OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifZulfiya Qurolboy qizi
Asar nomiKuygan shahar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Zulfiya Qurolboy qizi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm41KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kuygan shahar (hikoya)
Zulfiya Qurolboy qizi

Kampir yetmishlarga borgan, choʻpday ozgʻin, iyagi ertaklardagi yalmogʻiz kampirning iyagiday oldga turtib chiqqan, lablari hayotning shoʻrish azoblarini tatib koʻraverganidan tirishib-burishib qolganday soʻlgʻin va quruq, burni soʻppaygan, kirtaygan koʻzlari chuqur botgan – ma’yus boqar, ammo jahli chiqqanida nafaqat koʻzlari xunukdan xunuk chaqchayar, balki butun yuzida qoʻrqinchli ifoda paydo boʻlardi, qoqsuyak gavdasi esa xiyol egik, lekin juda serharakat, chaqqon, kiyimlari esa hamisha toza va ohorli edi.

U gʻira-shira qorongʻida achigan-chirigan hidlar anqigan meva-cheva bozoriga odatdagiday hammadan oldin keldi. Bir qoʻlida qoʻsh termos va boshqa qaqur-ququrlari ortilgan yap-yangi aravacha, ikkinchi qoʻlida kattagina toʻrvaxalta. Tez yurganidan harsillab nafas olardi. Kampir aravachani tortib kelarkan, qaddi yanada egilar, shuning uchun ham koʻylagining old etagi uzunroqday koʻrinardi.

Kampir yetib kelganida oltmishlarga borgan, soch-soqoliga oq oralay boshlagan qorovul endigina katta jigarrang temir darvozani ochib, atrofni koʻzdan kechirayotgan edi. U tong yorishmasdan bozorda paydo boʻlgan kampirga koʻzi tushib, norozilik bilan gʻoʻldirab qoʻydi:

– Saharlab balo bormikin bu qari qargʻaga.

Yaxshi hamki kampirning qulogʻi sal ogʻirroq, aks holda bechora qorovulning soch-soqolidan asar ham qolmasmidi? Biroq kampir qorovul bilan soʻrashmasdan oʻtmaydi.

– Yaxshi yuribsanmi, Boltavoy? Bola-chaqang omonmi?

– Ha, omon, omon. Omon boʻlmay nima... – yoqtirmayroq javob berdi qorovul. – Faqat siz qachon mening ismim Boltavoy emasligiga ahamiyat berarkansiz?

– Mening uycham ham omonmi, Boltavoy?

– Omon, omon. Ana, qoʻqqayib turibdi. Eshik-derazalari berkitilgan boʻlsa, kim ham teginardi?

– Ha, yaxshi...

Kampir bir oz yurgach, chapga burilib, gʻira-shirada oqarinqirab turgan uychaga yaqin keldi.

Qishda qalin paltosining, yoz boʻlsa koʻylagining ustidan mudom kiyib yuradigan yengil kamzuli choʻntagidan kalit chiqarib, eshikni ochdi, ichkariga kirdi.

Zum oʻtmay, xuddi kampir kelishini kutib turganday bozor birdan jonlandi. Darvozadan turli kishilar, sotuvchilar, oshxona egalari, bozor xodimlari kirib kela boshladi. Kechasi uyum-uyum qoplari ustida tunab qoladigan dehqon-sotuvchilar negadir har doim hammadan keyin, bozorda shovqin-suron qoʻpganidan soʻng erinibgina uygʻonishadi.

Bu vaqtda kampir biriga choy, yana biriga achchiq qahva damlangan termoslari yonida kela-kelguncha shaqir-shuqur qilgan chashkalarini chayishga ulgurib, har doimgi mijozlarini kutib olishga shay turardi.

– Roziyaxon, mana qahvangiz, – kampir qaynoq hovur koʻtarilayotgan chashkani qirq besh-ellik yoshlardagi ayolga uzatdi. – Kecha bundan keyin sal quyuqroq damlang, degandingiz, mana, aytganingizday damladim.

Kartoshka-piyoz qoplarining ustida oʻtirgan Roziyaxon deganlari – uning ismi aslida Salimaxon, lekin kampir uni har doim Roziyaxon deb ataydi, u toʻladan kelgan, bilaklari lorsillagan, oytovoqday yuzida koʻzlari bir chiziqday bilinib-bilinmay turgan, shartakiroq ayol, – yoyilib iljaygancha kampirning qoʻlidan chashkani olarkan:

– Oʻzimning aqlli opoqimdan aylanay! – dedi goʻyo qarshisida yetmish yashar kampir emas, yetti yashar bola turganday erkalab. – Oh, oh, hidini qarang, hidini... Ertaga yana shunaqasidan boʻlsin, xoʻpmi?

– Xoʻp.

Salima-Roziya choychaqa uzatdi.

– Endi boraqoling. Siz bilan valaqlashishga vaqtim yoʻq.

Kampir xursand boʻlib pulni oldi, sanamasdan choʻntagiga solib qoʻydi-da, aravachasini sud-rab yoʻlida davom etdi.

Ikki-ikki yarim soat ichida mijozlarini choy va qahva bilan siylab chiqqan kampir choshgohgacha – yana choy tarqatish vaqti boʻlguncha bekor turmaslik uchun oʻziga ish qidira boshladi. Ahvol deyarli har doim shunday: sotuvchilarni choy va qahva bilan siylab boʻlgach, u aravachasi bilan birovlarning yukini tashiydi, kartoshka-piyoz saralaydi, juda boʻlmasa som-sapazlarga yordamlashib, choychaqa ishlaydi. Yoki bir chekkaga oʻtib ishtiyoq va diqqat bilan aravasini tozalab, u yer-bu yerini koʻzdan kechirgan boʻladi. Ishqilib bekor turmaydi-da.

Faqat choshgohdagi «chaypite»dan keyingina kampir bir oz nafas rostlash va gurunglashish uchun tanish mijozlaridan birining oldiga kelib dardlashib oʻtiradi.

– Uf, charchadim, Jamila, judayam charchadim... – deya zorlandi u odatdagiday horgʻinlik bilan. – Bolalarim qachon katta boʻlisharkin-a?! Ishonasanmi, kechqurunlari oyoqlarim shunaqa qaqshaydiki! Ayniqsa boshim shunday ogʻriydiki, xuddi qizilishton tumshugʻi bilan daraxtni toʻqillatib urganday bir shovqin quloqlarimda gʻuvillab ketadi...

