OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifZulfiya Qurolboy qizi
Asar nomiMashaqqatlar girdobi (roman, I- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Zulfiya Qurolboy qizi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm333KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/12/10
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...

iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish

Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

Logo.png

Mashaqqatlar girdobi (roman, I- qism)
Zulfiya Qurolboy qizi

Birgina aybi — yonidagi hujjatini yoʻqotib qoʻygani uchun oʻzga yurtda gʻaroyib uqubatlarni boshidan kechirgan yigitning sevgi qissasi.

* * *

Ertalab barakka brigadir Matchonov bilan yana birkishi kirib keldi. Yoʻq, Hakim Nazarich emasdi. Unga qaraganda yoshroq, lekin xuddi Hakim Nazarichday baland boʻyli, qosh-koʻzlari qop-qora, gavdasi oʻljasiga tashlanmoqchi boʻlgan qoplonday tik va shijoatli, barvasta bu yigit Poʻlat Damirovich ekan. Hakim Nazarich bu yerda katta ish boshqaruvchi vazifasini bajarsa, Poʻlat Damirovich xavfsizlik ishlariga javobgar shaxs edi. Unvoni kapitan ekan, lekin men uni biror marta ham formada koʻrmadim.
— Yangi kelgan kishi qani? — deb soʻradi oʻsha kuni ertalab Poʻlat Damirovich umumiy salom-alikdan soʻng brigadir Matchonovdan.

Matchonovning javobini kutmasdan bir qadam oldinga chiqib:
— Men, — deb ovoz berdim.

Poʻlat Damirovich menga boshdan oyoq sinchkovlik bilan nazar tashladi. Bilsangiz kerak, xavfsizlik ishlarida ishlaydigan kishilarning koʻz qarashlari qattiq va oʻta sinchkov boʻladi.
— Familiyangiz? — deb soʻradi u mendan.
— Davron, — deya ismimni aytdim.
— Men sizdan familiyangizni soʻrayapman, — dedi Poʻlat Damirovich ovozini xiyol koʻtarib.
— Qoʻlimda hech qanday hujjatim yoʻq, shunday ekan, toʻgʻri kelgan familiyani aytaversam ishonasizmi?

Poʻlat Damirovichning yuziga qizil yugurdi, bilmadim, jahli chiqdimi yo uyalib ketdimi, ammo oʻzini yoʻqotib qoʻymasdan darrov javob qaytardi:
— Gap bunday, oʻrtoq Davron, bu yer sizga sirk maydoni emas! Bu yerning oʻz qonun-qoidalari bor. Shu qonun-qoidalarga soʻzsiz ravishda amal qilsangiz kelishib ketamiz siz bilan, aks holda...
— Aks holda?
— Aks holda siz bilan shtabda gaplashishga toʻgʻri keladi! — Poʻlat Damirovich shaxd bilan Matchonovga yuz burdi: — Ketdik!

Ular chiqib ketishgach, Nurali yaqin kelib:
— Siz haliyam uch-toʻrt kundan keyin bu yerdan joʻnab ketishingizga ishonyapsizmi? — deb soʻradi.
— Albatta.

Nurali indamadi. Lekin qarashlari yoqmadi bu yigitning. U allaqanday istehzo bilan, yoʻq, aniqrogʻi, bu odam ovsar emasmi, degandek boqardi menga.

Nonushtadan keyin Matchonov hammani hovliga toʻplab, safga turgʻazdi. Menga safning oxiridan joy tegdi. Keyin yoshgina soqchi yigit hamrohligida yoʻlga tushdik.
— Bu nimasi, oshna, — dedim Nuraliga soqchi yigitni koʻrsatib. — Biz mahbuslarmizmi soqchi qorovulligida ishga oborishyapti?
— Hujjatsiz odamning mahbusdan nima farqi bor? — savolga savol bilan javob berdi Nurali.

Jiddiy qabul qilmaslikka qancha urinmayin, bu yerdagi gʻayritabiiy hol meni har qadamda hayratga solardi, shu bilan birga ham qiziqishim ortardi, ham qandaydir xavotir tuygʻusi chulgʻardi.

Birinchi ish kunimda aytarli, esda qolarli voqea-hodisa yuz bermadi. Ammo bir kunning oʻzida ancha-muncha gapdan boxabar boʻlganim esimda. Avvalo shuni aytib qoʻyay, bu yerda ellik-oltmish chogʻli ishchilar brigadasi allaqachon shakllanib boʻlgan, ellik-oltmish chogʻli odamning har birining oʻz hunari, oʻz vazifasi va oʻz ish normasi bor edi.

Misol uchun Nuralini olaylik. U duradgor edi. Eshik-rom oʻrnatish vazifasi va u-bu vazifani juda oʻrniga qoʻyib, bekamu-koʻst ado etardi, chunki Nurali oʻz kasbining haqiqiy ustasi edi. Ish maydoniga kelganidan keyin «Menga qanday vazifa yuklatarkan?»;, deb kutib turmasdi, shartta ishga tushib ketardi. Besh kishidan iborat uning oʻz kichik brigadasi bor edi. Abduvali esa elektrik edi. U ham oʻz vazifasini aniq bilardi va bir daqiqa ham vaqtini behuda sarflamasdan ishga shoʻngʻirdi...

«Qanaqa qurilish edi?»; — deb soʻrayapsizmi? Darvoqe, men bu haqda hali sizga gapirmadim-a? Aytishlaricha, uch korpusdan iborat, hali qurilishi nihoyasiga yetkazilmagan, ishchilarning taxminicha qandaydir zavodga moʻljallangan, ammo arxitektura jihatdan kichikroq fabrika va yotoqxonaga oʻxshab ketadigan bu qurilish inshooti Ahmadbey degan turk korchaloniga tegishli ekan. Ahmadbeyning oʻzini yoki suratini ishchilar hatto tushlarida ham koʻrishmagan. Shuning uchun Ahmadbeyning yoshi, saxt-sumbati haqida hech qanday ma’lumot bera olishmadi. Faqat uning «juda katta boy, millioner»; ekanligini ta’kidlashdi. Oʻrmonning qoq oʻrtasida zavod yoki fabrika (nima farqi bor, yo unisi, yo bunisi!) qurishdan oʻsha millioner bey qanday maqsadni koʻzlagan ekan? Axir, bu yerlar aholi kam yashaydigan chekka hudud boʻlsa. Xudo biladi, yaqin-atrofda birorta qishloq yoki xutor uchraydimi-yoʻqmi? Birinchi ish kunim to qosh qorayguncha shu holda bosh qotirganim, oxir-oqibatda bir toʻxtamga kela olmaganimdan asabiylashib: «E onasini!»; deya soʻkinib yuborganim esimda.

Men shu choqqacha umuman soʻkinmasdim, oʻsha kungi qiligʻim esa muhit ta’siriga tezda beriluvchan odam ekanligimning isboti edi. Oʻlay agar, u yerda deyarli hamma soʻkinib gapirardi. Qoʻlidan bolgʻasi tushib ketsa ham bolaxonador qilib soʻkinishardi.

Men oʻylay-oʻylay, nihoyat bir qarorga kelib, Abduvali ta’kidlaganiday «... eng oson ish»; ohak kuydirish ishini tanlagandim. «Baribir bu yerda uzoq qolmayman, koʻnglim sezib turibdi, hech qanday javob kelmagan taqdirdayam nimadir boʻladi-yu, bu yerdan ketaman. Ammo hunar oʻrganib qoʻysam yomon boʻlmas»;, derdim ichimda yangi mashgʻulot jarayonini kuzatib, nomiga boʻlsa-da, oz-moz qoʻl tekkizib koʻrib, shu ishni eplab keta olishimga ishongan holda xuddi majburiy mehnatdan qaytayotgan mahbuslar singari saf boʻlib, qosh qorayganda kazarma... e, barakka qaytarkanmiz.

Bu yerdagilarning nazarida ohak pishirish eng oson ishdek tuyiladi. Lekin bilmagan odam uchun bit oʻldirish ham qiyin, deganlaridek, eng oson ishning ham oʻziga yarasha zahmatlari bor edi. Biz toʻrt kishi boʻlib, maxsus oʻchoqlardagi maxsus idishlarni ohaktoshlar bilan toʻldirib tagiga olov yoqardik. Ba’zida katta-katta boʻlaklardan iborat ohak toshlarni urib maydalashga toʻgʻri kelardi.

Kun davomida olov yonida turganim bilan havo sovuq, yer zax boʻlganidan oyoqlarim muzlab, barmoqlarim tarashadek qotib bukilmaydigan boʻlib qolgandi. «Qaniydi issiq hammom boʻlsa!..»; deya orzuga ham berilardim yoʻl-yoʻlakay.
— Nurali, bu yerda hammom bormi? — deb soʻradim barakka yaqinlashganimizda sherigimdan.
— Hammom?.. Bor, lekin u ishchilar uchun emas.
— Yuvinish xonasi yoʻqmi? — deb soʻradim kapalagim uchib.
— Bor. Dush. Hammom kontoradagilar uchun.
— Dush boʻlsayam bor ekan-ku.

Azaldan suvni, choʻmilishni yaxshi koʻrardim. Uyda vannaga kirvolib soatlab suv ichida yotardim. Balki bu baliq burji ostida tugʻilganim tufaylidir?

Oʻsha kuni kechqurun dushga kirib oldim-u, obdo-on choʻmildim. Tepadan shovullab tushayotgan suv ostida uz-zoq turdim. Charchogʻim chiqib, onadan yangi tugʻilganday yengil tortib yemakxonaga kirib kelganimda... u yerda na Nurali, na Abduvali bor edi. Oʻn-oʻn besh chogʻli kishi yemakxonaning u yer-bu yerida oʻtirgancha konьyak qoʻshilgan qahva «kokteylь»; hoʻplab oʻtirishardi.

«Kokteyl»;ni ishchilar ermak yoki oliftalik uchun emas, sovuqqa oʻzlarini oldirib qoʻymaslik uchun pulga sotib olib ichishardi. «Meni kutishmabdi... Shuncha uzoq qolib ketdimmi dushda?..»; — qizil karamli shoʻrvadan koʻnglim tortmasdan totinarkanman, beixtiyor Saodat pishiradigan ovqatlar esimga tushib ketdi. Xotinimning qoʻli shirin edi.

Ovqatlanib boʻlgach, barakka qaytdim. Lekin u yerda ham na Nurali, na Abduvali bor edi. Uch-toʻrt kishi adyolga burkangancha uxlab yotishardi. Shu payt Matchonov eshikdan bosh suqdi.
— Siz shu yerdamisiz? — dedi u hayron boʻlib.
— Ha. Nima boshqa yerda boʻlishim kerakmi?
— Bundan chiqdi, ikkinchi smenada ishlashni xohlamaysiz, toʻgʻrimi?
— Tushunmadim.
— Ana shunaqa-da!

Matchonov ustimdan gʻalaba qozongandek va «oʻzingni bilagʻon koʻrsataverma, bilmaydigan narsang koʻp hali!»;, deya ta’kidlayotgandek gʻolibona nazar tashlagancha ichkariga qadam qoʻydi. Uning aytishicha, bu yerda ish uch smenada tashkil etilgan ekan. Toʻgʻri, qish mavsumida qurilishda ayrim ishlar toʻxtatiladi. Chunki davom ettirishning iloji yoʻq. Lekin bino ichkarisidagi ishlarni bemalol bajaraversa boʻladi. Shuning uchun ish uch smenada tashkil qilingan. Lekin bir shart bilan: ikkinchi, uchinchi smenada faqat oʻz ixtiyori bilan ishlovchilar ishlaydilar. Buning uchun ularga kunduzgiga qaraganda ikki baravar koʻp ish haqi toʻlanadi («Darvoqe, bu haqda Hakim Nazarich sizga hech nima demaganmidilar?»;). Agar istasam, men ham hoziroq borib ishlashim mumkin ekan. Lekin kechki smenada Matchonov emas, boshqa kishi brigadirlik qilarkan.
— Eh-he! Zoʻr-ku bu yogʻi! — dedim Matchonovga qarab. — Koʻrinmas bey afandining kallasi zoʻr ekan!

Matchonov nimadir deyishga chogʻlandi, lekin gapirolmadi, allaqanday sarosima ichida yuzimga tikilib qoldi. U menga ham boshqalarga muomala qilganday, tepadan qilib gapirishga urinardi-yu, nima uchundir sira eplay olmasdi yoki botinolmasmidi?
— Demak, Nurali bilan Abduvali ovqatlanib boʻlib, ikkinchi smenaga ketishibdi-da, — deb soʻradim Matchonovdan.
— Ha. Ishlagani ketishdi. Buning nimasi yomon? Normani bajarishadi-yu qaytishadi.
— Norma? Bu yana qanaqasi?
— Kechki smenada ishlayotganlar uchun norma belgilangan.
— E, shunaqami?
— Xoʻsh, siz ham ishlaysizmi? — betoqatlik bilan soʻradi Matchonov.
— Bilmadim. Hakim Nazarich bilan maslahatlashib koʻray-chi, — dedim atay.

Matchonovning yana popugi pasaydi. Tezgina xayrlashdi-yu, chiqib ketdi. Safsata sotib biroz chigilimni yozmoqchi edim. Matchonov qochib qoldi. Negadir shu odamni mayna qilgim kelaverardi. Matchonov bu yerlarning oʻz odami boʻlib qolgan, gʻashiga tegaversam biror yomonlik qilishi ham mumkin, bu qoʻlidan keladiyam, shuni bila turib ham, negadir unga jiddiy muomala qilgim kelmasdi. Joʻrttaga Hakim Nazarichning nomini tilga olganimning sababi ham shunda, aslida Hakim Nazarich ham xuddi Matchonov singari menga begona, qolaversa, uning maslahatiga kunim qolgani yoʻq, qolmasin ham! Men Matchonovning xameleon singari turlanib turishini kuzatib, huzurlanish uchun ish boshqaruvchining nomini tilga olardim.

Ikkinchi yoki uchinchi smenada ishlash masalasiga kelsak, ikki barobar koʻp haq uchun har qanday qiyinchilikka chidashga tayyor boʻlsam-da, negadir koʻnglim chopmayotgan edi. Ba’zi bir shubhali oʻylarga borganim tufayli ehtimol oʻzimni ortiqcha urintirgim kelmagandir. Shubhali fikrlar oʻz-oʻzidan paydo boʻlgani yoʻq. Buning ham oʻz sababi bor.

Odamlar xuddi qadim zamonlardagidek jamoa boʻlib yashab, ter toʻkib mehnat qilayotgan bu gʻayritabiiy oilada gap yotmas ekan. Dastlabki ish kunlarim davomida shunchalik koʻp ma’lumotga ega boʻldimki, asti qoʻyaverasiz. Eng qizigʻi, men hech kimdan hech narsa soʻramasdim. Ularning oʻzlari oldimga kelib meni men bilmagan gaplardan ogoh etishardi.

Ertalab qurilishga borganimizdan keyin odamlar toʻrt-besh kishidan iborat mayda brigadalarga boʻlinib, har yoqqa tarqashardi. Nurali oʻz sheriklari bilan ikkinchi korpusning birinchi qavatida ishlardi. Abduvali esa birinchi korpusning ikkinchi qavatiga chiqib ketardi. Boshqalar ham shu taxlit ish joylarini egallashardi.

Men dastlabki kundanoq sal-pal yaqin boʻlib qolgan Nurali bilan Abduvalidan ayrilgim kelmasdi. Lekin bizning «mutaxassisligimiz»; toʻgʻri kelmagani uchun boshqa-boshqa joylarda ishlashga majbur edik. Yuqorida aytganimdek, eng oson ish boʻlgani uchun men ohak soʻndiruvchilar brigadasiga kelib qoʻshilgandim. Toʻrt kishi edik. Bitta brigadir, uchtamiz ishchi. Ishimizning yaxshi tomoni shunda ediki, biz anovilarga oʻxshab taxta, boʻyoq, kuyindi hidlari anqiyotgan dim xonalarda emas, ochiq havoda, ochiq osmon ostida ishlardik. Ohak kuydiruvchi qozonlarimiz tashqarida edi. Havo goh ochiq, goh bulutli, sovuqdan sovuq boʻlsa-da, har qalay toza edi. Ishdan qoʻling boʻshagan mahal zamirida allaqanday sir, dardchil hasrat toʻla allanima mavjud boʻlgan yovvoyi va begona manzarani kuzatish imkoni tugʻilardi.

Bir necha qadam naridan quyuq oʻrmon boshlanadi. Oʻngga qarasangiz ham, chapga yoki toʻgʻriga, hatto ortga qarasangiz ham oʻrmon, qisqasi, oyogʻingiz tegib turgan qorli maydon chegarasidan oʻtganingizdan keyin sizni nima kutib turibdi, qayoqqa yurishingiz kerak, birorta qishloq yoki stansiyaga olib boradigan yoʻl bormi-yoʻqmi, bari-bari noma’lum va sirli boʻlgan, nafaqat bulutli kunlar, balki bepoyon, oppoq qor sathida quyosh yarqirab nur sochgan paytlar yanada begona, sirli koʻrinadigan maskan... Koʻzlaring yoshlangancha tikilib turarkansan beixtiyor: «Qani endi qushga aylanib qolsamu, har lahzada qadri bilinayotgan qadrdon yurt tomon uchib ketsam!»; degan oʻy yurakni, nafaqat yurakni, balki butun vujudni junbushga keltiradi.

Oʻsha kuni men xuddi shunday kayfiyatda qor bosgan oʻrmonga tikilib turganimda sheriklarimdan biri Husan yonimga kelib:
— Manzara zoʻr-a? — dedi kulib.
— Zoʻr-ku, lekin begona-da, — dedim mahzun kayfiyat ta’sirida.
— Hali bir kun ham boʻlmasdan zerikdingizmi? — soʻradi Husan.
— Ha.
— Eh-he, bizga oʻxshab bir yarim yil yursangiz...
— Sizga oʻxshab bir yarim yil yurmasam kerak!

Husan jahlim chiqqanini sezdi, yuzimga bir necha daqiqa soʻzsiz tikilib turdida, soʻng:
— Menimcha, yursangiz kerak, — dedi ishonch bilan.
— Ularning soʻrovnomasiga javob kelishi bilan...

Husan kuldi. Boshini xiyol qiyshaytirib, chakkasini qashish asnosida yana kuldi, keyin boyagiday ishonch bilan:
— Javob kelmaydi yoki kelgan taqdirdayam ular bizga koʻrsatishmaydi, — dedi.

Yuragim orqaga tortib:
— Nahotki? — deb yubordim beixtiyor.

Husan javob berishga ulgura olmadi. Oʻzimizdan chiqqan brigadir Qilichbek nariroqda turgandi, bizning suhbatlashayotganimizni koʻrib qolib shitob bilan yetib keldi.
— Bu yerga hangoma qilish uchun kelmagansanlar, yigitlar, gapni bas qilib, ishga kirishinglar! — dedi u.

Biz qilt etmay turaverdik.
— Yigitlar, nima deyapman?! — dedi Qilichbek endi ovozini bir parda koʻtarib. — Judayam gaplashgilaring kelayotgan boʻlsa, kechqurun barakda xumordan chiqquncha gaplashasanlar!
— Nega bizga buyruq beryapsiz? — dedim endi rosmana jahlim chiqib Qilichbekka qarab. Holbuki, kecha kechqurun meni ochiq chehra bilan qarshi olgan, eng koʻp savol bergan yigit shu Qilichbek edi. — Kim sizga bu huquqni berdi?!
— Ishla, degan yomonmi? Pulini qurtday sanab olasanlar-ku! — dedi Qilichbek jangga hozirlanayotgan dakang xoʻrozday yelkalarini uchirib.
— Ha, yomon! — deb baqirdim Qilichbekka javoban, ayni chogʻda qoʻyib bersa brigadir bilan yoqalashib ketishga ham tayyor edim, goʻyo hammasi uchun shu odam sababchidek koʻzimga balo-qazodek koʻrinayotgandi.
— Ketdik, — Husan yengimdan tortib nariga olib ketdi.
— Uning bizga buyruq berishga haqqi yoʻq! — deya endi Husanga qarab baqirdim. — Pulini qurtday sanab olganimizdan keyin oʻz ixtiyorimiz bilan ishlashimiz kerak!
— Psixmi nima balo? — degani eshitildi Qilichbekning ortimizdan.
— Oʻzing psix! — deya xezlangandim Husan qoʻlimdan tutib qoldi.
— Yaxshi odam emas ekan bu odam, — dedim hayajondan oʻzimni bosa olmay, hansiragancha Husanga qarab.
— Brigadir boʻlmasdan oldin yaxshi odam edi. Keyin aynidi, — dedi Husan kulimsirab. — Yuring, yaxshisi tosh maydalaymiz.

Biz ishchilar tilida «kuvalь»; deb ataladigan, men joʻngina temir toʻqmoq deydigan ish qurolimizni qoʻlga olib ishga kirishdik. Temir toʻqmoqni qulochkashlab kuch bilan ohak toshga urarkanman, gumbirlagan ovozga qoʻshilib yuragimdagi alam ham tashqariga otilib chiqib ketayotgandek tobora yengil tortardim.
— Sizni hali shtabga chaqirishmadimi? — deb soʻradi Husan dam olishga choʻnqayganimizda.
— Chaqirishlari kerakmi?
— Menimcha, yigirma kunlardan keyin sizni shtabga chaqirishadi-da, shartnoma asosida ishlashni taklif qilishadi.
— Unchalikka borishmas, — dedim hali ham umidimni uzmasdan.
— Borishsa-chi?
— Rozi boʻlmayman!
— Unda tekindan tekin ishlayverasizmi?
— Ketaman! Baribir ketaman!

Husan men bilan tortishish befoyda ekanligini, oʻzi yoqlagan tarafni hech qachon bermaydigan chiranchiqligimni fahmladi chogʻi, indamay qoʻya qoldi.

Tushlik vaqti yaqinlashardi.

Meni oshqozon tashvishi bezovta qila boshladi. Husanga qarayman, xotirjam; ikkinchi sherigim Fayzining yuziga zimdan razm solaman, qorni toʻq odamday begʻam, uchinchi sherigim Toshpoʻlat gʻingʻillagancha qoʻshiq xirgoyi qilyapti...

Oxiri sabrim chidamadi.
— Tushlikka barakka boramizmi? — deb soʻradim Husandan.
— Yoʻq, tushlik shu yerda boʻladi, — deb javob berdi Husan.
— Qanday qilib?!
— Halizamon uch-toʻrtta xotin kelib, pirashka-mirashka sotib ketadi.
— Bundan chiqdi, shu yaqin-atrofda qishloq bor ekan-da? — dedim jonlanib.
— Shunaqa shekilli. Anchadan buyon qatnashadi-yu, lekin biz bilan ochilib gaplashishmaydi. Shunday buyruq olishgandir, — dedi Husan.
— Birortasini sevib qolsangizgina sizga e’tibor berishadi, — deya gapga aralashdi Fayzi.
— Oʻylab gapirsang-chi, — deya unga tanbeh berdi Husan. — Bilib-bilmay...
— Nega bilib-bilmay boʻlarkan, — dedi Fayzi shartta. — Hakim Nazarich ham aslida bizga oʻxshaganlardan boʻlgan. Marjalardan bittasini sevib qolib, uylanganidan keyin unga ishonishib yuqori amal berishgan, bilmasang bilib qoʻy!
— Bu shunchaki mish-mish boʻlishi ham mumkin-ku, — dedi Husan Fayziga emas, menga yuzlanib.
— Nega unda Poʻlat Damirovich haqida bunday mish-mish gap yoʻq? — dedi Fayzi boʻsh kelmasdan. — Chunki u haqiqatan ham shu yerning odami! Moskvada tugʻilgan, Moskvada oʻqigan, milisa, xotinboz milisa!
— Birorta xotin bilan yetaklashib yurganini koʻrganmisan?
— Koʻrmaganman, lekin eshitganman.
— Quloqning tambasi yoʻq, hamma narsani eshitaveradi-da.
— Matchonovga nima deysan? — dedi Fayzi qizishib.
— E, bas qilsang-chi!
— Nega bas qilarkanman? Kerak boʻlsa oʻsha Matchonov bu yerga kelib turadigan haligidaqa ayollardan biriga uylangan!
— E, bor-e!

Husan qoʻl siltagancha nari ketib Fayzidan qutuldi.

Yoshi oʻttizga ham bormagan, malladan kelgan, hech qachon qorni toʻyib ovqat yemagan odamday haddan tashqari ozgʻin, ramaqijon Fayzining qiziq fe’li bor edi.

Agar siz indamasangiz, Fayzi ham miq etmay yuraveradi. Ishonasizmi, bir kuni biz ertalabdan kechgacha bir ogʻiz ham gaplashmasdan ishlaganmiz. Ammo bexosdan bir savol berib qoʻysangiz bormi, undan qutulishingiz qiyin. Yana shunisi qiziqki, uzilib qolgan suhbatni ikki kundan keyin ham kelgan yeridan davom ettirib ketaveradi.

Husan ham Fayzi tengqurob, lekin unga oʻxshab ramaqijon emas, kelishgan yigit. Xotinlar haqidagi mish-mishlarni yoqtirmaydi, ammo oʻzaro hangoma-gurungni yaxshi koʻradi.

Umuman olganda, bu yerdagilarning deyarli barchasi bir xil dardga yoʻliqishgan: ular boshqalar haqida, oʻzlari bilan yonma-yon ishlayotgan sheriklari haqida shu qadar koʻp ma’lumotlarga egalarki, birining koʻzi pana boʻlishi hamon ikkinchisi gʻiybatni boshlab yuboradi. Mana, birinchi ish kunimning oʻzidayoq qancha ma’lumotga ega boʻlganimni oʻzingiz eshitdingiz-ku. Biroq ular hech qachon oʻzlari haqida gapirmaydilar. Mana shunisi qiziq.

Ha, yana bir gap esimga tushib qoldi. Shu kuni ish vaqti tugashiga yaqin birdan Husan koʻrinmay qoldi.

Ikkala sherigimiz bilan brigadir Qilichbek safga turadigan maydonimiz — qurilish hovlisi tomon yoʻrgʻalab qolishgandi. Men Husanni kutib turmoqchi boʻldim. Shu yigitning nimasidir menga ma’qul boʻla boshlagandi-da.

Shu vaqt kimdir chaqirganday boʻldi, aniqrogʻi, nimadir deganday boʻldi. Qarasam, Toshpoʻlat nimalardir degancha men tomon kelyapti.
— Eshitmadim, nima deyapsan? — deb soʻradim u yaqin kelgach.
— Husanni kutib turibsizmi, deyapman.
— Ha. Qayoqqa ketdiykin?
— Hojatga ketgan, — dedi Toshpoʻlat va yonimga kelib turib oldi.
— Siz ketavering, — dedim uni yoʻldan qoldirmaslik uchun.
— Mayli, hozir ketaman, — dedi Toshpoʻlat. — Lekin avval sizga bir gapni aytib qoʻyay degandim.
— Qanaqa gap?
— Bu yigit bilan koʻp osh-qatiq boʻlavermang, — dedi shunda Toshpoʻlat dabdurustdan. Men uning Husanni nazarda tutayotganini anglab turardim. — Bu yigit qamalib chiqqan, zek!

Men nima boʻpti, deganday xotirjamlik bilan qaradim Toshpoʻlatning yuziga. Shunda u meni qoʻrqitish uchunmi yanada vahimali gap aytdi:
— Husan qotil! Odam oʻldirgan!

Shu gapdan keyin menda qandaydir oʻzgarish paydo boʻldi, buni oʻzim ham sezdim.
— Institutda oʻqib yurganida oʻrtogʻi bilan bir qizni kvartiralariga oborib, avval ob-do-on... navbati bilan... keyin oʻldirib, bu kamlik qilganday, jasadni mayda boʻlaklarga boʻlib!.. Keyin anhorga tashlab yuborishgan!!! — Toshpoʻlat shunday vahimali ta’kid bilan soʻzlardiki, goʻyo bundan huzurlanayotgandek. — Buni qarangki, qizning jasadi boʻlaklangan holda anhorning turli qismidan suvga tashlangan boʻlsa-da, ular oqib kelib bir yerga toʻplanib qolgan ekan! Shundan keyin Husanniyam, oʻrtogʻiniyam atigi oʻn besh yilga qamashadi. Bitta odamning xuni oʻn besh yil ekan-da! Bu oz emasmi? Lekin Husan qamoqda bor-yoʻgʻi ikki yil oʻtiradi. Otasi katta amaldor va boy odam boʻlgani uchun pulni rosa sovurib, uni qutqarib qoladi. Barcha aybni sherigiga yuklashadi. Pulning kuchini qarang, otasi Husanni nafaqat qamoqdan qutqargan, balki uning peshonasidan «sudlangan»; degan tamgʻani ham oldirib tashlagan. Chunki Husan yolgʻiz oʻgʻil, ota-onasining undan boshqa farzandi boʻlmagan. Husanning egizagi Hasan ham boʻlgan-u, lekin u chaqaloqligida olamdan oʻtgan ekan. Otasi Husanning chala qolgan oʻqishini ham tiklagan, ammo u oʻqishni xohlamagan. Daydib yurib bu yoqlarga kelib qolgan. Ana shunaqa! Xoʻp, men ketdim.

Toshpoʻlat sheriklarining ortidan yugurdi.

Meni ikki narsa hayratga solardi. Avval ikkinchisini ayta qolay, a? Qiziq, Toshpoʻlat shuncha ma’lumotni qayerdan oldi? Har qalay Husanning oʻzi maroq bilan soʻzlab bermagandir? Inson eng tuban qilmishlari haqida osonlikcha ogʻiz ochmaydi, mening fikrimcha. Tagʻin ham kim biladi, deysiz?

Men bir vaqtlar oʻzi ancha yoshga borib qolgan odamning yosh qizga uylangani va nikoh oqshomi keksaligi pand berib qoʻyib, qoʻlidan hech ish kelmagani haqida oʻsha kishining oʻzi ogʻiz koʻpirtirib, maqtanib gapirayotganini oʻz qulogʻim bilan eshitgandim. U soʻzlar ekan, shu yoshida yoshgina qizbolaga (axir, bu sharaf!) uylanganini zoʻr berib isbotlashga, kimlarnidir ishontirishga urinardi, lekin aslida oʻzining ojizligini fosh qilib, oʻzini oʻzi sharmanda qilayotganini fahmlamasdi! Demoqchimanki, hayotda shunday odamlar ham uchraydi, biroq bu boshqa masala, qotillik bilan tenglashtirib boʻlmaydi buni!

Endi ijozatingiz bilan meni hayratga solgan birinchi sababga oʻtsam. Yuqorida aytganimday, Husan nihoyatda kelishgan yigit edi. Ayniqsa, uning koʻzlari meni larzaga solardi. Bilasizmi, Husanning katta-katta, chiroyli (xuddi qizlarniki kabi), qorachiqlari bir laxcha choʻgʻday yonib turuvchi koʻzlari goʻyo goʻdak bolaning koʻzlaridek nihoyatda begʻubor va ma’sum edi! Hamsuhbatiga beozorlik bilan jovdirab boqardi. Yuzi shu qadar tiniq ediki, birorta nuqson sezilmasdi. Oʻshandan keyin men Husanni koʻp kuzatadigan boʻldim. Oʻziga sezdirmasdan-da. Va har gal: «Toshpoʻlat yolgʻon gapirdi-yov!»; degan fikrdan nariga oʻtolmasdim. Esingizda boʻlsa, Bahodir haqida ham shunga oʻxshash gaplarni gapirgandim. Lekin oqibati nima boʻldi? Demak, bundan chiqdi, inson qiyofasidan olingan taassurot aldamchi ekan-da?!

Nima boʻlishidan qat’i nazar, oʻsha kuni men Husanni kutdim. U kelganidan keyin saf maydoniga birga qaytdik.

* * *

Kunlar oʻta boshladi.

Ertalab ishga kelamiz, kechqurun qaytamiz.

Ikkinchi kun birinchi kunga qaraganda xiyla yengil oʻtdi. Uchinchi kun bundan-da behroq. Toʻrtinchi-beshinchi kunlarga borib, men oʻzimni anchadan buyon shu yerda yashayotgandek his eta boshladim. Insonning yashovchanligi uning koʻnikuvchanligida, tez moslasha olishiga ham bogʻliq, degan fikr tugʻilgandi menda oʻsha vaqtda.

Har kuni ertalab Hakim Nazarichni kontora eshigi oldida turganini yo ichkariga kirib ketayotganini koʻrib qolaman. Uning ham menga nigohi tushadi, lekin oʻzini menga hech qanday gapi yoʻq odamday tutadi. Shundan bilamanki, demak, hech qanday xabar yoʻq! Hafsalam pir boʻlib, ishga joʻnayman. Baxtimga sheriklarimning munosabati yomon emasdi. Oʻzaro san-manga borib janjallashib turganlariga qaramasdan menga koʻzlari tushishlari bilan hurmatimni joyiga qoʻyishardi; mojaroni bas qilishib, men bilan suhbatlashishga oshiqardilar; ular koʻp narsalar haqida soʻrashardi; yuragim siqilganidan oʻzimni qoʻyarga joy topolmay turgan boʻlsam-da, ularning savollariga astoydil javob berardim.

Shoʻrliklarning koʻpchiligi tirikchilik vajidan uylaridan chiqib ketganlariga bir-ikki yil boʻlgan, shuncha vaqtdan buyon bola-chaqasining mehridan, roʻy bergan yangilik va oʻzgarishlardan bebahra edilar.

Suhbatlarimiz koʻpincha yarim kechaga dovur choʻzilib ketganidan uyquga toʻymasdik, natijada ertalab koʻzlarimiz kirtayib, charchogʻimiz yozilmagan bir ahvolda ishga joʻnardik. Mabodo men ham nima haqdadir soʻrab qolgudek boʻlsam, sheriklarim buni oʻzlariga sharaf deb bilgandek, jon-jon deb javob berishardi. Bundan men allaqanday lazzat tuyardim. Bu odamlar mening raftorimda hech kimnikiga oʻxshamagan qandaydir xislat koʻrishgan shekilli, deya ich-ichimdan gʻururlanardim. Ularning oʻzlari esa bir-birlari bilan juda koʻp jiqqillashib qolardilar. Bexosdan tegib ketilgan turtki ham katta toʻpolonga sabab boʻlardi.

Misol deysizmi? Istagancha misol keltirishim mumkin. Bir kuni ertalab (ertalab deganda men tonggi toʻrtni nazarda tutyapman. Bu yerda tartib shunday. Hamma tonggi soat toʻrtda oʻrnidan turishi shart. Soat beshgacha nonushta, keyin ishga marsh!) Rayimberdi degan tokarning yerda yotgan shippagini ikkinchi qavatdagi nardan tushayotgan sherigi Abdulla degan yigit oyogʻining uchi bilan turtib ancha nariga uchirib yuborgan ekan. Boʻldi janjal, boʻldi qiyomat!

Gaplarini eshiting:
— Sen jigʻimga tegish uchun atay shunday qilding! Shippagimni olib kelib oyogʻimga kiydirib qoʻyasan!
— Atay qilganim yoʻq, nega tushunmaysan?!
— Oʻtgan oy koʻproq pul olganim uchun menga tish qayrab yuribsan! Koʻrolmaysan meni!
— Sening nimangni koʻrolmayman?! Bir safar koʻp pul olsang olibsan-da!
— Alam qilgani yoʻqmi?
— Qilgani yoʻq, deyapman-ku senga! Alam qilgani yoʻq!
— Nega unda shippagimni tepib yubording?! Atay janjal chiqarish uchun shunday qilding!
— Ahmoq! Miyasi yoʻq eshak!
— Kim eshak?!
— Sen! Sen! Sen...

Ana shundan keyin ikkala erkak quturgan itdek bir-birlariga tashlanadilar. Boloxonador soʻkinishlar avjiga chiqadi.

Eng qizigʻi — hech kim ularni ajratishga shoshilmaydi. Hamxonalarimiz zoʻr tomosha koʻrishayotgandek maroq bilan janjalkashlarni kuzatishadi. Ikki soqchi hamrohligida Matchonov kirib kelgandan keyingina jang toʻxtaydi. Qon toʻkilmagan boʻlsa, soqchilar ogohlantirish bilan cheklanadilar. Aks holda janjalkashlarning ikkalasini (balki uch-toʻrttasini) ham shtabga olib ketishadi. U yerda Poʻlat Damirovich tomonidan ularga jazo choralari belgilanadi.

Shunday toʻpolon-janjal yuz bergan kezlarda men bu odamlarni tushunmay qolardim. Axir, shippakning bexosdan turtib yuborilgani mushtlashuvga arzimaydi-da! «Bu oʻta janjalkash va ichi tor kimsalar, — derdim ichimda oʻzimcha mulohaza yuritarkanman. — Ularning oʻrnida men boʻlganimda sira ham bunday qilmasdim!»; Ularning favqulodda jizzaki, urishqoq boʻlib qolishlarining sababini koʻp narsalarni tushunmasliklarida, chuqur fikr yuritmasliklarida deb bilardim. Nega deganda, bularning deyarli hammasi (Husan chalamullani hisobga qoʻshmaganda) chala-chulpa olingan oʻrta ma’lumot bilan cheklangan, diplom taklif qilingan taqdirda ham uni keraksiz matoh, deb hisoblab rad qiluvchi, har jihatdan oʻrtamiyona kishilar boʻlib, azbaroyi tirikchilik tufayli issiq koʻrpasini tark etgan darbadarlar edi.

Bu odamlar orasida ikki kishigina mening e’tiborimga sazovor boʻlishgandi: Nuralini jiddiy va mehribonligi tufayli, Husanni (garchi qotil boʻlsa-da) fikr doirasi keng boʻlgani uchun oʻzimga yaqin olardim. U bilan dunyoviy mavzularda bemalol suhbatlashish mumkin edi.

Bir kuni kechki payt «kontora»; xizmatchisi kelib meni Hakim Nazarich yoʻqlayotganini aytdi. Bu vaqtda men Husan bilan, yuqorida aytganimday, dunyoviy mavzularda gurunglashib oʻtirardik. Barakda faqat ikkimiz qolgandik, boshqalar ikkinchi smenaga ketishgandi.
— Birga boraymi? — deb soʻradi Husan xizmatchining gapini eshitganidan keyin.
— Shart emas.
— Menimcha, ular sizga shartnoma boʻyicha ishlashni taklif qilishsa kerak, — dedi Husan.
— Nafasingni issiq qilsang-chi!

Husanga shunday dedim-u tashqariga chiqdim. Ajoyib xushxabar kutayotgandek yuragim gurs-gurs urardi.
— Necha kundan buyon ishlayapsiz? — deb soʻradi Hakim Nazarich xonasiga kirganimda.
— Bir hafta boʻlib qoldi.
— Biz soʻrovnoma joʻnatdik, lekin hech qanday javob kelmadi. Nima qilasiz, mahbus singari bir soʻm olmasdan ishlab yuraverasizmi yoki shartnoma boʻyicha ishlamoqchimisiz?
— Shartnomaga rozi boʻldim deylik, xoʻsh, keyin-chi, keyin nima boʻladi?
— Biz sizga belgilangan tartib boʻyicha maosh belgilaymiz. Maoshning ma’lum bir qismi ehtiyojingizga qarab qoʻlingizga beriladi, qolgani siz bergan adres boʻyicha uyingizga, yaqinlaringizga yuboriladi.
— Kim yuboradi?
— Biz. Shu ish bilan shugʻullanuvchi shaxs!
— Maoshning hammasini oʻz qoʻlimga olsam boʻlmaydimi? — dedim quvlik qilgan kishi boʻlib.
— Boʻladi. Lekin qanday eplaysiz? Bankka qoʻya olmasangiz. Pochtaga bora olmaysiz. Sababi oʻzingizga ma’lum, yoningizda hech qanday hujjatingiz yoʻq. Shaharda bir qadam yurolmaysiz! Toʻgʻrimi?
— Toʻgʻri... — dedim boʻshashib.
— Ana shunaqa! — Hakim Nazarich qoʻllarini yoniga kerdi.
— Meni bu yerda ushlab turishga haqingiz yoʻq! Qonunni juda yaxshi bilaman. Hech qanday hujjati boʻlmagan, oʻzga davlat fuqarosi boʻlgan odam mamlakatdan tashqariga chiqarib yuborilishi kerak! — dedim yotib qolguncha otib qol, qabilida, qolaversa, pichoq borib suyakka yetgan, sovuq va begonalik hukm surgan bu makonni iloji boricha tezroq, tezroq va yanada tezroq tark etgim kelganidan nihoyatda asabiylasha boshlagandim.
— Qonunni juda yaxshi bilarkansiz! — dedi Hakim Nazarich istehzoli kulimsirab.
— Har qalay goʻl emasman!
— Siz balki ashaddiy jinoyatchidirsiz? — dedi shunda Hakim Nazarich koʻzlari sovuq yaltirab. — Ehtimol, qotildirsiz?! Oʻn ikkita ayolni avval zoʻrlab, keyin vahshiylarcha oʻldirib, qochib yurgan manьyak balki sizdirsiz?! Ehtimol, siz interpol qidiruvidagi odamdirsiz?!

Hakim Nazarich shunday dahshatli narsalarni soʻzlayotgandiki, yuragim orqaga tortib ketdi.
— Qoʻying-e, nimalar deyapsiz?.. Qoʻying-e... — derdim nuqul gap topolmay esankirab qolganimdan.
— Yaqinda Podmoskovьedan oʻttiz yashar yigitning jasadi topildi, — deya sovuqqonlik bilan davom etdi Hakim Nazarich. — Murdaga hech qanday zarba berilmagan, xuddi uxlayotgandek beozorgina boʻlib yotibdi. Lekin mundoq tekshirib koʻrishsa, uning na jigari, na buyragi, na yuragi bor! Oʻsha yigitning qotili ehtimol sizdirsiz?!

Asablarim, vujudimdagi yetmish ikki tomirim qaqshab ketdi.
— Nimalar deyapsiz?! Nimalar deyapsiz?.. Axir men... shu qoʻllarim bilan odam oʻldiramanmi?!.
— Qoʻllaringizga nima boʻpti? Bu qoʻl bilan har qanday ishni bajarish mumkin. Baquvvat, chayir qoʻllar... — dedi Hakim Nazarich kesatgandek boʻlib.

Indamadim. Boshimga tushgan kulfat zalvorini koʻtara olmagandek umurtqam mayishib bukchayib qoldim. Ha, men haqiqiy fojianing tub mohiyatini ayni shu lahzada anglab yetgandim. Umidlarim yigʻlay-yigʻlay koʻnglimni tark eta boshladi...
— Men harbiy odam emasman, — dedi Hakim Nazarich bir mahal. — Shuning uchun sizga harbiycha muomala qilmadim. Kelishib olamiz deb oʻylagandim. Afsuski... sizni yaxshisi Poʻlat Damirovich ixtiyoriga yubora qolay, a, nima dedingiz?

Hakim Nazarich nimaga sha’ma qilayotganini tushundim.
— Shartnoma boʻyicha ishlashga roziman, — dedim yerdan bosh koʻtara olmay.
— Demak, gap bunday...

Hakim Nazarich menga haq olish tartibini tushuntira boshladi. Uning e’tirof etishicha, menga ham xuddi boshqalar qatori «ishbay»; tartibda maosh toʻlanarkan. Eng kam ish haqi oyiga toʻrt yuz dollar! «Ammo toʻrt yuz dollarning hammasi ham qoʻlingizga berilmaydi. Har oy oxirida ehtiyojingga qarab pulning ma’lum qismi beriladi. Qolgani adres boʻyicha uyingizga yuboriladi. Shu bahonada sizning haqiqiy manzilingizni bilib olamiz. Mabodo notoʻgʻri adres bergan boʻlsangiz, pul oʻzimizga qaytib keladi. Agar hech qanday yaqinlaringiz, ya’ni oilangiz boʻlmasa, u holda sizning daromadingiz kontora buxgalteriyasi hisobida turadi. Qachonki, shartnoma muddati tugasa, bir rubliga ham xiyonat qilinmagan holda oʻz qoʻlingizga topshiriladi!»;

Ehtiyojga qarab olinadigan pul uchun esa navbatda turish kerak ekan...
— Yaqinda kelganingiz va yoningizda sariq chaqa ham yoʻqligini hisobga olgan holda sizni navbatning boshrogʻiga yozib qoʻyamiz, — dedi Hakim Nazarich soʻzining oxirida.
— Toʻrt yuz dollar koʻp emasmi? — deb soʻradim unga sinovchan va xomush (xuddi taqdirga tan bergandek) tikilarkanman.
— Bizda mehnatiga qarab emas, qadr-qimmatiga qarab insonga haq toʻlanadi, — deb javob berdi Hakim Nazarich hamsuhbatining koʻngliga ogʻir botuvchi kalondimogʻlik bilan.

Indamasligim kerak edi. Oʻzimcha shunday fikrda edim. Ammo til qurgʻur pand berdi:
— Sizlarda inson qadr-qimmati oyiga toʻrt yuz dollar turadimi?! Bir yilga toʻrt ming sakkiz yuz doll...
— Haddingizdan oshmang! — koʻzlari kosasidan chiqquday boʻlib stolga mushtladi Hakim Nazarich.
— Ovqat puli ham shu hisobga kiradimi?
— Soqchi!

Eshik ochilib soqchi yigit otilib xonaga kirdi. Men unga parvo qilmadim, biroq vujudimni iskanjaga olgan jazavani kuch bilan bosib, Hakim Nazarichga sokin va xotirjam nazar tashlagancha tik qarab turaverdim. Ayni shu daqiqada mening haqiqiy qiyofam namoyon boʻlgandir ehtimol. Birdan kutilmagan hol yuz berdi.
— Sen boraver! — soqchiga javob berdi Hakim Nazarich.

Soqchi ortiga qaytib eshikni yopdi.

Hakim Nazarich stol gʻaladonini titkiladi, goʻyo meni unutganday...
— Xayr.
— Xayr, — dedi Hakim Nazarich bosh koʻtarmasdan.

Eshik tomon yurdim.

Shu chogʻ eshik shaxt bilan ochilib Poʻlat Damirovich shaxdam qadamlar bilan ostona hatlab ichkariga kirib kelarkan, meni turtib oʻtdi yonimdan.
— Hakim Nazarich, — dedi u qichqirgudek ovozda mendan uzr soʻrashni xayoliga ham keltirmasdan. — Vaqt boʻldi. Tayyormisiz?
— Shestь sekund, — dedi unga javoban Hakim Nazarich.

Tashqariga chiqdim.

Havo sovuq, buning ustiga izgʻirin shamol esardi. «Kontora»; tepasida muallaq turgan oy ham sovuqqa dosh berolmay, dildirayotgandek koʻrinardi.

Barakka kirgim kelmadi.

Taxta toʻsiq yoqalab ketgan yoʻlak boʻylab yurib ketdim. Izgʻirin shamol burnimni chimchilar, koʻzlarimga nina sanchar, quloqlarim sovuqqa qotib qolganidan, barmogʻingiz tekkan zahoti uqalanib ketadigandek ular jonsiz va moʻrt boʻlib qolgandi.

Taxta toʻsiq yonidagi yoʻlak boʻylab asta-sekin odimlarkanman, goʻyo rangpar toʻlin oy ham menga hamroh boʻlgisi kelib suzayotgandek tuyulardi. Birdan yuragim hapriqib ketdi shunda. Men toʻsiqning narigi tomonidagi, soqchilar hech qachon qoʻriqlay olmaydigan ozod va nurafshon hayotni sogʻingandim. Taxta toʻsiqdan sakrab oʻtib ketishdan zoʻrgʻa oʻzimni tiyib turardim. Bilaman, taxta toʻsiq boʻylab dam oldinga, dam orqaga yurib turgan soqchilar nafaqat meni, hattoki qushni ham taxta toʻsiqdan oshib oʻtishga yoʻl qoʻymaydi!

Men oʻzimni bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingan mahbusdek his etardim. Toʻgʻri-da, bu yerning qamoqxonadan nima farqi bor? Hatto qamoqxonadan ham beshbattar. Beshbattarligi shundaki, bu yerdagi hayot qamoqxonadagiga ham oʻxshab, ham oʻxshamaydigan, alohida qonun-qoidalari mavjud boʻlgan, ta’bir joiz boʻlsa, yoʻldan adashganlar tiriklayin koʻmilgan tirik odamlar qabristoni edi.

«Mana, qanoat qilmaslikning oqibati! — derdim yuragim qon boʻlgancha adadsiz oʻy-xayollardan boshim gʻovlab, yoʻlak boʻylab borib-kelarkanman. — Mana, nihoyasiga yetay deb qolgan ilmiy ishni tashlab, hovliqqancha yetib kelgan manzilim! Meni ilmning uvoli tutdi!..»;

Oʻz-oʻziga azob berish va bundan allaqanday huzur-halovat tuyish kasali menda oʻsha kunlari paydo boʻlgandi.

Toʻsiq yonidagi yoʻlak boʻylab naq yigirma marta u yoqdan bu yoqqa borib kelganimdan keyingina barakka qaytdim. Bu vaqtda ikkinchi smenada ishlayotgan sheriklarimizning ba’zi birlari normalarini bajarib ishdan qaytishardi. Temir toʻshakda yotganday, bezovtalanganimdan uyqum qochib bedor yotarkanman, ishga ketayotganlarida sheriklari bilan birga ketib, qaytishda yolgʻiz oʻzi barakka kirib kelgan ishchilarni kuzatish asnosida bir narsaga amin boʻldim: koʻrinmas Beyning iqtidori shunda ediki, u odamlarni astoydil ishlatishning yoʻlini biladi! Ishning ogʻir-engilligidan qat’iy nazar, belgilangan normani koʻp kuch sarflab boʻlsa-da, qisqa fursatda bajara solib yotoqxonaga qaytish har qanday ishchi uchun qulay-da. Ikki baravar haq toʻlanishi esa nur ustiga nur!

* * *

Xayol surib yotgancha koʻzim ilingan ekan.

Bir mahal allaqanday xirqiragan tovush qulogʻimga chalinganday boʻldi. Tushim yoki oʻngim ekanligini anglolmay yotarkanman, xirqiroq tovush endi ayanchli ingroq boʻlib qulogʻimga chalindi: «Voy jonim!.. Essiz jonim!..»;

Kimdir alahlayapti, degan oʻyda indamay yotaverdim.

Xona zim-ziyo qorongʻilikka chulgʻangan edi. Pechning tafti pasayganidan xona ichi sovub ketgan, uxlayotgan bandalar hatto uyquda ham sovqotganlaridan qunishibgina yotardilar. Betartib nafas olish, xurrak tortish, alahsirashlar xonani tutib ketgandi. Tosh qotib uxlayotgan odamning xuddi afsus chekayotgandek chuqur xoʻrsinganiga koʻzingiz tushganmi? Yonginamdagi oʻrinda yotgan Nurali shunaqa, uyqusida nimadandir afsus chekib, chuqur xoʻrsinib qoʻyardi. Bir mahal haligi xasta ovoz yana qulogʻimga chalindi: «Kim bor?.. Muzday suv beringlar... Ichim kuyib ketyapti?..»; Bu endi shunchaki aljirash emasdi. Kimdir yordam soʻrayapti.
— Nurali, — deya sherigimni uygʻotdim. — Birovning mazasi qochdimi, deyman.

Nurali shu zahoti irgʻib oʻrnidan turdi. Qorongʻida faqat bir-birimizning koʻzlarimiznigina koʻrib turardik.
— Sham... Sham qayerda edi-ya? Men hozir...

Nurali pastga tushib, paypaslangancha nari ketdi. Ishchilar tunda gʻarazli maqsadda elektr tokidan foydalanmasliklari uchun xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan elektr simlari uzib qoʻyilardi. Zarurat tugʻilib qolgandagina soqchilar chiroqni yoqib berishardi, boshqa paytlarda mayda-chuyda ishlar uchun ishchilar shamdan foydalanishardi.

Eshik ochilib-yopildi.

Birozdan keyin Nurali gʻudrangancha yonimga keldi.
— Sham ham, govurt ham tashqarida qolib ketgan ekan, yonmayapti...

