OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MualliflarZokirjon Mashrabov, Qamchibek Kenja
Asar nomi«Navoiy anjumani»
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Zokirjon Mashrabov
   - Qamchibek Kenja
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 2-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Navoiy anjumani»
Zokirjon Mashrabov, Qamchibek Kenja

Ilmiy safarimizning oʻninchisi biz uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz Islom Karimovning taklif va koʻrsatmalari asosida hukumatimiz maxsus qaror qabul qilgan edi. «Buyuk ajdodlarimizning Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida dafn etilgan joylarini aniqlash va obodonlashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi mazkur tarixiy hujjatning 5-bandida Bobur nomidagi xalqaro jamgʻarma nomi ham alohida zikr etilgan edi: «Bobur nomli xalqaro jamgʻarmaning buyuk ajdodlarimiz xotirasini tiklash va abadiylashtirishga doir faoliyati ma’qullansin...» Kamtarona jamgʻarmamiz faoliyatiga berilgan bu yuksak baho va e’tirof biz uchun gʻoyat sharafli edi, ayni paytda u zimmamizga yanada jiddiy mas’uliyat yukladi. Navbatdagi safarimiz rejalarini mazkur qaror hamda Yurtboshimizning Eron va Afgʻoniston prezidentlari bilan uchrashuvi chogʻidagi fikr-mulohazalari asosida qayta koʻrib chiqdik. Boʻlajak xalqaro yoʻl — Termiz — Mozori Sharif — Shibirgʻon — Maymana — Hirot — Toyibot yoʻlidan yurishga ahd qildik.

Mozori Sharifda yaxshi bir tadbir, biz uchun muhim voqea ustidan chiqdik: shahardagi koʻp qavatli «Juzjon» savdo marketining beshinchi qavatida joylashgan «Navoiy anjumani»ning navbatdagi mashgʻuloti oʻtayotgan ekan. Gurungni anjuman raisining oʻrinbosari, Balx dorulfununining adabiyot va insonparvarlik ilmlari fakulteti muallimi ustod Said Muhammad Olim Labib boshqarayotgan edi. Ular orasida, jumladan, bir vaqtlar Toshkentda huquqshunoslik boʻyicha malaka oshirish bosqichini oʻtagan Qori Abdurahim Ayniy, Balx viloyati madaniyat boshqarmasi raisi Abdulla Ruin, yozuvchi Sardor Muhammad Rahmon oʻgʻli, shoirlardan — Abdulaziz Dehqon, Soli Muhammad Xassos va boshqalar bor edi.

«Navoiy anjumani»ning maqsad va vazifalari Afgʻonistonda yashovchi turkiyzabon xalqlarning tili, tarixi, adabiyoti, umuman madaniyatini qayta tiklash, rivojlantirish, targʻibu tashviq qilishdan iborat ekan.

Anjuman qatnashchilari Oʻzbekiston adabiyoti, madaniy hayoti bilan qiziqdilar. Savol-javoblar boʻldi. Bobur jamgʻarmasi va Navoiy anjumani oʻrtasida oʻzaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida takliflar tushdi va ma’qullandi.

Abdurashid Doʻstim Qarorgohida

Ertasiga Shibirgʻonga joʻnadik. Yoʻl-yoʻlakay Balx shahriga kirib, Boborahim Mashrab qabrini ziyorat qildik. Kecha balxlik shoir, «Navoiy anjumani» a’zosi Abdulaziz Dehqon oʻz mablagʻi hisobidan Mashrab qabrini ta’mirlatib qoʻyganini aytgan edi. Darhaqiqat, 1992 yilgi safarimiz chogʻida bu qabr juda ham ayanchli holatda ekanligining guvohi boʻlgan edik, harqalay, betondan keng supa qilinib, uning oʻrtasiga qabr tosh qoʻyilibdi va marmar taxtaga ushbu lahadning qalandar shoir Boborahim Mashrabga tegishli ekanligi bitilibdi.