Savdo tigʻiz boʻlishiga qaramay, kampirni eshitish uchun hamisha vaqt topadigan, koʻngli boʻsh, rahmdil olma sotuvchi ayol – darvoqe uning ismi Sojida, lekin kampir unga Jamila deb murojaat qiladi, – achinayotganini sezdirmasdan:

– Qizingizning boʻyi choʻzilib qopti, xudo xohlasa hademay yoningizga kiradi, – dedi xayrihohlik bilan. – Koʻpam oʻzingizni urintiravermang, charchab qolasiz.

– Charchasam goʻrga, – dedi kampir. – Charchasam nima boʻpti, bir yumalab uxlab olsam, hammasi oʻtib ketadi. Mendan koʻra, bolalarimga qiyin. Ular mensiz qiynalib ketishdi. Axir oʻzingizdan qiyos-da, tong saharlab bozorga kelib, qosh qorayganda uyga borasiz. Bola bechoralar nima yeb, nima ichib oʻtirishibdi... Bir yerlari ogʻrib qolsa, kimga aytishadi... Kim ularning jonlariga oro kiradi?.. Kecha kenjatoyim Farruxning qorni ogʻrib qopti. Bechora bolam tushgacha toʻshakda buralib yotibdi... Men bundan bexabar...

– Noila qaramabdimi ukasiga? – soʻradi Jamila-Sojida.

– Qaragan. Qizim boyoqish ukasiga mehribon. Dori beribdi, qornini jun roʻmol bilan bogʻlab qoʻyibdi. Lekin Farrux tinchlanavermagandan keyin ukasiga qoʻshilib yigʻlabdi-da bechora...

– Ha, tirikchilik-da endi... Iloj qancha...

– Tirikchilik ham oʻlsin. Ertadan kechgacha bozorda izgʻib yurganimga yarasha, durustroq topsam edi.

– Siz yaxshi topasiz, opoqi. Hadeb oʻzingizni qiynayvermang.

– Be, qayoqda... Kecha kun boʻyi pattachilar quvgʻinida yurdim. U yoqqa oʻtsam ham, bu yoqqa oʻtsam ham ketimdan qolishmadi. Oxiri bozordan haydab chiqarishdi. Qanaqadir tekshiruvchi kelarmishmi-ey. Siz eshitmadingizmi?

– Yoʻ-oʻq... Eshitmadim...

– Sizga yaxshi, har qalay bozorda oʻz joyingiz bor. Shuning uchun ham sizga indashmaydi. Bizga oʻxshaganlarni esa kun boʻyi ortimizdan quvishadi, yaramaslar.

– Sizziyam uychangiz bor-ku...

– Be... Bu uychani Narimon boyvachcha in’om qilgan. Savob uchun degandir-da. Lekin u yerda oʻtirgim kelmaydi.

– Sizlar ham patta olsangiz yaxshi boʻlardi.

– Be, oʻzi arzimagan choychaqa ishlasam, bu pulga patta olamanmi, roʻzgʻorga ishlatamanmi?

– Ha, mayli... Hali hammasi yaxshi boʻladi, kuyinmang.

Kampir bir lahza jim qoldi. Soʻng mahzun ohangda dedi:

– Ha, yaxshi boʻlib ketar. Lekin ungacha yeta olarmikinmiz?.. – kampir chuqur xoʻrsindi. Mungʻayib qoldi. Shunday kezlarda u allaqachon umrini yashab boʻlgan, qurib-qovjiragan boʻlsa-da, daraxt shoxida ilinib, amal-taqal jon saqlab turgan yaproqqa oʻxshardi.

– Xudo xohlasa hammasi yaxshi boʻladi, – dedi Sojida-Jamila.

Kampir Jamila-Sojida bilan xayrlashdi.

Vaqt tushga yaqinlab qolgandi.

Bozorda kampirning choy va qahvasiga oʻrganib qolgan sotuvchilar ancha-muncha edi. Ular kampirning oʻzidan koʻra, yoshini hurmat qilishar, allaqanday tushuniksiz, qachonlardir boʻlgan-boʻlmagani noma’lum voqealar haqidagi hikoyalarini sabr-toqat bilan eshitishar, eski-yangi pul aralash qaytim qaytarganida indamay olishar, Sojida-Jamilaga oʻxshaganlar kampir yigʻlaganda qoʻshilishib yigʻlashar, boshqa odamga, ya’ni necha yillardan buyon kampirning xotirasidagina yashayotgan, hozirda bor-yoʻqliklari ma’lum boʻlmagan odamlarga evrilganlaridan ogʻrinishmas, lekin hech qachon nasiyaga choy ham, qahva ham olishmasdi. Mobodo nasiyaga choy yoki qahva soʻraguday boʻlishsa, ular qanchalik qadrdon boʻlib qolganlariga qaramasdan, kampir bunga aslo rozi boʻlmasligini juda yaxshi bilishardi.

– Xafa boʻlmang, singlim, mijozim boʻlsangiz ham nasiyaga berolmayman. Uyda uchta bolam ochdan och oʻtirishibdi! Men ularni mana shu choychaqa bilan boqishimni bila turib, nasiyaga soʻragani uyalmaysizmi?! – deya bobillab berardi kampir nasiya soʻrovchining koʻziga tik qarab.

Ba’zida u birdan bozordan gʻoyib boʻlib qolar, oradan uch-toʻrt soatlar oʻtgach, goh mahzun tortgan, gohida yigʻlab, koʻzlari qizargan holda yana paydo boʻlardi.

– Xolidaning ahvolidan xabar olgani bordim, – derdi u doimiy hamsuhbati Sojida-Jamilaning oldiga kelib. – Bechora bir ahvolda yotibdi... Achinib ketdim... Oʻlib qolsa, bolalarining ahvoli nima boʻladi?..

Kunlarning birida esa...

– Xolida shoʻrlik olamdan oʻtibdi! – degan xabar bilan keldi yuragi yorilguday boʻlib. – E Xudoyim!.. Endi nima boʻladi? – Keyin birdan qoni qaynab ketdi: – Hammasiga eri Shokir piyonista aybdor! Uni sud qilish kerak! Osish kerak uni!

Bozorda yangi paydo boʻlgan kishilar dastlabki kunlar choy sotib tirikchilik qiladigan kampirning bip-binoyiday usti-boshiyu xorijiy arava va termoslariga qarab turib hayron boʻlishadi, bu nomutanosiblikning tagiga yetganlaridan keyingina kampirga ham, uning almoyi-aljoyi gaplariga ham ortiqcha e’tibor bermay qoʻyishadi.

