OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifZulfiya Qurolboy qizi
Asar nomiIkki manzil (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Zulfiya Qurolboy qizi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm35KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ikki manzil (hikoya)
Zulfiya Qurolboy qizi

– Hammasini sen uchun qildim! Seni deb! Sen boʻlsang...

Yuzi dokadek oqargan, titrayotgan erkak bir soat burun xuddi shunday dedi qoʻrqqanidan devorga suyangancha ogʻir kursini oʻziga qalqon qilib koʻtarib turgan, zoʻriqqanidan koʻra ku-tilmagan vaziyatdan qattiq larzaga tushgan qizga...

Bu bir soat, atigi oltmish daqiqa oldin aytilgan gap. Bir soat, atigi oltmish daqiqa oldin erkak titragan, qaltiragan holda qizning qarshisida turardi. Tirishgan yuziga jon bagʻishlab turguvchi koʻzlari ayni damda juda qaygʻuli edi...

Xuddi hayot-mamoti hal boʻlayotgandek qarshisidagi qizga butun vujudi nigohga aylanib, qattiq tikilib qolgandi.

Darvoqe, shundan keyin haqiqatan ham uning hayot-mamoti hal boʻlmadimi?

– Demak... demak... siz shuning uchun... – nihoyat tilga kirdi qiz juda ham zaif tovushda.

– Ha! Endi yashirib oʻtirmayman, – dedi erkak qizga yaqin kelib. – Bunga hojat ham qolmadi. Hamma-hammasini Siz uchun, yolgʻiz Siz uchun qildim. Bilasiz, imkoniyatim kengligini...

– Demak... – qiz birdan ma’yus tortib qoldi. Hatto bir oz boʻshashganidan qoʻllarida mahkam tutib turgan ogʻir kursi tushib ketayozdi.

– E, namuncha «demak, demak»laysiz! – baqirib yubordi erkak. Qiz choʻchib tushdi. – Ha, ha, deyapman-ku, – deya andak qahr bilan davom etdi erkak. – Onangizga idora nomidan sovgʻa qilingan uy ham, dala hovli-yu, akangizning universitetga oʻqishga kirishi, hamma-hammasini faqat, azbaroyi sizni... seni sevganimdan... – erkak jimib qoldi. Qarashlari muloyim tortdi. – Siz boʻlsangiz... Siz boʻlsangiz umuman befarqsiz, – dedi u birdan oʻzgargan, yumshoq va mayin ovozda.

Qiz unga javoban hech narsa demadi. Ammo... yonoqlariga qizil yugurdi, koʻzlariga esa adogʻi yoʻq mung choʻkdi. Uning yuragini dard timdalab yuborilganday edi...

– Toʻgʻri, biz unchalik ham... unchalik ham badavlat emasmiz... – dedi qiz bir ozdan keyin juda ham dovdiragan, esankiragan holda. – Lekin oyim... bu haqda boshqacha gapirgandilar.

– Nima degandi oyingiz? – erkak qizdan uzoqlashib, xonadagi boʻsh stullardan biriga oʻtirdi. Aftidan u qizga avvalgidan ham oʻn chandon ortiq qiziqib qolgandi. – Xoʻsh, oyingiz nima degandi oʻshanda?

– Oyimning aytishicha...

– Xoʻsh?

– Oyimning aytishicha, siz katta odam ekansiz. Qoʻlingizdan kelmaydigan ish yoʻq ekan. Aniqrogʻi, qoʻlingizni qaerga uzatsangiz yetarkan. Juda olamshumul ishlar qilsangiz ham qurbingiz yetarkan. Katta-katta idoralarda zoʻr tanishlaringiz bor ekan. Ular bilan har qanday chigal ishni hal qila olarkansiz. Keyin...

– Xoʻsh? – bir oz kulimsiragan holda shunday dedi erkak. Aftidan, u qah-qah urib yuborishdan oʻzini zoʻrgʻa tiyib turardi.

– Keyinmi?.. Keyin... Kallangizga nima kelsa, shuni qilarkansiz. Hech kim bilan maslahatlashmas ekansiz. Toʻgʻri, siz maslahat soʻragan taqdiringizda ham hech kim sizga maslahat berishga botina olmaydi. Hatto sizdan tepki yeganlar ham oyogʻingizni oʻpishga tayyormishlar! Shuning uchun... umuman, qaerga borgingiz kelsa, borarkansiz, kechami-kunduzmi, sizga farqi yoʻq, qolaversa, siz uchun yoʻl hamisha ochiq. Keyin... – shu yerga kelganda qiz yer ostidan erkakka qarab qoʻydi. – Keyin istagan vaqtda istagan odamingizga pul-mul berib yuboraverarkansiz. Hatto ilgaridan tanimagan, bilmagan odamlaringizga ham... Buning hech qanday gʻalati joyi yoʻq emish. Badavlat, obroʻli odam qanday ish qilmasin, gʻalati tuyilmasmish. Shuning uchun biz unchalar ajablanmadik. Qolaversa, dedilar oyim yana, biz sizga juda devor-darmiyon boʻlmasa-da, harqalay, qoʻshni boʻlgan ekanmiz yangi uyga koʻchib oʻtmasimizdan oldin. Shunday ekan, odam xayr-saxovatni eng avval qoʻshnisidan boshlagani ma’qul ekan. Chunki u dunyoda soʻroq qilinayotganda Xudo kimning qanaqa odam boʻlganligini faqat va faqat qoʻshnisidan soʻrab olarkan. Faqat va faqat qoʻshni rost soʻzlarkan...

