OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifZulfiya Qurolboy qizi
Asar nomiMashaqqatlar girdobi (roman, II- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Zulfiya Qurolboy qizi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm168KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/12/10
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mashaqqatlar girdobi (roman, II- qism)
Zulfiya Qurolboy qizi

Ertalab medpunkt eshigi oldida yana Poʻlat Damirovich bilan toʻqnash keldim.
— Siz haliyam bu yerda oʻralashib yuribsizmi? — dedi u mayda hasharotga qarayotgandek ijirgʻanib tikilarkan.

Men uni payqamagandek indamadim, shunda u shu qadar qizarib-boʻzarib, gʻazabdan qaltirab ketdiki, iloji boʻlsa, dast koʻtarib uloqtirib yuborsa yoki yerga yumalatib koptokdek obdon tepkilasa, toptasa, keyin tovonlari bilan xumordan chiqquncha ezgʻilab, abjagʻimni chiqarib yoʻq qilib tashlasa!
— Hoy paytavaquloq, koʻppak, burdalab tashlamasimdan bu yerdan yoʻqol! — dedi u gʻazabini zoʻrgʻa bosib.
— Oʻzing yoʻqol!
— Kelgindi, sayoq...
— Oʻzing oʻris choʻchqasisan!

Poʻlat Damirovichning yuzi qiyshayib ketdi. Adl qomatini egdi-yu, etigining qoʻnjiga qoʻl yubordi. Xuddi shu vaqtda ostonada Gulruh paydo boʻldi.
— Poʻlat Damirovich, ukol vaqti boʻldi, kirmaysizmi? — dedi u hech narsadan bexabarday xotirjam ohangda.
— Hozir...

Poʻlat Damirovich yonimdan oʻtayotib yana turtib oʻtishga urindi, lekin bu safar uddasidan chiqolmadi. Men oʻzimni chetga tortishga ulgurdim.
— Gulruh Qosimovna, sizni koʻrsam etim junjikadigan boʻlib qolibdi, — Poʻlat Damirovichning quvnoq ovozi eshitildi ichkaridan.
— Qoʻrqinchli maxluqqa oʻxshaymanmi shunchalik?
— Siz ezgulik va yorugʻlik farishtasisiz!
— Ezgulikni tushunsa boʻladi, lekin nima uchun yorugʻlik?..
— Yorugʻlik, bu nur, harorat degani. Sizga qarasam zimiston koʻnglim yorishib ketadi!
— Sizning koʻnglingiz ham gʻash boʻladimi?
— Eh!.. Oʻylaysizki, bu odam...
— Mana, boʻldi, endi bemalol ishga ketaverishingiz mumkin.
— Gulruh Qosimovna, men ketmasdan shu yerda oʻtirsam maylimi? Sizni qorovullab!..
— Mayli-yu, lekin nima uchun, kimdan qorovullaysiz?
— Tashqarida turgan ta’viyadan! Bilasizmi, u qanaqa maxluq?!
— Ishga kech qolmaysizmi?
— Menda ish vaqti degan narsa yoʻq. Anovi maxluq sizga birdan tashlanib qoladimi degan tashvishdan boshqa tashvishim ham yoʻq.
— Unchalikka borishmaydi...
— Men ularni yaxshi bilaman. Pul uchun oʻzini tomdan tashlaydi ular. Aks holda, bu yerda xor-zor boʻlib yurisharmidi?! Mana bittasi oʻzingizga ma’lum, qoʻlidan ayrilib qolishini bila turib bir kun ham ishdan qolmaydi. Ishga chiqmasa moʻmay puldan quruq qoladi-da! Hoynahoy, u yoqda besh-oltita bolasi, xotini bordir. Jarohati gangrenaga aylanib ketsa nima boʻladi?! Daydi-kelgindilar bosib ketdi hamma yoqni!
— Poʻlat Damirovich, esingizdan chiqarmang, men ham oʻshalardanman!
— Sizni qismat bu yerga boshlab kelgan. Men bilan uchrashtirish uchun.
— Aytgancha, ukolingiz kam qoldi. Olib kelib berasizmi?
— Ertaga opkesam boʻladimi?
— Ha, bugunga yetarli. Davron!

Xonaga kirdim. Eshikni ochganimda yoʻlakdagi gʻala-gʻovur ichkariga yopirildi.
— Odam koʻpmi? — soʻradi Gulruh.
— Odatdagiday, — toʻng javob berdim.

Gulruh yuzimga gʻalati qaradi.
— Poʻlat Damirovich, ukoldan keyin biroz yotishingiz kerak.
— Shunaqami?

Poʻlat Damirovich oʻrnidan turdi.
— Eh-he, irib ketibdi-ku! — dedi u jarohatimga koʻz tashlarkan. — Hademay qoʻldan ayrilishi turgan gap!

Churq etmadim. Sezib turibman, u atay shunday deyapti. Yuzidagi kishining jigʻiga tegadigan, qadr-qimmatini yerga uradigan ifoda va kulgisi shu qadar tahqiromuz ediki, bazoʻr oʻzimni bosib, goʻyo uni pisand qilmagandek to xonadan chiqib ketguncha surbetlarcha tikilib turaverdim.
— Gʻalati kishi, a? — dedi Gulruh uning ortidan.
— Qoʻlida toʻpponchasi bor toʻnka!
— Bugun kayfiyatingiz yoʻqroqmi?
— Binoyiday.
— Qoʻlingiz kechasi qattiq ogʻrimadimi?
— Yoʻq!
— Uch-toʻrt kun ishga chiqmay turaqoling.
— Puldan quruq qolaman!
— Yosh bola ekansiz! Kechqurun sal vaqtliroq keling, negadir odam koʻpayib ketyapti.
— Oʻylab koʻraman.

Avzoyim buzilgandi. Asabiylashardim.

Tashqariga chiqdim. Oʻz-oʻzidan jahlim chiqa boshladi. Qoʻllarida supurgi va chelak koʻtarib olgancha boqilgan gʻozday hovlida lapanglab yurgan Sanobarga koʻzim tushib xotin zotiga nafratim oshdi. Ayollar yangi hayotga tez koʻnikadilar va hech jirkanmay, unga qarshi ruhan isyon koʻtarmay, bundan hech qanday qoʻrqinchli narsa ham kutmasdan, oʻzlarining yangi taqdiriga peshvoz chiqaveradilar, shekilli. Ular pullarini yoki biror qimmatbaho taqinchogʻini oʻgʻirlatib yoki yoʻqotib qoʻyishgandagina qattiq qoʻrqib ketsalar kerak.

Gulruh ham shularning biri-da. Kim bilsin, u soddalikni oʻziga niqob qilib olgan makkoradir ehtimol. Axir, erkaklar tomonidan ulugʻlanib, koʻklarga koʻtariladigan yoqimli soddalik koʻp hollarda muhtarama zaifalarimizni xavf-xatardan saqlab qolgan...
— Alisherning ahvoli yaxshimi? — deb soʻradi tushlik mahali yonimga kelgan Nurali.
— Durust, shekilli.
— Oʻzini koʻrib turibsizmi?
— Bir marta.
— Karimboy akaning negadir qovogʻi ochilmaydi. Shuning uchun soʻrayapman-da.
— Unchalikmas, menimcha. Har gal borganimda uxlab yotgan boʻladi.
— Husan koʻrinmaydimi?
— Husan? Shu atrofda yuruvdi.
— Undan biroz spirt soʻrasam degandim. Negadir chap oyogʻimning barmoqlari qichishyapti. Sheriklarim spirt bilan artish kerak, deyishdi.
— Yaxshisi medpunktga uchrang.
— Qandoq boʻlarkin? Shusiz ham kasallar koʻpayib ketdi.
— Spirt topish qochmas. Avval doʻxtirga uchrashing.

Nurali ketdi.

Qoʻlim ishga bormay, xodalardan birining ustida anchagacha xayol surib oʻtirdim. Menga qadrdon manzillardan oʻtib kelayotgan quyosh naq tepamizda turib olib kumushrang nurlarini moʻl-koʻl sochardi, ammo oʻlay agar, zarracha ham tafti yoʻq edi. Ha, bu yerning oʻzi bir olam. Nafaqat tartib-qoidalari, balki bu yerning quyoshi ham, oyi ham oʻzgacha. Charaqlab turadi-yu, tafti yoʻq. Bu yerda inson qanchalar tubanlashuvi, oʻzligini yoʻqotishi, botiniy dunyosidagi eng oliy tuygʻularini ham hech ikkilanmasdan halok etib yuborishga qodir. Shu bilan bir vaqtda butunlay buning aksi yuz berishi ham mumkin. Zotan, kulfat ham oʻziga xos narsa. Kulfat tufayli hayotni chuqurroq his etadigan boʻlib qolasan...

«Chilparchin boʻlgan hayotni tiklab boʻlarmikin?»;

Allaqaydan oʻq ovozi eshitilganday boʻldi. Sergak tortib yon-verimga qaradim.

Toshpoʻlat bilan Fayzi ham hayron boʻlib turishgandi.
— Oʻq ovozimi? — deb soʻradim ulardan.

Shu vaqt ikkinchi oʻq ovozi yangradi.

Bu gal aniq eshitdim.
— Soqchilar «urush-urush»; oʻynashyapti chogʻi, — dedi Toshpoʻlat.
— Husan hali qaytmadimi? — ajablandim.
— Qayoqqa ketgandi oʻzi? — taajjublandi Toshpoʻlat.

Koʻz ilgʻaydigan yerlarni kuzatib Husanni qidirdim. Afsuski, yaqin-oʻrtada uning qorasi koʻrinmadi.

Bir mahal Qilichbek hovliqqancha kelib qoldi.
— Hamma shu yerdami? Iye, hov... Husan qani?
— Ertalab shu yerdaydi, — dedi Fayzi.
— Ertalab shu yerda ekanligini bilardim, lekin hozir qani u? — koʻzlari ola-kula boʻlib baqirdi Qilichbek.
— Men qayoqdan bilay! — Fayzi nari ketdi.

Qilichbek besaranjom nigohlarini menga tikdi.

Men kumushrang boʻshliqdan koʻz uzmadim.

Qilichbek qurilish binosi tomon yugurdi.

Uzoqdan qaraganda, oppoq qor ustida yumalab ketayotgan tarvuzga oʻxshardi u.

Kun allaqanday noxush bezovtalik bilan oʻtdi.

Quyosh oʻrmon ortiga bekindi. Uning qaragʻay shoxlari uchiga ilinib qolgan soʻnggi nurlari ham zavol topdi, qosh qoraydi. Shundan keyingina bizni ishni tark etib, barakka chorlovchi qoʻngʻiroq ovozi eshitildi.

* * *

Koʻchada mirshablarning yuk mashinasi turardi. Darvoza oldida besh-oltitasi uymalanishgan. Furajkalarining qayishlari tushirilgan. Miltiqlarining stvollari chiroq nurida sovuq yiltiraydi.

Nimadir yuz bergani ma’lum.

Mirshablar bizni birma-bir koʻzdan oʻtkazishdi.

Ichkariga kirganimizdan keyin soqchilar bizni oʻz ixtiyorimizga qoʻyib yuborishdi. Ammo uzoqqa ketmay hovlining u yer-bu yerida turib olishdi.

Oshxona derazasi oldida turgan Nargiza meni imladi.
— Voy, Davron, bormisiz? — dedi rangi quv oʻchgan ayol.
— Nima gap?
— Xabaringiz yoʻqmi? Bugun bittasi qochib ketmoqchi boʻlgan ekan, soqchilar shartta otib tashlashibdi!
— Kim ekan?!
— Ismini bilmadim... Hovlidan olib oʻtishayotganda koʻrib qoldim. Hamma yogʻi qon... Yoshgina yigit...
— Hozir qayerdaykin, bilmaysizmi?
— Medpunktda shekilli. Oʻsha yoqqa opkirib ketishdi-yu...

Medpunkt eshigiga qaradim. U yerda miltigʻini yelkasiga osgan soqchi turardi.

Shoshilayotgan, ichimni allanima timdalayotganiga qaramasdan imillab yuvindim. Ovqatlandim. Gʻala-gʻovur, oʻzaro shivir-shivirlar qulogʻimga kirmasdi. Ammo, nazarimda, hamma pichirlab gapirayotganday tuyilardi.

Sheriklarimga bir-bir nazar soldim, basharalar turfa boʻlishiga qaramay, barida allaqanday xavotir, mavhum umid, loqaydlik va sarob jimirlayotgan bu nigohlar boʻm-boʻsh edi!

Medpunkt tomon yurdim.

Soqchi avvaliga ruxsat bermadi, qoʻlimdagi jarohatimni koʻrsatganimdan keyin ichkariga kirib ketdi. Bir ozdan keyin qaytib chiqib: «Kir!»; deganday ishora qildi.

Gulruh xomush qarshi oldi.
— Yarador yigit shu yerdami? — deb soʻradim undan.
— Ha.
— Ahvoli qalay?
— Yaxshi emas, — deya pichirladi Gulruh.
— Koʻrsam boʻladimi?
— Yuring.

Gulruh parda ortiga boshladi.

Devor yonidagi karavotda Alisher yotardi. U uxlamayotgandi, lekin meni koʻrishi bilan koʻzlarini yumib oldi. Gaplashgisi kelmadi chogʻi. Uning yonidagi karavotda Husan yotardi!

Koʻzlarimga ishonmay unga yaqinlashdim.
— Husan...

Husan «qilt»; etmadi. Uning yuzi boʻzga oʻxshab qolgandi. Koʻzlari chala yumuq. Qovoqlari shishgan. Qorni kindigining atrofi bilan bogʻlangan... Tiriklikdan nishon yoʻqday...

Yoniga tiz choʻkdim. Nafas olishiga quloq tutdim. Yuziga barmoqlarimni tekkizdim: issiq. Xayriyat.
— Koʻp qon yoʻqotgan, — dedi Gulruh parda ortidan sirgʻalib chiqarkanmiz. — Oʻsha zahoti opkelishganda bunchalik boʻlmasdi.
— Yaqinda opkelishdimi?
— Yaqinda... Kazarmada ikki soatdan koʻp qon ketib yotgan... Yaxshiyam Hakim Nazarich xabar topib qolib bu yoqqa yuboribdi.
— Jarohati ogʻir emasmi?
— Ogʻir emas, ammo koʻp qon yoʻqotgani pand berib qoʻymasa, deb qoʻrqaman... Qoʻlingiz qalay?
— Bugun unchalik ogʻrimadi.
— Keling, dori surib qoʻyaman.

Har safargiday Gulruh stolning naryogʻida, men bu tomonida oʻtirdik. Qoʻlimni stolga qoʻydim. Gulruh bintni yecha boshladi. Koʻz qirim bilan harakatlarini kuzatdim. Shiftdan taralayotgan nur uning yuzida aks etardi. Jiddiy va bir oz parishon chehrasida men uchun begona, tushunishim qiyin boʻlgan allaqanday sir-sinoat mavjud edi. U bilan bemalol gurunglashib oʻtirgim kelardi, ammo gapni nimadan boshlashni bilmasdim. Axir bu ayolni yaxshi bilmayman, u kim, qaysi olamdan kelib qolgan parizod, tasavvur qilolmasdim haligacha. Tikilganim sayin u mendan uzoqlashayotganday...

Muolaja nihoyasiga yetgach, tashakkur aytib oʻrnimdan turdim.
— Xayrli tun, — dedi Gulruh. — Oʻrtogʻingizdan xavotir olmang. Unga oʻzim qarayman.
— Xayrli tun.
— Ertaga ertalab... yana kelasizmi?

Yalt etib qaradim. Gulruh intiqlik bilan qarab turganday tuyildi.
— Albatta, kelaman.

Eshikka yetgach, ortimga oʻgirildim.

Gulruh hamon qarab turardi.

Kulib qoʻydim.

Gulruh qoʻlini silkidi.

Tashqariga chiqdim.

Yana gupillatib qor yogʻardi. Havo iliq edi. Yoʻlak boʻylab yurdim. Yuragimni ham iztirob, ham allaqanday yoqimli bir toʻlqin bezovta qilardi. Nursiz-jilosiz, oddiy turmush qorishmasidan iborat boʻlgan, suvday rangsiz hayotimga nimharir yogʻdu taralayotgandek edi.

Ertasiga ertalab borganimda Husanni soqchilar kazarmaga olib oʻtishganini eshitdim.
— Hali oʻziga kelganicha yoʻq. Oʻlib qolishi mumkin, deb necha marta aytdim ularga. Quloq solishmadi, — dedi xafa boʻlib oʻtirgan Gulruh.
— Yaxshi boʻlmabdi.

Parda ortiga oʻtdim. Alisher shiftga tikilib yotgan ekan, hol-ahvol soʻradim.
— Keling, birpas oʻtiring, — dedi u siqilib ketgandek aftini bujmaytirib.

Kecha Husan yotgan karavotga oʻtirdim. Yuragim simillab ketdi. Kechagina bu yerda Husan yotgandi. Yana koʻrishish nasib qilarmikin? Kazarmada ahvoli ne kecharkin?
— Qachon ishga chiqasiz endi, Alisher?
— Bilmadim... Hali-beri chiqadiganga oʻxshamayman. Singan suyak bitib qolganday, lekin oyogʻimni bosa olmayapman. Ogʻriqni-ku qoʻyavering... Barmogʻimni jodi kesib ketganidayam bunchalik ogʻrimagandi.
— Dardning kelishi oson, ketishi qiyin, — dedim boshqa gap topolmay.
— Yaxshi boʻlib ketarmikinman?..

Titrab ketdim.

Yonoqlari chuqurlashgan, chekka tomirlari boʻrtib ketgan, kirtaygan koʻzlarida mungli iltijo qotib qolgan yigitchaning yuziga tikilib qaray olmadim.
— Husan aka uch-toʻrt kun davolanishi kerak edi-da, — dedi Alisher. — Ahvoli ancha ogʻir ekan. Haliyam... — Alisher ovozini pasaytirdi. — Hamshiramiz zoʻr ekan. Husan akaning qornidan oʻqni shartta olib tashladi.
— Oʻq bittamidi?
— Bitta, shekilli.

Gulruhga tan berdim ichimda. Oddiy hamshiraning shunchalar uddaburonligi tahsinga sazovor emasmi?

* * *

Kechki payt.

Ishdan qaytdim-u oʻzimni oshxonaga urdim. Qornim oʻlarday och edi.

Stollar boʻm-boʻsh. Yemakxonaga hali hech kim kirmagandi. Nargiza bilan Sanobar ulkan qozon yonidagi stol atrofida oʻtirganlaricha... qarta oʻynashardi!
— Muborak boʻlsin!
— Ha, Davron, sizmisiz? Ovqat suzaymi yo bizga qoʻshilib bir qoʻl oʻynaysizmi? — dedi Nargiza qartalaridan koʻz uzmay.
— Men bilmayman.
— Voy, oddiy «Durak»;ni bilmaysizmi? Nimani bilasiz oʻzi? — Sanobar ta’nali nazar tashladi.
— Qimorni bilaman, xolos, — dedim joʻngina.
— Yaramas! Bularning sogʻi yoʻq, — Nargiza qartalarini tashlab oʻrnidan turdi, peshbandini oldiga tutib qozon yoniga bordi.
— E, oʻlib ketsin! Siqilganimdan yorilib ketguday boʻlyapman, — dedi Sanobar. — Qarta oʻynasak sal koʻnglim yozilarmidi degandim. Buyam toʻgʻri kelmadi.
— Davron, keling, ovqat tayyor, — chaqirdi Nargiza.

Hovlidan ola-tasir, shovqin-suron eshitildi. Yugurib chiqdim. Medpunkt oldida besh-olti kishi toʻplanib turishardi.
— Nima gap? — soʻradim shu yerdagilarning biridan.
— E, anovi Asliddin yana «chp»; qilgan, shekilli.
— Tushunmadim.
— Asliddin: «Kasalman, isitmam chiqyapti»;, deb xonaga kiribdi-yu, hamshiraga tashlanib qolibdi. Kayfi bor ekan-da. «Hech boʻlmasa bitta oʻptiring!»; deb yalinarmish...

Hangomatalablar hihilashdi.

Chidab turolmadim.

Eshikni shartta ochib ichkariga bostirib kirdim. Nazarimda, Gulruh yolgʻiz oʻzi yigʻlab oʻtirganday edi. Ammo ichkarida butunlay boshqa manzaraning guvohi boʻldim. Gulruh hech narsa boʻlmaganday qarshi oldi. Bundan tashqari, u yolgʻiz emasdi. Xonada Poʻlat Damirovich bor edi.
— Bu yovvoyi odamlardan bundan battar yovuzlikni kutish mumkin. Gulruh Qosimovna, haliyam fikringizdan qaytmadingizmi? — dedi Poʻlat Damirovich menga qoʻli bilan chiqib turing, degandek ishora qilarkan.

Qimir etmadim.
— Poʻlat Damirovich, tashvishlanmang, men birovlarga oʻzimni oyoq osti qildirib qoʻyadiganlardan emasman, — deb javob berdi Gulruh, keyin menga yuzlandi: — Nega kech qoldingiz?
— Bunaqa oʻjar ekanligingizni bilmagan ekanman, — Poʻlat Damirovich eshik tomon yurdi. Keyin birdan ortiga oʻgirilarkan, istehzoli kulimsiradi. — Shoʻringizga shoʻrva toʻkilganda meni eslarsiz, lekin unda kech boʻladi!

Gulruh ham undan qolishmadi:
— Yaxshi niyatlaringiz uchun tashakkur!

Poʻlat Damirovich chiqib ketdi.
— Qani, qoʻlingizni bering, — dedi Gulruh.

Bor jur’atimni toʻplab:
— Birovning shaxsiy ishiga aralashish noqulay, lekin... U sizni qoʻrqityaptimi?.. — deb soʻradim Gulruhdan.
— Boyagi mashmashani eshitgandirsiz? Poʻlat Damirovich shuni dastak qilvolib, «Shtab»; yonidagi xonaga koʻchib oʻtishimni taklif qilyapti.
— Siz koʻnmadingiz.
— Koʻrib turganingizday.
— Balki u haqdir. Koʻchib oʻtganingiz durustmidi? Har qalay, u yer bexavf...
— Poʻlat Damirovich ham shuni ta’kidlayapti. U yoqqa borish tugul, yonidan oʻtishga hech kimning jur’ati yetmaydi, deydi.
— Toʻgʻri. Shunisi qulay emasmi siz uchun?..
— Boshqalar uchun qulayligi bordir. Lekin men uchunmas!
— Har xil odam bor. Bugungiga oʻxshash voqea... Qoʻrqmaysizmi?
— Qoʻrqmayman, — beparvo javob berdi Gulruh.

Unga tikilib qoldim.

Besh daqiqalardan keyin Gulruh ishini tugatdi. Shungacha u garchi nigohlarimni his etayotgan boʻlsa-da, yuzimga qaramadi.
— Boʻldi. Ketishingiz mumkin, — dedi u.

Qimir etmadim.
— Yana ikki kun kelsangiz yetadi. Jarohatingiz ancha yaxshi.

Indamay oʻtiraverdim.

Shunda u na menga, na biror narsaga qaramasdan, boʻshliqqa tikilgancha:
— Qoʻrqaman... — dedi, ovozi titrardi. — Lekin qoʻrqqanimni dahmaza qilishim shartmi? Umuman olganda, hammamiz tutqunmiz bu yerda. Tutqunlikni tan olib, atrofimdagilarga javdirayversam, bilasizmi, ular ne koʻyga solishadi? Hayotda koʻp qiyinchilik koʻrganman. Bu haqda boshqa vaqt bafurja gapirib berarman. Agar eshitishni xohlasangiz. Ammo hozir bir gapni dangal aytishim kerak. Oʻsha qiyinchiliklar tufayli men oʻz atrofimda butunlay boshqacha atmosfera yaratish hadisini olvolganman. Siz tushuna olmayotgan, toʻgʻrirogʻi, sizni ajablantirayotgan sirim shu, — Gulruh kulib qaradi. — Endi tushundingizmi?

Men bosh silkidim.
— Endi xonani boʻshatarsiz, boshqalar kutib qolishdi.

Men yana bosh silkidim, ammo oʻrnimdan qoʻzgʻalmadim.
— Yana nimadir demoqchisiz, shekilli?

Bosh irgʻadim.
— Soʻrang, — Gulruh yuzimga zavq bilan tikildi.
— Siz oddiy hamshira emassiz!

Gulruh darrov javob bermadi. Sirli kulimsiragancha:
— Hamshira, oddiy hamshira, xolos, — dedi birozdan keyin.

Eshik betoqatlik bilan taqilladi.

Oʻrnimdan turdim.
— Yana ikki kungina kelamanmi bu yerga? — deb soʻradim xafa boʻlib.
— Yaxshi emasmi?
— Bunaqasi ketmaydi. Qoʻlim hali-veri yaxshi boʻlmasligi kerak. Bu borada biror maslahat bera olmaysizmi?
— Qaltisrogʻidanmi?
— Ha.

Gulruh oʻylanib qoldi.

Eshik yana taqilladi.
— Yaxshisi, ertaga kelganingizda aytaman, — dedi u. — Faqat sal vaqtliroq yoki sal keyinroq keling.
— Uzundan-uzoq, buning ustiga, eng xatarli maslahatmi, deyman?
— Shunaqa.
— Yestь! — qoʻlimni chakkamga qoʻydim.

Eshik shaxt bilan ochildi. Bir odam ichkariga otilib kirdi. Alang-jalang qilgancha:
— Bu yerda nimalar boʻlyapti oʻzi?! — deya baqirdi.

Beixtiyor kulib yubordim.

Tashqariga chiqdim.

Oshxonada ham, barakda ham chiroq yoniq edi.

Tun zabtiga olgan hovlida ancha vaqt aylanib yurdim. Keyin «Kontora»; tomon oʻtdim. Pul kerak edi. Ichkarida chiroq koʻrindi. Demak, Hakim Nazarich hali uygʻoq.
— Pul kerak deng? — tamaki tutuniga toʻlgan xonada allanimalarni yozib-chizib oʻtirgan Hakim Nazarich qizargan, horgʻin koʻzlarini menga tikdi.
— Ha.
— Navbatingiz yetib keldimi? — Hakim Nazarich gʻaladonini tortib, u yerdan allaqanday qalin daftarni olib varaqlay boshladi.

Indamay turdim. U navbatim kelganini bilardi. Puldan gap ochilganda qaysi boshliqning yuzi oʻzgarmaydi, qoshlari chimirilmaydi deysiz?

Nimadir jiringladi. Hakim Nazarich choʻntagidan qoʻl telefonini oldi.
— Ha, Poʻlat Damirovich, eshitaman, bemalol, bezovta qilganingiz yoʻq... — Hakim Nazarich iljaydi. — Qilgʻilikni qilib qoʻyib, ogʻrimadimi, deb soʻrab yurasiz har doim. Oʻtirishdamisiz? Tushunarli. Vaqtim bemalol, gapiravering, — Hakim Nazarich jim boʻlib qoldi. Birozdan keyin u: — Xabarim bor bundan, — dedi ovozi oʻzgarib. — Bu haqda ertaga gaplashsak nima deysiz? Ketib qolmasdan kutib turaman sizni. Ha, shu yerda. Xoʻp. Sizga ham. Ziyofatda ham ishxonani oʻylab oʻtirishingiz tahsinga loyiq.