Ikkovlashib urinib bir amallab shamni yoqdik. Keyin lipillayotgan shamni uxlayotgan kishilarning yuz-koʻzlariga tutib, bemorni qidirdik. Nihoyat, topdik uni.
— Majid aka, sizga nima boʻldi?

Nurali gʻujanak boʻlgancha qaltirab-titrab yotgan kishining ustiga engashdi.
— S-suv be...r...r... — tomogʻi yirtilib, tovush paychalari lat yeganday xirqiroq ovozda gapirdi Majid aka.
— Hozir... — Nurali uning peshonasiga qoʻlini qoʻydi-yu, shu zahoti: — Voy-boʻy! Isitmangiz koʻtarilib ketibdi-ku, aka! — dedi.
— Yana... koʻtarilibdimi?..

Elliklarga borgan, siyrak sochlari qordek oppoq bu odamning shu qadar tinka-madori qurigan ediki, gapirishga holi kelmasdi. Ikki ogʻiz soʻzni ham xuddi suvsiz qolgan baliqdek ogʻzini katta-katta ochib, hansiragancha soʻzlagandi.
— Sizda issiqni tushiradigan dori yoʻqmi? — deb soʻradi Nurali mendan.

Men bosh chayqadim.
— Darvoqe, sizda qayoqdanam boʻlsin?.. Oʻzi yaqinda keldingiz-ku, — dedi Nurali, keyin Majid akaning peshonasini silarkan: — Eh, Majid aka! Kecha sizga aytuvdim-ku, bir-ikki kun ishga chiqmang, deb. Mana, oqibati! — dedi afsus chekkanday boʻlib.
— S-suv-s... — deya ingrandi Majid aka.
— Suv olib kelaymi? — deb soʻradim Nuralidan.
— Nimalar deyapsiz?! Sovuq suv mumkinmas! Hoy, kimda dori bor?! — bor ovozi bilan baqirdi Nurali.

Allakimlardan: «Yoʻq-q»;, degan javob eshitildi. Kimlardir bemahalda bezovta qilishganidan achchiqlanib boloxonador qilib soʻkindi. Ammo hech kim oʻrnidan turmadi.
— Soqchini chaqirib kelaymi? — dedim Nuraliga.
— Foydasi yoʻq, — qisqa javob berdi Nurali.
— Nega? Axir... hech boʻlmasa... ambulatoriyaga...
— Davron aka, keyin tushuntiraman. Hozir jim turing, — dedi Nurali, ovozidan asabiylashgani sezilib turardi.
— Su-uv... Ichim... kuy...di...i... — Majid aka tobora holsizlanayotgan, nafas olishi ogʻirlashayotgandi.
— Hoy musulmonlar! — deya qichqirdi Nurali. — Bir bechoraning ahvoli yomon, tursalaring-chi! Shunday vaqtda bir-birimizning kunimizga yaramasak, nima qilib yuribmiz bu dunyoda?! Abduvali! Husan! Fayzi! Oʻlib qolmadinglarmi mabodo?!

Shundan keyin birin-sirin Majid akaning atrofiga odam yigʻila boshladi. Kimningdir termosi bor ekan, bir chashka choy berdi. Yana biri dori... Biroq dori Majid akaga kor qilmadi. Azob tortib, qiynalib, oh-voh tortib yotib... tongda jon taslim qildi.

Uni oʻladi deb sira ham oʻylamagandim. Sovuq oʻtib shamollagandir, uch-toʻrt kun ishga chiqmasa oʻtib ketadi, degan xayolda edim sham tutib tepasida turganimda. Buni qarangki...

Shu yoshga dovur oʻlimga bu qadar yaqin kelmagandim. Shuning uchunmi, kutilmagan hol ruhiyatimga favqulodda yomon ta’sir qildi. Dard chekib, azobdan qiynalib yotganida uning pajmurda yuziga qarashga asablarim dosh bergandi. Ammo... joni uzilgandan keyin endi bu dunyoga tegishli emasligini bildirganday, haddan tashqari koʻkarib ketgan yuziga qarashga jur’atim yetmadi. Deraza oldiga borib turdim.

Kimdir xabar bergan chogʻi, xonaga avval brigadir Matchonov, keyin Hakim Nazarichning yolgʻiz oʻzi, Poʻlat Damirovich esa ikki soqchi hamrohligida kirib kelishdi. Ishchilar bilan boshliqlar oʻrtasida qisqa savol-javob boʻlib oʻtdi. Majid akaning nimadan oʻlganligi ma’lum boʻlgach, Hakim Nazarich Matchonovga yuzlanib:
— Endi nima qilmoqchisizlar? — deb soʻradi.
— Nima qilmoqchisizlar? — Matchonov chaqchaygancha Nurali bilan Husanga qaradi.
— Iloji boʻlsa, jasadini uyiga yuborsak boʻlardi... — dedi Husan Hakim Nazarichga qarab.
— Uyiga-ya?! — Hakim Nazarichni chetga surib oʻrtaga chiqdi Poʻlat Damirovich. Uning chiroyli yuzi boʻgʻriqib ketgandi.
— Ha, uyiga, — takrorladi Husan.

Boshqalar nafas chiqarmay turishardi.
— Qanday qilib?! — mavridi emasligiga fahmi yetmadimi yo atay qildimi, Poʻlat Damirovich mazaxomuz kuldi.
— Samolyot bilan...

Husanning gapi chala qoldi.
— Samolyotda joʻnatish uchun toʻrt ming dollar kerak! Topib berasanmi?! — Poʻlat Damirovich Husanga yeb yuborguday tikildi.
— Ilojini qilarmiz... Hammamiz pul tashlab...

Kutilmaganda Poʻlat Damirovich qah-qah urib kulib yubordi. Bu shunday oʻrinsiz, xunuk kulgi ediki, umrim bino boʻlib bunday shafqatsizlikka duch kelmagandim.
— «Hammamiz pul tashlab?!.»; Qancha pullaring bor oʻzi? Menga ham biroz qarz berib tursanglar, degandim!

Shu chogʻ Husan bir qadam oldinga chiqdi. Oldinga chiqarkan, uning yuzi oppoq oqarib ketgandi:
— Qancha kerak?!

Shunda ikkita bir-biridan chiroyli, ammo qiyofalarida ikki xil, bir-biriga oʻxshamaydigan ifoda kezinayotgan yigit yuzma-yuz turib qolishdi.

Husanning muloyim yuzi oppoq...

Laxcha choʻgʻday yonuvchi koʻzlari gʻussaga toʻla...

Poʻlat Damirovichning xushbichim oqish yuzi ayni lahzada qip-qizarib ketgandi. Koʻzlari shafqatsizlik bilan yonardi.

Shu chogʻ:
— Gap bunday, — degancha ularning oʻrtasiga suqildi Hakim Nazarich. U oʻzini koʻrsatish uchun qulay vaqtni poylab turganday tuyuldi menga. — Murda mahtal boʻlib qoldi. Sizlar rasm-rusumlaringizni qilaveringlar. Bu yogʻini biz hal qilishga urinib koʻramiz.
— Men va’da bera olmayman, — dedi Poʻlat Damirovich keskin ohangda. — Hakim Nazarich, agar malol kelmasa, oʻz nomingizdan va’da bering.
— Men hali hech kimning nomidan va’da berganim yoʻq, — dedi unga javoban Hakim Nazarich. — Faqat bir narsani iltimos qilgandim. Murdaning oldida shovqin koʻtarmanglar, yaxshimas bu axir!

Boshliqlar birin-ketin chiqib ketishdi.

Ular chiqqan zahoti xonada gʻala-gʻovur koʻtarildi:
— Shoʻrlikni qanday qilib boʻlmasin, uyiga joʻnatish kerak! Oʻz tuprogʻiga koʻmilganga nima yetsin?!.
— Oʻziniyam yigʻib yurgani bordir. Choʻntaklarini qarash kerak!..
— Kontoradan, Hakim Nazarichdan yordam soʻrash kerak. Hakim Nazarich yomon odammas!..
— E, oʻlgandan keyin qayerga koʻmishning nima farqi bor? Koʻmilding nimayu, koʻmilmading nima?! Oʻlding-oʻchding! Bu dunyoda yoʻqsan, tamom-vassalom!..

Boya, bundan bir necha daqiqa ilgari boshliqlar shu yerdaligida jim turganlar endi gapga tushib ketgan, bir vaqtning oʻzida xonada necha kishi boʻlsa, hammasi gapirar, baland ovozda oʻz fikrlarini aytib, shovqin solardi. Biroq hal qiluvchi soʻzni hech kim aytmasdi. Faqat Husan jim, muzday devorga suyanganicha oʻtirar, yuzi yanada oqargan, ayb ish qilib qoʻyganday, koʻzlarini yerdan uzmasdi.

Kir-chir parda toʻrlari orasidan bulutli, ammo nihoyatda sovuq kunning ma’yus yorugʻi tushayotgan deraza ostidagi taxta karavotda esa Majid aka yotardi. Goʻyo foniy dunyoga tegishli emasligidan xotirjam boʻlganday uning koʻkimtir yuzi sokin tortib qolgandi.
— Siz nima deysiz? — deya yonimga kelib soʻradi Nurali.
— Iloji boʻlsa uyiga yuborish kerak.
— Bunday qilsak-chi, hammamiz baholi-qudrat oʻrtaga pul tashlab, yigʻsak-da, bir kishini vakil qilib, kontoraga yuborsak...
— Nurali, — dedim past, ammo keskin ohangda. — Masalaga real koʻz bilan qarash kerak, menimcha. Biz topganimizni yigʻib berdik, deylik, — yoningizda qancha pul bor oʻzi?! — kontoradagilar yetmaganiga qoʻshib, murdani (yo tavba, kechagina u Majid aka edi-ya!) uyiga yuborishga rozi boʻlishdi ham deylik; ammo haqiqatan ham murda yuboriladimi yoki biror xilvat yerga oborib koʻmib tashlanadimi?! Hamma gap mana shunda!
— Yoʻgʻ-e? — ishonqiramagandek qaradi Nurali. — Juda boʻlmasa uyimizga yuborilayotgan maosh hisobidan...
— Bunchalik sodda boʻlmang, Nurali!
— Axir, nimadir qilish kerak-ku!
— Qilish kerak. Lekin, ochigʻi, nima qilish kerakligini men bilmayman, — dedim yuragim siqilib. — Yaxshisi, boshqalar bilan maslahatlashing.
— Koʻpchilik bilan hech narsani hal qilib boʻlmaydi, — dedi Nurali kuyinib. — Hakim Nazarich bilan gaplashish kerak. Yolgʻiz oʻzi bilan. U insofli odam. Biror yoʻl-yoʻriq koʻrsatishiga ishonaman!
— Shunday qila qoling...
— Ikkalamiz birga boramiz!

Rozi boʻldim.
— Ammo bir shart bilan, — dedim Nuraliga sekin. — Husan ham biz bilan birga boradi.
— Qoʻysangiz-chi uni, qoʻying-e, — dedi Nurali ovozi oʻzgarib. — U yoʻq yerdan janjal chiqarib yuradi. Boya ham koʻrdingiz-ku!
— Shunday boʻlsayam... Har qalay, u menga qaraganda gapga usta...
— Mayli, lekin keyin afsus chekmasangiz boʻldi.
— Majid aka kasalmidi yo birdan shunaqa... boʻlib qoldimi? — fursatdan foydalanib soʻradim Nuralidan.

Chunki shu kungacha Majid aka bilan bitta xonada yashab kelayotgan boʻlsak-da, u haqda ismidan boshqa hech narsa bilmasdim. Yanglishmasam, bu yerga kelgan kunim shovqin-suron koʻtargancha barakka kirib kelgan ishchilar orasida birinchi boʻlib mana shu Majid akaning koʻzlari menga tushgandi. Qordek oppoq soch... pajmurda yuz...
— Oʻtgan yilgi qishda sovuqqa oʻpkasini oldirib qoʻygandi. Isitmasi koʻtarilib, quv-quv yoʻtalsa ham ishdan qolay demasdi. Ishga chiqmagan kun uchun haq yozilmaydi-da!
— Medpunkt yoʻqmi?
— Qayoqda! Bu yil haliyam birnav. Oʻtgan yili men kelmasdan avvalroq odamlarimiz tutday toʻkilgan ekan. Sovuq-da. Tilsiz yov bu! Bizni hech kim bu yerga chaqirmagan ishlash uchun. Shuning uchun tilimiz qisiq! Aslida ularning bizga pul toʻlamaslikka ham haqlari bor. Qonunan olib qaraganda! Ammo Hakim Nazarich zoʻr odam! Shu kishining sharofati bilan oʻzimiz bu yoqda boʻlsak-da, bola-chaqamizning kuni oʻtib turibdi.

Nuralining Hakim Nazarichga hurmati baland ekanligini sezdim. Menda esa buning aksi, nazarimda, Hakim Nazarich yoqimli niqob bilan oʻz-oʻzini pardalab, bechorahol, oʻrtamiyona bu kishilar sigʻinadigan kimsaga aylangandi. Aslida esa bu odamni nafs alvastisi bu yerlarda yetaklab yuribdi. Nafs alvastisi qiyofasida yurgan turk korchaloni Hakim Nazarichning ham, anavi zolim Poʻlat Damirovichning ham jilovidan mahkam tutgan, endi oʻzlari istagan taqdirda ham nafs alvastisining changalidan qutula olmaydilar, bunga kuchlari yetmaydi, endi umrlarining oxiriga dovur ikkalasi ham nafs alvastisi yetaklagan tomonga qarab chopaveradilar, degan fikrda edim.

Shunday qilib, oradan chamasi ikki soatcha vaqt oʻtgach, uch kishi — Husan, Nurali va men kontoraga yoʻl oldik.

Biz kirib borganda xuddi atay qilgandek u yerda Poʻlat Damirovich oʻtirardi. Yanglishmasam, Hakim Nazarich ikkalasi shoshqol oʻynashardi.

Men bilan Nurali eshik oldida turdik, Husan bir soʻz demasdan borib qoʻlidagi tugunchani stol ustiga qoʻydi-da, yonimizga qaytib keldi.
— Bu nima? — shoshqol donalariga tikilgancha kulimsirab oʻtirgan Poʻlat Damirovich birdan jiddiy tortib, zardali ohangda Husandan soʻradi.

Husan unga emas, Hakim Nazarichga qaragancha javob berdi:
— Pul. Uni qanday boʻlmasin uyiga joʻnatish kerak!

Poʻlat Damirovich irgʻib oʻrnidan turib qarshimizga keldi-da, aynan Husanning yuziga yuzini tekkizguday boʻlib vajohat bilan:
— Uni axlatxonaga irgʻitib yuborish kerak! — dedi.

Husanning musht boʻlib tugilgan qoʻlidan qattiq siqdim. Har tugul, u oʻzini bosdi.
— Poʻlat Damirovich, men bu kishilar bilan gaplashib olsam, degandim, — dedi Hakim Nazarich oʻrnidan turib shoshqol donalarini yigʻishtirarkan.
— Men xalaqit beramanmi? — surbetlik bilan soʻradi Poʻlat Damirovich.
— Xalaqit bermaysiz. Bu masala baribir sizsiz hal boʻlmaydi. Hali oldingizga oʻtaman, — Hakim Nazarich yaltoqlanib gapirdi.
— Ovora boʻlmang!

Poʻlat Damirovich eshik tomonga yurdi.
— Bu yoqqa, — Poʻlat Damirovich chiqib ketishi bilan Hakim Nazarich bizni stol yoniga chaqirdi. — Gap bunday, men u yoq-bu yoqni surishtirdim. Samolyotda joʻnatishning iloji yoʻq. Ochigʻi, tashvishi koʻproq buning. Yaxshisi, poyezdda joʻnatish kerak.
— Qanday qilib? — soʻradi Nurali, u boyadan buyon Hakim Nazarichdan koʻz uzmasdan tikilib turardi.
— Bu yoqdan mol olib ketayotganlar bilan kelishamiz-da, qoʻliga pulni berib, birortasining gilam-palosiga murdani oʻrab! — Hakim Nazarich «qoyilmisizlar?»; deganday har birimizga koʻz yugurtirarkan qoʻshimcha qildi: — Ham qulay, ham oson!

Mening nafasim qaytdi. Majid akaning murdasini emas, meni gilamga oʻrab-chirmashayotganday yuragim tez-tez urib ketdi. Sheriklarim ham, aytidan, bunday «taklif»;ni kutishmagan chogʻi, yuzlari oʻzgarib, qarashlari mahzunlashdi.
— Boshqa yoʻli yoʻqmi? — soʻradi Husan.
— Yoʻq.
— Shunaqa... hojatbaror odam bormi? — dedi Nurali.
— Topiladi.

Uchalamizning nigohlarimiz toʻqnashdi.
— Begona yurtda qolib ketgandan koʻra... — Nurali shunday dedi-yu, gapining yarmini ichiga yutdi.
— Bu yogʻini oʻzlaring hal qilinglar, — dedi Hakim Nazarich.
— Boʻpti, deyaveramizmi? — Bir menga, bir Husanga jovdiradi Nurali.
— Boshqa iloji yoʻq ekan... rozi boʻlishdan oʻzga chora yoʻq, — dedim.
— Husan...

Nurali savol nazari bilan qaradi Husanga.
— Mayli, — dedi Husan boʻshashib. U boyagi jahldor yigitga umuman oʻxshamay qolgandi.

Murdani soat oʻn ikki yarimga tayyorlab qoʻyishga va’da berib kontoradan chiqarkanmiz... qismatimni la’natladim. Vaholanki, men qalban xudojoʻy edim. Ba’zi xudojoʻylarga oʻxshab qiroatxon yoki aqidaparast emasdim, iymon-e’tiqod haqida hech yerda ma’ruza qilmasdim, ammo taqdir, qismat degan tushunchalarga ishonardim. Har qalay, ich-ichimda xudoni tildan qoʻymasdim. Ayni lahzada esa e’tiqod deb atalmish qal’amga darz ketgan, men na xudoga, na qismatga ishonardim...

Shu kuni uch-toʻrt kishi ishga chiqmadik. Soat oʻn ikki yarimga qadar baholi qudrat barcha rasm-rusumlarni ado etib, marhumni soʻnggi manzilga tayyorlab qoʻydik. Tobutni olib ketish uchun ikki kishi mashinada kelishdi. Bizdan ham ikki kishi stansiyaga bormoqchi edi, Hakim Nazarich ruxsat bermadi. Shaharga chiqish uchun ruxsatnomamiz yoʻqligini roʻkach qildi. Buni oʻzimiz ham bilardik...

Kechqurun Hakim Nazarich yana meni kontoraga chaqirib, qoʻlimga biroz pul berdi. Keyin oylik maoshimni kimning nomiga yuborishimni soʻradi. Men xotinim Saodatning manzilini berdim.

Eshikdan chiqayotib, yana Poʻlat Damirovichga duch keldim. U yonimdan oʻtayotib tagʻin meni turtib oʻtdi. Uning bepisandligi qonimni qaynatdi, ammo tarozi pallasiga qoʻyishsa, qay birimiz posongini bosib ketishimizga aqlim yetganidan yana oʻzimni bosdim.

Hovlida menga tanish oʻsha yoʻlakda Husan yurgan ekan. Yoniga bordim.
— Pul berishdimi? — deb soʻradi u goʻyo hammasini koʻrib-bilib turgan folbinday.
— Ha. Siz qanday bildingiz?
— Shunchaki soʻragandim, siz rostini aytdingiz-qoʻydingiz, — dedi Husan chiroyli yuziga yarashadigan tabassum bilan. — Darvoqe, pulingizga ehtiyot boʻling. Olgʻirlar ham yoʻq emas.
— Unchalikka borishmas.
— Ixtiyoringiz.

Husan agar roʻyxushlik bersa, men u bilan gurunglashmoqchi edim. Lekin Husan men bilan gaplashishni istamagandek qoʻllarini choʻntaklariga solgancha nari ketdi.

Keyinchalik ham men uni har qancha kuzatib, qoʻyniga qoʻl solib koʻrmay, u bilan ochiqchasiga chin yurakdan gaplasha olmadim. Husan hech qachon menga nisbatan manmanlik qilmagan, suhbatlashishdan boʻyin tovlamasdi, bizning gurunglarimiz yigʻilsa semizgina bir kitob boʻlishi mumkin, ammo qancha gaplashmaylik, uning gap ohangida vahshiy qotilga xos shafqatsizlikni sezmadim, u soʻzlar ekan, yuzidan bolalarga xos soddadil va musaffo tabassum arimasdi. Va men har gal unga qarab turib, shunday beozor yigit qanaqasiga qotil boʻlsin, deya hayron boʻlardim.

Husanning qoʻli qon qotil ekanligiga ishonmagan boʻlsam-da, uning folbinlikdan xabari borligiga tez kunlarda amin boʻldim. Men Hakim Nazarich bergan pulni oradan ikki kun oʻtgach, oʻgʻirlatib qoʻydim!..

Kim olganiga sira aqlim yetmasdi, hatto kimdan gumonsirashni ham bilmasdim. Nazarimda, hamma oʻzi bilan oʻzi ovoradek, oramizda imonsizlar yoʻqdek tuyulardi. Shunday boʻlsa-da, pul oʻgʻirlandi. Men bir necha kun, to sheriklarim bu sirdan ogoh boʻlguncha tushlikda och qoldim. Oʻsha kunlarda pul men uchun faqat tushlikda zarur boʻlardi.

Yuqorida, gap orasida qistirib ketgandim, agar esingizda boʻlsa, qanaqadir ayollar tush payti kelib «pirashka-mirashka»; sotib ketishlari haqida. Nari borsa, oʻttiz-oʻttiz ikkilarga kirgan, moviy koʻzlari shahlo, mallasochli bu ayollar har kuni tushlik vaqtida savatlari bilan qurilish maydonida paydo boʻlishardi. Bir necha bor ularni gapga solishga urinib koʻrdim, ammo men shoxida yursam, ular bargida yuradiganlar xilidan ekan, tutqich berishmadi. Notoʻgʻri xayolga bormang, mening bor-yoʻgʻi maqsadim, ular bilan gaplashib, jilla qursa oʻzimning qayerda ekanligimni bilib olish edi.

Xatti-harakatlarimdan Fayzi ham qandaydir boshqa ma’no izlagan shekilli, oʻsha kunlarning birida:
— Davron aka, xafa boʻlmang, bular oʻzi shunaqa, — deb qoldi dabdurustdan. — Avvaliga oʻzlarini taroziga solishadi, chekinmasdan hujumga oʻtaversangiz, oxiri taslim boʻlishadi. Yuz gramm quyib bersangiz, voobshʻe rohat-farogʻatga koʻmilasiz!
— Siz meni notoʻgʻri tushunibsiz, — deya endi gap boshlagan edim, Fayzi yana gapni ilib ketdi.
— Hov anavi kishi bor-ku, — deya u qoʻlini qoʻshni brigadada ishlayotgan oʻrta yashar, tepakal, koʻzlari olma terib turadigan Qadamboy ogʻaga bigiz qildi. — Shu odam bittasiga qarmoq solib yuribdi. Anovi tiqmachoqday xotin bor-ku, tuyaqushga oʻxshab loʻkillab yuradigan, oʻshani anchadan buyon aylantirayapti. Menimcha, uylansa kerak.
— Laqqa baliq oyimcha ham osongina qarmoqqa ilinadiganga oʻxshamaydi, — deya oraga gap qoʻshdi Toshpoʻlat.
— Ilinmay qayoqqa borardi, hammasiyam ersirab yurgan megajinlar! — dedi Fayzi.
— Har qalay, koʻchada qolganlaridan bu yerga kelmayotgandirlar, — dedim.
— Shunaqalariyam bor, ishonmasangiz kechqurun Qadamboy ogʻadan soʻraymiz, u hech narsani yashirmaydi, — dedi Fayzi shaxt bilan.
— Shart emas.

Suhbatimizga faqat Husan aralashmadi. U xayol daryosiga gʻarq boʻlgancha oʻy surib oʻtirardi.

Kechqurun oshxonada oʻtirganimizda Fayzi Qadamboy ogʻani stolimizga boshlab keldi.
— Qadamboy ogʻa, — dedi Fayzi bizlarga koʻz qisib qoʻyarkan. — Manavi yigitlarga anovi laqqa baliqchangiz haqida gapirib bergandim, ular ishonishmayapti. Shunday ofatijon Qadamboy ogʻaga qayrilib ham qaramasa kerak, deyishyapti. Oʻzingiz gapirib bering bularga!

Qadamboy ogʻa deganimiz qoyilmaqom ish qilgan odamday kerilgancha stulga oʻtirarkan:
— Nega ishonishmaydi? Nimaga ishonishmaydi? Nima, biz erkak emasmizmi? — dedi hammamizga bir-bir olazarak nazar tashlarkan.
— Nimalar deyapsiz? — deya xitob qildi Toshpoʻlat. — Biz faqat bir narsaga tushunmayapmiz, toʻgʻrirogʻi, hayron boʻlyapmiz, shunday koʻhlik, yoshgina ayolni qanday qilib oʻzingizga qaratib oldingiz? Biz gap otsak, qayrilib ham qaramaydi-da!

Husan «piq»; etib kulib qoʻydi. Aftidan, u Toshpoʻlat ta’riflagan «... koʻhlik, yoshgina ayolning»; haqiqiy qiyofasini koʻz oldiga keltirdi chogʻi.
— Ha, betayin, — erkalagandek Husanni koyidi Qadamboy ogʻa, chamasi uning kulgisini ishqibozlik oqibati, deb bildi-yov. — Senlarga shunaqa gap boʻlsa!
— Tajribangizni oʻrtoqlashing, deyapmiz-da, — deya yana pishang berdi Fayzi.
— Unga rostdan ham uylanmoqchimisiz? Tegaman, dedimi?! — ishonqiramagandek soʻradi Toshpoʻlat.

Bu yigitlar Qadamboy ogʻaning fe’l-atvorini obdon oʻrganishgan chogʻi.
— Tegaman deyishga-ku degan, — dedi shunda Qadamboy ogʻa kerilib. — Men taklif qilmasimdan burun oʻzi ogʻiz solgan. Faqat bir-ikkita sabab yoʻlimizga gʻov boʻlib turibdi-da.
— Qanday sabab? Eri bormi?!
— Yoʻgʻ-e. U tomondan hech qanday gʻov yoʻq. Faqat kafillikka olishga ikkilanayotganini aytmaganda...
— A-ha, demak, u sizni kafillikka olishi kerak? Shundaymi? Shundan keyin kontoradagilar unga uylanishingizga ruxsat berishadi, a, shundaymi?
— Shunday, — Qadamboy ogʻa boshini solintirdi.
— Oson ekan-u, — dedi Toshpoʻlat.
— Mening u yoqda bola-chaqam bor-ku, — dedi shunda Qadamboy ogʻa boshini koʻtarib Toshpoʻlatga qararkan. — Bunga uylansam, u yoqdan voz kechishim kerak...
— Zato ozodlikka erishasiz. Xuddi Matchonovga oʻxshab! — atay tantanavor ohangda gapirdi Fayzi.
— Shunday qilsammikin?.. — Qadamboy ogʻa koʻzlarini jovdiratdi. — Toʻgʻrisi, bu yer toza jonimdan oʻtib ketdi! Ariston boʻlib ariston emasmiz, ishchi boʻlib ishchi emasmiz...
— Uylanganingizdan keyin laqqa baliqchangizga aytsangiz, sizni olamdan oʻtdi, deb xat yozvoradi uyingizga...

Fayzi mayna qilishda davom etarkan, men asta oʻrnimdan turib, davradan sirgʻalib chiqdim. Eshik oldiga yetganimda ortimdan «gur»; kulgi koʻtarildi. Yigitlar shafqatsizlarcha Qadamboy ogʻani mazax qilishni davom ettirishyapti chogʻi.

Nafsilamrini aytganda, Qadamboy ogʻaning gapida jon bor. Biz haqiqatan ham mahbus boʻlib mahbus emas, ishchi boʻlib ishchi emasmiz. Ishchi boʻlsak, mahbusdek tutqunlikda yashamasligimiz lozim. Mahbus boʻlsak, bizga ish haqi toʻlanmasligi kerak. Kim bilsin, kontoradagilar ehtimol bizni ikkala «unvon»;dan ham pastroq nom bilan roʻyxatga tirkab qoʻyishgandir? Umuman, roʻyxatda bormizmi?!

Odatdagidek, toʻsiq yonidagi yoʻlakda kezib yura-yura hovurim bosilgandan keyin barakka kirarkanman, janjalning ustidan chiqdim.
— Bu choriq kimniki?! Kimniki deyapman?! — deya baqirardi Poʻlat Damirovich bu vaqtda oʻzining hamisha yaltirab turuvchi etigi bilan allakimning yerda agʻdarilib yotgan, titilib ketgan etigini zarb bilan teparkan.

Barakdagilar turgan yerlarida haykal boʻlib qolishgan, hech kimdan sado chiqmasdi.
— Kimniki deyapman? Nima balo, tillaringni yutvorganmisanlar?!

Poʻlat Damirovichning ovozi shu qadar jarangdor ediki, baayni quloq pardasini teshib yuborardi.

Hamma jim.

Savoli javobsiz qolganidan Poʻlat Damirovich battar achchiqlandi, yuzi boʻgʻriqdi.
— Siznikimi?! — deya doʻq aralash soʻradi u oʻziga yaqinroq turgan kishidan.
— Yoʻq, yoʻq, mana mening etigim, oyogʻimda turibdi, — dedi jonholatda haligi kishi va shosha-pisha ortiga tisarildi.
— Siznikimi?! — Poʻlat Damirovich yana bir kishiga yuzlandi.

Shu payt xona toʻridan:
— Meniki! — degan dagʻal ovoz eshitildi.

Hamma oʻgirilib oʻsha tomonga qaradi. «Husan!»;

Husan xona toʻrida butini kergancha bir poy etiksiz turardi.

Raqibining qon tomiridan tishlashga shaylangan oʻqilonday gʻoz turgan Poʻlat Damirovich sezilarli darajada seskanib tushdi.
— Etik meniki, — dedi Husan endi bosiq ovozda. — Xoʻsh, nima boʻpti shunga?
— Nega u bu yerda yotibdi?!
— Qayerda yotsa yotavermaydimi, axir u poyabzal-ku, — dedi Husan kulimsiragancha.
— Hoy bola! — Poʻlat Damirovich uning ustiga bostirib bordi. — Nega mening jigʻimga tegmoqchi boʻlyapsan?
— Men sizga bir nima dedimmi? — dedi Husan bir tuki ham qilt etmasdan.
— Axir, men unga qoqilib ketdim. Yiqilib tushishim ham mumkin edi!
— Yiqilib tushmaslik uchun yerga qarab yurish kerak! Yoki boʻlmasa... — Husan qiziq gap aytmoqchi boʻlgandek yon-veriga quvnoq nigoh tashladi. — Yoki boʻlmasa, eshikdan avval soqchilarni kiritish kerak. Ular yoʻlingizni tozalab...
— Soqchi!!! — deya qichqirdi Poʻlat Damirovich.

Holbuki, uning baqirishiga asos yoʻq edi. Ikkala soqchisi ham uning yonida edilar, Poʻlat Damirovich toʻxtasa toʻxtashardi, yursa yurishardi.
— Qoʻrqoq! Uni qaranglar, qoʻrqoqligidan har doim soqchilar bilan birga yuradi! — deya baqirdi Husan ham ovozini koʻtarib.
— Shtabga olib boring! — gʻazab bilan buyurdi soqchilarga Poʻlat Damirovich va otilib xonadan chiqdi.

Ikki soqchi Husanni qoʻltigʻidan tutib tashqariga sudradi...

Barak suv quyganday jimjit boʻlib qoldi.

Ancha vaqtgacha hech kimdan sado chiqmadi.

Hamma Poʻlat Damirovichning bostirib kelib qolishidan xavotirda, yurak hovuchlagancha eshikka tikilib turardi.

Nihoyat, xatarli daqiqalar ortda qoldi. Poʻlat Damirovich qaytib kelmadi. Holbuki, hali u yoʻqlama qilishga ulgurmagandi. Poʻlat Damirovichning kutilmagan bir vaqtda xonaga Azroilday bostirib kirib shaxsan oʻzi yoʻqlama qiladigan odati bor edi. Yoʻqlama chogʻida hamma xonada boʻlishi shart edi. Aks holda, boshiga balo yogʻilardi. Poʻlat Damirovich yoʻqlama vaqtida xonada boʻlmagan kishini «Shtab»;ga chaqirib olib, tinka-madori quriguncha tergov qilardi. Uning goh ilmoqli, goh tuturiqsiz, bema’ni savollariga sabr-toqat bilan javob berganlar xiyla oson qutulardilar. Sarkashlik qilganlarning shoʻri qurirdi.

Ma’lum boʻlishicha, oʻsha kech Poʻlat Damirovich odatdagidek yoʻqlama qilish uchun barakka kelgan va ostona hatlagan zahoti yerda yotgan bir poy etikni koʻrmasdan qoqilib ketgan ekan.
— U atay etigini oʻsha yerda qoldirgan, — degandi Nurali menga oʻshanda shivirlab. — Shu bolaga tushunmayman, oʻlay agar! Basharasiga qarasang, musichaday beozor, lekin har doim Poʻlat Damirovichning jigʻiga tegish payida boʻladi!
— Uni yoqtirmasa kerak, — dedim menam past ovozda.
— Yoqtirmasa shunaqa qilish kerakmi? — hayron boʻlib qaradi Nurali. — Oʻziga-oʻzi jabr qilyapti-ku!
— Ha, toʻgʻri, — deya unga yon berdim.

Shu payt kimdir:
— Husanni olib kelishyapti! — deya xabar berdi.

Hushyor tortdim.

Ikki daqiqa ham oʻtmasdan boyagi ikki soqchi Husanni qoʻltigʻidan tutib sudragancha xonaga olib kirishdi va shundoq ostonaga tashladilar-u, bir soʻz demasdan chiqib ketishdi.

Bir zumda Husanning atrofida odam toʻplandi.
— Nima boʻldi? Boplashdimi?
— Ta’ziringni yedingmi?
— Boshqa bunday hazil qilmassan endi?

Savol ustiga savol yogʻildi.

Biroq Husandan sado chiqmadi. U behush edi. Yuzi qontalashgan, boʻyni, bilaklari momataloq, chap qoshining yorilgan joyidan qon sizib oqardi.

Nurali ikkovimiz uni toʻshagiga olib oʻtdik.
— Shu bolaga hech ham tushunmayman, — deya yana takrorladi Nurali Husanning yonida oʻtirganimizda. — Poʻlat Damirovichning fe’lini bila turib uning gʻashiga tegadi. Etikniyam atay yoʻl ustiga qoʻygan, bugun Poʻlat Damirovichning shaxsan oʻzi yoʻqlama qilishini bilardi-da.

Husanning yuziga termildim. Qoʻlimizdan kelgancha uning yara-chaqalariga malham dori surgan boʻlsak-da, joni azobda ekanligi bujmaygan yuzidan sezilib turardi.
— Shu yigit haqiqatan ham odam oʻldirganiga ishonasizmi? — deb soʻradim past ovozda Nuralidan.
— Kim bilsin, — dedi Nurali oʻychanlik bilan. — Mulohazali yigitga oʻxshab koʻrinadi menga.
— Menga ham shunday...
— Eh! Odamzod oʻzini-oʻzi fosh qilmasa uning qandayligini bilish qiyin, — dedi Nurali.

Shu kecha biz galma-gal Husanga qarab chiqdik.

Ertalab Husan qovoq solgancha oʻrnidan turib ishga joʻnadi.
— Uch-toʻrt kun ishga chiqmay tursa boʻlardi, — dedi Nurali uning ortidan qarab qolarkan. — Kecha tizzasiga koʻzingiz tushganmidi?
— Momataloq edi...
— Tizzasi sinmasa ham mundayroq boʻlgan. Hozir issigʻida sezmayotgandir. Tagʻin bir baloni orttirib olmasin.
— Oqsoqlanib yurishiga qaraganda ogʻriqni sezyapti. Lekin kimgadir oʻchakishganday, atay oʻzini-oʻzi azoblayotganga oʻxshayapti... Menimcha, Poʻlat Damirovichning rahmini keltirmoqchi!
— Huv anavi etikni koʻryapsizmi? — Nurali pechka yonida turgan bir juft yap-yangi etikni koʻrsatdi.
— Ha. Darvoqe, bu etik kimniki?
— Kamoliddin degan yigitniki.
— Oʻlganmi?
— Yoʻgʻ-e, nimalar deyapsiz? Kamoliddin tirik, toʻgʻrisi, oxirgi marta koʻrganimizda tirik edi. Kim bilsin, hozir qayerda, qay ahvolda ekan? Eshitishimcha, uni Hakim Nazarich oʻz panohiga olganmish...
— Unga nima boʻlgan oʻzi?
— Ha, darvoqe... Kamoliddinning asli kasbi rassom boʻlgan. Rassomchilikdan omadi yurishmaganidan keyin oʻzini qora ishga urgan. Oʻrtogʻi bilan oʻn tonna piyozni KamAZga ortishganu «Qaydasan, Rossiya?!»; deb yoʻlga chiqishgan. Tamojniydan qochib «chyorniy xod»; orqali yuramiz deb oʻrmonda adashib qolishgan. Bu yerning oʻrmonlarini bilasiz-ku. Na boshi, na keti bor! Buning ustiga, mashina buzilib qolgan. Bir haftacha mashina ichida jon saqlashgan. Yoʻlga olgan ozuqalarini yeb bitirishgandan keyin ahvollari ogʻirlashgan. Kun sovuq, hamma yoq qor. Qoʻllarida kompas boʻlmasa?! Piyozni sovuq urib chiriy boshlagan. Bundan ikkalasi yanada dahshatga tushishgan. Axir, oʻn tonna piyozning pulini birovdan olishgan! Bir yerda oʻtiraversak, birov kelib bizga yordam berarmidi, deyishib, oxiri mashinaniyam, piyozniyam tashlab poyi-piyoda yoʻlga tushishgan. Ikki kun yoʻl yurib mundoq qarashsa, yana oʻsha yerda, oʻzlarining KamAZlarining oldida turishgan! Yeguliklari butunlay ado boʻlgan, qorinlari och, sillalari qurigan... Oʻrtogʻi suv oʻrniga ham, ovqat oʻrniga ham qorni kappalayvergan. Kamoliddin muzlab qolgan piyozning murtagini kavshagan. Butunlay holdan toyganlaridan keyin kun-tunning farqiga bormay qolishgan. Oʻrtogʻi shamollab qolib, oʻsha yerda olamdan oʻtgan. Shundan keyin Kamoliddin oyoqlari muzlab qolganiga qaramasdan emaklagancha yoʻlga tushgan. «Eng yomon oʻlim ochlikdan tirishib oʻlish ekan, — derdi Kamoliddin shu yerdaligida. — Oʻlimni kutib yashash esa undan ham ogʻir ekan. Men oʻlayotganimni sezmaslik uchun ham emaklab yoʻlga tushdim. Emaklab keta turib jonim chiqib ketganini sezmay qolsam zora, deb oʻylardim...»; Kamoliddin oʻzining qancha yoʻl yurganini eslay olmasdi. «Hushdan ketganimni eslayman, — derdi u yana. — Men buni oʻlim deya oʻylaganman. Oʻlyapman. Oʻlim shunaqa boʻlarkan-da? Darvoqe, bu holat oʻlim boʻlsa, Azroil hazratlari qani, deya taajjublanganim ham yaxshi esimda»;. Xullas, muzlatilgan goʻshtday yaxlab yotganida uni Hakim Nazarich topib olgan ekan. Avval shu yerga olib kelgan. Ahvoli ogʻir ekanligini bilganidan keyin uyiga olib ketgan. Shoʻrlik Kamoliddinning ikkala qoʻliyu oyogʻini sovuq urib ketgan ekan, doʻxtirlar kesib tashlashga majbur boʻlishgan... Hakim Nazarich unga uyiga qaytishi uchun qancha yordam kerak boʻlsa, ayamasligini aytgan, lekin Kamoliddin koʻnmagan. «Bu ahvolda uyga borganimdan koʻra, oʻlganim yaxshi. Agar chindan yaxshi odam boʻlsangiz, doʻxtirlarga ayting, ukol bilanmi, zahar bilanmi meni oʻldirib qoʻya qolishsin!»; — deb iltimos qilgan. «Men uzoq yashashni orzu qilardim, lekin bu ahvolda emas! Hozir mening gʻoʻladan farqim yoʻq. Gapiruvchi gʻoʻla!.. Jonli gʻoʻla!..»; — deya yigʻlagan... Hakim Nazarichning oʻsha yigitga qandaydir mehri tushgan ekan. Uni uyiga olib kelgan. Boshqalar bu mehribonlik boisini sal boshqacharoq ta’riflashadi, emishki, Hakim Nazarich oʻrmonda qolib ketgan KamAZni imi-jimida oʻziniki qilib olgani uchun insof yuzasidan Kamoliddinni panohiga olgan! Menimcha, bu boʻlmagʻur gap. Agar Hakim Nazarich bu qadar saxovatli odam boʻlmaganida ham KamAZga egalik qilardi, ham... Kamoliddinni imi-jimida tinchitib qoʻya qolardi! Shundaymi? Hakim Nazarich esa bunday qilmaydi (men ishonaman, bunday qilish uning xayoligayam kelmagan! Bema’ni gaplarni esa gʻiybatchilar oʻylab topishgan. Unaqalar koʻp bu yerda. Hali oʻzingizam sezib olarsiz. Hammasi alamzada!). Kamoliddinni uyiga olib keladi. Xotinining unchalik roʻyxushlik bermaganiga ham parvo qilmaydi. Lekin Kamoliddin bu yerda ham bezovta boʻlaveradi. Ikki marta aravachasida qochib ketishga urinadi.

Baxtga qarshi, ikki martayam Hakim Nazarichga duch keladi. Hakim Nazarich nimanidir uyida qoldirgani esiga tushib yarim yoʻldan ortiga qaytayotgan boʻlgan. «Agar Hakim Nazarich kelib qolmaganida oʻzimni mashina tagiga tashlamoqchi edim»;, degandi Kamoliddin bizga. Hakim Nazarich uning siqilayotganini sezib kunlarning birida Kamoliddinni shu yerga olib keladi. Shu kuni Kamoliddin Hakim Nazarichning uyiga qaytib bormaydi. Unga bu yer yoqib qolgan ekan. Dastlabki kundanoq biz bilan barakda yashay boshladi. Hakim Nazarich kontoradan xona taklif qilganida koʻnmadi. Nihoyatda jiddiy, aqlli yigit edi u. Anovi bir juft etikni atay karavotiga qoʻydirgan. Lekin sababini aytmaydi. Bir-ikkitasi oʻsmoqchilab soʻragan ekan: «Aqlingni ishlatsang, sababini bilib olasan!»; — deb javob beribdi. Bu bilan u bizlarga nimanidir ta’kidlamoqchi boʻlyapti, aqlli yigit deyman-ku, buning ustiga, rassom! Lekin hozir sal gʻalati boʻlib qolgan...
— Qani oʻzi? Nega men koʻrmayapman uni?
— Siz kelmasingizdan sal avval shamollab qolgandi, Hakim Nazarich uni uyiga olib ketdi. Hademay yana kelib qolsa kerak.
— Yo tangrim! — deb yubordim beixtiyor.
— Kayfiyatingiz buzildimi?
— Undan battar.

Nurali indamadi.

"Qayerga kelib qoldim oʻzi?! — deya xitob qildim xayolan oʻzimcha saf qatorida qorni gʻarch-gʻurch qilgancha ish maydoni tomon ketarkanman. — Shoʻrpeshona odamlar toʻdasi zoʻrlik bilan keltirilib toʻplangan va majburiy mehnatga jalb etilgan bu makon qamoqxona emasligi koʻrinib turibdi. Har birining zilday ogʻir oʻtmishi boʻlgan bu odamlar ham allaqanday jinoyatchilar emas, tirikchilik tufayli yoʻldan adashgan kimsalar ekanligi peshonalariga urilgan tamgʻadek yuz-koʻzlarida yaqqol aks etgan — bu, ayniqsa, ularning ish desa oʻzlarini tomdan tashlashga tayyor ekanliklaridan, qoʻshimcha daromad evaziga jonlarini jabborga berib ikki-uch smenalab ishlashlaridan ham kunday ravshan; muammo — bu odamlar ustidan hukm yurgizish huquqiga ega boʻlgan anovi «noyob»; shaxslarning kim ekanliklarida, ish yuritishning bunday, ya’ni ta’bir joiz boʻlsa, iblisona sistemasini qanday oʻylab topganlari-da!

Axir, bu yerdan hatto qamoqxona ham afzal-ku. Har qalay, u yerda nima uchun jazolanayotganing yoki majburiy mehnatga jalb etilganing sababini bilasan. Qisqasi, sen u yerda qayta tarbiyalanyapsan! Bu yerda-chi? Mahbus emassan, biroq mahbusdek kun kechirasan. Hatto eng kuchli tartib-qoidaga asoslangan qamoqxonada ham insonning inson sifatidagi huquqlari bu qadar poymol etilmagan. Kasal boʻlsang, kasalxonaga yuborishadi, har qalay! Bu yerda-chi? Oliy ma’lumotli shifokor u yoqda tursin, olti oylik kursni bitirgan tibbiyot xodimi boʻlganda ham shoʻrlik Majid aka tirik yurarmidi? Alam qiladigani shundaki, bu yerda insonga inson sifatida emas, ishchi kuchi sifatida qaralishi, yaroqsiz boʻlib qolganidan keyin bir marta ishlatiladigan idish sifatida tashlab yuborilishi!.. Axir Tangri insonga koinot gultoji sifatida qaragan, shuning uchun ham insonni barcha boshqa tirik mavjudotlardan mukammal qilib yaratgan emasmi?"

Oʻy-xayollarim adoqsiz edi. Ikki odam zoʻrgʻa sigʻadigan soʻqmoqdan saf qatorida ketib borarkanman, bu yoʻlning yanada uzoq-uzoqlarga choʻzilishini istardim, shu bilan birga ayni zamonda xayollarim gʻarch-gʻurch qilayotgan qorning kumush zarralaridek har tomonga sochilib ketmasligi uchun dunyoning narigi boshiga ham piyoda borishga-da rozi edim. Biroq shu kichkina orzuning ham umri qisqa edi. Biz manzilga yetib kelgandik.
— Hamma ish joyiga! — Matchonovning buyrugʻi yangradi. — Imillamasdan, gap-soʻzga chalgʻimasdan chaqqon-chaqqon ishlanglar. Oʻn besh kun ichida ikkinchi qavatni topshirib, uchinchi qavatga oʻtishimiz kerak!
— Oylikdan darak bormi? — kimdir luqma tashladi.
— Hafta oxirida kontoraga kirib olishingiz mumkin, — deya javob bera boshladi Matchonov. — Lekin avval normani bajarganligingiz toʻgʻrisida mendan spravka olishingiz kerak. Ana shundan keyin navbatingizga qarab maosh olasiz!
— Normani ikki-uch baravar qilib bajarib qoʻyganmiz. Lekin navbatimiz kelmayapti-da! — dedi haligi kimsa.
— Sabr! Sabr! Sabr!

Matchonov shunday degancha nari ketdi.
— Sabrning ham uyi kuysin. Rosa nosning xumori tutyapti-da. Lariskadan sotib olay desam pul yoʻq. Nosingdan bir kaftgina berib tur, Gʻiyos! — degani eshitildi haligi kimsaning.

Ha, nega kulgingiz kelyapti? «Nos»; deganimgami? Bu yerda nos nima qiladi, demoqchisiz-da. Afsuski, shunday. Bu yerda nafaqat nosni, balki boshqa kerakli narsalarni ham sotib olishingiz mumkin. Har kuni tushlik mahali keladigan sotuvchi ayollarga «zakaz»; bersangiz bas, ertasi kuniyoq aytganingizni muhayyo qilishadi. Faqat narxi osmonda boʻladi.

Sotuvchi ayollar har xil qimmatbaho kiyimlarni ham olib kelishardi. Bu narsalardan faqat qishlik issiq kiyimlargina yaxshi ketardi. Jonidan sovuq oʻtgan bandalar qancha pulga boʻlsa-da, shartta koʻzlarini yumib olishardi. Boshqa buyumlarga ortiqcha narsadek qarashardi. Tamaki mahsulotlari xaridorgir edi. Onda-sonda sotuvchilarning uddaburonligi tufayli aroq va vinodan ham oz-moz bahramand boʻlib qolardik. Umuman olganda, odamzod bor ekan va u odamligicha qolar ekan, nafs yoʻlida har qanday ishni amalga oshirishning iloji topilarkan.

Nima uchun bunday deyapman, bilasizmi, u yerda... nima desam ekan... Xullas, xotinlar masalasidagi muammoni ham, har qalay... imkon qadar hal qilsa boʻlardi. Bu boradagi qiyinchilikni ayol kishi zimmasiga olishga toʻgʻri kelardi, agar ikkala tomon oʻzaro kelishib, dil-dilga toʻgʻri kelib qolgan boʻlsa bas. Qulay joy topish, soqchilarni koʻndirish ayolning ishi, bu ishlar uchun ketadigan xarajatni erkak oʻz boʻyniga oladi. Qarabsizki, bir-biriga talpingan dillar orzusi ushaladi...

Lapas degan duradgor boʻlardi. Nihoyatda xotinboz edi. Buni hech kimdan yashirmasdiyam. Yaqinlashsangiz bas, xotinlar haqida gap ochardi. Avvaliga oʻynashlarini birma-bir sanab berardi, yana deng, nomma-nom, hatto oʻynashlarining ishxonalarini ham tilga olardi. Jazmanlarining biri bilan uning ishxonasida ishrat qilgan ekan-da.

Yoshi ellikni qoralab qoʻygan, sochi tepadan toʻkilgani bois, boshi giyoh oʻsmaydigan taqir tepalikday yaltirab qolgan, jikkakkina bu odam oʻzini Don Juan qilib koʻrsatishdan uyalmasdi. Ikkita gapining bittasi, albatta, xotinlar haqida boʻlardi. Hatto eng «qaltis lahza»;lar haqida ham u bemalol, tortinmasdan, batafsil soʻzlardi; soʻzlarkan, suhbatdoshning nigohida allaqanday (mazaxli, kinoyali yoki nafratli, farqi yoʻq) ifodani payqab qolsa bas, shartta gapini kelgan yerida toʻxtatib: «Kichkina demang bizni! Kichkinalar chaqqon boʻlishadi. Ayollarga aynan kichkinalar yoqadi!»; deya pisanda qila ketardi. Ulfatlarini ishontirish uchun sotuvchi ayollardan biri (ismi Toshka edimi-ey, biz uni orqavoratdan Koshka deb atardik) bilan tanishib, rosa uning boshini aylantirgan, hatto: «Senga uylanib, shu yerlarda umrbod qolaman!»; deb va’da bergan, bechora qiz oʻttiz toʻqqizga kirgan boʻlsa-da, hali turmushga chiqmagan ekan, darrov rozi boʻlibdi. Soqchi yigitlardan biri Toshkaning uzoqroq qarindoshi ekan, ancha-muncha pul va ruslarning mashhur qishlik poyabzali — ikki juft valьenka evaziga «sevgi otashida yurak-bagʻri kabob boʻlgan oshiq»;ning taxta toʻsiqdan oshib oʻtganini «koʻrmay qolgan!»;.

Lapas duradgor shu ketgancha bir sutka qorasini koʻrsatmagan. Bu yoqdagilarning ahvolini tasavvur qilavering endi. Axir, ba’zilari ikki yillab xotin koʻrmay yurgan erkaklar-da!

