OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifZulfira Misbax
Asar nomiSoʻfitoʻrgʻay (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Zulfira Misbax
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm63KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 10-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Soʻfitoʻrgʻay (qissa)
Zulfira Misbax

Yetti yoshimdan bu yogʻini eslayman. Toʻgʻrirogʻi, birinchi sinfni tugatib, ta’tilga chiqqan qizaloqni koʻz oldimga keltiraman. Oʻsha yillari katta ariq toshib oqardi. Bolalar qiy-chuv bilan tepalikdan suvga sakrashar, miriqib choʻmilishar edi. Ularni havas bilan kuzatib oʻtirardim. Bir kuni nima boʻldiyu, ariqqa tushib ketdim. Suv oqimi shiddat bilan meni girdobida aylantira boshladi. Qandaydir yovuz kuch tubiga tortar, boshqa bir ilohiy qudrat esa tepaga, suv yuziga chiqarishga intilardi. Oʻlim va hayot oʻrtasida qoldim.Umrim bor ekan! Ariq boʻylab borayotgan togʻamning doʻsti meni falokatdan qutqardi. Koʻtarib, uyimizga olib borib, buvimga topshirdi. Bir-ikki hafta toʻshakdan bosh koʻtarmay yotdim, tunlari isitmalab, alahsirar edim. Uyquga ketsam, oʻsha girdobga tushganday yigʻlab uygʻonardim. Tepamda buvim oʻtirib, Alloh, avliyolardan madad soʻrab, menga dam solib, davolardi.
– Qoʻrquvdan shu ahvolga tushding, – dedi buvim. Koʻz oʻngimda yalt etib oʻsha ariq, kimdir meni suvga itarib yuborgani koʻrindi. – Hech nimadan qoʻrqma, oʻtda yonmas, suvda choʻkmas qiz boʻlib ulgʻay, boshqalardan umidvor boʻlmay, oʻzing girdoblardan chiqishga harakat qil!

Buvim oʻzi shunday ayol edi. Qishning izgʻirin tunlarida poʻstin kiyib, yelkasiga miltiq osib katta omborni qoʻriqlab yurgan. «Bolani echki suti bilan boqadilar», deb buvim echki sotib olgandi, u jonivor yoz payti, menga tirik oʻyinchoq – oppoq uloqcha tugʻib berdi. Biz oʻynab terlasak, echki oldimizga kelib, ham bolasining, ham mening yuzimni yalab qoʻyardi. Bu orada quyonlarimiz ham koʻpayib ketdi. Tovuqlarni-ku sira soʻramang, tinimsiz joʻja ochaverar ekan. Qoʻshnilarimiz, chorvachilik ilmiy-tadqiqot institutining xodimlari, roʻzgʻorni yuritish yuzasidan buvimdan maslahat soʻrab turar edilar. Buvim pechkalarni ta’mirlab, uylarni oqlab yurardi. Rus alifbosini oʻrgatib, meni maktabga tayyorlagan, kamtargina keksa olima kalishlarni kiyib, buvim bilan bozorga otlanar, men ularga hamroh boʻlardim...

Oʻsha dardga chalinib, yurishga, hatto gapirishga ham madorim qolmaganda, uyning bir burchagida yotib, xonadon hayotini boshqacha, ongli ravishda koʻra boshladim...

Opa-Singillar

Masrura buvim katta oilani boshqarib kelar, qoʻlida uch qizi, bir oʻgʻli bor edi. Qizlarining «yor-yor» qoʻshiqlar aytish davri edi.

Oq Idel boʻyida yayov yurasim kela,
Sevasanmi, sevmisanmi, shuni bilasim kela.

Onam Mirzachoʻlda shunday oʻlan aytib yurgan kezlari Misbax degan qozonlik yigit uni sevib qolgan. «Toshkentga olib ketsang, senga tegaman», debdi unga onam.

Kichkinagina toʻydan soʻng, yoshlar poytaxtga, baxt izlab kelishgan. Otam bir zavodda, onam boshqasida ishlab yurgan. Mirzachoʻlga qaytishgan paytlar men tugʻilganman. Keyin katta oilamiz Mirzachoʻldan Toshkent viloyatining chekka bir tumaniga koʻchib kelgan. Onam agronomlik maktabi qoshidagi oshxonaga ishga kirgan. Bu orada u otam bilan ajrashib ketgan edi. Nuriya xolam onamga koʻmaklashib yurgan, uning oʻz qismati, oʻz oʻlani boʻlgan:

Allariya, allariya, allariya qal’asi,
Balki oʻzbekka tegarman,
Oʻktam boʻlar bolasi...

Chindan ham u xorazmlik yigit, Roʻzmatga tegib oʻgʻil tuqqan, otini Rustam qoʻyishgan edi.

Kunduzi buvimning yonida yurardim. Roza ismli xolam daladan qaytgach, meni choʻmiltirib, buvim tikib bergan koʻylakni kiydirib, aylantirishga olib borardi. Nuriya xolam ham mehrini ayamasdi, meni va oʻgʻilchasini bogʻlarda sayr qildirardi.

Aytishlaricha, Ahmadulla buvam buvimga bir kuni bunday degan ekan:

«Onasi, qizlardan mehringni ayama. Hali shunday hasrat-qaygʻular boshlariga tushadiki, uchalasi uch tomonga qushday uchib ketadi. Sarvaraning hayoti dashtda oʻtadi. Fotimaning taqdiri hammasidan ayanchli boʻladi...»

Hoynahoy buvamiz bashoratchi boʻlgan ekan... Xolalarimning qismati xuddi shunday boʻldi.

Bir kuni koʻzlari chaqnagan, tim qora jingalak sochlari yelkalariga yoyilgan, parivash ayol – onam uyimizni quyoshday yoritib kirib keldi. Bir qoʻlida bolasi, ikkinchisida katta tugun.
– Eson-omonmisiz, oyijon, – deb buvim bilan koʻrishdi.

Men ularning yoniga bordim.

Buvim boshimni silab, onamga dedi:
– Seni sogʻinib, qizing dardga chalindi.

Onam meni bagʻriga bosdi, yigʻladi. Buvim esa ma’yus jilmaydi.
– Mana endi Rashid iningni boqasan.

Men chaqaloqni ovuntirib yursam ham, qulogʻim ding edi. Buvim shivirlagan koʻyi hasrat qildi.
– Eh, qizim, qizim, sening peshonangda ham qari er bor ekan. Meni majburlab, cholga bergan edilar. Sen esa oʻz ixtiyoring bilan otang qatori kishiga ergashding, uning puliga ishonding. Lekin toʻkinlik, farogʻat oʻrniga qancha xoʻrlik koʻrding, bola tugʻib qolding.

Balki siz: «Yosh bola oldida bunday soʻzlarni aytish, qizaloqning koʻzini ochish, odobdanmi?» deb ajablanarsiz. Lekin bizning oilamizda bu tabiiy hol edi. Hamma narsa haqida ochiq-oydin gapirib, muammolar birga hal qilinardi.

...Xonaga sukunat choʻkdi. Oxiri onam oʻrnidan turdi:
– Idish-tovoqlarni yigʻib keldim, roʻzgʻorda kerak boʻlar.
– Otxonaga billur qadahlaru xitoy chinnisi mos kelmaydi. Qoʻshnilarga koʻrsat, kerak boʻlsa, olishsin.

Onam esa boshqa, toʻq rangli koʻylagini kiyib, sumkasidan kartalarni olib, tuguni bilan chiqib ketdi. Parivash oʻrniga loʻlivash soʻzini ishlatsam boʻlarkan, chunki onam kartasiz yashay olmasdi. Erta turib oʻziga rom ochardi. Keyin hamma narsani unutib, xayol surib oʻtirardi, ora-chora yigʻlab ham olardi... Bir necha marta meni bagʻriga bosib: «Qizim, sen meni yaxshi koʻrasanmi? Sendan boshqa meni hech kim sevmaydi», deb meni ham yigʻlatgach, buvim onamning qoʻlidan meni zoʻrgʻa tortib olgan. Kunlardan bir kun onam buvimning qulogʻiga nelarnidir pichirladi.

»Bolaning roziligini ol!» – dedi buvim.

Onam meni tizzasiga oʻtqazdi: «Qizim, mening baxtli boʻlishimni istaysan-a? Men erga tegdim, sen hozircha buving bilan qolasan, keyinroq seni ham olib ketaman». U ketdi. Ammo tez orada yana qaytib keldi...

Hech uning mehriga toʻymadim, aytgan soʻzlari, qilgan ishlari menga gʻalati tuyulardi. Bolaligimdan to hozirgi kunimga qadar onam men uchun jumboq boʻlib qolaverdi...

Buvim dasturxonni yozdi. Yarim soat oʻtar-oʻtmas onam qaytib kirdi.
– Buyumlaring qani?
– Talash boʻlib ketdi, – dedi onam.

Buvim qoʻl siltadi:
– Oqar suvda oqib ketsin suymagan yor mollari...
– Har bir vaziyatga soʻz topasiz, – dedi onam buvimning yelkasiga boshini qoʻyib.
– Hech tushkunlikka tushma. Men urush yillarida besh bola bilan qolib ketib, oʻlmadim-ku! Bu ikkalasi qorachiqlaring, sen irodali ayolsan, ularni oyoqqa turgʻizarsan, axir? Otxonamiz katta, hammamiz sigʻamiz. Keyin yangi uy solamiz, mening nomimga yer ajratdilar.
– Qurilishga qaerdan pul topamiz? – deb soʻradi onam.
– Xudoyim oʻzi yetkazadi.

Men esa oqlangan, oʻzicha bezatilgan katta xonamizga qarab soʻradim:
– Nega uyimizni otxona dedingiz?
– E, qizalogʻim, paygʻambarlar oxurda tugʻilgan, shuning uchun bizday odamlarga otxonada yashash ham sharaf. Bunday boshpanaga yetish uchun necha yillar shaharma-shahar, qishloqma-qishloq yurdik, hozirgi kunlarimizga shukr.

«Alloh suygan quliga, eltib qoʻyar yoʻliga», – deb yurardi buvim. Bir-ikki hafta oʻtib, qaerdandir choʻpon kelib, sal koʻpayishib kelgan echkilarni mashinaga ortib, olib ketdi va birdaniga qurilishni boshlashga pul topildi...

