OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Zuhra Mamadaliyeva. Ona (hikoya)
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifZuhra Mamadaliyeva
Asar nomiOna (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Zuhra Mamadaliyeva
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ona (hikoya)
Zuhra Mamadaliyeva

Xosiyat momo bu yil ikki kam yuzga chiqadi. Lekin hali bardam, g‘ayratligina. Sahar oʻrnidan turib bomdoddan soʻng, hovli yuzi – chorvog‘ni aylanadi. Aylana-aylana ichida duo oʻqiydi. Qaddi bukilgan mevali daraxtlarga ayri qoʻyadi. Yoʻlak ostidagi toshmi, kesakkami koʻzi tushsa, hassasi bilan turtib-turtib,chekkaga opchiqib tashlaydi. Keyin asta uyiga qaytadi. Nevara kelinlarining endi turayotganligini koʻrib, jahli chiqmaydi: bular yosh-da hali, uyquga toʻymaydi.

Uyi hovlining burchagidagi kichkina xona. Ichidan zax aralash qalampirmunchoq ichi keladi. Toʻrda taxmon, ikki yonida tokcha. Taxmonda kampirning koʻrpa-yostiqlari yig‘uvlik turadi. Yerda kigiz toʻshalgan. Uning tagi avval xas boʻlardi. Bultur nevaralari qoʻyarda-qoʻymay pol qilib berishdi. Poli qurmagur yaxshi-yu, ammo odam sirpanib ketishi bor ekan. Kampir ikki marta sirpanib yiqilishiga oz qolgan. Yaxshiyam ikki martayam kichkina kelin ushlab qoldi.Shu nevara kelini yaxshi chiqdi-da, holidan xabar olib turadi. Baraka topsin.

Taxmon tepasidagi mixda non osig‘lik. Bir tishlangan non. Mahkamboyning nasibasi. Taxmondagi sandiqda onaning bisoti bor – oʻlimligi. Chap tomondagi tokchada qand-qurs bor, chevaralari kirsa, baholi qudrat ushatib beradi. Gohida shoʻx chevaralari qutini qoqlab qoʻyishadi. Oʻng tokchadagi qutida esa uchburchak qilib taxlangan, sarg‘ayib ketgan xatlar bor: Mahkamboydan kelgan. Gohida chevaralarni chaqirtirib oʻqitadi. Oʻqitib-oʻqitib, yig‘laydi.

Xosiyat ona toʻqqiz farzand koʻrdi: toʻrt oʻg‘il, besh qiz. Oʻg‘illarning uchtasi urushga bordi. Ikkitasi mayib-majruh qaytib keldi. Shunisigayam shukur. Biroq toʻng‘ichi Mahkamboydan haligacha darak yoʻq...

Xosiyat momo uyiga kirib, biroz dam olar-olmas, kenja kelin Manzuraxon kirdi:
— Buvijon, yuring, choy tayyor.

Ona uzun, keng yoqali, koʻylagi ustidan baxmal nimchasini kiydi. Boshiga oq qars yopindi.
— Keling, ayajon, — kelini Ruxsatoy kampirning qoʻltig‘idan olib supaga chiqardi.
— Shunga bir zinapoya qilish kerak ekan-da, — dedi oʻrtancha nevara Usmonjon.
— Voy, xudoyim-ey,— og‘ir tin oldi kampir. — Qarib qopman, bolalarim... keyin tuyqus ma’yus tortadi. – Mahkamboyim kelguncha ketib qolmasam goʻrga edi.

Choydan soʻng xamma ish-ishiga ketadi. Ruxsatoy bilan Xosiyat kampir uyda kolishadi. Ha, hozir Manzura kelin xam uyda. Emizikli bolasi bor.

Manzura kelin ovqat kiladi. Xosiyat ona Ruxsatoy bilan jujuqqa qara-ab oʻtirishadi. Shunda Xosiyat ona zerikadi. Hassasi bilan bir-bir bosib tag‘in chorvoqqa oʻtadi. Mevalardan bitta-yarimta shoxidan uzib olib yeydi. Ruxsatoy bilan Manzura kelingayam ilinadi. Maktabdan qaytgan nevalarini qistaydi:
— Boqqa oʻtib meva yesalaring-chi. Biram pishgan-ki, jonivorlar...