Hakim Nazarich telefonini choʻntagiga solib qoʻydi.
— Xoʻsh... Siz? Ha, pul masalasida kelgandingiz-a? Hozir... — Hakim Nazarich daftar sahifasiga shunchaki koʻz qirini tashladi, keyin menga qarab: — Navbatingiz kep qopti, — dedi. Burilib yonidagi temir seyfni ochdi-da, bir dasta pulning ma’lum bir qismini oldi-da, stol ustiga tashladi: — Oling.

Miyamga: «Sanab koʻrmasdan beryapti, nima, meni sinab koʻrmoqchimi?»; degan oʻy keldi shu topda.

Hakim Nazarich seyfni qulflab, sigaret tutatarkan, yana bir marta:
— Oling, — dedi men tomonga qaramasdan.

Pulni olib sanadim. Yo tavba, hisobga toʻppa-toʻgʻri edi! Shu vaqtga dovur men yoʻliqqan boshliqlar berayotgan pullarini qayta-qayta hisoblab, keyin xuddi oʻz hamyonidan ketayotganday, iddao bilan uzatishardi-da.
— Rahmat.
— Nima uchun minnatdorchilik bildiryapsiz? Bu sizning ish haqingiz-ku! — dedi Hakim Nazarich sigaret qoldigʻini kuldonga tashlarkan.
— Odat boʻlib qolgan-da, — dedim boshqa gap topolmay.
— Shoshilmayapsizmi?
— Yoʻq.
— Sizga bir taklifim bor edi.
— Eshitaylik-chi.
— Men bu haqda koʻp oʻyladim. Deyarli olti soatdan buyon, — dedi Hakim Nazarich stul suyanchigʻiga suyanib.
— Shunchalik jiddiy masala ekan-da, — dedim kulib.
— Sizga bir ish taklif qilsam degandim. Hamshira qizimizga tinchlik bermaydiganlar chiqib qopti. Bugun bittasi juda haddidan oshib ketganmish. Bu yaxshi emas, axir! Har tomonlama oʻylab koʻrib, sizni medpunktga qorovullik vazifasiga olsakmikin, deb turgandim. Nima deysiz?
— Medpunktnimi yoki ayolni qoʻriqlaymanmi?
— Ikkalasiniyam. Oylik maoshingiz odatdagiday ketaveradi. Bu yogʻidan xavotirlanmang.
— Kechayu kunduz... postda turamanmi?
— Ha, kechayu kunduz, deyarli har daqiqa.
— Uning oʻzi nima derkin?
— Oʻzim tushuntiraman. Yoʻlakka karavot qoʻyib beriladi. Kechasi tunash uchun. Xonaga kirgan har bir odam sizning kuzatuvingizda boʻladi.
— Kuch ishlatishga toʻgʻri kelsa-chi?
— Ishlatavering, faqat qurol ishlatmasangiz bas.
— Qurol ham berasizmi?
— Hazil.
— Ketaveraymi?
— Kelishdikmi?
— Ha.
— Yaxshi dam oling.
— Xayrli tun.

«Gʻamxoʻr knyazь, — degan gʻalati fikr keldi kallamga tashqariga chiqib, eshik oldida turarkanman. — Bu yogʻi qandoq boʻldi?»; Bir ozdan keyin: «Bu haqiqatan ham begʻaraz gʻamxoʻrlikmi yo biror maqsadni koʻzlab qilinayaptimi?»; degan shubha miyamga urildi.

Barakka kirdim.

Ammo sira uxlay olmadim.

Ertalab oshxonada nonushta qilib oʻtirganimda Hakim Nazarich meni yoʻqlayotganini aytib qolishdi. Medpuktga borarmishman.
— Gulruh Qosimovna bilan gaplashdim, — dedi Hakim Nazarich xonaga kirib borganimda. — Siz bilan ishlashga mutlaqo qarshi emas ekanlar.

Gulruh jilmaydi.
— Hoziroq koʻchib kelishim kerak ekan-da, — dedim.
— Eshik oldidagi kursi sizniki, — dedi Hakim Nazarich, keyin burilib Gulruhning qoʻltigʻidan olib tashqariga boshladi. — Gulruh Qosimovna, sizga ham ikki ogʻiz gap...

Ularning suhbatini eshitmadim.

Oʻn daqiqalardan keyin Gulruh xonaga qaytib kirdi.
— Bu fikr sizdan chiqmaganmidi ishqilib? — deb soʻradi u.
— Mendan chiqqan taqdirda ham ular inobatga olishmasdi, — dedim rostiga koʻchib. — Bu «mehribon knyazь»;ning ishi!

Gulruh kim haqida gapirganimni tushundi.
— Avval jarohatingizni bogʻlab qoʻyay, keyin postingizni egallaysiz, — dedi u bint va malhamni stol ustiga qoʻyarkan.
— Husanning ahvolidan xabaringiz bormi?
— Yoʻq. Eslasam etim jimirlab ketadi. Eh!..
— Xabar olishning iloji bormikin?
— Poʻlat Damirovich baribir ruxsat bermaydi. Soqchilardan bittasi oshqozoni ogʻrib oldimga kelgandi. Husanni kazarmada yotibdi, deydi. Shtabning orqa tomonida kazarmaning allaqanday darchasi bor ekan. Oʻsha darcha orqali uni koʻrsa boʻlarmish. Lekin yordam berolmagandan keyin koʻrishdan nima naf?
— Shtabning orqa tomonida dedingizmi?
— Ha. Mana, boʻldi, endi postingizga boraqoling.
— Qanaqadir maslahat bermoqchiydingiz.
— Endi hojati yoʻq.
— Anavi kursi menikimi?
— Ha.
— Sizningcha, bu kursi ichkarida turgani yaxshimi yoki yoʻlakda?..
— Ham ichkarida, ham tashqarida, — deb javob berdi Gulruh.

Tushundim.

Shunday qilib, ishni «kontora»;da davom ettira boshladim. Vazifam ertayu kech medpunkt eshigidan jilmasdan kirgan-chiqqanni kuzatish. Poʻlat Damirovich daf’atan meni bu yerda koʻrib tepa sochi tikka boʻlib ketdi.
— Nega haddingizdan oshyapsiz? Kim ruxsat berdi sizga? — deya zahrini sochdi u.
— Hakim Nazarich... — deyishimni bilaman, Poʻlat Damirovich ilon chaqqanday sapchib tushdi.
— Hakim Nazarich?! Men...

U otilib tashqariga chiqib ketdi.

Gulruh qoʻl silkib qoʻydi.

Tushdan keyin Poʻlat Damirovich yana medpunktda paydo boʻldi.

Bu safar u menga zahrini sochmadi. Hakim Nazarich boplab popugini pasaytirib qoʻygan chogʻi...

Qiziq, olov bilan suvdek bir-birining mutlaqo aksi boʻlgan bu ikki odamni nima, qanday maqsad bogʻlab turgan ekan?

Darvoqe, Poʻlat Damirovich...

U xonaga kirib Gulruhning roʻparasidagi stulga oʻtirdi-da:
— Muolaja vaqtida xonada begona odamning boʻlishini xohlamayman, — dedi keskin ohangda.

Gulruh menga qaradi.

Indamay yoʻlakka chiqdim.

Eshik ochiq qoldi.
— Gulruh Qosimovna, sizdan xafaman, — dedi Poʻlat Damirovich.
— Bu mening ishim emas.
— Hakim Nazarichning gʻamxoʻrligini qabul qilmasligingiz kerak edi!
— Nima deyishga ham hayronman.
— Insof yuzasidan ayting, sizning xavfsizligingiz haqida birinchi boʻlib kim ogʻiz ochgandi?
— Siz.
— Nega unda... Nega... Oʻrtadan «lop»; etib chiqqan allaqanday odamning gapiga kirib!..
— Hakim Nazarich allaqanday odam emas.
— Baribir bu... bu adolatsizlik!
— Poʻlat Damirovich, nima farqi bor, «shtab»; yoniga oʻtdim nima-yu, bu yerda turdim nima...
— Men uchun farqi bor!
— Poʻlat Damirovich, agar xafa boʻlaversangiz muolajani toʻxtataman!

Jimlik.

Bir ozdan keyin:
— Boʻpti, xafa boʻlmaslikka va’da beraman, — degani eshitildi Poʻlat Damirovichning. — Faqat bitta shartimga koʻnsangiz...
— Shart qoʻymasdan gapira olasizmi? — kuldi Gulruh.
— Sizning va’dangizni olmagunimcha shart qoʻyaveraman.
— Oh, xudoyim!
— Tunov kungi gapga nima deysiz?
— Yoʻq va yana yoʻq!
— Oʻylab koʻring.
— Oʻylab koʻrdim!
— Oʻzingizni buncha taroziga solmasangiz? — birdan ovozi oʻzgardi Poʻlat Damirovichning.
— Taroziga solish emas bu!
— Taroziga solishdan boshqa narsa emas! Aslida bunchalikka bormasangiz boʻlardi!
— Bu bilan nima demoqchisiz?
— Oʻzingiz juda yaxshi tushunib turibsiz!
— Muolaja tugadi. Keting!
— Yoʻq, hali tugamadi! Bemorni tashlab qoʻyishga haqingiz yoʻq. Siz qasam ichgansiz!
— Afsuski, shunday!..

Yana jimlik.

Gulruh qirt-qirt qilgancha nimanidir qirqdi.
— Mana, endi ketishingiz mumkin, oʻrtoq bemor, — dedi u birozdan keyin asabiy ohangda.
— Gulruh...
— ...
— A, Gulruh... Xafa boʻldingizmi?
— Xafa boʻlishga haqqim yoʻq. Axir, men qasam ichganman!
— Sizning nafaqat ninangiz, balki tilingiz ham oʻtkir. Sanchilgan yeridan qon chiqarmasa qoʻymaydi.
— Yaxshi boring.
— Taklifimni yana bir bor oʻylab koʻring. Kechqurun koʻrishguncha!

Poʻlat Damirovich yoʻlakka chiqdi. Menga nafratomuz tikilgancha ilonday vishillab:
— Kelgindilarni koʻrishga toqatim yoʻq! — dedi-yu, yonimdan zuvillab oʻtib ketdi.

Ichkariga kirdim.

Deraza oldida turgan Gulruhning yuzi qogʻoz boʻlib qolgandi.
— Agar u sizga yana bir marta shunday muomala qilsa, Hakim Nazarichga ustidan shikoyat qilaman, — dedim sekin.
— Aralashmang siz! — deb baqirib yubordi Gulruh.

Nafasim ichimga tushib ketdi. Yoʻq, qoʻrqqanimdan emas. Bundan chiqdi, Gulruh Poʻlat Damirovichga befarq emas ekan-da, degan oʻydan hafsalam pir boʻldi. Qorovullikni boʻynimga olganimga pushaymon boʻldim.

Shu kuni Gulruh bilan boshqa gaplashmadim.

Tun.

Soat ikki yarim-uchlar atrofida ham uygʻoq edim.

Gulruhning xonasidagi chiroq yaqinda oʻchdi. Shungacha u ham uxlamagandi. Xonada u yoqdan-bu yoqqa yurib turdi.

Ayolning qadam tovushlarini sanab yotardim yoʻlakdagi karavotda. Bir mahal qadam tovushlari eshitilmay qolganida asta oʻrnimdan turib eshikdan moʻraladim. Gulruh deraza oldida turgandi. Joyimga qaytdim. Bir ozdan keyin ayol yana u yoqdan-bu yoqqa yurishni boshladi. «Asabiylashyapti»;, — dedim ichimda. Odamning qadam tovushiga quloq tutib uning asabi joyida emasligini bilish mumkinligiga aqlim yetdi.

Mana, nihoyat chiroq oʻchdi. Demak, Gulruh uxlab qoldi.

Sekin oʻrnimdan turdim. Eshik oldiga chiqib, birpas turdim. Tevarakni kuzatdim. Hamma yoq jim-jit. Hatto soqchilar ham pinakka ketgandi. Qorni gʻichirlatmasdan bir-bir bosib «shtab»; tomon yurdim.

Bu oqshom Poʻlat Damirovich navbatchi edi. Beriroqda turgancha u tunaydigan xonaning derazasiga koʻz tashladim. Tunchiroqning xira yogʻdusi lipillab turardi. Devor yoniga oʻtib yana biroz kutdim. Bir qadam narida deraza. Men shu deraza yonidan bildirmay oʻtishim kerak edi. Bir mahal ichkarida nimadir daranglab ketdi. Uning ketidan ayol kishining kulgisi eshitildi. Hushyor tortdim. Devorga qapishib oldim. Deraza roʻparasida bir juft soya paydo boʻldi. Keyin yana jimlik.

Oʻn daqiqalardan keyin asta oʻrnimdan jildim. Deraza ostidan yurakni hovuchlagancha engashib oʻtdim. Xayriyat. Endi bu yogʻiga unchalik qoʻrqmasam ham boʻladi. «Shtab»; kazarmasi haqida umuman tasavvurim yoʻq edi. Xayolimda Gulruh ta’kidlagan allaqanday «...darcha»;dan boʻlak hech vaqo yoʻq. Shuning uchun duch kelgan birinchi darchadan tavakkaliga ichkariga moʻraladim. Zim-ziyo qorongʻilik. Qorongʻilikdan boshqa hech narsa... shu chogʻ allakimning jon achchigʻida ingragani qulogʻimga chalindi. Butun vujudim, e’tiborim quloqqa aylanib ichkariga quloq tutdim. Yana oʻsha ayanchli ingroq... A’zoyi badaningni junjiktirib yuboruvchi ingroq...

Darchani sekin chertdim.

Javob boʻlmadi.

Javob oʻrniga yana oʻsha azobli ingroq...

Allaqayerda xoʻroz qichqirdi.

«Bu yerning xoʻrozlari namuncha vaqtli qichqirmasa?!»;

Izimga qaytdim.

Deraza yonidan birdan oʻtib keta olmadim. Nega deganda, derazaning kichik bir tabaqasi ochilgan boʻlib, u yerdan qandaydir gap-soʻzlar eshitilardi. Beixtiyor quloqlarimni bekitdim. Umrim bino boʻlib bu qadar uyatsiz, pardasiz soʻzlarni eshitmagandim. Demak, ichkarida fohisha bor.

«Post»;ga qaytdim. Bu yerda osoyishtalik hukmron edi. Toʻlin oy yogʻdusiga chulgʻangan xonada Gulruh uxlardi. Hech narsadan bexabar...

Oʻzimni karavotga tashladim-u, toshdek qotdim. Ammo ertalab eshik «tiq»; etgan zahoti uygʻondim. Tashqarida telpagini koʻzigacha bostirib olgan Hakim Nazarich turardi.

Eshikni ochdim.
— Salom.
— Yaxshi keldingizmi?
— «Post»;da tinchlikmi?
— Xuddi shunday.
— Hamshira qizimiz qalay? Bezovta boʻlmadimi?

Hazil qilgim kelib:
— Hamshiramiz onasining qornida yotganday bexavotir uxladi va hamon uxlamoqdalar, — dedim.

Hakim Nazarich kulib qoʻydi-da, oʻzining xonasi tomon oʻtdi.

Shu chogʻ eshik gʻiyqillab ochildi-da, Gulruh paydo boʻldi.
— Sizlarga gap boʻlsa, rosa opqochasizlar-a? — dedi, keyin menga poʻpisa qilgan boʻldi: — Hali shoshmay turing, kechasi allaqayoqqa ketib qolganingizni Hakim Nazarichga aytib beraman!
— Men shu yerda edim.
— Yolgʻon!
— Rost...
— Allaqayoqqa ketib qolganingizni tan oling! Tan olmasangiz...
— Xoʻp, xoʻp, tan olaman.
— Qayoqqa borib keldingiz?
— Bittasi bilan uchrashuvim bor edi. Shuniyam bilib qoʻydingizmi? Siz ayollardan hech narsani yashirib boʻlmaydi-ya!

Gulruh gapimni koʻngliga ogʻir oladimi, deb choʻchib turgandim. Yoʻq, u muloyimlik bilan jilmayardi.
— Uchrashuvingiz yaxshi oʻtdimi, ishqilib?
— Yaxshi ham gapmi!
— Xursandman.

Gulruh xonasiga kirdi.

Avvalgi jur’atsizligim qayoqqa chekindi, bilmayman. Men endi Gulruh bilan bemalol gaplashardim.
— Kechasi Husandan xabar olib keldim, — dedim Gulruh qoʻlimga malham surayotganda. — Shtab ortidagi darcha haqiqatan ham kazarmaniki ekan.
— Oʻzingiz koʻrdingizmi?
— Be, qayoqda! Lekin ovozini eshitdim. Oh-voh qilib yotibdi bechora. Bugun Hakim Nazarich bilan gaplashsammi, nima deysiz?
— Husan haqidami?
— Ha. Hech boʻlmasa jarohati tuzalguncha unga kimdir qarab turishi kerak. Shunday yotaversa oʻlib qolishi turgan gap.
— Hakim Nazarichga men aytaman bu gapni. Doʻxtir sifatida. Shunda ishonishlari mumkin. Mabodo koʻndira olmasam, keyin siz hujumga oʻtasiz. Xoʻpmi?
— Sizga yoʻq deb boʻlarmidi?

Men unga yana nimadir deyish uchun ogʻiz juftladim, lekin shu vaqt yoʻlakda toʻplangan bemorlarning shovqin-suroni eshitildi.

Oʻrnimdan turdim.
— Alisher haqidayam gaplashmoqchiydim, — dedi Gulruh past ovozda. — Yaxshisi, ishchilar joʻnab ketganidan keyin «kontora»;ga oʻta qolaylik.
— Xoʻp.

Chamasi ikki soatlardan keyin biz Hakim Nazarichning xonasiga kirib bordik.
— Tinchlikmi, Gulruh Qosimovna?.. — «mehribon knyazь»; sirtdan qaraganda har doimgiday xotirjam koʻrinsa-da, botinida bezovta bir toʻlqin xuruj qilayotganini sezdirib qoʻydi: uning boʻyinbogʻining tuguni dir-dir titrardi.
— Bemorlar masalasida kelgandim.
— Marhamat, oʻtiring.
— Rahmat.
— Xoʻsh?
— Oyogʻi singan yigitning ahvoli oʻnglanmayapti, shundan tashvishdaman. Kasalxonaga yotqizmasak boʻlmaydi. Operatsiya qilish kerak.
— Muolaja yordam bermayaptimi?
— Umuman. Faqat operatsiya tufayli oyogʻini saqlab qolish mumkin. Aks holda...
— «Aks holda...»; U yogʻi ma’lum. Ammo... — Hakim Nazarich bexosdan Gulruhga tikilib qoldi. Keyin birdan uyalib ketgandek nigohlarini olib qochdi.
— Hakim Nazarich, qoʻlimdan kelganini qilyapman. Lekin men oddiy hamshiraman, xolos.
— Tushunib turibman, biroq kasalxonaning iloji topilishiga ishonmayapman. Vaziyat oʻzingizga ma’lum-ku.
— Bilmadim, bu yogʻiga oʻzingiz bosh qotirishingizga toʻgʻri keladi, — dedi Gulruh oʻjarlik bilan, hatto depsinib qoʻydi.

Hakim Nazarichning jahli chiqsa kerag-ov, deb turgandim, yoʻq, aksincha uning ulugʻvor, salobatli yuzi allaqanday tabassumdan yorishib ketdi. Gulruhga erkalovchi bir nigoh tashladi-yu, shu zahoti buni oʻzi fahmlab qolganday birdan jiddiy tortdi.
— Harakat qilib koʻraman, — dedi u stol ustidan allanimani qidirgan kishi boʻlib.
— Yana bir iltimos, ham talabim bor edi, Hakim Nazarich. Jahlingiz chiqmasa aytaman.
— Jahlim chiqsa-chi? — Hakim Nazarich kulgudan bazoʻr oʻzini bosib turganday Gulruhga qaradi.
— Baribir aytaman.
— Unda ayting.
— Bilasizmi... Yaqinda yarador bir yigitni olib kelishgandi. Hozir u kazarmada yotibdi. Lekin ahvoli juda ogʻir. Jilla qursa, medpunktda davolanmasa boʻlmaydi.
— Qochoq yigitni aytayapsizmi? U Poʻlat Damirovichning ixtiyorida. Aniq bir gap aytolmayman.
— Hakim Nazarich... Yoʻq, Hakim aka, — Gulruh bir qadam oldinga yurdi. — Biz faqat sizni bilamiz. Boshqalarni tan olmaymiz!

Shunda... Shunda Hakim Nazarichning yuzi qanchalar oʻzgarib ketganini bir koʻrsangiz edi! Yoʻqotgan aziz narsasini qayta topib olganday esankirab qolgandi u.
— Men... Gulruh... Qosimovna, va’da berolmayman, lekin bilasizmi... men harakat qilib koʻraman, — dedi u hayajonini bosishga urinib.
— Men sizga ishonaman, — Gulruh bu soʻzlarni shunday samimiyat bilan aytdiki, Hakim Nazarich beixtiyor titrab ketdi.

Men ham lol boʻlib qolgandim.

Hakim Nazarichning qoʻl telefoni jiringladi.
— Alo, ha, menman. Tinchlikmi? Ha, bugun boraman. Kecha ishxonada ushlanib qoldim. Borganda gaplashamiz. Kasalxonadamisan? Xoʻp. Xoʻp, — Hakim Nazarich boʻgʻriqqancha telefonni choʻntagiga soldi.
— Vaqtingizni olganim uchun uzr, Hakim aka, — dedi Gulruh.

Keyin xonadan chiqdik. «Qiziq, Hakim Nazarich kecha ishxonada tunabdi, shekilli, — degan oʻy oʻtdi xayolimdan. — Boya telefon qilgan xotinga shunday deb hisobot berdi-ku»;.

Tushlik boʻlib qolgandi.
— Tushlikni qayerda qilamiz? — deb soʻradim Gulruhdan.
— Men har doimgiday xonamda tushlik qilaman.
— Bugun oshxonaga boraqolaylik. Anovi ikkalasining ahvolidan ham bir xabar olardik-da.
— Boʻpti.

Bizni koʻrib Nargiza yigʻlab yubordi.
— Siqilib ketdim, — deya hiqilladi u. — Kechasi bilan koʻz yummadim hisob. Qanday kunlarga qoldim, deb oʻylayverib adoyi-tamom boʻldim. Agar hozir sizlar kelib qolmaganingizda oʻzimni anovi biqirlab turgan qozonga tashlab yuborardim!
— Hoy, hoy, Nargiza, oʻzingizni qoʻlga oling, — dedi Gulruh.
— E, jonimdan toʻyib ketdim! Bunaqa hayotdan...
— Hayot shunchalik beqadrmi? — dedi Gulruh.

Nargiza unga angrayib qaradi.
— Hayotning qadriga yetmaydigan odam undan osonlikcha voz kechib qoʻya qoladi. Odam yashagisi kelib turganida emas, yashagisi kelmay qolganida yashashga harakat qilishi kerak, menimcha. Toʻgʻrimi, Davron aka?
— Yashaganda ham unaqa-bunaqa emas, hayotning jon yeridan mahkam tutib yashash kerak, — dedim.

Nargizaning biroz chiroyi ochildi.

Topgan-tutganini stolga qoʻydi.
— Nargiz, shoʻttamisan? — eshikdan bosh suqdi Sanobar.
— Ha, kelavering.

Nargiza boʻsh stul olib kelib mening yonimga qoʻydi. Harsillagancha Sanobar kirib keldi. U terlab ketgan, peshbandi yarmigacha hoʻl edi. Hol-ahvol soʻrashib, qatorimizga qoʻshildi.
— Kirlarni yuvib boʻldingizmi? — soʻradi Nargiza.
— Boʻldim. Ordona qolsin! Adoyi-tamom boʻldim... — dedi u horgʻinlik bilan.
— Pulniyam rosa ishlayapsiz-da! — dedi Nargiza kulib.
— Puliyam boshida qolsin, iloyim! Uyimni, bolalarimni sogʻindim. Boʻldi, boshqa gapirmanglar. Yana «gʻing»; deydigan boʻlsalaring oʻzimni oʻzim bir balo qilib qoʻyaman! Jonimdan toʻyib yuribman oʻzi! — Sanobar qoʻlini peshonasiga tiradi. Qisiq koʻzlaridan yosh sizib chiqdi.
— Bugun ikkalamizgayam ajina tekkan, shekilli, — dedi Nargiza. — Hozir kayfiyatni koʻtaradigan bir narsa opkelaman.
— Bormi? — birdan jonlandi Sanobar.
— Yoʻq boʻlsa aytarmidim?
— Tugadi, deganding-ku kecha.
— Topdim-da.

Nargiza oʻrnidan turib nari ketdi.

Sanobar uh tortib stul suyanchigʻiga oʻzini tashladi. U butkul gʻam-anduhdan yaralgan gumbazday boʻlib oʻtirardi. Bu yerda u yanada toʻlishgandi.
— Mana! — Nargiza tantanali ravishda stolga aroq shishasini qoʻydi.
— Oʻh-hoʻ! — Sanobarning chiroyi ochildi. — Zoʻridan-ku! Qani, stakanlaringni beringlar.

Gulruhga qaradim. U ortiqcha mulozamat kutmasdan stakanini uzatdi. Sanobar shisha tiqinini shart-shurt ochdi-yu, shosha-pisha stakanlarga quya boshladi.
— Biz shunaqasiga oʻtganmiz, — dedi Nargiza unga hech narsa demagan boʻlsam ham.
— Sovib qolmasin, qani olinglar, boʻlaqolinglar, — stakanni qoʻliga olgan Sanobar betoqatlik bilan bizni shoshirardi.
— Sogʻlik uchun! — dedim men.
— Eson-omon uyga yetib olishimiz uchun! — dedi Nargiza.
— Men keyingisiga niyat bildiraman, — dedi Sanobar, keyin hech kimga qaramasdan stakanni bir koʻtarishda sipqordi-qoʻydi.

Nargiza stakan tagida ozgina qoldirdi.

Men bir tomchi ham qoldirmadim.

Gulruh stakanni nomiga labiga tekkizdi-yu, stolga qoʻydi.
— Men tashlaganman ichishni, — dedi kulib keyin.
— Boshqa vaqt boʻlganida zoʻrlab boʻlsayam ichirgan boʻlardim, — dedi Sanobar ogʻzidagi luqmani goh u jagʻiga, goh bu jagʻiga olib chaynarkan. — Lekin hozir bu jonivorning bir tomchisi oltita teng boʻlib turibdi. Ichmasangiz mayli, oʻzingiz bilasiz. Nargiz, shishada qolganini asrab qoʻy. Manavini ikkalamiz boʻlashib ichamiz.
— Davron... — Nargiza chaynaldi.
— Menga boʻldi, — dedim shartta. — Sizlar bahuzur olaveringlar.
— Rahmat.

Ikkala ayol Gulruhning tegishini boʻlashib ichishdi. Keyin hamma narsani unutgancha pishillab ovqatlanishga kirishdi. Tavba, ularga qarab turib pilla qurti esimga tushib ketdi.
— Ovqat mazali ekan, oling, — dedi Gulruh menga.

