OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifZulfiya Qurolboy qizi
Asar nomiYozsiz yil (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Zulfiya Qurolboy qizi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm70KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yozsiz yil (hikoya)
Zulfiya Qurolboy qizi

Shamolday yelib yurgan kichik oʻgʻil nogahon yuz bergan avtohalokat tufayli yarimjon, mayib boʻlib qolishi Buvgul xolani qattiq larzaga soldi. «Endi nima boʻladi? Bolam bir umr yolgʻiz oʻtadimi?» — degan oʻylar xonumonini kuydirardi, albatta, ammo oʻgʻlining chivinday joni qil ustida turgan kezlarda bu oʻylar xayolidan koʻtarilib, mutlaqo ahamiyatsiz boʻlib qolardi.

Avtohalokatni sodir etgan kimsa Mahkamboy levak qilmishiga yarasha jazosini oldi: sudlandi, qamaldi. Oʻn yillik muddatni ikki yilda oʻtab keldi. Buvgul xolaning ogʻriq va alami ichida edi, Mahkamboy levak koʻchadan KamAZini guvillatib oʻtganida onaning yuragi zuvillab ketardi, ochigʻi Mahkamboy levakning oʻlimi oʻgʻliga salomatlik baxsh etsa, u hech ikkilanmasdan bu nokasni oʻldirgan boʻlardi, afsuski... bu befoyda. Shunday ekan, chidashdan boshqa iloj yoʻq. Axir azob va iztiroblar uchun hech kim javob bermaydi...

Sirtdan qaraganda, Sobirning qoʻl-oyogʻi butun, bir yeri tilinmagan-shilinmagan, ammo uning ichki a’zolari qattiq lat yegandi: jigar qisman ezilgan, bitta buyrak ishdan chiqqan, ikkinchisi yarimjon, peshob chiqarish uchun Sobirning biqinida har doim maxsus naycha va banka osilib turardi. Erkakligidan ayrilgani esa hammasidan oʻtib tushdi. Sobir endi oʻrtoqlari bilan koʻcha-koʻyda tepkilashib yura olmas, daladan xurjun-xurjun oʻt yulib kelolmasdi, oʻzini avaylashga majbur edi. Bola ekan, onasining barcha talablariga boʻyin egardi. Biroq ona-bola qancha ehtiyot boʻlishmasin, qishning sovuq kunlari oʻz ta’sirini oʻtkazmay qoʻymasdi. Sobirning isitmasi koʻtarilib ketardi.

Yana kasalxona.

Hafta-oʻn kun, gohida oylab yotishga toʻgʻri kelardi shifoxonada...

Buvgul xolaning toʻngʻichi Mamatqul uylangan, ikki farzandning otasi, olaxurjun boshiga tushgandan keyin beva onasining ahvolini tushunib, qanotiga kirgan, roʻzgʻorning barcha ogʻirliklarini boʻyniga olgandi, ammo ukasining injiqliklariga sira toqat qila olmasdi. Chunki ulgʻaygani sari Sobir tez-tez asabiylashadigan, xurmacha qiliqlar chiqaradigan boʻlib qolgandi. Biror yegulikni yeyish mumkin emasmi, — Sobir, albatta narsani yerdi! Bajarishi mumkin emasmi, — Sobir, albatta, shu ishga yopishardi! Keyin ichburugʻ boʻlib, hamma yoqni bulgʻab qoʻyardi, yo koʻtaram boʻlib yotib qolardi. Buning azobini oʻzi va Buvgul xola tortardi.

Kasalxonaga tez-tez tushavergandan keyin doʻxtirlar ham tanish boʻlib qolarkan. Ulardan biri kunlarning birida Buvgul xolani kabinetiga chaqirib, ochiqchasiga: «Agar oʻgʻlingizni nihoyatda ehtiyot qilib parvarishlamasangiz, yana ikki yil yashashi mumkin», deb aytdi. Esxonasi chiqqan Buvgul xola bu gapga ishonch hosil qilish uchun boshqa doʻxtirdan toʻgʻrisini aytishni soʻragandi, u bu «muddat»ni yana yarim yilga qisqartirdi va oxirida maslahat berishni ham unutmadi: «Tak, chto, hozirdan bunga oʻzingizni koʻniktiring va koʻpam oʻzingizni urintirib qoʻymang, onaxon, siz hali boshqa farzandlaringizga ham keraksiz!»

Bu gaplardan Buvgul xola karaxt boʻlib qoldi. Miyasi falaj boʻlgandek hech narsa haqida oʻylay olmadi, hatto qaygʻurish yoki tushkunlik hissini ham tuymadi, faqat... palataga qaytib, oʻgʻliga koʻzi tushgandan keyingina birdan ruhiyati oʻzgardi. Doʻxtirlarga ishonmadi. Mana oʻgʻli, umid toʻla koʻzlarini onasiga tikib turibdi.
— Men yaxshiman, ena. Endi uyga ketamizmi?

Bir necha daqiqa ichida Buvgul xolaning yuragini yeb bitirayozgan dahshatli xavotir tarqadi-ketdi. Toki oʻgʻlining koʻzlari chaqnab boqarkan, hali nimadandir umid qilsa boʻladi, bundan ortiq nima kerak?

* * *

Vaqt oʻtib borardi. Eng ulkan qoʻrquv qarshisida qaltirab-titrab turgan xavotirli ikki yil ham eson-omon oʻtdi.

Sobirning sogʻligida aytarli oʻzgarish yoʻq, umri har doimgiday uy-kasalxona marshruti boʻyicha oʻtardi. Ob-havo quruq va issiq kelgan yili uning kuni tugʻardi, oʻzini ancha bardam sezardi. Buvgul xola bundan xursand, oʻgʻlining kundan-kun choʻzilib borayotgan boʻyiga qarab koʻzi quvnardi.

Kunlarning birida Sobir tong sahardan qayoqqadir chiqib ketdi. Buvgul xola anchadan buyon oʻgʻlining oʻzgarib qolganini sezardi, Sobirning qadam olishini zimdan kuzatardi, ammo oʻsha kuni uning qayoqqa ketganidan bexabar qolgandi.

Tushgacha yoʻl qarab, xavotirdan yuragi yorilguday boʻlgan ona oxiri sabri chidamay toʻngʻichi Mamatqulning uyiga yugurdi. Oʻtgan yili Mamatqul xotini Hanifa bilan gap talashib qolgani uchun Sobirning yuziga tarsaki tushirganini kechira olmagan Buvgul xola uni bola-chaqasi bilan chala bitgan imoratga koʻchirib yuborgandi. Shundan beri Mamatqulning ginasi ichida, onasi bilan ochilib gaplashmaydi.

Oʻsha kuni ham onasi bilan gaplashganida qovogʻini ochmadi, aksincha:
— Hech ish qilmasangiz ham ulingizning ketidan poylab yuring, degandim-ku, — deya aql oʻrgatdi u. — Kim biladi, boshi ogʻib, qayoqlarga uloqib ketdiykin? Koʻngliga qarayverib, bolani besoat qilib qoʻydingiz, ena!
— Pashshaxona ichida Mashrabgina uxlab yotuvdi. Sigirni podaga qoʻshib kelganimcha qayoqqadir gʻoyib boʻlibdi... — tushuntira boshladi Buvgul xola, ammo Mamatqul onasining gaplarini oxirigacha eshitmadi:
— Qachon qarasam, podaning ketidan yugurib yurasiz, shu ishlarni qoʻying endi, ena! Ulingizniyam ishga soling-da, yigirmadan oshdi axir.
— Ukangning yigirmadan oshganiga xursandman. Boshqa narsani oʻylamayman...
— Devday jinni bitta sigirminan-novvosni eplab boqolmaydimi, ena?!

Oʻgʻlining soʻzlari onaning hamiyatiga tegdi, yuzi oʻzgardi.
— Bitta sigirmas, oʻnta sigir boʻlsayam Sobirjon eplaydi. Senga oʻxshab chala-chulpa ish qilmaydi u! Lekin oʻzim uni avaylayman. Oʻzi yarimjon bola boʻlsa... Oʻz gavdasini oʻzi koʻtarib yurganiga ham shukr qilaman! Endi tushundingmi?!
— Hoʻkizday yigitni avaylayman, deb, oʻzingiz yiqilib qolmang, deyman-da, ena. Mening roʻzgʻorim boʻlak boʻlsa, kunda ahvolingizdan xabar ololmasam.
— Hoʻkizday yigit deysan... Uning quruq gavdasi bor. Qish oqshomlari inqillab chiqadi, bir yerlari ogʻriydi...

Qaytamiz endi... Xudoning ishi! Lekin toʻgʻrisini aytsam, ena, siz baribir notoʻgʻri qilyapsiz. Bolani avaylamasdan ishminan andarmon qilib tashlashingiz kerak. Shunda huda-behudaga koʻchaga yuguravermaydi!
— Toʻqsonta gapni oldimga toʻnqaytirgandan koʻra, senminan ishim yoʻq, ena, qanday kuningni koʻrsang koʻraver, de, qoʻy! — Buvgul xola jahl bilan iziga qaytdi.
— Obbo, — gʻudrandi Mamatqul. — Bir marta sal qattiqroq gapirib qoʻysam, darrov arazlab qoladi enam!

Buvgul xola toʻngʻich oʻgʻlining koʻnglini gʻash qilib qoʻyganini sezdi, lekin ortiga burilmadi, ogʻir mehnatni koʻp qilganidanmi, oltmishga kirmay dol boʻlgan qaddini eggan koʻyi, qoʻllarini belida chalishtirgancha uyi tomon yoʻrtarkan, yoʻl-yoʻlakay uchraganlardan oʻgʻlini koʻrgan-koʻrmaganini soʻrardi. Aksiga olganday, na yoʻlovchilardan, na qoʻni-qoʻshnilardan Sobirga koʻzi tushgan odam topilmadi.

«Bir ogʻiz aytmasdan qayoqqa ketib qoldiykin? — oʻyladi ona qoʻli ishga bormay koʻcha eshik oldidagi supachada oʻtirgancha yoʻlga koʻz tutarkan. — Joʻralari oʻn besh yoshdan qizlarminan yetaklashib yurishlarini bilsayam buning parvoyiga kelmasdi. Qayligʻini toʻydan oldin boʻgʻoz qilib qoʻygan joʻrasiga kuyovnavkar boʻlganidan keyin birdan oʻzgarib qolganini sezuvdim. Bitta-yarimta qizminan tanishib qolib, shuning ketidan hid olib ketdingmi? Oh, bolam-a!..» Buvgul xolaning koʻz oldini xira parda qopladi.

* * *

— Qayoqlarda tentirab yurding shu vaqtgacha?! — namozshomda yerga qaragancha hovliga kirib kelgan ukasini siquvga oldi Mamatqul. — Meni oʻylamasang, enamni oʻylasang boʻlmaydimi? Yuragi yorilib, oʻlib qolay dedi-ku enam! — Qaerda yurganim bilan nima ishingiz bor? — qoʻrs javob berdi Sobir.
— Iya, bu nima deganing? — ajablandi Mamatqul quloqlariga ishonmay. — Sen bola oʻylab gapiryapsanmi oʻzi?
— Nega hadeb tergayverasiz? Yosh bola emasman axir!
— Enam seni deb...
— Enangiz borligi shunaqa vaqtlarda esingizga tushadimi?!
— Hov bola! — Mamatqul ukasining yoqasiga chang soldi.
— Nimaga uning yoqasiga yopishasan?! — Buvgul xola oʻrtaga tushib, toʻngʻichiga qarab qichqirdi. — Sobirga qoʻlingni tekkizguncha, meni burdalab tashla!
— Ena... gaplarini eshitdingizmi? Meni zigʻirchayam hurmat qilmaydi buningiz!..
— Sobir seni hurmat qiladi, lekin sen buni tushunmaysan! — Buvgul xola toʻngʻich oʻgʻlini siltab yubordi.

