OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Zohir A’lam. Zarb (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifZohir A’lam
Asar nomiZarb (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Zohir A’lam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm39KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Zarb (hikoya)
Zohir A’lam

Soat oʻn birga yaqinlashganda kafeda oltita mijoz qoldi. Bufetchi va ofitsiantlar ularga qarab-qarab qoʻyishdi-yu, lekin indashmadi. Chunki hisob-kitob kilishgan, uyga ketishlariga esa hali vaqt bor edi.

Olti mijozning uchtasi — jinsi shim, qizil va sariq kurtka kiytan, uzun sochli oʻspirinlar boʻlib, ularning biri qiz bola boʻlsa ham, tashqaridan qaraganda ajratish qiyin edi. Aytayotgan gaplarini, bildirayotgan mulohazalarini oʻzlaricha eng aniq va eng zarur, deb hisoblaganlari uchun xaxolab kulishlari ham, lallayib oʻtirishlari ham begʻubor edi.

Bir stol narida esa ikki sportchi oʻtirardi. Biri oʻttiz, biri yigirma yoshlar atrofidagi shirakayf bu yigitlar hech narsaga e’tibor berishmasdi. Taqdir ortiqcha shuhrat bergan kishilarda boʻladiganidek, ularning kelbatlarida ham andak kibr koʻzga tashlanardi.

Mijozlarning oltinchisi zalning toʻrida, nimqorongʻi joyda oʻtirardi. Uning stoli yigʻishtirib olingani uchun, grafinda oxirlab qolgan konyak bilan bir shisha «Toshkent suvi»dan boʻlak narsa yoʻq edi. Oʻttiz yoshlardagi bu odamning ham sportga aloqadorligi kelishgan, qoruvli qomatidan sezilardi. U koʻzini ikki sportchidan deyarli uzmas, bufet yonida gʻimirlab yurganlarga onda-sonda bir qarab qoʻyardi-da, yana boyagi ikki sportchiga tikilardi. Yuziga oʻrnashib qolgan nuroniy gʻamginlik, quyuq qoshlarining chakkasiga borganda burchak boʻlib egilishi unga allaqanday olijanoblik ifodasini berardi. Qansharidan boshlanib lablarining ustigacha kelgan ikki ajin esa zalning nimqorongʻiligida yuzini bir oz osilinqiragan qilib koʻrsatardi.

U qadahdagi konyakdan hoʻplab, gazagiga «Toshkent suvi» ichdi-da, soatiga qaradi. «Tezroq yoʻqolishsa boʻlardi, mishiqilar», deya gʻudrandi oʻspirinlarga koʻz tashlab qoʻyarkan. Keyin baland ovozda bemalol gaplashayotgan ikki sportchiga qaradi.
— Meni bilasan-a? Men bor ekanman, u joy seniki, hech qanaqa Sobir ham, Nodir ham oʻynamaydi! Kafilman bunga, — derdi sportchilarning kattasi.

Bu gapni eshitib oltinchi mijoz yana gʻudrandi:
— Ha, hozir sening martabang ulugʻ.

«Martabasi ulugʻ» esa, qadahga konyak quyib, yosh sportchiga ich deb imladi.
— Ichmayman, oʻzi shundoq ham koʻp ichvordim.
— Ich-e, kim aytadi seni yigit deb!..
— Indinga oʻyin bor-ku!
— E, Xalil! Har kuni oʻtiribmanmi sen bilan? Har kunimi? Yoʻq! Undan keyin oʻzing ayt-chi, men oʻynagan davrda oldimga tushadigan oʻyinchi bormidi? A? Bormidi?
— Yoʻq.
— Boʻpti-da. msn esam bunaqa paytlarda ulfatimni xafa qilmasdim. Mana, koʻrib turibsan, hozir oliy ligada trenerman. Komandam, Xudoga shukur, boshqalardan kam emas.
— Ha endi, siz boshqa-da.
— Ol, sening omading uchun ichaman. Menikidan kam boʻlmasin.

Ular ichishdi. Yosh sportchi unchalik qiynalmadi. Trener esa yuzini burishtirganicha shokolad olib, uni anchagacha labiga bosib turdi. Keyin bir tishlab, istar-isgamas chaynadi-da, betini kaftiga qoʻygancha koʻzini yumib oʻtirdi.

U koʻzlarini hali ochganicha yoʻq ediki, stolga bir narsaning taraklab qoʻyilganini, boʻsh stulning shovqin bilan surilganini va kimningdir, «yaxshimisan, Akbar», deganini eshitdi. Eshitdi-yu, ovoz kelgan tarafga erinibgina qaradi. Koʻrgan narsasi konyagi oxirlab qolgan birovning grafini boʻldi. Keyin... qoʻlini uzatib turgan odamni koʻrdi. Koʻrdi-yu, bir seskanib tushdi.
— Yaxshimisan, Qodir, — dedi u ham qoʻlini uzatar ekan, bezovta boʻlganini shogirdidan yashirishga urinib.
— Eski qadrdonimning bir suhbatini olay dedim-da. Uzr, — Qodir Akbarning ulfatiga qoʻl uzatdi.
— Bemalol, bemalol, — dedi Akbar ataylab choʻzib.