Bir sutkadan keyin Lapas duradgor qaytib kelgan va ...ga toʻygan xoʻrozday gʻoʻddaygancha sheriklarining soʻlagini oqizgancha maqtana boshlaydi: «... shoʻrlik Toshka hali qiz ekan... rosa qiynaldi oʻziyam... Ertalab qarasam, tipirchilayverib gilam patlarini yulib tashlabdi... Menga jin urarmidi?.. Munaqa ishlar chikora! Hadisini olvolganmiz-da, hadisini... Ammo birinchi marta... hammaga ham qiyin-da!»;

Lapas duradgor juda kelishtirib, oʻrniga qoʻyib soʻzlardi, nozik «sahna»; tafsilotlarini shu qadar tiniq tasvirlardiki, tinglovchi bechoralar beixtiyor bir guvranib olishardi. Ish vaqtida Toshka qurilish maydonida koʻrinishi bilan hamma Lapas duradgorga havas bilan qarar, oʻzaro im qoqishib, pichir-pichir qila boshlardi. Lapas duradgor buni sezardi, hatto ba’zi pichir-pichirlar qulogʻiga ham chalinardi, lekin nima uchundir barakdalik vaqtidagidek bu holdan yoyilib ketmas, aksincha, har xil gap-soʻzlarni eshitmaslikka olar, u brigadadan narigi brigadaga oʻtib «mol»;ini reklama qilib yurgan Toshka tomonga esa umuman qaramasdi, goʻyo uni koʻrmayotganday, bosh koʻtarmasdan ishlayverardi.

Oʻzini hech qachon toliqmaydigan, tinib-tinchimas «toʻshak qahramoni»; qilib koʻrsatgan Don Juanimizning siri sal keyinroq fosh boʻldi. Shoʻrlik qariqiz Toshkaning dugonasi, ish boshqaruvchimiz Hakim Nazarichning xotiniga ota tomonidan uzoqroq qarindosh boʻlgan, shuning uchun boshqalarga qaraganda bu yerlarga bemalol kirib-chiqib yuradigan Lariskaning gapiga qaraganda (u bu gaplarni Qadamboy ogʻaning «navnihol»; sevgilisiga kuyib-pishib gapirib bergan ekan), «... bu Lapas duradgor deganlari gʻirt impotent ekan-ku! Toshka shoʻrlikni rosa ovora qilibdi-da. Toshkaga juda qiyin boʻldi-da. Shu bilan unga ikkinchi marta mijozi zaif erkak duch keldi. Omadsizligidan kuyib ketyapti bechora. Birorta manaman degan oʻrtogʻi yoʻqmikan? Toshkani tanishtirib qoʻyardik. Shu yerda qolishga rozi boʻlsa, birorta durustroq ish topib berardik...»;

Bu gaplar ogʻizdan-ogʻizga oʻtib koʻpchilikka ma’lum boʻlgach, Lapas duradgorning atrofida odam toʻplanmaydigan, uning oldida xotinlar haqida umuman gap ochilmaydigan boʻldi. Shoʻrlik duradgor aslida impotent ekan-u, ataylabdan oʻzini Don juan qilib koʻrsatarkan. Kim bilsin, balki bu ham bir kasallikdir?.. Lariskaning taklifiga esa negadir talabgorlar topilmadi. Lapas duradgor boʻlsa, bir qancha vaqt oʻzini holdan toygan odamdek koʻrsatib yurdi-da, aloha kunlarning birida oʻz-oʻzidan shikoyat qilib qoldi: «Nimagadir oʻzimni yomon sezadigan boʻlib qoldim. Ilgari bir vagon koʻmir tushirsam ham bunchalik charchamasdim. Bu yerning xotinlari yomon kasallikka chalinmaganmikin?..»;

Shundan keyin Lapas duradgor ogʻir xoʻrsinib qoʻydi:
— Yomon kasallikka chalinib, bor boyligimdan ayrilib qolmay tagʻin...

Unga javoban hech kim indamadi. Hamma nigohini olib qochardi negadir...

Xullas, oʻsha kuni adoqsiz oʻylar girdobidan chiqa olmay, oʻzim bilan oʻzim ovora boʻlib qolganimdan ishni ham yolchitmadim.
— Boʻgʻirsoq sotadigan ayol kelyapti, tushlik qilamizmi? — deb qoldi bir mahal Husan.

Kechagi kaltakdan keyin u bir ogʻiz ham gapirmagandi.
— Mayli, — dedim qoʻlimdan qoʻlqopimni yecharkanman.

Shu vaqt bino ichkarisida allaqanday shovqin-suron, bezovtalik sezildi.
— Nima boʻldiykin? — dedim oʻsha tomonga sinchiklab tikilarkanman.
— Hozir anovi Boʻgʻirsoqdan soʻraymiz-da, — dedi Husan yaqinlashib qolgan sotuvchi ayolga ishora qilib.

Fayzi bilan Toshpoʻlat ham ishni tashlab yonimga kelishdi. Ularning ham ikki koʻzi qurilish maydonida edi.
— Bir falokat boʻldi-yov, — dedi Fayzi.

Husan sotuvchi ayoldan tushlikka kerakli oziq-ovqatimizni sotib olarkan, uni savolga tutdi. Afsuski, ayol ham u tomonda nima sodir boʻlganini aytib berolmadi. Shundan keyin biz shosha-pisha tik turgan holda boʻgʻirsoqlarimizni baham koʻrdik-da, hammamiz birgalikda qurilish maydoni tomon yoʻl oldik.

Yaqinlashganimiz sayin qulogʻimizga shovqin-suron aniqroq eshitila boshladi. Allakim jon achchigʻida dod-faryod qilardi.
— Alisher degan bola tepadan yiqilib tushibdi, — dedi gʻuj boʻlib turgan olomon orasidan sirgʻalib chiqqan Nurali kayfiyatsiz tarzda.
— Alisher... bolam, oʻzingni qoʻlga ol. Qoʻrqma, xavfli tushmading... Tizzang sal... darz ketibdi... — derdi elliklardan oshgan bir kishi chalqancha yotgancha oh chekayotgan yigitning ustiga engashgan koʻyi.

Bu kishi Alisherning otasi edi. Ota-bola deyarli hech kimga qoʻshilmasdilar. Daromadning hammasi oʻzlariga qolishi uchun toʻrt kishi bajarishi lozim boʻlgan ishni ikkalasi zimmalariga olishgan, shuning uchun bosh koʻtarmasdan tinim bilmay ishlardilar.

Oʻgʻil hali judayam yosh, nari borsa yigirmalarga borgandi. Bilasizmi, Tangri alohida mehr, betakror va beadad iste’dod bilan benihoya goʻzal qilib yaratgan odamlar boʻladi bu dunyoda. Bunday odamlarga qarab turib: «Tavba, shunchalar ham bekamu koʻst husn boʻladimi?»; — deya beixtiyor hayratdan yoqa ushlaysiz. Alisher ana shunday nihoyatda koʻrkam yigitcha edi. Uning biror marta soʻkinganini eshitmagandim.

Ogʻir-vazmin, aqlli ekanligi chaqnab turgan begʻubor koʻzlaridan shundoq sezilib turardi. Holbuki, bu yoshdagi yigitchalarning koʻpchiligi yengiltak, oʻyinqaroq boʻlishadi. Axir erta-yu kech bosh koʻtarmasdan ishlash hamma yoshlarning qoʻlidan kelmaydi. Buning uchun qanchalar sabr-bardosh, kuch-quvvat kerak. Qizlarni muzqaymoq bilan siylab, tungi barlarda, diskotekalarda asov otdek irgʻishlab sakrash, kayfu safo qilish kimga yoqmaydi? Alisher bunday «lazzat»;lardan mahrum boʻlgan, mushtday boshidan mehnatga oʻzini urgan yigit. Bundaylar ishlaganda alam bilan, xuddi birovga qasd qilganday, ishlashadi. Menimcha, bolaligi ogʻir qiyinchiliklar bilan oʻtgan odamlar ana shunday ashaddiy mehnatsevar boʻlishadi. Pulni moʻljaldan sal koʻproq toʻlab qoʻyishsa bas, har qanday huzur-halovatdan voz kechib, jonlarini jabborga berib ishlashadi.

Alisherning otasi Karimboy aka ham ogʻir-vazmin, kamgap kishi edi. Oʻgʻlining yonidan bir qadam ham nari ketmasdi. Kechqurun suhbatlarga umuman qoʻshilmasdi. Oʻgʻlini ham oʻzidan boshqa biror kishi bilan gaplashishga qoʻymasdi. Shoʻrlik ota oʻgʻlining tarbiyasi buzilib ketishidan choʻchirdi chogʻi. Ish vaqtida esa bir-birlarini shunchalik avaylashardiki, koʻrib beixtiyor havasingiz kelardi. Ogʻirroq yukni koʻtarishga toʻgʻri kelsa, bu vazifani, albatta, Karimboy aka oʻz boʻyniga olardi. Men bir necha marta ularning tortishib turganining guvohi boʻlgandim. «Ota, shu ishni menga bering, odamni uyaltiryapsiz, axir!»; — deya zorlanardi Alisher. «Nima, meni qarib qoldi, deb oʻylayapsanmi? Nari tur! Hali senga oʻxshagan yigitlarning toʻrttasining kuchi bor menda. Yo pirim!»; deya Karimboy aka yukni orqalab joʻnaydi. Yukni koʻtarayotganda uning sovuq urgan yuzi gʻijimlangan qogʻozdek burishib ketadi.

Oʻsha mehribon otaning aziz dilbandi ayni zamonda yerparchin boʻlib yotardi.
— Barakka oborish kerak! — dedi kimdir.
— Matchonovdan ruxsat soʻrash kerak avval. Boʻlmasa baloga qolamiz!
— Alisher, bolam, ke, yelkamga qoʻlingni qoʻy...

Karimboy aka qor ustiga choʻk tushib engashgancha inqillab yotgan oʻgʻliga yelkasini tutdi. Yuzi qordek oqargan Alisher bir-ikki intildi, lekin nima uchundir gavdasini yerdan uza olmadi. Shundan keyin uni koʻplashib koʻtarib olishdi...

«Bola shoʻrlikning umurtqasi lat yemadimikin?»; degan oʻydan yuragim uvishdi.

* * *

Qish avjiga chiqqan kunlar.

Havo chunonam sovuq ediki, tuflasang tupuging yerga tushmay muzlab qoladi. Goh quyuq tuman qoplasa, goh charaqlagan quyosh nurlari qor bilan qoplangan oʻrmon uzra yarqiraydi, biroq... havo baribir sovuqdan-sovuq...

Kunduzi vaqtimiz ishda oʻtadi. Har qalay, ovunamiz. Lekin...

Kechalari uyqumizdan halovat yoʻqoldi.

Ogʻriqqa chiday olmagan Alisher inqillab, oh-voh qilib tunda hech kimga uyqu bermasdi. Karimboy aka ishga chiqmasdan oʻgʻlining yonida oʻtirardi. Erta-yu kech dilbandining yuziga termilar, goh majburlab, gohida yalinib-yolvorib bir choʻqim ovqat yedirar, tez-tez kiyimlarini almashtirib, yuvardi. Bundan ortiq qoʻlidan hech narsa kelmasdi. Yuqorida aytganimdek, bu yerda oliy ma’lumotli shifokor tugul, oddiygina hamshira ham yoʻqligidan shoʻrlik Alisherga loaqal birinchi tibbiy yordam koʻrsatishmadi. Karimboy aka «kontora»;ga zir qatnab, oʻgʻliga yordam berishlarini soʻrardi.

Bir kuni uning «kontora»; eshigi oldida Hakim Nazarichga:
— Bolamni birorta kasalxonaga joylashtirishga yordam bering, iltimos. Agar uni kasalxonaga yotqizsangiz, ish haqini olmasdan ishlab beraman. Faqat oʻgʻlimning jonini saqlab qoling, iltimos, — deya yalinib-yolvorayotganini eshitib qoldim.
— Bajonidil yordam berishga tayyorman, — derdi unga javoban Hakim Nazarich. — Lekin buning iloji yoʻq! Shahar tugul, qishloqdagi birorta kasalxona sizni qabul qilmaydi.
— Qancha xarajat boʻlsa koʻtaraman, uka!
— Gap xarajatda emas, tushuning...
— Jon uka, iltimos, bolam xarob boʻlmasin...
— Urinib koʻraman. Lekin va’da berolmayman.

«Ha»; degan tuyaga madad deganday, Hakim Nazarichning mujmal javobi Karimboy akaga dalda boʻldi. Dastlabki kunlarga qaraganda oʻzini ancha tutib oldi. Endi u oʻgʻlining tepasida yigʻlab, koʻz yoshini selday oqizib oʻtirmasdi.
— Ana, Hakimboy, yordam beraman, deb va’da qildi, ulim, — derdi u Alisherga. — Hademay tuzalib ketasan! Bu sen uchun uch-toʻrt kunlik azob-da, endi, ulim, chidaysan.

Bu vaqtda Alisherning ahvoli ancha ogʻirlashib qolgandi. Buni uning isitmasi tushmayotganidan bilsa boʻlardi. Ogʻriq kuchaygan kezlarda u chiday olmasdan baqirishga tushardi:
— Enasini eshak... bu yerni! Meni ado qildi bu yer! Tamom qildi... Xarob boʻldim... Nega keldim bu yerga oʻzi?!

Bu bilan ham tinchlanmasdan mushtlari bilan nar chetlariga gurs-gurs mushtlardi, mushtlayverardi...
— Bolam... ogʻir boʻl, bolam, — degancha oʻgʻlini quchoqlardi Karimboy aka. — Erkak kishisan-ku, chidamli boʻl, bolam. Oʻzingni oʻylamasang, meni oʻyla, bolam. Har gal chinqirganingda jonim chiqib ketganday boʻladi...
— Chidolmayapman-da, otajon... Ogʻriq... oʻv!.. A!.. A!..

Alisherning faryodi nafaqat quloqlarimni, balki yuragimni teshib oʻtganday boʻlardi. Uxlay olmasdan tashqariga chiqib ketardim. Azob tortayotgan yigitchaga yordam berolmayotganimdan ich-ichimdan ezilardim. Ammo hamma birdek shu kayfiyatda deya olmasdim. Ertadan kechgacha va yana yarim tungacha eshakday ishlab, itday charchagan kishilar uyqularida halovat boʻlmayotganiga chiday olmaganlaridan boʻlar-boʻlmas gaplarni gapiraverib, shoʻrlik Karimboy akaning siqilgan yuragini battar siqishardi.
— Erkalik ham evi bilan-da, Karimboy aka! Oʻgʻlingizga ayting, dardga sal ogʻirroq boʻlsin. Oyogʻi singan odam ham shunchalik shovqin koʻtaradimi?
— Yaxshisi uni boshqa xonaga olib oʻtish kerak! Oʻzini oʻylamasa, bizni oʻylasin, axir oʻlarday charchab yurgan odamlar boʻlsak! Dam olishimiz kerakmi-yoʻqmi?!

Shunday kezlarda Karimboy akaning yuziga qarab boʻlmasdi. Hamxonalarining jizzaki, betgachoparligidan koʻngli ogʻrigani mungʻaygan nigohlaridan sezilardi.
— Oʻgʻlimning ahvoli ogʻir, — dedi u bir kuni dabdurustdan yonimga kelib. — Dardga yengilligidan baqirib yotgani yoʻq. Umurtqasiyam lat yeganmi, deyman... Belini koʻtara olmayapti-da...
— Xudo shifosini bersin, — dedim koʻnglim gʻash tortib.
— Hay... Hay... Hay... — Karimboy aka nadomat bilan bosh chayqadi. Keyin koʻzlari yoshlangancha qoʻlini chap koʻksiga qoʻyarkan: — Mana shu yerim... tuz quyganday achishadiki... chidab boʻlmaydi, — dedi.

Bunday daqiqalarda tilimga tushov tushgandek gapira olmay qolaman. Durustroq taskin berish ham qoʻlimdan kelmaydi. Ichimni it tirnayotgan boʻlsa-da, oʻzimni befarq koʻrsataman.

Qarshimda birdan bir yupanchidan judo boʻlib, hayoti chil-parchin boʻlgan, qaygʻu nihoyatda abgor qilib tashlagan, bukchaygan jussasi lahza sayin kichrayib borayotganday, faromush bir kimsa turardi.

Aksiga olganday, oʻsha kunlari Hakim Nazarich negadir koʻrinmay qoldi. Kimdir shikoyat qilib borgan, shekilli, bir kuni kechki vaqt hamma barakka toʻplangan chogʻi, Poʻlat Damirovich kirib keldi.
— Nimalar boʻlyapti bu yerda? Odamlarning tinchini buzayotgan toʻpolonchi qani? — dedi u xonaga koʻz yugurtirarkan.

Hamma jim.

Karimboy aka gap nimadaligini fahmladi, shekilli, rangi boʻzday oqargan koʻyi asta oʻrnidan turdi. Turdi-yu, yerga qaragancha indamay turaverdi.
— Nima boʻldi? — deb soʻradi Poʻlat Damirovich latta-putta bilan oʻrab tashlangan Alisherga imo qilib.
— Yiqilib tushdi...
— Yiqilib tushishiga kim aybdor? Birov itarib yubordimi?
— Hech kim... oʻzi...
— Demak, bu ishda hech kim aybdor emas. Toʻgʻrimi? Yoki... — ijikiladi Poʻlat Damirovich. — Yoki shubhangiz bormi?
— Shubha yoʻq... Kimdan shubha qilamiz? — dedi Karimboy aka sarosimalanib.
— Baxtsiz hodisa. Ehtiyotsizlik tufayli yuz bergan baxtsiz hodisa, shundaymi?

Karimboy aka allaqanday xavotirdan seskandi.
— Shundaymi? — takrorladi Poʻlat Damirovich.

Karimboy aka bosh irgʻadi.
— Demak, da’vo qilishga umuman haqingiz yoʻqligini ham bilasiz?

Karimboy aka peshonasiga kaftini bosgancha indamay turaverdi.
— Nega javob bermayapsiz? — Poʻlat Damirovichning ovozi oʻzgardi.
— Uka...
— Men sizga uka emasman!
— Kechirasiz... Poʻlat Damirovich... bizning hech kimga da’vomiz yoʻq. Faqat oʻgʻlimni davolatishga yordam bering, iltimos.
— Bu ish bilan Hakim Nazarichga murojaat qiling!

Poʻlat Damirovich burildi, lekin shu zahoti yana Karimboy akaga yuzlanarkan:
— Oʻgʻlingizni ogohlantirib qoʻying, agar yana dod-voy qilib, odamlarning tinchini buzadigan boʻlsa, shtab kazarmasiga oborib tashlaymiz! Tushundingizmi?! — dedi.

Karimboy akaning yuzi oqarib ketdi.

Poʻlat Damirovich barakdan chiqdi.

Shayton qutqusiga uchgan kishilar toʻplangan xonaga shu qadar dilgir sukunat choʻkdiki, beixtiyor yurak tars yorilib ketgudek.

Bir vaqt allakim oldimdan yugurib oʻtdi va eshikka yaqin yerda devorga suyanib turgan kishi ustiga tashlandi.
— Sen borib chaqqansan, nomard! Endi koʻngling joyiga tushdimi? Yo oʻzim tushirib qoʻyaymi?!

Yugurib oʻtgan kishi Husan edi. Uning baquvvat qoʻllari orasida tipirchilayotgan, ketma-ket tushayotgan tepkilar zarbiga chiday olmasdan baqirayotgan kimsa Karimboy akaga qoʻshni nar egasi Alinazar ismli yigit edi.
— Men chaqqanim yoʻq! Oʻlay agar, men chaqqanim yoʻq! — deya ayyuhannos solardi u.
— Sen chaqqansan! Sendan boshqa hech kim emas! — derdi Husan uni tomogʻidan gʻippa boʻgʻib olgancha. — Odamlarning puliniyam sen oʻgʻirlayapsan! Bilmaydi, deb oʻylayapsanmi?
— Oʻlay agar...
— Oʻlging kelayotgan boʻlsang, oʻldiraman! — quturib ketgan Husan kuchining boricha Alinazarni boʻgʻa boshladi.

Shoʻrlik chaqimchi nafas ololmay xirqirab qoldi.
— Hoy, musulmonlar! Nega jim turibsizlar? Axir, uni oʻldirib qoʻysa, boshimiz yana baloga qoladi-ku! — deya chinqirdi allakim.

Bir necha kishi Husanga yopirildi. Ammo Husan hech kimga kuch bermas, orakashlar qoʻlidan tutsa, u oyoqlari bilan Alinazarni tepkilab qolar, juda boʻlmasa boshi bilan raqibining duch kelgan yeriga kalla solardi. Barak shaytonning janjalkash malaylari uyasiga aylangandi.

Endi aralashmaslikning iloji qolmagandi.
— Husan, bas qiling! — olomon orasini yorib oʻtib Husanning qizarib-boʻgʻriqib ketgan yuziga tarsaki tushirdim. Keyin uning qonga toʻlgan koʻzlariga qattiq tikilgancha past, ammo qat’iy ohangda yana takrorladim: — Bas qiling, Husan!

Husan tutqanoq jazavasidan oʻzini yoʻqotib qoʻyib, kutilmaganda hushiga kelgandek birdan qattiq seskandi. Menga yeb yuborgudek, vahshiyona nazar tashladi. Bolalarnikiday begʻubor koʻzlarini taniyolmay lol qoldim:
— Siz... — u meni birinchi marta koʻrayotgandek yuzimga tikildi.
— Tashqariga chiqaylik, Husan, — dedim ohista, keyin uning hamon titrayotgan bilagidan tutdim.
— Yoʻq! — Husan shaxt bilan qoʻlini tortib oldi va tashqariga otildi.

Men joyimga qaytdim.

Kimdir Alinazarni oʻrnidan turgʻazdi. Uning labi yorilgan, yuzi qonga boʻyalgandi.

Hamxonalarimiz endi unga ta’na toshlarini ota boshladilar:
— Hayf-e senga!
— Uyalmasdan shu ishni qildingmi?
— Erta bir kun oʻzing shu koʻyga tushsang nima qilasan?
— Oʻmargan pullaringni egalariga qaytar. Sening dastingdan necha kishi och qoldi!

Quloqlarimni bekitdim.

Toʻshagimga choʻzilib koʻzlarimni yumdim. Ammo sira uyqum kelmasdi.

Chiroq oʻchdi. Xonani qorongʻilik chulgʻadi. Allaqayerda musiqa yangradi. Zerikkan soqchilar gitarasini tingʻirlatyapti chogʻi. Begona yurtning begona ohangi boʻlgani uchunmi, musiqa koʻnglimga yoqmadi, nazarimda, bu ohang deraza ortida pusib, tish qayrab turgan ajalning joduli nolasiday tuyildi. Beixtiyor deraza tomonga qaradim. Biznikiga oʻxshamaydigan begona, sovuq va hissiz oyning xira yogʻdusi ichkariga poyondoz boʻlib tushib turardi...

* * *

Ertalab soqchilari hamrohligida Poʻlat Damirovich yana barakda paydo boʻldi. Undan sal avvalroq kirgan Matchonov bizni allaqachon safga turgʻazib qoʻygandi.
— Siz nima uchun ishga chiqmayapsiz? — deb soʻradi Poʻlat Damirovich Karimboy akadan.
— Oʻgʻlim...
— Nima oʻgʻlim?
— Unga qarayapman axir!
— Bunaqasi ketmaydi! Bilib qoʻying, barakda qolishga hech kimning haqi yoʻq! Faqat nogironlargina qolishi mumkin.
— Men ishga chiqsam bolamning ahvoli nima boʻladi?
— Oshpazlar qarab turishadi. Gapni koʻpaytirishdan foyda yoʻq. Hamma darhol ishga!

Karimboy aka yolvoruvchi nigoh bilan atrofdagilarga nazar tashladi. Safdagilardan sado chiqmadi.
— Hakim Nazarich qachon keladilar? — deb soʻrashga jur’at qildim men.
— Hakim Nazarich xizmat vazifasi bilan ketgan, qachon qaytishi noma’lum, — dedi Poʻlat Damirovich meni birinchi marta koʻrayotgandek hayron boʻlib tikilarkan.
— Karimboy akaning oʻrniga ishlab bermoqchimiz, u kishi oʻgʻlining yonida boʻla qolsin bir necha kun, — dedim yana biroz dadillanib.

Poʻlat Damirovich kibrli nigohlari bilan meni boshdan-oyoq kuzatarkan, istehzo bilan soʻradi:
— Shu jussangiz bilan ikki kishilik, yoʻq, uch kishilik normani bajara olarmikinsiz?
— Puli toʻlansa boʻldi, har qanday ishni eplab ketaveramiz, — deya dangal javob berdim.

Poʻlat Damirovich meni pul uchun oʻzini tomdan tashlaydigan chapanilardan deb oʻyladi chogʻi yo diliga boshqa bir niyatni tugdimi, har qalay:
— Boʻpti, biz rozi, — dedi biroz yumshab.

Safdoshlarim hayratda, axir shu paytgacha hech kim Poʻlat Damirovich bilan baqamti turib gaplasha olmasdi-da. «Undan allaqanday yovuzlik hidi keladi»;, degandi Husan bir kuni Poʻlat Damirovich haqida gapirarkan.

Yonimda turgan Nurali qoʻlimni siqib qoʻydi. Boshqalari koʻz qisib, iyak qoqib, oʻz tabriklarini yoʻllashdi.
— Faqat, — deya ortiga oʻgirildi Poʻlat Damirovich eshik oldiga yetganida, — avval oʻz normangizni, keyin ota-bolaning normasini bajarasiz. Har kunlik svodkani brigadir Matchonovdan shaxsan oʻzim qabul qilaman!
— Xoʻp boʻladi, — deb javob berdim shu zahoti.

Poʻlat Damirovich: «Bu qanaqangi »;noyob« telba ekan?»; — deya hayron boʻlganday, yuzimga qaray-qaray chiqib ketdi.
— Baraka toping, uka, — deya qoʻlimni siqdi Karimboy aka. — Yaxshiligingizni yaxshi kunlaringizda qaytaraylik.
— Alisher sogʻayib ketsa, bas, menga boshqa hech narsaning keragi yoʻq.
— Alisher... Alisher... — degancha Karimboy aka oʻgʻlining yoniga ketdi.

Nurali bilan Husan yaqin kelishdi.
— Karimboy akaning ishini eplay olmaysiz, — dedi Nurali tashqariga chiqayotganimizda. — Lekin xavotirlanmang, biz yordam beramiz, a, Husan, toʻgʻrimi?
— Albatta.
— Karimboy akaga qiyin boʻldi, — dedi Nurali. — Oʻzi yiqilib, mayib boʻlganidayam bunchalik qiynalmasdi.
— Ado boʻldi, deyvering, — dedim.

Husan boʻlayotgan gap-soʻzlarga qoʻshilmasdan yerga qaragancha bizdan bir qadam oldinda ketib borardi.

Shunday qilib, umrim bino boʻlib, qoʻl urmagan ishim — yogʻoch yoʻnuvchilik kasbini oʻrgana boshladim. Ish ogʻir edi, qiynalardim, boshqalarga qaraganda koʻproq aziyat chekardim, ammo baribir ortga chekinmadim, shunga ahd qilgandim, nega deganda, ish haqi qancha toʻlanishidan qat’i nazar — men bu haqda oʻylamay qoʻygandim hatto, — mehnat, faqat mehnatgina meni shayton uyasidagi tutqunlikda jonimga oro kirishi mumkin, degan xulosaga kelgandim. Aks holda, allaqachon telba boʻlib qolishim tayin edi.

Barakda yarim soatdan ortiq turib boʻlmasdi. Alisherning ahvoli ogʻirlashgan, isitmasi koʻtarilgan, ogʻriq kuchaygandi. Tez-tez hushdan ketib qolardi. Qadamboy ogʻa mallasoch ma’shuqasi orqali tinchlantiruvchi dorilar keltirib berganidan keyingina Alisher sal-pal oʻziga kelib qoldi.
— Arzimagan matah ekan-ku, shunga shunchalik zor boʻldikmi? — derdi Karimboy aka tinchlantiruvchi dorilarga yoshli koʻzlarini tikkancha.

Biroq bu dorilarning ta’siri vaqtinchalik edi. Ma’lum muddat oʻtganidan keyin Alisher yana bezovtalana boshlardi. Bir kuni Karimboy aka yonidan bir dasta pul chiqarib:
— Qadamboy ogʻa, mana shu pullarning hammasiga tinchlantiruvchi dori opkeb bering, — deya yalindi.
— Ibi, muncha koʻp? — dedi Qadamboy ogʻa hayron boʻlib.
— Dorisi tugab qolsa, bolam yana bezovta boʻladi...
— Mayli-ku-ya, lekin bu dorini hadeb yeyaverishdan foyda yoʻq. Bu dori ogʻriq boʻlayotgan yerni uxlatadi, xolos, davolamaydi!
— E, mayli, davolamasa ham mayli, ogʻriqni bildirmay tursa boʻlgani... — dedi Karimboy aka muztar ahvolda.
— Siz-chi, yaxshisi, Hakim Nazarich kelganlaridan keyin oldiga kiring, — deya aql oʻrgata boshladi Qadamboy ogʻa qozilik qilish imkoni tugʻilganidan bagʻoyat ruhlanib. — Bor gapni u kishiga ochiqchasiga ayting. Hakim Nazarich insofli odam. Bu yerdagilar orasida yakka-yu yagona insofli odam! U tushunadi ahvolingizni va ishonamanki, yordamini ayamaydi.
— Kelsin... kelganlaridan darrov oldilariga kiraman, — dedi Karimboy aka. — Toʻgʻri aytasiz, ahvolimizni u kishi tushunadi. Ungacha dori-pori bilan jon saqlab tursin, devdim-da.
— Dorini oʻylamang, pulini bersangiz boʻldi, yerning ostidan boʻlsayam toptiraman. Bitta megajinga soʻzimizni oʻtkaza olmasak, erkak degan nomimiz qayoqda qoldi?
— Baraka toping, iloyim.

Karimboy aka bir necha kun avval Hakim Nazarichga uchrashgani haqida Qadamboy ogʻaga lom-mim demagani meni hayron qoldirdi.

Kunlar shu zaylda oʻtardi.

Bu yerlarda qor tez-tez va moʻl-koʻl yogʻardi. Tumanli kunlar koʻp boʻlardi. Izgʻirin, boʻron... Sovuq kamida qirq besh-ellik daraja... Bunday ayovsiz qishni tushimda ham koʻrmagandim. Barakdagilar yoppasiga shamollay boshladilar. Tunni oʻtkazish azob edi. Kimdir quv-quv yoʻtalgan, kimdir isitmadan alahlagan... Barak — kimsasiz orolga tushib qolib, hayotdan uzilgan, qarovsiz va tashlandiq kema misoli edi. Vaqt oʻz mohiyatini yoʻqotgandi...

* * *

Alisherga dorilar ta’sir qilmay qoʻydi. Surunkali isitma va ogʻriq uning ozgʻin vujudini tinimsiz larzaga solardi...

Shamollash meni va Nurali bilan Husanni ham chetlab oʻtmadi. Ammo biz yotib qolganimiz yoʻq. Shamollashni spirt bilan davolab yubordik. Haqiqiy toza spirtni Husan topib keldi. Qayerdan, qanday qilib topganini u aytmadi, biz ham soʻramadik. Uyqu oldidan ozgina suv aralashtirilgan spirtni sipqorardig-u, juldur koʻrpamizga oʻranib yotardik. Qarabsizki, ertalabgacha shamollashdan asar ham qolmaydi.

Bir kuni kechqurun ishdan qaytarkanmiz, hovlida yurgan ayollarga koʻzimiz tushdi. Ayollar ikkita edi. Biri oshxona eshigi oldida turardi, ikkinchisi kontora tomon ketib borardi. Orqavoratdan ikkalasi ham menga tanishday tuyildi.
— Yo tovba! — dedi Qadamboy ogʻa yoqasini ushlab. — Anovi xotinlar sizlarning ham koʻzingizga koʻrinyaptimi?!
— Koʻzingizga koʻrinyapti, — deya piching otdi allakim.

Hovliga dupur-dupur kirib kelgan erkaklarga ayollarning ham nazari tushdi.
— Nargiza?! — oshxona eshigi yonida turgan ayolni tanib roʻparasida toʻxtadim.
— Kimsiz?! — ayol avvaliga qattiq seskanib, oʻzini ichkariga oldi.

Soch-soqolim oʻsgan, rang-roʻyim bir ahvolda boʻlganidan Nargiza meni daf’atan tanimadi.
— Davronman... esingizdami?.. Poyezd... Sahroyilar...
— Iye... Voy oʻlay... — Nargiza yuzimga sinchkov nazar tashladi. — Oʻsha Davronmisiz chindanam?..
— Chindanam oʻsha Davronman, — dedim kulib.
— Yo tovba, koʻzlarimga ishonmayapman! Oʻrtogʻingiz qani? Ismi Safaralimidi?
— Bilmayman... Oʻzingiz bu yerda nima qilib yuribsiz?
— E... — Nargiza toʻlib turgan ekan, koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi. — Keyin... aytib beraman...

Shu vaqt ortimdan:
— Nimani keyin aytib berasan? — degan tanish ovoz eshitildi.

Oʻgirildim. Roʻparamda Sanobar turardi.
— Davron! — u meni shu zahoti tanidi. Yaqin kelib eski tanishlardek qoʻl berib koʻrishdi.

Sheriklarim ang-tang boʻlib qolishdi.

* * *

Nargiza bilan Sanobarning qismati ham biznikiga oʻxshashroq. Ular pul solingan sumkachalarini oʻgʻirlatib qoʻyishgan. Sumkachada pul bilan birga hujjatlari ham boʻlgan ekan. Shu yerlik tanishlari Olesyadan yordam soʻrash uchun borayotganlarida qoʻlga tushib qolishgan...
— Nima boʻlgandayam sizni uchratganimiz yaxshi boʻldi, — dedi Nargiza. — Har qalay, koʻz tanish boʻlgani yaxshi-da.
— Qayerga kelib qoldik oʻzi? Oʻlay agar, aqlim yetmayapti, — dedi Sanobar.

Ayollar ancha-muncha qiynalishgan chogʻi, rang-roʻylari bir ahvolda edi. Meni uchratganlaridan ular xursand edi. Mening esa kayfiyatim buzildi.
— Birimiz oshpazlik qilarkanmiz, birimiz kir yuvarkanmiz, — dedi Sanobar burnini jiyirib. Keyin Nargizaga qarab: — Koʻrdingmi, anovi oyimchani atay oʻzining yoniga olib qoldi, — dedi.
— Atay olib qolgani yoʻq, shekilli, — dedi Nargiza.
— Atay qilgan boʻlmasa, nega uniyam bizga qoʻshib qoʻymadi?! — dedi Sanobar oʻjarlik bilan.
— Doʻxtir doʻxtirlik qiladi-da!
— Kim haqda gaplashyapsizlar oʻzi? — deya ayollarning bahsiga aralashdim.

Bu vaqtda biz — eski tanishlar oshxonada suhbatlashib oʻtirardik.
— Hakim Nazarich degan kishi yaxshi odammi yo... — Sanobar shubhali nazar bilan qaradi.
— Hech narsaga tushunmayapman, oʻlay agar!
— ... yo anaqa erkaklardanmi? — Sanobar koʻzlarini ola-kula qildi.
— Hozircha bir narsa deya olmayman, — dedim rostiga koʻchib.
— Oʻshanaqalardan boʻlsa anovining shoʻri quridi, — dedi Sanobar. — Ja, oʻzini tutishi boshqacha edi-da. Battar boʻlsin!

Toqatim toq boʻldi, ammo nachora, ayollarga bas kelib boʻlarmidi, ayniqsa, qalbini hasad junbushga keltirgan bir vaqtda...
— Ha, haqiqatan ham yuragi katta juvon ekan, — dedi Nargiza yuragimni qizdirayotgan qiziqish oloviga moy sepgandek. — Birortasi shilqimlik qilib tashlanib qolmasaydi, deb biz ikkimiz yurak hovuchlab turibmiz, u boʻlsa qilt etmaydi-ya! Xuddi otasining chorbogʻida yurganday...
— Kimni gapiryapsizlar oʻzi? — deb yubordim oxiri.

Xuddi shu vaqt oshxona eshigi sekin gʻiyqillab ochildi. Va... Va ostonada... Yoʻq, eng avval oppoq manglay... har tolasidan uchqun sachrayotgandek qop-qora, silliq sochlar... kamon qoshlar ostida butun dunyoni oʻzida mujassam etgan dengizdek sokin va tubsiz bir juft qora koʻz yangi paydo boʻlgan yulduz misol «yarq»; etib koʻzga tashlandi. Keyin yoqasi koʻtarilgan odmi qora palьto, uchi ingichka etik kiygan, benihoya sohibjamolligidan tashqari, nimasi bilandir bir qarashdayoq odamni oʻziga tortadigan navnihol ayol xonaga kirdi.
— Keling, Gulruh, — iltifot ila uni qarshi oldi Nargiza.

Ayol unga nimadir dedi. Men uning ovozini eshitdim, ammo soʻzlarini ilgʻay olmadim. Nazarimda, xona kengayib, ulkan yalanglikka aylanib qolganday, anchadan buyon dilgir koʻnglim bexosdan yorishib ketganday boʻldi. Ayolning ovozi shu qadar mayin va yoqimli ediki...

Qulogʻimda qolgani shu.

Keyin ayol ketdi. Eshik yopildi. U xonaga kirgan chogʻida ham, ketar chogʻida ham men tomonga qaramadi. Roʻparadagi derazadan uning qordagi soyasiga koʻzim tushdi.
— Mana shu juvon haqida gapirayotgandim-da, — dedi Sanobar. — Ismi Gulruh...
— U ham sizlar bilanmidi? — soʻradim undan.
— Birinchi marta uchastkavoyning xonasida uchratgandik. Keyin bitta kamerada boʻldik. Shunda yaxshiroq tanishib oldik, — dedi Sanobar yana.
— Oʻzi sodda, kamsuqum koʻringani bilan judayam dovyurak ekan, — deya gap qoʻshdi Nargiza. — Uchastkovoy bilan gaplashganini bir koʻrsangiz edi! Hakim Nazarich bilan ham tap tortmasdan gaplashib keldi bu yerga kela-kelguncha...
— Savdoda yuraverib yuzi qotib ketgan-da, — dedim birdan qalbimni mubham kayfiyat chulgʻab olganini his etarkanman.
— Qayoqda! Bechoraning birinchi marta chiqishi ekan.
— Yolgʻiz oʻzi-ya?!
— Bizam shunisiga besh ketdik-da, — dedi Sanobar bozorchi ayollarga xos shartakilik bilan.

Sinchkovligim gʻolib keldi. Gulruh haqida yana nimalarnidir bilib olish istagida gap kovladim:
— Tirikchilik toshdan qattiq deganlari shu-da. Yoshgina juvon bola-chaqam deb oʻzini bozorga urgan, shekilli?..
— Ajrashgan, — deya gapni ilib ketdi Nargiza shu zahoti. — Oilasi yoʻq oʻzining. Kelin boʻlib tushgan joyi nochor ekan, oilani sal oʻnglab olay, keyin farzand koʻrarmiz, deb bu bechora ishlab yuravergan, u yoqda eri boshqasi bilan...
— Tavba qildim, shu erkaklarga ham hayronman, — Nargizaning ogʻzidagi gapni yulib oldi Sanobar. — Oʻzi bir pulga qimmat boʻlsayam xotin zotiga past nazar bilan qaraydi-ya! Bitta xotinni eplab boqolmaydi-yu, boshqasiga koʻngli sust ketganiga oʻlaymi?! Mana, meni aytdi dersizlar, mana shu juvonning eri oʻziga umuman mos boʻlmagan! Aqlli erkak boʻlganida bu juvonni goʻzalligi uchun ham boshiga koʻtargan boʻlardi. Toʻgʻrimi, toʻgʻrimi gapim? — Sanobar qizgʻinlik bilan menga tikildi.
— Masalaning mohiyatini bilmay turib bir nima deyish qiyin, — deya mujmal javob qildim.
— Chiroyli ayollar baxtsiz boʻlishadi, deganlari rost, — deya gapini davom ettirdi Nargiza. — Endi bechora oʻlgan akasining bolalarini boqish uchun tentirab yuribdi.
— Aytgancha, nega u sizlar bilan emas?
— Asli kasbi hamshiralik ekan. Shuning uchun Hakim Nazarich uni kontorada olib qoldi. Alohida xona qilib berarmish. Kasal boʻlsalaringiz endi bemalol Gulruhning oldiga boraverasizlar. Biz...
— Voy-voy-ey, yuragim siqilib ketdi, boʻldi, oʻsha juvon haqida gapiravermang, — deya Nargizaning gapini choʻrt kesdi Sanobar. — Oʻzimiz haqimizda gaplashaylik. Menga qarang, Davron, siz anchadan buyon shu yerdamisiz?
— Nimaydi?
— Anavi Hakim Nazarich deganlaringiz, bu yerda ishlaganlaringiz uchun haq toʻlaymiz, dedi. Shu gap rostmi?
— Rost, shekilli. Uch-toʻrt kundan keyin kontoraga chaqirib choychaqa beradi...
— Choychaqani biz allaqachon olib boʻldik!
— Nahotki?
— Siz ayollar pulning yuzini koʻrmasangiz topshirilgan ishni koʻngildagiday bajarmaysizlar, deb qoʻlimizga pul berdi oʻsha Hakim Nazarich...
— E-ha...
— Qolganini adres boʻyicha uylaringga yuboramiz, dedi. Shu gap rostmi? — Sanobar ham, Nargiza ham ishonqiramaganday qarab turishardi.
— Bizga ham shunday deyishgan.
— Hammalaringizgami? — beixtiyor joʻr ovozda soʻradi ikkala ayol.
— Hammaga.
— Ha-a, — dedi Sanobar koʻnglida qoniqish tuyib. — Hammalaringizga shunday degan boʻlsa, bu gapga ishonsa boʻladi. Axir, shuncha odamni aldab boʻlmaydi.

«Nega aldab boʻlmaydi?»; — deb yuborishimga sal qoldi. Ayollar bilan xayrlashib tashqariga chiqdim.

Qor uchqunlardi...

Barakda allaqanday jonlanish yuz berdi. Pala-partish, janjalkash, soʻkongʻichu juldurvoqi erkaklar galasi favqulodda hodisa yuz bergandek kutilmaganda toʻsatdan oʻzgarib qolishdi. Ustara nimaligini unutib yuborgan yonoqlarga ustara tegdi. Oʻrin-toʻshak har kuni ertalab yigʻilib, kechasi yoziladigan boʻldi.

Shaxsan men barakda ayol deb atalmish zot paydo boʻlganini dastlabki kungi kechki ovqatning ta’mi xushxoʻrligidan bildim. Odatdagiday, karam shoʻrva edi, lekin u har kungidan butunlay boshqacha edi. Anchadan buyon ishtaha bilan ovqatlanmagandim, axir.

Nargiza osh-ovqatning ustasi, haqiqiy pazanda edi.

Sanobar vaysaqiroq xotin edi-yu, ammo oʻziga topshirilgan ishni sidqidildan bajarardi. Uning sharofati bilan irkit va juldurvoqi ishchilarning engil-boshiga son kirdi. Sanobar kirni qor suviga yuvardi. Bundan tashqari, u barakni ham tozalab, supurib-sidirib qoʻyardi.

Bir kuni uning yoʻl ustida Hakim Nazarichdan:
— Barakni tozalab turganim uchun ham ish haqi yozasizmi? — deb soʻrayotganini eshitib qoldim.
— Albatta. Kak shtik! — deya javob berdi Hakim Nazarich.
— Xoʻp desangiz, kontorangizniyam tozalab berardim.
— Hojati yoʻq.

Mutlaqo kutilmagan, favqulodda hodisa ertasi kuni Gulruh barakka kirib kelgan kuni yuz berdi. Mendan boshqa deyarli hamma Gulruh haqida bilmasdi-da.

Uni Hakim Nazarich barakka boshlab kelgandi.
— Bugundan e’tiboran «kontora»; qoshida medpunkt ish boshladi. Kimki tibbiy yordamga muhtoj boʻlsa, bemalol murojaat etishi mumkin. Gulruh tajribali hamshira. Oʻylaymanki, barcha savollaringizga undan javob olasiz...

Hakim Nazarich yana allanimalar haqida soʻzladi, ammo aminmanki, hech kim uning gaplarini eshitmadi hisob. Deyarli ellik-oltmish chogʻli kishining ochkoʻz nazari Gulruhga qadalgandi. Rostini aytsam, oʻzim ham undan koʻz uzolmay qolgandim. Yoʻq, bu inson farzandi emas, farishtalardan bunyod boʻlgan maloika edi!
— Savollar bormi? — murojaat qildi Hakim Nazarich barakdagilarga.

Daf’atan hech kimdan sado chiqmadi. Barak suv quygandek jimjit edi. Bir mahal allakimni qattiq va toʻxtovsiz yoʻtal tutib qoldi-yu, sukunatga darz ketdi. Gʻala-gʻovur qoʻpdi.
— Bolamni hoziroq olib oʻtsam boʻladimi?..
— Yoʻtalga qarshi dori bormi?
— Kasallarga spravka beriladimi?

Pala-partish, toʻxtovsiz savollar yomgʻiri yogʻildi.

Gulruh shoshmasdan, aniq va sodda qilib savollarga javob bera boshladi. U soʻzlar ekan, kipriklari asta-sekin koʻtarilib, sokin nigohlari xona uzra kezindi. Qarashlari nihoyatda muloyim edi.

Pirovardida u menga tikilib qolganday tuyildi. Seskanib ketib, yerga qaradim.

Shu vaqt Husan shartta bilagimdan tutib:
— Yuring, unga kaftingizni koʻrsatamiz, — deb qoldi.

Shosha-pisha qoʻlimni tortib olarkanman:
— Boring-e! Nimalar deyapsiz?! — dedim shivirlab.
— Axir kaftingizni... bolta yalab ketgandi-ku!
— Allaqachon bitib ketgan, — deya yolgʻon soʻzladim.

Bir necha kun ilgari yogʻoch yoʻnish chogʻida uquvsizligim tufayli boltaning oʻtkir yuzi chap kaftimni yalab ketgandi. Spirt bilan tozalab, artib, gazak oldirib qoʻymaslik uchun latta-puttalar bilan bogʻlab yurgandim.
— Aldayapsiz, — dedi Husan shu chogʻ. — Jarohatingiz yiringlab ketganiga koʻzim tushgandi.
— Nega menga tirgʻalib qoldingiz?!
— Jonon bilan ikki ogʻiz gaplashish sharafiga muyassar boʻlish ilinjida edim.
— Borib gaplashavering, buning hech qiyin yeri yoʻq-ku.
— Biror bahona boʻlganida...

Nurali Husanning yelkasiga qoʻl tashlarkan:
— Qoʻya qol, ogʻayni, u seni gap bilan oʻtqazib qoʻyadi, — deya popugini pasaytirdi. — Koʻrmayapsizmi, oʻziga juda ishongan ayolga oʻxshaydi.

Husan indamay qoldi.

Nuralining gapida jon bor. Axir badjahl va serzarda ekanliklari ochofat qashqirning koʻzlariday chaqchaygan nigohlaridan yaqqol sezilib turgan ellik-oltmish chogʻli kishi qarshisida hadiksirayotganini bildirmasdan, xotirjam va ulugʻvor qiyofada turishning oʻziyoq hammaning qoʻlidan kelavermaydigan ish-ku!

Qiziqishim ortdi.

Shu payt barakka soqchilari hamrohligida Poʻlat Damirovich kirib keldi.
— Iye, siz bu yerdamidingiz? — u Hakim Nazarichga murojaat qilardi-yu, ikki koʻzi Gulruhda edi.
— Hamshirani ishchilarga tanishtirayotgandim. Mana, yigʻinimiz ham tugab qoldi. Ketdikmi, Gulruh Qosimovna? — Hakim Nazarich shoshilgancha Gulruhni tashqariga boshladi.

Eshik yopilguncha Poʻlat Damirovich ularning ortidan qarab qoldi...

Ikki kundan keyin barakda yana bir kishi paydo boʻldi. Bu Kamoliddin edi. Ikki qoʻli, ikki oyogʻi yoʻq, maxsus aravachada oʻtirgan yoshgina yigit... yigitning... gʻoʻladan farqi yoʻq edi. Tilli-jagʻli gʻoʻla...
— Mehnatkashlarga shon-sharaflar boʻlsin! — deya shangʻillagancha kirib keldi u kechki payt.

U bilan yaxshiroq tanish boʻlgan bir necha kishi istiqboliga chiqib, hol-ahvol soʻrashishdi. Unga parvo qilmasdan toʻshagida yotganlar ham bor edi. Kamoliddin ularning e’tiborsizligidan ogʻrinmadi, aravachasini «gʻiyq-gʻiyq»; qilgancha har bir kishining oldiga borib astoydil soʻrashib chiqdi.
— Sizni qayerdadir koʻrganman, lekin eslolmayapman, — dedi u mening qarshimda toʻxtab.
— Dunyo tor, — deya kulimsiradim.
— Ha, dunyo tor, — dedi Kamoliddin gapimni ma’qullab. Keyin yuzimga sinchiklab tikilarkan: — Hozir bu kishining kim ekanligini aytib beraman! — dedi baland ovozda. — Hey, barakdagilar, eshityapsizlarmi?! Bu kishi... Bu kishi... Bu kishi... rassom boʻlmasa-da, shunga yaqinroq birorta san’atga yaqin kishi. Men bir qarashdayoq payqadim buni. Shundaymi? Javob bering, shundaymi?!

Shovqin-suron koʻtarib, baland ovozda gapirayotgan Kamoliddinning aksi oʻlaroq bosiq-vazminlik bilan:
— Yanglishdingiz, — dedim.

Kamoliddin hayrat bilan yuzimga tikildi.
— Nahotki? Nahotki men yanglishgan boʻlsam? Men-a?!
— Ha.

Shunday dedim-u, oʻrnimdan turib tashqariga chiqdim. Gapirayotgan «gʻoʻla»;ga qarash ogʻir edi.
— Davron.

Oshxona derazasidan boshini chiqarib gapirayotgan Nargiza edi. Beixtiyor shu tomonga yurdim.
— Siz uchun ozgina goʻsht qovurib qoʻygandim, yeb oling, — Nargiza stol ustiga likopcha qoʻydi.
— Qanday boʻlarkin...
— Oʻylanmang, qani, oling, tez-tez yeb oling, — Nargiza qarshimga oʻtirib olib, qistay boshladi.
— Sanobar koʻrinmaydimi?
— Gulruhga yordamlashgani ketdi. Qanaqadir idishlarini qaynatish kerak ekanmi-ey. Davron, bu yogʻi nima boʻladi endi?
— Nima boʻlardi...
— Bizni qoʻyib yuborisharmikin?
— Toʻgʻrisini aytsam, bilmayman.
— Uydagilarning holi ne kechdiykin? — Nargizaning koʻzlari gʻiltilladi.
— Oʻzingizni oʻylasangiz-chi!
— Uyga bir ogʻiz xabar yetkazishning iloji yoʻqmikin?
— Yoʻq.
— Nima, shunaqa qilib yuraveramizmi?
— Ha.
— Hazillashmayapsizmi?
— Hazilning oʻrni emasligi koʻrinib turibdi-ku.
— Voy xudoyim! Qanday kunlarga qoldim?.. Shu yerda bir umr qolib ketsak-a? — dahshat ichida tikildi Nargiza.
— ...
— Davron, qochishning iloji yoʻqmikin? — ovozini pasaytirib soʻradi Nargiza.
— Hamma yoqqa soqchi qoʻyib tashlangan-u...

