OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Zohidjon Xolov. Tongotar (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifZohidjon Xolov
Asar nomiTongotar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Zohidjon Xolov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tongotar (hikoya)
Zohidjon Xolov

I

U avval uzoq oʻylandi. Nihoyat, nigohlarini shiftdan tortib olib, oyoqqa koʻtarildi. Stol ustidagi bejirim tugmachani bosib, kotibasiga bosh suratkashni chaqirishni buyurdi. Oʻzi oppoq qogʻozga apil-tapil allanimalarnidir qayd etdi. Soʻng imzo chekib, gazetaning dumaloq muhrini chiroyli qilib tushirdi. Zudlik bilan undan bir nusxa koʻchirma oldi-da, asl nusxasini yirtib, tortmasiga yashirdi. Janob bosh muharrir (yoshi elliklar atrofida, boʻyi oʻrtacha, koʻpincha qora kostyum-shim kiyib yuradi, qoʻl ostidagi xodimlarni oʻz farzandi, jigarbandidek yaxshi koʻradi, baxtini jamoasi baxtida, deb hisoblaydi) ishlarini tinchitishi bilanoq bosh suratkash izn soʻrab, eshikdan kirib keldi. Uning koʻzlari kirtaygan, qomati bugʻdoyning somonidek quruq choʻp — qattiqroq shamol tursa pirpirak boʻlib uchib ketadigandek... Uni charchagan odam, desa boʻladi.

Suratkash (koʻzlari katta-katta, yuz tuzilishi choʻzinchoq, labi oʻrtacha qalin, tanasining rangi oqish, sochlariga bir-ikkita oq oralagan, soʻqqabosh) ixtiyorida bir lahza tinim yoʻq va aslida oʻsha ixtiyor ham oʻziga “tegishli” emas. Hali u viloyatga, hali bu viloyatga yugurgani-yugurgan. Gazeta ham haftasiga besh marotaba chiqadi. Oʻttiz ikki sahifalik kattakon nashr uchun har holda chakana emas, asl mehnat talab etiladi. Bosh suratkashning qoʻl ostida oʻn shogirdi ishlaydi. Baribir, ulkan gazeta uchun buncha suratkash yetarli emas. Chunki ba’zan yigirmata fotodan bor-yoʻg‘i uch-toʻrttasigina Janob bosh muharrirga ma’qul kelishi koʻp bor kuzatilgan. Ana shu oʻn bir suratkashning ba’zilari olgan suratlar, necha yildan buyon ishlashidan qat’i nazar, biror marotaba ham birinchi sahifada bosilmagani taajjublidir. Biroq bosh suratkash gazetaning suyangan tog‘laridan biri. Tahririyatda eng koʻp gonorar oladigan toʻrtta xodim boʻlsa, oʻshalarning ichida u ham bor. Axir har bir sonda sahifalarni jonlantirish uchun uning besh-oʻntacha rasmlari qoʻyiladi-da.

Janob bosh muharrir chaqirilgan xodimning sumbatiga qarab ham oʻtirmay, haligi koʻchirmani uning oldiga tashladi. Toʻg‘rirog‘i, dushmani bilan muomala qilayotgandek oldiga otib yubordi. Nima boʻlayotganiga tushunmagan suratkash bir lahza qog‘ozni na olishini, na olmasligini bilolmay ming ahvolga tushdi. Qoʻllari qaltirab, xuddi oʻz oʻlimi haqidagi hukmnomani oʻqiyotgandek koʻzlarini yana ham kattaroq ochib, qog‘ozdagi matnga qaradi. Tok urgandek rangi quv oqarib ketdi. Hamon jim turgan boshliqqa savol alomati bilan tikildi.
— Siz, oʻrtoq suratkash, bugundan, shu ondan boshlab boʻshsiz. Oʻsha eng oxirgi hayfsan qog‘oziga shundoqqina imzoingizni qoʻyingda, kirgan eshiklaringizdan sekin qayting: toʻrt tomoningiz qibla!