– Shunaqa deng... – dedi erkak qiz gapim tugadi, deganday jim qolib, boshini xam qilgandan keyin. U qizga bir muddat tikilib turdi, chehrasida kulimsirash paydo boʻldi, ajinlari yozildi, koʻz-lari qisildi, basharasi yoyilib ketganday boʻldi va u birdan butun gavdasi silkinib... allaqanday asabiy tarzda qah-qaha otdi, uzoq kuldi, kulgining zoʻridan ikki yuzi lavlagiday qizarib ketdi. Qiz esa hech narsaga tushunmaganday taajjub ichida unga qarab turardi. Bu hol erkakning e’tiboridan chetda qolmagan, lekin u biribir kulishda davom etar, kulganda ham qizning koʻzlariga qarab, undan nigohini uzmagan holda xo-xolardi.

– Men ketishim kerak! – dedi qiz birdan dadil, lekin zardasi qaynagan holda, ammo shunda ham qoʻlidagi kursini yerga qoʻymasdan.

– Qayoqqa?! – darhol kulgini bas qilib, gap ohangini oʻzgartirdi erkak.

– Uyga!

Erkak oʻrnidan turishga chogʻlandi, lekin birdan fikridan qaytib, stulga yastanibroq joylasharkan:

– Keta olsangiz... mayli, ruxsat, – dedi bamaylixotir.

Qiz kursini yerga qoʻya solib, eshik oldiga yugurdi. Ammo eshik berk edi!

– Eshikni oching! – dedi u erkakka gʻazab bilan. – Oching eshikni, bilaman, uni siz qulflab qoʻygansiz.

Erkak miq etmadi. Barmoqlarini oʻynagancha qarshisidagi deraza oynasiga tikildi.

– Hoy, kim bor?! Eshikni ochinglar! – deya qichqirdi yigʻlamsiragan qiz. – Meni qamab qoʻyishdi, yordam beringlar! Yordam... – qiz nozik mushtchalari bilan eshikni mushtlay boshladi.

Uch-toʻrt daqiqa oʻtdi.

Qizning chorloviga hech qanday javob boʻlmadi. Shundan soʻng erkak oʻrnidan turib, qizga yaqin keldi.

– Mana, koʻrdingizmi, – dedi u ohista. – Qanchalik baqirmang, eshikni mushtlamang, baribir foydasi yoʻq. Bu hovlida anavi daraxtlardagi qushlardan boshqa hech qanday jonzot yoʻq.

– Demak, meni aldab olib kelgan ekansiz-da?

Erkak eshitmaslikka oldi.

– Qani mehmonlaringiz? Axir meni xizmatga chaqirgandingiz-ku. Shu yerdan oyimga qoʻngʻiroq qilib aytib qoʻyarman, deb kelaveribman. Endi nima boʻladi?

– Ana, ana, aqlingiz endi kira boshladi, – erkak birdan jonsaraklik bilan qizning atrofida parvona boʻlib, uni hashamatli, naqshinkor oromkursilardan biriga oʻtqazmoqchi boʻlib yelkasiga qoʻlini qoʻydi. Ammo qiz erkakning qoʻlini siltab tashladi, joyidan jilmadi, eshik tutqichidan mahkam ushladi. – Umuman olganda... – deya davom etdi erkak qizning harakatidan koʻngli ogʻriganday boʻlib, – hozirgi vaziyatni hisobga olib... ya’ni, demoqchimanki, sizning fe’li-xoʻ-yingizni nazarda tutib... aytadigan boʻlsam, oyingiz haq! Lekin men har qanday sharoitda ham mavqeimni pisanda qilmayman, deb oʻzimga-oʻzim soʻz bergandim. Vaholanki, bu ahvolda soʻzimning ustidan chiqolmaymanmi, deb qoʻrqaman, – erkak qoʻlini yana qizning yelkasiga qoʻydi, qiz oʻzini olib qochishga urindi, lekin erkak kuch bilan uni oʻziga tortib yuziga yuzini yaqin tutib, quloqlariga pichirlay boshladi: – Xoʻp deng, iltimos, sizni dunyodagi eng baxtli ayol qilaman, soʻz beraman, soʻz...

– Yoʻq! Yoʻq! – qiz oʻzini chetga tortdi. Ammo erkak uni qoʻyib yubormadi.

– Mana, koʻrdingizmi, – dedi erkak koʻzlari yonib. – Agar istasam, hoziroq, shu yerning oʻzida sizni oʻzimniki qilib olishim mumkin. Dodingizni eshitadigan odam yoʻq bu yerda. Albatta, mendan boshqa! Keyin dardingizni aytolmay yurasiz, garchi bu zoʻravonlik boʻlib, siz zoʻravonlik qurboni boʻlsangiz-da, hech kimga damingizni chiqara olmaysiz. Chunki bu ishda birinchi navbatda oʻzingizni aybdor qilishadi. Qizbola degan narsa yolgʻiz erkakning dachasida nima qilib yuribdi, deyishadi odamlar. Ha, ha, shunday deyishlari turgan gap. Men bunga ishonaman. Lekin men bunday ifloslik qilmayman, qilmoqchi ham emasman. Xudoga shukr, koʻngil roziligi bilan zoʻravonlikning farqiga yetadigan odamman. Mana koʻrdingizmi, hamma-hammasini ochiq gapirdim. Menga faqat sizning roziligingiz kerak. Toʻy qilib uylanaman.

Erkak andak boʻshashdi. Bundan foydalangan qiz uning quchogʻidan sirgʻalib chiqdi va oʻzini deraza tomonga otdi. Xayolida: «Deraza oldiga yetib olsam bas, derazani ochaman-u oʻzimni tashlayman,» degan oʻy charx urardi halidan beri. Biroq! Deraza berk, buning ustiga temir panjaralar bilan qurshalgan edi!

– Nahotki, hammasi puxta oʻylab qilinganiga fahmingiz yetmayotgan boʻlsa? – orqa tomondan erkakning ovozi eshitildi.

Qiz shaxd bilan oʻgirildi.

– Ablah odam ekansiz!

