OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifZulfiya Qurolboy qizi
Asar nomiMuhabbat va nafrat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Zulfiya Qurolboy qizi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm58KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Muhabbat va nafrat (hikoya)
Zulfiya Qurolboy qizi

Yanvarning oxirlarida birdan havo aynib, kun sovib ketdi. Bu yil qish boʻlmaydi-yov, deb bemalol yurgan odamlar shoshib qolishdi. Ikki kun gupillatib qor yogʻdi. Kuni bilan hovlini toʻldirib, qiy-chuv qilib oʻynaydigan bolalar ham uy-uylariga kirib ketishdi. Kattalar ish yuzasidangina koʻchaga otlanishgan, sovuqdan hammaning tusi oʻzgargan: yuz-koʻzlarida horgʻin ifoda aks etib turardi. Shahar odamlari shunaqa, sovuqqa chidamsiz boʻlishadi; ish boʻlmasa, boʻynimga olgan majburiyat boʻlmaganida edi, issiqqina uyda, yumshoq divanga yastangancha qahva ichib oʻtirardim, deb oʻylashadi ular. Darvoqe, uyga nima yetsin. Katalakdek boʻlsayam oʻz uying boʻlsa, gʻam-anduhga ne hojat...

Besh qavatli uyning beshinchi qavatidagi xonadonlarning birida muzday deraza oynasiga boshini tirab xomush oʻtirgan qiz shularni xayolidan oʻtkazdi. Bundan oʻn yil muqaddam u «oʻqiyman»; deb shaharga kelib qolgandi. Taqdir kulib boqib, institutga qabul qilingan, tirishib-tirmashib besh yilni biramallab oʻtkazgan qiz qishloqqa qaytib borishdan bosh tortgan, aqlini tanigandan buyon u shaharda yashashni orzu qilardi. Shu bois ketgisi kelmadi. «Bu yerda yashash oson, — deb oʻylagandi u oʻshanda. - Bir amallab uy olsam, gap meniki. Er topish qiyinmas»;.

Yoʻllanma boʻyicha ishga joylashib olib, «propiska»; degan balodan oʻtib olganida oʻzining omadli ekaniga yana bir karra ishondi. Jon-jahdi bilan ishlashga, pul topishga harakat qildi. Biroq olgan maoshi u oydan bu oygacha oziq-ovqatiga bazoʻr yetardi. Kiyim-kechakka yoʻl boʻlsin. Yaxshiyam ota-onasi har zamonda boʻlsayam pul berib turadi. Har doim ulardan yordam soʻrashga qizning yuzi chidamaydi. Axir undan tashqari yana sakkizta jon ota-onaning qaramogʻida. Yogʻingarchilik kunlari loy boʻlib ketgan tuflini issiq suvda yuvmaydi, yelimi koʻchib ketishi mumkin. Shunchalik avaylasa ham bir marta ishdan shoshib kelayotganda bir poy tuflisining poshnasi tushib ketib, oʻtgan-ketgandan juda uyalib qolgandi...

Hamon oynaga tiralib turgan peshonasidan sovuq oʻtgan qiz birdan oʻzini tortdi. Peshonasini ushlagancha deraza oldidan uzoqlashdi. Oshxonaga oʻtar-oʻtmas eshik qoʻngʻirogʻi ustma-ust qattiq jiringlab, choʻchitib yubordi. Ehtiyot yuzasidan «glazok»;dan qaradi. Eshik ortida peshonasini pushti sharfl bilan tangʻib olgan ayolni koʻrib yuragi shuv etdi. Uy egasi! Ijara haqini soʻrab kelgan. Eshikni ochmaslikka qaror qilib, nafas chiqarmay turaverdi. Tashqa-ridan ayolning shangʻillagan ovozi eshitildi:
— Eshikni oching, Dildora! Oching deyapman. Bilaman, uydasiz. Haligina balkonda turganingizni koʻrgandim.

«Obbo, kuydirgi-ey, - deb oʻyladi qiz. — Kalamushga oʻxshab, hamma yoqdan hid olib yuradi-ya»;. Noiloj eshikni ochdi.
— Voy, Mavjuda opa, sizmidingiz? Kitob oʻqib yotib koʻzim ilinibdi.
— Ijara pulini soʻrab keldi, deb atayin ochmadingiz-ku. Nima qilasiz yashirib? - dedi Mavjuda opa shartakilik qilib. Ovozidan uning hazillashayotganini ham, jahli chiqqanini ham bilib boʻlmasdi.
— Chindan, uxlab...

Dildoraning gapi chala qoldi. Mavjuda opa uning taklifini ham kutmasdan ostona hatlab, ichkariga kirdi. Kira solib uy ichini birma-bir koʻzdan kechira boshladi. Engashib koʻrsatgich barmogʻi bilan plintusining changini artib koʻrdi.
— Bir paytlar men bu uyni tilim bilan yalardim, — deya har doim aytaverib yod boʻlib ketgan gaplarini takrorladi u. – Uyimni ozoda tutishingizga ishonib, sizni ijaraga qoʻyganman.

Mavjuda opaning qiziq odati bor edi. Gapirayotganda yonidagi kishini yuziga qaramas, undan gapiga yarasha javob ham kutmas, shangʻillagancha xayoliga kelgan narsalar haqida tinmay soʻzlar, faqat navbat ijara haqiga kelganidagina koʻzlarini loʻq qilgancha tikilib turaverardi.
— Ertaga bersam maylimi? lltimos, yana bir kungina...
— Insof sayin baraka, deganlar, Dildora. Axir uch oydan beri toʻlamayapsiz-ku.
— Bilaman, hisoblab yuribman, — dedi Dildora, oʻqituvchisi oldida imtihon topshirayotgan talabadek yurak hovuchlab. — Pulim tugab qoldi. Bugun, mana, ishga ham borolmadim. Etigimning poshnasi tushib qolib... — Dildora shosha-pisha eshik ortida turgan etigining bir poyini koʻrsatdi. — Kechga yaqin bir tanishimdan soʻrab koʻrmoqchiman.
— Ha, soʻrang tanishingizdan. Soʻppayib, quruq qoʻl bilan kelib-ketib yuraveradimi?

Dildoraning yuzidan issigʻi chiqib ketdi. «Voy, kalamush-ey, undan hech narsani yashirib boʻlmaydi-ya?»;

Mavjuda opa oshxonaga oʻtib, deraza tagidagi stulga oʻtirarkan, gaz ustida turgan qozonga ishora qilib dedi:
— Yoningizda bir miri yoʻgʻ-u, nima qilardingiz uning uchun ovqat qilib.
— Ha, endi... - deya chaynaldi Dildora. - Yoʻqdan koʻra...
— Oshmi?
— Ha, sabzi oʻrniga karam, goʻsht oʻrniga bir dona tuxum solib qildim.

Mavjuda opa ilkis-ilkis goh undan, goh bundan savol berib, qizni gapga tutarkan, zimdan unga sinovchan tikilardi. Koʻzlarida tushuniksiz bir ma’no bor edi -hayratmi, hayronlikmi?
— Ha, mayli, shunchasi oʻtgan yana bir kun oʻtar, - dedi u oxirida oʻrnidan turarkan. - Bilib qoʻying, bir kundan ortiq kutolmayman.

Eshik salgina zarda bilan taraqlab yopildi. Dildora erkin nafas oldi. Bir necha soniya yoʻlak devoriga suyangancha xayolga tolib turdi-da, soʻng oʻzidan ikki qadam narida turgan telefon oldiga bordi. Goʻshakni ushlagancha, birpas ikkilandi, keyin tanish nomerai tera boshladi.
— Abdullani chaqirvoring, - dedi u goʻshakni olgan kishiga. Anchadan keyin u tomondan «Abdulla yoʻq?»; degan javobni olib, tepa sochi tikka boʻldi. «Ablah. Yana eski hunarini boshladi»;. U oshigʻich tarzda eshik ortida turgan eski tuflisini qoʻliga olib, u yoq-bu yogʻini koʻzdan kechirdi. «Kiysa boʻladi, - degan qarorga keldi. - Qorlar eriy boshlagandir»;. Yoʻlak devoriga osilgan uzunchoq koʻzgu oldida turib, naq yarim soat pardoz-andoz qildi. Goh uzoqdan, goh yaqindan koʻzgu oldiga kelib, oʻziga tikilarkan, shu turishida har qanday erkakni lol qilib qoʻyishiga oʻzida ishonch hosil qildi.

* * *

«Qochib, qayerga borarkan, - dedi qiz ichida kimnidir yanib. - Yerni tagidan boʻlsayam sugʻurib olaman»;. U eshik oldida bir nafas toʻxtab, plashi choʻntagidagi chaqalarni hisoblab koʻrdi. Tramvayda borib kelishiga bemalol yetadi. Qiz zinalardan ehtiyotkorlik bilan tushdi. Birinchi qavatda Mavjuda opa yashaydi. Uning koʻziga koʻrinishdan, savollariga javob berishdan yuragi bezillaydi. Uch oydan buyon ijara pulini toʻlamagani uchun yeb yuborgudek boʻlib yuribdi. Uzzukun Dildorani kuzatadi. Xuddi u bir kechada koʻch-koʻronini ortib, koʻchib ketadigandek, ortidan poylagani-poylagan. Uch yildan buyon uyimda turibdi. Nega unga ishonmayman, deb oʻylash xayoliga ham kelmasa kerak. Hozir ham allaqaysi tirqishdan moʻralab, uni koʻrib turgandir.

