OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Zunnun Tohir. Posbon (qissa)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifZunnun Tohir
Asar nomiPosbon (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Uygʻur adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Zunnun Tohir
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonҲабибулла Зайниддин (Уйғурчадан)
Hajm57KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/25
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Posbon (qissa)
Zunnun Tohir

1

— Nima dedingiz? — Hozirgina hisob chiptasini qoʻliga olgan odam turgan yerida qotib qoldi.
— Shunday, inim, — dedi keskin ohangda shifokor, — yana 200 ming yuvan topshirmasangiz, onangizning hayotini saqlab qololmaymiz, tushunarli boʻlsa kerak?!

Bu gapni eshitgan Abayning boshi hushidan uchib, quyi tushib ketdi. U azaldan yer sharining aylanishiga ishonmasdi. Lekin endi, shu topda yer sharining haqiqatan ham aylanayotganini his qilardi. Shifokorlarning xonasi bilan onasining yotoqxonasi bir devor edi. U yotoqxonaga chiqqunga qadar oraliqda yer sharining oʻz oʻqi atrofida sakkiz marta aylanganini aniq sanayoldi. U hozirgina yiqilib ketgudek, devorga suyanib, onasining yoniga zoʻrgʻa kirib keldi.
— Nima boʻldi senga, bolam, juda tashvishli koʻrinasan? — dedi Robixon qovjiragan lablarini bazoʻr qimirlatib.
— Hech narsa boʻlgani yoʻq, oyijon, sizga shunday tuyulgandir, — Abay boshini bir yoniga olib qochuvdi, bir necha tomchi yosh yonogʻidan sirgʻalib tushdi. Bu hol Robixonning nursiz nigohidan qochib qutulolmadi. U Abayni “puldan siqilib qolganga oʻxshaydi” deb, hol soʻramoqchi boʻluvdi, biroq yana oʻgʻlining koʻnglini ayab:
— Kasalxonadan chiqib keta qolaylik, bolam, — dedi.
— Tuzalmasdan turib-a? Oyijon, men bunday qilishga oʻlsam ham yoʻl qoʻymayman, — dedi yoshli koʻzini onasidan yashirib, hamon bir tomonga qaragan holda.
— Hozir ancha yaxshi boʻlib qoldim, bolajonim, — Robixon oʻzini tetik koʻrsatishga urinib, oʻtirmoqchi boʻluvdi, boshi aylanib, yana noiloj karavotga choʻzildi. Onasining egnidagi novvotrang koʻylakdek qovjiroq vujudini koʻrib, Abayning qattiq kayfi uchib ketgandi.
— Nima boʻldi sizga, onajon? — Abay onasini quchoqlab, asta yuzini silay boshladi.
— Hech narsa boʻlgani yoʻq, bolajonim, — Robixon eti qochgan titroq kaftini Abayning yuz-koʻzlaridan yurgizdi. — Aytmasang ham hammasini bilib turibman, bolam, sotgudek hech vaqomiz, qarz soʻragudek kishimiz boʻlmagach, 200 ming yuvanga qayga boramiz?..
— Puldan gʻam yemang, oyijon, — Abay ogʻzida shunday degani bilan pulni qanday topishni bilmasdi. Ayni shu kunlarda Abayning qarindosh-urugʻlari, yor-doʻstlari orasida ming yuvanga ham qudrati yetadiganining oʻzi yoʻq edi. 200 ming yuvanni gapirmasa ham boʻladi. Abayning koʻz yoshi onasining kaftini jiqqa hoʻl qilib yubordi.
— Men sendan roziman, bolajonim, roziman, — mushtipar ona shunday der ekan, Abayning endilikda goʻyo baland togʻdan oshib tushayotgan shalola singari durillab toʻkilayotgan koʻz yoshini kaftida artib, uning qizargan koʻziga umid bilan tikildi. — Ukang ikkovingga turmush kerak, shifoxonaga sarflaydigan pulga ikkovingni uylantirib qoʻyay, xudo shungacha hayot chirogʻimni oʻchirib qoʻymasin-da. Lekin... pulni qayerdan topamiz?

Abay oʻzining chorasiz oʻgʻil boʻlib qolganligidan qattiq oʻkinardi. U boshqa tijoratchi savdogar yigitlardek ishga uquvi boʻlganda, yerini sotgandagi 400 ming yuvanni bunchalik tez yoʻqotmagan boʻlardi. Qaytanga uni aylantirib, bir necha million qilgan boʻlardi. Mana, bugungi kunga kelib pul oʻzining qudratini koʻrsatmoqda. 200 ming yuvan boʻlsagina Urumchidagi tajribali professorlar kelib onasining yuragini operatsiya qilishardi. Abay onasiga gapirmoqchi boʻlib tamshangandi, tomogʻiga bir narsa tiqilib, ovozi chiqmadi. Harchand uringanidan terlab ketdi. Oxiri biroz oʻziga kelgandek boʻldi.
— Oyijon, — dedi u birov eshitib qolishidan qoʻrqqanday muloyim ovozda, — eng avval sogʻligʻingizni tiklaylik, qolgani bir gap boʻlar.
— Buncha pulni qayerdan topamiz, bolam?
— Maxsum amakimning oldilariga borib koʻrsammi deyman, — Abay onasining qoʻlidan boʻshanib, koʻziga umidvor tikildi. — Sizningcha, qanday boʻlarkin?
— Men ham xuddi shuni oʻylab turuvdim, bolam. Lekin... — Robixon toʻxtab qoldi.
— Qarzni qanday uzamiz deyapsiz, shekilli?
— Ha, boʻlmasa-chi, axir “olmoqning bermogʻi, yemoqning qusmogʻi” degan gap ham bor-da, bolam.
— Bizga faqat sizning sogʻligʻingiz kerak, oyijonim. Siz tuzalib oyoqqa turing, menga shundan ortiq hech narsa kerak emas, — Abay oʻrnidan turdi, — ukam ikkovimiz ishlab uzamiz qarzni, — shunday deb eshik tomonga yurdi.
— Qayerga ketayapsan, bolam? — Robixon yana nimadir demoqchi boʻlgandek qoʻlini zoʻrgʻa koʻtarib madorsiz qimirlatdi. Eshik oldiga borgan Abay endi ortiga qaramoqchi boʻlganda, toʻsatdan eshik ochilib, bashang kiyingan Maxsum kirib keldi.
— Assalomu alaykum, — kutilmagan uchrashuvdan ikki-uch soniya taraddudlanib, Abay Maxsumga salom berdi.
— Vaalaykum assalom, oʻgʻlim, — Maxsum qoʻlidagi narsalarni Abayga tutqazdi. Soʻngra Robixonning yoniga kelib, oʻrindiqqa choʻkdi.
— Abdulaziz birodarim haqida eshitib chuqur qaygʻuga botdim. Alloh joyini jannatda qilgʻay, — u koʻziga kelgan yoshni dastroʻmoli bilan artib, maqsadga koʻchdi. — Birodarimni soʻnggi bor kasalxonadaligi vaqtida yoʻqlab, shu kuniyoq chet elga chiqib ketuvdim, mana, bugun kelishim, kiyimlarimni almashtirib uyinglarga borsam, ahvolni qoʻshninglardan eshitdim. Nimayam qilardik, Robixon. Ikki bolaning baxtiga, ishqilib, yaxshi boʻlib keting-da.
— Rahmat! — Robixon unsiz yigʻladi.
— Koʻnglingizni buzmang, — Maxsum kastyumining tugmasini yechib yuborib, boʻyinbogʻini biroz boʻshatib qoʻydi, — odam degan umid bilan yashashi kerak, shunday emasmi, Robixon?!.

Abay maqsadini bildirish uchun shoshilib soʻz qotdi:
— Siz pulning gʻamini qilmay, xotirjam davolaning, oyijon.
— Nima gap? Men tushunolmadim, — dedi Maxsum hayronligini yashirolmay, — pulinglar tugadimi?
— Shunday, dadamlarning oʻzlarigagina 350 ming yuvan ketdi, — Abay soʻz orasida biroz tin oldi, — endi oyijonimga 200 ming yuvan ketarkan, shu pulni...
— Shu ham gap boʻptimi? — Maxsum koʻzini Abaydan Robixonga qaratdi, — mening pulim sizlarning pulinglar degan gap-ku, sizlarga ishlatmagan pulni men nima qilaman-a? Abay-ku, hali gʻoʻr, aqli yetmaydi, siz nega bunday qilasiz, Robixon?
— Sizni yana ovora qilgimiz kelmadi-da, Maxsumjon.
— Ovora-povorasi yoʻq. Vaqtida sizlarning menga koʻrsatgan yaxshiligingiz uchun men bir umr qarzdorman, Robixon, — Maxsum soʻzining oxiriga urgʻu berib aytdi, ortidan Abayga qarab davom qildi, — bu, bundan yigirma besh yil ilgarigi ish edi, oʻgʻlim, men “Noma’lum bozorchi” degan tamgʻa bilan sizlarning qishloqqa surgun qilingandim. Bir kuni bir toʻda odamlar hech narsadan-hech narsa yoʻq, meni tutib olib urib, chalajon holatda daryo boʻyiga tashlab ketishgandi. Oʻsha vaqtlarda ajalim yetmagan ekan, qamish oʻrayotgan dadang meni koʻrib qolib, uyida rosa ikki oy asrab yotdi. Oʻshanda mana shu boyaqish onang sizlarning rizqingizni menga berib yaxshi boqqan edilar. Keyin meni kaltaklagan ablahlar gumonsirab dadangni qattiq qiynashdi, dadang hech narsa demadi. Uning buyragi bilan jigari ana shu chogʻda meni saqlab qolish evaziga ogʻir zaxmlangan ekan. Qani, oʻzing aytgin-chi, bolam, dadang bilan onang shu vaqtlarda meni qutqarib qolmaganlarida, hozirgidek katta bir guruhning yetakchisi boʻlolarmidim? — Maxsum jildirab oqayotgan koʻz yoshlarini artib soʻzini davom ettirdi, — men dadangdan, butun oilanglardan bir umr qarzdorman. Qancha pul ketsa ketsin, ammo men onangning kasali butkul sogʻaymaguncha har qanday chiqimdan qochmayman. Sizlarni hech narsaga zoriqtirmayman.
— Koʻp rahmat, Maxsum amaki, — Abay egilib ta’zim qildi, — Unday boʻlsa davolinishga ketadigan pullar qarz hisobida boʻlsin.
— Bu nima deganing bolam?
— Dadam rahmatlik doim “birovning haqqi ogʻudir” derdilar, — Abay tushintirdi, — ajir qilmay pulingizni xarajatlasak, otamizning arvohi bundan ranjiydur. Busiz ham dadamning yerni sotmaymiz deganlariga quloq solmay, sotib mana shu holga tushib qoldik.
— Oʻsha vaqtda men ham aralashmagan ekanman, — Maxsum qoʻshib qoʻydi, — biroq onang ikkovinglar qattiq turib oldinglar...
— U yer uchun faqat men oʻzim aybdorman, — dedi Abay.