Ovqatimiz oddiy makaron edi. Qovurma makaron. Lekin juda mazali edi. Pok-pokiza tushirdik hammasini.
— Likopchangizni bering, yana opkelaman, — Gulruhga iltifot qildi Nargiza.
— Rahmat, toʻydim.
— Menga opkelaqol, — dedi Sanobar likopchasini uzatarkan. Keyin Gulruhga yuzlanib dedi: — Avvallari ovqatni koʻp yerdim. Shuning uchun semirib ketgandim. Lekin bu yerda koʻp yeya olmayapman. Ishtaham yoʻq negadir. Ammo baribir semirib ketyapman. Nega shunday ekan-a?
— Kam harakat qilayotgandirsiz.
— Topolmadingiz. Meni gʻam semirtirayapti! Qanchalik koʻp gʻam cheksam, kuyib-yonsam, shunchalik semirib ketyapman. Bu yomonmi?
— Ortiqcha...

Gulruh endi gap boshlagandi Sanobar uning ogʻzidan yulib oldi:
— Bu yomon, albatta. Koʻrinib turgan narsa-ku.

Sanobarning savol berib, javobni ham oʻzi berib qoʻyayotgani kulgimni qistadi. Nargiza bir yoʻla oʻzining likopchasini ham toʻldirib keldi, ikkala ayol yana ovqatlanishga tushdi.

Zimdan Gulruhni kuzatdim. Shikoyat qilish va ovqatlanishdan boshqa narsani bilmaydigan manavi yigʻloqi ayollar oldida u butunlay boshqacha, betakror goʻzal, sodda va yoniga yoʻlab boʻlmaydigan darajada magʻrur koʻrinardi.

* * *

Ertalab yomgʻir aralash qor yogʻdi.

Havo zamharir, osmon qorayib turardi.

Soat oʻnlar atrofida medpunktga Poʻlat Damirovich kirib keldi. Uning yuzi gezargan, koʻzlari gʻazabnok edi.
— Gulruh Qosimovna, anovi erkatoyingiz qachon ishga chiqadi? — deb soʻradi u Gulruhdan odatdagiga mutlaqo oʻxshamaydigan zardali ohangda.

Gulruh erkin javob berdi:
— Erkatoyim hali-veri ishga chiqmaydi.
— Nega?
— Jarohati hali tuzalgani yoʻq.
— Qachon tuzaladi?
— Noma’lum.
— Gulruh Qosimovna, bemoringiz bir haftadan keyin ishga chiqmasa, koʻchaga haydashga majburman.
— Bir haftadan keyin ishga chiqa olmaydi.
— Menga tekintomoq, boqimandaning keragi yoʻq! — depsindi Poʻlat Damirovich.
— Poʻlat Damirovich, nega asabiylashayapsiz? Axir, u ishga yaroqsiz. Yaroqsiz odamni qanday qilib ishlashga majbur qilasiz?
— Ishga yaroqsiz odamning menga keragi yoʻq. Bitta takasaltang uchun kontora hisobidan qancha xarajat ketayotganidan xabaringiz bormi?!
— Xabarim yoʻq, hozircha. Ammo Hakim Nazarichdan soʻrab bilvolaman.
— Bu ishga burningizni tiqmaganingiz ma’qul, Gulruh Qosimovna!
— Poʻlat Damirovich, bunchalik dagʻdagʻa qilishingiz boisini tushunolmayapman. Men tibbiy xodim sifatida bemorlarimning ahvoliga javobgarman, axir!
— Burchingizni a’lo darajada oʻtayapsiz, Gulruh Qosimovna. Bu yogʻiga endi aralashmang!
— Bu buyruqmi?
— Ha, buyruq!

Poʻlat Damirovich keskin burildi.
— Poʻlat Damirovich, — murojaat qildi Gulruh unga. — Hamma narsani pul bilan oʻlchasak, hisob-kitobga taqayversak, odamiylik degan narsa qayda qoladi?
— Bu mening muammoyim emas! — shu zahoti javob berdi Poʻlat Damirovich.
— Bemor ishga yaroqsiz boʻlsa, darrov koʻchaga uloqtirishimiz kerak ekan-da?!
— Uloqtiring! Iloji boʻlsa, uzoqroqqa uloqtiring. Dod-faryodi quloqqa eshitilmasin!

Gulruh yana boʻsh kelmadi:
— Yarador yigitni allaqachon uloqtirib yubormadingizmi haytovur?
— Uni uloqtirish shart emas, — Poʻlat Damirovichning ovozida mamnunlik sezildi. — Jarohatiga allaqachon qurt tushibdi! Yana bir haftadan keyin u qurtlarga butunlay yem boʻladi!

Poʻlat Damirovich xo-xoladi.

Gulruhning ovozi chiqmay qoldi.

Etim jimirlab, a’zoyi-badanimga nina sanchilganday boʻldi.

Yoʻlakda vazmin qadam tovushi eshitildi.

Irgʻib oʻrnimdan turdim.
— Salom, Hakim Nazarich.

Hakim Nazarich bosh irgʻadi, keyin:
— Ishlar yaxshimi? — dedi sekin.
— Rahmat.
— Ichkarida odam bormi?
— Poʻlat Damirovich...

Hakim Nazarich ostona hatladi.
— Nima gap? Ikkalangizni ham qovogʻingizdan qor yogʻyapti, tinchlikmi? — Hakim Nazarich stulga oʻtirarkan, avval Gulruhga, soʻng Poʻlat Damirovichga savol nazari bilan tikildi.
— Shunchaki ish yuzasidan... — gʻoʻldiradi Poʻlat Damirovich.
— Bemorlar masalasida sal tortishib qoldik, — dedi Gulruh.
— Kelisha oldilaringizmi?
— Yoʻq.
— Men ham bu masalada Poʻlat Damirovichga hech gap uqtira olmayapman. Ayniqsa, qochoq yigit toʻgʻrisida u kishining umuman eshitgisi kelmaydi.
— Hakim Nazarich, — dedi Poʻlat Damirovich qizargan-boʻzargan holda. — Men sizning ishingizga aralashmayapman-ku. Siz ham aralashmang, iltimos! Aks holda...
— Nima «Aks holda?..»; — ohista soʻradi Hakim Nazarich.
— Hakim Nazarich, bitta savolimga javob bersangiz, — dedi Poʻlat Damirovich istehzo bilan boqib. — Siz kim bilan ishlayapsiz oʻzi?!

Hakim Nazarich darrov javob bermadi. Bir necha soniyalik jimlikdan keyin u:
— Poʻlat Damirovich, har qanday sharoitda ham odamiylikni unutmasak yaxshi boʻlardi, — dedi.
— Odamiylik uchun pul toʻlanmaydi-ku!

Qolaversa... — Poʻlat Damirovich alamli kulimsiragancha yon-veriga qaradi. — Qolaversa, men bir narsaga tushunmayapman...

Shu chogʻ Hakim Nazarich irgʻib oʻrnidan turdi va kutilmaganda hayqirgudek boʻlib:
— Poʻlat Damirovich! — deb yubordi.

Gulruh choʻchib tushdi.

Yuzi alamdan bujmaygan Poʻlat Damirovich taxta boʻlib qoldi.

Hakim Nazarich boshqa bir soʻz demasdan xonadan chiqib ketdi.

Bir daqiqalardan keyin oʻziga kelgan Poʻlat Damirovich ich-ichidan toshayotgan gʻazabini jilovlay olmay, qiyshangladi:
— Oʻzini oqibatli koʻrsatmoqchi boʻlyapti, yaramas!

Keyin u ham ketdi.

Gulruh xona oʻrtasida qaqqayib turardi. Yuzida qon qolmagandi. Xudo shohid, shu choqqacha men gul yaprogʻidagi shudringday pokiza, bokira, oliy maqsadi yoʻlida har qanday toʻsiqni pisand qilmaydigan bunday oqila ayolni uchratmagandim. Behad hayron edim...

Tunda yana Husandan xabar olish uchun otlandim. Biroq bu safar omadim yurishmadi. Shtabdan nariga oʻta olmadim. Chunki toʻlin oy nuri moʻl-koʻl yoritayotgan deraza oldida Poʻlat Damirovich bir ayolni quchoqlagancha tashqariga qarab turardi. Ularning ikkalasi ham yarim yalangʻoch edi.

Shiftga tikilib yotgancha koʻzim ilingan edi. Ammo koʻp uxlay olmadim.

Gulruhning:
— Davron aka, bu yoqqa keling, tezroq! — degan tashvishli ovozidan uygʻonib ketdim.

Tepamda Gulruh turardi.
— Nima gap?
— Alisher...

Gulruh shunday dedi-yu, xonasiga yugurdi.

Parda ortidan Alisherning ayanchli nolasi eshitilardi.
— Buni qarang, — dedi Gulruh parda ortiga oʻtganimda Alisherning oyogʻini koʻrsatib. — Nima qilishga hayronman...

Ingrab yotgan Alisherning sargʻaygan yuzida bemisl ogʻriq qotib qolgan, qovoqlari shishgan, isitma zoʻridan nuqul alahlardi.
— Taxtakachni olib tashlasam, degandim. Yordamlashvoring, — dedi Gulruh.
— Nima qilishim kerakligini aytsangiz boʻldi.
— Xoʻp.

Alisherga uxlatadigan ukol qilganidan keyin Gulruh ishga kirishdi.

Alisherning oyogʻi shishib ketganidan yoʻgʻon gʻoʻlaga oʻxshab qolgandi.
— Mana, koʻrdingizmi? — dedi Gulruh yarador oyoqning qontalashgan qismini koʻrsatib. — Mana shu yerda yiring toʻplangan. Bolaga shu narsa azob beryapti. Infeksiya qonga oʻtsa... tamom.

Oʻn gulidan bir guli ham ochilmagan yigitchaga rahmim keldi. Turmush tashvishlarini bunchalik erta boʻyniga olmasa?.. U yoqda Husan... Darvoqe, Safaralining holi ne kechdiykin?

Qaylardasan, doʻstim?!.

Oradan ikki kun oʻtdi.

Kechki payt.

Gulruh bilan ovqatlanmoqchi boʻlib turgandik, xonaga Poʻlat Damirovich kirib keldi. U shirakayf edi.
— Pushtipanohingiz Hakim Nazarichga ustimdan shikoyat qilsangiz ham mayli, ammo hozir xonani boʻshatib qoʻysangiz! — dedi u menga xoʻmrayib qararkan.
— Yoʻlakda boʻlaman, — dedim Gulruhga.
— Bu yerdan uzoqroqqa yoʻqolsangiz yaxshi boʻlardi! — qichqirdi ortimdan Poʻlat Damirovich.

Kursini yoʻlakka olib chiqib, shundoq eshik orqasiga qoʻyib oʻtirvoldim.
— Gulruh Qosimovna, tansoqchingiz sal anaqaroqligi oʻzingizga ham seziladimi? — ichkaridan Poʻlat Damirovichning kinoyali soʻzlari eshitildi.
— Sizga shunday tuyulgandir. Bu kishini shaxsan Hakim Nazarichning oʻzlari tavsiya qilganlar.
— Darvoqe, Hakim Nazarichni esimga solganingiz yaxshi boʻldi. Bilasizmi, kecha kechqurun mening oldimga kim keldi?
— Kim?
— Hakim Nazarichning xotini!
— Nima boʻpti shunga?
— Bu yogʻini eshiting avval. Kseniya Sergeevnaning gapiga qaraganda, Hakim Nazarich anchadan buyon ishxonada yotib qolayotganmish! — Tushuniksiz xushchaqchaqlik bilan soʻzlardi Poʻlat Damirovich. — Shoʻrlik Kseniya Sergeevna hayron, ishlaringiz shunchalik koʻpayib ketdimi, deydi. Avvallari hecham bunaqa qilmasdi, yarim kechasi piyoda boʻlsayam uyga yetib kelardi, deydi yana. Muomalasiyam oʻzgarib qolganmish. Menga avvallari xaloskorga qaraganday qarardi, deydi kuyinib. Ha, aytgancha, balki birorta yengiltak xotinga ilakashib qolmadimikin, degan xavotiri ham yoʻq emas.
— Poʻlat Damirovich, bunaqa gʻiybatlarga hushim yoʻq.
— Bu gʻiybat emas. Bir mushfiq ayolning hasrati...
— Shuni aytish uchun kelganmidingiz bu yerga?
— Yoʻgʻ-e, nimalar deyapsiz? Gapdan gap chiqib... Men... Gulruh Qosimovna, anuv kungi taklifimga javob berasizmi, yoʻqmi?
— Yoʻq.
— Siz tagʻin notoʻgʻri xayollarga borayotgan boʻlmang, men davolaganingiz uchun, yaxshi soʻzlaringiz bilan tushkun qalbimga malham boʻlganingiz uchun minnatdorchilik tariqasida...
— Minnatdorchilik bildirishga shoshilmang. Muolajani yana davom ettirishingiz lozim. Bu dard bilan hazillashib boʻlmaydi.
— Siz nima desangiz aytganingizni qilaman. Faqat, iltimos, ra’yimni qaytarmang.
— Poʻlat Damirovich, keling, ochiqchasiga gaplashib olaylik.
— Bajonidil.
— Meni oʻynashlikka taklif qilayotganingizni sezmayapti, deb oʻylayapsizmi? Axir, bola-chaqali odamsiz. Ehtimol, sizning xotiningiz ham Kseniya Sergeevnaga oʻxshab allaqayerlarda yigʻlab yurgandir?

Birdan jim boʻlib qolishdi.

Qoziq yutganday, qimir etmasdan oʻtirardim.

Bir mahal...
— U yigʻlamaydi, — Poʻlat Damirovichning mahzun ovozi keldi. — Meni yigʻlatadi!
— Sizni-ya? — alamli kuldi Gulruh.
— Ha, meni. Yuragim yigʻlaydi mening
— Hamma erkaklar shunaqa. Yoʻliga yurgizib olguncha mingta yolgʻonni qalashtirib tashlashadi.
— Mening soʻzlarim yolgʻon emas! Ishonmasangiz, mana, oʻzingiz koʻring, siz shunday ayol bilan yashagan boʻlarmidingiz agar mening oʻrnimda boʻlganingizda?!

Poʻlat Damirovich aftidan surat koʻratdi-yov, bir lahzalik jimlikdan keyin Gulruh:
— Bu qizingizmi? — deb soʻradi.
— Ha. Shu qizim va la’nati shartnoma tufayli men undan ajrasha olmayman!
— Qanaqa shartnoma?
— Nikoh shartnomasi-da. Shartnomaga muvofiq, agar biz ajrashadigan boʻlsak, butun mol-mulk, toʻplagan davlatim xotinim va qizimning nomiga oʻtadi.
— Eh-he, bu yogʻi juda ogʻir savdo ekan-ku.
— Gʻoʻrligimda ota-onam uylantirib qoʻyishgan. Toʻyni ota-onalar qilishadi, azobni farzandlar tortishadi! — alamli xoʻrsindi Poʻlat Damirovich.
— Noshukr boʻlmang, ajoyib qizchangiz bor ekan.
— Agar xoʻp desangiz, sizga uy olib berardim. Xuddi xotinimday hamma narsa bilan ta’minlayman. Eng muhimi, ozod boʻlasiz!
— «Xuddi xotinimday...»; dedingizmi? Poʻlat Damirovich, menga hech narsaning keragi yoʻq. Yaxshisi, tinch qoʻying meni!
— Nahotki ozodlik ham sizni qiziqtirmasa?
— Bunday ozodlikning menga keragi yoʻq!
— Bilasizmi, Gulruh Qosimovna, shu topda xayolimga nima keldi?
— Meni tinch qoʻying. Boshim ogʻriyapti.
— Tabiblar ham kasal boʻlishadimi?
— Uf!
— Bir ogʻiz gap. Agar eng yaqin sheriklaringizdan ikkitasini ozod qilaman, deb va’da bersam, aytganimga koʻnasizmi?
— Agar hoziroq chiqib ketmasangiz, soqchini chaqiraman!
— Tupurdim oʻsha soqchingizga! Imkon tugʻilgan zahoti oʻsha murdashoʻy soqchining peshonasidan darcha ochaman!

Eshik taraqlab ochildi.

Poʻlat Damirovich oʻqday otilib xonadan chiqdi.

Birozdan keyin eshikdan moʻraladim. Gulruh deraza oldida turardi. Yelkalari silkinardi uning...

Bir haqiqatni kashf qildim shu kuni. Gulruh mal’un Poʻlat Damirovichni sevmas ekan!

Bir necha kundan beri yurak-bagʻrimni ezgan tushunmovchilik yozgi tumanday tarqadi-ketdi. Gulruhga nisbatan hurmatim ortdi (Bilasizmi, erkaklar kamdan-kam ayollarni hurmat qilishadi), axir, nihoyatda dimogʻdor, buzuq va razil kimsa qarshisida uning oʻzini mardona tutishi tahsinga sazovor emasmi?

E’tibor bergan boʻlsangiz, uning gaplarida qanchalar keskinlik, mulohazakorlik va qilichdek oʻtkir haqiqat mujassam edi! Nazarimda bu yerda toʻplanganlar orasida oʻzini ruhan tutqun hisoblamayotgan hamda tushkunlikka berilmayotgan birgina inson Gulruh edi. Bu ham adolatsizlikka qarshi isyonning oʻziga xos koʻrinishi emasmi?!

Hayotda har xil fosiq, vijdonsiz odamlarni uchratganman. Ammo Poʻlat Damirovichdek buzuq va yuzsiz odamni koʻrmagandim. Hatto ba’zi xususiyati va fazilatlariga koʻra qotil Husan ham undan olijanobroq hamda odamiyroq edi.

Poʻlat Damirovich nihoyatda qoniqtirib boʻlmaydigan darajada lazzatga oʻch kimsa edi. Bu borada uning na botini, na zohiri hech qanday me’yor, hech qanday qonuniyatga boʻysunmasdi. Huzur-halovati va nafsini qondirish uchun har qanday qabohatdan tap tortmasdi. Berahmlik va dilozorlik esa uning tabiatidagi tugʻma jihatlar edi. Ehtimol shuning uchun ham u politsiyachilik kasbini tanlagandir. Poʻlat Damirovich koʻrishga tob-toqati boʻlmagan xotini, qizi, qargʻish tekkan molu davlati va gʻoʻrligida yaxshi koʻrmagan qiziga uylanishga majbur qilgan ota-onasi haqida nafrat bilan soʻzlaganda men uning benihoya baxtsiz ekanligini his qildim.

Oʻshanda Gulruhni soddagina tutqun ayol xayol qilib, bir xurujdayoq maqsadimga erishaman, deb xomtama boʻlgan Poʻlat Damirovich chuchvarani xom sanaganini anglab yetganidan keyin shunday razilliklarga qoʻl urdiki, eshitsangiz hayron qolasiz...

Bir kuni Nargiza bilan Sanobar meni tushlikka taklif qilishdi. «Yolgʻiz oʻzingiz keling»;, deyishgani uchun bu haqda Gulruhni ogohlantirmasdan oʻzim bordim.

Dasturxonda tansiq taomdan tashqari u-bu shirinliklar ham bor edi. «Maxsus tushlik»; uchun ancha-muncha urinishgani koʻrinib turardi.
— Birortangizning tugʻilgan kuningiz emasmi? — deb soʻradim ayollardan.
— Tugʻilgan kunni, xudo xohlasa, uyda nishonlaymiz, — dedi Sanobar pishillab.
— Biror xushxabar bormi?

Sanobar Nargizaga qaradi.
— Avval ovqatlanib olsinlar, keyin gaplashamiz, — dedi Nargiza ovqatni oldimga surib qoʻyib.

Bunday vaqtda tomoqdan ovqat oʻtadimi?
— Ochiqroq gapirsalaring-chi, — dedim qizishib.
— Voy, namuncha, jahlingiz burningiz uchida turadimi, deyman? Aytarli hech gap yoʻq, — dedi Sanobar yasama begʻamlik bilan. Allaqanday muhim gapi borday ichida atala pishayotgani yuzidan sezilib turibdi-yu...
— Sizdan soʻraydigan gaplarimiz boridi. Avval ovqatdan oling. Oʻzi unchalik muhim emas, — dedi Nargiza.

Shu xotin meni har doim och yuradi, deb oʻylasa kerak.

Qoʻllarimni koʻksimda chalishtirgancha qat’iy ohangda:
— Nima gapligini bilmagunimcha ogʻzimga ushoq ham olmayman, — dedim.
— Mayli, ixtiyoringiz, — Nargiza ogʻringandek likopchani nari surdi.
— Kecha bizni anovi Damirovich degani oldiga chaqirib bir gapni aytuvdi, — bazoʻr eshitiladigan qilib soʻzladi Sanobar. — Gapiga qaraganda, Gulruhni yaxshi koʻrib qolganmish. Agar rozi boʻlsa, unga uylanishgayam tayyormish. Faqat Gulruhning oʻziga bu haqda ogʻiz ocholmayotganmish. Qoʻrqayapman, deydi. Shu juvon bilan gaplashib bersangiz, ikkovingizniyam bu yerdan chiqarib yuborardim, deb va’da berdi. Ha, aytgancha, yana bir gapni aytgandi. «Gulruhni butun umrga oʻziga bogʻlab olmoqchi emasman. Mendan koʻngli qolgan kuni tashlab ketishi mumkin. Hech bir urintirmasdan shaxsan oʻzim uyiga oborib qoʻyaman»;, dedi bechora.
— Siz nima deb javob berdingiz? — deb soʻradim Sanobardan.
— Nima derdim? Birinchidan, savob uchun, ikkinchidan, uyga eson-omon yetib olish...
— U sizlarni aldagan, — dedim Sanobarning gapini kesib.
— Gʻalatisiz-a, Davron? Kap-katta odam nega aldaydi? — dedi Nargiza ta’nali nazar tashlab.
— Agar aqlingiz boʻlsa, Gulruhga bu haqda ogʻiz ochmang, — dedim Sanobarga.
— Fe’li yomonmi? — soʻradi u.
— Yomon ham gapmi?!
— Balki siz sekin qoʻyniga qoʻl solib koʻrarsiz, har qalay birga ishlaysiz, — desa boʻladimi Nargiza.

Irgʻib oʻrnimdan turdim.
— Ikkalangiz ham esingizni yeb qoʻyibsiz! — dedim-u, tashqariga chiqib ketdim.

Ayollar ortimdan hay-haylagancha qolishdi.

Shu kuni kechgacha Gulruhning koʻziga qarolmay yurdim.

Eski tanishlarim mendan xafa boʻlishgan chogʻi, bir necha kun salom-alikni ham yigʻishtirib, xoʻmrayib yurishdi.

Hovlida ulardan birining qorasiga koʻzim tushdi deguncha yuragim shigʻillab ketadigan boʻlib qoldi. Nazarimda befahm bu xotinlar Gulruhni xafa qilib qoʻyadigandek tuyulaverardi. «Bordi-yu, ular Gulruhni yoʻqlab keladigan boʻlishsa, ichkariga kiritmayman!»;, derdim oʻzimcha. Biroq eski tanishlarim ham anoyilardan emas ekan yoki bu bir tasodifmi, bilmayman, Hakim Nazarichning chaqirigʻiga binoan uning xonasiga kirib, besh daqiqalardan keyin qaytib kelganimda Sanobar bilan Nargiza Gulruhning xonasida oʻtirishardi.

Xotinlarning gapiga quloq tutish noqulay. Shuning uchun eshik oldiga chiqib turdim. Ishqilib, Gulruhning oldida mening nomimni ham qoʻshib yubormasinlar-da, degan xavotir ichimni tirnardi.

Bir mahal eshik taraqlab ochildi-yu, ikkala ayol otilib chiqishdi. Yuzlarida qon yoʻq.

Eshik yana bir bor taraqladi-yu, yopildi.

It quvgan gadoydek ikkala ayol ham yugurgilab tashqariga chiqishdi.
— Voy-boʻy! — meni koʻrib boshini sarak-sarak qildi Sanobar pishillagancha. — Azroil-a, azroil!
— Ogʻzimizdan chiqar-chiqmas yoqamizga yopishtirdi-ya! — dedi Nargiza koʻzlari ola-kula boʻlib.
— Men sizlarga nima degandim, — dedim kulgim qistab.
— Namuncha xursandsiz?! — zardali nazar tashladi Nargiza.
— Bunaqa ekanligini bilmagan ekanman, — dedi Sanobar. — Asov-a, asov! Xuddi bunaqa gap eshitmaganday, birdan sachrab ketdi-ya! Uning oʻrnida boshqa xotin boʻlganida Damirovichday odam oʻynashlikka taklif qilsayam yoʻq demasdi. Ha, toʻgʻri-da, bu yerda birov bilib yotibdimi? Biz koʻrganlarimizni uyga orqalab ketarmidik? Shu yerdagi gap shu yerda qolardi! Essiz... Oʻzini oʻylamasa bizni oʻylasa boʻlardi? Uning uyida yigʻlab qolgan bola-chaqasi boʻlmasa? Qayerda yashashning farqi yoʻq-ku unga...

Sanobarning yuziga tarsaki tortib yuborishdan bazoʻr oʻzimni tiydim.

Koʻp oʻtmasdan yana bir koʻngilsizlik yuz berdi. Koʻngilsizlik! Ha, koʻngilsizlik bundan ortiq boʻlmaydi.

Ertalab soat oʻnlar atrofida hovlida bashang kiyingan bir ayol paydo boʻldi. Men kursini eshik oldiga qoʻyvolib sigaret chekib oʻtirardim. Ayol u yoq-bu yoqqa qaramasdan toʻgʻri men tomonga yurdi.
— Nazarich shu yerdami? — deb soʻradi u dabdurustdan.
— Ha, — deyishga zoʻrgʻa ulgurdim.

Ayol shitob bilan yonimdan oʻtib ichkariga kirdi. Qirq beshlarga borgan bu ayol yoshiga nisbatan qarimsiq koʻrinar, buning ustiga haddan tashqari toʻla edi. Yuziga shu qadar moʻl-koʻl upa surganidan qimmatbaho poʻstinning yoqalari oqarib qolgandi. Ammo ogʻir-vazmin gavdasiga qaraganda harakatlari chaqqon ekanligi sezilib turardi.

Birozdan keyin Hakim Nazarichning xonasidan uning qattiq-qattiq gaplari eshitildi.
— Uying, bolang, xotining borligi esingdami? Yo buniyam esingdan chiqarib yubordingmi?!
— ...
— Bahona axtarma! Bahonalaringga ishonmayman! Men ahmoq seni ishlayapti, deb yuribman!
— ...
— Qani oʻsha megajin?! Koʻrsam boʻladimi? U seni davolayaptimi yo oʻziga sehrlab olyaptimi?!
— ...
— Kimdan eshitganimning nima ahamiyati bor?! Qani u? Koʻrsat xonasini deyapman!

Eshik shaxt bilan ochildi.

Avval anovi ayol, keyin Hakim Nazarich tashqariga chiqdi.
— Kseniya! Kseniya... Kim nima desa ishonaverasanmi? — derdi Hakim Nazarich istiholali ohangda. — Xonaga kir, oʻsha yerda gaplashamiz.

