OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifZulfiya Qurolboy qizi
Asar nomiQuyosh nega chiqaveradi? (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Zulfiya Qurolboy qizi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm32KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Quyosh nega chiqaveradi? (hikoya)
Zulfiya Qurolboy qizi

Tosh qotib uxlab yotgandim, allakimning turtkisi va hayajonli ovozidan choʻchib uygʻondim. Koʻzlari besaranjom boqayotgan onam ustimga engashib turardi.

– Tur, seni soʻrab kelishdi. Turaqol, – dedi onam shoshilib, nimadandir qattiq bezovtalangan holda.

– Kim... Kim soʻrab kepti ertalabdan? – erinchoqlik bilan boshimni yostiqdan koʻtarib qoʻydim-u, yana tashladim.

– Tur deyapman senga. Tursunoy shoʻrlik dori ichib qoʻyipti!

– Ni-ma?! Dori ichib qoʻyibdimi?! – Oʻrnimdan uchib turdim. – Nega ichadi? Kecha, kuni kecha dup-durust yurgandi-ku? – deya toʻxtovsiz savol berardim kiyinishimga yordamlashayotgan onamning yuziga tikilib.

– Kim bilsin. Senga hech narsa demaganmidi, axir? Otasi shuning uchun senga keldi-yov. Biror nimani soʻrashsa, oʻylab koʻrib, keyin javob bergin. Tagʻin...

Onamning soʻzlarini oxirigacha eshitishga sabrim yetmadi, otilib tashqariga chiqdim. Onam hay-haylagancha qoldi. Gaplarini oxirigacha eshitmagan boʻlsam ham nima deyishlarini bilaman: “Boʻlar-boʻlmas gaplarni valdirayverma. Tilingga ehtiyot boʻl! Tagʻin boshingni bir baloga giriftor qilib qoʻyma. Tursunoydan qoʻrqqulik...”

Ha, onam qadrdon dugonam, devor-darmiyon qoʻshnimiz Abduhamid amakining qizi Tursunoydan qoʻrqadi. Nafaqat mening onam, balki dugonamning ota-onasi Abduhamid amaki bilan Bahri xola va umuman koʻpchilik undan, toʻgʻrirogʻi uning oʻzini tutishidan, xatti-harakatlari sal boshqacharoq, ya’ni gʻalati boʻlgani uchun choʻchishardi. Bundan toʻqqiz oy avval ham Tursunoy oʻzini oʻldirishga uringandi. Yaxshiyamki Abduhamid amaki bexosdan hammomga kirganu, sirtmoqqa tikilib turgan qizini koʻrib qolib, bir oʻlimdan qutqargan edi. Mana, bugun yana u...

Darvozani ochib, koʻchaga chiqqan ham edimki, Abduhamid amakiga toʻqnash keldim.

– Qizim, bu ahmoq qiz yana... – duduqlanib gapirdi rang-quti oʻchgan, koʻzlari gʻiltillayotgan Abduhamid amaki.

– Qaerda oʻzi? Uydami, kasalxonadami?.. – deb soʻradim shoshib.

– Sekin, sekinroq gapir, – Abduhamid amaki yon-veriga zimdan qarab qoʻydi. – Boshqalar bilmay qoʻya qolsin degandim. Bu ahmoq...

– Qaerda oʻzi? – yana soʻradim toriqib ketib.

– Uyda... yotibdi. Kechasi kasalxonaga oborgandik, ichini tozalab-yuvib, qaytarib yuborishdi. Vaqtida bilib qolgan ekanmiz... Saharda oʻziga kelib, seni soʻradi... Shundan beri nuqul seni soʻraydi...

– Qanaqa dori ichibdi?

– Qirq dona demidrol...

– Voy ahmoq! – deb yubordim beixtiyor.

– Ahmoq ham gapmi! Qani, oldiga kir-chi, qanday gapi borakan?

Abduhamid amaki xuddi bir nima qidirayotganday yerga qaragancha uylari tomon yurdi. U kishi juda parishon edi. Yuragim uvishdi. Tarashaday qotma yuzi horgʻin, nigohlari gʻamgin edi Abduhamid amakining. Oʻtgan yili Tursunoydan keyin tugʻilgan yolgʻiz oʻgʻli Toshtemir toʻppa-toʻsindan olamdan oʻtdi, keyin esa koʻz qorachigʻiday arzanda boʻlib qolgan Tursunoyi sal boʻlmasa oʻzini osib qoʻyayozdi... Shular asabiga qattiq ta’sir qilganidan boʻlsa kerak, Abduhamid amaki dardchil boʻlib qoldi.

Yuragim hapriqib, u kishiga ergashdim.

Abduhamid amaki qiya ochiq turgan eshikdan meni ichkariga kiritdi-da, oʻzi tashqarida qoldi.

Dahlizdan oʻtib, oynavand eshikka yaqin keldim. Yuragim gurs-gurs urardi. Tursunoyga hali koʻzim tushmagan boʻlsa-da, uning ahvolini tasavvur qilardim. Qirq dona demidrol tabletkasini ichish... hazil emas. Men sira ham bunday qila olmasdim, deb oʻylayman, garcha hamma narsadan hafsalam pir boʻlib, yoki azob-uqubat jon-jonimdan oʻtib ketgan taqdirda ham. Qiziq, u bunga qanday jur’at qildi ekan?

