nikolay boshini oʻng tomonga burib qaergadir ishora qildi. – U yerda chayla bor. Borasanmi?
– Bunaqa gaplarni gapirma, Kolya, – past tovushda dedi Sonya.
– Eh, – birdan hayqirdi Nikolay, – uxlagim kelyapti, qani tizzangni ber-chi...

U nari surildi-da, etikli oyoqlarini keng yoyib yotdi. Boshini Sonyaning tizzalariga qoʻydi. Bir oz koʻz yumib yotgach, qoʻl uzatib qizning biqinini ushladi.
– Nega bunaqa ozgʻinsan?

Qiz bir daqiqa nafas olishdan toʻxtadi.
– Tuzilishim shunaqa, – zoʻr berib jilmayishga urindi qiz.
– Tuzilish emish! Menimcha, qaeringdir kasal. Mollar ham shunaqa: kasal boʻldimi – qancha boqma foydasi yoʻq. Oʻsha-oʻsha armaturaligicha qolaveradi.

Sonyaning koʻz oldi qorongʻulashib ketdi, bir necha bor koʻngil aynishidan oʻzini zoʻrgʻa tiyib qoldi.
– Nimaga bunaqa qoʻpolsiz, – toʻsatdan ters gapirdi u. – Yo men bilan istagan ishni qilsa boʻladi deb oʻylayapsizmi?

U yuzini keskin boshqa tomonga burdi va sekin qizara boshladi.
– Men bilan bunaqa gaplashishga haqqingiz yoʻq! Eshitdingizmi!

Qiz pastki labini tishlab, yengi bilan koʻzlarini qattiq artdi. Keyin dala tomonga qaragancha tizzalarini silkitdi.
– Keting! Men sizga molmasman, koʻtaring kallangizni! Daf boʻling!

Nikolay tosh qotdi.
– Meni... meni... – toʻngʻilladi u. – Kechirasiz! Bilmabman! Istamagandim – it boʻlay! Ishim shunaqa, oʻrganib qolganman.
– Yoʻq, buni ishga hech qanaqa aloqasi yoʻq, – endi Sonya oʻzini ancha bosib olgan, gʻazab bilan gapirardi. – Sababi...

Qizni ter bosdi, barmoqlari titrar, yuzi koʻrinmas edi.
– Sababi, «oʻz oyogʻi bilan keptimi, har qanday ishni qilsam boʻlaveradi», deb oʻylagansiz.

Nikolay mum tishlab oʻtirar, hech nima deyolmasdi.
– Kecha kimni soʻkkandingiz? – uzoq sukutdan soʻng soʻradi Sonya.
– Him... – Qoshlarini chimirdi Nikolay. – Meniyam dardim ichimda. Anavi ablah Zoykani mendan tortib oldi, unga uylandi. Kelin boʻlsa yanayam ochilib ketarkan. Men u bilan qanday baxtli edim-a...
– Sizni, toʻgʻrisi, juda koʻp qizlar yaxshi koʻradi, – dedi Sonya.
– A! – Nikolay xuddi eshshak olma yeganday aftini burishtirdi, keyin qizning tizzasiga yana bosh qoʻydi. – Ularning muhabbati qanaqaligini yaxshi bilaman!
– Nimaga bunaqasiz, Kolya? – shoshib gapirdi Sonya. – Odamlarga ishonish kerak. Qarang, qanaqa ajoyib odamlarimiz bor!

Nikolay boshini koʻtarib tupurdi.
– Ishonmaysizmi? – zaif ovozda soʻradi Sonya.
– Nimaga?
– Odamdagi samimiyatga.

Nikolay iljaydi.
– Oʻh, bu qishloqi xotinlar aljirashni buncha yoqtiradi-a! Samimiyatmish... – U boshqa tomonga burilib esnadi va koʻzlarini yumdi.

Yigitning xomsemiz gavdasi, yoʻgʻon boʻyni, kamharakat tanasi, yumaloq yuzi qorongʻulik bagʻrida qoʻrqinchli tuyulardi.

Sonya qoʻllari bilan Nikolayning sochlarini silarkan, unga entikib tikilar, yana uyalganidan qizarib ketar edi.
– Kolya, bilaman, siz yaxshi insonsiz, qalbi toza yigitsiz, – dedi u eshitilar-eshitilmas ovozda.
– Toʻxta! – dedi yigit boshini koʻtarib va atrofga jim quloq sola boshladi. Keyin qoʻlini qizning tizzalariga tirab oʻtirdi.

Yoʻlda ikki kishi sekin gaplashib kelardi.
– Ey! – baqirdi Nikolay.
– Nima qilyapsiz, Kolya! – shivirladi Sonya yuzini yashirib.