Dildora bir amallab zinalardan tushib, hovliga chiqib oldi-yu, yelkasidan togʻ qulagandek yengil tortdi. Ammo Mavjuda opaning chigirtkanikidek bir burda yuzi koʻz oldidan nari ketmasdi. «Boylik, baxt husn tanlamas ekan, — deya oʻyladi u tramvayda ketayotib. — Omadi bor ayolning boshiga qoʻnaverarkan»;. U navbatdagi bekatlardan birida tushib, yugurgancha yoʻlning narigi betiga oʻtib oldi. Ikkala tarafdan gʻizillab kelayotgan mashinalarning «bibillab»; bergan signallariga parvo ham qilmadi. Shundoqqina yoʻl yoqasidagi tepasiga «Sartaroshxona»; deb yozilgan oynaband binoning eshigini ochib, ichkariga qadam bosishi bilan anvoyi hidlar qoʻshilmasidan hosil boʻlgan boʻgʻiq havo dimogʻiga urilib, nafasini qaytardi. U hech ikkilanmay erkaklar boʻlmasi tomon yurdi. Ichkarida kalta oq xalat kiyib olgan ikki yigit ikki kishining sochini toʻgʻrilashayotgandi. Uchinchi kreslo boʻsh. Demak, u yoʻq.
— Abdulla aka bugun ishga kelmadi, dedim-ku sizga, - dedi yigitlardan biri unga qarab.
— Nega kelmaydi? Axir bugun ish kuni-yu...
— Qizchasi kasal ekan. Doʻxtirga olib boraman degandi.

Dildoraning ensasi qotdi. Yigitning gapiga ishonmaganligini bildirish uchun qoshlarini chimirdi.
— Ha, mayli, kech boʻlsayam kelib qolar. Kutib turaman, -dedi u va yoʻlakka chiqib, shu yerga qoʻyilgan oʻrindiqlardan biriga oʻtirdi.
— U bugun umuman kelmasa kerak, - dedi haligi yigit ovozini sal balandlatib. Qiziqsinib Dildora tomon qarayotgan mijozni boshini toʻgʻirlab, roʻparasidagi koʻzguga qaratib qoʻydi.

Dildora uning soʻzlarini eshitmagandek, beparvo oʻtgan-ketganni kuzatib oʻtirdi. «Hammasining tili bir, - deya oʻyladi qiz. — Hali tramvaydan tushgan zahotim u oynadan koʻrgan-u, juftakni rostlagan»;. U yoʻlakdagi oʻrindiqda uch soatdan koʻproq oʻtirdi. Biroq Abdulladan hamon darak yoʻq. Birinchi smena tugab, ikkinchi smena boshlandi. Haligi sartarosh yigit ham xalatini yechib, kiyimlarini almashtira boshladi. Dildora uning ketish taraddudini koʻrayOtganini sezib, oʻrnidan turdi.
— Iltimos, unga aytib qoʻying. Bugun kechqurun uyimga oʻtsin. Agar yana qochib yuradigan boʻlsa, uyiga borib, sharmandasini chiqaraman, — dedi u qat'iy qilib.

Yigit indamadi. Na «xoʻp»; dedi, na «yoʻq»;. «Xoʻp»;, desa Abdulla bilan tili birligini sezdirib qoʻyadi. «Yoʻq»;, deyishga Dildoradan hayiqdi. Ikki yildan buyon Abdulla bilan jiqillashib yurganidan xabardor. Bir necha marta Dildoraning shallaqilik qilib, Abdullani yumma talaganini ham koʻrib qolgandi. Shu bois miq etmadi.

Dildora tashqariga chiqib, tramvay bekati tomon yoʻl oldi. Uning rang-quti oʻchgan, ich-ichidan gʻalati bir titroq turgandi. «Ablah, -dedi u har galgidek butun gʻazabiyu nafratini shu soʻzga jamlab. -Endi bunaqasini oʻylab topibdi-da. Agar ozginagina, juda kam boʻlsayam mablagʻim boiganida hech qachon uning ortidan qidirib yurmasdim»;. Beshinchi kursda oʻqib yurganida sochini kestirish uchun shu sartaroshxonaga kelib, ayollar boʻlmasi tomondagi yoiakda navbat kutib turganida Abdulla bilan tanishib qolgandi. Oʻshanda u qizni navbatsiz ichkariga olib kirib, tanish sartarosh ayoldan qizning sochini chiroyli qilib, eng soʻnggi modada kesib qoʻyishini iltimos qilgandi. Keyingi safar, oradan ikki oy oʻtib, u yana shu sartaroshxonaga kelganida tagʻin shu yigitga yoʻliqdi. Keyingi uchrashuv institutda yuz berdi. Bu gal Abdulla uni yoʻqlab borgandi. Keyin esa... ular juda qalinlashib ketdi. Abdulla chiroyli yigit edi. Qaddi-qomati kelishgan, qosh-koʻzlari qop-qora, yuzi xuddi tarashlangan toshdek silliq. Dildora bu koʻrkam yigitga qanday qilib ixtiyorini berib qoʻyganini sezmay qoldi. U ikki yil hech narsani oʻylamay Abdulla bilan uchrashib yuraverdi. Birinchi boʻlib Abdulla «oʻyin»;ni buzmaganida hayoti haliga dovur ilgaridek davom etavergan boʻlarmidi. Afsuski, Abdulla birdan oʻzgarib qoldi. Uni-buni bahona qilib uchrashuvlardan bosh torta boshladi. Har zamonda bir koʻrishgan vaqtlarida ham oʻy surishdan nariga oʻtmasdi. Keyinchalik umuman yoʻqlamay qoʻydi. U yigitning xotini, bittami-ikkitami (anigʻini bilmasdi) bolasi borligini bilardi. Azbaroyi uni yaxshi koʻrgani uchun bu masala qizni koʻp ham qiynamasdi. Toʻgʻri, Abdulla uyiga ketgan vaqtlari rashk oʻti yuragini kuydirgan onlar ham boʻlgandi. Biroq u koʻnglini keng qilishga harakat qilar, meni deb bolalaridan voz kechishini istamayman, deya oʻzini oʻzi ishontirmoqchi boʻlardi. Bunga erishardi ham. Er-xotinlik munosabatlari yangi boshlangan paytlarda Abdulla: «Uyolibberaman, nikohimgaolaman»;, deb koʻp va’dalarbergandi. Munosabatlari qalinlashib borgani sayin u yigitning choʻntagida ortiqcha hemirisi yoʻqligini bilib olgandi. Ammo negadir gʻashi kelmagandi. Aksincha, besh-oʻn soʻm orttirgan vaqtlari bildirmay AbduUaning choʻntagiga solib qoʻyardi. Narx-navo koʻtarilib, uning ahvoli tang boʻlavergani sayin, Abdulla ham oiganni ustiga tepgan qilib, aloqasini uzishga harakat qilib qoldi. Ustma-ust telefon qilaverib, bezorini chiqazgan chogʻlardagina istar-istamay qiznikiga kelar, yuz-koʻzidan, gap-soʻzlaridan uni koʻrishga zor emasligi shundoqqina sezilib turardi. Ana shundan keyingina Dildoraning burniga suv kirdi.
— lye, bu qanaqasi boʻldi? - deya qichqirdi u kutilmaganda. - Hayotimni barbod qilib, qochib qolmoqchimisiz? Uy olib beraman, degandingiz? Nikohimga olaman, degandingiz? Qani oʻsha va’dalar? Qani?

Uning jazavasi tutgan, koʻzlaridan oʻt chaqnar, butun vujudi isitma tutgandek titrardi. Abdulla miq etmasdi. Yerga qaragan koʻyi, ogʻir-ogʻir xoʻrsinib oʻtiraverardi. Keyinchalik, munosabatlari sal iliqlashgan paytlari u gap orasida bolalari koʻpayganini, xotini pul topmayapsan deb janjal qilayotganini qistirib oʻtardi. Dildoraning unga rahmi keldi. Oʻzicha AbduUaning gʻaribgina uyini, yupungina kiyingan xotini-yu, bolalarini koʻz oldiga keltirib koʻngli boʻshadi, yigʻlagisi kelardi.
— Hammasiga chidayman, - deya u pichirlagandi oʻshanda Abdullani quchoqlab. - Hammasiga chidayman. Faqat meni tashlab ketmaslikka soʻz bering.

Abdulla ovoz chiqarib bir narsa demadi. Koʻzlarini yumgan koʻyi, bosh irgʻadi, xolos. Haqiqatan ham Dildoraga hech narsa kerak emasdi. Abdulla yonida boʻlsa bas! Ammo yigit shuni ham eplamadi. Borgan sayin uzoqlashib ketaverdi. Oxirida qochib qolish payiga tushdi. Dildora uch oydan buyon uni tutolmay garang.