2

Maxsumning homiyligi bilan Robixonning yuragi operatsiya qilinib, bir oyga yetmay shifoxonadan ham chiqdi. Bunga 240 ming yuvandan ortiq pul ketdi. Maxsum mashinasi bilan Robixonni tuman bozoridagi uyiga yetkazib qoʻydi. Abay bir oy davomida shirkatning ishlari bilan tanishib chiqdi. U onasi bilan uyda bir kun birga boʻlib, ertasigayoq shaharga qaytib keldi. Maxsum Abayga shirkat joylashgan binoning 2-qavatidan ikki xonali ishxona ajratib berdi. Abay bu xonalarning ichkarisidagini yotoq, tashqarisini esa boʻlim qilib olgandi. Uning zimmasiga yuklangan doimiy vazifasi boʻlmasa-da, boʻlimda shirkatga daxldor hujjatlarni yoki gazeta-jurnallarni koʻrib oʻtirardi, oralab aloqador oʻrinlarga turli yoʻllanmalarni yetkazib berardi. Yemak-ichmak ham shirkat mehmonxonasining oshxonasida edi. Oshxona xoʻjayini Maxsumning joylashtirishi boʻyicha Abaydan bir tiyin ham haq olmasdi. Koʻp oʻtmay Abay koʻzga koʻrinib qoldi, u yigʻinlarga chaqiriladigan boʻldi, unga oʻzlarini yaqin tutadiganlar koʻpaya boshladi. Boshida shirkatdan nariga bormaydigan Abay mana endi chinakam yap-yangi yengil mashina haydaydigan yigitlar, shoʻx-shodon qizlar bilan qayerlarga boradigan boʻlmadi deysiz. Qator ziyofatlar oxirlashib, navbat Abayga keldi. Uning boshqalar kabi uch yoki toʻrt yulduzli mehmonxonalarning restoraniga mehmon chaqirishga qurbi yetadigan boʻlib qoldi. Maxsum uning qoʻliga yuz yuvandan ortiq pul tutqazmagandi. Pul soʻrashga esa ogʻzi bormasdi. Aytmasa ham uning hech narsasi kam emas edi. Hatto kamyob atir sovunlargacha hammasini shirkatning chiptasi bilan ololardi. Abay oʻn tiyin topmay hanuzgacha Maxsumning pulini sarflardi. Uning bu ishlardan yuzi koʻyib bir marta: “Maxsum amaki, meni pul topadigan ishlarga qoʻysangiz yaxshi boʻlardi, chunki bekor yeb yotishga nomus qilayapman”, deganda, Maxsum: “hozir vaqti emas, harholda yomon ishlardan oʻzingni tortib tur”, deb javob bergan edi. Abay yomon ishni badxarjlik deb bilardi. Shu bois chiptani boʻlar-boʻlmasga ishlatmasdi. Doʻstlari bilan boʻlgan gapni esa shirkatning kelgusidagi ishlari uchun poydevor deb tushunardi. Nima boʻlsa-da, gap berish navbati Abayga kelgandi. U boshida bu xususda Maxsumning fikrini olishni oʻylagandi. Aksiga olgandek, Maxsum shirkat xizmati bilan “ichkariga” (Xitoyga) ketgandi. Nima qilish kerak? Kelishini kutsinmi? Vaqt ziq, kechiktirib boʻlmaydi. Nihoyat, Abay doʻstlarini shirkat mehmonxonasining oshxonasida kutishga qaror qildi. Garchi bu oshxona yulduzli restoranga oʻxshamasa-da, ammo uning bezak va jihozlari oʻsha restoranlardan aslo qolishmasdi. Abayning doʻstlari mamnun boʻlib qaytishdi. Shu kuni uning chiptasiga 3200 yuvan chiqim qayd etib qoʻyildi. Oradan uch kun oʻtgandan keyin Maxsum shirkatda paydo boʻldi. Abay uni yoʻqlab qabulxonaga kirdi.
— Assalomu alaykum, amaki, yaxshi borib keldingizmi? Hol-ahvol soʻray deb huzuringizga keluvdim.
— Vaalaykum assalom. Juda yaxshi qilibsan, kel jigarim.

Orasta bezatilgan ulkan qabulxona. Abay bu yerga xizmatga kelgandan buyon bir marta ham kirib koʻrmagandi. Maxsum qoʻl olishib koʻrishdi:
— Qani, oʻtir. — Abay u koʻrsatgan kresloga choʻkarkan, xonaga iymanibgina koʻz yugurtira boshladi, Maxsum ham uning roʻparasida oʻtirib soʻzida davom etdi:
— Ha, onangning sogʻligʻi qanday?
— Juda yaxshilar, — Abay javob berayotib allaqanday bir ishni xato qilgandek birdan toʻxtab qoldi, soʻng sarosimali ohangda davom qildi. — Ha, aytmoqchi, oʻzingiz qanday, olis yerlarda qiynalmadingizmi? Azbaroyi hovliqqanimdan siz bilan durustroq ham soʻrasholmadim. Afv etasiz...
— Hechqisi yoʻq, oʻgʻlim... — Maxsum gapga ogʻiz ochganida kimdir eshikni taqillatmay, betakalluf qabulxonaga kirib keldi, bundan boshliqning gʻazabi qaynab, notanish odamga oʻshqirib berdi: — Eshikni taqillatmay kirasan, bu yer senga karvon bozormi?!
— Uzr, xoʻjayin, xafa boʻlmang, m-men ... shahar hokimiyatining...
— Qayerning odami boʻlishing bilan ishim yoʻq, — boshliq yanada oʻshqirdi. — Oldimda odam borligini bilmadingmi? Qani, hoziroq koʻzimdan yoʻqol!

“Oʻ Alloh! — Abayning koʻz oldida roʻy bergan bu holdan hang-mang boʻlib qoldi”. Men uni qoʻyday yuvvosh odam desam, oʻziga yetgancha jahl ekan-a...” — dedim ichimda.
— Xoʻsh, bolam, — dedi boshliq notanish odam chiqib ketgandan keyin Abayga kulib qarab, — onangni yoʻqlab turdingmi?..
— Siz ketgandan buyon borolmadim.
— Mana shu ishni chakki qilibsan, — dedi boshliq oʻkinganday boshini chayqab, — onang hali butkul tuzalib ketganicha yoʻq. Sen tashqariga chiqqanda mushtipar-mushfiq onangni unutib davru davrondasan, onang esa hatto oʻzining bemor ekanligini ham unutib senlarning gʻaminglarni qiladi, diydorlaringni koʻrgisi, onalik bagʻriga bosgisi keladi. Onalarning qaynoq mehri, muhabbati shunchalar kuchliki, buni hech qanday soʻz bilan ta’riflab boʻlmaydi! Qisqasi, agar meni otangday koʻrib, aytganlarimni quloqqa oladigan boʻlsang, zinhor-bazinhor unday qilma. Onang duosini olishga intil, uni tez-tez yoʻqlab tur. Senga bu gaplarni men aytmasam, kim aytadi, bolam?!.
— Boʻldi, amakijon, endi boshqa bunday boʻlmaydi.
— Yaqindan buyon nima ishlarni qilayapsan?
— Bekorchilik, tayyorga bakovul deganday gap...
— Ana koʻrdingmi, vaholonki, qilaman desang ish gʻij-gʻij. Xitoy tili bilan inglizchani oʻrganayapsanmi?
— Oʻrganayapman, — Abay nechundir borgan sayin bezovtalanib, yengil titrashga boshladi. U Maxsumning oldida ilk marta oʻzining qoʻrqayotganligini his qilardi.
— Yaxshi, — Maxsum sigaretadan birini olib, tutashtirib cheka boshladi, — hozir ham oʻsha doʻstlaring bilan bordi-keldi qilayapsanmi?
— Shunday...
— Yaxshi! Hozir doʻstlaring qanchaga yetdi?
— Ha... na... shu... eskilari...
— Gapinglar davom etayaptimi?
— Shu... shunday, — Abay qoʻrqqanidan boshini koʻtarolmay qoldi, — siz.... kelmay... shu... ning bilan....
— Juda soz, — Maxsum uning gapini boʻldi. — Bas, aytmay qoʻya qol. Hammasini eshitdim. Xoʻsh, endigi gapni qaysi restoranda oʻtkazmoqchi boʻldinglar?