Yoʻlovchilar toʻxtadi.
– Qaerga ketyapsizlar? – yana baqirdi Nikolay.
– Bazmga. Kim u? Nikolaymisan?
– Xuddi oʻzi. Qaysi tomonga borasizlar?
– Sosnovkaga.

Yoʻldagilar chekishdi. Ikki qizgʻish nur oldinlab keta boshladi. Nikolay ularning ortidan qarab turdi.
– Toʻxtanglar! – hayqirdi u. – Sizlar bilan ketaman.

Shoshib oʻrnidan turdi, chakmonini qoqib yelkasiga tashladi. Keyin yoʻtalib Sonyaga qoʻl uzatdi.
– Mayli, boʻlmasa. Uchrashib qolarmiz... – Qayrilib chakmonini qoʻliga oldi-da, mayda qadamlar bilan yoʻl tomon yugurgilab ketdi.

Zim-ziyo tun choʻkdi. Faqat yon tomonda, chetda yarimlagan oy baqrayib turar, daryodan yaylovga qarab harir tuman yoyilmoqda edi. Tiq etgan tovush yoʻq. Faqat bir marta bostirma ortidan nimadir chopib oʻtdi: «top-top-top»...

Sonya yelkasini devorga tiragancha oʻtirar, butun vujudi qalt-qalt titrardi. Titroq bosilar deb yoqasini tortib-tortib qoʻydi, lekin foydasi boʻlmadi. Keyin yigʻlashga tushdi, biroq koʻksini tirnab-tirmalab chiqayotgan ovozi shu qadar kuchsiz va qoʻrqinchli ediki, oʻzi ham choʻchib ketar, tosh qotar edi.

Oxiri oʻrnidan qoʻzgʻaldi, devorni ushlab bir oz turdi, keyin uyga ketdi. Havo dim va boʻgʻiqligi sabab daryo boʻyidan zoʻrgʻa oʻtib oldi. Yana tuproq yoʻldan yurdi, lekin bu safar uni yulduzlarning yogʻdusi nim yoritib turardi. Yoʻl chetidagi pichanlarning mayin hidi dimoqni qitiqlar, Somon yoʻli yulduzlari yoʻlga zaif shu’la toʻshagan edi. Shu bois huv naridagi pichan gʻaramlari, zigʻir uyumlari ham koʻzga ilinar, hali oʻrilmagan bugʻdoy boshoqlari yiltillab koʻrinardi.
– U-u! – dedi Sonya boyagiday kuchsiz, qoʻrqinchli ovoz bilan. – U-u!..

Gapirishga ham, oʻylashga ham qizning ortiq darmoni qolmadi. Yana oʻsha zax jarlikdan oʻtdi. Hali yoʻl boʻyida ta’mirda turgan traktor hozir uzoqdagi paykalda yer haydardi. Faralarining nuri elas-elas koʻrinar, motorining tir-tiri zoʻrgʻa eshitilardi.

Sonya birdan yengil tortib ketdi. Dunyo beqiyos goʻzallikka egaligini his qildi. Koʻz oʻngida osmon qayoqqadir gʻoyib boʻldi, yulduzlar olis-olislarga toʻpillab tushdi, zim-zimyo tunni nurga chulgʻadi. Yiroq-yiroqlardagi sofdil odamlar bir zumga koʻrinib ketganday boʻldi. Qiz ona zaminning behol, orom istayotgan ruhini sezdi. Oʻzi haqida oʻyladi, nima boʻlganda ham u ayol, hali qanday voqea yuz berganidan qat’i nazar, uning yuragi urib turibdi, qalbi yashayapti. Shuni his qilganlargina chinakam baxtli boʻladi. Eh ahmoq qiz, oʻzida qanchalik kuch va malohat borligini sezmagan ekan-a. Qizning koʻngli nurga toʻldi, koʻkka osilib lovullab yonayotgan yulduzlar ostida dadil qadamlar bilan yurib ketdi.

Qishloqqa tun choʻkkan edi. Koʻpchilik allaqachon uxlab boʻlgan, faqat ayrim uylardagina chiroq nuri miltillaydi. Darvoza ostida katta oq it yotardi. Sonyani koʻrib yugurib ortidan ergashdi, keyin hidlashga tushdi. «Tishlamoqchimisan? Mayli, tishla», dedi azobli oʻylar iskanjasida qolgan Sonya. Lekin it tishlamadi, qizning oyoqlarini ikki bor hidladi-da, qorongʻulik qa’riga kirib yoʻqoldi. Sonya oʻz yoʻliga ravona boʻldi. Uning koʻngli endi butkul yorishib ketgandi.