Tramvay kelib qolib, qizning xayoli boʻlindi. U turtinib-surtinib tramvayga chiqib oldi. Boʻsh oʻrindiqlardan biriga oʻtirdi. Uning roʻparasidagi oʻrindiqda qorachadan kelgan yigit oʻtirardi. Dildoraga koʻzi tushgan hamon eski tanishlardek bosh irgʻab salom berdi. Dildora yuzini oʻgirib, oyna tomonga qarab oldi. Keta-ketguncha yigit undan koʻz uzmadi. Dildora tramvaydan tushganida yigit ham tushib, izma-iz kelaverdi. Qrz uni oʻgʻri gumon qilib, yuragini vahm bosdi. Qadamini tezlatdi. Tanish uy oldiga kelib, ortiga oʻgirilganda besh-olti qadam narida turgan yigitni koʻrib dod devorishiga sal qoldi. Sumkasini bagʻriga bosgancha, yugurib zinalardan tepaga koʻtarildi. Qoʻrqqanidan a’zoyi-badani qaltirardi. Titroq qoʻUari bilan eshikni ocharkan, pastdan erkak kishining ogʻir-ogʻir qadam tovushini eshitib, battar yuragi yorildi. Uyga kirib, titrogʻi bosilgach, sekin «glazok»;dan qaradi. Hech kirn yoʻq. «Oʻgʻri izimga tushdi, uyimni koʻrib oldi. Endi meni tinch qoʻymaydi»;, - degan xayol miyasini burgʻulay boshladi. U oshxonaga oʻtib stol ustidagi choynakdan choy quyib ichdi. Yuragi hamon kuzgi yaproqday titrab turardi. «Shunisi yetmay turuvdi, - deya oʻylay boshladi u. - Hali uy egasiga nima deyman?»; Haligi qoʻrquv ustiga ijara puli vahimasi qoʻshilib qizning yuragini ezdi. U oʻzining nochor ahvolda qolganidan xoʻrligi kelib, yigʻlab yubordi. Oʻksib-oʻksib uzoq yigʻladi. «Endi men kerak boʻlmay qoldimmi? Janjal qilaverib, seni uydan bezdirgan yomon xotining endi yaxshi boʻlib qoldimi? -Dildora qarshisida Abdulla turganday yigʻi aralash koʻnglidagini toʻkib sola boshladi. - Endi nima qilaman? Qanday yashayman? Ota-onamga nima deyman? Mavjuda opani qanday qilib tinchitaman?»;

* * *

Shu oqshoni u yurak hovuchlab tong ottirdi. Mavjuda opa kechqurun negadir chiqmadi. Uyiga mehmon kelib qolganmi? Eri allaqaysi idoraning boshligʻi deb eshitgandi. Tez-tez uylariga mehmon kelib turadi. Dildora uch yil badalida Mavjuda opaning erini uch yoki toʻrt marta koʻrdiyov. Qachon qaramasin, ishda boʻladi. Ammo-lekin xotinini, bolalarini ta’minlab qoʻygan. Qoʻsha-qoʻsha uylari, mashinalari bor. U kursdosh dugonasi orqali shu uyni ijaraga olgandi. Dugonasi Mavjuda opaning jiyani boʻladi. U allaqachon erga tegib, bola-chaqali boʻlib ketdi. Ijara haqini toʻlash va muddati oʻtib ketgan vaqtlarda Mavjuda opa yoʻlini poylayverib bezor qilar, boʻlar-boʻlmas, zahar-zaqqum gaplarni gapirib ta’bini tirriq qilar, ammo biron marta uydan chiqib ket, deb doʻq urmasdi. Balki oʻsha jiyanining yuzini qilar, balki shu yoʻsin odamgarchilik qilayapman deb oʻylar, bu yogʻi Dildoraga noma’lum.

Ertalab muzlatgichni (uning birdan-birboyligi) ochib koʻrib, nonushtaga arzigulik hech vaqo yoʻqligini koʻrib, ta’bi xira boʻldi. Bir muddat muzlatgichga tikilib xayol surib turdi. Soʻng bir qarorga keldi shekilli, apil-tapil kiyina boshladi. «Bugun dam olish kuni, — deb oʻyladi qiz. — Uyiga bostirib boraman...»; U ham mehmonxona, ham yotoqxona vazifasini oʻtovchi (bir xonali uy boʻlsa!) kattagina xonaga kirib, karavoti tagidan ogʻirgina chamadonini tortib chiqardi. Kiyilaverib ancha uniqqan kiyimlari orasidan salafanga oʻralgan bir juft sochiqni oldi. Oʻtgan yili onasi bergan edi. Ishlatishga koʻzi qiymay, chamadoniga solib qoʻygandi. Oʻsha sochiqlarni Mavjuda opaga koʻrsatish uchun qoitigʻiga qisib, uydan chiqdi.
— Mana bularni sotmoqchi edim. Balki olarsiz... — dedi u ming istihola bilan.

Mavjuda opa salafanni ochib, sochiqlarni yoyib koʻrdi.
— Almisoqdan qolganmi, nima balo?
— Yoʻgʻ-e, oʻtgan yili onam bergandi. Asrab yuruvdim...
— Qancha beray?
— Bilmadim... oʻzingiz bilasiz...

Mavjuda opa ichkariga kirib ketdi. Bir ozdan soʻng qoiida pul bilan qaytib chiqdi.
— Rozi boʻling, - dedi u xushlamaygina.

Dildora pulni sanab ham koʻrmadi. Chopqillab hovliga chiqib ketdi. Mavjuda opa uning ortidan uzoq tikilib qoldi. Har doim qahr bilan bepisand boquvchi koʻzlarida shafqat tuygʻusi uygʻongandekedi...

Eshikni oʻttiz-oʻttiz besh yoshlardagi ayol ochdi. U oq-sariqdan kelgan, istarasi issiq edi. Kiyinishi ham yomonmas, har qalay Dildora oʻylaganchalik yupun emasdi. Ayol Abdullaning xotini ekanligini u darrov fahmladi.
— Keling, — dedi ayol hayron boʻlib, unga boshdan-oyoq tikilgancha.
— Abdulla... aka... uydami? - deya oldi Dildora bazoʻr. Negadir sarosimalanayotgandi. Boyagi botirligi qayoqqa yoʻqoldi?
— Ha, uyda, keling. Ichkariga kiring, — ayol uni erining mijozlaridan deb oʻyladi shekilli, mulozamat qila boshladi. - Ostonada turmay, uyga kiring. Hozir chiqib qoladilar?

Dildora tavakkal qilib, ichkariga qadam bosdi. Shu payt vanna tomondan «Kim keldi, Mavluda?»; degan tanish ovoz eshitildi. Zum oʻtmay yelkasiga sochiq tashlab olgan maykachan Abdulla paydo boʻldi. Ostonada turgan Dildoraga koʻzi tushgan zahoti toshdek qotib qoldi.
— Dadasi, sizni soʻrab keldilar, - dedi Mavluda goh eriga, goh Dildoraga qarab qoʻyarkan.
— Men uyda soch olmayman, - dedi Abdulla darhol oʻzini oʻnglab. Dildora tushunsin deb ovoziga sirli tus berdi. Ammo Dildora unga parvo qilmadi. Qarindoshining uyiga kelgandek bafurja oyoq kiyimini yechib, yoʻlakning chap tarafida eshigi lang ochiq mehmonxonaga kirib, uy ichini kuzata boshladi.
— Kimsiz oʻzi? Uyimizga nega keldingiz? - dedi Mavluda uning ortidan izma-iz yurarkan. Kutilmagan tashrif uni dovdiratib qoʻygandi.
— Oʻh-hoʻ, — Dildora ayolning savollarini eshitmagandek unga qiyo ham boqmadi. — Xotinim uyimda qoiga ilingulik narsa yoʻq deb janjal qiladi, degandingiz. Mana bular nima? Rangli televizor, divan-kreslo, nemis gilamlari...
— Bas qiling, - deya qichqirdi Abdulla. - Eshik ochiq, chiqib keting?
— Nega chiqib ketarkanman? - dedi Dildora bamaylixotir. -Bu uy mening ham uyim.
— Abdulla aka, u nima deyapti? - Koʻzlari yoshga toʻlgan Mavluda eri tomon yuzlandi. Abdulla unga javob bermadi, biroq koʻzlarini olib qochdi. Dildora toʻla gʻalabaga erishgandek er-xotinga gʻolibona qarab turardi.
— Men uni tanimayman, - dedi oʻziga kelgan Abdulla. U endi oʻzini tutib olgan, yuz-koʻzlarida kinoyali tabassum oʻynardi. -Hozir shunaqa ayollar chiqqan deb eshitgandim. Tinch oʻtirgan oilalarga borib, men eringni oʻynashiman deb turib olisharkan. Baloga qolgan er haligini tinchitish uchun pul bilan ogʻziga urarkan.

Dildoraning ustidan bir chelak sovuq suv quyib yuborishgandek, butun vujudi muzlab ketdi. Tomiiiarida qon yurish-mayotgandek, oyoq-qoʻllari jimirlab, uvishayotgandek tuyulib, oʻzini tashlab yuborishiga sal qoldi.
— Voy yaramas, hali shunday qilib non topib yeb yuribman, de. Ota-onang biladimi? - deya bobillay ketdi Mavluda eshimchaga qoʻshimcha boʻlib. - Uyingda... jimgina oʻtirganingda tengingni topib ketarding-ku ...

Dildora chidab turolmadi. Hamon qoʻltigʻida qisib turgan sumkasini Mavluda tomon uloqtirdi.
— Iflos, ablah, bunchalikka borasan deb oʻylamagandim, — deya izillab yigʻladi Dildora va eshik tomon yoʻnalayotgan edi, yuzi shilingan Mavluda yoiini toʻsdi.
— Javobini olib ketmaysanmi? — dedi-yu, Dildoraga tashlandi.

Qiy-chuv, toʻpolon boshlandi. Biri birini yulgan, biri birining sochiga chang solgan. Baqirishgan, dod-voy qilishgan... Abdulla bazoʻr ularni ajratdi.
— Mavluda, yoʻqol, koʻzimga koʻrinma, — deya avval u xotiniga baqirdi. Soʻng Dildoraga yuzlanib dedi: - Mana, oʻylagan niyatingizga yetdingiz. Endi javob!
— Bu uy, bu er meniki, ikkinchi qadamingni bosma, — deb baqirdi Mavluda uning ortidan.

Dildora it quvgan gadoydek abgor holda uydan chiqarkan, bor kuchini, bor nafratini toʻplab, shunday dedi:
— Hali koʻramiz, kimniki boʻlishini...

Bir ozdan soʻng eshik qarsillab yopildi.

Sochlari toʻzgʻigan, yuzlari tilingan, yoqavayron qiz kimsasiz koʻchada qayoqqa yurishini, nima qilishini bilmay ancha vaqt turib qoldi. Qalbi huvillab, oʻzini yolgʻiz his etdi. Shu paytgacha u Abdulla meni sevadi deb oʻylardi. Shu umid, shu ishonch uning dardiga malham, koʻngliga quvonch bagʻishlardi. Taqdir uni shugina baxtdan ham benasib etdi. Yolgʻiz qanday yashaydi?