– Seniyam sahardan bezovta qildikmi, qizim? – deya qarshi oldi ichkariga kirganimda qaygʻudan abgor boʻlgan Bahri xola.

– Ahvoli yaxshimi? – deb soʻradim koʻzlari yarim yumuq, vujudidan butun qoni silqib oqib chiqib ketganday yuzi qor kabi oqarib yotgan Tursunoyga nazar tashlab.

– Uxlab qoldimi deyman. Hozirgina shiftga qarab yotgandi.

Bahri xola qizining yuziga xavotir toʻla nigohini tikdi.

– Uxlayapti shekilli.

Bir pas ikkalamiz ham jim boʻlib qoldik. Xonaga ogʻir sukunat choʻkkan, derazaga oʻzini urib gʻingʻillayotgan pashshaning ovozigina eshitilardi faqat.

– Yaxshigina yurgandi, – deya soʻzlandi past ovozda Bahri xola birozdan keyin men tomon burilarkan. – Oʻqishigayam vaqtida borib kelayotgandi. Oʻzingning ham xabaring bor-ku aytganday.

– Hech kim bilan urishmaganmidi? – deb soʻradim sekin.

– Hech kim bilan! Uning mushugini “pisht” deyishga birovimizning ham haddimiz sigʻmaydi. Avvallari otasi indamasayam, men tergab turardim. Bulturgi qiligʻidan keyin menam indamay qoʻyganman. Oʻqishiga boradimi-yoʻqmi, uy ishlariga qarashadimi-qarashmaydimi, ishim yoʻq. Oʻz holiga tashlab qoʻygandim. Qani, oʻz bilganicha yashab koʻrsin-chi, deb. Mana, yana... – Bahri xola koʻylagining uzun yengini koʻziga bosdi.

Tilim lol, nima deyishni, kuyib ketayotgan onaizorni qanday yupatishni bilmasdim. Aslida gapga unchalik noʻnoq ham emasdim.

– Shoshmayotgan boʻlsang oldida bir pas oʻtir, qizim. Hushiga kelganidan buyon seni soʻrayotgandi. Bir gapi bordir-da. Men tashqariga chiqmasam boʻlmaydi. Yuragim siqilib ketayapti...

Bahri xola oʻrnidan turdi. Oyoqlari uvishib qolgan chogʻi, engashib tizzalarini uqaladi-da, keyin qaddini rostladi va oqsoqlangancha yurib ketdi.

“Xudoyim, oʻzing sabr ber”, – deb qoʻydim ichimda. Soʻng Tursunoyning yuziga termuldim. U chindan uxlayaptimi yoki oʻzini uxlaganga solib yotibdimi, shuni bilmoqchiydim. Shu chogʻ Tursunoy “yarq” etib koʻzlarini ochdi va menga tikilib qoldi.

– Yana eplay olmadim... – eshitilar-eshitilmas pichirladi Tursunoy, ovozi xirillab chiqdi, koʻkargan lablari zoʻrgʻa qimirladi.

– Eplay olmaganingga shukr. Beadad shukr, – dedim xursand boʻlib.

– Senga qachon xabar berishdi? – deb soʻradi u yana pichirlayotganday past ovozda.

– Hozirgina... hali yarim soat ham boʻlgani yoʻq.

– Qoʻrqib ketgandirsan?.. – soʻradi u.

– Qoʻrqish ham gapmi!

Tursunoyning boʻzargan chehrasidan allaqanday siniq, tushuniksiz tabassum sirgʻalib oʻtdi.

– Darsga bormaysanmi? – soʻradi u yana.

– Ertaga birga boramiz.

Javobim yoqmadimi yo toliqib qoldimi, Tursunoy yuzini devor tomonga burdi. Burdi-yu, shu koʻyi indamay yotaverdi. Men ham jim oʻtiraverdim.

Biz bolalikdan birga oʻsib-ulgʻaydik. Bir maktabda, bitta sinfda oʻqidik. Tan beraman, Tursunoyning bilimi kuchli edi, kallasi zoʻr ishlardi. Koʻp kitob oʻqirdi-da. U hammamizni hayratga soladigan qobiliyatga ega edi, lekin nima uchundir koʻpincha oʻzini “alif”ni “kaltak” deya olmaydigan bolalardek tutardi. Faqat gohi-gohida oʻz iqtidorini shu qadar qizgʻinlik bilan namoyish qilardiki, biz hayratdan yoqa ushlab qolardik. Tursunoyning fe’l-atvoridan uncha-muncha xabardorligim bois, maktabni bitirganimizdan keyin bitta universitetga hujjat topshirishga amallab koʻndirgandim. Omadimiz chopib, oʻsha yili ikkalamiz ham talaba boʻldik.

Lekin keyin... Chopagʻon otning oqsashini koʻring, deganlariday, Tursunoy universitetda ham maktabda koʻrsatgan hunarlarini takrorlashni boshlab yubordi deng. Hushiga kelsa, darsga boradi, hushiga kelmasa – yoʻq. Gohida ikki-uch kunlab uydan bir qadam nariga chiqmay qoʻyadi. Ota-onasi Xudoning zorini qilib yalinib-yolvorishdi, qani endi qulogʻiga olsa!

