OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifZiyod Salim oʻgʻli
Asar nomiQudratli Salim (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Ziyod Salim oʻgʻli
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHikoyat Mahmudova
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qudratli Salim (hikoya)
Ziyod Salim oʻgʻli

— Shuna-qa-a,— dedi choʻzibgina xayolchan kapitan Memed.— Mana shunaqa, Oganes afandi. Xoh ishon, xoh ishonma, lekin bularning hammasi bor gap: dengiz tubida ombor joylashgan. Yer sharini tit-pit qilsang ham bunaqasini uchratmaysan, dunyoning yettinchi moʻ‘jizasi naq burnimizning tagida, Oltin Shox koʻrfazida, kemalar reyd vaqtida loslaydigan joyning oʻzginasida. U vaqtlarda hali ona suti ogʻzidan ketmagan kapitanlardan edim, endigina uchinchi yordamchilikdan ikkinchisiga oʻtayotgandim. Shuni aytish kerakki, ikkinchi yordamchi kemadagi hamma narsaga boshi bilan javobgar. Xullas, hammasiga koʻz-quloq boʻlib turishing kerak. Biror narsa deb boʻyin. tovlab koʻrchi, darrov: sen, taqsir, ikkinchi yordamchisan, seni hech kim ikkinchi yordamchilikka boʻyningga arqon bogʻlab oʻtkazgani yoʻq, shuning uchun ham sendan talab qilishadida, deb joningni koʻzingga koʻrsatib qoʻyishdan ham toyishmaydi. Shunday qilib, haligi aytganimday, men oʻshanda hali ancha gʻoʻr ikkinchi yordamchi edim. Kemaga yollandim. Agar yodingda boʻlsa, oʻsha kemaning oʻng qanotidagi langarini yoʻqotib qoʻyishgan ekan, natijada kema langarsiz boʻlib qolgandi. Menga: «Kapitan Memed, shunday-shunday gap, kemada ikkinchi yordamchining oʻrni bor, zap senbop ishda oʻziyam.»—deyishdi. Qisqasi, kema xoʻjayini bilan gaplashdim, u meni kemaga olishga rozi boʻldi. Idorada esa, menga avvalgi kapitan langarni yoʻqotgan edi, sen bozordan qidirib top, axir, ochiq dengizga langarsiz chiqib boʻlmaydi-ku, deyishdi. Haqqi rostiyam shuda: axir, koʻchaga bitta botinkada chiqmaysan-ku, toʻgʻrimi, Oganes afandi, bu boʻlsa xuddi shuning oʻzi. Usha vaqtlarda kema lash-lushlarini topish oʻlimdan ham qiyin edi, urush bozorni kasod qilgan, langar poʻlati esa oltindan, oltin ham gapmi, olmosdan ham qimmat edi. Bozor esa, xuddi qirchangʻi eshakdek qimirlay demasdi. Savdogarlar har xil temir-tersaklarni yoygancha kun boʻyi gardanlarini qashib oʻtirishardi, bozorda langarni kunduzi chiroq yoqib ham topib boʻlmasdi. Baxtimni qarangki, faqat langar topsamgina kapitan boʻlishim mumkin. Ha, shunday oʻringa koʻz tikdingmi, marhamat qilib, ishbilarmonligingni, yulduzni benarvon ura olishingni koʻrsat.