Shibirgʻonda general Abdurashid Doʻstim bilan uchrashdik. U bizni muhtasham qarorgohining hovlisida qabul qildi. Suhbat samimiy va doʻstona boʻldi. Afgʻoniston Shimoliy viloyatlar hududining rahbarlaridan biri boʻlmish Doʻstim Oʻzbekistonda yuz berayotgan oʻzgarishlardan, Prezident Islom Karimovning xalqaro faoliyati va nufuzidan mamnun ekanligini izhor etdi. Biz unga respublikamiz hukumatining buyuk ajdodlarimiz oromgohlarini obodonlashtirish borasidagi sa’y-harakatlari, safarimizning maqsad va vazifalari toʻgʻrisida gapirdik.

Shu kecha qarorgohning moʻ‘tabar mehmonlarga moʻljallangan qoʻnoqxonasida tunadik.

Oqshom Saripulni ziyorat qilib qaytdik. Saripul — bu tarixiy koʻprik — Alisher Navoiy qurdirgan bir necha oʻnlab katta inshootlardan biri, mana besh asrki, hali-hamon mustahkam turibdi.

Uqubatli Yoʻllar. Yashnayotgan Hirot

Maymanadan u yogʻi — deyarli Hirotgacha dasht, togʻu dovonlar, daralar oralab ketdik. Tizza boʻyi tuproq. Xullas, bu «soʻqmoq»ni yoʻlga aylantirish uchun qancha mablagʻu mehnat sarf boʻlishini taxminan tasavvur qilish mumkin. Lekin Oʻzbekistonning dengizga, dunyoga chiqishi uchun bu yoʻl juda zarur ekan, demakki, mablagʻ ham, kuch ham topiladi!

Bu gal bizni Hirot ochiq chehra va gullar bilan qarshi oldi. Shahar tubdan oʻzgarib ketgan.

Musallo maydonida ham holat xiyla oʻzgacha edi: Alisher Navoiy va Gavharshodbegim maqbaralari atrofi — taxminan toʻrt gektarcha yer qoʻrgʻonlanib, katta temir darvoza qurilibdi. Navoiy sagʻanasining tushib ketgan joylari urilib, epaqaga keltirilibdi, Gavharshodbegim maqbarasini ta’mirlash boshlanibdi. Maqbaralar bilan kirish darvozasi oʻrtasidagi yoʻlaklarning chetlariga har xil gullar ekilibdi.

Qoʻrgʻonga «Gavharshodbegim bogʻi» deb nom qoʻyishibdi.

Hirotliklar piri sanalmish Abdulla Ansoriy maqbarasi chinakam ziyoratgohga aylangan, unga boradigan yoʻl ravon va asfalt edi. Fors-tojik adabiyoti namoyandalaridan biri, Alisher Navoiyning ustozi Abdurahmon Jomiy qabr-maqbarasining holati ham yaxshi.

Mashhur musavvir, oʻzbek musavvira san’atining dargʻasi, moʻ‘jaz rangtasvir ustasi Kamoliddin Behzodning qabri Hirotning gʻarbi-shimoliy tomonidagi adirlar tepasida boʻlib, maqbarasiz edi; unga maqbara tiklash ham oʻngʻaysiz edi, chunki Behzod qabrining yon-atroflarida boshqa qabrlar ham koʻp boʻlib, ular bir-biriga juda yaqin joylashgan.

Sulton Husayn Boyqaroning qabr toshi hamon oʻshanday — atrofi ochiq, yolgʻiz turibdi.

Mavlono Lutfiy Va Uning Qabri

Mavlono Lutfiy qabrini koʻp mashaqqatlar bilan topdik. Tarixiy-adabiy manbalarda shoirning «Hirotning Dehi kanor mavzeida», «Hirot atrofidagi xiyobonlardan biri — Dehi kanorda» tavallud topgani, ijod qilgani va shu joyda dafn etilgani bitilgan. Holbuki, Dehi kanor Hirotnig xiyobonlaridan biri emas, shahardan oʻttiz chaqirim kun chiqishdagi dasht va qishloq ekan. Buni biz Hirotning tarixnavis, bilimdon kishilaridan boʻlmish Mavlono Anbariydan surishtirib bildik.
— Shahzoda Qosim ziyoratgohi — qabristoni bor. Mavlono Lutfiy shahzoda Qosim qabrining kun chiqish tarafiga qoʻyilgan boʻlishi kerak, — dedi olim yanayam aniqroq qilib.