Qishki yoki yozgi imtihonlar boshlanganida esa Tursunoy hammani hayratda qoldirmoqchiday fanlardan “a’lo” baholar olib, sessiyani birinchilardan boʻlib yopardi.

Shunday qizning mendan boshqa biron yaqin doʻst-oʻrtogʻi, dugonasi yoʻq edi. Oʻzi birorta qiz yoki yigit bilan yaqinroq munosabatda yoki sirdosh boʻlishga intilmaganiga yarasha, boshqalar ham nima uchundir unga yaqinlashishni istashmasdi. Men ham tabiatan koʻpchilikni unchalik suyaveradiganlar xilidan emasman, ammo oʻzimga yarasha tanish-bilishlarim, sirlasha oladigan yaqinlarim bor. Yoshimiz ulgʻayib, aql-hushimiz toʻlishgan sayin Tursunoyning xatti-harakatlaridan, oʻzini tutishlaridan goh ensam qotadigan, goh jahlim chiqadigan boʻldi.

– Oʻzingni buncha chekkaga tortaverasan? – dedim oxiri kunlarning birida. – Xuddi oʻz toʻriga oʻralashib qolgan oʻrgimchakka oʻxshaysan!

– Nima qipti? – beparvolik bilan soʻradi u.

– Yolgʻizlikdan yuraging siqilib ketmaydimi?

– Men yolgʻiz emasman, – dedi Tursunoy va koʻzlarini loʻq qilgancha menga qadalib tikilib turaverdi.

Shundan keyin ham bir nima deb koʻring-chi! Boʻzargan chehrasidan, loqayd boqayotgan nigohlaridan hech narsani uqib boʻlmasdi.

Uyda esa Bahri xola jigʻibiyron boʻlardi.

– Toʻrt chaqalogʻimni yerga qoʻyganimdan keyin topganim deb erkalatib, qaysar qilib yubordim deb oʻylardim. Yoʻq, u noshud, qip-qizil noshudning oʻzginasi! – deb qolardi xola menga hasrat qilib. – Yoshi yigirmadan oshdi, ignadan ip oʻtkazolmaydi hali! Mana, seni olaylik. Opang, yangang boʻlishiga qaramasdan osh-ovqatni, qozon-tovoqni boʻyningga olgansan. U-chi? Hali tuxumni yoqqa tashlab olishniyam eplay olmaydi. Men boʻlmasam, singillari boʻlmasa ochidan oʻladi u!

– Vahima qilaverma, onasi, – derdi bunday paytlari Abduhamid aka oʻrtaga tushib. – Hali boshiga tushsin, hammasini quling oʻrgilsin qilib eplab ketadi. Hozircha senga, menga erkalik qiladi-da.

– Yoʻ-oʻq, bu erkalik emas, – deya oʻz bilganidan qolmasdi battar jazavasi qoʻzigan Bahri xola. – U tanbal, u dangasa, u haftafahm!..

Tursunoy haqiqatan ham dangasa edimi? Buni aniqlash unchalik qiyin emasdi. Uning uzilib tushgan tugmasini qaday olmay, onasiga iltimos qilayotganiga guvoh boʻlganim rost. Bu borada Bahri xola qisman haq desam, xato qilmagan boʻlaman. Biroq Tursunoyni “haftafahm” deyish adolatdanmikin?

...Chamasi bundan olti oycha ilgari, kun ayni jizillagan peshin payti darsdan chiqib, avtobus bekatida turgandik. Uylarimiz universitet binosidan bir bekat narida joylashgan. Yarim soatlab avtobus kutgandan koʻra piyoda ketaverganimizda ham allaqachon uyga yetib qoʻyardik. Lekin biz qoq tush mahal bekatda turibmiz. Zero, Tursunoyning xohishi shu edi!

– Quyosh nega har kuni chiqaveradi, a? – deb qoldi u bir mahal lanjlik bilan osmonga, naq tepamizda turgan may oftobiga koʻzlarini qisib qararkan.

– Quyosh tiriklik manbai, – deya bilganimcha aqlli javob qaytarishga urindim. – Quyosh boʻlmasa hayot ham boʻlmaydi.

– Quyosh boʻlmasa hayot ham boʻlmaydimi? Unda “Men barhaqman! Yaratuvchiman!” degan zotning xizmatlari qayda qoladi?

Tursunoydan bunday gap chiqishini kutmagandim. Hayron qolganimdan, birdan javob qaytara olmadim. U boʻlsa istehzoli kulimsiragancha menga tikilib turardi.

– Quyosh hayot unsurlaridan biri, – dedim birozdan soʻng xatoyimni toʻgʻrilashga urinib.

– Shunday de...

Tursunoy boshqa gapirmadi.

Bir haftadan keyin kutilmagan fojia yuz berdi: dugonamning ukasi ogʻrib-netmasdan, toʻsatdan oʻlib qoldi.

Shundan keyin Tursunoy oʻqishgayam bormay qoʻydi.

Bu yoqda yozgi sessiya boshlanishiga sanoqli kunlar qolayapti. Kutubxonada ikki soatcha oʻtirib dars qilganimdan soʻng terlab-pishib uyga kelayotib koʻrdimki, Tursunoy koʻcha eshik oldidagi supachada qandaydir xayollarga gʻarq boʻlib oʻtiribdi.

