OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifZuhriddin Isomiddinov
Asar nomiSizmi yo sen?
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Zuhriddin Isomiddinov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
"Hurriyat" gazetasidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sizmi yo sen?
Zuhriddin Isomiddinov

Bizning boshqa koʻp ellardan bir farqimiz shuki, sizlab gaplashamiz. Boshqalar umrida endi koʻrib turgan, buning ustiga yoshi katta odamga ham sensirab muomala qilsa, biz oʻzimizdan kichiklarga, hatto notanish yosh bolaga ham siz deb gapiramiz. Qonimizga singgan-da. Buning tarixiy sabablaridan biri shuki, oʻzbek elida ulugʻlar bisyor. Avvalo shuning uchun ham biz ularni sizlaymiz. Axir roʻparadagi shu notanish odam ehtimol said yo toʻradir - kim biladi? Beklarning, xonlar, mir va mirzolarning, sho(h)larning avlodi ham oramizda bisyor. Qay bir bobosi bek oʻtgan, xon oʻtgan, sultonu amir boʻlib, shoh boʻlib oʻtgan kishilarning hurmatini joyiga qoʻygimiz keladi. Ularning ajdodi Allohning yerdagi soyasi sanalgan. Shunday ekan, bu zotlarni hurmatlashni ham farz bilamiz.

Oilada yangi mehmon - farzand dunyoga kelsa, unga kitob koʻrib ot tanlanadi, ya’ni Qur’onda keltirilgan ismlardan biri qoʻyiladi. Qur’on - Allohning soʻzi. Ismi sharifini Alloh taolo zikr etgan bola nechun aziz boʻlmasin? Yana Olloqul, Xudoyberdi, Abdulqodir, Muhammadqul, Hojimurod kabi yuzlab ism egalari bor. Ularni hurmatlab, sizlab murojaat qilmaslik ham shakkoklik tuyiladi. Oʻgʻillar ichida Boboqul, Otabek, Togʻaymurod, Dadamirza..., qizlar orasida esa Onaxon, Momoqiz, Bibinorlar ham kam emas. Ba’zi olimlar bunday ismlarning kelib chiqishini oilaviy shajaraga bogʻlashadi. Chunonchi, birov oʻgʻliga otasi yo bobosining otini (Toshpoʻlat) qayta qoʻydi, deyaylik. Ammo «hov Toshpoʻlat!», deb chaqira olmaydi, bunday qilsa, marhum otasining ruhi ozor topadiganday tuyiladi, shuning uchun otasining ismida boʻlgan oʻgʻliga «Ota!» (Otajon, Otabek) deb murojaat qiladi. Demak, Otabek degan ism zamirida shu odamning otasi nomi bor, «Enaxon» deydi, aslida esa bu farzandi arjumandning ismi shu kishilarning onasi yo buvisi bilan bir xil, qulogʻiga onasi yo buvisi singari Sora yo Halima... deb azon aytilgan. Shuning uchun ularga yumshoq gapiriladi, soʻkib haqoratlanmaydi.