Qiz ogʻir xoʻrsinib, haligina kelgan yoʻli boʻylab, bekat tomon bir-bir bosib yurib ketdi. Kun kech boʻlib qolgan, yoʻllar muzlab, izgʻirinli shamol esardi. Avtobuslar tirband. Bir bekatda toʻxtashsa, narigisidan gʻizillab oʻtib ketardi. Bekatda turaverib, sovuqjonidan oʻtib ketdi. Plash choʻntaklariga qoʻlini solayotib birdan yonida sumkasi yoʻqligini bilib qoldi. Yuragi shuv etdi. Sochiqning puli sumkada edi...

* * *

Kecha kechqurun bazoʻr yetib kelgan qiz ertasiga tong azonda bardam uygʻondi. Balkonga chiqib, oynadan yorishib kelayotgan tongni kuzatdi. Kechagi voqealar esidan chiqmay, koʻngliga soya tashlab turgan boʻlsa-da, tiniqib uxlaganidanmi, ruhi ancha tetik edi.

Keyin muzlatgichda borini dasturxonga qoʻyib, nonushta qildi. U oʻzini oʻzi quvnoq koʻrsatishga, kayfiyatini koʻtarishga harakat qildi. Axir, yana yarim soatdan keyin ishga borish kerak. Kechagi kayfiyati bilan ishlab boʻlmaydi. «Sumkani qolib ketgani yomon boʻldi-da, — deya oʻyladi u. — Shuni bahona qilib ortimdan chiqsa boʻlardi. Yaxshiyam mayda pullarni choʻntagimga solib qoʻygan ekanman. Boʻlmasa holimga maymunlar yigʻlardi»;.

Shu payt eshik qoʻngʻirogʻi jiringlab, uning xayoli boʻlindi. Kim ekan? Qizning yuragi tez-tez urib ketdi. Abdullamikin? Sumkani bahona qilib... Yo Mavluda opami?.. Eshik oldiga borguncha ming xil xayol boshidan oʻtdi. Odatdagidek «glazok»;dan qaradi. Qandaydir erkak kishi orqa oʻgirib turardi. Dildora ikkilana-ikkilana oxiri eshikni ochdi.
— Salom, — dedi eshik oldida turgan yigit va ostonada hushi boshidan uchib, qotib qolgan qizga kulimsirab qaradi. – Meni tanimadingiz-a?

Qiz zoʻrgʻa bosh irgʻadi.
— Tramvayda uchrashgandik, esingizdami?

Dildora yana bosh irgʻadi. Uning tili tanglayiga yopishib qolgandek, hech aylanmasdi. Yigitning yuzidagi tabassum birdan yoʻqolib, oʻrnini jiddiylik egalladi.
— Bostirib kelganim uchun... uzr. Boshqa... hech ilojini qilolmadim, - dedi u tutilib-tutilib. Boyagi oʻktamligi yoʻqolib, oʻzini noqulay sezayotgandi.
— Men ishga borishim kerak, kechirasiz, - dedi nihoyat oʻziga kelgan Dildora va eshikni yopib oldi. Hayajonlanganidanmi yo qoʻrqqanidanmi, butun vujudi dir-dir titrardi. U devorga behol suyandi. Bu qanaqasi boʻldi? Kim oʻzi u? Nega keladi? Boshi qotgan qiz ikki oʻt orasida qolgandi. U sekin borib, yana «glazok»;dan qaradi. Haligi yigit hamon eshik ortida turar, «glazok»;dan koʻz uzmasdi. U oʻttiz besh-oʻttiz oltilarga borgan, baland boʻyli, keng yelkali, sochlari qalin va mallaga moyil edi. Yonoq suyaklari turtib chiqib, yuzini keng, besoʻnaqay koʻrsatar, ammo qosh-koʻzining qoraligi, burnining bejirimligi uning bu qusurini yopib ketardi. Lablari ustidagi kichkina moʻylovi ham oʻziga yarashgan edi. Ammo koʻzlari allaqanday ehtirosli iztirob bilan boqardi. Yuzidagi jiddiylik uni xotirjamdek koʻrsatsa-da, koʻzlaridagi dardli ifoda sirini fosh qilib qoʻygan edi. Qalin lablarida aks etgan nimtabassum uning holatiga, turqi tarovatiga hech ham mos tushmagan edi.

Dildora yoʻlakdagi koʻzgu oldiga kelib, besaranjom, nigohi sal xotirjam holatga kelguncha tikilib turdi. «Eshikni ochishga majburman, -deya pichirladi lablari. — Ishga borish kerak...»; Bir ozdan soʻng u oʻktam ayol qiyofasiga kirdi. Va shahd bilan eshikni ochib, shitob bilan yigitning yonidan oʻtib ketdi. Dovdirab qolgan yigit shoshib qizning ortidan ergashdi.
— Sizga ikki ogʻiz... gap... gapim bor edi, — dedi u qizga yetib olib, yonma-yon shitob bilan ketarkan.
— Siz bilan ham, boshqalar bilan ham gaplashishni istamayman, — dedi qiz, uning yuziga qayrilib ham qaramasdan.
— Bir kishi ishonchingizni oqlamasa, boshqalar ham aybdor boʻladimi?

Yigit bilib aytdimi, bilmay aytdimi, qizning jon yeridan tutgan edi. Dildora taqqa yurishdan toʻxtab, yigitga sinchkovlik bilan tikildi. Uning koʻzlaridagi iztirob yuziga koʻchgan, lablari, butun vujudi titrayotgandek, biroq yigit zoʻr berib bu titroqni sezdirmaslikka tirishayotgandek tuyuldi Dildoraga.
— Vaholanki, siz koʻp narsadan xabardor ekansiz, shuni ham alohida bilib qoʻyishingizni istardimki... — Yigit uning uzundan-uzun jumlalarini e’tibor bilan tinglayotganini koʻrib, qiz sharaqlab kulib yubordi. Kula-kula, oxiri gapining davomini aytdi: — Men juda qimmat turaman.

Qiz sharaqlab kulganida yigit unga hayrat bilan tikilib qolgandi. U gapini tugatganda va sharaqlab kulib yuborganida choʻchib tushdi. Qiz jiddiy aytyaptimi yo hazillashdimi, farqiga borib oʻtirmadi. Burilib, ketishga chogʻlanayotgan qizning yoʻlini toʻsdi.
— Tillami, javohirmi, nimani xohlaysan? Tilagingni ayt, — dedi u ovozi titrab. Va birdan sensirashga oʻtganini oʻzi ham sezmay qoldi. — Faqat meni haydab solma!

Dildora nima deyishini bilmay, garangsib qoldi. Soʻng oʻta jiddiy ohangda dedi:
— Men ishga borishim kerak. Kechikyapman...
— Shest sekund, — dedi yigit kulimsirab, koʻrsatgich barmogʻini labiga bosdi. Va tez-tez yurib katta yoʻlga chiqdi. U yoq-bu yoqqa gʻizillab oʻtayotgan taksilardan birini toʻxtatib, qizning yoniga keldi.
— Ketdik!

Dildora bir zum ikkilandi. Vaqt ziq edi. Koʻp oʻylab oʻtirmadi. Tavakkal qilib, yigitga ergashdi...

Oʻshandan buyon yigit kelib, eshik oldida uni kutib turar, ishga kuzatib qoʻyar, kechki soat 5—6 larda uyga olib kelib qoʻyar, eshik oldida xayrlashib ketardi. Dildora uning ismi Poʻlat ekanligini bilardi, xolos. «Qanaqa odam u?»; — degan savol qizni oʻylantirar, yurak yutib soʻrashga esa botinolmasdi. Bir necha kunning oʻzidayoq u yigitga ancha oʻrganib qolgandi. Biroq achchiq tajriba koʻnglini qattiq qilib qoʻygan, yigit oldida sira sir beray demasdi.

Bir kuni ertalab Mavjuda opa shangʻillagancha ijara haqini soʻrab chiqdi.
— Yana ozgina sabr qiling, iltimos, - dedi Dildora astagina. Chunki Poʻlat kelib uni olib ketadigan vaqt boʻlib qolgandi. Mavjuda opa atay qilgandek sira past tushay demasdi.
— Yomonga salom berib, tovonga qolasan deganlari shu-da, — deya diydiyo qildi u. - Toʻrt oydan buyon sabr qilib yurgan men ahmoqman oʻzi. He, yaxshilikni bilmagan...

Mavjuda opa qargʻay-qargʻay zinalardan tushib ketayotib, birdan Poʻlat bilan toʻqnash keldi. Hali kelayotib, uning ovozini eshitgan Poʻlat toʻrtinchi qavatdan turib, bor gapni bilib olgandi. Opa uchinchi qavatga tushguncha kutib turdi-da, soʻng hamon ostonada toshdek qotib qolgan Dildoraga «hozir kelaman»; degandek ishora qilib, pastga tushib ketdi.
— Boʻldi, u endi sizni bezovta qilmaydi, — dedi bir ozdan soʻng qaytib chiqib.