Kseniya kennoyimiz erining iltimosiga parvo qilmadi.
— A-ha, bu yoqda ekan-ku! — medpunkt eshigi qarshisida toʻxtagan ayol shunday xitob qildi-yu, jahl bilan tutqichni tortdi.
— Xonim...
— E bor-e!

Eshik naq yuzimga urilganday yopildi.

Nima qilishni bilmasdan nariroqda oʻsal boʻlib turgan Hakim Nazarichga qaradim. U kishi indamay xonasiga kirib ketdi. Shundan boshqa chora topa olmadi-yov.

Birozdan keyin sabrim chidamasdan tavakkaliga eshikni ochib ichkariga bosh suqdim.
— Gulruh Qosimovna, xizmat boʻlsa aytarsiz, — dedim ma’noli qarab.
— Choy olib kela qoling, Kseniya Sergeevna ikkimizga, — dedi Gulruh.

Kibr bilan oʻtirgan Kseniya Sergeevnaning yuzidan zahar tomar, lekin boyagi vajohatidan tushganday koʻrinardi.
— Erimni davolayotgan emishsizmi? — deb soʻrardi Kseniya Sergeevna Gulruhdan besh daqiqalardan keyin xonaga choy olib kirganimda.
— Hakim Nazarichni-ya?!
— Xuddi shunday! — zarda bilan ta’kidladi ayol.
— Kseniya Sergeevna, men oddiy hamshiraman...
— Men ham.
— Hamkasb ekanmiz. Hamshira vrach tavsiyasiga koʻra ish koʻrishini yaxshi bilasiz-ku. Qanaqasiga men Hakim Nazarichni davolarkanman?
— Erim yomon dardga chalingan emish-u, siz uni yashirincha davolayotgan ekansiz!
— Hakim Nazarichday sogʻlom va tartibli odam kamdan kam uchraydi! U kishi faqat qattiq charchagan. Yuragining bezovta qilishi shundan. Ochigʻini aytib qoʻya qolay sizga, bu yerdagi har qanaqangi munosabat faqat ish yuzasidan!

Kseniya Sergeevnaning boʻyoq chaplangan yuzi turlikdi. Gulruhga ishongisi kelganday allaqanday yuvvosh nazar tashladi. Lekin bu uzoqqa bormadi. Ichidagi «ajina»;ning qutqusi zoʻrlik qildi-yov, Kseniya Sergeevna irgʻib oʻrnidan turarkan:
— Bu yerda sizdan boshqa ayollar ham bormi? — deb soʻradi.
— Bilmadim, — deb javob berdi Gulruh.
— Nega bilmaysiz? — ajablandi Kseniya Sergeevna.
— Nima, men sizning agentingizmanmi?!
— Hozirgina bip-binoyiday edingiz-ku.
— Oʻzimga taalluqli savollar boʻlgani uchun javob berdim, xolos. Kechirasiz, men ishlashim kerak.

Qanchalik bema’ni boʻlmasin, bu vaqtda men kursini eshik roʻparasiga qoʻyvolib ichkaridan koʻz uzmay oʻtirardim.
— Shunaqa deng... — ovozi titradi Kseniya Sergeevnaning.
— Shunaqa!

Birdan kutilmagan hol roʻy berdi. Toʻgʻrisi, nima boʻlayotganini darrov idrok qilolmadim — nazarimda vaqt yomgʻiri chelaklab quydi, har bir daqiqa yillarga aylandi, hozirgina qarshimda turgan bashang ayol koʻz oʻngimda soʻliy boshladi. Boyagi taranglik yoʻqoldi, kibr soʻndi, yuzi bujmaydi va upa niqobi ostidan son-sanoqsiz ajinlar chuvalchang yangligʻ sirtga oʻrmalab chiqdi. Roʻparamda butunlay boshqa — koʻngli vayron, koʻpni koʻrgan bir ayol turardi.
— Menga aytishdiki... — uning ovozi bazoʻr chiqdi. — Erim...

Shu vaqt xonaga Hakim Nazarich kirib qoldi.
— Kseniya, uyga bor, — dedi u muloyimlik bilan.

Ayol garangsib qaradi, aftidan u erining soʻzlarini eshitmadi.
— Kseniya!.. — Hakim Nazarich ovozini sal koʻtardi.
— Endi nima boʻladi?.. — deya gʻoʻldiradi ayol. — Yana hammasi chappasiga ketadimi? Endi...
— Yur, uyga ketamiz, — Hakim Nazarich xotinining qoʻltigʻidan oldi.

Ular chiqib ketishdi.

Biroq mojaro bu bilan tugamadi.

Kseniya Sergeevna endi hovli oʻrtasida turgancha gʻishava qilardi.
— Meni aldayman, deb ovora boʻlma, Nazarich! — derdi u qoʻlini paxsa qilgancha. — Endi indamay yigʻlab qoladigan ahmoq yoʻq! Qochib ketishga ham aslo urina koʻrma!
— Bas qil, Kseniya! Bu yer ishratxona emas! Ishxona!
— Koʻrdim qanaqa ishxona ekanligini!
— Agar hoziroq bas qilmasang, meni bu yerda koʻrmaysan!

Hakim Nazarich temir darvoza tomon tez-tez yurib ketdi.
— Ana shunaqa-da!.. Ana shunaqa... Ogʻiz ochsam bas, ketamanga tushasan! — degancha Kseniya Sergeevna erining ortidan ergashdi.

Bu yoqda Gulruh bir ahvolda edi. Yoʻq, u koʻz yoshi toʻkmadi, hatto shikoyat ham qilmadi, ammo juda ham gʻalati boʻlib qolgandi. Goh ogʻir oʻylarga tolib, parishonxotir boʻlib qolsa, gohida keskin harakatlaridan oʻt chaqnagandek boʻlar, asabiylik bilan tutaqib ketardi.

Menga hasrat qilib koʻnglini boʻshatar ehtimol, degan oʻyda bir necha marta koʻrinish berdim. Biroq u meni payqamadi.

Hakim Nazarich shu ketgancha kechga yaqin qaytib keldi. Keldi-yu, Gulruhning xonasiga kirib ketdi.
— Gulruh Qosimovna, bizni kechiring, iltimos, — degani eshitildi birozdan keyin uning. — Aslida hamma ayb menda. Ish bilan boʻlib, ba’zi kunlari ishxonada qolib ketyapman.
— Shuning uchun Alining alamini Validan olish kerak ekan-da!
— Uzr, ming bor uzr, Gulruh Qosimovna...
— Uzrni mendan emas, xotiningizdan soʻrashingiz kerak, shekilli. Ishonch yoʻqolgandan keyin shu-da!
— Bunisi endi boshqa masala, Gulruh Qosimovna.
— Ya’ni?
— Gap shundaki, xotinimning avvalgi turmushi xiyonat tufayli buzilgan. Shundan u qoʻrqib qolgan. Oʻzi oqkoʻngil ayol... Uyga borganidan keyin qiligʻidan rosa afsus chekdi. Qandaydir gʻalamis qoʻngʻiroq qilib boʻlmagʻur gaplarni gapirgan ekan-da. Bu bechora laqqa ishonibdi-qoʻyibdi. Hali koʻrasiz, biror kun kelib sizdan albatta kechirim soʻraydi.
— Shart emas. Mana siz kechirim soʻradingiz-ku, shuning oʻzi yetadi. Bu haqda boshqa gaplashmaylik, iltimos.
— Xoʻp. Unda nima haqda gaplashamiz?

Gulruh kuldi.
— Gaplashish shart emas. Ketishingiz mumkin.
— Bugun men navbatchiman. Poʻlat Damirovich ham uyiga ketdi. Zerikkanimdan qaysi eshikka bosh suqishni bilmay, garang boʻlyapman. Yoʻq demasangiz biroz suhbatlashib oʻtirsak, degandim.
— Zerikyapsiz?! Siz-a?!
— Ha.
— Zerikishni, dam olishni bilmaydigan odam deb oʻylardim sizni.

Hakim Nazarich vazmin kulimsiradi.
— Sirtdan qaraganda shunday koʻrinsam kerak. Aslida undaymas. Dardlashadigan bir suhbatdosh topolmay qiynalgan vaqtlarim koʻp boʻladi...
— Hakim aka, Kseniya Sergeevna bilan qanaqib tanishib qolgansiz? Agar sir boʻlmasa...
— Shu haqda soʻrasangiz kerak deb turgandim.
— Agar istamasangiz...
— Bu juda uzoq tarix. Yaxshisi boshqa vaqt aytib beraqolay. Xafa emasmisiz?
— Yoʻq. Nega xafa boʻlarkanman?
— Menimcha, shu bugunning oʻzida sizni ikki marta xafa qilib qoʻydim-a?
— Men hech qachon hech kimdan xafa boʻlmayman.
— Xafa boʻlasiz, lekin bildirmaysiz, ichingizga yutasiz. Toʻgʻri topdimmi?
— Hakim Nazarich, shaxmat oʻynaymizmi?
— Zoʻr boʻlardi.

Ular endi shaxmat oʻynay boshladilar.

Meni xuddi chaqmoq urganday boʻldi. Bunaqa boʻlishini kutmagandim-da. Xotinining bemavrid tashrifi tufayli tugʻilgan qulay vaziyatdan foydalanib qolish maqsadida Hakim Nazarich — «mehribon otaxonimiz»; yuzidan hayo niqobini sidirib tashlaganday tuyuldi. Axir, bunday imkoniyat yana tugʻiladimi-yoʻqmi?

Oʻrnimdan turib ketdim.

Tashqariga chiqdim.

Qonimda gʻazab va alam oʻti lovullay boshlagandi.

O, bechora koʻnglim! Nega senga erk berdim-a? Kimman oʻzi? Tirikchilik tashvishida chumoliday oʻrmalab yurgan anovi kishilarning biriman-da. Mendaqalar har qadamda uchraydi. Sokin suv yuzida suzib yurgan nilufar misol bu ayolga men munosib emasman. Unga Hakim Nazarichga oʻxshagan choʻntagi toʻla kishi munosib!

Ta’bim xira, ortimga qaytdim.

Kursiga oʻtirayotib beixtiyor ichkariga koʻzim tushdi. Gulruh ham shu tomonga qarab turgan ekan. Meni koʻrib jilmayib qoʻydi. Unga javoban zoʻr-bazoʻr bosh silkidim-u, toʻsrayib oʻtirvoldim.

Nazarimda, oʻyin qizgʻin ketayotgandi. Gulruhning shaxmatga usta ekanligini bilmas ekanman.

Darvoqe, men hali koʻp narsani bilmayman, shekilli. Hakim Nazarichning quvnoq xitobi tez-tez eshitilib turardi. Oʻzimni tuta olmay yana ichkariga koʻz tashladim.

Shu vaqt:
— Davron aka, — degani eshitildi Gulruhning. — Bu yoqqa keling.

Ichkariga kirdim.
— Xizmat, Gulruh Qosimovna, — dedim jiddiy tarzda.

Gulruh hayron boʻlib qarab qoʻydi-da, keyin:
— Ishqiboz boʻlmaysizmi menga? — dedi.

Tavakkal, dedim-u, shartta bitta stul olib kelib ularning yoniga oʻtirvoldim.

Bu Hakim Nazarichga yoqmadi chogʻi, sigir qarash qildi. Men shaxmat taxtasidan koʻz uzmay oʻtiraverdim.

Oʻyin davom etdi.

Hakim Nazarich har doimgiday, oʻzini baodob va vazmin tutar, faqat Gulruhga qaraganda uning yuzida poyonsiz nazokat aks etardi. Yana gʻashim keldi. Chunki xuddi shu narsa menda yoʻq edi. Ortiqcha nazokat ayolni darrov rom etishi mumkin. Darvoqe, Hakim Nazarichning kiyimi ham oʻzgacha, barakda ayol zoti paydo boʻlmasdan avval u ish kiyimida yurardi, hozir boʻlsa egnida qora movutdan qoyilmaqom qilib tikilgan qaytarma yoqali qimmatbaho kostyum, yuzidan nazokatli tabassum arimasdi...

Gulruh donalardan birini surishdan oldin menga qaradi, goʻyo shuni yuraveraymi, deganday.

Indamadim. Birdan hafsalam pir boʻlib loqayd boʻlib qoldim. Endi menga baribir edi. Gulruhning ham, Hakim Nazarichning, umuman, atrofdagilarning hech birining menga dahli yoʻqday, loqayd edim.

Hakim Nazarich nimadir deganday boʻldi. Anglamadim. Goʻyo bu yerda mening soyam oʻtirganday. Gulruhga oʻgʻrincha koʻz qirini tashladim. U stulda xiyol engashib oʻtirar, butun vujudi koʻzga aylanib shaxmat taxtasiga tikilib qolgandi. Allaqanday, menga noma’lum oʻzga dunyodan kelib qolganday, hamon sirli va begona tuyulardi u. Bu menga hayotim boʻshliqdan, hech qachon toʻldirib boʻlmaydigan boʻshliqdan iborat ekanligini yana bir bor eslatdi. Koʻz oldim tinib ketdi. Shiftdagi chiroq, manavi xona xuddi toʻfon turgan dengizda suzib ketayotgan kemaday ohista tebrana boshladi.
— Hakim aka, sizdan zoʻr shaxmatchi chiqarkan, — dedi Gulruh bir mahal.

Xayolim toʻzgʻib ketdi.
— Siz ham qolishmaysiz.

Asta oʻrnimdan turdim.

Bu yerda ortiqcha edim.

Hovliga chiqib, tanish yoʻlka boʻylab yurib ketdim. Quyuq tuman tushgandi, ikki qadam narini koʻrib boʻlmasdi. Ortga qaytmadim. Tuman nafaqat borliqqa, balki mening hayotimga yopirilganday goʻyo, har bir daqiqani azob bilan oʻtkazardim. Bu hayotimning shunday mahzun lahzalari ediki, bardosh berish dushvor. Axir, men hayotdan koʻp, juda ham katta narsa soʻramagandim. Koʻnglimda ozgina umid tugʻilgandi, xolos. Toʻxtovsiz yoʻqlik sari chekinayotgan borliq bunga javoban... his-tuygʻularning omonat sharpasini roʻpara qildi!

Ortimdan yengil qadam tovushi eshitildi.

Oʻgirildim.

Gulruh shu tomonga tez-tez yurib kelardi.
— Sizni qidirib yuribman, — dedi u yaqin kelib.
— Tinchlikmi?
— Yolgʻiz oʻzim uxlashga qoʻrqdim.
— Ishonchli qoʻriqchingiz bor edi-ku!
— Yosh bola ekansiz. — Gulruh yonimga oʻtib, birga-birga odimladi. — Kechasi sayr qilishni yaxshi koʻrasizmi?
— Boshqalarga xalaqit bermaslik uchun... — dedim yerga qarab.
— Davron aka!

Gulruh yurishdan toʻxtab, qoʻllarimdan tutdi.

Nigohlarimni zoʻrgʻa yerdan uzib Gulruhga qaradim. U jilmayib turardi. Koʻzlaridan oʻt chaqnardi. Uni qattiq bagʻrimga bosdim. Nima deb oʻylasa oʻylar! Sochi yonoqlarimga tegdi. Yuzi shu qadar yaqin ediki... Keyin koʻzlari yaqinlashdi... va... va... shaftolining yoqimli hidini tuydim...

Nima boʻlganini anglab ulgurmasimdan Gulruh gʻoyib boʻlgandi.

Roʻy bergan favqulodda hol Gulruhning koʻngliga ozor berib qoʻyishidan choʻchiganimdan ertalab uning koʻzlariga tik qarolmadim. Aftidan Gulruhning ahvoli ham menikidan ortiq emasdi. U ertalab eshikni ochgan mahal bir ogʻiz salomlashdi-yu, qayta koʻzimga koʻrinmadi. Yaxshi hamki ish bor, bemorlar bor. Shular bahonasida xonaga kirib-chiqib turish asnosida axiyri Gulruhning nigohini tutvoldim. Odatda ertalablari u oʻzini xandon-xushon, bir gapirib oʻn kuladigan, hech kimga tobe emasligini bildirmoqchi boʻlganday, oʻzini dadil va erkin tutardi va bu uning odamni gangitib qoʻyadigan jiddiylik kezingan chehrasiga sira ham yarashmayotgani bilinib qolardi; ayni zamonda esa uni butunlay boshqacha, yangi bir his toʻlqinlantirib yuborganday koʻzlari chaqnab boqardi; toʻsatdan nigohlarimiz toʻqnashganda nima uchundir buni bildirgisi kelmayotganday, yuziga jiddiy tus berdi-yu, men tomonga umuman qaramay qoʻydi.

* * *

Kutilmagan hol — Kseniya Sergeevna eri Hakim Nazarich orqali Gulruhni mehmonga chaqirgan emish!
— Agar kelmasalar oʻzim borib moshinada olib kelaman, dedi Kseniya Sergeevna, — axborot berdi Hakim Nazarich ertalab.

Aftidanoq uning xursandligi sezilib turardi.

Gulruh qoʻrqib ketganday, qattiq seskanib tushdi bu gapdan, ammo zum oʻtib oʻzini oʻnglab oldi-da:
— Nima keragi bor, Hakim Nazarich? Haliyam kech emas, ayting, ovora boʻlmasinlar, — dedi hayajon bilan.
— Gulruh Qosimovna, bu faqat xotinimning emas, mening ham taklifim. Nahotki rad etsangiz? — Hakim Nazarich vazmin, ammo juda ham mahzun boqardi.
— Hakim aka... bilmadim, buni qanday tushuntirsam ekan...
— Tushuntirishning hojati yoʻq.
— Noqulay axir! Nima deb boraman?!
— Mehmonga borilganda biror nima deyiladimi? Kechqurun soat beshlarga tayyor boʻlib tursangiz, moshinada olib ketaman.

Hakim Nazarich eshik tomon yurdi.
— Hakim Nazarich, — deb yubordi Gulruh baland ovozda. Hakim Nazarich keskin oʻgirilib qaradi. — Voy, kechirasiz, shoshib qolganimdan...
— Hechqisi yoʻq.
— Agar... agar taklif jiddiy boʻlsa va borishim shart boʻlsa... bilasizmi, yolgʻiz oʻzim borgim kelmayapti. Anavi oshpaz ayollardan birini...
— Gulruh Qosimovna... sizga nisbatan koʻnglimizda zigʻirchayam xusumatimiz yoʻq.
— Unday demoqchi emasdim. Yaxshi tanimagan odamlar orasida oʻtira olmayman. Boʻlmasa, Davron aka birga boraqolsin, iltimos.
— Shunda siqilmaysizmi?
— Ha.
— Ixtiyoringiz.

Hakim Nazarich chiqib ketayotib menga gʻalati qarab qoʻydi.
— Bu yogʻi qandoq boʻldi, Davron aka? — dedi Gulruh Hakim Nazarich xonasiga kirib eshikni yopganidan keyin yonimga kelib. — Bunaqa boʻladi, deb oʻylamagandim.
— Men ham.
— Endi nima qilamiz?
— Boramiz. Aytishadi-ku, chaqirilmagan yerga borma, chaqirilgan yerdan qolma, deb.
— Shundayku-ya. Bular biror shumlikni oʻylashmayaptimikin?
— Qanaqa shumlik?
— Menimcha, suvni loyqalatib yurgan Poʻlat Damirovich boʻlsa kerak. Kseniya Sergeevnaga qoʻngʻiroq qilgan ham oʻsha yoki uning odami, deb oʻylayapman.
— Ehtimol.
— Yaxshisi biror bahonani roʻkach qilib bormay qoʻyaqolamizmi?
— Mayli. Oʻylab koʻring.

Gulruh shundoq yonginamda turardi. Qattiqroq nafas olishga-da choʻchirdim.

Tashqarida yomgʻir tomchilardi.

Tushlikka yaqin Hakim Nazarich xonasidan chiqdi. Qoʻltigʻiga shaxmat taxtasini qisib olgandi. «Obbo! Yaxshigina bahona topildi bunga...»; Ijirgʻanib qaradim. Ammo Hakim Nazarich buni payqamadi. U xayol bilan yonimdan oʻtib ichkariga kirdi.
— Gulruh Qosimovna, boʻsh boʻlsangiz... — Hakim Nazarich shaxmat taxtasini koʻrsatdi.

Gulruh bu vaqtda Alisherning jarohatini bogʻlab boʻlib qoʻlini yuvayotgan edi.
— Hakim Nazarich, va’dangizni qachon bajarasiz? — savolga savol bilan javob berdi u.
— Va’da berildimi, albatta, bajariladi, — Hakim Nazarich stulga oʻtirib taxtani ochdi.
— Bola bechora qiynalib ketdi. Ukol bilan jon saqlayapti... Manavini qarang, — Gulruh stolga pul qoʻydi. — Kecha bolaning otasi tashlab ketdi. Yana opkelaman, deydi. Faqat oʻgʻlimni asrab qoling, deb yigʻlaydi bechora.
— Gulruh Qosimovna, koʻz yoshi toʻkkan odam bechora hisoblanmaydi.
— Axir... Oʻzingiz oʻtib bir koʻring ahvolini...
— Shart emas!

Hakim Nazarich kutilmaganda oʻrnidan turdi va shaxmat taxtasini yopdi-da, eshikka qarab yurdi. Uning boʻzargan chehrasida tushuniksiz iztirob aks etardi.
— Agar yana shaxmat taxtasini qoʻltiqlab xonangizga keladigan boʻlsa, hech ikkilanmay derazadan uloqtiraman uni, — dedim xonada yolgʻiz qolganimizda.

Gulruh shaxmat taxtasini qoʻliga olib:
— Faqat shuning uchunmi? — dedi.
— Boshqa sabablar ham yetarli.
— Shunaqami?
— Shunaqa.

Gulruh shaxmat taxtasini stolga qoʻyib men tomon yurdi. Atigi yarim qadam qolganda toʻxtab koʻzlarimga tikildi. Men bu soniyalarni hanuzgacha unuta olmayman. Bir koʻrishdayoq meni asir etgan nafis va muloyim chehra... Mehr va nurga yoʻgʻrilganday chaqnoq nigohlar...

Yo tangrim, bema’no hayotimga shukuh kiritgan ushbu daqiqalarni menga koʻp koʻrma! Ta’rifga sigʻmaydigan mana shu goʻzal chehradan, yuragimda yana barq urgan umid va ishonchdan mahrum qilma!

Hikoyamning boshida sizga «... odam oyogʻi yetmaydigan ovloq bir joyga kelib qolgandayman»;, degandim, esingizdami? Yanglishganimni Hakim Nazarichning mashinasida ketayotib payqadim. Biz ishlayotgan, toʻgʻrirogʻi, tutqunlikda yashayotgan makon shahardan ellik-oltmish chaqirim naridagi oʻrmonda joylashgandi.

Qop-qora «Jip»; mashinasida chamasi ikki soatdan moʻlroq yurganimizdan keyin shahar markaziga yetib keldik chamasi.

Nihoyat Hakim Nazarich tormozni bosdi.

Keyin yonida oʻtirgan Gulruhga yuzlanib:
— Yetib keldik, — dedi.

Hakim Nazarichning uyi shaharning diqqatga sazovor qismida joylashgandi.

Bunday mahobatli uyni yaqin-oʻrtada koʻrmagandim.

Elliklarga borgan, koʻrimsiz bir ayol eshikni ochdi.
— Dasha, — deya unga murojaat qildi Hakim Nazarich. — Mehmonlar kelishdi deb bekangga ayt.

Ayol peshayvonli uy tomon yugurgiladi.

Gulruh menga, men unga qaradim.
— Qani, ichkariga marhamat, — dedi Hakim Nazarich yoʻl boshlarkan.
— Hakim Nazarich, men ayvonda kutib tura qolaman, — dedim oʻzimni chetga tortib.

Axir, mehmonga men taklif qilinmaganman-ku.
— Qoʻysangiz-chi shunaqa gapni, — Hakim Nazarich qoʻltigʻimdan olib ichkariga boshladi. — Bu yerda mehmonsiz, shuni unutmang, — deb qoʻydi keyin.

Dahliz eshigi oldida turgan Kseniya Sergeevna bizni iliq tabassum bilan qarshi oldi. Menga bosh irgʻab qoʻydi, Gulruh bilan eski tanishlarday quyuq soʻrashdi.
— Oʻzim chaqirmasam kelay demaysiz, — deb oʻpkaladi u yoʻl-yoʻlakay.

Gulruh nimadir deganday boʻldi. Sezib turibman, u Kseniya Sergeevnaning muddaosini anglolmay garang, tili zoʻrgʻa aylanyapti.

Mehmonxonaga kirib ikkalamiz ham ang-tang boʻlib qoldik. Yoʻq, bu yerdagi hashamatdan emas, nima, mol-dunyo koʻrmagan odammizmi? Xona oʻrtasidagi stol atrofida oʻtirgan mehmonlarni koʻrib hayron boʻlib qoldik. Bu yerda uy egalaridan tashqari kamida besh-olti kishi bor edi. Xuddi oʻz uyida oʻtirganday, oyoqlarini chalishtirgancha yastanib oʻtirgan Poʻlat Damirovichni bu yerda uchrataman, deb mutlaqo kutmagandim.

Kseniya Sergeevna Gulruhni mehmonlar bilan bir-bir tanishtira boshladi. U tanishtirar ekan, har bir mehmonning ismi-sharifi yoniga xizmat mavqeini ham qoʻshib ketardi.

«Bu xotin oʻzining qanday davradan ekanligini bizga bildirib qoʻymoqchi, shekilli»;, — degan oʻy kechdi xayolimdan.

Men hammaga umumiy qilib salom berdim-u, Hakim Nazarich koʻrsatgan stulga oʻtirvoldim. Poʻlat Damirovich Gulruhdan koʻz uzmasdi. Nazarimda u Gulruhga gap otishdan oʻzini bazoʻr tiyib turganga oʻxshardi.

Kseniya Sergeevna Gulruhni uning xotini bilan tanishtirayotganda Poʻlat Damirovich baribir tilini tiyib turolmadi:
— Gulruh Qosimovna, keling, bu yoqqa oʻtiraqoling. Kennoyingiz bilan yaqinroq tanishib olasiz.

Gulruh Poʻlat Damirovichning xotini Aleksandra Pavlovnaga tanishganidan bagʻoyat xursand ekanligini bildirib, shoshilmasdan men oʻtirgan tomonga oʻtarkan:
— Rahmat, Poʻlat Damirovich, mening joyim bu yerda, — dedi.

Poʻlat Damirovich gʻalati boʻlib ketdi. Keyin xiyol engashb xotinining qulogʻiga nimadir deb shivirladi. Aleksandra Pavlovna bepisandlik bilan kulib qoʻydi.

Darvoqe, Aleksandra Pavlovna ham toʻlalikda Kseniya Sergeevnadan qolishmasdi, koʻzlari xuddi ukkinikiga oʻxshash yum-yumaloq, burni yapasqiroq, yuzining zahilligidan janjalni pulga sotib oladigan ayollar toifasidan ekanligi sezilib turardi.

Bu yerda ulardan tashqari ikkita basavlat janob va oltmishlarga borgan keksa ayol ham bor edi. Ikkala janoblarning biri allaqanday korxona direktori ekan, ikkinchisi davlat departamentida qandaydir sekretarь vazifasini oʻtarkan.