Hamon hech narsaga tushunmagan suratkash badanini boshliqqa bildirmay chimchilab koʻrdi, chunonam og‘ridi, chunonam og‘ridi — dodlab yuborishiga bir bahya qoldi — tushi emas ekan.
— Ha...hali biror marotaba... hay...hayfsan ol...magandim shekilli?!
— Boʻlishi mumkin. Toʻg‘ri, hech qanday qoidabuzarlik qilmadingiz. Hamma qatori shu gazeta istiqboli uchun kurashayapsiz. Fidoyisiz. Lavhalaringiz noyob, ayrimlari bebaho. Sizdek malakali, iste’dodli xodimni istagan nashr jon-jon deb ishga oladi. Umringizni shu sevimli kas-

bingizga butun koʻchu koʻroni bilan bag‘ishlagansiz. Aytarli aybingiz ham yoʻq. Lekin baribir boʻshatishga majburman. Gap — bitta. Tamom, imzo cheking-da, xayrlashing!

Janob bosh muharrirning bu xurmacha qilig‘ini anglolmay karaxt boʻlib qolgan suratkash koʻnglidan arzimagan soniyalar ichida sovuq-sovuq oʻylar oʻtdi. Rahbarining chimirilgan qoshlari va tushkun kayfiyati ta’sirida qanday qilib qog‘ozga imzo qoʻyib yuborganini bilmay qoldi. Faqat eshikdan chiqib ketayotganda, sal oʻziga kelib soʻradi:
— Nima balo! Birorta lavhada siyosiy xatoga yoʻl qoʻyibmanmi?
— Ey, qanaqa odamsiz, aytdim-ku! Hech qanday nuqson yoʻq. Xudo haqqi, — deya stolga zarb bilan urib, sapchib oʻrnidan turdi. Suratkashni yashin urgandek battarroq qaltiroq tutdi. — Tushimda boʻshatibman! Vassalom!

“Nima, tushingizda meni boʻshatganingiz uchun lotoreyadan mashina yutibsizmi?”, deb soʻramoqchi edi-yu, labini tishladi. Hayotdan arazlagan bolaga oʻxshab xoʻmraydi va “Xayr, rahmat...” degancha chiqib ketdi. Janob bosh muharrir shu zahotiyoq barcha (suratkash ish soʻrab borishi mumkin boʻlgan!) gazetalarning boshliqlariga sim qoqib, mabodo suratkash ish izlab borsa, turli sabablarni roʻkach qilib, ishga olmasliklarini iltimos qildi. Hammasi bir og‘izdan uning istagini tasdiqlashdi, qat’iy va’dalar berishdi...

Suratkashning mahzun holatini koʻrib, kotiba(yoshi oʻttizlarda, qop-qora sochlari uzun, hali ham oʻn olti yosh qizlardek yasan-tusan qiladi, istarasi issiq, ba’zan shim, ba’zan yubka kiyib yuradi, turmushga chiqmagan) garchi allaqachon voqeadan xabar topgan boʻlsa-da, (kotibalarning bir qulog‘i hamisha boshliq eshigida boʻladi!), goʻyoki xavotir aralash: “Voy... aka, tinchlikmi, ish- qilib?!” — deb soʻradi. Suratkash biroz oʻzini oʻnglab, jilmaydi: “Ketayapman! Tush koʻrishga!”.

II

Sobiq bosh suratkash uyiga keldiyu, yuzlariga ketma-ket tarsaki tortib yubordi. Oʻziga-oʻzi soʻzladi: “Aytgandim-a, oʻsha Gulmat Alimovichni suratga olma, deb! Mana, oqibat! Ey shoʻrtumshuq, axir u bundan oʻn besh yilcha oldin sudlangandi-ku! Nega shunga aqling yetmadi? Yer ostida mitti chuvalchangning qaerga qimirlashini ikki kun oldin sezadigan boshliq shu oddiy narsani bilmaydimi?! Bilgan, shuning uchun ham boʻshatgan. Endi nima qildim... Qamab yuborishmasa boʻldi. Yoshim nechada? Oʻttiz... xullas, qamashadi. Lekin ortimdan yig‘lab boruvchi bolalarim bormi?! Erta-indin oʻttiz... yashar boʻydoq qamalibdi, degan gap chiqsa, ota-onam qanday bosh koʻtarib yuradi? Yoʻg‘-ey, endi shunga ham qamashsa, tavba qildim-ey...”.