Paytdan foydalangan Sobir uyga oʻzini urdi. Eshikni ichkaridan qulfladi.
— Tarafini olganingiz sayin buningiz haddidan oshib ketyapti! — dedi Mamatqul baqirib. — Siquvga olib, picha tanobini tortib qoʻyay desam, nega uning koʻngliga qarayverasiz, ena?

Buvgul xolaning charchoq nigohlari toʻngʻichiga ta’nali boqdi, ammo lom-mim demadi.

Ikki kun oʻtdi.

Ikki kun ichida ona-bola ochilib gaplashmadi hisob.

Uchinchi kuni ertalab yasan-tusan qilib olgan oʻgʻlini koʻrib hayron boʻlgan ona unga savol nazari bilan boqdi.

Sobir buni tushundi.
— Oʻtgan kuni meni davolagan doʻxtirning oldiga borgandim. Operatsiya koʻp ekan, shu kuni kechgacha kutib oʻtirdim, lekin men bilan gaplashishga vaqti boʻlmadi. Indinga kelsang, gaplasharmiz, degandi... Boraveraymi?..

Buvgul xola siyrak kipriklarini pirpiratganicha bir necha soniya oʻgʻliga tikilib turdi, soʻng asta:
— Boraqol, — dedi.

Sobir xonadan uchib chiqdi.
— Oh, bolajonim-a... — onaning koʻzlaridan yosh tirqiradi. — Oh, bolajonim-a... Oh...

«Tiq» etsa eshikka koʻz tutib oʻtirish oson emasdi. Buvgul xola istar-istamay ishga unnadi. Keksaygan chogʻida qoʻlini sovuq suvga urmay, huzur-halovatda yashash oʻrniga, toʻngʻich oʻgʻli bilan kelinining roʻzgʻorini boʻlak qilib, oʻzi hali-hamon qoʻli kosov, sochi supurgi boʻlib yurganini oʻylab gohida Buvgul xola boʻlib ketadi, lekin oʻzi, faqat oʻzi bu qismatni oʻziga ravo koʻrgani bois, alamini ichiga yutadi.

«Bugun ham namozshomda kelarmikan? — oshxonayu molxonalarni galma-gal kirpishlayverishdan charchagan ona hammasiga qoʻl siltab, koʻcha eshik oldiga chiqib yoʻlga koʻz tikdi. — Esim qursin, qachon qaytasan, deb soʻrab qolsam, oʻlarmidim!»

Huv narida, koʻz ilgʻaydigan yerda avtobus bekati.

Bir-ikki soat ichida bekatga necha-necha avtobus kelib-ketmadi, kimlar tushmadi ulardan, biroq Sobirdan darak yoʻq edi.

Buvgul xola burushgan lablarini qimtib, tamshandi, ogʻzi quruqshadi, chanqaganini, qorni ochganini his qildi, oshxonada ovqat tayyor edi, lekin onaning ishtahasi tortmadi.

Qoʻllarini iyagiga tiragancha supada oʻtirib oʻgʻlini kutdi.

Nihoyat... ana u!

Buvgul xola oʻrnidan turib ketdi.
— Keldingmi, bolam?..
— Ha...

Sobir yerga qaraganicha onasining yonidan oʻtib ichkariga kirib ketdi.

Oʻgʻlining aftoda qiyofasi Buvgul xolaning yuragini oʻrtab yubordi. Sobir uyga kirdiyu, oʻzini karavotga tashladi.
— Ovqat ichasanmi, bolam? — soʻradi Buvgul xola eshikdan moʻralab.
— Yoʻq.
— Tush payti boʻldi-ku.
— Qornim toʻq, — dedi Sobir va yuzini yostiqqa qattiq bosdi.

Buvgul xola eshik oldida mungʻayib turdi birpas, soʻng sekin iziga qaytdi. Oshxonada yolgʻiz oʻzi nomiga, istar-istamay tamaddi qilgan boʻldi, butun fikri-zikri oʻgʻlida boʻlganidan nima yeb-ichganini ham bilmadi, alagʻda koʻngli sira tinchlik bermasdi:

«Doʻxtir yaxshi gap aytmagan, — oʻylardi ona. — Bechora bolamning enka-tinkasi qurib ketibdi. Doʻxtir ham toza nokas odam ekan-da. Uzil-kesil javob aytmasdan, umidvor qilib yuborsa boʻlardi-ku! Odamlar bir ogʻiz shirin soʻzga buncha xasis boʻlishmasa?!»

Buvgul xola oshxonada uzoq oʻtira olmadi. Oʻrnidan turib tashqariga chiqdi. Koʻchadan xotin-xalajning shovqin-suroni, suv bochkalari ortilgan aravalaru chelaklarning darang-durungi eshitildi.

Qishloqda anchadan buyon suv tanqis edi. Vodoprovodlardan ilgarigidek suv sharillab oqmas, ariqlardagi suvning ham tanobi tortilgan, kunduzgi soat ikkidan uchgacha koʻcha boshidagi vodoprovoddan suv beriladiyu yana choʻrt uziladi. Dastyori borlar ikki-uch kunlik suvni gʻamlab olishadi. Buvgul xolaga oʻxshaganlar esa bor-yoʻgʻi uch-toʻrt chelak suv olib qolishga zoʻrgʻa ulgurishardi. Biroq ayni zamonda Buvgul xolaning koʻngliga suv sigʻmadi, oʻgʻlining yonida boʻlishni istaydi.

Sobir onasining qadoq kaftini his qildi, ammo qimir etmadi, chunki yostiq jiqqa hoʻl edi...

Sobirning kechki ovqatdan ham bosh tortishi Buvgul xolaning sabr kosasini toʻldirib yubordi. Bir kosa ovqatning ustiga non qoʻyib, roʻmolchaga tugib, Mamatqulning uyiga yoʻl oldi yana.
— Bolangga berarsan, — eshik ochgan Hanifa kelinning qoʻliga tugunni tutdi. — Mamatqul ishdan keldimi?
— Ishga borgani yoʻq, — xoʻmrayib javob berdi kelin. — Traktri buzilib qolganini bahona qilib ikki kundan beri uyda yotibdi!

Buvgul xolaga kelinning xoʻmrayib turishi yoqmadi. «Eri ishga bormasayam alamini mendan oladi», — deya pichirlagancha ichkariga yoʻnaldi.
— Nega ishga bormading? — adyol bilan boshigacha oʻralib, terlab-pishib uxlayotgan Mamatqulni sekin turtib uygʻotdi Buvgul xola, soʻng toʻshak yoniga choʻqqaydi.
— Tinchlikmi, ena? — Mamatqul oʻrnidan turib oʻtirdi. Xomuza tortdi.
— Nega ishga bormading, deyapman? Ikki kundan beri uyda yotganmishsan?
— Ikki kun, deb kim aytdi sizga? Traktrim buzilib qolib, tushda uyga qaytib keldim-ku!
— Hah, bolam boyoqish, — Buvgul xola oʻshshayib eshik tomon qarab qoʻydi. — Yarim kun imillaganingga, koʻziga baloday koʻrinib qopsan-da!
— Oʻzingiz kech boʻlganda nima qilib yuribsiz, ena?
— Ena bilan ukadan xabar olmay gumqovib yotganingdan keyin tirik arvohday izillab yuraman-da!
— Ena...
— Sobir tushdan berisiga tuz totmay yotibdi...

Mamatqul ensasi qotib yuzini burdi, biroz jimlikdan keyin jahl bilan dedi:
— Ena, Sobirning nima ishlar qilib yurganidan xabaringiz yoʻq!
— Nima ish qilibdi? — bilmaganga olib soʻradi Buvgul xola.
— Doʻxtirga qatnab yuribdi!
— Nima qipti borsa...
— Doʻxtirlar yordam berolmasligi ma’lum-ku, jonini saqlab berdi bizga, shuning oʻzi katta gap. Nega buni ulingizga tushuntirmaysiz?!

Buvgul xola yerga qarab qoldi.
— Qanday aytaman buni, — dedi u birozdan keyin ayanchli ovozda.
— Oʻzingiz aytolmasangiz, menga ixtiyor bering, axir kimdir achchiq boʻlsayam haqiqatni aytishi kerak-ku!
— Sen aralashma! Mayli, boraman degan yeriga borib-kelaversin.
— Ana shu-da! Ana shu... yana mendan oʻpkalashingiz ortiqcha.
— Nima qilay, axir... — Buvgul xolaning mijjasiga yosh qalqidi.
— Aytganday, sizga yana bir xabar bor, Sobiringiz sayxonlik bir qizminan gaplashib yurganmish!
— Yoʻgʻ-e? — Buvgul xola quloqlariga ishonmagandek toʻngʻichining yuziga ajablanib boqdi.
— Ha, anavi Anvar degan joʻrasi Sayxondan uylandi-ku, shuni toʻyida tanishib qolgankan.
— Yoʻgʻ-e... — onaning mudom gʻam-tashvish arimaydigan yuziga iliq tabassum yoyildi. — Sobirjon qizlarminan gaplashar ekanmi?..

Mamatqul onasining yuziga hayron boqdi.
— Nimaga xursand boʻlyapsiz, ena? Axir...
— Qiz ham Sobirjonminan gaplashayotganmishmi axir?
— Gaplashayotganmish! Shu qizga uylanaman, deb yurganmish Sobirjoningiz joʻralariga. Lekin bu mumkin emas-ku, ena! Buning oldini olmasak boʻlmaydi.

Buvgul xola birdan hushyor tortdi.
— Nima qilmoqchisan? — deya toʻngʻichiga xavotirli nazar tashladi.
— Shuning maslahatini qilish uchun kechqurun oldingizga oʻtmoqchiydim oʻzi. Nima qilamiz, menam hayronman... Birovning qizini umidvor qilmasdan, bor gapni ochiq aytib, ora ochdi qilish kerakmidi?
— Yoʻq! Bu gapni kallangdan chiqarib tashla! — qat’iy javob berdi Buvgul xola.
— Bu ish gazak olib ketmasdan nimadir qilmasak boʻlmaydi.
— U yogʻiminan ishing boʻlmasin!
— Ena...
— Sen aralashma! Sobirjonning oʻziga yarasha aqli bor. Nima qilayotganini yaxshi biladi.
— Sevgi uni ado qiladi axir!

Buvgul xola javob bermadi. Shoshilib oʻrnidan turdi. Eshik oldiga yetganda toʻxtab ortiga oʻgirildi.
— Hech kimni yaxshi koʻrmasdan ado boʻlgandan koʻra, birovni yaxshi koʻrib ado boʻlgani durust emasmi?! — dedi ona dona-dona qilib, soʻng yigʻlamsiragancha oʻzini eshikka urdi.
— E, menga nima! Joningizga tekkuncha papalayvering-chi. Suv toʻgʻonni urib ketgandan keyin oldimga yigʻlab kelasiz, lekin unda men tugul, otam tirilib kelgan taqdirdayam sizga yordam berolmaydi!

Mamatqul yana oʻrniga choʻzildi. Ammo koʻp yota olmadi. Uzalib tokchada turgan aroq shishasi bilan piyolani qoʻliga oldi. Och qoringa ikki piyola aroqni sipqordi-yu oʻzi bilan oʻzi andarmon boʻlib qoldi.
— Hech kimning men bilan ishi yoʻq... — u yelkalari silkinib-silkinib yigʻlay boshladi. — Hech kimning men bilan ishi yoʻq...