Avvaldan aytib qoʻyay, ikkala janob ham koʻp oʻtirmadi, ziyofat boshidayoq juda muhim, kechiktirib boʻlmaydigan, albatta ishtirok etishlari shart majlislari borligini aytib, uzr soʻrashdi-yu, joʻnab qolishdi.

Tushunmadim, bu janoblar oddiy oʻtirishga nima uchun taklif qilindi? Yoki bu yoqlarda shunday odat bormikin — «koʻrib qoʻy, qanaqa tanishlarimiz bor!»; deganday.

Egnidagi kiyimlari va soch turmagi oʻttizinchi yillardagi rus xonimlarinikiga oʻxshab ketadigan, ammo yuzini haddan tashqari boʻyab-bejaganidan turqi-tarovati bozori oʻtmay qolgan qari fohishani eslatadigan keksa ayolning bu oilaga daxli bor-yoʻqligini ham bilolmadim.

Ammo keksa xonim rosa gapdon ekan. Roʻparamda oʻtirvolib bir narsalar deb tinimsiz chuldirardi. Buning ustiga atay qilgandek, Hakim Nazarich Gulruhning yoniga, Kseniya Sergeevna mening yonimga oʻtirib olishdi.

Men umrim bino boʻlib qilmagan ishlarimni barakdagi hayotim davomida juda osonlik bilan oʻzlashtirgan, ya’ni bir vaqtlar tamaki tutuniga koʻngli ayniydigan odam gʻirt kashandaga, aroqni koʻrsa koʻchaning narigi tomoniga oʻtib ketadigan banda spirtni suv qoʻshmasdan ichadigan piyonistaga, birovga ozor berishdan choʻchib yuradigan oʻta kamsuqum zot sal gapga pov etib yonib ketadigan mushtumzoʻrga aylangan boʻlsam-da, hali-hanuzgacha begona ayolga mulozamat qilishni, gap bilan koʻnglini ovlab oʻtirishni oʻrgana olmagan nodon edim. Shuning uchun Kseniya Sergeevnaning yonimda oʻtirib qolganidan ranjidim. Bechora ayol zerikib oʻladi endi, deya unga rahmim kelardi ichimda.

Hakim Nazarich bilan Gulruh allaqachon gurungni boshlab yuborishgan, hatto nima haqdadir qizgʻin bahslashardilar. Poʻlat Damirovich kiprik qoqmasdan ularning suhbatiga quloq tutardi.
— Janoblar, bu nimasi? — dedi Kseniya Sergeevna bir mahal oʻrnidan turib. — Nega hech kim dasturxonga qaramayapti? Manavi konьyakdan totib koʻrishlaringizni istardim.
— Ksyusha, bu anovi... Parijdan olib kelgan konьyagingmi? — deya luqma tashladi keksa xonim.

U gapirganida lablari choʻchchayib turarkan.
— Antonina xola, Parijdan shampan vinosi olib kelgandim. Esingizdan chiqib ketdimi darrov? — javob berdi maqtanib qolish imkoniyatidan mamnun boʻlgan va bu yorishib ketgan yuzidan sezilib turgan Kseniya Sergeevna kulib.

Suhbatga Aleksandra Pavlovna qoʻshildi:
— Kseniya, Parij senga yoqib qolganmi nima balo? Ikki marta borib kelding-a?
— Birinchisida yolgʻiz oʻzim borgandim. Hakim Nazarich bora olmagandi.
— Nahotki Hakim Nazarich yolgʻiz oʻzing borishingga qarshilik qilmagan boʻlsa? Rashk qilmadimi? Mening erim boʻlganida «menam boraman!»; deb turvolardi.
— Hakim Nazarich u vaqtlarda chet elga chiqish tugul, koʻchaga ham chiqolmasdilar-da, — dedi Kseniya Sergeevna.

Hakim Nazarich xotini tomonga qaramasa-da, bezovtalik bilan gʻimirlab qoʻydi.
— Ksyusha, anovi xotinbozdan ajrashganingdan keyin yana erga tegib, manavinday koshona bekasi boʻlib oʻtirishing tushimizga ham kirmagandi. Baxting bor ekan, — allaqanday gʻayirlik aralash hasad bilan gapirdi Antonina xola deganlari.
— Omading bor ekan, deng, — darhol oraga gap qoʻshdi Aleksandra Pavlovna.
— Ham baxt, ham omad, — dedi Antonina xola. — Nazarichga oʻxshagan odamlar kam uchraydi.
— Nimalar deyapsiz, Antonina xola? — dedi Aleksandra Pavlovna ta’nali ohangda. — Hozir yaxshi erkaklar tiqilib yotibdi! Har qadamda uchraydi. Tegaman, desangiz bas, yelimday yopishib olishadi.
— Nahotki... — koʻzlarini katta-katta ochdi Antonina xola.
— Kseniya, bugun mehmonlar uchun oʻz qoʻllarim bilan antiqa taom tayyorlayapman, deganding, nima boʻldi? — soʻradi Hakim Nazarich.

Uning yuzi allaqanday oʻzgarib ketgandi.
— Azizim, yana oʻn daqiqa sabr qil, — dedi Kseniya Sergeevna eriga javoban, keyin yana dugonalariga yuzlandi. — Antonina xola, agar xoʻp desangiz, birontasi bilan tanishtirib qoʻyaman.
— Ishongim kelmayapti, nahotki men tengilar ham topilsa?! — eski kasbi esiga tushib qoldi-yov, koʻzlarini suzib soʻradi keksa xonim.
— Erimning ishxonasida juda koʻp erkaklar bor. Istasangiz tanishtirib qoʻyaman.
— Yoʻ-oʻ... men unaqalardan qoʻrqaman, — yarashiqsiz nozlandi Antonina xola.
— Kseniya! — deb yubordi Hakim Nazarich sarosima ichida.

Kseniya Sergeevna bu safar eriga qarab ham qoʻymadi.
— Yo xudo! Ularning nimasidan qoʻrqasiz? — dedi u Antonina xolaga ajablanib boqarkan. — Ular juda mehnatkash odamlar. Biznikilarga oʻxshab aroqqa mukkasidan ketmagan. Bechora erimga ularning dastidan tinchlik yoʻq. Birontasini kasalxonaga joylashtirishgga yordam ber, deb menga yalinib yuradi qachon qaramang!.. Oʻshalarning halovatini deb tinim bilmaydi...
— Pulini toʻlasangiz bas, ishdan bosh koʻtarishmaydi! — deya luqma tashladi Aleksandra Pavlovna.

«Mana endi hammasi oydinlashdi, — dedim ichimda. — Bu oddiy mehmondorchilik emas!»;

Ich-ichimdan gupirib kelayotgan sovuq ehtiros stolga musht urib hamma narsani dabdala qilishga undardi.

Izzat-nafsi tahqirlanayotganidan uning ham xunobi oshib ketgandir, degan fikr bilan Gulruhga qaradim. Ajabo, u hech nima boʻlmaganday xiyol kulimsiragancha oʻtirar, ammo koʻzlaridan uchqun sachrardi. Ketamizmi, deganday uni sekin turtdim. Gulruh parvo qilmadi.

Poʻlat Damirovichning yuzidagi kishining jigʻiga tegadigan, qadr-qimmatini yerga uradigan ifoda yanada boʻrtgan, u tahqiromuz kulimsiragancha Gulruhni kuzatardi.

Bu yerda faqat Hakim Nazarich allaqanday bezovta, birmuncha tashvishga botgan, yuzi juda ham tund, oʻychan, dilgir boʻlib oʻtirardi.
— Yoshligimda bir afgʻon yigiti yaxshi koʻrib qolgandi meni, — dedi Antonina xola bir mahal tamshanib olarkan. — Oʻshanda unga tegib ketaversam boʻlarkan.

Shu choqqacha indamay oʻtirgan Gulruh birdan tilga kirdi:
— Antonina xola, hali ham kech emas. Erga tekkaningiz yaxshi. Bir maqol bor-ku, eshitgandirsiz, ersiz xotin — tayoqsiz moʻltoni, degan.

Hammalari jim boʻlib qolishdi.

Antonina xolaning rangi oʻchgan, taqinchoqlar yaltiragan ozgʻin barmoqlari titrardi. Poʻlat Damirovich toʻsatdan xoxolab kulib yubordi.
— Obbo, Gulruh-ey... Obbo, Gulruh-ey, — derdi u tinmay kularkan. — Topgan maqolingizni...

Aleksandra Pavlovna qahrlanganidan titrab ketdi va eriga shunday vajohat bilan tikilib qaradiki, Poʻlat Damirovich shu zahoti miq etmay qoldi, yuragi shuvillab ketgandir ehtimol.

Kseniya Sergeevna boʻlsa birdan qovogʻini uyib oldi, jahldor boʻlib qoldi.

Aleksandra Pavlovna kibr bilan dugonalariga bir-bir nazar tashlarkan:
— Erimning aytishicha, — deya allaqanday kin bilan soʻz boshladi. — Hamma yoqni qalangʻi-qasangʻi daydilar bosib ketganmish. Har qadamda qoʻziqorinday potrab chiqadi unaqalar, deydi. Ayollarni ayting, ayollarni! Ularga nima bor ekan bu yoqlarda?! Pul bor ekan deb kelaverishar ekanlar-da! Qorovullikdagi buzuq erkaklarning ham kuni tugʻib qoldi, deydi erim. Ular oʻshanaqa kelgindi ayollarni tutib olishib, bilganlarini qilisharkan-da. Bu gapni eshitganimdan keyin oʻz erimdan ham xavfsirab qoldim... — Aleksandra Pavlovna yuzi boʻzday oqarib oʻtirgan eriga suykalib, gap ohangini yumshatdi: — Oʻzi suyuqqina erim bor. Allaqanday irkit xotinlarni deb undan ayrilib qolmay deyman-da.
— Eringiz suyuqligini bila turib hazar qilmasdan uni qanday qabul qilasiz?!

Gulruh tomonidan favqulodda berilgan bu savol Aleksandra Pavlovnani gangitib qoʻydi. U miltigʻi tob yegan ovchiday qizarib-boʻzardi. Madad kutib Kseniya Sergeevnaga qaradi.

Ha, bizdek «kelgindilar»;ga nisbatan oldindan til biriktirib olgan ayollar Gulruhning kesatiqlarga munosib javob qaytarishini, ayniqsa bunaqangi tagdor gap bilan «oʻyib olishini»; kutishmagandi. Balki shu sabablidir, Gulruhning gapi yanada keskinroq jarangladi.
— Davron, — deya murojaat qildi Hakim Nazarich sekin. — Tashqariga, toza havoga chiqasizmi? Xotinlar jangida ishtirok etmay qoʻya qolaylik.
— Xoʻp.

Hakim Nazarich boyagiga qaraganda ancha yengil tortgandi. Aftidan Gulruhning hozirjavobligidan koʻnglida qoniqish tuyganday edi.

Men ham oʻzimni ancha bosib olgandim. Gulruh oʻzini tahqirlashlariga yoʻl qoʻymasligiga koʻzim yetgandi.

* * *

Choshgoh mahali edi.

Zinapoya oldida turardim.

Gulruh xonasidan chopib chiqdi.
— Davron aka, bu yoqqa keling, tez! — dedi-yu, yana ortga qaytdi.

Ichkariga kirganimda Alisher dod-faryod qilib yotardi. Uning jon achchigʻida chinqirishlariga uncha-muncha odamning asabi dosh berolmasdi.
— Qoʻlini ushlab turing, iltimos, — dedi Gulruh shosha-pisha. — Ukol qildirmayapti.

Bemorning yoniga oʻtib bilagidan tutdim. Lekin u bor kuchi bilan yulqinar, qoʻlini bermas, shaloq soʻzlar bilan soʻkinib Gulruhni haqoratlardi:
— Doʻxtirmisan, nimasan oʻzi?! Doʻxtir boʻlsang, yo oyoqqa turgʻaz, yo bir yoʻla jonimni ol! Bu azobdan toʻyib ketdim! Toʻyib ketdim! Onasini... Hammangning onangni!..

Alisher koʻzlarini yumib olgan, yon-veriga qaramas, yuzi paxta boʻlib qolgan, murdanikidan farqi yoʻq edi.
— Alisher, uka, oʻzingni bos, — dedim yotigʻi bilan. — Qoʻlingni ber, iltimos.

Ovozimni eshitib Alisher koʻzini ochdi.
— Davron aka... qiynalib ketdim axir... — dedi-yu, hoʻngrab yigʻlab yubordi.

Bir amallab uni ovuntirdim.

Keyin ukol olishga koʻndirdim.

Gulruh ukolni qoʻydi. Besh-oʻn daqiqalardan keyin Alisher uxlab qolishi kerak edi. Ammo...
— Davron aka, buni qarang!

Gulruh bemorga tikilgancha dahshat ichida qotib qoldi.

Alisher tinchlanish oʻrniga tutqanoq tutganday qoʻl-oyogʻini tipirchilatib yotar, ogʻzidan koʻpik sachrardi.
— Bu nimasi?.. — dedim zoʻrgʻa.
— Hakim Nazarichni chaqirib keling. Tez!

Gulruh Alisherga yordamga shoshildi.

Shoshilgancha Hakim Nazarichning xonasiga yoʻl oldim. Baxtga qarshi u kim bilandir telefonda gaplashayotgandi. Nima qilishni bilmasdan, qiya ochiq eshik oldida turib qoldim.
— Nikolay Fyoodorovich, shu safar ham qoʻllab yuboring, iltimos, — derdi Hakim Nazarich telefonda. — Oz, judayam oz ish qoldi. Bu yil tugatamiz, xudo xohlasa. Rahmat. Buning uchun minnatdorman sizdan. Lekin yuborgan odamlaringizning boshi kasaldan chiqmayapti. Ha. Ha. Sogʻlom, baquvvatlaridan toʻrt-beshtasiga buyurtma tushdi, deb yozib qoʻying. Pul toʻlash shakli istagancha!

Yashin urganday boʻldi meni. Bundan chiqdi Hakim Nazarichning «buyurtmasi»;ga koʻra biz bu yerlarda yurgan ekanmiz-da.

Haqiqat oydinlashgandek boʻldi. Ammo bu chala haqiqat edi. Mubham haqiqat edi.
— Bu yerda nima qilib turibsiz?!

Qarshimda turgan Hakim Nazarichning ovozidan hushimni yigʻdim. Lekin darrov javob bera olmadim.
— Bu yerda nima qilib turibsiz, deyapman! — Hakim Nazarichning nafaqat nigohlarida, balki ovozida ham sinchkovlik gʻalayon qilardi.
— Alisherning ahvoli ogʻirlashib qoldi. Gulruh Qosimovna sizni chaqirgandi, — dedim oʻzimni oʻnglab.
— Hozir boraman.

Hakim Nazarich ortga qaytdi. Eshik ochiq qoldi. Yopishni unutdimi yoki atay ochiq qoldirdimi, bilolmadim. Birozdan keyin uning iltimos ohangida:
— Kseniya... Bir bemorimizni... — degani eshitildi.

Ortimga qaytarkanman, Hakim Nazarich ogʻzidan olov purkaydigan yetti boshli ajdarhoday tuyulardi.

Padariga la’nat! Poʻlat Damirovichdan farqi yoʻq ekan buning ham...

Tutqanogʻi bosilgan, lekin hali ham bezovtalik bilan ingranayotgan Alisherning yuziga termilib oʻtirgan Gulruhga bu haqda ogʻiz ochmadim.
— Hakim Nazarich hozir kelarkan, — dedim unga. — Qalay, durust boʻlib qoldimi?

Gulruh bosh chayqadi.

U qattiq qoʻrqib ketgan. Gapirishga ham holi yoʻq edi.

Oʻn besh daqiqalardan keyin Hakim Nazarich keldi.
— Gulruh Qosimovna, men gaplashdim, keyingi hafta bir ilojini qilib bemoringizni kasalxonaga joylashtiramiz. Lekin ungacha bir amallab turmasangiz...
— Yoʻq! — Gulruh keskinlik bilan Hakim Nazarichning soʻzini kesdi. — Keyingi hafta tugul bir kun ham dosh bera olmaydi endi... — Gulruh bir muddat oʻylanib, ikilanib turib qoldi. Soʻng Hakim Nazarichga murojaat qildi: — Sizdan bir narsani iltimos qilsam maylimi?
— Marhamat, — unga ajablanib tikildi Hakim Nazarich.
— Operatsiya uchun kerakli asboblarni topib bera olasizmi menga?
— Oʻzingiz operatsiya qilasizmi?!
— Ha.
— Gulruh Qosimovna!
— Tashvishlanmang, eplayman.
— Axir siz oddiy hamshiraman degandingiz-ku.
— Xirurgman.
— Ana xolos!
— Hakim Nazarich, bu yogʻi juda uzun tarix. Vaqti kelganda aytib berarman. Kerakli asboblarni olib kela olasizmi, menga shuni ayting. Zudlikda operatsiya qilmasak, boladan ayrilamiz.
— Topib beraman. Shu bugunning oʻzida, yoʻq, aniqrogʻi ertaga topib beraman, — dedi Hakim Nazarich shosha-pisha. — Faqat roʻyxatini bersangiz bas. Shaharda tanishlarim bor.

Keyin nima uchundir chuqur xoʻrsindi. Soʻng kulimsiragancha Gulruhga tikildi. Yoʻq, uning chehrasida kulgu emas, gʻayriixtiyoriy, bezovta, ogʻriq toʻla shodumonlik bor edi.

Gulruh oʻngʻaysizlanib yerga qaradi.
— Gulruh, — dedi Hakim Nazarich. — Kechagi mehmondorchilikdan buyon sizning oldingizda oʻzimni aybdor his qilyapman. Bilasizmi, ular menga... mehmondorchilik, yaqinroq tanishuv, deb aytishgandi. Hammasini keyin payqadim. Bunaqa boʻlishini bilganimda...
— Ogʻirlikni oʻzingizga olavermang, Hakim aka. Men oʻzimni xafa qildirib qoʻyadiganlardan emasman. Bilasiz-ku... — dedi Gulruh.
— Xayriyat. Koʻnglimdagi gʻashlikni tumanday tarqatib yubordingiz. Kechqurun koʻrishguncha, Gulruh Qosimovna.
— Xayr.

Hakim Nazarich ketdi.
— Bizdan ham koʻra unga qiyin ekan, — dedi Gulruh uning ortidan. — Kecha oqshom xotinining gaplarini eshitdingizmi?
— Men boshqa gapni eshitdim, — dedim sirli ohangda Gulruhga tikilgancha bir-bir bosib unga yaqinlasharkanman.
— Nimani? — hayron boʻldi u.
— Oʻrtoq xirurg, shunaqami?
— E, darrov eshitib qoʻydingizmi?
— Haqiqatan ham xirurgmisiz?
— Sobiq xirurg.

Tushundim, nimadir boʻlgan.

Ichimni it timdalardi, nima boʻlganini bilgim kelardi. Ammo... darrov savol berishning mavridi emasdi.
— Hozir hech narsani eslagim kelmayapti, — dedi Gulruh xijolat tortganday boʻlib.

U oʻychan boʻlib qolgandi.
— Eslashingiz shart emas, — dedim unga. — Toʻgʻri, siz haqingizda koʻp narsalarni bilgim keladi. Ammo men sizni bu yerga yetaklab kelgan va shu yerda men bilan uchrashtirgan tasodifiy voqealardan, tanishuvimizga qadar boʻlgan koʻngilli yoki koʻngilsiz voqea-hodisalardan, minglab oʻylar-u xotiralardan ayro qoʻyolmayman. Axir har bir insonning oʻziga yarasha oʻtmishi bor. Yaxshisi operatsiyangiz haqida oʻylang.

Gulruh minnatdorona nigoh tashladi. Kuldi, ammo lablari titrardi, allaqanday koʻngilsiz oʻtmish sharpasi yuziga soya tashladi, shunda yashash uning uchun ham oson boʻlmayotganini angladim.

Ertadan kechgacha faqat Gulruh haqida oʻylaydigan boʻlib qolgandim. Koʻzlarimni ochsam, roʻparamda u, koʻzlarimni yumsam ham qarshimda u...

Kechasi allamahalda qulogʻimga allaqanday xonish, yoʻq, aniqrogʻi, nolaga oʻxshash ovoz chalindi. Oʻrnimdan turdim. Ovoz Gulruhning xonasidan kelayotgandi. Eshikka yaqin bordim.
— Qoʻlimga tigʻ olmayman, deb qasam ichgandim. Operatsiya stolida yana bir insonning hayotiga zomin boʻlishni istamayman. Axir, oʻshanda hammasi men tufayli, mening uquvsizligim tufayli sodir boʻlgan-ku! Oʻshanda operatsiyadan bosh tortishga imkonim bor edi. Biroq hozir... buning sira iloji yoʻq. Bola bechoraning azoblanishiga ortiq chiday olmayman. Tangrim, oʻzing meni qoʻlla!.. — ohista tashlangan qadam tovushlari goh eshikka yaqinlashar, goh uzoqlashardi.

Negadir Gulruhga rahmim keldi. Toʻgʻrisi, negaligini oʻzim aniq bilmayman...

Ikki kundan keyin Gulruhning yolgʻiz oʻzi Alisherning oyogʻini operatsiya qildi.

Operatsiya uchun zarur asboblarni Hakim Nazarich keltirib bergandi. Hakim Nazarich birorta yordamchi kerak emasmi, deb soʻragandi, Gulruh qat’iyan bosh tortdi.

Bilmadim, yolgʻiz oʻzi qanday eplarkin? Qilday ishonch bir burda nonday aziz boʻlgan sharoitda bunday kuchni qanday topdi?

Gulruh shu kuni ertalabdan xonaga oʻzidan boshqa hech kimni kiritmadi. Soat oʻnlar atrofida eshik «shirq»; etib ichkaridan qulflandi-yu, jimlik choʻkdi.

Yurak hovuchlagancha tashqi yoʻlakda turardim. Xuddi oʻz jigarim tigʻ ostida yotgandek hayajonlanardim.

«Dadil boʻl, Alisher, — derdim ichimda nuqul. — Dadil boʻl. Har neki boʻlmasin, chidashga harakat qil. Tigʻ ostidan omon chiq. Aks holda Gulruh adoyi-tamom boʻladi...»;

Vaqt imillab oʻtardi.

Hakim Nazarich bir necha marta medpunkt eshigi oldiga kelib-ketdi. U menga bir nima demasdi-yu, lekin yuzi tashvishli koʻrinardi.

Birdan xayolimga yomon oʻylar keldi: «Operatsiya muvaffaqiyatsiz chiqsa nima boʻladi?..»;

Kayfiyatim buzildi. Bir yerda tura olmay derazaga yaqin bordim. Ammo ichkarini koʻrib boʻlmadi. Yupqa kulrang parda ortidan Gulruhning soyasi koʻrinardi, xolos.

Boyagi joyimga qaytdim. Birozdan keyin Hakim Nazarich yonimga keldi.
— Chekasizmi? — u sigaret qutisini tutdi.

Boshqa vaqt boʻlganida tortinardim, ammo hozir...

Ikkalamiz ham oʻz xayollarimizga gʻarq boʻlgancha ustma-ust chekardik. «Agar Alisherga bir gap boʻlsa, Gulruh tamom boʻladi, — deb oʻylardim. — Keyin uning oʻziga kelishi qiyin boʻladi. Hatto oʻzini oʻzi bir balo qilib qoʻyishi ham mumkin...»;

Oxirgi oʻydan esxonam chiqay dedi. Axir... men endi hayotimni Gulruhsiz tasavvur qilmay qoʻygandim...

Birdan behad taranglashgan asab tolalarim tars yorilib, tubsiz jahannam qa’riga qulaganday his etdim oʻzimni. Qoʻrquv va xavotir — mana shular meni qulatdi. Qiziq, dunyoda millionlab koʻz koʻrib ishonmaydigan moʻ’jizalar yaratilgan-u, nima uchun oʻlimning chorasi topilmagan?

Hakim Nazarich nimadir deganday boʻldi. Anglamadim. Savol nazari bilan qaradim.
— Odamzod oʻzini oʻzi xarob qilish vasvasasiga tushib qolganday tuyuladi menga, — dedi Hakim Nazarich ovozini sal koʻtarib. — Goʻyo koʻp pul topsa hayotni butunlay oʻzgarib ketadiganday. Aslida hayotni doʻzaxga aylantirib yuborganini ancha kech anglaydi...

Hakim Nazarichga tikilib qoldim. Yopiray, nahotki biz bir xil fikr yurishayotgan boʻlsak? Nahotki uni gʻussaga solgan narsa — Gulruhning tashvishi boʻlsa?

Ammo javob berishga ulgura olmadim, eshik «shirq»; etib ochildi. Ikkalamiz ham bir vaqtning oʻzida Gulruhning istiqboliga shoshildik.

Ming hadik va xavotir ichida:
— Nima boʻldi? — deb yubordim beixtiyor.

Hakim Nazarich ogʻiz ochishga ulgurmadi.
— Yaxshi, — dedi Gulruh. — Hozircha yaxshi...

U Hakim Nazarichga emas, menga qarab javob berdi. Ayni zamonda Gulruhning koʻzlarida shu qadar jur’at, shaylik va matonat mujassam ediki, beixtiyor ham havasim keldi, ham hayratim ortdi.
— Eplashingizga ishongandim, — dedi Hakim Nazarich samimiylik bilan. — Oyogʻini kesib tashlamadingizmi ishqilib?
— Yoʻq. Bu yogʻini endi vaqt koʻrsatadi.
— Yigitchani kirib koʻrsam boʻladimi?
— Boʻladi, lekin u hali oʻziga kelganicha yoʻq. Narkoz ta’sirida yotibdi.
— Oxirib baxayr boʻlsin, shunisiga xursandman, Gulruh Qosimovna. Boya xayolimga bir gap keluvdi, sizga shu yerda bitta kasalxona ochib bersak boʻlarkan, nima deysiz?
— Buni oʻylab koʻrish kerak.
— Toʻgʻri, bugunga shuncha hayajon-u tashvishlar yetarli, a? Kasalxona haqida boshqa vaqt gaplasharmiz...

Hakim Nazarich yana nimadir demoqchi boʻldi-yu, mendan istihola qildi, shekilli, indamadi. Men ham u xonasidan chiqib ketmagunicha bez boʻlib turaverdim-da.
— Operatsiya shunchalik uzoq choʻzilib ketdimi yoki menga shunday tuyuldimi? — soʻradim Gulruhdan.
— Ikki soat-u qirq minut...
— Menimcha, toʻrt soat-u qirq minut, — dedim men.
— Operatsiyadan keyin ikki soatcha Alisherning yuziga termilib oʻtirdim. Nazarimda u... — Gulruh yerga qaradi.
— Bir chashka choyga nima deysiz?
— Yoʻq, demasdim, agar yonida pechenьesi ham boʻlsa, — shu zahoti javob berdi Gulruh.
— Hozir, — dedim-u, oshxona tomonga yoʻl oldim.

Ikki soatlardan keyin Gulruh Alisherni kirib koʻrishga ruxsat berdi.
— Faqat koʻp gapga solmang, uzilib qoladi, — deya tayinladi u.

