OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifZulfiya Qurolboy qizi
Asar nomiQadimiy qoʻshiq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Zulfiya Qurolboy qizi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm32KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qadimiy qoʻshiq (hikoya)
Zulfiya Qurolboy qizi

«Ana u! Kelyapti! Ana, anavi yoqdan kelyapti. Kara, qaragin. Nimaga toʻxtab qolding? Bormaysanmi oldiga?
— Voy sharmanda! Voy yuzsiz... Anavi yuzsizni qara!
— Tangriga ibodat qilish oʻrniga...
— Ktszim, jon qizim, iymon keltir, tavba qil. Endi u yoqning keragi yoʻq senga. U yoqning yeri ham boshqa, osmoni ham! Olloh iymon keltirgan bandalarining gunohlaridan kechguvchidir. Iymon keltir, bolam, iymon keltir, iymon nuriga chulgʻangaysan!..
— Qiyomat kuni bir tarozu qurilurki, ani beadad sutunlar bila barpo qilishur, Har bir sutunning uzunligi magʻrib birla mashriqning miyonasiga barobardur. Aning har bir pallasi yer yuziga barobardur. Bir pallasi Arshning oʻng tarafida tururki, anga savob solinur. Bir pallasi Arshning chap tarafida tururki, anga gunoh solinur.

...kimning tarozusi yengil kelsa, bas, andogʻ kishining onasi Hoviyadur.
— ...

Shivir-shivirlarga toʻlgan olam qalbini tilib yuborgan oʻtli xoʻrsiniqni iliq shamol olis-olislarga olib ketdi...»

Sultonmurod yana oʻsha tanish uy — qishloq chekkasidaga xaroba oldiga kelib qolganini mayda yomgʻir tomchilari yuziga urila boshlaganidan keyin fahmladi: «Nega keldim bu yerga? Axir endi u yoʻq...»

Tomchilayotgan yomgʻir birdan jalaga aylandi. Momaqaldiroq gumburladi. Qoraygan osmon bagʻrini chaqmoq tilib oʻtdi.

Olam shovqin-suronga, tasir-tusur tovushlarga toʻlib ketdi.

Yigit parishonlik bilan kimsasiz koʻchada qaqqaygancha turib qoldi, jiqqa hoʻl boʻlgan kiyimlari ogʻirlashib vujudini ezayotgandek, sovqotib qaltirayotgandek yelkasini qisib qunishdi, shusiz ham anchadan buyon parokanda oʻy-xayollari chil-chil boʻlgan billur siniqlaridek har tomonga sochilib ketdi.

Momaqaldiroq hamon guldurar, tinimsiz chaqmoq chaqar, olam olov ichida qolgandek edi.

Sultonmurod asta ortiga qaytdi. Besh-olti odim yurgach, qarshisidan muyulish chiqdi. Muyulish chetida ulkan tosh qorayib turardi. Yigit shu tosh ustiga choʻqdi. Horgʻinlik bilan nam toshni silarkan: «Qara-ya, bir bechora oʻtib ketdi-yu, lekin sen bilan men hamon bormiz, yashayapmiz...» deb qoʻydi sekin.

Shu yerda oʻtirib u nimalarnidir oʻylab olmoqchi boʻldi. Oʻylab olish uchun bundan ortiq qulay va xoli yer yoʻqday edi. Ammo... Yigit uch-toʻrt qadam narida shu tomonga qarab kelayotgan Xoliq amaki bilan tegirmonchi cholni koʻrib asabi buzildi. «Shu yerdayam tinchlik yoʻgʻ-a. Allamahalda koʻchada nima bor ekan bu chollarga?!»

* * *

Bu uy Abdurahmon eshonga tegishli edi. Eshon bir necha yil muqaddam qarib-churib olamdan oʻtdi. Hayhotdek hovlida undan yodgor boʻlib ikkinchi xotini Shohsanam qoldi. Eshon boboning katta ayolidan farzandlari bor, lekin ular boshqa-boshqa yashashardi. Eshon bobo dinning barcha talablariga rioya etgan holda, toʻngʻich ayolini har tomonlama ta’minlab qoʻygandi. Yolgʻiz Shohsanam...

Darvoqe...

Eshon buva uni — tunda koʻqqisdan gumburlagan momaqaldirokdan qoʻrqib, yuragi besaranjom urib qolgan navnihol qizni — avval davolagan, yetti kun yetti mahal duo oʻqib sogʻaytirib yuborgan, keyin esa yana duo oʻqib, uni oʻziga ogʻdirib olgan...

Har qalay, odamlarning ogʻzidagi gap shunday.

Bu gʻaroyib nikoh haqida el ichida yana bir gap ogʻizdan-ogʻizga oʻtib yuradiki, bunisi avvalgisidan-da jumboqli. Emishki, eshon buvaning duosidan shifo topgan kizning oʻzi uni yoʻqlab borganmish...

Ilojsiz qolgan ota-ona nima qilsin?..

Bu gap-soʻzlarga faqat bir yigit ishonmasdi, ishona olmasdi. Shu haqda oʻyladi deguncha oʻzini qoʻygani joy topolmay, keng olamga sigʻmay qolardi:

«Bunday boʻlishi mumkin emas! Mumkin emas! Toʻgʻri, uning tobsiz boʻlgani rost, lekin hech qachon... Hech qachon! Uni majburlagan boʻlishlari mumkin. Chorasiz qolib, noiloj rozi boʻlgandir. Ammo hech qachon... hech qachon! Chunki... chunki... U meni sevadi, meni!»