– O, yaqin-oʻrtada bunday maqtov eshitmagandim. Buni yaxshilab hazm qilish kerak.

– Eshikni oching! Men ketishim kerak!

– Taklifimga koʻnasizmi?

– Ovora boʻlmang!

Erkak bir zum tin olib, soʻng dedi:

– Oʻylab javob qiling. Siz goʻzalsiz, yoʻq, sohibjamolsiz, desam toʻgʻriroq boʻladi. Ammo bitta aybingiz bor, hali gʻoʻrsiz, yoshsiz. Hamma-hammasi sizning javobingizga bogʻliq ekanligini oʻylab koʻrmayapsiz.

– Bu bilan nima demoqchisiz? – ensasi qotib soʻradi qiz.

Erkakning titrab turgan lablari zaharxanda kulgidan yoyilib ketdi. «Hademay oʻzingga kelib qolasan, qizaloq,» deganday qaradi u qizga. Soʻng:

– Oʻylang, kallani ishlating, koʻproq va koʻproq oʻylang, men manavi yerda kutib oʻtiraman, – degancha, boya oʻzi oʻtirgan oromkursi tomon yurdi.

– Tushunmadim, – dedi qiz erkakning soʻzlariga parvo qilmay.

– Yoshligingiz, besabrligingiz mana shundan ham ma’lum.

– Ochiq gapirsangiz-chi.

Qizning ovozidagi yumshoq ohang erkakka boshqacha ta’sir qildi. U nimagadir hayajonlana boshladi. Bu xuddi qarmogʻiga baliq ilinganini his etgan baliqchining hayajoniga oʻxshab ketadigan bir tuygʻu edi.

– Bilasizmi, qaldirgʻochim... – deya erkalab soʻzlashga oʻtdi erkak, – haligina, bunga juda koʻp vaqt boʻlgani yoʻq, ya’ni mojaro boshlanmasidan siz oyingizning bir narsalarni gapirganini aytgan edingiz. Va men ham oʻzimning nimadandir qoʻrqayotganimni aytgandim. Ya’ni, mavqeimni nazarda tutib. Xullas, shu narsani qanchalik chetlab oʻtishga harakat qilmaylik, baribir gap aylanib yana shunga taqalmoqdaki... – shu yerga kelganda qizning yuragi siqilib ketdi, erkakning yuziga olayib qarab qoʻydi. – Qaldirgʻochim, – deya davom etdi erkak, – menga bun-day qaramang, shu qarashingiz adosiman... Xullas, mening oshna-ogʻaynim koʻp. Imkonimdan tashqaridagi ba’zi masalalarni shu ogʻaynilarim orqali amalga oshiraman. Sinchkovlikni judayam oshirib yubordingiz, deb ta’na qilmasangiz (o, ta’na qilsangiz ham mayli, minnat qilsangiz ham mayli, hammasi boshim ustiga!) kichkina bir, deylik, angishvonaning koʻziday bir sirni, ya’ni sizning oilangiz sirini oshkor etsam...

Qiz umri bino boʻlib bunday mijgʻov odamni uchratmagan edi. Asabiylik bilan gapirsang-chi, deganday, turgan yerida depsindi. Erkak esa uning shu harakatidan ham zavqlanib, yeb yuborguday boʻlib tikilib qolgandi.

– Yaqinda dadangiz haqida eshitib qoldim... – erkak shunday deyishi bilan qizning yuzi shu qadar oqarib ketdiki, bir zumda naq qogʻozga aylandi-qoldi. – Hoy... Hoy...

Erkak qizni hushidan ketayapti, deb oʻylab qoʻrqib ketdi, oldiga yugurib borib qoʻlidan tutdi.

– Ilon... – pichirladi qiz, – ilon... Shundan ham xabardormisiz hali?..

– Atay surishtirganim yoʻq, Xudo ursin, oʻlay agar, tasodifan eshitib qoldim. Qolaversa, teshik quloq eshitadi-da.

– Pastkash...

– Bu pastkashlik emas, – dedi erkak dili ranjib. – Men aytmoqchi edimki, agar lozim topsangiz, agarki siz shunday qarorga kelsangiz va menga shunday xizmat yuklasangiz, men bundan nihoyatda toʻlqinlangan holda bu topshiriqni amalga oshirsam. Bir hafta ichida dadangiz ozodlikka chiqadi!

Qiz yalt etib qaradi.

– Qanday qilib? – deya past ovozda soʻradi.

– Qani, avval mana bu kursiga oʻtiring-chi, – erkak uni belidan quchib, kursi tomon boshlarkan, koʻz uchida qizning nozik yelkalariga, qop-qora sochlari toʻlgʻonayotgan oppoq boʻyniga suqlanib tikildi. Koʻzini quvnatgan naqsh olmani yegisi kelgan odamdek huzur bilan tamshandi. – Mana bunisiga, bunisiga oʻtiring, qulayroq oʻtirib oling. Ha, ana shunday, – deya mehribonlik qildi erkak, hatto qizning etaklarini toʻgʻrilab qoʻydi. Qiz ijirgʻandi, ammo indamadi. – Demak, gap bunday, men ertagayoq, yoʻq, siz xohlasangiz hoziroq, shu daqiqaning oʻzidayoq, kerakli odamlarimga qoʻngʻiroq qilaman. Ular darhol dadangizning ishi bilan shugʻullanishadi...

– Bu... mumkinmi?.. – kamoli hayrat bilan soʻradi qiz.

– E, bu dunyoda bitmaydigan muammo yoʻq, oʻlimdan boshqa albatta.

– Axir dadam odam oʻldirgan, yana mast holda... Dadam atay qilmagan, albatta, bu ishni. Bu tasodifan yuz bergan. Avvallari ozgina kayfi boʻlsayam rulga oʻtirmasdi hech qachon...

