OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifZuhriddin Isomiddinov
Asar nomiVodiyga avtobus qoʻyish vaqti keldi
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Zuhriddin Isomiddinov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
"Hurriyat" gazetasidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Vodiyga avtobus qoʻyish vaqti keldi
Zuhriddin Isomiddinov

Hatto ayrim mutaxassislar ham Qamchiq dovoni bugun avtobuslar ­qatnashiga bemalol javob bera oladi deyishmoqda

Fargʻona vodiysi – Oʻzbekistonning aholi eng zich joylashgan goʻshasi. Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarining yeri Respublika hududining atigi 4,2 foizini tashkil etadi, ammo bu yerda mamlakatning qariyb 30 foiz aholisi yashaydi. Bu 7-8 million odam demak.

Hozirgi zamonda nima qimmat – yoʻlkira qimmat. Toshkentdan Andijonga samolyotda qatnashga hammaning ham imkoni yetmaydi. Shuning uchun samolyotda asosan davlat gʻaznasi hisobiga xizmat safariga chiqqanlar va biznesmenlar qatnaydi.

Mavsum chogʻida poezd qatnaydigan boʻlib qolsa, chiqishga odamlarning yuragi bezillaydi... Demak, yagona yoʻl – Qamchiq dovoni orqali mashinalarda qatnashgina boʻlib qoladi.

«Neksiya», «Damas», «Tiko» kabi zamonaviy yengil mashinalar hozir vodiyning har bir shahru qishlogʻidan Toshkent­ga kelib ketayapti. Dovon yoʻli esa yetarli darajada keng, deyarli barcha uchastkalar ravon, silliq. Shuning uchun ham koʻpgina yosh, yuragi qaynagan haydovchilar tekis joyda mashinani soatiga 170-180 km.gacha uchirib haydaydi. Bu yoʻlda azaldan qatnab pixi qayrilib ketgan «paxan» shofyorlar ham ulardan qolishmaslikka harakat qiladi. Oqibat, Qorasuvdan «tovar» olib, mashina yukxonasini liq toʻldirgan, yoʻldagi tekshiruvchilarga insof tilab, raddi balo duolarni bilganicha oʻqishga taraddudlangan «tadbirkor»larning tili buncha zoʻr tezlikda duo tugul, hatto kalimaga ham kelmay qoladi.

Afsus, karvonning yoʻlida xatar boʻlmay iloji yoʻq ekan, umr yoʻli shu yoʻlda poyoniga yetib, tili haqiqatan ham bir ogʻiz kalimai shahodatga ulgurmay omonatini topshirayotganlar ham oz boʻlmayapti. Toshkentdan Andijonga qadar boʻlgan bu gavjum trassaning har yer-har yerida avariyaga uchrab, yoʻl chetiga chiqarib qoʻyilgan, «koʻrib, ibrat olsin» deganday tekshiruv postiga opkelib qoʻyilgan abjaq mashinalarning har hafta yangilariga duch kelish mumkin.

Takror aytamiz: yoʻl ravon, juda koʻp qismida koʻcha oʻrtasiga beton toʻsiqlar qoʻyilib, qarama-qarshi tomondan kelayotgan mashinalar oʻzaro toʻqnashib ketishining oldi olingan ham. Ammo avtofalokatlar hamon yuz berib turibdi. Negaki, bu falokatlarga yoʻl emas, tezlik haddan tashqari yuqoriligi sabab boʻlyapti. Negaki, Respublika poytaxtiga, boshqa viloyatlarga yumush bilan har kuni vodiydan oʻn minglab odam yoʻl oladi. Yoʻl nihoyatda gavjum, tezroq yetayin deb «ot qamchilaganlar» bisyor.