– Nega yana darsga bormay qoʻyding? – deb soʻradim uning yoniga choʻkib.

– Oʻqimayman endi, – ters javob berdi u.

– Qiziqsan-a?

– Ha, shunaqa.

– Uch yil oʻqib, endi tashlab ketmoqchimisan? Oʻtgan umringga achinmaysanmi?

– Uch yillik umrimgami? – deb soʻradi u.

– Nima farqi bor?

– Achinmayman.

– Juda gʻalatisan-a, tavba!

– Shunaqaman...

Ishonasizmi, oʻsha daqiqada u koʻzimga, nima desam ekan, xuddi... qalbi orzulardan mahrum boʻlgan, hech bir a’moli yoʻq, e’tiqodsiz mushtiparga oʻxshab koʻrindi. “U qanchalar baxtsiz va ojiz”, degan fikr paydo boʻldi ongimda.

Aytganday, yana bir gap. Agar istasa, Tursunoy baxtli boʻlishi mumkin edi, ammo buni u xohlamasdi. Nega? Nima uchun? Bunisi menga qorongʻi. Qalbni orzudan, quvonchdan mahrum qilish yerni havoday ayirib qoʻyish bilan barobar. Bu holda qanday yashash mumkin?

Tursunoy boʻlsa yashayapti! Oʻzimcha, bunday odamlar suvga tushgan xasday hech bir maqsadsiz holda dunyodan oʻtib ketaveradilar; ular suzishmaydi, oqim ularni olib yuradi, degan xulosaga kelganim bilan baribir yuragim lahza sayin alamli tugʻyonlarga toʻlib borardi.

– Bu nima qilganing, a?! Bu nima qilganing? Hammani ezib yubording-ku juda! – degandim zarda bilan, qizishib oʻshanda. – Uch yil oʻqib, endi oʻqimayman deb turganing nimasi?

Tursunoy boʻlsa pinak buzmadi.

Bir nuqta bor boʻshliqda. Shunday paytlarda dugonam hamisha oʻsha nuqtaga parishon va alamangiz bir qiyofada tikilib qoladi.

– Tilingni yutvorganmisan, nima balo?! – dedim ovozimni koʻtarib. – Sen bilan odamga oʻxshab gaplashib boʻladimi oʻzi?

– Nega buncha qizishasan? Nima, sening yashashingga xalaqit berayapmanmi? – dedi u shunda allaqanday kutilmagan, favqulodda bir qizgʻinlik bilan. – Bir sayohat qilib kelay deb yoʻlga chiqqandim, qalbimni oʻziga rom etadigan hech vaqo topmadim. Gʻamgin boʻshliq... Undan boshqa hech narsa... hech narsa...

– Sen yashashni bilmaydigan odamlar toifasidan ekansan, mana endi bildim.

– Oʻzimni... – Tursunoy oʻylanib turib, soʻng gapini davom ettirdi: – xuddi titrab-qaltiragan holda dor ustida imillab yurayotgan dorbozga oʻxshataman. Nazarimda... – u yana jim boʻlib qoldi.

– Dorbozning qoʻlida langari boʻladi, oʻzi istamasa hech qachon dordan yiqilmaydi. Fikringni toʻgʻri angladimmi? – dedim shartta.

– Tashlagan har bir qadamim oʻchib borayotganini oʻzim ham bilaman...

– Haykal emassan-ku, qoʻqqayib turishimning oʻzi hayotga zeb beradi deb oʻylasang. Hayotni sevish kerak. Shunda yashaganing sayin yashaging kelaveradi. Men oʻzim hayotda har tongdan yaxshi bir yangilik kutib uygʻonaman. Mana koʻrasan, biz hali baxtli boʻlamiz!

– Sen baxtli boʻlasan, – dedi shunda Tursunoy jilmayib. – Turmush qurasan, sevgan kishing, bolalaring boʻladi. Baxtli yashaysan. Ammo kunlarning birida sevgan odaming senga xiyonat qilayotganini payqab qolasan-u, hayoting zaharga aylanadi. Yo boʻlmasa...

– Qoʻysang-chi shunaqa gaplarni! – dedim birdan yuragim orqaga tortib.

– Hayotingga ogʻu aralashmasa boʻlmaydi. Dunyoning qurilishi shunday, – pinak buzmasdan, hech bir ikkilanishsiz gapida davom etdi Tursunoy.

– Nega... shunday?.. – deya pichirladim xuddi ovozimni birov eshitib qolishidan qoʻrqqanday. Boyagi joʻshqinligimdan asar ham qolmagandi.

– A-ha! – Tursunoy sapchib oʻrnidan turdi. Xuddi chaqindek “yalt” etib oʻtgan ushbu oniy soniyalarda uning zimiston yuragi, sezgilari, ichki shuuri favqulodda bir nur bilan yorishib ketgandek boʻldi. – Mana endi oʻzingga kelding! Nega shunday? A, nega shunday? Hech oʻylab koʻrganmisan?!.

Javob bermadim. Sarob jimirlayotgan boʻshliqqa tikilgancha miq etmay turaverdim.