Kun boʻyi langar qidirib boqmagan teshigim, kirmagan eshigim qolmadi. Burnim yerga tekkudek boʻlib matroslarning qahvaxonasiga kirib bordim. Oyogʻimda oyoq qolmagan boʻlishiga qaramay, jin urgurni topa olmadim—hali aytdim-ku, hech qanaqa savdo-sotiq yoʻq edi. Figʻonim falakka chiqqanidan, hatto, qahva ham tomogʻimdan oʻtmas, har bir hoʻplami xuddi langʻillagan choʻgʻsimon tekkan joyini kuydirardi. Oh, la’nati langar! Agar oʻsha langarni yoʻqotgan kapitan qayerdaligini bilsam, yerning tagidan boʻlsa ham topardim, oʻlay agar, alamimdan shu holga yetgandimki, hatto langariniyam, dengiziniyam, barcha dengiz qa’riniyam otasining goʻriga gʻisht qalab oʻtirardim. Mabodo, bitta-yarimta kelib menga: «Kapitan Memed, sen qidirayotgan langar menda bor»,— degudek boʻlsa, oʻyinga tushib ketishim hech gap emasdi, oʻz-oʻzimni ana shu holga keltirib qoʻygandim. Oʻtiribmanu, qahvaxonaning qaysi burchagiga qaramay, koʻzimga faqat ana shu jin urgur langar koʻrinadi deng, hatto koʻz oldimga langar shakli-shamoyilida doirachalar gir-gir aylanadi. Ishqilib, xudoga dodingni aytishdan boshqa iloj yoʻq!

Mana shunday, dunyo koʻzimga tor boʻlib, endi nima qilsamikin, deb oʻylanib oʻtirgandim, shundoqqina roʻpa-ramda Xizr Salimni koʻrib qoldim! Xizr Salim kim boʻldiykin, deb soʻrayapsanmi? Uning, ya’ni Xizr Salimning kimligini kim biladi, deysan. Xizr Salim ismli odam bozorma-bozor izgʻib yuradi, har xil mollarni besh qoʻliday biladi. Xuddi itdek yoki yanada toʻgʻrirogʻi, sichqonday hid biladi. Eng nozik islarni ham seza oladi, la’nati, har qanday ovchi itlarni ham yoʻlda qoldirishi turgan gap. Deylik, senga nimadir yetishmayapti, yoki nimadir qidiryapsan, yoki boshingga qandaydir baxtsizlik tushdi — mana shu odam xuddi yer tagidan chiqqandek hoziru nozir boʻlib, sehrgardek hojatingni chiqaradi. Hammasini topadi, hammasini bajo keltiradida, sendan shirinkoma oladi — axir, u ana shunga yashaydida, lekin ba’zi bir yulgʻichlarga oʻxshab teringga somon tiqmaydi, faqat choy puli berilsa bas. Beminnat hojatbarorligi uchun ham unga Xizr Salim, degan laqab qoʻyishganda, axir. Oganes afandi, oʻzingga ham Xizr Alayhissalomning tom ma’nosi kunday ravshanku! U hamma narsani biladi va har qanday mushkulingni oson qilishga tayyor! YO tushida ayon boʻladimi, yoki dunyoning har bir burchagida yashirin politsiya yo josuslik tarmoqlari bormi, yoki sulton Abdul Hamidning aygʻoqchilari unga ham ishlashadimi — xudo biladi! Uzun gapning qisqasi, qarasam: osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, ishqilib, qarshimda xuddi oʻsha Xizr Salim menga qarab zaharxandali tirjayib turibdi, mushkul ahvolga tushib qolganimni biladida, la’nati, Balki, u oʻrnimdan tura solib uning oldida tiz choʻkib, yalinib-yolvorishimni tasavvur qiliboq iljayayotgandir?. Ammo lekin yana bir bor ta’kidlashim lozimki, yaqin odamning hisobiga boylik orttirish xislati unga yot edi, Agar xohlasa, istagan odamdan arqon eshishi hech gap emasdi. Faqat bunday qalloblik bilan shugʻullanmasdi. Oʻzingdan oʻtar gap yoʻq, Oganes afandi, ana shu langar tufayli oʻzing ham suvga sakrashdan toymasding! Shundaymi? Darvoqe, men buni misol tariqasida aytdim-qoʻydimda, axir, sen oʻzimiznikisanku. Shunday qilib, degin, Salim oldimda qaqqayib turar, boz ustiga, kuydirgan kalladek tirjayardi. Tasavvur qilgin-a: dunyo koʻzimga tor koʻrinib, xuddi yosh boladay yigʻlashga ham rozi boʻlib turibmanu birov oʻlay desa, birov kularkan, deganday, bu nusxaning tirjayishiga oʻlaymi. Bir narsani qotirib qoʻyganday, naq ogʻzi qulogʻida! Tugʻilganiga pushaymon yedirib qoʻyaymi, deb oʻyladimu, tagʻin shaytonga hay beraman. «La’natining tirjayishga topgan vaqtini qara-yu, deyman! Kimga toʻy, kimga aza, deb shuni aytsalar kerakda!» Oʻzimni zoʻr-bazoʻr tutib turibman, degin: hozir dabdalasini chiqaraman, bu yaramasning! Shu daraja jahlga mingandim, la’nati langar meni shu holga solib qoʻygandi. Butun fikrlarim langar atrofida charx urardi, xolos. Salim boʻlsa jilmaygancha, jahling chiqyapti-yu, deb parvoyiga ham keltirmay, nigohi bilan parmalashda davom etardi. Keyin: «Topamiz, kapitan Memed!»— desa boʻladimi.

