OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifZuhriddin Isomiddinov
Asar nomi«Rabita» emas, «robita»
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Zuhriddin Isomiddinov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
"Hurriyat" gazetasidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Rabita» emas, «robita»
Zuhriddin Isomiddinov

Tasavvur qilingki, charxi falak bir evrilib, Mahmud Koshgʻariy ming yil naridan tirilib keldi-yu, siz u kishiga: «Bobojon, ciz «Devonu lugʻotit turk» kitobingizda, men turkiylar yurtining hamma joyiga sayohat qilib, bu tillarni eng nozik jihatlariga qadar birma-bir oʻrganib chiqdim, degansiz. Shu... «Tarona Bitiruvchi 2005» nima degani?» – deb savol berdingiz. Men ul zotning oʻsha onda javob qaytarishiga ishonmayman. Hoynahoy, Koshgʻariy ham oʻylab-oʻylab, «Bu biron yulduz yo sayyoraga munajjimlar qoʻygan nom boʻlsa kerak», deb tusmollasa ajabmas.

Yoʻq, turk tillarining otasi Mahmud Koshgʻariy ham, buyuk Navoiy ham «Tarona Bitiruvchi 2005» neligini bizga talqin qilib berolmaydi. Hozirgi tilchilardan birontasi ham buning nimaligini izohlashdan ojiz. «Tarona Bitiruvchi 2005» kalimasidagi har bir soʻz oʻzbekcha, ammo oʻzi oʻzbekcha emas, demak, oʻzbekniki emas. Ona tilini biladigan, elu xalqni hurmat qiladigan oʻzbek bunday fikrlamaydi, bunday deb yozmaydi ham.

Ma’lum boʻlishicha, bolalarning oʻrta maktabni bitirish sharafiga poytaxtdagi «Xalqlar doʻstligi» saroyida oʻtgan kontsertning nomi ekan bu!

Maktabni xatm qilganlarga yetuklik attestati beriladi. Zero shu damdan boshlab, u yetuk odam hisoblanadi, allaqanday «bitiruvchi» emas. Demak, har bir odamning umrbod yodida qoladigan bu kundagi kontsertni chulchutchasiga «Tarona Bitiruvchi...» deb emas («Melodiya vipusknika...»ning beoʻxshov oʻgirmasi!), sal oʻzbekcharoq, biroz samimiyroq qilib «Yetuklik taronasi - 2005» desa, kim xafa boʻladi?

Gap odamning qaysi tilda koʻproq soʻzlashida emas, balki qaysi tilda oʻy oʻylab, fikr qilishida. Oʻrischa oʻylab, shuni oʻzbekcha qilib gapiradigan odamning nutqidagi oʻzbekcha ifodalar ham rus tiliga xos shaklu shamoyilda boʻladi, albatta.

Oʻrischa ta’lim-tarbiya olganlarni qoʻya turaylik. Yana, koʻp maqolalardagi «ba’zi birovlar» deganday adressiz yumshoqlikdan ham voz kechaylik-da, yaxshigina suxandon boʻlib tanilgan, endi esa eng bozori qizigan qimor turi – «Oʻzloto»da javlon urayotgan Muzaffar Mirzabekov inimizni bir chandib oʻtaylik. Ya’niki, Muzaffarbek «Oʻzloto»ni «Uzloto» deb gajak qiladi. Oʻrisning-ku, iloji yoʻq – ruschada til oldi «oʻ» yoʻqligidan «oʻzbek» deyishga qovushmay, noiloj unga yaqinroq boʻlgan «u»ni qoʻllab, «uzbek», «Uzbekistan» deydi. Ammo siz... oʻzbek boʻlaturib, ona xalqimiz nomini aytishga tilingiz kelishmagani nimasi, inim? Hech boʻlmasa, ortingizdagi titrga qarang – xoʻtukday harflar bilan «O’zlotto» deb yozib qoʻyilgan, «Uzlotto» emas!