Qodir oʻzi keltirgan grafindan uchala qadahni toʻldirdi. Yosh futbolchi ikkoviga bir-bir koʻz tashlab qoʻydi. U Akbarning avzoyidagi oʻzgarishni sezgani uchun mehmonni adovat bilan kuzatar, treneri uchun har daqiqada sapchib turishi mumkinligi bilinardi. Trener esa, bu orada oʻzini tutib olib, Qodirga istehzo aralash muomala qilishga urina boshladi.
— Qalaysan, Qodirbek, ming yillardan beri koʻrinmaysan, — dedi u mehmonning yelkasiga qoʻlini tashlab.
— Yuribman, faqir kishi panada, de-eb.
— Ho, juda ham faqir emassan-ku. Ha, aytmoqchi, tanishtirmabman-ku sizlarni, — dedi u yosh futbolchiga qarab. — Eshitgan chiqarsan, mashhur futbolchi Qodir Qoriev. Oʻn yil ilgari uning nomini eshitganda koʻchada tramvaylar toʻxtardi. — Yosh futbolchining koʻzlaridagi shubha yoʻqolib, chehrasiga iliqlik yugurdi. — Bu esa, — gapida davom qildi Akbar, — kelajagi porloq futbolchilardan Xalil Ravshanov.
— Juda xursandman, — Kodir Xalilga yana qoʻl uzatdi.
— Qaerlardan soʻraymiz? — Akbar Qodirga tikildi.
— Maktabda fizkultura oʻqituvchisiman. «Toshkabel»da trenerlik ham qilaman. Oʻzim shu zavoddan chiqqanim uchun hech qoʻyishmaydi... — Qodir javob berar ekan, uchrashuv ta’siridagi hayajoni bosilib koʻngli yana gʻash tortayotganini his qildi. Yuzini yana qaxr va alam egatlay boshladi. Undagi bu oʻzgarishni Akbar ham koʻrdi va mavzu qayoqqa burilishidan qat’iy nazar, u chetlab oʻtmoqchi boʻlgan narsaga taqalishini sezdi.
— Ha, sen bechoraning omading yurishmadi, — dedi noiloj ohangda. Biroq battar qovun tushirganini ilgʻab, darrov gapni burdi. — Lekin zoʻr oʻyinchi eding-da, hamma qoyil qolardi. Qani, ichaylik! Mexiko esingdami, a?.. Akbar yolgʻondan boshini quyi solib, goʻyoki achinayotgandek, qoʻlini stolga urdi. — Kel, oʻtmishni eslamaylik. Yaxshi fursatlarning oʻtib ketgani alam qiladi.
— Yoʻq, — dedi Qodir past, ammo salmoqli ovozda. Bu safar uning tovushi yanada yoʻgʻonroq eshitildi. — Men oldingga xuddi ana shu oʻtmishni eslash, xotiradan koʻtarilgan narsalarni tiklash uchun oʻtdim. Eski xotiralarsh eslaganga nima yetsin! Shunday emasmi?.. — Qodir oxirgi gapini ustoz va shogirdga qarata gapirarkan, toʻlqinlanayotganini, ovozi ham titrab ketayotganini sezdi. Birdan portlab, ishning pachavasini chiqarishi mumkinligini oʻylab, bor irodasini oʻzini bosishga qaratdi. Qadahni qoʻliga olarkan, Akbarga qarab jilmaydi. Uning bu qarashi Akbarning nari-berisidan oʻtib ketdi. Undagi bu oʻzgarish beixtiyor yosh sportchiga ham oʻtdi.
— Men bechoraning omadim yurishmadi, — Qodir yigitchaga ahamiyat bermay, Akbarga tikildi. — Qani, ichaylik bittadan...

Akbar bilan Qodir ichdi. Xalil esa ichmadi.
— Ichaver, bizlarning gapimizga e’tibor berma, — dedi Akbar. Xalil shu paytgacha bu uchrashuvni shunchaki, ikki qadrdonning hazil-mutoyibasi, deb oʻtirgan edi. Qarasa jiddiy, shuning uchun sergaklandi va ichmayman degan mazmunda qat’iy bosh irgʻadi.
— Oʻzing bilasan, — dedi Akbar unga. Qodir esa gapida davom qildi:
— Men bechoraning ishim yurishmadi shunday qilib. — U «men bechoraga» yana urgʻu berdi. Shokolad olib, bamaylixotirlik bilan bir qimtidi. Qolgan boʻlagini bir oz ushlab, tomosha qilgandek, u yoq-bu yogʻiga qaradi-da, sekin zar qogʻoz ustiga qoʻydi. Panjalari bilan stolga tiralib, stulga yaslandi.

Oraga jimlik choʻkib, kafening soʻnayotgan shovqini aro koʻchada sharros quyayotgan yomgʻirning yoqimli ovozi eshitildi.
— Urish, janjal qilmoqchi deb oʻylama. Toʻgʻrisi, oʻzim ham senga oʻxshab hozirgi vaziyatimdan hazar qilib oʻtiribman... Men faqat bu dunyoda borligimni senga bir eslatmoqchiman, xolos. Mening hayotimda, taqdirimda sening ham ma’lum oʻrning borligini aytmoqchiman.

Akbar shu paytda: «Bor, toshingni ter», deb turib ketishni istardi-yu, lekin qoʻrquvmi, hurmatmi — buni oʻzi ham bilmasdi — uni ushlab turardi. Bundan tashqari, u oʻzining katta odamligini bilar, bu esa unga mustahkam qoʻrgʻon ichidaligiga garovdek edi. Koʻp talafot yetmasligini bilardi. Shuning uchun Qodirning dastlabki gaplarini vazadagi gulga qaragancha boshini likillatib eshitdi. Xalilga: «Nima qilardim, chidayman-da», ma’nosida bir-ikki qarab qoʻydi.
— Sen hozir kattadan-kichik taniydigan mashhur odamsan. Xizmat koʻrsatgan sport masteri, eng sevimli komandaga trener. Men esam maktabda jismoniy tarbiya oʻqituvchisi, koʻshimcha ravishda zavodning oddiy komandasiga trenerman. Nega shunday, a?..

Qodirning zaharli ohangdagi bu savoli Akbarga ta’sir etish oʻrniga Xalilning jahlini chiqarib yubordi. Irgʻib oʻrnidan turdi-da, qoʻlini Qodirning yuziga paxsa qilib, Akbarga gapirdi:
— Yoʻqoting buni, e! Yoʻqol, deb ayting bunga!

Qodir uning qorniga bir urib, joyiga oʻtqizib qoʻydi. Xalilning: «Piyanistaliging uchun, ishyoqmasliging uchun shu holga tushib qolding, mendan soʻramaysanmi?» deb baqirmoqchi boʻlgan gaplari ichida qoldi. Bir ozdan soʻng, koʻz oldi yana yorugʻlashgach, Qodirning istehzoli yuzini koʻrdi.
— Agar men treneringizga bir oz boʻlsa-da oʻxshaganimda, salgina qattiqroq urgan boʻlardim. Ertaga trenirovkaga chiqolmasdingiz. Balki umuman chiqolmasdingiz. Sizdan iltimos, sevimli treneringiz bilan boʻladigan suhbatimizga xalaqit qilmasangiz, — dedi Qodir oxirgi gapiga qat’iylik ohangini berib. — Faqat eshitsangiz. Sizga ham foydasi bor.

Xalil e’tiroz bildirolmaydigan holda edi. Trenerning bu yoqimsiz suhbatni nima uchun choʻrt boʻlmayotganini ham tushunganday boʻldi.

Bu hodisa bir zumda boʻlib oʻtgani uchun kafe xodimlari sezishmadi. Bir stol naridagi oʻspirinlar esa, bir qarab qoʻyib jimib qolishdi. Shishada qolgan shampanlarini fujerlarga boʻlib, tezroq ichishga bir-birini soʻzsiz undashdi.