Aqldan ozish hech gapmas! Shuncha odamning guvohligida mana shunday dedi-qoʻydi. Butun Galatay, hamma dengizchilar oldida qoʻrqmay shunday dedi. Axir, bu ahvolda butun Istambulni ostin-ustun qilib yuborish mumkin-ku! Men unga baqraygancha tikilib qoldim, koʻzlarim naq oʻt purkayotgan lavaga aylangandi. Qarab turibmanu, lekin hech baloga aqlim yetmaydi. «Sen, la’nati, nimani topib bermoqchi boʻlyapsan?—deb soʻradim.— Oʻz boshingga gʻalva orttirmoqchimisan?» U boʻlsa oʻzini tutolmay xaxolaydi, xolos. Unga nima dema, xuddi nima deyishayotganini eshitmayotganday hafayam boʻlmaydi.

«Gʻam yema, kapitan Memed, topamiz,— deya qaytardi u menga qarab.— Topamiz, binobarin.»—«Xoʻp mayli,— dedim,— hech boʻlmasa men nima qidirayotganimni bilasanmi oʻzi, la’nati?» Jahlim chiqqanda har doim «la’nati» tilimdan tushmaydi, degin, meni bilganlar bot-bot «la’nati» deyishimga xafa ham boʻlishmaydi. - U ham, qarasam, parvo qilmay jilmayayapti, toʻgʻrirogʻi, mazax qilyapti Xizr Salim.

«Yer tagida ilon qimirlasa bilaman, xotirjam boʻl,— deya javob qildi u.— Agar men bilmasam, boshqa kim ham bilardi. Sen, kapitan, langar izlayapsan.»— «Sen qayerdan bilasan?»—«E-e,— deydi,— soʻrab nima qilasan, kapitan, bu kasb siri, Men odamlarning koʻziga qarab, kim nima qidirayotganini bilib ololaman. Ishlab chiqarish siri, demak». «Xoʻp, mayli,— dedim.— Kasb-koring qanaqa, oʻzing nima bilan shugʻullanasan?»

Salim yana kuydirgan kalladay ishshayadi, deng, xuddi xudoning nazari tushgandek, naq Xizr Salimning oʻzginasi.

«Har narsaga qodirman, kapitan,— dedi.— Meni Qudratli- Salim deb chaqirishadi, men yoʻqolgan va esdan chiqqan buyumlarni topib beraman. Bordi-yu, kasb-kori ham xuddi menga oʻxshab, hamma narsaning uddasidan chiqadigan odamni topib olib kelib koʻrsatsang, ikki yuzidan oʻpmasam, odammasman. Bizning ishimiz haqida maxsus maktab yoki darsliklar yoʻq, hammasini oʻz aqling bilan topishing kerak. Shuning uchun ham bizning ishimizni alohida kasb, deb ham aytolmaysan. Qisqasi, meni Qudratli Salim, deb chaqirishadi». «Boʻpti,— dedim,— langarni menga qayoqdan topib berasan?»—«Ey, yoʻ-oʻq!— dedi u.— Senga bu haqda gapirib beradigan ahmoqlardan emasman, kapitan — bu ishlab chiqarish siri! Agar sirimni har bir oʻtkinchiga ochadigan boʻlsam, bir burda nonsiz qolishim hech gapmas. Sen mendan bu haqda soʻrab nima qilasan? Senga langar kerakmi, juda soz: topib olib kelib beraman — shu bilan gap tamom-vassalom!»