Ammo bu yerdagilarning hammasi ham goʻyo oʻtmishdan tushib qolganday kechgacha bozorda tentirab yuradigan, hech kim mushugini pisht demasa-da, mudom pattachilardan oʻzini olib qochishga urinadigan, bozor mutasaddilari u bilan xushmuomalada boʻlishsa ham negadir ulardan norozi boʻlib, bir nimalar deb qargʻanib yuradigan, allaqanday tushuniksiz, qachonlardir boʻlgan-boʻlmagani noma’lum voqealar haqida gapiraverib charchamaydigan kampirni hurmat qiladi deb boʻlmasdi. Uni yoqtirmaydiganlar – ayniqsa ovozini uzoqdan eshitishi bilan asabi bu-zilib ketadiganlar, koʻzini shamgʻalat qilib, ustidan kuladiganlar, ortidan tosh otadiganlar ham talaygina edi.

– Zarilga zaril, anavi shumkampirga nima zaril ekan, jonini buncha qiynab?! Uyida mazza qi-lib oʻtirmaydimi?! Agar mening oʻgʻlim amaldor boʻlganidami!

Hali aytganimizday, kampir bunday ivir-shivirlarni hadeganda eshitavermaydi, ammo eshitib qolsa bormi, hech kimni ayab oʻtirmaydi. Uning tili zahar edi:

– Ha, ogʻzingdan qoning kelgur! Men bilan nima ishing bor?! Nima, bozor sening mahringga tushganmi yoki uni Narimon boyvachchadan sotib olganmisan?!

Gap otgan odam vazminroq boʻlsa yaxshi, kampir koʻp shangʻillamaydi, aytadiganini aytadi-da, aravachasini sudragancha yoʻlida davom etaveradi. Lekin raqib asabiyroq, janjalni pulga sotib oladiganlar toifasidan boʻlsa bormi, bozorga oʻt ketdi deyvering.

– Nimalar deb valdirayapsiz? Narimon boyvachcha deganlari kim oʻzi? Bozorkom Sodiq boyvachcha-ku! Siz qaysi zamonda yashayotganingizni bilasizmi oʻzi?!

Janjalkashning shu uch ogʻiz gapi yetarli, kampir birdan quturib ketadi:

– Hoy, manjalaqi, nima, meni esdan ogʻib qolgan deyapsanmi?! Bozorning xoʻjayini Narimon boyvachcha ekanligini bilmasang, yur, oʻzim koʻrsatib qoʻyaman!

Kampir aravachasini uloqtirib yuboradiyu, janjalkash tomon xezlanadi.

Allakimlar hay-haylashib, ularni ajratib qoʻyishsa olam guliston, bir zumda koʻzlari qonga toʻlgan kampir hansiray-hansiray nari ketadi. Aks holda u yiqilib qolguncha, erkak-ayol demasdan yoqasiga chang solib, ayyuhannos koʻtarishi turgan gap. Allakimlar bozor ma’muriyatiga kampirning ustidan shikoyat ham qilishadi, lekin u yerdagilar negadir mingʻirlashdan nariga oʻtishmaydi. Kampirning tanobini tortib qoʻyish eslariga ham kelmaydi. Qay bir yili esa... he yoʻq, be yoʻq, bozor ma’muriyati kampirga bemalol oʻtirib savdo qilishi uchun barcha sharoitlari muhayyo boʻlgan uycha sovgʻa qildi. Ammo kampir uychada bir soat ham oʻtirib savdo qilmadi.

Shuning uchun ham bozordagilarning koʻpchiligi kampirdan bezib qolishgan. Ayrimlarning uni koʻrgani koʻzi yoʻq. Ba’zilar undan ochiqdan ochiq nafratlanishadi.

– Tur, yoʻqol, esi past kampir! Kim seni chaqirdi bu yerga?! – deb haydashadi ular tap tortmasdan.

Ammo kampir ham indamay ketadiganlar xilidan emas.

– Ogʻzingdan qoning kelgur, nega meni haydab solyapsan?! Nima, senga xalaqit beryapmanmi? Yo oldingdagi oshni olib qoʻydimmi?!

Shunday kezlarda qaerdan boʻlsa ham yetib kelgan Sojida-Jamila kampirning joniga oro kirar, uni bu yerdan uzoqroqqa olib ketardi.

Bir kuni bozordagilar – aftidan ular yangi sotuvchilar edi – kampirni rosa mayna qilishdi. Chunki u bir zamonlar zolim podshoh zulmidan qochib, gʻorga berkingan hamda Tangrining amri bilan uyquga ketgan va uch yuz yildan keyin uygʻonib, bozorga chiqqan sadoqatli va dunyobexabar yigitlarga oʻxshab, allaqachon muomaladan chiqqan eski pullar bilan savdo qilayotgandi-da.

– Daqqiyunusdan qolgan pullarni boshimizga uramizmi?! Bu kampirning tomi ketib qolgan. Uni allaqachon jinnixonaga topshirib yuborish kerak edi!

Kampirning gʻazabi qaynab ketdi. Toji yulib olingan xoʻrozday jahd bilan olishuvga shaylandi. Lekin «...jinnixona» degan soʻzni eshitib beixtiyor qaltirab ketdi va shashtidan tushdi.

– Bu odamlar aqldan ozib qopti... – deya gʻudrandi u yoʻlda ketib borarkan.

Keyin ajablangancha Sojida-Jamilaning oldiga bordi.

Sojida-Jamilagina kampirning qalbiga yoʻl topa oladi, u pul almashganini aytganidan keyin kampir bir nimalarni fahmlaganday boʻlib:

– E-ha, gap bu yoqda ekan-da, – deb qoʻydi. – Men dunyobexabar...

Kampir jimib qoldi.

Lekin zum oʻtmay Sojida-Jamilani savolga tutdi:

– Pul qachon almashdi oʻzi?

Bunday kezlarda nima deyishni yaxshi biladigan Sojida-Jamila shu zahoti javob berdi:

– Kuni kecha.

– Ha, shunaqa deng.

Kampir bir zum oʻylanib turdi, soʻng afsuslanib:

– Kecha televizor koʻrsam boʻlarkan... – deb qoʻydi.

Sojida-Jamila indamadi.

Kampir yana bir zum oʻylanib turdi-da, soʻng:

– Hozirgi odamlarning shunchalik qahri qattiq-ki, bu ahvolda yigirma yildan keyin nima boʻlarkin?.. Bilmadim... – dedi asta oʻziga oʻzi gapirganday.

Sojida-Jamila iztirob ichida:

– Allaqachon yigirma yil oʻtib boʻlgan-u... – deya shivirladi.

Kampir oʻrtogʻining gapini anglamadi.

– Keling, bir pas dam olvoling, – Sojida-Jamila kampirning halidan buyon qarshisida tik turganiga ahamiyat bermaganidan xijolat tortib, unga joy beradi.

Shunda kampir birdan oʻziga kelib deydi:

– Voy, bezovta boʻlmang, oʻrgulay. Oʻzingiz bemalol oʻtiravering joyingizda. Men qarib boryapmanmi? Endi ellikning boshini tutgan odamga bu yurishlar nima!