Urushdan sa-al burun, olma pishig‘ida eri dunyodan oʻtdi. Xosiyatoy toʻqqiz bola bilan chirqillab qolaverdi. Boshga tushganni koʻz koʻrar ekan. Xosiyatoy kolxozda ishladi. Gʻoʻza chopdi. Paxta terdi. Bug‘doy oʻrdi. Kechalari birovga kamzul tikdi, birovga nimcha. Bolalarining yetimligini bildirmadi. Qizlarni joy-joyiga qoʻydi. Oʻg‘illarni uyladi. Biroq, Mahkamboydan darak boʻlmadi. Oʻshanda bir-ikki kayvoni qarindosh «aza ochaylik», deganday qilishdi. Xosiyatoy asti rozi bulmadi. Koʻzidagi yoshini artib tashladi. «Soppa-sog‘ joʻnatgan bolamga qanday aza ochaman», dedi. «Bolaginam tirik, bir kuni keladi», dedi.

Nevaralar tug‘ildi. Katta boʻldi. Ular harbiyga ketsa, Xosiyat xola yuragini hovuchlab turdi. Xayriyat, hammasi sog‘-omon qaytdi. Lekin... Mahkamboydan darak yuk... Oʻshanda... huv, urush paytida bir boʻlak qog‘oz keluvdi «bedarak yoʻqoldi» degan. Shu-shu boshqa xabar yoʻ¦q.

Kenjasini uylantirgan yili bolalar gap topib keldi. Oʻrda xiyobonida urushga qatnashganlarning nomi oʻyib yozilgan devor tiklanibdi. Devorning tagida yerdan olov chiqarmish. Oʻsha olov hech oʻchmasmish. Oʻsha devor ichida... Mahkamboyniyam oti bormish.

Xosiyat momo egniga kamzulini kiyib yulga tushdi. Oʻrdaga bordi. Aytganlari chin ekan. Toshdan ishlangan uch haykalning oʻng yonboshida uzu-un, tik devor. Unda juda koʻp nimalardir yozilgan. Yerda esa besh yulduzni ichidan olov chikayapti. Hech kim yoʻ¦q. Xiyobon ichi sukutga choʻmgan. Xosiyat momo yerga oʻtirdi. Yig‘ladi. Aytib-aytib yig‘ladi:
— Ayaginang oʻlsin, Mahkamboy! Qaerlarda yuribsan, bolaginam?! Diydoringni bir koʻrarmikinman, yo armonda ketarmikinman, bolajonim...

Yillar oʻtdi. Besh qizning ikkitasi qazo qildi. Taqdir ekan. Bir oʻg‘il ham dunyoga sig‘madi. Xosiyat momo bolalariga koʻp kuydi. Biroq, tez orada oʻzini tutib oldi.
— Mahkamboyni bir koʻrmay, qanday ketaman,— dedi oʻziga oʻzi.

Xosiyat momoning koʻzi hali ravshangina. Kelini Ruxsatoy tikish qilsa, ipini oʻtkazib turadi.

Uyida sim radio bor. Kampir oʻshani eshitishni yaxshi koʻradi. «Mahkamboy haqida hech nima demasmikin?» deb quloq soladi. Momo televizorni yomon koʻradi. Nuqul oʻrischa gapiradi. Sochi sariq qizlar etagi qirqilgan koʻylak kiyib, yaxda sirpanishadimi-ey, bir toʻda bolalar toʻpning orqasidan yugurashidimi-ey... Boshqa qiladigan ishlari yoʻqday. Gohida qizlari onani uylariga opketishadi. Ona baribir ularnikida bir kechayam yotolmaydi. Buning ikkita sababi bor. Avvalo, Mahkamboy kelib qolsa, bolalar yaxshi kutib olarmikin, degan andisha boʻlsa, ikkinchisi televizor. Bir kuni oʻrtancha qizinikida ona-bola gaplashib oʻtirishgandi. Birdan chiroq oʻchib qoldi.
— Ana uni yoqib qoʻy, Toʻxtaoy,— dedi ona qiziga.— Oʻlsin, oʻrischa gapirsayam yorug‘ida oʻtiramiz.