U ertasiga, indiniga ham kuni bilan yuragini hovuchlab ish izladi. Hammasi xuddi kelishib olgandek, bir xil tarzda iymanibgina “boʻsh oʻrin yoʻq”ligini aytdi.

Suratkash bir necha kun davomida uyiga shumshayib qaytdi. Bir omad ketsa, oʻpirilib, “armiya”si bilan ketarkan-da. Bir tomonda ota-ona hayron... Har kuni hakka tezak choʻqimay turib, ishga otlanuvchi oʻg‘illari kamnamo boʻlib qoldi. Tinchlikmikan?! Ular ham bir zumda oʻg‘lining ishdan boʻshatilganligini bilib qolishdi. Shahar sharoitida yashash oson emas, ota-ona besh farzandini uyli-joyli qilguncha ancha qarib qolishdi. Oltinchi farzandi sal oʻzgacharoq chiqdi, tantiqroq chiqdi. Bolani oʻz holiga tashlab qoʻyish kerakmasmikan...

Ishsiz suratkash ikki oy davomida duch kelgan gazetaga suratlarini sotib, uncha-muncha toʻy-hashamda xizmat qilib, tirikchilik qilgandek boʻldi. Biroq shuncha vaqt oʻzini aldab yasholmasligi oydinlashavergach, achchig‘i chiqib, orada bir fursat fotoapparatini “qoziqqa ilib” qoʻydi. Unga shuncha yil oʻqib-oʻrganib, oxir-oqibat havaskorlar qatori uch-toʻrt soʻmlik choychaqa ilinjida toʻyma-toʻy sang‘ib yurishi, duch kelgan redaktsiyaga yolvorib suratini oʻtkazishi alam qila boshladi. U oʻziga har zamonda va’da berardi: “Shoshmay turinglar! Hali men shunday bir surat olamanki, uning oldida mana-man deganlari ham ip esholmay qoladi!”. U har bir muvaffaqiyatsizlikda shu gapni soʻzma-soʻz takrorlashga oʻrganib qoldi...

...Yozning ajoyib kunlari nihoyalab, kuzak keldi. Suratkash deyarli ishlamay qoʻygandi — taqdirga tan berib, endi biror qurilish yoki maktabda chizmachilikdan dars beraymikan, deb turganda, Janob bosh muharrir chaqirib qoldi!

III

Suratkash ertasi kuniyoq tahririyatga yelib bordi. Oʻziga qolsa-ku, bormasdi. Hatto telefonda vaqtini ketkazib gaplashib ham oʻtirmasdi. Biroq nima qilsin, yashash uchun ba’zan bosh egib turish ham kerakmi...

U tanish koʻchalardan piyoda oʻtarkan, yoʻl-yoʻlakay turfa fikrlarga oshno tutindi. Balki ba’zi (suratkash qilmagan, lekin yana bosh muharrirning tushiga kirgan) ayblarni boʻyniga ilib, mazax qilish uchun chaqirgandir. Axir aniq aytmadi-ku. Qisqa qilib, “Syurr-prizz bor!” deb qoʻydi, xolos.

Janob bosh muharrir suratkash bilan sovuqqina soʻrashdi. Xuddi ashaddiy jinoyatchining qoʻlini siqayotgandek xunukkina iljayib ham qoʻydi. Suratkashni muzdek ter bosdi.
— Eshitishimcha, g‘irt bekorchi emishlar?