– Men koʻp, juda koʻp oʻylayman, – dedi Tursunoy. – Nega shunday? Nega bu dunyoda toʻkis baxt yoʻq? Hammasi Uning, yolgʻiz Uning ixtiyorida boʻlsa, nega dunyoni bekamu-koʻst yaratmadi? Atigi bir marta, bir martagina dunyoga keladigan insonni azob-uqubatlarga giriftor qilmaslikning iloji yoʻqmidi? Jannat, doʻzax, mahshar tongi deganlariga shunchalar urinsam ham mutlaqo ishonch hosil qila olmadim. Juda mavhum.

– Balki mavhum emasdir, – dedim jur’atsizlik bilan.

– Mayli, sen aytganday boʻlaqolsin. Mahshar tongi jami marhumlar tiriladi deylik. Ammo bunda mantiq qani? Masalan, men yigirma bir yoshda, sen sakson yoshda bu olamdan oʻtsak-da, mahshar tongi uchrashsak, qanday qilib bir-birimizni taniymiz. Ayniqsa men seni. Axir sen munkillagan kampir qiyofasida tirilasan, shundaymi?..

Shu vaqt hovlida turib shovqinimizni eshitdimi yoki shunchaki chiqib qoldimi, darvoza oldida Abduhamid aka koʻrinish berdi. U kishi bizni koʻrdi, bosh irgʻab men bilan salomlashdi, soʻng ichkariga kirib ketdi.

– Xabaring bor, yaqinda yolgʻiz ukamdan ayrilib qoldik, – deya mahzun ohangda gapida davom etdi Tursunoy. – Mendan avval ham ota-onamning toʻrtta farzandi nobud boʻlgan. Dadam nima uchun meni yaxshi koʻradi? Chunki men tugʻilganman-u, ketma-ket yuz berayotgan oʻlimlar toʻxtagan. Mendan keyin ukam tugʻildi. Lekin yana... Shugina oʻlmasa boʻlardi!

– Oʻzi bergan, oʻzi oladi... deyishadi-ku...

– Oʻzi bunyod qilib, Oʻzi yeb qoʻysa... bu nima degani?!.

Men, ochigʻi, bu savolga javob berishga ojiz edim. Ammo boshqa bir narsani anglaganday boʻldim. Tursunoy oʻzgalarnikiga mutlaqo oʻxshamaydigan, umumning fikridan farq qiladigan allaqanday oʻylar ta’siriga tushib qolganday edi. Bu koʻp oʻqiganlik oqibati emasmikin? Yo ukasining oʻlimi uni qattiq larzaga solganmikin? Yoki allaqanday dard, bosim tufayli gʻayrishuuriy xastalik holiga tushib qolganmikan?

– Sabr qilishsa, balki yana oʻgʻil koʻrishar, – dedim boshqa gap topolmay.

– Sabr... Yana qancha sabr qilishlari kerak? Ehtimol, aynan shu sabr-toqat tufayli ular baxtsizlikka giriftor boʻlishayotgandir? Axir bir emas, beshta farzanddan judo boʻlish... Insonning yelkasi keng, hamma narsa sigʻib ketaveradi, degan tushunchaning natijasi emasmi bu?!

Tursunoy menga koʻzlari yonib qarab qoldi. Avvallari uni hech bunday holda koʻrmagandim.

– Men bora qolay, – dedim oʻrnimdan qoʻzgʻalib. – Hali imtihonlarga tayyorgarlik koʻrishim kerak.

– Yana bir pas oʻtir, – dedi Tursunoy iltimos ohangida.

– Boshqa vaqt... davom ettirarmiz...

Men dugonamning yonidan tezroq uzoqlashishni istardim.

Shu suhbatdan keyin koʻp oʻtmasdan “sirtmoq” voqeasi sodir boʻldi...

Shundan keyin, garchand Abduhamid amaki bilan Bahri xola Tursunoydan koʻz-quloq boʻlib turishni mendan iltimos qilishgan boʻlsalar-da, dugonamdan oʻzimni chetroqqa torta boshladim.

Yozgi ta’til tugashi arafasida Tursunoy yana oʻqishga qatnay boshladi...

Xuddi atay qilgandek (aslida ham shunday emasmi?), Tursunoy bekatda turgan boʻlsa, men indamasdan universitetga poyi-piyoda yoʻl olardim. U piyoda ketayotgan boʻlsa, men avtobus kutardim. Auditoriyada ham undan uzoqroqda boʻlishga harakat qilardim. Nazarimda, Tursunoy buni sezardi. Ammo lom-mim demasdi.

Bir kuni ikkalamiz chiqish eshigi oldida toʻqnash kelib qoldik. U yuzimga qaradi, gʻalati qilib qaradi, keyin asabiy ravishda kulib qoʻydi va indamay yonimdan oʻtdi-ketdi.

Tursunoyning chehrasi, qarashlari yuragimda azob uygʻotdi. Shunda “U sogʻlom emas”, degan fikr xayolimga oʻrnashib qoldi. Axir... uning oʻylari, mushohadalari... dahshat-ku! “Odamda imon boʻlishi kerak. Odam bir narsaga imon keltirib, e’tiqod qoʻyib, ishonib yashashi kerak”, deya tarbiyalashgan bizni. Tursunoy boʻlsa... imonini yoʻqotganlardan. Shuning uchun uning yuragini, shuurini qorongʻi-zimistonlik chulgʻagan, hayotdan zavq olib, bahra olib yashashni bilmaydi. Shu bois yashash yelkasidagi ogʻir yukday tuyulayotgandir dugonamga. Unga yashash qiyin, judayam mashaqqat ekanini his qildim. Axir odam yashar ekan, oʻz jonini ham tikishga tayyor e’tiqodi boʻlmasa yomon-ku...