Shunda nevaralar rosa kulishdi. Kula-kula televizor deganlari chiroq boʻlmasa ishlamasligini, oddiy bir qutiga aylanib qolishini tushuntirishdi.

Keyingi paytda darvozani taqqillatib, narsa sotib yuruvchilar koʻpaydi. Choynak–piyola, paypoq-saypoq sotishadi. Yashash qiyin boʻlayotganligidan, maoshlari yetishmasligidan nolishadi. Ona ularga choy tutadi. Choy bahona nasihat qiladi. Shukur qilishning xosiyati haqida, burungi kunlar haqida gapiradi. Gohida ulardan mayda-chuyda buyum oladi. Paypoq, mayka deganlariday. Ularni sandig‘iga solib qoʻyadi. «Mahkamboy kelganida beraman», deydi.

Olmalar g‘ujg‘on gulga kirgan avji koʻklam pallasi edi. Radioda ovoza tarqaldi: g‘alabaga oltmish yil boʻlibdi.
— Shuncha yil oʻtipti-ya,— oʻyladi Xosiyat kampir. — Xuddi kuni kechagiday. Yigitlar kelishdi gurras–gurras. Shaharu qishloqlar toʻlib qoldi. Biroq sog‘idan bemori koʻp. Birovining qoʻli, birovining oyog‘i yoʻq. Lekin hech biri nogironligini pesh qilmadi. Barisi ter toʻkib ishladi. Qolgan umrimiz foydaga qoldi, deb ishladi ular. Xudoga shukur qilib ishladi. Esida, ikki qoʻli yoʻq bir qoʻshnisi bozorqoʻm boʻlib, qancha mehnat qildi. Chayqovchilarni bozorga yaqin yoʻlatmadi. Shungayam oltmish yil boʻpti-ya...

Xosiyat ona Manzura kelinning kichkinasi Shodmonjonning beshigini tebratib oʻtirar, uyda qaynona-kelin manti qilishayotgandi. Eshik taqqillab qoldi. Xosiyat ona boshidagi qarsini toʻg‘rilab, oʻrnidan turgunicha, oshxonadan chopqillab kelgan Manzura kelin eshikni ochdi.

Darvozadan past boʻylik, havo issiq boʻlsa ham qop-qora kostyum-shim kiygan rangi zaxil kishi kirdi. Manzura kelin salom berdi.
— Xi, tak... volaykum... Xosiyat onaning uyi shumi?— soʻradi u ostonada tik turganicha qoʻlidagi daftarini bir ochib koʻrib.
— Ha, ha, keling. Mana shu kishi bizning buvimiz Xosiyat ona boʻladilar.

Mehmon yuzidagi ajinlari qavat-qavat, sochlarining qorasidan oqi koʻp boʻlsa ham, nimasi bilandir yosh bolaga oʻxshardi. U supaning chetiga omonatgina oʻtirdi. Soʻng yana soʻradi:
— Xosiyat ona siz boʻlasizmi?
— Ha, aylanay... – kampir mehmon bilan soʻrashdi. Ota-onasi , bola-chakasi, hovli-joyini soʻradi. Mehmon «rahmat, rahmat» deb oʻtirdi. Keyin kissasini kavlab, xizmat guvohnomasini chikardi.
— Men viloyat gazetasidanman. Tegizboy Eshonberdiev.— Keyin birdan kampirning savodi yoʻqligini eslab qoldi shekilli, qizil guvohnomani Manzura kelinga koʻrsatdi. Manzura kelin boshini qimirlatib qoʻydi.
— Keling, aylanay,— dedi Xosiyat kampir. – Siz, bolam, darrov, choy...