– Buni falokat deydilar, qizaloq. Falokat. Falokat oyoq ostidan chiqadi, deb shunga aytadilar-da.

– Lekin biribir dadamni qamab qoʻyishdi, tagʻin eng ogʻir ayblov bilan... – qiz umidsiz holda boshini changalladi, aftidan u boshlariga tushgan koʻrgulik haqida juda koʻp oʻylagan, oʻylab oʻyining oxiriga yetolmagan, mana hozir, ayni daqiqada dardi yangilanib, nihoyatda xafa boʻlib ketganidan oʻzining qaerda ekanligini ham unutgandi.

– Siz qaygʻurmang, sirayam qaygʻurmang, bunga hojat yoʻq, – dedi erkak birdan yana toʻlqinlangan holda, u hozir oʻzini afsonalardagi xaloskor pahlavonday, qizni esa... nozik-nihol, dovyurak, ammo yordamga muhtoj sohibjamolday his etayotgandi; ayni shu daqiqaga dovur qiz oldida koʻnglini bir oz xijil qilib turgan narsa – azadorligi, xotini ogʻir va uzoq davom etgan xastalikdan qiynalib yotib, nihoyat bu yilgi koʻklamning boshlarida qattiq uyquga ketib, uygʻonmasdan olamdan oʻtgan boʻlsa-da, butunlay yolgʻiz emasligi: na enagaga, na pulu, na ota mehriga muhtoj toʻrt oʻgʻli, kelin-nabiralari borligi va nihoyat... eng ayanchlisi – oʻzining yoshi oʻtib qolganligi haqidagi xijolatli oʻylar xayolidan koʻtarilgan, bir necha fursat boʻlsa-da, oʻzini oʻtda yonmas, suvda choʻkmas bahodirday his qilardi... Yoʻq, bu yerda faqat muhabbat emas... yoʻq... faqat muhabbatning oʻzi erkak uchun kamlik qiladi, u oʻzini kimgadir kerakligini, yonida boʻlganida oʻsha odam oʻzini baxtiyor his qilishini istardi chogʻi, axir erkak har qanday yoshda ham azbaroyi boshqa odamni deb yashashga oʻzida kuch topishga qodir! Ammo.. buni manavi qizga qanday tushuntirsin? Ikkalasi yuzma-yuz, ammo ikki manzilda turishgan boʻlsa! – Hali aytdim-ku, bu dunyoda bitmaydigan ish yoʻq, – dedi erkak bir oz boyagi shashtidan tushib soʻzini davom ettirarkan. – Hatto dor ostidan ham qutqarib qolishning iloji bor. “Oʻn uchdan uch olib tashlansin”, deyilsa kifoya. Faqat, boya aytganimday, siz... rozi boʻlsangiz bas...

– Qonun buziladi-ku... – pichirladi qiz.

– Qonun buzish uchun yaratiladi-da!

Erkak qizning yelkasiga qoʻlini qoʻyib, sekin silay boshladi. Silay turib qaltisroq harakat qilib yubordi, shekilli, qiz seskanib tushdi, hatto beixtiyor oʻrnidan turib ketdi. Yana eshik oldiga borib, tutqichdan ushlagancha kuchi boricha siltalab ochishga urinarkan, erkakka yovvoyi bir nazar tashlab qoʻydi.

– Iltimos, menga bunday qaramang... – dedi erkak past ovozda, u birdan boyagi shaxdidan yanada past tushgan, juda-juda ma’yus tortib qolgandi.

– Oching eshikni, men ketishim kerak! – qichqirdi qiz hamon tutqichni siltalashdan toʻxtamasdan.

– Eshik ochilmaydi, hech qachon ochilmaydi, – dedi erkak bir zum oʻy surib turgach vazminlik bilan kursilardan biriga oʻzini tashlarkan.

– Qoʻrqmaysizmi?.. – soʻradi qiz kutilmaganda tutqichni siltalashni bas qilib, eshikka suyanarkan.

– Nimadan? – bamaylixotirlik bilan soʻradi erkak birinchi marta koʻrayotgandek barmoqlariga sinchkovlik bilan tikilarkan.

– Axir meni uydagilar qidirib qolishlari mumkin... Eh, nimalar deyapman oʻzi, mumkin emish... Soat beshgacha uyga bormasam qidirib qolishlari, hatto milisaga xabar berishlari turgan gap. Bu aniq. Unda holingiz nima kechadi?

– Men bilan ekanligingizni bilsa, oyingizning baxtiyorlikdan boshi osmonga yetadi. Men buni allaqachon payqaganman.

– Yoʻq! Yoʻq! – qiz chidolmasdan baqirib yubordi. – Oyimni haqorat qilishingizga yoʻl qoʻymayman!

– Oʻz onangiz emas-ku, namuncha?..

– U yogʻi bilan ishingiz boʻlmasin!

– Bilasizmi nima, – dedi erkak boyagiday xotirjamlik bilan, ammo koʻzlari boshqacha, judayam boshqacha boqarkan. Qizning nazarida u shu turishida daqiqa sayin rangini oʻzgartirib turadigan maxluqqa oʻxshab ketdi. – Aslida bu haqda gapirmasam boʻlardi. Bu haddan tashqari odob doirasidan chiqib ketish ekanligini bilib turibman. Lekin azbaroyi sizni sevganimdan, sizga yaxshiligu ezgulikdan boshqa narsani tilay olmasligimdan, shu narsaga qoʻl uryapman... – erkak jim boʻlib qoldi. Qiz joni hiqildogʻiga tiqilguday boʻlib unga qarab turardi. Nihoyat: – Mana shunday ishtibohlardan soʻng, – deya soʻzini davom ettirdi erkak, – sizga shuni ma’lum qilamanki, men boya sizga taklif qilgan narsani bundan bir muncha fursat burun onangiz menga sha’ma qilganday boʻluvdi.