Qanchalar achchiqlanib, xafa boʻlib yurganimga qaramasdan, Tursunoy bilan bafurja gaplashib olish uchun qulay payt poylardim. Qandaydir yoʻllar bilan uning yuragida hayotga, yashashga ishtiyoq uygʻotish kerak, shunda dugonamning uxlayotgan, soʻnik va sovuq qalbi uygʻonadi, degan xulosaga kelib qoʻygandim oʻzimcha. Ammo bu niyatimni amalga oshirishga ulgura olmadim. Sirtmoq voqeasidan keyin koʻp oʻtmasdan, aniqrogʻi kecha oqshom u yana oʻz joniga qasd qildi...

Mana, ayni zamonda ters qarab yotgan Tursunoyning yonida oʻtirarkanman, uni tushuna olmayotganimdan goh gʻazabim qoʻzib, oʻzimni oʻzim yomon koʻrib ketardim, goh uni urib tashlaguday boʻlardim.

– Hovliga chiqamizmi? – deb soʻradi u bir mahal mendan.

– Yaxshi boʻlardi. Qoʻlingni ber, yordamlashvoraman, – dedim birdan yengil tortib.

Tursunoy qoʻlini uzatdi. Qoʻli oppoq, qonsiz... Qoqsuyak vujudi madorsizlikdan qalt-qalt titraydi. Men uni yurolmaydi, qadam tashlashga ham holi yoʻq, deb oʻylagandim. Lekin dugonam yurdi. Sekin-asta, imillab, menga suyanib boʻlsa-da yurdi.

Biz eshik oldiga chiqdik.

Quyosh terak boʻyi koʻtarilgan, undan zaminga tengsiz qudrat yogʻilardi.

Oʻchoq boshida kuymalanayotgan uch-toʻrt ayol orasidan Bahri xola sirgʻalib chiqib, shosha-pisha biz tomonga yurdi.

– Toza havoga olib chiqdim qizingizni, – dedim xola yaqin kelgach. – Anavi soʻrida bir pasgina oʻtirsak maylimi?

– Bemalol, bolam, bemalol. Shuniyam soʻrab oʻtirasanmi?

Bahri xola menga gapirayapti-yu, xavotir va ogʻriq toʻla nigohlarini qizidan uzmasdi.

– Yordam kerak emasmi? – deb soʻradim oʻchoq boshidagi ayollarga ishora qilib.

– Oʻzimiz eplaymiz. U yerda sizlar qiladigan ish yoʻq, – dedi Bahri xola. Soʻng, qizining oʻziga savol nazari bilan qarab qoʻyganini koʻrgach, bechora oshigʻich izoh berdi: – Shahri ammang oʻzining tez-tez ogʻrib qolayotganidan xavotirlanib Inobat folbinga borgan ekan. Buni qara, ammang qolib, folbinning foliga sen tushibsan. Jinlar teginayotgan emish senga. Qora qoʻyning qoni bilan seni qonlab, goʻshtini tugun oshi qilib, xotinlarga tarqatib yuborishimiz kerak ekan. Kun qaytmasdan shuni oʻtkazib yubora qolaylik devdim. Sizlar bafurja soʻrida oʻtiraveringlar.

Bahri xola etagini lipasiga qistirgancha oʻchoq boshiga qaytib ketdi.

– Darrov folbingayam borib ulgurishibdi, – pichirladi Tursunoy soʻriga chiqib, quroq koʻrpachalar ustiga oʻtirganimizdan keyin. – Nima keragi bor edi?

– Xayrli ishning ziyoni yoʻq.

– Bilasanmi mana shu Shahri ammamning yoshi nechada ekanligini? – shipshidi u ayollar orasida munkayib turgan kampirga ishora qilib. – Bilmasang bilib qoʻy, ammam toʻqson oltiga kirdi! Salkam bir asr degani bu! Oʻzini qara, bir siqimgina boʻlib qolgan. Kattaroq chelakka solib koʻtarib ketaversang ham boʻladi. Salkam bir asr yashayotganiga qaramasdan, mana shu ammam et-beti sal ogʻrib qolsa bolalarini, nevaralarini shunday zir yugurtiradiki, asti qoʻyaverasan. Doʻxtir, tabib, folbin-polbin, ishqilib, hammasini boshiga yigʻadi. Oʻzini qaratadi...

– Yaxshi-ku, shunga nima boʻpti, – dedim Tursunoyning gapini boʻlib. – Ammangning xatti-harakatlarini yoqlayman. Har qanday yoshda ham odam yashashga intilishi kerak.

– Bu yashashga intilish emas, – dedi Tursunoy bosh chayqab. – Hayotning etagiga mahkam yopishib olish bu. Oʻlimdan qoʻrqish bu. Buni qara, toʻqson oltiga kirgan kampir hammaning joniga tegib yashab yuribdi-yu, mening mushtday ukaginam... bu olamga sigʻmadi... Nega?.. Nima uchun? .. U ham yashab yuraversa boʻlardi-ku!.. Anavi gʻoʻngʻillayotgan asalariga qara. Shuning ham hayotda oʻz oʻrni bor. Shugina jonzotning-a. Mening ukaginam... axir u inson edi-ku! Yashashga haqqi bor edi-ku!..