Manzura kelin oshxona tomon yoʻnaldi.
— Ikkinchi jahon urushi tugaganiga 60 yil boʻldi.
— A... ha, urush toʻxtaganigami ... shuncha vaqt oʻtibdi, bolam,— dedi kampir muxbirning gaplariga zoʻrg‘a tushunib. Keyin oʻyladi: «Haliyam radiyol eshitganim. Boʻlmasa buning nima deganini tushunmasdim.»
— Ha, — dedi muxbir ijirg‘ilanganday, keyin daftarini yana bir ochib koʻrdi. – Shu urush yillari haqida gapirib bersangiz... Gazetamizga yozamiz.
— Urushni nimasini gapiraman... Nomi oʻchgur urushga bormagan boʻlsam...

Bu orada Manzura kelin keldi. Dasturxon yozdi. Choy – non, shirinlik qoʻydi.
— Hoy, bolam, Siz oʻtiring,— dedi kampir nevara keliniga. Keyin muxbirga yuzlandi:— Yaqinroq oʻtiring, oʻg‘lim. Nonga qarang.

Muxbir zoʻrg‘a bir hoʻplam choy ichdi. Ona uni dasturxonga qistay-qistay urush yillaridagi voqealarni aytib berdi:
— Erkaklar urushga ketgan, bolam. Oʻzimiz qoʻsh xaydab, ekin ekardik. Mola bosardik.

Muxbir gaplarni noroziday eshitdi. Birortasiniyam daftariga yozib olmadi. Oxiri :
— Endi...— dedi— onaxon, uch oʻg‘lingizdan bittasi urushdan qaytmagan ekan. Ikkitasiyam nogiron boʻlib kepti.

Kampir indamadi. Muxbir davom etdi:
— Nogironiyam, mayli... qaytmaganini ayting. Masalaga davrimiz koʻzi bilan qaraydigan boʻlsak, ular xato g‘oya, xato mafkura qurboni boʻlgan-da, toʻg‘rimi?
— A?— ona tushunmaganidanmi, yo hayratdanmi, angrayib turar, yuzidagi ajinlar ham tekislanib ketganday edi.

Manzura kelin bir buvisiga, bir muxbirga qarardi.
— Mana, tushunmayapsiz-da, onaxon,— muxbir qoʻlidagi daftarni yoniga qoʻydi. Supaga yaxshi joylashib olib, jon kuydirganicha tushuntira ketdi:— Gitler bizning yurtimiga bostirib kelmagan edi-ku. Bizning mustamlakachilarimiz bilan urushayotgan edi-ku. Qoʻyavermaymizmi, bir-birini yemaydimi, ular? Bizning gumanistligimiz boshimizga balo. Qilichday yigitlarimizni qurbon qilganimiz yetmaganday, yetimlarini boqqanmizmi-ey?... «Sen yetim emassan», deb she’r yozganmizmiey?... Ey, oʻsha paytda bizning xalqqa ong yetishmagan-da, ong. —Muxbir shunday deb qoʻlini siltadi. Keyin yana onaga qaradi: — Bu fikrga Siz nima deysiz, onaxon? Oʻtmishning emas, bugunning kishisi, mustaqil yurtning fuqarosi sifatida nima deysiz? Farzandini behuda qurbon bergan ona sifatida qanday munosabat bildirasiz?

Xosiyat ona boshini egdi. Chuqur xoʻrsindi. Keyin muxbirga qaradi. Uning koʻzlari yoshdan xira tortib ketgan edi.
— Gaplaringizga tushunmadim, bolam. Nimalar deyapsiz, mening Mahkamboyim hali oʻlgani yoʻq. Erta-indin kelib qoladi, koʻrasiz.

Momo ortiq gapirolmay, oʻpkasi toʻlib jimib qoldi. Soʻng asta-sekin oʻrnidan qoʻzg‘alib, Manzura kelini yordamida ichkari kirib ketdi.

Muxbir uning ortidan hangu-mang qarab turar edi: «Ob-bo-o, kampirning esi ham kirarli-chiqarli boʻb qolibdi-yu...»

Xosiyat momo uch kun toʻshakka mixlanib qoldi. Bola-chaqalarini yig‘ib, rizolashgan boʻldi. Soʻng kechga yaqin tepasida osig‘liq turgan nonga – Mahkamboyning nasibasiga termulib jon berdi.