Kema

Bir kuni shom payti Roza xolam dugonasi bilan kinoga bormoqchi boʻldilar. Men ham ergashdim. Qizlarning hafsalasi pir boʻldi. Ukamni emizib oʻtirgan onam:
– Buving bilan kemada ketmaysanmi? – deb meni chalgʻitdi.
– Qanday kema? – deb soʻradim.

Makkajoʻxori dalasidan oʻtib borar edik. Nihoyat, sovxozning ekinsiz qolgan yerlari boshlandi. Ular endi imorat qurish uchun boʻlib berilgan edi.

Birdan... botayotgan quyoshning nurlarida jilolanib turgan, oppoq yelkanlarini rostlagan, suzib ketishga shay boʻlib turgan, chiroyli bir kemani koʻrdim. Daladan chopib, yiqilib, turib, oʻsha tomon shoshildim, chunki buvim yolgʻiz oʻzi kemada ketib qoladi, deb qoʻrqdim. Buvim bagʻriga bosdi, yuz-koʻzimdan chang va yoshni artdi, tuflimni yechib, pashshaxona ichiga kirgizib, kattagina shiyponga oʻtqazdi. Lekin xayolparast qizaloqning nazarida, u endi kemaga aylangandi. Kechki ovqatimni yedirib, buvim sehrli ovozda shivirladi:
– Hozir Oymomo bulutlar asirligidan qutuladi va kemamiz uning bilan birga suzib ketadi.

Oymomo esa bekinmachoq oʻynardi. Bir toʻp bulutlar orasiga bekinar va yana sehrli yuzini koʻrsatar edi. Xayolim Oymomo va bulutlarga ergashib ketdi. Bizning oppoq kemamiz Yer bilan birga oydin kechada suzib borardi. Ariqlarda suvning shildirab oqishi, baqalarning qurillashi, hashoratlar chirillashi – hammasi bir chiroyli tungi kuyga, tabiatning allasiga aylangan edi.

Yoz boʻyi, imoratimiz bitguncha, har kecha buvim bilan tungi safarga ketar edik. Eh-he, qancha ertaklar, qoʻshiqlar, rivoyatlar eshitganman, son-sanoqsiz sarguzashtlarni boshdan kechirganman. Saharda uygʻonganimda, Choʻlpon porlab turardi. Yulduzga termulib oʻtirib, birdan «kema"dan otilib chiqib, shabnamli dala boʻylab yalangoyoq chopardim. Oyogʻim yerni sezmasdi, osmon sari qushday uchar edim...

Aslida biz oʻshanda dalaga olib kelingan qurilish ashyolarini qoʻriqlar edik. Bir kuni Noil togʻamning oʻrtoqlari hasharga kelib, buvimga hazil qilishdi:

«Hozir negadir yigitlar ichkuyovlikni afzal koʻradilar. Shuni hisobga olib, biz sizga bir kulba qurib bermoqchimiz, rozimisiz?» Bir-ikki mashina gʻisht, shagʻal-qum, taxtalar keltirib, bir oy deganda, chiroyli uychani qurib berdilar. Buvim ularni tovuq palov bilan siylab, duo qilib turdilar.

Keyin koʻp voqealar boʻlib oʻtdi. Pochchamiz Roʻzmat aka oilasi bilan oʻz yurtiga koʻchdi. U yerda ikkinchi oʻgʻillari – Farhod tugʻildi.

«Yosh oila, roʻzgʻori nochor, bolalariga qaramasam boʻlmas», deb buvim Toʻrtkoʻlga yoʻl oldi. Noil togʻam kuzda harbiyga, Qora dengiz flotiga joʻnab ketdi. Roza xolam uyimizdan uch-toʻrt chaqirim naridagi sanatoriyaga ishga qirdi. Nazar togʻam avtobus haydovchisi edi. Onamga ham avtobus parkidan ish topib berdi. Onamga zarur kelibdimi, kechalari avtobus yuvib yurish? Chaqalogʻini haftalik bogʻchaga topshirdi, Rashidni faqat shanba kuni uyga olib kelardi. Meni esa yuz chaqirimdan nari – Angrendagi internatga berdi. Oʻzi esa tungi smenadan qaytib, uxlab olib, kechga tomon, malikaday kiyinib-yasanib, Roza xolam yoki biror dugonasi bilan kinoga, yosh-yalang toʻplanadigan joylarga borardi. Xuddi bola-chaqasi yoʻq, boshi ochiq qizday.

Menga – buvim va Roza xolam oq yuvib, oq taragan arzandaga begonalar orasida yashash ogʻir boʻldi. Noiloj, yangi sharoitga koʻnika boshladim.

Kunlarni qayta-qayta sanab, zoʻrgʻa ikkinchi sinfni tugatib, yozgi ta’tilda uyga keldim. Shu orada buvim ham Toshkentga qaytdi.
– A’lochi ekansan, buni eshitib xursand boʻldim, – dedi mening boshimni ma’yus silab.

Shu tarzda yillar oʻtdi. Roza xolam sanatoriyaga dam olishga kelgan bir tatar ayol bilan doʻstlashdi. Oʻsha opa xolamni ukasiga unashtirmoqchi boʻlgan.
– Voy, ukangiz Hojar opamga teng ekan, – debdi xolam.

Sovchilar kelishdi. Onam Nabiulla Ahmerov degan kishiga erga tegdi. Togʻamning doʻstlari haq boʻlib chiqdi: oʻsha kishi ichkuyov boʻlib, uyimizga keldi. Harqalay, onamning oʻzi tanlagan erkaklardan koʻra, xolam topgani tayinliroq chiqdi: bizga ota boʻlib qoldi. Zilziladan keyin, sakkizinchi sinfga oʻtib, oʻzimning birinchi maktabimda oʻqishni davom ettirdim. Oilamizga barakdan bir xona ajratdilar. Birdan onam yotib qoldi.
– Nega men bunday baxtsizman? Hayotim faqat qaygʻu-iztirobda oʻtadimi? – deb buvimga hasrat qildi.
– Alloh qanday kasallik bergan boʻlsa, uning shifosini ham beradi. Sabr-bardoshli boʻl, – deb nasihat qildi buvim.

Kasalxonadan qaytgach onam koʻp uxlardi. Men qoʻlimdan kelgan ishni qilib, onamga qaynatma shoʻrvalar pishirib borardim. Dadam ham ishdan kelib, onamga qarashar edi. Katta pechka oʻsha xonani ikkiga boʻlib turar edi. Men karavotim oldiga kichkina chiroqni yoqib, kitoblar olamiga shoʻngʻib ketardim. Bir kuni onam erta turib, qoʻlimdagi «Telba», degan kitobni koʻrib:
– Bolam, tuni boʻyi uxlamadingmi? – deb soʻradi.
– Kitobni bir oʻtirishda oʻqiganga nima yetsin, zoʻr taassurot qoldiradi. Xayoling boʻlinsa, boshqacha ta’sir etadi.
– «Telba»ni oʻqib, oʻzing ham telba boʻlib qolma tagʻin! Dyuma, Balzak, Mopassanlar bor-ku! Yoshligimda faqat frantsuz romanlarini oʻqiganman.
– Yoʻgʻ-e, oʻsha chuchmal asarlarga vaqt sarflash zarilmi? Hiyla, xiyonat, algʻov-dalgʻovdan boshqa hech nima yoʻq ularda. Axir men ruhi baland rus adabiyoti bilan ulgʻaydim-ku.

Oʻsha kichik xonada totuv yashadik. Ertalab turib, onam tushlarini aytib berardi:
– Bilasanmi, tunda men qandaydir boshqa olamlarga chiqib ketaman. Hayratli sarguzashtlarni boshdan kechiraman. Uygʻonib, es-hushimni yigʻib olishga qiynalaman.
– Men ham ajoyib tushlarni kinoday koʻrib yotaman. Tabiatning rang-barang manzaralarini, ummon va daryolarni. Qaysi bir tushimga harir kiyimdagi odamlar kirib, menga saboq beradilar, oʻqishni, rasmlar chizishni, qoʻshiq aytishni oʻrgatadilar.
– «Irkit oʻrdakcha» ertagidagi oʻrdakday, men senga qarab, hayratlanib turaman. Nima aytishni, nima qilishni bilmayman, sen xuddi «Oqqush» buvingning tuxumidan chiqqandaysan.
– Qani edi shunday boʻlganda... Buvimning fazilatlari menga oʻtsa, boshim osmonga yetardi. Keyin buvimga oʻxshab, magʻrur qanot chiqarib, uzoq-uzoqlarga, Moskvaga oʻqishga ketardim!

Men koʻnglimdagini aytdim. Onamning kayfiyati oʻzgardi. U meni buvimdan qandaydir qizgʻanardi.
– Maqsadlaring ulugʻ ekan, tuqqan onangga esa bir ogʻiz ham aytmaysan, – dedi onam arazlab.
– Axir ogʻir dardga chalindingiz, xom xayollarim bilan boshingizni aylantirib oʻtiramanmi?
– Toʻgʻri, oʻz-oʻzimni yomon koʻraman, qismatimdan yigʻlayman. Boshqa bir ajoyib olam mavjud-ku! Nega men bu zerikarli hayotni kechirishga majburman?
– Hali hayotimiz oʻzgaradi! – deb kayfiyatlarini koʻtarmoqchi boʻldim.

Aytganim durust chiqdi, bir yildan keyin oilamiz Chilonzorga, uch xonali kvartiraga koʻchdi. Bir xonani onam va dadam egalladilar, ikkinchisiga kitoblarim va tugunlarim bilan men koʻchib kirdim, ukamga esa katta mehmonxonada yangi divan qoʻyildi. Birinchi qavatda yashar edik, tomorqaga ham ega boʻldik. Eshik oldida esa men yaxshi koʻrgan – olcha daraxtlari! Oyim erta turib, shirin taomlar pishirib, eshigimni qoqib:
– Grafinya, nonushtaga marhamat, – deb taklif etardi.

Ukamga «baron», dadamga «gertsog» unvonini bergan edi magʻrur «ona qirolichamiz». Onam sogʻayib, kuchga kirgach, xonadonimizda oʻshqirib, baqirib turishni oʻziga ma’qul koʻrdi. Yangi uy sharafiga berilgan ziyofatda, onam yorildi – oʻz maqsadini bayon etdi, menga va ukamga qarab:
– Endi uy bekasiman, sizlarni qoʻlga olaman, men chizgan chiziqdan chiqmaysiz. Bolalar onasining koʻz qarashidan qoʻrqishi qerak, – dedi jiddiy.
– Oʻzing bir umr oʻzboshimcha yashab yurding. Endi zoʻravonlikka oʻtmoqchimisan? Bunday xoʻrlikka men yoʻl qoʻymayman. Oʻzim oʻstirgan qiz maktabni bitirguncha hovlimizda turadi, – deya buvim shart qoʻydi.