Nargiza likopchani oldimga yanada yaqinroq surib qoʻyarkan:
— Mabodo biror ish qilsangiz... men bexabar qolmayin-a? Xoʻpmi, iltimos. Bilasizmi, — deya Nargiza oldinga engashib, ovozini yanada pasaytirdi, — anovi Sanobar ancha tullak xotin ekan. Hakim Nazarichga uning xushomad qilganlarini bir koʻrsangiz edi! U yoqqa oʻtsayam ketidan yuguradi, bu yoqqa oʻtsayam! Oʻsha Hakim Nazarich Gulruhga yordamlashib turing, degani uchun ham mana hozir medpunktda ivirsib yuribdi.
— Yordam?!
— Ha, yordam. Nega hayron boʻlyapsiz?
— Hayron boʻlayotganim yoʻq.
— Kunduzi bu yerda boʻlmaysiz-da, koʻp narsalardan bexabar qolyapsiz.
— Sanobarning niyati koʻproq pul ishlash.
— Sanobarni aytayotganim yoʻq. Mayli, u jonini jabborga berib ishlayversin. Menga mana shu oshxonaning oʻzi yetadi. Ertalabki ishlarimni bajarib boʻlganimdan keyin anovi deraza oldiga tubaretka qoʻyvolib, tashqariga tikilib oʻtiraman. Avval Poʻlat Damirovich degani medpunktga kiradi. Kiradi-yu, koʻp oʻtmasdan chiqib ketadi. Zum oʻtmasdan Hakim Nazarich deganlari xonasidan chiqib eshik oldida turgancha u yoq-bu yoqni kuzatgan boʻladi-da, yana ichkariga kirib ketadi. Tushlikdan keyin Poʻlat Damirovich deganlari yana medpunktga kirib ketadi. Bu safar darrov qaytib chiqmaydi. Biror oʻn daqiqa chamasi oʻtadi. Shu vaqt orasida Hakim Nazarich uch-toʻrt martalab tashqariga chiqadi-kiradi, kiradi-chiqadi. Sezishimcha, ikkalasiyam xotinboz!
— Uch kun ichida shuncha axborot toʻplabsiz-a.
— Bunaqa ishlarni payqash uchun uch kun emas, bir qarashning oʻzi kifoya. Chiroyli xotinga erkaklar darrov qopqon qoʻyishadi-da!
— Mayli, men bora qolay.
— Oʻtiring birpas.
— Charchaganman, dam olsam degandim.
— Aytganday, oyogʻi singan yigitni medpunktga olib oʻtishibdi-a?
— Ha. Darvoqe, oʻsha bechoradan bir xabar olishim kerak. Eslatganingiz yaxshi boʻldi. Yaxshi dam oling.

Tashqarida sayr qilish niyatim bor edi. Lekin havo shu qadar sovuq ediki, chidab boʻlmasdi. Shunday sovuqda ikkinchi smenada ishlayotganlarning joniga toʻzim bersin. Pul nimalarga qodir! Ammo odamzodning yerdan bosh koʻtarmay qoʻygani alamli-da.

Barak tomon yurdim.

Alisherni medpunktga olib oʻtishganidan buyon xona tinchib qolgan, kechalari bemalol uxlayotgandik.

Kirib borishim bilan «gur»; kulgi koʻtarildi.

Toʻrt-besh kishi yigʻilib olib latifa eshitayotgan ekan. Latifagoʻy Kamoliddin...
— Davron, keling, siz uchun yap-yangisidan aytib beraman, — dedi Kamoliddin.
— Rahmat.
— Keling endi!
— Charchaganman!

Toʻshagimga choʻzildim.

Negadir yuragim siqilardi. Nargiza... Sanobar... Betoqat Hakim Nazarich... Poʻlat Damirovich... anovi gapirayotgan «gʻoʻla...»; va yana...

Kechasi bilan chap qoʻlim zirqirab chiqdi.

Ertalab ishga ketdim.

Ammo ishlay olmadim. Chap qoʻlim yelkamga dovur zirqirab ogʻrirdi. Mening oʻrnimga ham Husan ishladi.

Kechqurun hamma ovqatga oʻtirgan vaqtda men medpunktga yoʻl oldim. Eshik oldida Poʻlat Damirovichga duch keldim. U bilagiga barmogʻini bosgancha chiqib ketayotgandi. «Lop»; etib koʻz oldimga Nargiza keldi: «Ayollar gʻirt vahimachi boʻlishadi-da»;.
— Mumkinmi?
— Keling, — jilmayib qarshi oldi Gulruh.

«Hammani shunday kutib olarmikin?»;
— Kaftim... umuman, qoʻlim ikki kundan buyon loʻqillab ogʻriyapti, — dedim lattaga oʻralgan qoʻlimni oldinga choʻzib.
— Nega ogʻrir ekan?

Gulruh shunday degancha qoʻlimdagi lattani tuxum poʻchogʻini archiganday tez-tez yechib ola boshladi. Lattaning oxirgi qismi kaftimga yopishib qolgan ekan, koʻchirib olish qiyin boʻldi.
— Biroz ogʻriydi, chidaysiz-da, — dedi Gulruh muloyimlik bilan. Keyin kichkinagina shishadagi qanaqadir suyuqlikni kaftimga surdi. — Besh daqiqa kutamiz. Anavi yerga oʻtiraqoling.
— Xoʻp, — Gulruh koʻrsatgan stulga oʻtirdim.

Besh daqiqa kutish kerak edi...

Shishalar va yana allambalolar terib qoʻyilgan stolning naryogʻida Gulruh qandaydir dori tayyorlayapti. Unga tikilib qarashga jur’atim yetmadi. Xonani koʻzdan kechirdim. Xona kattagina, yorugʻ va ozoda edi. Oʻng tomonda yonma-yon qoʻyilgan oynavand javon ichida har xil dori-darmonlar terib qoʻyilgan. Toʻr tomon parda bilan toʻsilgan. Deraza tomonda allaqanday kumush idishlar turardi.
— Anchadan buyon shu yerdamisiz?
— A?
— Anchadan buyon shu yerdamisiz, deb soʻragandim, — Gulruh stolni aylanib oʻtib qarshimda toʻxtadi. — Qani, qoʻlingizni bering-chi.
— Bir oydan oshdi kelganimga.
— Ishlagani kelganlardanmisiz yoki...
— ... yoki adashib, deng.
— Ha, menga oʻxshab, — kuldi Gulruh.
— Menimcha, hamma adashganlar shu yerda, shekilli.
— Biznesmenmisiz?
— Shunaqaroq...
— Siz biznesmendan koʻra ilm bilan shugʻullanadigan kishilarga oʻxshaysiz.
— Peshonamda birorta yozuv oʻqimadingizmi mabodo?
— Peshonangizda oʻqimadim-u, lekin kaftingizga qarab aytdim-da. Jismoniy ogʻir mehnat qiladigan kishilarning qoʻli boshqa, qogʻoz-qalam bilan ishlaydiganlarning qoʻli boshqa boʻladi.
— Hozir mardikordan farqimiz qolmadi.
— Shunday deysiz-u, bu baribir sezilib turadi. Eh-he! — deb yubordi Gulruh birdan yopishib qolgan latta parchalarini koʻchirib olib jarohatimga tikilgancha. — Yana loʻqillab ogʻriydi, deysiz-a? Shunchalik boʻladi-yu, ogʻrimasinmi?!
— Ishga chiqsam boʻladimi?
— Yoʻq. Hozir yaxshilab tozalab, dori qoʻyaman. Ikki-uch kun ishga chiqmaysiz. Qoʻrqmang, spravka yozib beraman.
— Gap spravkada emas. Nima, kun boʻyi barakda oʻtiramanmi?
— Dam olasiz.
— E! Shu agar dam olish boʻlsa!..

Gulruh quyuq kipriklarini pirpiratgancha yuzimga tikilib turdi-da:
— Toʻgʻri aytasiz, — dedi. — Ish bilan vaqtning koʻzini oʻymasangiz, bu yerda jinni boʻlib qolish hech gapmas.

Gulruhga tikilib qoldim. U aynan koʻnglimdagi gapni gapirgandi.
— Mayli, ishga chiqaverasiz, lekin har kuni ertalab va kechqurun perevyazkaga kelib turasiz, xoʻpmi? — dedi Gulruh qoʻlimni bint bilan oʻrarkan.
— Aytgancha, oyogʻi singan yigitning ahvoli qanday? Uni shu yerga yotqizdinglarmi?
— Alisher uxlayapti. Ana, parda orqasida.
— Oʻtsam maylimi?
— Mayli.

Havorang parda ortida jips qilib qoʻyilgan uch-toʻrt karavotdan birida Alisher uxlab yotardi. Tabib qoʻli tekkanligi sezilib turibdi, rang-boshi toza, ancha oʻziga kelib qolgan, pishillab uxlardi bola bechora.
— Uygʻonganida kelganimni aytib qoʻyarsiz, — dedim eshik tomon yurarkanman.
— Kim keldi, dey?
— Davron akang, desangiz bas. Umuman, ahvoli yaxshimi oʻzi?
— Hozircha bir nima deya olmayman.
— Xoʻp, xayr, yaxshi dam oling.
— Xayr.

Hovliga chiqdim-u, oʻzimning «yoʻlkam»; boʻylab yurib ketdim. Osmonda oy barkashdek osilib turar, yulduzlar charaqlar, havo baribir sovuq edi.

Vujudimni allaqanday parishonlik, armon va gʻam-gʻussa chulgʻab oldi. Oʻzimni yolgʻiz va nochor his eta boshladim.

Yoʻlkada Husanga duch keldim. U ham poʻstinining choʻntaklariga qoʻlini solgancha aylanib yurardi.
— Bugun qanaqa kun, Husan? — deb soʻradim undan.
— Toʻgʻrisi, bilmayman... Menimcha, yakshanba boʻlsa kerak.
— Avvallari yakshanba kunlarini oʻtkazishim qiyin boʻlardi.
— Ishga oʻrganib qolganingiz uchun-da.
— Bu yerda-chi? Bu yerda nima xalaqit beryapti?

Husan chuqur xoʻrsindi. Keyin:
— Xalaqit beradigan narsa koʻp. Lekin men bu haqda oʻylamaslikka harakat qilaman. Kun tugayotganiga xursand boʻlaman, — dedi.
— Men ham...
— Yana biroz aylanamizmi?
— Yoʻq. Barakka qaytaman. Bugun negadir shashtim pastroq.
— Boʻp turadi.

Husan yoʻlkada qoldi.

Men barakka yoʻl oldim.

Hovli tepasida koptokday oppoq oy osilib turardi. Birozdan keyin sovuq shamol turdi...

Odatdagidan erta uygʻonib barakdan chiqdim.

Zoʻraygan shamol tunni oldiga solib quva boshlagan, osmonning bir cheti oqarinqirab turardi.

Medpunkt chirogʻi yoniq edi. Eshikni qiya ochib ichkariga bosh suqdim.
— Salom.
— Keling. Qoʻlingiz qalay?
— Bir nav.
— Qani-i... — Gulruh bintni yechib kaftimni koʻzdan kechirdi. — Yaxshi. Ikki-uch kun dori surib tursak ancha durust boʻlib qoladi.

Gulruh dori va bint olish uchun javon sari yurdi. Shu vaqt xonaga Poʻlat Damirovich shaxd bilan kirib keldi.
— Bu yerda nima qilyapsiz? — deb soʻradi u xoʻmraygancha mendan.
— Qoʻlimni davolatgani keldim.

Poʻlat Damirovich oʻzini gapimni eshitmaganday tutib boʻsh stulga borib oʻtirdi. Oyoqlarini chalishtirgancha Gulruhga qaradi.
— Xayrli kun, Gulruh xonim! — dedi u allaqanday kinoyali ohangda.
— Xayrli kun, — javob berdi Gulruh mutlaqo jiddiy tarzda.
— Bemoringizning jarohati jiddiymi yoki shunchaki bahonami?..
— Jiddiy.

Gulruhning gul yaprogʻiday nafis yuzi qizarinqiragan, demak, kinoyali ohangni payqagan, lekin hech narsa boʻlmaganday, oʻziga qattiq tikilib, har bir xatti-harakatini oshkora kuzatayotgan Poʻlat Damirovich goʻyo bu xonada yoʻqday, oʻzini erkin tutgancha jarohatimni tozaladi, malham surib bogʻladi. Keyin:
— Kechqurun yana kirib oʻtishni unutmang, — deb tayinladi.
— Kechqurun kelish shart emasdir. Arzimagan yara ekan-ku! — dedi Poʻlat Damirovich, ovozidan allaqanday gʻarazning hidi kelardi.
— Kelishi shart, — dedi Gulruh qat’iy ohangda.
— Nima zarur sizga! Shunaqasi daf boʻlavermaydimi?!

Gulruh nimadir deganday boʻldi. Lekin men eshitmadim. Tashqariga chiqib qoʻygandim allaqachon.

Hovlida Karimboy aka va yana besh-olti kishiga duch keldim. Ular medpunktga borishayotgan edi. Bular orasida Asliddin degan yigit e’tiborimni tortdi.
— Siz ham kasalmisiz? — deb soʻradim undan atay.
— Iye, hali xabaringiz yoʻqmi? — dedi u yurishdan toʻxtab.
— Aftingiz kasalga oʻxshamayapti-da.
— Kasalimiz ichimizda, ichimizda, — degancha Asliddin yoʻliga ravona boʻldi.

Oʻttiz beshlarga borgan, koʻzlari oʻynab turuvchi bu yigitni yoqtirmasdim. Birinchidan, chaqirilmagan mehmonday duch kelgan davraga suqilib ketaverardi. Ikkinchidan, yengil tabiatligi shundoq yuz-koʻzidan aniq-taniq aks etib turardi. Uchinchidan, oʻtgan yili sotuvchi ayollardan biriga dabdurustdan tashlanib qolganini eshitgandim. Toʻrtinchidan... darvoqe, nega unga tirgʻalib qoldim?

Nonushta qilish uchun yemakxonaga burildim. Lekin ishtaham yoʻq edi. Bir chashka qaynoq choy ichdim-u, ishga joʻnash tadorigini koʻrdim.

Shamol yanada zoʻraygan, qorning kumush zarralarini uchirardi.

Ish vaqtida Husan bilan gurunglashmoqchi boʻlib yoniga oʻtdim. Lekin uning gaplashgisi kelmayotganini, mashqi pastligini payqab ortimga qaytdim. Husan allaqanday oʻychan, odamovi boʻlib qolgandi.

Kechga borib shamol boʻronga aylandi.

Ikkinchi smenaga hech kim chiqa olmadi. Buning ustiga, chiroq oʻchib qoldi. Faqat ikkitagina sham lipillab yonib turgan xona nimqorongʻi edi. Boʻron uchirayotgan qor uchqunlari deraza oynalariga chirs-chirs urilardi.

Oʻshanda boʻron bir kecha— kunduz xuruj qildi. Ishga borish tugul tashqariga chiqishning iloji boʻlmay qoldi. Chunki qor uyumlari uylarning derazalariga qadar koʻtarilgan, yurib boʻlmasdi. Nihoyat koʻplashib bir amallab eshik ochib tashqariga chiqqanimizda boʻron tingan, quyosh charaqlab turardi.

Boʻron turgan oqshom «kontora»;da Hakim Nazarich navbatchi edi. Odatda, ular Poʻlat Damirovich ikkisi galma-galdan navbatchilik qilishardi-da. Navbati oʻtgan kishi ertalab uyiga joʻnardi. To ertasi kuni ertalabgacha uning qorasi koʻrinmasdi. Shu kuni ertalab Hakim Nazarich ham uyiga ketishi kerak edi. Lekin u bunday qilmadi. Olti-etti chogʻli kishini barakda olib qolib, qoʻllariga kurak tutdi.
— Tushlikkacha qordan asar ham qolmasin, — dedi u qor uyumlarini koʻrsatib.

Boshqalar ishga ketishdi.

Qor kurovchilar orasida men ham bor edim. Kaftimdagi jarohatim hali yaxshi bitmagani uchun kurakni tutishga xalaqit berardi. Shunday boʻlsa-da, indamasdan, jon-jahdim bilan qor kurashga kirishdim.

Azaldan qor kurashni yaxshi koʻrardim. Kechga borib qoʻlim ishdan chiqqan hisob, tuz quyganday achishib ogʻriyotgan kaftimga qarab boʻlmasdi. Jarohatim tez tuzalayotganidan xavotirda edim. Mana endi yana ancha kun medpunktga qatnash imkoni bor...

Kechqurun hammadan keyin oshxonaga kirdim.

Nargiza yigʻlab oʻtirardi.
— Nima boʻldi?

Nargiza battar hoʻngradi. Uning oʻrniga Sanobar javob berdi:
— E oʻlsin! Anovi qirchangʻi xachirlaringizdan bittasi tegajoqlik qilibdi-da. Shunga xafa boʻlib yigʻlayapti. Yigʻlash oʻrniga boplab ta’zirini berish kerak edi!
— Oʻsha qirchangʻining ismi nima ekan?
— Asliddinmi, nima edi? — Sanobar Nargizaga yuzlandi.

Nargiza oʻpkasini tutolmay yigʻlarkan, yigʻi aralash yozgʻirdi:
— Allaqayoqdagi... qalangʻi-qasangʻidan gap eshitdim... Nima haqi bor edi menga bunday deyishga?!
— Qiziq gaplarni gapirasan-a? — dedi Sanobar jahli chiqib. Dugonasini yosh boladay avrash joniga tekkan shekilli. — Har xil gaplarni eshitmayin desang, uyingda oʻtir edi.
— Hammasiga... hammasiga... Erim sababchi... Erim... Erim uquvli boʻlganida...

Yuzimdan issiq chiqib ketdi. Yo xudo, eridan nafratlanmaydigan ayol bormikin bu dunyoda?!

Jahl bilan barakka kirib bordim. Asliddin yerga toʻshalgan isqirt sholcha ustida sheriklari bilan qarta oʻynab oʻtirgan ekan. Shartta yelkasidan tutib kuch bilan oʻrnidan turgʻazdim.
— Iye, tinchlikmi, bratan? — Asliddin bez boʻlib yuzimga tikildi.
— Oshpaz ayolni nega xafa qilding?!
— Men xafa qilibmanmi? Kim aytdi buni sizga?
— Hoziroq borib kechirim soʻraysan. Aks holda, basharangni shunday bezab qoʻyamanki, tuqqan onang ham tanimay qoladi!
— Xoʻp. Xoʻp. Tong otsin...
— Yoʻq, hoziroq borib kechirim soʻraysan!
— Nega endi men kechirim soʻrarkanman? Oʻsha xotinning oʻzi-ku jilpanglagan! Toʻshakka tortsam ham yoʻq demasdi...

Asliddinning yuziga musht tushirdim. Gʻala-gʻovur koʻtarildi. Asliddinning tarafkashlari menga yopirilishdi. Rosa mushtlashuv boʻldi.

Yarim soatdan keyin Hakim Nazarichning xonasida oʻtirardim.
— Men sizni durust odam deb yursam, gʻirt bezori ekansiz-ku, — Hakim Nazarich ta’nali nazar tashlayotgan boʻlsa-da, ovozi qahrli emasdi.

Churq etmadim.
— Oʻsha ayol tanishingizmi? Bunchalik jon kuydirib himoya qilganingizga qaraganda...
— Ayol faqat tanish boʻlsagina himoya qilinadimi?!

Hakim Nazarichning yuziga qizil yugurdi.

Gurs-gurs qadam sasi eshitildi yoʻlakda, zum oʻtmasdan xonaga Poʻlat Damirovich kirib keldi.
— Bular bilan razbor qilib oʻtirasizmi, Hakim Nazarich?! Shartta kazarmaga joʻnating. Oʻsha yerda bunaqalarning surobi toʻgʻrilanadi, — dedi u kira solib.
— Barakka boring, — dedi Hakim Nazarich menga.
— Hakim Nazarich, bu nimasi?.. — deya norozilik bilan toʻngʻilladi Poʻlat Damirovich.
— Kerakli jazoni olib boʻldi, — dedi unga Hakim Nazarich quruqqina qilib.

Shoshilmasdan eshik tomon yurdim.

Ortimdan Hakim Nazarichning ovozi eshitildi:
— Yoʻl-yoʻlakay medpunktga kirib, koʻzguga bir qarab keting...

Uning ovozida allaqanday yengil kulgi ohangi borday edi.

Tashqariga chiqdim. Eshik oldida biroz turdim. Soʻng medpunkt tomon yurdim.
— Voy! — menga koʻzi tushgan Gulruh hayratdan dong qotdi.
— Nega hayron boʻlyapsiz? — dedim gapirishga qiynalayotganimni sezdirmaslikka urinib.
— Tinchlikmi?
— Tinchlik.
— Aftingizga qaraganda, tinchlik emasga oʻxshaydi.
— Koʻzgu bering, iltimos.

Gulruh stol tortmasidan toʻrtburchak koʻzgu uzatdi.
— E-ha, gap bu yoqda ekan-da! — deb yubordim koʻzgudagi aksimga qarab oʻzimni taniy olmay qolganimdan hayratga tushib.

Aytsam ishonmaysiz, yuzim kulgili tarzda qiyshayib qolgandi. Qovoqlarim yorilgan, shishib ketgan labimdan qon sizardi.
— Nima boʻldi oʻzi? — Gulruh paxta va spirt bilan yonimga keldi. — Qani, menga qarang-chi.
— Oʻh... sekinroq...
— Joningiz shunchalik shirinmi?
— Albatta.
— Mushtlashayotganda nega shuni oʻylamadingiz?
— Mushtlashganimni kim aytdi sizga?
— Aftingiz aytdi. Hali kaftingizni ham...

Men gunohkorona kulimsiragancha kaftimni koʻrsatdim.
— Voy-boʻ! Joningiz savil ekan sizni! — dedi Gulruh, keyin birdan yuzimga koʻzi tushdi-yu, kulib yubordi.

Bolalarcha begʻubor, samimiy kuldi.
— Dunyodagi eng chiroyli erkak men boʻlsam kerak.
— Ha... topdingiz...

Eshik taqilladi.
— Kiring, kiravering, — dedi Gulruh kulgidan yoshlangan koʻzlarini dastroʻmoliga artarkan.
— Gulruh Qosimovna... — yuzi qordek oppoq Hakim Nazarich eshik oldida turib qoldi.
— Juda shoshilinch emasmi? Men hozir ishimni tugataman, — dedi Gulruh.
— Tinchlantiruvchi biror nimangiz bormi?
— Hozir... Biroz kutib turing, — dedi Gulruh menga, keyin qandaydir qutini olib Hakim Nazarichga yaqin bordi. — Yana yuragingiz bezovta qilyaptimi?
— Ha.
— Qon bosimingizni oʻlchab koʻrsam maylimi?
— Yaxshi boʻlardi.
— Bu yoqqa oʻtiring.

Hakim Nazarich Gulruh surib qoʻygan stulga oʻzini tashladi. Uning mazasi yoʻq, shekilli.
— Qon bosimingiz joyida, — dedi Gulruh tonometrni stol ustiga qoʻyarkan. — Faqat yuragingiz sal tez uryapti. Menimcha, bu charchaganlik oqibati. Yana ob-havoning ham ta’siri boʻlishi mumkin. Mana bu dorini tilingiz tagiga tashlab shiming.

Gulruh Hakim Nazarichni tinchlantirib mening oldimga keldi.

Ogʻriqqa bazoʻr chidab oʻtirgandim. Asablarim nihoyatda taranglashgandi. Gulruhning yumshoq, haroratli barmoqlari qoʻlimga tegishi hamon birdan boʻshashdim: «Eh-he, bu qoʻlni allazamonlardan buyon hech kim silamagan edi...»;

Koʻnglimdan nelar kechayotganidan bexabar Gulruh oʻz ishini astoydil bajarardi.
— Ertadan boshlab ishga chiqishni qat’iyan man qilaman, — dedi Gulruh.
— Buning sirayam iloji yoʻq.
— Bu qoʻl bilan ishlab boʻlmaydi! Hakim Nazarich, ishchingizga oʻzingiz tushuntiring.
— Qoʻl kerakmi yoki pul? — biroz oʻziga kelib qolgan Hakim Nazarich gʻalati savol berdi.
— Pul, — dedim men.

Hakim Nazarich: «Mana, koʻrdingizmi?»; deganday Gulruhga qaradi.

Men indamay xonadan chiqdim.

Barakdagilarning yarmi doʻstlarcha, yarmi raqibiga qaraganday adovat bilan qarshi olishdi meni.

Kimlardir nimalardir deganday boʻldi. Ammo men hech kimga quloq solmasdan toʻgʻri borib toʻshagimga choʻzildim.

Husan negadir toʻshagida koʻrinmasdi.

Anchagacha uxlay olmasdan qiynalib yotdim. Bugungi mushtlashuvdan keyin Gulruh men haqimda qanday xayollarga bordiykin? Axir zohiran tan olgim kelmasa-da, botinimda anchadan buyon Gulruhda yaxshi taassurot qoldirish istagi tugʻilgandi-da. Bu yogʻi qandoq boʻldi? Gulruh meni kim deb oʻyladiykin? Oʻylab oʻyimning tagiga yetolmasdim. Koʻnglimdagi gʻashlik kuchaya bordi va birdan oʻzimni yomon koʻrib ketdim. Keyin butun dunyo koʻzimga xunuk koʻrina boshladi. Adyol bilan boshimni oʻrab oldim. Tashqarida gitara ovozi va allakimning boʻgʻiq xirgoyisi eshitildi: «Ax, kakaya jenshʻina...»;

Ertalab Poʻlat Damirovich soqchilari kuzatuvida barakka quzgʻunday bostirib kirdi. Biz odatdagiday safda turardik.
— Boshvoqsiz toʻnkalar! — deya baqira ketdi u kirgan zahoti quturgan itday. — Xom sut emgan, ipirisqilar! Kimdan soʻrab mushtlashuvga chiqdinglar?! A, sendan soʻrayapman?!

Poʻlat Damirovich har bir ishchining roʻparasida toʻxtab, peshonasiga barmogʻini bigiz qilib niqtardi. Navbat Husanga keldi.
— Sendan soʻrayapman, ahmoq!

Poʻlat Damirovich uning ham peshonasiga barmogʻini bigiz qilib niqtashga chogʻlandi, lekin Husan chap berdi, oʻzini chetga tortdi.

Keyin nafrat bilan:
— Qoʻlingni tort, iflos! — deb baqirdi u.
— Voy ablah! Kimni iflos deyapsan?! — Poʻlat Damirovichning koʻzlaridan oʻt chaqnadi.
— Kimni boʻlardi, seni-da, nodon! — Husan kutilmaganda xoxolab kuldi. — Nodon boʻlmasang, oʻylab gapirarding-da.
— Esi joyidami bu bolaning?!
— Oʻzingning esing joyidami? Hech zamonda mushtlashuvgayam birovdan ruxsat soʻrab chiqiladimi, galvars?!

Poʻlat Damirovichning yuzi koʻkarib ketdi.
— Soqchi! — deya chinqirdi u.

Shu vaqt eshikdan Hakim Nazarich kirib keldi.
— Nima gap? Nima toʻpolon? — dedi u hammaga bir-bir koʻz yugurtirarkan.

Poʻlat Damirovich darhol oʻzini bosib hozirjavoblik bilan dedi:
— Koʻrmaysizmi bu itdan tarqaganlarni?! Kechadan buyon mushtlashib bir-birlarining goʻshtini yeb yotishibdi! Bularning hammasini qamoqda chiritish kerak!

Husan tilini tiyib turolmadi:
— Qamoqdan nima farqi bor bu yerning?
— Hov toʻtiqush!..
— Oʻzing kenguru!
— Jim! Jim boʻling! — xitob qildi ovozini koʻtarmasdan Hakim Nazarich. — Hoziroq jim boʻllaring! Aks holda...

Barak suv quyganday jim boʻlib qoldi.
— Gap bunday, — davom etdi Hakim Nazarich, — bu yerda toʻpolon qilishga hech kimning haqi yoʻq. Nega deganda, biz hech biringizni noqonuniy ravishda bu yerda ushlab turganimiz yoʻq. Har biringizning faqat oʻzingizgagina ma’lum sabablar tufayli bu yerda yuribsizlar. Shunday ekan, bundan keyin kimda-kim toʻpolon qiladigan boʻlsa, keskin chora qoʻllashga majburmiz. Dastlabki choramiz shundan iboratki, barakda bir kishi gʻurbatni boshlagan boʻlsa-da, eng kamida yigirma kishi maoshsiz qoladi!

Safdagilar guvranib qoʻyishdi. Ammo hech kimdan sado chiqmadi.
— Ikkinchi chora shundan iboratki, bezorilik qilgan shaxs bilan adi-badi aytishib oʻtirilmaydi, ishi toʻgʻridan-toʻgʻri sudga oshiriladi. Tushunarlimi?

Safning u yer-bu yeridan gʻudrangan, boʻgʻiq ovozlar eshitildi.
— Tushunarli boʻlsa, juda soz, — dedi Hakim Nazarich, keyin Poʻlat Damirovichga yuzlandi. — Ketdik!

Poʻlat Damirovich boʻgʻriqqanidan qip-qizarib ketgan, lekin Hakim Nazarichga e’tiroz bildira olmasdi.

Ikkala boshliq ham chiqib ketishdi.
— Qari tullak! — deya soʻkindi Husan. — Biz uchun eng ogʻir jazo iqtisodiy chora deb oʻylaganini qarang. Shu qilganiga keyingi maoshning bir tiyinini ham olmayman. Basharasiga qarab otaman!
— Menimcha, Hakim Nazarich bir oʻq bilan ikki quyonni urdi, — dedim oʻychan ohangda.
— Tushunmadim.
— Nimasini tushunmaysiz? U siz bilan meni Poʻlat Damirovichning zugʻumidan asrab qoldi.

Endi Husan oʻylanib qoldi.

«Ha, odamlar bilib aytisharkan, — deya xayoldan oʻtkazdim. — Hakim Nazarich insofli odam. Menga noma’lum qandaydir sabablar tufayli Poʻlat Damirovichning ustidan hukm yurgizadigan va vaqti-vaqti bilan uning zulmona xatti-harakatlarini cheklab turadigan mana shu mulohazakor Hakim Nazarich boʻlmaganida bu yerdagilarning shoʻri qurirkan!»;

Ertalab medpunkt eshigi oldida yana Poʻlat Damirovich bilan toʻqnash keldim.
— Siz haliyam bu yerda oʻralashib yuribsizmi? — dedi u mayda hasharotga qarayotgandek ijirgʻanib tikilarkan.

Men uni payqamagandek indamadim, shunda u shu qadar qizarib-boʻzarib, gʻazabdan qaltirab ketdiki, iloji boʻlsa, dast koʻtarib uloqtirib yuborsa yoki yerga yumalatib koptokdek obdon tepkilasa, toptasa, keyin tovonlari bilan xumordan chiqquncha ezgʻilab, abjagʻimni chiqarib yoʻq qilib tashlagudek!
— Hoy paytavaquloq, koʻppak, burdalab tashlamasimdan bu yerdan yoʻqol! — dedi u gʻazabini zoʻrgʻa bosib.
— Oʻzing yoʻqol!
— Kelgindi, sayoq...
— Oʻzing oʻris choʻchqasisan!

Poʻlat Damirovichning yuzi qiyshayib ketdi. Adl qomatini egdi-yu, etigining qoʻnjiga qoʻl yubordi. Xuddi shu vaqtda ostonada Gulruh paydo boʻldi.
— Poʻlat Damirovich, ukol vaqti boʻldi, kirmaysizmi? — dedi u hech narsadan bexabarday xotirjam ohangda.
— Hozir...

Poʻlat Damirovich yonimdan oʻtayotib yana turtib oʻtishga urindi, lekin bu safar uddasidan chiqolmadi. Men oʻzimni chetga tortishga ulgurdim.
— Gulruh Qosimovna, sizni koʻrsam etim junjikadigan boʻlib qolibdi, — Poʻlat Damirovichning quvnoq ovozi eshitildi ichkaridan.
— Qoʻrqinchli maxluqqa oʻxshaymanmi shunchalik?
— Siz ezgulik va yorugʻlik farishtasisiz!
— Ezgulikni tushunsa boʻladi, lekin nima uchun yorugʻlik?..
— Yorugʻlik, bu nur, harorat degani. Sizga qarasam zimiston koʻnglim yorishib ketadi!
— Sizning koʻnglingiz ham gʻash boʻladimi?
— Eh!.. Oʻylaysizki, bu odam...
— Mana, boʻldi, endi bemalol ishga ketaverishingiz mumkin.
— Gulruh Qosimovna, men ketmasdan shu yerda oʻtirsam maylimi? Sizni qorovullab!..
— Mayli-yu, lekin nima uchun, kimdan qorovullaysiz?
— Tashqarida turgan ta’viyadan! Bilasizmi, u qanaqa maxluq?!
— Ishga kech qolmaysizmi?
— Menda ish vaqti degan narsa yoʻq. Anovi maxluq sizga birdan tashlanib qoladimi degan tashvishdan boshqa tashvishim ham yoʻq.
— Unchalikka borishmaydi...
— Men ularni yaxshi bilaman. Pul uchun oʻzini tomdan tashlaydi ular. Aks holda, bu yerda xor-zor boʻlib yurisharmidi?! Mana bittasi oʻzingizga ma’lum, qoʻlidan ayrilib qolishini bila turib bir kun ham ishdan qolmaydi. Ishga chiqmasa moʻmay puldan quruq qoladi-da! Hoynahoy, u yoqda besh-oltita bolasi, xotini bordir. Jarohati gangrenaga aylanib ketsa nima boʻladi?! Daydi-kelgindilar bosib ketdi hamma yoqni!
— Poʻlat Damirovich, esingizdan chiqarmang, men ham oʻshalardanman!
— Sizni qismat bu yerga boshlab kelgan. Men bilan uchrashtirish uchun.
— Aytgancha, ukolingiz kam qoldi. Olib kelib berasizmi?
— Ertaga opkesam boʻladimi?
— Ha, bugunga yetarli. Davron!

Xonaga kirdim. Eshikni ochganimda yoʻlakdagi gʻala-gʻovur ichkariga yopirildi.
— Odam koʻpmi? — soʻradi Gulruh.
— Odatdagiday, — toʻng javob berdim.

Gulruh yuzimga gʻalati qaradi.
— Poʻlat Damirovich, ukoldan keyin biroz yotishingiz kerak.
— Shunaqami?

Poʻlat Damirovich oʻrnidan turdi.
— Eh-he, irib ketibdi-ku! — dedi u jarohatimga koʻz tashlarkan. — Hademay qoʻldan ayrilishi turgan gap!

Churq etmadim. Sezib turibman, u atay shunday deyapti. Yuzidagi kishining jigʻiga tegadigan, qadr-qimmatini yerga uradigan ifoda va kulgisi shu qadar tahqiromuz ediki, bazoʻr oʻzimni bosib, goʻyo uni pisand qilmagandek to xonadan chiqib ketguncha surbetlarcha tikilib turaverdim.
— Gʻalati kishi, a? — dedi Gulruh uning ortidan.
— Qoʻlida toʻpponchasi bor toʻnka!
— Bugun kayfiyatingiz yoʻqroqmi?
— Binoyiday.
— Qoʻlingiz kechasi qattiq ogʻrimadimi?
— Yoʻq!
— Uch-toʻrt kun ishga chiqmay turaqoling.
— Puldan quruq qolaman!
— Yosh bola ekansiz! Kechqurun sal vaqtliroq keling, negadir odam koʻpayib ketyapti.
— Oʻylab koʻraman.

Avzoyim buzilgandi. Asabiylashardim.

Tashqariga chiqdim. Oʻz-oʻzidan jahlim chiqa boshladi. Qoʻllarida supurgi va chelak koʻtarib olgancha boqilgan gʻozday hovlida lapanglab yurgan Sanobarga koʻzim tushib xotin zotiga nafratim oshdi. Ayollar yangi hayotga tez koʻnikadilar va hech jirkanmay, unga qarshi ruhan isyon koʻtarmay, bundan hech qanday qoʻrqinchli narsa ham kutmasdan, oʻzlarining yangi taqdiriga peshvoz chiqaveradilar, shekilli. Ular pullarini yoki biror qimmatbaho taqinchogʻini oʻgʻirlatib yoki yoʻqotib qoʻyishgandagina qattiq qoʻrqib ketsalar kerak.

Gulruh ham shularning biri-da. Kim bilsin, u soddalikni oʻziga niqob qilib olgan makkoradir ehtimol. Axir, erkaklar tomonidan ulugʻlanib, koʻklarga koʻtariladigan yoqimli soddalik koʻp hollarda muhtarama zaifalarimizni xavf-xatardan saqlab qolgan...
— Alisherning ahvoli yaxshimi? — deb soʻradi tushlik mahali yonimga kelgan Nurali.
— Durust, shekilli.
— Oʻzini koʻrib turibsizmi?
— Bir marta.
— Karimboy akaning negadir qovogʻi ochilmaydi. Shuning uchun soʻrayapman-da.
— Unchalikmas, menimcha. Har gal borganimda uxlab yotgan boʻladi.
— Husan koʻrinmaydimi?
— Husan? Shu atrofda yuruvdi.
— Undan biroz spirt soʻrasam degandim. Negadir chap oyogʻimning barmoqlari qichishyapti. Sheriklarim spirt bilan artish kerak, deyishdi.
— Yaxshisi medpunktga uchrang.
— Qandoq boʻlarkin? Shusiz ham kasallar koʻpayib ketdi.
— Spirt topish qochmas. Avval doʻxtirga uchrashing.

Nurali ketdi.

Qoʻlim ishga bormay, xodalardan birining ustida anchagacha xayol surib oʻtirdim. Menga qadrdon manzillardan oʻtib kelayotgan quyosh naq tepamizda turib olib kumushrang nurlarini moʻl-koʻl sochardi, ammo oʻlay agar, zarracha ham tafti yoʻq edi. Ha, bu yerning oʻzi bir olam. Nafaqat tartib-qoidalari, balki bu yerning quyoshi ham, oyi ham oʻzgacha. Charaqlab turadi-yu, tafti yoʻq. Bu yerda inson qanchalar tubanlashuvi, oʻzligini yoʻqotishi, botiniy dunyosidagi eng oliy tuygʻularini ham hech ikkilanmasdan halok etib yuborishga qodir. Shu bilan bir vaqtda butunlay buning aksi yuz berishi ham mumkin. Zotan, kulfat ham oʻziga xos narsa. Kulfat tufayli hayotni chuqurroq his etadigan boʻlib qolasan...

«Chilparchin boʻlgan hayotni tiklab boʻlarmikin?»;

Allaqaydan oʻq ovozi eshitilganday boʻldi. Sergak tortib yon-verimga qaradim.

Toshpoʻlat bilan Fayzi ham hayron boʻlib turishgandi.
— Oʻq ovozimi? — deb soʻradim ulardan.

Shu vaqt ikkinchi oʻq ovozi yangradi.

Bu gal aniq eshitdim.
— Soqchilar «urush-urush»; oʻynashyapti chogʻi, — dedi Toshpoʻlat.
— Husan hali qaytmadimi? — ajablandim.
— Qayoqqa ketgandi oʻzi? — taajjublandi Toshpoʻlat.

Koʻz ilgʻaydigan yerlarni kuzatib Husanni qidirdim. Afsuski, yaqin-oʻrtada uning qorasi koʻrinmadi.

Bir mahal Qilichbek hovliqqancha kelib qoldi.
— Hamma shu yerdami? Iye, hov... Husan qani?
— Ertalab shu yerdaydi, — dedi Fayzi.
— Ertalab shu yerda ekanligini bilardim, lekin hozir qani u? — koʻzlari ola-kula boʻlib baqirdi Qilichbek.
— Men qayoqdan bilay! — Fayzi nari ketdi.

Qilichbek besaranjom nigohlarini menga tikdi.

Men kumushrang boʻshliqdan koʻz uzmadim.

Qilichbek qurilish binosi tomon yugurdi.

Uzoqdan qaraganda, oppoq qor ustida yumalab ketayotgan tarvuzga oʻxshardi u.

Kun allaqanday noxush bezovtalik bilan oʻtdi.

Quyosh oʻrmon ortiga bekindi. Uning qaragʻay shoxlari uchiga ilinib qolgan soʻnggi nurlari ham zavol topdi, qosh qoraydi. Shundan keyingina bizni ishni tark etib, barakka chorlovchi qoʻngʻiroq ovozi eshitildi.

* * *

Koʻchada mirshablarning yuk mashinasi turardi. Darvoza oldida besh-oltitasi uymalanishgan. Furajkalarining qayishlari tushirilgan. Miltiqlarining stvollari chiroq nurida sovuq yiltiraydi.

Nimadir yuz bergani ma’lum.

Mirshablar bizni birma-bir koʻzdan oʻtkazishdi.

Ichkariga kirganimizdan keyin soqchilar bizni oʻz ixtiyorimizga qoʻyib yuborishdi. Ammo uzoqqa ketmay hovlining u yer-bu yerida turib olishdi.

Oshxona derazasi oldida turgan Nargiza meni imladi.
— Voy, Davron, bormisiz? — dedi rangi quv oʻchgan ayol.
— Nima gap?
— Xabaringiz yoʻqmi? Bugun bittasi qochib ketmoqchi boʻlgan ekan, soqchilar shartta otib tashlashibdi!
— Kim ekan?!
— Ismini bilmadim... Hovlidan olib oʻtishayotganda koʻrib qoldim. Hamma yogʻi qon... Yoshgina yigit...
— Hozir qayerdaykin, bilmaysizmi?
— Medpunktda shekilli. Oʻsha yoqqa opkirib ketishdi-yu...

Medpunkt eshigiga qaradim. U yerda miltigʻini yelkasiga osgan soqchi turardi.

Shoshilayotgan, ichimni allanima timdalayotganiga qaramasdan imillab yuvindim. Ovqatlandim. Gʻala-gʻovur, oʻzaro shivir-shivirlar qulogʻimga kirmasdi. Ammo, nazarimda, hamma pichirlab gapirayotganday tuyilardi.

Sheriklarimga bir-bir nazar soldim, basharalar turfa boʻlishiga qaramay, barida allaqanday xavotir, mavhum umid, loqaydlik va sarob jimirlayotgan bu nigohlar boʻm-boʻsh edi!

Medpunkt tomon yurdim.

Soqchi avvaliga ruxsat bermadi, qoʻlimdagi jarohatimni koʻrsatganimdan keyin ichkariga kirib ketdi. Bir ozdan keyin qaytib chiqib: «Kir!»; deganday ishora qildi.

Gulruh xomush qarshi oldi.
— Yarador yigit shu yerdami? — deb soʻradim undan.
— Ha.
— Ahvoli qalay?
— Yaxshi emas, — deya pichirladi Gulruh.
— Koʻrsam boʻladimi?
— Yuring.

Gulruh parda ortiga boshladi.

Devor yonidagi karavotda Alisher yotardi. U uxlamayotgandi, lekin meni koʻrishi bilan koʻzlarini yumib oldi. Gaplashgisi kelmadi chogʻi. Uning yonidagi karavotda Husan yotardi!

Koʻzlarimga ishonmay unga yaqinlashdim.
— Husan...

Husan «qilt»; etmadi. Uning yuzi boʻzga oʻxshab qolgandi. Koʻzlari chala yumuq. Qovoqlari shishgan. Qorni kindigining atrofi bilan bogʻlangan... Tiriklikdan nishon yoʻqday...

Yoniga tiz choʻkdim. Nafas olishiga quloq tutdim. Yuziga barmoqlarimni tekkizdim: issiq. Xayriyat.
— Koʻp qon yoʻqotgan, — dedi Gulruh parda ortidan sirgʻalib chiqarkanmiz. — Oʻsha zahoti opkelishganda bunchalik boʻlmasdi.
— Yaqinda opkelishdimi?
— Yaqinda... Kazarmada ikki soatdan koʻp qon ketib yotgan... Yaxshiyam Hakim Nazarich xabar topib qolib bu yoqqa yuboribdi.
— Jarohati ogʻir emasmi?
— Ogʻir emas, ammo koʻp qon yoʻqotgani pand berib qoʻymasa, deb qoʻrqaman... Qoʻlingiz qalay?
— Bugun unchalik ogʻrimadi.
— Keling, dori surib qoʻyaman.

Har safargiday Gulruh stolning naryogʻida, men bu tomonida oʻtirdik. Qoʻlimni stolga qoʻydim. Gulruh bintni yecha boshladi. Koʻz qirim bilan harakatlarini kuzatdim. Shiftdan taralayotgan nur uning yuzida aks etardi. Jiddiy va bir oz parishon chehrasida men uchun begona, tushunishim qiyin boʻlgan allaqanday sir-sinoat mavjud edi. U bilan bemalol gurunglashib oʻtirgim kelardi, ammo gapni nimadan boshlashni bilmasdim. Axir bu ayolni yaxshi bilmayman, u kim, qaysi olamdan kelib qolgan parizod, tasavvur qilolmasdim haligacha. Tikilganim sayin u mendan uzoqlashayotganday...

Muolaja nihoyasiga yetgach, tashakkur aytib oʻrnimdan turdim.
— Xayrli tun, — dedi Gulruh. — Oʻrtogʻingizdan xavotir olmang. Unga oʻzim qarayman.
— Xayrli tun.
— Ertaga ertalab... yana kelasizmi?

Yalt etib qaradim. Gulruh intiqlik bilan qarab turganday tuyildi.
— Albatta, kelaman.

Eshikka yetgach, ortimga oʻgirildim.

Gulruh hamon qarab turardi.

Kulib qoʻydim.

Gulruh qoʻlini silkidi.

Tashqariga chiqdim.

Yana gupillatib qor yogʻardi. Havo iliq edi. Yoʻlak boʻylab yurdim. Yuragimni ham iztirob, ham allaqanday yoqimli bir toʻlqin bezovta qilardi. Nursiz-jilosiz, oddiy turmush qorishmasidan iborat boʻlgan, suvday rangsiz hayotimga nimharir yogʻdu taralayotgandek edi.

Ertasiga ertalab borganimda Husanni soqchilar kazarmaga olib oʻtishganini eshitdim.
— Hali oʻziga kelganicha yoʻq. Oʻlib qolishi mumkin, deb necha marta aytdim ularga. Quloq solishmadi, — dedi xafa boʻlib oʻtirgan Gulruh.
— Yaxshi boʻlmabdi.

Parda ortiga oʻtdim. Alisher shiftga tikilib yotgan ekan, hol-ahvol soʻradim.
— Keling, birpas oʻtiring, — dedi u siqilib ketgandek aftini bujmaytirib.

Kecha Husan yotgan karavotga oʻtirdim. Yuragim simillab ketdi. Kechagina bu yerda Husan yotgandi. Yana koʻrishish nasib qilarmikin? Kazarmada ahvoli ne kecharkin?
— Qachon ishga chiqasiz endi, Alisher?
— Bilmadim... Hali-beri chiqadiganga oʻxshamayman. Singan suyak bitib qolganday, lekin oyogʻimni bosa olmayapman. Ogʻriqni-ku qoʻyavering... Barmogʻimni jodi kesib ketganidayam bunchalik ogʻrimagandi.
— Dardning kelishi oson, ketishi qiyin, — dedim boshqa gap topolmay.
— Yaxshi boʻlib ketarmikinman?..

Titrab ketdim.

Yonoqlari chuqurlashgan, chekka tomirlari boʻrtib ketgan, kirtaygan koʻzlarida mungli iltijo qotib qolgan yigitchaning yuziga tikilib qaray olmadim.
— Husan aka uch-toʻrt kun davolanishi kerak edi-da, — dedi Alisher. — Ahvoli ancha ogʻir ekan. Haliyam... — Alisher ovozini pasaytirdi. — Hamshiramiz zoʻr ekan. Husan akaning qornidan oʻqni shartta olib tashladi.
— Oʻq bittamidi?
— Bitta, shekilli.

Gulruhga tan berdim ichimda. Oddiy hamshiraning shunchalar uddaburonligi tahsinga sazovor emasmi?

* * *

Kechki payt.

Ishdan qaytdim-u oʻzimni oshxonaga urdim. Qornim oʻlarday och edi.

Stollar boʻm-boʻsh. Yemakxonaga hali hech kim kirmagandi. Nargiza bilan Sanobar ulkan qozon yonidagi stol atrofida oʻtirganlaricha... qarta oʻynashardi!
— Muborak boʻlsin!
— Ha, Davron, sizmisiz? Ovqat suzaymi yo bizga qoʻshilib bir qoʻl oʻynaysizmi? — dedi Nargiza qartalaridan koʻz uzmay.
— Men bilmayman.
— Voy, oddiy «Durak»;ni bilmaysizmi? Nimani bilasiz oʻzi? — Sanobar ta’nali nazar tashladi.
— Qimorni bilaman, xolos, — dedim joʻngina.
— Yaramas! Bularning sogʻi yoʻq, — Nargiza qartalarini tashlab oʻrnidan turdi, peshbandini oldiga tutib qozon yoniga bordi.
— E, oʻlib ketsin! Siqilganimdan yorilib ketguday boʻlyapman, — dedi Sanobar. — Qarta oʻynasak sal koʻnglim yozilarmidi degandim. Buyam toʻgʻri kelmadi.
— Davron, keling, ovqat tayyor, — chaqirdi Nargiza.

Hovlidan ola-tasir, shovqin-suron eshitildi. Yugurib chiqdim. Medpunkt oldida besh-olti kishi toʻplanib turishardi.
— Nima gap? — soʻradim shu yerdagilarning biridan.
— E, anovi Asliddin yana «chp»; qilgan, shekilli.
— Tushunmadim.
— Asliddin: «Kasalman, isitmam chiqyapti»;, deb xonaga kiribdi-yu, hamshiraga tashlanib qolibdi. Kayfi bor ekan-da. «Hech boʻlmasa bitta oʻptiring!»; deb yalinarmish...

Hangomatalablar hihilashdi.

Chidab turolmadim.

Eshikni shartta ochib ichkariga bostirib kirdim. Nazarimda, Gulruh yolgʻiz oʻzi yigʻlab oʻtirganday edi. Ammo ichkarida butunlay boshqa manzaraning guvohi boʻldim. Gulruh hech narsa boʻlmaganday qarshi oldi. Bundan tashqari, u yolgʻiz emasdi. Xonada Poʻlat Damirovich bor edi.
— Bu yovvoyi odamlardan bundan battar yovuzlikni kutish mumkin. Gulruh Qosimovna, haliyam fikringizdan qaytmadingizmi? — dedi Poʻlat Damirovich menga qoʻli bilan chiqib turing, degandek ishora qilarkan.

Qimir etmadim.
— Poʻlat Damirovich, tashvishlanmang, men birovlarga oʻzimni oyoq osti qildirib qoʻyadiganlardan emasman, — deb javob berdi Gulruh, keyin menga yuzlandi: — Nega kech qoldingiz?
— Bunaqa oʻjar ekanligingizni bilmagan ekanman, — Poʻlat Damirovich eshik tomon yurdi. Keyin birdan ortiga oʻgirilarkan, istehzoli kulimsiradi. — Shoʻringizga shoʻrva toʻkilganda meni eslarsiz, lekin unda kech boʻladi!

Gulruh ham undan qolishmadi:
— Yaxshi niyatlaringiz uchun tashakkur!

Poʻlat Damirovich chiqib ketdi.
— Qani, qoʻlingizni bering, — dedi Gulruh.

Bor jur’atimni toʻplab:
— Birovning shaxsiy ishiga aralashish noqulay, lekin... U sizni qoʻrqityaptimi?.. — deb soʻradim Gulruhdan.
— Boyagi mashmashani eshitgandirsiz? Poʻlat Damirovich shuni dastak qilvolib, «Shtab»; yonidagi xonaga koʻchib oʻtishimni taklif qilyapti.
— Siz koʻnmadingiz.
— Koʻrib turganingizday.
— Balki u haqdir. Koʻchib oʻtganingiz durustmidi? Har qalay, u yer bexavf...
— Poʻlat Damirovich ham shuni ta’kidlayapti. U yoqqa borish tugul, yonidan oʻtishga hech kimning jur’ati yetmaydi, deydi.
— Toʻgʻri. Shunisi qulay emasmi siz uchun?..
— Boshqalar uchun qulayligi bordir. Lekin men uchunmas!
— Har xil odam bor. Bugungiga oʻxshash voqea... Qoʻrqmaysizmi?
— Qoʻrqmayman, — beparvo javob berdi Gulruh.

Unga tikilib qoldim.

Besh daqiqalardan keyin Gulruh ishini tugatdi. Shungacha u garchi nigohlarimni his etayotgan boʻlsa-da, yuzimga qaramadi.
— Boʻldi. Ketishingiz mumkin, — dedi u.

Qimir etmadim.
— Yana ikki kun kelsangiz yetadi. Jarohatingiz ancha yaxshi.

Indamay oʻtiraverdim.