Bu rost edi. Bu haqda butun qishloq ahli xabardor boʻlmasa-da, har qalay, teng-toʻshlari ivir-shivir qilib yurishardi.

Darvoqe, bir kech — hali shom tushib ulgurmagan mahal edi — maktab yonidagi yakka tut ostida ularning gaplashib turishganiga Abdurahmon eshonning ham koʻzi tushgandi.
— Xudo xoxlasa, nikohimizni mana shu kishiga oʻqitamiz, — degandi oʻshanda Sultonmurod yoshiga nisbatan ancha qoruvli, kimxob kamzuli oʻziga yarashgan eshonning ortidan qarab qolarkan.

Qiz esa uyalib kulimsiragan... Keyin taqdir charxpalagi teskarisiga aylanib ketdi. Sultonmurod yuragini changallab qolaverdi.

Toʻydan keyin Sultonmurod uni bir marta uzoqroqdan koʻrdi. Juvon ham uni koʻrdimi-koʻrmadimi, bilmaydi, ehtimol, koʻzi tushgandir-u, oʻzini koʻrmaganlikka olgandir.

Sultonmurod esa bu kunni eslab qoldi. Unuta olmadi. Yanglishmasa, oʻsha kuni chorshanba edi, sanasi ham esida — 12 may, peshin chogʻi edi... Biroq - buni qanchalik istayotgan boʻlmasin — juvonning oldiga borish tugul, unga tikilibroq qarashga-da botina olmadi. Nima boʻlgan taqdirda ham endi u qishloq ahlining e’tiqodiga sazovor boʻlgan taqvodor odamning zavjasi!..

Hamma-hammasini unutmoq istadi. Buning yoʻli topildi — uylandi. Taqdir hazili — kelin Shohsanamga qarindosh edi.

Ammo bari bir huvillab yotgan koʻngil mulkiga fayz kirmadi. Yuragini bir alam ezib yotardiki, bunga chidab yashagandan koʻra, doʻzax olovida kuyib kul boʻlgan afzal edi. Kunlarning birida u barcha-barchasiga — uyat-andisha, iymon-e’tiqod — hamma-hammasiga qoʻl siltadi. Va...

Sultonmurod oʻzini eshonning hashamatli darvozasi oldida koʻrdi: «Undan soʻrarim bor... Nega... Nima uchun bunday qildi?»

Biroq...

Eshikni taqillatishga ham ulgurmadi.

Hashamatli eshik shiddat bilan ochildi.

Ostonada Abdurahmon eshon paydo boʻldi. Ular bir necha daqiqa bir-birlariga soʻzsiz tikilib qolishdi. Eshonning nigohlari gʻazab va nafratga toʻla... Oqish, lekin ayni damda gezargan, boʻzargan chehrasida shafqatsiz ifoda qotib qolgan...

Sultonmurod boʻshashdi. Allaqanday gʻayritabiiy kuch qarshiligiga duch kelganday oʻzini juda-juda ojiz his etdi. Boyagi shashtidan asar ham qolmadi.

Asta burilib ortiga qaytarkan, alam va iztirobdan ingrab yubordi...

Shu-shu boʻldi-yu, yigit yoʻli tushgan taqdirda ham eshonning koʻchasini aylanib oʻtadigan boʻldi.

«Mana endi undan abadul-abad ayrildim, — deb oʻyladi Sultonmurod. - Endi uni hech qachon olisdan boʻlsayam koʻra olmasam kerak!»

Darhaqiqat, shundan keyin u Shohsanamni uzoqdan boʻlsa-da koʻrishdan mahrum boʻldi. Chunki...
— Tavba qildim, kariganda yosh xotinga uylangan erkak esdan ogʻib qoladimi deyman-da, — deb qoldi bir kuni Sultonmurodning xotini. — Eshonbuvani aytaman-da. Ostona hatlab koʻchaga chiqsang oyogʻingni urib sindiraman, debdi Shohsanam opamizga. Tunov kuni bechora derazadan qarab turgan ekan, Eshonbuva toza ta’zirini beribdi.

Sultonmurod churq etmadi. Ichidan zil ketdi. Ayriliqqa, azob-uqubatlarga toʻla dunyo qad rostladi qarshisida. Biroq yigit tishini tishiga bosdi, chidadi, chunki barbod boʻlgan dunyo vayronalari ustida shunday ulugʻvor koshona bunyod etgandiki, bu koshonaga istagan yerda, istagan vaqtida kiradi-chiqadi; bu yerda iztiroblardan zada qalbi orom topadi, qiygʻos gullagan shaftolining yoqimli hidi dimogʻiga urilgandek boʻladi, qaynoq, betakror boʻsalar ta’mini tuyadi lablari...

Ittifoqo...