Oʻsha kecha buvimning kulbasida uzoq vaqt suhbatlashdik.
– Qizimning xulq-atvori otasiga tortgan. Buvang bilan urishib-janjallashib yashaganimiz yetmaganday, endi Hojar bilan tortishib yurishga majburman. Qizim yoshligida birdan «goʻzallarning goʻzaliga» aylanib, shaytonlab qolgandi. Manaman deb yurar, tantiq, injiq, sirkasi suv koʻtarmas edi. Keyin seni, Rashidni tugʻib, qismatiga tan berib, hovuridan bir oz tushgandi. Endi erga tegib, uyli-joyli boʻlib, yana toʻnini teskari kiyib oldi. Yaxshi kunlarga yetdim, deb Xudoga har kuni shukrona aytish oʻrniga, bagʻritosh ayolga aylanib borayotganiga hayronman, – deb ich-ichidan kuyunib gapirdi buvim.

Men ham oʻz hasratimni aytdim:
– Hovlimizda uch «prokuror» kampir bor, ular onamni gapga solib, ipidan ignasigacha surishtirib, butun sirlarini bilib oldilar. Negadir, hech kimga boʻysunmagan onam, ularning yugurdagi boʻldi-qoldi!
– Bekorchilikdan yomon narsa yoʻq. Oʻzi ishlab yurgan pochtadan nega boʻshab ketdi? Ishi yengil edi, tuzuk ayollar bilan doʻstlashib yursa boʻlmasmidi?
– Dadamiz qizgʻanar ekan. Uyda oʻtir, ikki ishda ishlab, oʻzim seni boqaman debdi...

Bir oycha buvimnikida turdim, keyin oyim dadam bilan kelib uyga olib ketdilar.

Noil togʻam ikkinchi marta uylandi, xotini bilan buvimning kulbasidan boshpana topdilar. Keyin zavoddan uy berishdi. Togʻam Leonid Komiljonov degan yigit bilan doʻstlashgandi. Necha yillar kuyov tanlab oʻtirgan Roza xolam birdan oʻsha yigitga tegdi-qoʻydi. Taqdir degani shu boʻlsa kerak! Guldan gul tugʻiladi deb, qiziga Liliya ismini tanladi.

Maktabni bitirgan yili buvim soʻradi:
– Xorazmga borasanmi?

Birinchi bor samolyotda uchib, Urganchga yetdik, avtobusda kechuv joyigacha bordik. Paromga mashinalarni joylashtirdilar, qiz-juvonlar gap sotib, pista chaqishar, erkaklar papiros tutatib, oʻzaro gurunglashib turardilar. Kichik kater paromni tortib ketaverdi. «Kema»mizning uchiga chiqdim. Xira bir parda atrofni qoplagandi. Quyosh koʻrinmasa ham, kun nurafshon edi. Amudaryo ham osmonning tusini olib, kumushday tovlanardi. Daryoning qoq oʻrtasida katerning motori toʻxtab qoldi. Sokinlikni, bepoyonlikni, ulugʻ daryoning salobatini ich-ichimdan his qildim. Xayolimda daryoni tepadan koʻrdim. Uning marvarid oʻzani ufq bilan tutashgandi. Ulugʻ daryolargina sahroni kesib oʻtishga qodir boʻladi...

Soʻfitoʻrgʻay

Amudaryo qirgʻogʻidan Guldursunga borgunimizcha, qadrdon sahro bilan koʻrishganim sabab, yoʻl boʻyi oʻpkamni bosolmadim. Axir buvim bekorga «toʻrgʻay» laqabini bermagan – men dasht qiziman. Bu yorugʻ olamning birinchi taassurotlari oʻsha-oʻsha dashtu sahro manzaralari edi. Sahroning harorati, bepoyonligi meni maftun etdi. Qani edi, mashinaning bor kuchini ishga solib, sahroni kezib, uzoq bir safarga otlansang!

Bu sahroni oʻz vaqtida Ramazon buvam ham kezgan. Buvam chavandoz boʻlgan, Chor armiyasining kavaleriya polkida xizmat qilib, fin urushida qatnashgan. Umrbod oʻsha-oʻsha chavandoz, shashti baland, qarib quyulmagan, achib suyulmaganlar qatorida boʻlib qolavergan. Yoshi qirqdan oshganda Masrura buvimga uylangan. Buvamni koʻz oldimga keltirishim oson, chunki onam oʻsha kishining oʻzginasi. Aftidan loʻlilarga oʻxshagan, qirgʻiy burun, qop-qora jingalak sochli, oltmishdan oshganda ham sochiga oq tushmagan, koʻzlari chaqnab turgan, xulq-atvorida ham loʻlilik boʻlgan ekan, bir umr tavakkal qilib yashagan. Uydan chiqqanida toʻrva ichiga tupurib, kechqurun uni toʻldirib olib kelgan. Veterinar boʻlib, oʻzi yaxshi koʻrgan otlarni, mollarni davolab yurgan. Tugʻilgan bolalarining umri uzun boʻlsin deb qon chiqargan. Urush yillari mehnat armiyasiga safarbar etilgan. Boyovut sovxozining boʻlimlarida ishlagan va u yerdan qaytib kelmagan. Masrura buvimga bir necha marotoba: »Oʻlsam, qoʻshmozorda koʻmilaman», – degan ekan, aytganini qilibdi. Oʻsha paytlar terlama kasalligidan oʻlganlarni qoʻshmozorda koʻmishgan ekan.

Bu dunyoning hikmati koʻp. Bir kuni yoʻlimda kuygan daraxtni uchratib, rosa achindim, yaqinlashib, uning ildizidan oʻsib chiqqan niholni koʻrib ovundim. Urush olovida umri yonib, ado boʻlgan buvamning ildizidan yetti-sakkiz yil oʻtar-oʻtmasdan, aynan oʻsha zaminda, Mirzachoʻlda, men dunyoga keldim...

Oddiy tuman kasalxonasida, pastakkina binoda onam meni qiynalib tuqqan. Koʻzi yorib, uxlab qolgan, birdan kimdir derazani ochgan. Qarindoshlarim keldi, deb sevinib, oʻsha tomonga yuzlansa... Bir chiroyli, peshonasida yulduzi bor, oq ot onamga boqib turganmish. Balki, oʻsha buvam davolagan otlarning avlodidandir. Balki: «Tugʻilgan qulun qulluq boʻlsin! Toshkentda siz uchun boshpana – otxona tayyor», demoqchi boʻlgandir, kim bilsin...

Orzu

Oliy Adabiyot institutida ta’lim olish orzuim edi. Ammo Moskvaga borishga menga ruxsat bermadilar. Har xil tahririyatlarda ishlab, jurnalistika fakultetida oʻqidim, lekin koʻngildagiday boʻlmadi. «Yosh gvardiya» nashriyotiga ishga kirdim.

Nashriyotimizda chiqadigan «Yoshlik» almanaxida birinchi hikoyam chop etildi.
– Men qoʻlimda koʻtarib yurgan jiyanim yozuvchi boʻlibdi-ku! – deya xursand xitob qildi Noil togʻam uyimizga kelib.

Togʻam mendan oʻn bir yosh katta edi. Bir-biridan oʻjar, irodali opalari qoʻlida oʻsib, nihoyatda yuvosh, kamtar, juda samimiy, koʻngli ochiq yigit boʻlib oʻsgandi. Garmon, gitarani chalib, qoʻshiqlar aytib, davralarga fayz kiritardi. Koʻp kishilar bilan doʻst tutingan edi, shu sabab, birodarlari buvimni «ona», deb ulugʻlardilar, hattoki kulba ham qurib berdilar. Bir doʻsti esa meni choʻkishdan qutqardi.

Almanaxdagi oʻsha hikoyamga «Qushlar» degan nom berib, ajralishgan eru-xotin oʻrtasida qiynalib ketgan yigitcha haqida yozgan edim. Noil togʻam juda bolajon edi, zavodda tungi smenada ishlab, kunduzi oʻzi oʻgʻlini boqib oʻstirgandi. Yuvosh erining qadrini bilmagan xotin, ajrashamiz deb turib olgandi, lekin haqgoʻy oʻgʻli Temur sudda aytibdi: »Men otam bilan qolaman». Hikoyam oʻsha voqeaga oʻxshagandi, togʻam meni jonkuyari deb bildi.

Nashriyotda ishlab yurgan paytlarim Moskvadagi «Molodaya gvardiya», Kievdagi «Molod» nashriyotlariga original-maketlarni eltardim. Boshqa oʻlka, shaharlarga xizmat safarlariga borardim.