Ayrim viloyat odamlari hatto oʻz bolalarini ham sizlaydi: «Oʻgʻlim, siz shu ishni peshingacha bitirib qoʻying» deydi, qizini-ku, qoʻyavering – «Ona qizim», «Poshsha qizim» deb boshiga koʻtaradi. Negaki, bir xirmon bugʻdoyning barakasi bitta donda boʻladi, shuning uchun har bir donani uvol qilmaslik kerak degan udumimiz bor. Shu singari, saidu toʻralar yurti boʻlgan bu el farzandlarida - aynan mana shu qizimiz yoki bu oʻgʻlimizda paygʻambarimiz ruhi pokining bir qatrasi qayta huvaydo boʻlgan esa, ne ajab? Ezgu niyat bilan oʻgʻlingizga Qosimjon deb paygʻambar oʻgʻli ismini, qizingizga Oyshaxon deya Oyisha onamiz otini qoʻygansiz-ku?» Xullas, shu kabi talay sabablarga koʻra ham xalqimiz koʻproq sen emas, siz deydi. «Sen boshla» deyish oʻrniga «oʻzlaridan boʻlsin», «anovi aytdi» emas, «u kishi aytdilar» kabi. Bir-birimizni ulugʻlaymiz, izzat qilib boshga koʻtaramiz. Tanishlarga ehtirom-ku, oʻz-oʻzidan, ammo notanish boʻlsa, hurmat izhori yana ortadi. Bir-birimiz bilan koʻrishib qolsak, qoʻl koʻksimizda, bosh egib, ta’zim bajo etamiz. Qoʻshqoʻllab soʻrashib, kaftimizni yuzga surtamiz – bu, ba’zilar oʻylaganday, duoi fotiha emas, tavofning erkaklarga xos shakli. Umuman, har bir kishiga inson deb qarash, uning odamligini ulugʻlash oʻzbekka ayricha ravishda xos. Bir qarashda «mayda» boʻlib tuyilgan ana shunday xususiyatlar majmui oʻzbek xalqining mentalitetini hosil qiladi. Ularning qay biri kamaysa yo buzilsa oʻzbekning fitrati fatorat topa boradi. Shuning uchun ham el oʻz udumlarini, urf-odatlarini avvaylab asraydi, aziz tutadi, irimlar chiqarib boʻlsa ham, yanglishganlarni toʻgʻri yoʻlga qaytaradi, maqol-matallar, naqlu ertaklar toʻqiydi, dostonlar aytadi, yumshoqqina qilib (buyam oʻzbekka xos-da), dakki beradi. Eng qadimgi dostonimiz qahramoni Alpomish musofir yurtda birov uning qadriga yetmagan chogʻda «har kim oʻz elida bekmi, toʻrami» degani ham oʻzgalarga dashnom-ku, aslida...

Oddiy bir misol. Metroga tushsangiz, har bir vagon eshigiga «Iltimos, suyanmangiz» degan muloyim kalom bitilganini koʻrasiz. Ostidagi «Ne prislonyatsya» degan taqiq esa taqillab koʻzga uriladi. Shuginaning oʻzi ikki xil dunyoqarash, ikki xil mentalitet farqini ayon koʻrsatib turibdi. Bu daromadi gaplardan muddao nima ekan, dersiz. Alpomish bobomiz aytganiday, loaqal oʻz elimizda bek boʻlaylik, toʻra boʻlaylik, bir-birimizni «moda» uchun sensirashib yurmaylik, bunisi endi shart emas, demoqchimiz. Boshqa xalq vakillari otasi yo bobosi tengi, buning ustiga notanish odamni ham sensirab, qolmishiga soʻkinib gaplashsa, bu ularning ishi, boringki, milliy xususiyati ham boʻla qolsin. Ammo nega bizlar - qadim va ulugʻ oʻzbek xalqining vakillari, koʻp ming yillik madaniyatu ma’naviyat vorislari boʻlaturib, oʻzaro muomalani boshqalardan oʻrganishimiz, ularga taassub qilishimiz kerak ekan? Koshkiydi, bu ibrat biznikidan madaniyroq, chiroyliroq boʻlsa! ...Sochi boʻyniga chulgʻangan bir qizgina (keyin ma’lum boʻldiki, yigit ekan) noz uyquda. Soat qoʻngʻirogʻi chalinadi. U apil-tapil oʻrnidan turib, yuzini ham yuvmay koʻchaga otiladi-da, allaqaysi muyilishga borib, soatiga qarab birovni kuta boshlaydi. Bir mahal nima uchundir velosipedini minish oʻrniga orqalab olgan yana birovi shu yerga kelib qoladi. - Hamma qaerda? – deb soʻraydi chilvirsoch yigit (Na salomu na alik!). - «F1»da! - deydi unisi va allanima esiga tushganday, velosiped hamon yelkasida, chopqillab orqasiga qaytadi. Tavba, u nima dediyu bunisi nima deb javob qaytardi, tushungan kishi boʻlsa - aytsin.