Shunda u na menga, na biror narsaga qaramasdan, boʻshliqqa tikilgancha:
— Qoʻrqaman... — dedi, ovozi titrardi. — Lekin qoʻrqqanimni dahmaza qilishim shartmi? Umuman olganda, hammamiz tutqunmiz bu yerda. Tutqunlikni tan olib, atrofimdagilarga javdirayversam, bilasizmi, ular ne koʻyga solishadi? Hayotda koʻp qiyinchilik koʻrganman. Bu haqda boshqa vaqt bafurja gapirib berarman. Agar eshitishni xohlasangiz. Ammo hozir bir gapni dangal aytishim kerak. Oʻsha qiyinchiliklar tufayli men oʻz atrofimda butunlay boshqacha atmosfera yaratish hadisini olvolganman. Siz tushuna olmayotgan, toʻgʻrirogʻi, sizni ajablantirayotgan sirim shu, — Gulruh kulib qaradi. — Endi tushundingizmi?

Men bosh silkidim.
— Endi xonani boʻshatarsiz, boshqalar kutib qolishdi.

Men yana bosh silkidim, ammo oʻrnimdan qoʻzgʻalmadim.
— Yana nimadir demoqchisiz, shekilli?

Bosh irgʻadim.
— Soʻrang, — Gulruh yuzimga zavq bilan tikildi.
— Siz oddiy hamshira emassiz!

Gulruh darrov javob bermadi. Sirli kulimsiragancha:
— Hamshira, oddiy hamshira, xolos, — dedi birozdan keyin.

Eshik betoqatlik bilan taqilladi.

Oʻrnimdan turdim.
— Yana ikki kungina kelamanmi bu yerga? — deb soʻradim xafa boʻlib.
— Yaxshi emasmi?
— Bunaqasi ketmaydi. Qoʻlim hali-veri yaxshi boʻlmasligi kerak. Bu borada biror maslahat bera olmaysizmi?
— Qaltisrogʻidanmi?
— Ha.

Gulruh oʻylanib qoldi.

Eshik yana taqilladi.
— Yaxshisi, ertaga kelganingizda aytaman, — dedi u. — Faqat sal vaqtliroq yoki sal keyinroq keling.
— Uzundan-uzoq, buning ustiga, eng xatarli maslahatmi, deyman?
— Shunaqa.
— Yestь! — qoʻlimni chakkamga qoʻydim.

Eshik shaxt bilan ochildi. Bir odam ichkariga otilib kirdi. Alang-jalang qilgancha:
— Bu yerda nimalar boʻlyapti oʻzi?! — deya baqirdi.

Beixtiyor kulib yubordim.

Tashqariga chiqdim.

Oshxonada ham, barakda ham chiroq yoniq edi.

Tun zabtiga olgan hovlida ancha vaqt aylanib yurdim. Keyin «Kontora»; tomon oʻtdim. Pul kerak edi. Ichkarida chiroq koʻrindi. Demak, Hakim Nazarich hali uygʻoq.

«Gʻamxoʻr knyazь, — degan gʻalati fikr keldi kallamga tashqariga chiqib, eshik oldida turarkanman. — Bu yogʻi qandoq boʻldi?»; Bir ozdan keyin: «Bu haqiqatan ham begʻaraz gʻamxoʻrlikmi yo biror maqsadni koʻzlab qilinayaptimi?»; degan shubha miyamga urildi.

Barakka kirdim.

Ammo sira uxlay olmadim.

Ertalab oshxonada nonushta qilib oʻtirganimda Hakim Nazarich meni yoʻqlayotganini aytib qolishdi. Medpuktga borarmishman.
— Gulruh Qosimovna bilan gaplashdim, — dedi Hakim Nazarich xonaga kirib borganimda. — Siz bilan ishlashga mutlaqo qarshi emas ekanlar.

Gulruh jilmaydi.
— Hoziroq koʻchib kelishim kerak ekan-da, — dedim.
— Eshik oldidagi kursi sizniki, — dedi Hakim Nazarich, keyin burilib Gulruhning qoʻltigʻidan olib tashqariga boshladi. — Gulruh Qosimovna, sizga ham ikki ogʻiz gap...

Ularning suhbatini eshitmadim.

Oʻn daqiqalardan keyin Gulruh xonaga qaytib kirdi.
— Bu fikr sizdan chiqmaganmidi ishqilib? — deb soʻradi u.
— Mendan chiqqan taqdirda ham ular inobatga olishmasdi, — dedim rostiga koʻchib. — Bu «mehribon knyazь»;ning ishi!

Gulruh kim haqida gapirganimni tushundi.
— Avval jarohatingizni bogʻlab qoʻyay, keyin postingizni egallaysiz, — dedi u bint va malhamni stol ustiga qoʻyarkan.
— Husanning ahvolidan xabaringiz bormi?
— Yoʻq. Eslasam etim jimirlab ketadi. Eh!..
— Xabar olishning iloji bormikin?
— Poʻlat Damirovich baribir ruxsat bermaydi. Soqchilardan bittasi oshqozoni ogʻrib oldimga kelgandi. Husanni kazarmada yotibdi, deydi. Shtabning orqa tomonida kazarmaning allaqanday darchasi bor ekan. Oʻsha darcha orqali uni koʻrsa boʻlarmish. Lekin yordam berolmagandan keyin koʻrishdan nima naf?
— Shtabning orqa tomonida dedingizmi?
— Ha. Mana, boʻldi, endi postingizga boraqoling.
— Qanaqadir maslahat bermoqchiydingiz.
— Endi hojati yoʻq.
— Anavi kursi menikimi?
— Ha.
— Sizningcha, bu kursi ichkarida turgani yaxshimi yoki yoʻlakda?..
— Ham ichkarida, ham tashqarida, — deb javob berdi Gulruh.

Tushundim.

Shunday qilib, ishni «kontora»;da davom ettira boshladim. Vazifam ertayu kech medpunkt eshigidan jilmasdan kirgan-chiqqanni kuzatish. Poʻlat Damirovich daf’atan meni bu yerda koʻrib tepa sochi tikka boʻlib ketdi.
— Nega haddingizdan oshyapsiz? Kim ruxsat berdi sizga? — deya zahrini sochdi u.
— Hakim Nazarich... — deyishimni bilaman, Poʻlat Damirovich ilon chaqqanday sapchib tushdi.
— Hakim Nazarich?! Men...

U otilib tashqariga chiqib ketdi.

Gulruh qoʻl silkib qoʻydi.

Tushdan keyin Poʻlat Damirovich yana medpunktda paydo boʻldi.

Bu safar u menga zahrini sochmadi. Hakim Nazarich boplab popugini pasaytirib qoʻygan chogʻi...

Qiziq, olov bilan suvdek bir-birining mutlaqo aksi boʻlgan bu ikki odamni nima, qanday maqsad bogʻlab turgan ekan?

Darvoqe, Poʻlat Damirovich...

U xonaga kirib Gulruhning roʻparasidagi stulga oʻtirdi-da:
— Muolaja vaqtida xonada begona odamning boʻlishini xohlamayman, — dedi keskin ohangda.

Gulruh menga qaradi.

Indamay yoʻlakka chiqdim.

Eshik ochiq qoldi.
— Gulruh Qosimovna, sizdan xafaman, — dedi Poʻlat Damirovich.
— Bu mening ishim emas.
— Hakim Nazarichning gʻamxoʻrligini qabul qilmasligingiz kerak edi!
— Nima deyishga ham hayronman.
— Insof yuzasidan ayting, sizning xavfsizligingiz haqida birinchi boʻlib kim ogʻiz ochgandi?
— Siz.
— Nega unda... Nega... Oʻrtadan «lop»; etib chiqqan allaqanday odamning gapiga kirib!..
— Hakim Nazarich allaqanday odam emas.
— Baribir bu... bu adolatsizlik!
— Poʻlat Damirovich, nima farqi bor, «shtab»; yoniga oʻtdim nima-yu, bu yerda turdim nima...
— Men uchun farqi bor!
— Poʻlat Damirovich, agar xafa boʻlaversangiz muolajani toʻxtataman!

Jimlik.

Bir ozdan keyin:
— Boʻpti, xafa boʻlmaslikka va’da beraman, — degani eshitildi Poʻlat Damirovichning. — Faqat bitta shartimga koʻnsangiz...
— Shart qoʻymasdan gapira olasizmi? — kuldi Gulruh.
— Sizning va’dangizni olmagunimcha shart qoʻyaveraman.
— Oh, xudoyim!
— Tunov kungi gapga nima deysiz?
— Yoʻq va yana yoʻq!
— Oʻylab koʻring.
— Oʻylab koʻrdim!
— Oʻzingizni buncha taroziga solmasangiz? — birdan ovozi oʻzgardi Poʻlat Damirovichning.
— Taroziga solish emas bu!
— Taroziga solishdan boshqa narsa emas! Aslida bunchalikka bormasangiz boʻlardi!
— Bu bilan nima demoqchisiz?
— Oʻzingiz juda yaxshi tushunib turibsiz!
— Muolaja tugadi. Keting!
— Yoʻq, hali tugamadi! Bemorni tashlab qoʻyishga haqingiz yoʻq. Siz qasam ichgansiz!
— Afsuski, shunday!..

Yana jimlik.

Gulruh qirt-qirt qilgancha nimanidir qirqdi.
— Mana, endi ketishingiz mumkin, oʻrtoq bemor, — dedi u birozdan keyin asabiy ohangda.
— Gulruh...
— ...
— A, Gulruh... Xafa boʻldingizmi?
— Xafa boʻlishga haqim yoʻq. Axir, men qasam ichganman!
— Sizning nafaqat ninangiz, balki tilingiz ham oʻtkir. Sanchilgan yeridan qon chiqarmasa qoʻymaydi.
— Yaxshi boring.
— Taklifimni yana bir bor oʻylab koʻring. Kechqurun koʻrishguncha!

Poʻlat Damirovich yoʻlakka chiqdi. Menga nafratomuz tikilgancha ilonday vishillab:
— Kelgindilarni koʻrishga toqatim yoʻq! — dedi-yu, yonimdan zuvillab oʻtib ketdi.

Ichkariga kirdim.

Deraza oldida turgan Gulruhning yuzi qogʻoz boʻlib qolgandi.
— Agar u sizga yana bir marta shunday muomala qilsa, Hakim Nazarichga ustidan shikoyat qilaman, — dedim sekin.
— Aralashmang siz! — deb baqirib yubordi Gulruh.

Nafasim ichimga tushib ketdi. Yoʻq, qoʻrqqanimdan emas. Bundan chiqdi, Gulruh Poʻlat Damirovichga befarq emas ekan-da, degan oʻydan hafsalam pir boʻldi. Qorovullikni boʻynimga olganimga pushaymon boʻldim.

Shu kuni Gulruh bilan boshqa gaplashmadim.

Tun.

Soat ikki yarim-uchlar atrofida ham uygʻoq edim.

Gulruhning xonasidagi chiroq yaqinda oʻchdi. Shungacha u ham uxlamagandi. Xonada u yoqdan-bu yoqqa yurib turdi.

Ayolning qadam tovushlarini sanab yotardim yoʻlakdagi karavotda. Bir mahal qadam tovushlari eshitilmay qolganida asta oʻrnimdan turib eshikdan moʻraladim. Gulruh deraza oldida turgandi. Joyimga qaytdim. Bir ozdan keyin ayol yana u yoqdan-bu yoqqa yurishni boshladi. «Asabiylashyapti»;, — dedim ichimda. Odamning qadam tovushiga quloq tutib uning asabi joyida emasligini bilish mumkinligiga aqlim yetdi.

Mana, nihoyat chiroq oʻchdi. Demak, Gulruh uxlab qoldi.

Sekin oʻrnimdan turdim. Eshik oldiga chiqib, birpas turdim. Tevarakni kuzatdim. Hamma yoq jim-jit. Hatto soqchilar ham pinakka ketgandi. Qorni gʻichirlatmasdan bir-bir bosib «shtab»; tomon yurdim.

Bu oqshom Poʻlat Damirovich navbatchi edi. Beriroqda turgancha u tunaydigan xonaning derazasiga koʻz tashladim. Tunchiroqning xira yogʻdusi lipillab turardi. Devor yoniga oʻtib yana biroz kutdim. Bir qadam narida deraza. Men shu deraza yonidan bildirmay oʻtishim kerak edi. Bir mahal ichkarida nimadir daranglab ketdi. Uning ketidan ayol kishining kulgisi eshitildi. Hushyor tortdim. Devorga qapishib oldim. Deraza roʻparasida bir juft soya paydo boʻldi. Keyin yana jimlik.

Oʻn daqiqalardan keyin asta oʻrnimdan jildim. Deraza ostidan yurakni hovuchlagancha engashib oʻtdim. Xayriyat. Endi bu yogʻiga unchalik qoʻrqmasam ham boʻladi. «Shtab»; kazarmasi haqida umuman tasavvurim yoʻq edi. Xayolimda Gulruh ta’kidlagan allaqanday «...darcha»;dan boʻlak hech vaqo yoʻq. Shuning uchun duch kelgan birinchi darchadan tavakkaliga ichkariga moʻraladim. Zim-ziyo qorongʻilik. Qorongʻilikdan boshqa hech narsa... shu chogʻ allakimning jon achchigʻida ingragani qulogʻimga chalindi. Butun vujudim, e’tiborim quloqqa aylanib ichkariga quloq tutdim. Yana oʻsha ayanchli ingroq... A’zoyi badaningni junjiktirib yuboruvchi ingroq...

Darchani sekin chertdim.

Javob boʻlmadi.

Javob oʻrniga yana oʻsha azobli ingroq...

Allaqayerda xoʻroz qichqirdi.

«Bu yerning xoʻrozlari namuncha vaqtli qichqirmasa?!»;

Izimga qaytdim.

Deraza yonidan birdan oʻtib keta olmadim. Nega deganda, derazaning kichik bir tabaqasi ochilgan boʻlib, u yerdan qandaydir gap-soʻzlar eshitilardi. Beixtiyor quloqlarimni bekitdim. Umrim bino boʻlib bu qadar uyatli, pardasiz soʻzlarni eshitmagandim. Demak, ichkarida fohisha bor.

«Post»;ga qaytdim. Bu yerda osoyishtalik hukmron edi. Toʻlin oy yogʻdusiga chulgʻangan xonada Gulruh uxlardi. Hech narsadan bexabar...

Oʻzimni karavotga tashladim-u, toshdek qotdim. Ammo ertalab eshik «tiq»; etgan zahoti uygʻondim. Tashqarida telpagini koʻzigacha bostirib olgan Hakim Nazarich turardi.

Eshikni ochdim.
— Salom.
— Yaxshi keldingizmi?
— «Post»;da tinchlikmi?
— Xuddi shunday.
— Hamshira qizimiz qalay? Bezovta boʻlmadimi?

Hazil qilgim kelib:
— Hamshiramiz onasining qornida yotganday bexavotir uxladi va hamon uxlamoqdalar, — dedim.

Hakim Nazarich kulib qoʻydi-da, oʻzining xonasi tomon oʻtdi.

Shu chogʻ eshik gʻiyqillab ochildi-da, Gulruh paydo boʻldi.
— Sizlarga gap boʻlsa, rosa opqochasizlar-a? — dedi, keyin menga poʻpisa qilgan boʻldi: — Hali shoshmay turing, kechasi allaqayoqqa ketib qolganingizni Hakim Nazarichga aytib beraman!
— Men shu yerda edim.
— Yolgʻon!
— Rost...
— Allaqayoqqa ketib qolganingizni tan oling! Tan olmasangiz...
— Xoʻp, xoʻp, tan olaman.
— Qayoqqa borib keldingiz?
— Bittasi bilan uchrashuvim bor edi. Shuniyam bilib qoʻydingizmi? Siz ayollardan hech narsani yashirib boʻlmaydi-ya!

Gulruh gapimni koʻngliga ogʻir oladimi, deb choʻchib turgandim. Yoʻq, u muloyimlik bilan jilmayardi.
— Uchrashuvingiz yaxshi oʻtdimi, ishqilib?
— Yaxshi ham gapmi!
— Xursandman.

Gulruh xonasiga kirdi.

Avvalgi jur’atsizligim qayoqqa chekindi, bilmayman. Men endi Gulruh bilan bemalol gaplashardim.
— Kechasi Husandan xabar olib keldim, — dedim Gulruh qoʻlimga malham surayotganda. — Shtab ortidagi darcha haqiqatan ham kazarmaniki ekan.
— Oʻzingiz koʻrdingizmi?
— Be, qayoqda! Lekin ovozini eshitdim. Oh-voh qilib yotibdi bechora. Bugun Hakim Nazarich bilan gaplashsammi, nima deysiz?
— Husan haqidami?
— Ha. Hech boʻlmasa jarohati tuzalguncha unga kimdir qarab turishi kerak. Shunday yotaversa oʻlib qolishi turgan gap.
— Hakim Nazarichga men aytaman bu gapni. Doʻxtir sifatida. Shunda ishonishlari mumkin. Mabodo koʻndira olmasam, keyin siz hujumga oʻtasiz. Xoʻpmi?
— Sizga yoʻq deb boʻlarmidi?

Men unga yana nimadir deyish uchun ogʻiz juftladim, lekin shu vaqt yoʻlakda toʻplangan bemorlarning shovqin-suroni eshitildi.

Oʻrnimdan turdim.
— Alisher haqidayam gaplashmoqchiydim, — dedi Gulruh past ovozda. — Yaxshisi, ishchilar joʻnab ketganidan keyin «kontora»;ga oʻta qolaylik.
— Xoʻp.

Chamasi ikki soatlardan keyin biz Hakim Nazarichning xonasiga kirib bordik.
— Tinchlikmi, Gulruh Qosimovna?.. — «mehribon knyazь»; sirtdan qaraganda har doimgiday xotirjam koʻrinsa-da, botinida bezovta bir toʻlqin xuruj qilayotganini sezdirib qoʻydi: uning boʻyinbogʻining tuguni dir-dir titrardi.
— Bemorlar masalasida kelgandim.
— Marhamat, oʻtiring.
— Rahmat.
— Xoʻsh?
— Oyogʻi singan yigitning ahvoli oʻnglanmayapti, shundan tashvishdaman. Kasalxonaga yotqizmasak boʻlmaydi. Operatsiya qilish kerak.
— Muolaja yordam bermayaptimi?
— Umuman. Faqat operatsiya tufayli oyogʻini saqlab qolish mumkin. Aks holda...
— «Aks holda...»; U yogʻi ma’lum. Ammo... — Hakim Nazarich bexosdan Gulruhga tikilib qoldi. Keyin birdan uyalib ketgandek nigohlarini olib qochdi.
— Hakim Nazarich, qoʻlimdan kelganini qilyapman. Lekin men oddiy hamshiraman, xolos.
— Tushunib turibman, biroq kasalxonaning iloji topilishiga ishonmayapman. Vaziyat oʻzingizga ma’lum-ku.
— Bilmadim, bu yogʻiga oʻzingiz bosh qotirishingizga toʻgʻri keladi, — dedi Gulruh oʻjarlik bilan, hatto depsinib qoʻydi.

Hakim Nazarichning jahli chiqsa kerag-ov, deb turgandim, yoʻq, aksincha uning ulugʻvor, salobatli yuzi allaqanday tabassumdan yorishib ketdi. Gulruhga erkalovchi bir nigoh tashladi-yu, shu zahoti buni oʻzi fahmlab qolganday birdan jiddiy tortdi.
— Harakat qilib koʻraman, — dedi u stol ustidan allanimani qidirgan kishi boʻlib.
— Yana bir iltimos, ham talabim bor edi, Hakim Nazarich. Jahlingiz chiqmasa aytaman.
— Jahlim chiqsa-chi? — Hakim Nazarich kulgudan bazoʻr oʻzini bosib turganday Gulruhga qaradi.
— Baribir aytaman.
— Unda ayting.
— Bilasizmi... Yaqinda yarador bir yigitni olib kelishgandi. Hozir u kazarmada yotibdi. Lekin ahvoli juda ogʻir. Jilla qursa, medpunktda davolanmasa boʻlmaydi.
— Qochoq yigitni aytayapsizmi? U Poʻlat Damirovichning ixtiyorida. Aniq bir gap aytolmayman.
— Hakim Nazarich... Yoʻq, Hakim aka, — Gulruh bir qadam oldinga yurdi. — Biz faqat sizni bilamiz. Boshqalarni tan olmaymiz!

Shunda... Shunda Hakim Nazarichning yuzi qanchalar oʻzgarib ketganini bir koʻrsangiz edi! Yoʻqotgan aziz narsasini qayta topib olganday esankirab qolgandi u.
— Men... Gulruh... Qosimovna, va’da berolmayman, lekin bilasizmi... men harakat qilib koʻraman, — dedi u hayajonini bosishga urinib.
— Men sizga ishonaman, — Gulruh bu soʻzlarni shunday samimiyat bilan aytdiki, Hakim Nazarich beixtiyor titrab ketdi.

Men ham lol boʻlib qolgandim.

Hakim Nazarichning qoʻl telefoni jiringladi.
— Alo, ha, menman. Tinchlikmi? Ha, bugun boraman. Kecha ishxonada ushlanib qoldim. Borganda gaplashamiz. Kasalxonadamisan? Xoʻp. Xoʻp, — Hakim Nazarich boʻgʻriqqancha telefonni choʻntagiga soldi.
— Vaqtingizni olganim uchun uzr, Hakim aka, — dedi Gulruh.

Keyin xonadan chiqdik. «Qiziq, Hakim Nazarich kecha ishxonada tunabdi, shekilli, — degan oʻy oʻtdi xayolimdan. — Boya telefon qilgan xotinga shunday deb hisobot berdi-ku»;.

Tushlik boʻlib qolgandi.
— Tushlikni qayerda qilamiz? — deb soʻradim Gulruhdan.
— Men har doimgiday xonamda tushlik qilaman.
— Bugun oshxonaga boraqolaylik. Anovi ikkalasining ahvolidan ham bir xabar olardik-da.
— Boʻpti.

Bizni koʻrib Nargiza yigʻlab yubordi.
— Siqilib ketdim, — deya hiqilladi u. — Kechasi bilan koʻz yummadim hisob. Qanday kunlarga qoldim, deb oʻylayverib adoyi-tamom boʻldim. Agar hozir sizlar kelib qolmaganingizda oʻzimni anovi biqirlab turgan qozonga tashlab yuborardim!
— Hoy, hoy, Nargiza, oʻzingizni qoʻlga oling, — dedi Gulruh.
— E, jonimdan toʻyib ketdim! Bunaqa hayotdan...
— Hayot shunchalik beqadrmi? — dedi Gulruh.

Nargiza unga angrayib qaradi.
— Hayotning qadriga yetmaydigan odam undan osonlikcha voz kechib qoʻya qoladi. Odam yashagisi kelib turganida emas, yashagisi kelmay qolganida yashashga harakat qilishi kerak, menimcha. Toʻgʻrimi, Davron aka?
— Yashaganda ham unaqa-bunaqa emas, hayotning jon yeridan mahkam tutib yashash kerak, — dedim.

Nargizaning biroz chiroyi ochildi.

Topgan-tutganini stolga qoʻydi.
— Nargiz, shoʻttamisan? — eshikdan bosh suqdi Sanobar.
— Ha, kelavering.

Nargiza boʻsh stul olib kelib mening yonimga qoʻydi. Harsillagancha Sanobar kirib keldi. U terlab ketgan, peshbandi yarmigacha hoʻl edi. Hol-ahvol soʻrashib, qatorimizga qoʻshildi.
— Kirlarni yuvib boʻldingizmi? — soʻradi Nargiza.
— Boʻldim. Ordona qolsin! Adoyi-tamom boʻldim... — dedi u horgʻinlik bilan.
— Pulniyam rosa ishlayapsiz-da! — dedi Nargiza kulib.
— Puliyam boshida qolsin, iloyim! Uyimni, bolalarimni sogʻindim. Boʻldi, boshqa gapirmanglar. Yana «gʻing»; deydigan boʻlsalaring oʻzimni oʻzim bir balo qilib qoʻyaman! Jonimdan toʻyib yuribman oʻzi! — Sanobar qoʻlini peshonasiga tiradi. Qisiq koʻzlaridan yosh sizib chiqdi.
— Bugun ikkalamizgayam ajina tekkan, shekilli, — dedi Nargiza. — Hozir kayfiyatni koʻtaradigan bir narsa opkelaman.
— Bormi? — birdan jonlandi Sanobar.
— Yoʻq boʻlsa aytarmidim?
— Tugadi, degandi-ku kecha.
— Topdim-da.

Nargiza oʻrnidan turib nari ketdi.

Sanobar uh tortib stul suyanchigʻiga oʻzini tashladi. U butkul gʻam-anduhdan yaralgan gumbazday boʻlib oʻtirardi. Bu yerda u yanada toʻlishgandi.
— Mana! — Nargiza tantanali ravishda stolga aroq shishasini qoʻydi.
— Oʻh-hoʻ! — Sanobarning chiroyi ochildi. — Zoʻridan-ku! Qani, stakanlaringni beringlar.

Gulruhga qaradim. U ortiqcha mulozamat kutmasdan stakanini uzatdi. Sanobar shisha tiqinini shart-shurt ochdi-yu, shosha-pisha stakanlarga quya boshladi.
— Biz shunaqasiga oʻtganmiz, — dedi Nargiza unga hech narsa demagan boʻlsam ham.
— Sovib qolmasin, qani olinglar, boʻlaqolinglar, — stakanni qoʻliga olgan Sanobar betoqatlik bilan bizni shoshirardi.
— Sogʻlik uchun! — dedim men.
— Eson-omon uyga yetib olishimiz uchun! — dedi Nargiza.
— Men keyingisiga niyat bildiraman, — dedi Sanobar, keyin hech kimga qaramasdan stakanni bir koʻtarishda sipqordi-qoʻydi.

Nargiza stakan tagida ozgina qoldirdi.

Men bir tomchi ham qoldirmadim.

Gulruh stakanni nomiga labiga tekkizdi-yu, stolga qoʻydi.
— Men tashlaganman ichishni, — dedi kulib keyin.
— Boshqa vaqt boʻlganida zoʻrlab boʻlsayam ichirgan boʻlardim, — dedi Sanobar ogʻzidagi luqmani goh u jagʻiga, goh bu jagʻiga olib chaynarkan. — Lekin hozir bu jonivorning bir tomchisi oltita teng boʻlib turibdi. Ichmasangiz mayli, oʻzingiz bilasiz. Nargiz, shishada qolganini asrab qoʻy. Manavini ikkalamiz boʻlashib ichamiz.
— Davron... — Nargiza chaynaldi.
— Menga boʻldi, — dedim shartta. — Sizlar bahuzur olaveringlar.
— Rahmat.

Ikkala ayol Gulruhning tegishini boʻlashib ichishdi. Keyin hamma narsani unutgancha pishillab ovqatlanishga kirishdi. Tavba, ularga qarab turib pilla qurti esimga tushib ketdi.
— Ovqat mazali ekan, oling, — dedi Gulruh menga.

Ovqatimiz oddiy makaron edi. Qovurma makaron. Lekin juda mazali edi. Pok-pokiza tushirdik hammasini.
— Likopchangizni bering, yana opkelaman, — Gulruhga iltifot qildi Nargiza.
— Rahmat, toʻydim.
— Menga opkelaqol, — dedi Sanobar likopchasini uzatarkan. Keyin Gulruhga yuzlanib dedi: — Avvallari ovqatni koʻp yerdim. Shuning uchun semirib ketgandim. Lekin bu yerda koʻp yeya olmayapman. Ishtaham yoʻq negadir. Ammo baribir semirib ketyapman. Nega shunday ekan-a?
— Kam harakat qilayotgandirsiz.
— Topolmadingiz. Meni gʻam semirtirayapti! Qanchalik koʻp gʻam cheksam, kuyib-yonsam, shunchalik semirib ketyapman. Bu yomonmi?
— Ortiqcha... — Gulruh endi gap boshlagandi Sanobar uning ogʻzidan yulib oldi.
— Bu yomon, albatta. Koʻrinib turgan narsa-ku.

Sanobarning savol berib, javobni ham oʻzi berib qoʻyayotgani kulgimni qistadi. Nargiza bir yoʻla oʻzining likopchasini ham toʻldirib keldi, ikkala ayol yana ovqatlanishga tushdi.

Zimdan Gulruhni kuzatdim. Shikoyat qilish va ovqatlanishdan boshqa narsani bilmaydigan manavi yigʻloqi ayollar oldida u butunlay boshqacha, betakror goʻzal, sodda va yoniga yoʻlab boʻlmaydigan darajada magʻrur koʻrinardi.

* * *

Ertalab barakka brigadir Matchonov bilan yana bir kishi kirib keldi. Yoʻq, Hakim Nazarich emasdi. Unga qaraganda yoshroq, lekin xuddi Hakim Nazarichday baland boʻyli, qosh-koʻzlari qop-qora, gavdasi oʻljasiga tashlanmoqchi boʻlgan qoplonday tik va shijoatli, barvasta bu yigit Poʻlat Damirovich ekan. Hakim Nazarich bu yerda katta ish boshqaruvchi vazifasini bajarsa, Poʻlat Damirovich xavfsizlik ishlariga javobgar shaxs edi. Unvoni kapitan ekan, lekin men uni biror marta ham formada koʻrmadim.
— Yangi kelgan kishi qani? — deb soʻradi oʻsha kuni ertalab Poʻlat Damirovich umumiy salom-alikdan soʻng brigadir Matchonovdan.

Matchonovning javobini kutmasdan bir qadam oldinga chiqib:
— Men, — deb ovoz berdim.

Poʻlat Damirovich menga boshdan-oyoq sinchkovlik bilan nazar tashladi. Bilsangiz kerak, xavfsizlik ishlarida ishlaydigan kishilarning koʻz qarashlari qattiq va oʻta sinchkov boʻladi.
— Familiyangiz? — deb soʻradi u mendan.
— Davron, — deya ismimni aytdim.
— Men sizdan familiyangizni soʻrayapman, — dedi Poʻlat Damirovich ovozini xiyol koʻtarib.
— Qoʻlimda hech qanday hujjatim yoʻq, shunday ekan, toʻgʻri kelgan familiyani aytaversam ishonasizmi?

Poʻlat Damirovichning yuziga qizil yugurdi, bilmadim, jahli chiqdimi yo uyalib ketdimi, ammo oʻzini yoʻqotib qoʻymasdan darrov javob qaytardi:
— Gap bunday, oʻrtoq Davron, bu yer sizga sirk maydoni emas! Bu yerning oʻz qonun-qoidalari bor. Shu qonun-qoidalarga soʻzsiz ravishda amal qilsangiz kelishib ketamiz siz bilan, aks holda...
— Aks holda?
— Aks holda siz bilan shtabda gaplashishga toʻgʻri keladi! — Poʻlat Damirovich shaxd bilan Matchonovga yuz burdi: — Ketdik!

Ular chiqib ketishgach, Nurali yaqin kelib:
— Siz haliyam uch-toʻrt kundan keyin bu yerdan joʻnab ketishingizga ishonyapsizmi? — deb soʻradi.
— Albatta.

Nurali indamadi. Lekin qarashlari yoqmadi bu yigitning. U allaqanday istehzo bilan, yoʻq, aniqrogʻi, bu odam ovsar emasmi, degandek boqardi menga.

Nonushtadan keyin Matchonov hammani hovliga toʻplab, safga turgʻazdi. Menga safning oxiridan joy tegdi. Keyin yoshgina soqchi yigit hamrohligida yoʻlga tushdik.
— Bu nimasi, oshna, — dedim Nuraliga soqchi yigitni koʻrsatib. — Biz mahbuslarmizmi, soqchi qorovulligida ishga oborishyapti?
— Hujjatsiz odamning mahbusdan nima farqi bor? — savolga savol bilan javob berdi Nurali.

Jiddiy qabul qilmaslikka qancha urinmayin, bu yerdagi gʻayritabiiy hol meni har qadamda hayratga solardi, shu bilan birga ham qiziqishim ortardi, ham qandaydir xavotir tuygʻusi chulgʻardi.

Birinchi ish kunimda aytarli esda qolarli voqea-hodisa yuz bermadi. Ammo bir kunning oʻzida ancha-muncha gapdan boxabar boʻlganim esimda. Avvalo shuni aytib qoʻyay, bu yerda ellik-oltmish chogʻli ishchilar brigadasi allaqachon shakllanib boʻlgan, ellik-oltmish chogʻli odamning har birining oʻz hunari, oʻz vazifasi va oʻz ish normasi bor edi.

Misol uchun Nuralini olaylik. U duradgor edi. Eshik-rom oʻrnatish vazifasi va u bu vazifani juda oʻrniga qoʻyib, bekamu-koʻst ado etardi, chunki Nurali oʻz kasbining haqiqiy ustasi edi. Ish maydoniga kelganidan keyin «Menga qanday vazifa yuklatarkan?»;, deb kutib turmasdi, shartta ishga tushib ketardi. Besh kishidan iborat uning oʻz kichik brigadasi bor edi. Abduvali esa elektrik edi. U ham oʻz vazifasini aniq bilardi va bir daqiqa ham vaqtini behuda sarflamasdan ishga shoʻngʻirdi...

«Qanaqa qurilish edi?»; — deb soʻrayapsizmi? Darvoqe, men bu haqda hali sizga gapirmadim-a? Aytishlaricha, uch korpusdan iborat, hali qurilishi nihoyasiga yetkazilmagan, ishchilarning taxminicha qandaydir zavodga moʻljallangan, ammo arxitektura jihatdan kichikroq fabrika va yotoqxonaga oʻxshab ketadigan bu qurilish inshooti Ahmadbey degan turk korchaloniga tegishli ekan. Ahmadbeyning oʻzini yoki suratini ishchilar hatto tushlarida ham koʻrishmagan. Shuning uchun Ahmadbeyning yoshi, saxt-sumbati haqida hech qanday ma’lumot bera olishmadi. Faqat uning «juda katta boy, millioner»; ekanligini ta’kidlashdi. Oʻrmonning qoq oʻrtasida zavod yoki fabrika (nima farqi bor, yo unisi, yo bunisi!) qurishdan oʻsha millioner bey qanday maqsadni koʻzlagan ekan? Axir, bu yerlar aholi kam yashaydigan chekka hudud boʻlsa. Xudo biladi, yaqin-atrofda birorta qishloq yoki xutor uchraydimi-yoʻqmi? Birinchi ish kunim to qosh qorayguncha shu holda bosh qotirganim, oxir-oqibatda bir toʻxtamga kela olmaganimdan asabiylashib: «E onasini!»; deya soʻkinib yuborganim esimda.

Men shu choqqacha umuman soʻkinmasdim, oʻsha kungi qiligʻim esa muhit ta’siriga tezda beriluvchan odam ekanligimning isboti edi. Oʻlay agar, u yerda deyarli hamma soʻkinib gapirardi. Qoʻlidan bolgʻasi tushib ketsa ham bolaxonador qilib soʻkinishardi.

Men oʻylay-oʻylay, nihoyat bir qarorga kelib, Abduvali ta’kidlaganiday «... eng oson ish»; ohak kuydirish ishini tanlagandim. «Baribir bu yerda uzoq qolmayman, koʻnglim sezib turibdi, hech qanday javob kelmagan taqdirdayam nimadir boʻladi-yu, bu yerdan ketaman. Ammo hunar oʻrganib qoʻysam yomon boʻlmas»;, derdim ichimda yangi mashgʻulot jarayonini kuzatib, nomiga boʻlsa-da, oz-moz qoʻl tekkizib koʻrib, shu ishni eplab keta olishimga ishongan holda xuddi majburiy mehnatdan qaytayotgan mahbuslar singari saf boʻlib, qosh qorayganda kazarma... e, barakka qaytarkanmiz.

Bu yerdagilarning nazarida ohak pishirish eng oson ishdek tuyiladi. Lekin bilmagan odam uchun bit oʻldirish ham qiyin, deganlaridek, eng oson ishning ham oʻziga yarasha zahmatlari bor edi. Biz toʻrt kishi boʻlib, maxsus oʻchoqlardagi maxsus idishlarni ohaktoshlar bilan toʻldirib tagiga olov yoqardik. Ba’zida katta-katta boʻlaklardan iborat ohak toshlarni urib maydalashga toʻgʻri kelardi.

Kun davomida olov yonida turganim bilan havo sovuq, yer zax boʻlganidan oyoqlarim muzlab, barmoqlarim tarashadek qotib bukilmaydigan boʻlib qolgandi. «Qaniydi issiq hammom boʻlsa!..»; deya orzuga ham berilardim yoʻl-yoʻlakay.
— Nurali, bu yerda hammom bormi? — deb soʻradim barakka yaqinlashganimizda sherigimdan.
— Hammom?.. Bor, lekin u ishchilar uchun emas.
— Yuvinish xonasi yoʻqmi? — deb soʻradim kapalagim uchib.
— Bor. Dush. Hammom kontoradagilar uchun.
— Dush boʻlsayam bor ekan-ku.

Azaldan suvni, choʻmilishni yaxshi koʻrardim. Uyda vannaga kirvolib soatlab suv ichida yotardim. Balki bu baliq burji ostida tugʻilganim tufaylidir?

Oʻsha kuni kechqurun dushga kirib oldim-u, obdo-on choʻmildim. Tepadan shovullab tushayotgan suv ostida uz-zoq turdim. Charchogʻim chiqib, onadan yangi tugʻilganday yengil tortib yemakxonaga kirib kelganimda... u yerda na Nurali, na Abduvali bor edi. Oʻn-oʻn besh chogʻli kishi yemakxonaning u yer-bu yerida oʻtirgancha konьyak qoʻshilgan qahva «kokteylь»; hoʻplab oʻtirishardi.

«Kokteyl»;ni ishchilar ermak yoki oliftalik uchun emas, sovuqqa oʻzlarini oldirib qoʻymaslik uchun pulga sotib olib ichishardi. «Meni kutishmabdi... Shuncha uzoq qolib ketdimmi dushda?..»; — qizil karamli shoʻrvadan koʻnglim tortmasdan totinarkanman, beixtiyor Saodat pishiradigan ovqatlar esimga tushib ketdi. Xotinimning qoʻli shirin edi.

Ovqatlanib boʻlgach, barakka qaytdim. Lekin u yerda ham na Nurali, na Abduvali bor edi. Uch-toʻrt kishi adyolga burkangancha uxlab yotishardi. Shu payt Matchonov eshikdan bosh suqdi.
— Siz shu yerdamisiz? — dedi u hayron boʻlib.
— Ha. Nima boshqa yerda boʻlishim kerakmi?
— Bundan chiqdi, ikkinchi smenada ishlashni xohlamaysiz, toʻgʻrimi?
— Tushunmadim.
— Ana shunaqa-da!

Matchonov ustimdan gʻalaba qozongandek va «oʻzingni bilagʻon koʻrsataverma, bilmaydigan narsang koʻp hali!»;, deya ta’kidlayotgandek gʻolibona nazar tashlagancha ichkariga qadam qoʻydi. Uning aytishicha, bu yerda ish uch smenada tashkil etilgan ekan. Toʻgʻri, qish mavsumida qurilishda ayrim ishlar toʻxtatiladi. Chunki davom ettirishning iloji yoʻq. Lekin bino ichkarisidagi ishlarni bemalol bajaraversa boʻladi. Shuning uchun ish uch smenada tashkil qilingan. Lekin bir shart bilan: ikkinchi, uchinchi smenada faqat oʻz ixtiyori bilan ishlovchilar ishlaydilar. Buning uchun ularga kunduzgiga qaraganda ikki baravar koʻp ish haqi toʻlanadi («Darvoqe, bu haqda Hakim Nazarich sizga hech nima demaganmidilar?»;). Agar istasam, men ham hoziroq borib ishlashim mumkin ekan. Lekin kechki smenada Matchonov emas, boshqa kishi brigadirlik qilarkan.
— Eh-he! Zoʻr-ku bu yogʻi! — dedim Matchonovga qarab. — Koʻrinmas bey afandining kallasi zoʻr ekan!

Matchonov nimadir deyishga chogʻlandi, lekin gapirolmadi, allaqanday sarosima ichida yuzimga tikilib qoldi. U menga ham boshqalarga muomala qilganday, tepadan qilib gapirishga urinardi-yu, nima uchundir sira eplay olmasdi yoki botinolmasmidi?
— Demak, Nurali bilan Abduvali ovqatlanib boʻlib, ikkinchi smenaga ketishibdi-da, — deb soʻradim Matchonovdan.
— Ha. Ishlagani ketishdi. Buning nimasi yomon? Normani bajarishadi-yu qaytishadi.
— Norma? Bu yana qanaqasi?
— Kechki smenada ishlayotganlar uchun norma belgilangan.
— E, shunaqami?
— Xoʻsh, siz ham ishlaysizmi? — betoqatlik bilan soʻradi Matchonov.
— Bilmadim. Hakim Nazarich bilan maslahatlashib koʻray-chi, — dedim atay.

Matchonovning yana popugi pasaydi. Tezgina xayrlashdi-yu, chiqib ketdi. Safsata sotib biroz chigilimni yozmoqchi edim. Matchonov qochib qoldi. Negadir shu odamni mayna qilgim kelaverardi. Matchonov bu yerlarning oʻz odami boʻlib qolgan, gʻashiga tegaversam biror yomonlik qilishi ham mumkin, bu qoʻlidan keladiyam, shuni bila turib ham, negadir unga jiddiy muomala qilgim kelmasdi. Joʻrttaga Hakim Nazarichning nomini tilga olganimning sababi ham shunda, aslida Hakim Nazarich ham xuddi Matchonov singari menga begona, qolaversa, uning maslahatiga kunim qolgani yoʻq, qolmasin ham! Men Matchonovning buqalamun singari turlanib turishini kuzatib, huzurlanish uchun ish boshqaruvchining nomini tilga olardim.

Ikkinchi yoki uchinchi smenada ishlash masalasiga kelsak, ikki barobar koʻp haq uchun har qanday qiyinchilikka chidashga tayyor boʻlsam-da, negadir koʻnglim chopmayotgan edi. Ba’zi bir shubhali oʻylarga borganim tufayli ehtimol oʻzimni ortiqcha urintirgim kelmagandir. Shubhali fikrlar oʻz-oʻzidan paydo boʻlgani yoʻq. Buning ham oʻz sababi bor.

Odamlar xuddi qadim zamonlardagidek jamoa boʻlib yashab, ter toʻkib mehnat qilayotgan bu gʻayritabiiy oilada gap yotmas ekan. Dastlabki ish kunlarim davomida shunchalik koʻp ma’lumotga ega boʻldimki, asti qoʻyaverasiz. Eng qizigʻi, men hech kimdan hech narsa soʻramasdim. Ularning oʻzlari oldimga kelib meni men bilmagan gaplardan ogoh etishardi.

Ertalab qurilishga borganimizdan keyin odamlar toʻrt-besh kishidan iborat mayda brigadalarga boʻlinib, har yoqqa tarqashardi. Nurali oʻz sheriklari bilan ikkinchi korpusning birinchi qavatida ishlardi. Abduvali esa birinchi korpusning ikkinchi qavatiga chiqib ketardi. Boshqalar ham shu taxlit ish joylarini egallashardi.

Men dastlabki kundanoq sal-pal yaqin boʻlib qolgan Nurali bilan Abduvalidan ayrilgim kelmasdi. Lekin bizning «mutaxassisligimiz»; toʻgʻri kelmagani uchun boshqa-boshqa joylarda ishlashga majbur edik. Yuqorida aytganimdek, eng oson ish boʻlgani uchun men ohak soʻndiruvchilar brigadasiga kelib qoʻshilgandim. Toʻrt kishi edik. Bitta brigadir, uchtamiz ishchi. Ishimizning yaxshi tomoni shunda ediki, biz anovilarga oʻxshab taxta, boʻyoq, kuyindi hidlari anqiyotgan dim xonalarda emas, ochiq havoda, ochiq osmon ostida ishlardik. Ohak kuydiruvchi qozonlarimiz tashqarida edi. Havo goh ochiq, goh bulutli, sovuqdan sovuq boʻlsa-da, har qalay toza edi. Ishdan qoʻling boʻshagan mahal zamirida allaqanday sir, dardchil hasrat toʻla allanima mavjud boʻlgan yovvoyi va begona manzarani kuzatish imkoni tugʻilardi.

Bir necha qadam naridan quyuq oʻrmon boshlanadi. Oʻngga qarasangiz ham, chapga yoki toʻgʻriga, hatto ortga qarasangiz ham oʻrmon, qisqasi, oyogʻingiz tegib turgan qorli maydon chegarasidan oʻtganingizdan keyin sizni nima kutib turibdi, qayoqqa yurishingiz kerak, birorta qishloq yoki stansiyaga olib boradigan yoʻl bormi-yoʻqmi, bari-bari noma’lum va sirli boʻlgan, nafaqat bulutli kunlar, balki bepoyon, oppoq qor sathida quyosh yarqirab nur sochgan paytlar yanada begona, sirli koʻrinadigan maskan... Koʻzlaring yoshlangancha tikilib turarkansan beixtiyor: «Qani endi qushga aylanib qolsamu, har lahzada qadri bilinayotgan qadrdon yurt tomon uchib ketsam!»; degan oʻy yurakni, nafaqat yurakni, balki butun vujudni junbushga keltiradi.

Oʻsha kuni men xuddi shunday kayfiyatda qor bosgan oʻrmonga tikilib turganimda sheriklarimdan biri Husan yonimga kelib:
— Manzara zoʻr-a? — dedi kulib.
— Zoʻr-ku, lekin begona-da, — dedim mahzun kayfiyat ta’sirida.
— Hali bir kun ham boʻlmasdan zerikdingizmi? — soʻradi Husan.
— Ha.
— Eh-he, bizga oʻxshab bir yarim yil yursangiz...
— Sizga oʻxshab bir yarim yil yurmasam kerak!

Husan jahlim chiqqanini sezdi, yuzimga bir necha daqiqa soʻzsiz tikilib turdida, soʻng:
— Menimcha, yursangiz kerak, — dedi ishonch bilan.
— Ularning soʻrovnomasiga javob kelishi bilan...

Husan kuldi. Boshini xiyol qiyshaytirib, chakkasini qashish asnosida yana kuldi, keyin boyagiday ishonch bilan:
— Javob kelmaydi yoki kelgan taqdirdayam ular bizga koʻrsatishmaydi, — dedi.

Yuragim orqaga tortib:
— Nahotki? — deb yubordim beixtiyor.

Husan javob berishga ulgura olmadi. Oʻzimizdan chiqqan brigadir Qilichbek nariroqda turgandi, bizning suhbatlashayotganimizni koʻrib qolib shitob bilan yetib keldi.
— Bu yerga hangoma qilish uchun kelmagansanlar, yigitlar, gapni bas qilib, ishga kirishinglar! — dedi u.

Biz qilt etmay turaverdik.
— Yigitlar, nima deyapman?! — dedi Qilichbek endi ovozini bir parda koʻtarib. — Judayam gaplashgilaring kelayotgan boʻlsa, kechqurun barakda xumordan chiqquncha gaplashasanlar!
— Nega bizga buyruq beryapsiz? — dedim endi rosmana jahlim chiqib Qilichbekka qarab. Holbuki, kecha kechqurun meni ochiq chehra bilan qarshi olgan, eng koʻp savol bergan yigit shu Qilichbek edi. — Kim sizga bu huquqni berdi?!
— Ishla, degan yomonmi? Pulini qurtday sanab olasanlar-ku! — dedi Qilichbek jangga hozirlanayotgan dakang xoʻrozday yelkalarini uchirib.
— Ha, yomon! — deb baqirdim Qilichbekka javoban, ayni chogʻda qoʻyib bersa brigadir bilan yoqalashib ketishga ham tayyor edim, goʻyo hammasi uchun shu odam sababchidek koʻzimga balo-qazodek koʻrinayotgandi.
— Ketdik, — Husan yengimdan tortib nariga olib ketdi.
— Uning bizga buyruq berishga haqqi yoʻq! — deya endi Husanga qarab baqirdim. — Pulini qurtday sanab olganimizdan keyin oʻz ixtiyorimiz bilan ishlashimiz kerak!
— Psixmi nima balo? — degani eshitildi Qilichbekning ortimizdan.
— Oʻzing psix! — deya xezlangandim Husan qoʻlimdan tutib qoldi.
— Yaxshi odam emas ekan bu odam, — dedim hayajondan oʻzimni bosa olmay, hansiragancha Husanga qarab.
— Brigadir boʻlmasdan oldin yaxshi odam edi. Keyin aynidi, — dedi Husan kulimsirab. — Yuring, yaxshisi tosh maydalaymiz.

Biz ishchilar tilida «kuvalь»; deb ataladigan, men joʻngina temir toʻqmoq deydigan ish qurolimizni qoʻlga olib ishga kirishdik. Temir toʻqmoqni qulochkashlab kuch bilan ohak toshga urarkanman, gumbirlagan ovozga qoʻshilib yuragimdagi alam ham tashqariga otilib chiqib ketayotgandek tobora yengil tortardim.
— Sizni hali shtabga chaqirishmadimi? — deb soʻradi Husan dam olishga choʻnqayganimizda.
— Chaqirishlari kerakmi?
— Menimcha, yigirma kunlardan keyin sizni shtabga chaqirishadi-da, shartnoma asosida ishlashni taklif qilishadi.
— Unchalikka borishmas, — dedim hali ham umidimni uzmasdan.
— Borishsa-chi?
— Rozi boʻlmayman!
— Unda tekindan tekin ishlayverasizmi?
— Ketaman! Baribir ketaman!

Husan men bilan tortishish befoyda ekanligini, oʻzi yoqlagan tarafni hech qachon bermaydigan chiranchiqligimni fahmladi chogʻi, indamay qoʻya qoldi.

Tushlik vaqti yaqinlashardi.

Meni oshqozon tashvishi bezovta qila boshladi. Husanga qarayman, xotirjam; ikkinchi sherigim Fayzining yuziga zimdan razm solaman, qorni toʻq odamday begʻam, uchinchi sherigim Toshpoʻlat gʻingʻillagancha qoʻshiq xirgoyi qilyapti...

Oxiri sabrim chidamadi.
— Tushlikka barakka boramizmi? — deb soʻradim Husandan.
— Yoʻq, tushlik shu yerda boʻladi, — deb javob berdi Husan.
— Qanday qilib?!
— Halizamon uch-toʻrtta xotin kelib, pirashka-mirashka sotib ketadi.
— Bundan chiqdi, shu yaqin-atrofda qishloq bor ekan-da? — dedim jonlanib.
— Shunaqa shekilli. Anchadan buyon qatnashadi-yu, lekin biz bilan ochilib gaplashishmaydi. Shunday buyruq olishgandir, — dedi Husan.
— Birortasini sevib qolsangizgina sizga e’tibor berishadi, — deya gapga aralashdi Fayzi.
— Oʻylab gapirsang-chi, — deya unga tanbeh berdi Husan. — Bilib-bilmay...
— Nega bilib-bilmay boʻlarkan, — dedi Fayzi shartta. — Hakim Nazarich ham aslida bizga oʻxshaganlardan boʻlgan. Marjalardan bittasini sevib qolib, uylanganidan keyin unga ishonishib yuqori amal berishgan, bilmasang bilib qoʻy!
— Bu shunchaki mish-mish boʻlishi ham mumkin-ku, — dedi Husan Fayziga emas, menga yuzlanib.
— Nega unda Poʻlat Damirovich haqida bunday mish-mish gap yoʻq? — dedi Fayzi boʻsh kelmasdan. — Chunki u haqiqatan ham shu yerning odami! Moskvada tugʻilgan, Moskvada oʻqigan, milisa, xotinboz milisa!
— Birorta xotin bilan yetaklashib yurganini koʻrganmisan?
— Koʻrmaganman, lekin eshitganman.
— Quloqning tambasi yoʻq, hamma narsani eshitaveradi-da.
— Matchonovga nima deysan? — dedi Fayzi qizishib.
— E, bas qilsang-chi!
— Nega bas qilarkanman? Kerak boʻlsa oʻsha Matchonov bu yerga kelib turadigan haligidaqa ayollardan biriga uylangan!
— E, bor-e!

Husan qoʻl siltagancha nari ketib Fayzidan qutuldi.

Yoshi oʻttizga ham bormagan, malladan kelgan, hech qachon qorni toʻyib ovqat yemagan odamday haddan tashqari ozgʻin, ramaqijon Fayzining qiziq fe’li bor edi.