Akbar Xalilga achinib qarab:
— Sen keta qolmaysanmi? Biz oʻzimiz kelishib olardik, — dedi.
— Yoʻq, birga ketamiz, — javob berdi Xalil qornini ushlagancha. Qodir unga qarab gapida davom qildi:
— Men esa treneringizga oʻxshamayman. Qarshimdagi odamning kelajagini oʻylayman, uning taqdiriga yigʻlaydigan onasi yoki seviklisi bordir, deb andisha qilaman. — Qodir birdan Akbarga oʻgirildi. — Bilasanmi, mening bu holga tushib qolishim qobiliyatsizligamdan yoki jamiyatda menga qarshi bironta kuch borligidan emas. Axir men terma komandada hujumkor yarim himoyachi, sen esa zapasda, mening oʻrinbosarim eding. Faqat boshqa-boshqa klublarda edik... Koʻp oʻyladim buni. Toʻgʻri, oz-moz icha boshlaganimga, odamlarni yomon koʻra boshlaganimga oʻzim aybdorman... Lekin mashhur futbolchining birdan sahnadan tushib ketishiga sabab nimaligini bilasanmi? — Akbar indamadi. U suhbatning choʻzilishini sezib, zerika boshlagan va jahli chika boshlagan edi.
— Sen aybdorsan! Sening itfe’lliging aybdor, — dedi Qodir uning yuziga urgandek qilib.

Bu haqoratdan yana Xalil seskanib tushdi. U bir narsalar boʻlishini, trenerning jahli chiqishini, jilla boʻlmasa «Ogʻzingga qarab gapir», deyishini kutgandi. Lekin hech narsa roʻy bermadi. Trener istehzosini yashirmay aftini bujmaytirganicha sigaret chekardi. Goʻyo bu gaplarning ahamiyatsiz ekanini koʻrsatmoqchi boʻlardi. Ammo lablarining uchishi bagʻridagi alamni oshkor qilib turardi. Xalil buni fahmladi. Ayni chogʻda mehmonning bu ta’nalarga, hatto haqorat qilishga haqqi borligini ham sezdi.

Qodir beixtiyor yana shokolad olib tishladi-da, qolgan boʻlagiga haligidek qarab turib, qaytarib qogʻoziga qoʻydi.
— Shunday oʻyinchilar bor ediki... — Qodir endi qiynalib eslayotgandek soʻzlardi, — terma komandaga tushishni arshi-a’loga yetishdan ziyod hisoblardilar. Ularning kimligini oʻzing bilasan. Terma komandada qolish hayotlarining mazmuni edi. Men esa buni futbolimiz shuhratini yoyish uchun bir pogʻona deb hisoblardim. Bizda ham Pele, Garrinchalar singari oʻyinchilar borligini isbotlamoqchi edim. Ha, ha, sen oʻshanda ham bu gagsharimdan kularding, xozir ham kulyapsan. Lekin... men uchun futbol... hayotimning mazmuni edi. Ha... futboldan tashqarida yashash xayolimga kelmasdi. Hozir esa... Koʻrib turibsan... Orzuimsiz yashadim... yashayapman. Parcha-parcha qilib tashlangan odamman. Armon bilan ketyapman. Toʻgʻri, shu kunda oila, farzand tashvishi meni ovutadi, qalbimni bir oz ilitadi. Topish-tutishim yaxshi, yanada koʻproq pul topishni, bu bilan oilamga koʻproq foydam tegishini oʻylab, tirishib xarakat qilib yuraman. Lekin shunga koʻnikish uchun ham oʻn ikki ygl umrim ketdi. Tushunyapsanmi? Azobga toʻla oʻn ikki yil! Men — avvalga Qodir emasman, boshqa, oʻzim xohlamagan, hattoki oʻzim hazar qiladigan odamman... Shularning hammasi sen tufayli boʻldi!
— Menga qara, Qodir. Axir endi hech narsani tuzatib boʻlmaydi-ku! Men xaqiqatan ham aybdorman, boʻldimi? — Akbar endi oʻzini solib oʻtirgan beparvolik muvozanatidan chiqa boshlashga majbur boʻlgan edi. Bu holatdan oʻngʻaysizlanib, Xalilga murojaat qildi: — Sen ketaver. Hisob-kitob qilganmisan?
— Ha.
— Bor, ketaver!
— Qoʻyaver, oʻtiraversin. Men yigʻlayotganimdan uyalayotganim yoʻq-ku! Akbar Qodirning yelkasiga qoʻlini qoʻyib, yalina boshladi:
— Qodir, doʻstim, toʻgʻri, men ablahman, — u shunday deb koʻksiga urib-urib qoʻydi. — Men xato qilganman. Endi nima qilay? Kel, doʻst boʻlaylik. Bir-birimizga yordam beraylik. Istasang, ertagayoq seni oʻzimga yordamchi trener qilib olaman.
— Yordamchi trener?.. Senga mening qanday yordamim tegishi mumkin? Senga-ya? — Qodir Akbarning qoʻlini yelkasidan olib tashladi. Xalil esa, oʻziga ishongan, iloji boʻlsa gapini ham oʻlchab gapiradigan trenerini bunaqangi tipirchilagan holda koʻrayotganidan hayron edi.
— Bilmadim, rost gapiryapsanmi yoki ataylabmi, axir sen unchalik gʻarib emassan. Dovrugʻingning sadosi hali ham jaranglaydi, — dedi Akbar. — Mana, Xalil, — u isbot soʻrab shogirdiga qaradi, — sen Qoriev degan futbolchini bilasanmi?
— Ha, juda koʻp eshitganman.
— Ana, koʻrdingmi?
— Bu boshqa masala, — dedi Qodir hafsalasizlik bilan. Akbar qoʻl siltadi-da, qutidan sigaret ola boshladi. Oraga bir daqiqalik jimlik choʻkdi.
— Men ham bu voqeaga necha marta qoʻl silkiganman. Lekin u la’nati xuddi kechagidek esimda, — dedi Qodir dard bilan. — Men seni aldab oʻtib oʻng qanotdan darvozalaringga yaqinlashdim. Stadionda qiyqiriq boʻlib ketdi. Qarshimda Valentin turardi, orqamdan sen izma-iz kelarding. Men Valentinni addab oʻtib, yana oldinga intilishim yoki toʻpni Fayzullaga oshirishim mumkin edi. Shunda darvoza roʻparasida turgan hamma himoyachilar, jumladan; Valentin ham Fayzullaga tashlanishar, u esa toʻpni menga qaytarishdan boshqa iloji qolmasdi. Har ikki xolda ham seni aldab oʻtib zoʻr vaziyat yaratgandim. Stadion guvillardi. Bu vaziyat mening muvaffaqiyatim, sening esa xatoing edi. Oʻsha paytda, albatta, buni oʻylamagandim, u paytda men faqat yaxshi vaziyat yaratganimdan, ishqibozlarning guvillab olqishlashidan boshim osmonda — ruhlanib, oʻkdek uchib borardim... Ha, nihoyat men Valentinni aldab oʻtib, undan keyingina toʻpni Fayzullaga oshirishga qaror qildim. Lekin shunda... oyogʻimda daxshatli ogʻriq.sezdim. Sapchib tushib... yiqildim. Koʻz oldim qorongʻilashib, chuqur jarga uchib ketayotgandek boʻldim... Men haqiqatan ham jarga dumalagan ekanman. Oʻsha jarda umrbod qolib ketdim.