Oʻsha kuni u ishga kechikibroq bordi. Ertalabdanoq boshliqdan eshitadiganini eshitdi. Buning ustiga hisobot daftarchasi uyda qolib ketibdi. Boshlikdan yana nasibasini oldi. Bu kamlik qilganday, boshliq uyiga borib, oʻsha jin urgur hisobotni olib kelishni talab qildi. Ishxonadan uygacha sakkiz chaqirim, kun issiq; bekatda yarim soat turib ulov poyladi, ammo hadeganda ulovdan darak boʻlavermadi, asablari oʻynagan, charchagan, boʻgʻilgan bir alfozda poyi piyoda yoʻlga tushdi. Chamasi biror soatlardan keyin u oʻzi yashaydigan koʻcha boshiga yetib keldi. Shu yerda toʻxtab biroz nafas rostlamoqchi boʻldi. Ammo... Oh, mehribon Parvardigor! — shuncha harakat, shuncha zahmat va koʻrguliklar yolgʻiz Uning uchun, Uni koʻrish uchun ekanligini oʻsha daqiqada, hatto undan oldinroq ham qaydan bilibdi? Bilganida edi ehtimol... Yo, Qodir egam, tagʻin deng shundoq roʻparasidan chiqib qoldi! Albatta U yolgʻiz emasdi. Yonida qandaydir bola koʻtargan ayol... Va atigi bir daqiqa, yoʻq, yarim daqiqa, ehtimol soniyaning allaqaysi bir ulushida — bexosdan ularning nigohlari toʻqnashdi! Hamroh boʻlmish ayol nimadir dedi, lekin Shohsanam eshitmadi. Olam suv quygandek jimjit boʻlib qolgandi. Keyin yana hammasi avvalgi holiga qaytdi: shovqin-suron, vagʻir-vugʻir...

Shohsanam yerga qaragancha yonidan, shundoqqina yonginasidan oʻtib ketdi. Sultonmurod uni anchadan buyon bunchalik yaqindan koʻrmagan, koʻzlariga termulmagan edi. Yigitning hayotidagi eng porloq kun boʻldi oʻsha kun.

Oradan koʻp vaqt oʻtmadi.

Abdurahmon eshon toʻsatdan bandalikni bajo keltirdi.

Shohsanam beva qoldi.

«Endi u yo bu hovlidan bosh olib ketadi, yo kimgadir erga tegadi, — degan gap topib keldi Sultonmurodning xotini uyiga borib. — Albatta, erga tegadi-da. Tegsayam tegadi, tegmasayam tegadi. Axir yosh boʻlsa, ovunadigan farzandi boʻlmasa. Tegadi-da, tegmay qayoqqa borardi? Aytmoqchi, shahardagi amakimizning bultur xotini oʻlgandi. Oʻrtaga tushsammikin?»

Sultonmurodning yuragi zirq etdi.

Yomgʻir fasli oʻtdi.

Jazirama oʻtdi.

Sokin va osuda sunbula kirib keldi hamki, Shohsanam na erga tegdi, na qishloqdan bosh olib ketdi. Eshon buvadan qolgan hovlida yolgʻiz oʻzi yashayverdi. Juvonning xaridorlari koʻp edi. Lekin nima uchundir biror kimsa eshonning ostonasini hatlab oʻtishga jur’at etolmasdi. Shohsanamning oʻzi ham koʻpchilikka qoʻshilmas, toʻy-ma’raka tugul, aqalli, koʻcha-koʻyga-da chiqmay qoʻygandi.

Tiriklay koʻmilgandek edi goʻyo.

Eshon buvadan qolgan hovli-joydan putur keta boshladi.
— Qarov boʻlmagandan keyin shu-da! Hamma narsa oʻlda-joʻlda tashlab qoʻyilgandan keyin shunaqa boʻladi! — deya javrardi Sultonmurodning xotini har kech. Beva boʻlib qolganidan keyin Shohsanam nima uchundir unga yoqinqiramay qolgandi. — Esiz... esizgina shunday uy! Rahmatli eshon buva boʻlganda... Tavba, qosh-koʻzini boʻyashdan boshqasiga yaramaydigan bu ipirisqi xotinning nimasiga uchdi eshon buva?.. Xatto piyovaniyam eplab pishira olmaydigan qoʻli siniq-ku bu!

Sultonmurod esa...

Shu «qoʻli siniq» juvonni bir koʻrishga mushtoq, rahmatli eshon buvaning koʻchasidan oʻtishdan oʻzini zoʻrgʻa tiyib yurardi. Axir, ehtimol, chindan ham u uquvsizdir... Lekin... rangpar xushbichim chexra, nozik dahan, tik qomat, koʻzlar... xuddi bu olamda oʻzidan boshqa hurliqo yashamaydigandek chaqnab boquvchi nigohlar...

Bularni unutib boʻladimi?

Yigit faqat bir narsadan xavotirda edi, hatto qoʻrqardi. Bu qoʻrquv tuygʻusi shu qadar ulkan ediki, uning haybatiga bir qur nazar tashlashga-da qurbi yetmasdi: «U meni unutgan boʻlsa-chi?!.»

Yil soʻngida eshon buvaning ruhi-pokiga atab yil oshi berildi. Shundan keyin bir hafta ham oʻtmadi, birdan sovchilar yomgʻiri yogʻila boshladi.
— Eshon buvaning hurmatini saqlab shuncha kutdik. Endi bir narsa de. Ukam yomon yigit emas.
— Xoʻp, deyaqoling endi, iltimos. Akamning shashti baland, koʻnmasa opqochib ketaman, deyapti!..
— Bu dunyodan hech kim toq oʻtmagan, qizim. Senam axir bir kun uy qilasan-da, yosh umringni xazon qilmasang-chi.
— Yolgʻizlik azobi yomon. Mana, mening amakim oʻn besh yildan buyon yolgʻiz yashaydi. Oʻn besh yil-a! Bechora xotini jon berayotganda boshqaga uylanmayman, deb va’da berib qoʻygandi. Endi bilsam... bosib yurgan ekanman, deydi shoʻrlik amakim.
— Xoʻp desa, kaftimda koʻtarib yuraman, deyapti akam. Iltimos... hech boʻlmasa bir ogʻiz gaplashib koʻring oʻzi bilan.