Biroz oʻylanib turgach:

– Sen-chi, – dedim, – yaxshisi bir yigitni sevib qolishga harakat qil. Bilasanmi, anavi parallel potokdagi Davron degan yigit bor-ku, oʻsha bechora anchadan beri senga gʻalati-gʻalati qarab yuribdi. Koʻnglida bir niyati bor-ov!

Tursunoy mahzun kulimsiradi. Keyin:

– Muhabbat ogʻushiga tashlamoqchimisan meni? – deb soʻradi istehzoli ohangda. Ayni paytda uning yuziga oriyat va gʻurur ifodasi balqdi. – Oʻrningda boshqa odam boʻlganida, bilasanmi, hozir nima qilardim?

– Nima qipti? Sevish, sevilish gunoh emas.

– Ha, gunoh emas. Lekin, aslini olganda, bular hayot tuzoqlari-ku. Keyin menam boshqalardek tuganmas tashvish, nadomatlar va gʻam-hasratlarga koʻmilib qolaman, a, shundaymi?

– Bir urinib koʻrgin, iltimos. Keyin bilasan hayotning naqadar...

– Urinib koʻrganman, – dedi Tursunoy gapimni boʻlib va yana boʻshliqqa, oʻsha koʻrinmas la’nati “nuqta”ga tikilib qoldi.

Ehtiyotkorlik bilan soʻradim:

– Oʻsha Davronmi?

– Davron psixologiyadagi Munavvarni sevadi. Yolgʻonni eplasang gapir!

– Unda kim?

Tursunoy tuyqus “nuqta”dan nigohini uzib, menga yalt etib qaradi va:

– Hech kim! – dedi qat’iy ohangda.

Obbo!

Mana, koʻrdingizmi, unga bas kelish qanchalar qiyin!

Xunobim oshib, ortiq oʻzimni bosib turolmadim:

– Bundan chiqdi... bu... qirq dona uyqu dorisi ichishing kimgadir achchiq qilishing oqibati ekan-da?! – dedim Tursunoyning koʻzlariga qattiq tikilib.

– Aslo, – xotirjam javob qaytardi dugonam. – Men kimgadir achchiq qilganim yoʻq. Azob-uqubatga toʻla hayotda yashashni istamadim, sababi shu.

– Hech boʻlmasa senga hayot bergan ota-onangni oʻylamadingmi?

– Ota-onam menga hayot bermagan. Ular dunyoga kelishim uchun bir vosita boʻlishgan. Menga hayotni U bergan. Men oʻzimga berilgan tuhfani asl egasiga qaytarmoqchi boʻldim, xolos. Norasida ukam sigʻmagan dunyoda men nima qilaman?

– Yo rabbiy! – deb yubordim beixtiyor. – Sen qanday baloi azim boʻlding?!

Tursunoyning istehzoli nigohlarida allaqanday uchqun yilt etganday, hayot sezgilari yuzaga qalqib chiqqanday boʻldi. Nazarimda, bunday chaqinlar aslida uning ongida roʻy berayotir va shunday daqiqalarda mubham qiynoqlardan zimiston boʻlib ketgan yuragini qamragan butun hayajonlari, butun shubhalari, tashvishlari yana oʻn barobarga ortib ketardi, chamamda. Buni ba’zilar inson aqli va irodasining zaiflashuvi, deb ataydilar, ya’ni ruhning sogʻlom holatdan chiqishi va tubanlashuvi...

Yoʻq, menimcha, bunday emas.

– Bilasanmi, – dedi Tursunoy menga bir mahal, – ular meni jin chalgan deb hisoblab chillaga solishmoqchi shekilli. Unda qirq kuncha koʻrisholmasak kerak. Shuning uchun qancha gaping boʻlsa, hozir aytib qol.

– Xoʻp, – dedim bor ilmiy salohiyatimni toʻplab, dugonamni dogʻda qoldirishga ahd qilganimdan yana hovurim koʻtarilgancha, – sen haqsan, deb hisoblaylik. Mutloq emas, albatta. Qisman. Ya’ni sen U bergan “tuhfa”ni oʻziga qaytarmoqchisan va bu bilan tugʻilish Uning ixtiyorida boʻlgani holda hayotni davom ettirish, yashash yoki yashamaslik Uning ixtiyorida emas, demoqchisan shekilli. Shundaymi?

– Oʻ, va nihoyat jirafaga ham yetib boribdi gapim! – dedi Tursunoy kinoyali ohangda.

– Qisqasi, hayotimga oʻzim chek qoʻyish qudratiga egaman, demoqchisan. Buni tushundim. Sen haqsan, chindanam jirafaga bu fikr endi yetib keldi. Biroq... biroq sen bir narsaga ahamiyat bermabsan.

– Nima ekan?

– Axir, sen U bergan tuhfani bir emas, ikki marta qaytarib berishga urinding. Ammo ikki marta ham buning uddasidan chiqolmading. Nega bunday boʻldi ekan? Hech oʻylab koʻrdingmi?