Dildora uning koʻngli uchun jilmaydi. Qalbini avvalgidan ham ogʻirroq, zalvarli bir yuk ezayotgan, yuragini gʻijimlayotgan edi. Uning mijjalariga yosh qalqidi. Birdaqiqagina yigit oldida oʻktamligi, sovuqqonligi yoʻqolib, asl qiyofasiga qaytgandek boʻldi. Bir lahzagina, xolos... Keyin yana avvalgi holatiga qaytdi. U hech narsani oʻylamaslikka, eslamaslikka qaror qildi. Tunu kun qaygʻu-hasratda yashagandan koʻra shoʻr qismatni afzal bildi. U Polat bilan yonma-yon ketarkan, allanimalar haqida tinmay gapirar, kular, ba’zida arzimas mayda-chuydalar haqida gʻam-gʻussaga botib soʻzlarkan, ich-ichidan haqiqiy anduhi, qalb toʻrida unsiz faryod chekayotganini his etib turardi. Ayol kishining oʻz sofligini saqlab qolishi eng murakkab ish ekanligini qayta-qayta e’tirof etardi... Odatdagidek kechki mahal Poʻlat bilan ishdan qaytarkan, uy eshigi oldida Abdulla kutib turganini koʻrib, yuragi orqasiga tortib ketdi. Abdullaning qoʻlidagi selofan setkada nimadir bor edi. Dildora uning tunov kuni uyida qolib ketgan sumkasini olib kelganini ichki bir tuygʻu bilan sezdi. Plash etaklarini shildiratgancha uning yonidan bee’tibor oʻtib ketdi. Bamaylixotir choʻntagidan uy kalitini olib, qulfni buray boshladi. Poʻlat bilan Abdulla yeb yuborgudek boʻlib bir-biriga soʻzsiz tikilib qolishgandi. Vaziyatdan chiqish uchun qiz ovoziga quvnoq tus berib, dedi:
— Poʻlat aka, uyga... Voy xudoyim-ey, boʻla qoling...

Bunaqa taklifni kutmagan Poʻlatning yuragi shirin orziqdi.

Bir zum ikkilansa Dildora eshikni yopib qoʻyadigandek shoshilib ichkariga qadam qoʻydi. Abdulla undan koʻz uzmasdi. Poʻlat yechinib, mehmonxonaga oʻtguncha qiz kutib turdi. Soʻng eshikni yopish bahonasida tashqariga chiqdi. Hamon bir qarorga kelolmay, eshik ortida turgan yigitning qoʻlidan setkani yulib olib, ilonday vishilladi:
— Bu yerda endi qorangizni koʻrmay!
— Oʻylab ish qil, Dildora, - deyajonholatda eshik tutqichiga yopishdi Abdulla. - Menga ham oson tutma. Bir qarorga kelolmayapman.
— Men bir qarorga kelib boʻldim, - dedi Dildora qat'iy qilib... Va kuch bilan eshikni tortib, yopib oldi. Bir ozdan soʻng qahva damlab, mehmonxonaga olib kirdi. Poʻlat eshikka termilib oʻtirgan edi. Qizni koʻrishi bilan nigohini olib qochdi. Dildora qahva quyib uzatganida ham yuziga qaramadi. Oʻrtaga noqulayjimlik tushdi. Yigitning yuragi oʻrtandi. Negadir oʻz-oʻzidan jahli chiqib ketayotgandi. Qahvani otib yuborgisi keldi uning. Ammo istihola zoʻr kelib oʻzini bosdi. Biroq yuzi gezarib ketayotgandi. Dildoraga qarab, kulmoqchi boʻldi, lekin qattiq qimtilgan lablari tushuniksiz va oʻrinsiz tabassumdan qiyshayib qoldi. Qiz hech narsadan bexabardek, bafurja oʻtirardi. Qahva hoʻplayotib, yigit uni zimdan kuzatayotganini sezib qoldi. Oʻzicha kulimsiradi. Nimanidir yashirmoqchi boʻlganday kulimsiradi, biroq uddasidan chiqolmadi.
— Istasangiz ketishingiz mumkin, - dedi u birdan yigitga tik qarab. Uning yuzida mamnunlik, koʻzlarida kibr aks etardi. – Hozir nimani oʻylayotgan boʻlsangiz, hammasi toʻgʻri. Aytmasangiz ham yuz-koʻzlaringizdan bilinib turibdi va... va men bunga chidab turolmayman. Keting!..

Qiz isitma tutganday titrardi, qattiq hayajonga tushganligini bildirmaslik va yiqilib tushmaslik uchun stol qirrasiga mahkam yopishib oldi. Butun kuchini, imkoniyatini toʻplab, yigitdan javob kutardi, baayni oʻlimga mahkum etilgan odam hukm oʻqilishini kutganday...

Poʻlat indamay oʻrnidan turdi. Uning chehrasiga ifoda qilib boʻlmas bir iztirob soya solgan, koʻzlari ma’yus va gʻamgin boqardi. U es-hushini yoʻqotganday gandiraklaganicha stolni aylanib oʻtib, Dildoraning qarshisiga keldi. Kelayotib boʻsh turgan stulga qoqilib ketdi. Yuragi qinidan chiqqudek potirlab urardi...
— Sizda gunoh yoʻq, - dedi u allaqanday hazin tovushda. - Hammasiga men aybdorman. Men...

Qizning yuzidan qon qochib, haddan tashqari oqarib ketdi. Poʻlatning soʻzlari olisdan, juda-juda olisdan eshitilayotgandek edi...

* * *

— Mening taqdirim senikidan ham chigal va ma’nisiz, - deya gap boshladi Poʻlat. Tun yarmidan oqqan, ular hamon oʻsha stol atrofida oʻtirishardi. - Yigirma yoshimda otam ammamning qiziga uylantirib qoʻydi. Hamma koʻrgulik shundan keyin boshlandi. Xotinimga koʻnglim yoʻq edi. U mehnatkash, kamsuqum, tortinchoq qiz edi. Xuddi ota-onamning koʻnglidagidek! Ertadan-kechgacha hovlida ivirsib yurardi. Onam unga koʻp ish buyurardi. «Kelinligimdan to hozirgacha »;qoʻlim kosov, sochim supurgi« boʻlib keldim. Kelin oldimmi, endi qoʻlimni sovuq suvga ham urmayman»;, deb koʻp takrorlardi. Payt poylab turib, xotinimni uyga imlasam, u uyalib ketardi. Oʻzini olib qochardi. Kechasi hammayoqni saranjomlab uyga kirardi va oʻsha yerning oʻzida xalatini yechib, shartillatib changini bir-ikki qoqardi-da, yana egniga ilib olardi... Xullas, uydan qochib ketdim. Otam izlab kelib, topib oldi. Uyga qayt, dedi. Urdi. Soʻkdi. «Oq qilaman»;, dedi. Koʻnmadim. Hayot haqida mening ham oʻz oʻyim, oʻz fikrim bor edi. Biroq hech kirn men bilan hisoblashmasdi... Yaxshi koʻrgan qizim bor edi. Lekin u onamga yoqmadi. «U bizga haq bermaydi, - derdi onam har doim. - Bizga oyoq-qoʻli chaqqon, mehnatdan tap tortmaydigan kelin kerak»;.

Otam uchinchi marta kelganida umidini uzib qaytdi. Bu yerda ozmi-koʻpmi tanishlar orttirdim. Ikki marta qamalib chiqdim. Qisqa muddatga...

Shu yerga kelganda qizning koʻzlari chaqchayib ketdi. Oʻzini bosib turolmadi.
— Nega? Nega qamashdi? — dedi u rang-quti oʻchib.
— Soʻrama hech narsani, soʻrayversang alday boshlayman. Odatim shunaqa, — dedi yigit. U ogʻir yukdan xalos boʻlgandek yengil tortib qolgandi. Kayfiyati koʻtarilib, qizga tegishdi: —Manavi karavotga ikkimiz sigʻamizmi?

Dildora qip-qizarib ketdi...

Ular birga yashay boshladilar. Poiat roʻzgʻoming kundalik tashvishlarini oʻz boʻyniga oldi, butladi. Mavjuda opaga ham oldindan bir necha oylik ijara haqini berib qoʻydi. Yigit bu kabi muammolarni oʻz ixtiyori bilan hal etar, Dildorani aralashtirmasdi. U juda baxtli edi. Oʻzini cheksiz baxtiyor deb his qilardi. Boʻsh qoldi deguncha, butun vujudi nigohga aylanib, Dildoraga tikilar, undan koʻzlarini uzolmasdi. «Goʻzal, u judayam goʻzal»;, — deb tinmay ichida takrorlardi. Sirtdan qaraganda, Dildora ham baxtiyor edi. Ammo koʻnglidagi bir tugun yoniga ikkinchisi qoʻshilgandi. «Nega u qamalgan? Buncha pulni qayerdan olyapti?»; degan savollar xayolida tinimsiz charx urib, tinchlik bermasdi.

Bir kuni u ishdan kelayotib, yoʻl ustida Abdullani uchratdi.
— Siznikiga kelayotgandim, — dedi u. Silliq yuzida allaqanday bezovtalik sezilar, nimadandir sarosimalanib turardi. Qoʻlida qogʻozga oʻrogʻliq shisha bor edi.

Dildora uni koʻrmaslikka olib, oʻtib ketmoqchi edi. Ammo yigit ildamlik bilan yoʻlini toʻsib, yalinchoq tovushda dedi:
— Dildora, gaplashib olaylik, azizim...

Dildora uning besaranjom yuziga tikilib turib, kinoya bilan dedi:
— «Azizim»;, desam erib ketadi, deyapsizmi? Bir vaqtlar, esim ogʻib yurganda «Beliy aist»;ni yaxshi koʻraman, deganim esingizga tushib qoldimi? Yana avvalgidek apoq-chapoq boiamiz degan niyatda keldingizmi?