Oraga jimlik choʻkdi. Yomgʻir ancha pasaygandi. Kafening oynavand devorlarida yomgʻir suvi ilon izi boʻlib oqar, tashqaridagi neon chiroqlar suvga turfa rang jilo berardi.
— Qani, ukalar, boʻldi qilinglar. Bizlar ham doʻkonni yopaylik endi, — dedi kafe shveytsari, qirq besh yoshlardagi dumaloqqina, past boʻyli kishi yumshoq va muloyim ovoziga ataylab kat’iylik kiritib gapirdi. Lekin bari bir unga hech kim ahamiyat bermadi.
— Shunchalik boʻlishini kim oʻylabdi deysan...
— Ha, shunchalikka borishini bilganingda, ehtimol, bu ishni kilmagan boʻlarding. Lekin oʻsha paytda, oʻzingdan zoʻrroq odam chiqqaniga, halol oʻyinda seni dogʻda qoldirganiga chidab turolmading. Fe’lingda itlik bor edi. Shuning uchun toʻpni yaxshi tepsang ham, terma komandaga seni ikkilanib kabul qilishardi.
— Axir men jazoimni oldim-ku, meni jazolashdi-ku!!. — dedi Akbar yalinuvchan ohangda toqati toq boʻlib.
— Ha, seni mavsum oxirigacha futbol oʻynashdan chetlatishdi, gazetalarda ablahligingni yozishdi. Shu bahonada yaxshi sportchi, faqat yaxshi sportchi emas, yaxshi inson boʻlish kerakligi haqida munozaralar olib borildi. Lekin menga bundan nima foyda? Oyogʻim tuzalib qolmadi. Men faqat olti oydan keyingina butsi kiydim. Faqat bir yildan keyingana sen bilan baravar oʻyinga tusha oldim. — Qodir bu gaplarni asabiy holda gapirar ekan, gap orasida ikki kadahni toʻlgʻazib, birini Akbarning oldiga surib, ikkinchisini qoʻliga oldi. — Gazetalar safga kaytganim bilan tabriklashdi... Lekin... — Kodir bir harakat bilan qadahni boʻshatdi-da, alam bilan davom qildi. — Lekin uchinchi oʻyinda... balanddan kelayotgan toʻpga sakrab yerga tushganimda turolmay qoldim... Sen tepganingda ham tizzamning koʻzi singan, ham oyogʻim chikib ketgandi. Natijada sal keskin harakat qilsam, yana chiqib ketadigan boʻlib kolgandi. Vrachlar buni ta’kidlashgan, boshqa bir ish toping, deyishgandi. Lekin ularga ishonmay, toʻgʻrirogʻi, ishonganimda ham futboldan boʻlak ishni qilolmay, maydonga tushgandim. Afsus, vrachlarning gapi toʻgʻri chiqdi. Zarbang bir yildan keyin meni yana yiqitdi... Yana bir yildan keyin, yana doʻxtirlarning befoyda deyishlariga qaramay maydonga tushdim. Lekin boʻlmadi. Birinchi oʻyindayoq xuddi oʻsha-oʻsha boʻldi, oyogʻim chiqib ketdi.

Akbar toqatsizlanib uh tortib, stulga yaslandi. Qandaydir shoshkaloqlik bilan sigaret olib tutatdi. Bir narsa gapirmoqchi shekilli deb, suhbatdoshlari unga qarashdi. Lekin u indamadi. Shu paytda Xalilning yonida oʻtirib, bu gaplarni eshitayotganidan jahli chiqayotgan edi. Xalil esa Qodirdek ajoyib futbolchining, shunday yirik odamning ichib, janjal qilib yuradigan darajada pastlashib kolganiga achinsa ham, uning tarafida emasdi. «Oʻn ikki yil oldingi gaplarni kavlashtirishning nima keragi bor», deb oʻylardi Qodirning maqsadiga tushunolmay. Akbar ham aynan shuni — Qodirning maqsadini bilolmay: «Mendan nima istaysan?» deb bakirishdan oʻzini zoʻrgʻa tiyib oʻtirardi.

Qodir esa qarshisidagi jirkanch basharani urib dabdala qilish istagi portlab chiqib ketishini xohlamay, tez-tez gapira boshladi:
— Oʻshanda men seni oʻylamasdim. Hali orzuimdan kechmaganim, kurashayotganim uchun vaqtim yoʻqmidi? Yoki yoshim yigirma ikkida boʻlgani uchunmi? Bilmadim. Garrinchaning katta futbolga yigirma olti yoshda kelganini, Maresevning ikki oyoqsiz ham oʻz maqsadiga erishganini esimda tutar va tinimsiz mashq qilardim. Hamma narsaga, jumladan, sening ablahligingga ham futbolda boʻladigan oddiy voqea deb qarardim. Lekin oyogʻim qatorasiga ikki marta chiqib, futbol menga yopiq dargohligini sezganimdan keyin birdan oʻzimni sinib tushgandek his qildim. Hayotning menga naqadar ogʻir zarba berganini bildim. Trenerimiz Samoylichning, oʻrtoqlarimning bir yildan beri menga achinib qarab yurganini, institutga kirishim uchun koʻp kuyunishganini esladim. Demak, ular fojiamni bilib, uch yilgacha komandada olib yurishgan ekan-da, dedim. Uch yilgacha ular bilan birga yashapman-u, futbol uchun oʻlikga aylanganimni menga aytishmabdi. Kim biladi, balki qaytishimga ularning ham ilinjlari boʻlgandir... Mening esa yashagim kelmay qoldi. Ichib olib, nuqul yigʻlagim kelardi, ba’zan yigʻlardim ham. Sababini oʻylay-oʻylay, oxiri senda toʻxtadim. Bu aniq haqiqatni ham bir kuni seni televizorda koʻrganimdan keyin tasodifan topib oddim. Sen maydonda koʻlingni belingga qoʻyib olib toʻp oshirmagan sherigingga oʻqrayib turganding. Shu kundan boshlab, odamlarga oʻtkazib qoʻyganday bez boʻlib koʻlingni belingga koʻyib turishing meni ta’qib qila boshladi...