Alisher, yigirma yashar navnihol yigit, xuddi bemahal boshiga tushgan turmush toʻqmogʻi uni zarb bilan urib qulatganday, qimir etmay shiftga tikilib yotardi. Yuzi oʻzgarib ketgan, koʻzlarining osti koʻm-koʻk, lablarida qondan asar yoʻq, koʻzlari avvalgidan-da katta-katta, ammo hech qanday ma’no yoʻq edi.

Sekin karavotiga yaqinlashib, qoʻlini qoʻlimga oldim. Muzday, oppoq edi uning qoʻli.
— Alisher, uka, — dedim nimagadir yuragim toʻlib.

Alisher asta boshini burdi.
— Davron aka... — dedi u qovjiragan, zaif tovushda.
— Operatsiya yaxshi oʻtdi. Zoʻr oʻtdi. Hademay tuzalib ketasan, uka.

Yigitchaning lablari titradi.
— Uyni sogʻindim... Onamni...
— Oyoqqa turishing bilan uyga qaytasan. Hammamiz qaytamiz...
— Bu yerga kelmasam boʻlarkan...
— Alisher, — dedim bezovtalanib. — Senga hali gapirish mumkin emas. Menam keta qolay, har qalay ahvoling yomon emas, oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Endi borib bu xabarni otangga aytishim kerak.
— Otam bilmasmidi?..
— Doʻxtir hech kim bilmasin, deb tayinlagandi. Tezroq sogʻaygin, uka.

Alisher bosh irgʻadi.

Yov quvgandek eshik tomon yurdim.

Ostonada toʻxtab ortimga oʻgirildim.

Shunda Alisherning yigʻlayotganini koʻrdim. Unsiz yigʻlardi u. Yuzida biror ifoda yoʻq, katta-katta koʻzlaridan tinimsiz yosh quyilardi...
— Yosh doʻstimiz ancha oʻziga kelib qoldi, — dedi Gulruh ertasi kuni ertalab xursand boʻlib.
— Rostdanmi?
— Oyogʻimni kesib tashladi, deb oʻylab ezilib yotgan ekan bola bechora.
— Oyogʻing oʻzingga buyursin, dedingizmi?

Gulruh kulib bosh irgʻadi.

Qushday yengil tortdim. Vahimalar ortda qoldi. Butun olam tinchlangandek boʻldi. Xudoga shukr!

Kechki ovqatni uning xonasida birga qildik. Oʻzimizcha Gulruhning birinchi muvaffaqiyatini nishonladik.
— Qittay-qittay qilamizmi? — deb soʻradim Gulruhdan anchadan buyon koʻz qorachigʻiday asrab yurgan shishani koʻrsatib.
— Mayli, — dedi u.

Ilgari ziyofatlarda koʻpgina ayollarni kuzatganman. Ichkilik taklif qilsangiz oʻzini ming koʻyga solib, noz-firoq qilishadi-yu, quyib bersangiz, bir koʻtarishda boʻshatib, idishni qoʻlingizga qaytarib berishadi.

Gulruh unday qilmadi. Hech qanday noz-karashmasiz kichkinagina stakanni men bilan urishtirdi-da, ichib yubordi, keyin ishtaha bilan ovqatlana boshladi.
— Yana quyaymi? — deb soʻradim birozdan keyin.
— Yoʻq. Yetadi.

Tavba qildim, Gulruh shunday javob berardiki, uning javobidan keyin hech qanday izoh yoki e’tirozga oʻrin qolmasdi.

Tamaddi qilib boʻlganimizda soat toʻqqizga yaqinlashib qolgandi.
— Alisherdan xabar olay, — dedi Gulruh oʻrnidan turib.
— Tez kelasizmi?
— Uzoqqa ketmayapman-ku.

Gulruh parda ortiga oʻtdi.

Paytdan foydalanib shishadan yana bir stakan quyib, koʻtarvordim. «Mana endi u bilan bemalol gaplashib oʻtirishim mumkin»;, — dedim ichimda. Keyin tez-tez, ochofatlarcha qorin toʻygʻazdim. Gulruhning oldida chimxoʻrlik qilib tuzuk-quruq ovqatlana olmagandim-da...

Yarim soatdan keyin biz stullarimizni deraza oldiga qoʻyvolib, qaynoqqina choydan bir-bir hoʻplagancha gurunglashib oʻtirardik.
— Qaniydi hozir allaqanday begona yerda emas, oʻz uyingda, haftalab koʻchaga chiqmasdan, dunyo tashvishlarini tamom unutib, xayol surib oʻtirgan boʻlsang, — dedim Gulruhga qarab.
— Uyda oʻtirishni yaxshi koʻrasizmi? — soʻradi u.
— Dangasaman-da. Osh boʻlsa-yu, ish boʻlmasa, degichlardan.
— Shunday vaqtlar boʻlganki, haftalab uydan chiqmasdim... — ovozi siniq va shikasta chiqqanidan sezdimki, u allaqanday koʻngilsiz xotiralar girdobiga tushdi.
— Bunga ancha boʻlganmi? — ehtiyotkorlik bilan soʻradim.
— Ancha boʻlgan...
— Majburlashganmi yoki... boshqa sabab...
— Majburlashgan. Men shunday tushunaman buni. Lekin boshqalar boshqacharoq ifoda etishadi.
— Qarshilik qilmaganmisiz?
— Oʻsha vaqtlarda yosh edim-da...

Gulruh jimib qoldi.
— Bu yogʻi ma’lum... — dedim sekin.
— Oʻzimni biznesga urib toʻgʻri qildimmi, notoʻgʻrimi, bilmayman, bu haqda oʻylab koʻrgim kelmaydi. Eng muhimi, erkin va daxlsiz yashab kelayotgandim... — Gulruh yuzini kaftlari orasiga olib, nigohlarini yerga tikdi. Men uning xiyol egilgan oppoq boʻyni, bejirim yelkasi, nozik qoʻllarini koʻrib turardim. Roʻparamda oʻtirgan xilqat bir qarashda himoyaga muhtoj yosh bolani, bir qarashda esa chayir va yengilmas, ayni zamonda hurkak jonivorni eslatardi.

Hayhotday xona sukunat ichra suzardi.

Beixtiyor uning qoʻlini oldim.

Gulruhning kipriklari titrab ketdi-yu, asta-sekin koʻtarildi.
— Erkin va daxlsiz yashash yaxshi-a? — dedi u.
— Insonni hayotga bogʻlab turadigan ikir-chikirlar mavjud ekan, erkin va daxlsiz yashab boʻlmaydi. Menimcha, tavakkalchi boʻlish kerak. Shunda yashash oson kechadi.

Gulruh kafti bilan yuzimni siladi. Dovdirab qoldim. Bu nopok dunyoda bunday manzaraga duch kelaman, deb oʻylamagandim.
— Demak, men toʻgʻri qilgan ekanman-da? — dedi Gulruh menga qarab.

Uning koʻzlari va lablarida iltijoli intiqlik koʻrdim. Koʻnglimdan nimalar kechmadi!.. Qaniydi bu oqshom shu yerda, shu xonada qolsam... Uni bagʻrimga olsam... Ayni daqiqaning oʻzida bunga imkon borday edi. Ammo nimadir meni tiyib turardi. Tortinchoqlik, qoʻrquv yoki ehtiyotkorlik emas, yoʻq, juda ham ulkan, yiqib boʻlmas togʻdek ulkan, har qanday xohishni daf etishga qodir ehtirom meni tiyib turardi.

Biz yana biroz gaplashib oʻtirdik, soʻng bir-birimizga xayrli oqshom tilab xayrlashdik.

Tun. Sovuq. Yolgʻizlik va sogʻinch. Ikki qadam narida huvillagan, gʻarib kulbamga baxtli tasodif tufayli uchib kirib qolgan kapalak misol bagʻoyat sohibjamol hilqat... Mening mungʻaygan, koʻrimsiz oʻtmishim, behuda yelib-yugurishlar, besamara mehnat, bemaqsad oʻtayotgan umr, hamma-hammasi tashqarida, eshik ortida qolgandi. Qalbimda yana umid va ishonch, musaffo hayot nafasini his etardim. Men bu xazinani boy bermasligim, uni qoʻldan chiqarmasligim kerak.

* * *

Odatdagiday, eshik oldida oʻtirardim. Gulruh ichkarida, Alisherni yurishga oʻrgatayapti. Alisherning xoʻrsingani, Gulruhning hayajonli ovozi tez-tez eshitilib turibdi: «Qani, boʻlaqoling, qoʻrqmang!»;, «Ogʻrimaydi, bosavering!»;, «Hech narsa qilmaydi, dedim-ku...»;

Hakim Nazarich qarshimdan oʻtdi. Salom berdim. U indamadi. Anglamadi yoki alik olgisi kelmadi. Kim bilsin, ehtimol uning meni koʻrgani koʻzi yoʻqdir? Gulruhning xonasiga kirib, eshikni qattiq yopdi. Odatda u bunday qilmasdi.

Oʻn-oʻn besh daqiqadan keyin eshik ochildi. Hakim Nazarichning salobatli va jiddiy yuziga koʻzim tushdi. Gulruh bilan muhim narsa ustida kelishib olganligi xotirjam va chaqnab boqayotgan koʻzlaridan anglashilardi.
— Zerikmayapsizmi, Davron? — deb qoʻydi u toʻxtamasdan roʻparamdan oʻtib ketarkan.

Ajablangancha ortidan qarab qoldim. Boya salom berganimda alik olish tugul, yuzimga qarab qoʻymagandi. Endi boʻlsa... Sababini Gulruhdan soʻrab bilib olmoqchi edim. Lekin bu haqda ogʻiz ochmasidan burun Gulruhning oʻzi Hakim Nazarich haqida gap ochdi.
— Hakim akaga rahmim keladi. Yaxshi odam. Lekin juda qiyin vaziyatga tushib qolganday nazarimda.
— U ablah odam! — dedim oʻylab oʻtirmasdan.

Gulruh ogʻringandek nazar tashladi.
— Birovni yaxshi bilmasdan turib...
— Oʻzingiz uni yaxshi bilasizmi? — dedim Gulruhning soʻzini boʻlib.
— Bilishga harakat qilyapman.
— Qanday qilib?!
— Koʻrganlarim, his etganlarim... Qolaversa, u bugun soat oltida xonasida birga ovqatlanishga taklif qildi. Qandaydir muhim gapi bormish...
— Siz nima dedingiz? Rozi boʻldingizmi?!
— Oʻylab koʻraman, dedim.

Tepamdan birov muzdek suv quyib yuborgandek boʻldi. Hamma narsani taxmin qilishim mumkin edi, lekin buni emas. Hakim Nazarich ovqatlanish bahonasida uni uchrashuvga taklif etyapti-ku! Lekin Gulruh buni ish yuzasidan deb oʻylayapti, ana xotirjam chehrasidan koʻrinib turibdi. He, kimni ahmoq qilmoqchi bu qarib quyilmagan xotinboz?! Ish yuzasidan uchrashuv, suhbat yoki shunga oʻxshash narsa kunduzi boʻladi-da.

Yuzim oʻzgarib ketgan boʻlsa kerak, Gulruh menga taajjub bilan tikilib turardi.
— Borish shartmi? — dedim xafa boʻlib.

Gulruh kuldi.
— Davron aka, nega sal narsaga xafa boʻlaverasiz? — dedi keyin.
— Shunaqa odamman. Oʻzim kal, koʻnglim nozik...

Gulruh endi baralla kulib yubordi.
— Kuling-a, kuling. Sizga faqat kulish boʻlsa!..
— Juda qiziq eshitildi, yana bir qaytaring oʻsha gapingizni, — dedi Gulruh erkalangandek boʻlib.
— Kechki ovqatga bormayman, desangiz, takrorlayman.
— Oson ekan-u, mayli, hech qayoqqa bormayman. Lekin bekorga xafa boʻlyapsiz, bu ish yuzasidan boʻladigan suhbat. Menimcha, Hakim Nazarich menga ish taklif qilmoqchi.
— Azizam Gulruh, bunchalik sodda boʻlmang. Erkaklar bir oʻq bilan ikki quyonni urishga harakat qilishadi.
— Xoʻp. Siz aytgancha boʻlsin, — axiyri yon berdi Gulruh.
— Yaxshisi, kechasi ikkalamiz hovlini aylanishga chiqamiz. Ikki-uch kundan buyon kechasi havo juda ajoyib boʻlyapti, sezgandirsiz?
— Xoʻp.

Gulruhni holi-joniga qoʻymasdan uchrashuvga roziligini olganimdan kayfiyatim koʻtarildi, koʻnglim xotirjam tortdi, ish yuzasidan hech qanaqangi uchrashuv boʻlmaydi endi!

Jangda gʻolib chiqqan dakang xoʻrozday gʻoʻdayib eshik oldiga chiqarkanman, hovlida allaqanday shovqin, gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir ovozlarni eshitdim. Shu chogʻ Hakim Nazarich yonimdan zuvillagancha oʻtib ketdi.

Tashqariga chiqdim. Bu vaqtda jigarrang temir darvoza lang ochilgan, usti yopiq mashina, ikkita soqchi va toʻrt-besh kishiga koʻzim tushdi. Hakim Nazarichning «buyurtmasi»; esimga tushdi. «Yana kimlarningdir shoʻri quribdi...»; dedim ichimda.

Hakim Nazarich darvoza oldiga chiqib, keluvchilarni kutib oldi. Soqchilar bilan atigi ikki daqiqa gaplashdi. Keyin ular usti yopiq mashinada qaytib ketishdi.

Hakim Nazarich nimalardir degancha keluvchilarni ichkariga boshladi. Yangi kelganlar allaqanday piyonistalar emasligi turishlaridan ma’lum... Shu chogʻ ulardan biri koʻzimga tanish uchradi. Tez-tez yurib zinadan pastga tushdim.
— Safarali!

Egnidagi poʻstini birov tishlab tortganday yirtilgan, u yer-bu yeri osilib qolgan; irkit sochlari hurpaygan ulkan boshi yalang, tinka-madori qurib borayotganday, zoʻrgʻa gavdasini tik tutib turgan kishi yalt etib ortiga oʻgirildi, keyin butun gavdasi bilan keskin burildi.

Koʻzlarimga ishonmasdim.

Bu haqiqatan ham Safarali edi!
— Bormisan, ogʻayni?!

Quchoqlashib koʻrishdik. Voh, bechora doʻstim, qoqsuyak boʻlib qolibdi. Tarang yuzi osilib qolgan, qisiq koʻzlari kattalashgan...
— Xayriyat, Davron, tirik ekansan? — dedi Safarali entikib.
— Bormisan, ogʻayni?! — hayajonlanganimdan tilimda faqat shu soʻzlar aylanardi.

Hakim Nazarich tomoq qirdi. Hushyor tortdim.
— Barakda gaplashasizlar, — dedi Hakim Nazarich menga qarab.
— Yarim soatdan keyin oldingga oʻtaman, — dedim Safaraliga.

U bosh irgʻadi. Keyin sheriklariga qoʻshilib Hakim Nazarichga ergashdi. Yurishi hamon oʻsha-oʻsha, ayiqpolvon! Ammo juda ozib ketibdi. Shu vaqtgacha qayerda boʻldiykin?

Ortimga qaytdim. Yuragim hayajondan, kutilmagan uchrashuvdan gurs-gurs urardi. Bu xushxabarni (xushxabarmi yoki...) Gulruh bilan baham koʻrmasam yuragim tars yorilib ketishi turgan gap.

Yoʻlakka kirishim bilan ichkaridan eshitilayotgan gap-soʻzlar qulogʻimga chalindi.
— Gulruh, meni ortiq qiynamang, xoʻp deng. Iltimos! Bir ogʻiz soʻzingiz... Yarim ogʻiz soʻzingiz... Siz agar istasangiz, yoʻq, siz agar rozi boʻlsangiz... va hatto talab qilsangiz (bunga haqingiz bor, yuz foiz haqingiz bor!), men hammasidan voz kechaman! Voz kechishga tayyorman! — Bu Poʻlat Damirovich edi. U xona oʻrtasida turgan Gulruhning poyiga tiz choʻkkan holda iltijo qilardi.

Aftidan koʻproq otib olganga oʻxshaydi. Kursiga oʻtirib, uning chiqib ketishini kuta boshladim.
— Poʻlat Damirovich, sizni men emas, oʻzingizni oʻzingiz qiynayapsiz. Nima keragi bor bu tomoshaning?! Yaxshisi, meni tinch qoʻying, keting, hoziroq chiqib keting! — jigʻibiyron boʻlib uni haydardi Gulruh.
— Yoʻq, hech qayerga ketmayman. Urib, haydasangiz ham chiqmayman bu yerdan. Toki dardimga malham boʻladigan biror soʻz aytmaguningizcha.
— Agar chiqib ketmasangiz, Hakim Nazarichni chaqirishga majbur boʻlaman.
— Mayli, chaqiring, oʻsha yaramasni! Siz aftidan oʻsha yumshoq supurgidan umidvor boʻlyapsiz...
— Poʻlat Damirovich, ogʻzingizga qarab gapiring!
— Bilasizmi u qanaqa odam?..
— Bas qiling, deyapman!
— U yaramas va iflos odam!
— Hammangiz qoʻshmozor boʻling!
— Gulruh, azizam, bir ogʻiz soʻzingiz... Hammasi sizning bir ogʻiz soʻzingizga bogʻliq!..
— Oh, xudoyim...

Gulruh yigʻlamsirayotganday tuyildi. Endi ortiq kutib tura olmasdim. Ichkariga bostirib kirdim.
— Gulruh!
— Siz aralashmang, Davron aka! — dedi Gulruh, ammo ovozidan dadil tortgani sezildi.

Poʻlat Damirovich vaziyatni oʻzgartirmadi, choʻk tushgan holda turgancha sovuq tirjaydi.
— Darvoqe, tansoqchingiz... Men uni itday otib tashlashim mumkin, lekin bunday qilmayman. Chunki u sizni sadoqat bilan qoʻriqlayapti anavi yovvoyi kelgindilardan!..
— Haddingizdan oshmang, Poʻlat Damirovich! — dedim unga yaqin borib. — Qoʻlida qurol boʻlsa, quyon ham mard boʻlib ketadi.
— Oʻh-hoʻ, falsafani qarang! Bu deyman, men sizni qora ishchi deb yursam...

Poʻlat Damirovich gapini tugata olmadi.

Gulruh oʻrtamizga turib oldi.
— Poʻlat Damirovich, yuragingizda ozgina odamiylik qolgan boʻlsa, hoziroq bu yerdan chiqib keting!
— Xoʻp... — Poʻlat Damirovich birdan shashtidan tushib polga oʻtirib oldi. — Faqat bir savolimga ochiq javob bering, Gulruh Qosimovna. Maylimi, javob berasizmi, Gulruh Qosimovna?.. — yosh boladay yalina boshladi u.
— Qanaqa savol ekan?!
— Nega mendan nafratlanasiz, Gulruh?!

Gulruh darrov javob bermadi. Lablarini qimtigancha Poʻlat Damirovichga tikilib qoldi.

Men u bu savolga javob bermasa kerak, deb oʻylardim. Chunki Gulruh munofiqlarcha yolgʻon soʻzlay olmaydi. Toʻgʻri javob esa Poʻlat Damirovichni battar quturtirib yuborishi mumkin. Bilmadim, Gulruh bu vaziyatdan qanday chiqib ketarkin? Menga qolsa, bir musht bilan masalani hal qilib qoʻya qolardim.
— Siz men bilan savdolashyapsiz, Poʻlat Damirovich. Nahotki buni oʻzingiz sezmayotgan boʻlsangiz?! Men rozi boʻlsam, siz oilangizdan, umuman, oyogʻingizga tushov boʻlayotgan jamiki narsalardan va ayniqsa, boyligu mol-mulkingizdan voz kechmoqchisiz. Shundaymi? — Gulruh qizgʻinlik bilan Poʻlat Damirovichga qaradi. Poʻlat Damirovich boshini solintirdi. — Rozi boʻlmasam, issiq toʻshagingizni sovutmoqchi emassiz! Ammo, menimcha, har ikki holatda ham baxtli boʻlolmaysiz. Nega deganda, hozir ideal tuyilgan ayol, unga erishganingizdan keyin oddiy ayolga aylanadi, odatdagi turmush tashvishlari boshlanadi, shunday vaqtlar keladiki, shu ayolni deb bor-budimdan ayrildim, deb oʻylab meni butunlay yomon koʻrib qolasiz, afsus-nadomat chekishni-ku aytmay qoʻya qolay. Qolaversa, hozir mastsiz, mastlik bilan hamma narsadan osongina voz kechib qoʻyyapsiz. Ertaga ertalab mutlaqo boshqacha fikrlaysiz. Hatto rozi boʻlmaganim uchun mendan xursand ham boʻlarsiz! Siz ezgulikni yaxshi koʻradigan, fidoyilikni qadrlaydigan odamsiz. Shunisi borki, ezgulik ham, fidoyilik ham boshqalardan chiqsa... Iloji boricha, siz koʻp narsa yoʻqotmaslikka intilasiz!

Gulruh gapi tamom boʻlgandek jim boʻlib qoldi. Poʻlat Damirovichdan ham sado chiqmadi. U hamon boshini solintirgancha, aftoda qiyofada oʻtirar, shu holatida u avvalgi Poʻlat Damirovichga mutlaqo oʻxshamasdi. Toʻgʻri, u ichgandi, brendining oʻtkir hidi anqirdi undan, lekin aniq ayta olaman, u mast emasdi. Unga nimadir boʻlgandi. Oʻsha «nimadir»; tufayli uning qalbida oʻzgarish yuz bergan va hayotda roʻy bergan bunday favqulodda oʻzgarish uning xonumoniga oʻt qoʻygan hamda vujudini junbushga keltirib, shuurida qandaydir keskin burilish yasagan edi. Aks holda u bunchalik aftoda va nochor ahvolga tushmasdi.

Poʻlat Damirovich asta oʻrnidan turdi-da, boshini solintirgan koʻyi indamay chiqib ketdi.

Gulruh keskin burilib, deraza oldiga bordi. Chuqur xoʻrsindi. Uning yolgʻiz qolishni istayotganini sezib xonadan chiqdim.

Tashqariga chiqqanimdan keyingina Gulruhning huzuriga nima uchun borganimni esladim. Ammo ortga qaytmadim. Barak tomon ketdim.

* * *

— E, ogʻayni, oʻsha oqshom oʻziyam molday boʻkib ichgan ekanman. Hech narsani eslay olmayman, — deya boshidan oʻtganlarni hikoya qildi Safarali barakda oʻtirganimizda. — Ertasiga koʻzimni ochsam sovuq kamerada yotibman. Miya karaxt, avvaliga hech narsani eslay olmadim. Birozdan keyin asta-sekin miyam ishlay boshladi va birdan sen esimga tushib qolding. Sakrab oʻrnimdan turdim. Yon-verimga qarayman, sen yoʻqsan. U boshqa kamerada boʻlsa kerak, deyman oʻzimcha. Pul olib kelish uchun ketganing mutlaqo esimda yoʻq, oʻlay agar. Meni deb Davron ham bir falokatga yoʻliqdi, deyman nuqul. Shundan boshqa durustroq oʻy kelmaydi kallaga. Kun-kunora bizga oʻxshagan daydilardan ikki-uchtalab tushib turarkan. Eshik ochilsa, bas, kirgan odamning basharasiga tikilaman, sen emasmikinsan, deb. Qayoqda! Sendan darak yoʻq! Xit boʻlib ketdim. Uch-toʻrt kundan keyin qoʻyib yuborishadi, ana shunda Davronni qidiraman, topmasam uyga ketmayman, deb qasam ham ichib qoʻyganman. Ovqat olib kirgan soqchilardan birovi koʻzimga gapga koʻnadigan, oʻzimizga oʻxshagan sodda-bayov koʻringandi. Shuni qoʻyniga qoʻl solib koʻray-chi, biror yorugʻlik chiqarmikan, deb ikki ogʻiz gapirgandim, naq baloga qoldim. «Meni kim deb oʻylayapsan, baran?!»;, deb quloq-chakkamga tortib yuborsa boʻladimi? Oʻzi boʻlarim boʻlib yurgandim, menam ayab oʻtirmadim, qaytarib soldim basharasiga. Shundan keyin meni yomon qiynashdi. Politsiyaning kattalari: «Ishingni sudga oshiramiz!»;, deb doʻq urishadi, soʻroq qilishadi. Anovi sodda-mugʻambir har kuni ikkita oʻrtogʻi bilan kelib alamdan chiqquncha savalaydi. E... it ham itni bunchalik talamasa kerak. Odamning odamga qilcha rahmi kelmaydi-ya. Qanday zamonda yashayapmiz, Davron? Soqchi yigitning, mayli, menda alami bor deylik. Sheriklariga nima? Men ularga nima yomonlik qildim?

Haliyam ota-onamiz oʻz vaqtida iligimizni toʻq qilib oʻstirgan ekan, qiynoqlariga dosh berdim. Mundayroq odam boʻlganida kaltakka chiday olmay, oʻlib qolishi turgan gap.

Tergov tamom boʻlib, ishimni sudga oshirmoqchi boʻlib turganlarida birdan hammasi boshqacha boʻlib ketdi. Goʻyo hech qanaqangi janjal va tergov boʻlmagandek ikki kun meni tinch qoʻyishdi. Uchinchi kuni — mana bugun ertalab usti yopiq mashinaga chiqarishdi-yu, bu yoqqa olib kelishdi.

Oʻlay agar, hech narsaga tushunmadim. Seni bu yerda koʻrishni-ku, umuman xayolimga keltirmagandim.

Nimaiki boʻlmasin, tirik ekansan, shunisiga shukr, doʻstim. Ming qatla shukr. Koʻngil — dushman... Xayolimga ne gaplar kelmagandi... Ammo bir gapni ochiq ayt, mendan xafa emasmisan? Agar oʻsha kun boʻkib ichmaganimda...

Soʻnggi jumlani aytarkan, Safarali aybdorlarcha boshini egdi.
— Yoʻq, sen ochigʻini ayt, Davron meni tashlab, qochib ketdi, degan oʻyga bormadingmi oʻshanda? — dedim rostiga koʻchib.

Axir, qachonlardan buyon shu oʻy mening ham yuragimni toshday ezib yotibdi-ku.
— Qoʻysang-chi, seni bilmaymanmi?..

Yelkamdan togʻ agʻdarilganday boʻldi.

Shundan keyin Safarali bilan peshingacha gaplashib oʻtirdik.

Men unga bu yerga qanday kelib qolganim, nima ishlar qilganim, qancha pul olganim-u, qanday qilib oʻgʻirlatib qoʻyganim (oʻgʻri borligini doʻstim ham bilib qoʻysin-da, harqalay, menga qaraganda hushyor boʻladi), Hakim Nazarich, Poʻlat Damirovich va hokazo-hokazolar haqida qisqa, ammo batafsil soʻzlab berdim.

Faqat bir odam haqida ogʻiz ochmadim. Bu mening hammadan, hatto doʻstimdan ham yashirgan sirim boʻlib qolsin, degandim.

Ammo...
— A-ha, bu yerda ekansiz-ku, Davron aka! Men sizni qachondan beri qidirib yuribman, — deya Gulruh barakka kirib keldi-yu, sirim fosh boʻldi.