Ba’zida, dardlashadigan mijozlari bozorda koʻrinmay qolsa yoki tayinli bir ish topolmagan kunlari kampir zerikkanidan odamlarning asabiga tegib, kechgacha bozorda behudaga izgʻir, hech yerda toʻxtamas, aravasini shaldiratib sudragancha goʻyo bir narsani qidirayotganday rastalar orasida aylanib yuraveradi, yuraveradi; savdo tigʻiz paytlari olomon uni u yoqdan-bu yoqqa surib tashlar, birovlar atay turtib oʻtar, lekin kampir hech narsani sezmas, koʻzi koʻr, qulogʻi kar, oʻz maromida davom etayotgan hayotni his qilmas, qaerdadir uzoqda, hammadan, hamma narsadan uzilib qolganday, gangiragancha kezib yuraveradi; gohida esa duch kelgan odamning ishiga bur-nini tiqar, suhbatlariga aralashar, oralarida gap qochganidan keyin xuddi bu yerdagilar uni bozordan siqib chiqarishga urinayotganday tuyulib, qattiq jahli chiqib ketar, keyin xato ustiga xato qilib qoʻyar, ongini qurshagan zulmat pardasiga tobora chuqurroq kirib borardi... oqibat shu darajaga yetadiki, hech kim kampirni eplay olmay qoladi; kampir oʻtmishda hech qachon jur’at qila olmagan ishni qilar, isyon koʻtarar, nihoyat qidirib yurgan odamini topganday, oʻzi itdan ham battar yomon koʻradigan birorta pattachining yuziga boplab tupurar, yillar davomida oʻzini ezib tashlagan olamjahon be’mani soʻzlar uyumini yuragidan itqitib tashlardi. Bunday kezlarda uning telbadan farqi qolmasdi.

Shunda kimdir kampirning uyiga xabar beradi shekilli, oʻn daqiqa oʻtar-oʻtmas yetib kelgan «jip»dan ikkita barvasta yigit tushadiyu jazavasi qoʻzib, ayyuhannos koʻtarayotgan kampirni avaylab ikki qoʻltigʻidan olishib, bozordan chiqib ketishadi...

Yoʻq, u telba emasdi. Uning xotirasi inqirozga uchragan, necha yillardan buyon koʻrlik dunyosidan ham battarroq bir zulmat ichida, olamdagi oʻzgarishlardan bexabar, na kechaning, na bugunning farqiga bormasdan, yolgʻiz, hattoki yolgʻizdan yolgʻiz, hududsiz zulmat ichida yashardi. Ong-shuurida hayotining faqat eng ogʻir damlari – yigirma yil muqaddam, bozorda choy sotib tirikchilik oʻtkazgan davri – xuddi halokatga uchragan vaqtning bir parchasiday qotib qolgan; yoshi bir yerga borgan, roʻzgʻorning barcha tashvishlaridan qutilgan boʻlsa-da, hamon ilgariday, ya’ni oilaning butun tashvishlari oʻz gardanida boʻlgan vaqtlardagiday kuyib-pishib yurar, holdan toyib yotib qolguncha bozordan beri kelmas, lekin hech qachon birovning moliga koʻz olaytirmas, oʻzi oʻqimagan va ongiga sigʻdira olmagan sonmingta dunyoviy qonunlardan faqat bittasini – “Halol yasha”, deganini juda qattiq ushlab olgan, xuddi bitta toʻgʻri chiziq boʻylab tinimsiz borib-kelayotganday yashar, kelajak esa... nazarida juda uzoqda, hech yetib boʻlmaydiganday tuyulardi; jismi kundan kun qurib-qovjirab borar, goʻyo tiriklayin murdaga aylangandi, ammo bir kun bozorga chiqmasa farzandlari och qoladiganday mudom qoʻrqib yashardi, vaholanki oʻzi qoʻrqqan dahshatli narsa allaqachon yuz berganini, u bozorda yurganida uyi yonib ketganini, qizi bilan kichik oʻgʻli olov ichida qolib nobud boʻlganini, faqat bir oʻgʻli omon qolganini, dugonasi Xolida piyonista erining kaltagidan keyin oʻnglana olmay, jinnixonada yotganini, qoʻshnilari uning bolalarini yetimxonaga topshirib yuborishganini eslay olmasdi...

Xullas, kampirning xotirasida na oʻtmish bor, na kelajak.... faqat bugunni – bir lahzalik umrni yashab qolish bilan cheklanardi.

Gohida esa beixtiyor eski uyiga borib qoladi.

Yonib ketgan hovli qayta ta’mirlangan, lekin endi bu yerda begonadan begona kishilar yashaydi, ular kampirga yaxshi muomala qilishadi, goʻyo muruvvat koʻrsatayotganday unga uy ichiga kirishga ruxsat ham berishadi. Kampir nega bu yerga kelganini, nima majbur qilganini sezmagan, anglamagan holda xonalarni bir-bir aylanadi, har bir xonaning har bir burchagi kampirning xotiralarini oʻzida saqlaydi, zero xotiralar yonmaydi, ammo bu xonalar kampirning oʻzi singari qizgʻanchiq, xotiralarni unga bermaydi, biroq u ketayotganida ortidan mungʻayib qarab qolishadi...

Kampir yana xotiralarining siniq parchalari sochilib yotgan bozorga qaytadi.

– Yerning qoq qirrasida turganga oʻxshayman, – deydi u oʻychanlik bilan shu kuni Sojida-Jamilaga. – Yerning qoq qirrasida. Pastga enkaysam tamom... hammasi tugaydigandek... Nega bunday, bilmayman.. Oʻlay agar bilmayman. Senda bunaqa boʻlmaydimi sira?

Sojida-Jamila mahzun bosh chayqaydi.

Kampir mushtini iyagiga tiragancha jim qoladi. Shu turishida u naq qari qargʻaning oʻzginasi edi.

Allakim, bu sotuvchimi yoki xaridorlardan, noma’lum, – oʻtib ketayotib tasodifan kampirni turtib yuboradi, keyin shosha-pisha uzr soʻraydi, ammo allaqachon gʻisht qolipdan koʻchgandi, kampirning chatnab turgan asablari oʻt tushgan quruq giyohdek birdan pov etadi...

* * *

Tinchlantiruvchi ukoldan keyin kampir odatdagiday uch-toʻrt soat dong qotib uxladi. Soʻng hech narsa boʻlmaganday, tiniqib uygʻondi. Uygʻondiyu soatga qaradi, keyin shosha-pisha oʻrnidan turdi.