– O, yoʻq, yoʻq! – deya shivirladi juda ham dahshatga tushgan qiz rangi boʻzday oqarib. – Boʻlishi mumkin emas! Mumkin emas!..

– Nega endi? Bu dunyoda hamma narsa boʻlishi mumkin. Yaramas odamzod xayoliga kelgan har qanday ablah fikrni amalga oshirishni istab qoladi gohida, – erkak shunday dedi-da, choʻntagidan jimitday qaychisini olib, tirnoqlarini qirtishlay boshladi. U anchayin sokin koʻringani bilan, aslida nimanidir, oʻzida yoʻgʻ-u, qizda mavjud bir narsani sindirishga qasd qilgan va bunga qisman erishdim, deb oʻylaganidan koʻksi yoqimli hislarga toʻlib borayotgan, lekin buni qizga sezdirmaslik uchun kutilmaganda, oʻrni boʻlmasa-da, tirnogʻini qirtishlashga tushib ketgandi.

– Siz ablahsiz! – deb yubordi qiz kutilmaganda.

– Ablahlik odamzodning qonida bor. Lekin aqlli odamlar buni sezdirmaydilar, – javob qildi erkak sira ham jahli chiqmasdan.

– Oyimni... Onamni... shunday... haligi boyagi gapni sha’ma qilganini qanday isbotlaysiz?

Erkak kulimsiradi, ammo darrov javob berishga shoshilmadi, avval qaychini choʻntagiga soldi, oʻrnidan turdi, bir-bir bosib qizga yaqin keldi, shundan soʻnggina gapirdi:

– Oyingiz mendan tez-tez pul qarz olib turadi, shuni bilasizmi?

Qizning koʻzlari chaqchayib ketdi, lablari dir-dir titradi, ammo lom-mim deya olmadi.

– Men bir narsaga hayronman, – gapida davom etdi erkak. – Yoʻq, aniqrogʻi, tushuna olmayapman sirayam. Siz menimcha koʻp ham oʻylab koʻrmasdan oyoq tirayapsiz. Shunaqami? Aks holda... Bu haqiqatga tik qaray bilmaganingizdan boʻlsa kerak. Har holda... uff... yana shu soʻz! Jin ursin shu soʻzni! Har holda, oʻzimni oqlamoqchi emasman-u, lekin bir ogʻiz aytib oʻtishim lozim, deb oʻylayman, har holda men sizga nisbatan judayam noinsoflik qilganim yoʻq. Mana, ixtiyoringizga qarab, qarshingizda bosh egib turibman. Siz andak oʻylash, fikr yuritish oʻrniga...

– Nimani oʻylashim kerak?

– Axir dadangiz qamoqda, kim biladi, hozir ne koʻylarga tushgan ekan? Bilasizmi, u yerda odam oʻldirganlarni ne koʻyga solishlarini... Uyda onangiz, oʻgay boʻlsa-da va sizga nisbatan koʻngli u qadar toza boʻlmasa-da, siz u kishini yaxshi koʻrar ekansiz, hurmat qilarkansiz, hatto havasim kelayapti sizga: odamlardan nafratlanmasdan yashash qanday yaxshi, ammo baribir, nima boʻlganda ham haqiqatga tik qarashimiz kerak, chunki u h a q i q a t! Haqiqat shunday narsaki... ha, mayli, bu haqda boshqa vaqt... Xullas, otangiz qamoqda, onangizning qoʻlida hech qanday hujjati yoʻq biron joyga ishga kirish uchun. Yaqinda folbinlik qilmoqchi boʻlibdi-yu, lekin eplolmabdi, shundaymi? Qoʻldagi, yuzdagi chiziqlar haqida ma’lumot beruvchi kitoblarni topolmabdi-da bechora. Aksiga olib mendayam bunday kitob yoʻq edi, lekin keyinchalik topib berishim mumkin, bu dunyoda topilmaydigan narsaning oʻzi yoʻq, mabodo folbinlikni xobbi qilish niyatlari boʻlsa, chunki qarindosh boʻlib qolsak, tirikchilik tashvishlaridan qutilib, bir umr izzat-ikromda yashaydilar u kishi, garchi... Yanglishmasam, hozirgi folbinlarning koʻpchiligi shunaqa kitoblarni yodlab, suv qilib ichib yuborib, keyin karomatgoʻylik qilayapti, shekilli. Toʻrt-besh soʻm topish ilinjida-da, albatta, buni tushunaman. Shunday qilib, onangizning bu borada ham omadi kelmadi. Akangiz esa yaqinda oʻqishdan haydaladi shu ketishi boʻlsa. Ichkilikka berilib ketganmishmi, institutga kirar-kirmas? Mehnatsiz erishilgan narsaning qadri boʻlmaydi-da oʻzi! – erkak shoshilmasdan, ohista, har bir soʻzini chertib-chertib, moʻljalga aniq tegadigan qilib soʻzlagani sayin qiz tobora kichrayib borayotgandek, oʻzini ojiz va notavon his etar, yuziga nochor bir ifoda qalqib chiqayotgandi. – Hademay, mana koʻrasiz, meni aytdi dersiz, akangiz ichib olib, bitta-yarimtani pichoqlab qoʻyishdan ham tap tortmaydi. Uyda esa sizdan keyin yana oltita ukangiz bormi? Ha, oltita! Yo beshtami? Yoʻ-oʻq, oltita, ha, aniq oltita. Ularning ahvoli ne kechadi? Kelajagi nima boʻladi? Yetimxonaga oborib tashlaysizmi? Shusiz ham hozir yetimxonalar toʻlib ketdi. Ha, aytganday, yana bir taxmin koʻnglimni alagʻda qilib turibdi...

– Bas qiling. Boʻldi, gapirmang!.. – qiz yuzini kaftlari bilan toʻsgancha oʻtirib qoldi.

