OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifZulfiya Qurolboy qizi
Asar nomiXoliq amaki (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Zulfiya Qurolboy qizi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xoliq amaki (hikoya)
Zulfiya Qurolboy qizi

Xoliq amaki...

Oʻshi ellik besh-ellik oltilarga borgan; oʻrta boʻy, bugʻdoyrang, qisiq koʻzlarining atrofini, torgina peshonasini son-sanoqsiz ajinlar qoplagan, yoshligidan nos chekib oʻrgangani boismi yo boshqa sababi bormi, tishlari avvaliga sargʻaya boshlagan, soʻng koʻkimtir tus olgan, yaqindan buyon qorayib ketgan — kulganida juda xunuk koʻrinadi — egnida yoqasiyu yenglari idrab-suzilib qolgan chorxona koʻylak, rangi uniqib ketgan nosvoyrang soldatcha shim, oyogʻida poshnasi yeyilgan, tumshugʻi yirtilganda tikilaverib «qoʻtir» boʻlib qolgan etik... Sochlari qorday oqarib ketgan boshida hamisha yap-yangi doʻppi boʻlardi.

Biror sabab boʻlib Xoliq amakini eslaganimda, u koʻz oldimda hozir qanday ta’riflagan boʻlsam, shundayligicha paydo boʻladi. Balki uning tuzukroq kiyinib, aytaylik bayramlarda yoki toʻylarda qomatini gʻoz tutib yurgan kunlari ham boʻlgandir. Lekin men buni koʻrmaganman, garchi biz bitta koʻchada yashasak-da.

Bir kuni — oʻsha vaqtlarda men institutda oʻqirdim — oʻqishdan qaytayotib, shahar bilan qishloq oʻrtasida qatnaydigan avtobusga chiqdim. Orqa eshikning zinapoyasida koʻzlari jovdirab turgan Xoliq amakini koʻrib qoldim. Haydovchi atay avtobus tirband boʻlib toʻlishini kutib, allaqayoqqa gumdon boʻlgandi. Kun issiq... Oʻrindiqlarning hammasi band. Odamlar biri olib, biri qoʻyib gap sotishar, kimdir pista chaqib, tuflar, yana kimdir burqsitib sigaret tutatar edi. Xoliq amakining shundoq yonginasidagi orqa oʻrindiqda toʻrt-beshta yigitcha qaldirgʻoch bolalaridek tizilishib oʻtirishar, amakiga joy berish xayollariga ham kelmasdi. Xuddi shunday boʻlishi kerakday koʻzlarini loʻq qilib, begʻam oʻtirishardi. Xoliq amaki umid dunyosida ular tomonga bir-ikki qarab qoʻydi. Chap tarafdagi «nogironlar» oʻrindigʻida oʻtirgan koʻzoynakli yigit (aftidan u bizning qishloq yigitlariga oʻxshamasdi) birdan amakini koʻrib qolgandek shoshib oʻrnidan turdi-da:

— Keling, bobo, oʻtiring, — dedi.

Shunda... Shunda Xoliq amaki bir lahza ikkilansa, boshqa birov (balki yigitning oʻzi!) egallab oladigandek, shoshib-pishib haligi oʻrindiqqa oʻtirib oldi. Toʻrva xaltasini tizzasi ustiga qoʻyarkan ixlos bilan:

— Rahmat, bolam, rahmat, — dedi. — Baraka top.

Keyin oʻrindiqqa yastanibroq joylashib olarkan, cheksiz baxtiyor kimsadek atrofga koʻz tashladi. Nazarimda, yigitning joy berganidan tashqari, hurmat bilan «bobo» degani uni xursand qilib yuborgandi. «Rahmat, bolam, rahmat», deganida sakson-toʻqsonni urib qoʻygan chollardek salobat bilan gapirgandi-da. Xursand boʻlib ketganida qisiq, mitti koʻzlari yaltirab ketishini oʻshanda koʻrganman. Keyinchalik, yoshim sal ulgʻaygach, mehrga zor odamgina arzimagan iltifotdan ham oʻzini yoʻqotib qoʻyishini anglab yetdim.