Asosan boyvachchalarga tegishli boʻlgan mashinalarni ijaraga olgan, otning kallasiday «arenda puli»ni haftama-hafta toʻlayman, qolaversa bola-chaqaning tishiga bosguday bir daromad ham topaman deb chogʻlangan kirakashlar tezroq Toshkentga borib qaytishga harakat qiladi, buning uchun soatiga kamida 150 km. tezlikka qoʻyib haydaydi, yetib borgach, boshqa hamkasblari bilan passajir talashadi, sutkalab uxlamay, rul chambaragini aylantiradi. Har kuni turfa fe’l-atvorli «passajir»lar koʻngliga yoʻl topish, biron oʻn besh-yigirma joyga qoʻyilgan «post»­larda qoʻr toʻkib oʻtirgan formali akalar bilan «muomala» qilish va eng chatogʻi – kuniga uyoqqa besh yuz, qaytishga ham shuncha, jami ming kilometrcha yoʻl yurish... ishoning, har qanday alpomish yigitni ham bir-ikki yil ichidayoq holdan toydiradi! Boyagi «post»­larning birontasida «manov avtomobil (yoki bu haydovchi) boya shu yoʻldan u tomonga oʻtgan edi, endi esa bu yoqqa yoʻl olibdi. Buncha «nagruzka» mashina uchun ortiqcha (haydovchi ham charchaydi), avariyaga uchrash xavfi ortadi», deya mashina nomerini yo haydovchining familiyasini kompyuterga solib, tergaydigan tartib ishlab chiqilmagan, bironta DAN posti bunday «zerikarli» yumush bilan shugʻullanmaydi. Holbuki, agar har bir haydovchi bir kecha-kunduzda 500 km.dan ortiq yoʻl bosishi mumkin emas degan mazmunda biron tartib-qoida ishlab chiqilsa va shu qoidaga amal qilish mexanizmi tayyorlansa, yomon boʻlmas edi. Mening oʻzim yaqinda Xoʻjaoboddagi DAN posti oldiga ayqashtirib qoʻyilgan betonga bir «Neksiya» kelib qarsillab urilganini koʻrdim. Ertalab soat 10 lar chamasi edi. Mashina tamom boʻldi, ichidagilar haytovur tirik qoldi, ammo bir yosh yigit oʻsha beton yonida qay bir ish bilan ivirsib yurgan ekan, beton bilan mashina orasida qolib, nobud boʻldi. Asosiy sabab – tuni bilan yoʻl bosgan haydovchi bu mahal uxlab qolgan ekan...

Albatta, kamina bir oddiy yoʻlovchi, avtomobilu yoʻl haqida maxsus bilimga ega emasman, yuz berayotgan falokatu halokatlar miqdori haqida ham aniq raqamlarni keltira olmayman. Ammo necha yillar davomida oy sayin, goho oy oralatib Andijonu Oʻshga qatnar ekanman, oynalari tirqirab sochilib, tunukalari ezilib, quruq skeleti koʻrinib qolgan mashinalarga, halok boʻlgan, ustiga biron latta yopib qoʻyilgan yoʻlovchilarga koʻzim koʻp tushgan. Haydovchilarning «bu hali holva, kecha falon joyda, muncha odam...» degan hikoyalarining-ku, sanogʻi yoʻq.

Bu muammoning bir ishkal jihati. Ikkinchi yoqdan, moddiy masala ham bor, albatta. Chunonchi, benzinning narxi yuz soʻmcha oshuvdi hamki, Andijonga borish yoʻlkirasi besh mingdan sakkiz-toʻqqiz mingga koʻtarildi-qoldi. Bizning «savobtalab» haydovchilarimizning fe’li shunaqaki, har bayram yoki hayit arafasida ota-onasini koʻrish yoki xeshlarining arvohini yoʻqlash, fotiha oʻqish uchun boradiganlar koʻpayishi munosabati bilan bir tomon yoʻlkirasining oʻziyoq 30-35 ming soʻmga koʻtarilib ketadi.

Bunga biron chora topish lozim. Toki, aytaylik, har oʻn ming nafar yoʻlovchi hissasiga duch keladigan falokatlar soni kamaysin, yoʻlkira narxini oʻylab, odamlar bir-birining diydoridan benasib boʻlmasin va zarur yumushidan qolmasin. Masalan, Andijon bilan Toshkentning orasi 400 km. boʻlsa, borish-kelish yoʻlkirasi ham, oraligʻi qariyb shuncha boʻlgan Toshkent — Kattaqoʻrgʻon yoʻlkirasidan ortiq boʻlmasligiga erishish kerak. Nima uchun yoʻlovchilar bir umr taksida yurishga mahkum boʻlishi kerak ekan?

Hozir Qamchiq yoʻlidan yengil va yuk avtomobillari yuradi. Avtobus va mikroavtobuslarga qatnov taqiqlangan. Albatta, bu qarorga yoʻlovchilar bexatar yoʻl yursin, katta falokatlar yuz bermasin, degan niyatda kelingan boʻlsa kerak. Lekin, «bu yoʻlning falon qismida qiyalik muncha darajada, binobarin avtobus qatnovini yoʻlga qoʻyish taqiqlanadi», deganday texnik jihatdan asoslangan, dunyo miqyosida e’tirof etiladigan biron bir dalil-sabab keltirilishi kerak.

Biz ushbu yoʻlda avtobus qatnovlarini yoʻlga qoʻyish vaqti keldi, deb oʻylaymiz. Bu texnikaviy jihatdan bemalol mumkin, ijtimoiy nuqtai nazardan esa nihoyatda zarur. Chunki ilgarigi dovon yoʻli bilan hozirgisi orasidagi farq – yer bilan osmoncha. Avvalgi yoʻl juda tor, oʻta xavfli, oʻnqir-choʻnqir boʻlardi. Burilishlarning keskinligi, naq qoyatoshlar tagidan oʻtadigan qaltis joylarning koʻpligi, goho soy oʻzaniga tushib, shaldiratib shagʻal kechib oʻtishlar hozir batamom yoʻqqa chiqqan, togʻning qir uchidagi asfalt yoʻl oʻsha osmonoʻpar joyida qolib, endilikda daraning naq koʻksidan oʻyib kirilgan keng, yorugʻ tunnellar oralab oʻtib borasiz. Bu – birinchidan.