– Yoʻq, endi gapimni oxiriga yetkazishga ijozat etadilar, – dedi erkak qizning abgor holiga bir qur nazar tashlab, birdan ovozini oʻzgartirarkan. – Bu taxmin mana hozir, shu daqiqaning oʻzida xayolimga kelib qoldi. Xudo koʻrsatmasin, hali-veri bunday boʻlmaydi-ku, lekin baribir, odam aytib boʻlmaydi, mabodo menga bir gap boʻlsa, oʻlimimdan keyin farzandlarim sizlarga sovgʻa qilingan uyga da’vo qilib qolishsa-chi?! Onangiz mahalladagi eski uylaringizni allaqachon sotib yuborgan, shundaymi? Odam bunchalik shoshqaloq boʻlmasligi kerak-da. Ya’ni, ha, mayli...

Qizning yuztuban yiqilishiga bir bahya qoldi. Erkak uni tutib qoldi va dast koʻtarib deraza oldidagi kursiga oʻtqazdi-da, shosha-pisha derazaning bir tabaqasini ochib yubordi. Xonaga toza va salqin havo yopirildi.

Qiz koʻzlarini ochdi.

– Odamni juda qoʻrqitib yubordingiz-ku, – dedi erkak yengil tortib. – Shunchalik ham nozikmisiz? Bir ogʻiz gapni koʻtara olmasdan hushdan ketib oʻtiribsiz-a?

Qiz indamadi, erkakka befarqlik bilan qarab qoʻydi.

– Qoʻlingiz muzlab qopti... – erkak qizning barmoqlarini avval kaftlari orasiga olib isitdi, soʻng botinib-botinmay, hayiqqanday boʻlib, jur’atsizlik bilan labiga bosdi.

Qiz uyqudan uygʻongandek choʻchib tushdi. Irgʻib oʻrnidan turdi. Turishga turdi-yu, ammo qayoqqa yurishini, nima qilishini bilmasdan bir dam haykaldek qotib qoldi.

– Azizam, oʻzingizni bunchalik qiynamang, – dedi erkak juda ham yuragi kuyib ketayotgandek iltijoli ohangda. – Yuzingizga qarab, yuragim ezilib ketayapti. Mabodo sizni sevmaganimda, chin yurakdan sevmay, sizsiz yashay olganimda, allaqachon sizni bu yerdan chiqarib yuborgan boʻlardim. Aslo, bir daqiqa ham tutib turmasdim. Lekin hozir ilojim yoʻq. Tushuning va menga bir narsa deng. Hatto, mayli, yolgʻondan boʻlsayam, umidvor qiling meni, keyin hech qachon va’dangizda turmasangiz va hatto va’da berganingizni tan olmasangiz ham mayli. Xoʻpmi? Xoʻp deng, iltimos...

Qiz bosh chayqadi.

– Axir baxtingiz kulgani shu emasmi?

– Baxt!.. Yoʻq, bu xoʻrlik...

– E, Xudoyim, Xudoyim! – xona ichida u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi erkak. – Bu ne koʻrgulik, a? Kelib-kelib sizday bagʻri toshga ishqim tushgani-chi! Agar sizning oʻrningizda boshqa qiz boʻlganida, hatto u oʻn toʻrt yashar goʻzal boʻlsayam, hech ikkilanmasdan taklifimga rozi boʻlardi!

– Oʻsha qizning oldiga boraqoling...

– E, Xudoyim, qanaqa qizsiz-a? Miyangiz faqat oʻzingizga ma’qul fikrlar bilan toʻlib ketgan! Umrim bino boʻlib, sizga oʻxshagan qizga birinchi marta duch kelishim.

– Siz oʻylaysizki...

– Men oʻylamayman, istagan narsamga erishaman. Shu choqqacha shunday boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi!

– Katta ketmang...

– Mana hozir ham, oʻzingiz ayting, haq gapni ayting, oshigʻim olchi turmayaptimi? Axir siz ixtiyorimdasiz, istagan ishimni qilishim mumkin, ayniqsa, boya hushdan ketib qolganingizda! Oh-vohingizni kim ham eshitardi? Behush holingizda oh-voh qila olmasdingiz ham. Lekin men bu imkoniyatdan foydalanmadim. Foydalansam boʻlardi. Hozir men emas, siz atrofimda poyi-patak boʻlardingiz. Ha, ha, xuddi shunday, poyi-patak! Biroq menga bunday baxtning keragi yoʻq. Men... bilasizmi... men nimani istayman?.. Haligi... bir gap bor-u... «Bagʻringga yaproq kabi toʻkildim...» deb aytishadi-ku... yo kuylashadimi, ishqilib shu-da... – erkakning yuziga qizil yugurib, uyalib ketganday birdan jim boʻlib qoldi.

Qizning yuziga ojiz, juda ham kuchsiz zaharxanda kulgi yugurdi.

– Qoʻtir koʻngil... nimalarni tusamaydi...

Erkakning tepa sochi tikrayib ketdi. Qizga shunday oʻqrayib qaradiki, haliga dovur u hech qachon qizga bunday nigoh tashlamagan edi. Bunday narsani oʻylamagan ham edi. Lekin zum oʻtib uning nigohlari yana yuvvosh tortdi.

Nihoyat, xonada u yoqdan-bu yoqqa yurishni bas qilib, qizning qarshisida toʻxtadi. Bir necha daqiqa uning qonsiz, murdanikidek oppoq yuziga tikilib qoldi. Boshqa odam boʻlganida qizning ahvolini koʻra turib, bu mojaroga chek qoʻygan, jilla qursa, boshqa kuni davom ettirgan boʻlardi, ammo erkak bunday qilishni xayoliga ham keltirmadi.