Abay qoʻrqqanidan tobora bujmayib borardi. U barmoqlarini chalishtirib oʻtirgan holda yer ostidan Maxsumga razm soldi. Maxsumning avzoyida esa hech qanday oʻzgarish yoʻq edi. U yana, oʻsha-oʻsha avvalgiday roʻyxush Maxsum edi. Biroq nechundir Abay goʻyo azroilning oldida turgandek titray boshladi.
— “Mars” restoranida, — Abay shu soʻzni zoʻrgʻa aytoldi.
— Ho! Ho! Ho! — Maxsum kinoyali kuldi, — yaxshi, yer sharidan Marsga koʻchgan boʻlsanglar, erta-indin bir-yoʻla quyoshga chiqib oʻynaydiganga oʻxshaysizlar, shekilli? — U tamakisini qattiq tortdi.
— Quloq sol, men senga aytay, bolam, seni shirkatga tomosha qildirgani emas, koʻrpaga qarab oyoq uzatarmikin, mehnat qilib onasini boqarmikin, deb olib kelganman, agar mana shunday yuraversang, biryoʻla gul emas, kul boʻlasan, tushundingmi, “oʻtirgan boʻyra, yurgan daryo” degandek, senga yana takror aytaman — kul boʻlasan. “Qimirlagan qir oshar”, deb bejiz aytilmagan, bu gapning ham magʻzini chaqmoq kerak. — U oʻrnidan turib telefon goʻshagini qoʻliga oldi. — Onangga telefonni men qilamanmi yoki oʻzingmi?

Abay uyida telefon borligini xuddi hozirgina eshitayotgandek boʻzrayib turib qoldi. Robixon kasalxonadan chiqqandan keyin, bogʻlanib turishga qulay boʻlsin uchun, Maxsum ularning uyiga telefon oʻrnatib bergandi. Boshida Abay bir kunda necha marta onasi bilan qoʻngʻiroqlashib turdi, keyinroq bir necha kunda, oʻshanda ham esiga kelganda bir martaga tushib qoldi. Yaqin oʻrtalardan buyon esa, aqalli haftada bir marta ham qoʻngʻiroq qilmaydigan boʻldi. Buni nima desa boʻladi?! Abay endigina oʻzining borgan sari oʻtirgan yeriga botib ketayotganligini, his qila boshlagandi.
— Boʻldi, Maxsum amaki, — dedi Abay oʻrnidan turib, Maxsumning oldiga keldi, — onamga qoʻngʻiroqni men qilaman, rost, xatoga yoʻl qoʻydim, oldingizda uyat va qattiq xijolatdan boshimni koʻtarolmay qoldim. Koʻr hassasini bir marta yoʻqotadi, sizga va’da berib aytaman, men endi hargiz bunday qilmayman.
— Endi boʻlmaydi! Senga ishonib men xato qilgan ekanman, odam boʻlar, aqlini yigʻib olar, deb oʻylabman!.. — Maxsumning ovozi keskin chiqdi, — men seni bundan ilgari ham ikki marta ogohlantirgandim, biroq oʻzgarmading. Qaytanga borgan sari tubanlashib ketayapsan. Hatto senga ishongan kishini ham oʻzing bilan tublikka tortib ketmoqchi boʻlayapsan! Senki shunday boʻlgach, ortingdagi ukangning ahvoli qanday kechadi? Uni ham sendan ibrat olmaydi, deb kim kafolat bera oladi, kim?..
— Bu safargisi soʻnggisi boʻlsin, Maxsum amakijon, — dedi Abay va oʻzini tutolmasdan yigʻlab yubordi. — Ishonmasangiz ont ichaman, chizgan chizigʻingizdan chiqmayman, aytgan soʻzlaringizni bekami-koʻst bajaraman.
— Boʻldi, qasam ichma, bolam.

Maxsum telefon goʻshagini qoʻygandan keyin, bir muddat oʻyga toldi, soʻng sirli ohangda dedi:
— Mayli, bu gal ham eng oxirgi marta bir fursat beray, maboda tarki odat — amri mahol deganday, va’dangga amal qilmasang, men haydamasimdan oʻzing ketganing ma’qul. Onangga xarjlagan pullar mening sizlarga qilgan yordamim boʻlib qolsin, ma’qulmi? — dedi Maxsum keskin qilib.
— Sizni hargiz umidsizlantirmayman deb va’da beraman, Maxsum amaki.
— Juda yaxshi, — der ekan, Maxsum Abayning qoʻliga ikki ming yuvanni tutqazib maqsadga koʻchdi.
— Hozirning oʻzida uyingga borib, ertaga qaytib kelgin. Bu pulni hozircha xarajat uchun ber. Indinga samolyot bilan Guonjuga uchasan, u yerga borgandan keyin, oldingga bir odam chiqadi. Oʻtoq, yemak-ichmaklaringni oʻsha odam oʻzi oʻrinlashtiradi. Uning chizgan chizigʻidan chiqmaysan, oʻtir desa oʻtirasan, tur desa turasan. — Shunday deya, Maxsum biroz jim qoldi. Soʻng yana asta, vazmin holda soʻzida davom etdi. — Yana qaydam, bu yerdagidek u yerda ham betayin yurib, oʻzingga ham, onangga ham, qolaversa, shirkatga ham ish ortirmasmikinsan deyman?
— Sizni tushunib turibman, “ogʻzi kuygan odam qatiqni puflab ichar”, demoqchisiz-da. Bunday boʻlmaydi, amakijon. Aytayapman-ku, xoʻp desangiz, qasam ichay.
— Hojati yoʻq, mayli, oʻsha kun kelaversin-chi, u yogʻi bir gap boʻlar.

3

Abayning Guongjuda turganiga ham bir haftadan oshdi. Uning tushgan yeri obod bir joydagi besh yulduzli mehmonxona edi. Qiladigan ishi qurilish uskunalari zavodiga borib, kunda ikki marta buyurtmalarni surishtirib turish edi, qolgan vaqtlarda yotoqxonada televizor koʻrib oʻtirardi. Ora-sira, boshqalarning hamrohligida manzarali joylarni sayr qilardi. Koʻngilli dam olish ishlarini Jasur ismli bir yigit bajarardi. Bir marta Abay uyda yotaverib zerikib ketganidan koʻchaga chiqib, aylanmoqchi boʻldi. Ammo bu ish ham amalga oshmadi, chunki u koʻchaga chiqishi bilanoq Abay ilgari mutloqo koʻrmagan notanish kimsa uni yana zum oʻtmay yotoqxonaga kiritib qoʻydi. Abay yotoqqa kirishi bilan boshliq Maxsumdan qoʻngʻiroq boʻlib, uni obdon terga botirdi. Ana shundan boshlab Abay Jasurning izidan chiqmasdi. U endi har doim zavoddagi buyurtma ishlarining borishidan xabar olgach, oʻzga hech narsaga qaramay, toʻgʻri yotogʻiga qaytib, divanga choʻzilardi. Abay shunday kunlarning birida tush koʻrdi. Tushida oq bulutga minib, oq paxta terib yurganmish. Oydin kecha osmonida esa yulduzlar jimir-jimir qilishar, kurrai zaminga gʻamzali nigoh tashlardi. Zamin ham oq paxtalarga burkangan emish. Hamma yerga oq koʻmirlar yogʻilganmish. Abay uygʻonib koʻrgan gʻalati tushidan hayratlandi, uning ta’birini yecholmay, oʻrnidan turib uyiga qoʻngʻiroq qildi. Goʻshakni Robixon oldi. Abay onasining ovozini eshitib, xursandligidan yuragi odatdagidan qattiqroq ura boshladi. Onasining sogʻ-salomatligini eshitgandan keyin, hozirgina koʻrgan tushini aytib, ta’birini soʻradi:
— Oyijon, koʻrgan tushim yaxshilikdan bashoratmi yoki, a... nima? — Abay goʻshakni chap qoʻliga oldi, — oqlik — u porloq istiqbolning bashoratimi? Oʻh-hu-oʻ, zoʻr tush ekanu?.. Xayr oyijon, oʻzingizga yaxshi qarang, xotirjam boʻling, yaxshi ishlab, Maxsum amakimdan olgan qarzlarni toʻliq uzaman, koʻrishguncha sogʻ-salomat boʻling. — Abay shodligidan oʻzini qayerga qoʻyishini bilmasdi. Shu payt telefon jiringladi, Abay yana goʻshakni oldi.
— Ha, menman, hozirning oʻzidayoq borishim kerakmi? Ma’qul. — Abay goʻshakni qoʻyib, tashqariga chiqdi. Taksiga oʻtirib, belgilangan joyda tushib qoldi. Oradan koʻp oʻtmay qirq yoshlar chamasidagi bir odam kelib u bilan koʻrishdi. Sumkasidan bir dona samolyot chiptasini olib, Abayga berdi.
— Yana uch soatu qir besh daqiqadan keyin uchadi, — dedi u vaqtni eslatib. — Jasur boya siz bilan qoʻngʻiroqlashgandan keyin muhim bir ish bilan Jiyong-nanga ketdi. Sizni kuzatib qoʻyishni menga topshirdi. — U soatiga qarab maqsadga koʻchdi. — Zavoddagi buyurtma, ya’ni qurilish ashyolari bugun poyezdda yoʻlga chiqadi. Sizning bu safargi vazifangiz tugadi. Samolyot uchishiga hali ancha bor. Yuring, doʻkonlarni aylanib, uyga u-bu sovgʻa olvoling.
— Iloji yoʻq. Ortiqcha pul olmaganim hozir pand berayapti, — dedi Abay erkin holda goʻyo oʻziga-oʻzi gapirayotgandek eshitilar-eshitilmas ovozda.
— Siqilmang, janob, arzimagan narsaga, — dedi boyagi odam kulib, — Jasur buning ham ilojini qilib, bularni ado etishni menga topshirgan. Sovgʻa-salomlarga ajratilgan pullaringizga narsalarni oʻzim olib beraman, qani, ketdik!