Ikkinchidan esa, bizga olis va yaqin talay davlatlarda shunaqa vahimali togʻ yoʻllari borki, u dovonlar oldida bizning Qamchiq joʻn bir tepalikka oʻxshaydi. Ammo ana oʻsha yoʻllarda ham avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyilgan – kechayu kunduz, qishin-yozin yuradi. Va nihoyat uchinchidan, hozirgi avtobuslar bundan oʻttiz-qirq yil avvalgi salga motori qizib, suvi qaynab ketadigan «qoʻqonarava»lar emas. Zamonaviy avtobus va mikroavtobuslarning tortish quvvati zoʻr, tormoz tizimi ayniqsa ishonchli.

Buning ustiga, ehtiyot shart deya hozir xavf­li hisoblanadigan pastga tushish uchastkalarida yoʻl yoqasida tik koʻtariluvchi «irmoq»lar ham tayyorlab qoʻyilganki, mashinani unga bursangiz, har qanday tezlik bir zumda soʻnib, falokat daf boʻladi.

Bir avtobusga kamida oʻttiz-qirq kishi yuk-puki bilan joylashadi. Ana shuncha odamni yengil mashinada tashiyman desangiz, kamida oʻnta «Neksiya» kerak. Endi oʻzingiz ayting, qaysi holatda avariya xavfi koʻproq boʻladi? Ularning yoʻlkirasi orasidagi farq-chi? Qolaversa, ekologik jihatdan, zamonaviy bir avtobus oʻnta yengil mashinadan koʻproq tutun chiqaradimi?

Albatta, biz Fargʻona vodiysi bilan boshqa hududlar orasida duch kelgan avtobus odam tashiy bersin, demaymiz. Texnik jihatdan nosoz, ish muddati allaqachon oʻtib, sudralib qolgan avtobuslarning nafaqat Qamchiq yoʻlida, balki har qanday sharoitda odam tashishidan voz kechish kerak. Ammo loaqal hozir – ayni yoz chillasida, odamlarning bolasi institutga hujjat topshirgan, vodiydagi soʻlim oromgohlaru sanatoriylarga kelib-ketishlar ortgani singari sabablar bilan qatnov koʻpaygan bir davrda, Qamchiq yoʻli orqali «Qoʻqon — Toshkent», «Toshkent — Asaka» singari oʻnlab marshrutlar ochib (qayta tiklab), tajriba tariqasida «Mersedes», «Otayoʻl» singari baquvvat, yangi avtobuslarning, bejirim mikroavtobuslarning qatnovini boshlash, bunda ular ortiqcha yoʻlovchi va yuk olmasligini yoʻlga qoʻyish vaqti keldi.

Xavf-xatarning oldini olish borasida shuni aytish kerakki, har bir mashinaning tormoz tizimi uning massasidan kelib chiqib, shunga yarasha qilib ishlanadi. «Nek­siya»ning tormozi «Otayoʻl»ga, uniki esa bunga oʻrnatilmaydi. Hozirgi mashinalarda yuqori koʻtarilishda motorning tortish quvvati, pastga tushish va toʻxtashda tormoz chizigʻining uzunligi ham qariyb bir xil va juda ishonchli. Shunday ekan, yengil mashinaning yurishi uchun bemalol boʻlgan joy avtobus uchun ham xatarli hisoblanmasligi kerak.

Qamchiq dovoni orqali yoʻlning kengaytirilishi, unga davlat gʻaznasidan milliardlab soʻm sarflanishidan maqsad taksi haydovchilarga daromad yoʻli ochish emas, avvalo oddiy yoʻlovchilarga yengillik yaratish, barcha turdagi transport vositalari qatnovini yoʻlga qoʻyish orqali Fargʻona vodiysi bilan Respublikaning boshqa hududlari orasidagi bordi-keldini yanada yaxshilash, jadallashtirishdan iborat edi..

P.S. Aftidan, avtobus qatnovi hanuzgacha yoʻlga qoʻyilmayotganining tagʻin bir sababi ham borday. Deylik, har daqiqada bu yoʻldan oʻnta yengil mashina oʻtar boʻlsa, koʻpining haydovchisi (yoki «yuk» egasi) postda «xizmat»da turgan aka bilan albatta qoʻl olishib salom berib oʻtadi. Endi, oʻzingiz oʻylang: ularning oʻrniga bir kattakon avtobus oʻtsin-da, faqat haydovchi salom-alik qilsin! Qaysinisining savobi koʻproq? Albatta, oʻn nafar odamning qoʻlini olib koʻrishmoq oʻrni boʻlak-da! Uning fayzu barakasi boshqacha-da!