Eshikdan moʻralagan Hanifa kelin erining ahvolini koʻrdi-yu koʻzining paxtasi chiqdi...

* * *

— Ena, — dedi Sobir kunlarning birida xijolatli kulimsiraganicha. — Bir gap aytsam xafa boʻlmaysizmi? — Nima gap? — tikish qilib oʻtirgan Buvgul xola oʻgʻlining yuziga qaramasdan soʻradi.
— Sayxonda bir qiz yashaydi. Ismi Marvarid... — dedi Sobir past ovozda, soʻng birdan jimib qoldi, nigohlari gilamga qadaldi.

Buvgul xola koʻzoynagi ustidan oʻgʻliga qaradi.
— Xoʻsh?..
— Shu qiz... meni yaxshi koʻrib qopti. Onangizni qachon sovchilikka yuborasiz, deb sira tinchlik bermayapti...

Buvgul xola kulib yubordi.
— Ha, mugʻombir, oʻylab-oʻylab, oxiri shu yoʻlni topdingmi?

Sobir ham onasiga qoʻshilib kuldi. Anchadan buyon bunday begʻubor kulgini eshitmagan devorlar zirillab ketdi.
— Kimning qizi ekan? — soʻradi ona jiddiy tortib tikishini bir chetga qoʻyarkan.
— Majid akaning...
— Sayxonda Majid degan odam bitta edi-yov, adashmasam. Uyi maktab yonidami?
— Ha, xuddi oʻzi...
— Ular yaxshi odamlar, mayli, ertan kechqurun oʻtib kelaman.

Sobirning koʻzlari chaqnadi.

Aytilmagan yana nimadir bor edi. Ammo bu haqda na ona, na oʻgʻil ogʻiz ochishga jur’at qilardi. Noqulay sukunat ikkalasining ham yuragini oʻrtab yubordi.

Buvgul xola yamoq-yasogʻi esiga tushib qolgandek keskin burilib ishiga mashgʻul boʻldi.
— Ena, — dedi nihoyat Sobir tilga kirib. — Ota-onasi yoʻq, deyishsa va yana... har xil... gaplarni gapirishsa... nima deysiz?.. Uyalib qolmaysizmi?..
— U yogʻiminan ishing boʻlmasin, ulim, — shipdan koʻz uzmay javob berdi Buvgul xola. — Aydaqarning qiziga sovchilikka boring, desang ham, boraman!
— Enajon...

Sobir onasining qoqsuyak yelkasiga bosh qoʻydi.

Ertasi kechki payt Sobir bir oʻrtogʻining mashinasini eshik oldiga koʻndalang qildi.
— Avtobusga osilib yurasizmi, — dedi oʻgʻil onasiga. — Nuriddin moshinasida gʻir etib oborib keladi.

«Elga joriya qilmasang boʻlardi», — demoqchi boʻldi ona, ammo indamadi.

Sobir uydan chiqish oldidan onasiga yana dedi:
— Qizning oʻzi men bilan yashashga rozi, bemalol aytavering buni. Faqat ota-onamning roziligini olsangiz boʻldi degan.
— Yaxshi qiz ekan...
— Bordiyu ota-onasi rozi boʻlishmasa yana xafa boʻlib yurmang, — dedi Sobir ovozi oʻzgarib.

Buvgul xolaning chap koʻksiga birov nina sanchib olgandek boʻldi.
— Mayli, bolam, mayli, — degancha tashqariga yoʻnaldi ona.

Mashinani jildirishdan avval Nuriddin: «Ishimiz oʻngidan kelsin!» deya omin qildi, Buvgul xola ham pichirlagancha duo oʻqirkan... bexosdan Sobirning ixlos bilan yuziga fotiha tortayotganiga koʻzi tushib... yuragi ezilib ketdi. Oʻgʻlining bu xatti-harakatlari bema’nilik ekanligini bilardi ona, shu bilan bir vaqtda bu bema’nilik qismatga qarshi mardona isyonning oʻziga xos koʻrinishi ekanligini ham his qilardi Buvgul xola; Sobir shu taxlit hayotdagi boʻshliqni toʻldirishga, haqiqatdan qochib qutulishga urinayotganini fahmlardi...

Sayxon qishlogʻi.

Maktab yonidagi uy.

Buvgul xola bu fayzli uy ichida oʻzini qanchalar achchiq ta’na-dashnomlar kutayotganini sezdi, ammo ona har qanday andishayu istiholani yigʻishtirib qoʻyib, ichkariga dadil qadam bosdi.
— Qanday haddingiz sigʻdi, nogiron oʻgʻlingizga gulday qizimni soʻrab kelishga?! — Buvgul xolaning muddaosini eshitgan Majid aka tutaqib ketdi. — Yo Majidning qizi koʻchada qolgan, deb oʻylayapsizmi?!
— Unday oʻylaganim yoʻq, — dedi Buvgul xola vazminlik bilan. — Jahlingiz chiqmasin, inim. Meniyam tushuning...
— Ahvolingizni tushunganim uchun shaytonga hay berdim, — dedi Majid aka. — Boʻlmasa hozir...
— Ulimning ahvolini yashirmayman, buni butun qishloq biladi. Mana siz ham allaqachon eshitgan ekansiz... Lekin yoshlar bir-birini tanlashibdi. Oʻzaro kelishibdi ham!.. Johillik qilib yoshlarning uvoliga qolmaylik tagʻin...
— Aslo uvoliga qolmaymiz. Aksincha, savobga qolamiz ularni bir-biridan uzoqlashtirsak!
— Lekin qizning oʻzi... rozi-ku!
— Qizim rozi boʻlsa boʻlaversin, ammo men ikki dunyoda ham koʻnmayman! Koʻra-bila turib uni oʻtga tashlamayman! Bir umr hur qiz boʻlib oʻtib ketishini istamayman!
— Balki...
— Yoʻq. Gap tamom-vassalom! — Majid aka yuziga fotiha tortdi. Ketishingiz mumkin, degandek qaradi Buvgul xolaga.

Biroq Buvgul xola oʻrnidan qoʻzgʻalmadi. Titroq barmoqlari koʻrpacha chetini tutamlagancha yerdan koʻz uzmay oʻtiraverdi.

Majid aka tomoq qirdi. Oʻrnidan turishga taraddudlandi, Buvgul xola shunda ham oʻrnidan qoʻzgʻalmadi.

Majid aka yana tomoq qirdi.
— Hozir... Hozir turaman, — dedi Buvgul xola nafasi qaytib, yuragi siqilayotganini sezdirmaslikka urinib. — Lekin avval sizga bir oʻtinchim bor, hech kim pesh qilmasayam birovning qizini yoʻqlab borishga haqsizligimni yaxshi bilaman, ammo bolangiz koʻzingizga moʻltirab tursa, chiday olmas ekansiz, uyingizga bostirib kelganimni bepisandlik deb tushunmasligingiz uchun aytyapman bu gapni, endi oʻtinchim shuki, qiz bolani boshingizga bolish qilmaysiz, albatta, qachondir baxti ochilsa, kimgadir uzatasiz, baxtli boʻlsin, iloyim, biroq hozir oldimga chiqqan ulimga: «Qizning otasi oʻylashib-kengashib koʻraylik», deb aytdi, deyishimga ruxsat bering, xoʻpmi?

Majid aka qiyin ahvolda qoldi. Oʻzini u yoqqa tashladi, bu yoqqa tashladi, oxiri rozi boʻldi.
— Mayli, nima desangiz oʻzingiz bilasiz, lekin bu gapim bolangiz har kuni ostonamga kelib tursin deganim emas! Shuni yaxshilab tushuntirib qoʻying.
— Baraka toping, iloyim.

Buvgul xola oʻrnidan turdi.

* * *

Sobirning kiyimlarini hafsala bilan dazmol qilish, tuflilarini yaltirab ketguncha tozalashlari, qoʻshiq xirgoyi qilib yurishlarini kuzatish Buvgul xolaga benihoya huzur bagʻishlardi. Oʻgʻlining yuziga gʻam soya solishini istamasdi. Umrining oxirigacha uni baxtiyor holda koʻrishni xohlardi ona. Kechki payt Sobirning kiyinib, yasan-tusan qilib koʻchaga otlanganini koʻrgan kezlarda esa Buvgul xola xursandligidan dunyoga sigʻmay ketardi. Kuchiga kuch qoʻshilardi. Oʻgʻlining halokatidan keyin azobga aylangan hayotga nisbatan qalbida yashash ishtiyoqi kuchayardi. «Bu hol qancha vaqt davom etarkin?» degan savoldan etlari junjikib ketgan vaqtlar ham koʻp boʻlardi, shunday kezlarda ona oʻzini munofiq sanab, tinchini yoʻqotardi, ammo oʻgʻlining baxtiyor chehrasiga koʻzi tushgan lahzadan boshlab hammasini butkul unutar, ertaga nima boʻlsa boʻlar, mana hozir bolamdan baxtli odam yoʻq dunyoda, menga bundan ortiq yana nima kerak, deya oʻziga taskin berardi.

Oilaning toʻngʻichi Mamatqul boʻlsa vaqt-bevaqt kelib onasining kayfiyatini buzib kelishdan boshqasiga yaramasdi.
— Bu bolangiz toza bebosh boʻlib ketdi-ku, ena, — deya shikoyat qilardi u. — Toza ixtiyoriga qoʻyib yubormay, jilovini tortib tursangiz boʻlmaydimi?!
— Nima qipti? Oʻgʻrilik qildimi, gʻarlik qildimi, gapir! — derdi Buvgul xola jerkib.
— Tovba qildim, Sobir toʻgʻrisida sal mundayroq gapirgan odam sizga yoqmaydi-ya, ena, — deydi Mamatqul hayron boʻlib. — Sobirni yomonlagan odam oʻz bolangiz boʻlsayam kechib yuborasiz-ov!

Buvgul xola qovoq solib, yuzini burdi.
— Oʻzingizcha Sobirni farishta deb oʻylaysiz-ov, — davom etdi Mamatqul borgan sayin alami ortib. — Lekin bilib qoʻying, shu farishta bolangiz Majid akaning qiziminan kanal boʻyida oʻpishib, quchoqlashib yuribdi!

Buvgul xola avval seskanib tushdi, soʻng... qimtingan lablariga tabassum yugurdi.
— Shuytib... yurgan ekanmi?.. — Buvgul xola kemtik milkini koʻrsatib iljaygancha toʻngʻichining yuziga termildi.

Mamatqulning jon-poni chiqib ketdi.
— Ena!
— Vahima qilaverma.
— Oʻzingizning qizingiz yoʻq-da, shuning uchun birovning qizining sha’nini oʻylamayapsiz!
— Oʻpsa oʻpar, yuvsa ketar, deganlar. Qolaversa, ikkovi bir-birini yaxshi koʻrishadi. Sen ... qisib yur!

Buvgul xolaning vajohati qoʻrqqulik edi, Mamatqul ishini bahona qilib qochib qoldi. Ammo eshik oldiga yetganda baribir aytadiganini aytdi:
— Bu ishingizdan hali pushaymon boʻlasiz, ena!

Oʻgʻlining soʻzlari Buvgul xolaning yuragiga oʻqdek qadaldi. Oyoqlaridan mador qochib yerga oʻtirib qoldi.