– Oʻlsin... Uxlab qopman...

Kampir gʻudrangancha dahlizga chiqdi.

Bu yerda unga oʻttiz yoshlardagi juvon peshvoz chiqdi.

– Yaxshi yotib turdingizmi, oyijon?

– Rosa uxlabman-da oʻziyam, – dedi kampir unga javoban. – Sal vaqtliroq uygʻotsang boʻlmasmidi?

– Yaxshilab dam olvoling dedim-da...

– Dam olmasam goʻrga, darrov termosga choy damla.

– Oyi, kech boʻlib qoldi...

– Kechki bozorga chiqaman.

– Oyi... iltimos, buguncha chiqmay qoʻya qoling.

– Nega chiqmayman? Oyogʻimni uzatib uyda yotsam, tirikchilik nima boʻladi?

– Ertaga chiqa qolasiz. Hali Roziya opoqi aytdi, bugun bozor vaqtli tugabdi. Qandaydir tekshiruvchilar kelarmishmi...

Kampir birdan hushyor tortdi.

– Tekshiruvchilar?

– Ha.

Kampir oʻylanib qoldi.

– Roziya bejiz xabar bermagan. Yaxshisi chiqmay qoʻya qolay. Senam uyingga keta qol, Manzura. Qaynonangdan baloga qolma tagʻin.

– Qaynonamning zugʻumidan qochib kelib siznikida yashab yuribman-ku, qayoqqa boraman?

– Ha, aytgancha... xayolimdan koʻtarilibdi... Qaynonang oʻlmadi, sen qutulmading.

– Ovqat tayyor, suzaveraymi?

– Noila bilan Akbar qani? Farrux hali maktabdan kelmadimi?

– Ular oshxonada, sizni kutib oʻtirishibdi.

– Menam hozir boraman.

Kampir hovliga chiqdi.

Naqshinkor panjarali, marmar zinalardan bir-bir bosib tusharkan, atrofga hayrat bilan boqdi.

Hovli juda hashamatli edi.

Ammo kampir hech qachon bu yerda oʻzini oʻz uyida yashayotganday his qilmasdi. Bu uydagi yarqiroq hayot uning koʻzlarini qamashtirar, goʻyo kelajakka sayyohat qilganday, ba’zida yoqimli tush koʻrayotganday boʻlardi xolos. “Qachon oʻz boshimga uy bitadiyu, bu yerdan tezroq daf boʻlarkinman?..” – deb qoʻyardi u gohida siqilib ketganidan. Oʻzining bunday hashamat ichida yashayotganining sababini gohida bozorkom Narimon boyvachchaning iltifoti sifatida qabul qilardi, gohida esa ijarada turibman, deb oʻylardi.

Atrofidagi narsalarga tikilib oʻtirib kampir gohida birdan oʻzini koʻlankalar vodiysida yurganday his qilar, gʻalati kayfiyat chulgʻab olar, hayotining ogʻir damlarini qayta va yana qayta yashayotganday allanimalar tanish tuyular, lekin mavjud olam bilan oʻzi oʻrtasida qandaydir oʻtib boʻlmas toʻsiq borday, toʻsiq osha nazar tashlashga nimadir izn bermayotganday, allaqanday sharpalar koʻz oldidan birma-bir oʻtishga shaylanib turganday boʻlar, yuragi sanchib ketar, oʻzini chuqurga tushib ketganday his qilar, mudom gʻuvillagan shamol esib turadigan chuqur... kampir chuqur devorlariga tirmashib, yuqoriga chiqishga urinar, ammo gʻuvillagan shamol ovoziga qoʻ-shib, urinishlarini ham allaqayoqlarga olib ketar, kampir esa chuqurda tinim bilmay aylanaveradi, aylanaveradi, xuddi bozorni aylanganday, lekin koʻp oʻtmay ertangi tirikchilik haqida oʻylab darrov oʻzini alahsitar, ammo nima uchun bezovta boʻlganidan sira ham tashvishlanmas, qoʻrquvga tushmas, qalbi dahshatli yongʻindan keyin qurib-qaqshab yotgan qoʻrgʻonday yana huvillab qolardi. Kim bilsin, ehtimol u ozgina boʻlsa ham qoʻrqqanida, sergak tortganida, hayotga qaytarmidi, lekin u qoʻrqmasdi, taajjublanmasdi, hatto oʻylab ham koʻrmasdi, – xuddi yerga urugʻ sochib qoʻygan-u, lekin keyin hammasini unutgan dehqonday, – aftidan shuning uchun ham tobora zulmat qoʻyniga kirib borardi...

Yarim soatlardan keyin kampir namxush yuzini silagancha oshxonaga kirib keldi.

– Ura, buvim keldilar!

Sakkiz yoshlardagi bolakay yugurib kelib kampirni quchoqlab oldi.

– Buvi, deysanmi, Farrux? Qachon aqling kiradi sening? – kampir yengilgina tanbeh berdi bolakayga.

Keyin birin-ketin salom bergan qizcha bilan yigitchaga qarab:

– Noila, bugun yopgan noning tandirdan tushib qolmadimi? – deb soʻradi.

– Yoʻq, mana, koʻring, bugun juda chiroyli non yopdim... o-oyijon... – qizcha koʻzlari javdiragancha bir juft nonni uzatdi.

– Ha, yaxshi, ancha qoʻling kep qopti. Endi bozorda shoshilmasdan, xotirjam yursam boʻlarkan. Sen-chi, Akbar, Samadning doʻkonidan un olib keldingmi?

– Ha, olib keldim, – deb javob berdi Akbar chetga qaragancha.

– Durust...

Shundan keyingina kampir nabiralari, e, farzandlari bilan oʻtirib ovqatlandi. Keyin bolalar televizor koʻrishdi. Televizorning ekrani juda katta, uydagi boshqa jihozlar kabi juda hashamatli va noyob edi.

Kampir yumshoq divanning chekkasida hashamatu boylik ichra bir siqimgina boʻlib oʻtirarkan... yana oʻzini begona uyga kirib qolganday va qorongʻida – bir vaqtlar orzu qilgan, lekin yetisha olmagan notanish buyumlar ichida turtinib-surtinib yurganday his qilgancha ertangi bozor va tirikchilik haqida oʻylardi: “Manzura endi qaynonasinikiga ketmaydigan boʻlsa, undan foydalansam nima boʻpti? U har kuni somsa yopib beraveradi, men choy va qahvaga qoʻshib sotaveraman. Axir endi oilamiz ancha kattaydi, uniyam boqishim kerak-ku! Lekin uni bozorga yoʻlatmayman!”

Tong otmasdan kampir yana bozorga otlandi.

– Oyi, endi shu ishni bas qila qoling, iltimos.