Yetakchi uyali telefon aloqasi mahkamasining nomi «Oʻzdunrobita» edi. «Uzdunrabita» deya «madaniy» talaffuz etadigan suxandonlar kalom boshidagi «Uz...» – Oʻzbekiston ekanini bilishadi, ammo «madaniy» qilib «Uz» deya talaffuz etishadi. Holbuki, «Oʻzdunrobita» – «Oʻzbekiston+dunyo = robita»ning ixcham shakli (robita – arabchadan oʻzbekchaga oʻtgan, kommunikatsiya degani). Oxiri «O’zdunrobita» tashkiloti ham bir yumalab, «Uzdunrobita» boʻlib oldi. Uni yoysak, mantiqan «Uzbekistan-dun’ya+robita» boʻladiki, endi uni oʻris ham tushunmaydi, oʻzbek ham.

Buyam holva.

Xudoning bergan kuni taniqli diktor Mirzohid aka: «Korxonangizni tekshirishga kelganlar «Tekshiruvlarni hisobga olish kitobi»ga yozishlari shart, bundan boʻyin tovlagan kimsa esa qonunni surbetlik bilan buzmoqda» deb yakkash bir matnni oʻqir edi... Ajab, deysiz, kitobga yozmasa, surbet emas, odobli, yaxshi odam ekan-ku? Madaniyatli odam kitobga yozib-chizmaydi-da! Shoshmang, «Kniga ucheta proverok»dagi «kniga» – «kitob» emas... «daftar» boʻlib chiqmasin, tagʻin? «Zachetnaya knijka» – «Sinov daftarchasi», «Sberegatelnaya knijka» – «Omonat daftarchasi» boʻlganiday? «Kniga» bu oʻrinda kitob emas, daftar degani-ku? Oʻzbekchada daftarga yoziladi, kitobni esa oʻqiymiz.

Ochiq aytish kerak, davlat tili haqidagi qonunning oʻzak moddasi – barcha hujjatlar davlat tilida tayyorlanadi, lozim boʻlsa boshqa tilga tarjima qilinadi, degan qoidaga amal qilinmayapti. Bil’aks koʻp davlat hujjatlari rus tilida tayyorlanyapti, koʻrib chiqilib, tahrir qilinyapti, ma’qullangach, nihoyat... xoʻjakoʻrsinga oʻzbek tiliga oʻgirib qoʻyilyapti.

Xuddi shu asnoda ona tilimiz xossalari barbod boʻlib ketayapti. Chunki boyagiday son-sanoqsiz yozishmayu hujjatlarni koʻp tashkilotlarda oʻzbekcha savodi haminqadar boʻlgan kosiblar oʻgiradi. Bundaylar «prinimat tabletku» degan kalimani dori ichish deb emas, «tabletka qabul qilish» deb agʻdaradi. Yo boʻlmasa, «vannaga tushish», «vannada choʻmilish» degani ularga yot, ular vannani ham... qabul qila beradi. Chunki ruschada «prinimat vannu»-da. Holbuki, oʻzbek tilida vanna qabul qilish deganda omborchi yo magazinchi uni tovar sifatida ombor yo doʻkonga, qabul qilishi, ya’ni tushirib olishi anglashiladi, xolos.

Tarjima – ogʻir ish. Istagan odam tarjimon boʻlib ketavermaydi. Koʻp vallomatlar bunga kelganda dosh berolmaydi. Manaman degan professorlar ham ikki bet qogʻozni eplab tarjima qilolmay, yer chizadi. Zero til tabiati shunchalar murakkabki, uni hech bir matematik formulayu aljabrga sigʻdirib boʻlmaydi. Tilni shunchaki «anglash» kifoya emas, uni juda teran his etish, qilday farqni qirqqa ajrata oladigan zukko boʻlish kerak.