* * *

Qish adogʻida Buvgul xola oʻgʻlining tarki dunyo qilgan odamdek xonaga qamalib olganini, ertayu kech bagʻrini yerga berib yotishlarini koʻrib saodatli kunlar nihoyasiga yetganini fahmladi. Ichida bir nima oʻpirilib tushdi goʻyo... Sobirning kirtaygan, sogʻinch toʻla nigohlariga boqish ogʻir edi. Uning: «Nega bunday boʻldi, ena?» deb soʻrab qolishidan choʻchirdi Buvgul xola, shu bois kun sovuq boʻlishiga qaramasdan ertayu kech goh hovlida, goh uy ichida gʻimirlab yurardi.

Bir kech Sobir indamay uydan chiqib ketdi-da, ikki soatlardan keyin gandiraklagancha qaytib keldi.

U mast edi.

Buvgul xolaning yuragi orqaga tortib ketdi, axir Sobirga ichkilik ichish, tamaki chekish mumkin emasdi!
— Ena... — Sobir onasining fikrini uqqanday aybdorlarcha boqdi. — Ichmaslikning iloji boʻlmadi...
— Mayli, bolam, mayli... Har zamonda ichsang, zarar qilmas...
— Nega ichding deb soʻramaysizmi, ena?
— Xabarim bor, bolam...
— Indinga uni unashtirishmoqchi ekan... Otasi undan bir ogʻiz ham soʻramasdan sovchilarga rozilik bervoribdi.
— Otasi qaysar odam ekan-da...
— Agar hozir yana bir marta sovchilikka boring, desam borasizmi, ena?
— Mayli, boraman... Lekin...
— Qizning oʻzi ham shunday deyapti. U meni telbalarcha sevadi!
— Oh bolajonim-a...
— Yana bir marta boring, agar otasi yana koʻnmasa... keyin mayli...

Buvgul xola ilon chaqqanday seskanib tushdi. «...otasi yana koʻnmasa...» degani Sobirning avvalgi sovchilik mojarosidan boxabar ekanligini bildirmaydimi ishqilib?..

Buvgul xolaning ichidan qirindi oʻtdi. Oʻgʻlining koʻzlariga tik qarashga yuzi chidamadi.
— Nuriddin joʻramni chaqiraveraymi boʻlmasa? — soʻradi Sobir.
— Chaqir.

Sobir koʻchaga chiqib ketdi.

Buvgul xola bir fursat oʻy surib qoldi. Soʻng imillab kiyindi, dasturxonga toʻrtta non, qand-qurs tugib tayyorlab qoʻydi.

Shu chogʻ eshikdan Mamatqul kirib keldi. U haddan tashqari dargʻazab edi.
— Agar meni ham bolam desangiz, hech qaerga bormaysiz! — deya dagʻdagʻa qildi u kirgan zahoti onasiga.
— Yo pirim-ey, nega buncha oʻdagʻaylaysan, tinchlikmi, bolam?
— Eshitdim, qayoqqa ketayotganingizni, Sobirning koʻngliga qarashni bas qiling endi!
— Menga aql oʻrgatma, demabmidim senga.
— Nima, odamlarga masxara boʻlmoqchimisiz?! Meni qishloqda bosh koʻtarib yurolmaydigan qilib qoʻydingiz-ku!
— Senga nima?! Sen oʻz aravangni oʻzing tortib yuraver. Kasal uka, qari enangminan ishing boʻlmasin. Boshimda turib olib goʻngqargʻaday gʻoʻngʻillamasang boʻldi!
— Obbo... Juda boʻlmasa oʻz tengimizni topaylik, ena!
— Bolamning tengi oʻsha qiz!

Koʻcha eshik oldiga mashina kelib toʻxtashi hamon Buvgul xola dasturxonini koʻtarib yoʻlga otlandi.

Mamatqul ildam yurib onasidan oldin eshik oldiga chiqdi.
— Hov bola, bu yoqqa kir, senda gapim bor, — dedi u Sobirga.

Engashgancha pildirab yetib kelgan Buvgul xola toʻngʻichining bilagidan tortib oʻziga egiltirdi va qulogʻiga shivirladi:
— Agar Sobirga «gʻing» desang oq qilaman, bilib qoʻy!

Mamatqulning yuzi boʻgʻriqib ketdi.
— Nima deysiz, aka? — deya yaqin keldi Sobir shu vaqt.
— E, bor-e!

Mamatqul orqa-oldiga qaramay joʻnab qoldi.

* * *

— Yana qaysi yuz bilan keldingiz, opa? Oʻtgan safar kelishgandik-ku! Bechora bir beva ayol ekan, deb iltimosingizga koʻndim, lekin siz buni bilmadingiz. Ayol kishi boʻlsayam odam-ku, deb siylagandim, ammo siylaganni bilmadingiz. Bilganingizda koʻzingizni loʻq qilib yana uyimga bostirib kelmasdingiz. Oʻgʻlingiz bor, desa yugurib kelaverasizmi? Aqlingiz bormi oʻzi?! He, oʻsha xotinchalish oʻgʻlingizniyam, sevgisiniyam... — qizining xarxashasidan xunobi oshib oʻtirgan Majid aka ostona hatlashi bilan Buvgul xolaning boshiga shunday malomat toshlarini yogʻdirdiki, shoʻrlik ayolning qoʻlidan dasturxoni tushib ketdi, ammo quda boʻlish hech qachon nasib qilmaydigan qudasiga qarshi bir ogʻiz ham gap qaytarmadi, koʻylagining uzun yengini ogʻziga bosib, yerga qaragancha miq etmay turdi. Bu holdan Majid akaning battar jazavasi qoʻzidi.
— Koʻchada qolgan buzuqi ham ulingizga oʻzini ravo koʻrmaydi, endi sizga ochigʻini aytib qoʻya qolay. Ota-ona papalab katta qilgan qizini qorni toʻq, usti but yuradi, deb erga bermaydi-ku, nahotki shu oddiy narsani ham tushunmasangiz?!

Majid aka naq yigirma daqiqa chamasi javradi, ogʻzidan bodi kirib, shodi chiqdi, aytmagan gapi qolmadi hisob, Buvgul xola bularning barini quloq qoqmay eshitdi, Majid aka holdan toyib, jimib qolganidan keyingina sekin ortiga burilarkan:
— Nima desangiz ham haqingiz bor. Bundan battar gaplarni eshitishimni bilardim. Ammo bolamning sazasini oʻldirgim kelmadi... — dedi va ohista eshikni yopdi.

Zaharolud soʻzlar, bepisand, kinoyali nigohlar suyak-suyagidan oʻtib ketgan, qon bosimi koʻtarilib, koʻz oldi qorongʻilashib, zoʻrgʻa mashinadan tushgan Buvgul xola peshvoz chiqqan oʻgʻlini koʻrib oʻzini dadillikka oldi.
— Ishqilib... haydab solishmadimi?.. — aybsinib onasiga yuzlandi Sobir.
— Nega haydab solishadi?! Ular tushungan odamlar... Faqat narigi tomon bilan qarindoshliklari bor ekan-da. Qizning oʻzini koʻrmadim, lekin toza esi koʻp qiz ekan, qarindoshga erga tegmayman, deb oyoq tirab turganmish... Shuning uchun shoʻrlik Majid qayoqqa borarini bilmay, boshi garang. Qiz oʻstirgan otaga ham toza qiyin ekan-da.
— Demak, butunlay uzib yuborishmabdi-da, a? — soʻradi umidvor ohangda Sobir.
— Ha... — bor kuchini toʻplab javob berdi Buvgul xola va sekin yonboshga quladi.

* * *

Aprelning oʻrtalarida atirgullar yakkam-dukkam ochilayotgan bir paytda Marvaridning toʻyi boʻldi. U oʻsha qarindosh yigitga turmushga chiqdi. Shundan keyin Sobirning xayolida keskin oʻzgarish yuz berdi. U ichkilikka, tamakiga ruju qoʻydi. Allaqayoqlarga ketib qoladigan odat chiqardi. Buvgul xolaning koʻp vaqti oʻgʻlini izlab oʻtardi. Yogʻingarchilik mavsumi emasmi, necha martalab Sobirni loyga belanib yotgan holda topib, yigʻlab-siqtab uyga olib kelardi.
— Muncha koʻp ichadigan boʻp qolding? Aroqdan foyda qilmaysan, deb aytgandim-ku senga! — oʻgʻli oʻzini oʻzi xarob qilayotganiga chidab tura olmay javrardi ona.

Sobir esa bunga javoban:
— Nima boʻlsa boʻlar, parvo qilmang, ena, — derdi.

Ukasining koʻcha-koʻyda mast-alast yurganidan or qilgan Mamatqul onasiga kelib zahrini sochdi:
— Niyatingizga yetdingizmi, ena? Endi rohatini koʻrib yotavering!

Buvgul xola e’tiroz bildirib toʻngʻichini jerkib tashlamadi bu safar, ammo kechga borib koʻrpa-toʻshak qilib yotib qoldi.

Hanifaxon kelinlik burchini ado etish maqsadida xipcha beliga bir tutamgina shohi fartukni bogʻlab namoyishkorona hovliga kirib kelganida shirakayf Sobir yoʻliga koʻndalang boʻldi:
— Enamga oʻzim qarayman!

Hanifa kelin qizarib-boʻzargancha chiqib ketdi.

Sobir ichkilikni bas qildi. Onasini parvarishlay boshladi. Ammo Buvgul xola hadeganda oʻziga kelavermadi. Qoʻrqinchli oʻylarni oʻziga yaqinlashtirmaslikka urinsa-da, baribir Sobirning asablari dosh bermadi.
— Siz boʻlmasangiz men qanday yashayman, enajon? — deya yigʻlab yubordi u kunlarning birida. — Mening baxtimga tezroq sogʻayib keting, enajon. Menday notavon sizdan boshqa kimga ham kerak boʻlardi? Sogʻayib ketsangiz bas, ichkilikni umuman ogʻzimga olmayman! Soʻz beraman.

Buvgul xolaning yumuq koʻzlardan yosh sizdi...

Faqat oʻn kunlardan keyingina ona oʻrnidan turdi. Bundan hammadan koʻp Sobir quvondi. U yana gʻingʻillab qoʻshiq xirgoyi qila boshladi...

* * *

Yoz odatdagiday yaxshi oʻtdi. Sentyabr oxirlarida Sobir gʻalati yangilik topib keldi.
— Marvarid eri bilan yasholmabdi, ajrashib, uyiga qaytib kelibdi, ena.
— Yoʻgʻ-e, chakki boʻpti-da.
— Yaxshi boʻpti deng, — kuldi Sobir.
— Ha, shumtaka.
— Behazil gapiryapman, ena.
— Tushunmadim...
— Yana sovchilikka bormaysizmi, ena?..
— Qanday boʻlarkin...
— Bir gap aytsam xafa boʻlmaysizmi?
— Ayt.
— Koʻklamda kasal boʻlganingizda qattiq qoʻrqqandim... Sizga bir gap boʻlsa... yolgʻiz qolishdan qoʻrqdim...

Buvgul xola titrab ketdi. Nigohlarini yerga tikdi.
— Ehtimol otasi endi rozi boʻlar, — dedi Sobir jur’atsiz ohangda.
— Balki...
— Ammo-lekin Marvaridni boshqa erga berganlari bilan u baribir yana qaytib keladi!
— Senday boladan koʻngil uzolmasa kerak-da, aylanay oʻzim sendan, — mehri tovlanib oʻgʻlining boshini koʻksiga bosdi Buvgul xola.
— Nima qilamiz endi, ena?
— Sen nima desang, shu!

Sobir xursand boʻlib ketdi. Onasini dast koʻtarib gir aylantira boshladi.
— Oʻzimning enajonim... Yagona mehribonim...
— Meni tushir yerga, senga ogʻir narsa koʻtarish mumkin emas! — yalindi ona.