Paxta terish mavsumi yangi boshlangan kunlar edi. Biz uchun yozgi ta’til tugab, oʻqishlar boshlangan. Qishloqdan qatnab oʻqiganim bois har kuni saharlab avtobus bekatiga chiqaman. Oʻsha kuni ham tonggi salqindan etim junjikib, dildirab turgandim, yoʻlning narigi tomonidan yelkasiga qop orqalagancha engashib, pildirab kelayotgan Xoliq amakini koʻrib qoldim. Qopida olma yo anor bor shekilli, boʻrtib-boʻrtib turardi. Mendan toʻrt-besh qadam narida toʻxtab, qopini yerga qoʻydi. Salom berib ulgurmasimdan «Yaxshimisan, qizim?» deb qoʻydi horgʻinlik bilan. Xijolat boʻldim, ammo foydasiz... Bizdan keyin yana ikkita qiz keldi. Toʻrtovlashib yoʻlga termilamiz, qani endi birorta ulov koʻrina qolsa. Boshqa vaqt boʻlganida, bekatda odam toʻlib ketardi. Avtobuslar ham zir qatnab yotardi. Raisning buyrugʻiga binoan terim mavsumi tamom boʻlguncha shaharga qatnash ta’qiqlangan. Shuning uchun bekat huvillab qolgandi. Kolxoz idorasi biz turgan bekatdan yuz-yuz ellik qadam narida. Rais istagan vaqtida kabinetidan chiqib, topshirigʻiga quloq osmay, shaharga otlangan kolxozchilarni bekatdan haydab yuborardi. Bizga oʻxshagan talabalarni quvmasdi-yu, qoʻlini paxsa qilib doʻq urardi: «Qachon senlar ham paxtaga quriysanlar?!»

Falokat oyoq ostida deganlaridek, oʻsha kuni ham Narziqul rais idorasidan chiqib qolsa boʻladimi! Amakining ochiq-oshkora tipirchilashini koʻring: koʻzlari olazarak, goh idora tomonga, goh avtobus yoʻliga qaraydi. Birorta ulov kela qolsa-yu, raisning koʻzini shamgʻalat qilib joʻnab ketsa! Hayajonlanganidan qopini goh koʻtarmoqchi boʻladi, goh yerga qoʻyadi.

Narziqul rais ham anoyilardan emas. Yigirma ikki yildan buyon idorada oʻtirib, kolxozni yeb bitirganlardan. Hovliga chiqqan zahoti bekatga qaragan shekilli, shitob bilan shu tomonga kela boshladi.

— Ha, Xoliqboy, yoʻl boʻlsin? — dedi u yaqinlashganida kinoya bilan atay «boy» soʻziga urgʻu berib.

— Bozorga.

— Tunov kuni men nima degan edim senlarga?

— Bolalarning patinkasi yirtilibdi. Anorlar pishgan ekan, xotin...

— He, oʻsha xotiningniyam... Anor-panori bilan boshiga tushirmadingmi? Sharoitni tushunmaydigan qanaqa gʻalcha xotin?

— Ikki soatda qaytaman, rais bova. Bolalar yalangoyoq...

— Koʻtar qopingni! Hoziroq dalaga joʻna!

— Iltimos...

— E, yaxshilik yoqmagan!.. — Narziqul rais yoshiga yarashmagan chaqqonlik bilan qopni amakining qoʻlidan yulqib oldi-yu kuch bilan asfalt yoʻlga uloqtirdi. Qopning «boʻgʻzi» yaxshi bogʻlanmagan ekan, gup etib yerga tushdi-yu, har biri kichikroq kosadek keladigan anorlar atrofga sochilib ketdi. Uchchala qiz qoʻrqqanimizdan bir yerga toʻplanib olganmiz. Ikki koʻzimiz Xoliq amakida...

— Moshina bosib, anorlaringni majaqlab ketsin! Hoziroq dalaga joʻna! Anorlaringni terib oladigan boʻlsang, mendan yaxshilik kutma! Silar nimaga boʻzrayib turibsilar? — Rais endi biz tomonga qaradi. — Oʻqiydigan boʻlsang, betonkaga chiqib, moshina kut. Yoʻqol!

Biz raisning soʻziga boʻla, sekin oʻrnimizdan jila boshladik. Xoliq amaki esa... Rangi quv oʻchib, lablari gezarib ketgan amakining ikki koʻzi anorlarida... Nimadir demoqchi boʻlib, ogʻiz juftladi, ammo raisning qahridan choʻchidi shekilli, bir-ikki jovdirab qarab qoʻydi-da boshini xam qilgancha sekin-asta bekatdan uzoqlashdi.

Yorilib ezilgan anorlar yotgan yerda qizil dogʻlar paydo boʻlgandi.