Sobiq xodim bosh silkib javob berdi.
— Bir shart bor... Xoʻp deb, uddasidan chiqolsangiz, hammasi joy-joyiga tushishi mumkin.

Suratkashning yuzi yorishib, uch oy soʻlg‘inlikka asir boʻlgan koʻzlari chaqnab ketdi goʻyo. Rozi ekanligini bir amallab bildirdi.
— Uch kun muhlat beraman. Chotqol tog‘lari etagidagi qishloqlardan biriga borib, tongotar mahalidagi holatni suratga tushirib kelasiz. Borish-kelish, yeb-ichishingiz, hordiq chiqarishingizni ta’minlaymiz. Bir tiyinsiz yurganingizni yaxshi bilamiz axir... Xoʻsh, kelishdikmi?

Keyin Janob bosh muharrir suratkashga ertaga uni bir yigit tahririyat ostonasida kutib olishi va uch kunlik “tongotar missiyasi”ni munosib ado etishiga koʻmaklashishini tushuntirdi. Suratkash xursandligidan boshliqni bag‘riga bosgisi kelib ketdi, garchi oʻzi haydab, yana oʻzi chaqirayotganiga tushunmayroq turgan boʻlsa-da, shuncha vaqt soʻkib, yozg‘irib kelgani bosh muharrirni sira yomonlagisi kelmay qoldi.

Eshikdan chiqib ketayotganida, odatdagidek kotiba soʻz qotdi: “Tinchlikmi..., aka? Biz tomonga qadam ranjida qilibsiz?”. Suratkash bopladimmi, degandek ishshayib turgan kotibaga yaxshilab nazar tashladi. (Shodligidanmi yoki shundaymi) koʻzlari qarshisida juda kelishgan bir mohiliqo nozlanib turgandek boʻldi, bir necha soniya koʻzlarini uzolmay qoldi. Kotiba ham jim. Kutilmaganda boshliq xonasidan chiqib qolmaganida, kim biladi, kun boʻyi bir-biriga termulib turaverisharmidi...

IV

Murodali (qoshlari siyrak, burni kattaroq, quloqlari katta, ammo shalpaymagan, peshonasi keng, yuzi qizg‘imtir tusda, boʻyi uzun) degani navqiron yigit ekan. Yoshi ham u qadar katta emas, yigirma yettilardan sal kam yoki oshgan. Oʻzi xushchaqchaq, gapga usta ekan. Bitta kamchiligi — shaharga koʻnikolmas ekan. Ming qilsa ham qishloq bolasi-da, shaharning koʻzni quvontirar imoratlariyu, moʻ’jizaviy bog‘larini nazarga ilmay, otamakoniga talpinaveradi. Oʻsha biydek dalalarini, sayhonliklarini sog‘inaveradi. Suratkashga og‘zi-og‘ziga tegmay qishlog‘ini maqtaydi. U chinakam tog‘lik, tanti va mard deyishganicha bor. Suratkash nega avvalroq shunday qishloqlar, qishloqliklar hayoti bilan qiziqmadi?! Shuncha yil viloyatma-viloyat izg‘ib, aqalli bir marotaba yon-veriga nazar tashlasa boʻlardi-ku.

Suratkash gavjum shahardan olislashib, osmonoʻpar Chotqol tog‘lari sari borarkan ana shular haqida oʻylab, oʻtgan umrini oʻzicha sarhisob qilardi... Bunday oʻzgarish, oʻz-oʻzini tadqiq qilish nogahon unga yoqib qoldi.

Yoʻldoshining qishlog‘iga odamlar asr namoziga taraddudlangan bir paytda kirib borishdi. Loyshuvoq uylardan, pastqam devor boʻg‘otlaridan, sadarayhonlaru jambillar kulib turgan hovlilardan haqiqiy oʻzbek xonadonining boʻyi anqiydi.

U bir kun mobaynida qishloqni oʻzicha oʻrgandi, oʻzicha tahlil qildi.