Ammo Sobir onasining iltijosiga quloq solmadi. Holdan toyguncha Buvgul xolani gir-gir aylantirib, soʻng avaylab yerga qoʻyarkan hansiragancha pichirladi:
— Chumchuqday boʻlib qolibsiz-ku, enajon... Chumchuqday... Tagʻin ogʻirman, deysiz-a?..

Buvgul xola gandiraklagancha devorga suyanib qoldi. Uning boshi aylanar, koʻngli ozar, ammo nihoyatda baxtiyor edi...

Uch kun oʻtib Buvgul xola yana Sayxon qishlogʻiga yoʻl oldi. Majid aka bu safar adi-badi aytishib oʻtirmadi, ostonadan haydab soldi, bu kamlik qilganday, tentak onangni yigʻib ol, aks holda oʻzim uchun javob bera olmayman, degan mazmundagi gaplarini oqizmay-tomizmay yetkazish uchun Mamatqulga odam yubordi.

Anchadan buyon shunga yaqin dilxiralikni kutib yurgan Mamatqulga Xudo berdi-qoldi.
— Odamlarga kulgi boʻlganingiz yetmaganday, mana telba degan nomni ham oldingiz! Endi koʻnglingiz oʻrniga tushdimi yo haliyam kami bormi xurmacha qiliqlaringizni?! — deya ayyuhannos soldi u onasining oldiga kelib.

«Telba» degan soʻzni eshitib Buvgul xolaning xiyol yuzi oʻzgardi, ammo indamay piyoz oʻtogʻini davom ettiraverdi.
— Odamni toza xit qilib yubordingiz-ku, ena! Boʻlmaydigan ish uchun nima qilasiz elga masxara boʻlib!
— Elning kulgisini eshitganim yoʻq, — dedi Buvgul xola ishdan bosh koʻtarmay.
— Sizning qulogʻingiz Sobirning ovozidan boshqa ovozni eshitmaydi.

Buvgul xola indamadi.

Mamatqul bir necha soniya oʻylanib turdi-da, soʻng murosali ohangda dedi:
— Raz Sobirni uylantirish shart boʻlsa, oʻz tengimizni topaylik, deb avval ham aytgandim. Sizlar boʻlsa osmondagi oyni orzu qilyapsizlar nuqul! Men oʻsha qizni koʻrdim... Xullas, hurliqo desam ham kamlik qiladi. Shunday qiz ersiz qolgan taqdirdayam Sobirga...

Kutilmaganda Buvgul xola oʻrnidan turdi. Etagidagi oʻtlar piyoz pushtasiga sochildi.
— Nega hadeb Sobirni yerga uraverasan?! — baqirdi Buvgul xola. — Koʻzi koʻrmi, ogʻzi qiyshiqmi?! Xudo ravo koʻrgan «aybi»ni sen pesh qilmasang ham hamma biladi. Oʻsha qiz ham! Lekin sen aytgan hurliqolarning sonmingtasiga bolamning harom tukiniyam ravo koʻrmayman! Bildingmi? Endi bor, ket!
— Darrov jahlingiz chiqmasin, ena. Menam bolangizman, sizlarga yomonlikni ravo koʻrmayman. Faqat elga masxara boʻlmaylik, deyman. Lekin siz boshlagan gapimni oxiriga yetkazishga ham qoʻymaysiz, jovullab tarmashib ketasiz darrov!
— Gapir, nima demoqchisan oʻzi? — dedi Buvgul xola yuragi siqilib.
— Tugalboy akaning bir qizi borakan. Yoshi Sobir qatori chiqar-ov. Gavdasi sal besoʻnaqay demasangiz hamma ishni eplarkan...
— Shoʻrim qursin... — Buvgul xola koʻylagi yengini koʻzlariga bosdi.
— Ena!.. Holini bilgan halak boʻlmaydi, deyishadi. Hamma ish qoʻlidan kelsa, Sobirning osh-ovqatini berib, kir-chirini yuvib yursa boʻldi-da!

Buvgul xola birdan yigʻini bas qildi.
— Gulday ukangga telba qizni ravo koʻrdingmi?!
— Boshqasi koʻnmaydi!
— Koʻnmasa koʻnmasin! — jazavaga tushib baqirdi Buvgul xola. — Ammo Sobir telba qizga uylanmaydi! Tur, yoʻqol! Koʻzimga koʻrinma!

Mamatqul ham oʻzini bosa olmadi.
— Haydamasangiz ham ketaman! Ammo bilib qoʻying, endi bu uyga qadamimni bosmayman!

Mamatqul urishqoq dakang xoʻrozday boʻynini choʻzgancha koʻcha tomonga yoʻrtdi.

Besh daqiqalardan keyin uydan chiqqan Sobir onasining yoniga keldi va hazin ohangda dedi:
— Endi hech qaerga bormang, ena!..

Buvgul xolaning koʻz yoshlari piyoz pushtasiga toʻkildi...

Bu gaplar sentyabrning oxirlarida boʻlib oʻtdi. Oktyabrning oʻrtalarida esa Marvaridni yana uzatishdi. Uzoq togʻli qishloqqa kelin boʻlib tushdi u...

Shundan keyin Buvgul xolaning koʻrgan kuni qursin... Sobir yana ichkilikka mukkasidan ketdi. Buning ustiga izgʻirinli, yomgʻirli kunlar boshlangandi. Bularning bari Sobirning sogʻligʻiga yomon ta’sir qilardi. Omon qolgan yarimjon buyrak ham, jigar ham, umuman hamma a’zolar tobora ishdan chiqardi. Sobir isitmalab yotib qolardi. Ammo sogʻaygan zahoti yana ichish-chekishni boshlardi. Faqat sarxush vaqtlarida uning kayfiyati koʻtarilib, quvnoq boʻlib qolardi; avvaliga yaxshi gaplardan gapirib, hangomani qizdirardi, soʻng latifa aytib onasini rosa kuldirardi, oxirida esa yo oʻtirgan yerida uxlab qolardi, yo hoʻng-hoʻng yigʻlardi.

Qish kechalari inqillab chiqmagan tun kamdan kam boʻlardi.
— Sogʻligingga toʻgʻri kelmasligini bila turib nega hadeb aroq ichasan? — iltijo qilardi Buvgul xola. — Shu zahar-zaqqumni ichmasang boʻlmaydimi?!
— Uylanish nasib etmadi, hech boʻlmasa ichkilik bilan koʻngilni xushlab turaylik, ena! — derdi Sobir beshiktebratardek tebranib.
— Uylanish nasib qilmadi, deysan nuqul. Uylanishda bir hikmat bor, deb oʻylaysan chogʻi. Er-xotinchilikning turgan-bitgani gʻurbat. Hay-hay, hozirgi davring! Mana akang uylanib, nima karomat koʻrdi? Nima karomat koʻrdi, a? Uylangandan beri boshi gʻurbatdan chiqmaydi bechoraning. Yarim kun ishga bormasa, xotini boshida yongʻoq chaqadi. Akang shoʻrlikni bizning oldimizga ham yubormay qoʻydi xotini. Bu juvonmarg jodugarlar nikohingga oʻtib olguncha moʻmin-qobil boʻlib turadi, keyin hunarini koʻrsatadi. E-ha, sen xotinlarni bilmaysan! — Buvgul xola qanday boʻlmasin oʻgʻlini uylanish fikridan «sovutish» niyatida jon-jahdi bilan ayollarni, qizlarni yomonlay ketdi.

Rangpar yuzida azobli tabassum qotgan Sobir onasining soʻzlarini jim turib eshitdi, soʻng:
— Eh, enajonim-a, — deb qoʻydi-yu, kostyumini yelkasiga tashlaganicha koʻchaga chiqib ketdi.

Shu ketgancha u ikki kun qorasini koʻrsatmadi.

Buvgul xola adoyi-tamom boʻldi. Mamatqul ikkalasi bormagan, qidirmagan yer qolmadi hisob, ammo Sobirning daragi chiqmadi.
— Bu oqshom ham kutaylik, kelmasa ertan ertalab milisaga xabar beraman, — dedi Mamatqul iddao bilan qorongʻi tushganda uyga kirib kelisharkan.

Buvgul xola javob bermadi. Oyoqlari shishgan, zoʻrgʻa harsillab nafas olayotgan onaning gapirishga holi qolmagandi. Mamatqul yana nimalardir dedi, ammo Buvgul xola uni eshitmadi, oʻzining «kampir uyi»ga kirdi-yu, toʻshagiga bazoʻr yetib borib hushdan ketdi...

Allamahalda gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir ovozlar qulogʻiga chalingan Buvgul xola koʻzini ochdi.

Yonginasida Sobir yuziga xavotir bilan tikilib oʻtirardi.
— Yaxshi boʻlib qoldingizmi, ena? — soʻradi Sobir xiyol engashib. Ovozi boʻgʻilib, hirqirab chiqdi.

Buvgul xolaning qorachiqlari kengaydi.
— Oʻzing sogʻmisan... Bolam...
— Soppa-sogʻman, xavotir olmang.

Mamatqul oʻrtaga gap qoʻshdi.
— Ikki soatdan beri buni tergov qilyapman, lekin miq etmadi, tilini ichiga yutib yuborganmi, nima balo?

Buvgul xola toʻngʻichiga ma’noli qaradi. Lekin Mamatqul buni tushunmadi.
— Buningiz bizni tiriklay goʻrga tiqishga qasd qilganmi? Odam shunchalik beoʻy boʻladimi?! Boʻldi, yetar, shuncha vaqt ixtiyoriga qoʻyganingiz. Endi bu bolaning jilovini menga berasiz, ena. Qaerga borganini aytsa aytdi, aytmasa uchastkovoyga oborib topshiraman. Uchastkovoyning yertoʻlasida ikki kun oʻtirsin, keyin shunday sayraydiki, bulbul ham dogʻda qoladi!

Buvgul xola jahl bilan oʻrnidan turib, toʻngʻichiga shunday vajohat bilan oʻqrayib qaradiki, Mamatqul beixtiyor oʻrnidan turib eshik tomon yoʻnaldi.
— Oʻzi omon ekan, shunisiga shukr qilmaysanmi, noshukr! — deya uning ortidan yozgʻirdi Buvgul xola.

Sobir onasini tinchlantirdi.

Keyin ona-bola ancha vaqt u yoq-bu yoqdan gurunglashib oʻtirishdi.
— Qayoqqa ketib qolding, deb nega soʻramaysiz, ena? — dedi Sobir bir mahal.
— Oʻzing aytib qolarsan, deb kutib oʻtiribman...

Buvgul xola kemtik tishlarini koʻrsatib iljaydi.

Sobir onasining aynan mana shu holatini xotirasiga muhrlab olmoqchi boʻlgandek bir zum kiprik qoqmasdan tikilib turdi.
— Marvaridni koʻrib keldim, — dedi u keyin shikasta ovozda.
— Voy oʻlmasam, shunday sovuqda toqqa borib keldingmi?!
— Togʻ boʻlsayam uncha-munchamas... Oyqor degan joy ekan. Marvarid yashaydigan uy togʻning kindigida. Pastda bulutlar suzib yuribdi...
— Oʻzi omon ekanmi?.. — ehtiyotlik bilan soʻradi Buvgul xola.
— Omon, omon... — peshonasini siladi Sobir. — Shunday baland togʻda qanday yashar ekan, deb kelguncha oʻylab keldim...
— Oʻziminan koʻrishdingmi?!
— Ha, koʻrishdim, gaplashdim.
— Yo alhazar!
— Bir kunmas bir kun qaytib boraman, dedi. Lekin hozir iloji yoʻq, dedi. Betavfiq eri koʻchaga ham chiqarmas ekan. Darvozani qulflab kalitini oʻzi bilan olib yurarkan. Biz u bilan darvoza ortida turib gaplashdik... — Sobir bir zum tin olib, soʻng qoʻshib qoʻydi: — Menimcha, u yangi yilga yaqin kelib qoladi...
— Oʻzi shunday dedimi?
— Oʻzi.
— Yo Xudoyim-ey...
— Nima, kelishiga ishonmayapsizmi? Endi ichmayman, hatto sigaret ham chekmayman. Yangi yil kelishiga yaqin qoldi. Zoʻr qilib kutib olamiz, ena, xoʻpmi?
— Xoʻp.