Oʻsha vaqtlarda qoʻlyozmalar mashinkada koʻchirilib, tahririyatga topshirilardi. Shanba-yakshanba uyda oʻtirib tunu-kun ishlardim. Onam xonamga kirib:
– Xohlasang, fol ochib beraman, – deb meni avramoqchi boʻlardi.
– Kerak emas, peshonamda nima yozilgan boʻlsa, shuni koʻraman. Boʻlajak voqealar esa tushimda ayon boʻladi.
– Sening hayoting juda zerikarli oʻtayapti, – deb onam goʻyo achinardi. – Axir yoshlik umrda bir marta keladi! Mening yoshligim gurkiragan bogʻlarni eslatardi. Men olov qiz edim, yigitlarning boshlarini aylantirib, bir-biri bilan urishtirardim, oʻzim esa tomosha qilib turardim.
– Nega?
– Qasdimni olardim, oʻn besh-oʻn olti yoshimda senday nozikkina, oriqqina boʻlganimda, hech kim nazar-pisand qilmasdi. Keyin toʻlishib, goʻzal qiz boʻlib sahnaga chiqqanimda, oshiqlar koʻpaydi. Dugonalarimning yigitlari meni qurshab olardilar. Bir aytgan soʻzim ular uchun qonun edi. Lekin men hech kimni sevmadim, jonimga tegsalar, javobini berardim. Qaysi biri boshini ichkilikka soldi, qaysi biri oʻzini otmoqchi boʻldi.
– Demak, oʻsha yillari shaytonlab qolgansiz, – dedim ich-ichimdan ogʻrinib. – Maqsadingiz – ularni izdan chiqarish edimi? Birontasini toʻgʻri yoʻlga soldingizmi oʻzi?
– Dadangni odam qatoriga kiritgan kim?!
– U kishi oʻzini-oʻzi odam qilgan. Bolaligidan yetim qolib, pochchalari bir savat papiros berib, bozorga joʻnatganlar. Ertalab shuni sotishga ulgurib, maktabga chopgan, temir yoʻl texnikumini bitirib, mashinist boʻlib, frontga qurol eltgan, u yerdan Toshkent gospitallariga yarador askarlarni olib kelgan. Keyinchalik Oltintopganda konchi boʻlib ishlagan.
– Kim buni senga aytib berdi?
– Endi turmush qurgan kunlaringiz, siz Roza xolam bilan kinolarga borganingizda, buvim tovuq palov pishirib, meni, ukamni, dadamizni mehmonga chaqirardi. Oʻshanda dadamiz boshidan kechirganlarini aytib bergandi. Buvim tinglab: «Oʻgʻlim, yetim ekansan, koʻp azob chekibsan, endi mana bu ikki bolaga ota boʻla qol. Yetimlarning boshini silashdan savobli ish dunyoda yoʻq», – degandi. Buvim dadamni ham haydab yuborasiz, deb qoʻrqardi.
– Bir-ikki marta uyga ichib kelganida, chamadonni qoʻliga tutqazdim. Yuvoshdan yoʻgʻon chiqdi deganlari rost ekan. «Mening boradigan joyim yoʻq, tunda kelib darvozaga oʻz-oʻzimni osaman va osongina bu dunyo tashvishlaridan qutulaman, – deb gʻoʻldiradi.
– Demak, siz bilan umidini bogʻlagan, – dedim-u, lekin eshitganimdan yuragim muzladi.
– Umidini emas, mening oyoq-qoʻlimni bogʻlab qoʻydi. «Men oʻlsam, sen javobgar boʻlasan», – deganday boʻldi.
– Bu soʻzlarning oxiri xayrli boʻlsin! – deb qoʻya qoldim.

Men ishlamoqchi boʻlib, xonamga kirdim, lekin qoʻlim ishga bormadi. Derazadan qorongʻu osmonga qarab yotib, alahsirabman... Bu kvartira oʻrnida... qoʻshmozor koʻrdim... Qoʻrqib uygʻongandim, yuragimni vahima bosdi, oldindan bildimki: biz bu uyda baxtli boʻlmaymiz, bir-birimizdan ayrilib ketamiz...
– Oxiri xayrli boʻlsin, – deb, yana uyquga ketdim.

Ukam aqlli, zehni oʻtkir bola boʻlsa ham, oʻqishni yoqtirmasdi. Unga desa toʻp tepib, futbol oʻynasa! "Paxtakor» yoshlar jamoasiga ham olmoqchi edilar, bir-ikki yil boshqa yurtlarga safarlarga ketib-kelib yurdi. Keyin birdan sportdan ham koʻngli qoldi, yomon doʻstlar orttirib, yoʻldan oza boshladi. Onam uni juda keskin vaziyatlardan qutqarib oldi, zoʻrgʻa sakkizinchi sinfni bitirib, qaysidir hunar oʻquv yurtida oʻqib yurdi. Armiyaga joʻnab ketdi, u yerda ham yomon nom chiqargandi. Keyin uyga qaytib, haydovchi boʻlaman dedi, dadam pul berib uni kurslarda oʻqitdi. Vaqt kelib, ukam kelinni yaqindan topib, uylanaman, deb turib oldi.

Qudagʻaylar tatarlardan mashhur boʻlgan chilonzorlik Usman mullani olib keldilar.
– Otamga rosa oʻxshar ekan, xuddi aka-ukaday! Yaxshilab qara va eslab qol! – hayajonlanib gapirdi menga buvim.

Nikoh oʻqildi. Keyin choy ichib oʻtirganda, buvim savol berishga jur’at etdi:
– Otam Ahmadulla Husniddin Orenburgda mulla boʻlgan, tengdosh ekansiz, u kishi bilan uchrashganmisiz?
– Yoʻq, men Ufa tomonlarda tugʻilib oʻsdim. Oʻttizinchi yillar ulamolarni surgun qildilar. Baxtim bor ekan, hamma musulmonlarni birlashtirgan Qur’oni karimni, arab tilini bilganim sabab, bu oʻlkada yashab, hech xor boʻlmadim. Din – bu ilohiy kuch. Tatar xalqi qalban, oʻz ixtiyori bilan musulmonchilikni qabul qilgan va dinning keng yoyilishini koʻzlab, koʻp millatlarni dinga kiritgan. Hattoki Qadimgi Rusiya podshosi Vladimir huzuriga Bulgʻor xonligidan elchilar borib, musulmonchilikni qabul qilishni taklif etgan. Vladimir ikkilanib turgan, lekin atrofdagilarning soʻzi bilan xristian e’tiqodini qabul qilgan...

Biz mullani kuzatgani chiqqanimizda, hayratlandim, yoshi toʻqsondan oshgan ota haliyam ruhan va jismonan tetik edi, faqat odamlar hasratidan, necha-necha tobutlarni yelkalariga koʻtarganidan qaddi ancha bukilibdi. Panjalari sozandalarnikiday uzun edi, suyaklari yep-engil boʻlgani sabab, menga fotihasini berganida yelkalarimga qush qoʻnganday tuyuldi...

Ayni oʻsha vaqtdan ajdodlar taqdiri meni qiziqtira boshladi.

Ukamning toʻyi boʻlib oʻtdi, alohida xonamni ularga ajratib berdim. Oʻzim esa uyning oʻrtasida, toʻrt xonaga chiqiladigan mehmonxonada qolib ketdim. Kelin va qaynona janjallashib yurdi. Bir kuni onam alamini mendan olmoqchi boʻlib:
– Sen ham boshimga balo boʻlding! Qachon odam boʻlasan? Yigʻishtir bu narsalarni, – deb boshimga kitob bilan turtdi.

Indamasdan chamadonni, hujjatlarni, kerakli kitoblar va mashinkani olib, uydan chiqib ketdim. Buvim Toʻrtkoʻlda edi, Tamara Aleksandrovna degan bir yolgʻiz, jonkuyarim boʻlib qolgan kampirning uyidan boshpana topdim.

Bir kuni eshitib qoldim: Yozuvchilar uyushmasi, oʻsha mening orzuim boʻlgan, Oliy Adabiyot institutida tarjimonlar guruhini oʻqitmoqchi ekan. Ijodiy tanlovdan oʻtib, imtihonlarni topshirib, institutga kirdim. Moskvaga ketish taraddudida yurganimda, onam yoʻldan qaytarmoqchi boʻldi.

Hamkasblarim kuzatish marosimini oʻtkazdilar.
– Jamoamizdan senga ozgina yordam, – deb menga yaxshigina mablagʻ berdilar.

Hamma dilidagini izhor qilganda, kattalar oq fotihani berganda, onam xoʻmrayib:
– Shuncha pulni koʻkka sovurasan. Oʻqishni eplay olmaysan! – deb, koʻnglimga vahima soldi.

Baxtimga buvim Toshkentda edi.
– Sen oʻz orzuingni boladay oʻn uch yil oʻstirding, – dedi u xoʻrsinib, – endi murodga erishdim deganda, oʻz-oʻzingga xiyonat qilmoqchimisan? Onangni boqadigan eri, oʻgʻli, kelini bor. Seni dunyodan qizgʻanayapti, tushunyapsanmi? Uyda oʻtirib, kitoblar oʻqib adiba boʻlolmaysan. Sen hayot bilan yuzma-yuz boʻl, musofirchilik zahmatlarini ham tort.

Men buvimni quchib oldim.

Oradan uch kun oʻtdi. Ketar chogʻim buvim qulogʻimga shivirladi:
– Alloh haqqi! Qozon Moskvaga yaqin, borib, otangni top!

Diydor Gʻanimat

Yolgʻiz oʻzim Qozonga borishga choʻchidim, dugonam bilan yoʻlga chiqdik. Birinchi marta otam bilan uchrasholmadim, ovulga ketib qolgan ekan. Oʻgay onam bilan kelishib olib, yana bir marta ularnikiga bordim. Vokzalda eru-xotin meni kutib oldilar. Oʻpkam toʻlib, yigʻlab yubordim.
– Men ayol koʻz yoshini koʻtarolmayman... – deb pichirladi otam.

Oʻsha zahoti hayajonim, koʻz yoshim, otamga atalgan soʻzlarim diydamda tosh boʻlib qotdi. Mehmondan mehmonga olib yurdilar, ziyofatlar berdilar. Lekin bizga, ota-bolaga, gaplashib olishga imkon bermadilar.

Oʻgay onam, Omina opa shaharni aylantirganida, yoʻl boʻyi zahrini sochdi. He yoʻq, be yoʻq, otamni ayblay ketdi:
– Toshkentga borib nima topdi? Faqat boshiga balo orttirdi...
– Onamni sevib qolgandi. Ikki yil yurib, oxiri niyatiga yetdi, uylandi. Birinchi koʻz ochib koʻrgan qizga...
– Ikki yilda ajrashdilar-ku. Uylanishning nima keragi bor edi?
– Men dunyoga kelishim uchun.

Otam meni kuzatishga chiqqanida, oʻgay onam bir qarindoshini «yuk koʻtarishga yordamlashadi», deb aygʻoqchi qilib yubordi. Vagonga kirib joyimga oʻtirib, toʻyib yigʻlab oldim. Yoʻldoshlarim, dardimni bilib, hayron qoldilar. Yetti yot begona oʻsha zahmatkash, koʻngli ochiq kishilarning rahmi keldi.

Toshkentga kelib buvimga boʻlgan voqealarni aytib berdim.
– Dengizchilarimizning kemasi qumga koʻmilibdi-ku... – dedi u afsuslanib.

Oʻshanda bildim, otam buvimning yuragidan joy olgan kishi ekan. Koʻpincha otam va Noil togʻamning jonkuyari boʻlib, ikkalasining taqdirlarini taqqoslab yurar edi. Ular harbiy xizmatda dengizchi boʻlganlar, oʻzga yurtlarda yurib, ikki marta uylanib, ikkitadan bola orttirib, uchinchi marta esa farzand koʻrmaganlar. Uchinchi xotini togʻamni oʻgʻlidan ayirib, oxiri tashlab ketdi. Omina opa esa meni otamdan uzoqlashtirishga harakat qildi va niyatiga erishdi.