Abdullaning hushi boshidan uchib, dovdirab qoldi. Qoʻlidagi shishani qayoqqa qoʻyishini, nima qilishini bilmay, garangsib turdi-da, beixtiyoryon tarafdagi ariqchaga uloqtirdi. Dildora uni bepisand nigoh bilan boshdan-oyoq kuzatarkan, yana ogʻiz juftlagan edi, Abdulla chidab turolmadi.
— Ha, men ablahman, — dedi u qichqirib. Uning yuzi qumdek oʻchgan, lablari lablariga qoʻshilib, butun vujudi titrar edi. — Ablahlik qildim. Lekin hali bir qarorga kelganim yoʻq-ku.
— Siz bir qarorga kelguningizcha, xotiningiz qahramon ona boʻladi, shekilli, - deya uzib oldi Dildora. U jiddiylashgan, xomush va parishon boʻlib qolgandi.

Abdullaning yuziga qizillik yugurib, koʻzlarini olib qochdi.
— Uni tinch qoʻying, aralashtirmang, - dedi u oʻzini tutib olib. — Men siz bilan gaplashmoqchi edim.
— Nimani gaplashmoqchi edingiz, gapiring, - Dildoraning yuziga kinoyali tabassum yoyildi. U shu turishida Abdullani ermak qilib charchamaydiganga oʻxshardi.
— Juda oʻzgarib ketibsiz, afsus, - dedi Abdulla hafsalasi pir boʻlib.

Dildora shu gapni kutib turganday, birdan portladi:
— Siz hech qachon mendan kecholmaydi, deb oʻylagansiz. Shundaymi? Unga hech narsa kerak emas, u hech narsani oʻylamaydi, degan xayolda yurgansiz. Shundaymi, javob bering, — dedi jazavaga tushib Dildora. - Farishta deb oʻylagansiz. Aslida kimligimni bilmagansiz. Siz hech narsasiz yashay olishingiz mumkin. Ammo ayolsiz yashay olmaysiz. Men ersiz yashashim mumkin, lekin hech narsasiz yashay olmayman. Keyin... yana men juda ham qasdkash va kekchiman. Shuni ham bilib qoʻying. Birovning yomonligini bir umr eslab yuraman. Yaxshisi, mendan nariroq yuring. Xotiningizni oldida aytgan gaplaringiz hali qulogʻimdan ketgani yoʻq.

Abdulla shamdek qotib qoldi. U adoyi tamom boʻlgandi.
— Yana shuni ham bilib qoʻyingki, siz men uchun yagona erkak emassiz! Daraxtni silkitsam, erkak yogʻiladi, — dedi Dildora va yigitga kibr va mazax bilan bir necha soniya tikilib turdi-da, uyi tomon tez-tez yurib ketdi.

Abdulla uning ortidan tikilib qoldi va alam bilan tishini gʻijirlatdi...
— Dildora, sen bilan bir narsani maslahatlashmoqchi edim, — dedi Poʻlat bir kuni. U odatdagidan koʻra bezovtaroq koʻrindi Dildoraga. — Mening uyimga koʻchib oʻtsang...

Dildora yalt etib, yigitga qaradi. Uning nigohida birolam hayrat, bir olam quvonch bor edi.
— Nahotki... uyingiz bormi? Nega avvalroq aytmadingiz?
— Koʻchib oʻt, debmi?
— Yoʻq. Uyingiz borligi haqida nega avvalroq gapirmagandingiz? Axir, bu...
— Baxt, demoqchimisan? — Poʻlat kulimsiradi. U oʻychan boqardi. — Boshida, shu uyni olmasimdan burun, eh-he, nimalarni oʻylamaganman? Nimalarni orzu qilmaganman? Uy olsam unaqa, uy olsam bunaqa degan oʻy xayolimdan nari ketmasdi. Oxiri shu darajaga borib yetdiki, uy olgan kunim oʻlib qolsam kerak deb oʻylagandim.

Poiat jimib qoldi.
— Keyin-chi, keyin nima boʻldi? — dedi intiqlik bilan Dildora.
— Keyinmi, ... keyin... hech narsa! Xuddi avvaldan shu uyda yashab yurgandek, oddiygina qabul qildim.
— Qoʻying-e, — Dildoraning hafsalasi pir boʻlib, nari ketdi.
— Koʻchasanmi? - Poʻlat uning ortidan bordi. - Xoʻp desang, ertagayoq...
— Keyin meni hech qachon haydab yubormaysizmi? Toʻgʻri xotin boʻlishimga ishonasizmi?
— Oʻzimga ishonganday...

Dildoraning qalbidagi xavotir tuguni yechilib, mayin jilmaydi. Ertasi kuni u ishga bormadi. Poʻlat allaqayoqdan yuk mashinasini olib keldi. Ular kula-kula Dildoraning «koʻch-koʻroni»;ni ortishdi. Keyin Mavjuda opanikiga kirib, uy kalitini topshirdi, xayrlashdi. Chindanmi yo koʻngil uchunmi, Mavjuda opa koʻziga yosh oldi.
— Yigʻlamang, - dedi Dildora hazin tovushda. - Men yigʻlab xayrlashishga arzimayman. Adresni yozib qoʻydim. Borib turing.

Toʻqqiz qavatli uyning uchinchi qavatidagi yangi uy Dildoraga juda yoqdi. Uch-toʻrt kun ichida u yoq-bu yogʻini ta’mirlab ham olishdi. (Albatta, Dildoraning taklifi bilan.) «Toʻrt yildan buyon remont qilish xayolimga ham kelmabdi, - deb oʻyladi Poʻlat ichida. - Ayol baribir ayol-da...»;
— Uy seniki, - dedi bir kuni Poʻlat dabdurustdan, - har qanday sharoitda ham... seniki!

U negadir shoshib gapirdi. Yuzida ogʻir iztirobli bir ifoda paydo boʻlgandi. Aftidan, hali tanishganimga uch oy boʻlar-boʻlmas, bu ayolga ishonishim shartmikin, degan xayol koʻnglining koʻchasiga ham kelmayotgandi. U yana nimadir demoqchi, nimanidir tayinlamoqchi edi. Ammo aytolmadi, Dildorani choʻchitib vuborishdan qoʻrqdi. Keyingi kuni u azonda chiqib ketgan koʻyi kechqurun qaytib kelmadi. Kutish azobini obdan tatigan ayol birinchi oqshomni tishini tishiga qoʻyib oʻtkazdi. Ikkinchi kuni ham undan darak boʻlmadi. Dildoraning koʻngliga shayton gʻulgʻula sola boshladi. «Nahotki, u meni tashlab ketgan boʻlsa, - degan oʻy keldi xayoliga. - Shuning uchun »;uy seniki« degan ekan-da... Yoʻgʻ-e...»; Oʻz oʻyidan oʻzi qoʻrqib ketdi. Ishxonada ham, uyda ham kunni tiq etsa eshikka qarab oʻtkazdi. Uchinchi kuni ertalab eshik qoʻngʻirogʻi jiringladi. Dildora oʻrinda xayol surib yotgandi, apil-tapil kiyina solib, eshik tomon otildi.

Ostonada Abdulla turardi!
— Kutmaganmidingiz? - dedi u zaharxandali jilmayib. -Topolmaydi deb oʻylagansiz...
— Nega endi? Sizdan buni kutsa boʻladi, - dedi Dildora ham kinoya bilan.
— Kirsam boʻladimi? Axir tashqarida turish noqulay...
— Yoʻq, — dedi Dildora va shartta eshikni yopib, unga suyandi. — Erim uyda yoʻq. Bor paytida kirarsiz.
— Oʻh-hoʻ, erim... — Abdulla oʻzini xotirjam tutsa-da, rangi dokadek oqarib ketgandi. - Eringizning kimligini bilasizmi oʻzi? - U muhim yangilikni aytishi bilan Dildorani yanchib tashlaydigandek birdan kayfiyati koʻtarildi. Yuz-koʻzlari gʻalaba nashidasidan yal-yal yonardi. - Men surishtirib bildim. Eringiz oʻgʻriboshi ekan. Uch-toʻrtta yigit bilan qaroqchilik qilisharkan.

Dildoraning oyoq-qoʻlidan jon ketib, oʻzini behol sezayotgan boʻlsa-da, sir boy bermadi.
— Bu yogʻi meni qiziqtirmaydi.
— Unaqalarni umri qisqa boʻladi.
— Bu haqda tul boʻlib qolganimdan keyin gaplasharmiz.
— Demoqchimanki, hozir ortga qaytishning iloji bor. Hali ham kech emas...
— Ortga qaytish... - Dildora qah-qah urib kvvtib yubordi. - Kech emas emish... Ha-ha-ha... Koʻngillari yana rnirna tusaydi? Sen ablah eding, ablahligingcha qopsan, - dedi u birdan 5Cnsira&. Abdullaning sarosimalanib qolganini koʻrib, yana sharaqlab kulib yubordi. — Yana oʻynashing boʻlishimni xohlayapsanmi? Ovora boʻlasan. Hech qachon sen meni oʻylamagansan. Xotiningdan bezgan paytingda mening oldimga kelarding. Charchagan vaqtingda men kerak edim. Xotining choʻntagingni qoqib olib, yoʻlkiraga ham puling qolmaganida meni eslarding. Keyin... keyin qumga singgan tomchidek yoʻq boʻlib ketarding. Men shoʻrlik yurak-bagʻrim qon boʻlib seni kutib yashadim. Eshik qoʻngʻirogʻi jiring etsa yuragim qinidan chiqib ketay derdi. Balki kuta-kuta uxlab qolganimda kelib, qoʻngʻiroqni jiringlatsa eshitmagandirman deb oʻzimni yomon koʻrib ketardim. Uy egasidan yashirincha kalit yasatmoqchi boʻlib yurgandim. Meni yana shu koʻyga solmoqchimisan? Ovora boʻlasan!