– Parishonxotirligim qursin... bir narsani soʻrashni... ya’ni aniqlashtirib olishni unutibmanu... – erkak bir zum tin oldi-da, keyin ikkilanibroq gapini davom ettirdi: – Balki... koʻnglingiz boshqa birovdadir? Ya’ni birorta yoshroq yigit boshingizni aylantirib...

– Ishingiz boʻlmasin! – shu zahotiyoq javob qaytardi qiz.

Erkak gʻalati boʻlib ketdi. Zum oʻtmay yuzi boʻgʻriqib, koʻzlarining oqi qizara boshladi.

– Bilasizmi, hozirgi yigitlar qanaqa, – deya gapirdi u allaqanday alamzada ohangda. – Hozirgi yigitlar... umuman, hozirgi yoshlar muhabbat nimaligini bilishmaydi! Ular xat yozishmaydi! Orziqib javob xati kutishmaydi! Pochtachining yoʻliga intizor boʻlib koʻz tutishmaydi! Shundoq... internetda tanishib, internetda gaplashib, yana internet orqali ajralishib ketaverishadi!

Qizning yuziga kinoyali tabassum yugurdi. Keyin:

– Kattalar hamisha yoshlardan nolishgan, – dedi u kulimsiragan holda.

– Asos bordirki... nolishadi, – dedi erkak yoqtirmayroq, bir lahza jimib qoldi, lekin keyin birdan qoni qaynab ketganday zarda bilan gapini davom ettirdi: – Bilasizmi, hozirgi yoshlar, ayniqsa yigitlar juda bachkana! Xomxayol! Tarrallabedod qilib yurishdan boshqasiga yaramaydi!

– Ja unchalikmasdir... Bilimdon...

– Bilimdon yoshlar, – qizning gapini shart kesdi erkak, – kuchini va bilimini qaerga sarflashni bilmay, har xil nazariyalardan boshlari gʻovlab, koʻchada sargardon yurishibdi! Ba’zilari chet elga ketib, boyib qaytish kabi havoyi orzular bilan koʻkragiga urib yurishibdi. Ular uchun muqaddas boʻlgan aqidalar qolmagan! Sizga oʻxshagan qizaloqlarni esa... mehribon onalari...

– Bas qiling! – xun boʻlib qichqirdi qiz. – Agar hoziroq meni bu yerdan chiqarib yubormasangiz, nima boʻlishidan qat’iy nazar, sizni sudga beraman!

Erkakning bir tuki ham qilt etmadi. Qizning soʻzlarini eshitmagandek yon-veriga alanglab, ikki qadam narida turgan kursiga oʻzini tashladi. Holdan toyganday chuqur soʻlish oldi. Kursi suyanchigʻiga tirsaklarini, kaftiga iyagini tirab, oʻyga toldi. Bir necha daqiqa shu zaylda oʻtdi. Shu bir necha soniya ichida uning koʻz oldidan butun hayoti kinolentaday lip-lip oʻtdi. Bu lentalarda uning zafarlarga toʻla shavkatli hayoti aks etgandi. Oʻzining hozirgi ahvoli esa ni-hoyatda zabun va mash’um muvaffaqiyatsizlikning muqaddimasidek tuyildi. Bunday zabunlikni koʻtarish tugul, his etishning oʻziyoq erkak uchun dahshatli bir hol edi. Bunga u koʻnikmagan edi.

– Eshikni ochasizmi, yoʻqmi?

Erkak qizga tirilgan murdaga qaraganday hayrat va taajjub bilan nazar tashladi: Bu qachon yuz berdi?! Ammo yana miq etmadi. Qiz rostdan ham «tirilgan» edi. U oʻzini tutib olgan, erkakka favqulodda qat’iyat bilan tikilib turardi.

Qiz qarab turdi-turdi-da, birdan, kutilmaganda juda ham ma’yus va shikasta ovozda dedi:

– Hamma balo shundaki, sizni sevmayman. Shunday ekan, bu mojaroni davom ettirishdan foyda yoʻq. Shundaymi?

Erkak qizning soʻzlarini tuzuk-quruq anglamay turib, asta bosh irgʻadi.

Keyin sekin, juda ham past ovozda, shivirlaguday boʻlib dedi:

– Nahotki...sevmasdan... yashashning iloji boʻlmasa?..

– Iltimos, eshikni oching.

– Eshik ochilmaydi, – dedi erkak qizga esdan oqqanday gʻalati nigoh tashlarkan. – Avval meni oʻldirib, keyin bu yerdan chiqib ketasiz!

Qiz hayratdan dong qotdi. Ammo oʻzini oʻnglab kinoyali kulimsiradi.

– Sizni-ya? Qanday qilib? Ya’ni, nima bilan... Axir qoʻlimda na qurol bor, na zahar... Jilla qursa, oshpichoq boʻlgandayam... bir amallasam boʻlardi, – soʻnggi jumla oxiriga yetar-etmas qiz baralla, xandon otib kulib yubordi.

Erkak juda gʻalati qilib, xuddi havasi kelganday boʻlib qizga qaradi, u kulishdan toʻxtaguncha kutib turdi, soʻng ohista:

– U yer-bu yerni qarab koʻring, jilla qursa, oshpichoq topilib qolar, – dedi nima uchundir oxirgi jumlaga urgʻu berib.

– Hazillashyapsizmi? Ustimdan kulmoqchimisiz?

– Nega endi? Qarab koʻring-chi, mabodo, oshpichoq topilmasa, keyin ketaverasiz.

– Soʻz berasiz-a?

– Ha.

«Bu bir oʻyin, – deb oʻyladi qiz. – Atay qilyapti!»

Qiz darhol ishga kirishdi. U avval xonani koʻzdan kechirdi. Xona keng va katta edi. Zamonaviy uslubda ta’mirlangan, jihozlari ham allambalo. Shiftda osilib turgan qandilning oʻziyoq har qanday ayolning aqlu hushini oʻgʻirlaydi. Ammo qiz bunga, bunday narsalarga e’tibor bermaslikka urindi. «Nima boʻpti... Oddiy qandil... oddiy divan... anavi stol kattagina ekan-u, lekin u ham oddiy narsa-da!..»