Yoʻq, Safarali birdaniga anglamadi hech narsani. Da’fatan Gulruhga koʻzi tushganida xuddi hov oʻsha mash’um voqealar ibtidosi vazifasini oʻtagan restorandagi kabi sehrlanib qoldi.
— Yo tovba, Davron! Men tush koʻrmayapmanmi? — deya shivirladi u.

Safaraliga koʻzi tushgan Gulruh hayron boʻlgandek eshik oldida turib qolgandi.
— Ikkita odam bir xil tush koʻrmaydi-ku. Bu Gulruh! Hozir tanishtirib qoʻyaman, — dedim kulib, keyin Gulruhni yonimizga chaqirdim: — Bu yoqqa keling, Gulruh.

Safarali ana shunda gapim ohangidan nimanidir fahmlaganday boʻlib, «yalt»; etib menga qaradi.

Koʻzim bilan: «Jiddiyroq boʻl!»; degandek ishora qildim. Safarali tushundi darrov.
— Bu kishi mening doʻstim, ikki oy muqaddam tasodif tufayli yoʻqotib qoʻygan doʻstim Safarali boʻladi, — dedim Gulruhga, u yonimga kelganidan keyin.
— Gulruh, — deya u birinchi boʻlib Safaraliga qoʻlini uzatdi.

Safarali shoshib qoldi.
— Safarali. Lekin siz Safar deyvering, aytishga oson boʻladi, — Safarali menga xayrixohlik bilan qarab qoʻydi.

Tushundim, Gulruh unga ma’qul boʻldi.

Nima ham derdim, Safarali odam tanlashni biladi. Bu uning qonida bor...

Biz endi uchovlashib suhbatni davom ettirdik.

Gulruh bu yerga nima uchun kelganini ham esidan chiqarib qoʻydi, shekilli, Safarali bilan har kuni koʻrishib turadigan eski tanishlarday bemalol gurunglashardi.

Oʻzimni har qachongidan kuchli va baxtiyor his etardim. Axir, bir yoqda doʻsting, bir yoqda suyukling hamdam boʻlsa, gʻam-tashvishing ham oʻtkinchi shamoldek tuyilar ekan.

Bir soatlardan keyin oʻrnimizdan turdik.

Ish joyimizga qaytishimiz kerak edi.
— Kechasi, ishdan keyin kelinglar, — dedi Safarali eshik oldiga chiqqanimizda. — Hangoma qilardik-da.
— Bugun biz bilan hangoma qilishga vaqting boʻlmaydi, yaxshisi ertaga oshxonada oʻtiramiz, — dedim oʻzimning barakda oʻtkazgan birinchi oqshomimni eslab.
— Sizlar uchun vaqt topaman, albatta kelinglar, — dedi Safarali.

Medpunktga qaytdik.

Gulruh ishga shoʻngʻib ketdi. Chunki ishchilar qaytadigan vaqt boʻlib qolgandi.

Kechasi soat oʻn birlarga borib medpunktdan odam oyogʻi tiyildi. Endi bemalol dam olsak boʻlardi.

Lekin mening uyqum qochgan, xayolim barakda qolgan Safaralida edi. U yerga Gulruhni yetaklab borishga esa koʻnglim chopmasdi. Gulruhni yolgʻiz qoldirib ketishga yana koʻnglim boʻlmasdi.
— Doʻstingiz kutib oʻtirgandir, bormaysizmi? — dedi Gulruh bir mahal.

Har qalay, u derazadan tez-tez tashqariga qarab qoʻyayotganimdan koʻnglimdagini fahmladi-yov.
— Siz-chi?
— Men dam olaman.
— Men ketib qolsam, siz qoʻrqmaysizmi?
— Qoʻrqsam, derazani ochib qoʻyaman, koʻzingiz tushgan zahoti kelaverasiz.
— Behazil-a? Xafa boʻlmaysiz-a?
— Chin yurakdan!..
— Buguncha borib turay, harqalay, birinchi kun, ertadan boshlab har qanday uchrashuv otboygacha tayin qilinadi, xoʻpmi?

Gulruh bosh irgʻadi.

Esingizda boʻlsa, barakka kirib kelgan birinchi kunim bu yerdagilar meni qanday kutib olishgani, yarim kechagacha gaplashib chiqqanimiz haqida soʻzlab bergandim.

Barakka kirib borganimda Safaralining ham boshida shu qismat — ellik-ellik besh chogʻli kishi uning atrofini gʻuj oʻrab olishgan, suhbat ayni qizgʻin nuqtasiga yetgandi. Sekin borib ularning qatoriga qoʻshilib, boʻlayotgan gap-soʻzlarga quloq tutib, jimgina oʻtirish niyatida edim. Lekin menga koʻzi tushishi bilan Safarali oʻrnidan turdi.
— Davron, yur, tashqariga chiqib bir chekib kelaylik, suhbatni keyin davom ettiramiz, — dedi u davradan chiqib.

Yon-atrofdan xitoblar eshitildi:
— E, shu yerdayam bemalol chakeversangiz boʻlardi. Oliftalikning nima keragi bor?
— Oʻyinbuzuqilik qilmasang-chi, Davron. Bip-binoyiday oʻtiruvdik, sen kelding-u...

Men endi gapga ogʻiz juftlagandim, Safarali ilib ketdi:
— Hali koʻp gurung qilamiz, ogʻaynilar. Davron jonday joʻram, u bilan hozir hol-ahvol soʻrashmasam, ertaga ishga ketib qolamiz!..

Safarali nima uchundir qattiq hayajonlanardi. Tashqariga chiqqanimizdan keyin men unga sigaret qutisini tutdim. U bir dona oldi, labiga qistirdi, lekin tutatishni unutdi.
— Xoliroq yerga boraylik, Davron, — dedi u. — Senda zaril gapim bor.

Men uni taxta toʻsiq boʻylab ketgan yoʻlkaning oxiriga boshlab bordim.
— Gapir.
— Sen boya suhbatlashganimizda Hakim Nazarich ishlab topgan pullarimizning bir qismini uyga yuboradi. Hali xonasiga chaqirib sizlar bilan shartnoma tuzadi, deganding-a?
— Ha, degandim.
— Rostingni ayt, shu gapga ishondingmi?!
— Ishondim nima-yu, ishonmadim nima?
— Bilasanmi, bu yerda bir gap borga oʻxshaydi.
— Dangal gapirsang-chi?
— Haliyam dangal gapiryapman-ku.
— Nimadan shubhalanyapsan boʻlmasa?
— Men bu yerda bir tanishimni uchratdim!
— Nima boʻpti? Dunyo tor... Oʻxshash qismat...
— E, men nima demoqchiman-u bu... Bidirlay¬vermasdan gapga quloq solsang-chi!
— Xoʻp. Gapir.
— Gapimni boʻlma!
— Xoʻp.
— Obbo, yana!.. Qisqasi, men bu yerda uchratib qolgan tanishim Karimboy aka degan kishi boʻladi. U oʻn sakkiz yashar oʻgʻli bilan ikki yil avval uyidan chiqib ketgandi. Bu yoqlarda arzimagan ish uchun ham koʻp pul toʻlanadi, deb eshitgandi-da...
— Xoʻp, nima boʻpti shunga? — dedim toriqib ketganimdan Safaralining gapini boʻlib.
— Shu paytgacha ulardan dom-darak boʻlmadi! Xotini Zubayda yanga u kishiniyam, oʻgʻliniyam allaqachon oʻldiga chiqarib, aza ochmasayam, undan beriroq boʻlib yuribdi.
— Nega oʻldiga chiqaradi? Axir, Karimboy aka bilan oʻgʻlining ish haqi uyiga yuborilyapti-ku. Shuning uchun shartnoma tuzilgan-ku!
— Uydagilar bir soʻm ham olishgani yoʻq. Oxirgi marta koʻrganimda Zubayda yanga kasal edi. Oson emas, ham eridan, ham oʻgʻlidan ayrilish... «Qishloqqa yaqin-oʻrtada borganmidingiz? Bizzi uydagilar eson-omon oʻtirishibdimi?»; deb soʻradi Karimboy aka boya. Nima deyishni bilmay, durust, deb qoʻya qoldim. Aytganday, Karimboy akaning oʻgʻli koʻrinmaydimi?
— Alisher kasal. Yaqinda Gulruh uning oyogʻini operatsiya qildi. Hozir medpunktda yotibdi, — dedim.

Keyin birdan hushyor tortib doʻstimga Alisherning tomdan yiqilib tushgani-yu, koʻrgan-kechirganlarim, shubha-gumonlarim va Hakim Nazarichning telefon orqali allaqanday Nikolay Fyodorovichga bergan «buyurtmasi»; haqida gapirib berdim.
— Voy yaramas! Hakim Nazarich deganing gʻirt ablah ekan-ku! — dedi Safarali tutaqib.
— Sekin.
— Endi nima qilamiz, Davron? Qulday ishlab yuraveramizmi?
— Mana, sen kelding, bir ilojini toparmiz endi.
— Qochamizmi? Nahotki, bu yerdan chiqib ketishning iloji boʻlmasa?
— Hamma yoqqa qurolli soqchilar qoʻyilgan. Bilmadim... Balki qochishni amalga oshirsa boʻlar, lekin...

Ochigʻi, men Gulruhni oʻylayotgandim.

Qochish oson emas, yoʻl azobi — goʻr azobi, begona yurtda sarson-sargardon boʻlmasdan yoʻl topib boʻlmaydi, Gulruh bunday azoblarga dosh bera olarmikin?
— Hozircha hech kimga churq etmasdan ikkalamiz bosh qotirib koʻraylik, keyin bir bitimga kelarmiz, — dedi Safarali.
— Mayli, — dedim horgʻinlik bilan. — Ortga qaytamizmi?
— Qaytdik.

Boshim gʻuvillardi. «Demak, hammasi yolgʻon ekan-da! Obbo, Hakim Nazarich-ey, odam degan shunchalik ham ustomon boʻladimi?!»;

Yuragimni gʻam-gʻussa chulgʻab oldi. Qiziq, yer yuzida insoniyat paydo boʻlibdiki, soxtalik va xudbinlik, ochkoʻzlik va shafqatsizlikka qarshi kurashib kelmoqda. Ammo oqibati nima boʻldi? Korchalonlik, sotqinlik, xuddi oʻziga oʻxshash tabiat gultoji boʻlgan insonlar taqdiriga e’tiborsizlik va yolgʻon tantana qilmadimi?!

Har ne boʻlganda ham, xom sut emgan bandalarmiz-da...

Safarali bilan xayrlashib, medpunktga qaytdim. Gulruh negadir uxlamay kutib oʻtirgan ekan.
— Keldingizmi?.. — ostonada koʻrinishim bilan u oʻrnidan turib istiqbolimga yurdi.

Harakatlari yengil va mayin edi. Yaqin keldi-yu... koʻksimga boshini qoʻydi. Keyin xiyol uzalib yuzimdan avaylab oʻpdi.

Bu hol shu qadar tez yuz berdiki, nima boʻlayotganini hadeganda idrok qilolmadim.

Men hali rostakamiga bu yerda emasdim, miyam hamon gʻuvillar, qulogʻimdan Safaralining soʻzlari ketmasdi...

Qilt etmasdim, ochiq derazadan sovuq havo kirib turardi. Gulruhga qarab turib yuragim tubiga choʻkkan gʻussa allaqanday umid bilan qorishib, butun vujudimni qaytadan zabt etayotganini, qaygʻu, ishonch, sovuq, yuzimga tegayotgan mayin sochlar, shaftoli hidi — bari ayqash-uyqash boʻlib ketayotganini his qildim, ehtimol hayot, chinakam hayot shudir!

Bu bir daqiqacha davom etdi. Keyin toʻsatdan odamlar uyqudan uygʻongandek birdan shovqin-suron bilan, bir-birlariga gal bermasdan guvillashib ketishdi.
— Nima deyapsizlar? Oʻlay agar, tushungan boʻlsam, — dedi Hakim Nazarich osoyishta tarzda.

U hammani nazaridan oʻtkazardi-yu, negadir men tomonga qaramasdi.

Yonimda turgan Safaralini qoʻltigʻidan olib, bir qadam oldinga chiqdim.

Hamma jim boʻldi.
— Hakim Nazarich, — deya bosiq va xotirjam ovozda murojaat etishga urindim. — Bu yigit yaqindagina keldi. Keldi-yu, bu yerda hamqishlogʻi Karimboy akani tirik uchratib hayratdan yoqa ushladi. Vaholanki, Karimboy akaning oilasidagilar u kishini allaqachon oʻldiga chiqarib qoʻyishgan ekan. Ikki yil bedarak ketgan odam haqida boshqacha fikrda boʻlolmaydi hech kim. Sizning gapingizga qaraganda, Karimboy akaning oilasi uning maoshini qurtday sanab olib, maza qilib yeb yotgan boʻlishi kerak...
— Boʻlmagan gap! — soʻzimni boʻldi Hakim Nazarich qizishib. — Bu qandaydir anglashilmovchilik! Aloqa boʻlimidagilarning...
— Bunisi anglashilmovchilik deylik, mayli, lekin... — kishilar orasidan yonma-yon turgan Nurali bilan Ravshanni imladim. — Mana bu yigitning aytishiga qaraganda, darvoqe, u kuni kecha kelganidan oʻzingizni xabaringiz bor-ku! — deya Ravshanga ishora qildim. — Nuralining uyidagilar ham undan bir chaqa olmaganlarini, aksincha, ota-onasi bedarak ketgan oʻgʻillarining gʻamida kuyib ado boʻlganini aytyapti. Siz nima deysiz bunisiga?

Hakim Nazarich surat boʻlib qoldi.
— Balki buyam anglashilmovchilikdir?! — kinoyali luqma tashladi Safarali.

Tagʻin gʻala-gʻovur koʻtarildi.

Odamlar orasidan achchiq-tiziq xitoblar eshitildi:
— Yolgʻonning nima keragi bor edi?
— Shuncha vaqtdan buyon tekinga ishlab yurgan ekanmiz-da!
— Bu jinoyat-ku!
— Qonun oldida javob berishingiz kerak?
— Endi hech birimiz ishlamaymiz.
— Yaxshisi bizga javob bering, uy-uyimizga ketaylik!

Hakim Nazarich qoʻlini koʻtarib shovqinni bosdi. Keyin biroz oʻzgargan ovozda:
— Yana takror aytaman, bu anglashilmovchilik! — dedi.

Bu xitobga javoban koʻtarilayotgan gʻala-gʻovurni Hakim Nazarich bir qoʻlini koʻtarishdayoq bosib qoʻydi va gapida davom etdi va:
— Tashvishlanmanglar, bu yerda tekin ishlamayapsizlar. Men ertaga, yoʻq, shu bugunning oʻzida bu masala bilan shugʻullanib, albatta, tagiga yetaman! Anglashilmovchilik tufayli zarar koʻrgan oilalarga tovon puli toʻlanadi, — dedi ishonch bilan.
— Endi bizni ishontirolmaysiz! — dedim Hakim Nazarichga tik qarab. — Yaxshilikcha, javob bering biror kor-hol yuz bermasdan! Aks holda...

Bilasizmi, shunda Hakim Nazarich birdan oʻzgardi: uning chiroyli va ulugʻvor yuzidagi yoqimli niqobi oʻpirilib tushdi goʻyo...
— Yaxshisi biror kor-hol yuz bermasdan jimgina ishga chiqqanlaring ma’qul, aks holda!.. — naq burnim tagiga kelib ilonday vishilladi u.

Qarshimda aqlli va mehribon ish boshqaruvchi emas, nafs alvastisiga qul boʻlgan takabbur kimsa turardi.
— Dagʻdagʻa qilmang, qoʻrqmaymiz, — dedim bosiqlik bilan.
— Shunaqami?!
— Shunday.

Hakim Nazarich shaxt bilan yurib borib eshikni lang ochdi.

Shu zahoti barakka oʻn-oʻn besh chogʻli qurollangan soqchilar bostirib kirishdi. Miltiq stvollarining sharaq-shurugʻi yangradi.
— Endi ham ishga chiqmaysizlarmi?! — gʻolibona nazar tashladi Hakim Nazarich.
— Yoʻq!
— Kerak boʻlsa oʻzingiz ishlang!
— Bizni baribir qoʻrqitolmaysiz!
— Shuncha aldaganingiz yetar!
— Nima, biz sizga qulmidik?!.

Bor-yoʻgʻi besh kishi javob qaytardik...

«Maydon»;da Safarali, Nurali, Ravshan va men qolgandik.

Boshqalar esa... Nigohlarida noumidlik, ishonchsizlik va gʻussa aks etgan kishilar birin-sirin barakdan chiqa boshladi.
— Matchonov! — Hakim Nazarichning qahrli ovozi yangradi. — Odamlarni olib zudlik bilan ishga joʻna! Bosh koʻtarmay ishlashsin! Tushlikka ham chiqilmaydi!

Eng oxirida, oyoqlarini sudragudek bosib Karimboy aka chiqib ketdi.
— Xoʻsh, sizlar-chi? — mamnunlik bilan bizga yaqinlashdi Hakim Nazarich.
— Otmoqchimisiz?! — kutilmaganda Nurali keskin harakat bilan Hakim Nazarichga baqamti keldi. — Oting!

Shu zahoti ketma-ket oʻq ovozi yangradi.

Soqchilar shiftni moʻljalga olishgandi.

Biz qilt etmasdan turaverdik.
— Ogʻaynilar, — birdan butunlay boshqacha ovozda murojaat qildi Hakim Nazarich. — Oʻzlaringga jabr qilmanglar...

Hakim Nazarich gapini tugata olmadi, xonaga Poʻlat Damirovich quzgʻunday bostirib kirdi.
— Nega bular bilan pachakilashib oʻtiribsiz, Hakim Nazarich?! — deya baqira ketdi u. — Yovvoyi maxluqlarni ogʻzidan otish kerak!

Poʻlat Damirovichning ketidan mirshab kiyimidagi kishilar qoʻllarida qurol bilan kirib kelishdi va bir zumda chiqish yoʻlaklarini bekitib, atrofimizni qurshab olishdi.

Safarali oʻzini tutib turolmadi.
— Kimni maxluq deyapsan, ablah?! — degancha u Poʻlat Damirovichga tashlandi.

Ammo doʻstim Poʻlat Damirovichga barmogʻini tekkizishga ham ulgurolmadi, ikki marta oʻq uzildi-yu, Safarali intihosiz bir hayrat bilan ikkala qoʻlini yuqoriga koʻtargancha shartta kesilgan daraxtday gursillab yerga quladi.

Men unga talpindim, tutib qolmoqchi boʻlgandek qoʻllarimni uzatdim, lekin...
— Umringni qamoqda chiritaman hammangning! — deya boʻkirdi Poʻlat Damirovich quturib. — Yaramas, kelgindilar! Organ xodimiga qoʻl koʻtarishning oqibatini ana shunda koʻrasanlar!

Poʻlat Damirovich yana nimalardir deya baqirdi, jazavaga tushib boʻkirdi; Hakim Nazarich ham nimadir deganday boʻldi, lekin men bularning birortasiga ham e’tibor bermadim, choʻk tushgancha Safaralining koʻylagini yechib, oʻq tekkan yeriga roʻmolchamni bosdim...
— Safar, doʻstim...

Safarali ingradi.

Xayriyat, tirik ekan!

Shundan keyin mirshablar bizni bitta-bittalab, yelkamizga miltiq tiragancha tashqariga olib chiqishdi.
— Kazarmaga!!!

Lak-lak dushmanni yengib, gʻalaba qozongan bahodirday butini kerib turgan Poʻlat Damirovichning guldirak ovozi yangradi.

Shu chogʻ «kontora»; tomondan boshyalang, xalatchan yugurib kelayotgan Gulruhga koʻzim tushdi.
— Nimalar boʻlyapti? Davron aka... — sarosima ichida javdirab qarardi u.
— Yaqinlashmang! Boring, xonangizdan chiqa koʻrmang, aks holda, sizniyam bularga qoʻshib!.. — tahdidli ohangda doʻq urdi Poʻlat Damirovich Gulruhning yoʻlini toʻsib olgancha.
— Hakim aka... — koʻzlari yoshga toʻlgan Gulruh Hakim Nazarichga yuzlandi.

Tosh qotgan «otaxonimiz»;dan sado chiqmadi.
— Gulruh, Safaraliga yaxshilab qarang, iltimos, — deyishga ulgurdim zoʻrgʻa.

«Organ xodimlari»; bizni urib-turtkilab, qoʻllarimizni orqaga qayirib «shtab»; tomon haydab ketishdi.

* * *

Zax, mogʻor va yana allaqanday achqimtil hid anqib turgan yertoʻla — kazarma edi.

Shifti past, boshimiz tegib qolganidan engashib yurardik. Oyoq ostidagi yerdan sovuq, muzday havo ufuradi.

Kunduzi bir nav, quyosh chiqqanidan keyin kumush koʻzguday yaltirayotgan tuynuk oynasidan ichkariga yorugʻlik tushadi; tunda zim-ziyo, birov-birovni koʻrib boʻlmaydi; faqat oy tepaga koʻtarilgan paytdagina qisqa fursatga yertoʻla xiyol yorishadi.

Kazarmaga kirib kelgan dastlabki daqiqada bu yer xuddi ochiq mozorday huvillab yotardi. «Tiq»; etgan tovush eshitilmasdi.
— Husan shu yerda boʻlsa kerak, — dedim Nuraliga.
— Bu yerda tirik jon borga oʻxshamaydi-ku, — dedi Nurali.

Kazarma ichi xiyla katta edi. Tuynuk atrofi yorishib tursa-da, burchak-burchaklar zim-ziyo, hech narsani koʻrib boʻlmasdi.
— Endi nima boʻladi? — dedi Ravshan shivirlab.

U dovdirab qolgandi. Mardlik qilib «maydon»;da qolishga qolgan-u, oqibati bu darajaga yetishini oʻylamagan chogʻi, yigʻlamoqdan beri boʻlib turardi.
— Boshga tushganini koʻz koʻradi, — dedim unga.

Keyin xonaga koʻz yugurtirdim. Menimcha, Husan shu yerda boʻlishi kerak. Boshqa qayerdayam boʻlardi, axir!
— Davron aka, — Nuralining ovozi keldi shu payt chap tomondagi burchakdan, — bu yoqqa keling.

Bordim.

Qarasam chindan ham Husan... yerda sulayib yotardi.
— Nafas olmayotganga oʻxshaydi, — dedi Nurali sekin.
— Nahotki? — engashib Husanning koʻksiga qulogʻimni qoʻydim.

Ishonasizmi, shunda «gup»; etib dimogʻimga badboʻy hid urildi. Xayriyatki, Husanning yuragi bilinar-bilinmas urib turardi.
— U tirik, — dedim hayajonlanib. — Qani, yordamlashvor, yorugʻroq yerga oboraylik.

Ikkovlashib Husanni koʻtardik, qaltisroq harakat qildikmi, Husan joni ogʻrib ketganday, qattiq ingrab yubordi.
— Kechir, uka, azoblab qoʻydikmi? — deya gʻudrandim.

Uni ehtiyotkorlik bilan koʻtarib tuynuk yaqiniga olib borib yotqizdik.

Shunda Husanning yuzini aniq koʻrdim. Husanning soqol-moʻylovi oʻsib ketgan, haddan tashqari ozib ketganidan badanida et qolmagan, sargʻayib-koʻkarib ketgan terisi osilib, chekka, yonoq, iyak suyaklari turtib chiqqandi. Qovoqlari shu qadar ichga tortib ketgandiki, bu yerda koʻz emas, allaqanday chuqurcha qorayib turgandek tuyilardi.

Eng dahshatli manzara esa qorinda edi. Gulruh olib tashlagan oʻqlarning oʻrni oʻradek oʻyilib, ichidan ichak-chavoqlari koʻrinib turar, achigan qon aralash yiringning badboʻy hidi anqirdi.

Ravshanning asablari dosh berolmadi, burnini bekitib nari ketdi. Yangi-da, hali koʻnika olmayapti.
— Husan, — dedim sekin uning yuzini silab.

Husan titrab ketdi, yuziga tekkan qoʻlim buni yaqqol sezdi.
— Meni eshityapsanmi, Husan?

Husan sekin koʻzlarini ochdi. Nursiz, soʻniq koʻzlarini bir necha daqiqa tikib turdi-da, yana yumib oldi.
— Tanimadi, — deya shivirladi Nurali.

Shu chogʻ Husan bemador qoʻlini xiyol koʻtarib qoʻlimga tekkizdi. Bu uning «Sizni tanidim, Davron aka»;, degani edi.

Ichim ezilib ketdi. Hech qachon oʻzimni bunchalar nochor va ilojsiz his etmagandim.
— Voy, buni qarang! — deb yubordi bir mahal Nurali hayajon ichida.

Qaradim. Qaradim-u, shu zahoti koʻnglim agʻdarilib ketdi.

Husanning jarohatidan yirik-yirik qurtlar birin-sirin oʻrmalab chiqardi!

Bas, bu haqda boshqa gapirmayman, gapira olmayman. Eslasam, hali-hanuzgacha koʻnglim ozib, a’zoyi-badanim jimirlab ketadi...

Barakda kechgan kunlarim kazarmada oʻtkazgan hayotim oldida holva boʻlib qolgandi.

Poʻlat Damirovich bu yerda ham bizni azoblashni bas qilmadi. Aksincha, u juda ham haddidan oshib, quturib ketdi.

Husanni tashlab qoʻymayotganimiz, qoʻlimizdan kelgancha unga gʻamxoʻrlik qilayotganimiz uchun ham, u kazarmaga kirib kelganida tuynuk oldida turganimiz yoki eshik ochilgan zahoti «dik»; etib oʻrnimizdan turmaganimiz uchun ham, qoʻying-chi, arzimagan bahonayu sabablar bilan Poʻlat Damirovichning shaxsan oʻz qoʻllaridan kaltak yerdik.

Poʻlat Damirovich tabiatan oʻta yovuz kimsa ekan. Ravshan uning azoblariga bardosh bera olmadi: Poʻlat Damirovichning qorasi koʻringan zahoti uni qaltiroq tutadigan, chap qovogʻi tinimsiz ravishda pir-pir uchadigan boʻlib qoldi.

Vahshiy Poʻlat Damirovich esa oʻsal yotgan Husanni ham oʻz holiga qoʻymasdi.
— Ha, oʻzboshimcha, qurtlarga yem boʻlib yotibsanmi? — derdi u benihoya huzur qilayotgandek zavq-shavq bilan. — Qoʻrqma, seni urmayman ham, otib ham tashlamayman. Sen shu yerda qurtlarga yem boʻlib oʻlib ketasan!

Husan allaqachon sob boʻlgan, soʻnggi kunlarini yashayotgandi, biroq Poʻlat Damirovichga javoban benihoya baxtiyor kimsadek kulib qarab qoʻyishga kuch topardi.

Men hali-hamon bu yigitni tushuna olmasdim.

Bir kuni ertalab ittifoqo eshik lang ochildi-yu, ichkariga quyosh kirib kelgandek kazarma yorishib ketdi.

Gulruh kelgandi. Soqchi hamrohligida.