Abay turgan yerida mixlanib qolgandek qimirlayolmay qoldi. Uyga ham olis eldan “mozor bosdi” deganday quruq qoʻl bilan qaytishga xijolat chekardi. Biroq sovgʻalarni mutlaqo begona bir odam olib bermoqchi boʻlayotgani unga yana-da ogʻir botar, vijdoni azoblanardi. U soddagina qilib:
— Rahmat, aka, — dedi. Boyagi odam Abayning xijolat boʻlayotganligini sezib, ish boshqaruvchining telefon nomerini bosdi.
— Jasurmisiz?
— Ha, bu men.
— Abayga oʻzingiz bir nima demasangiz, mening aytganimga unamayapti, — dedi soʻzini tugatib goʻshakni Abayning qoʻliga tutqazarkan.

Goʻshakdan Jasurning ovozi yangradi:
— Qoʻlingizga naqd pul berilmaganligining boisi posbonning boʻyrugʻidir. Qolaversa, hayotingizda Guongjuga birinchi marta kelib, endi yurtingizga quruq qoʻl bilan qaytsangiz xunuk boʻladi. Shuning uchun bergan narsalarni ikkilanmay olavering...
— Abay Jasurning soʻzidan ta’sirlandi. U Jasurga minnatdorchilik bildirmoqchi boʻlib turganda telefon uzilib qoldi. Abay afsuslanib uyali telefonni boyagi odamga qaytarib berdi. U odam Abayni besh qavatli bir magazinga boshlab kirib, bir jomadon sovgʻa-salom olib berdi. Ikkovi magazin oldida toʻxtatib qoʻyilgan mashinaga jomadonni solib, tayyoragohga bordi. Abay mashinadan oʻzining jomadonini olgandan keyin, boyagi odam yana bir jomadonni koʻtarib tushdi. U odam Abayga:
— Ukam, manavi mening uyimga tegishli jomadon, — dedi va tushuntirib choʻntagidan manzil bilan uyali telefonni chiqarib berarkan, qoʻshib qoʻydi. Bu manzil, telefon nomeri, qoʻngʻiroq qilsangiz oldingizga bir yigit keladi, jomadon bilan uyali telefonni berib qoʻyishingizni soʻrayman. Sizni ovora qilib qoʻyadigan boʻldim, uzr.
— Hech qanday ovoragarchiligi yoʻq, aka, — deb Abay kulib qoʻydi. Ular tayyoragohga kelib rasmiyatchilikni bajarib boʻlgandan keyin, jomadonlarni tekshiruvdan oʻtkazib, boshqa bir joyga topshirishdi.

Abay ertasi kuni peshindan oldinroq uyiga kirib keldi. Ona-bola xursand, choy ustida endi suhbat boshlanganda darvoza taqilladi. Abay chopib tashqariga chiqdi. Darvoza oldida oʻzi qatori bir yigit turardi.
— Abay degan siz boʻlasizmi? — yigit biroz gumonsirab soʻradi.
— Xuddi shunday.
— Boya siz qoʻngʻiroq qilgan odam men boʻlaman. — Yigit oʻzini tanishtirdi, — akam ham qoʻngʻiroq qilgan edilar. Omonatni olib ketgani keluvdim.

Abay shuncha qistasa ham yigit uyga kirishga unamadi. Abay noiloj uydan jomadonni olib chiqarkan, choʻntagidan uyali telefonni ham chiqarib berdi. Yigit telefonni sinchiklab qaragandan keyin:
— Zoʻrimikin desam, odmirogʻi ekan-ku, — dedi va oldida turgan jomadonni oyogʻi bilan turtib, qoʻshib qoʻydi, — nazarimda buning ichidagilari ham bundan durustroq boʻlmasa kerak.
— Kim ekan, bolam? — Robixon Abayning yuziga tashvishli qaradi. — Xursand chiqib, xafa boʻlib kirdingmi?
— Meni Guangjudan yoʻlga kuzatib qoʻygan odamning ukasi ekan, — tushuntirdi Abay. — Akasi yuborgan omonatni bersam, xursand boʻlish oʻrniga, “buroq mol ekan” deb gʻudranib ketdi.
— Dunyo degani shunday, bolam. — Robixon kuldi. — Boylar berib yomon boʻlsa, kambagʻallar bermay yomon boʻladi. Oʻmonlasa akasini yomonlabdi, senda nima ayb.
— Akasi yaxshi odam, — tushuntirdi Abay. — Men keltirgan sovgʻalarning hammasini oʻsha odam olib bergan.

Ona-bola ikkovi choy ichib, uzoq suhbatlashdi. Robixon kechki taomni xontaxtaga keltirib qoʻydiyamki, kenja oʻgʻlidan darak boʻlmadi.
— Ukangga nima boʻldi, bolam, hanuzgacha daragi yoʻq? — Robixon palovni ishtaha bilan oshalayotgan Abayga qarab soʻz qotdi.
— Doʻstlari bilan oʻynab qolgandir-da, yoʻl ham uzoq. Xavotirlanmang, kelib qolar.

Ona-bola ikkovi shu tariqa gaplashib ovqatlanisharkan, hovlidan kimningdir ovozi eshitildi:
— Oyijon! Chiqib bir qarang, uyimizga kim keldi? Bu kenja oʻgʻlining ovozi edi.

Robixon bilan Abay nari-beri qoʻllarini sochiqqa artib hovliga chiqishdi. Kelganlar Asad bilan Maxsum edi. Abay yugurib borib Maxsum bilan qoʻl olib koʻrishdi. Robixon “assalomu alaykum” deb, Asad bilan Maxsumni ichkariga taklif qildi.
— Xoʻsh, Abay, yaxshi borib keldingmi? — Maxsum ovqatlanib boʻlgandan keyin, maqsadga koʻchdi, — eshitishimga qaraganda, topshirilgan ishlarni ancha yaxshi bajaribsan, zerikib qolmadingmi?
— Yoʻq, albatta yoʻq, — derkan, jomadondan bir galstuk bilan bir gazli chaqmoqni oldi. — Ranjimaysiz-da, Maxsum amaki, arzimas boʻlsa-da, shularni sizga olib keluvdim...
— Oʻh-hoʻ! — Maxsum sovgʻalarni koʻrib xursand boʻldi. — Haqiqatdan ham yaxshi narsalarni olib kelibsan, bolam, koʻzing mol tanirakan-a...

Maxsum rahmat aytgandan keyin oʻzining kelishiga sabab boʻlgan muddaoga oʻtdi. — Onangning salomatligiga ham koʻz tegmasin, yaxshi boʻlib qoldi, endi yana bir kurs manovi dorilarni ichsa, u — shunday deyayotib sumkasidan uch xil dorini chiqarib xontaxta ustiga qoʻydi, — butkul koʻrmaganday boʻlib ketadilar. Bu safargi savdodan yaxshi foyda oldik, senga 36 ming yuvan ajratib qoʻydim. Agar olaman desang ertaga shirkatga borganda olishing mumkin.
— Qat’iyan yoʻq. Bir tiyin ham olmayman, — deb javob berdi Abay. — U pullarni onamni davolatgan pulning hisobiga olib qoʻyishingizni iltimos qilaman, amakijon.
— Mayli, sening aytganingcha boʻlaqolsin. — Maxsum bamaylixotir yozilib oʻtirdi. Senga aytadigan yana bir gap, ichkaridan olib kelgan oʻsha qurilish materiallarini indinga poyezdda chet elga chiqaramiz. Sen ertaga erta bilan yoʻlga chiqasan, u yerda sening barcha ishingni joylashtiradigan odam bor, ismi Fozil. Robixonning oldida aytib qoʻyay, oʻzingga puxta boʻl. Bilishga tegishli boʻlmagan ishlarni soʻrama, behudalik qilib yomon ishga aralashib qolsang, meni yuzimni yerga qaratib, obroʻyimni bir tiyin qilasan. Onangni dogʻda qoʻyasan. Oʻzing oʻtda kuyasan. Insonning hayotda ketini oʻylamay qilib qoʻygan xatosi, bilib qoʻy va aslo unutmaginki, unga bir umr azob beradi.
— Maxsum amaking toʻgʻri aytadi, bolam, — dedi Robixon onalik mehri bilan Abayning boshini silab. — Bizga qilayotgan yaxshiligi uchun qulluq qil, yomonga yondoshma.
— Xotirjam boʻlinglar, — Abay Maxsumga qarab qoʻshib qoʻydi, — chet elga chiqadigan pasportim boʻlmasa...
— Unisidan xotirjam boʻl. — Maxsum oʻrnidan turdi. — Sen shirkatga ishga kirganda topshirgan surat, toʻldirgan shaxsiy varaqa kabilar ana shunday ishlarga ishlatiladi, xayr. — U Abayga qoʻlini uzatdi, — chet eldagi ishlaring muvaffiqiyatli kechsin...