...Oh, bu davrda onamning qiynalganlari, doʻstlarimning qiynalganlari... Oradan yillar oʻtdi, oʻzimni mashhur futbolchi emas, oddiy kishilardek yashashga koʻniktirish uchun qanday azob chekdim! Buni koʻproq oʻzim uchun emas, onam uchun qildim. Uylandim, farzand koʻrdim. Ular oddidagi mas’uliyat ham oʻzimni odamdek tutishga undadi... Lekin mana shu xolda — zoʻrgʻa-zoʻrgʻa yuraman. Siqilaman, zerikaman-da, oʻsha orzularim singan chogʻdagi yigʻlab oʻtirgan holimga tushgim kelaveradi. Shu menga xuzur bagʻishlaydi. Bunday kilmaslik uchun har daqiqada oʻzim bilan oʻzim kurashaman. Ertalab nonushta kilayotganimda, yoʻl yurganimda, ishda, oʻgʻlimni bogʻchaga olib ketayotganimda bu tuygʻu doimo yuragimni ezib: «Qoʻy, shu mayda-chuyda ishlarni, sen faqat oʻsha yoʻqotgan narsang uchun yigʻlashing kerak, boʻlak hamma narsa befoyda, arzimaydigan ish», deb turadi. Men esa onam, xotinim va bolalarimni oʻrtaga qoʻyib undan rahm-shafqat qilishini soʻrayman. Lekin butunlay yoʻqolib ketishini ham istamayman. Hayotimning mazmunini eslatuvchi tuygʻudan ajralsam umidim ham yoʻqolayotgandek, kim edimu kim boʻlganim, qayoqdan kelib qayoqqa ketayotganim, hamma-hammasi esimdan chiqadigandek tuyulaverdi. Tushunyapsanmi, dardim eng pokiza orzuimdan suv ichgan.

Qodir jim qoldi. U dardi bilan boʻlib, kafedaligini unutayozgan edi. Akbar bir kimirlab oʻzining betoqat boʻlayotganini bildirdi. Qodir ichida bir seskanib oʻziga keldi-da, gapida davom qildi:
— Senga roʻpara boʻlishimdan maqsad, bu dunyoda borligimni bildirib qoʻyish, xolos. Chunki sen meni esingdan ham chiqarib yuborgansan. Yoʻq, yoʻq, agar holimdan xabar olmading, deb ta’na qiladigan boʻlsam, oʻzimdan oʻzim nafratlangan boʻlardim. Men faqat bir harakating bilan taqdirini poymol qilgan odam bu dunyoda alamzadaligini va har kuni, qar dakikada senga tajovuz qilishi mumkinligini eslatib qoʻymoqchiman. Oʻlishini bilgan hoʻkiz boltadan qaytmaydi, deyishadi-ku, axir.

Qodirning bu gaplari turishga hozirlanayotgan, bas endi, gapni qisqaroq qil, deb jerkimoqchi boʻlgan Akbarning gʻazabini chuqurlashtirib, hujumkorlik ruhini berdi.
— Xoʻsh, bu istaklari nima deydi? — dedi u istehzo bilan.
— Hammasini aytaman, faqat shoshma, urish qilmoqchi deb ham qoʻrqma. Chunki bu istakka oʻzim qarshiman, uni har daqiqada boʻgʻib kelaman.
— Men hech narsadan qoʻrqayotganim yoʻq, shuni bilib koʻy, Qodir! Men, to militsiya kelib, turinglar, deguncha oʻtirmoqchi emasman!

Qodir soatiga qarab qoʻydi.
— Hali vaqt bor, shoshaverma. Ikki-uch ogʻiz gapim qoldi. Seni militsiya juda ham haydamas deyman. Ochigʻini aytganda, sen bilan gaplashish istagida kuyib yurganim yoʻq edi.
— Hali birovning maslahati bilan keldim degin?
— Ha.
— Kim ekan senga bu aqlni oʻrgatgan?
— Sen!

Akbar xaxolab kulib yubordi:
— Yo, tavba, boyatdan beri men seni tuppa-tuzuk odam deb gaplashib oʻtiribman-a! Esing joyidami oʻzi?
— Ha! — Qodir xuddi urib yuboradigandek Akbarga tikildi.
— Qachon, tushingdami? — dedi Akbar va qoʻlini yuvib koʻltiqqa urgan kishidek Xalilga murojaat qildi. — Tur, ketamiz. Bu bilan kayfi tarqalganda gaplashamiz.
— Ikki-uch ogʻiz dedilar-ku, eshitib keta kolaylik, — dedi Xalil. Eshitish ishtiyoqi borligini yashirish uchun esa qoʻshib qoʻydi: — Yana qachon vaqtingizni sarf qilib yurasiz?
— Rahmat sizga! — dedi Qodir Xalilga. — Lekin bu bari bir ketolmasdi. Qoʻymasdim. Oʻzi ham biladi buni. Ketamiz degani esa, odatdagi artistligi.