Buvim ham bu haqda xayol surib oʻtirgan ekanlar, hayajonlanib gapira ketdi:
– Oʻgay onami, otami, baribir oʻgayligini qiladi-da. Otam Ahmadulla mulla haj safariga ketib va undan uch yil xabar boʻlmagach, qarindoshlari onamni – Gulbogʻidani Zokir degan kishiga majburlab erga berganlar. Xalq ichida bekorga rivoyatlar yurmaydi. Mana misol. Uch aka-uka qoʻlida qolgan singlisiga sovchilar keladi. Yangalari sovchilar bilan savdolashadilar. Bir yangasi toʻn soʻrasa, bir yangasi ot soʻrar, bir telbaroq yangasi – bir solmalik un soʻrarkan. Oilamizdagi savdo ham shu tarzda oʻtdi. Zokir chol tez orada Sarvara opamni choʻldan kelgan boy qozoqqa bir qop unga berib yubordi. Meni, oʻn besh yoshga kirgan qizni, oʻzining ulfat doʻsti Ramazonga erga berdi. Fotimaning qismati yanayam achinarli boʻldi. Temir yoʻllarni ta’mirlab yurgan bir kishiga berib yubordi.
– Ukalaringiz Abdelgʻani va Abdelgʻazizlarning taqdiri qanaqa boʻldi?
– Ular oʻgay ota bilan bozorga chiqqanda otamizni uchratganlar. Hoji otamiz Zokir cholga jiddiy gapirgan: «Xotinimni olding, uyimga xoʻjayin boʻlib qolding, oilamni yoʻq qilding. Bu ikki chirogʻbonlarimni senga bermayman». Soʻng oʻgʻillarini ergashtirib ketgan... Onam otamizdan ranjib aytardi: «Dindor kishi ekan, uylanib, bola orttirishning nima keragi bor edi? Soʻfiy boʻlib, ziyoratdan-ziyoratga yuraversin edi! Necha yil yashab, men u kishining diydoriga toʻymadim!» Qarang-a, taqdir taqozosi bilan ikkinchi eri bilan doimo birga boʻlganlar, hattoki narigi dunyoga ham ketma-ket oʻtib ketganlar.

Hovliga Toʻrtkoʻldan mehmonlar kelib, suhbatimiz boʻlindi. Men Chilonzorga qaytib ketdim.
– Men umrimni senga bagʻishladim, sen esa oʻsha nomardning oldiga bordingmi? – deb hujumga oʻtdi onam, Qozonga borganimni eshitib.
– Otamni nomard demang, u obroʻli, yaxshi odam, umrbod sizni sevgan:

Onam battar tutaqib ketdi:
– Sevsa, muhabbatga xiyonat qilmasdi.
– Oʻzingiz otamni uydan haydab yuboribsiz-ku!
– Qaytib keladi, deb oʻylagandim.
– Har bir insonning oʻziga yarasha gʻururi bor! Nega men bilan uchrashishga, hattoki yaqinlashishga ruxsat bermadingiz?
– Sening koʻngling boʻlinmasin deb.
– Shu yoʻl bilan otamni mendan uzoqlashtirdingiz. Otam tirikligida meni yetim qildingiz. Urushda qatnashgani uchun medallari bor, samarali mehnati uchun ham mukofotlangan. Siz esa otamni yomonlab, koʻzimni ochirmadingiz. Endi oʻz koʻzim bilan koʻrdim – obroʻli, tuppa-tuzuk, uyatchan, xayolparast kishi...

Yozuv mashinkamni, kitoblarimni olib, tushkun kayfiyatda buvimnikiga ketdim.
– Oʻgayi talagani kam edi, oʻz onang ham azobladimi? Ikki oʻjar biya urishganda oʻrtada qolgan erka toyga qiyin boʻldi, – deb erkaladi buvim.

Tushlik payti Nuriya xolam hovliga kirib keldi.
– Men sizlarni rosa sogʻindim.

Oʻzi bilan olib kelgan goʻsht, guruchni oshxonaga eltdi.
– Nima pishiray? – deb soʻradi Roza xolam.

Hammamiz «palov», deb turib oldik.
– Endi Hojar opamni qanday chaqirib olamiz? – deb Nuriya xolamning boshi qotdi.
– Koʻnglingiz xotirjam boʻlsin, hozir kelib qoladilar! – dedi Roza xolam.

Gapi rost chiqdi. Bir soat oʻtar-oʻtmas, onam hovliga kirib keldi.
– Toʻti qush, qachon kelding, xabar ham bermading, – deb mehmonga yolgʻondakam doʻq qilgan boʻldi.

Nuriya xolam toʻq rangli koʻylaklarni, katta zarbof roʻmollarni yaxshi koʻrar edi. Ochiqkoʻngil, istarasi issiq, gavdali, hammaning e’tiborini tortadigan juvonlardan edi.
– Eshitdim, hovlingda prokuror boʻlib olibsan. Oʻsha janjal, tortishuvlarga aralashib yurishdan boshqa ishing yoʻqmi? – dedi onamga yuzlanib.
– Menga xoʻjayinlik qilma! – deb baqirdi onam.

Ular tagʻin bir oz aytishib, bir oz arazlashib turishdi. Soʻng suhbat yana oʻz iziga tushdi.

Davr

Oʻtgan asrning saksoninchi yillarini «turkiy adabiyot davri», deb atasak hech mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki Chingiz Aytmatov, Oʻljas Sulaymonov, Rasul Hamzatov, Mustay Karim, Odil Yoqubovlarning ijodi gurkiragan edi. Ularning asarlari milliy oʻzligi, samimiyligi bilan ajralib turar edi. Meni bu hol juda ruhlantirardi, oʻz yoʻlimni topganimdan xursand edim.

Ham ishladim, ham oʻqidim. Ishimni yoʻqotmaslik uchun yozgi ta’tilga qaytmayman, deb xat joʻnatdim. Shu orada bir tush koʻrdim.

Oyim meni – kichkina qizchani qoʻlimdan ushlab bir koʻprikka olib chiqdi, daryoning narigi qirgʻogʻida esa onam qizaloqqa evrildi, men esa oʻttiz yashar qiz boʻlib, onamni yetaklab ketaverdim.

Ajab, umrida boshqa shaharlarga yolgʻiz oʻzi bormagan onam, ikki hafta deganda Moskvaga yetib keldi. Uni olomon haybati bosdi. Koʻchalarni aylanishga chiqqanimizda, qoʻlimdan mahkam ushlab olar, adashib qolishdan choʻchigan qizaloqday mendan ayrilmasdi.

Yotoqxona odatlariga esa tez koʻnikib oldilar. Bir talabaning chaqalogʻiga uch-toʻrt soat qaragan ekan, qiz minnatdorchilik bildirib: «Siz goʻzal ayolsiz», debdi.

Ikkinchi kun ham kimdir onamga «goʻzal inson», debdi.
– Sizni maqtab qoʻyadilar, xolos. Aslida, yotoqxonamizda chinakamiga bir suluv ayol bor, – dedim.
– Kim ekan? – deb qiziqsindi onam.

Eshikni ochib, yoʻlakni yuvib yurgan Mariya xolani koʻrsatdim.
– Meni aldama! Nimasi goʻzal bu ayolning? – deb, arazlaganday boʻldi onam.
– Hayot siz oʻylagan goʻzallik tanlovi emas-ku axir! Bu ayolning qalbi goʻzal. Nihoyatda kamtar, ochiqkoʻngil inson, yuzidan nur yogʻiladi. Biz uni xola desak, yigitlar, yanayam yaqin tutib «ona» deyishadi.

Keyinchalik Mariya xola bilan doʻstlashib:
– Rostdan ham, mehribon, begʻubor ayol ekan, – deya onam ham tan oldi.
– Mariya xolani uchratib, Roza singlingizni koʻrganday boʻlmadingizmi? U ham tinimsiz ishlaydi, shifoxonaning boʻlmalarini yuvib, eshik oldini supuradi, yoʻlaklarning ikki tomoniga gul ekadi. Ishxona atrofini oʻz hovlisiday ozoda tutadi.
– Faqat Roza xolang ishlaydi, a? Mening mehnatim hisob emas!
– Hamma narsa hisobga kiradi. Lekin sizning fikringizga koʻra faqat siz haqsiz, boshqalar nohaq, ular ter toʻkib ishlayotganini mensimaysiz.
– Nega endi men qora ishga botib yurishim kerak? Boshimda erim bor, boqsin!
– Yoʻq, onaginam, aynan shu joyda adashyapsiz. Vijdonli odam uchun mehnat – zaruriyat!

...Yarim yili qish boʻlgan oʻlkada farroshlik erkaklar ishi. Ertalab soat besh-oltilarda yigitlarimiz muzni sindirib, qorni kurab, yoʻlaklarni tozalashga kirishar edi.

Oʻsha yillari «Farrosh shoirlar» degan ikki jildli toʻplam chiqib, adabiy hayotda bir voqea boʻldi. Chunki unda katta shahar shovqini oʻz aks-sadosini topgan, koʻchalarni tozalab, olomonning oqimiga qarshi chiqqan darvesh shoirlar, oʻsha zamon ruhini bera olgan edilar.

Yillar oʻtib Adabiyot instituti qoshidagi ikki yillik Oliy adabiyot kurslarini tugatib kelgan Vafo Fayzulloh oʻsha farrosh shoirlarga joʻr boʻlganday tuyuladi:

Xabar tarqat, yuk koʻtar, ishla,
Koʻcha supur, kitob ort, chopgin.
Ogʻiz ochmay, qishlarda kishna,
Yigʻlamoqqa gavjum joy topgin...
... Boshingdagi qorlarni kura...

Adabiyot institutini tugatgan shoiramiz Oygul Suyundiqova qorlarga koʻp she’rlar bagʻishlagan:

Shahar bogʻlarida parishon sochli
Adashgan darveshday aylanadi qor.

Boshqa satrlarni ham keltiraman:

Qorli tunda oʻrmon haybati
Afsonaga, sehrga toʻlugʻ.
Yoʻllarimda – rus tabiati,
Muhabbati, shiddati ulugʻ.