Dehi kanor yoʻli ham nosoz edi. Bepoyon Butalay dashti oralab ketdik. Ikki soatlar chamasi yurdik. Ittifoqo roʻparamizdan bir yigit kelib qoldi. Shahzoda Qosim mozorini soʻradik.
— Toʻgʻri ketayapsizlar, yaqin qoldi, — dedi u.

Darhaqiqat, birozdan keyin chogʻroq bir paxsali qoʻrgʻoncha koʻrindi. Janub tarafidagi eshik oʻrnidan kirdik. Oʻrtada shunchaki tepalikka oʻxshagan bir qabr — katta-kichik tosh uyumi.
— Nahotki shu tosh uyumi Lutfiyning qabri boʻlsa? — deymiz hayron boʻlib. — Axir, Lutfiy katta shoir, Hirot adabiy maktabining peshqadam vakillaridan biri boʻlgan-ku. Uni «oʻz zamonasining malik ul-kalomi» degan unvon bilan ataganlar. U turk va fors-tojik mumtoz adabiyotining yirik namoyandasi, Navoiyning ustozi, Abdurahmon Jomiy bilan doʻst boʻlgan, Navoiy ijodiga katta e’tibor bilan qaragan. Ayni vaqtda Alisher Navoiy ham Lutfiy ijodiga yuqori baho bergan.

Lutfiy fors-tojik tilida ham ijod qilgan, lekin oʻzbek tilidagi she’rlari bilan shuhrat qozongan. Tarixchi Xondamir «Mavlono Lutfiy soʻz lutfida yagonai davron edi, undan ilgari hech kim turkiy tilda she’rni undan yaxshiroq ayta olmagan edi», deb yozadi.

Biz masalaga oydinlik kiritishga qaror qildik va qoʻrgʻoncha yonidan oʻtgan oʻzandan pastga — Janub tomonda elas-elas koʻrinayotgan daraxtzorlar tomon yurib ketdik.

Xullas, koʻp mashaqqatlar bilan yana bir soatdan ortiq yurib, odamlardan soʻrab, haqiqiy shahzoda Qosim qabristonini topib bordik. Bu endi xiyla katta — taxminan ikki gektar atrofidagi paxsa devorli qoʻrgʻon boʻlib, u Dashti kanor oʻrtasida, Dehi kanor qishlogʻidan ikki chaqirimcha Shimolda edi.

Qoʻrgʻon ichida boya koʻrganchalik yana bir qoʻrgʻoncha boʻlib, uning oʻrtasida soʻri sifat baland supa va uning ustida katta tosh uyumi bor edi — bu chinakam Shahzoda Qosim qabri edi.

Uzun soqolli, kamsuqum shayx Abdul Vahob ham, ittifoqo kelib qolgan dehqon Abdurahmon ham Lutfiy haqida, uning qabri toʻgʻrisida hech narsa bilmas edi.

Biz Mavlaviy Anbariyning gaplarini aytganimizdan soʻng Abdul Vahob hujrasi yonidagi bir ixcham qoʻrgʻonchani koʻrsatib:
— Mana bu joyda ham bir qabr bor, lekin kimniki ekanligini, toʻgʻrisi, bilmayman, — deb qoldi.

Hirotlik hamrohimiz, Mavlono Anbariyning oʻgʻli Tohirjon bilan Abdurahmon devor osha qoʻrgʻoncha ichiga tushishdi-da, belkurak bilan tuproqni kovlay boshladilar. Anchadan keyin qalin va uzun marmar tosh chiqdi, oftobada suv olib, uni oʻsha joyda yuvdilar va nihoyat:
— Topildi, topildi! — dedi Tohirjon sevinib.

Toshga uch soʻz bitilgan edi: «Mavlono Lutfiy Xiraviy».

Hammamizning ham quvonchimiz cheksiz edi. Muqaddas Qur’on oyatlaridan tilovat qilib, Lutfiy hazratlarining ruhi-pokiga bagʻishladik.

Hirotga kech qaytdig-u, toʻgʻri sangtaroshlar rastasiga bordik. Marmar toshga yozuv buyurdik. Ertasiga marmar taxtani olib, yana Dehi kanorga joʻnadik.