Ona tilini yaxshi bilmagan, uning tabiatini anglamagan tarjimon asliyat tili ta’siriga tushib, oʻzga til xossalarini koʻr-koʻrona ona tiliga oʻtkaza boshlaydi. Masalan, koʻplikni anglatuvchi «lar»ni qoʻllashni olib qaraylik. Chaqaloq dunyoga kelgach... «kengayayotgan koʻkrak qafasi burishib yotgan oʻpkalarni tortadi, yozilayotgan oʻpkalar esa oʻzlari bilan havo oqimini ham jalb etadi va shu tariqa atmosfera havosi oʻpkalarga bosim ostida kiradi» («Hurriyat», 2004, 2-iyun). Aslida, «legkie»ni – oʻpka deyish oʻrniga oʻpkalar deb tarjima etgan odamdan oʻpkalab oʻtirish shart ham emas. Negaki, uning muallifi yozuvchi emas, tibbiyot xodimi ekan. Gazeta ham buni ta’kidlab, muallifning ismi ortidan «shifokor» deb eskartma beripti. Ajab, shifokor degani oʻzbek emas degan pattami, yo boshqa kasb ziyolilariga tilni poymol qilaverish huquqi berilganmi?

...Saksoninchi yillarning oʻrtalari edi. Til va adabiyot instituti ilmiy kengashining til masalasiga bagʻishlangan yigʻilishida bir olim «Oʻzbek tilida koʻplikni anglatuvchi vositalar» degan mavzuda ma’ruza qildi. Asosiy fikr – til yillar osha oʻzgarib boradi, shu qatori, koʻplikni anglatadigan grammatik belgilarni qoʻllash ham yangilanadi, degan gap ekan. Ilgari jumlada koʻplikni bildirish uchun asosan «ish» (yugurishdi, aytishdi) qoʻllangan boʻlsa, keyingi chorak asrda koʻproq «lar» (ovoz berdilar) ishlatilayotgan ekan. Tilchi olim gazeta-jurnallar tilidan koʻp misollar keltirdi, oldingi davrdagi shunday manbalarga qiyosladi, pirovardida fikrini isbot qildi.

Shunda, Izzat Sulton savol tashladi:
– Xoʻsh, modomiki tilda koʻplikni anglatish shakli oʻzgarayotgan ekan, bunga sizning munosabatingiz qanday?
– Munosabat... mening munosabatim yoʻq, domla.
– Ajab, nega endi munosabatingiz yoʻq?
– Ha endi, men tildagi oʻzgarishlarni kuzatdim va shunday xulosaga keldim... Shu. Bu yerda munosabatning nima keragi bor?

Izzat Sulton biroz qizishdi:
– Qiziq, sizday tilshunoslarningki ona tilimizda yuz berayotgan hodisalarga munosabati boʻlmas ekan, unda kimdan oʻpkalashimiz kerak oʻzi?..

Oradan yigirma yilcha vaqt kechdi. Bu orada talay narsalar, jumladan tilga munosabat ham ancha yangilandi. Ammo olim xalqi juda qat’iyatli toifa boʻlar ekan, ana oʻshalarning tilga munosabati bir qatra ham oʻzgarmadi. Aksar tilshunoslarimiz hamon lingvistika doirasidan tashqari chiqolmay, asosan grammatik qoliplarni oʻrganish, tasnif qilish bilan ovora, ekstralingvistika maydoniga ham chiqib borishga yuraklari dov bermaydi. Biron tilchi odam yoʻqki – «Hoy azizlar, oʻzbek tilida «fanlar» (yoki ilmlar) deb gapirilmaydi, «fan» yoki «ilm» desak kifoya-ku», deb aytmaydi! Fanlar akademiyasi degani «Akademiya nauk»ning harfma-harf tarjimasi emasmi?