...Onam yurtdoshlarni oshga chaqirmoqchi boʻlganida, men ogohlantirdim:
– Doʻstlarim ham oʻz uyiga sigʻmay, yurtlaridan chiqib ketgan musofirlar. Iltimos, hazil qilib, oʻylamasdan gapirib, ularni ranjitmang.
– Kimga nima deyishni oʻzim ham bilaman, aql oʻrgatma, – dedi onam.

Shu kundan boshlab to ketguncha, onam bir qozon ovqat pishirib, doʻstlarimni yigʻib, qoʻshiqlar aytib, davramizga fayz kiritdi.

Sezdirmay, bilib olmoqchi boʻldi: yigitim bormi, yoʻqmi. Men Oygulning she’rini oʻqib berdim:

Shu qorlar hissiga qoʻshilib oqdi,
Hayotimning har bir oni, tashvishi.
Kimdir bu hayotga yor kabi boqdi,
Kimlarningdir aslo boʻlmadi ishi...

Lekin sevgi sinovidan oʻtishga majbur boʻldim.

Qozonga ketadigan kuni bir tasodifiy voqea boʻlib oʻtdiki, uning aks-sadosi bir necha yil hayotimda sezilib turdi. Dugonamning tanishlari uni yoʻqlab kelib, xonamizda qizgʻin suhbatlar qurib oʻtirdilar, qaysi maqsad bilan yoʻlga chiqqanimizni eshitib, yigitlar hayajonlandilar. Birisi roʻparamga oʻtirib:
– Mening onam qozonlik tatar, ismi Havo Hasan qizi, – dedi.
– Mening familiyam Hasanova, – dedim.
– Balki shuning uchun biz uchrashgandirmiz? Qarang, ikkalamiz ham ijodkor odam, tengdosh va bir millatga mansub, – dedi-yu, qarindoshlarim haqida surishtirib ketdi.

Yoʻlga chiqish vaqti ham yetib keldi. Biz xayrlashib turganda, yigit jiddiy soʻradi:
– Sovchilarni qaerga yuboray, Qozongami yoki Toshkentga?
– Qoʻying, qizning boshini aylantirmang, – dedi dugonam.

Lekin yigit koʻnglimga choʻgʻ solishga ulgurgan edi. Qozonga yetganimda yuragimda olov yonardi. Buvim birinchi bolalariga Muso, Iso ismlarini bergan ekan. Men ham oʻz-oʻzimni ruhlantirib, Momo Havoning oʻgʻliga tegaman, degan umidda yurdim.

Kuyovdan darak boʻlmadi. Doʻstlari bilan koʻrgazmalarda koʻrishib turdik, ularning soʻziga qaraganda, yigit oʻz yoʻlini izlash payiga tushibdi. Bir eshitdim, yog boʻlib ketganini, keyin yana qandaydir oqimlarga qoʻshilgani, arxeologlar guruhi bilan Kavkaz tomonga ketgani haqida ham xabar keldi.

* * *

...Oʻsha besh yil ichida onam uch marotaba Moskvaga kelib ketdi. Bahslashib, tortishib yashadik. Iymon, vijdon haqida gapirib, tunlarni toʻzdirdik.

Bir kuni ishdan kelsam, onam kulimsirab:
– Bilasanmi, bir shoir qozonim haqida she’r oʻqib berdi, – dedi.
– Bir qozon osh bersangiz, doston yozib beradi, – deb kesatib qoʻydim.
– Oʻsha yigit hayotim haqida yozadigan boʻldi, oshga taklif etdim.

Bir pasdan soʻng jilmayib mehmon kirib keldi. Gaplashmay, soʻrashmay, qornimizni toʻydirib oldik. Dasturxon yigʻilgach, ensamni qotirib, yigit suhbatga shaylandi, gʻazabim qaynab:
– Bir oy deganda jurnalda sizning tarixingizni chiqaraman, deb onamni aldamoqchimisiz? – dedim.
– Oyingiz ekanini bilmagandim. Ruhini koʻtarmoqchi boʻldim, xolos, – deb yigit chiqib ketdi.

Onam xatoga yoʻl qoʻyganini tushunib, pushaymon boʻldi. Uxlatadigan dorisini ichib, devor tomon burilib yotdi. Men esa kichkina chiroqni yoqdim... va darvesh shoiraning sehrli olami meni qamrab oldi, yigʻlab, kuyunib uning otashin satrlarini oʻqidim. Birdan onamning ovozini eshitdim:
– Nega yigʻlayapsan, bolam?
– She’rlarni tarjima qilib oʻtiribman!
– Koʻz yosh toʻkish shartmi?
– Halol mehnatda yo ter toʻkasan, yo koʻz yosh toʻkasan...

Ertalab shoshib ishga ketdim, keyin tarjimalarni topshirib, oyimga shirinliklar olib, yotoqxonaga qaytsam, oyimning dimogʻi chogʻ, osh pishirib yuribdi. Ovqatlanib boʻlgach:
– Kitob haqida kelishib olaylik, – dedim.
– Rostdan ham yozmoqchimisan? Yoshligimda boʻlgan sarguzashtlarimni aytib bersam, bilasanmi, qanday ajoyib kitob boʻladi! – deb kayfiyati koʻtarildi.
– Boʻlmasa oʻzingiz oʻtirib yozing!
– Bunday ishga sabr-toqatim yetmaydi. Oʻzing yozaqol, – yolvordi onam.
– Lekin «yigitlar izimdan sevib-oʻlib, bir-birini oʻldirib yurdilar", degan frantsuz romanlariga mos voqealarni eslamay, bor narsani yozaman. Hayotimiz bir umrga bogʻliq ekan, bir kitobda buvimning, sizning va oʻzimning taqdirimni yoritmoqchiman.

Onam ogʻir xoʻrsinib:
– Demak, internatga berganimni ham yozasan!

Onamning dili ogʻriganini sezdim va bu masalaga ham aniqlik kiritishni xohladim:
– Axir bu hayotimning muhim voqealaridan biri. Yetti yil, onadan ayrilib, yashash oson deysizmi? Shanba-yakshanba kunlari yolgʻiz qolganimda tarbiyachimiz mehmonga olib ketardi. Uyi toʻla kitob edi. Oʻsha bolaligimdan oʻqishni chin dildan sevib, bugungi kunda kitoblarga koʻmilib, Moskvada ta’lim olishga muyassar boʻldim... Agar siz chizgan chiziqlar boʻyicha tarbiya koʻrsam, hikoyalar oʻrniga shikoyatlar yozib yurardim. Xudoning rahmi kelib, meni asradi.
– Demak, «prokurorligim» haqida ham yozasan?
– Haqiqat uchun kurashaman, deb faxrlanib yurgandingiz-ku, nega endi pushaymonsiz?
– Mayli, bor narsani yoz, gunohkor bandaman. Yuragingga yoʻl topolmay qiynalgandim, sen internatdan uyga qaytib kelganingda...
– Qaytib rejalaringizni buzdimmi? Qizaloqni yuz kilometr nari olib ketib, endi adashib, koʻchada qolib ketadi, deb oʻylagandingizmi?
– Nega bunday deysan?
– Chunki janjal chiqarib, kun bermadingiz!
– Oʻsha prokuror kampirlar: qara, ta’qiqlangan kitoblar boʻlsa, oilang bilan Sibirga ketasan, deb, vahima qildilar. Sen sotib olgan kitoblarni, qoʻlyozmalarni birma-bir koʻrsatardim. Moskvaga oʻqishga kirganingda, vahimalari avjiga chikdi: ehtiyot boʻl, deb rosa qoʻrqitdilar meni...
– Demak, oʻn-oʻn besh yil mobaynida, oʻta xavfli mahbusday, onamning pinhona nazoratida boʻlganman!
– Rosa qoʻrqitdilar! Axir, men qora xalq, oʻqimaganman, ishonaverdim!
– Yalmogʻizlar soʻziga kirib, menga shuncha azob berdingiz! Oʻqishni bitirib borsam, yana asirlikka tusharkanman-da.
– Yoʻq-yoʻq, ochiq-oydin gaplashdik, men xatolarimni tan oldim, biz endi boshqacha yashaymiz.

Oʻshanda hayratlanarli xulosaga keldim, onam: «Oʻqib, boshimga balo orttirmayin tagʻin! Men goʻzalman, boy erga tegib, kun koʻrarman», deb oʻqimagan va biror hunar yoki kasb ham egallamagan ekan.

Bir kuni ishdan qaytib kelganimda, qoʻshni qiz xonasiga chaqirib:
– Oying menga fol ochib: «Qara, toʻrt tomoningdan toʻrt qirol oʻz sevgisi, turmush qurish niyati bilan...Men esa bu dunyoda chin muhabbatdan mahrum boʻldim», deb yigʻlab yubordi. Bechora, yolgʻiz yashayaptimi?
– Yoʻq, onamning eri bor. Lekin yoshligida, uni ham koʻp yigitlar yaxshi koʻrgan, izidan yurgan. Balki onam shuni eslagandir.
– Bizning keksa ayollar nafaqam yetmaydi, deb yigʻlasa, sening onaizoring chin muhabbat uchun yigʻladi... Hali koʻngli yosh ekan-da!

Oʻsha kecha ham kontsert boʻldi. Qoʻshni qizga dil kosasini agʻdarib ulgurgan onamning kayfiyati zoʻr edi, oldin xalq qoʻshiqlarini aytib, keyin Zuhro ariyasi bilan davrani zavqlantirdi.
– Havaskor xonanda boʻlib yurganimda, meni viloyat teatriga taklif etganlar... – dedi onam.
– Bordingizmi? – deb qiziqdi bir yurtdoshim.
– Yoʻq, yosh, goʻzal edim, yigitlar izimdan qolmasdi... – dedi onam.

Mehmonlar xayrlashib, chiqib ketdilar. Onamning dimogʻi chogʻ edi, fursatdan foydalanib:
– Ruxsat bersangiz, men Moskvada oila qurib yashasam? – dedim.