Narziqul rais muhim topshiriqni ado etgandek, qoʻllarini orqaga qilgancha, butini kerib, viqor bilan qarab turardi. Otasini oʻldirgan yovga qasd qilgandek koʻzlari gʻazab va nafrat bilan boqardi. Soʻnggi vaqtlarda uning tajang, gap koʻtarmas, qaysar boʻlib qolganini qishloq ahli yaxshi bilardi. Ehtimol, rais erta-indin nafaqaga ketishini oʻylab shu koʻyga tushgandir. Keyin kimga buyruq beraman, degan savol uni qiynayotgandir. Harqalay yigirma ikki yil raislik kursisida oʻtirgan, odamlarni «gah» desa qoʻliga qoʻndirgan odam birdan, taqdirning taqozosi bilan hech kimga aylanib qolsa... Vahimaga tushmay boʻladimi?

Ammo oʻsha koʻngilsiz voqeadan keyin Narziqul raisni bir umrga yomon koʻrib qoldim. Shundan soʻng Xoliq amakini bekatda turganini yo bozor-oʻchar qilib yurganini koʻrmadim. Har zamonda zarurat yuzasidan koʻchaga chiqib qolganimda uni barkashdek ketmonini yelkasiga qoʻyib, goh uyi tomonga, goh dalaga shoshib oʻtib ketayotganini koʻrib qolardim. Keyinchalik oʻqish-imtihonlar bilan boʻlib, Xoliq amakini birmuncha fursat unutdim. Biroq ba’zi-ba’zida goh onamdan, goh otamdan amaki haqida ul-bul xabarlarni eshitib yurdim. Ota-onamning azbaroyi Xoliq amakiga xayrixohliklaridan, unga qaysidir ma’noda qaygʻurayotganlaridan emas, juda befarqlik bilan, shunchaki qishloqdagi «yangilik» sifatida gapirayotganliklari ovozlaridan sezilib turardi. Ularning bu qiligʻi negadir mening nafsoniyatimga tegardi. Xafa boʻlib ketardim.

Onamning aytishicha, bir kuni Xoliq amaki Nortoʻxta degan qoʻshnisi bilan suv talashib qopti. Oʻsha kuni amaki ham, qoʻshnisi ham tomorqasini sugʻorayotgan ekan. Nortoʻxtaning hay-haylashiga qaramasdan, Xoliq amaki suvni oʻzi tomonga burib olaveribdi. Navbat uniki ekan-da. Jahli chiqib ketgan Nortoʻxta ketmon dastasi bilan amakining naq yelkasiga tushiribdi. Xoliq amaki «ih» debdi-yu ariq ichiga choʻkkalab qopti. «Qachondan buyon tiling chiqib qoldi?» deb baqiribdi haligi qoʻshni. Vaholanki, Xoliq amaki lom-mim demagan ekan.

Oradan ancha yillar oʻtib, mana bugun Xoliq amakini eslarkanman, koʻnglim buzilib ketdi. Shuning barobarida, yodimga tushsa hali-hanuz yurak-bagʻrimni ezib yuboradigan yoqimsiz bir voqea xayolimda jonlandi...

Oʻz kunlarining biri edi. Kechki payt, aniqrogʻi, gʻira-shira qorongʻulik tushib qolgandi. Koʻcha tomonda gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir ovoz eshitildi. Azbaroyi qiziqqanimdan (odamzodning fe’li shunaqa), qilayotgan ishimni tashlab, koʻcha eshik oldiga chiqdim. Qarasam, katta yoʻlning oʻrtasida, aynan bizning darvozamizning roʻparasida Xoliq amaki turibdi. Daladan qaytayapti shekilli, yelkasida ketmoni... Ikki yonida ikkita yigit turibdi. Amaki yigitlarning goh unisiga, goh bunisiga jovdirab tikilgancha, nimalarnidir kuyib-pishib tushuntirishga urinardi.

— Yoʻq, siz gapni burmang, chalgʻitaman demang, — derdi yigitlardan biri dagʻal ovozda. — Bizdi qaerda koʻrdingiz?

— Koʻrdim-da, senlarga aytishim shartmi, — dedi amaki bosiqlik bilan. Lekin ovozi negadir titrab chiqardi.

— Nega shart emas ekan? Qiziq ekansiz-ku, — dedi ikkinchi yigit va sekin amakining tirsagidan tutdi. — Biz isbot talab qilib keldik. Bekordan bekorga begunoh odamlarni aybdor qilmang-da.