Maxsum ular bilan xayrlashib, ketdi.

Robixon, Abay mehmonni kuzatib, uyga qaytib kirgandan keyin, xursand-ligidan oʻgʻlini erkalab, oʻpib qoʻydi. Ikki haftaning ichidagina 36 ming yuvan topibsan, mana, koʻrgan tushing oʻngidan keldi, bolam. Oq paxta boylikning bashorati, degandim, aytganday chiqdi. Alloh buyursa ertang yanada nurli, obod boʻladi, inshoolloh.

Abay Robixonning soʻzlaridan shirin xayollarga choʻmdi. U koʻrgan tushining yaxshilikdan bashorat ekanligiga endi shubha qilmasdi. “Oq bulut, mana, hozirgina chiqib ketdi. U haqiqatdan posbon boʻlib, Abayning boshini silayotgandi — ustiga mindirib, jahonni sayr qildirayotgandi. U Abayni oq paxta bor yerga boshlab borib, salkam qirq ming yuvanga ega qildi, yana bir yerga boshlab bormoqchi hali. Abay miyigʻida kuldi.
— Aytganingiz kelsin, onajon, — dedi Abay uyqudan yangi uygʻongan odamdek, koʻzini uqalab.

4

Abay topshiriq boʻyicha aytilgan davlatga bordi. Uni miqtidan kelgan, qirq yoshlar chamasidagi Fozil ismli pakana kishi kutib oldi. Abay yuvinib boʻlib, mehmonxona restoranida ovqatlandi.
— Sening endigi vazifang, — deb tushuntira boshladi Fozil burnining uchini qashib turib, — savdo shartnomasiga keladigan odamlarni kutib olishdir.
— Biz nima bilan savdo qilamiz? — deb soʻradi Abay ajablanib.
— Posbon senga aytmaganmidi?
— Ha... boʻldi, — Fozil Abayning gapini boʻldi. — Oʻsha qurilish materiallari savdosi. Savdoni ertaga ertalab qilamiz, sen shirkatning haqiqiy vakili sifatida oʻtirasan.
— Lekin, men mol savdosi tarkibidagilarning birortasini bilmayman-ku?
— Shoshilma, — Fozil oldidagi choydan bir hoʻplab, soʻzida davom etdi, — men senga hammasini keyin tushuntiraman...

Abay aqlini tanigandan buyon birinchi bor boshqalarning qulogʻi boʻlib qanday anglash, qoʻl-oyogʻi boʻlib qanday harakat qilish toʻgʻrisida koʻp dars oldi. Unga eng ogʻir kelgan narsa oʻrgatilgan gap-soʻzdan boshqa ortiqcha bir ogʻiz ham soʻz qoʻshishga ruxsat qilinmasligi boʻlgan edi. Qaygʻu-hasrat, gʻazab-nafratni boshqalarning luqmasi bilan ifodalaydigan boʻlsa uning toʻtiqushdan farqi qolarmidi.
— Unday savdoni oʻzlaring qilsangizlar boʻlmaydimi? — dedi Abay Fozilning ma’ruzasini tinglagandan keyin, xoʻrsinib.
— Bu shirkatning tartib-qoidasi. — Uni buzishga va yoki ijozatsiz chetlab oʻtishga hech kimning haqqi yoʻq!
— Oʻrgatganlaringizni unutib qoʻyib, ishni buzib qoʻymasaydim deyman-da...
— U yogʻidan koʻngling toʻq boʻlsin. — Fozil kuldi. — Qisqasini ulayman, uzunini kesaman.
— Shunday boʻlganda ham siz savdolashganingiz yaxshi emasmi?
— Bu savdo ruhiyati, ukam, — dedi Fozil keskin va oʻrnidan turdi. — Pulni topshirish usuli deganda, esingda boʻlsin, bank orqali emas, naqd pul bilan amalga oshiriladi. Naqd pulni topshirish shakli deyilganda “Oq oltin” boʻladi, deysan. Bu ikki ishda mahkam turasan, uqdingmi?..

Abay eshitganlarining hammasini bir kecha uyqusiz degudek yodlab chiqdi. Erta sahar oʻrnidan turdi, yuvindi, kiyindi. Nonushtani esa yotoqxonada qildi. Fozil aytgandek, mehmonxonaning yettinchi qavatidagi kichik yigʻin zaliga kirib, uning belgilab bergan joyiga borib oʻtirdi. Zal ichida bir yigit bilan qiz oʻtirardi.
— Tanishtirib qoʻyay, — dedi Fozil Abayga haligi ikkovini koʻrsatib, — anavi qiz shirkatimizning ushbu davlatdagi aloqa ishlari xodimi, manovi yigit esa, savdo boʻlimimizning mudiri, ha... bu yigit esa, — shirkatimizning shu safargi savdo bitimimizga yuborilgan toʻla huquqli vakili, — dedi va soʻz orasida soatiga qarab qoʻydi. — Mijozlarimizning keladigan vaqti ham boʻldi. Yuragimizni bosib, ogʻir boʻlaylik. Mijozlarimiz kirganda qoʻl olishib koʻrishishning hojati yoʻq. Oʻrnimizdan turib, hurmatimizni bildirib qoʻysak, kifoya.

Ular oʻzaro gaplashayotganda, besh kishidan iborat savdo guruhi yigʻin zaliga kirib keldi. Mezbonlar ularni oʻrinlaridan turib kutib olishdi. Mehmonlar ham ularga javoban bosh irgʻashib, boʻsh oʻrindiqlarga joylashdilar. Mezbon qiz chanqovbosdi ichimliklar keltirdi.

Majlis qizgʻin davom etardi. Fozil tarjimonlik salohiyati bilan oʻrtaga chiqdi. Abay orada ma’lum bezak ashyoning bahosiga kelganda, shirkat belgilagan besh yulduzli bahoni qoʻydi. Fozil tarjimonlik jarayonida bir dollar qoʻshib, olti dollar narx qoʻydi. Kelganlar bu narxni darhol qabul qildilar. Ammo vaziyatni qulay va oʻzlari foydasiga yurishayotganiga koʻzi yetgan Fozil endi ularning shashtini qaytarmaslik uchun Abayga: “Sen hozir joʻrttaga meni qattiq koyi, narxni sakkiz dollarga koʻtar, ammo soʻzlaring tabiiy chiqsin”, deb shipshidi, oʻzini goʻyo Abayga mijozlarning soʻzini tarjima qilganday koʻrsatib. Muhitga endigina moslashayotgan Abay Fozilning qistirma soʻzlari tagiga yetdi. “Tarjima”ni yakunlashi bilan Abay salmoqli qilib:
— Nima dedingiz, men hozir sakkiz dollar narx qoʻysam, siz olti dollarning gapini qilayapsiz-ku, — dedi.

Fozil peshonasiga bir urib, mijozlarga Abayning soʻzini tarjima qildi. Mijozlar bosh vakilining rangi oʻnggan holda bir qancha ogʻir gap qildi. Fozil uning gapini oʻgirdi:
— Olti dollarlik narxni sizlar qoʻygansizlar, deyapti, siz darhol stolni mushtlab, meni tarjimonchilikdan chetlataman deng, — dedi. Abay ham Fozilga qarab qovogʻini gʻazabli uydi.
— Bu nima degan gap? — U stolga zarb bilan urib oʻrnidan turdi. — Sen qanday tarjimonsan oʻzi, mening soʻzimni xato tarjima qilib, shirkatimizning obroʻsini toʻkmoqchimisan? Hoziroq koʻzimdan yoʻqol! — Shunday deb, Abay koʻrsatkich barmogʻini bigiz qilib eshik tomonni koʻrsatdi, soʻng mijoz tomondagilarga qarab qoʻshib qoʻydi. — Bu ishning sizlarga aloqasi yoʻq. Manavi galvars tarjimon ishni buzdi. — Fozil oʻzini ham ranjigan, ham xijolatli koʻrsatib, Abayning soʻzini soʻzma-soʻz oʻgirdi. Mijozlar bundan hayron boʻlib, bir-birlariga qarashdi. Oralaridan biri eshik tomonga kelayotgan Fozilning yoʻlini toʻsib, bir nimalar dedi. Fozil yerga qarab turib, Abayga:
— Seni achchigʻi tez odam ekan, harna boʻlganda ham tarjimonni haydab solish durust emas, bahoni qayta kelishsak boʻladi-ku, deydi. Ish pishayapti, endi oʻsha gapingda turaver, — dedi. Shunday qilib, ikki tomon qisqa talashish-tortishishdan keyin, sakkiz dollarli bitimga kelishishdi.
— Boʻpti, — dedi Abay mijoz tomonning oʻtinchi bilan tarjimonning bundan keyin ham ishlashiga rozilik bildirib, — savdomizning yuzini qilib, bu safar tarjimonni kechiraman!..