Temir eshik sharaqlab yopildi. Abdulla choʻchib tushdi. Gʻazabdan dir-dir titrardi. U bunday muomalani kutmagandi. Ayniqsa, Poʻlat haqidagi «yangilik»; ayolni dovdiratib qoʻysa kerak, deb oʻylagandi. Shunda u temirni qizigʻida bosmoqchi, ya’ni oʻylagan rejasini amalga oshirmoqchi edi. Bu reja anchadan buyon uning xayolini band etgandi. Payt poylab yurgandi. «Lop»; etib oradan Poʻlat chiqib qoldi-yu, ishi ortga surildi. «Ablah, bandit, qizning koʻnglini olishga ulguribdi, -deya oʻyladi Abdulla zinalardan bir-bir bosib pastga tushib ketarkan. Koʻz oldida Poʻlatning asabiy tarzda, surbetlarcha tirjayib turishi gavdalandi. Junjikib ketdi. - Sogʻ odamga oʻxshamaydi u»;. Oʻylagan rejasi amalga oshmaganidan koʻngli gʻash tortdi. Koʻchaga chiqib, qayoqqa yurishini bilmay, oʻylanib qoldi. Bu yerdan ketgisi kelmayotganini ich-ichidan his etdi. Chuqurxoʻrsindi. Dildora uyiga borib, janjal qilib ketgandan keyin xotini unga goh ishonib, goh ishonmay yurardi. Ishga vaqtliroq ketsa ham, yo aksincha, kechroq uyga kelsa ham piching qilaverib joniga tegib ketdi. Shu piching soʻzlar sabab boʻldimi, yaqinda er-xotin qattiq urishib qolishdi. «Men sizga ishonmayman, oʻsha xotin uyga bekorga kelmadi»;, — derdi Mavluda hadeb. Oxiri Abdulla devorda osigiiq turgan «Qur'on»;ni qoʻliga oldi. Uch-toʻrt yil burun bir tanishi: «Qur'on»;ni qoʻlingga olib, qasam ichsang, ayollar laqqa ishonishadi«, - degan edi. Shu usulni qoʻllashga majburboʻldi. Mavluda naydan taralayotgan kuyga sehrlangan ilonday qotdi-qoldi. Har qalay bitta tashvishdan qutuldim, dedi oʻziga-oʻzi Abdulla, favqulodda yengil tortib. Endi avvalgisidan ham mushkulroq tashvish hali oldinda ekanligini oʻylab, ancha vaqt yuragi zirillab yurdi. Bu haqda Dildoraga aytishga qoʻrqdi. U koʻnmaydi, degan andisha yuragini gʻash qilib turardi. Oʻrtadan Poʻlat chiqib qolmaganida hali ham bir qarorga kelolmay yurarmidi. Dastlab, uni Poʻlat bilan koʻrganida »;meni kuydirmoqchi« degan xayolga borib, sirbermaslikka harakat qilgandi. Hali yaxshi tanimagan odamga oʻzini topshirib, uning etagidan tutishi, bir kunda he yoʻq, be yoʻq koʻchib ketishi yigitning xayoliga ham kelmagandi. Oʻylayverib, jinni boʻlib qolayozdi. Oʻzicha bir necha kun arazlab ham yurdi. Har qalay, shuncha yil er-xotindek boʻlib... Oqibat shu boʻldimi? Qizning bu qiligʻi izzat-nafsiga tegdi. Yoʻqolgan pichoqning sopi oltin qabilida ish tutdi. Orqavoratdan avval Poʻlatni soʻrab-surishtirdi. Soʻng Dildoraning iziga tushdi. Yaqinginada undan qochib yurgan, tasodifan koʻrishib qolishganda yuragi zirillab, uning tezroq ketishini sabrsizlik bilan istagan odam endi ayolni topish ilinjida oromini yoʻqotgan edi. »;Mayli, men senga uylanaman, — demoqchi edi u ayolga benihoya karam koʻrsatayotgandek viqor bilan. — Faqat bir shart bilan. Bu haqda hech kimga, hatto ota-onangga ham aytmaysan. Farzand, deb ham soʻz ochmaysan!« Bola tugʻilishi ayolning huquqlarini bir necha pogʻonaga koʻtarib yuborishini u juda yaxshi fahmlardi. Oshdan chiqqan toshdek birdan Poʻlat paydo boʻlib qolmaganida Dildoraning rozi boʻlishi turgan gap edi. Xursandligidan yigʻlab ham yuborarmidi. Bugun kelib koʻrdiki, u xato oʻylabdi. Haligina unga zahrini sochgan, mazax qilgan alamzada, kibrli ayol kechagina boʻyniga osilib: »;Hammasiga chidayman, faqat meni tashlab ketmang", deb yalingan qizga sira-sira oʻxshamasdi.

* * *

Tun yarmidan ogʻib, odamlar shirin uyquda yotgan mahal temir eshikni kimdir sekin taqillatdi. Uvqusi oʻchib, alam ustida oʻtirgan Dildora eshik oldiga uchib bordi. «Kim?»; - dedi astagina. Qattiqroq nafas olishga-da qoʻrqdi.
— Men, Dildora, men, — dedi kimdir past ovozda. Dildora ovoz egasi Poʻlat ekanligini darhol angladi. Biroq eshikni ochishga shoshilmadi. Tutqichni ushlagan qoʻllari titrab turardi.
— Bilaman, mendan xafasan, - dedi Poʻlat yana past ovozda. — Senga aytishim kerak edi. Kechir meni.
— Ochmayman, — dedi Dildora yigʻlamsirab. - Toʻrt kundan buyon oʻlib qolay dedim-ku. Qayerda yurgan boʻlsangiz, oʻsha yerga boring.
— Dildor, meni kechir. Eshikni ochmasang shu yerda oʻtiraveraman.
— Oʻtiravering... Meni kim deb oʻylayapsiz? Bir ogʻiz aytib qoʻysangiz, haqqingiz ketarmidi. Nega men boshqalardan eshitishim kerak? Uyimni berib qoʻyib, katta muruvvat qildim, deyapsizmi? Hoziroq chiqib ketishim mumkin. Toʻrt tomonim qibla mening. Etagimni boshimga yopaman-u...
— Dildora, boʻldi...
— Ochmayman baribir eshikni...
— Shu yerda oʻtiraveraman eshikni ochmaguningcha. Hech qayoqqa ketmayman.
— Oʻtiravering!..

Oradan chamasi ikki soatcha vaqt oʻtdi. Ikkalasi ham hamon eshik oldida turishardi. Butun vujudlari quloqqa aylanib, bir-birlarining xatti-harakatini eshitishga urinishardi. «Yigʻlayapti shekilli, — deya oʻylardi Poʻlat. — Haqiqatan ham noinsoflik qildim»;. «Ana, eshikka suyanib oʻtirib oldi, — deb oʻylardi Dildora. — Sovuq oʻtib ketmasaydi. Chekyapti... »;Uh« tortdi»;...

Birozdan soʻng «shirq»; etib eshik kaliti buralgani eshitildi. Poʻlat irgʻib oʻrnidan turdi. Yarmi chekilgan sigaretni shosha-pisha uloq-tirdi.
— Senga kim xabar berganini bilaman, — dedi u ichkariga kirgan zahoti. — Sen... boya... aytganingda... Birdan xayolimga keldi. Oʻsha! Aniq, oʻsha!