Ona-bola yana biroz gaplashib oʻtirishdi, soʻng uyquga yotishdi. Sobir boshini yostiqqa qoʻydi-yu, xurrak ota boshladi. Buvgul xolani esa xayol ochib qochdi. Bir mahal Sobirning alahlagani qulogʻiga chalindi-yu, Buvgul xola irgʻib oʻrnidan turdi.

Sobir isitmadan alangai otash boʻlib yonardi.

Buvgul xola necha yillardan buyon nomlari yod boʻlib qolgan dorilarni oʻgʻliga ichirdi, qoʻshni kelinni chaqirib isitmani tushiradigan ukol qildirdi, ammo hech biri naf bermadi. Tongga yaqin Sobirni kasalxonaga olib joʻnashdi.

* * *

Yangi yil arafasida Sobir kasalxonadan chiqdi, faqat ichmaslik, chekmaslik va ikki oydan keyin kelib davolanishni yana davom ettirish sharti bilan... Uyga kelgan kundan Sobir yangi yilni kutib olish harakatiga tushdi.
— Bu yilgi yangi yilni butunlay boshqacha kutib olamiz, ena, — derdi u hayajon bilan har ikki gapning birida.

Sobirning yangi yil oqshomi sevgilisi oʻz oyogʻi bilan kirib keladigandek orziqib yashayotganini fahmlagan ona uning ba’zi harakatlari erish tuyulsa-da, odatdagidek miq etmasdi. Oʻgʻli nima desa shuni ma’qullardi.

Nihoyat orziqib kutilgan yangi yil keldi. Biroq...

Tungi soat uchlarda ham Sobirning toʻkin dasturxon, yasatilgan archa yonida bedor oʻtirganini koʻrgan Buvgul xolaning yuragi sel boʻldi... Suyaklari zirqiradi...

Ertalab esa Sobir uch-toʻrt oʻrtogʻini chaqirib, rosa maishat qildi.

Yangi yilning birinchi kunidan boshlangan ichkilik oxiri Sobirni yana toʻshakka yiqitdi. Fevralning oʻrtalarida u yana kasalxonaga tushdi. Bu gal ahvoli ancha ogʻir edi. Bir burda boʻlib qolgan vujudi kechayu kunduz isitmadan qovrilardi. Qaqshatqich ogʻriq, behollik, ishtahasizlik...

«Bu kunlarni koʻrguncha oʻlib ketsam boʻlardi, — oʻylardi Buvgul xola siqilib. Lekin zum oʻtmasdan tavba qilib, aytgan gaplarini qaytib olardi. — Sen oʻlib ketsang bolangga kim qaraydi, ahmoq! Bolang xor boʻlmasin, desang, oʻzingga umr soʻra Xudodan!»
— Ena, — derdi Sobir isitmasi tushib, sal oʻziga kelgan kuni. — Shu safar ham sogʻayib ketarmikinman?..
— Sogʻayib ketasan, albatta, sogʻayib ketasan! Hozir seni sovuq havo ham abgor qilyapti-da. Bir amallab yozga chiqib olsak, koʻrmaganday boʻlib ketasan!
— Gap ichkilikda boʻlsa, endi bir gramm ham ichmayman, ena.
— Toʻgʻri qilasan, bolam.

Ikki oydan keyin Sobirga uyga qaytishga ruxsat tegdi. Uning ahvoli ancha durust edi.

Biroq tanish doʻxtirning gaplari Buvgul xolani oʻylantirib qoʻydi.
— Bu oʻgʻlingizga qilingan soʻnggi muolaja, — dedi doʻxtir ketishi oldidan Buvgul xolani kabinetiga chaqirib. — Uch-toʻrt oydan keyin uni yana shu ahvolda olib kelsangiz, ochigʻi, hech qanday yordam bera olmaymiz!

Buvgul xola doʻxtirning xonasidan yigʻlab chiqdi. Ammo oʻgʻlining yoniga kelganida mijjalari qup-quruq edi...

Shu yili yozni Sobir har doimgiday boʻlmasa ham, har qalay yaxshi oʻtkazdi. U endi ichmasdi, chekmasdi, bir yerlarga daydib ketmasdi, oʻzini nihoyatda ehtiyot qiladigan boʻlib qolgandi. Lekin baribir sogʻligʻi unchalik yaxshi emasdi.

Atay qilgandek shu yili kuz erta tushdi. Yogʻingarchilik moʻl boʻldi. Salqin havo Sobirning sogʻligʻiga toʻgʻri kelmasdi. U uyga qamalib qoldi...

Buvgul xola toʻngʻichini siquvga olib yaxshi hamki koʻmirni moʻl qilib gʻamlab qoʻygan ekan. Oktyabr yarimlamay turib Sobirning xonasida pechka yoqildi. Sogʻlom odamning badaniga xush yoquvchi, kuchiga kuch beruvchi salqin, nam havo ne ajabki Sobirga toʻgʻri kelmasdi. Xuddi yozdagiday issiq uyda u birmuncha tetik yashardi. Shuning uchun Buvgul xola Mamatqulga: «Koʻmir gʻamlayver, koʻmir», deya koʻp tayinlardi. Mamatqul gap qaytarmasdi bunday kezlarda, ammo malol kelganday pishqirib qoʻyardi. Buvgul xola kenjasining dastidan toʻngʻichining koʻziga balo-qazoday koʻrinib qolganini sezardi, ahyon-ahyonda: «Mamatqulning mendan koʻngli qolgan, enam odam ajratadi, deb oʻylaydi u, Xudo koʻrsatmasin, uning qoʻlida qolsam, xarob boʻlaman», deya oʻylab qolardi. Biroq bu oʻy-xayollari uzoqqa choʻzilmasdi, oʻzining kelajagi haqida bosh qotirishni istamasdi.

Yangi yil yaqinlashgani sayin Sobir yana bezovta boʻla boshladi. Oʻqiyotgan kitoblarini yigʻishtirib qoʻyib derazadan tashqariga tikiladi nuqul...

Tashqarida esa... gupillatib qor yogʻar, tom boʻgʻotlarida bilakday-bilakday sumalaklar osilib turar, kun sovuqligidan hatto qushlar ham parvoz qilmay qoʻygandi.

Oʻgʻli bu yilgi yangi yildan ham moʻ’jiza kutayotganini his qilgan ona oʻzicha bayramga tayyorgarlik koʻra boshladi.

Cherdakdan oʻtgan yilgi sun’iy archani olib tushib, oʻyinchoqlarini bir-bir ilayotganida Sobir yoniga kelib qoʻlidan tutib, onani oʻziga qaratdi.
— Hamma ish oʻzingizga qolib ketdi, ena... Meni deb toza ovora boʻlyapsiz-da...
— Gʻam yema, menga jin urmaydi. Eson-omon yozga chiqib olaylik, keyin hamma ishni senga topshiraman. Ammo hozir manovi oʻyinchoqni qaerga ilishni bilmayapman.
— Bering menga, siz dam oling birpas.

Buvgul xola oʻyinchoqlar solingan xaltani oʻgʻliga berib, ortga tislana-tislana karavotga kelib oʻtirdi. Charchaganini his qildi. Boʻgʻinlari boʻshashib, toʻshak koʻziga yaxshi koʻrindi. Ammo... archa atrofida aylanib, hafsala bilan oʻyinchoqlarni ilayotgan oʻgʻlining koʻzlarida yashashga, sevishga boʻlgan ishtiyoqni tuyib beixtiyor oʻpkasi toʻldi...

Yangi yil oqshomi.

Moʻ’jiza roʻy bermadi.

Ammo Buvgul xola bir kun avval atay borib taklif qilgan mehmonlar kelishdi. Oʻrtoqlarini koʻrib Sobir xursand boʻlib ketdi. Allamahalgacha chaqchaqlashib oʻtirishdi. Bu har qalay deraza oldida tashqariga koʻz tikib oʻtirishdan yaxshi-ku!

Nihoyat mehmonlar ketishdi.

Ona-bola mungʻaygancha yana yolgʻiz qolishdi.

Uy isib ketdi, degan bahona bilan Sobir yana deraza oldiga qoʻndi.

Koʻchada hamon bayram tantanalari davom etar, ola-tasir shovqin, qiyqiriqlar quloqqa chalinardi. Ona-bolani bagʻriga olgan xonaga esa shu qadar chuqur sukunat choʻkkan ediki, bundan uy devorlari ham siqilib ketayotgandek mungʻayib turardi. Bir mahal Sobirning yelkalari silkina boshladi.

Buvgul xola koʻngli vayron boʻlib oʻgʻliga tikildi.

Shu payt Sobir ortiga oʻgirildi: uning qonsiz yuzidan yirik-yirik tomchilar dumalardi.

Buvgul xola tushundi: Sobir hammasini biladi, oʻzining uzoq yashay olmasligini ham, Marvaridning kelmasligini ham biladi, biladi-yu, onasidan yashiradi, xuddi onasi undan yashirganday, ammo shu topda u oʻzini idora qilolmadi, dunyoning butkul dard-alami koʻzlariga jam boʻldi.

Buvgul xola oʻgʻlining boshini koʻksiga bosdi. Qaynoq koʻz yoshlar endi uning koʻksini kuydirib, yuragiga tomchilar va undan qon boʻlib tomirlarga sizib oqardi...

Sobir chuqur xoʻrsindi va keskin burilib yana derazaga tikildi.

Tashqarida esa hamon shovqin-suronli, tantanali hayot davom etar, nafas olar, tomirlari gupillab urib turardi.

Odamlar gurros-gurros boʻlib koʻchani toʻldirib oʻtishar, bir-biriga gap otishar, qah-qah urishardi.

Ular sovuqdan qoʻrqishmasdi. Agar istashsa, hov ufqda qorayib turgan anovi beshafqat togʻ oʻrkachidan ham narigi tomonga oʻtib ketishga qodir ular, ammo bunday hayot Sobirga begona...
— Bu yil qor yili ekan-ov. Bizdaki shuncha qalin yogʻdi, togʻ... tomonlarni aytmasa ham boʻladi, — dedi Buvgul xola bir mahal, goʻyo indamay oʻtiraversa oʻgʻli nigohlari bilan oynani teshib, tashqariga otilib chiqib ketadigandek xavotirga tushib.

Sobir javob bermadi.
— Togʻ yoʻli bekilib qolgandir... — dedi Buvgul xola yana.
— Ena, endi dam oling, — dedi Sobir va asta burildi. Uning dahani titrardi.

Buvgul xola e’tiroz bildirmadi.

* * *

Ertalab soat sakkizlar atrofida ayvondan kelayotgan shovqin-suron qulogʻiga chalingan Buvgul xola irgʻib oʻrnidan turdi. «Toza uxlabman-ku, menga ne boʻldi?» — deya gʻudranganicha qasabasini boshiga qoʻndirib, choponini yoʻl-yoʻlakay yelkasiga ilgancha, tashqariga yoʻnaldi.