Fozildan tarjimani eshitgan mijoz tomon vakillari yuziga tabassum yugurib, xursand holda bosh irgʻashdi. Fozil ularning soʻzlarini toʻgʻridan-toʻgʻri oʻgirgach, soʻz orasiga “yana yetti xil mahsulotimiz qoldi, endi har bir mahsulotga ikki dollardan qoʻshib yuborsang boʻladi” degan bir jumla soʻzni qistirib qoʻydi, Abay ham bu qarorga qoʻshilgandi. Bitim orqali qolgan mahsulotlarni shirkatni chiqargan bahosidan ikki dollar ortiqqa sotdi. Pulning oʻrniga oq oltin berish ishi ham xamirdan qil sugʻurgandek oson kechdi. Ikkala tomon bitimga imzo qoʻydilar.

5

Oradan besh kun oʻtgandan keyin, Abay shirkatning koʻrsatmasi boʻyicha yoʻlga chiqdi. Uni Fozil hali yogʻi artilmagan yangi yengil mashinaga oʻtqazib olib ketdi. Ular taxminan ikki soat yoʻl bosgandan keyin, daryo boʻyidagi ulkan bir akatsiya daraxti ostida toʻxtadi. Oq rangli akatsiya gullaridan taralayotgan hid odamning dimogʻini yorgudek edi. Daraxtdagi qushlar sarxushlikdan tinimsiz sayrardi. Abay mashinadan tushib, manzarani tomosha qilmoqchi boʻlgandi, Fozil ruxsat bermadi. U sababini soʻramoqchi boʻldi-yu, Maxsumning “bilishga tegishli boʻlmagan ishni hargiz soʻrama” degan soʻzini eslab, niyatidan qaytdi. Oradan koʻp oʻtmay, roʻpara tarafdan bir ixchamgina mashina kelib, ularning mashinasiga orqa qilib toʻxtadi. Mashinadan koʻzoynakli ikki odam tushdi. Fozil choʻntagidan bir qora koʻzoynakni olib, Abayga berdi. Abay koʻzoynakni mashinadayoq taqib oldi. Fozil uni mashinadan tushishga buyurdi. Abay mashinadan tushib, ikki koʻzoynaklikning yoniga borib turdi. Ungacha narigi tomonning baland boʻyli biri oʻzlarining mashinasining orqa yukxonasidagi sandiqni ochib, gʻoz turdi. Abay ham oʻzlarining mashinasidagi sandiqni ochdi. Narigi tomondan past boʻyli odam mashinadan jomadonni olib, Abay oʻtirgan mashina yukxonasidagi sandiqqa soldi. Ortidan ikki qoʻlida ikki mashina yukxonasining qopqogʻini baravar yopdi. Baland boʻyli odam oʻzining mashinasiga oʻtirib, quyundek uchirib ketdi. Past boʻyli esa Abay bilan ularning mashinasiga oʻtirdi. Fozil esa ulardan oldin oʻz mashinasida joʻnadi. Atigi uch daqiqa ichida boʻlib oʻtgan bu ishlar Abayni gangitib qoʻydi. Shirkatning “toʻla huquqli vakili” boʻlgan Abay bu ishlar sirini bilishni xohlamadi. U buni faqat “savdo psixikasi” deb tushunardi. “Butun boshli ulkan bir shirkatning posboni aralashmagan ishga men aralashib nima qilaman, men faqat oʻzimga tegishli vazifani bajarsam boʻldi-da”, deb oʻziga tasalli berdi. Fozil yoʻl boʻyi allakimlar bilandir qoʻngʻiroqlashib bordi. U shu tariqa ikki nav-batdagi tekshirish postidan oʻtib, ikki davlat chegarasiga yetib keldi.
— Xoʻsh! — dedi Fozil sirli bir ohangda, — men sizlar bilan shu yerda xayrlashaman, sen manovi yigit bilan ikki davlat chegarasidan oʻtasan, bizning chegaradagi tegishli odamlarga men qoʻngʻiroq qilib, hamma ishni bitirib qoʻydim. Mana bu sumkada mashinaning barcha rasmiy hujjatlari bor. Manovi yigit mashina bilan sizlarni chegaragacha yetkazib, mashinani senga qoldirib oʻzi qaytib keladi. Ha, aytganday, yana bir narsa, — Fozil biroz oʻylab turib, soʻng Abayga tayinladi, — bu yigitni “mashinamni haydab kelgan shofyor” deb aytasan, tushundingmi?
— Tushundim, — Abay ogʻzida shunday degani bilan aslida Fozilning gaplaridan deyarli hech narsani anglamagandi. U faqat bir narsani, ya’ni, boshi berk koʻchaga kirib qolganini anglagan edi. Bu yoʻlga kirmoq boru chiqmoq yoʻq ekani, muhtojlik tufayli oson “oʻljaga aylanayotgani, soʻng yangi xoʻjayin uni qayerga va qay ishga tashlasa, qay vazifani yuklasa, “xoʻp boʻladi” deb quloq qoqmay bajarishdan oʻzga chorasi ham yoʻqligini tushunib yetgan edi.
— Tushungan boʻlsang, yana nimaga qarab turibsan? — Fozil Abayning jimib qolganiga qarab qoʻpollik bilan dedi. — Endi chegaradagi ishlaring ham mana shu yerdagiday boʻladi. Koʻrishguncha xayr!..
— Xayr — Abay qoʻl silkib qoldi. Notanish haydovchi bu yangi chiroyli mashinani navbat kutub turgan qator mashinalar orasidan haydab tekshiruv posti oldigacha olib bordi. Ularning oldiga hushbichim, koʻhlikkina bir ayol chiqib, haydovchi bilan allanimalar haqida gaplashdi. Abay mashinadan tushmay oʻtirdi. Chunki, unga mashinadan tushmay oʻtirishlik uchun ham haydovchi tayinlangandi. Haydovchi soatiga bot-bot qarab, bir vaqtdan keyin mashinani tekshirish boʻlinmasiga haydab kirdi. Boyagi husndor ayol ikki yigitni boshlab chiqib, birinchi boʻlib ularning hujjatlarini birma-bir tekshirdi. Orqa yukxonani ochinglar deb buyurdi. Haydovchi ularning aytganini qildi. Abay narida oʻychan qarab turardi. Tekshiruvchi yigitlardan biri jomadonni ochishni soʻradi. Abay sumkadan kalitni olib, jomadonni ochdi. Tekshiruvchilar jomadondagi qismlarni koʻrib, ortiqcha gap ham qilmay, soʻramay jomadonni yoptirdi. Koʻhlik ayol qoʻli bilan, ketaveringlar, ishorasini qildi. Haydovchi mashinani yurgʻazib, chegaraga keldi. Bu yoqdagi tekshirish ham tartib boʻyicha tezda tugay qoldi. Haydovchi:
— Xayr, — dedi-da, yana ortiga qaytib, hozir chiqqan tekshiruv boʻlinmasiga kirib ketdi.
— Rahmat! — Abay aytmoqchi boʻlgan soʻzini aytolmadi. Mashina Abayga qoldi.

6

Chet eldagi bu safargi savdo Abayning iqtisodida ulkan burilish yasadi. U qaytib keliboq Maxsumning saxiylik bilan qilgan in’omiga erishdi. Maxsum uning barcha qarzidan uzilganidan boshqa qoʻliga yana 80 ming yuvan naqd pul, soʻngra chet eldan haydab kelgan “Junda” rusmli yengil mashinani hadya qildi. Ana shundan keyin Abay chet elga birin-ketin uch marta borib keldi. Maxsum ham uni har doim foydaga qarab mukofotlab turdi. Abay ham muhtojlikdan butkul xalos boʻldi. Oq bulut, oq paxta, oq koʻmir, oq kecha qoʻshilib uning yangi taqdirini yaratdi desa ham boʻlardi. Abay oʻzi ham sezmagan holda oq rangga ixlos qiladigan, uni qadrlaydigan boʻlib qoldi. Uning yangidan sotib olgan yoki tiktirgan kiyimlarining deyarli hammasi oq rangli edi. Qisqasi, doim yonidan ayrilmaydigan kichik qora sumkasini ham oq rangga oʻzgartirgandi. Hozir uning diqqat qiladigani, xayolidan ayrilmaydigani oq rangli koʻmir boʻlib qoldi. U oʻsha oq rangli koʻmir bilan oʻzining hozirgi yangi taqdiriga yorqin koʻrkamlik baxsh etmoqchi edi. Lekin, oq rangli koʻmir hozirgacha oʻzini hech koʻrsatmayotgandi. Abay uni topishga qat’iy bel bogʻladi.