Agar siz indamasangiz, Fayzi ham miq etmay yuraveradi. Ishonasizmi, bir kuni biz ertalabdan kechgacha bir ogʻiz ham gaplashmasdan ishlaganmiz. Ammo bexosdan bir savol berib qoʻysangiz bormi, undan qutulishingiz qiyin. Yana shunisi qiziqki, uzilib qolgan suhbatni ikki kundan keyin ham kelgan yeridan davom ettirib ketaveradi.

Husan ham Fayzi tengqurob, lekin unga oʻxshab ramaqijon emas, kelishgan yigit. Xotinlar haqidagi mish-mishlarni yoqtirmaydi, ammo oʻzaro hangoma-gurungni yaxshi koʻradi.

Umuman olganda, bu yerdagilarning deyarli barchasi bir xil dardga yoʻliqishgan: ular boshqalar haqida, oʻzlari bilan yonma-yon ishlayotgan sheriklari haqida shu qadar koʻp ma’lumotlarga egalarki, birining koʻzi pana boʻlishi hamon ikkinchisi gʻiybatni boshlab yuboradi. Mana, birinchi ish kunimning oʻzidayoq qancha ma’lumotga ega boʻlganimni oʻzingiz eshitdingiz-ku. Biroq ular hech qachon oʻzlari haqida gapirmaydilar. Mana shunisi qiziq.

Ha, yana bir gap esimga tushib qoldi. Shu kuni ish vaqti tugashiga yaqin birdan Husan koʻrinmay qoldi.

Ikkala sherigimiz bilan brigadir Qilichbek safga turadigan maydonimiz — qurilish hovlisi tomon yoʻrgʻalab qolishgandi. Men Husanni kutib turmoqchi boʻldim. Shu yigitning nimasidir menga ma’qul boʻla boshlagandi-da.

Shu vaqt kimdir chaqirganday boʻldi, aniqrogʻi, nimadir deganday boʻldi. Qarasam, Toshpoʻlat nimalardir degancha men tomon kelyapti.
— Eshitmadim, nima deyapsan? — deb soʻradim u yaqin kelgach.
— Husanni kutib turibsizmi, deyapman.
— Ha. Qayoqqa ketdiykin?
— Hojatga ketgan, — dedi Toshpoʻlat va yonimga kelib turib oldi.
— Siz ketavering, — dedim uni yoʻldan qoldirmaslik uchun.
— Mayli, hozir ketaman, — dedi Toshpoʻlat. — Lekin avval sizga bir gapni aytib qoʻyay degandim.
— Qanaqa gap?
— Bu yigit bilan koʻp osh-qatiq boʻlavermang, — dedi shunda Toshpoʻlat dabdurustdan. Men uning Husanni nazarda tutayotganini anglab turardim. — Bu yigit qamalib chiqqan, zek!

Men nima boʻpti, deganday xotirjamlik bilan qaradim Toshpoʻlatning yuziga. Shunda u meni qoʻrqitish uchunmi yanada vahimali gap aytdi:
— Husan qotil! Odam oʻldirgan!

Shu gapdan keyin menda qandaydir oʻzgarish paydo boʻldi, buni oʻzim ham sezdim.
— Institutda oʻqib yurganida oʻrtogʻi bilan bir qizni kvartiralariga oborib, avval ob-do-on... navbati bilan... keyin oʻldirib, bu kamlik qilganday, jasadni mayda boʻlaklarga boʻlib!.. Keyin anhorga tashlab yuborishgan!!! — Toshpoʻlat shunday vahimali ta’kid bilan soʻzlardiki, goʻyo bundan huzurlanayotgandek. — Buni qarangki, qizning jasadi boʻlaklangan holda anhorning turli qismidan suvga tashlangan boʻlsa-da, ular oqib kelib bir yerga toʻplanib qolgan ekan! Shundan keyin Husanniyam, oʻrtogʻiniyam atigi oʻn besh yilga qamashadi. Bitta odamning xuni oʻn besh yil ekan-da! Bu oz emasmi? Lekin Husan qamoqda bor-yoʻgʻi ikki yil oʻtiradi. Otasi katta amaldor va boy odam boʻlgani uchun pulni rosa sovurib, uni qutqarib qoladi. Barcha aybni sherigiga yuklashadi. Pulning kuchini qarang, otasi Husanni nafaqat qamoqdan qutqargan, balki uning peshonasidan «sudlangan»; degan tamgʻani ham oldirib tashlagan. Chunki Husan yolgʻiz oʻgʻil, ota-onasining undan boshqa farzandi boʻlmagan. Husanning egizagi Hasan ham boʻlgan-u, lekin u chaqaloqligida olamdan oʻtgan ekan. Otasi Husanning chala qolgan oʻqishini ham tiklagan, ammo u oʻqishni xohlamagan. Daydib yurib bu yoqlarga kelib qolgan. Ana shunaqa! Xoʻp, men ketdim.

Toshpoʻlat sheriklarining ortidan yugurdi.

Meni ikki narsa hayratga solardi. Avval ikkinchisini ayta qolay, a? Qiziq, Toshpoʻlat shuncha ma’lumotni qayerdan oldi? Har qalay Husanning oʻzi maroq bilan soʻzlab bermagandir? Inson eng tuban qilmishlari haqida osonlikcha ogʻiz ochmaydi, mening fikrimcha. Tagʻin ham kim biladi, deysiz?

Men bir vaqtlar oʻzi ancha yoshga borib qolgan odamning yosh qizga uylangani va nikoh oqshomi keksaligi pand berib qoʻyib, qoʻlidan hech ish kelmagani haqida oʻsha kishining oʻzi ogʻiz koʻpirtirib, maqtanib gapirayotganini oʻz qulogʻim bilan eshitgandim. U soʻzlar ekan, shu yoshida yoshgina qizbolaga (axir, bu sharaf!) uylanganini zoʻr berib isbotlashga, kimlarnidir ishontirishga urinardi, lekin aslida oʻzining ojizligini fosh qilib, oʻzini oʻzi sharmanda qilayotganini fahmlamasdi! Demoqchimanki, hayotda shunday odamlar ham uchraydi, biroq bu boshqa masala, qotillik bilan tenglashtirib boʻlmaydi buni!

Endi ijozatingiz bilan meni hayratga solgan birinchi sababga oʻtsam. Yuqorida aytganimday, Husan nihoyatda kelishgan yigit edi. Ayniqsa, uning koʻzlari meni larzaga solardi. Bilasizmi, Husanning katta-katta, chiroyli (xuddi qizlarniki kabi), qorachiqlari bir laxcha choʻgʻday yonib turuvchi koʻzlari goʻyo goʻdak bolaning koʻzlaridek nihoyatda begʻubor va ma’sum edi! Hamsuhbatiga beozorlik bilan jovdirab boqardi. Yuzi shu qadar tiniq ediki, birorta nuqson sezilmasdi. Oʻshandan keyin men Husanni koʻp kuzatadigan boʻldim. Oʻziga sezdirmasdan-da. Va har gal: «Toshpoʻlat yolgʻon gapirdi-yov!»; degan fikrdan nariga oʻtolmasdim. Esingizda boʻlsa, Bahodir haqida ham shunga oʻxshash gaplarni gapirgandim. Lekin oqibati nima boʻldi? Demak, bundan chiqdi, inson qiyofasidan olingan taassurot aldamchi ekan-da?!

Nima boʻlishidan qat’i nazar, oʻsha kuni men Husanni kutdim. U kelganidan keyin saf maydoniga birga qaytdik.

* * *

Kunlar oʻta boshladi.

Ertalab ishga kelamiz, kechqurun qaytamiz.

Ikkinchi kun birinchi kunga qaraganda xiyla yengil oʻtdi. Uchinchi kun bundan-da behroq. Toʻrtinchi-beshinchi kunlarga borib, men oʻzimni anchadan buyon shu yerda yashayotgandek his eta boshladim. Insonning yashovchanligi uning koʻnikuvchanligida, tez moslasha olishiga ham bogʻliq, degan fikr tugʻilgandi menda oʻsha vaqtda.

Har kuni ertalab Hakim Nazarichni kontora eshigi oldida turganini yo ichkariga kirib ketayotganini koʻrib qolaman. Uning ham menga nigohi tushadi, lekin oʻzini menga hech qanday gapi yoʻq odamday tutadi. Shundan bilamanki, demak, hech qanday xabar yoʻq! Hafsalam pir boʻlib, ishga joʻnayman. Baxtimga sheriklarimning munosabati yomon emasdi. Oʻzaro san-manga borib janjallashib turganlariga qaramasdan menga koʻzlari tushishlari bilan hurmatimni joyiga qoʻyishardi; mojaroni bas qilishib, men bilan suhbatlashishga oshiqardilar; ular koʻp narsalar haqida soʻrashardi; yuragim siqilganidan oʻzimni qoʻyarga joy topolmay turgan boʻlsam-da, ularning savollariga astoydil javob berardim.

Shoʻrliklarning koʻpchiligi tirikchilik vajidan uylaridan chiqib ketganlariga bir-ikki yil boʻlgan, shuncha vaqtdan buyon bola-chaqasining mehridan, roʻy bergan yangilik va oʻzgarishlardan bebahra edilar.

Suhbatlarimiz koʻpincha yarim kechaga dovur choʻzilib ketganidan uyquga toʻymasdik, natijada ertalab koʻzlarimiz kirtayib, charchogʻimiz yozilmagan bir ahvolda ishga joʻnardik. Mabodo men ham nima haqdadir soʻrab qolgudek boʻlsam, sheriklarim buni oʻzlariga sharaf deb bilgandek, jon-jon deb javob berishardi. Bundan men allaqanday lazzat tuyardim. Bu odamlar mening raftorimda hech kimnikiga oʻxshamagan qandaydir xislat koʻrishgan shekilli, deya ich-ichimdan gʻururlanardim. Ularning oʻzlari esa bir-birlari bilan juda koʻp jiqillashib qolardilar. Bexosdan tegib ketilgan turtki ham katta toʻpolonga sabab boʻlardi.

Misol deysizmi? Istagancha misol keltirishim mumkin. Bir kuni ertalab (ertalab deganda men tonggi toʻrtni nazarda tutyapman. Bu yerda tartib shunday. Hamma tonggi soat toʻrtda oʻrnidan turishi shart. Soat beshgacha nonushta, keyin ishga marsh!) Rayimberdi degan tokarning yerda yotgan shippagini ikkinchi qavatdagi nardan tushayotgan sherigi Abdulla degan yigit oyogʻining uchi bilan turtib ancha nariga uchirib yuborgan ekan. Boʻldi janjal, boʻldi qiyomat!

Gaplarini eshiting:
— Sen jigʻimga tegish uchun atay shunday qilding! Shippagimni olib kelib oyogʻimga kiydirib qoʻyasan!
— Atay qilganim yoʻq, nega tushunmaysan?!
— Oʻtgan oy koʻproq pul olganim uchun menga tish qayrab yuribsan! Koʻrolmaysan meni!
— Sening nimangni koʻrolmayman?! Bir safar koʻp pul olsang olibsan-da!
— Alam qilgani yoʻqmi?
— Qilgani yoʻq, deyapman-ku senga! Alam qilgani yoʻq!
— Nega unda shippagimni tepib yubording?! Atay janjal chiqarish uchun shunday qilding!
— Ahmoq! Miyasi yoʻq eshak!
— Kim eshak?!
— Sen! Sen! Sen...

Ana shundan keyin ikkala erkak quturgan itdek bir-birlariga tashlanadilar. Boloxonador soʻkinishlar avjiga chiqadi.

Eng qizigʻi — hech kim ularni ajratishga shoshilmaydi. Hamxonalarimiz zoʻr tomosha koʻrishayotgandek maroq bilan janjalkashlarni kuzatishadi. Ikki soqchi hamrohligida Matchonov kirib kelgandan keyingina jang toʻxtaydi. Qon toʻkilmagan boʻlsa, soqchilar ogohlantirish bilan cheklanadilar. Aks holda janjalkashlarning ikkalasini (balki uch-toʻrttasini) ham shtabga olib ketishadi. U yerda Poʻlat Damirovich tomonidan ularga jazo choralari belgilanadi.

Shunday toʻpolon-janjal yuz bergan kezlarda men bu odamlarni tushunmay qolardim. Axir, shippakning bexosdan turtib yuborilgani mushtlashuvga arzimaydi-da! «Bu oʻta janjalkash va ichi tor kimsalar, — derdim ichimda oʻzimcha mulohaza yuritarkanman. — Ularning oʻrnida men boʻlganimda sira ham bunday qilmasdim!»; Ularning favqulodda jizzaki, urishqoq boʻlib qolishlarining sababini koʻp narsalarni tushunmasliklarida, chuqur fikr yuritmasliklarida deb bilardim. Nega deganda, bularning deyarli hammasi (Husan chalamullani hisobga qoʻshmaganda) chala-chulpa olingan oʻrta ma’lumot bilan cheklangan, diplom taklif qilingan taqdirda ham uni keraksiz matoh, deb hisoblab rad qiluvchi, har jihatdan oʻrtamiyona kishilar boʻlib, azbaroyi tirikchilik tufayli issiq koʻrpasini tark etgan darbadarlar edi.

Bu odamlar orasida ikki kishigina mening e’tiborimga sazovor boʻlishgandi: Nuralini jiddiy va mehribonligi tufayli, Husanni (garchi qotil boʻlsa-da) fikr doirasi keng boʻlgani uchun oʻzimga yaqin olardim. U bilan dunyoviy mavzularda bemalol suhbatlashish mumkin edi.

Bir kuni kechki payt «kontora»; xizmatchisi kelib meni Hakim Nazarich yoʻqlayotganini aytdi. Bu vaqtda men Husan bilan, yuqorida aytganimday, dunyoviy mavzularda gurunglashib oʻtirardik. Barakda faqat ikkimiz qolgandik, boshqalar ikkinchi smenaga ketishgandi.
— Birga boraymi? — deb soʻradi Husan xizmatchining gapini eshitganidan keyin.
— Shart emas.
— Menimcha, ular sizga shartnoma boʻyicha ishlashni taklif qilishsa kerak, — dedi Husan.
— Nafasingni issiq qilsang-chi!

Husanga shunday dedim-u tashqariga chiqdim. Ajoyib xushxabar kutayotgandek yuragim gurs-gurs urardi.
— Necha kundan buyon ishlayapsiz? — deb soʻradi Hakim Nazarich xonasiga kirganimda.
— Bir hafta boʻlib qoldi.
— Biz soʻrovnoma joʻnatdik, lekin hech qanday javob kelmadi. Nima qilasiz, mahbus singari bir soʻm olmasdan ishlab yuraverasizmi yoki shartnoma boʻyicha ishlamoqchimisiz?
— Shartnomaga rozi boʻldim deylik, xoʻsh, keyin-chi, keyin nima boʻladi?
— Biz sizga belgilangan tartib boʻyicha maosh belgilaymiz. Maoshning ma’lum bir qismi ehtiyojingizga qarab qoʻlingizga beriladi, qolgani siz bergan adres boʻyicha uyingizga, yaqinlaringizga yuboriladi.
— Kim yuboradi?
— Biz. Shu ish bilan shugʻullanuvchi shaxs!
— Maoshning hammasini oʻz qoʻlimga olsam boʻlmaydimi? — dedim quvlik qilgan kishi boʻlib.
— Boʻladi. Lekin qanday eplaysiz? Bankka qoʻya olmasangiz. Pochtaga bora olmaysiz. Sababi oʻzingizga ma’lum, yoningizda hech qanday hujjatingiz yoʻq. Shaharda bir qadam yurolmaysiz! Toʻgʻrimi?
— Toʻgʻri... — dedim boʻshashib.
— Ana shunaqa! — Hakim Nazarich qoʻllarini yoniga kerdi.
— Meni bu yerda ushlab turishga haqqingiz yoʻq! Qonunni juda yaxshi bilaman. Hech qanday hujjati boʻlmagan, oʻzga davlat fuqarosi boʻlgan odam mamlakatdan tashqariga chiqarib yuborilishi kerak! — dedim yotib qolguncha otib qol, qabilida, qolaversa, pichoq borib suyakka yetgan, sovuq va begonalik hukm surgan bu makonni iloji boricha tezroq, tezroq va yanada tezroq tark etgim kelganidan nihoyatda asabiylasha boshlagandim.
— Qonunni juda yaxshi bilarkansiz! — dedi Hakim Nazarich istehzoli kulimsirab.
— Har qalay goʻl emasman!
— Siz balki ashaddiy jinoyatchidirsiz? — dedi shunda Hakim Nazarich koʻzlari sovuq yaltirab. — Ehtimol, qotildirsiz?! Oʻn ikkita ayolni avval zoʻrlab, keyin vahshiylarcha oʻldirib, qochib yurgan manьyak balki sizdirsiz?! Ehtimol, siz interpol qidiruvidagi odamdirsiz?!

Hakim Nazarich shunday dahshatli narsalarni soʻzlayotgandiki, yuragim orqaga tortib ketdi.
— Qoʻying-e, nimalar deyapsiz?.. Qoʻying-e... — derdim nuqul gap topolmay esankirab qolganimdan.
— Yaqinda Podmoskovьedan oʻttiz yashar yigitning jasadi topildi, — deya sovuqqonlik bilan davom etdi Hakim Nazarich. — Murdaga hech qanday zarba berilmagan, xuddi uxlayotgandek beozorgina boʻlib yotibdi. Lekin mundoq tekshirib koʻrishsa, uning na jigari, na buyragi, na yuragi bor! Oʻsha yigitning qotili ehtimol sizdirsiz?!

Asablarim, vujudimdagi yetmish ikki tomirim qaqshab ketdi.
— Nimalar deyapsiz?! Nimalar deyapsiz?.. Axir men... shu qoʻllarim bilan odam oʻldiramanmi?!.
— Qoʻllaringizga nima boʻpti? Bu qoʻl bilan har qanday ishni bajarish mumkin. Baquvvat, chayir qoʻllar... — dedi Hakim Nazarich kesatgandek boʻlib.

Indamadim. Boshimga tushgan kulfat zalvorini koʻtara olmagandek umurtqam mayishib bukchayib qoldim. Ha, men haqiqiy fojianing tub mohiyatini ayni shu lahzada anglab yetgandim. Umidlarim yigʻlay-yigʻlay koʻnglimni tark eta boshladi...
— Men harbiy odam emasman, — dedi Hakim Nazarich bir mahal. — Shuning uchun sizga harbiycha muomala qilmadim. Kelishib olamiz deb oʻylagandim. Afsuski... sizni yaxshisi Poʻlat Damirovich ixtiyoriga yubora qolay, a, nima dedingiz?

Hakim Nazarich nimaga sha’ma qilayotganini tushundim.
— Shartnoma boʻyicha ishlashga roziman, — dedim yerdan bosh koʻtara olmay.
— Demak, gap bunday...

Hakim Nazarich menga haq olish tartibini tushuntira boshladi. Uning e’tirof etishicha, menga ham xuddi boshqalar qatori «ishbay»; tartibda maosh toʻlanarkan. Eng kam ish haqi oyiga toʻrt yuz dollar! «Ammo toʻrt yuz dollarning hammasi ham qoʻlingizga berilmaydi. Har oy oxirida ehtiyojingizga qarab pulning ma’lum qismi beriladi. Qolgani adres boʻyicha uyingizga yuboriladi. Shu bahonada sizning haqiqiy manzilingizni bilib olamiz. Mabodo notoʻgʻri adres bergan boʻlsangiz, pul oʻzimizga qaytib keladi. Agar hech qanday yaqinlaringiz, ya’ni oilangiz boʻlmasa, u holda sizning daromadingiz kontora buxgalteriyasi hisobida turadi. Qachonki, shartnoma muddati tugasa, bir rubliga ham xiyonat qilinmagan holda oʻz qoʻlingizga topshiriladi!»;

Ehtiyojga qarab olinadigan pul uchun esa navbatda turish kerak ekan...
— Yaqinda kelganingiz va yoningizda sariq chaqa ham yoʻqligini hisobga olgan holda sizni navbatning boshrogʻiga yozib qoʻyamiz, — dedi Hakim Nazarich soʻzining oxirida.
— Toʻrt yuz dollar koʻp emasmi? — deb soʻradim unga sinovchan va xomush (xuddi taqdirga tan bergandek) tikilarkanman.
— Bizda mehnatiga qarab emas, qadr-qimmatiga qarab insonga haq toʻlanadi, — deb javob berdi Hakim Nazarich hamsuhbatining koʻngliga ogʻir botuvchi kalondimogʻlik bilan.

Indamasligim kerak edi. Oʻzimcha shunday fikrda edim. Ammo til qurgʻur pand berdi:
— Sizlarda inson qadr-qimmati oyiga toʻrt yuz dollar turadimi?! Bir yilga toʻrt ming sakkiz yuz doll...
— Haddingizdan oshmang! — koʻzlari kosasidan chiqquday boʻlib stolga mushtladi Hakim Nazarich.
— Ovqat puli ham shu hisobga kiradimi?
— Soqchi!

Eshik ochilib soqchi yigit otilib xonaga kirdi. Men unga parvo qilmadim, biroq vujudimni iskanjaga olgan jazavani kuch bilan bosib, Hakim Nazarichga sokin va xotirjam nazar tashlagancha tik qarab turaverdim. Ayni shu daqiqada mening haqiqiy qiyofam namoyon boʻlgandir ehtimol. Birdan kutilmagan hol yuz berdi.
— Sen boraver! — soqchiga javob berdi Hakim Nazarich.

Soqchi ortiga qaytib eshikni yopdi.

Hakim Nazarich stol gʻaladonini titkiladi, goʻyo meni unutganday...
— Xayr.
— Xayr, — dedi Hakim Nazarich bosh koʻtarmasdan.

Eshik tomon yurdim.

Shu chogʻ eshik shaxt bilan ochilib Poʻlat Damirovich shaxdam qadamlar bilan ostona hatlab ichkariga kirib kelarkan, meni turtib oʻtdi yonimdan.
— Hakim Nazarich, — dedi u qichqirgudek ovozda mendan uzr soʻrashni xayoliga ham keltirmasdan. — Vaqt boʻldi. Tayyormisiz?
— Shestь sekund, — dedi unga javoban Hakim Nazarich.

Tashqariga chiqdim.

Havo sovuq, buning ustiga izgʻirin shamol esardi. «Kontora»; tepasida muallaq turgan oy ham sovuqqa dosh berolmay, dildirayotgandek koʻrinardi.

Barakka kirgim kelmadi.

Taxta toʻsiq yoqalab ketgan yoʻlak boʻylab yurib ketdim. Izgʻirin shamol burnimni chimchilar, koʻzlarimga nina sanchar, quloqlarim sovuqqa qotib qolganidan, barmogʻingiz tekkan zahoti uqalanib ketadigandek ular jonsiz va moʻrt boʻlib qolgandi.

Taxta toʻsiq yonidagi yoʻlak boʻylab asta-sekin odimlarkanman, goʻyo rangpar toʻlin oy ham menga hamroh boʻlgisi kelib suzayotgandek tuyulardi. Birdan yuragim hapriqib ketdi shunda. Men toʻsiqning narigi tomonidagi, soqchilar hech qachon qoʻriqlay olmaydigan ozod va nurafshon hayotni sogʻingandim. Taxta toʻsiqdan sakrab oʻtib ketishdan zoʻrgʻa oʻzimni tiyib turardim. Bilaman, taxta toʻsiq boʻylab dam oldinga, dam orqaga yurib turgan soqchilar nafaqat meni, hattoki qushni ham taxta toʻsiqdan oshib oʻtishga yoʻl qoʻymaydi!

Men oʻzimni bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingan mahbusdek his etardim. Toʻgʻri-da, bu yerning qamoqxonadan nima farqi bor? Hatto qamoqxonadan ham beshbattar. Beshbattarligi shundaki, bu yerdagi hayot qamoqxonadagiga ham oʻxshab, ham oʻxshamaydigan, alohida qonun-qoidalari mavjud boʻlgan, ta’bir joiz boʻlsa, yoʻldan adashganlar tiriklayin koʻmilgan tirik odamlar qabristoni edi.

«Mana, qanoat qilmaslikning oqibati! — derdim yuragim qon boʻlgancha adadsiz oʻy-xayollardan boshim gʻovlab, yoʻlak boʻylab borib-kelarkanman. — Mana, nihoyasiga yetay deb qolgan ilmiy ishni tashlab, hovliqqancha yetib kelgan manzilim! Meni ilmning uvoli tutdi!..»;

Oʻz-oʻziga azob berish va bundan allaqanday huzur-halovat tuyish kasali menda oʻsha kunlari paydo boʻlgandi.

Toʻsiq yonidagi yoʻlak boʻylab naq yigirma marta u yoqdan bu yoqqa borib kelganimdan keyingina barakka qaytdim. Bu vaqtda ikkinchi smenada ishlayotgan sheriklarimizning ba’zi birlari normalarini bajarib ishdan qaytishardi. Temir toʻshakda yotganday, bezovtalanganimdan uyqum qochib bedor yotarkanman, ishga ketayotganlarida sheriklari bilan birga ketib, qaytishda yolgʻiz oʻzi barakka kirib kelgan ishchilarni kuzatish asnosida bir narsaga amin boʻldim: koʻrinmas Beyning iqtidori shunda ediki, u odamlarni astoydil ishlatishning yoʻlini biladi! Ishning ogʻir-engilligidan qat’iy nazar, belgilangan normani koʻp kuch sarflab boʻlsa-da, qisqa fursatda bajara solib yotoqxonaga qaytish har qanday ishchi uchun qulay-da. Ikki baravar haq toʻlanishi esa nur ustiga nur!

* * *

Xayol surib yotgancha koʻzim ilingan ekan.

Bir mahal allaqanday xirqiragan tovush qulogʻimga chalinganday boʻldi. Tushim yoki oʻngim ekanligini anglolmay yotarkanman, xirqiroq tovush endi ayanchli ingroq boʻlib qulogʻimga chalindi: «Voy jonim!.. Essiz jonim!..»;

Kimdir alahlayapti, degan oʻyda indamay yotaverdim.

Xona zim-ziyo qorongʻilikka chulgʻangan edi. Pechning tafti pasayganidan xona ichi sovub ketgan, uxlayotgan bandalar hatto uyquda ham sovqotganlaridan qunishibgina yotardilar. Betartib nafas olish, xurrak tortish, alahsirashlar xonani tutib ketgandi. Tosh qotib uxlayotgan odamning xuddi afsus chekayotgandek chuqur xoʻrsinganiga koʻzingiz tushganmi? Yonginamdagi oʻrinda yotgan Nurali shunaqa, uyqusida nimadandir afsus chekib, chuqur xoʻrsinib qoʻyardi. Bir mahal haligi xasta ovoz yana qulogʻimga chalindi: «Kim bor?.. Muzday suv beringlar... Ichim kuyib ketyapti?..»; Bu endi shunchaki aljirash emasdi. Kimdir yordam soʻrayapti.
— Nurali, — deya sherigimni uygʻotdim. — Birovning mazasi qochdimi, deyman.

Nurali shu zahoti irgʻib oʻrnidan turdi. Qorongʻida faqat bir-birimizning koʻzlarimiznigina koʻrib turardik.
— Sham... Sham qayerda edi-ya? Men hozir...

Nurali pastga tushib, paypaslangancha nari ketdi. Ishchilar tunda gʻarazli maqsadda elektr tokidan foydalanmasliklari uchun xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan elektr simlari uzib qoʻyilardi. Zarurat tugʻilib qolgandagina soqchilar chiroqni yoqib berishardi, boshqa paytlarda mayda-chuyda ishlar uchun ishchilar shamdan foydalanishardi.

Eshik ochilib-yopildi.

Birozdan keyin Nurali gʻudrangancha yonimga keldi.
— Sham ham, govurt ham tashqarida qolib ketgan ekan, yonmayapti...

Ikkovlashib urinib bir amallab shamni yoqdik. Keyin lipillayotgan shamni uxlayotgan kishilarning yuz-koʻzlariga tutib, bemorni qidirdik. Nihoyat, topdik uni.
— Majid aka, sizga nima boʻldi?

Nurali gʻujanak boʻlgancha qaltirab-titrab yotgan kishining ustiga engashdi.
— S-suv be...r...r... — tomogʻi yirtilib, tovush paychalari lat yeganday xirqiroq ovozda gapirdi Majid aka.
— Hozir... — Nurali uning peshonasiga qoʻlini qoʻydi-yu, shu zahoti: — Voy-boʻy! Isitmangiz koʻtarilib ketibdi-ku, aka! — dedi.
— Yana... koʻtarilibdimi?..

Elliklarga borgan, siyrak sochlari qordek oppoq bu odamning shu qadar tinka-madori qurigan ediki, gapirishga holi kelmasdi. Ikki ogʻiz soʻzni ham xuddi suvsiz qolgan baliqdek ogʻzini katta-katta ochib, hansiragancha soʻzlagandi.
— Sizda issiqni tushiradigan dori yoʻqmi? — deb soʻradi Nurali mendan.

Men bosh chayqadim.
— Darvoqe, sizda qayoqdanam boʻlsin?.. Oʻzi yaqinda keldingiz-ku, — dedi Nurali, keyin Majid akaning peshonasini silarkan: — Eh, Majid aka! Kecha sizga aytuvdim-ku, bir-ikki kun ishga chiqmang, deb. Mana, oqibati! — dedi afsus chekkanday boʻlib.
— S-suv-s... — deya ingrandi Majid aka.
— Suv olib kelaymi? — deb soʻradim Nuralidan.
— Nimalar deyapsiz?! Sovuq suv mumkinmas! Hoy, kimda dori bor?! — bor ovozi bilan baqirdi Nurali.

Allakimlardan: «Yoʻq-q»;, degan javob eshitildi. Kimlardir bemahalda bezovta qilishganidan achchiqlanib boloxonador qilib soʻkindi. Ammo hech kim oʻrnidan turmadi.
— Soqchini chaqirib kelaymi? — dedim Nuraliga.
— Foydasi yoʻq, — qisqa javob berdi Nurali.
— Nega? Axir... hech boʻlmasa... ambulatoriyaga...
— Davron aka, keyin tushuntiraman. Hozir jim turing, — dedi Nurali, ovozidan asabiylashgani sezilib turardi.
— Su-uv... Ichim... kuy...di...i... — Majid aka tobora holsizlanayotgan, nafas olishi ogʻirlashayotgandi.
— Hoy musulmonlar! — deya qichqirdi Nurali. — Bir bechoraning ahvoli yomon, tursalaring-chi! Shunday vaqtda bir-birimizning kunimizga yaramasak, nima qilib yuribmiz bu dunyoda?! Abduvali! Husan! Fayzi! Oʻlib qolmadinglarmi mabodo?!

Shundan keyin birin-sirin Majid akaning atrofiga odam yigʻila boshladi. Kimningdir termosi bor ekan, bir chashka choy berdi. Yana biri dori... Biroq dori Majid akaga kor qilmadi. Azob tortib, qiynalib, oh-voh tortib yotib... tongda jon taslim qildi.

Uni oʻladi deb sira ham oʻylamagandim. Sovuq oʻtib shamollagandir, uch-toʻrt kun ishga chiqmasa oʻtib ketadi, degan xayolda edim sham tutib tepasida turganimda. Buni qarangki...

Shu yoshga dovur oʻlimga bu qadar yaqin kelmagandim. Shuning uchunmi, kutilmagan hol ruhiyatimga favqulodda yomon ta’sir qildi. Dard chekib, azobdan qiynalib yotganida uning pajmurda yuziga qarashga asablarim dosh bergandi. Ammo... joni uzilgandan keyin endi bu dunyoga tegishli emasligini bildirganday, haddan tashqari koʻkarib ketgan yuziga qarashga jur’atim yetmadi. Deraza oldiga borib turdim.

Kimdir xabar bergan chogʻi, xonaga avval brigadir Matchonov, keyin Hakim Nazarichning yolgʻiz oʻzi, Poʻlat Damirovich esa ikki soqchi hamrohligida kirib kelishdi. Ishchilar bilan boshliqlar oʻrtasida qisqa savol-javob boʻlib oʻtdi. Majid akaning nimadan oʻlganligi ma’lum boʻlgach, Hakim Nazarich Matchonovga yuzlanib:
— Endi nima qilmoqchisizlar? — deb soʻradi.
— Nima qilmoqchisizlar? — Matchonov chaqchaygancha Nurali bilan Husanga qaradi.
— Iloji boʻlsa, jasadini uyiga yuborsak boʻlardi... — dedi Husan Hakim Nazarichga qarab.
— Uyiga-ya?! — Hakim Nazarichni chetga surib oʻrtaga chiqdi Poʻlat Damirovich. Uning chiroyli yuzi boʻgʻriqib ketgandi.
— Ha, uyiga, — takrorladi Husan.

Boshqalar nafas chiqarmay turishardi.
— Qanday qilib?! — mavridi emasligiga fahmi yetmadimi yo atay qildimi, Poʻlat Damirovich mazaxomuz kuldi.
— Samolyot bilan...

Husanning gapi chala qoldi.
— Samolyotda joʻnatish uchun toʻrt ming dollar kerak! Topib berasanmi?! — Poʻlat Damirovich Husanga yeb yuborguday tikildi.
— Ilojini qilarmiz... Hammamiz pul tashlab...

Kutilmaganda Poʻlat Damirovich qah-qah urib kulib yubordi. Bu shunday oʻrinsiz, xunuk kulgi ediki, umrim bino boʻlib bunday shafqatsizlikka duch kelmagandim.
— «Hammamiz pul tashlab?!.»; Qancha pullaring bor oʻzi? Menga ham biroz qarz berib tursanglar, degandim!

Shu chogʻ Husan bir qadam oldinga chiqdi. Oldinga chiqarkan, uning yuzi oppoq oqarib ketgandi:
— Qancha kerak?!

Shunda ikkita bir-biridan chiroyli, ammo qiyofalarida ikki xil, bir-biriga oʻxshamaydigan ifoda kezinayotgan yigit yuzma-yuz turib qolishdi.

Husanning muloyim yuzi oppoq...

Laxcha choʻgʻday yonuvchi koʻzlari gʻussaga toʻla...

Poʻlat Damirovichning xushbichim oqish yuzi ayni lahzada qip-qizarib ketgandi. Koʻzlari shafqatsizlik bilan yonardi.

Shu chogʻ:
— Gap bunday, — degancha ularning oʻrtasiga suqildi Hakim Nazarich. U oʻzini koʻrsatish uchun qulay vaqtni poylab turganday tuyuldi menga. — Murda mahtal boʻlib qoldi. Sizlar rasm-rusumlaringizni qilaveringlar. Bu yogʻini biz hal qilishga urinib koʻramiz.
— Men va’da bera olmayman, — dedi Poʻlat Damirovich keskin ohangda. — Hakim Nazarich, agar malol kelmasa, oʻz nomingizdan va’da bering.
— Men hali hech kimning nomidan va’da berganim yoʻq, — dedi unga javoban Hakim Nazarich. — Faqat bir narsani iltimos qilgandim. Murdaning oldida shovqin koʻtarmanglar, yaxshimas bu axir!

Boshliqlar birin-ketin chiqib ketishdi.

Ular chiqqan zahoti xonada gʻala-gʻovur koʻtarildi:
— Shoʻrlikni qanday qilib boʻlmasin, uyiga joʻnatish kerak! Oʻz tuprogʻiga koʻmilganga nima yetsin?!.
— Oʻziniyam yigʻib yurgani bordir. Choʻntaklarini qarash kerak!..
— Kontoradan, Hakim Nazarichdan yordam soʻrash kerak. Hakim Nazarich yomon odammas!..
— E, oʻlgandan keyin qayerga koʻmishning nima farqi bor? Koʻmilding nimayu, koʻmilmading nima?! Oʻlding-oʻchding! Bu dunyoda yoʻqsan, tamom-vassalom!..

Boya, bundan bir necha daqiqa ilgari boshliqlar shu yerdaligida jim turganlar endi gapga tushib ketgan, bir vaqtning oʻzida xonada necha kishi boʻlsa, hammasi gapirar, baland ovozda oʻz fikrlarini aytib, shovqin solardi. Biroq hal qiluvchi soʻzni hech kim aytmasdi. Faqat Husan jim, muzday devorga suyanganicha oʻtirar, yuzi yanada oqargan, ayb ish qilib qoʻyganday, koʻzlarini yerdan uzmasdi.

Kir-chir parda toʻrlari orasidan bulutli, ammo nihoyatda sovuq kunning ma’yus yorugʻi tushayotgan deraza ostidagi taxta karavotda esa Majid aka yotardi. Goʻyo foniy dunyoga tegishli emasligidan xotirjam boʻlganday uning koʻkimtir yuzi sokin tortib qolgandi.
— Siz nima deysiz? — deya yonimga kelib soʻradi Nurali.
— Iloji boʻlsa uyiga yuborish kerak.
— Bunday qilsak-chi, hammamiz baholi-qudrat oʻrtaga pul tashlab, yigʻsak-da, bir kishini vakil qilib, kontoraga yuborsak...
— Nurali, — dedim past, ammo keskin ohangda. — Masalaga real koʻz bilan qarash kerak, menimcha. Biz topganimizni yigʻib berdik, deylik, — yoningizda qancha pul bor oʻzi?! — kontoradagilar yetmaganiga qoʻshib, murdani (yo tavba, kechagina u Majid aka edi-ya!) uyiga yuborishga rozi boʻlishdi ham deylik; ammo haqiqatan ham murda yuboriladimi yoki biror xilvat yerga oborib koʻmib tashlanadimi?! Hamma gap mana shunda!
— Yoʻgʻ-e? — ishonqiramagandek qaradi Nurali. — Juda boʻlmasa uyimizga yuborilayotgan maosh hisobidan...
— Bunchalik sodda boʻlmang, Nurali!
— Axir, nimadir qilish kerak-ku!
— Qilish kerak. Lekin, ochigʻi, nima qilish kerakligini men bilmayman, — dedim yuragim siqilib. — Yaxshisi, boshqalar bilan maslahatlashing.
— Koʻpchilik bilan hech narsani hal qilib boʻlmaydi, — dedi Nurali kuyinib. — Hakim Nazarich bilan gaplashish kerak. Yolgʻiz oʻzi bilan. U insofli odam. Biror yoʻl-yoʻriq koʻrsatishiga ishonaman!
— Shunday qila qoling...
— Ikkalamiz birga boramiz!

Rozi boʻldim.
— Ammo bir shart bilan, — dedim Nuraliga sekin. — Husan ham biz bilan birga boradi.
— Qoʻysangiz-chi uni, qoʻying-e, — dedi Nurali ovozi oʻzgarib. — U yoʻq yerdan janjal chiqarib yuradi. Boya ham koʻrdingiz-ku!
— Shunday boʻlsayam... Har qalay, u menga qaraganda gapga usta...
— Mayli, lekin keyin afsus chekmasangiz boʻldi.
— Majid aka kasalmidi yo birdan shunaqa... boʻlib qoldimi? — fursatdan foydalanib soʻradim Nuralidan.

Chunki shu kungacha Majid aka bilan bitta xonada yashab kelayotgan boʻlsak-da, u haqda ismidan boshqa hech narsa bilmasdim. Yanglishmasam, bu yerga kelgan kunim shovqin-suron koʻtargancha barakka kirib kelgan ishchilar orasida birinchi boʻlib mana shu Majid akaning koʻzlari menga tushgandi. Qordek oppoq soch... pajmurda yuz...
— Oʻtgan yilgi qishda sovuqqa oʻpkasini oldirib qoʻygandi. Isitmasi koʻtarilib, quv-quv yoʻtalsa ham ishdan qolay demasdi. Ishga chiqmagan kun uchun haq yozilmaydi-da!
— Medpunkt yoʻqmi?
— Qayoqda! Bu yil haliyam birnav. Oʻtgan yili men kelmasdan avvalroq odamlarimiz tutday toʻkilgan ekan. Sovuq-da. Tilsiz yov bu! Bizni hech kim bu yerga chaqirmagan ishlash uchun. Shuning uchun tilimiz qisiq! Aslida ularning bizga pul toʻlamaslikka ham haqlari bor. Qonunan olib qaraganda! Ammo Hakim Nazarich zoʻr odam! Shu kishining sharofati bilan oʻzimiz bu yoqda boʻlsak-da, bola-chaqamizning kuni oʻtib turibdi.

Nuralining Hakim Nazarichga hurmati baland ekanligini sezdim. Menda esa buning aksi, nazarimda, Hakim Nazarich yoqimli niqob bilan oʻz-oʻzini pardalab, bechorahol, oʻrtamiyona bu kishilar sigʻinadigan kimsaga aylangandi. Aslida esa bu odamni nafs alvastisi bu yerlarda yetaklab yuribdi. Nafs alvastisi qiyofasida yurgan turk korchaloni Hakim Nazarichning ham, anavi zolim Poʻlat Damirovichning ham jilovidan mahkam tutgan, endi oʻzlari istagan taqdirda ham nafs alvastisining changalidan qutula olmaydilar, bunga kuchlari yetmaydi, endi umrlarining oxiriga dovur ikkalasi ham nafs alvastisi yetaklagan tomonga qarab chopaveradilar, degan fikrda edim.

Shunday qilib, oradan chamasi ikki soatcha vaqt oʻtgach, uch kishi — Husan, Nurali va men kontoraga yoʻl oldik.

Biz kirib borganda xuddi atay qilgandek u yerda Poʻlat Damirovich oʻtirardi. Yanglishmasam, Hakim Nazarich ikkalasi shoshqol oʻynashardi.

Men bilan Nurali eshik oldida turdik, Husan bir soʻz demasdan borib qoʻlidagi tugunchani stol ustiga qoʻydi-da, yonimizga qaytib keldi.
— Bu nima? — shoshqol donalariga tikilgancha kulimsirab oʻtirgan Poʻlat Damirovich birdan jiddiy tortib, zardali ohangda Husandan soʻradi.

Husan unga emas, Hakim Nazarichga qaragancha javob berdi:
— Pul. Uni qanday boʻlmasin uyiga joʻnatish kerak!

Poʻlat Damirovich irgʻib oʻrnidan turib qarshimizga keldi-da, aynan Husanning yuziga yuzini tekkizguday boʻlib vajohat bilan:
— Uni axlatxonaga irgʻitib yuborish kerak! — dedi.

Husanning musht boʻlib tugilgan qoʻlidan qattiq siqdim. Har tugul, u oʻzini bosdi.
— Poʻlat Damirovich, men bu kishilar bilan gaplashib olsam, degandim, — dedi Hakim Nazarich oʻrnidan turib shoshqol donalarini yigʻishtirarkan.
— Men xalaqit beramanmi? — surbetlik bilan soʻradi Poʻlat Damirovich.
— Xalaqit bermaysiz. Bu masala baribir sizsiz hal boʻlmaydi. Hali oldingizga oʻtaman, — Hakim Nazarich yaltoqlanib gapirdi.
— Ovora boʻlmang!

Poʻlat Damirovich eshik tomonga yurdi.
— Bu yoqqa, — Poʻlat Damirovich chiqib ketishi bilan Hakim Nazarich bizni stol yoniga chaqirdi. — Gap bunday, men u yoq-bu yoqni surishtirdim. Samolyotda joʻnatishning iloji yoʻq. Ochigʻi, tashvishi koʻproq buning. Yaxshisi, poyezdda joʻnatish kerak.
— Qanday qilib? — soʻradi Nurali, u boyadan buyon Hakim Nazarichdan koʻz uzmasdan tikilib turardi.
— Bu yoqdan mol olib ketayotganlar bilan kelishamiz-da, qoʻliga pulni berib, birortasining gilam-palosiga murdani oʻrab! — Hakim Nazarich «qoyilmisizlar?»; deganday har birimizga koʻz yugurtirarkan qoʻshimcha qildi: — Ham qulay, ham oson!

Mening nafasim qaytdi. Majid akaning murdasini emas, meni gilamga oʻrab-chirmashayotganday yuragim tez-tez urib ketdi. Sheriklarim ham, aytidan, bunday «taklif»;ni kutishmagan chogʻi, yuzlari oʻzgarib, qarashlari mahzunlashdi.
— Boshqa yoʻli yoʻqmi? — soʻradi Husan.
— Yoʻq.
— Shunaqa... hojatbaror odam bormi? — dedi Nurali.
— Topiladi.

Uchalamizning nigohlarimiz toʻqnashdi.
— Begona yurtda qolib ketgandan koʻra... — Nurali shunday dedi-yu, gapining yarmini ichiga yutdi.
— Bu yogʻini oʻzlaring hal qilinglar, — dedi Hakim Nazarich.
— Boʻpti, deyaveramizmi? — Bir menga, bir Husanga jovdiradi Nurali.
— Boshqa iloji yoʻq ekan... rozi boʻlishdan oʻzga chora yoʻq, — dedim.
— Husan...

Nurali savol nazari bilan qaradi Husanga.
— Mayli, — dedi Husan boʻshashib. U boyagi jahldor yigitga umuman oʻxshamay qolgandi.

Murdani soat oʻn ikki yarimga tayyorlab qoʻyishga va’da berib kontoradan chiqarkanmiz... qismatimni la’natladim. Vaholanki, men qalban xudojoʻy edim. Ba’zi xudojoʻylarga oʻxshab qiroatxon emasdim, iymon-e’tiqod haqida hech yerda ma’ruza qilmasdim, ammo taqdir, qismat degan tushunchalarga ishonardim. Har qalay, ich-ichimda xudoni tildan qoʻymasdim. Ayni lahzada esa e’tiqod deb atalmish qal’amga darz ketgan, men na xudoga, na qismatga ishonardim...

Shu kuni uch-toʻrt kishi ishga chiqmadik. Soat oʻn ikki yarimga qadar baholi qudrat barcha rasm-rusumlarni ado etib, marhumni soʻnggi manzilga tayyorlab qoʻydik. Tobutni olib ketish uchun ikki kishi mashinada kelishdi. Bizdan ham ikki kishi stansiyaga bormoqchi edi, Hakim Nazarich ruxsat bermadi. Shaharga chiqish uchun ruxsatnomamiz yoʻqligini roʻkach qildi. Buni oʻzimiz ham bilardik...

Kechqurun Hakim Nazarich yana meni kontoraga chaqirib, qoʻlimga biroz pul berdi. Keyin oylik maoshimni kimning nomiga yuborishimni soʻradi. Men xotinim Saodatning manzilini berdim.

Eshikdan chiqayotib, yana Poʻlat Damirovichga duch keldim. U yonimdan oʻtayotib tagʻin meni turtib oʻtdi. Uning bepisandligi qonimni qaynatdi, ammo tarozi pallasiga qoʻyishsa, qay birimiz posangini bosib ketishimizga aqlim yetganidan yana oʻzimni bosdim.

Hovlida menga tanish oʻsha yoʻlakda Husan yurgan ekan. Yoniga bordim.
— Pul berishdimi? — deb soʻradi u goʻyo hammasini koʻrib-bilib turgan folbinday.
— Ha. Siz qanday bildingiz?
— Shunchaki soʻragandim, siz rostini aytdingiz-qoʻydingiz, — dedi Husan chiroyli yuziga yarashadigan tabassum bilan. — Darvoqe, pulingizga ehtiyot boʻling. Olgʻirlar ham yoʻq emas.
— Unchalikka borishmas.
— Ixtiyoringiz.

Husan agar roʻyxushlik bersa, men u bilan gurunglashmoqchi edim. Lekin Husan men bilan gaplashishni istamagandek qoʻllarini choʻntaklariga solgancha nari ketdi.

Keyinchalik ham men uni har qancha kuzatib, qoʻyniga qoʻl solib koʻrmay, u bilan ochiqchasiga chin yurakdan gaplasha olmadim. Husan hech qachon menga nisbatan manmanlik qilmagan, suhbatlashishdan boʻyin tovlamasdi, bizning gurunglarimiz yigʻilsa semizgina bir kitob boʻlishi mumkin, ammo qancha gaplashmaylik, uning gap ohangida vahshiy qotilga xos shafqatsizlikni sezmadim, u soʻzlar ekan, yuzidan bolalarga xos soddadil va musaffo tabassum arimasdi. Va men har gal unga qarab turib, shunday beozor yigit qanaqasiga qotil boʻlsin, deya hayron boʻlardim.

Husanning qoʻli qon qotil ekanligiga ishonmagan boʻlsam-da, uning folbinlikdan xabari borligiga tez kunlarda amin boʻldim. Men Hakim Nazarich bergan pulni oradan ikki kun oʻtgach, oʻgʻirlatib qoʻydim!..

Kim olganiga sira aqlim yetmasdi, hatto kimdan gumonsirashni ham bilmasdim. Nazarimda, hamma oʻzi bilan oʻzi ovoradek, oramizda imonsizlar yoʻqdek tuyulardi. Shunday boʻlsa-da, pul oʻgʻirlandi. Men bir necha kun, to sheriklarim bu sirdan ogoh boʻlguncha tushlikda och qoldim. Oʻsha kunlarda pul men uchun faqat tushlikda zarur boʻlardi.

Yuqorida, gap orasida qistirib ketgandim, agar esingizda boʻlsa, qanaqadir ayollar tush payti kelib «pirashka-mirashka»; sotib ketishlari haqida. Nari borsa, oʻttiz-oʻttiz ikkilarga kirgan, moviy koʻzlari shahlo, mallasochli bu ayollar har kuni tushlik vaqtida savatlari bilan qurilish maydonida paydo boʻlishardi. Bir necha bor ularni gapga solishga urinib koʻrdim, ammo men shoxida yursam, ular bargida yuradiganlar xilidan ekan, tutqich berishmadi. Notoʻgʻri xayolga bormang, mening bor-yoʻgʻi maqsadim, ular bilan gaplashib, jilla qursa oʻzimning qayerda ekanligimni bilib olish edi.

Xatti-harakatlarimdan Fayzi ham qandaydir boshqa ma’no izlagan shekilli, oʻsha kunlarning birida:
— Davron aka, xafa boʻlmang, bular oʻzi shunaqa, — deb qoldi dabdurustdan. — Avvaliga oʻzlarini taroziga solishadi, chekinmasdan hujumga oʻtaversangiz, oxiri taslim boʻlishadi. Yuz gramm quyib bersangiz, voobhe rohat-farogʻatga koʻmilasiz!
— Siz meni notoʻgʻri tushunibsiz, — deya endi gap boshlagan edim, Fayzi yana gapni ilib ketdi.
— Hov anavi kishi bor-ku, — deya u qoʻlini qoʻshni brigadada ishlayotgan oʻrta yashar, tepakal, koʻzlari olma-kesak terib turadigan Qadamboy ogʻaga bigiz qildi. — Shu odam bittasiga qarmoq solib yuribdi. Anovi tiqmachoqday xotin bor-ku, tuyaqushga oʻxshab loʻkillab yuradigan, oʻshani anchadan buyon aylantirayapti. Menimcha, uylansa kerak.
— Laqqa baliq oyimcha ham osongina qarmoqqa ilinadiganga oʻxshamaydi, — deya oraga gap qoʻshdi Toshpoʻlat.
— Ilinmay qayoqqa borardi, hammasiyam ersirab yurgan megajinlar! — dedi Fayzi.
— Har qalay, koʻchada qolganlaridan bu yerga kelmayotgandirlar, — dedim.
— Shunaqalariyam bor, ishonmasangiz kechqurun Qadamboy ogʻadan soʻraymiz, u hech narsani yashirmaydi, — dedi Fayzi shaxt bilan.
— Shart emas.

Suhbatimizga faqat Husan aralashmadi. U xayol daryosiga gʻarq boʻlgancha oʻy surib oʻtirardi.

Kechqurun oshxonada oʻtirganimizda Fayzi Qadamboy ogʻani stolimizga boshlab keldi.
— Qadamboy ogʻa, — dedi Fayzi bizlarga koʻz qisib qoʻyarkan. — Manavi yigitlarga anovi laqqa baliqchangiz haqida gapirib bergandim, ular ishonishmayapti. Shunday ofatijon Qadamboy ogʻaga qayrilib ham qaramasa kerak, deyishyapti. Oʻzingiz gapirib bering bularga!