V

Qishloq tamaddundan ming yillarcha orqada qolib ketgan dunyoni eslatardi. Odamlarining soddaligi, soʻzga boʻshligi, fikrlash doirasining “qoʻy-qoʻziyu, dehqonchilik” mavzusidan nariga oʻtmasligi suratkashning bir kulgisini, bir yig‘isini keltirardi. Lekin Murodalidek ongi shakllangan, dunyo koʻrgan yigitning shunday aholi orasidan chiqishiga suratkashning ishongisi kelmasdi.

Qishloqliklar tongdan to tungacha, erta bahordan to kech kuzakkacha daladan uzilmaydi. Dardini ham, quvonchini ham tog‘u tosh, dalalar bilan baham koʻradi. Hosilni koʻtarib olar-olmas qor yog‘ib beradi. Bu holatlar suratkashga kechqurun uyquga ketib, kechqurun uyg‘onuvchi odamni (u odam aslida kim ekanligini suratkash keyinroq angladi!) eslatardi. Tongdan, hayotning oʻyin-kulgularidan bebahra. Qishloqliklar quyosh “tug‘ilar” joydayu, ammo quyosh nuri tushmaydi. Faqat mehnat, mehnat, mehnat!

Aftidan bu qishloq ahli juda ishonuvchan. Soqollari oyog‘ini oʻpayozgan chollari ham allaqanday afsonlarga ishonib, soʻlim choyxonalarda bir-biri bilan tortishib oʻtiradigandek tuyuldi mehmonga. Agar ularga biron galstuk taqib, boshiga shlyapa qoʻndirgan salobatli odam: “Bilib qoʻyinglar, quyosh sharqdan emas, g‘arbdan chiqadi”, — desa chippa-chin ishonib ketaverishadi. Aslida ularga quyoshning qaerdan chiqib, qaerga botishi qiziq emas, chiqib tursa boʻlgani!

Murodali yosh boʻlishiga qaramay, shu qishloqning kattakonlaridan biri. Oshib borsa, ugina tashqari chiqqan, yurt koʻrgan. Ba’zi ayollari haligacha chachvonona tikilgan roʻmollarni bostirib oʻrab yurisharkan, ehtimol changdan saqlanar. Qizlari ostona hatlab uyidan bir qadam uzoqlashsa, otasidan soʻkish, onasidan qarg‘ish eshitadi.

Qishloq ahli bag‘rikeng, mehmondoʻst xalq. Bisotidagi, bolalaridan yashiruvchi ne’matlarni mehmoniga tutar, oʻzlarining oyda-yilda etga bir og‘zi tegsa, mehmon uchun qoʻy soʻyar ekan. Suratkashni bu holat uzoq oʻylantirib qoʻydi, nima uchun va qanday qilib yaxshi bilmagani-tanimaganini shunday iliqlik bilan kutib oladi?! Balki u qishloqning kulini koʻkka sovurish uchun kelgandir... Ular juda g‘ururli, past ketib oʻtirmaydi.

Bu yerda uch ming nafarga yaqin aholi yashaydi. Har bir oilaning kamida uchtadan, oʻrtacha beshtadan, koʻpi bilan... bir etakcha bolasi bor ekan. Buni bilib suratkashning yuragi battar ezildi. Bir tomondan qishloqning serfarzandligi, ikkinchi tomondan oʻzining qirqqa yaqinlashgan esa-da, boʻydoqligi soʻroq qilgandek boʻldi. Bolali ota-onaning koʻzlari kulib turadi, zerikish bilmaydi, bekorga yashamaydi... Oʻsha mushtdekkina Murodalining ham toʻrtta tuyog‘i bor ekan.

VI

Suratkash “qishloqshunoslik”ka chalg‘ib, asosiy topshiriqni esdan iqarayozganini oʻyladi-yu, xavotirga tushdi. Axir unga qishloqni oʻrganishmas, tongotarni suratga tushirish buyurilgan. Buni bitta suratkash yodidan chiqargan desak, Murodali ham unutganov, ish tutmayapti.