Meni koʻrdi-yu, u yigʻlab yubordi.

Oʻlay agar, Gulruhdan buni kutmagandim.
— Nima boʻldi? Nega yigʻlayapsiz? Birov xafa qildimi? — dedim jonim boʻgʻzimga tiqilgudek boʻlib.
— Ozib ketibsiz... Koʻrinishingiz bir ahvolda... — dedi Gulruh soʻzlarini boʻlib-boʻlib.
— Shungami?.. Men boʻlsam... Xafa boʻlmang, hammasi oʻtib ketadi. Darvoqe, Safaralining ahvoli qanday?
— Jarohati bitib qoldi. Sizga salom aytdi. Hademay u kishiniyam bu yoqqa oʻtkazishsa kerak. Aytgancha, manavi xatni berib qoʻyishimni soʻragandi, — Gulruh kichkina qilib toʻrt buklangan qogʻozni qoʻlimga qistirdi.

Xatga qoʻshib uning qoʻlidan tutdim. Gulruh yerga qaradi.
— Hademay ozod boʻlib qolarsiz... — dedi u allaqanday dudmal ohangda. Keyin tuynuk tomonga qararkan: — Husanmi? Uni bir koʻrib qoʻysam maylimi? — dedi.

Men unga yoʻl berdim.
— Husan, meni eshityapsizmi, sizni koʻrishga keldim, — dedi Gulruh engashib.

Husanning koʻzlari yumuq edi. Gulruhning ovozini eshitdi chogʻi, koʻzlarini ochdi.
— Sizni oʻzim davolayman, hademay yaxshi boʻlib ketasiz, — dedi Gulruh samimiy ohangda.

Husan kulimsiradi, keyin nimagadir bosh chayqadi.
— Gulruh Qosimovna, vaqtingiz tugadi, — dedi eshik oldida turgan soqchi.

Gulruh iziga qaytdi.
— Husanni davolasa boʻladimi? — deya soʻradim asta.

Gulruh bosh chayqadi. Keyin:
— Yer zax, iloji boʻlsa, yotmang, oʻpkangizni oldirib qoʻyasiz, — dedi u xayrlashgisi kelmayotgandek eshik oldida turib.
— Oʻpka degan narsa qolmadi-yov bizda, — dedim kulib.
— Siz shunchalik sogʻlomsizki, bitta oʻpkangiz toʻrtta oʻpkaning oʻrnini bosishi mumkin, men buni aniq bilaman...

Soqchi tomoq qirdi.

Gulruh eshik tomon burildi.
— Gulruh, — dedim atay vaqtni choʻzib, uni yana bir daqiqa yonimda olib qolish uchun.

Rosti, undan ayrilgim kelmayotgandi-da.
— Ilojini topib, yana kelaman, — dedi Gulruh, — keyin xiyol uzalib yuzimdan oʻpdi va sekin, juda ham past ovozda shivirladi: — Sizni sevaman.

Beixtiyor koʻzlarimdan duvillab yosh otildi: umrim bino boʻlib, birinchi marta bunday soʻzni eshitishim edi!

Gulruh chiqib ketdi.

Eshik yopildi.

Ancha vaqtgacha turgan yerimdan jila olmadim. Nazarimda, mana hozir qulf sharaq-shuruq qiladi-yu, eshik lang ochilib Gulruh kirib keladi: «Men atay eshik ortida turgandim!!!»;.

Bir mahal xat esimga tushib qoldi.

Tuynukka yaqin borib, qogʻozni yoruqqa tutdim: «Gulruh meni olib qoldi, aks holda hozir men ham sizlarning yoningizda boʻlardim. U jasur ayol ekan. Nimadir qilishing kerak, yoʻqsa undan ayrilib qolishing mumkin. P. D. har oqshomni uning eshigi ortida oʻtkazyapti. Kecha tasodifan bir gapini eshitib qoldim: »;Kazarmadan doʻstlaringizni ozod qilsam, menga turmushga chiqasizmi?!".

Sevgi shoʻrlikni adoyi-tamom qilgan koʻrinadi.

Koʻrishguncha.

Mendan xavotir olma. Ancha yaxshi boʻlib qoldim. Safarali".

Doʻstimning qoʻli bilan shoshib-pishib, qingʻir-qiyshiq yozilgan soʻzlar yuragimga oʻqdek qadaldi. Halovatimni yoʻqotdim.

«Gulruhning kazarmaga kirishiga ruxsat berishi ham bejiz emas. Poʻlat Damirovich bizning ahvolimizni Gulruh oʻz koʻzi bilan koʻrishini istagan, shunda ehtimol, taklifiga osonlikcha koʻnishdan umidvor boʻlgan...»;

Kunni ming azob bilan kech qildim. Oʻlmas ovqat — yovgʻon shoʻrva ham tomogʻimdan oʻtmadi.

Tuynuk oldida tik turgancha tunni oʻtkazdim. Ayniqsa, tongga yaqin shu qadar siqilib ketdimki, yashagim kelmay qoldi.

«Ikki quloch arqon... kifoya... Lekin qani oʻsha arqon? Bu yerdan hatto zanglagan sim ham topolmaysan?»;

Bir mahal Husanning:
— Suv-v... — deya ingragani qulogʻimga chalindi.
— Suv? Hozir, jinday sabr qil, tong otib qoldi, soqchilar hademay nonushtamizni olib kelishadi, — dedim Husanning yoniga choʻk tushib.
— Suv-v... — yana ingradi u.

Qani endi vaqt tezroq oʻtsa!.. Yaramas soqchilar soat sakkiz boʻlmasdan nonushta berishmaydi.
— Suv-v...

Ilojsizlikdan peshonamni devorga urib yoray derdim. Jon berishi arafasida yotgan odamning soʻnggi iltimosini bajara olmaslik...

Devorga suyangancha uxlayotgan Nurali irgʻib oʻrnidan turib eshikka mushti bilan ura ketdi:
— Suv beringlar! Suv! Bir qultum suv beringlar!

Unga javoban hech qanday sas-sado boʻlmadi.

Nurali eshikni uraverib charchadi.
— Yarim soat qoldi, Husan, ozgina sabr qil, soqchilar kelishi bilan suvni qoʻllaridan olaman-u, senga beraman, toʻyguningcha, qonguningcha ichasan. Keyin Gulruh keladi. U seni davolaydi. Mana koʻrasan, bir hafta ichida otday boʻlib ketasan. Uning qoʻli yengil. Judayam yengil...

Men toʻxtovsiz, nafas rostlamasdan gapirardim, Husanni chalgʻitishga urinardim, ittifoqo, gap orasida Husanning xuddi sogʻlom, hech qayeri lat yemagan odamday koʻzlarini katta-katta ochib, menga diqqat bilan tikilib yotganiga koʻzim tushdi-yu, beixtiyor jim boʻlib qoldim.

Zero, bu nigoh nihoyat uzoq, zoriqib kutgan va maqsadiga erishgan odamning qarashini eslatdi menga.

Balki adashayotgandirman...
— Davron aka, menga bir qultumgina suv bersangiz, bas, boshqa hech narsa kerakmas, — dedi Husan kutilmaganda dona-dona qilib.
— Husan...
— Menga rahmingiz kelmasin... Men shunday qismatga loyiqman...
— Gulruh yaxshi xirurg. U...
— Uf! Nega odamlar oʻz holimga qoʻymaydi?!. — Bilmadim, bunday kuch qaydan paydo boʻldi, Husan birdan jazavaga tushib baqira ketdi: — Men qotilman, tushunyapsizmi, qotilman! Sevgan qizimni oʻldirganman!.. Oʻn besh yilga qamashgandi... Otam pulning kuchi bilan ikki yilda chiqarib oldi... Butun aybni oʻrtogʻimga yuklashdi... Qilmishimga yarasha jazo olishimga ham qoʻyishmadi! Men qoʻgʻirchoq emas, odamman, axir! Qilmishimga yarasha jazo olmadimmi, azoblanishim, azob tortishim kerak. Shunda ehtimol, uning ruhi oldida aybim yengillashar...

Husan goʻyo soʻnggi kuch-quvvatni ham sarflab boʻlgandek jim boʻlib qoldi.

Unga qarab, nigohlarida ulkan armon, afsus-nadomat va sadoqatni koʻrdim.

Shu kuni tushga yaqin u olamdan oʻtdi...

Ertasi kuni kechasi, soat chamasi oʻn ikkilar atrofida, he yoʻq-be yoʻq, soqchilardan biri kelib meni kazarmadan olib chiqdi.

Nurali bilan Ravshan ortimdan xavotir bilan qarab qolishdi.

Koʻnglimdan nimalar kechmadi, deysiz?!

Kazarmadan to kontoragacha boʻlgan qisqa masofani bosib oʻtguncha yillar oʻtib ketgandek boʻldi, nazarimda.
— Bemahalda bezovta qilmadimmi? — Hakim Nazarich hech narsa boʻlmagandek, oʻziga xos tabassum bilan qarshi olganida men deyarli behush edim. — Davron...

Hakim Nazarich qoʻlini koʻz oldimda silkitdi.
— Eshitaman, — dedim oʻzimni oʻnglab.
— Oʻtiring, — dedi Hakim Nazarich.

Oʻtirdim.

Hakim Nazarich roʻparamga kelib turdi. Uning qizil yugurgan yuziga qaragim kelmasdan nigohimni olib qochdim.

Seyf ustida yarimlangan aroq shishasi bilan stakan turardi. Tushunarli, yuzining qizilligi bejiz emas.
— Koʻnglingizdan nimalar oʻtayotganini sal-pal anglab turibman, — deya gap boshladi Hakim Nazarich. — Hammasi haqida keyinroq, bafurja gaplashib olarmiz, agar nasib qilsa. Hozir vaziyat ancha nozik. Yordamingizga muhtoj boʻlganim va ayniqsa, ancha-muncha gaplardan xabardor ekanligingiz uchun vaziyatni toʻgʻri baholay olishingizga ishonganim sababli sizni bu yerga chaqirdim...

Hakim Nazarich jim boʻlib qoldi. Aftidan, mening nimadir deyishimni kutardi.

Atay mum tishlagandek oʻtiraverdim.
— Ichasizmi? — soʻradi u.
— Yoʻq, — dedim toʻng ohangda.

Hakim Nazarich stakanni yarimlatib aroq quydi-da, bir koʻtarishda boʻshatdi, soʻng mushtini ogʻziga bosdi.
— Kecha kechasi Poʻlat Damirovich brendi shishasini quchoqlagancha medpunkt eshigi oldida uxlab qolibdi. Allamahalda xotini Aleksandra Pavlovna kelib mashinaga bosib olib ketdi. Oʻn kundan buyon ahvol shu. Poʻlat Damirovich shu paytgacha koʻp pul topib, bosar-tusarini bilmay qolgan odam edi. Endi boʻlsa nima qilayotganini anglamayotgan odamga aylanibdi. Hatto xotini bilan ajralishga ham qaror qilibdi.

Hakim Nazarich menga sinovchan tikilib qoʻydi. Indamay oʻtiraverdim. Shundan soʻng hamsuhbatim yana gapida davom etdi:
— Bundan Aleksandra Pavlovnaning qattiq jahli chiqib yuribdi. Mish-mishlarga qaraganda, Aleksandra Pavlovna: «Erimning suyuq va yengiltakligini kechirishim mumkin, ochigʻi, kechirib kelyapman shu choqqacha, ammo-lekin boshqa bir ayolni sevib qolishiga yoʻl qoʻymayman!»; deganmish. Keyin eriga bir hafta muhlat berganmish va: «Esing borida etagingni yopib ol, Poʻlat, yetar shuncha yil erkaligingni koʻtarganim, dadamga bir ogʻiz aytsam, sen ham, oʻsha hurliqo sevgiling ham oʻzlaringni yo qora yer bagʻrida, yo boʻlmasa osmonu falakda koʻrasanlar!»; deb ogohlantirganmish...
— Xotinlarning odatdagi doʻq-poʻpisasi, — dedim Hakim Nazarichning soʻzini boʻlib.
— Aleksandra Pavlovnaning qoʻlidan har balo keladi. Toʻgʻri, oʻzi ayol sifatida ba’zi bir salbiy qusurlardan xoli emas. Lekin u kishining muhtaram padari buzrukvori taniqli mulьtimillioner, qoʻlini qayoqqa uzatsa yetadigan ishbilarmon. Yakkayu yolgʻiz qizining koʻzidan yoshini oqizib, tomosha qilib oʻtirmaydi. Ish jiddiy olsa, xudo koʻrsatmasin, hoʻlu quruq baravar yonadigan dahshatli yongʻin sodir boʻlishi turgan gap. Birinchi navbatda Poʻlat Damirovich va u kishining otasi — uddaburon ishbilarmon Damir Vagizovlar xarob boʻlishadi. Nega deganda, ikkala ota, ikkala ishbilarmon quda boʻlganlaridan keyin sarmoyalarining asosiy qismini birlashtirib juda katta, keng koʻlamli ishni yoʻlga qoʻyishgandi. Shuning uchun ham bechora Poʻlat Damirovich xotini bilan ajrasha olmaydi. Modomiki ajrashishga qaror qilibdimi, bu yogʻini oʻzingiz tasavvur qilavering...
— Sizni tushungandek boʻlyapman, — dedim endi sal yumshab.
— Agar Gulruh bu yerdan ketmasa, — deya gapini davom ettirdi Hakim Nazarich andak yengil tortgandek boʻlib, — aybsiz aybdor boʻlib qolishi, boshiga koʻp savdolar tushishi mumkin. Men uni birgina sizga ishonaman. Uni olib keting bu yerdan. Ikki kun ichida ilojini topib sizlarni poyezdga yoki samolyotga chiqarib qoʻyaman. Rozimisiz?
— Roziman. Lekin boshqalar-chi?
— Boshqalar bilan ishingiz boʻlmasin, — dedi Hakim Nazarich ovozi oʻzgarib.
— Lekin...
— ...

Yuragim siqilib ketdi.
— Hakim Nazarich, keling, ochiqchasiga gaplashib olaylik, — dedim paytdan foydalanib qolishga qaror qilib. — Yangi kelganlarning soʻzlari rost boʻlsa, bu yogʻini nima deb tushunish mumkin? Axir bu noinsoflik, yoʻq, undan ham battar! Hatto nima deb aytishga ham til bormaydigan jinoyat-ku!
— Men hech kimni bu yerga iltimos qilib chaqirganim yoʻq. Oʻzlari, oʻz ixtiyorlari bilan kelishgan, — dedi Hakim Nazarich choʻntagidan sigaret qutisini olarkan.
— Hakim Nazarich, biz, hammamiz sizning buyurtmangizga muvofiq bu yerda yuribmiz-ku, yashirib nima qilasiz?!
— Biroq men sizlarni issiqqina uyingizdan yetaklab chiqqanim yoʻq-ku! Toʻgʻrimi? Faqat rost javob bering! — dedi Hakim Nazarich qizishib, u hayajonlanganidan halidan buyon zajigalkasini yoqa olmasdi.
— Toʻgʻri, — deya gʻoʻldiradim noiloj.
— Xoʻsh, taklifimga rozimisiz?
— Roziman. Lekin boshqalarni tashlab qanday ketaman?..
— Menimcha, Safarali doʻstingiz, shekilli?
— Ha.
— Unga ham javob. Birga ketasizlar. Boʻldi, haddingizni bilib, bas qiling. Yaxshisi, yoʻlga tayyorgarlik koʻring. Faqat bu haqda hech kimga ogʻiz ocha koʻrmang! Boring endi...

Hakim Nazarich orqa oʻgirdi.

Yoʻlakka chiqdim.

Bir daqiqadan soʻng oʻgirilib ichkariga bosh suqdim.

Yana nimadir demoqchi edim. Lekin Hakim Nazarich meni payqamadi, uning qoʻlida boʻsh stakan, horgʻin qiyofada, oʻz xayollari va sarxushlikka gʻarq bir alpozda oʻtirardi.

Oradan ikki kun oʻtdi.

Axiyri aeroportga yetib keldik.

Samolyot uchishiga bor-yoʻgʻi yarim soat qolgan ekan. Hakim Nazarich choʻntagidan uchta pasport va uchta chipta chiqardi.

Shundan keyin u eng avvalo Gulruh bilan, soʻng Safarali bilan samimiy xayrlashdi-da, muhim gapi borday meni bir chekkaga tortdi.
— Nimadir demoqchisiz, shekilli? — dedim qimtinib, allaqanday bezovta nazar tashlayotgan Hakim Nazarichga yuzlanib.
— Ha, topdingiz... Gulruh sizga omonat, doʻstim! Men... bilasizmi, oʻylab koʻrib... bir qarorga kelganimdan keyin albatta uni qidirib boraman. Albatta boraman! Ungacha omonatimni ehtiyot qiling, sizdan birgina oʻtinchim shu!

Hakim Nazarichning soʻzlari yuragimga toshdek botdi.

* * *

Shunday qilib, yurtimizga eson-omon kelib oldik.

Saodatning meni kutishga toqati yetmabdi, bir oy boʻlgan ekan turmushga chiqqaniga...

Lekin men bilan rasman ajrashmagani uchun yangi turmush oʻrtogʻi bilan nikohdan oʻtolmagan ekan. Kelganimni birovlardan eshitibdi-yu, taloq xati talab qilib keldi.

Nima ham derdim? Undan:
— Men yuborgan pullarni oldingmi? — deb soʻradim.

Xotinim (endi sobiq) juda ham hayron qolib:
— Qanaqa pul?! Siz menga pul joʻnatganmidingiz?! — deb javob berdi.

Ikki oyning nari-berisida Saodat bilan oramiz ochiq boʻldi. U endi menga butunlay begona...

Gulruh bilan tez-tez uchrashib turardik. Ba’zi kunlari ertadan kechgacha, gohida kechki besh-oltidan boshlab to yarim kechagacha shaharning eng koʻrkam, soya-salqin bogʻlarida sayr qilardik, suhbatlashardik. Bir necha marta toqqa dam olishga borib keldik.

Men baxtiyor edim.

Gulruh ham xursand edi; menga nigohi tushganida koʻzlari quvonchdan porlab ketardi.

Sirtdan qaraganda hammasi joyidaga oʻxshardi. Ammo... yuragimni toshdek ezib yotgan juda ham ulkan gʻussa bor ediki, undan sira ham qutula olmayotgandim... Meni Hakim Nazarichning mash’um soʻzlari tinmay ta’qib etardi: «Gulruh sizga omonat, doʻstim! Men... bilasizmi, oʻylab koʻrib... bir qarorga kelganimdan keyin albatta uni qidirib boraman. Albatta boraman! Ungacha omonatimni ehtiyot qiling, sizdan birgina oʻtinchim shu!..»;

Shunday kunlarning birida ertalab eshik qoʻngʻirogʻi jiringladi.

Hali soqol olishga ham ulgurmagandim. Yelkamga sochiqni tashlagancha borib eshikni ochdim.

Ostonada... Hakim Nazarich turardi!

Haykalday qotib qoldim.

U oʻziga xos nazokatli tabassumi bilan kulimsiradi:
— Bezovta qilmadimmi?

Men uni bir amallab uyga taklif qildim. Toʻgʻrisi, boshida Hakim Nazarich bilan birga sovuq oʻlka nafasi kirib kelgandek etim junjikib ketdi. Biroq bu hol tez oʻtib ketdi.
— Qaynoq, achchiqqina choyning oʻrnini hech qanday ichimlik bosa olmaydi-da, — dedi Hakim Nazarich dasturxon atrofida oʻtirganimizda.
— Butunlay keldingizmi? — deb soʻradim undan, chunki avzoyidan shunga ishora borday edi.
— Hali butunlay keldim, deya olmayman. Picha vaqt bor bunga, — dedi Hakim Nazarich. — Ammo ishlarimni bir yoqlik qildim.
— Aytganday, Poʻlat Damirovich qanday? — soʻradim.
— Poʻlat Damirovich ancha vaqt oʻziga kelolmay yurdi. Men bilan urishib, ishdan boʻshab ketdi. Ammo hozir tuzuk, hatto juda yaxshi desam ham boʻladi, Aleksandra Pavlovna vahima qilgan toʻs-toʻpolonlar yuz bermadi, u har qalay, tilini tiya oldi. Aytishadi-ku, idishning toshib chiqishiga soʻnggi tomchi yetmay turganida ham puldorlar aql bilan ish yuritadilar deb. Yaqinda er-xotin biznikiga kelishdi. Bilasiz-ku, Kseniya Sergeevna bilan Aleksandra Pavlovnaning oʻzaro bordi-keldilari bor. Poʻlat Damirovichni oʻshandan buyon endi koʻrishim edi. Oʻziga kelishi ancha qiyin boʻlgan chogʻi, bechora pati yulingan burgutday shumshayib qolibdi. Aftidan, unga endi baribir edi. Lekin koʻp oʻtira olmadi. Hali ham mendan xafa ekanligi, arazi tarqalmaganini, bu yerga xotinining qistovi bilan kelganini sezdirib qoʻydi...
— Hakim aka, oʻsha qurilish haqiqatan ham Ahmadbeyga tegishli edimi? — deb soʻradim undan.
— Ha, shaxsan Ahmadbeyga tegishli edi. U menga ustozday boʻlib qolgandi. Bundan ancha yillar ilgari otam aytgan qizga uylanmasdan uydan chiqib ketib, koʻcha-koʻyda daydib yurgan vaqtlarimda u meni qanoti ostiga olgan. Obdon ezib ishlatdi ham, ish oʻrgatdi ham. Tajribam ortdi. Mustaqil ish yuritishni ham eplardim. Shundan keyin u inon-ixtiyorini menga berib qoʻydi. Buning isbotiga misol sifatida oʻsha qurilishni aytishim mumkin. Ahmadbey kerakli mablagʻ bilan ta’minlab turardi, lekin men iqtisod qilish, mablagʻning bir qismini urib qolish maqsadida ishga haqiqiy quruvchi-ishchilarni emas, moʻmay daromad ilinjida izgʻib yurgan, noqonuniy kelib qolgan migrantlarni, gasterbayterlarni ishga yollardim. Buning hammasi ochkoʻzlik oqibati edi. Buni moʻmay daromad qarshisida dovdirab qolish desa ham boʻladi. Afsuski, buni kechroq tushundim... — Hakim Nazarich yerga qaragancha jim boʻlib qoldi.
— Xudo qargʻagan shoʻrliklarni haliyam ezib ishlatyapsizmi? — dedim avzoyim buzilib.
— Yoʻq. Bugun roppa-rosa bir oy boʻldi ularga javob berib yuborganimga. Barisini imkonim darajasida rozi qildim... Mana bu esa... — Hakim Nazarich ichki choʻntagidan chek daftarchasini oldi-da, orasidan bir varagʻini yirtib, qoʻlimga tutdi: — Mana bu sizning ish haqingiz...

Men undan koʻzimni uzmay, tikilib turaverdim.
— Tushuning, oʻsha vaqtda boshqa ilojim yoʻq edi! — dedi u zorlanganday boʻlib.

Shunda ham qilt etmadim.

Kutilmaganda u oʻrnidan turdi. Men ham qoʻzgʻaldim.

Eshik oldigacha jim bordik.
— Davron, — dedi Hakim Nazarich ostonaga yetganida taqqa toʻxtab. — Gulruhni qanday topsam boʻladi?

Koʻzlarimdan oʻt chiqib ketdi. Ammo oʻzimni bosdim. Axir u menga «omonat»; deb topshirilgan edi. Nima boʻlsa boʻlar. Hammasi taqdir hukmiga havola!
— Gulruh hozir ishda, — dedim. — Yarim soatlardan keyin chiqib qolsa kerak.
— Ishxonasi atrofida kutib tura qolaylik, — dedi Hakim Nazarich.

Yoʻlga tushdik.

Havo benazir edi. Charaqlayotgan quyoshning kumushrang yogʻdusi daraxt yaproqlarida, yoʻl chetidagi uylarning derazalarida jilva qilardi.

Faqat mening koʻnglim osmonini quyuq bulut qoplagandi. Har bir tashlagan qadamim gʻussali istiqbolim sari yetaklayotgandek tuyilardi.
— Shu yerda tura qolaylik, — dedim Gulruh ishlaydigan kasalxona darvozasidan picha berida toʻxtab.
— Xoʻp-p...

E, xudo, buni qarang, Hakim Nazarichning yuzi shu qadar oʻzgarib ketgandiki!.. Burun kataklari pir-pir uchishini qarang.

Koʻp oʻtmasdan Gulruh kasalxona darvozasidan chiqdi. Meni koʻrdi, qoʻlini silkib qoʻydi. Hakim Nazarichga e’tibor bermadi yo e’tibor bersa ham tanimadi.

Gulruh tez-tez yurib kelaverdi, kelaverdi, kelaverdi, atigi ikki qadam qolganda birdan taqqa toʻxtadi.
— Hakim aka?!

E, xudo, namuncha baqirmasa? Shunchalik xursand boʻlib ketadi, deb oʻylamagandim...
— Omonmisiz, Gulruh?

Ular qoʻl berib koʻrishishdi.
— Men shoshib turgandim. Boraqolay, — dedim oʻzimni ortiqcha sezib.

Gulruh menga hayron boʻlib qaradi.

Hakim Nazarich Gulruhni tirsagidan tutib chetga olib chiqdi. Uning:
— Toshkentning eng zoʻr restoraniga taklif qilsangiz yoʻq demasdim, Gulruh, — deganini eshitdim.

«Ustomon! Xotinboz!»;

Ketishim kerak, bu yerda turish noqulay, ammo keta olmasdim. Tosh bogʻlangandek oyoqlarimni yerdan uzolmasdim. Qaramayin, derdim, ammo nigohlarimni olib qocholmasdim, lahza sayin uzoqlashayotgan Gulruhning ortidan qarab turardim.

«Yana biroz yurishsa katta yoʻlga chiqishadi. Keyin duch kelgan mashinaga oʻtirishadi-yu, koʻzdan gʻoyib boʻlishadi»;, — miyamda faqat shu fikr gir-gir aylanardi.

Bir mahal... ular yurishdan toʻxtashdi.

Gulruh bosh egib turar, Hakim Nazarich nimalarnidir kuyib-pishib soʻzlardi. «Ket! Ketsang-chi bu yerdan, — derdim oʻzimga oʻzim. — Nega qaqqayib turibsan?! Nimadan umidvor boʻlyapsan? Saodatli kunlaring tugadi, tamom boʻldi. Nahotki shuni sezmayotgan boʻlsang?!»;

Bir mahal... ular yana yurishda davom etishdi.

Hech esimdan chiqmaydi, Gulruh ikki marta ortiga qarab qoʻydi. Men boʻlsam es-hushidan ayrilgan ovsardek... tutun ichida... tuman ichida turgandek... ikki sharpadan boshqa hech narsaga, hech kimga parvo qilmasdan turaveribman, turaveribman...

Bir mahal...

Yo rabbim!

Koʻzlarimga ishonmasdim! Bu qachon roʻy berganiga aqlim bovar qilmasdi! Gulruh, nozik-nihol malagim, suv yuzida suzib yurgan nilufarim men tomon shamoldek yelib kelardi!..

Men Gulruh tomon otildim...

Tamom.

II- qism
 
Keyingi