Qadamboy ogʻa deganimiz qoyilmaqom ish qilgan odamday kerilgancha stulga oʻtirarkan:
— Nega ishonishmaydi? Nimaga ishonishmaydi? Nima, biz erkak emasmizmi? — dedi hammamizga bir-bir olazarak nazar tashlarkan.
— Nimalar deyapsiz? — deya xitob qildi Toshpoʻlat. — Biz faqat bir narsaga tushunmayapmiz, toʻgʻrirogʻi, hayron boʻlyapmiz, shunday koʻhlik, yoshgina ayolni qanday qilib oʻzingizga qaratib oldingiz? Biz gap otsak, qayrilib ham qaramaydi-da!

Husan «piq»; etib kulib qoʻydi. Aftidan, u Toshpoʻlat ta’riflagan «... koʻhlik, yoshgina ayolning»; haqiqiy qiyofasini koʻz oldiga keltirdi chogʻi.
— Ha, betayin, — erkalagandek Husanni koyidi Qadamboy ogʻa, chamasi uning kulgisini ishqibozlik oqibati, deb bildi-yov. — Senlarga shunaqa gap boʻlsa!
— Tajribangizni oʻrtoqlashing, deyapmiz-da, — deya yana pishang berdi Fayzi.
— Unga rostdan ham uylanmoqchimisiz? Tegaman, dedimi?! — ishonqiramagandek soʻradi Toshpoʻlat.

Bu yigitlar Qadamboy ogʻaning fe’l-atvorini obdon oʻrganishgan chogʻi.
— Tegaman deyishga-ku degan, — dedi shunda Qadamboy ogʻa kerilib. — Men taklif qilmasimdan burun oʻzi ogʻiz solgan. Faqat bir-ikkita sabab yoʻlimizga gʻov boʻlib turibdi-da.
— Qanday sabab? Eri bormi?!
— Yoʻgʻ-e. U tomondan hech qanday gʻov yoʻq. Faqat kafillikka olishga ikkilanayotganini aytmaganda...
— A-ha, demak, u sizni kafillikka olishi kerak? Shundaymi? Shundan keyin kontoradagilar unga uylanishingizga ruxsat berishadi, a, shundaymi?
— Shunday, — Qadamboy ogʻa boshini solintirdi.
— Oson ekan-u, — dedi Toshpoʻlat.
— Mening u yoqda bola-chaqam bor-ku, — dedi shunda Qadamboy ogʻa boshini koʻtarib Toshpoʻlatga qararkan. — Bunga uylansam, u yoqdan voz kechishim kerak...
— Zato ozodlikka erishasiz. Xuddi Matchonovga oʻxshab! — atay tantanavor ohangda gapirdi Fayzi.
— Shunday qilsammikin?.. — Qadamboy ogʻa koʻzlarini jovdiratdi. — Toʻgʻrisi, bu yer toza jonimdan oʻtib ketdi! Ariston boʻlib ariston emasmiz, ishchi boʻlib ishchi emasmiz...
— Uylanganingizdan keyin laqqa baliqchangizga aytsangiz, sizni olamdan oʻtdi, deb xat yozvoradi uyingizga...

Fayzi mayna qilishda davom etarkan, men asta oʻrnimdan turib, davradan sirgʻalib chiqdim. Eshik oldiga yetganimda ortimdan «gur»; kulgi koʻtarildi. Yigitlar shafqatsizlarcha Qadamboy ogʻani mazax qilishni davom ettirishyapti chogʻi.

Nafsilamrini aytganda, Qadamboy ogʻaning gapida jon bor. Biz haqiqatan ham mahbus boʻlib mahbus emas, ishchi boʻlib ishchi emasmiz. Ishchi boʻlsak, mahbusdek tutqunlikda yashamasligimiz lozim. Mahbus boʻlsak, bizga ish haqi toʻlanmasligi kerak. Kim bilsin, kontoradagilar ehtimol bizni ikkala «unvon»;dan ham pastroq nom bilan roʻyxatga tirkab qoʻyishgandir? Umuman, roʻyxatda bormizmi?!

Odatdagidek, toʻsiq yonidagi yoʻlakda kezib yura-yura hovurim bosilgandan keyin barakka kirarkanman, janjalning ustidan chiqdim.
— Bu choriq kimniki?! Kimniki deyapman?! — deya baqirardi Poʻlat Damirovich bu vaqtda oʻzining hamisha yaltirab turuvchi etigi bilan allakimning yerda agʻdarilib yotgan, titilib ketgan etigini zarb bilan teparkan.

Barakdagilar turgan yerlarida haykal boʻlib qolishgan, hech kimdan sado chiqmasdi.
— Kimniki deyapman? Nima balo, tillaringni yutvorganmisanlar?!

Poʻlat Damirovichning ovozi shu qadar jarangdor ediki, baayni quloq pardasini teshib yuborardi.

Hamma jim.

Savoli javobsiz qolganidan Poʻlat Damirovich battar achchiqlandi, yuzi boʻgʻriqdi.
— Siznikimi?! — deya doʻq aralash soʻradi u oʻziga yaqinroq turgan kishidan.
— Yoʻq, yoʻq, mana mening etigim, oyogʻimda turibdi, — dedi jonholatda haligi kishi va shosha-pisha ortiga tisarildi.
— Siznikimi?! — Poʻlat Damirovich yana bir kishiga yuzlandi.

Shu payt xona toʻridan:
— Meniki! — degan dagʻal ovoz eshitildi.

Hamma oʻgirilib oʻsha tomonga qaradi. «Husan!»;

Husan xona toʻrida butini kergancha bir poy etiksiz turardi.

Raqibining qon tomiridan tishlashga shaylangan oʻqilonday gʻoz turgan Poʻlat Damirovich sezilarli darajada seskanib tushdi.
— Etik meniki, — dedi Husan endi bosiq ovozda. — Xoʻsh, nima boʻpti shunga?
— Nega u bu yerda yotibdi?!
— Qayerda yotsa yotavermaydimi, axir u poyabzal-ku, — dedi Husan kulimsiragancha.
— Hoy bola! — Poʻlat Damirovich uning ustiga bostirib bordi. — Nega mening jigʻimga tegmoqchi boʻlyapsan?
— Men sizga bir nima dedimmi? — dedi Husan bir tuki ham qilt etmasdan.
— Axir, men unga qoqilib ketdim. Yiqilib tushishim ham mumkin edi!
— Yiqilib tushmaslik uchun yerga qarab yurish kerak! Yoki boʻlmasa... — Husan qiziq gap aytmoqchi boʻlgandek yon-veriga quvnoq nigoh tashladi. — Yoki boʻlmasa, eshikdan avval soqchilarni kiritish kerak. Ular yoʻlingizni tozalab...
— Soqchi!!! — deya qichqirdi Poʻlat Damirovich.

Holbuki, uning baqirishiga asos yoʻq edi. Ikkala soqchisi ham uning yonida edilar, Poʻlat Damirovich toʻxtasa toʻxtashardi, yursa yurishardi.
— Qoʻrqoq! Uni qaranglar, qoʻrqoqligidan har doim soqchilar bilan birga yuradi! — deya baqirdi Husan ham ovozini koʻtarib.
— Shtabga olib boring! — gʻazab bilan buyurdi soqchilarga Poʻlat Damirovich va otilib xonadan chiqdi.

Ikki soqchi Husanni qoʻltigʻidan tutib tashqariga sudradi...

Barak suv quyganday jimjit boʻlib qoldi.

Ancha vaqtgacha hech kimdan sado chiqmadi.

Hamma Poʻlat Damirovichning bostirib kelib qolishidan xavotirda, yurak hovuchlagancha eshikka tikilib turardi.

Nihoyat, xatarli daqiqalar ortda qoldi. Poʻlat Damirovich qaytib kelmadi. Holbuki, hali u yoʻqlama qilishga ulgurmagandi. Poʻlat Damirovichning kutilmagan bir vaqtda xonaga Azroilday bostirib kirib shaxsan oʻzi yoʻqlama qiladigan odati bor edi. Yoʻqlama chogʻida hamma xonada boʻlishi shart edi. Aks holda, boshiga balo yogʻilardi. Poʻlat Damirovich yoʻqlama vaqtida xonada boʻlmagan kishini «Shtab»;ga chaqirib olib, tinka-madori quriguncha tergov qilardi. Uning goh ilmoqli, goh tuturiqsiz, bema’ni savollariga sabr-toqat bilan javob berganlar xiyla oson qutulardilar. Sarkashlik qilganlarning shoʻri qurirdi.

Ma’lum boʻlishicha, oʻsha kech Poʻlat Damirovich odatdagidek yoʻqlama qilish uchun barakka kelgan va ostona hatlagan zahoti yerda yotgan bir poy etikni koʻrmasdan qoqilib ketgan ekan.
— U atay etigini oʻsha yerda qoldirgan, — degandi Nurali menga oʻshanda shivirlab. — Shu bolaga tushunmayman, oʻlay agar! Basharasiga qarasang, musichaday beozor, lekin har doim Poʻlat Damirovichning jigʻiga tegish payida boʻladi!
— Uni yoqtirmasa kerak, — dedim menam past ovozda.
— Yoqtirmasa shunaqa qilish kerakmi? — hayron boʻlib qaradi Nurali. — Oʻziga-oʻzi jabr qilyapti-ku!
— Ha, toʻgʻri, — deya unga yon berdim.

Shu payt kimdir:
— Husanni olib kelishyapti! — deya xabar berdi.

Hushyor tortdim.

Ikki daqiqa ham oʻtmasdan boyagi ikki soqchi Husanni qoʻltigʻidan tutib sudragancha xonaga olib kirishdi va shundoq ostonaga tashladilar-u, bir soʻz demasdan chiqib ketishdi.

Bir zumda Husanning atrofida odam toʻplandi.
— Nima boʻldi? Boplashdimi?
— Ta’ziringni yedingmi?
— Boshqa bunday hazil qilmassan endi?

Savol ustiga savol yogʻildi.

Biroq Husandan sado chiqmadi. U behush edi. Yuzi qontalashgan, boʻyni, bilaklari momataloq, chap qoshining yorilgan joyidan qon sizib oqardi.

Nurali ikkovimiz uni toʻshagiga olib oʻtdik.
— Shu bolaga hech ham tushunmayman, — deya yana takrorladi Nurali Husanning yonida oʻtirganimizda. — Poʻlat Damirovichning fe’lini bila turib uning gʻashiga tegadi. Etikniyam atay yoʻl ustiga qoʻygan, bugun Poʻlat Damirovichning shaxsan oʻzi yoʻqlama qilishini bilardi-da.

Husanning yuziga termildim. Qoʻlimizdan kelgancha uning yara-chaqalariga malham dori surgan boʻlsak-da, joni azobda ekanligi bujmaygan yuzidan sezilib turardi.
— Shu yigit haqiqatan ham odam oʻldirganiga ishonasizmi? — deb soʻradim past ovozda Nuralidan.
— Kim bilsin, — dedi Nurali oʻychanlik bilan. — Mulohazali yigitga oʻxshab koʻrinadi menga.
— Menga ham shunday...
— Eh! Odamzod oʻzini-oʻzi fosh qilmasa uning qandayligini bilish qiyin, — dedi Nurali.

Shu kecha biz galma-gal Husanga qarab chiqdik.

Ertalab Husan qovoq solgancha oʻrnidan turib ishga joʻnadi.
— Uch-toʻrt kun ishga chiqmay tursa boʻlardi, — dedi Nurali uning ortidan qarab qolarkan. — Kecha tizzasiga koʻzingiz tushganmidi?
— Momataloq edi...
— Tizzasi sinmasa ham mundayroq boʻlgan. Hozir issigʻida sezmayotgandir. Tagʻin bir baloni orttirib olmasin.
— Oqsoqlanib yurishiga qaraganda ogʻriqni sezyapti. Lekin kimgadir oʻchakishganday, atay oʻzini-oʻzi azoblayotganga oʻxshayapti... Menimcha, Poʻlat Damirovichning rahmini keltirmoqchi!
— Huv anavi etikni koʻryapsizmi? — Nurali pechka yonida turgan bir juft yap-yangi etikni koʻrsatdi.
— Ha. Darvoqe, bu etik kimniki?
— Kamoliddin degan yigitniki.
— Oʻlganmi?
— Yoʻgʻ-e, nimalar deyapsiz? Kamoliddin tirik, toʻgʻrisi, oxirgi marta koʻrganimizda tirik edi. Kim bilsin, hozir qayerda, qay ahvolda ekan? Eshitishimcha, uni Hakim Nazarich oʻz panohiga olganmish...
— Unga nima boʻlgan oʻzi?
— Ha, darvoqe... Kamoliddinning asli kasbi rassom boʻlgan. Rassomchilikdan omadi yurishmaganidan keyin oʻzini qora ishga urgan. Oʻrtogʻi bilan oʻn tonna piyozni KamAZga ortishganu «Qaydasan, Rossiya?!»; deb yoʻlga chiqishgan. Tamojniydan qochib «chyorniy xod»; orqali yuramiz deb oʻrmonda adashib qolishgan. Bu yerning oʻrmonlarini bilasiz-ku. Na boshi, na keti bor! Buning ustiga, mashina buzilib qolgan. Bir haftacha mashina ichida jon saqlashgan. Yoʻlga olgan ozuqalarini yeb bitirishgandan keyin ahvollari ogʻirlashgan. Kun sovuq, hamma yoq qor. Qoʻllarida kompas boʻlmasa?! Piyozni sovuq urib chiriy boshlagan. Bundan ikkalasi yanada dahshatga tushishgan. Axir, oʻn tonna piyozning pulini birovdan olishgan! Bir yerda oʻtiraversak, birov kelib bizga yordam berarmidi, deyishib, oxiri mashinaniyam, piyozniyam tashlab poyi-piyoda yoʻlga tushishgan. Ikki kun yoʻl yurib mundoq qarashsa, yana oʻsha yerda, oʻzlarining KamAZlarining oldida turishgan! Yeguliklari butunlay ado boʻlgan, qorinlari och, sillalari qurigan... Oʻrtogʻi suv oʻrniga ham, ovqat oʻrniga ham qorni kappalayvergan. Kamoliddin muzlab qolgan piyozning murtagini kavshagan. Butunlay holdan toyganlaridan keyin kun-tunning farqiga bormay qolishgan. Oʻrtogʻi shamollab qolib, oʻsha yerda olamdan oʻtgan. Shundan keyin Kamoliddin oyoqlari muzlab qolganiga qaramasdan emaklagancha yoʻlga tushgan. «Eng yomon oʻlim ochlikdan tirishib oʻlish ekan, — derdi Kamoliddin shu yerdaligida. — Oʻlimni kutib yashash esa undan ham ogʻir ekan. Men oʻlayotganimni sezmaslik uchun ham emaklab yoʻlga tushdim. Emaklab keta turib jonim chiqib ketganini sezmay qolsam zora, deb oʻylardim...»; Kamoliddin oʻzining qancha yoʻl yurganini eslay olmasdi. «Hushdan ketganimni eslayman, — derdi u yana. — Men buni oʻlim deya oʻylaganman. Oʻlyapman. Oʻlim shunaqa boʻlarkan-da? Darvoqe, bu holat oʻlim boʻlsa, Azroil hazratlari qani, deya taajjublanganim ham yaxshi esimda»;. Xullas, muzlatilgan goʻshtday yaxlab yotganida uni Hakim Nazarich topib olgan ekan. Avval shu yerga olib kelgan. Ahvoli ogʻir ekanligini bilganidan keyin uyiga olib ketgan. Shoʻrlik Kamoliddinning ikkala qoʻliyu oyogʻini sovuq urib ketgan ekan, doʻxtirlar kesib tashlashga majbur boʻlishgan... Hakim Nazarich unga uyiga qaytishi uchun qancha yordam kerak boʻlsa, ayamasligini aytgan, lekin Kamoliddin koʻnmagan. «Bu ahvolda uyga borganimdan koʻra, oʻlganim yaxshi. Agar chindan yaxshi odam boʻlsangiz, doʻxtirlarga ayting, ukol bilanmi, zahar bilanmi meni oʻldirib qoʻya qolishsin!»; — deb iltimos qilgan. «Men uzoq yashashni orzu qilardim, lekin bu ahvolda emas! Hozir mening gʻoʻladan farqim yoʻq. Gapiruvchi gʻoʻla!.. Jonli gʻoʻla!..»; — deya yigʻlagan... Hakim Nazarichning oʻsha yigitga qandaydir mehri tushgan ekan. Uni uyiga olib kelgan. Boshqalar bu mehribonlik boisini sal boshqacharoq ta’riflashadi, emishki, Hakim Nazarich oʻrmonda qolib ketgan KamAZni imi-jimida oʻziniki qilib olgani uchun insof yuzasidan Kamoliddinni panohiga olgan! Menimcha, bu boʻlmagʻur gap. Agar Hakim Nazarich bu qadar saxovatli odam boʻlmaganida ham KamAZga egalik qilardi, ham... Kamoliddinni imi-jimida tinchitib qoʻya qolardi! Shundaymi? Hakim Nazarich esa bunday qilmaydi (men ishonaman, bunday qilish uning xayoligayam kelmagan! Bema’ni gaplarni esa gʻiybatchilar oʻylab topishgan. Unaqalar koʻp bu yerda. Hali oʻzingizam sezib olarsiz. Hammasi alamzada!). Kamoliddinni uyiga olib keladi. Xotinining unchalik roʻyxushlik bermaganiga ham parvo qilmaydi. Lekin Kamoliddin bu yerda ham bezovta boʻlaveradi. Ikki marta aravachasida qochib ketishga urinadi.

Baxtga qarshi, ikki martayam Hakim Nazarichga duch keladi. Hakim Nazarich nimanidir uyida qoldirgani esiga tushib yarim yoʻldan ortiga qaytayotgan boʻlgan. «Agar Hakim Nazarich kelib qolmaganida oʻzimni mashina tagiga tashlamoqchi edim»;, degandi Kamoliddin bizga. Hakim Nazarich uning siqilayotganini sezib kunlarning birida Kamoliddinni shu yerga olib keladi. Shu kuni Kamoliddin Hakim Nazarichning uyiga qaytib bormaydi. Unga bu yer yoqib qolgan ekan. Dastlabki kundanoq biz bilan barakda yashay boshladi. Hakim Nazarich kontoradan xona taklif qilganida koʻnmadi. Nihoyatda jiddiy, aqlli yigit edi u. Anovi bir juft etikni atay karavotiga qoʻydirgan. Lekin sababini aytmaydi. Bir-ikkitasi oʻsmoqchilab soʻragan ekan: «Aqlingni ishlatsang, sababini bilib olasan!»; — deb javob beribdi. Bu bilan u bizlarga nimanidir ta’kidlamoqchi boʻlyapti, aqlli yigit deyman-ku, buning ustiga, rassom! Lekin hozir sal gʻalati boʻlib qolgan...
— Qani oʻzi? Nega men koʻrmayapman uni?
— Siz kelmasingizdan sal avval shamollab qolgandi, Hakim Nazarich uni uyiga olib ketdi. Hademay yana kelib qolsa kerak.
— Yo tangrim! — deb yubordim beixtiyor.
— Kayfiyatingiz buzildimi?
— Undan battar.

Nurali indamadi.

"Qayerga kelib qoldim oʻzi?! — deya xitob qildim xayolan oʻzimcha saf qatorida qorni gʻarch-gʻurch qilgancha ish maydoni tomon ketarkanman. — Shoʻrpeshona odamlar toʻdasi zoʻrlik bilan keltirilib toʻplangan va majburiy mehnatga jalb etilgan bu makon qamoqxona emasligi koʻrinib turibdi. Har birining zilday ogʻir oʻtmishi boʻlgan bu odamlar ham allaqanday jinoyatchilar emas, tirikchilik tufayli yoʻldan adashgan kimsalar ekanligi peshonalariga urilgan tamgʻadek yuz-koʻzlarida yaqqol aks etgan — bu, ayniqsa, ularning ish desa oʻzlarini tomdan tashlashga tayyor ekanliklaridan, qoʻshimcha daromad evaziga jonlarini jabborga berib ikki-uch smenalab ishlashlaridan ham kunday ravshan; muammo — bu odamlar ustidan hukm yurgizish huquqiga ega boʻlgan anovi «noyob»; shaxslarning kim ekanliklarida, ish yuritishning bunday, ya’ni ta’bir joiz boʻlsa, iblisona sistemasini qanday oʻylab topganlari-da!

Axir, bu yerdan hatto qamoqxona ham afzal-ku. Har qalay, u yerda nima uchun jazolanayotganing yoki majburiy mehnatga jalb etilganing sababini bilasan. Qisqasi, sen u yerda qayta tarbiyalanyapsan! Bu yerda-chi? Mahbus emassan, biroq mahbusdek kun kechirasan. Hatto eng kuchli tartib-qoidaga asoslangan qamoqxonada ham insonning inson sifatidagi huquqlari bu qadar poymol etilmagan. Kasal boʻlsang, kasalxonaga yuborishadi, har qalay! Bu yerda-chi? Oliy ma’lumotli shifokor u yoqda tursin, olti oylik kursni bitirgan tibbiyot xodimi boʻlganda ham shoʻrlik Majid aka tirik yurarmidi? Alam qiladigani shundaki, bu yerda insonga inson sifatida emas, ishchi kuchi sifatida qaralishi, yaroqsiz boʻlib qolganidan keyin bir marta ishlatiladigan idish sifatida tashlab yuborilishi!.. Axir Tangri insonga koinot gultoji sifatida qaragan, shuning uchun ham insonni barcha boshqa tirik mavjudotlardan mukammal qilib yaratgan emasmi?"

Oʻy-xayollarim adoqsiz edi. Ikki odam zoʻrgʻa sigʻadigan soʻqmoqdan saf qatorida ketib borarkanman, bu yoʻlning yanada uzoq-uzoqlarga choʻzilishini istardim, shu bilan birga ayni zamonda xayollarim gʻarch-gʻurch qilayotgan qorning kumush zarralaridek har tomonga sochilib ketmasligi uchun dunyoning narigi boshiga ham piyoda borishga-da rozi edim. Biroq shu kichkina orzuning ham umri qisqa edi. Biz manzilga yetib kelgandik.
— Hamma ish joyiga! — Matchonovning buyrugʻi yangradi. — Imillamasdan, gap-soʻzga chalgʻimasdan chaqqon-chaqqon ishlanglar. Oʻn besh kun ichida ikkinchi qavatni topshirib, uchinchi qavatga oʻtishimiz kerak!
— Oylikdan darak bormi? — kimdir luqma tashladi.
— Hafta oxirida kontoraga kirib olishingiz mumkin, — deya javob bera boshladi Matchonov. — Lekin avval normani bajarganligingiz toʻgʻrisida mendan spravka olishingiz kerak. Ana shundan keyin navbatingizga qarab maosh olasiz!
— Normani ikki-uch baravar qilib bajarib qoʻyganmiz. Lekin navbatimiz kelmayapti-da! — dedi haligi kimsa.
— Sabr! Sabr! Sabr!

Matchonov shunday degancha nari ketdi.
— Sabrning ham uyi kuysin. Rosa nosning xumori tutyapti-da. Lariskadan sotib olay desam pul yoʻq. Nosingdan bir kaftgina berib tur, Gʻiyos! — degani eshitildi haligi kimsaning.

Ha, nega kulgingiz kelyapti? «Nos»; deganimgami? Bu yerda nos nima qiladi, demoqchisiz-da. Afsuski, shunday. Bu yerda nafaqat nosni, balki boshqa kerakli narsalarni ham sotib olishingiz mumkin. Har kuni tushlik mahali keladigan sotuvchi ayollarga «zakaz»; bersangiz bas, ertasi kuniyoq aytganingizni muhayyo qilishadi. Faqat narxi osmonda boʻladi.

Sotuvchi ayollar har xil qimmatbaho kiyimlarni ham olib kelishardi. Bu narsalardan faqat qishlik issiq kiyimlargina yaxshi ketardi. Jonidan sovuq oʻtgan bandalar qancha pulga boʻlsa-da, shartta koʻzlarini yumib olishardi. Boshqa buyumlarga ortiqcha narsadek qarashardi. Tamaki mahsulotlari xaridorgir edi. Onda-sonda sotuvchilarning uddaburonligi tufayli aroq va vinodan ham oz-moz bahramand boʻlib qolardik. Umuman olganda, odamzod bor ekan va u odamligicha qolar ekan, nafs yoʻlida har qanday ishni amalga oshirishning iloji topilarkan.

Nima uchun bunday deyapman, bilasizmi, u yerda... nima desam ekan... Xullas, xotinlar masalasidagi muammoni ham, har qalay... imkon qadar hal qilsa boʻlardi. Bu boradagi qiyinchilikni ayol kishi zimmasiga olishga toʻgʻri kelardi, agar ikkala tomon oʻzaro kelishib, dil-dilga toʻgʻri kelib qolgan boʻlsa bas. Qulay joy topish, soqchilarni koʻndirish ayolning ishi, bu ishlar uchun ketadigan xarajatni erkak oʻz boʻyniga oladi. Qarabsizki, bir-biriga talpingan dillar orzusi ushaladi...

Lapas degan duradgor boʻlardi. Nihoyatda xotinboz edi. Buni hech kimdan yashirmasdiyam. Yaqinlashsangiz bas, xotinlar haqida gap ochardi. Avvaliga oʻynashlarini birma-bir sanab berardi, yana deng, nomma-nom, hatto oʻynashlarining ishxonalarini ham tilga olardi. Jazmanlarining biri bilan uning ishxonasida ishrat qilgan ekan-da.

Yoshi ellikni qoralab qoʻygan, sochi tepadan toʻkilgani bois, boshi giyoh oʻsmaydigan taqir tepalikday yaltirab qolgan, jikkakkina bu odam oʻzini Don Juan qilib koʻrsatishdan uyalmasdi. Ikkita gapining bittasi, albatta, xotinlar haqida boʻlardi. Hatto eng «qaltis lahza»;lar haqida ham u bemalol, tortinmasdan, batafsil soʻzlardi; soʻzlarkan, suhbatdoshning nigohida allaqanday (mazaxli, kinoyali yoki nafratli, farqi yoʻq) ifodani payqab qolsa bas, shartta gapini kelgan yerida toʻxtatib: «Kichkina demang bizni! Kichkinalar chaqqon boʻlishadi. Ayollarga aynan kichkinalar yoqadi!»; deya pisanda qila ketardi. Ulfatlarini ishontirish uchun sotuvchi ayollardan biri (ismi Toshka edimi-ey, biz uni orqavoratdan Koshka deb atardik) bilan tanishib, rosa uning boshini aylantirgan, hatto: «Senga uylanib, shu yerlarda umrbod qolaman!»; deb va’da bergan, bechora qiz oʻttiz toʻqqizga kirgan boʻlsa-da, hali turmushga chiqmagan ekan, darrov rozi boʻlibdi. Soqchi yigitlardan biri Toshkaning uzoqroq qarindoshi ekan, ancha-muncha pul va ruslarning mashhur qishlik poyabzali — ikki juft valenka evaziga «sevgi otashida yurak-bagʻri kabob boʻlgan oshiq»;ning taxta toʻsiqdan oshib oʻtganini «koʻrmay qolgan!»;.

Lapas duradgor shu ketgancha bir sutka qorasini koʻrsatmagan. Bu yoqdagilarning ahvolini tasavvur qilavering endi. Axir, ba’zilari ikki yillab xotin koʻrmay yurgan erkaklar-da!

Bir sutkadan keyin Lapas duradgor qaytib kelgan va ...ga toʻygan xoʻrozday gʻoʻddaygancha sheriklarining soʻlagini oqizgancha maqtana boshlaydi: «... shoʻrlik Toshka hali qiz ekan... rosa qiynaldi oʻziyam... Ertalab qarasam, tipirchilayverib gilam patlarini yulib tashlabdi... Menga jin urarmidi?.. Munaqa ishlar chikora! Hadisini olvolganmiz-da, hadisini... Ammo birinchi marta... hammaga ham qiyin-da!»;

Lapas duradgor juda kelishtirib, oʻrniga qoʻyib soʻzlardi, nozik «sahna»; tafsilotlarini shu qadar tiniq tasvirlardiki, tinglovchi bechoralar beixtiyor bir guvranib olishardi. Ish vaqtida Toshka qurilish maydonida koʻrinishi bilan hamma Lapas duradgorga havas bilan qarar, oʻzaro im qoqishib, pichir-pichir qila boshlardi. Lapas duradgor buni sezardi, hatto ba’zi pichir-pichirlar qulogʻiga ham chalinardi, lekin nima uchundir barakdalik vaqtidagidek bu holdan yoyilib ketmas, aksincha, har xil gap-soʻzlarni eshitmaslikka olar, u brigadadan narigi brigadaga oʻtib «mol»;ini reklama qilib yurgan Toshka tomonga esa umuman qaramasdi, goʻyo uni koʻrmayotganday, bosh koʻtarmasdan ishlayverardi.

Oʻzini hech qachon toliqmaydigan, tinib-tinchimas «toʻshak qahramoni»; qilib koʻrsatgan Don Juanimizning siri sal keyinroq fosh boʻldi. Shoʻrlik qariqiz Toshkaning dugonasi, ish boshqaruvchimiz Hakim Nazarichning xotiniga ota tomonidan uzoqroq qarindosh boʻlgan, shuning uchun boshqalarga qaraganda bu yerlarga bemalol kirib-chiqib yuradigan Lariskaning gapiga qaraganda (u bu gaplarni Qadamboy ogʻaning «navnihol»; sevgilisiga kuyib-pishib gapirib bergan ekan), «... bu Lapas duradgor deganlari gʻirt impotent ekan-ku! Toshka shoʻrlikni rosa ovora qilibdi-da. Toshkaga juda qiyin boʻldi-da. Shu bilan unga ikkinchi marta mijozi zaif erkak duch keldi. Omadsizligidan kuyib ketyapti bechora. Birorta manaman degan oʻrtogʻi yoʻqmikan? Toshkani tanishtirib qoʻyardik. Shu yerda qolishga rozi boʻlsa, birorta durustroq ish topib berardik...»;

Bu gaplar ogʻizdan-ogʻizga oʻtib koʻpchilikka ma’lum boʻlgach, Lapas duradgorning atrofida odam toʻplanmaydigan, uning oldida xotinlar haqida umuman gap ochilmaydigan boʻldi. Shoʻrlik duradgor aslida impotent ekan-u, ataylabdan oʻzini Don Juan qilib koʻrsatarkan. Kim bilsin, balki bu ham bir kasallikdir?.. Lariskaning taklifiga esa negadir talabgorlar topilmadi. Lapas duradgor boʻlsa, bir qancha vaqt oʻzini holdan toygan odamdek koʻrsatib yurdi-da, aloha kunlarning birida oʻz-oʻzidan shikoyat qilib qoldi: «Nimagadir oʻzimni yomon sezadigan boʻlib qoldim. Ilgari bir vagon koʻmir tushirsam ham bunchalik charchamasdim. Bu yerning xotinlari yomon kasallikka chalinmaganmikin?..»;

Shundan keyin Lapas duradgor ogʻir xoʻrsinib qoʻydi:
— Yomon kasallikka chalinib, bor boyligimdan ayrilib qolmay tagʻin...

Unga javoban hech kim indamadi. Hamma nigohini olib qochardi negadir...

Xullas, oʻsha kuni adoqsiz oʻylar girdobidan chiqa olmay, oʻzim bilan oʻzim ovora boʻlib qolganimdan ishni ham yolchitmadim.
— Boʻgʻirsoq sotadigan ayol kelyapti, tushlik qilamizmi? — deb qoldi bir mahal Husan.

Kechagi kaltakdan keyin u bir ogʻiz ham gapirmagandi.
— Mayli, — dedim qoʻlimdan qoʻlqopimni yecharkanman.

Shu vaqt bino ichkarisida allaqanday shovqin-suron, bezovtalik sezildi.
— Nima boʻldiykin? — dedim oʻsha tomonga sinchiklab tikilarkanman.
— Hozir anovi Boʻgʻirsoqdan soʻraymiz-da, — dedi Husan yaqinlashib qolgan sotuvchi ayolga ishora qilib.

Fayzi bilan Toshpoʻlat ham ishni tashlab yonimga kelishdi. Ularning ham ikki koʻzi qurilish maydonida edi.
— Bir falokat boʻldi-yov, — dedi Fayzi.

Husan sotuvchi ayoldan tushlikka kerakli oziq-ovqatimizni sotib olarkan, uni savolga tutdi. Afsuski, ayol ham u tomonda nima sodir boʻlganini aytib berolmadi. Shundan keyin biz shosha-pisha tik turgan holda boʻgʻirsoqlarimizni baham koʻrdik-da, hammamiz birgalikda qurilish maydoni tomon yoʻl oldik.

Yaqinlashganimiz sayin qulogʻimizga shovqin-suron aniqroq eshitila boshladi. Allakim jon achchigʻida dod-faryod qilardi.
— Alisher degan bola tepadan yiqilib tushibdi, — dedi gʻuj boʻlib turgan olomon orasidan sirgʻalib chiqqan Nurali kayfiyatsiz tarzda.
— Alisher... bolam, oʻzingni qoʻlga ol. Qoʻrqma, xavfli tushmading... Tizzang sal... darz ketibdi... — derdi elliklardan oshgan bir kishi chalqancha yotgancha oh chekayotgan yigitning ustiga engashgan koʻyi.

Bu kishi Alisherning otasi edi. Ota-bola deyarli hech kimga qoʻshilmasdilar. Daromadning hammasi oʻzlariga qolishi uchun toʻrt kishi bajarishi lozim boʻlgan ishni ikkalasi zimmalariga olishgan, shuning uchun bosh koʻtarmasdan tinim bilmay ishlardilar.

Oʻgʻil hali judayam yosh, nari borsa yigirmalarga borgandi. Bilasizmi, Tangri alohida mehr, betakror va beadad iste’dod bilan benihoya goʻzal qilib yaratgan odamlar boʻladi bu dunyoda. Bunday odamlarga qarab turib: «Tavba, shunchalar ham bekamu koʻst husn boʻladimi?»; — deya beixtiyor hayratdan yoqa ushlaysiz. Alisher ana shunday nihoyatda koʻrkam yigitcha edi. Uning biror marta soʻkinganini eshitmagandim.

Ogʻir-vazmin, aqlli ekanligi chaqnab turgan begʻubor koʻzlaridan shundoq sezilib turardi. Holbuki, bu yoshdagi yigitchalarning koʻpchiligi yengiltak, oʻyinqaroq boʻlishadi. Axir erta-yu kech bosh koʻtarmasdan ishlash hamma yoshlarning qoʻlidan kelmaydi. Buning uchun qanchalar sabr-bardosh, kuch-quvvat kerak. Qizlarni muzqaymoq bilan siylab, tungi barlarda, diskotekalarda asov otdek irgʻishlab sakrash, kayfu safo qilish kimga yoqmaydi? Alisher bunday «lazzat»;lardan mahrum boʻlgan, mushtday boshidan mehnatga oʻzini urgan yigit. Bundaylar ishlaganda alam bilan, xuddi birovga qasd qilganday ishlashadi. Menimcha, bolaligi ogʻir qiyinchiliklar bilan oʻtgan odamlar ana shunday ashaddiy mehnatsevar boʻlishadi. Pulni moʻljaldan sal koʻproq toʻlab qoʻyishsa bas, har qanday huzur-halovatdan voz kechib, jonlarini jabborga berib ishlashadi.

Alisherning otasi Karimboy aka ham ogʻir-vazmin, kamgap kishi edi. Oʻgʻlining yonidan bir qadam ham nari ketmasdi. Kechqurun suhbatlarga umuman qoʻshilmasdi. Oʻgʻlini ham oʻzidan boshqa biror kishi bilan gaplashishga qoʻymasdi. Shoʻrlik ota oʻgʻlining tarbiyasi buzilib ketishidan choʻchirdi chogʻi. Ish vaqtida esa bir-birlarini shunchalik avaylashardiki, koʻrib beixtiyor havasingiz kelardi. Ogʻirroq yukni koʻtarishga toʻgʻri kelsa, bu vazifani, albatta, Karimboy aka oʻz boʻyniga olardi. Men bir necha marta ularning tortishib turganining guvohi boʻlgandim. «Ota, shu ishni menga bering, odamni uyaltiryapsiz, axir!»; — deya zorlanardi Alisher. «Nima, meni qarib qoldi, deb oʻylayapsanmi? Nari tur! Hali senga oʻxshagan yigitlarning toʻrttasining kuchi bor menda. Yo pirim!»; deya Karimboy aka yukni orqalab joʻnaydi. Yukni koʻtarayotganda uning sovuq urgan yuzi gʻijimlangan qogʻozdek burishib ketadi.

Oʻsha mehribon otaning aziz dilbandi ayni zamonda yerparchin boʻlib yotardi.
— Barakka oborish kerak! — dedi kimdir.
— Matchonovdan ruxsat soʻrash kerak avval. Boʻlmasa baloga qolamiz!
— Alisher, bolam, ke, yelkamga qoʻlingni qoʻy...

Karimboy aka qor ustiga choʻk tushib engashgancha inqillab yotgan oʻgʻliga yelkasini tutdi. Yuzi qordek oqargan Alisher bir-ikki intildi, lekin nima uchundir gavdasini yerdan uza olmadi. Shundan keyin uni koʻplashib koʻtarib olishdi...

«Bola shoʻrlikning umurtqasi lat yemadimikin?»; degan oʻydan yuragim uvishdi.

* * *

Qish avjiga chiqqan kunlar.

Havo chunonam sovuq ediki, tuflasang tupuging yerga tushmay muzlab qoladi. Goh quyuq tuman qoplasa, goh charaqlagan quyosh nurlari qor bilan qoplangan oʻrmon uzra yarqiraydi, biroq... havo baribir sovuqdan-sovuq...

Kunduzi vaqtimiz ishda oʻtadi. Har qalay, ovunamiz. Lekin...

Kechalari uyqumizdan halovat yoʻqoldi.

Ogʻriqqa chiday olmagan Alisher inqillab, oh-voh qilib tunda hech kimga uyqu bermasdi. Karimboy aka ishga chiqmasdan oʻgʻlining yonida oʻtirardi. Erta-yu kech dilbandining yuziga termilar, goh majburlab, gohida yalinib-yolvorib bir choʻqim ovqat yedirar, tez-tez kiyimlarini almashtirib, yuvardi. Bundan ortiq qoʻlidan hech narsa kelmasdi. Yuqorida aytganimdek, bu yerda oliy ma’lumotli shifokor tugul, oddiygina hamshira ham yoʻqligidan shoʻrlik Alisherga loaqal birinchi tibbiy yordam koʻrsatishmadi. Karimboy aka «kontora»;ga zir qatnab, oʻgʻliga yordam berishlarini soʻrardi.

Bir kuni uning «kontora»; eshigi oldida Hakim Nazarichga:
— Bolamni birorta kasalxonaga joylashtirishga yordam bering, iltimos. Agar uni kasalxonaga yotqizsangiz, ish haqini olmasdan ishlab beraman. Faqat oʻgʻlimning jonini saqlab qoling, iltimos, — deya yalinib-yolvorayotganini eshitib qoldim.
— Bajonidil yordam berishga tayyorman, — derdi unga javoban Hakim Nazarich. — Lekin buning iloji yoʻq! Shahar tugul, qishloqdagi birorta kasalxona sizni qabul qilmaydi.
— Qancha xarajat boʻlsa koʻtaraman, uka!
— Gap xarajatda emas, tushuning...
— Jon uka, iltimos, bolam xarob boʻlmasin...
— Urinib koʻraman. Lekin va’da berolmayman.

«Ha»; degan tuyaga madad deganday, Hakim Nazarichning mujmal javobi Karimboy akaga dalda boʻldi. Dastlabki kunlarga qaraganda oʻzini ancha tutib oldi. Endi u oʻgʻlining tepasida yigʻlab, koʻz yoshini selday oqizib oʻtirmasdi.
— Ana, Hakimboy, yordam beraman, deb va’da qildi, ulim, — derdi u Alisherga. — Hademay tuzalib ketasan! Bu sen uchun uch-toʻrt kunlik azob-da, endi, ulim, chidaysan.

Bu vaqtda Alisherning ahvoli ancha ogʻirlashib qolgandi. Buni uning isitmasi tushmayotganidan bilsa boʻlardi. Ogʻriq kuchaygan kezlarda u chiday olmasdan baqirishga tushardi:
— Enasini eshak... bu yerni! Meni ado qildi bu yer! Tamom qildi... Xarob boʻldim... Nega keldim bu yerga oʻzi?!

Bu bilan ham tinchlanmasdan mushtlari bilan nar chetlariga gurs-gurs mushtlardi, mushtlayverardi...
— Bolam... ogʻir boʻl, bolam, — degancha oʻgʻlini quchoqlardi Karimboy aka. — Erkak kishisan-ku, chidamli boʻl, bolam. Oʻzingni oʻylamasang, meni oʻyla, bolam. Har gal chinqirganingda jonim chiqib ketganday boʻladi...
— Chidolmayapman-da, otajon... Ogʻriq... oʻv!.. A!.. A!..

Alisherning faryodi nafaqat quloqlarimni, balki yuragimni teshib oʻtganday boʻlardi. Uxlay olmasdan tashqariga chiqib ketardim. Azob tortayotgan yigitchaga yordam berolmayotganimdan ich-ichimdan ezilardim. Ammo hamma birdek shu kayfiyatda deya olmasdim. Ertadan kechgacha va yana yarim tungacha eshakday ishlab, itday charchagan kishilar uyqularida halovat boʻlmayotganiga chiday olmaganlaridan boʻlar-boʻlmas gaplarni gapiraverib, shoʻrlik Karimboy akaning siqilgan yuragini battar siqishardi.
— Erkalik ham evi bilan-da, Karimboy aka! Oʻgʻlingizga ayting, dardga sal ogʻirroq boʻlsin. Oyogʻi singan odam ham shunchalik shovqin koʻtaradimi?
— Yaxshisi uni boshqa xonaga olib oʻtish kerak! Oʻzini oʻylamasa, bizni oʻylasin, axir oʻlarday charchab yurgan odamlar boʻlsak! Dam olishimiz kerakmi-yoʻqmi?!

Shunday kezlarda Karimboy akaning yuziga qarab boʻlmasdi. Hamxonalarining jizzaki, betgachoparligidan koʻngli ogʻrigani mungʻaygan nigohlaridan sezilardi.
— Oʻgʻlimning ahvoli ogʻir, — dedi u bir kuni dabdurustdan yonimga kelib. — Dardga yengilligidan baqirib yotgani yoʻq. Umurtqasiyam lat yeganmi, deyman... Belini koʻtara olmayapti-da...
— Xudo shifosini bersin, — dedim koʻnglim gʻash tortib.
— Hay... Hay... Hay... — Karimboy aka nadomat bilan bosh chayqadi. Keyin koʻzlari yoshlangancha qoʻlini chap koʻksiga qoʻyarkan: — Mana shu yerim... tuz quyganday achishadiki... chidab boʻlmaydi, — dedi.

Bunday daqiqalarda tilimga tushov tushgandek gapira olmay qolaman. Durustroq taskin berish ham qoʻlimdan kelmaydi. Ichimni it tirnayotgan boʻlsa-da, oʻzimni befarq koʻrsataman.

Qarshimda birdan bir yupanchidan judo boʻlib, hayoti chil-parchin boʻlgan, qaygʻu nihoyatda abgor qilib tashlagan, bukchaygan jussasi lahza sayin kichrayib borayotganday, faromush bir kimsa turardi.

Aksiga olganday, oʻsha kunlari Hakim Nazarich negadir koʻrinmay qoldi. Kimdir shikoyat qilib borgan, shekilli, bir kuni kechki vaqt hamma barakka toʻplangan chogʻi, Poʻlat Damirovich kirib keldi.
— Nimalar boʻlyapti bu yerda? Odamlarning tinchini buzayotgan toʻpolonchi qani? — dedi u xonaga koʻz yugurtirarkan.

Hamma jim.

Karimboy aka gap nimadaligini fahmladi, shekilli, rangi boʻzday oqargan koʻyi asta oʻrnidan turdi. Turdi-yu, yerga qaragancha indamay turaverdi.
— Nima boʻldi? — deb soʻradi Poʻlat Damirovich latta-putta bilan oʻrab tashlangan Alisherga imo qilib.
— Yiqilib tushdi...
— Yiqilib tushishiga kim aybdor? Birov itarib yubordimi?
— Hech kim... oʻzi...
— Demak, bu ishda hech kim aybdor emas. Toʻgʻrimi? Yoki... — ijikiladi Poʻlat Damirovich. — Yoki shubhangiz bormi?
— Shubha yoʻq... Kimdan shubha qilamiz? — dedi Karimboy aka sarosimalanib.
— Baxtsiz hodisa. Ehtiyotsizlik tufayli yuz bergan baxtsiz hodisa, shundaymi?

Karimboy aka allaqanday xavotirdan seskandi.
— Shundaymi? — takrorladi Poʻlat Damirovich.

Karimboy aka bosh irgʻadi.
— Demak, da’vo qilishga umuman haqingiz yoʻqligini ham bilasiz?

Karimboy aka peshonasiga kaftini bosgancha indamay turaverdi.
— Nega javob bermayapsiz? — Poʻlat Damirovichning ovozi oʻzgardi.
— Uka...
— Men sizga uka emasman!
— Kechirasiz... Poʻlat Damirovich... bizning hech kimga da’vomiz yoʻq. Faqat oʻgʻlimni davolatishga yordam bering, iltimos.
— Bu ish bilan Hakim Nazarichga murojaat qiling!

Poʻlat Damirovich burildi, lekin shu zahoti yana Karimboy akaga yuzlanarkan:
— Oʻgʻlingizni ogohlantirib qoʻying, agar yana dod-voy qilib, odamlarning tinchini buzadigan boʻlsa, shtab kazarmasiga oborib tashlaymiz! Tushundingizmi?! — dedi.

Karimboy akaning yuzi oqarib ketdi.

Poʻlat Damirovich barakdan chiqdi.

Shayton qutqusiga uchgan kishilar toʻplangan xonaga shu qadar dilgir sukunat choʻkdiki, beixtiyor yurak tars yorilib ketgudek.

Bir vaqt allakim oldimdan yugurib oʻtdi va eshikka yaqin yerda devorga suyanib turgan kishi ustiga tashlandi.
— Sen borib chaqqansan, nomard! Endi koʻngling joyiga tushdimi? Yo oʻzim tushirib qoʻyaymi?!

Yugurib oʻtgan kishi Husan edi. Uning baquvvat qoʻllari orasida tipirchilayotgan, ketma-ket tushayotgan tepkilar zarbiga chiday olmasdan baqirayotgan kimsa Karimboy akaga qoʻshni nar egasi Alinazar ismli yigit edi.
— Men chaqqanim yoʻq! Oʻlay agar, men chaqqanim yoʻq! — deya ayyuhannos solardi u.
— Sen chaqqansan! Sendan boshqa hech kim emas! — derdi Husan uni tomogʻidan gʻippa boʻgʻib olgancha. — Odamlarning puliniyam sen oʻgʻirlayapsan! Bilmaydi, deb oʻylayapsanmi?
— Oʻlay agar...
— Oʻlging kelayotgan boʻlsang, oʻldiraman! — quturib ketgan Husan kuchining boricha Alinazarni boʻgʻa boshladi.

Shoʻrlik chaqimchi nafas ololmay xirqirab qoldi.
— Hoy, musulmonlar! Nega jim turibsizlar? Axir, uni oʻldirib qoʻysa, boshimiz yana baloga qoladi-ku! — deya chinqirdi allakim.

Bir necha kishi Husanga yopirildi. Ammo Husan hech kimga kuch bermas, orakashlar qoʻlidan tutsa, u oyoqlari bilan Alinazarni tepkilab qolar, juda boʻlmasa boshi bilan raqibining duch kelgan yeriga kalla solardi. Barak shaytonning janjalkash malaylari uyasiga aylangandi.

Endi aralashmaslikning iloji qolmagandi.
— Husan, bas qiling! — olomon orasini yorib oʻtib Husanning qizarib-boʻgʻriqib ketgan yuziga tarsaki tushirdim. Keyin uning qonga toʻlgan koʻzlariga qattiq tikilgancha past, ammo qat’iy ohangda yana takrorladim: — Bas qiling, Husan!

Husan tutqanoq jazavasidan oʻzini yoʻqotib qoʻyib, kutilmaganda hushiga kelgandek birdan qattiq seskandi. Menga yeb yuborgudek, vahshiyona nazar tashladi. Bolalarnikiday begʻubor koʻzlarini taniyolmay lol qoldim:
— Siz... — u meni birinchi marta koʻrayotgandek yuzimga tikildi.
— Tashqariga chiqaylik, Husan, — dedim ohista, keyin uning hamon titrayotgan bilagidan tutdim.
— Yoʻq! — Husan shaxt bilan qoʻlini tortib oldi va tashqariga otildi.

Men joyimga qaytdim.

Kimdir Alinazarni oʻrnidan turgʻazdi. Uning labi yorilgan, yuzi qonga boʻyalgandi.

Hamxonalarimiz endi unga ta’na toshlarini ota boshladilar:
— Hayf-e senga!
— Uyalmasdan shu ishni qildingmi?
— Erta bir kun oʻzing shu koʻyga tushsang nima qilasan?
— Oʻmargan pullaringni egalariga qaytar. Sening dastingdan necha kishi och qoldi!

Quloqlarimni bekitdim.

Toʻshagimga choʻzilib koʻzlarimni yumdim. Ammo sira uyqum kelmasdi.

Chiroq oʻchdi. Xonani qorongʻilik chulgʻadi. Allaqayerda musiqa yangradi. Zerikkan soqchilar gitarasini tingʻirlatyapti chogʻi. Begona yurtning begona ohangi boʻlgani uchunmi, musiqa koʻnglimga yoqmadi, nazarimda, bu ohang deraza ortida pusib, tish qayrab turgan ajalning joduli nolasiday tuyildi. Beixtiyor deraza tomonga qaradim. Biznikiga oʻxshamaydigan begona, sovuq va hissiz oyning xira yogʻdusi ichkariga poyondoz boʻlib tushib turardi...

* * *

Ertalab soqchilari hamrohligida Poʻlat Damirovich yana barakda paydo boʻldi. Undan sal avvalroq kirgan Matchonov bizni allaqachon safga turgʻazib qoʻygandi.
— Siz nima uchun ishga chiqmayapsiz? — deb soʻradi Poʻlat Damirovich Karimboy akadan.
— Oʻgʻlim...
— Nima oʻgʻlim?
— Unga qarayapman axir!
— Bunaqasi ketmaydi! Bilib qoʻying, barakda qolishga hech kimning haqi yoʻq! Faqat nogironlargina qolishi mumkin.
— Men ishga chiqsam bolamning ahvoli nima boʻladi?
— Oshpazlar qarab turishadi. Gapni koʻpaytirishdan foyda yoʻq. Hamma darhol ishga!

Karimboy aka yolvoruvchi nigoh bilan atrofdagilarga nazar tashladi. Safdagilardan sado chiqmadi.
— Hakim Nazarich qachon keladilar? — deb soʻrashga jur’at qildim men.
— Hakim Nazarich xizmat vazifasi bilan ketgan, qachon qaytishi noma’lum, — dedi Poʻlat Damirovich meni birinchi marta koʻrayotgandek hayron boʻlib tikilarkan.
— Karimboy akaning oʻrniga ishlab bermoqchimiz, u kishi oʻgʻlining yonida boʻla qolsin bir necha kun, — dedim yana biroz dadillanib.

Poʻlat Damirovich kibrli nigohlari bilan meni boshdan-oyoq kuzatarkan, istehzo bilan soʻradi:
— Shu jussangiz bilan ikki kishilik, yoʻq, uch kishilik normani bajara olarmikinsiz?
— Puli toʻlansa boʻldi, har qanday ishni eplab ketaveramiz, — deya dangal javob berdim.

Poʻlat Damirovich meni pul uchun oʻzini tomdan tashlaydigan chapanilardan deb oʻyladi chogʻi yo diliga boshqa bir niyatni tugdimi, har qalay:
— Boʻpti, biz rozi, — dedi biroz yumshab.

Safdoshlarim hayratda, axir shu paytgacha hech kim Poʻlat Damirovich bilan baqamti turib gaplasha olmasdi-da. «Undan allaqanday yovuzlik hidi keladi»;, degandi Husan bir kuni Poʻlat Damirovich haqida gapirarkan.