— Urrini urri deydi-da. Nima...

Xoliq amakining gapi chala qoldi. Hech kutilmaganda, yigitlardan biri uning yuziga tarsaki tushirdi.

— Katta enangni urri deysan!

Xoliq amaki gandiraklab ketdi. Men qoʻrqqanimdan qichqirib yubordim. Qoʻni-qoʻshnilar eshik-derazalardan moʻralashayotganini koʻrgan yigitlar juftakni rostlashdi. Amakini-ku qoʻyavering, oʻsha vaqtda men ham juda yomon ahvolga tushib qolgandim. Holatimni tasvirlab berishim qiyin, judayam qiyin. Oʻgʻil bola boʻlib tugʻilmaganim rosa alam qilgan. Alam boʻlsayam, naryoq-beryogʻi yoʻq. Oʻgʻil bola boʻlganimda oʻsha yigitlarni bir boplardim, deya armon qilganlarim hali-hanuz yodimda. Men Xoliq amakining haqligiga ishonardim. Chunki anovi yigitlar haqida turli mish-mishlarni eshitib yurardim. Koʻp oʻtmasdan ularning oʻgʻrilik ustida qoʻlga tushib, qamalib ketishlari bu fikrimning isboti edi. Qolaversa, keyinchalik ma’lum boʻlishicha, oʻsha yigitlarni «oʻgʻri» deb atagan kimsa Narziqul rais ekan. U Orol omborchining nahorgi oshida atay hammaga eshitarli qilib gapirgan ekan. Tabiiyki, bu gapni poygada oʻtirgan Xoliq amaki ham eshitgan. Va shunchaki yangilik sifatida bu xabarni u Safar degan qoʻshnisiga shipshigan. Narziqul raisning bir uy odam eshitgan gapi qumga tushgan tomchidek singib, yoʻq boʻlib ketgan-u, Xoliq amakining qoʻshnisiga xufiya aytgan soʻzi «bolalab» ketgan...

Men Xoliq amakini kim qayoqqa yetaklasa ketaveradigan, xoksor odam deb bilardim. Uning yorugʻ dunyo haqida fikrlari qanday? Uni pisand qilmaydigan, kerak boʻlsa (zoʻrligini koʻrsatib qoʻyish uchun!) ketmondasta bilan yelkasiga tushiradigan odamlar, xususan, Narziqul rais va boshqa-boshqalar haqida nimalarni oʻylaydi? Ularning past nazar bilan yoʻgʻrilgan munosabatini qanday qabul qilishi haqida ochigʻi hech vaqo bilmasdim.

Egiz qoʻzilardek bir-biriga oʻxshash kunlar shitob bilan oʻtib borardi. Odatdagidek, amakini koʻchada, ishga ketayotib yo ishdan qaytayotib koʻrib qolardim. Soʻnggi vaqtlarda u juda qarib ketgandi. Avvalgidan salgina egik qaddi yanada egilgan, yelkasi gudraygan, qorayib ketgan tishlari toʻkilib, ogʻzi «oʻra»dek boʻlib qolgandi. Nazarimda, u yil sayin, oy sayin emas, kun sayin, soat sayin yemirilib, kichrayib borayotgandek edi. Yuzidagi har bir chiziq «charchadim» deyayotgandek...

Kuz kunlarining birida mudhish xabar eshitdim.

Xoliq amaki oʻlim toʻshagida yotganmish!

Hovli toʻla odam... Hammasining yuzida allaqanday tashvish, xavotir, nimadandir norozilik alomatlari zuhur etgandi. Vagʻur-vugʻur qilishgancha nimanidir muhokama qilishar, hovliga kim keldi, kim ketdi, hech kimning ishi yoʻq. It egasiga boqmasdi. Hozir... Hozir dod-faryod boshlansa kerak deb oʻylagandim. Keyin bilsam, yanglishgan ekanman. Xoliq amaki hali tirik ekan. Biroq... Biroq... Oyoq-qoʻllari allaqachon muzlab, qotib qolgan, qorachiqlari tepaga tortilib, koʻzlari yumilgan, ammo koʻkrak qafasi bilinar-bilinmas koʻtarilib-tushib, amakining hali tirik ekanini bildirib turardi. Oʻsha yerdagilarning aytishicha, amaki tildan qolmasdan burun boʻy qizlarini birma-bir quchoqlab, yum-yum yigʻlabdi.