«Pul» ruschada «dengi» boʻladi, chunki bu tilda «dengi»ning birlik shakli yoʻq.Oʻzbek tilda esa «pullar» degan ifoda yoʻq, oddiygina qilib «pul» deymiz-qoʻyamiz, million yo milliard soʻm aqcha boʻlsa ham. Nega, deyishning oʻrni emas, shunday, vassalom. «Akademiya» soʻzi ruschada aksar koʻplikda keladi – «Akademiya iskusstv», «Akademiya xudojestv» kabi. Inchunin, «Dom znaniy»ni «Bilimlar uyi» yoki «Den znaniy»ni «Bilimlar kuni» deyish ham tilbuzar odamlarning gapi.

Endi, akademiyaki har bir kalimasiga «lar-lar» qoʻshib tursa, oddiy shofyor nima qilsin? «Chur-r» etib melisa hushtagini chaladi. Haydovchi shoʻrlik, kayfi baland shekilli, kabinada oʻltirgan koʻyi, nazoratchiga boʻljayib qarashdan boshqaga yaramaydi.

Avtoinspektor soʻraydi:
– Ichdingizmi?
– Xxa! («ha» deyishga tili kelishmadi – oʻzbek emas ekan. Ammo mard odamga oʻxshaydi, aybini dangal boʻyniga oldi).

Bunaqa tap tortmas haydovchini umrida endi koʻrib turgan melisa bola vaziyatni oʻzi yumshatishga harakat qiladi:
– «Akva»nimi?
– Xxa!
– Yutdingizmi?
– Yoʻq...
– Men esa, yutdim! (furajkani yechib, «Akvakepka»ni kiyib tirjayadi)

Suv ichib mast boʻlgan haydovchi oxirgi marta «Xxa!» deya hayqiradi-da, mashinasidan irgʻib tushib, qahratonning sovugʻida sharfini boʻyniga qayta chirmab, muzdekkina «Akva»ni maqtashga tushib ketadi: uni ichgan odamga nima uchundir «uch yuzta shapkalar, besh yuzta maykalar» berilar ekan.

Baraka top, birodar, oʻzbekchani xiyla oʻrganibsan, ammo ustozlaring oʻzi tildan bexabar kimsaga oʻxshaydi. Ularga aytib qoʻy, oʻzbekchada «toʻrt nafar odamlar keldilar» emas, «toʻrtta odam keldi», desa kifoya. Shuning uchun shapkayu maykaning soni aniq boʻlsa, unga «lar» qoʻshilmaydi, bu xato.

Umuman, keyingi paytda «lar»ni qoʻllashga ruju qoʻyildi. Chunonchi, «dlya etix tseley» deyilsa, uni hozir aksari «bu maqsadlar uchun» deydi, «shu maqsadda» desa, kifoya-ku? Nima, ruslarda darvoza (vorota) koʻplikda kelsa, biz ham «asliga toʻgʻri» qilib, «darvozalar» deyishimiz kerakmi? Rus tilida ikki, qoʻsh ma’nodagi narsalarning hammasi koʻplikda («glaza», «ushi»), oʻzbekchada esa, aksar holda birlikda keladi («koʻzim», «qulogʻim»). «Sapogi» – «etiklar» emas, «etik», «bryuki» – «shimlar» emas, «shim», «spichki» esa «gugurtlar» emas, «gugurt». Va hokazo.

Ona tilimizda bitta bolani sinfkomligiga oʻtkazish ham saylov, ikki yuzta odam deputat boʻlishi uchun ikki yuz million odam ovoz bersa ham saylov, vassalom, saylovlar emas. Hozir saylovni saylovlar deb ishlatayotganlar bu soʻzning rus tilidagi shaklini ham (vibori) aynan koʻchirib qoʻllashayotganini bilishmaydi shekilli. Shu singari, «tanlovda gʻolib chiqdi» deyish kerak», «tanlovlarda» emas.

Kattakon bir korxona «Toshkent quvurlar zavodi» deb nomlanibdi. Ajab, «Toshkent quvur zavodi» desa, unda bir dona quvur ishlab chiqargan boʻlib qoladimi?