Dildoraning qovoqlari qizarib, shishib ketgani bois koʻzlari qisilib qolgandi. Yigitning yuziga qarayolmadi. Vannaga kirib, sovuq suvga yuzini chaydi, qovoqlari ustiga yumshoq sochiqni hoʻllab bosib, bir necha soniya turdi. Sal oʻzini bosib, avvalgi holiga kelgandan keyingina Poʻlatning yoniga oʻtdi...
— Tunov kuni aytgandim uydan qochib ketganimni, — deya gap boshladi Poʻlat. U juda asabiy edi. Hali uyga kirib kelganidan buyon tinimsiz, ustma-ust sigaret tutatar, birini chekib boʻlar-boʻlmas ikkinchisini boshlar, kichkinagina shisha kuldon birpasda sigaret qoldigʻi bilan toʻlgan edi. — Ish yoʻq, turar-joy yoʻq. Bir qancha vaqt vokzalda yotib yurdim. Qayerga ish soʻrab borsam, propiska soʻrashadi. Oddiy taksichilikka ham olishmadi. Pravamborboʻlmasa. Propiskani toʻgʻrilab keling, keyin gaplashamiz, deyishdi. Uydan bir oz pul bilan chiqqandim. Toʻrt oyga bazoʻr yetkazdim. Kostyumimni sotishga majbur boʻldim. Keyin soatimni... Oxirida sotishga arzigulik hech vaqom qolmadi. Qorni och odamni har maqomga yoʻrgʻalatish mumkinligiga oʻsha paytlarda amin boʻldim. Shu... shu... yoʻlga kirganimni oʻzim ham bilmay qoldim. Avvaliga vaqtinchalik, deb oʻyladim. Hadisini olgach, tashlagim kelmadi. Ammo birinchi marta qoiga tushganimda juda qoʻrqib ketganman va yigʻlaganman. Ha, ha, yigʻlaganman. Qamoqxona deganda koʻz oldimda dahshatli manzaralargavdalanardi, — Poʻlat birdan gapirishdan toʻxtab, oʻrnidan turdi. Uning yuzi shu qadar oʻzgarib ketgandiki, Dildora qoʻrqib ketdi. Ustma-ust chekib, sal oʻzini bosib olguncha bir oz vaqt oʻtdi. U joyiga qaytib oʻtirganda yuzidagi qoʻrqinchli ifoda batamom yoʻqolgan, oʻmini surbetlik egallagan, koʻzlari takabburlik bilan boqardi. Ammo soʻzlar boʻgʻzidan bazoʻr otilib chiqardi. — Qamoqxonaga tiqib qoʻyib, oʻzlaricha tarbiyaladik deb oʻylashadi-da. - U birovni mazax qilayotgandek, sovuq tirjayib qoʻydi. Haligina bosiqlik bilan ravon soʻzlayotgan odam birdan alahsirayotgandek uzuq-yuluq gapira boshladi. -Aqlini kiritib qoʻydik... xullas... nima desam ekan... endi bu ishni qilmaydi, deb oʻylashadi. Ammo... Lekin adashishadi. Juda qattiq adashishadi. Men qamoqxonada... 10 tiyin uribqolgani uchunqamalib ketib, u yerdan qilni qirq yoradigan oʻgʻri boʻlib chiqqan odamni bilaman. Lekin yaxshi tomoni ham borki, buni hech narsa bilan tenglashtirib boʻlmaydi. Ha... ha... bor... Yaxshi tomoni shundaki... qanday tushuntirsam ekan?.. Qoʻyib bersang bir-birini gʻajib tashlashga tayyor, asabiy, juldurvoqi mahbuslar ichida tepadagi is bosgan tuynukdan tushayotgan bir tutam nurga tikilib oʻtirib ozodlikni sogʻinasan. Yuraging eziladi. Erkinlikning qadriga yetasan. Qancha muddat olganingni eslaysan... va qancha qolganini hisoblashga harakat qilasan. Boshida bir oz qiyin boʻladi, xuddi vaqt oʻtmayotgandek tuyuladi. Keyin... kunlaroʻtavergani sayin... hisoblash ham osonlashadi. Oʻzingga oʻxshagan mahbuslar yoqalashib, boshingni yorib qoʻyishsa ham unchalik alam qilmaydi. Biroq... seni odam oʻrnida koʻrmay, birorta hayvon... yoki... jirkanch maxluqqa qaraganday muomala qiladigan, sal sarkashlik qilsang ayamasdan doʻpposlaydigan qorovullarni bir umrga yomon koʻrib qolasan... Nega ranging oqarib ketdi? Qoʻrqyapsanmi? Shuning uchun senga gapirgim kelmagandi-da. Hozir... oz qoldi, tugataman. Bittasi bor edi. Yuzidan zahar tomib turardi. Juda berahm va beshafqat edi. Qamoqxona uning mahriga tushganday tutardi oʻzini. Koʻp emas-u... shu... bir-ikki marta mening ham yomon ta’zirimni bergan. Oʻzim oʻlar holatda yotibman-u, hadeb: «Shu yerdan eson-omon chiqib ketsam bir kunmas bir kun boʻgʻizlab ketaman?»; deya qasam ichganim hech yodimdan chiqmaydi. Uch-toʻrt oy burun shu ishni tashlayman deb, oʻzimga-oʻzim soʻz bergandim. Ammo oʻzimni tutolmadim. Toʻrt kun avval yana bir ishga qoʻl urdim, azbaroyi... seni deb. Seni xursand qilmoqchiydim. Afsuski, bir sherigim chuv tushirib qoʻydi. Yaqinda bizga qoʻshilgandi. Bugun birinchi marta chiqishi edi... Uning kasri urib, ikkita sherigim qoʻlga tushib qolishdi. Qayoqqa gumdon boʻldi u? Bilmayman... Uch kun oʻshani izladim. Osmonga chiqdimi, yerga kirib ketdimi... Bilmayman... bilmadim... — Poʻlat boshini changallagan koʻyi xayolga toldi. Dildora adoyi tamom boʻlgan, stulga mixlanib qolgandek qimir etmasdi.
— Endi mendan voz kechasan, shundaymi? - dedi Poʻlat titroq ovozda.
— Nega endi? — savolga savol bilan javob berdi Dildora. -Oʻgʻrini sevib boʻlmaydimi? Oʻgʻrida yurak yoʻqmi?
— Bor, jonidan, bor... - deya qichqirib yubordi birdan ruhi koʻtarilgan Poʻlat. U Dildorani dast koʻtarib, chir aylantira boshladi.
— Mendan or qilmaysanmi? — deya qichqirdi Poʻlat chir aylanarkan.
— Yoʻq. Hech qachon... Hech qachon... Endi hech narsani oʻylamayman... Hech narsaga kuymayman.. Faqat yashayman... yashayman!

Ular qiy-chuv qilishgancha gir-gir aylanishar, baqirishar, kulishar, oʻzlaridan boʻlak hammani, hamma narsani unutishgandi. Tashqarida esa ming azob bilan osmon yorishib, jimgina tong ota boshlagandi...

Oradan bir hafta oʻtdi. Bu vaqt ichida Abdulla yana ikki marta keldi. Dildora bilan gaplashishga harakat qildi. Oxirgi kelganida Dildora uni quvib soldi. Shundan keyin u ancha vaqtgacha koʻrinmay qoldi. Dildora uning fe’lini yaxshi bilgani uchun negadir koʻngli gʻash boʻlib yurdi. «Pismiq... Payt poylab yurgandir-da»;, — deyaoʻylardi u hadiksirab. Nimadan hadiksirayapti? Oʻzi ham buni aniq bilmasdi.
— Bugun izimga tushishdi, — dedi bir kuni Poʻlat dabdurustdan. Uning yuzi horgʻin va tashvishli edi. — Tasodifan sezib qoldim.

Tunov kungi suhbatdan keyin Dildora shunday boʻlishini fahmlagan, qachondir, bir yildan keyinmi, yoinki bir oydan keyin, shunday boʻlishini sezgan va bunga oʻzini tayyorlab ham kelayotgandi. Shunday boʻlsa-da yuragi orqasiga tortib ketdi.
— Koʻzingizga shunday koʻringandir-da, - deya oldi zoʻrgʻa.
— Koʻzimga koʻringani yoʻq. Aniq bilaman... Yaxshisi, bu yerga vaqtincha kelmay turaman. Sen xavotirlanma, vaqt topib xabar olaman. Aytganday, men uning oldiga bordim...
— Kimning? — deb yubordi Dildora va birdan gap kirn haqida ketayotganini anglab, qizarib ketdi.
— U endi seni bezovta qilmaydi. Erkakchasiga gaplashib oldik, — dedi Poʻlat. Choʻntagidan qogʻozga oʻrogʻlik allanima chiqarib, stol ustiga qoʻydi. — Kiyimlarimni almashtirib olmoqchiman. Dazmol bosganmisan?
— Ha, — dedi Dildora va qogʻozga oʻrogʻlik narsaga ishora qildi. — Bu nima?
— Uning qaychisi... Soch kesadigan... Oynasini oldida turgan ekan. Bildirmasdan olib qoʻydim. Kerak boʻlib qolar...

Poʻlat ma’noli qarab qoʻydi. Dildora uning qarashini tushundi. Biroq indamadi. Poʻlatning hozirgina yechgan kiyimlarini yigʻishtirib olib, yuvish uchun vannaxonaga kirib ketdi. Poʻlat uning koʻngli ogʻridi, degan xayolga bordi. Rashki qoʻzib, jahli chiqdi. Ammo oʻzini bosdi. Dildora notoʻgʻri xayolga borib, mendan nafratlanib yurmasin, degan oʻyda u ayolning onidan bordi va ogʻringan alfozda dedi:
— Meni shumlikqilyapti debyurma tagʻin. Shunchaki... olgandim. Ammo shuni yaxshi bilib qoʻy, men unga ishonmayman.

Dildora miq etmadi. Vannaga engashgan koʻyi kir yuvishda davom etdi. U oʻylardi. Boshidan oʻtgan voqealarni oʻylar, oʻzicha mulohaza qilar, hammasi ayqash-uyqash boʻlib ketgan parokanda xayollarini tartibga keltirolmay xunobi oshardi. Oʻylab oʻyining tagiga yetolmasdi. «Shunday bir ish qilish kerakki...»; - derdi u hadeb oʻziga-oʻzi. Ayol bir qarorga kelganda tong boʻzarib qolgandi.

Qoʻni-qoʻshnilarga koʻrinmaslik uchun tezroq chiqib ketishga chogʻlanayotgan Poʻlatni savolga tutdi:
— Anovi sherigingiz topilmadimi? Qochib ketgani bor-u...
— A, ha, yoʻq, — deya shoshib javob berdi Poʻlat.
— Mabodo... juda zarur boʻlib qolganida... boshqa birovning nomini aytib yuborsangiz boʻladimi? Dalil-isbot qoʻlingizda...

Poiat yalt etib Dildoraga qaradi. Ayol undan koʻz uzmay, tik qarab turardi. Poʻlat uning koʻzlarida kuygan, oʻrtangan, toptalgan, alamzada yurak aksini koʻrgandek boʻldi. Shu bilan birga chek-chegarasi yoʻq, bepoyon bir nafratlanish ham mujassam ediki, Poʻlat dosh berolmadi. Indamay chiqib ketdi...

U shu ketganicha qaytib kelmadi. Ancha vaqtdan keyin yoshgina bir yigitcha kelib, uning qoʻlga tushib qolganini aytdi. Yana bir necha kun oʻtgach, oʻsha yigitcha Dildoraga yaqinda Poʻlatning ustidan olib borilgan tergov ishlari tugab, ishi sudga oshirilganini, u bilan Abdulla degan sherigi ham birga ekanligini aytdi. Ketar chogʻida yana kelib xabar olishini, mabodo juda zarur boʻlib qolganda, ha, u aynan shunday dedi, juda zarur boʻlib qolganda uni qayerdan qidirib topish mumkinligini aytib, xayrlashdi. Dildora mehmon ketgach, u oʻtirgan stul ustida beli bogʻlangan bir dasta pul va bir parcha qogʻoz turganini koʻrib qoldi. Yuragi hapriqib qogʻozni qoʻliga oldi. Xat Poʻlatdan edi. Unda shunday soʻzlar yozilgandi: «Meni kut, azizim...»;