— Ajalim yetib, oʻlib qolsam kuyib-yonib yurmanglar, — debdi hansirab. — Olib chiqib ketishguncha, bir-ikki soat «otamlab» tursalaring boʻldi. Men-ku, boshimni olib ketaman, oʻzlaringga qiyin boʻladi. Qaygʻurmanglar, oʻlmasa oʻran soʻqsin, denglar. Sen beshovingni uyli qilolmaganim yomon boʻldi-da. Silarning taqdirlaring u dunyoda meni ilon-chayon boʻlib chaqib yotadi.

Shundan keyin bir ogʻiz ham gapirmabdi. Xotini, qarindoshlari rozi-rizolik soʻrashganida, lom-mim demabdi. Koʻzlarini chaqchaytirib, bir-ikki tikilibdi-da, yuzini teskari buribdi. Hech kim bilan rozi-rizochilik soʻrashishni istamabdi.

Biri kirib, biri chiqayotgan odamlarga turtinib-surtinib ichkariga kirganimda... Xoliq amaki xona oʻrtasida nimdoshgina ikki qavat koʻrpacha ustida xuddi uxlayotgandek, hamon yuzini ters burib yotardi!

Xoliq amakining «shakkokligi» boisini tushungandek boʻldim. Shu vaqtga dovur u kimlardandir andisha qilib, kimlardandir, ta’bir joiz boʻlsa, qoʻrqib yashagan edi. Soʻnggi daqiqada esa... hammasiga qoʻl siltagan, hammasidan yuz oʻgirgan edi.

— Ikki kundan buyon ahvol shu, — dedi qarindoshlardan biri sekingina. — Oʻsha bir parcha joydan jon sira chiqib ketmayapti-da.

— Mulla Doniyorni olib kelish kerak, — dedi kimdir. Yalt etib oʻsha tomonga qaradim. Gap qotgan odam amakining qoʻshnisi Nortoʻxta edi. — Nimadir qilish kerak-da. Axir, ikki kundan beri shu yerdamiz. Hammamiz ham ishli, tashvishli odammiz. Qoʻshnichilik, ketib qolsak, uyat boʻlar deb...

Xuddi shu payt Xoliq amakining xotini ogʻzini roʻmoli bilan toʻsgancha, uv tortib yigʻlab yubordi. Unga qizlari qoʻshildi. Ular amakining bosh tomonida oʻtirishardi.

— Boʻldimi, uzildimi? — deb soʻradi kimdir shoshib.

Ayol «Yoʻq» degandek bosh chayqadi. Yana yigʻi boshladi.

— Eh, — dedi Nortoʻxta tizzasiga mushtlab. — Hozir oʻzim borib mullani olib kelmasam, bugun ham...

Nortoʻxtaga yana bir kishi qoʻshildi.

Yarim soatdan keyin miqtigina mulla Doniyorni dikonglatib olib kelishdi. Mulla sal nafasini rostlab olgach, gʻarib va benavo boʻlib yotgan amakining yoniga choʻkdi. Tirikligida salom berishga yaramagan odamlar hayrat bilan «tirik murda»ga tikilishar, qiziqsinib, yanada yaqinroq borib koʻrishga oshiqishardi.

Mulla Doniyor ehtiyotlik bilan Xoliq amakining koʻkragiga qulogʻini qoʻyib, yuragi urish-urmasligini eshitdi. Koʻrsatgich barmogʻini uning burniga yaqin keltirib, nafas olish-olmasligini tekshirib koʻrdi-da:

— Bir nafaslik joni borga oʻxshaydi. Bola-chaqasi shu yerdami? Olisda ilhaq boʻlib kutayotgan kishisi yoʻqmi? — deb soʻradi.

— Hammasi shu yerda, — dedi qarindoshlardan biri.