Qirqlarga borgan, bashang, uyda ham galstuk taqib yurishni unutmaydigan, basavlat yigit engashib shoshilgancha termoslarini aravaga yuklayotgan kampirning oldiga keldi.

– Meni oyi dema, deb necha marta aytganman, Davron! Baribir oʻgʻlim boʻlolmaysan, – kampir ishidan bosh koʻtarmay javob berdi. – Yaxshisi uy top. Qachongacha onang jiyanim bechorani xoʻrlaydi, azoblaydi!

– Yaxshisi siz dam oling, oyi! Agar xohlasangiz, shu bugunoq sanatoriyga yuboraman.

Kampir oʻz mashgʻulotidan bir lahza ham chalgʻimagan holda toʻng javob berdi:

– Men hali oyogʻimni uzatib, dam oladigan kunlarga yetganim yoʻq.

– Yetgansiz, oyi. Yetgansiz! – baqirib yubordi yigit iztirob ichida.

Kampir ilkis boshini koʻtardi. Nigohlari qattiq, lekin ma’nisiz edi.

– Menga baqirma! – dedi u keskin ohangda. – Men odamlarning kaltagini yeyish, haqoratlarini eshitish uchun tugʻilmaganman!

– Oyi!.. – Yigitning yuzi qorayib ketdi.

– Aql oʻrgataverib toza jonimga tegib ketding. Yaxshisi xotiningni olib uyimdan chiqib ket! Qachongacha senlar uchun ham ijara puli toʻlayman?!

Kampir shunday dedi-da, aravasini sudragancha koʻcha eshik tomon yoʻl oldi.

Yigit bir zum oʻylanib turdi, soʻng ikki hatlashda kampirni quvib yetdi va uni dast koʻtargancha xonaga olib kirdi-da, eshikni qulfladi.

– Eshikni och! Och deyapman! – eshikni mushtlagancha baqirdi kampir. – Agar hoziroq ochmasang, Narimon boyvachchaga aytib, urugʻingni quritib yuboraman hammangning! Och! Och, deyapman!

Kampir qoʻliga ilingan narsani eshikka ura boshladi.

Yigit quloqlarini bekitgancha, eshikka suyanib turar, koʻzlari jiqqa yosh edi.

– Qoʻying, uni qiynamang, – dedi xotini yaqin kelib. – Oyim shu holicha yashasagina oʻzini yaxshi his qiladilar.

– Oʻylab gapiryapsanmi?

– Xotirasi oʻziga qaytsa, nima boʻladi, bilasizmi?

– ...

– Noila bilan Anvar qani, deb soʻrasalar, nima deb javob berasiz? Ularni topib berolasizmi?

– Oʻchir!

Juvon jim boʻldi.

– Jonimdan toʻyib ketdim! – shivirladi yigit asabiy tarzda. – Bozordagilarning shikoyatidan jonim hiqildogʻimga keldi! Qachongacha ularning oldida tilim qisiq, iltimoslariga yoʻq deyolmay yashayman?!

– Nachora... Lekin...

– Bir hafta uy qamogʻida oʻtirsalar, bozorni eslaridan chiqarib yuboradilar. Bor, sen ishingdan qolma.

– Eslaridan chiqarmaydilar, kasal boʻlib qoladilar!

– Nima boʻlsa boʻlar!

Xotin nari ketdi.

Yigit ichkariga quloq tutdi. Kampir birdan jimib qolganidan xavotirlandi.

– Oyi...

Ichkaridan javob boʻlmadi.

Yigit bir zum ikkilanib turdi, soʻng asta eshikni ochdi. Devorga qapishib turgan kampir shu zahoti oʻzini eshikka urdi.

Kampirning bunday shumliklariga oʻrganib qolgan yigit ham boʻsh kelmadi, eshikni yopib, qulflashga ulgurdi.

– Meni qoʻyib yubor! Qoʻyib yubor! – jazava ichida qichqirdi kampir oʻgʻliga yopishib. – Agar hoziroq qoʻyib yubormasang, bolalarimning uvoliga qolasan!

– ...

– Agar eshikni ochmasang, oʻzimni derazadan tashlayman, – kampir deraza tomon yurdi.

– Bilganingizni qiling.

Yigit paytdan foydalanib oʻzini tashqariga oldi.

Yana eshik qulflandi.

Zum oʻtmay kampir shunday ayyuhannos koʻtardiki, ancha-muncha odamning asablari dosh berishi qiyin edi. Ammo yigit chidadi, stol qirrasini mahkam ushlagancha, bir nuqtaga tikilib turaverdi.

– Akbar! Meni qutqar, bolajonim! Ular meni oʻldirib qoʻyishadi! – qichqirdi kampir eshikni mushtlab. – Meni qutqar, Akbar! Noila, qaerdasan, Noila?!. Ular meni oʻldirib qoʻyishadi... Tiriklay koʻmib yuborishadi... Onangdan ayrilding, bolam...

Bir chekkada turgan juvon chiday olmay eshikka yaqin keldi.

– Agar eshikni ochsang... – yigitning koʻzlari tahdidli boqdi.

– Qanaqa odamsiz... Axir bunaqada...

Yigit jahl bilan xotinining ustiga bostirib keldi. Juvon qoʻrqqanidan gʻujanak boʻlib oldi. Lekin zum oʻtmay qaddini tiklab, eriga lablarini qimtigancha qahr bilan qattiq tikildi.

Yigit unga qoʻl koʻtarmadi. Ammo...

– Menimcha oyimni haddan ortiq erkalatib yubordim. Koʻngillariga qarayverganim uchun ham oʻgʻlim bor ekan, nimaiki qilmayin odamlar koʻtaraveradi, degan fikrga kelib qolganlar. Yetar, shuncha vaqt odamlarga masxara boʻlganlari!

Juvon erini birinchi marta koʻrib turganday hayrat bilan boqdi.

Keyin:

– Shu gaplarni siz gapiryapsizmi, – deya e’tiroz bildirdi. – Qanaqasiga... oyim sizni oʻgʻlim deydi? Axir u kishi sizni tanimaydilar-ku!

– Yoʻq, – keskin bosh chayqadi yigit. – Odam aqldan ozgan taqdirdayam bunchalikka bormasligi kerak. Axir onamni qancha davolatdim. Vaqt va tibbiyot harakatga keltira olmaydigan xotira boʻlmasligi kerak!

– Boʻlishi mumkin...

– Menimcha oyim atay qiladilar... Oʻz kasaliga bogʻlanib qolganlar.

– Yo tangrim, – deb yubordi juvon beixtiyor.