Suratkash fotoapparatini oʻqlab, havas bilan Murodalining beshikdagi ingrab yotgan oʻg‘lini suratga oldi. Polvoncha juda chiroyli yig‘lardi. Shunga mast boʻlib, besh-oltita kadrni sarfladi. Murodalini, keyin xotini bilan, soʻng bola-chaqalari bilan suratga tushirdi. Kechga tomon kun botishi goʻzalligini tomosha qildi-yu, oʻzini tiya olmadi. U chindan ham goʻzal manzara edi — suratga olmaslikning ilojisi yoʻq.

Suratkash qishloqqa keldi-yu, arzimas muddat ichida naq bir yuz sakson gradusga oʻzgardi. Avvallari koʻziga oʻlgudek hissiz va xunuk tashlangan oddiy unsurlar ham boshqacha koʻrina boshladi. U goʻyo hayot ekanligini, tiriklar ichra tirik ekanligini his qila boshladi. Anvoyi gullar, qoʻy-qoʻzilar, daraxtlar, tog‘lar, soylar... Ularni shunchaki kuztib boʻladimi?! Suratkash shu oniy lahzalar ichida atrofiga oddiy odam nigohi bilan qaray boshladi. Ehtimol oʻsha qishloq, oʻsha soddagina qishloq suratkashga koʻzgu tutayotgandir?! Qani, shu tobda imkoni boʻlsa-yu, ichki olamini qoʻporib yuz berayotgan oʻzgarishlarni suratga tushirsa, ular shubhasiz, dunyodagi goʻzal fotolar boʻlardi.

Safarning ikkinchi kuni ham u Murodali hamrohligida qishloq kezdi, odamlarning suhbatini oldi. Ayrimlarining xonadonida mehmon boʻldi. Har bir uyda hayot qadrini anglayotganini, sekin-asta uyg‘onayotganini nishonlardi.

...Suratkash uyg‘onganda, quyosh allaqachon yotog‘idan ikki nayza boʻy koʻtarilib ulgurgandi, buning ustiga boshi tungi mehmonnavozlik “meva”si — chirpirak boʻlib aylanardi. U shu tariqa peshingacha yotdi. Sal tobiga kelgach, oʻrnidan gandiraklab turdi-da, yelkasiga sochig‘ini tashlab, tashqari chiqdi. Olis-yaqindan soʻfining azon aytayotgani eshitilardi. Murodalining xotini hovlining bir burchagida kuymalanib yurgan shekilli, “Allohu akbar!”ni eshitishi hamonoq jim oʻtirib olgan. Namozning hurmati — qishloqliklar qilayotgan ishini bir lahza toʻxtatib tin oladi. Suratkash ham buni angladi va choʻkkaladi. Murodalining xotiniga boqib oʻtirib, suratkash qalbida ismsiz tuyg‘ular joʻsh ura boshladi. Bir necha muddat xayolidan kotiba qizning u kungi nozli tabassumi ketmay qoldi...

Azon tugagach, mehmon yuz-qoʻlini yuvdi. Murodalining xotini allaqachon nonushtani tayyorlab qoʻygan ekan. Endi dasturxonga oʻtirganda, Murodali ikki qoʻltig‘ida katta tarvuz va qovun quchoqlab kelib qoldi. Kechikkan nonushta tarvuzxoʻrlikka, keyin qovunxoʻrlikka ulandi.
— Qani, aka, choyingizni xoʻplang. Endi bir tog‘larimni koʻrsatay. Solih choʻponga ul-bulni tayinlab qoʻyganman, oʻsha tomonga joʻnaymiz. Bir dam olaylik.

Oradan yarim daqiqa oʻtib-oʻtmay ikkovlon eshikda turgan “UVAZ”ga oʻtirdi. Mashina ortidan quyuq chang qoldirib, ildamlab ketdi.