– Oʻyladim, – men kutgachanlik uzoq oʻylanib oʻtirmay, shu zahoti javob qaytardi Tursunoy. – Koʻp oʻyladim. Birinchi martasida sustkashlik qildim chamasi. Oʻz tanangga oʻylab koʻr. Yigirma bir yoshda boʻyningga sirtmoq solish... Atigi bir necha daqiqaga kechikdim. Dadam kelib qoldilar... Keyingisida... menimcha, dorining dozasini oshirishim kerak edi.

– Qirqta uyqu dorisi kamlik qildi, demoqchimisan?

– Shunday.

– Bilasanmi, mening bir amakim eshakdan yiqilib tushib olamdan oʻtgan. Eshakdan-a! Aql bovar qilmaydigan hodisa-ku bu, toʻgʻrimi?!

– Eshakdan yiqilib tushib oʻlish kulguli, hattoki ishonchsiz, albatta. Lekin agar amaking toshgami, oʻtkir temirgami boshi bilan tushgan boʻlsa...

– Gapni chalgʻitishga urinma! – dedim jahlim chiqib. – “Agar-magar”ni ham qoʻy. Agar kimningdir joni Unga kerak boʻlsa, xamirdan qil sugʻurganday qilib, istagan joyda, istagan vaziyatda oladi-qoʻyadi.

– Oʻlaman deganing bilan oʻlolmaysan, demoqchisan, shundaymi?

– Shunday.

– Shundaymi? – Tursunoy allaqanday besaranjom, bezovta nigoh tashladi menga. – Shundaymi?..Koʻramiz!

Shu payt oldimizga Bahri xola kelib qoldiyu bahsimiz uzildi.

– Kampirlar seni soʻrashayapti, yura qol, qizim, – dedi Bahri xola qiziga qarab.

Dugonam esa menga tikilib turardi. Nigohlarida bezovtalik zuhur boʻldi, ammo indamay soʻridan tushdi va onasiga ergashdi. Tursunoyning mana shu “moʻmin”ligida va shiddat ila aytilgan “Koʻramiz!” degan va’dasida nimadir yashiringanday edi. Bir gap bor-ku, inson miyasida tugʻiladigan fikrda hamisha nedir yashirin, boshqa odamlarga anglatib boʻlmaydigan allanima qolib ketadi, miyangizdan aslo chetga chiqishni istamagan allanima doimo qoladi va u abadiy sizdan ajralmaydi.

– Chillaga solish foyda berarmikan? – deb soʻradi yonimda paydo boʻlgan Abduhamid amaki oʻchoq boshi tomonga koʻz uzmay tikilarkan. – Mening urugʻimda, ota-bobolarimdan avliyo-anbiyolar oʻtgan. Balki oʻshalarning arvohi qizimga tajovuz qilgandir, a?

– Menimcha, hamma gap uning miyasida, – deb qoʻydim.

– Miyasini qaratish kerakmi?

– Miyasini tozalash kerak.

Boshqa gapirmadim. Gapirish niyatim ham yoʻq edi.

Shu kuni Tursunoyni chillaga solishdi.

Biz endi qirq kun koʻrishmasligimiz lozim. “Chilla”ning talablaridan biri shunday.

Men oʻzimcha kun sanardim va hayron qolardim: Tursunoy yolgʻizlikdagi qirq kecha-kunduzni qanday oʻtkazar ekan?

Shu bilan birga ich-ichimdan dugonam mana shu qirq kunni sabr-toqat bilan oʻtkazishiga ishonardim, axir u xonanishin yashab oʻrganib qolgan. Yana bir narsa aniq. Dugonamning mana shu sabr-toqatida ham oʻziga xos nimadir mavjud. Bunda “jin”larning xurujidan xoli, ularning aralashuvisiz va yana allaqanday telbalik alomatlaridan xoli boshqa bir narsa mavjudday edi, deylik, Tursunoyning ongi va shuurida yuz berayotgan “chaqin”lar, oʻz-oʻzini hamda dunyoni anglashning favqulodda kuchaygan holati... “Nega? Nima uchun?..” – joniga yopirilib hujum qilayotgan ushbu savollarga javob izlashdan bezor boʻlib ketganidan u hayotdan alamli, achchiq bir lazzat ichida oʻch olayotgandir.

Nihoyat chilla muddati adogʻiga yetdi.

Dugonam Tursunoy qirq kunlik chilla sinovidan eson-omon oʻtdi. Qirq birinchi kuni esa... oʻzini oʻzi osib qoʻydi!

Yana oʻsha hammomda.

Ne ajabki, bu safar ham Tursunoy omon qoldi. Bir hafta shifoxonada yotib chiqdi. Nafasi ichiga tushib qolgan ekan-da.

Uni koʻrgani bordim.

– Yana eplay olmadim, – deb shivirladi u.

Ovozi oʻsha-oʻsha, yuzi oʻsha-oʻsha, faqat oppoq, silliq boʻynida koʻkimtir iz qolgan; juda olisdan boshlangan nigohlari vujudimni teshib oʻtib, qayoqqadir, noma’lum boʻshliqqa intilardi...

Oradan toʻqqiz oy oʻtdi.

Tosh qotib uxlab yotgandim...

Kimdir silkitib uygʻotdi.

– Tur, Tursunoy yana oʻzini osib qoʻyibdi...

«Yoshlik»; jurnalining 2009 yil 2-sonidan olindi.