Eshik oldiga chiqdi-yu, Sobirni sudrab kelayotgan Mamatqulga koʻzi tushib, hushdan ketib qolayozdi.
— Sobirni qoʻyib yubor, juvonmarg! — degancha yugurib borib Mamatqulning qoʻllariga yopishdi Buvgul xola. — Qoʻlingni tort! Bilagini qattiq qisib yubording, juvonmarg...
— Yoʻldan qoching, ena! — Mamatqul jahl bilan onasini siltab yubordi.

Buvgul xola gandiraklab ketdi, oʻzini oʻnglaguncha Mamatqul ukasini qaysar hoʻkizni sudraganday dahlizga sudrab kirdi.
— Ena! Nega enamni...

Eshik zarb bilan yopildi.

Buvgul xola oʻzini oʻnglab ichkariga kirganida Mamatqul allaqachon Sobirni karavot panjarasiga qoʻshib bogʻlab qoʻygandi.
— Unga yaqinlashmang, ena! — Mamatqul onasining yoʻliga koʻndalang boʻldi. — Avval gapni eshiting! Unga qaramang, jin urmaydi uningizga. Jun roʻmolingiz bilan bogʻladim qoʻlini...
— Oʻzingni ajina chalmadimi, bolam?..
— Buningiz saharlab qaerda yuribdi, bilasizmi? Bilmasangiz bilib qoʻying, buningiz azonda Mahkamboy levakning uyiga borib, uxlab yotgan yerida yoqasiga yopishib, rosa tepkilabdi! Sening dastingdan shu koʻyga tushdim, deb tomogʻi yirtilguncha toza baqiribdi. Haliyam Mahkamboy levak insof qipti. Buningiz qancha tepkilasayam indamay oʻtiraveribdi. Oʻgʻli borib meni chaqirib kelganidayam bu tentagingiz Mahkamboy levakni koptokday tepkilab yotgandi. Zoʻrgʻa ajratib oldim oʻziyam. Uyga kelguncha mengayam toza hunarini koʻrsatdi, tinmay soʻkindi-ya, tovba. Toza ogʻzi shaloq boʻp ketibdi buningizni. Oʻtinaman, ena, shu safar ulingizni oqlamang. Mahkamboy akaning oldiga borib notoʻgʻri ish qildi. Toʻgʻri, oʻsha odam mashinasiminan urib ketmaganida Sobir bu ahvolga tushmasdi. Lekin u odam qilmishiga yarasha jazosini oldi, qamoqda oʻtirib chiqdi!
— Jazosini olgani yoʻq! — koʻzlari qonga toʻlgan vahshiydek qichqirdi Sobir. Uning lablari koʻkarib, ikki chakkasidagi tomiri oʻqlovday turtib chiqqandi.
— Qamoqda oʻtirib chiqdi-ku!
— Unga oʻn yil berishgandi. Lekin u ikki yilda qaytib keldi. Shu bilan oqlangan hisoblanadimi?! Odamning qadri shumi? Toʻgʻri, tirik qoldim, lekin bundan koʻra oʻlganim yaxshi edi... — Sobir qoʻllarini boʻshatmoqchi boʻlib jazava bilan yulqindi, ammo urinishlari zoe ketgach, birdan yigʻlab yubordi.

Bukri haykaldek tek qotgan Buvgul xola pildirab borib oʻgʻlining oldiga choʻqqaydi.
— Sadqai koʻz yoshing ketsin... Voy-boʻy, ust-boshing jiqqa hoʻl boʻlib ketibdi-ku! Tez ustingni almashtirish kerak, — Buvgul xola shosha-pisha Sobirning qoʻlini yechishga tutindi.
— Qoching, men... — Mamatqul yaqin keldi.
— Yoʻqol!!! — Buvgul xola butun gʻazabiyu nafratini shu soʻzga jamladi.

Mamatqul serrayib turdi-turdi, soʻng boshini qashlagancha chiqib ketdi.

Kechga borib Sobirning isitmasi koʻtarildi. Qoʻshni kelin isitmani tushiradigan ukol qilgandi, Sobir besh daqiqa oʻtar-oʻtmas qaltiroq tutib, hushdan ketib qoldi.

Yana kasalxona.

Havo sovuq. Xona undan battar sovuq.

Tizza boʻyi qor ustiga yana pagʻa-pagʻa laylak qor yogʻardi.

Buvgul xola tabiatni yomon koʻrib qoldi. «Bolamning baxtiga kunlar iliq-issiq boʻlib tursa ne qilardi? — oʻylardi ona yuragi siqilib. — Bolamning joniga qasd qilganmi nima balo?!»

Sobirning isitmasi tushgan, ammo ahvoli ancha ogʻir edi.

Shunday boʻlsa-da, bir haftadan keyin unga uyga qaytishiga ruxsat tegdi.
— Bolam, yana besh-olti kun yotsa boʻlardi, — dedi Buvgul xola doʻxtirning huzuriga borib. — Isitmasi tushdi, lekin...
— Oʻtgan safar aytganlarim esingizdami? — xolaning gapini kesdi tanish doʻxtir. — Necha yillardan buyon imkon qadar oʻgʻlingizni davolab keldim, davolayapmiz yana. Bu safar yuragi mini infarkt boʻlgan ekan, kerakli muolajani oldi. Bu yerda yotavergandan foyda yoʻq. Sovuqni koʻrmayapsizmi? Quvurlar yorilib ketganidan beri kasalxonaning muzlatgichdan farqi qolmadi...
— Tok pechka opkelaman...
— Tushunmayapsiz, opa!
— Bu yerda harna bexavotir boʻlarmidi, deyman...
— Ortiqcha palata yoʻq.

Xonaga basavlat doʻxtir kirdi.
— Bora qoling, — muloyimgina javob berdi tanish doʻxtir.

Buvgul xola yoʻlakka chiqib, eshikni yopdi. Oʻyga tolib, eshikka suyandi. Shu vaqt ichkaridan tanish doʻxtirning ovozi eshitildi:
— Oʻgʻlining uch oylik umri qolgan. Endi unga ukol-dori hayf! Lekin buni menarov ayolga tushuntirolmay halakman. Odamlarimiz qanchalar omi!

Buvgul xolaning qoʻl-oyoqlari muzlab qoldi...

Koʻzini ochganida oʻzini oʻgʻli yotgan palatada koʻrdi. Ustiga adyol yopilgan, bilagiga osma ukolning ninasi sanchilgan...

Yostiqdan boshini koʻtarib, onasining yuzidan koʻz uzmay turgan Sobirning quruqshagan lablaridan uchgan soʻzlar uzoq-uzoqlardan eshitilganday tuyuldi:
— Yaxshi boʻlib qoldingizmi, ena?..

Buvgul xola xiyol boshini koʻtarib oʻgʻliga qaradi.
— Men yaxshiman, bolam, oʻzing-chi?..
— Ertaga uyga ketarkanmiz! — dedi Sobir, ovozi shu qadar begʻubor ediki, xasta odamning ovoziga oʻxshamasdi sira.

Buvgul xola boʻsh qoʻli bilan yoqasini ushladi...

Devorlarning suvogʻi koʻchgan, oʻydim-chuqur, deraza oynalari xira, ancha qarovsiz, ammo qadrdon uy...

«Bolamning kun-soati bitib borayotganini sezmaymanmi? — uyga kelganidan keyin ham tanish doʻxtirning gaplarini oʻylab xunobi oshdi Buvgul xolaning. — Kasalxonada boʻlsa... uncha qiynalmaydimi, devdim... Kim bilsin, bolam yashashni bunchalik istamaganida balki koʻproq yasharmidi! «...dori-darmon hayf», emish. Qisib qolgan dorilarini boshqalarga pullaydi-da endi. Palatani ham balki kimgadir toʻgʻrilab qoʻygandir?.. Sobir haq: odamning qadri shumi?!.»

Buvgul xola ertayu kech oʻgʻlining yonidan jilmas, uxlagan vaqtlarida yuziga termulib oʻtirar, uygʻonganda bir yil koʻrishmagan odamdek soatlab gaplashardi. Xayoliga nima kelsa, shuni gapirardi, muhimi, Sobir mahzun oʻylar girdobiga tushib qolmasa bas. Oʻgʻlining rangpar chehrasidan loaqal yilt etgan tabassum sirgʻalib oʻtishi uchun shoʻrlik ona nimalarni toʻqib-bichmasdi?

Vaqti-vaqti bilan Buvgul xola oʻgʻlining oʻrtoqlarini mehmonga chaqirishni ham unutmasdi.

Fevralning oʻrtalarida Sobir butunlay toʻshakka mixlanib qoldi. Hatto hojatni ham onasining yordamisiz eplay olmasdi.
— Ena, meni deb koʻchaga ham chiqolmay qoldingiz. Bola paytim qaraganingiz yetmaganday, haliyam tuvagimni toʻkib yuribsiz, — derdi Sobir xijolatdan qizarib.
— Koʻchaga chiqolmay qoldingiz, deysan nuqul, shunday sovuqda nima bor menga? Gʻuvjinglab eshikma-eshik yurgandan koʻra issiqqina uyda oʻtirganim yaxshimasmi? Uyingizga kirsam, chiqqim kelmaydi sira, deydi ukolchi kelin. Ularning uyi yaxlab yotibdi. Koʻmirlari yoʻq ekan!
— Yozga chiqib olsam, qoʻlingizga hatto supurgi ham ushlatmayman!
— Yozga ham nima qoldi? Fevral oʻtdi hisob. Martning sal-pal ayozi boʻp turadi-ku, lekin apreldan qoʻrqmasa ham boʻladi. Keyin u yogʻi yoz, Xudo xohlasa!

Shu taxlit samimiy boshlangan suhbat bir soatlardan keyin butunlay boshqacha tus oladi.
— Ena, anov kishi kim? — yotgan yerida koʻzi bilan eshik tomonga ishora qiladi Sobir. — Qachondan beri menga tikilib turibdi...
— U yerda hech kim yoʻq, bolam, — deydi Buvgul xola yuragi orqaga tortib.
— Yaxshilab qarang, ana, qarab turibdi-ku menga!
— Charchading, bolam, biroz mizgʻib olasanmi?
— Avval anovi bu yerdan ketsin!.. Ie, men uni notanish bir odam desam, otam ekan-ku! Qarang, ena, otam keldi. Uyga kiring, demaysizmi? Dasturxon yozmaysizmi? Nega jim qarab turibsiz, ena? Axir otam keldi!
— Mayli, otangga oʻzim qarayman. Sen mizgʻib ol, bir pas, keyin...
— Nega aytganimni qilmaysiz, ena? Otangga oʻzing qara, deganingizmi bu?! Qaramasangiz qaramang, oʻzim... — Sobir turishga intildi.
— Jon bolam... — Buvgul xola oʻgʻlining yelkasidan tutib oʻrniga yotqizdi, ammo Sobir yana turishga harakat qilib yulqina boshladi. — Jon bolam, joyingga yot... Otangga oʻzim qarayman, dedim-ku... Sen picha mizgʻib olgin, iltimos...
— Ena, enajon... — mushtday kampirga qarshilik qilgulik holi qolmagan Sobir oʻzini yostiqqa tashlab, yigʻlay boshladi endi. — Nega vaqtida aytganimni qilmadingiz, ena? Otam arazlab ketib qoldi! Endi toʻyni otamsiz oʻtkazamizmi? Otamsiz oʻtkazamizmi toʻyni?..
— Xafa boʻlma, otang yana keladi, — Buvgul xola oʻgʻlining qonsiz yuzini silarkan... yum-yum yigʻlardi.
— Kelaman, dedimi otam?
— Kelaman, dedi. Oʻzing ham eshitgandirsan?
— Eshitmadim... Lekin otamga ishonaman, kelaman, degan boʻlsa, albatta, keladi.