Dunyo soʻqqabosh erkaklarga toʻlib ketgandek edi. Biroq!
— Yoʻq, dedimmi, yoʻq! — bitta soʻzda turib oldi Shohsanam. Sababini soʻraganlarga tishini yormadi.
— Beshyogʻochlik kishi yomon odamga oʻxshamaydi, — deya Sultonmurodni yangiliklardan xabardor qilardi xotini bilibmi-bilmaymi. — Shu kishiga tegsa boʻlardi. Ikkita bolasi boʻlsa nima qipti? Tayyor dastyor-ku ular. Boshqalarni-ku pisand qilmadi.

Sultonmurod churq etmasdi. Faqat yuzi avval oqarinqirab, keyin qogʻozga aylanib borardi...

Nazarida xotini «hamma gap»dan xabardor-u atay Shohsanam haqida «xushxabarlar» topib kelayotganday... Bu dahshat! Axir yoningdagi odam koʻnglingdan nelar kechayotganini sezib tursa... azob bundan ortiq boʻladimi...

Oradan ancha vaqt oʻtdi. Kunlarning birida ishdan qaytayotgan Sultonmurodni mashina turtib yuborib yengil jarohat olib, kasalxonaga tushib qoldi.

Shu kuni ertalab havo bulut edi. «Yomgʻir yogʻsa ehtimol», — deya oʻyladi Sultonmurod zirqirayotgan jarohatiga kaftini bosib. U yostiqdan boshini koʻtardi deguncha deraza osha tashqariga termulardi. Oʻsha kuni ham u bir muddat deraza raxiga peshonasini tirab turgandi. Qattiq oʻyga tolganidan vaqt choshgohga yaqinlashganini, bulut koʻrpasi yigʻilib, osmonning bir cheti ochilayotganini ham payqamadi.

Bir mahal...

Yo Rabbiy!

«Yoʻq, tush koʻryapman, bu tush!..»

Sultonmurod koʻzlarini yumib-ochdi, ochib-yumdi hamki, qarshisidagi sarob tonggi shudringday yoʻq boʻlib ketmadi. Ma’yus, mahzun jilmaygan chehra...
— Xudoga shukr...
— Sen?!.
— Ha... Ertalab... boya... eshitdim... eshitib qoldim...

Sultonmurod endi e’tibor berdi. Juvonning yuzi dokadek oppoq, nigohlari xavotirga toʻla edi. U hatto tuzuk-quruq hol-ahvol ham soʻrasha olmadi. Qattiq qoʻrqib ketganida odam shu koʻyga tushadi.
— Qoʻrqma, — dedi, deya oldi Sultonmurod. — Qoʻrqma...

Juvon bosh irgʻadi.

Bori shu.

Keyin u uzalib, qoʻlidagi toʻrxaltani deraza tokchasiga qoʻydi-yu ketdi.

Sultonmurod shu kuni kechgacha deraza oldidan nari ketmadi. U entikardi, xoʻrsinardi. Kasalxona darvozasi tomon ketgan yoʻlakka unsiz tikilardi...

Shu kuni u yana bir narsaga iqror boʻldi: qalbida yashayotgan tuygʻu abadiyatda ham ruhini tark etmaydi!
— Nimaga oʻzboshimchalik qilib yuribsiz? — deya soʻroqqa tutdi xotini Sultonmurodning jabrlanuvchi sifatida da’vosidan voz kechganini eshitib, tutaqib ketganidan sira ham oʻzini bosa olmay. — Xayolingizga nima kelsa qilaverasizmi? Xoʻp, da’vo qilishdan voz kechish niyatingiz bor ekan, avval shartingizni aytmaysizmi? Jilla qursa kasalxona xarajatini koʻtarsayam harna edi-da!

Sultonmurod xotirjam tutdi oʻzini. Xotini gapirganda ensasi qotmadi bu gal. Hatto unga kulib qaradi. Xotini uning yuzi tabassumdan bu qadar yorishib ketganini yaqin-oʻrtada koʻrmagandi.

«Qanotim boʻlsa-yu qoshingga uchib borsam!»

Ammo endi u boʻz yigit emas.

Tangri yorlaqab unda qanot paydo boʻlganda ham endi uning yoniga bora olmasdi. Bunga iqror boʻlgani sayin ich-ichidan nimadir koʻtarilib tomogʻiga tiqilardi-qolardi: «Tangrim...» Shohsanam esa yana uyiga qamalib olgan, tashqi dunyo bilan aloqasini uzgandi goʻyo.

Bir kuni...

Xotini kechki ovqatni dasturxonga qoʻyib, oʻzi oshxona tomonga ketdi. Va zum oʻtib qoʻlida tuguncha bilan qaytdi.
— Sanam opamizning tobi yoʻq emish, — dedi u Sultonmurodning savolchan nigohiga javoban. — Bora solib koʻrib kelay. Har qalay, bir ildizning tomirimiz...

Sultonmurod taxta boʻlib qoldi. Ogʻzidagi luqmani yuta olmadi. Gapirmoqchi, nimadir demoqchi boʻldi, lekin tomogʻiga qiltanoq tiqilib qiynalayotganday boʻgʻzidan xirqiroq tovush chiqdi, xolos.

Xotini unga gʻalati qarab qoʻydi-da, indamay chiqib ketdi.

Sultonmurod soʻri chetini tutdi. Kuchi boricha mahkam ushladi. Hozir kimdir oyoq-qoʻlini chandib bogʻlab tashlashiga-da rozi edi: Yoʻq! Yoʻq! Bu mumkin emas!..