Til tabiatini his etmaydigan odam eplab-seplab tarjima qiladi, asliyat tiliga xos jihatlarni koʻr-koʻrona qoʻllayveradi, eng chatogʻi – uning tarjimasini oʻzi kabi odamlar oʻqib-oʻrgansa, ommalashib ham ketadi.

Ruschadagi «kem-chem» soʻrogʻini olib qarang. U koʻpincha «bilan» deb tarjima qilinadi. (On prishyol s ottsom – U otasi bilan keldi). Biroq doimo shunaqa qilib oʻgirish xato. Masalan, hashar oʻzimizniki, Sharqniki. Shu bois, u ruschaga ham oʻz oti bilan «xashar» boʻlib kirgan. Ammo ruscha oʻylab, oʻzbekcha gapiradigan odamlar borki, ular hatto hashar haqida ham oʻristaxlit qilib, «hashar yoʻli bilan choyxona qurildi» deb aytishadi, shunaqa deb yozishadi. Chunki ruschada bu gap «putyom xashara» deb beriladi-da (put – yoʻl, putyom – yoʻli bilan).

Eng asl milliy xususiyatlaru udumlarimizga oid gaplarni ham ruscha ifodalayotgan ekanmiz, bu oʻzbekcha tafakkur tarzi patorat topayotganini koʻrsatmaydimi? Qashqar yoʻli, Jizzax yoʻli degani-ku, toʻgʻri, ammo «hashar yoʻli» degani nimasi? Hashar qilib qurdik, desa kifoya emasmi?

«Put», darhaqiqat, «yoʻl» degani. Ammo «dengi, dobыtie prestupnыm putyom» degan jumlani «jinoiy yoʻl bilan topilgan pullar» deb oʻgirilgan boʻlsa, bu oʻzbekcha emas. Xalq «Jinoyat orqasida topilgan pul» deb aytadi, vassalom. Yana. Shartnoma yoki bitimda muammolar... « razreshayutsya putem peregovorov» deb belgilangan boʻlsa, u «muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan hal etilishi»dan koʻra «muzokaralar orqali bartaraf etilishi» durust.

Har oqshom «Axborot» yakunida ob-havochi qizlar chiqib kelib, salom berish oʻrniga dabdurustdan «Doktor MOM – shamollashga qarshi eng yaxshi vosita» deb bidirlay boshlar ekan, bu narsa oʻzbek tili globallashuv jarayonidagi tillararo kurashda tor-mor boʻlganini dangal e’tirof etishdir. Qay bir savodsiz «sredstvo» (dori)ni «vosita» deb soʻzma-soʻz agʻdargan ekan, bu – uning saviyasi. Ammo endi uni tinimsiz reklama qilish «Doktor MOM»ni sotib olishga da’vatdan tashqari, oʻzbek televideniesi oʻzbek tilini buzishga astoydil kirishganining bir dalili ham boʻlib qoldi.

«Talant» degan soʻzni oling. U rus tilida 1) «kishidagi iste’dod, kuchli qobiliyat» va 2) «qobiliyatli kishi», degan ikki ma’noga ega. Oʻzbekchada esa uning faqat birinchi ma’nosi mavjud. Basharti biz tilimizni «boyitish»ga kirishib, keyingi ma’noni ham unga tiqishtirsak, bu bilan til boyimaydi, balki oʻziga xosligini yoʻqota boradi. Chunonchi, «Talantlivыy pisatel» – «iste’dodli adib». Ammo «Molodыe talantы»ni «Iste’dodli yoshlar» oʻrniga «Yosh iste’dodlar» desak, tilni mahv etayotgan boʻlamiz.