Oʻzbek tilida birov boshqa odamdan «falonchi qani» yo «boshqalar qaerda» deb soʻrashi mumkin, ammo «hamma qaerda» deyish mumkin emas, oʻzbek bunaqa deb gapirmaydi. Soʻzi oʻzbekcha boʻlsa-da, oʻzi oʻzbekcha emas bu ifodaning. Avvalida «F1» oʻzi nima – shuni tushunolmay hayron qoldik. Keyin ma’lum boʻldiki, qimorning «svejiy»si chiqipti. Farqi – bu «ishonchli oʻyin» ekan. Uyida oʻzbekcha gaplashmaydigan madaniylardan biri chiqib, «F1» - ishonchli oʻyin! Sen ham ishtirok et!» deb qistalang qiladi. Hov uka, ehtimolki mening yoshim sening otang qatori boʻlsa. Nega meni sensirayapsan? Televizor qarshisida katta buvangu katta buving tengilar ham oʻtiribdi... va umuman, odamlarni sensirash qaysi quyushqonga sigʻadi oʻzi? Lotoreya chiqarib - qimor uyushtirib boyimoqchi ekansan, nimayam derdik, hozircha shundoq boʻlib turibdi, ammo nega endi hammani bepisand sensiraysan, kim senga bunchalik axloqsizlikka izn berib qoʻydi?.. Yana turib-turib oʻzingga tasalli berasan kishi - ha endi, bir xato oʻtsa-oʻtibdi-da, qoʻyaver, seni qizishtirgan narsalarning qay biri oʻnglanib, qaysi biri tuzalar edi, deysan.

Metroga tushasan, vagonga kirishing bilanoq «Sarkor» provayderining reklamasiga koʻzing tushadi, bir azamat koʻrsatkich barmogʻini naq peshonangga toʻpponchaday oʻqtalib, «Ti – sarkorovets!» deb turibdi. Ajab, masalan men «Sarkorovets» emasman, xoʻsh, nima qilay endi? Bor ana, «Sarkorovets» boʻlsam ham... nega sensiraysan? Taajjubki, keyingi paytda, kimlarga taqlid qilib boʻlsa ekan, ommaga sensirab muomala qilish ommaviy tus oldi. Ehtimol, buni oʻzaro yaqinlik uygʻotib, yotsirashni yoʻqotadigan, yangi zamonning tezkor ruhiga, shu kunda moda boʻlayotgan gʻarbcha demokratiyaga ham mos keladigan yangilik, deyishar. Balkim. Ammo boshqa narsa boy beriladi – oʻzbek tilidagi nutqda bora-bora oʻzbekning ruhi sezilmay qoladi, haligiday reklamalar tufayli esa ona tilimizning joni – milliy oʻziga xosligi yoʻqoladi. Ori rost, xalqqa sen deb muomala qilish oʻzbeklarda mutlaqo yoʻq emas. H. Olimjonning «Qoʻlingga qurol ol!», E. Vohidovning «Erkin oʻgʻlingman, qabul et, Oʻzbegim, jon oʻzbegim!», A. Oripovning «Ona xalqim, sen oʻzing buyuk...» kabi misralari bunga misol. Lekin bu holatda butun xalqqa yalpi murojaat bor, uning har bir a’zosini koʻzda tutib, lotoreyaga chorlash kabi oʻrinlarda esa marhamat qilib, sizlab gapirish lozim. Koʻrasizmi, til naqadar nozik, naqadar murakkab voqelik! Uni hech bir formula yoki algoritmga sigʻdirib tugatib boʻlmaydi, tushuntirish ham amri mahol – faqat his qilibgina mohiyatini anglash mumkin. Oʻzbekning tafakkur tarzini, ruhini buzishning eng oson yoʻli – oʻzbek tilini, nutqini buzish. Chunki til bilan tafakkur bir narsa-da. «Chanqogʻingga ishon!» degan chulchutcha bir ifoda matbuotda rosa urilgandi. Endi yangisi chiqipti - «Koskom» uyali aloqa tarmogʻi «Real. Oʻzingga ishon!» deb reklama berishga tushdi. Sensirashiyu qora koʻzoynak taqqan och arvohday bir odamning suratini hisobga olmasak, har holda, durustday - har kim oʻziga ishonsa, irodali boʻlsa yaxshi-da. Ammo uning negizida, boshqa hech kimga (hatto ota-onangga ham!) ishonma, oʻzgalar fikrini inobatga olma, oʻz bilganingdan qolma, degan qabih bir ma’no jo etilmagan, deb oʻylaysizmi?