Shunday qilib, uchinchi kun tong otari boy berildi. Endi toʻrtinchi kun qolishga majbur. U soʻnggi kun, soʻnggi imkoniyat boʻladi.

VII

Chotqol tog‘larining ta’rifi yoʻq. Bir koʻrishda oshiq boʻlish hech gapmas. Shu tog‘lar bag‘rida mangu qolib ketgisi keladi odamning. Yon bag‘irlarida qoʻng‘iroqchalarini jaranglatib oʻtlab yurgan qoʻy-qoʻzilar otari, ikki dara oralig‘ida qirg‘oqdan-qirg‘oqqa urilib oqayotgan shoʻx soyi, qishu yozda oʻz e’tiqodiga sodiq qoluvchi yam-yashil archalari tortgan ajoyib saf, oʻydim-chuqur tuproqli yoʻllari, sutdek pok, musaffo havosi ham nihoyatda noyob, nihoyatda nafis. Bunday xushmanzara makonlarni koʻrgan, tomosha qilganlar oʻzlarini bir umr baxtiyor sanab yurishsa, shu yerliklarni kim deb atash mumkin?!

Solih choʻponning chaylasi qishloqdan ancha uzoqda, yuksak choʻqqilardan birining yelkasida ekan. Mehmonlar u yerga shom mahali yetib kelishdi. Quyuq kutib olindi. Shaharlik mehmon izzatiga bir qoʻy dumalatildi. Asl biyalardan sog‘ib olingan toza qimizdan simirish suratkashni yana bir karra karaxtlik olamidan uyg‘oqlik dunyosiga olib chiqqandek boʻldi.

Gulxan atrofidagi oʻyin-kulgi, koʻngilochar hangomalar bilan andarmon boʻlib, hash-pash deguncha tong yaqinlashib qoldi. Hal qiluvchi pallar tobora yaqinlashmoqda: tongotarni nima qilib boʻlsa ham suratga mixlash kerak. Axir ertaga boshliq soʻroq qilganda, nima deydi, yegan-ichgani burnidan chiqmaydimi?!

Suratkash tongotarni suratga tushirishdan ham oldin uni tomosha qilishga, oʻz koʻzi bilan kuzatishga, uning ilohiy lobarligidan ilhomlanishga, bahra olishga qiziqib qoldi. U deyarli barcha tabiat ajoyibotlarini koʻrdi, kunbotar latofati ham ajoyib, rad etib boʻlmas darajada fusunkor. Biroq ming qilsa ham tongotar nazokati bilan belasholmasligini suratkash ich-ichidan sezib turardi.

U tongni uxlamay kutdi. Atrofida pishillagancha uyquni urayotganlarga qarab oʻzicha qayg‘urdi. Kutganda vaqt sekin oʻtadi, sabri chidamay, fotoapparatini boʻyniga ilib, chaylani tark etdi. Ochiq havoga chiqishi bilan muzdek tog‘ shamoli dimog‘ini chog‘ladi, etini junjuktirdi. U telba oshiqqa, tabiat goʻzalligining, hayot nafosatining devonasiga aylanib qolgandi.

Xuv narida taxminan Solih choʻpon, tunni bedor oʻtkazishiga qaramay, otar bilan borardi...

Murodali sergak yotgan ekan, suratkashning ortidan chiqib keldi, yoʻldosh boʻldi.
— Aka, tabiatga mahliyo boʻlib, sog‘liqni unutmang, uxlamadingiz axir...
— Ey Murodjon, bilasizmi, bu goʻzalliklarni koʻrmay oʻttiz... yil uxlaganim yetar.

Ular shu tariqa balandparvoz ohangda suhbatlashgancha, tongotarning eng quyuq koʻrinish joyini izlab, chayladan yiroqlashib ketdi. Oʻshanday pallada, tongotar qalinlashib, eng dilbar nuqtasiga yetgandi.