Birdan onamning goʻzal yuzi xoʻmrayib, qovogʻidan qor yogʻdi.
– Er-er, deb gʻashimga tegma. Turmush qurish faqat irodali, kuchli ayollarning koʻlidan keladi. Sen eplay olmaysan!
– Oʻqishni ham eplay olmaysan degandingiz, epladim-ku!
– Bu boshqa masala. Yovvoyi jonivorlarga yaqinlashganda, bir qoʻlingda toʻpponcha, ikkinchisida qamchi tutib borasan-ku, erkaklarga ham xuddi shunday yaqinlashish shart!
– Qani, oʻsha toʻpponcha bilan qamchini koʻrsating-chi! Shunday jasur ayol ekansiz, nega koʻchada qoʻlimni mahkam ushlab olasiz, mendan bir qadam nari yurmaysiz? Oʻzingiz hamma narsadan qoʻrqib, meni ham qoʻrqitib olib, oldingizda bir umrga qoldirmoqchimisiz?
– Gapimga quloq sol. Sen yuvosh, kamtar, uyatchansan. Bunaqa qizlarning qadriga hech kim yetmaydi. Oʻjar, oʻzlariga bino qoʻygan, erkak koʻzini oʻynatadigan, xayolini avrab olgan qizlar yigitlarni aqldan ozdiradi. Sening na uying, na mulking, hattoki taqinchoqlaring ham yoʻq. Kambagʻal qizga kim ham uylanadi? Men senga haqiqatni aytaman – baxtli boʻlishni xohlasang, hayotingni butunlay oʻzgartirishing kerak...
– Tavba...Umrimda hech kim meni bunday yerga urmagandi. Kelib-kelib tuqqan onamdan eshitib oʻtiribman.

Xona eshigini taqillatib, chaqalogʻini koʻtarib, qoʻshni qiz kirdi:
– Oldin qoʻshiqlar aytib, bolamni uxlatdingiz, endi esa janjal chiqarib, uygʻotdingiz, mana, mehmonga keldik.

Men kulib yubordim.

* * *

...Oʻqishim tugadi. Uyga qaytdim. Buvijonim diplomimni silab, jilmaydi:
– Koʻnglim gʻash boʻlib oʻtirgandim, kayfiyatimni koʻtarding, rahmat.

Ishim yurishib ketdi: Yozuvchilar uyushmasiga, tarjima boʻlimiga ishga oldilar. Koʻpgina shoirlarning she’rlarini, yozuvchilarimizning hikoyalarini, hattoki kitoblarini ham tarjima qildim.

Bir kuni ishdan qaytsam, buvim Shoʻro davriga mos «muammoli» filmni tomosha qilib oʻtirgan ekan, televizorni oʻchirib, birdan tutoqib ketdi:
– Shuyam muammo, shuyam fojia emish. Fotima singlimni Chiyili stantsiyasiga izlab borsam, kulbalarining oʻrnida bir uyum qum. Fotima eri bilan qaerda koʻmilgan, kishilar unutibdi... Besas, beun, iz qoldirmasdan dunyodan oʻtish – buni fojia desa boʻladi. Yoki totuv yashab kelgan oilaning parchalanishi, opa-singil, aka-ukaning bir umrga ayrilib ketishini koʻz oldingga keltir! Mana haqiqiy musibat.

Xushchaqchaq qizning, davrim keldi, deb yurgan paytida xayoli fojialarni sigʻdirolmasdi. Shuning uchun:
– Koʻz oldimga keltirolmayman! – deb rostini aytdim.
– Koʻngil koʻzi bilan koʻrmasang, oddiy koʻz – butoq teshigi, – dedi buvim gʻamgin termulib.

Xorazm

...Oʻtgan asrning oʻttizinchi yillari. Ocharchilik. Buvamiz Ramazon Gali Turkistonga ish qidirib ketgan. Besh-olti marotaba tanishlar orqali pul yuborgan, keyinchalik eridan xabar boʻlmagach, Masrura buvim, uchta yosh bolasini oʻlimdan asrash uchun, ona yurtidan koʻchib ketishga majbur boʻlgan.

Orenburg koʻchalari tovlana kumush kabi,
Qaerda gʻoyib boʻlding, adashgan oqqush kabi.

Lekin buvimiz adashmagan. Toʻgʻri fikrga kelib, otalari Ahmadulla mulla qadamjo deb bilgan Turkiston oʻlkasi bilan umidini bogʻlagan. Poezdda sahroni kesib, Xorazm vohasiga kelib tushgan, buvamizni qidirib, Buxorodan topgan. Pastdargʻom, Samarqand, Mirzachoʻl, Toshkent – umr yoʻlidagi bekatlar, manzillar boʻlib qolgan.

...Buvimizning yoshi saksondan oshganda, Buyuk Ipak Yoʻlidagi mozorlarga ziyoratga borib, ruhi poklardan, tuprogʻim shu yerdan olinganmi, deb soʻraganlar. Oʻziga qabriston topib, joyini belgilab, tinchgina u dunyoga ketishga tayyorgarlik koʻrgan. Oʻsha vaqtda pochchamiz Toshkentga kelib, onam va Roza xolamga ma’rakalarning boshida oʻgʻil yoki kuyov turishini uqtirgan, hamma xarajatlarni oʻz zimmasiga olishini ham aytgan, ularning roziligini olgach, buvimning oldiga borib:
– Oyijon, siz kuyovning uyiga koʻchmaysiz, oʻgʻlingizning uyida yashaysiz! – degan. Bunday ulugʻ soʻzdan kimning koʻngli erimasdi? Buvim Toʻrtkoʻlga koʻchib ketishga rozi boʻlganlar.

Toʻrtkoʻl atrofidagi qabristonlarga ziyoratga olib borgandan keyin buvimiz ajoyib tush koʻribdi. Tushida bir nuroniy ota buvimga olma berib: «Yigʻlama, boʻtam, maqbaram yonida senga ajratilgan joy bor», debdi. Ertasi kun pochchamiz Abdulloh Norinjoniy qabristoniga borib, buvimizning istagini aytib, sagʻanaga joy olib qoʻyibdi. Buvimiz xursand boʻlib: endi koʻnglim joyiga tushdi, debdi.

Bir yili borganimda, buvimning koʻzini oq parda qoplaganini koʻrib, vahimaga tushdim. Ayvonga chiqib, dodlab yigʻladim. Keyin oʻpkamni bosib, uyga kirdim. Buvim oʻtirgan xonaga oʻtdim, quchoqlashib koʻrishdik. Choy ichganda, buvim toshkentlik bolalarini surishtirdi. Asta-sekin buvimning notanish qiyofasiga koʻnika boshladim. Bir hayratlanarli fikrga keldim. Kumushsimon, oqargan sochlari, ajinlari, oq koʻzlari va oqish doka roʻmoli bilan yunon afsonalaridagi ona siymosini eslatardi.

Oxirgi marta borganimda, xayrlasha turib, buvim ma’yusgina dedi:
– Keladir bulutlar, keladir, Qibladan emas, Xivadan... Tuprogʻim shu yerdan olingan ekan, qabristonda menga atalgan joy ham tayyor. Yuragim sezib turibdi, bu soʻnggi uchrashuvimiz. Vaqti kelib, juda katta merosga ega boʻlasan. Men sendan roziman, bolam, baxtli boʻl. Buvijonim haj ziyoratidan olib kelingan mis qutisidagi kichkina Qur’oni karimni qoʻlimga berdi.

Qalb Koʻzi

Qalb koʻzini koʻrgiliklar ochadi. Qirq yoshimda payim qirqildi – birinchi yoʻqotishim – buvijonim boʻldi. Oʻsha yili Moskvada ishlab yurgan edim.

Oʻn kunga Toshkentga kelib, buvimning qirqini oʻtkazdik, keyin yana Moskvaga qaytib ketdim. Tushkun kayfiyatda oʻsha bevafo yorimning uyiga yoʻl oldim. Uni koʻrib battar koʻnglim ezildi. Sochlari, soqoli oʻsgan, semiz bir qorinboy eshikni ochdi. Faqat koʻzlaridan tanidim uni. Lekin koʻz qarashi ogʻir edi. Oʻsha yillari Moskvada, yoʻl chekkasida savdo shoxobchalari paydo boʻlgandi. Roʻparamda shunday doʻkonning egasi turar edi. »Bolam, iymoningni butun saqla!»degan jonkuyari boʻlmagani sabab, Momo Havo va Odam Atoning bolasini yana shayton yoʻldan urgandi. Hamma narsa: muhabbat, ijod, ma’naviyat – unut edi. «Oʻz-oʻzini topish» maqsadida yoʻlga chiqqan yigit, bor boyligini yoʻqotgandi...

Avgust oxirida onam Moskvaga keldi, Fyodorov klinikasida koʻzini davolatdim. Ketar paytida, onam jiddiy ohangda:
– Uyga qayt, mening ham umrim oxirlab borayotir. Dadang bilan meni koʻmib, keyin xohlagan joyda yasharsan, – dedi.

Kuzda Toshkentga qaytdim va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligining tarjima boʻlimiga ishga kirdim.

Qirqiga chidagan qirq biriga ham chidaydi, deganday, koʻrgiliklar yopirilib kela boshladi. Ikki yil oʻtar-oʻtmas yoz boshida dadam yurmay qoldi. Dardlari uni ilonlarday chirmab olib, rosa azob berdi. Qirq kun ajal va hayot uning joni uchun kurashdi. Biz onam bilan qoʻlimizdan kelgan yordamni berardik: eng kuchli qimmatbaho dori-darmonlarni topib kelardik. Bor pulimiz davolashga ketardi. Lekin dadam shifo topmadi: oyogʻi qorayib bordi. Doktorlarning kesib tashlasak, balki kasalning oldini olarmiz, degan soʻzlarini eshitib, dadam bir qarorga kelib boʻlgandi. Har kuni ertalab, men ishga ketayotganimda: «Xayr, qizim, men sendan roziman», deb qoʻyardi. Bir kuni qoʻshnimiz ishxonamga sim qoqib, tezda uyga kelishimni aytdi. Yetib borganimda, ayollar qoʻrqqan bolalarday bir joyda yigʻilishgan edi. Lekin hech kim menga bir ogʻiz soʻz aytmadi. Eshikni ochdim-u, qotib qoldim. Dadam devorga osigʻliq turar edi. Katta xonamizda onam yigʻlab, tergovchilarning savollariga javob berib oʻtirardi. Keyin qoʻshnimiz chiqib, meni kvartirasiga olib kirdi.
– Menga himoyachi kerak, – deya onam ukamni chaqirib oldi.

Lekin oilamizga qaytgan yigit oldingi Rashid emasdi. Oʻn uch yil turmush qurgan, oʻn ikki yashar bolaning otasi endi har narsada oʻz oilasining manfaatini koʻzlab turardi. Oʻsha alohida xonamdan meni chiqarib, oʻzi joylashib oldi va xoʻjayinlik qila boshladi.