Bir kuni Maxsum uni oddiy bir oshxonaning alohida xonasiga ovqatga taklif qildi. Xizmatkor qiz Maxsumning buyurtmasi bilan bir lagan sergoʻsht shilpildoq bilan bir shisha qoraqat sharbatini qadahlarga quyib chiqib ketdi. Ular ovqatni ishtaha bilan yeb boʻlgandan keyin, qoraqat sharbatini ichgach, suhbatga tushdilar.
— Men aytmasam ham boʻladi, ishlaring joyida, yomon emas. Ancha ilgarilading, — Maxsum tamakidan birini tutashtirdi, — poyqadaming yoqib yarim yil ichida shirkatimizga zoʻr foyda keltirding, men shirkat nomidan hamda oʻz nomimdan senga samimiy tashakkurimni va rahmatimni bildiraman. — Maxsum shunday deb oʻng qoʻlini koʻksiga qoʻyib yoqimli kuldi.
— Maxsum amakijon, meni oʻngʻaysiz xijolatga qoʻyayapsiz, aslida rahmatni men sizga aytishim kerak edi. Mening hozirgi baxtli hayotimning asosiy sababchisi yagona sizsiz. Bularning hammasi faqat siz tufayli boʻlmoqda. Meni ogʻir ahvoldan xalos etib, choʻkib ketayotgan botqoqdan qutqarib, yorqin yoʻlga olib chiqdingiz. Buni bilmagan kishi koʻr boʻladi. Sizdan cheksiz minnatdorman! Abay beixtiyor oʻrnidan turdi va yigʻlamoqdan beri boʻlib, yana dedi:
— Oʻzingiz ayting-chi, aziz Maxsum, amakijon, menga bundan ortiq baxt bormi dunyoda?!...
— Toʻgʻri aytasan, oʻgʻlim, oʻtir. Maxsum uning yelkasidan bosib oʻkazdi.
— Siz boʻlganingiz uchungina mening onamning hayotlari saqlanib qoldi ham ogʻir muhtojlikdan qutulibgina qolmay, ancha-muncha qoʻr-qutlik ham boʻlib qoldim...
— Otang bilan onangning menga qilgan yaxshiliklari oldida mening bu qilganlarim gapirishga arzimaydi, bolam. — Maxsum shunday deb sharbatdan bir hoʻplab soʻzida davom etdi. — Endi maqsadga koʻchsak, senga avvalgidan ham muhim bir vazifani topshirmoqchiman, yana bilmadim, senga ma’qul keladimi, yoʻqmi?
— Mening sizga yoʻq deyishga haddim sigʻmaydi, qanday xizmat boʻlsa, bajonidil, buyuravering.
— Unda aytganim boʻlsin, — Maxsum tamakini kuldonga bosib oʻchirdi.

7

Hash-pash deguncha oradan yarim yil ham oʻtib ketdi. Abay qaramogʻida mas’ul boʻlib ishlayotgan oshirib sotish markazining ishlari ham kuchaydi. Uning doirasi mamlakatdan davlat tashqarisigacha kengaydi. Bu jarayonda Abay ikki marta oliy darajaga chiqib, ikki million yuvan naqd pul bilan mukofotlandi. Uning soyasida mahalladagi ayrim doʻstlari ham ancha-muncha mablagʻli boʻlib qolishdi. Biroq, ukasini shirkatga joylashtirish ishi amalga oshmadi. Abay buning sababini surishtirib oʻtirmadi. U uchinchi marta hissadorlik toʻplash tayyorgarchiligi bilan band boʻlib turganda, Maxsum uni qabulxonasiga chaqirtirib, ishni chet eldan boshlashni buyurdi. Chet eldagi mukofot bu yerdagidan ikki hissa koʻp edi. Buni eshitgan Abay ertasigayoq yoʻlga chiqdi. Borib Fozilning rahbarligiga oʻtdi. Rahbarlik degan tushunchalarning Abayga farqi yoʻq edi. Boshqarish bilan boshqarilish uning uchun shakar bilan suvning munosabatidagidek bir ish edi. U shakardan ham suvni a’lo bilardi. Chunki suv shakarning ta’mini yoʻq qilib yubora olardi. Shu bois ta’mi boʻlmasa ham unga suv afzal edi. Juda boʻlmaganda har qancha lozim topsa suvni shuncha bemashaqqat ishlata olardi. Shu jihatdan u Fozilning qoʻl ostida ishlashidan xursand edi. Abay Fozilning joylashtirilishini orqavarotdan eshitgandan keyin, oʻzi yashayotgan shahardagi vatandosh savdogarlar orasida tashviqotni boshlab yubordi. U hozir oshirib sotish ishi boʻyicha har qanday sotuvchini bir choʻqishda qochirardi. Uning bir necha kunlik tashviqoti bilan hissador boʻlganlarning soni sakkiz nafarga yetdi. Bu hissadorlar har tomonga tarqab, ikki haftaga bormay oʻn olti nafar odamni markazga a’zo qildi. Bora-bora qirq ikki kun deganda, odam soni bir yuz oʻttiz sakkiz nafarga yetdi. Yana oʻn ikki nafar odam kelib qoʻshilsa, Abayning chet eldagi birinchi bosqichli xizmati yakunlanib, Oliy bosqichga chiqardi-da, uch million yuvan pul bilan mukofotlanardi. Abay qolgan odamlarni toʻldirish uchun kechani kunduzga ulab yelib-yugurardi. Oradan kechgan besh kun samarasiz oʻtdi. Bir kuni u holdan toyib yotoqxonaga qaytib keldi. Kiyimlarni yechishga ham erinib, oʻzini divanga tashladi. Daqiqa oʻtmay pinakka ketdi. Toʻsatdan telefon jiringladi. Abay uygʻoq boʻlsa-da, goʻshakni olmadi. Telefon uzluksiz olti-etti marta jiringlagandan keyin sakrab oʻrnidan turdi.
— Assalomu alaykum, — Abay goʻshakni qoʻliga olib salom berdi. — Men, Abayman, nima ishingiz bor edi?

Goʻshakdan Fozilning ovozi eshitildi:
— Shirkatdan seni darhol vataningga qaytishingni aytishdi.

Abay hali uch soat oldinroq Maxsum bilan qoʻngʻiroqlashgandi. Biroq, u xotirjam ishni davom ettirishni tayinlagandi. Endi esa bu gap boʻlayapti. Abay shu topda hammadan ham koʻproq uch million mukofot pulini qoʻlga kiritishga tirishardi. Oʻn ikki nafar odamning oʻrni nari borsa ikki-uch kunda toʻlardi. Binobarin, katta mukofotga besh qadamgina qolgan edi. U qoʻlini shunday choʻzsa, bas, yetardi. Biroq manavi qoʻngʻiroq uni bundan mahrum qilmoqda. Uch million yuvan, albatta, oz emas, Abay bu sonni xayoliga keltirsayoq aqlini yoʻqotardi. Goʻzal xayollarga berilib, kelgusidagi maqsadlarini rejalashtira boshlardi. Uningcha, uch million tushida ayon boʻlgan oq koʻmirlarning oʻzginasi edi. Oʻsha pul qoʻlga kirgudak boʻlsa, shubhasiz, oq koʻmir qoʻlida degan gap edi. Shuningdek, uning sarmoyasi ham olti millionga yetardi. U bu pul bilan nimani qilaman desa hammasiga qodir boʻlardi. Afsuski, bu pulning endi uning uchun olti tiyinchalik qimmati qolmagan edi. Chunki, Maxsum oldingi uch million yuvanni uning xohishi bilan shirkat hissadorligiga biriktirib qoʻygandi. Shirkatning hisoboti qachon chiqadi? Pul Abayga qachon tegadi? Bunisi noma’lum edi. Bunday dilsiyohlik uning xayolidan kechganda oʻzini tubsiz jarga qulab tushayotgandek his qilardi. Oʻzining nodonligidan, ahmoqligidan, koʻngilchanligidan qattiq ogʻrinardi. Mana, endi esa, oʻsha sodir qilgan xatolarini boshqa aslo qaytarmaslikka qaror qildi. Uch millionni qoʻliga oliboq bu dargohdan qutulib mustaqil terifurishlik bilan shugʻullanmoqchi boʻldi. Chunki, bir hafta oldin davlatimizdagi xrom zavodi bilan Abay dastlabki kelishuvni imzolagandi ham. Uning shoshilishi ham xuddi mana shundan edi. Agar yana bir hafta kechiksa, bitim amaldan qolardi. Bundan keladigan sof bir million foyda koʻpikka aylanardi. Nima qilish kerak? U hozirgacha Maxsumning chizgan chizigʻidan qilcha chiqmadi, shirkatga necha oʻn million yuvanlik sof daromad keltirdi. Hozirgi ishi ham yana shu shirkat uchun-ku. Abay hammasini toroziga tortib, uzil-kesil qaytmaslikka qaror qildi.
— Qoʻlimdagi ishim hali tugagani yoʻq — dedi, Abay biroz oʻylanib olgandan keyin.
— Kelgandan keyin ham bitirsang boʻladi, — Fozilning ovozi aniq eshitildi, — ertaga saharda yoʻlga chiqasan.
— Men boya Maxsum aka bilan gaplashganimda bunday gapni aytmadilar-ku?
— Maxsum aka aytmaganlari bilan men senga atayapman. Bu yerda mening aytganim hisob! — telefon goʻshagini zarda bilan qoʻydi.

Abay ikki kaftini boshiga qoʻyib uzoq oʻylanib qoldi. U nihoyat joʻnashga qaror qilib, kechasi bilan yoʻl tayyorgarchiligini koʻrdi. Fozil ertasiga tong yorishayotgan mahalda uni olib ketgani keldi. Uning bu safargi haydab kelgan mashinasiga nomer qoʻyilmagan yangi “mersedes” rusmli mashina edi. Abay mashinaga qiziqish bilan oʻtirdi. Mashinada Fozildan boshqa hech kim yoʻq edi.
— Chegaraga borgandan keyin bu mashinani menga berib yuborasizmi? — Abay hazil qildi.
— Buni shirkat hal qiladi, — Fozil bir tirsakdan oʻtgandan keyin javob berdi, — vazifani a’lo bajarsang balki mukofot qilib berishi ham mumkin.