– Axir qachongacha, ona oʻz oʻgʻlini tanimaydi? – dedi yigit kutilmaganda yigʻlamsirab. – Axir qachongacha... Qachongacha... oʻtmish bizni ta’qib qiladi?!. Axir hayot bir odamga shunchalik ham azob beradimi?! Kecha yoʻq... Erta yoʻq... Faqat bugun bilan odam qanday yashaydi? Bugun koʻrib turganlariga qarab qanday xulosa chiqaradi? Axir qachongacha xuddi aktyorlarday oʻz uyimizda rol oʻynaymiz?! Men Akbarman, lekin Davron degan yigitning rolida chiqishim kerak har kuni, har soniyada sahnaga! Bu azob-ku, azob! Bu ahvolda qanday yashaydi odam?! – yigit devorni mushtladi. Uning yuzi qorday oqarib ketgandi.

– Oyim yashayaptilar-ku...

– Men yashay olmayapman! Men! Men! – yigit boshiga mushtlay boshladi.

Juvon yugurib borib stakanda suyuqlik olib keldi.

– Ichib oling. Tinchlanasiz...

Yigit stakanni bir koʻtarishda boʻshatdi. Zum oʻtmay u sal oʻziga keldi.

Biroq...

Kampir endi dod solishga oʻtdi.

– Hoy odamlar, yordam beringlar! Sizlarda insof bormi oʻzi?! Bir bechora ayolni xoʻrlayotgan zolimdan shunchalik ham qoʻrqasizlarmi?! – kampir koʻcha tomondagi derazaga tirmashar, uni ochmoqchi boʻlar, alhol ochardi ham, lekin... endi temir panjaraga urilgan barmoqlari zirillab ketardi, biroq kampir bunga parvo qilmas, u joni ogʻriyotganini sezmasdi. – Bir bechoraga yordam beradigan mard bormi bu dunyoda?! Zolimlarning dastidan kuyib ado boʻldim-ku...

Eshik baribir ochilmadi.

Kampir ezilib yigʻlay boshladi...

* * *

Kampir kasal boʻlib qoldi. Uy qamogʻi uning asablariga yomon ta’sir qilardi. U oʻzini eshik-derazalarga ura-ura, nihoyatda holdan toygan, aft-angoriga qarab boʻlmasdi. Qoʻllari shilingan, yuzi, peshonasi momataloq boʻlgan...

Endi u oʻzini u yoq-bu yoqqa urmasdi, faqat deraza oldiga borib qoʻllarini ikki yoniga kergancha daraxtga aylanardi.

– Qargʻa... Qargʻa... Kel, shoxlarimga qoʻnsang-chi, – kampir oʻzini ulkan daraxtday his qilardi. – Kela qol. Nega jim turib qolding? Kel, kela qol... Lekin bilib qoʻy, boshimga qoʻnmaysan!

Kampir xiyol egildi, goʻyo shoxlarini pasaytirdi. Ammo kutilmaganda... qargʻa uning shoxlariga emas, miyasiga kirib oldi.

– Ha, yaramas! Yana eski joyingni topib oldingmi? Kisht! Kisht... Obbo, yana qagʻillashni boshladi! Mana bu yerimda qargʻa qagʻillayapti, – koʻrsatkich barmogʻini chekkasida aylantirib, gʻudrangancha uy ichida yura boshladi kampir. – Qargʻa... Qargʻa... Yoʻq, men qargʻaman... Men qargʻa... Xuddi ertayu kech daraxtda qimir etmay oʻtiradigan qargʻa... Oʻzicha hammaga kerakman, deb oʻylaydi. Aslida hammaning joniga tegib ketgan! He, noshud... Namuncha qagʻillaysan?! Bunaqada miyamni teshib qoʻyasan-ku!

Kampir oʻrnidan turolmay, yotib qolganidan keyin eshik ochildi. Juvon unga gʻamxoʻrlik qila boshladi.

Ammo kampir hadeganda oʻziga kelavermagach, doʻxtir chaqirishdi.

Uni koʻrdiyu kampir yana shaytonlay boshladi:

– Voy-dod! Anavi alvasti sochimni olgani keldi. Kiyimlarimni yechib, kalta xalat-ishton kiydiradi. Meni yashirib qoʻyinglar! U meni opketib qoladi! Tezroq yashir meni, bekit. Koʻzga koʻrinmaydigan yerga bekit! Qariganda sharmanda boʻlmayin... – kampir yostiq bilan boshini bekitdi.

– Oyi... – yigit onasiga yaqin keldi.

Kampir kutilmaganda irgʻib oʻrnidan turdiyu xona ichida chir aylanib qocha boshladi, hech kim – na doktor, na... yigʻlamoqdan beri turgan oʻgʻil uni tutishga jazm etishdi.

Ammo kampir baribir xonani gir aylanib yuguraverdi, yuguraverdi. To holdan toyib qolguncha... va uzun koʻylagining etaklariga oʻralib yiqilib tushmaguncha...

– Iltimos, meni kasalxonaga opketmang, – deya yalina boshladi u yerda choʻzilib yotgancha doʻxtirga qarab, koʻzlari qopqonga tushishdan xavfsirayotgan jonivorning koʻzlariday taka-puka edi. – Men jinni emasman. Aqlim joyida. Lekin Xolidaning ahvoli ogʻir. Siz oʻshani oldiga boring. Uni davolash kerak...

– Mayli, Xolidaning ahvolidan xabar olaman, – dedi doʻxtir necha marta aytgan soʻzlarini yana takrorlarkan. – Yoʻl-yoʻlakay Qodir aravakashniyam koʻrib oʻtaman.

– Baraka toping, iloyim...

– Lekin avval sizga...

– Yoʻq! Yoʻq! – doktorning qoʻlidagi shpritsga koʻzi tushgan kampir tipirchilay boshladi.

– Oyi! – yigit kampirning bilaklaridan mahkam tutdi.

Kampirning yuzi ayanchli burishib ketganini koʻrgan juvon uni quchoqlab oldi. Keyin eriga yovqarash qilib dedi:

– Joni ogʻrib ketdi axir!

Yigit ichida qattiq oʻkindi, qoʻlini sal boʻshatdi, lekin gap ohangini oʻzgartirmadi:

– Agar hoziroq ukol olishga rozi boʻlmasangiz, oʻzim kasalxonaga oborib tashlayman! Tushundingizmi, oyi?! – yigitning iztirob toʻla nigohlari onasining ma’nosiz nigohlariga qadaldi.

Bir lahza... atigi bir lahza kampir koʻlankalar vodiysidan qaytganday boʻldi, hozirgi ahvolidan uyalganday oʻgʻliga xijolatli nazar tashladi. Soʻng...

– Ukol olsam, obormaysanmi? – dedi boyagiday yalinchoq ohangda.