Oʻtir, Akbar! Akbar oʻtirdi. Qodir sovuk ohangda gap boshladi:
— Yana qaytarib aytaman, bu yerga meni boshlab kelgan sensan! Sen... itfe’l... meni tepganingda faqat orzuimni poymol qilibgina qolmading. Oʻsha zarbang bilan oʻz fe’lingdan vujudimga urug ham tashlagan ekansan. Bora-bora bu urugʻ oʻsib, rivojlanib, butun vujudimga yoyildi, jismimni egalladi. Bir odam qiyofasiga kirdi. Bu qiyofa esa seniki edi. Ha, bu, ayniqsa, seni televizorda koʻrganimda aniq boʻldi... Shuning uchun bilib qoʻyki, hozir koʻrib turganing Qodir emas, ichimning yarmini sen, sening qiyofang egallagan, chunki daraxt arra bilan kesilsa, arraning izini, bolta bilan chopilsa, boltaning izini saqlaydi... Sening qiyofang oʻsha iz edi. Ertayu kech shivirlab, qalbimni, odamlarga munosabatimni oʻzgartirishga harakat qila boshladi. «Orzularingni yakson qilgan, «men»ligangni parchalab tashlagan odam bemalol yuripti. Sen esa faqat uning aybi bilangina itning keyingi oyogʻi boʻlib qolding», derdi u. Avvaliga ahamiyat bermadim. Lekin u tamomiy jismimni egallagach, u bilan munozara qilishdan boʻlak ilojim qolmadi. Chunki u kechasiyu kunduzi roʻparamda turar, kechasiyu kunduzi menga mingʻirlardi. Uni oʻylamayin, deb kechalari ming martalab u yonboshdan bu yonboshimga agʻdarilardim, lekin qutulolmasdim... Oxiri uning maslahatiga quloq solib izmiga yura boshladim. U esa nuqul odamlarni yomonlardi. «Odamlar bir-birlarini yanchibgina oldinga oʻta oldilar», degan eng sevimli gʻoyasini ta’kidlardi. Shu tarzda dunyodagi har bir narsani oʻz e’tiqodimga nisbatan teskari qilmoqchi boʻldi. Yaxshilikni u shubhasiz berkitilgan tamaga, muhabbatni lazzatga, hatto, ona ardogʻini qarilik kunlaridagi tayanch ilinjiga tenglardi. Men hammani — xotinimni, onamni, oʻgʻlimni yomon koʻra boshladim... Ichimdagi sening qiyofangni qanday qilib yoʻqotishni bilmasdim. Qayt qilib tuflab tashlagim, ombir bilan sugʻurib tashlagim kelardi. Mayli, ildiziga etim ilashsa etim, tomirim ilashsa tomirim bilan. Mayli, sugʻurib olgan joyim qontalash boʻlsin edi! Lekin ilojini qilolmasdim. «Tuf» desam, tupugimda koʻrinarding... «Tushunsang-chi, — derdi u menga, — bu ishlarni sen uchun qilyapman. Inson zoti oʻzidan yaxshi, oʻzidan boy, oʻzidan olijanobroq odamni koʻrolmaydi, chalib yiqitadi. Ne’matlarga xoʻjayinlik qilish uchun; bu yerda kim bor, deganda yolgʻiz qolib «Men!» deya olish uchun shunday qiladi. Chunki oʻzidan yaxshini yoʻqotganida, haqiqatan ham yaxshi boʻlib bir oʻzi qoladi-da». «Yolgʻon!» derdim men ichimda oʻkirik bilan. Ba’zan bu oʻkirik tashimga chiqib ketar, eshitgan odamlar hayron boʻlib qarashardi. «Men bunday yashay olmayman. Bunday fikr qilsam yashagim kelmaydi», derdim. U esa kulimsirab: «Yashaging kelmasligi boshqa masala. Aslida, istash-istamaslik ham sening ixtiyoringda emas. Lekin, men haqman. Mana misollar...» derdi-da, turmushidan va tarixdan misollarni qalashtirib tashlardi. Men unga qarshi dalil topolmayotganimni, yengilayotganimni sezib: «YoLGʻON!» deb baqirardim. Shunda u soʻnggi zarbani berardi: «Xoʻsh, oʻzing-chi? Akbardagi xudbinlikning qurboni boʻlmadingmi? Bilib qoʻy; mening fikrimga zid borganing uchun ham chetda qolib ketgansan. Sen oʻz hayotingdanki saboq olmayotgan ekansan, chetda qolib ketish u yokda tursin, oʻlib ketishga ham loyiqsan. Akbar gumburlab yashayapti. Chunki u seni olib tashlab, maydonda oʻziga kenglik ochdi. Axir u xuddi sening joyingda, sening oʻrningda oʻynayapti-ku! Vaholanki, u zaxirada edi. Turmush uchun bu emas, balki olib tashlagani hisob. Yaxshilik bilanmi, yomonlik bilanmi, farqi yoʻq. Umuman, axloqning barcha lash-lushlari turmush uchun koʻpik. Sodda odamlarni ahmoq qilish, avrash, loʻndasini aytganda esa, maydondan va ne’matlardan chetlashtirish uchun toʻqilgan niqob».

Men: «Mayli, sen xaqsan, ishondim. Endi meni tinch qoʻy», deb uni aldamoqchi boʻlardim.

U esa: «E-ey, gʻirt ahmoq ekansan. Hozirgina koʻpik haqida gapirib qulogʻingga tambur chertibman-da, a? Gap — mening uchun koʻpik. Menga koʻpik bilan va’da berma! Sendan harakat talab qilaman. Ish! Gapdan foyda yoʻq», deb yana nishonga olaverdi.

«Nima qilay, buyur, hammasini bajaraman. Faqat keyin meni tark et. Boʻlmasa yashay olmayman!» degan shart bilan talabiga koʻndim.

«Bu boshqa gap. Sen endi Akbar taqdirida, ya’ni seni maydondan olib tashlagan odam taqdirida oʻz izingni qoldirishing shart. Uni urib dabdala qilishing, koʻzini oʻyib yoki tishlarini qoqib olishing kerak. Toki u oʻsha koʻzi oʻrniga qoʻyilgan shisha koʻzni yoki tishlari oʻrniga qoʻyilgan yasama tishlarni koʻrganida oynaga qarab har bir tirjayganida seni, sen orqali esa oʻzining ablahligini eslab tursin. Har bir kulgisiga ogu tushib tursin», dedi u.

«Xoʻp, men roziman. Lekin sen menga bir narsani ayt. Nima uchun sen oʻzingga oʻzing qarshi chiqyapsan?» deb soʻradim men.

«Buni izohlash oson. Yaxshilab bilib qoʻy, ey inson bolasi! Men orqali senga tabiat bergan jon gapiryapti. Tirik jonga nimaiki qasd qilar ekan, men aynan oʻsha shaklda paydo boʻlaman. Daraxtni arra kessa arraning izi, bolta kessa boltaning izi qoladi. Senga Akbar emas, boshqa birov tajovuz kklganda men oʻshaning koʻrinishida boʻlardim? Boyni boylik, mechkayni ovqat, qonxoʻrni qon oʻldirishini bilarsan? Rim johillar hisobiga buyuk boʻlib, johillar tomonidan vayron qilinganidek bosqinchi xalqni bosqinchilik oʻldiradi, lanj xalqni lanjlik... Bu tabiat qonuni. Sen esa, tushunmay mendan qochib qutulmoqchisan... Yana bir karra ta’kidlayman. Sen uchun hech kim jonini koyitmaydi. Oʻzing harakat qilishing kerak. Hech boʻlmasa, uning ablahligi haqida jar solishing kerak. Lekin bu narsa fe’lingga zid ekanligi uchun uni sendan talab qilayotganim yoʻq», dedi u menga.