Mulla Doniyor «tirik murda»ga bir necha soniya achinish bilan tikilib turdi-da, soʻng bosh chayqadi:

— Bu dunyoni tashlab ketgisi kelmayapti-yov, shoʻrlikning. Boshini toʻgʻrilab qoʻymabsilar, boʻyni qotib qopti, — dedi u past ovozda va ters oʻgirilib yotgan amakining boʻynini sekin-sekin uqalay boshladi. Birozdan soʻng yorugʻ dunyodan koʻngil uzolmayotgan amakini «sovutish» uchunmi safsata soʻqa boshladi:

— Bu dunyoga hammamiz ham mehmonmiz, Xoliqboy. Ertami-kechmi, bir kuni ketamiz-boramiz. Oʻlim buyuk moʻ‘jiza! Shu paytgacha hech kim unga bas kelolmagan. Kelolmaydiyam. Umuman olganda, uzoq yashashdan ne foyda? Yeyish-ichish, oʻlib-tirilib ishlash, farzandlar taqdirini oʻylab kuyib-yonish — oxir-oqibat odamni zeriktiradi. Dunyoning qizligini yoshligingizda olib boʻlgansiz, Xoliqboy. Xudoning irodasi bilan yuz yildan, hattoki, ming yildan keyin tirilib kelgan taqdiringizda ham ahvol oʻsha-oʻsha. Qorin gʻamida yeysiz-ichasiz, ishlaysiz, farzand orttirasiz... Bizni bu azobdan faqat oʻlimgina qutqara oladi. Oʻzingizni boʻsh qoʻying, Xoliqboy. Boʻsh qoʻying... Qarang, tegrangizni yetti farishta oʻrab turibdi. Oʻzingizni farishtalar ixtiyoriga topshiring. Siz u dunyoda shu farishtalar ogʻushida boʻlasiz...

Mulla gapirishdan toʻxtab, bir zum Xoliq amakining yuziga tikilib qoldi. E’tibor bilan, sinchiklab tikildi. Vo ajab, haligina Xoliq amakining koʻtarilib-tushib turgan koʻkragi birdan tinchib qoldi. Mulla Doniyor shoshilinch yoʻl-yoʻriq koʻrsatdi.

Bir metr oq surpni toʻrt kishi toʻrt tomonidan ushlab, Xoliq amakining bosh tarafida tutib turishdi. Mulla Doniyor koʻzlarini yumgancha ixlos bilan allaqanday duoni oʻqiy boshladi. Xonaga pashsha uchsa eshitilgudek jimlik choʻkdi. Amakining qizlari turgan tomondan yigʻlamsiragan ovoz eshitilgandi, erkaklardan biri ularni tashqariga chiqarib yubordi. Mulla duo oʻqish barobarida qoʻl ishorasi qilgan edi, haligi kishilar surpni goh koʻtarib, gohida amakining yuziga tekkudek qilib tushirib turishdi.

Ikki soatdan keyin mulla Doniyor duolarni oʻqib boʻlib, imo qilgan edi, yordamchilari surpni sekin-sekinlik bilan pastga tushira-tushira, soʻng amakining yuziga yopib qoʻyishdi.

— Boʻldi, uzildi, — dedi mulla yuziga fotiha tortib. Va ishonch hosil qilish uchun ehtiyotkorlik bilan surpning bir chetini avaylab koʻtarib qaradi. Qaradi-yu birdan yuzi dokadek oqarib ketdi: hali ham oʻsha bir parcha joy bilinar-bilinmas koʻtarilib-tushib turardi!

— Mening qoʻlimdan kelgani shu. Endi doʻxtirga olib boringlar, — dedi rang-quti oʻchgan mulla ovozi titrab va shitob bilan uydan chiqib ketdi.

— Doʻxtirga olib borish kerak, — dedi erkaklardan biri. — Tuzukroq koʻrpachami, adyolmi topib bering.

Xoliq amakining xotini imo qilgan edi, qizlaridan biri shipillagancha qoʻshni xonaga kirib ketdi. Oʻn daqiqa oʻtar-oʻtmas toʻrt kishi Xoliq amakini koʻrpacha bilan birga koʻtarishgancha, avaylab mashinaga olib chiqishdi. Erkaklardan ikki kishi, ulardan biri Nortoʻxta edi, amaki bilan kasalxonaga ketishdi. Kechagina, yelkasini qisib boʻlsa-da, oʻz oyogʻi bilan yurgan odam bugun kimlarningdir yordamiga muhtoj ekanligi, qoʻlma-qoʻl boʻlayotganligi odamga boshqacha ta’sir qilarkan.

Xoliq amakini olib ketishgandan keyin uy toʻla odam boʻlsa-da, hamma yoq huvillab qolgandek tuyuldi menga.