Bir kuni kimdir eshikni taqillatdi. Borib ochsam, dadamning uzoq qarindoshi ekan. Eshikdan moʻralab qaradi-yu, meni chetga surib, oyim oʻtirgan xonaga kirib ketdi.
– Hojar, goʻzalim, oltinim... Iltimos, mendan boshqa hech kimga erga tegma...

Onam jonlandi, oʻrnidan turdi va andishali oʻgʻil va qizi, tomoshabinlarga oʻxshab, ikki eshik oldida qotib qolganlarini koʻrdi.
– Namuncha shoshilasiz? – deb oʻzicha mehmonga norozilik bildirdi oyim.
– Men shoshiltirmayman. Oʻylab koʻr, – deb mehmon chiqib ketdi.

Men oshxonada ivirsib yurdim. Ukam esa onam bilan jiddiy gaplashib oldi.
– Biror qarorga kelgan boʻlsangiz, bizga ham ayting.
– Bilasanmi, oʻgʻlim, yolgʻizlik jonimga tegdi...
– Demak, biz hammamiz – opam, men, nevara, kelin – hisobga kirmaymiz?
– Men unday demadim-ku... Axir, bir umr beva boʻlib oʻtirishim kerakmi? Men baxtli boʻlishni istayman…
– Hozir siz baxtsizmisiz? Men oilamni qoldirib, xizmatingizda yurganim, opam erga tegmasdan, umrini sizga bagʻishlab yashagani siz uchun bir pul ekan-da? Bizdan koʻra, oʻsha begona odam sizga afzalmi?
– U meni sevadi!
– Namuncha anoyi boʻlmasangiz... U qorinboyning ovqatdan boshqa dardi yoʻq. Uyiga kelganda oldin oshxonaga kiradi, yeydigan narsa topmasa, oʻgʻil, kelinlarni soʻkib ketadi. Yaqinlari «Otamiz biror bir bevani topib, uydan chiqib ketsa edi, deb yurishibdi". Tilaklari amalga oshadi, shekilli…
– Men hali roziligimni bermadim-ku! Nega zahringni sochasan?
– Menga, olti yashar bolaga, eringizni koʻrsatib: «Bu sening dadang» dedingiz. Men ishondim. Dadam boqdi-oʻstirdi, uyimizni mol-mulkka toʻldirdi. Olamdan oʻtgach, darrov xotiniga, uyiga xoʻjayin topildi. Bilib qoʻying, men bu yerga qadam bosmayman. Hozir menga hamdardlik bildiradilar. Yangi dadang qulluq boʻlsin, desalar, odamlarning yuziga qanday qarayman?

«Ona qirolicha» xobxonasiga kirib ketdi. Ertalab choyga chiqib:
– Ukang meni talaganda, nega himoya qilmading? – deb janjal chiqarmoqchi edi, baxtimga ukam oshxonaga kirib kelib, salom berdi.

Peshinga yaqin kuyovtoʻra keldi.
– Mana, uch oy ham oʻtib ketdi... – dedi va maqsadga oʻtmoqchi boʻldi. – Shariatda esa qirq kun oʻtsa...

«Ona qirolicha»mizga biror qarorga kelish uchun vaqt kerak edi, oʻrnidan turib deraza tomon yurdi, jahl ustida pardalarni tortqiladi, botib borayotgan quyoshning nurlari xonani yoritdi. Onamning ruhi tetiklanib:
– Siz mulla emassiz, shariatdan gapirmang. Bizning buvamiz muftiy boʻlgan. Qizlarini shu ruhda tarbiyalaganki, onamiz oʻttiz besh yoshida beva boʻlib qolib, boshqa erga tegmagan... – deb jiddiy gapirdi.
– Endi u boshqa zamonlar boʻlgan...
– Erimning tanasi sovumagan, hamdardlik bildirish oʻrniga, sovchilikka kelibsiz. Mulla nikohimizni ikki dunyolik qilib qoʻygan, shuning uchun kelib yurmang…
– Unaqa demang, xabarlashib turaylik...
– Oʻlganim haqida xabarni eshitarsiz... Hozir esa dam olishim kerak. Mayli, omon boʻling, – deb, onam xonasiga kirib ketdi.

Bir necha kundan keyin oʻsha kishi kelganda, Rashid eshikni ochdi.
– Hojar singlimni bir koʻrib ketay, – deb xonaga kirmoqchi boʻldi.
– Axir, uyimiz koʻrgazma emas-ku, – deb ukam yoʻlini toʻsib, chiqarib yubordi.

Oyimiz faqat dadamning jiyanlari bilan uchrashardi, boshqa erkaklardan yuz oʻgirib oʻtirardi.

Dadamning poʻstini, qishki botinkalarini kiyganda, uning junjikkan vujudiga jon kirganday boʻlardi. Har kuni mozorga borardi.
– Oʻzingizni qiynamang, sizning aybingiz yoʻq, – deb tasalli bermoqchi boʻlardim.
– Dadangni bir umr kamsitib, haqorat qilib yurdim. Qadrdonim, eng aziz doʻstim ekanligini aytishni oʻzimga ep koʻrmadim. Aslida, u mening togʻim edi. Dadangning oʻrnini hech kim bosolmaydi. Menga hech kimning keragi ham yoʻq, – deb yigʻlardi onam.

Soʻng u qarindoshlarga borib, kechirimlar soʻrab yurdi. Noil togʻam ogʻir dardga chalingandi, pochchamiz: «Dengizchini oʻzimiz oyoqqa turgʻizamiz», deb kasalxonadan qadrdon hovliga olib kelgandi va Roza xolam bilan birgalikda togʻamga qaradilar. Onam tez-tez borib, xabar olardi. Bora-bora manmanlik, kibr koʻnglini tark eta boshladi. «Ona qirolichamiz» vazminlik va magʻrurligini yoʻqotmasdan, dunyoning ishlaridan etagini siltab, taxtdan voz kechib, orom kursida xayol surib oʻtirardi. Yuzi kundan kun yorisha bordi...

Onam ogʻrinib boʻlsayam yangi yilda Moskvaga borib kelishimga ruxsat berdilar. Ukam oilasi bilan onamning yonida qolmoqchi boʻldi.

Ikki hafta qanday oʻtganini oʻzim ham bilmay qoldim. Lekin onaizorim oʻsha qisqa muddat ichida koʻp savob ishlar kilishga ulguribdi. Eski hovlimizga deyarli har kuni borib turgan. «Oʻn kundan keyin kelsang, tayyor boʻladi», deb aytganmish. Onam qarindoshlari bilan xayrlashib, roziligini aytib, ularning roziligini olib, uyga qaytib ketgan, lekin oʻgʻli va keliniga bu haqda ogʻiz ham ochmagan.

"Onamiz kasalxonada!» Vokzalda eshitgan birinchi xabarim boʻldi.

Uyga borib, hali yuklarni olib kirishga ulgurmagandik, kelinimiz kelib:
– Onamizni tabriklashga bordim. Koʻrinishi yaxshi edi, koʻzlari chaqnab turardi. Men: »Rashid vokzalga ketdi, opamizni olib keladi», deganimda, menga uzoq tikilib, qarab yotdi, keyin koʻzi yoshlandi, ingradi-yu, qoʻlimda jon berdi, – deb yigʻlab yubordi.

Men esa qotib qoldim, bir narsa xayolimdan oʻtdi. Yoshligida onamning hujjatlari yoʻqolgan, pasport olish uchun qogʻozlarni toʻldirganda, 15 yanvarni tugʻilgan kuni deb, yozgan. Aslida, jon beradigan kunini belgilagan ekan!

«Koʻp yotib qolmayin-da», – deb yurardi onam. Besh kungina toʻshakda yotibdi...

Onamning yotganiga hamma lol qotdi. Uyquga ketgan goʻzal malikaning oʻzginasi edi! Ajal ham ayaganday, yuzida na iztirob, na dard, faqatgina meni kutib yotgan, sogʻinch yoshlari kiprik ostidan sizib chiqibdi...

Oʻshanda bir hikmatni angladim. Onam bu dunyoga chin muhabbatni istab kelgan banda ekan. Lekin foniy dunyoda muhabbat ham oʻtkinchidir… Onam shuni bila turib, hech kimga dil izhor ham qilmagan, oʻsha koʻnglidagi his-tuygʻularni asrab yurgan. Mana, kun kelib, hammalarimiz bilan xayrlashib, oq harir matolarga oʻrangan, taxti ravonga joylashgan Muhiba... Habib sari yoʻl olgandi...

Onamning qirqini ushatdik. Bir kuni koʻnglim gʻash boʻlib hovlimizga yoʻl oldim. Xolam bagʻriga bosib, yigʻladi:
– Ukamni uch kunga kasalxonaga, oʻpkasidan suvni olishga yotqizgandim. Bugun uy ishi bilan qolib ketdim, birdan ukamning:»Ro-o-za!» deb chaqirganini eshitdim. Yuragim shuv etib ketdi. Kasalxonaga borganimda, jon berib boʻlgan ekan...

Ertasi kun Noil togʻamizni ham oʻsha qadrdon hovlidan chiqardik...

Bir yil ichida uchta kafanni tikib, ich-ichimdan kuyib-yondim, oʻshanda oq mato mening uchun motamrido boʻlib qolgandi.

Buvim oilasini ustunday yelkalarida ushlab turgan ekan. Besh-olti qadrdonim oʻzlari tugʻilgan asrda qolib ketdilar. Xolalarim va pochchalarim uchinchi ming yillik dovonini oshib oʻtishga muvaffaq boʻldilar. Roʻzmat aka sakson yilligining taraddudida yurib, birdan jon bergan, Nuriya xolamiz ham saksonga yaqinlashib, pochchamizdan keyin oʻtgan...

Buvim aytgan, juda katta meros menga qoldi. Uch-toʻrt yil davomida yigʻlab-siqtab yurdim. Bir kuni jur’at qilib, ariza yozdim va ishdan boʻshadim. Hamkasblarimga bu gʻalati tuyuldi. Uchrashganda boshqa ishlarga tavsiya qilishdi, men takliflarni rad etib:
– Tarjimonlar koʻp. Lekin qadrdonlarim haqidagi xotiralarni mendan boshqa hech kim yozolmaydi, – dedim.

Taqdir taqozosi bilan oʻzim xotiraga aylandim...