– Yoʻq.

– Aldayapsan! – kampir qattiq siltanib qoʻlini tortib olishga urindi.

– Oyi! – yigitning nafaqat koʻzlaridan, balki badanidagi har bir moʻyidan uchqun sachrab ketganday boʻldi. – Oyi, hammamizni qiynab yubordingiz-ku! Boʻldi-da endi! Sizning dastingizdan qachongacha yuzim shuvit boʻladi?!

Kampir birdan gʻalati boʻlib ketdi. Hatto tok urganday seskanib tushdi.

– Qiynab yubordim?.. – takrorladi u yigitga qarab. – Nega?... Sizlarni qiynab yubordimmi?.. Axir men ertayu kech... bozorda yursam... ishlab... pul topib... Oʻylovdimki... hech kimga ogʻirligim tushmaydi... Yo oʻzim sezmagan holda yuzingizni shuvit qilib qoʻydimmi?.. Lekin nega...

– Bas qiling, oyi! Bas qiling. Siz topgan pullarning keragi yoʻq! Eshityapsizmi, keragi yoʻq! Mogʻor bosgan pullaringiz ana, hamyoningizda turibdi allaqachonlardan beri...

– Nega?.. – kampir ajablandi. – Yana pul almashdimi?

– Oyi! Agar hoziroq bas qilmasangiz... oʻzimni bir balo qilib qoʻyaman!

Kampir qoʻrqib ketdi. Qarshisidagi yigitga qoʻrqinch ichida bir necha soniya tikilib turdi. Nimadir oʻz maromidan chetga oqqanidan yigitning qattiq jahli chiqayotganini ilgʻaganday boʻldi, ammo nima? Kampir zoʻr berib oʻylamoqchi boʻldi, lekin hech narsani anglay olmayotganidan qiynalib, yuragi siqilib ketdi.

Keyin hiqqillab yigʻlagancha:

– Akbar... Noila... Farrux... – deya bolalarini yoʻqlay boshladi.

– Oyi! Ular sizning nabiralaringiz! Nega tushunmaysiz?

– Nabiralarim?! – kampirning koʻzlari chaqchaydi. – Nabiralarim... – deya takrorladi keyin. – Mening bolalarim qani unda? Akbar... Noila...

– Oyi!

Yigit butunlay oʻzini yoʻqotib qoʻydi, u nima qilayotganini bilmas, oʻzini butunlay jahlning ixtiyoriga topshirgan, hadeb kampirni siltalar, bir nimalar deb baqirardi.

Juvon chidab turolmadi, erini itarib yubordiyu jon holatda kampirga yopishib oldi.

Doʻxtir shosha-pisha yana bitta shpritsni doriga toʻldirdi.

– Oyi, oyijon, bizni kechiring, – dedi juvon kampirni quchoqlab. – Bizni kechiring... Bizdan xafa boʻlmang...

– U xafa boʻlmaydi, – dedi yigit xirqiroq ovozda. – Xafa boʻlishni bilmaydiyu..

Juvon shahd bilan eriga tik qaradi:

– Oyim idrok qila olmasligi mumkin, lekin xafa qilishganda koʻngillari ogʻriydi. Axir u kishida ham yurak bor!

– E, yurak hech qachon aql berolmas ekan! Mana, isboti... – dedi yigit toʻngʻillab, u yana asabiylasha boshladi.

Shu chogʻ doʻxtir gapga aralashdi:

– Toʻgʻri, yurak aql bera olmaydi, ammo miya ham yurak boʻlolmaydi.

Yigit indamadi. U deraza oldiga borib orqa oʻgirdi.

Doktor kampirga yuzlandi.

– Tayyormisiz, onaxon?

Oʻzini hayotga bogʻlab turgan narsa chil-chil boʻlgandek, parishon tortib qolgan kampir avval hammaga bir-bir qarab chiqdi, besaranjom, bezovta nigohlari bir muddat oʻgʻliga tikilib qoldi, keyin indamay bilagini tutdi.

Nihoyat u tinchlandi, lekin darrov uxlab qolmadi. Bir muddat qoʻllarini koʻksida chalishtirgancha, shiftga tikilib yotdi, soʻng qorachiqlari sekin yonga enib, yana yigitga qadaldi va asta-sekin kipriklari jipslasha boshladi, lekin koʻzlari butunlay yumilmadi, xuddi koʻz qiri bilan oʻgʻliga qarab turganday qotib qoldi... Ammo yigit onasi tomonga qayrilib qaramadi.

– Akbar Turdievich, – dedi keksa doktor dorilarini sumkasiga joylarkan yigitga zimdan qarab. – Nima qilasiz, oʻzingizni ham, kampirni ham qiynab? Yaxshisi kampirni kasalxonaga yotqizish kerak.

– Yoʻq!

– Tushunmayman, nega... Nima uchun... har doim...

– Onamni bir marta kasalxonaga yotqizishgan, – javob berdi yigit. – Oʻshanda sochini olmoqchi boʻlishgan... va yana... Men u vaqtlarda yosh bola edim... Shundan beri onam kasalxonadan qoʻrqadi.

– Endi... unday boʻlmaydi. Va’da beraman...

– Yoʻq!

– Bilasizmi...

– Doktor, – soʻzni kesdi yigit. – Nega bunday, a? Nega?.. Nahotki xotirani qaytarib boʻlmasa?

– Bu savolingizga tibbiyot nuqtai nazaridan juda koʻp marta javob berganman, – dedi doktor. – Ammo aytilmagan bir gap qoldi.

– Xoʻsh?

– Hayot haddan tashqari chidab boʻlmaydigan darajaga yetganida, Tangrining oʻzi bandalariga muruvvat koʻrsatadi...

– Muruvvat?! Hali bu... muruvvatmi?! – yigitning yuziga zaharxanda va istehzoga toʻla tabbassum yugurdi.

– Telbalik ham insonni koʻp azoblardan qutqaradi.

Yigitning yuzida azobli va istehzoli tabassum yanada boʻrtdi:

– Avval xarob qilib, keyin...

Doʻxtir ketdi.

Yigit karavotga yaqin kelib, pishillab uxlayotgan kampirning qoʻlini qoʻliga oldi.

– Oyi... Oyijonim-a...

Tongga yaqin koʻzi ilingan yigit bexosdan uygʻonib karavotga qaradi. Kampir u yerda yoʻq edi.

Yigit alam bilan peshonasiga mushtladi.

Kampir shu kuni ham, ertasiga ham uyiga qaytmadi.

U gʻoyib boʻlgandi...

Qidiruvlar natija bermadi.

Kampir yoʻqolgan xotirasi singari izsiz yoʻqolgandi...