Sobir asta-sekin tinchlanib, uxlab qoldi.

Boshqa bir kun, yarim kechasi Buvgul xola Sobirning vahimali qichqirigʻidan yuragi yorilguday boʻlib uygʻondi.
— Ena, anovi juldur kiyimli xotinni haydang! Ustimga bostirib kelyapti, haydang, haydang, deyapman! — deya yotgan yerida toʻlgʻonib qichqirardi Sobir.

Buvgul xola jon holatda yugurib borib chiroqni yoqdi, soʻng muzday suv olib kelib oʻgʻlining yuziga sepdi.

Sobir chuqur nafas oldi-yu, birdan tinchib qoldi. Buvgul xola asta egilib, oʻgʻlining koʻksiga qulogʻini qoʻydi, hapriqqan yurak bir necha soniya qattiq-qattiq urib turdi-da, soʻng sekin-asta maromiga tushdi.

Buvgul xola xotirjam tortdi. Chiroqni oʻchirishga bordi. Shu vaqt bexosdan oʻgʻlining yuziga koʻzi tushdi. Sobir goʻyo bir daqiqa ham uxlamagan, alahlamagan odamdek koʻzlarini katta-katta ochib onasiga qarab yotardi.
— Chanqadingmi, bolam?..
— Chanqadim, lekin qaynatilgan guruch suvini ichmayman endi.
— Nega?..
— Hech boʻlmasa, toʻyimda guruch suvini tiqishtirmang, ena!
— Toʻy...
— Ha, toʻyim boʻlyapti! Siz nega toʻyga chiqmayapsiz, ena? Hamma hovlining changini chiqarib oʻyinga tushib yotibdi-ku. Yo Marvaridning menga tegishiga ishonmayapsizmi, ena! Xavotirlanmang, Marvarid kasalligimni biladi. Bila turib, turmushga chiqyapti menga. U menga nima dedi, bilasizmi? Uyat boʻlsa ham aytaman sizga, chunki mening sizdan boʻlak qadrdonim, sirdoshim yoʻq! Aytaveraymi, ena?..
— Aytaver, bolam.
— Men sizning yuragingizni sevaman, ishtoningiz ichida biror narsa boʻlishi shart emas, dedi u menga.

Buvgul xolaning yuzidan issiq chiqib ketdi. Gap topolmay qoldi.
— Mana, koʻrdingizmi, ena, Marvarid qanchalar dono! Boshqa hech bir ayol bunday demagan boʻlardi. Shuning uchun ham uni telbalarcha sevib qoldim-da! Nega indamaysiz, ena? Yo mendan xafamisiz?

Sobir onasining qoʻlidan tutdi.
— Xursandman, bolam...
— Nega unda bizga baxt tilamayapsiz, ena?
— Baxtli boʻlinglar, iloyim... Qoʻsha qarib yuringlar... iloyim... — Buvgul xola oʻkirib yuborishdan bazoʻr oʻzini tiydi.
— Endi bir oʻynab bering, ena. Mening toʻyimda oʻynamaysizmi? Akamning toʻyida rosa oʻynagandingiz-ku!
— Oʻynayman, bolam... Sal nafasimni rostlab olay...
— Turing, tura qoling endi. Hamma sizga qarayapti, oʻynay qoling, ena, enajon...

Sobirning titroq barmoqlari onasining qoʻllarini paypaslay boshladi.
— Boʻpti, oʻynayman... — Buvgul xola labini qattiq tishlab, oʻrnidan turdi.
— Hey, mashshoqlar! — qichqirdi Sobir. — Dunyodagi eng yaxshi kuyni chaling. Mening onam raqsga tushyapti! Mening onam!..

Buvgul xola koʻzlarini chirt yumib, navdadek bilaklarini yuqoriga koʻtardi...

Tun boʻyi oʻzining toʻyini qilib, urinib qolgan Sobir tongga yaqin tinchlanib, uyquga ketdi.

Buvgul xola ham titrab-qaltiragancha toʻshakka quladi...

Ikki soatlardan keyin biroz tiniqib, yengil tortib uygʻondi. Yonida Mamatqul oʻtirardi.
— Bugundan boshlab haydasangiz ham ketmayman, — dedi u yerga qarab. — Sobirga oʻzim qarayman. Hanifa kelib eshikdagi ishlarga qarashib turadi.
— Sobirga oʻzim qarayman, uni deb ovora boʻlmanglar, — dedi Buvgul xola oʻrnidan turib, qasabasini toʻgʻrilarkan.
— Qarashsam nima boʻpti? Kechasiminan Sobir baqirib chiqayotganmish... Odamlardan eshitdim! Bir ogʻiz aytmaysiz ham...
— Qargʻa qagʻillasa ham odamlar Sobir baqirdi, deyveradi. Senam, xotining ham ovora boʻlmanglar.
— Sizga hech tushunmayman, ena. Meni shunchalik yomon koʻrishga arziydigan nima ayb qildim?!
— Ikkita bolang bor, qay birini yomon koʻrasan?!
— Nega odam ajratasiz boʻlmasa? Senga ishonmayman, deb ochigʻini aytib qoʻya qoling, yaxshisi!

Buvgul xola indamadi.

* * *

Oʻtgan yilning kuzi erta kelgandi. Yangi yilning bahori negadir kechikdi... Surunkasiga yomgʻir aralash qor yogʻardi.

Nam, izgʻirinli havo arimasdi borliqdan.

Hatto, birinchi may kuni qor yogʻib berdi.

Sobir kundan kun madordan ketib borardi. Tunlari tez-tez nafasi qisilardi. Boʻyni tol xivichday, qovurgʻalarini sanasa boʻlardi, isitma qoq-quruq vujudini betinim larzaga solardi...

Ammo tili har doimgiday biyron edi.
— Ena, yaxshi boʻlib ketsam, birovdan qarz olib boʻlsayam, sizga dunyoni koʻrsatardim!
— Iloyim, niyatingga yet, bolam.
— Ammo hozir shunday tashqariga chiqqim kelyaptiki!.. Oʻz oyogʻim bilan yurib koʻchalarni bir aylanib kelsam, deyman... Mana bu yerimda tosh boʻlib turgan narsa yozilib ketarmidi...
— Akangga aytaman, hozir kelib seni hovliga olib chiqadi.
— Akam meni koʻtarib olib chiqadimi?

Buvgul xola nima deyishni bilmay, kalovlandi.
— Nima, meni bir umrga koʻtaram boʻlib qoldi, deb oʻylayapsizmi? Men hali oʻz oyogʻim bilan yuraman! Faqat yoz kelsin...

Sobir derazaga intiq tikildi.
— Lekin hozir akamni chaqirmang. Qachonki sogʻayib ketsam, oʻz oyogʻim bilan yurib hovliga chiqaman! Oz qoldi, yana biroz chidasam... bas!

Buvgul xola oʻgʻlining matonatiga tan berdi ichida, shuncha azob-uqubatlardan keyin ham Sobirning hayotga boʻlgan ishtiyoqi soʻnmagani, subhidam chogʻi yangi kunni quvonch bilan qarshi olishini koʻrib hayratga tushadi.

Ammo kechga borib u yana oʻzini yoʻqotib qoʻyardi. Ayniqsa, keyingi kunlarda oldiga odam kirishini yoqtirmay qoldi. Hol soʻrab kirgan tanish-bilishlarini oldiga solib quvlardi.
— Yoʻqol hammang bu yerdan! Pishirib qoʻyibdimi bu yerda senlarga?! Kim chaqirdi oʻzi senlarni? Kino koʻrgani keldilaringmi bu yerga?!

Sobir shaloq soʻzlar bilan soʻkinar, qoʻliga ilingan narsani eshikka qarab uloqtirardi.
— Ena, Sobirni deb ado boʻldingiz-ku, — dedi Mamatqul kunlarning birida onasiga achinib. — Ahvolingizga bir qarang, soʻroq belgisiga oʻxshab qopsiz! Sobirning endi oʻnglanishi qiyin... Uydan chiqayotgan peshob hidi dimoqni yoradi. Sizning dimogʻingiz oʻrganib qolgan, shuning uchun oʻzingizga sezilmaydi. Lekin odamlar nimalar deyishmayapti!
— Odamlar mening uyimga kirmay qoʻyaqolishsin!
— Gap faqat bundamas. Er yetgan yigitni oʻzi yuvib-taraydi, bu kampirning iymoni ham qolmadi, deguvchilar ham boʻlyapti axir!
— Mening iymonim — bolam! U yogʻi bilan ishing boʻlmasin.
— Jahlim tezligini bilib ukamga yaqin yoʻlatmayapsiz meni, bilaman buni. Mening esa sizga jonim achiydi. Sobir endi avvalgidek boʻlmaydi. Yaxshisi, uni nogironlar uyiga topshiray...

Mamatqul gapini tugatolmadi, yuziga tushgan tarsakidan koʻzlari chaqchayib ketdi.
— Qorangni oʻchir! Daf boʻl! — Buvgul xola eshikni lang ochdi.

Mamatqul chiqib ketdi.

Buvgul xola biroz kutib turdi, soʻng tez borib koʻcha eshikni tambaladi.

«Aqldan ozyapman», — xayoldan oʻtkazdi ona ayvon ustuniga suyangancha.

Kechga yaqin shirakayf Mamatqul darvoza oldida ancha turdi. Buvgul xola eshikni ochmadi.

Mamatqul deraza tagiga kelib obidiyda qila boshladi:
— Men har doim sizga yaxshi boʻlsin, deyman... Lekin siz buni tushunmaysiz!.. Bilaman, siz boʻlmaganingizda ukam allaqachon oʻlib ketardi. Ammo oʻzingizni ham oʻylang-da!..

Bu gaplarni Sobir ham eshitdi. Savol nazari bilan onasiga qaradi. Soʻng:
— Ba’zida odamlar darddan ham xavfliroq boʻlishadi, — deya pichirladi u.

Buvgul xola indamadi.

Mamatqul obi-diyda qila-qila oxiri ketdi.

Nimqorongʻi xonada ona-bola qolishdi. Ikkisining ham ahvoli yaxshi emasdi. Ammo churq etishmasdi. Ne kunlarni boshdan oʻtkazib kelayotgan ona-bola ayni damda bir-birlariga tasalli befoydaligini bilishardi...

Iyunning oʻn beshinchi kuni Sobir olamdan oʻtdi. Shundan keyin kunlar birdan isib ketdi. Langʻillagan osmondan quyosh ayovsiz kun sochar, zamin olovga tashlangan yongʻoq singari paqqos yorilib ketadigandek harsillar, dov-daraxtlar esa kundan-kun koʻkka boʻy choʻzardi...

Odamlar xursand: «Yomgʻirning moʻl boʻlganidan ekin-tikinning avji baland. Bu yil arzonchilik boʻladi, Xudo xohlasa!»

Bunday xursandchilik birgina Buvgul xolaning koʻngliga sigʻmasdi. Ayvon ustuniga suyanib, mungʻayib oʻtirgan ona bir soʻzni takrorlardi:
— Men yomon qoldim, sen yaxshi bor, bolam...

Soʻng birdan qahrlanib olov purkayotgan osmonga tikilarkan savdoyilarcha shivirlardi:
— Odamni ermak uchun yaratib, uni eplay olmay qolganingdan keyin oʻlimni oʻylab topdingmi?.. Oloving moʻl ekan, nega shuni vaqtida bermading?!.

«Yoshlik»; jurnalining 2009 yil 2-sonidan olindi.