Oʻzbekning bolasi ba’zi birovlarning oʻgʻil-qizlari singari, oʻn besh-oʻn olti yoshida uydan chiqib ketib, oʻz bilganicha, ya’ni faqat oʻziga ishonib, amalda esa axloqan buzuq hayot kechiradiganlardan emas. Biz qurayotgan yangi jamiyat ham, inshoolloh, bunaqa jamiyat boʻlmaydi. Bir yoqdan - asl oʻzlikka qaytmoqchimiz, buning bir shakli sifatida mahallaning rolini kuchaytirishga urinyapmiz, «bir bolaga yetti qoʻshni ota-ona» degan maqoldagi yetti qoʻshnini yetti mahalla qilib oʻzgartirishga ham rozi boʻlyapmiz, boshqa tomondan - mahallamizdan koʻp olisdagilar turli tili rasvo reklamalar, FM radiokanallari, bosh-keti yoʻq seriallar, diskoteka, internet hamda buzuq gʻoyali videofilmlar orqali har bir bolaga oʻzbekka yot dunyoqarashni tiqishtirishga urinib yotibdi. Yashirib nima qilamiz, koʻzlagan niyatiga hiyla ham yetib qoldi. Shu oʻrinda aksar ommaviy axborot vositalarida urf boʻlgan bema’ni bir taomilga munosabat bildirib oʻtsak. Istagan gazeta yo jurnalni olib qarang: oxirgi sahifada biron e’lon yo reklama bosiladigan boʻlsa, muharrirning imzosi undan avvalroq qoʻyiladi – buyogʻiga men javobgar emasman, degani bu. Haqiqatan ham, keyingi matn tamoman boshqa: oʻqishga til kelishmaydi, jumlalar gʻirt ajnabiycha. Televidenieda esa ahvol bundan ham battar. U eng ommaviy, qudratli axborot vositasi boʻlish bilan birga, eng ommaviy, koʻp qudratli tilbuzar qurolga aylanayapti. Jumladan, oʻzbek tilida sensirab muomala qilish aynan oʻzbek televideniesida berilayotgan hisobsiz seriallaru reklamalar kasriga kuchayib boryapti. Bizningcha, gazeta-jurnal boʻladimi, yo radio-televideniemi, bundan qat’i nazar, OAV orqali berilayotgan har bir narsa loaqal til nuqtai nazaridan benuqson chiqishi shart va bunga uning muharriri albatta mas’ul boʻlishi lozim. Shu kunlarda «shahar bedarvoza emas» degan matalni qoʻllashga xoʻp ruju qoʻyganmiz, har gal unga turli koʻchma ma’nolar ham beramiz. Ammo ajabki, oʻzbek tilining darvozasi yoʻqday – xohlagan odam xohlaganicha betuturuq jumla tuzib, matbuotga opchiqadigan boʻlib qoldi. Hali rus tiliga xos, hali inglizcha tarzda tuzilgan jumlalar, iboralar...