Qodir gapini tugatib, kafeda, Akbarning qarshisida oʻtirganini koʻrib hayron boʻldi. Chunki xayolidagi munozarani tiklayman deb, oʻzini unutayozgan edi. Bir xayolda bu gaplarni oʻzimga oʻzim gapirdimmi, deb ham ikkilandi. Lekin Akbar bilan Xalilning avzoyiga qarab, maqsadini amatga oshirganini sezli.

Akbar boʻzarib oʻtirardi. Xalilning yuzidan esa mensimaslik ifodasi oʻchgan edi.
— Boʻldingmi? — dedi Akbar ijirgʻanib.
— Boʻldim.
— Kayfni ham tarqatib yubording. — Akbar Xalilga murojaat qildi. — Bor, yuz ellikta konyak keltir. Meni aytdi desang, beradi.

Xalil ketdi.
— Menga qara, — dedi Akbar tajanglik va istehzo bilan. — Agar sen oʻsha istagingga quloq solib, meni «dabdala qiladigan» boʻlsang, sudga tushishingni, shov-shuv boʻlishini oʻylamadingmi?
— Oʻyladim. Istagim aytdiki: «Xoʻsh, sudga tushsang, shov-shuv koʻtarilsa nima qilibdi? Fojiang va bunga sababchi boʻlgan odamning jazosiz qolmaganini hamma bilishini istarding-ku! Hech narsa yoʻqotmaysan. Undan keyin seni jazolashmasa kerak... — Shahar bedarvoza emas-ku. Sen bundan qoʻrqmaysan ham», deydi... Shuni bilib qoʻy, Akbar, bu mening xohishim emas, vujudimdagi turqingning xohishi. Aytganimdek, uni boshqara olmay qolishim mumkin, xolos...

Qodir soʻzini tugatar-tugatmas, Akbar stolni itarib yubordi-da, oʻrnidan turib, Qodirning yuziga shapaloq tortib yubordi.
— Yoʻqol bu yerdan, piyanista!

Qodir jagʻini ushlab sekin qaddini tikladi. Bu orada Xalil ham yetib kelib, Qodirning oʻng tomoniga oʻtdi. Ular hamlaga tayyor holda uchburchak hosil qilishdi. Akbar qoʻlini paxsa qilib, baqirishda davom etdi:
— Ishyoqmas, piyanista. Oʻzingning badbaxtligingni menga toʻnkab, nima demoqchisan?

Zalning toʻridan bir ayolning chinqirib gapirgani eshitildi:
— Qani, bas qilinglar! Sonya, uchastkavoyni chaqir, tez!

Lekin unga ahamiyat berishmadi. Oʻzini har tomonlama ustunlikka ega deb bilsa ham, qoʻrqqanidan Akbarning yuzi nihoyatda xunuklashgan edi:
— Sen-chi, avval hoʻv naridan turib salom berishing kerak. Men alik olamanmi, yoʻqmi — oʻylashib koʻrardim!
— Shunaqami? — dedi Qodir xunuk jilmayib. — Xudo shohid, Akbar, buni oʻzing boshlading.

Qodir yuzyni silar ekan, birdaniga Akbarga tashlanib, bir urib uchirib yubordi. Soʻngra hujumga tashlangan Xalatni kaftining teskarisi bilan urib yiqitdi. Ofitsiantlar kelib Qodirni tinchitmoqchi boʻlishdi. Lekin u ofitsiantlarni surib qoʻyib, oʻkdek uchib kelayotgan Akbardan oʻzini chetga olib, uni chalib yubordi. Akbar hozirgana oʻzi oʻtirgan stolga urildi-da, stol bilan birga umbalok oshdi. Atrofni idishlarning yerga tushib singan jarangi tutdi.

Akbar oʻrnidan turgach, hurkib tarqalib ketgan oʻspirinlarning stolidan shampan shishasini oldi-da, gʻijinib Qodir tomonga kela boshladi:
— Oʻldiraman! — dedi u tishlarini gʻijirlatib. — Ikkinchi meni koʻrganda bir chaqirimdan aylanib oʻtadigan qilaman. — Shunday deyishga dedi-yu, lekin qoʻrqqani uchun Qodirga yaqinlashmay, shishani otdi. Qodir engashib koldi. Shisha toʻgʻri borib oynavand devorni chshsharchin qilib, tashqariga chiqib ketdi.

Kafe xodimlarining qiy-chuvi avjiga chiqdi. Akbarning sarosimaga tushganidan foydalangan Qodir uning qorniga kalla qoʻydi. Akbar orqasiga uchib borib, yana bir stolni agʻdardi-da, yiqildi. Soʻng ingranib: juda ham sekinlik bilan oʻrnidan tura boshladi. Qodir unga yaqinlashdi-da, yoqasidan oldi. Akbar uning qoʻlida deyarli osilib turardi.
— Bu ishni oʻzing boshlading, — dedi Qodir Akbarni silkib. — Men tugataman. — Endi uning yuzidagi olijanoblikdan asar ham qolmagan, vahshiylik va jahl oʻzining xunuk muhrini bosgandi. — Tishlaringni qoqib olaman, — Qodir oʻsha sovuq va vahshatli ohangda gapirardi. — Oʻrniga tilla tish qoʻydirasan, har bir tirjayganingda meni, men orqali oʻzingning ablahligingni eslab turasan. Har soatda, har dakiqada!

Qodir har bitta jumlasini aytganda, Akbarning yuziga bittadan musht tushirardi. Agar shu paytda militsioner yetib kelmaganda uning bu vahshiyligi qachon, qanaqa tugashi noma’lum edi.

Oʻrta boʻy, pishiq gavdali, yoshgina leytenant yugurib kelib, Akbarni ajratib oldi-da, Qodirni itarib olib borib stulga oʻtqizdi.
— Nima gap? — deb baqirdi u.

Qodirning oʻrniga ofitsiantlar vijirlab ketishdi:
— Nozaninday oʻtirishgandi, — dedi biri.
— Yoʻq, bu avval anovi stolda edi, — aralashdi ikkinchisi.
— Jim! — baqirdi ularga leytenant.

Ofitsiantlar ketdi. Leytenant ruchka va bloknot chiqarib, Qodir haqida ma’lumot yoza boshladi. Keyin uning zavodga kirish ruhsatnomasini olib koʻrdi.
— Uni taniysizmi? — soʻradi militsioner hujjatni qaytarar ekan, atrofida Xalil va ofitsiantlar parvona boʻlishayotgan Akbarni koʻrsatib. Qodir «ha» degach, militsioner Akbar haqida ma’lumot yoza boshladi.
— Nahotki?! — dedi leytenant Akbarning oʻsha mashhur Akbarligini eshitib.
— Ha, — dedi Qodir keskin qilib.
— Siz ham oʻsha Qorievmisiz?
— Ha.
— Nima balo qilib qoʻydinglar? Nima jin urdi sizlarni?