Aql bovar qilmaydi-ya! Bundan chiqdi, u shuncha kundan beri, naq boʻlmasa oltin, deb hisoblab yurganim oʻsha langarni topib olib kelishi mumkin ekan-da?

«Yaxshi,— dedim,— langarga qancha soʻraysan?» «Sen, kapitan, oʻzimizning odamsan, qancha bersang, boriga bor baraka, deb ketaveraman.»

Nima boʻlgandayam, har holda, ablahda vijdon bor edi. Xohlasa, istagan odamidan arqon eshishi mumkin ediyu, ammo-lekin birovning baxtsizligidan oʻz foydasi yoʻlida hecham foydalanmasdi. Mana, axir, kontorada ikki oyogʻimni bir etikka tiqib qoʻyishdi: langar topsanggina kapitan boʻlasan! Bu, axir, razillik-ku! Boshqacha atash ham mumkinmas. Manavi Xizr Salim esa, yo suvday oqib kelayotgan moʻmay luqmani tushunishni xohlamas, yo oʻzini pulni nazari ilmaydigan qilib koʻrsatmoqchimi — bilib boʻlmasdi. Men, axir, butun boshli dokni, tushunyapsanmi, langar, deb ostin-ustun qilib yubordim, hattoki mana shu la’nati langarni topish uchun oʻlimdan boshqa hamma narsaga rozi boʻlib qoʻygandim. U ablahga esa, mening muhtojligim bunday qaraganda choʻt emasday, u bu haqda hech vaqoni bilmaydi, shekilli!

«Demak, shunday,— dedim,— agar men qidirayotgan narsani topib bersang, xohlagan narsangni talab qil — gʻing degan nomard.» (Oʻzimcha esa: «Koʻz-quloq boʻlib tur, ishqilib, qoʻyningni puch yongʻoqqa toʻldirib ketishmasa boʻlgani, kapitan Memed!»—deb oʻylayman.)

Salim iljaydi. «Kemadan ish olishingga,— deydi,— langar topishing shart, shundaymi, kapitan? Men seni qiynab oʻtirmayman, shuningdek, choʻntagingni ham qoqla-moqchi emasman, xavotirlanma. Qanchaga qurbing yetsa, oʻshancha berasan-da». YO ollo, oʻzing bandam degin! Demak, u butun sir-asrorimdan xabardor ekan-da. Bu nusxa naq ingliz josusi Lourensning oʻzi emasmikin? Yo rentgen nurlari orqali fikrlarimni uqib oldimikin? Yo xudoyim-ey, agar oʻsha langar qoʻlimda boʻlsa, doʻppimni osmonga otmasmidim. Bizning ishimizda kapitanlik unvoniga unchalik ahamiyat berishmaydi, kim langarning xoʻjayini boʻlsa — oʻsha ham kapitan, ham admiral! Mana shuning uchun aytyapman-da, agar Xizr Salim xohlasa, meni oʻyinchoq qilib oʻynatishi mumkin edi. Agar u xohlasa, men langar uchun maoshimning yarmini ham unga toʻlab turishga rozi edim! Mana shunaqa!

Salim jilmayardi. «Demak, koʻnglingdan chiqarib qancha bersang, bu oʻzingni ishing, langarni esa ertagayoq hozir qilaman, shuni yaxshi bilib qoʻysang, bas».