Abay uning javobi bilan shirin xayollariga berildi. Fozil lom-mimsiz mashinani haydab ketaverdi. Ular ikki joydagi tekshiruv postidan oʻtib, daryo boʻyiga kelganda, mashinani oʻrmonzor ichida toʻxtatdi. Bu safar mashinadan Fozilning oʻzi tushdi. Abay ortiga burilib qarab koʻziga ishonmay qoldi. Mashinaning ortida yana bir kichik mashina orti bilan turardi. Oʻsha mashinadan ikki kishi tushib toʻrt jomadonni Abay oʻtirgan mashinaning ortiga bosishdi. Fozil boshqa bir mashinaga chiqdi, Abay oʻtirgan mashinaga boshqa bir yigit oʻtirdi. Ikki mashina baravariga qoʻzgʻalib, oʻz yoʻliga ravona boʻldi. Abay mashinani haydayotgan yigitga shubhali nazar soldi. Koʻpam uzoq yurmay haydovchining uyali telefoni jiringladi, yigit telefonni oliboq Abayga berdi. Abay nima qilishini bilmasdan haydovchiga qaragancha turib qoldi.
— Sizning telefoningiz, — dedi yigit qoʻpol talaffuzda. Abay shundagina oʻziga kelgandek telefonni qulogʻiga tutib:
— Men Abayman, nima gapingiz bor edi? — dedi.
— Mashinadagi sumkada barcha hujjatlar bor. — Bu Fozilning ovozi edi, — haydovchi mashinasini bizning davlatimiz chegarasidan oʻtkazib bersang. Qolgan ishlar oʻtgan safargidek boʻladi, telefon uzilib qoldi.

Abay oʻylanib qoldi. Ilgarigi toʻrt martalik safar ham hozirgidek boʻlgandi. Bu safargisining oʻxshamaydigan joyi shunda endiki, mashinani oʻzi haydab ketishi edi. Uning yuragi qattiq ura boshladi.
— Bojxonaga keldik, — dedi haydovchi, — darhol tekshirishni qabul qiling, esingizda boʻlsin, jomadondagi mashinaning qismlar...
— Tushundim, — Abayning rangi nimagadir boʻzardi.

Oldingi qatordagi mashinalar tekshirilib, taxminan biror soatdan ke-yin, navbat Abayga keldi. Bu safarli tekshirishda ham yana oʻsha oʻtgan safardagi mas’ul xodim — xushbichim goʻzal ayol ishtirok etardi. Tekshirish ilgaridagiga oʻxshab tartib boʻyicha olib borildi, oxirida barcha hujjatlarga tamgʻa urildi. Haydovchi qoldi. Mashinani Abayning oʻzi haydab ketdi.

8

Maxsum qabulxonada roʻpara tomondagi devorga osigʻliq rasmga tikilgancha chuqur xayolga botib oʻtirardi. Nechundir yaqindan buyon u yolgʻizlikni xohlab qolgandi. Qoʻl ostidagilar yoki xaridorlar uni izlashsa, yoʻq ishni bahona qilib asabiylashardi. Uning gʻazabiga bemahal duch kelib qolgan notanish ikki xaridor, oʻn daqiqa ilgari bitimni yirtib yuborib chiqib ketdi. Eshik toʻsatdan taqilladi. Maxsum hech narsani anglamagandek, eshitmagandek yana devordagi oʻsha osigʻliq rasmga qarab oʻtiraverdi. Eshik uch marta taqilladi, Maxsum javob bermadi. Eshik asta ochilib qabulxonaga ozgʻin, pakanadan kelgan oʻrta yoshli bir kishi kirdi. Maxsum uni quvib chiqarish maqsadida ogʻzini gʻazab bilan juftladi-yu, darhol toʻxtab qoldi.
— Ha, senmiding, kel! Kelaver! — Maxsum oʻrnidan qanday turib ketganini oʻzi ham bilmay qoldi. — Mana manovi joyda oʻtir, — dedi amirona bir tarzda. — Pakana odam ham u koʻrsatgan kresloga — Maxsumga qarama-qarshi tomonga oʻtirdi. — Qani gapir, ishlar qanday, bartaraf qilindimi?
— Peshindan oldin taftish mahkamasiga boribdi, — pakana odam soʻz orasida tomogʻini qirib soʻzida davom etdi, — boyagi odamimizning gapiga qaraganda, hech narsani aytmabdi.
— Molning miqdori qancha ekan? — Maxsum toqatsizlandi.
— 39 kilogramm.
— Demak, va’dalashgandek toʻliq yuborgan ekan-da, kasofatlar, — der ekan, bir zum oʻyga toldi. U kechayotgan jarayonlarni oʻta xushyorlik, sezgirlik bilan kuzatar, yer ostida ilon qimirlasa bilar, voqealarning bir tomoni uni mamnun etsa, boshqa bir tomoni yuragini gʻash qilib, tashvishga ham solardi. Nihoyat, Maxsum ovozini biroz koʻtarib soʻzida davom etdi:
— Hah, bechora bola, oxiri otasining yoniga ketadigan boʻlibdi-da?
— Oʻzi yolgʻiz ketsa-ku mayliydi-ya, — pakana odam Maxsumning boʻzargan yuziga yer ostidan qarab qoʻydi...
— Menimcha, hech kimni oʻzi bilan sudrab ketolmaydi, — Maxsum oʻtirgan yerida biroz bezovtalangan holda alamli qimirladi, — bizda uning qoʻliga chiqqudek birorta dalil yoʻq. Mabodo boʻlganda ham, Abay unday qiladigan yigitlardan emas.
— Chet eldagi Fozil bilan toʻrt haydovchini sotmasmikin?
— Ularning haqiqiy ismi bilan manzilini bilmasa, nimaniyam isbotlab bera olardi?
— U-ku, shundayku-ya... — Pakana odam oʻylanib biroz turib qoldi, — onasi eshitibdimi?
— Yoʻq hali, Maxsum hasratli tindi, — ikki soat oldin onasi menga qoʻngʻiroq qilib: “noxush tush koʻrdim, yo oʻzi qoʻngʻiroq qilmadi, yoki biz ololmayapmiz, koʻnglim bezovta boʻlib qattiq havotirlanayapman”, dedi. Men: “Xotirjam boʻling, yaxshi yashayapti, xudo xohlasa, yana bir oyga qolmay qaytib keladi”, deb tinchlantirib qoʻydim.
— Hozirdan boshlab u ayol biladigan telefoningizni yoʻqoting! — dedi pakana odam buyruq ohangida Maxsumga.
— Shunday qilmasam boʻlmaydiganga oʻxshaydi. — Maxsum tortmadan telefon kartasini olib yonidagi telefon kartasi bilan almashtirib yubordi, sen hozirning oʻzidayoq Fozilga tez xabar ber, Abayning oshirib sotish guruhiga bevosita oʻzi mas’ul bulsin.
— Xoʻp boʻladi, — deb pakana odam oʻrnidan turdi, — Abayning oʻrniga biror odamni moʻljalladingizmi?
— Yoʻq hali.
— Siz agar xoʻp, desangiz men bir odamni moʻljallab qoʻyuvdim?
— Koʻnglimga hozir qil sigʻmay turibdi. Bu toʻgʻrida keyinroq gaplashamiz.
— Ish tugagandan keyin oʻylasak kechikishimiz mumkin.
— Mayli, xoʻp ham deyaqolay, oʻsha moʻljallab qoʻygan odaming kim ekan oʻzi, qani, aytib koʻr-chi.
— Abayning haligi... — pakana odam oxirgi soʻzini ancha choʻzib talaffuz bilan gapirdi, — ukasi...
— Juda soz! — Maxsum hayajonlanganidan tizzasiga bir urib oʻrnidan turib ketdi.
— Ey yashavo-or azamat, biroz qorongʻu boʻlib gʻashtlik tortib turgan koʻnglimni yorishtirgandek boʻlding, qara-ya, sen menga xazina topib berga-ningda ham bunchalik koʻnglim yorishmasdi. Hali ham boʻlsa sopi oʻzimizda turgan ekan-ku, — deya pakana odamga ma’noli qaradi. — Boʻlmasa, sen uni darhol chaqirib, kechiktirmay Abayning oʻrniga qoʻygin, yana lozim boʻlsa, ikki xaridorni ham uning uchun roʻyxatga oldirib qoʻy. U guruhga, mayli, oshirsin, mayli, oshirmasin, Abayning chet eldagi oladigan uch million yuvanni mukofot qilib bersak, u ham akasiday jonini ayamaydigan sodiq odamimizga aylanadi-qoʻyadi. — Maxsumning gapirayotib koʻngli buzilganday boʻldi, — Abay bilan Robixonga yomon boʻladigan boʻldi-da. Robixon endigina yurak xastaligidan qutulib turuvdi-ya...
— E-e, xoʻjayin, hamma narsaning jazzasi pul, hamma narsani pul hal qiladi-ku, axir, pul! Dilni yayratadigan ham, tilni biyron qilib sayratadigan ham, har qanday dardning davosi ham faqat pul! Bu pul degan sabilning oldidan har qanday zot koʻndalang oʻtolgan emas. Uning qudrati shunchalik kuchliki, u doʻstni dushmanga, dushmanni doʻstga aylantiradi. Kerak boʻlsa oʻlikka jon kirgʻazadi! — Pakana odam choʻntagiga ishora qilib urib quydi, — Abayning bizga qoʻshgan uch million hissasini Robixonga bersangiz ogʻzi mum tishlagandek yumiladi qoladi.

— Qaydam. Bu keyingi masala, — Maxsum hasratli tin oldi. Biroq, baribir Abayning oʻrnini endi hech qanday pul bilan toʻldirib boʻlmaydi-da? Uning soddadilligi uchun har qancha pullar ham ozlik qiladi...