Qiz u yer-bu yerlarni koʻrgan, koʻzdan kechirgan boʻldi-da, erkakka qarab:

– Qidirdim, lekin hatto oshpichoq ham topolmadim, – dedi kulib.

– Stol gʻaladonini koʻrmadingiz, – deya eslatdi erkak.

– Ie, ha, toʻgʻri, gʻaladon esimga kelmabdi.

Qiz shunday dedi-da, juda ham beparvolik bilan stol gʻaladonini tortdi, tortdi-yu shu zahoti haykal boʻlib qoldi: gʻaladonda yap-yangi oshpichoq yotardi!

– Nega oʻylanib qoldingiz? – erkak xotirjam koʻrinsa-da, nima uchundir yonoq suyaklari sezilar-sezilmas pir-pir uchardi.

Qiz hadeganda oʻziga kelavermadi. U oshpichoqqa tikilib qolgan, erkak tomonga qaray demasdi.

– Qoʻrqyapsizmi? – butun vujudi nigohga aylanib soʻradi erkak.

Qiz ilkis nazar tashladi erkakka. Kulmoqchi boʻldi, lekin eplolmadi, lablari jiyrildi, xolos.

– Qoʻrqyapsizmi? – nima uchundir yana shu soʻzni takrorladi erkak. Keyin qizga yanada qattiq tikildi, goʻyo oʻzi tan olishni istamagan allaqanday noma’lum narsalarni aniqlashtirib olishga ahd qilganday.

– Yoʻq, nimaga endi... – deya gʻudrandi qiz. – Oʻzingiz talab qilganingizdan keyin... Ie, agar men rostdan ham... shunday qilsam, keyin sizning oʻlimingizda meni aybdor qilishadi-ku! Eh-ha, gap bu yoqda deng! – allaqanday fitnani fahmlab qolganday qizning ovozi kutilmaganda zaharxanda, achchiq kinoya ohangi bilan yangradi.

Erkak indamadi. Qizdan koʻz uzmay oʻtirdi.

– Shuncha xoʻrlik, mazax yetmaganmidi... – birdan yigʻlamsirab gapirdi qiz. – Endi bu tomondan... O, siz qanchalar yaramas, ablah, pastkash odamsiz! Razilsiz!

Erkak oʻrnidan turdi. Stolga yaqin kelib, qizni sekin, juda ham ehtiyotkorlik bilan nari surib, oʻsha gʻaladondan qogʻoz-qalam oldi. Soʻng oʻtirib, qogʻozga shoshilgancha allanimalarni yoza boshladi.

– Mana bu tilxat, – dedi u yozib boʻlib qogʻozni qizga uzatarkan. – Mening oʻlimimda hech kimning aybi yoʻq, degan ma’noda...

Qiz dovdiragan, esankiragan holda bir qogʻozdagi mayda yozuvlarga, bir erkakka qarar, ich-ichidan qaltirar, isitmasi koʻtarilib, yiqilib tushadigandek bir ahvolga tushgandi.

Erkak boyagi oʻtirgan kursisi tomon yurayotib, yana... juda ham nafis narsaga ozor berib qoʻyishdan choʻchigandek ehtiyotlik bilan qizning yonidan oʻtdi.

– Endi nimadan choʻchiyapsiz?

Qiz asta-sekin oʻziga kela boshladi. Axiyri oʻzini tutib oldi. «Shu yoʻl bilan meni mot qilmoqchi, – degan oʻy keldi xayoliga. – Ovora boʻlasiz!»

– Agar, – dedi u kutilmagan dadillik bilan erkakka tik qararkan. – Agar men hozir aytganingizni bajarsam, siz yarador boʻlasiz yo... Unda men qanday qilib xonadan chiqib ketaman? Siz avval, marhamat qilib, eshikni ochib qoʻying!

– Kalit ham oʻsha gʻaladonda turibdi-yu, koʻrmadingizmi? – xiyol kulimsirab dedi erkak.

– U boshqa qulfning kaliti boʻlishi mumkin. Yaxshisi oʻz qoʻlingiz bilan oching eshikni...

– Unda siz ham pichoqni qoʻlingizga oling.

Qizning nafasi ichiga tushib ketdi. Ammo u baribar pichoqni qoʻliga oldi.

– Pichoq ishlatishni bilasizmi oʻzi?

– Ha...

Erkak eshikni ochdi. Va ostonada turib qoldi.

Qiz bunday boʻlishini kutmagandi. U sal boshqacharoq oʻylagandi.

– Qani, boshlang.

Qizning qoʻllari qaltiradi. Shu qaltiroq qoʻllari bilan pichoqni qoʻshqoʻllab tutdi-da, yuqori koʻtardi. Ammo moʻljalga olishga ulgurmadi.

Birdan koʻzlari dahshatli ravishda olayib ketgan erkak gup etib quladi...

Qoʻrqib ketgan qiz pichoqni otib yubordi. Va shoshilgancha eshik tomon yurdi. Polda choʻzilib yotgan erkakka bir necha soniya dahshat ichida tikilib turdi-da, soʻng hech ikkilanmasdan uning gavdasi ustidan sakrab oʻtib, dahlizga otildi.

Besaranjom qadam tovushlari ancha uzoqlashib ketgandan keyin erkak asta oʻrnidan turdi. Yoʻq, u oʻlimdan qattiq qoʻrqib ketganidan hushidan ketmadi. Yoʻq va yana bir karra yoʻq!

U... pichoq tutgan qizning nigohlaridagi adoqsiz nafrat va shu ishga qodir shafqatsizlikni koʻrib, yiqilib tushganini sezmay qolgandi.

2011