Qisqasi, ertasiga kemaga langarni sudrab keldimu toʻppa-toʻgʻri kontoraga yoʻnaldim. Oʻsha vaqtlarda, azizim, langar qush sutidan ham qimmatroq edi. Mana shunday qilib, men Qudratli Salimning langari tufayligina kapitanlikka erishdim. Mana shunaqa gʻaroyib zamonlar edi-da! Langar kemaga zanjir bilan mahkamlab qoʻyildimi, demak, dengizga chiqib xohlagan tomoningga suzaver. Bundan kelib chiqadiki, mana shu langar bizning asosiy boqimandamiz ekan. Ishonging kelmaydi-yu, lekin fakt! Xizr Salim topib bergan langar. Xullas kalom, agar biror-bir narsangni yoʻqotib topolmayotgan boʻlsang, darhol Salimga murojaat qil, u senga yerning tagidan boʻlsa ham topib beradi — bir soʻz bilan aytganda — sehrgar! Salimni qayerdan topaman, deb soʻrayapsanmi? Hamma sinoat shunda-da. Ablah xohlagan narsangni topib berishi mumkin, lekin sen uni qancha qidirmagin bari bir topolmaysan. Qachonki mushkul ahvolga tushib qolsang, matroslarning qahvaxonasiga borib oʻzingga choy yoki qahva buyur — bir-ikki xoʻplam ichib ulgurmasingdanoq ablah xuddi sehrgardek qarshingda hoziru nozir boʻladi-da, xuddi bu kuningdan battar boʻl, degandek, masxaraomuz iljayib basharangga qarab turadi. Yon tomoningdan keladi-da, boshdan-oyoq qarab: «Topamiz, deydi, topamiz, gʻam yema!»— va yana bir qur koʻzdan kechiradi. Mening nazarimda, xuddi shu daqiqada, u seni noilojlikdan boshingni toshga urishga tayyor boʻlib turganingda yordamga yetib kelganidan huzurlanadi. Pulning ketidan quvmagan ekan, demak, uning sevinchi ham oʻziga xos gʻayritabiiy! Mushkul ahvolda qolgan odamni topib, keyin uning gʻam-anduh chohidan qutqarib, falokatini aritishdek savob ish qilish har kimning ham qoʻdidan kelavermaydi. U mana shunaqa qallob! Hech qachon choʻntagida hemirisi boʻlmaydi, chunki na boqqollik doʻkoni, na omborxonasi, na pakgauzi bor. Haqiqiy sehrgar, faqat ertakdagidaka emas, balki oddiygina! Qayerda yashashini hech kim bilmaydi. Lekin xudo koʻrsatmasin, qandaydir klapan yoki boshqa biror ehtiyot qismni topolmay tang ahvolga tushib qolishing bilan shu zahoti roʻparangda Qudratli tirjaygancha paydo boʻldi. Uning shu mavqesida magʻrurlanib, burning koʻtarilmay koʻrsin-chi? Bunday Qudrat sohibini qayerdan topa olasan? U hamma narsaga osonlik bilan erishadimi? Masxara qilishga qiladi-ya, lekin uni sukut saqlashga majbur qila olmaysan-ku.

Oltin Shox koʻrfazida, qirgʻoqdan ancha narida, dengiz qa’riga qarasang, chuqurlikda Qudratli Salimning suv osti omborini koʻrasan. Dengiz qa’rida kemalarga havodan zarur boʻlgan barcha ehtiyot qismlar, har turli inventar toʻlib yotibdi. Qudratli Salim barcha bu ehtiyot qismlarni toʻplab, dengiz tubiga yigʻib qoʻyadi. Yomonmi? Qudratli Salim bu suvosti ombori uchun ijara haqi toʻlash majburiyatidan ozod. Uning na adresi bor, na ijara haqi toʻlaydi, na boj soligʻi bor, na qorovuli, na roʻyxati — mazkur omborning hech qanday xat-hujjati yoʻq. Hammasi xoʻjayinga bogʻliq: xohlasa, unga koʻz-quloq boʻlib turadi, xohlamasa yoʻq. Uni kunduzi chiroq yoqib topolmaysan, lekin mushkul ahvolga tushib qolganingda bu ombor Qudratli Salimning qoʻl ishorasi bilan toʻsatdan xizmatingga hozir boʻladi Qoʻyadi. Xuddi afsonaga oʻxshaydi-a, toʻgʻrimi, Oganes afandi? Shunga qaramay, bularning bari oʻroqdan ham toʻgʻri gaplar. Har holda, meni safsataboz, deb oʻylamassan?