Albatta, oʻzga ellar bilan aloqa qilamiz va bu jarayon tobora kengayib boraveradi. Zero taraqqiyot muloqot orqali yuz beradi. Endigi gap - ana shu aloqani oʻzimizga muvofiq bir shaklga solishda, oʻzbekcha tarzga keltirishda, duch kelgan narsani oʻshanday holicha ola bermasdan, mundoq mulohaza qilib ham koʻrishda. Onangni otangga bepardoz koʻrsatma, deydilar. Axir, oʻzingiz oʻylang: yuzingda koʻzing bormi demasdan sensirab, «NATS» Miyangga oziq ber!» deb topshiriq yuklasa! Yoki odamdan katta harflar bilan «Chyorniy TWIX. Tanaffus qil!» deb buyurishlariga nima deysiz? Bor-yoʻgʻi toʻrtta soʻzni uchta tilda yozib, oʻzbek ma’rifatini ostin-ustin qilganlardan oʻrgilib qoʻydim. Nima, reklama oʻtsa, hisobmi? Reklamada avvalo madaniyat boʻlishi kerak. Busiz ta’siri susayadi. Chet ellarda buyruq-topshiriq shaklidagi undov reklama allaqachon oyoqdan qolgan, saviyasi past narsa hisoblanadi. Ularda iste’molchi – sotuvchining podshohi, sotuvchi - iste’molchining mulozimi. Xaridorga poʻpisa bilan, sensirab buyruq qilinmaydi, balki ta’zimu tavoze bilan taklif aytiladi. «Qorning ochdimi? «Sabo»dan bahra ol!» singari «gʻamxoʻrlik»ka, «Kamolot – sening harakating!» yoki «OʻzLiDep – sening partiyang» kabi koʻrsatmalarga koʻnikib qolgandaymiz. Shunaqa oʻdagʻaylash oʻrniga biroz muloyimroq, sal odamshavandaroq qilib «siz» shaklini qoʻllasak, masalan, «Azizlar, oʻzingizni, oʻz uyingizni oʻzingiz asrang!» desak, kimning asakasi ketadi? Bil’aks, ta’siri yaxshiroq ham boʻladi.

Bayt: Sen aziz etgan kishini hech kishi xor aylamas, Sen agar xor aylasang, har qayda borsa – xordur...

Oʻzimizni oʻzimiz xor qilmaylik. Bir-biriga sensirab murojaat qilgani bilan bilan hech kim ilgʻor boʻlib qolmaydi. Dunyo borgan sari yangilanib, yil sayin tezroq globallashib boryapti. Bu ulkan jarayondan chetga turishning iloji yoʻq, unaqa qilgan yutqizadi. Ammo bir masala bor - ming yillik milliy tarixga, betimsol ma’naviy madaniyatga ega oʻzbekning qay xislatiyu fazilati ommalashib, nimasi umumjahon mulkiga aylanadi? Bu – birgina biz emas, ayni shu kunlarda barcha millat kishilari ongu shuurini band qilib turgan ulkan bir masala. Oʻzbek xalqining dunyodagi barcha ellar ibrat olsa arziydigan urfu udumlari bisyor. Takabburlikka berilmagan holda dangal aytadigan boʻlsak, muomala madaniyatida oʻzbekning oldiga tushadigan xalq yoʻq.

Tanishu notanish kishilarning bir-biriga ehtirom bilan sizlab muomala qilishi ham ana shunday ajoyib taomillarimizdan biri. Biz uni boshqalarga ham ulgi qilibgina izzat topamiz, undan voz kechib, sensirashib emas. Mavzuimizga qaytaylik. Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqadi, yomon gap bilan qilich qinidan, degan maqolimiz bor. Yana aytadilarki, siz ham bir ogʻizdan chiqadi, sen ham. Bu - otalar soʻzi. Ular oʻzbek xalqining tiynati qandayligini koʻrsatadi. Oʻzbekning ruhiyatini teran bilgan Gʻafur Gʻulom ham shuni koʻzda tutib, oʻz she’rida «Bir ogʻiz shirin soʻz – nondek arzanda» deb yozgan edi. Shunday ekan, mayli, bugʻdoy noningiz oʻzingizga siylov, ammo bugʻdoy soʻzingizni darigʻ tutmang, reklamaga ruju qoʻygan boybachchalar!