Shayx Abdul Vahob bizni yana sassizgina, muloyim jilmayib kutib oldi, uning yordamida Lutfiy dafn etilgan qabr qoʻrgʻonchasini tokchasimon qilib oʻydik-da, «Bu oromgoh pok Alloh lutfi daryosinig gʻavvosi, urfonga eltuvchi gʻazal iqlimining sultoni, hazrati Lutfiy Xiraviynikidir...» kabi jumlalar oʻyib yozilgan marmar lavhani joylashtirib, atrofini suvab mahkamladik.

Shundan keyin shayx Abdul Vahobga atagan nazru niyozlarimizni berib, Hirotga qaytar ekanmiz, hammamizning kayfiyatimiz chogʻ, bugungi qilgan tadbirimizdan mamnun edik.

Qandahor. Chehl Zina

Navbatdagi yoʻnalishimiz Hirot-Qandahor edi. Ma’lumki, bu shahar oʻzining togʻlari va bogʻbop yerlari bilan Zahiriddin Muhammad Boburni oʻziga rom etgan. Shu bois bu shaharni fath qilishi munosabati bilan Gʻarb tarafdagi baland togʻning shundoq tumshugʻ tomonini oʻydirib, unga goʻzal gumbazli ayvon soldirgan. Ayvonga chiqish uchun yotqizilgan toshlar va togʻning oʻzidan 40 ta zina yasalgan, shuning uchun bu tarixiy tosh obida «Chehl zina» nomi bilan mashhur boʻlib, kitoblarga kirgan. Uning toqisiga, ichlariga imorat sohiblari — Bobur Mirzo va uning farzandlari sha’niga nasta’liq xatida maqtov yozuvlari oʻyib bitilgan.

Ayvon oldidagi toshsupaning ikki chetida toshdan yasalgan sher haykali ham boʻlganligini tahmin qildik: har ikki tomonda zanjir va sher dumining qoldiqlari bor edi. Demak, sherlarni kimdir koʻchirib olib ketgan.

Tosh ayvon solingan togʻ roʻparasidagi Bobur Mirzo bunyod etgan Chahorbogʻ odamlarga tomorqa sifatida berib yuborilgan edi, shuning uchun uni koʻrmak imkoni boʻlmadi.

Gʻazna. Al-Beruniy Qabri Ahvoli

Gʻazna viloyatining hokimi hoji Asadullo Xolid yosh — oʻttiz beshlardagi boʻychan, istarali yigit edi.

Bu yerda amerikalik mehmonlar — bir ayol va bir necha erkak ham boʻlib, hoji Asadullo ular bilan ingliz tilida gaplashardi. U rus tilida ham ancha-muncha soʻzlay olardi.
— Men Toshkentda bir necha bor boʻlganman, — deydi u, — menga shahar ham, odamlar ham koʻp ma’qul boʻldi. Endi sizlar bilan koʻrishib, tanishganimdan xursandman. Ma’naviyat va boshqa koʻp sohalarda afgʻonlar bilan oʻzbeklar oʻrtasida ancha mushtarakliklar bor. Sizlarning sa’y-harakatlaringiz faqat afgʻon yoki oʻzbek xalqi uchungina emas, umuman, Osiyo xalqlari uchun ham muhim ahamiyatga egadir.

Suhbat davomida, shubhasiz, afgʻon zaminida yotgan buyuk ajdodlarimiz, jumladan, ulugʻ olim, mutafakkir Abu Rayhon Beruniy va uning qabri haqida ham soʻz ochdik:
— Beruniy va uning oʻlmas, bebaho merosi nafaqat afgʻonlar, nafaqat oʻzbeklarniki, balki bashariyatning mulkidir, shuning uchun uning qabri-maqbarasini tiklash, atrofini obodonlashtirish hammamizning burchimizdir.
— Albatta, — dedi hokim, — bizdan nima yordam zarur boʻlsa, koʻrsatamiz.

Shu kuni Gʻazna hokimi bizni quyuq mehmon qildi, qarorgohi mehmonxonasidan joy berdi.

Ertasiga ertalab Gʻazna shahar hokimi Hakim janoblari, tarix, falsafa fanlari muallimi hoji Abdurahmon Hakimiy hamrohligida Beruniy qabri boshiga bordik. Oʻsha-oʻsha «qabr» — bir uyum tosh. Ozgina yerga ekilgan bugʻdoy oʻrib olingan, naryogʻida turli ekinlar, yovvoyi oʻtlar oʻsib yotardi.