Qodir Akbar tomonga oʻqrayib qarab qoʻydi-da, indamadi. Leytenant bosh chayqadi-da, oʻtirib turing, deb ofitsiantlarni soʻroq qilgani ketdi.

Akbar asta oʻziga kelib, boshini koʻtardi. Uning xira koʻzlariga ma’no kira boshladi. Leytenant aktga Qodirning qoʻlini qoʻydirib, uning oldiga kelganida, Akbar avval tushunmadi. Fahmiga yetgach esa, militsionerning koʻlidan aktni olar ekan, oʻrnidan turdi.
— Doʻstim, — dedi u kemshiklanib va atrofdagilarga eshittirmaslikka urinib, — meni taniysiz-a?
— Taniyman, albatta. Koʻcha changitib, koptok tepib yurganimizda sizlarga oʻxshashni orzu qilardik.
— Boʻlmasa, doʻstim, aktingizni qoʻying-da, evaziga bitta mendek ogʻayni orttiring.
— Endi, Akbar aka sizni juda hurmat qilaman. Lekin burchim, qonun...
— E-e, qoʻying shu gaplarni, oʻzi bugun ana u ogʻaynim miyamni qoqib koʻlimga berdi. Menga qarang, xoʻp, siz akt tuzdingiz, deylik, lekin ertaga boshliqlaringizning oldiga chiqib, bu ahmoqchilik bir boʻlib qoldi, sizga munaqa ish bilan tushmaganman, deyman. Nima qilishadi, yoʻq deyishardimi? Menga yoʻq deyishmaydi, bilasiz.
— Endi, bilmadim, lekin... lekin sizga kerakmikin deb oʻylovdim-da.
— Be-e, — dedi Akbar ogʻriq azobini bosishga harakat qilib. — Ichishib oʻtirib, toʻsatdan tashlashib qoldik. Shu! Ertaga yana apoq-chapoq boʻlib ketamiz! Toʻgʻrimi? — Akbar Qodirga qaradi.

Qodir indamay boshini qimirlatdi. U voqeaning bu tarzda davom etishiga hayron boʻlib turgan edi.
— Boʻptimi, ogʻayni? Menga shu aktni bering-da, Akbar degan futbolchi doʻstim boʻladi, deb yuravering.

Militsioner bir oz mubhamlashib turdi-da, oxirgi dalilini aytdi.
— Guvohlar dod demaydimi, — u kafe xodimlariga qaradi.
— Bular bilan oʻzimiz gaplashamiz, — dedi Akbar. — Sofiya opa, — chaqirdi u zal mudirasini. Ellik yoshlardagi sariq sochli nuroniy ayol ularga yaqinlashdi. — Bu doʻstimiz, bizlarni qamamasdan koʻyib yubormoqchi. Boshqa urishmaymiz, deb soʻz berdik. — Akbar gapiga hazilomuz ohang berishga kuch topa oldi. — Siz qarshi emasmisiz?
— Yoʻq, albatta, qamasin, deb kim aytardi. — Zal mudirasi kulib tursa ham, qoʻllari yengil titrab, sochlari va tugmalariga besabab yugurardi.
— Hamma narsaning yaxshilikcha tugagani yaxshi-yu, lekin idishlar sindi. Ana u oynaning oʻzi yuz soʻm turadi. Qoʻydirishini hisobga olmaganda...

Akbar koʻyin choʻntagini kavladi-da, bir dasta besh soʻmlik pul chiqardi.
— Mana, — dedi ayolga uzatib, — sanamasangiz ham boʻladi. Yuz ellik soʻm. Zal mudirasi gunohkorona jilmayib, koʻllari titragancha pulni oldi.
— Akbar Vafoevich, siz xafa boʻlmang, lekin...
— Boʻldi, Sofiya opa. Demak, kafe xodimlarining bizga hech qanda! da’volari yoʻq?
— Yoʻq, yoʻk, boʻldi. Biz doimiy mijozlarimizni hurmat qilamiz. Undan keyin, hamma narsaning yaxshilik bilan tugagani ma’qul, — dedi zal mudirasi pulni sanay turib.
— Boʻpti, biz ketdik, — dedi Akbar ruhsat soʻragandek militsionerga qarab. Militsioner atrofdagilarga bir-bir qarab chiqdi. Uning yuziga birdan qandaydir oʻynoqi tabassum yugurdi.
— E, nima boʻlsa boʻldi! Sizlarni deb bir gap eshitsak eshitibmiz-da. — U aktni yirtib, choʻntagiga solib qoʻydi. — Futbol qurboni boʻlamiz-da juda borsa, a?

Qodirdan boshqa hamma mamnun jilmaydi. Akbar mshshtsioner bilan qoʻl tashlashib xayrlashdi-da, Xalilning yelkasidan ushladi. Qodirga qarab ham qoʻymay, shogirdiga suyanggancha sekin zaldan chiqdi. Vestibyuldagi toshoyna oldiga borib momataloq boʻlib ketgan yuz-koʻzini, ichkari tortib ketgan ustki labini bir-bir silab chiqdi. Keyin xuddi oʻshanday ohistalik bilan shlyapasini kiydi-da, yana Xalilga suyangan holda chiqib ketdi. Qodir Akbarning ketidan hayron boʻlib bir oz qarab turdi-da, yuvingani kirib ketdi. Qaytib chiqib toshoyna oldiga keldi. Shveytsar uzatgan plashini qoʻllariga ogʻir yuk bogʻlaganday qiynalib kiydi. Militsioner bilan shveytsarga gunohkorona bosh irgʻab, tashqariga chiqdi. Orqasidan shveytsarning ovozi eshitildi.
— Oʻlay agar, boʻynimni kesib tashla, hozir nimaga urishishganini bilishmaydi! Ichib olishadi-da, xoʻroz boʻlib ketishadi. — Bu odam fikrining toʻgʻriligiga toʻla ishongani uchun kuyunib gapirardi.

Qodir xuddi darmonsiz odamdek sekin nariroq borib, orqasiga oʻgirildi. Kafe peshtoqidagi neon chiroqli «Orom» degan yozuvning oxirgi harfi yonmas, uzoqdan «Oro» boʻlib koʻrinardi.