Yonimda turgan Nurali qoʻlimni siqib qoʻydi. Boshqalari koʻz qisib, iyak qoqib, oʻz tabriklarini yoʻllashdi.
— Faqat, — deya ortiga oʻgirildi Poʻlat Damirovich eshik oldiga yetganida, — avval oʻz normangizni, keyin ota-bolaning normasini bajarasiz. Har kunlik svodkani brigadir Matchonovdan shaxsan oʻzim qabul qilaman!
— Xoʻp boʻladi, — deb javob berdim shu zahoti.

Poʻlat Damirovich: «Bu qanaqangi »;noyob« telba ekan?»; — deya hayron boʻlganday, yuzimga qaray-qaray chiqib ketdi.
— Baraka toping, uka, — deya qoʻlimni siqdi Karimboy aka. — Yaxshiligingizni yaxshi kunlaringizda qaytaraylik.
— Alisher sogʻayib ketsa, bas, menga boshqa hech narsaning keragi yoʻq.
— Alisher... Alisher... — degancha Karimboy aka oʻgʻlining yoniga ketdi.

Nurali bilan Husan yaqin kelishdi.
— Karimboy akaning ishini eplay olmaysiz, — dedi Nurali tashqariga chiqayotganimizda. — Lekin xavotirlanmang, biz yordam beramiz, a, Husan, toʻgʻrimi?
— Albatta.
— Karimboy akaga qiyin boʻldi, — dedi Nurali. — Oʻzi yiqilib, mayib boʻlganidayam bunchalik qiynalmasdi.
— Ado boʻldi, deyvering, — dedim.

Husan boʻlayotgan gap-soʻzlarga qoʻshilmasdan yerga qaragancha bizdan bir qadam oldinda ketib borardi.

Shunday qilib, umrim bino boʻlib, qoʻl urmagan ishim — yogʻoch yoʻnuvchilik kasbini oʻrgana boshladim. Ish ogʻir edi, qiynalardim, boshqalarga qaraganda koʻproq aziyat chekardim, ammo baribir ortga chekinmadim, shunga ahd qilgandim, nega deganda, ish haqi qancha toʻlanishidan qat’i nazar — men bu haqda oʻylamay qoʻygandim hatto, — mehnat, faqat mehnatgina meni shayton uyasidagi tutqunlikda jonimga oro kirishi mumkin, degan xulosaga kelgandim. Aks holda, allaqachon telba boʻlib qolishim tayin edi.

Barakda yarim soatdan ortiq turib boʻlmasdi. Alisherning ahvoli ogʻirlashgan, isitmasi koʻtarilgan, ogʻriq kuchaygandi. Tez-tez hushdan ketib qolardi. Qadamboy ogʻa mallasoch ma’shuqasi orqali tinchlantiruvchi dorilar keltirib berganidan keyingina Alisher sal-pal oʻziga kelib qoldi.
— Arzimagan matah ekan-ku, shunga shunchalik zor boʻldikmi? — derdi Karimboy aka tinchlantiruvchi dorilarga yoshli koʻzlarini tikkancha.

Biroq bu dorilarning ta’siri vaqtinchalik edi. Ma’lum muddat oʻtganidan keyin Alisher yana bezovtalana boshlardi. Bir kuni Karimboy aka yonidan bir dasta pul chiqarib:
— Qadamboy ogʻa, mana shu pullarning hammasiga tinchlantiruvchi dori opkeb bering, — deya yalindi.
— Ibi, muncha koʻp? — dedi Qadamboy ogʻa hayron boʻlib.
— Dorisi tugab qolsa, bolam yana bezovta boʻladi...
— Mayli-ku-ya, lekin bu dorini hadeb yeyaverishdan foyda yoʻq. Bu dori ogʻriq boʻlayotgan yerni uxlatadi, xolos, davolamaydi!
— E, mayli, davolamasa ham mayli, ogʻriqni bildirmay tursa boʻlgani... — dedi Karimboy aka muztar ahvolda.
— Siz-chi, yaxshisi, Hakim Nazarich kelganlaridan keyin oldiga kiring, — deya aql oʻrgata boshladi Qadamboy ogʻa qozilik qilish imkoni tugʻilganidan bagʻoyat ruhlanib. — Bor gapni u kishiga ochiqchasiga ayting. Hakim Nazarich insofli odam. Bu yerdagilar orasida yakka-yu yagona insofli odam! U tushunadi ahvolingizni va ishonamanki, yordamini ayamaydi.
— Kelsin... kelganlaridan darrov oldilariga kiraman, — dedi Karimboy aka. — Toʻgʻri aytasiz, ahvolimizni u kishi tushunadi. Ungacha dori-pori bilan jon saqlab tursin, devdim-da.
— Dorini oʻylamang, pulini bersangiz boʻldi, yerning ostidan boʻlsayam toptiraman. Bitta megajinga soʻzimizni oʻtkaza olmasak, erkak degan nomimiz qayoqda qoldi?
— Baraka toping, iloyim.

Karimboy aka bir necha kun avval Hakim Nazarichga uchrashgani haqida Qadamboy ogʻaga lom-mim demagani meni hayron qoldirdi.

Kunlar shu zaylda oʻtardi.

Bu yerlarda qor tez-tez va moʻl-koʻl yogʻardi. Tumanli kunlar koʻp boʻlardi. Izgʻirin, boʻron... Sovuq kamida qirq besh-ellik daraja... Bunday ayovsiz qishni tushimda ham koʻrmagandim. Barakdagilar yoppasiga shamollay boshladilar. Tunni oʻtkazish azob edi. Kimdir quv-quv yoʻtalgan, kimdir isitmadan alahlagan... Barak — kimsasiz orolga tushib qolib, hayotdan uzilgan, qarovsiz va tashlandiq kema misoli edi. Vaqt oʻz mohiyatini yoʻqotgandi...

* * *

Alisherga dorilar ta’sir qilmay qoʻydi. Surunkali isitma va ogʻriq uning ozgʻin vujudini tinimsiz larzaga solardi...

Shamollash meni va Nurali bilan Husanni ham chetlab oʻtmadi. Ammo biz yotib qolganimiz yoʻq. Shamollashni spirt bilan davolab yubordik. Haqiqiy toza spirtni Husan topib keldi. Qayerdan, qanday qilib topganini u aytmadi, biz ham soʻramadik. Uyqu oldidan ozgina suv aralashtirilgan spirtni sipqorardig-u, juldur koʻrpamizga oʻranib yotardik. Qarabsizki, ertalabgacha shamollashdan asar ham qolmaydi.

Bir kuni kechqurun ishdan qaytarkanmiz, hovlida yurgan ayollarga koʻzimiz tushdi. Ayollar ikkita edi. Biri oshxona eshigi oldida turardi, ikkinchisi kontora tomon ketib borardi. Orqavoratdan ikkalasi ham menga tanishday tuyildi.
— Yo tovba! — dedi Qadamboy ogʻa yoqasini ushlab. — Anovi xotinlar sizlarning ham koʻzingizga koʻrinyaptimi?!
— Koʻzingizga koʻrinyapti, — deya piching otdi allakim.

Hovliga dupur-dupur kirib kelgan erkaklarga ayollarning ham nazari tushdi.
— Nargiza?! — oshxona eshigi yonida turgan ayolni tanib roʻparasida toʻxtadim.
— Kimsiz?! — ayol avvaliga qattiq seskanib, oʻzini ichkariga oldi.

Soch-soqolim oʻsgan, rang-roʻyim bir ahvolda boʻlganidan Nargiza meni daf’atan tanimadi.
— Davronman... esingizdami?.. Poyezd... Sahroyilar...
— Iye... Voy oʻlay... — Nargiza yuzimga sinchkov nazar tashladi. — Oʻsha Davronmisiz chindanam?..
— Chindanam oʻsha Davronman, — dedim kulib.
— Yo tovba, koʻzlarimga ishonmayapman! Oʻrtogʻingiz qani? Ismi Safaralimidi?
— Bilmayman... Oʻzingiz bu yerda nima qilib yuribsiz?
— E... — Nargiza toʻlib turgan ekan, koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi. — Keyin... aytib beraman...

Shu vaqt ortimdan:
— Nimani keyin aytib berasan? — degan tanish ovoz eshitildi.

Oʻgirildim. Roʻparamda Sanobar turardi.
— Davron! — u meni shu zahoti tanidi. Yaqin kelib eski tanishlardek qoʻl berib koʻrishdi.

Sheriklarim ang-tang boʻlib qolishdi.

* * *

Nargiza bilan Sanobarning qismati ham biznikiga oʻxshashroq. Ular pul solingan sumkachalarini oʻgʻirlatib qoʻyishgan. Sumkachada pul bilan birga hujjatlari ham boʻlgan ekan. Shu yerlik tanishlari Olesyadan yordam soʻrash uchun borayotganlarida qoʻlga tushib qolishgan...
— Nima boʻlgandayam sizni uchratganimiz yaxshi boʻldi, — dedi Nargiza. — Har qalay, koʻz tanish boʻlgani yaxshi-da.
— Qayerga kelib qoldik oʻzi? Oʻlay agar, aqlim yetmayapti, — dedi Sanobar.

Ayollar ancha-muncha qiynalishgan chogʻi, rang-roʻylari bir ahvolda edi. Meni uchratganlaridan ular xursand edi. Mening esa kayfiyatim buzildi.
— Birimiz oshpazlik qilarkanmiz, birimiz kir yuvarkanmiz, — dedi Sanobar burnini jiyirib. Keyin Nargizaga qarab: — Koʻrdingmi, anovi oyimchani atay oʻzining yoniga olib qoldi, — dedi.
— Atay olib qolgani yoʻq, shekilli, — dedi Nargiza.
— Atay qilgan boʻlmasa, nega uniyam bizga qoʻshib qoʻymadi?! — dedi Sanobar oʻjarlik bilan.
— Doʻxtir doʻxtirlik qiladi-da!
— Kim haqda gaplashyapsizlar oʻzi? — deya ayollarning bahsiga aralashdim.

Bu vaqtda biz — eski tanishlar oshxonada suhbatlashib oʻtirardik.
— Hakim Nazarich degan kishi yaxshi odammi yo... — Sanobar shubhali nazar bilan qaradi.
— Hech narsaga tushunmayapman, oʻlay agar!
— ... yo anaqa erkaklardanmi? — Sanobar koʻzlarini ola-kula qildi.
— Hozircha bir narsa deya olmayman, — dedim rostiga koʻchib.
— Oʻshanaqalardan boʻlsa anovining shoʻri quridi, — dedi Sanobar. — Ja, oʻzini tutishi boshqacha edi-da. Battar boʻlsin!

Toqatim toq boʻldi, ammo nachora, ayollarga bas kelib boʻlarmidi, ayniqsa, qalbini hasad junbushga keltirgan bir vaqtda...
— Ha, haqiqatan ham yuragi katta juvon ekan, — dedi Nargiza yuragimni qizdirayotgan qiziqish oloviga moy sepgandek. — Birortasi shilqimlik qilib tashlanib qolmasaydi, deb biz ikkimiz yurak hovuchlab turibmiz, u boʻlsa qilt etmaydi-ya! Xuddi otasining chorbogʻida yurganday...
— Kimni gapiryapsizlar oʻzi? — deb yubordim oxiri.

Xuddi shu vaqt oshxona eshigi sekin gʻiyqillab ochildi. Va... Va ostonada... Yoʻq, eng avval oppoq manglay... har tolasidan uchqun sachrayotgandek qop-qora, silliq sochlar... kamon qoshlar ostida butun dunyoni oʻzida mujassam etgan dengizdek sokin va tubsiz bir juft qora koʻz yangi paydo boʻlgan yulduz misol «yarq»; etib koʻzga tashlandi. Keyin yoqasi koʻtarilgan odmi qora palьto, uchi ingichka etik kiygan, benihoya sohibjamolligidan tashqari, nimasi bilandir bir qarashdayoq odamni oʻziga tortadigan navnihol ayol xonaga kirdi.
— Keling, Gulruh, — iltifot ila uni qarshi oldi Nargiza.

Ayol unga nimadir dedi. Men uning ovozini eshitdim, ammo soʻzlarini ilgʻay olmadim. Nazarimda, xona kengayib, ulkan yalanglikka aylanib qolganday, anchadan buyon dilgir koʻnglim bexosdan yorishib ketganday boʻldi. Ayolning ovozi shu qadar mayin va yoqimli ediki...

Qulogʻimda qolgani shu.

Keyin ayol ketdi. Eshik yopildi. U xonaga kirgan chogʻida ham, ketar chogʻida ham men tomonga qaramadi. Roʻparadagi derazadan uning qordagi soyasiga koʻzim tushdi.
— Mana shu juvon haqida gapirayotgandim-da, — dedi Sanobar. — Ismi Gulruh...
— U ham sizlar bilanmidi? — soʻradim undan.
— Birinchi marta uchastkavoyning xonasida uchratgandik. Keyin bitta kamerada boʻldik. Shunda yaxshiroq tanishib oldik, — dedi Sanobar yana.
— Oʻzi sodda, kamsuqum koʻringani bilan judayam dovyurak ekan, — deya gap qoʻshdi Nargiza. — Uchastkovoy bilan gaplashganini bir koʻrsangiz edi! Hakim Nazarich bilan ham tap tortmasdan gaplashib keldi bu yerga kela-kelguncha...
— Savdoda yuraverib yuzi qotib ketgan-da, — dedim birdan qalbimni mubham kayfiyat chulgʻab olganini his etarkanman.
— Qayoqda! Bechoraning birinchi marta chiqishi ekan.
— Yolgʻiz oʻzi-ya?!
— Bizam shunisiga besh ketdik-da, — dedi Sanobar bozorchi ayollarga xos shartakilik bilan.

Sinchkovligim gʻolib keldi. Gulruh haqida yana nimalarnidir bilib olish istagida gap kovladim:
— Tirikchilik toshdan qattiq deganlari shu-da. Yoshgina juvon bola-chaqam deb oʻzini bozorga urgan, shekilli?..
— Ajrashgan, — deya gapni ilib ketdi Nargiza shu zahoti. — Oilasi yoʻq oʻzining. Kelin boʻlib tushgan joyi nochor ekan, oilani sal oʻnglab olay, keyin farzand koʻrarmiz, deb bu bechora ishlab yuravergan, u yoqda eri boshqasi bilan...
— Tavba qildim, shu erkaklarga ham hayronman, — Nargizaning ogʻzidagi gapni yulib oldi Sanobar. — Oʻzi bir pulga qimmat boʻlsayam xotin zotiga past nazar bilan qaraydi-ya! Bitta xotinni eplab boqolmaydi-yu, boshqasiga koʻngli sust ketganiga oʻlaymi?! Mana, meni aytdi dersizlar, mana shu juvonning eri oʻziga umuman mos boʻlmagan! Aqlli erkak boʻlganida bu juvonni goʻzalligi uchun ham boshiga koʻtargan boʻlardi. Toʻgʻrimi, toʻgʻrimi gapim? — Sanobar qizgʻinlik bilan menga tikildi.
— Masalaning mohiyatini bilmay turib bir nima deyish qiyin, — deya mujmal javob qildim.
— Chiroyli ayollar baxtsiz boʻlishadi, deganlari rost, — deya gapini davom ettirdi Nargiza. — Endi bechora oʻlgan akasining bolalarini boqish uchun tentirab yuribdi.
— Aytgancha, nega u sizlar bilan emas?
— Asli kasbi hamshiralik ekan. Shuning uchun Hakim Nazarich uni kontorada olib qoldi. Alohida xona qilib berarmish. Kasal boʻlsalaringiz endi bemalol Gulruhning oldiga boraverasizlar. Biz...
— Voy-voy-ey, yuragim siqilib ketdi, boʻldi, oʻsha juvon haqida gapiravermang, — deya Nargizaning gapini choʻrt kesdi Sanobar. — Oʻzimiz haqimizda gaplashaylik. Menga qarang, Davron, siz anchadan buyon shu yerdamisiz?
— Nimaydi?
— Anavi Hakim Nazarich deganlaringiz, bu yerda ishlaganlaringiz uchun haq toʻlaymiz, dedi. Shu gap rostmi?
— Rost, shekilli. Uch-toʻrt kundan keyin kontoraga chaqirib choychaqa beradi...
— Choychaqani biz allaqachon olib boʻldik!
— Nahotki?
— Siz ayollar pulning yuzini koʻrmasangiz topshirilgan ishni koʻngildagiday bajarmaysizlar, deb qoʻlimizga pul berdi oʻsha Hakim Nazarich...
— E-ha...
— Qolganini adres boʻyicha uylaringga yuboramiz, dedi. Shu gap rostmi? — Sanobar ham, Nargiza ham ishonqiramaganday qarab turishardi.
— Bizga ham shunday deyishgan.
— Hammalaringizgami? — beixtiyor joʻr ovozda soʻradi ikkala ayol.
— Hammaga.
— Ha-a, — dedi Sanobar koʻnglida qoniqish tuyib. — Hammalaringizga shunday degan boʻlsa, bu gapga ishonsa boʻladi. Axir, shuncha odamni aldab boʻlmaydi.

«Nega aldab boʻlmaydi?»; — deb yuborishimga sal qoldi. Ayollar bilan xayrlashib tashqariga chiqdim.

Qor uchqunlardi...

Barakda allaqanday jonlanish yuz berdi. Pala-partish, janjalkash, soʻkongʻichu juldurvoqi erkaklar galasi favqulodda hodisa yuz bergandek kutilmaganda toʻsatdan oʻzgarib qolishdi. Ustara nimaligini unutib yuborgan yonoqlarga ustara tegdi. Oʻrin-toʻshak har kuni ertalab yigʻilib, kechasi yoziladigan boʻldi.

Shaxsan men barakda ayol deb atalmish zot paydo boʻlganini dastlabki kungi kechki ovqatning ta’mi xushxoʻrligidan bildim. Odatdagiday, karam shoʻrva edi, lekin u har kungidan butunlay boshqacha edi. Anchadan buyon ishtaha bilan ovqatlanmagandim, axir.

Nargiza osh-ovqatning ustasi, haqiqiy pazanda edi.

Sanobar vaysaqiroq xotin edi-yu, ammo oʻziga topshirilgan ishni sidqidildan bajarardi. Uning sharofati bilan irkit va juldurvoqi ishchilarning engil-boshiga son kirdi. Sanobar kirni qor suviga yuvardi. Bundan tashqari, u barakni ham tozalab, supurib-sidirib qoʻyardi.

Bir kuni uning yoʻl ustida Hakim Nazarichdan:
— Barakni tozalab turganim uchun ham ish haqi yozasizmi? — deb soʻrayotganini eshitib qoldim.
— Albatta. Kak shtik! — deya javob berdi Hakim Nazarich.
— Xoʻp desangiz, kontorangizniyam tozalab berardim.
— Hojati yoʻq.

Mutlaqo kutilmagan, favqulodda hodisa ertasi kuni Gulruh barakka kirib kelgan kuni yuz berdi. Mendan boshqa deyarli hamma Gulruh haqida bilmasdi-da.

Uni Hakim Nazarich barakka boshlab kelgandi.
— Bugundan e’tiboran «kontora»; qoshida medpunkt ish boshladi. Kimki tibbiy yordamga muhtoj boʻlsa, bemalol murojaat etishi mumkin. Gulruh tajribali hamshira. Oʻylaymanki, barcha savollaringizga undan javob olasiz...

Hakim Nazarich yana allanimalar haqida soʻzladi, ammo aminmanki, hech kim uning gaplarini eshitmadi hisob. Deyarli ellik-oltmish chogʻli kishining ochkoʻz nazari Gulruhga qadalgandi. Rostini aytsam, oʻzim ham undan koʻz uzolmay qolgandim. Yoʻq, bu inson farzandi emas, farishtalardan bunyod boʻlgan maloika edi!
— Savollar bormi? — murojaat qildi Hakim Nazarich barakdagilarga.

Daf’atan hech kimdan sado chiqmadi. Barak suv quygandek jimjit edi. Bir mahal allakimni qattiq va toʻxtovsiz yoʻtal tutib qoldi-yu, sukunatga darz ketdi. Gʻala-gʻovur qoʻpdi.
— Bolamni hoziroq olib oʻtsam boʻladimi?..
— Yoʻtalga qarshi dori bormi?
— Kasallarga spravka beriladimi?

Pala-partish, toʻxtovsiz savollar yomgʻiri yogʻildi.

Gulruh shoshmasdan, aniq va sodda qilib savollarga javob bera boshladi. U soʻzlar ekan, kipriklari asta-sekin koʻtarilib, sokin nigohlari xona uzra kezindi. Qarashlari nihoyatda muloyim edi.

Pirovardida u menga tikilib qolganday tuyildi. Seskanib ketib, yerga qaradim.

Shu vaqt Husan shartta bilagimdan tutib:
— Yuring, unga kaftingizni koʻrsatamiz, — deb qoldi.

Shosha-pisha qoʻlimni tortib olarkanman:
— Boring-e! Nimalar deyapsiz?! — dedim shivirlab.
— Axir kaftingizni... bolta yalab ketgandi-ku!
— Allaqachon bitib ketgan, — deya yolgʻon soʻzladim.

Bir necha kun ilgari yogʻoch yoʻnish chogʻida uquvsizligim tufayli boltaning oʻtkir yuzi chap kaftimni yalab ketgandi. Spirt bilan tozalab, artib, gazak oldirib qoʻymaslik uchun latta-puttalar bilan bogʻlab yurgandim.
— Aldayapsiz, — dedi Husan shu chogʻ. — Jarohatingiz yiringlab ketganiga koʻzim tushgandi.
— Nega menga tirgʻalib qoldingiz?!
— Jonon bilan ikki ogʻiz gaplashish sharafiga muyassar boʻlish ilinjida edim.
— Borib gaplashavering, buning hech qiyin yeri yoʻq-ku.
— Biror bahona boʻlganida...

Nurali Husanning yelkasiga qoʻl tashlarkan:
— Qoʻya qol, ogʻayni, u seni gap bilan oʻtqazib qoʻyadi, — deya popugini pasaytirdi. — Koʻrmayapsizmi, oʻziga juda ishongan ayolga oʻxshaydi.

Husan indamay qoldi.

Nuralining gapida jon bor. Axir badjahl va serzarda ekanliklari ochofat qashqirning koʻzlariday chaqchaygan nigohlaridan yaqqol sezilib turgan ellik-oltmish chogʻli kishi qarshisida hadiksirayotganini bildirmasdan, xotirjam va ulugʻvor qiyofada turishning oʻziyoq hammaning qoʻlidan kelavermaydigan ish-ku!

Qiziqishim ortdi.

Shu payt barakka soqchilari hamrohligida Poʻlat Damirovich kirib keldi.
— Iye, siz bu yerdamidingiz? — u Hakim Nazarichga murojaat qilardi-yu, ikki koʻzi Gulruhda edi.
— Hamshirani ishchilarga tanishtirayotgandim. Mana, yigʻinimiz ham tugab qoldi. Ketdikmi, Gulruh Qosimovna? — Hakim Nazarich shoshilgancha Gulruhni tashqariga boshladi.

Eshik yopilguncha Poʻlat Damirovich ularning ortidan qarab qoldi...

Ikki kundan keyin barakda yana bir kishi paydo boʻldi. Bu Kamoliddin edi. Ikki qoʻli, ikki oyogʻi yoʻq, maxsus aravachada oʻtirgan yoshgina yigit... yigitning... gʻoʻladan farqi yoʻq edi. Tilli-jagʻli gʻoʻla...
— Mehnatkashlarga shon-sharaflar boʻlsin! — deya shangʻillagancha kirib keldi u kechki payt.

U bilan yaxshiroq tanish boʻlgan bir necha kishi istiqboliga chiqib, hol-ahvol soʻrashishdi. Unga parvo qilmasdan toʻshagida yotganlar ham bor edi. Kamoliddin ularning e’tiborsizligidan ogʻrinmadi, aravachasini «gʻiyq-gʻiyq»; qilgancha har bir kishining oldiga borib astoydil soʻrashib chiqdi.
— Sizni qayerdadir koʻrganman, lekin eslolmayapman, — dedi u mening qarshimda toʻxtab.
— Dunyo tor, — deya kulimsiradim.
— Ha, dunyo tor, — dedi Kamoliddin gapimni ma’qullab. Keyin yuzimga sinchiklab tikilarkan: — Hozir bu kishining kim ekanligini aytib beraman! — dedi baland ovozda. — Hey, barakdagilar, eshityapsizlarmi?! Bu kishi... Bu kishi... Bu kishi... rassom boʻlmasa-da, shunga yaqinroq birorta san’atga yaqin kishi. Men bir qarashdayoq payqadim buni. Shundaymi? Javob bering, shundaymi?!

Shovqin-suron koʻtarib, baland ovozda gapirayotgan Kamoliddinning aksi oʻlaroq bosiq-vazminlik bilan:
— Yanglishdingiz, — dedim.

Kamoliddin hayrat bilan yuzimga tikildi.
— Nahotki? Nahotki men yanglishgan boʻlsam? Men-a?!
— Ha.

Shunday dedim-u, oʻrnimdan turib tashqariga chiqdim. Gapirayotgan «gʻoʻla»;ga qarash ogʻir edi.
— Davron.

Oshxona derazasidan boshini chiqarib gapirayotgan Nargiza edi. Beixtiyor shu tomonga yurdim.
— Siz uchun ozgina goʻsht qovurib qoʻygandim, yeb oling, — Nargiza stol ustiga likopcha qoʻydi.
— Qanday boʻlarkin...
— Oʻylanmang, qani, oling, tez-tez yeb oling, — Nargiza qarshimga oʻtirib olib, qistay boshladi.
— Sanobar koʻrinmaydimi?
— Gulruhga yordamlashgani ketdi. Qanaqadir idishlarini qaynatish kerak ekanmi-ey. Davron, bu yogʻi nima boʻladi endi?
— Nima boʻlardi...
— Bizni qoʻyib yuborisharmikin?
— Toʻgʻrisini aytsam, bilmayman.
— Uydagilarning holi ne kechdiykin? — Nargizaning koʻzlari gʻiltilladi.
— Oʻzingizni oʻylasangiz-chi!
— Uyga bir ogʻiz xabar yetkazishning iloji yoʻqmikin?
— Yoʻq.
— Nima, shunaqa qilib yuraveramizmi?
— Ha.
— Hazillashmayapsizmi?
— Hazilning oʻrni emasligi koʻrinib turibdi-ku.
— Voy xudoyim! Qanday kunlarga qoldim?.. Shu yerda bir umr qolib ketsak-a? — dahshat ichida tikildi Nargiza.
— ...
— Davron, qochishning iloji yoʻqmikin? — ovozini pasaytirib soʻradi Nargiza.
— Hamma yoqqa soqchi qoʻyib tashlangan-u...

Nargiza likopchani oldimga yanada yaqinroq surib qoʻyarkan:
— Mabodo biror ish qilsangiz... men bexabar qolmayin-a? Xoʻpmi, iltimos. Bilasizmi, — deya Nargiza oldinga engashib, ovozini yanada pasaytirdi, — anovi Sanobar ancha tullak xotin ekan. Hakim Nazarichga uning xushomad qilganlarini bir koʻrsangiz edi! U yoqqa oʻtsayam ketidan yuguradi, bu yoqqa oʻtsayam! Oʻsha Hakim Nazarich Gulruhga yordamlashib turing, degani uchun ham mana hozir medpunktda ivirsib yuribdi.
— Yordam?!
— Ha, yordam. Nega hayron boʻlyapsiz?
— Hayron boʻlayotganim yoʻq.
— Kunduzi bu yerda boʻlmaysiz-da, koʻp narsalardan bexabar qolyapsiz.
— Sanobarning niyati koʻproq pul ishlash.
— Sanobarni aytayotganim yoʻq. Mayli, u jonini jabborga berib ishlayversin. Menga mana shu oshxonaning oʻzi yetadi. Ertalabki ishlarimni bajarib boʻlganimdan keyin anovi deraza oldiga tubaretka qoʻyvolib, tashqariga tikilib oʻtiraman. Avval Poʻlat Damirovich degani medpunktga kiradi. Kiradi-yu, koʻp oʻtmasdan chiqib ketadi. Zum oʻtmasdan Hakim Nazarich deganlari xonasidan chiqib eshik oldida turgancha u yoq-bu yoqni kuzatgan boʻladi-da, yana ichkariga kirib ketadi. Tushlikdan keyin Poʻlat Damirovich deganlari yana medpunktga kirib ketadi. Bu safar darrov qaytib chiqmaydi. Biror oʻn daqiqa chamasi oʻtadi. Shu vaqt orasida Hakim Nazarich uch-toʻrt martalab tashqariga chiqadi-kiradi, kiradi-chiqadi. Sezishimcha, ikkalasiyam xotinboz!
— Uch kun ichida shuncha axborot toʻplabsiz-a.
— Bunaqa ishlarni payqash uchun uch kun emas, bir qarashning oʻzi kifoya. Chiroyli xotinga erkaklar darrov qopqon qoʻyishadi-da!
— Mayli, men bora qolay.
— Oʻtiring birpas.
— Charchaganman, dam olsam degandim.
— Aytganday, oyogʻi singan yigitni medpunktga olib oʻtishibdi-a?
— Ha. Darvoqe, oʻsha bechoradan bir xabar olishim kerak. Eslatganingiz yaxshi boʻldi. Yaxshi dam oling.

Tashqarida sayr qilish niyatim bor edi. Lekin havo shu qadar sovuq ediki, chidab boʻlmasdi. Shunday sovuqda ikkinchi smenada ishlayotganlarning joniga toʻzim bersin. Pul nimalarga qodir! Ammo odamzodning yerdan bosh koʻtarmay qoʻygani alamli-da.

Barak tomon yurdim.

Alisherni medpunktga olib oʻtishganidan buyon xona tinchib qolgan, kechalari bemalol uxlayotgandik.

Kirib borishim bilan «gur»; kulgi koʻtarildi.

Toʻrt-besh kishi yigʻilib olib latifa eshitayotgan ekan. Latifagoʻy Kamoliddin...
— Davron, keling, siz uchun yap-yangisidan aytib beraman, — dedi Kamoliddin.
— Rahmat.
— Keling endi!
— Charchaganman!

Toʻshagimga choʻzildim.

Negadir yuragim siqilardi. Nargiza... Sanobar... Betoqat Hakim Nazarich... Poʻlat Damirovich... anovi gapirayotgan «gʻoʻla...»; va yana...

Kechasi bilan chap qoʻlim zirqirab chiqdi.

Ertalab ishga ketdim.

Ammo ishlay olmadim. Chap qoʻlim yelkamga dovur zirqirab ogʻrirdi. Mening oʻrnimga ham Husan ishladi.

Kechqurun hamma ovqatga oʻtirgan vaqtda men medpunktga yoʻl oldim. Eshik oldida Poʻlat Damirovichga duch keldim. U bilagiga barmogʻini bosgancha chiqib ketayotgandi. «Lop»; etib koʻz oldimga Nargiza keldi: «Ayollar gʻirt vahimachi boʻlishadi-da»;.
— Mumkinmi?
— Keling, — jilmayib qarshi oldi Gulruh.

«Hammani shunday kutib olarmikin?»;
— Kaftim... umuman, qoʻlim ikki kundan buyon loʻqillab ogʻriyapti, — dedim lattaga oʻralgan qoʻlimni oldinga choʻzib.
— Nega ogʻrir ekan?

Gulruh shunday degancha qoʻlimdagi lattani tuxum poʻchogʻini archiganday tez-tez yechib ola boshladi. Lattaning oxirgi qismi kaftimga yopishib qolgan ekan, koʻchirib olish qiyin boʻldi.
— Biroz ogʻriydi, chidaysiz-da, — dedi Gulruh muloyimlik bilan. Keyin kichkinagina shishadagi qanaqadir suyuqlikni kaftimga surdi. — Besh daqiqa kutamiz. Anavi yerga oʻtiraqoling.
— Xoʻp, — Gulruh koʻrsatgan stulga oʻtirdim.

Besh daqiqa kutish kerak edi...

Shishalar va yana allambalolar terib qoʻyilgan stolning naryogʻida Gulruh qandaydir dori tayyorlayapti. Unga tikilib qarashga jur’atim yetmadi. Xonani koʻzdan kechirdim. Xona kattagina, yorugʻ va ozoda edi. Oʻng tomonda yonma-yon qoʻyilgan oynavand javon ichida har xil dori-darmonlar terib qoʻyilgan. Toʻr tomon parda bilan toʻsilgan. Deraza tomonda allaqanday kumush idishlar turardi.
— Anchadan buyon shu yerdamisiz?
— A?
— Anchadan buyon shu yerdamisiz, deb soʻragandim, — Gulruh stolni aylanib oʻtib qarshimda toʻxtadi. — Qani, qoʻlingizni bering-chi.
— Bir oydan oshdi kelganimga.
— Ishlagani kelganlardanmisiz yoki...
— ... yoki adashib, deng.
— Ha, menga oʻxshab, — kuldi Gulruh.
— Menimcha, hamma adashganlar shu yerda, shekilli.
— Biznesmenmisiz?
— Shunaqaroq...
— Siz biznesmendan koʻra ilm bilan shugʻullanadigan kishilarga oʻxshaysiz.
— Peshonamda birorta yozuv oʻqimadingizmi mabodo?
— Peshonangizda oʻqimadim-u, lekin kaftingizga qarab aytdim-da. Jismoniy ogʻir mehnat qiladigan kishilarning qoʻli boshqa, qogʻoz-qalam bilan ishlaydiganlarning qoʻli boshqa boʻladi.
— Hozir mardikordan farqimiz qolmadi.
— Shunday deysiz-u, bu baribir sezilib turadi. Eh-he! — deb yubordi Gulruh birdan yopishib qolgan latta parchalarini koʻchirib olib jarohatimga tikilgancha. — Yana loʻqillab ogʻriydi, deysiz-a? Shunchalik boʻladi-yu, ogʻrimasinmi?!
— Ishga chiqsam boʻladimi?
— Yoʻq. Hozir yaxshilab tozalab, dori qoʻyaman. Ikki-uch kun ishga chiqmaysiz. Qoʻrqmang, spravka yozib beraman.
— Gap spravkada emas. Nima, kun boʻyi barakda oʻtiramanmi?
— Dam olasiz.
— E! Shu agar dam olish boʻlsa!..

Gulruh quyuq kipriklarini pirpiratgancha yuzimga tikilib turdi-da:
— Toʻgʻri aytasiz, — dedi. — Ish bilan vaqtning koʻzini oʻymasangiz, bu yerda jinni boʻlib qolish hech gapmas.

Gulruhga tikilib qoldim. U aynan koʻnglimdagi gapni gapirgandi.
— Mayli, ishga chiqaverasiz, lekin har kuni ertalab va kechqurun perevyazkaga kelib turasiz, xoʻpmi? — dedi Gulruh qoʻlimni bint bilan oʻrarkan.
— Aytgancha, oyogʻi singan yigitning ahvoli qanday? Uni shu yerga yotqizdinglarmi?
— Alisher uxlayapti. Ana, parda orqasida.
— Oʻtsam maylimi?
— Mayli.

Havorang parda ortida jips qilib qoʻyilgan uch-toʻrt karavotdan birida Alisher uxlab yotardi. Tabib qoʻli tekkanligi sezilib turibdi, rang-boshi toza, ancha oʻziga kelib qolgan, pishillab uxlardi bola bechora.
— Uygʻonganida kelganimni aytib qoʻyarsiz, — dedim eshik tomon yurarkanman.
— Kim keldi, dey?
— Davron akang, desangiz bas. Umuman, ahvoli yaxshimi oʻzi?
— Hozircha bir nima deya olmayman.
— Xoʻp, xayr, yaxshi dam oling.
— Xayr.

Hovliga chiqdim-u, oʻzimning «yoʻlkam»; boʻylab yurib ketdim. Osmonda oy barkashdek osilib turar, yulduzlar charaqlar, havo baribir sovuq edi.

Vujudimni allaqanday parishonlik, armon va gʻam-gʻussa chulgʻab oldi. Oʻzimni yolgʻiz va nochor his eta boshladim.

Yoʻlkada Husanga duch keldim. U ham poʻstinining choʻntaklariga qoʻlini solgancha aylanib yurardi.
— Bugun qanaqa kun, Husan? — deb soʻradim undan.
— Toʻgʻrisi, bilmayman... Menimcha, yakshanba boʻlsa kerak.
— Avvallari yakshanba kunlarini oʻtkazishim qiyin boʻlardi.
— Ishga oʻrganib qolganingiz uchun-da.
— Bu yerda-chi? Bu yerda nima xalaqit beryapti?

Husan chuqur xoʻrsindi. Keyin:
— Xalaqit beradigan narsa koʻp. Lekin men bu haqda oʻylamaslikka harakat qilaman. Kun tugayotganiga xursand boʻlaman, — dedi.
— Men ham...
— Yana biroz aylanamizmi?
— Yoʻq. Barakka qaytaman. Bugun negadir shashtim pastroq.
— Boʻp turadi.

Husan yoʻlkada qoldi.

Men barakka yoʻl oldim.

Hovli tepasida koptokday oppoq oy osilib turardi. Birozdan keyin sovuq shamol turdi...

Odatdagidan erta uygʻonib barakdan chiqdim.

Zoʻraygan shamol tunni oldiga solib quva boshlagan, osmonning bir cheti oqarinqirab turardi.

Medpunkt chirogʻi yoniq edi. Eshikni qiya ochib ichkariga bosh suqdim.
— Salom.
— Keling. Qoʻlingiz qalay?
— Bir nav.
— Qani-i... — Gulruh bintni yechib kaftimni koʻzdan kechirdi. — Yaxshi. Ikki-uch kun dori surib tursak ancha durust boʻlib qoladi.

Gulruh dori va bint olish uchun javon sari yurdi. Shu vaqt xonaga Poʻlat Damirovich shaxd bilan kirib keldi.
— Bu yerda nima qilyapsiz? — deb soʻradi u xoʻmraygancha mendan.
— Qoʻlimni davolatgani keldim.

Poʻlat Damirovich oʻzini gapimni eshitmaganday tutib boʻsh stulga borib oʻtirdi. Oyoqlarini chalishtirgancha Gulruhga qaradi.
— Xayrli kun, Gulruh xonim! — dedi u allaqanday kinoyali ohangda.
— Xayrli kun, — javob berdi Gulruh mutlaqo jiddiy tarzda.
— Bemoringizning jarohati jiddiymi yoki shunchaki bahonami?..
— Jiddiy.

Gulruhning gul yaprogʻiday nafis yuzi qizarinqiragan, demak, kinoyali ohangni payqagan, lekin hech narsa boʻlmaganday, oʻziga qattiq tikilib, har bir xatti-harakatini oshkora kuzatayotgan Poʻlat Damirovich goʻyo bu xonada yoʻqday, oʻzini erkin tutgancha jarohatimni tozaladi, malham surib bogʻladi. Keyin:
— Kechqurun yana kirib oʻtishni unutmang, — deb tayinladi.
— Kechqurun kelish shart emasdir. Arzimagan yara ekan-ku! — dedi Poʻlat Damirovich, ovozidan allaqanday gʻarazning hidi kelardi.
— Kelishi shart, — dedi Gulruh qat’iy ohangda.
— Nima zarur sizga! Shunaqasi daf boʻlavermaydimi?!

Gulruh nimadir deganday boʻldi. Lekin men eshitmadim. Tashqariga chiqib qoʻygandim allaqachon.

Hovlida Karimboy aka va yana besh-olti kishiga duch keldim. Ular medpunktga borishayotgan edi. Bular orasida Asliddin degan yigit e’tiborimni tortdi.
— Siz ham kasalmisiz? — deb soʻradim undan atay.
— Iye, hali xabaringiz yoʻqmi? — dedi u yurishdan toʻxtab.
— Aftingiz kasalga oʻxshamayapti-da.
— Kasalimiz ichimizda, ichimizda, — degancha Asliddin yoʻliga ravona boʻldi.

Oʻttiz beshlarga borgan, koʻzlari oʻynab turuvchi bu yigitni yoqtirmasdim. Birinchidan, chaqirilmagan mehmonday duch kelgan davraga suqilib ketaverardi. Ikkinchidan, yengil tabiatligi shundoq yuz-koʻzidan aniq-taniq aks etib turardi. Uchinchidan, oʻtgan yili sotuvchi ayollardan biriga dabdurustdan tashlanib qolganini eshitgandim. Toʻrtinchidan... darvoqe, nega unga tirgʻalib qoldim?

Nonushta qilish uchun yemakxonaga burildim. Lekin ishtaham yoʻq edi. Bir chashka qaynoq choy ichdim-u, ishga joʻnash tadorigini koʻrdim.

Shamol yanada zoʻraygan, qorning kumush zarralarini uchirardi.

Ish vaqtida Husan bilan gurunglashmoqchi boʻlib yoniga oʻtdim. Lekin uning gaplashgisi kelmayotganini, mashqi pastligini payqab ortimga qaytdim. Husan allaqanday oʻychan, odamovi boʻlib qolgandi.

Kechga borib shamol boʻronga aylandi.

Ikkinchi smenaga hech kim chiqa olmadi. Buning ustiga, chiroq oʻchib qoldi. Faqat ikkitagina sham lipillab yonib turgan xona nimqorongʻi edi. Boʻron uchirayotgan qor uchqunlari deraza oynalariga chirs-chirs urilardi.

Oʻshanda boʻron bir kecha- kunduz xuruj qildi. Ishga borish tugul tashqariga chiqishning iloji boʻlmay qoldi. Chunki qor uyumlari uylarning derazalariga qadar koʻtarilgan, yurib boʻlmasdi. Nihoyat koʻplashib bir amallab eshik ochib tashqariga chiqqanimizda boʻron tingan, quyosh charaqlab turardi.

Boʻron turgan oqshom «kontora»;da Hakim Nazarich navbatchi edi. Odatda, ular Poʻlat Damirovich ikkisi galma-galdan navbatchilik qilishardi-da. Navbati oʻtgan kishi ertalab uyiga joʻnardi. To ertasi kuni ertalabgacha uning qorasi koʻrinmasdi. Shu kuni ertalab Hakim Nazarich ham uyiga ketishi kerak edi. Lekin u bunday qilmadi. Olti-etti chogʻli kishini barakda olib qolib, qoʻllariga kurak tutdi.
— Tushlikkacha qordan asar ham qolmasin, — dedi u qor uyumlarini koʻrsatib.

Boshqalar ishga ketishdi.

Qor kurovchilar orasida men ham bor edim. Kaftimdagi jarohatim hali yaxshi bitmagani uchun kurakni tutishga xalaqit berardi. Shunday boʻlsa-da, indamasdan, jon-jahdim bilan qor kurashga kirishdim.

Azaldan qor kurashni yaxshi koʻrardim. Kechga borib qoʻlim ishdan chiqqan hisob, tuz quyganday achishib ogʻriyotgan kaftimga qarab boʻlmasdi. Jarohatim tez tuzalayotganidan xavotirda edim. Mana endi yana ancha kun medpunktga qatnash imkoni bor...

Kechqurun hammadan keyin oshxonaga kirdim.

Nargiza yigʻlab oʻtirardi.
— Nima boʻldi?

Nargiza battar hoʻngradi. Uning oʻrniga Sanobar javob berdi:
— E oʻlsin! Anovi qirchangʻi xachirlaringizdan bittasi tegajoqlik qilibdi-da. Shunga xafa boʻlib yigʻlayapti. Yigʻlash oʻrniga boplab ta’zirini berish kerak edi!
— Oʻsha qirchangʻining ismi nima ekan?
— Asliddinmi, nima edi? — Sanobar Nargizaga yuzlandi.

Nargiza oʻpkasini tutolmay yigʻlarkan, yigʻi aralash yozgʻirdi:
— Allaqayoqdagi... qalangʻi-qasangʻidan gap eshitdim... Nima haqi bor edi menga bunday deyishga?!
— Qiziq gaplarni gapirasan-a? — dedi Sanobar jahli chiqib. Dugonasini yosh boladay avrash joniga tekkan shekilli. — Har xil gaplarni eshitmayin desang, uyingda oʻtir edi.
— Hammasiga... hammasiga... Erim sababchi... Erim... Erim uquvli boʻlganida...

Yuzimdan issiq chiqib ketdi. Yo xudo, eridan nafratlanmaydigan ayol bormikin bu dunyoda?!

Jahl bilan barakka kirib bordim. Asliddin yerga toʻshalgan isqirt sholcha ustida sheriklari bilan qarta oʻynab oʻtirgan ekan. Shartta yelkasidan tutib kuch bilan oʻrnidan turgʻazdim.
— Iye, tinchlikmi, bratan? — Asliddin bez boʻlib yuzimga tikildi.
— Oshpaz ayolni nega xafa qilding?!
— Men xafa qilibmanmi? Kim aytdi buni sizga?
— Hoziroq borib kechirim soʻraysan. Aks holda, basharangni shunday bezab qoʻyamanki, tuqqan onang ham tanimay qoladi!
— Xoʻp. Xoʻp. Tong otsin...
— Yoʻq, hoziroq borib kechirim soʻraysan!
— Nega endi men kechirim soʻrarkanman? Oʻsha xotinning oʻzi-ku jilpanglagan! Toʻshakka tortsam ham yoʻq demasdi...

Asliddinning yuziga musht tushirdim. Gʻala-gʻovur koʻtarildi. Asliddinning tarafkashlari menga yopirilishdi. Rosa mushtlashuv boʻldi.

Yarim soatdan keyin Hakim Nazarichning xonasida oʻtirardim.
— Men sizni durust odam deb yursam, gʻirt bezori ekansiz-ku, — Hakim Nazarich ta’nali nazar tashlayotgan boʻlsa-da, ovozi qahrli emasdi.

Churq etmadim.
— Oʻsha ayol tanishingizmi? Bunchalik jon kuydirib himoya qilganingizga qaraganda...
— Ayol faqat tanish boʻlsagina himoya qilinadimi?!

Hakim Nazarichning yuziga qizil yugurdi.

Gurs-gurs qadam sasi eshitildi yoʻlakda, zum oʻtmasdan xonaga Poʻlat Damirovich kirib keldi.
— Bular bilan razbor qilib oʻtirasizmi, Hakim Nazarich?! Shartta kazarmaga joʻnating. Oʻsha yerda bunaqalarning surobi toʻgʻrilanadi, — dedi u kira solib.
— Barakka boring, — dedi Hakim Nazarich menga.
— Hakim Nazarich, bu nimasi?.. — deya norozilik bilan toʻngʻilladi Poʻlat Damirovich.
— Kerakli jazoni olib boʻldi, — dedi unga Hakim Nazarich quruqqina qilib.

Shoshilmasdan eshik tomon yurdim.

Ortimdan Hakim Nazarichning ovozi eshitildi:
— Yoʻl-yoʻlakay medpunktga kirib, koʻzguga bir qarab keting...

Uning ovozida allaqanday yengil kulgi ohangi borday edi.

Tashqariga chiqdim. Eshik oldida biroz turdim. Soʻng medpunkt tomon yurdim.
— Voy! — menga koʻzi tushgan Gulruh hayratdan dong qotdi.
— Nega hayron boʻlyapsiz? — dedim gapirishga qiynalayotganimni sezdirmaslikka urinib.
— Tinchlikmi?
— Tinchlik.
— Aftingizga qaraganda, tinchlik emasga oʻxshaydi.
— Koʻzgu bering, iltimos.

Gulruh stol tortmasidan toʻrtburchak koʻzgu uzatdi.
— E-ha, gap bu yoqda ekan-da! — deb yubordim koʻzgudagi aksimga qarab oʻzimni taniy olmay qolganimdan hayratga tushib.

Aytsam ishonmaysiz, yuzim kulgili tarzda qiyshayib qolgandi. Qovoqlarim yorilgan, shishib ketgan labimdan qon sizardi.
— Nima boʻldi oʻzi? — Gulruh paxta va spirt bilan yonimga keldi. — Qani, menga qarang-chi.
— Oʻh... sekinroq...
— Joningiz shunchalik shirinmi?
— Albatta.
— Mushtlashayotganda nega shuni oʻylamadingiz?
— Mushtlashganimni kim aytdi sizga?
— Aftingiz aytdi. Hali kaftingizni ham...

Men gunohkorona kulimsiragancha kaftimni koʻrsatdim.
— Voy-boʻ! Joningiz savil ekan sizni! — dedi Gulruh, keyin birdan yuzimga koʻzi tushdi-yu, kulib yubordi.

Bolalarcha begʻubor, samimiy kuldi.
— Dunyodagi eng chiroyli erkak men boʻlsam kerak.
— Ha... topdingiz...

Eshik taqilladi.
— Kiring, kiravering, — dedi Gulruh kulgidan yoshlangan koʻzlarini dastroʻmoliga artarkan.
— Gulruh Qosimovna... — yuzi qordek oppoq Hakim Nazarich eshik oldida turib qoldi.
— Juda shoshilinch emasmi? Men hozir ishimni tugataman, — dedi Gulruh.
— Tinchlantiruvchi biror nimangiz bormi?
— Hozir... Biroz kutib turing, — dedi Gulruh menga, keyin qandaydir qutini olib Hakim Nazarichga yaqin bordi. — Yana yuragingiz bezovta qilyaptimi?
— Ha.
— Qon bosimingizni oʻlchab koʻrsam maylimi?
— Yaxshi boʻlardi.
— Bu yoqqa oʻtiring.

Hakim Nazarich Gulruh surib qoʻygan stulga oʻzini tashladi. Uning mazasi yoʻq, shekilli.
— Qon bosimingiz joyida, — dedi Gulruh tonometrni stol ustiga qoʻyarkan. — Faqat yuragingiz sal tez uryapti. Menimcha, bu charchaganlik oqibati. Yana ob-havoning ham ta’siri boʻlishi mumkin. Mana bu dorini tilingiz tagiga tashlab shiming.

Gulruh Hakim Nazarichni tinchlantirib mening oldimga keldi.

Ogʻriqqa bazoʻr chidab oʻtirgandim. Asablarim nihoyatda taranglashgandi. Gulruhning yumshoq, haroratli barmoqlari qoʻlimga tegishi hamon birdan boʻshashdim: «Eh-he, bu qoʻlni allazamonlardan buyon hech kim silamagan edi...»;

Koʻnglimdan nelar kechayotganidan bexabar Gulruh oʻz ishini astoydil bajarardi.
— Ertadan boshlab ishga chiqishni qat’iyan man qilaman, — dedi Gulruh.
— Buning sirayam iloji yoʻq.
— Bu qoʻl bilan ishlab boʻlmaydi! Hakim Nazarich, ishchingizga oʻzingiz tushuntiring.
— Qoʻl kerakmi yoki pul? — biroz oʻziga kelib qolgan Hakim Nazarich gʻalati savol berdi.
— Pul, — dedim men.

Hakim Nazarich: «Mana, koʻrdingizmi?»; deganday Gulruhga qaradi.

Men indamay xonadan chiqdim.

Barakdagilarning yarmi doʻstlarcha, yarmi raqibiga qaraganday adovat bilan qarshi olishdi meni.

Kimlardir nimalardir deganday boʻldi. Ammo men hech kimga quloq solmasdan toʻgʻri borib toʻshagimga choʻzildim.

Husan negadir toʻshagida koʻrinmasdi.

Anchagacha uxlay olmasdan qiynalib yotdim. Bugungi mushtlashuvdan keyin Gulruh men haqimda qanday xayollarga bordiykin? Axir zohiran tan olgim kelmasa-da, botinimda anchadan buyon Gulruhda yaxshi taassurot qoldirish istagi tugʻilgandi-da. Bu yogʻi qandoq boʻldi? Gulruh meni kim deb oʻyladiykin? Oʻylab oʻyimning tagiga yetolmasdim. Koʻnglimdagi gʻashlik kuchaya bordi va birdan oʻzimni yomon koʻrib ketdim. Keyin butun dunyo koʻzimga xunuk koʻrina boshladi. Adyol bilan boshimni oʻrab oldim. Tashqarida gitara ovozi va allakimning boʻgʻiq xirgoyisi eshitildi: «Ax, kakaya jenhina...»;

Avvalgi
I- qism