Yarim soatlardan keyin xotini keldi. Rangi oqarinqiragan...
— Sanam opamizning ancha mazasi yoʻqqa oʻxshaydi, — dedi u soʻri chetiga oʻtirarkan. — Voy Xudoyim-ey... Dard beraman desa oson ekan-da. Bechora... Adoyi tamom boʻpti!

Ayolning ayolga rahmi keldimi, ahvol jiddiy!

Sultonmurodning ichida nimadir chirt uzildi. Quloqlari shangʻilladi. Xotinining javrashlari uzoq-uzoqlardan kelayotgan tovushdek elas-elas eshitilardi:
— Oʻzidan koʻrsin! Hammasiga oʻzi, faqat oʻzi aybdor. Vaqtida er qilganida bu azoblar yoʻq edi. Hali bu kunlar holva. Bu hali azob emas. Haqiqiy azob hali oldinda! Bir kunlar turibdi hali. Qon yigʻlaydi, qon!..

Xotini bashorat qilgan halokat yaqinlashib qolgandek Sultonmurodni dahshat bosdi. Koʻzlarini chirt yumdi. Allazamonlardan buyon qadam tashlashga izn bermayotgan, temir toʻsikdek yoʻliga gʻov boʻlgan kuch iskanjasida toʻlgʻandi.
— Men oʻshanda aytgandim, bilganday, koʻnglim sezganday aytgandim, - hamon labi-labiga tegmasdi xotinining. — Amakimga koʻnmasangiz, ana Toʻychi muallimni ushlang degandim. Yolgʻiz yashash oson emas. Issiq jon... Oʻzi meni norozi qilgan odam oʻnglanmaydi!
— Bas qil-l!.. — tishlarini gʻichirlatdi Sultonmurod. — Bas qil-l!..
— Xa, namuncha...

Xotinining gapi chala qoldi. Sultonmurod kutilmaganda irgʻib oʻrnidan turdi-yu, soʻridan sakrab tushdi va koʻcha eshik tomon otildi.

Toʻlin oy teraklar ustida osilib turardi. Allaqanday shovqin-suronsiz, mahzun kecha edi. Sultonmurod shu oqshom muyulish chetida qorayib turgan toshni koʻrdi. Va ancha vaqtgacha tosh ustida xayol surib oʻtirdi. Keyin bor kuchi-yu irodasini toʻplab, eshon buvaning nurayotgan uyi tomon yurdi.
— Bu hammasi... siqilganimdan... Qoʻrqmang, oʻtib ketadi, — dedi Shohsanam siniqlik bilan. Uning yuzi za’faron, koʻzlari kirtaygan, ozgʻin vujudi nihoyatda behol ekanligi shundoq sezilib turardi.

Ayol nimanidir yashirayotgandek va buni kulgi bilan pardalayotgandek, hadeb jilmayishga urinardi. Sultonmurod uy ichiga zimdan razm soldi: hammayoq shipshiydam, taxmonda toʻrt-beshta koʻrpa-yostikdan boshqa qoʻlga ilinadigan narsa yoʻq edi.

Juvon buni sezdi.
— Dori-darmonga deb... Oʻlsin, qancha dorini ichib yubordim. Bari bir foydasi boʻlmadi.

Oʻrtaga zilday sukunat choʻqdi.

Sultonmurodning nimadir degisi, ayolning koʻnglini koʻtargisi, shu bilan oʻrtadagi noqulaylikni koʻtarib tashlagisi kelardi. Lekin hali uyidan chiqmasdan oldin ich-ichidan turgan qaltiroq hamon bosilmagani sababli, sira ham gapira olmayotgan edi.
— Bilaman, mendan xafasiz, — deb qoldi juvon bir mahal. Sultonmurod shuncha urinsa-da, eplolmadi — boʻgʻzidan ogʻir xoʻrsiniq otildi.

Ayol koʻz uchida unga qarab turardi. Nimadir deyish lozim...
— Nimalar deyapsan... deyapsiz... Nega xafa boʻlarkanman?..
— Bilmayman, hatto tushuna olmayman oʻzimga-oʻzim... Menga nima boʻlgan? Xuddi hushim oʻzimda emasday... Mana hozir ham... — dedi ayol oʻziga-oʻzi gapirganday past ovozda. Birpas jim turdi-da, soʻng yana dedi: — Ba’zida nimadandir juda bezovta boʻlaman. Xayolimga nimalar kelmaydi? Mana hozir yana... Mendan nafratlansangiz ham arziydi... Men shunga loyiqman... O, yoʻq, yoʻq!..

Juvon yuzini kaftlari bilan toʻsib, hoʻngrab yigʻlab yubordi. Yuzi bir burda... Barmoqlari qonsiz va nimjon... Qoqsuyak yelkalarida ayanchli titroq... Soʻnggi bardosh ham tugadi:
— Oʻzingdan-oʻzing nimalar deb yotibsan boyadan beri, — deya gap boshladi yigit, goʻyo juda ham oddiy narsa haqida soʻzlayotgandek. — Hali... hali shunaqa boʻlmagʻur oʻylarni oʻylab, oʻzingni oʻzing kasal qilib yotgan ekansan-da. Men xafa emishman... toʻgʻri, bir paytlar boʻlgan... shunday... Lekin keyin... bilsam, sendan nafratlanish tugul, xafa ham boʻlolmas ekanman...