Jahon tan olgan alloma, Oʻrta asrning buyuk qomusiy olimi boʻlgan bir moʻ‘tabar zotning maqbarasidan-ku nom-nishon qolmagan, qabri ham bir hovuch daryo toshidan iborat boʻlib turibdi-ya!
— Alloma qabrining bunday achinarli holga tushib qolishining sabablari koʻp, tarixdagi beomon janglar deymizmi, oʻtmishdagi ayrim hukmdorlarning ma’naviyatga, ma’rifatga, ilmli mashhur zotlarga havas bilan emas, gʻaraz bilan munosabatda boʻlishlari natijasi, deymizmi...

Nazarimizda, muarrix, muallim hoji Abdurahmon Hakimiy yuragidagi gaplarni aytdi: demakki, uning ham alami ichida ekan.

Shaharga qaytib, kechagi kelishuvimiz boʻyicha toʻgʻri viloyat hokimligining idorasiga bordik.

Qabulxonada oʻtirib, Afgʻoniston Respublikasining Gʻazna viloyati hokimligi hamda Bobur xalqaro jamgʻarmasining oʻzaro hamkorlikda Abu Rayhon Beruniy qabr-maqbarasini tiklash va uning atrofida bogʻ-xiyobon vujudga keltirish toʻgʻrisida oʻzbek va fors-tojik tillarida shartnoma yozdik (ilmiy safarimizning yangi a’zosi, Afgʻoniston fuqarosi Muhammad Anvar shu joyda ham asqotdi).

Keyin hokim hoji Asadullo Xolid xonasida yana suhbat boʻldi, shartnomalarga imzo chekildi.

Essiz, Essiz Kobul...

Kobul shahri koʻrgan «jabru sitam»lar oldida Qandahor va boshqa shaharlarniki holva ekan. Shaharning asosiy qismlarida sogʻ bino juda kam qolgan edi.

Yaxshiyamki, elchixonamiz joylashgan mavze urush asoratlaridan xoli ekan.

Elchimiz mehnat ta’tilida ekan, uning yordamchisi Nosirjon Gʻiyosov va konsul Iskandar Qodirov bizni quvonch bilan kutib olishdi. Ularning yordamida Afgʻoniston madaniyat va axborot vaziri Doktor Said Mahdum Raxin bilan uchrashib, taassurotlarimiz va galdagi rejalarimizni oʻrtoqlashdik.

Biz endi tezroq Bobur bogʻini, undagi tarixiy-madaniy inshootlar holatini koʻrishga oshiqdik.

Ahvol, harqalay, odamni suyuntiradigan emas edi. Podsho qarorgohi va uning oilasi istiqomatgohi oʻnglab boʻlmas darajada nuragan, buzilgan, tomlari oʻpirilib tushgan edi. Bobur Mirzo qabri tepasidagi soddagina, moʻ‘jazgina maqbaraning tomi vayron boʻlgan, devor-ustunlarida behisob oʻq izlari qolgan edi.

Ammo bu yerda ham koʻngilni koʻtaradigan voqealar sodir boʻlmoqda — bogʻda mashhur xalqaro Ogʻaxon jamgʻarmasi homiyligida ta’mirlov boshlangan — Shimol va Sharq tomonlarga devor tiklangan, maqbaraning Gʻarb tarafidagi namozgohda quruvchi-ta’mirlovchilar shiddat bilan ishlashmoqda edi.

Oʻkinch Va Suyunch Hamisha Yonma-Yon

Bomiyonda qiladigan jiddiy ishimiz yoʻq edi. Yoʻl ham rasvo, buning ustiga asosiy yoʻldan burilib, ancha ichkari kirilar edi. Qolaversa, u joylarda hali xavf-xatar butunlay bartaraf etilgani yoʻq, degan gaplar qulogʻimizga chalingan edi. Lekin biz tolibonlar vayron qilgan bir necha ming yillik tarixiy obidalar — budda haykallarini bir koʻrib qaytish istagida moshina chambaragini Gʻazna — Kobul yoʻlidan Gʻarbga qarab burdik. Bizda u ulkan va mahobatli (axir, boʻyi 54 metr, deb oʻqiganmiz) tosh haykallarning loaqal bir qismi sogʻ qolgandir, degan umid bor edi. Afsuski, umidlarimiz puchga chiqdi. Har uchala (er, xotin va bola siymolari aks ettirilgan) ma’budaning — san’at asarining oʻrni qolgan edi, xolos.