Tongotar! Oqsoch tog‘lar ortidan moʻralayotgan taram-taram nur-tolalarning jimirlarini ta’riflashga til ojiz. Uning bir uchi toʻppa-toʻg‘ri yurakka tutashib ketayotgandek taassurot uyg‘otadi. Goʻyo zabonsiz va bosiqligi bilan mashhur choʻqqilar ortidan bir nozli farishta chiqib keladi-yu, butun olamni ziyoga, koʻrku chiroyga burkab tashlaydi. Maysalarga, toshqin soylarga, vazmin jilg‘alarga, hatto toshlarga jon kirgandek tabiat yayrab ketadi. Tun boʻyi tongotarni intiq kutgan qushlarning mitti tomirlariga qon yuguradi. Zaminning eng kichik a’zolari — chumolilar tashqari chiqib, tirikchilik koʻyida safarga otlanadi. Suratkash xayolida tongotar yer yuzida hayot, uyg‘onish elchisi sifatida sodir boʻlayotgandi!

U bir necha fursat jonsiz haykaldek tikilgancha qotib turdi.

Murodali bu tobda mehmonining nima uchun qishloqqa kelganini eslatmoqchi boʻldi:
— Suratga olmaysizmi, hozir ulgurolmay qolasiz?!

Curatkash esa kutilmaganda shunday javob qildi:
— Toʻg‘ri, moʻ’jizalar uzoq davom etmaydi, ularning qiymati ham shunda. Ozu soz. Bilasizmi, tongotarni rasmga olmaslikka qaror qildim, shunday hurlikni kichik bir qutiga joylashga qoʻlim bormaydi. Odamlarning tongotar jamolini suratlarda koʻrib, tasavvur hosil qilib yurishlariga chek qoʻyish kerak. Tokay uni oʻz koʻzlari, tasavvuri bilan koʻrsin!

VIII

U sochilib, bir holatda yotgan xonalarini yig‘ishtirdi, oʻzi supurdi. Keyin durustroq taom tayyorladi. U juda shod edi. U uzicha shahardagi eng baxtiyor odam, eng omadli suratkash edi. Mayli, uddalanmagan vazifa tufayli Bosh muharrir ishga qayta olmasin. U endi toʻrt kun avvalgi suratkash emas, u uyg‘oq suratkash, endi nima qilishni biladi.

Tongda dadil-dadil qadam tashlab, boshliq huzuriga kirib bordi. Janob bosh muharrir negadir bugun uni xushchaqchaqlik bilan kutib oldi. Murodali bilan obdon suhbatlashgan chog‘i, suratkashning qishloqda boshidan kechirgan sarguzashtlarni birma-bir oʻziga qaytarib soʻzlab berdi.
— Xoʻsh, shunday qilib, iltimosimiz bajarilmabdi-da, a?
— Nega bajarilmas ekan? Bajarildi!
— Ie, nima deganingiz bu?
— Men tongotar chog‘ini insonlar qatori yuragimga, ruhimga muhrladim. Ilojisini topolsangiz, gazetada yuragimni bosa qoling...

Janob bosh muharrir xoxolab kulib yubordi. U ham aslida shuni kutgandi. Hayotdan bezgan, goʻzalliklardan bahra olishni bilmaydigan, ishdan boshqasini oʻylamaydigan suratkashni yaxshi koʻrgani va uning hissiz qalbida bebaho umrga, tobora nurab borayotgan yoshlikka nisbatan muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otish uchun atayin “xayfsan”, “tongotar missiyasi” singarilarni uyushtirgandi. Bu sayohat ehtimol suratkashning oʻsha oʻzi orzu qilgan asari boʻldi. Bosh muharrir yuzidan nur yog‘ilib, koʻksining dukurlari jaranglab turgan suratkashga hotirjam boqib dedi:

— Mayli, yuragingiz oʻzingizga siylov. Boring, bemalol ishingizni davom ettiravering. Ha, aytgancha, oʻsha kuni men sizni boʻshatmagandim, kassirdan maoshingizni ham olishni unutmang.