Biror soatlardan keyin Sultonmurod oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

«Buning hammasi yolgʻizlik oqibati... Uni tashlab qoʻymaslik kerak!» degan qarorga keldi u juvon bilan xayrlashayotib.

Shundan keyin u tez-tez Shohsanamning ahvolidan xabar olib turadigan boʻldi. Ayol juda sekinlik bilan boʻlsa-da, oʻziga kela boshladi. Uning ahvol-ruhiyasidagi har bir oʻzgarish yigitning nazaridan chetda qolmasdi: «Bugun u yarim soatdan koʻproq gapirdi, harsillamasdan, xotirjam soʻzladi. Hatto kulgisi ham jaranglay boshladi...»
— Menga turmushga chiq, — deya taklif qildi u kunlarning birida.
— Ilojim yoʻq... — deya pichirladi juvon.

Yigit hayratdan dong qotdi. U ayoldan bunday javobni kutmagandi.
— Nega? Nima uchun? Meni oʻylayotgan boʻlsang koʻp qaygʻurma, hammasini yaxshilikcha hal qilaman.
— Men u yogʻini oʻylayotganim yoʻq.
— Nimani oʻylayapsan boʻlmasa? Seni bu hoachida nima ushlab turibdi? Na far... Kechirasan!
— Men bandiman...
— Tushunmadim...
— Yaxshisi, shunday yuraveraylik.
— Seni hech kimga ishonmayman. Hatto manavi soqov devorlarga ham...
— Bu devorlar soqov emas. Xar oqshom ular tilga kiradi.
— Oʻlay agar, soʻzlaringga tushungan boʻlsam.
— E, qoʻyavering bu yogʻini. Boyagi gapim gap. Shunday yuraveraylik. Bizni hech kim, hech narsa ajrata olmaydi!

Yigit e’tiroz bildirmadi.

«Balki u haqdir? — deb oʻyladi ichida. — Ehtimol, shunisi ma’quldir...»

Biz reja tuzamiz, ammo tasodif uni barbod qiladi. Kutilmaganda fojia yuz berdi. Ha, bu — tasodif, mash’um tasodif edi. Hatto gʻayritabiiy sir-sinoat edi. Kutilmaganda sodir boʻldi u. Shohsanam yarim tunda qoʻqqisdan gumburlagan momaqaldiroqdan choʻchib uygʻondi-da, chidab boʻlmas darajada sanchayotgan yurak xurujidan yigirma daqiqa azob cheqdi-yu... omonatini topshirdi-qoʻydi. Sultonmurod dovdirab qoldi. U hech narsani idrok qilolmasdi. Yoʻq, idrok qilardi, ammo hech narsaga tushunmasdi. Axir shu kecha harorat qirq daraja issiq, havo qurib qolgandek nafas olish amrimahol, barqut osmonda yulduzlar charaqlab turar, qilt etgan epkin yoʻq, lekin butun borliqni, kurrai zaminni larzaga solib, momaqaldiroq gumburladi!..

Yo alhazar!

Yer yorilib ketgudek boʻldi-ya!

Dafn marosimidan qaytib, ochiqqanlaridan shosha-pisha ovqatlanayotgan erkagu ayol, odatdagidek, ya’ni boshqa hamma joyda boʻlganidek, marhuma haqida gapirishdi.
— Tavba, ming marta tavba, shunday qilib ham odam oʻladimi? Jon berish ham oson ekan-da. Birgina momoguldirak!..
— Yoʻq, bu yerda boshqa bir gap bor.
— Shoʻrlikning yuragi xasta ekan-da.
— E, u boʻldi-bu boʻldi, nima qilib boʻlsayam eshon buva zavjasini oʻzining oldiga chaqirib oldi-da!
— Ie, uni qaranglar, parda qimirlayapti!

Sultonmurod ortiq dosh bera olmadi... Azaxonadan chiqib ketdi. Toʻshakda ajriqqa agʻanagandek uxlolmagan yigit allamahalda asta oʻrnidan turdi.
— Qayoqqa? — soʻradi xotin.
— Oʻzim, shunday...
— Ertalab vaqtli turishingiz kerak, uxlasangiz boʻlmaydimi?
— Uyqum kelmayapti.

Eshik xiyol gʻiyqillab ochilib-yopildi.

Xotin koʻrpani yuziga tortdi: «Tavba!»

Kecha oydin edi.

Charaqlagan yulduzlardan yerga kumushrang yogʻdu toʻkilardi.

Deraza yonidan oʻtgan yigit birdan taqqa toʻxtadi.
— Sen?!
— Ha, men...
— Axir, sen...
— Keta olmadim!

* * *

«Dunyo shunchalar goʻzal!

Yayrab nafas olib yashaganga ne yetsin... Oy nurida tovlanayotgan yaproqlarning shovullashi qanday ajoyib... Ammo...

Bu dunyoni siz borligingiz tufayli yaxshi koʻraman.

Siz tufayli!..»