Bomiyondan ma’yus taassurotlar bilan qaytib, yana Kobul yoʻliga tushib oldik. Yoʻl togʻ oraliqlari — baland-past, vahimali dovonlardan iborat edi. Bir joyda koʻprik qurilishiga duch kelib qoldik. Inshoot atrofida Toshkentdan, Andijondan, umuman, Oʻzbekistondan kelgan texnikalar — buldozer, skreyperlar ishlamoqda edi. Bilsak, «Oʻzavtoyoʻl» davlat aktsiyadorlik kontsernining quruvchilari ekan. Ularning boshligʻi, kontsernning maxsus ishlar boʻyicha bosh muhandisi Sodiqjon Xoliqov ham shu yerda ekan. Ma’lum boʻlishicha, bu yoʻl quruvchilarimiz tomonidan bitkazilayotgan 8-koʻprik ekan.

Biz oʻz vatandoshlarimizning bu beminnat yordamini koʻrib quvondik.

Qaydasan, Ishkamish?

Boborahim Mashrabning Balxda qatl qilinib, shu joyga dafn etilgani va lekin qalbi oʻtligʻ shoirning Ishkamishda ham qabri borligi manbalardan ma’lum. Biz avvalo hamyurt shoirimiz qabrini ziyorat qilish va uning jasadi-hoki Ishkamishga qay tarzda borib qolgani haqidagi rivoyatu naqllarning qaysi biri rostu, qaysi biri yolgʻon ekanligini aniqlashni ham dilimizga tugib qoʻygan edik.

Puli Xumri viloyati hokimi muhandis Muhammad Umar avvaliga «u yonlar notinchroq, yoʻli ham yaxshi emas», deb bizni qaytarmoqchi boʻldi, ammo niyatimizning qat’iyligini bilgach, viloyat gaz va neft boshqarmasi boshligʻi, ishkamishlik hoji Abdul Qodirni qoʻshib berdi.

Boborahim Mashrab qabri qishloqning Gʻarb tomonidagi yassi bir tepalikda edi. Ziyoratgohga kelayotgan ayollar koʻp edi, bilsak, chorshanba — xotin-qizlar ziyorat qiladigan kun ekan.

Maqbara — maqbara emas, guvala-loydan tiklangan, shiftlari oddiy, hari-toʻsinli, oʻrtacha hajmdagi bir uy, hujra edi. Oʻrtadagi qabr atrofi taxta-yogʻoch bilan supasimon qilib oʻralgan va ustiga zangori duxoba yopilgan edi.

Hoji Abdul Qodir bizning kelganimizdan xabar bergan edi, hademay ulus, ya’ni tuman valiysi, qoʻmondoni, mahalliy aholi vakillari, Mashrab qabriga yaqin joyda yashovchilar toʻplanishdi.

Biz Boborahim Mashrabning bu ovloq tepalikdan qoʻnimgoh topishi sabablari bilan qiziqdik. Afsuski, ular ham Boborahim Mashrab haqida Oʻzbekistonda chop etilgan kitoblardagi ma’lumotlardan, uning qabrlari tarixi toʻgʻrisida esa, bizga ma’lum boʻlgan afsona va rivoyatlardan boshqa manba va axborga ega emas edilar. Lekin eng muhimi, ular Mashrabning mashhur shoirligini bilishar, uni Sho Mashrabi Qalandar, deb atasharkan. Hujraning devorlariga oʻzbek va fors-tojik tillarida Mashrab gʻazallaridan parchalar bitilgan matolar ilingan edi.

Bir moʻysafid bizga Mashrabning bundan yuz yillar avval Buxoroda chop etilgan devonini taqdim etdi. Umuman, Ishkamish bizda alohida taassurot qoldirdi. Bu yerda oʻzbeklar koʻp va ular oʻz tillarini yaxshi bilishar, Oʻzbekiston haqidagi tasavvurlari, fikrlari yaxshi edi.