Bulvar gazetalar xudoning bergan kuni yoʻl qoʻyadigan xatolarning yana birini koʻrib chiqaylik. «Legenda» – afsona degani. Ammo «legendarnыy geroy» – «afsonaviy qahramon» emas, bunisi xato. Chunki oʻzbek bolasi «afsonaviy» deganda ertak va afsonalardagi, rivoyatlardagi narsa deb anglaydi. Keyingi paytda «afsonaviy boks qiroli», «afsonaviy san’atkor Nabi Rahimov» kabi ifoda shakllarini oʻzbek tiliga zoʻrlab tiqishtirishga urinishyaptiki. «Oʻzbek tilining izohli lugʻati»da ham «afsonaviy qoʻshiqchi» yoki «afsonaviy futbolchi» kabi chuchmal, noqis talqinlar berilmagan. Demak, «afsonaviy darvozabon» deb til burash oʻrniga «mashhur darvozabon» desak, kifoya.

Tilni boyitishda hech bir vosita tarjima oldiga tusha olmaydi. Ajabki, tilni eng koʻp buzadigan narsa ham yana tarjimaning oʻzi. Demak, gap bir tildan boshqa tilga toʻgʻri tarjima qila bilishda ekan.

Men Abdulla Qodiriyning «Oʻtgan kunlar» romanini ilk bor qaysi nashridan oʻqiganim hozir yodimda yoʻq. Ammo sarvaragʻiga «Sarvar Azimov tahriri ostida» deb yozilganini eslayman. Oʻshanda ajablangan edim: Sarvar Azimov-ku, tahrir qipti, ammo nega endi «tahriri ostida», masalan, ustida yo yonida emas, tahriri bilan ham emas?

Keyin bilsam, ruschada bu ma’no «pod redaktsiey» deb ifodalanarkan, boyagi birikma esa uning hijjalab qilingan tarjimasi boʻlib chiqdi. «Pod», darhaqiqat, «ostida» degani. Ammo oʻrislar «pod»ni faqat tagida, quyi tomonida degan ma’noda qoʻllamaydi. «Pod rukovodstvom nastavnika» deydi ular. Buni «Ustoz rahbarligi ostida» deb emas, «Ustoz rahbarligida» deb bersak toʻgʻri boʻladi. Shuning uchun ham «... tahriri ostida» emas, «... tahririda» deyilsa, olam guliston.

Keyinchalik kitobdan tahrirning oʻzi olib tashlanib, roman matni Qodiriy qanday yozgan boʻlsa, shunday beriladigan boʻldi. Ammo illatning yuqishi osonu ketishi qiyin boʻlar ekan: ikki jildlik «Oʻzbek tilining izohli lugʻati»day moʻ’tabar kitob «Z. M. Ma’rufov tahriri ostida», «Adabiyot nazariyasi» esa «M. K. Nurmuhamedov tahriri ostida» deb nashr etildi. Endi, tilshunosu adabiyotshunoslarki shunday deb yozadigan boʻlsa, bu boshqalar ham shunday xatolarni bolalatishiga fatvo berishning oʻzginasi boʻlmaydimi?

Har bir xalq tilining oʻziga xos tabiati bor. Milliy tabiatga ega boʻlmagan til mavjud emas. Tildagi bu oʻziga xoslik esa... avvalo yotsirashda – duch kelgan soʻz, istalgan ifoda tarzini oʻziga qabul qilib olavermaslikda koʻrinadi. Milliy tabiatini yoʻqotayotgan til – zavolga ketayotgan tildir.

...Axborot asri deymiz, axborotning globallashuvi asri deb belgilaymiz hozirgi davrni. Qanday atalsa ham, bir narsa aniq: axborot tilda aks etadi va u tilni ham «globallashtirishi» – yoʻqqa chiqarishi mumkin. Binobarin, oʻz lisonini saqlab qolishga intilgan har bir xalq tildan uning milliy tabiatini buzmasdan foydalanishi darkor. Yoʻqsa, har qanday qudratli til ham mahv boʻladi va uni qonun chiqarish (masalan, davlat tili deb e’lon qilish) kabi choralar bilan asrab qolish amri mahol. Ajabki, bir xalqning tilini boshqa bir el yoki oʻzga bir til buzib-yanchib, barbod etmas ekan, uni shu tilda soʻzlovchilarning oʻzi boy berib, gʻorat qilarkan...