— Qaerlarda yuribsiz? — soʻroqqa tutdi xotin.
— Birpasda yoʻq boʻlasiz-qolasiz!
— Yomgʻir yogʻayotgan ekan. Yoʻl chetidagi tosh ustida birpas oʻtirdim.
— Birpas?! Qaysi yoʻlning chetidagi tosh?
— Muyulishdagi...
— Muyulishda hech qanaqangi tosh yoʻq! Yomgʻir ham yogʻmayapti! Qachonlardan beri osmondan bir tomchi tushgani yoʻgʻ-u... Nega yolgʻon gapirasiz? A, nega? Nima uchun? Hech boʻlmasa ariqdagi suvga boʻkib, keyin uyga kelsangiz boʻlardi!
— Men axir u yerda Xoliq amakini koʻrdim. Keyin anavi chol bor-ku, oti nimaydi, hah, tegirmonchi...
— Shoʻrim kursin, axir ular allaqachon oʻlib ketishgan-ku!
— Sizga bir balo boʻlgani rost.
— Bas qilsang-chi!
— Bas qilmayman! Nega endi bas qilarkanman? Men yerda yashayapman, sizga oʻxshab osmonda uchib yurganim yoʻq!
— Insof qilgin, charchadim, birpas mizgʻib olishga koʻyasanmi-yoʻkmi?!
— Boring, doʻkondan bir qop un opkeling. Uyda bir hovuch un yoʻgʻ-u, bu kishim!.. Qachon bolam-chaqam deysiz?
— E, bor-e!

«Esingizdami, bir kecha tong otguncha uxlamasdan gaplashib oʻtirganimiz? Esingizda, a? Bilardim... Osmon bir boshqa boʻlib yorishib ketgandi oʻshanda! Oy naq tepamizda turib olgandi. Xuddi bizdan uzoqlashgisi kelmagandek. Iliq shamol rayhon hidini dimogʻimizga urardi... Nazarimda, kecha-kunduz ham, oy-quyosh ham, hamma-hammasining bizga havasi kelardi».
— Chik-chak... Chik-chak...

Sultonmurod choʻchib koʻzini ochdi.

Allakim deraza oynasini ohista chertgandek tuyildi. Yostiqdan boshini koʻtardi.

Xira yogʻdu tushayotgan oyna ortida kimdir unga tikilib turardi.

Yigit ixtiyorsiz suratda oʻrnidan turdi.

Xotini qora terga botib uxlab yotardi.

Sultonmurod hovliga chiqdi. Soʻng koʻchaga...

Oʻn daqiqadan keyin u oʻzini xaroba oldida koʻrdi.

Chiroq yoniq turardi.
— Kech kirishini ming azob bilan kutdim... — deya shivirladi juvon uning koʻksiga bosh qoʻyarkan.
— Men ham adoyi tamom boʻldim. Nega buncha shoshilding?
— Ixtiyorim oʻzimda emasdi.

Toʻsatdan javondagi idishlar jaranglab ketdi. Qandaydir koʻrinmas qoʻl idishlarni bir-biriga urib, chil-chil qilayotgandek edi. Juvon xijolatli kulimsiradi.
— E’tibor bermang. Men oʻrganib ketganman...

U soʻzini tugata olmadi. Xonaning allaqaysi burchagidan eshitilgan ovoz juvonning ovozini bosib ketdi:
— Badbaxt! Yaramas! Tavqi la’natimga uchrading! Qiyomat kuni ham seni kechirmayman!.. Ey, badbaxt! Azob farishtalariga topshirdim seni! Alar doʻzax oʻtidin toj kiydirurlar boshingga, qizdirilgʻon misdan libos kiyursan!

Juvon ikkala kafti bilan yigitning quloqlarini toʻsdi.
— Eshitmang!..

* * *

Sultonmurod kimsasiz koʻcha oʻrtasida turar, allaqachon qorongʻi tushib, yon-beridan odam oyogʻi tiyilganini, uyiga borishi lozim ekanligini fahmlardi, his etardi, ammo oyoklariga tosh bogʻlagandek ularni yerdan uzolmasdi. Bir mahal allakim qoʻlidan tutgandek boʻldi. Qattiq seskandi. Uy tomon yurmoqchi boʻldi. Shu on oqshom hukmiga oʻtgan borliq bagʻridan sirgʻalib oʻtgan bir nido quloqlariga urildi: «Sulton...»

Yigit ikkilandi: bu odatdagi ovozga, odatdagi chorlovga oʻxshamasdi.

Tagʻin oʻsha ovoz: «Sulton...»

Yigit garangsigan koʻyi ovoz kelgan tomonga yurdi: yana oʻsha xaroba!

U tanish yoʻlak boʻylab ichkariladi.

Xona zim-ziyo.

Quloqni qomatga keltirgudek sukunat.

Vaqt toʻxtagan, olam nafas olmay qoʻygandi goʻyo.
— Bu yoqqa oʻt! — degan dagʻal ovoz gulduradi. Qorongʻilikka koʻnika boshlagan yigit zulmat qa’ridan oʻziga qadalib turgan bir juft gʻazabnok nigohlarni his etdi.

Soʻng esa... shiftda osilib turgan oqish sirtmoqqa koʻzi tushdi. Qaltirab ketdi.
— Oʻzingni os!

Tosh qotgan sukunatga birdan jon endi: xona shovqin-suronga, shivir-shivirlarga, sarosimali, qiroatli, yigʻlamsiragan ovozlarga toʻlib ketdi.

«— E Xudoyim!
— Yo Rabbiy!
— Boyaqish hali yosh jan.
— Xayriyat, u bizdan emaskan. Men ukam Mirzapoʻlatmi deb oʻylab qoʻrqib ketganimdan yugurib kelgandim. Xayriyat!.. Anchadan buyon betob edi-da...
— Nega menga tirgalasiz hadeb?! Qaerga borsam koʻzingizni loʻk qilib turganingiz-turgan!
— Ie, bu Iskandar akaning oʻgʻli-ku! Voy shoʻrlik... Iskandar akaga xabar berish kerak. Tezroq! Tezroq!
— Voy-boʻy, namuncha... Men bilan koʻrishmaslik uchun atay poyabzalingizni qoʻlingizga olvoldingizmi? Pastkashligingiz qolmadi-qolmadi-da!
— Oʻgʻlim!
— Bolam... Bolajonim... Yosh joningga javr qilma! Otasi, unga ayting, bunday qilmasin... Bolam!.. Darvoqe, eshon buva... Eshon buvaning oldiga borishim kerak! Yo Tangrim...»
— Boʻlsang-chi! Nega ikkilanyapsan? Boʻlaqolsang-chi!