Koʻnglim gʻash, chiroq yoqsa yorishmasdi. Vujudimni qamragan qoʻrquv tuygʻusi borgan sayin yuragimga vahima solar, ich-ichimdan titroq turib, oʻzimni yomon his etardim. Ketay deyman-u, ketolmayman. Qolay deyman-u, qololmayman. Nima boʻlganda ham amakining kasalxonadan qaytishini kutish kerak deyman-u...

Oʻzimni chalgʻitish niyatida, nima qilishlarini bilmay, tengsalib yurgan qarindoshlarga razm soldim. Nazarimda, hammasining yuz-koʻzida amakining gʻalati ahvoliga qaygʻurish yoki uning yetimchalariga achinish hissidan koʻra oʻz uylariga, oʻz ishlariga alagʻdalik alomatlari zuhur etgandek.

— Sigirim bugun-erta tugʻadigan edi, — dedi bir mahal yonimda turgan ayol pichirlab. Uning aft-angori qaysidir jihatlari bilan amakiga oʻxshab ketardi. — Bolalar eplab tugʻdira olisharmikan?

— Xabar olib kelsangiz boʻlarkan, — dedim atay, gʻashim kelganini sezdirmaslik uchun beixtiyor nigohimni olib qochdim.

— Yoʻgʻ-ey, uyat boʻlar-ov, — dedi ayol alang-jalang qilib. — Bunday boʻlishini kim oʻylabdi, deysiz? Oʻ birrovga borib kelsammikan? Qorin ham ochib ketdi.

Ayol menga jovdirab tikildi. Bora qoling, desam yugurib ketadigan shashti bor. Atay indamadim. Gaplarini eshitmagandek teskari qaradim. Ayol javob kutib, bir necha soniya tikilib turdi-da, soʻng nari ketdi.

Tushga yaqin koʻcha eshik oldiga yengil mashina kelib toʻxtagani eshitildi. Hamma gur etib oʻsha tomonga oshiqdi.

— Koʻmib yuboraveringlar, dedi doʻxtirlar. Ba’zilarda shunaqasi ham uchrab turarkan, — dedi Nortoʻxta keskinlik bilan hammaga birma-bir qarab chiqarkan. — Oʻlib boʻlgan ekan. Allaqachon oʻlgan ekan...

Shosha-pisha tayyorgarlik koʻrildi. Erkaklar bu yoqqa kelish oldidan tugunlarga tugib kelgan chopon-belbogʻlarini olib, kiyishdi va birin-ketin darvoza oldiga chiqa boshlashdi. Xotinlar «uv» tortib, ovoz chiqarishdi. Yaqinlari Xoliq amakini juda ehtiyotkorlik bilan koʻtarishib (odam oʻlganida shunchalik azizmi?), uyga olib kirishdi.

Taqdir taqozosini qarang, Narziqul rais qarib, yuvgʻichlar safiga qoʻshilib qolgan ekan. Soʻnggi daqiqada ham Xoliq amakining Narziqul rais bilan duch kelganiga nima deysiz?! Narziqul rais amakidan ancha yosh katta, bola-chaqasidan tingan, nevaralarini uylantirib, chevara ham koʻrgandi. Raisligida yigʻib qoʻyganlarini maydalab chaynab, huzur-halovatda yashayotgan piri badavlat edi. Xoliq amaki esa unga nisbatan yosh, buning ustiga uy koʻrmagan beshta qizi boʻy choʻzib turardi. Menga bir narsa alam qilib ketayotgan edi. Agar azroilga jon kerak boʻlsa, nega Narziqul raisning jonini olmadi. Nega kelib-kelib bir bechorani tanladi? Bitta Xoliq amaki bilan yalmogʻiz yer toʻyib qolmagandir?! Uning bitmagan ishlari koʻp edi-ku hali? Umr boʻyi qora mehnatdan boshi chiqmagan odam... Huzur-halovot neligini bilmagan odam... Chumchuqqa ham ozor bermagan odam...

Amakining oʻlimidan uch oy oʻtar-oʻtmas qishloqda ivir-shivir gap paydo boʻldi. Emishki, oʻsha kuni Xoliq amakini kasalxonaga olib borishganida doʻxtirlar Nortoʻxta aytganidek «koʻmib yuboraveringlar» demagan ekan. Nortoʻxta boshliq qarindoshlar oʻzaro: «Bir kun oldin oʻldi nima-yu, bir kun keyin nima, baribir oʻladi-ku» degan fikrga kelishibdi-da, har xil bahonalar bilan doʻxtirlardan amakining allaqachon oʻlganligi haqida spravka olishgan ekan...