Sultonmurod toshday ogʻir nigohlarini sirtmoqqa qadadi, bir necha soniya undan koʻz uzmadi.
— Bu juda oson...

Sultonmurod beixtiyor sirtmoq tomon bir qadam tashladi.

« — Oh!
— Voy bechora...
— E, nega dod-voy qilasanlar? Qilgilikni qilgandan keyin jazosini olsin-da! Bundaylarning joyi doʻzaxda!
— Doʻzax shunday joyki!.. Doʻzaxning oʻtidin zarradek olib, uni togʻ ustiga qoʻydilar. Bas, togʻ aning issiqligidin simobdek erib ketdi...
— Yo tavba!
— Tangrim, uni oʻzing yorlaqa!»

Sultonmurod sirtmoqqa qoʻl uzatdi. Qoʻli yetmadi, yetar-etmas boʻlib, havoda muallaq qoldi. Yana bir qadam... Bexosdan poyabzalining uchi qattiq narsaga tegdi. Munkib ketdi.
— Yoʻq, yoʻq, — degancha ortga tislandi u oʻziga kelib.
— Qoʻrqma, — deya dalda berdi gulduragan ovoz endi bir oz yumshoq ohangda...
— Yoʻq!
— Bu juda oson...

Shu on boʻshliq qa’ridan suzib chiqqan sharpa tap tortmasdan dorga qoʻlini uzatdi va... xuddi shunday hech ikkilanmasdan — oddiy yumushni bajarayotgandek — sirtmoqni boʻyniga soldi. Shundoq Sultonmurodning koʻz oldida sharpa oʻzini osdi. Boshi koʻksiga osilgan... oyoqlari shalviragan... Yuzi esa... Xayratlanarlisi shunda ediki, u sharpaning yuzini aniq-taniq koʻrdi. Darvoqe, yuz... yuzini qanday edi desa boʻladi? Yuzi... yuzi ulugʻ saodatga erishgandek mamnun va sokin edi!
— Nega bunday qildingiz? — deya qichqirib yubordi Sultonmurod beixtiyor.
— Nima qipman?
— U oʻlib qoldi.
— U oʻlgani yoʻq. Yaxshilab qara. Mana u yoningda turibdi. Sultonmurod koʻzlarini yumib-ochdi: yo alhazar! Sharpa boyagi joyida hech narsa boʻlmagandek qaqqayib turardi! Yigit aqldan ozayozdi.
— Hozir... Hozirgina u... — deya pichirladi quruqshagan lablari.
— U oʻlgani yoʻq, sirayam oʻlgani yoʻq.
— Aqlim bovar qilmayapti...
— Tasavvur kil, vujud — ulkan chigʻanoq, ruh shu chigʻanoq ichida dimiqib yotgan jonivor. Mana endi u ozod!

Sultonmurod yana sirtmoqqa koʻz yugurtirdi.
— Bu juda oson...
— Bu juda ajoyib...
— Bu juda oson...
— Bu juda ajoyib...

Tarang tortilgan asablar boʻshashdi.

Yigit oʻzi istamagan holda, lekin shunga majburdek sirtmoqqa koʻl yubordi. Shu vaqt...

Birdan yeru koʻkni larzaga solib, momaqaldiroq gumburladi. Chaqmoq chaqdi. Shamol qop-qora bulutlarni haydab keldi. Deraza sharaqlab ochilib-yopildi.
— Yoʻq! Yoʻq! — degan faryod eshitildi avval. Keyin... Yo Rabbiy!

Chaqmoq yorugʻida u koʻzga tashlandi. Mana u! Bor boʻy-basti bilan. Bu oʻsha!
— Yoʻq! — deya takrorladi u. — Yoʻq! Bunday qilmang! Bu tuzoq... Bu fitna... — juvon yigit poyiga tiz choʻqdi. — U meni oʻzi bilan olib ketmoqchi edi. U bilan ketsam gunohlardan forigʻ boʻlarmishman. Jannat mening poyimda boʻlarmish! Magʻfirat nuriga yoʻgʻrilar emishman. Shunda buyuk azob kuni yorugʻ yuz bilan chiqar emishman. Aks holda ruhim yorug dunyoda sarson-sargardon izgʻib yurarkan... Men shunisini tanladim. Dunyoni siz borligingiz tufayli yaxshi koʻraman! Qarang, shaftoli qiygʻos gullabdi...

Kutilmaganda xona ichi yorishib ketdi. Sultonmurod hayrat ogʻushida juvonga boqdi. Sirtmoqqa uzalgan qoʻllari boʻshashdi...

Ertalab uni xarobadan hushsiz holda topishdi. Tushgacha u qishloq kasalxonasida yotib, nihoyat hushiga keldi. Ammo... yigit tamomila aqldan ozgan, telba edi.

«— Yo tavba, men ilgari ham bunday voqeaga guvoh boʻlgandim.
— Qachon?

— Million yil avval...»